Nikohdagi Baxtning 10 Retsepti (Josh Makdauell) 3 bob

Джош Макдауэлл. Никоҳдаги Бахтнинг 10 Рецепти - (3-боб) Узбек тилида

Nikohdagi Baxtning 10 Retsepti (Djosh Makdauell) Audiokitob Uzbek tilida.Книга на Узбекском языке

                         

MUNDARIJA

Kirish

1–BOB. SIZ SEVGI MUNOSABATLARIDAN NIMANI ISTAYSIZ?

2–BOB. BIRINCHI QAROR. Hayotda Xudoni birinchi o‘ringa qo‘yish

3–BOB. IKKINCHI QAROR. Men qanday bo‘lsam, o‘zimni shundayligimcha sevish va qabul qilish

4–BOB. UCHINCHI QAROR. G‘aroyib darajada sevimli bo‘lish. Birinchi qism

5–BOB. UCHINCHI QAROR. G‘aroyib darajada sevimli bo‘lish. Ikkinchi qism

6–BOB. TO‘RTINCHI QAROR. Ajoyib tinglovchi bo‘lish

7–BOB. BESHINCHI QAROR. Muloqot san’atini egallash

8–BOB. OLTINCHI QAROR. Qabul qiladigan, sadoqatli va doimiy sevgini namoyon etish

9–BOB. YETTINCHI QAROR. Kelishmovchiliklarni tezda hal etish

10–BOB. SAKKIZINCHI QAROR. Hamisha kechirish

11–BOB. TO‘QQIZINCHI QAROR. Oilaviy byudjetga jiddiy yondashuv

12–BOB. O‘NINCHI QAROR. O‘z tuyg‘ularining tozaligi va yorqinligini asrash


3–BOB. IKKINCHI QAROR. QANDAY BO‘LSAM, O‘ZIMNI SHUNDAYLIGIMCHA SEVISH VA QABUL QILISH

Ron Mishelni quchoqlaganida, yigitning quchog‘i unga mayin va baquvvat bo‘lib tuyuldi. Yigit har safar uni quchoqlaganida, u o‘zini ishonchli himoya ostida his etardi. Va baribir Ronning sevgisi qizga o‘zi orzu qilganidek tuyulmasdi: Mishel astoydil harakat qilar, biroq yigitning qalbini zabt etolmasdi. U bir–birlariga chindan yaqinliklarini va o‘zi uchun Ronning butunlay ochiq ekanligini his qilmasdi. Mishel o‘zining sevgisini Ron qabul qilishiga izn bermaydigan nimadir borligini his qilar, ammo gap nimadaligini aslo tushuna olmasdi.

Ron jozibador erkak edi. U doimo tashqi ko‘rinishiga e’tibor berib yuradigan rahbarni o‘zida aks ettirardi. Undan shundoq ham o‘ziga ishonch ruhi taralib turardi – Ron moliyachi va rejalar tuzuvchi mutaxassis sifatida o‘zi amal qiladigan qoidalarning jonli umumlashmasi edi. Uning bardam qo‘l siqishlari va o‘zini ijobiy tarzda tutishi ish borasidagi muvaffaqiyatga ishonch bag‘ishlardi. Xo‘sh, uning menga murojaat qilib, o‘z nikohi haqida gap boshlashiga nima majbur qildi?

Men endigina o‘zini ijobiy qabul qilishning muhimligi haqidagi ma’ruzamni tugatganimda, Ron meni bir chetga tortib so‘radi:

– Josh, menga hozirgina aytib berganlaring o‘ta zarur, zero men deyarli hamma vaqt qo‘rquvdan o‘zimni qayoqqa qo‘yishga joy topolmayman. – Men undan o‘tirib, nimani nazarda tutayotganini tushuntirishni so‘radim. – Ha, bilaman, odamlar nazarida o‘ziga ishongan kishidek ko‘rinaman, – deya boshladi u, – ammo qalbimning tub–tubida odamlar qanaqa bo‘lsam, shundayligimcha, ya’ni, arzimas va omadsiz ekanligimni ko‘rib qolishlaridan qo‘rquv bor. Uylanganimga deyarli bir yil bo‘ldi, men esa xotinim qanaqa ekanligimni bilgach, sevmay qo‘yishidan o‘lgudek qo‘rqaman.

Suhbat davomida Ron og‘zaki haqorat oddiy hol bo‘lgan oilada ulg‘ayganini bilib oldim. Ota o‘g‘liga shunga o‘xshash jumlalar bilan murojaat qilardi: “Bunday ahmoq bo‘lma, Ron”, “Senga nima bo‘ldi o‘zi? Nima, birorta ham yaxshi ish qo‘lingdan kelmaydimi?”, “Hayotdan hech qanday yaxshilik kutma – sen shunchaki bir notavonsan”.

Ron ulg‘ayib, otasining nohaq ekanligini isbotladi: Ron muvaffaqiyatli tarzda yuksaldi, lekin qalbining tub–tubida o‘z hayotiga “ahmoq” va “notavon” sifatida qarashda davom etaverdi. Ronning o‘zini ruhan salbiy qabul qilishi uni qizg‘in sevadigan sevimli xotinidan qo‘l uzatsa bo‘lgudek masofada to‘xtatib turdi. Ron o‘zining nazarida o‘ziga yoqmasdi, shu bois unga sevish va o‘zini qabul qilish nihoyatda og‘ir bo‘ldiki, bu uning nikohiga salbiy ta’sir qildi. Ha, haqiqatdan shunday, o‘zimizga unchalik ham yaxshi baho bermaganligimiz tufayli ham ba’zan munosabatlarimiz qovushmaydi.

SIZ O‘ZINGIZNI QAY HOLDA KO‘RASIZ?

Aytishlaricha, fotokamera hech qachon aldamaydi, biroq men bu fikrga qo‘shilmayman va o‘ylashimcha, gapimni isbotlay olaman. Haydovchilik guvohnomangizni olib, fotosuratga nazar soling. Sizga qarab turgan o‘sha “kadr” qalbingizda g‘urur hissini uyg‘otyaptimi? Ko‘rayotganlaringiz sizga yoqyaptimi? SHaxsan men o‘z fotosuratimni ko‘rgani ko‘zim yo‘q – unda men shunchaki qo‘pol ko‘rinaman. Yo‘q, avtonazorat xodimlariga fotosurat tayyorlashni topshirish mumkin emas. Va umuman olganda, haydovchilik guvohnomasidagi surat bizning aslida kim ekanligimizdan mutlaqo dalolat bermaydi. Siz fikrimga qo‘shilasizmi?

Aslida esa har birimiz qalbimizda boshqa “shaxsiy guvohnoma”ni olib yuramiz, tag‘in yonimizda olib yuradigan qog‘ozdan ko‘ra nihoyatda muhimrog‘ini. Bu hissiy, botiniy portret bo‘lib, o‘zimizni qanday ko‘rsak, ana o‘shanga to‘g‘ri keladi. Qachonki siz o‘zligingizga qaraganingizda, ko‘rayotganlaringiz o‘zingizga yoqadimi? Yoki Ron kabi qanday bo‘lsangiz o‘zingizni shu holda sevish qiyin kechadimi?

Qanday bo‘lsangiz o‘zingizni shu holda sevish va qabul qilish – turmush o‘rtog‘ingizni hamda atrofingizdagilarni sevish layoqatingizga to‘g‘ridan–to‘g‘ri ta’sir qiladi. Ehtimol, kimdir o‘zini sevish xudbinlik ekanini uqtirib qolar, ammo haqiqat shundaki, o‘zingizga bo‘lgan sevgi bu odamlarni sevishingizning shartidir. Va bu haqiqat bag‘oyat nufuzli manbadan – Muqaddas Kitobdan, Isoning O‘zidan kelib chiqadi.

NIMA UCHUN O‘ZINI BEG‘ARAZ SEVISH MUHIM?

Iso Xudoni butun borlig‘imiz bilan sevishimiz, so‘ngra esa “o‘zgani o‘zingizni sevganday” sevishimiz haqida aytadi (Matto 22:39). U biz o‘zimizni sevishimiz lozimligi haqida aniq ko‘rsatadi, biroq xudbinona va hayotga iste’molchilik munosabatiga yo‘naltirilgan shaxsiyatparastlikka da’vat etmaydi. U eng avvalo bizning ilk qadriyatimizni va Xudo ijodining ahamiyatini, Uning ijodini himoya qilish va qo‘llab –quvvatlash to‘g‘ri ekanligini tan oladi.

Deylik, shunday bo‘lib chiqadiki, bugungi kun “sizniki emas”. Siz ishdan charchagan va och holatda qaytasiz, eshik oldida esa sizni yoqtirgan taomingiz hidi qarshi oladi. Rafiqangiz ishdan barvaqt qaytib, sizni ajoyib kechki ovqat bilan xursand qilmoqchi bo‘lgan. Axir qorin to‘qlash va shu vaqtning o‘zida taom lazzatidan bahramand bo‘lish nahotki xudbinlik bo‘lsa? Yoki xotiningiz uyga qaytayotganida bir juft videodisklar keltirib, kechani qiziqarli filmlar tomoshasi bilan o‘tkazish haqida taklif qilishi mumkin. Axir uzoqroq cho‘zilgan ish kunidan so‘ng dam olishingiz xudbinlik hisoblanadimi?

Siz o‘z vujudingizni ehtiyotlab, kuch to‘plash maqsadida qorin to‘qlash, dam olish va uyquga to‘yish uchun qancha kerak bo‘lsa, shuncha turli yo‘llarni topasiz. Xo‘sh, buning nimasi xudbinlik ekan? Siz Xudo bergan vujudingizga kerakli tarzda g‘amxo‘rlik kilish uchun o‘zingizga sevgi namoyon etyapsiz, xolos.

Muqaddas Kitobda bu borada tushuncha berilgan: “Erlar ham o‘z xotinlarini o‘z tanalarini sevganday sevishlari kerak. O‘z xotinini sevgan erkak o‘zini sevgan bo‘ladi. Hech kim hech qachon o‘z tanasini yomon ko‘rmaydi. Aksincha, uni oziqlantirib, parvarish qiladi. Masih ham O‘z jamoatini xuddi shunday oziqlantirib, parvarish qiladi.” (Ef. 5:28–29). Ushbu parchada mana nima nazarda tutilgan: biz nimaga muhtoj bo‘lsak o‘sha narsa bilan o‘zimizni ta’minlash uchun o‘zimizga lozim darajada g‘amxo‘rlik ko‘rsatamiz va yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarardan o‘zimizni himoyalaymiz. SHaxsiy xavfsizlik, baxt va farovonlikka intilish to‘g‘ri va sog‘lom yondashuv. Biz buni qilganimizda xudbinlarcha ish tutmaymiz – biz shunchaki o‘zimizga sevgini namoyon etamiz hamda Xudoning cheksiz darajali, qadr–qiymatli va ahamiyatli siymosiga monand yaratilgan o‘zimizni shaxs sifatida qadrlagan bo‘lamiz.

Iso “Odamlar sizlarga nima qilishlarini istasangiz, sizlar ham ularga o‘shani qilinglar...” deb aytganida, (Matto 7:12), U shunday nuqtai nazardan kelib chiqqandi: biz lozim bo‘lgan darajada sevishimiz, demak, o‘zimizni qadrlashimiz kerak. Mabodo tegishli tarzda o‘zimizni qadrlamasak va sevmasak, odamlarga qanday yondashish kerakligini tushunishimiz juda qiyin bo‘ladi. Men biz xudbinlashib, boshimiz bilan o‘z xudbin manfaatlarimizga sho‘ng‘ib ketishimiz mumkinligi haqida bahslashib o‘tirmayman, ammo baribir o‘zini hurmat qilish va o‘ziga yuksak baho berish gunohkorona tushuncha ekanligi haqidagi fikrga qo‘shilmayman. Ishonchim komilki, aynan Xudoning ijodi sifatida o‘z qadrini va ahamiyatini tushunish bizni xudbinga aylanishimizdan asrab turadi. Havoriy Pavlus bizni rag‘batlantiradi: “...o‘zingizga haddan tashqari yuqori baho bermanglar. Aksincha, Xudo har bir kishiga qancha imon bergan bo‘lsa, shunga ko‘ra, fikr qilib, aqli raso odamlar bo‘linglar” (Rimliklar 12:3).

Pavlus ushbu oyatda biz o‘zimiz haqimizda yuksak fikrda bo‘lmasligimiz kerakligi haqida gapirmaydi. U biz aslida qanday bo‘lsak, shundan yuqori fikrda bo‘lmasligimiz lozimligi haqida aytadi. Boshqacha qilib aytganda, biz o‘zimizga baho berayotganda haqqoniy bo‘lishimiz kerak. Mana nima uchun Pavlus, “aksincha... fikr qilib”, deb qo‘shib qo‘yadi. Havoriyning bu so‘zlari biz o‘zimiz haqimizdagi fikrlarimizni shakllantirishimiz zarurligini, biz kim va aslida kim ekanligimiz borasida Xudoning ruhlantirishi asosida o‘ziga baho berishning haqqoniy bir avtoportreti ekanligini anglatadi. Xudoning nazarini o‘ziga qabul qilishda hech qanday xudbinlik yo‘q. Bu to‘la ma’noda Muqaddas Kitob asosida yondashuv. Xudo sizni qanday ko‘rsa, siz ham o‘zingizni shunday ko‘rish – o‘z qadri va ahamiyati haqida sog‘lom tushunchaga ega bo‘lish demakdir.

NIMA UCHUN SEVIMLI BO‘LISHGA LOYIQSIZ?

Ko‘pchiligimiz uchun o‘zimizni sevish va qabul qilishimiz qiyin kechadi, hattoki Xudo bizni sevishini va qabul qilganini bilganimizda ham. Biz go‘yo reklama posterlaridan chiqib kelgandek sog‘lom ko‘rinishimiz mumkin, ammo o‘zimizdagi “men”ga nisbatan g‘ayriqarashlarimiz bo‘ladi. Turmush o‘rtog‘imizni yoki hayotimizda alohida o‘rin tutgan boshqa insonni sevishimiz uchun, o‘zimizni sevishimiz va Xudo bizni sevadigan sababni qabul qilishimiz hamda bu haqda bilishimiz lozim.

Siz, Xudoning ijodi sifatida, kamida uchta sababga ko‘ra sevgiga loyiqsiz:

  1. Xudo sizni sevgiga loyiq qilib yaratdi. Agar sizni yoqtirishmagan muhitda ulg‘aygan bo‘lsangiz, agar sizga beparvo qarab va hattoki sizdan nafratlangan bo‘lsalar ham, sizga bunday “hayot tarzi”ni yuklagan odamlar tubdan nohaqdirlar. Xudo xato qilmaydi. Siz sevgiga loyiqsiz, negaki U sizni O‘z siymosiga monand, sevgi va sevgi aloqalariga loyiq inson sifatida yaratdi.

Olam yaratilmasidan avval, borliq va vaqt yaralmasidan muqaddam shaxsiy munosabatlar bor edi. Xudo uchlikda shaxsiy aloqalar kabi birlashgan holda, ya’ni, Ota, O‘g‘il va Muqaddas Ruh holida abadiy mavjud bo‘lgan, tag‘in sevgi munosabatlari asosida. Ota O‘g‘lini abadiy sevgan, O‘g‘il Otani abadiy sevgan, Muqaddas Ruh esa Ota va O‘g‘ilni abadiy sevgan. Sizdagi DNKga sevish layoqatingiz Xudoga aloqangiz bilan birgalikda joylashtirilgan. Siz o‘zingizni hayotda sevgiga loyiq tarzda qabul qilsangiz, sizni Xudo qay tarzda ko‘rayotgan bo‘lsa, o‘zingizni shunday ko‘rasiz.

  1. Xudo sizni ahamiyatli qilib yaratdi. Kimki sizni unchalik ahamiyatsiz yoki muhim odam emas, deb gapirsa, yanglishadi. Yodingizda tuting, siz muhimsiz, negaki Xudo tomonidan Uning siymosi asosida yaratilgansiz. U – abadiy ahamiyatli va sizni ham ahamiyatli qilib yaratdi. Garchi odamlar eng boshidanoq Xudodan yuz o‘girgan bo‘lsalarda, bu Uning nazarida ularning ahamiyatini pasaytirmadi. U begunoh bo‘lgani holda, gunohga beparvo qaray olmasdi, shu bois O‘zini birinchi juftlikdan ajratishiga to‘g‘ri keldi. Biroq U odamlarni O‘zidan ayirib qo‘ymadi, negaki odamzot Uning uchun nihoyatda qadrli va muhimdir.
  2. mi, har qanday narsaning qiymati kimdir buning uchun qurbonlik qilishga tayyor ekanligi yoki evaziga nimanidir taklif etishi bilan belgilanadi. Xudoning nazarida sizning bahoingiz qancha? Bu Uning yagona O‘g‘li tomonidan berilgan qurbonlik. U bu olamga bizning gunohlarimizni yuvishi uchun O‘z O‘g‘lini yubordi. Xudo siz bilan yaqin aloqalar o‘rnatish uchun, O‘z jonini berishi uchun sizni munosib deya hisoblaydi. Vaholanki siz Uning uchun shunchalik muhim ekansiz, U bilan kelishmog‘ingiz va o‘zingizni Uning nazarida chindan ham ahamiyatli deya hisoblashingiz kerak.
  3. Xudo sizni iqtidorli qilib yaratdi. Ehtimol, kimdir muhim birorta vazifani bajarganida yoki kimnidir sport jamoasiga qo‘shganlarida siz doimo orqada bo‘lgandirsiz. Oqibatda esa o‘zingizni layoqatsiz kishi sifatida qabul qilasiz yoki o‘zingizga muayyan kuch–quvvati yetishmagan kishi kabi qaraysiz. Biroq Xudo sizni bu tarzda ko‘rmaydi. Agar siz Uning farzandi bo‘lsangiz, U sizni alohida in’om va qobiliyatlar bilan taqdirlaydi. U xizmatda sizga kuch bag‘ishlashi uchun sizda Muqaddas Ruhni joylashtirdi. Sizning qobiliyatsiz ekanligingiz noto‘g‘ri. Xudo sizni alohida in’omlar va qobiliyatlar bilan mustahkamlagan ekan, siz bir lahza ham shubha qilmasligingiz mumkin: siz iqtidorli insonsiz. Siz o‘zingizni shunday deya hisoblashingiz mumkin, negaki Xudo sizni aynan shunday deya hisoblaydi.

Siz o‘zingizni sevgiga loyiq, ahamiyatli va qobiliyatli tarzda qanchalik aniq ko‘rsangiz, o‘zingizni beg‘araz sevishingiz va qanday bo‘lsangiz, o‘zingizni shu zaylda qabul qilishga tayyorligingiz shunchalik yuqori bo‘ladi. Va bu ijobiy fikrlash masalasi emas. O‘zingizda uchta muhim hayotiy sifatni rivojlantirib, ular o‘zini sizda namoyon etmagunicha, men hech qanday “tasavvurlar”ga berilishingizni taklif qilmayman. Xudo sizni aynan shunday qilib yaratgan. O‘z qadr va qimmatiga qalban yondashish – bu haqiqat ekanligiga asoslangan holda (o‘zini qabul qilib) faol harakat qilish masalasidir.

Siz sevgiga munosib bo‘lsangiz, bunga daxldorlik tuyg‘usini his qilishingiz mumkin. Biz hammamiz yonimizda kimdir borligini bilishimiz zarur. Kimdir o‘z xohishi bilan yaxshi va yomon kunlarimizda birga bo‘lishga rozi bo‘lsa, kim uchundir befarq emasligimizni his qilamiz. Kimdir bizni hech qanday shartlarsiz, shunchaki borligimiz uchun sevishini bilganimizda, daxldorlik hissini tuyamiz.

Dunyo shartsiz sevgi va shartsiz qabul qilish taxchilligiga chidab yashayotgan odamlarga to‘la. Bizlarning deyarli har birimiz daxldorlik tuyg‘usi yetishmasligini boshdan kechirganmiz. Biz qabul qiladigan sevgi aksariyat hollarda nomukammal bo‘ladi, negaki bizni sevadigan odamlar nomukammaldir. Biz hammamiz eng kamida shunday bir tushuncha beradigan shartli sevgiga duch kelganmiz: “Men seni sevaman, negaki sen...” yoki “Men seni sevgan bo‘lardim, agar sen...”. Bunday da’vat harakatlarimizga va muvaffaqiyatlarimizga bizni daxldorlik tuyg‘usi bilan bog‘laydi. Doimiy xavf shundaki, agar biz qandaydir darajalarga yetisha olmasak, bizni sevishmaydi. SHartli sevgi va shartli qabul qilish bizning daxldorlikka bo‘lgan asosiy ehtiyojimizni qondirmaydi.

O‘zingizni sevgiga loyiq deya qabul qilib va kimdir sizni shu holingizcha sevishiga izn berib, siz o‘zingizni daxldorlik tuyg‘usi bilan mustahkamlaysiz. Siz bu sevgini qaytarganingizda esa, turmush o‘rtog‘ingiz yoki sevimli insoningiz o‘zining qanchalik yaqinligini va sizga sevimli ekanligini biladi.

Siz ahamiyatli bo‘lsangiz, to‘la huquq bilan buni anglashingiz mumkin. Jeyms o‘z kasbida yuqori muvaffaqiyatlarga erishdi. U ko‘plab kitoblar yozdi va mohir notiq sifatida butun dunyo bo‘ylab ma’ruzalar o‘qiydi. U yo‘llarda sport mashinasida yuradi, ajoyib shahar yaqinida katta uyga ega va o‘z jamoatiga hamda boshqa xayriya tashkilotlariga saxiylarcha yordam beradi. Tengdoshlari uni favqulodda omadli va o‘ziga ishongan inson deb hisoblashadi.

Biroq Jeyms bilan yaqindan tanishib, siz uning ich–etini tahlika va qo‘rquv kemirayotganini bilasiz. Aynan shu o‘ziga ishonchsizlik uning jamiyatda bu qadar e’tiborli o‘rinni egallashiga turtki bo‘lgan. Lekin ba’zan omadga chanqoqlik uni umidsizlikka tushirib qo‘yadi, agar u ishga haddan ziyod o‘zini urishni bas qilmasa, xotini ajrashmoqchi ekanligini aytib tahdid qiladi.

Jeyms boshqa narsalar orasida ko‘proq o‘ziga nosog‘lom baho berganligidan aziyat chekadi. U biznesdagi yutuqlaridan mahrum bo‘lsa, hech nimaga arzimay qolishi haqida o‘ylaydi. Bolalik yillarida ota–onasining uyidagi ahvol ertaga qanday bo‘lishi noma’lum va mutlaqo nosog‘lom edi. Aroqxo‘r otasi uni hech qanday sababsiz do‘pposlardi. U bir kuni o‘g‘lining velosipedini sotib, pulini ichkilikka sarfladi. Jeyms otasidan nimani kutish mumkinligini aslo bilmasdi. Hali o‘smirlik paytidayoq u o‘z kelajagini ta’minlashga, imkon qadar omadli va boy bo‘lishga qaror qildi. Hozirgi kunda Jeymsga o‘xshagan odamlar bizni har tarafdan qurshab olishgan. Ular o‘zlarini arzimas odamlar deya hisoblashadi, negaki kimdir ular ongiga arzimas ahamiyat kasb etishlarini singdirgan. Bunday tushuncha xavfsizlikka bo‘lgan ichki ehtiyoj javobsiz qolganida aniq qabul qilinadi. Ota–onalarning shafqatsizlarcha munosabati va qalban befarqligi ostida o‘z xavfsizligiga ishonchsizlik va qo‘rquv bilan ulg‘aygan bolalar o‘zlarining e’tibor va g‘amxo‘rlikka nomunosib ekanliklarini tez–tez his qilib turishadi. Ular Jeymsga o‘xshab katta hayotga qalin qilib “nomunosib” hukmi yozilgan ichki portretlari bilan kirib kelishadi.

Yaratuvchi Xudo uchun ahamiyatli va muhim ekanligingiz haqidagi haqiqatni qabul qilib, sevgiga munosib ekanligingizni tushunasiz. Sizni sevishlari uchun munosibsiz va bu tushuncha tuyg‘ularingizga qo‘shilganida, sizda boshqa odamlarda ham ularning sevgiga loyiq ekanliklari tuyg‘usini uyg‘otish uchun kuch paydo bo‘ladi.

Siz iqtidorli bo‘lganingiz uchun, o‘zingizga ishonch hissini egallay olasiz. Xudo har bir odamni o‘ziga xos moyilliklari bilan yaratdi. Har bir odam deyishi mumkin: “Men foyda keltiradigan umumiy ishga munosib hissa qo‘sha olaman. Men bunga qodirman”. Namunali oilalarda bolalar o‘zlarining ahamiyatli ekanliklari haqidagi sog‘lom tuyg‘u bilan ulg‘ayishadi. Sevuvchi ota–onalarning rag‘bati, qo‘llab–quvvatlashlari va ijobiy baholari bolalarni mashaqqatlarni yengib o‘tib, yangi nimanidir sinab ko‘rishga ruhlantiradi. Rag‘bat, qo‘llab–quvvatlash va ijobiy baholarning katta jamlanmasiga ega bo‘lgan bolalar bir jabhada muvaffaqiyatga erishib, boshqasiga intiladilar.

Ota–onalar bizning rivojlanishimizda muhim ahamiyat kasb etishgan. Sizga yurishni o‘rgangan vaqtlaringizni eslatishga ijozat bering. Ota–onangizning yordami bilan siz birinchi zaif qadamingizni qo‘ydingiz, so‘ngra yiqilib tushdingiz. Ota–onangizning rag‘batlantiruvchi ovozlarini eshitib va qo‘llab–quvvatlashlarini his etib, siz tag‘in oyoqchalaringizda turishga urindingiz va nihoyat birin–ketin durustgina qadamchalar bosib yana yiqilib tushdingiz. Ota–onangiz, ehtimol, bu paytda kulishib, qarsak chalib shunday deyishgan: “Barakalla! Sen uddalayapsan!”, siz esa tez orada hech qanday yordamsiz qayoqqa xohlasangiz boravergansiz. Garchi qanday yurib ketganingizni eslay olmasangizda, siz yurishni eplab, o‘zingizda bunga ishonch hosil qilgansiz.

Ammo bolasini yurishga o‘rgatishni xohlamagan ota–ona haqida qanday o‘ylagan bo‘lardingiz? Bolakay nozik oyoqchalarida turishga urinadi, otasi esa uni majburan o‘tirg‘izib qo‘yadi, tag‘in shunga o‘xshash gaplar ham aytadi: “Sen hech qachon yurishni o‘rganolmaysan, shunday ekan, urinmay qo‘ya qol”. Kim shu darajada bemehrlik bilan go‘dakning yurishni o‘rganishiga to‘sqinlik qilishi mumkin? Aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi!

Vaholanki ko‘pchiligimiz hissiy olamimizga shu kabi salbiy hissa qo‘shilgan sharoitda ulg‘ayganmiz.

Kris sport borasida iqtidorsiz edi, biroq u beysbolni yoqtirardi. To‘qqiz yoshga to‘lganida, otasidan Kichik liga saralashlarida qatnashish uchun mahalliy parkka olib borishini so‘ray boshladi va toki otasi rozi bo‘lmagunicha iltimos qilaverdi. Kris bolalar jamoasiga a’zo bo‘lish istiqbolidan shunchalik hayajonga tushdiki, o‘zini yo‘qotgudek ahvolda to‘plarni qaytarib turdi. Biroq saralash bosqichi tugamasidan avval otasi unga shunday dedi: “Bo‘ldi, Kris, uyga ketamiz. Sendan beysbolchi chiqmaydi”.

Krisning nimagadir qodir ekanligi haqidagi ozgina ishonchi ham chil–parchin sochilib ketdi. Unga o‘zining qo‘lidan nimadir kelishiga ishonishi uchun ko‘p yillar kerak bo‘ldi. Biroq hattoki hozir katta bo‘lib qolganida ham, hayotida uning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini shubhalar zaharlaydi.

Bolalik davringizda siz qandaydir iqtidoringizni rivojlantirishingiz yoki rivojlantirmay qo‘yishingiz mumkin. Birinchi holatda siz, harqalay, o‘zingizga ishonchga ega bo‘lasiz. Agar shunday bo‘lsa, bu holda Xudo sizga bag‘ishlagan qobiliyatni hayotda qabul qilishingiz mumkin. Agar o‘zingizni iqtidorli inson sifatida his qilishingiz qiyin tuyulsa, bu holda U sizni taqdirlagan Uning Ruhida o‘zingizni jamlang. Xudo sizning hayotingizga bir qancha sabablar bo‘yicha kirgan, eng asosiysi – bu, sizning U bilan yagonalikda bo‘lishingiz uchun sizga O‘z sevgisini ko‘rsatishidir (qarang: Yuh. 17:21–23). SHuningdek, U sizni boshqa iqtidorli odamlar darajasidagi insonga aylantirish uchun hayotingizga kiradi. SHaxs sifatida imkoniyatga ega ekanligingiz haqidagi voqelikni qabul qilib, siz jasoratli bo‘lasiz va o‘z iqtidoringizdan boshqa odamlarga sevgi ko‘rsatish bobida foydalanish uchun kuchga ega bo‘lasiz.

 Xudo sizni sevgi ila yaratgan, shu bois siz sevgiga loyiqsiz, ahamiyatlisiz va iqtidorlisiz. Agar ushbu sifatlar shaxsiyatingiz shakllangan o‘sha yillarda his–tuyg‘ular bilan mustahkamlangan bo‘lsa, siz o‘z qadr–qimmatingizning sog‘lom hissiga egasiz va qanday bo‘lsangiz, o‘zingizni shundayligingizcha sevishingiz anchayin oson kechadi. Lekin sizdagi vaziyat boshqacha bo‘lsa, o‘zingizni muhim deya qabul qilishingiz haqidagi to‘g‘ri so‘zlarni o‘qishning o‘zi kamlik qiladi. Salbiy his–tuyg‘ular dasturlashtirilgan yillarni, garchi buning iloji bo‘lsada, orqaga qaytarish oson emas. Men – buning jonli misoliman.

QANAQA EKANLIGINGIZ VA SHU ASOSDA O‘ZINGIZNI QANDAY QABUL QILISHINGIZ

Men ota–onam uyidagi hayotim nihoyatda og‘ir kechganligiga e’tiboringizni qaratgandim. Sevgiga munosibligim, ahamiyatli va iqtidorli ekanligim haqidagi hislar aslida men uchun aqldan tashqari edi. Sevgi munosabatlari uchun kichik imkoniyatlarim ham yo‘qligi haqida to‘la xulosaga kelishim mumkin edi, biroq, Xudoning marhamati bilan men o‘zimning soxta nochorligim haqidagi nuqsonli doiramni yorib chiqdim. Men xotinimni va o‘z yaqinlarimni o‘zimdek sevishim uchun, aslida qanday bo‘lsam, o‘zimni shunday qabul qilishni o‘rgandim. Biroq bunga yo‘l hali uzoq edi.

Bunisi ham kamdek, men aroqxo‘rning nobop oilasida ulg‘ayganman, maktabda ham o‘zimni noraso deya his qilishimga majburlashardi. Bu ahvol ikkinchi sinfda ekanligimda, muallima meni chapaqaylikdan qaytarishga ahd qilganidan boshlandi. Hozirda maktablarda bu kabi qaytadan o‘qitish amaliyotda yo‘q, biroq o‘sha davrlarda haftasida ikki marotaba, do‘stlarim sayr qilib, softbol va basketbol o‘ynaganlarida, muallima tushdan so‘ng o‘ng qo‘lda mashq qilishim uchun meni sinfxonaga olib kirardi. U menga turlicha vazifalar berardi: o‘ng qo‘l bilan nimadir qilish yoki yozishim kerak edi. Bexos chap qo‘limni ishlata boshlasam, u og‘ir yog‘och chizg‘ichni olardi va ... chars! Albatta, men shu zahotiyoq qo‘limni tortib olardim.

 Bunday munosabat oqibatida nutqimda buzilish paydo bo‘ldi. Har safar charchaganimda, asabim buzilganida yoki qo‘rqganimda tutilib qoladigan bo‘ldim. Yodimda, meni bir kuni o‘rnimdan turg‘azib, prezident Linkoln*ning Gettibergsdagi ma’ruzasini yoddan o‘qib berishimni so‘rashdi, biroq men sinfdoshlarim qarshisida gapirishga kuch topolmay turardim, muallima esa takrorlardi: “Gapir! Gapir! Gapir!” Nihoyat, ko‘z yoshlarimni tiyolmay sinfdan yugurib chiqib ketdim. Nimasini aytay, bu omma oldida va’z o‘qishga to‘liq bag‘ishlangan hayotimning ayanchli muqaddimasi bo‘ldi.

–––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––

* Fuqarolar urushidan ko‘p o‘tmay, 1863 yil 19 noyabr kuni AQSH prezidenti Avraam Linkolnning Gettisbergdagi Milliy askarlik qabristoni ochilishida so‘zlagan nutqi. Qisqaligiga qaramasdan (272 so‘z) bu AQSH tarixidagi eng mashhur nutqlardan biri hisoblanadi.

Haqiqiy muammo shundaki, hech kim menga aytmagan: “Bularning hammasi senga yordam maqsadida qilinyapti”. Oqibat shunday xulosaga keldim: men chapaqay ekanman, bu faqatgina mening qoloq va yanada battar ekanligimni isbotlaydi. SHu bilan birga, hech kimga chapaqayligimni o‘zgartirish uchun izn bermaslik haqidagi fikrim qat’iylashdi. Xullas, bu hech kimning qo‘lidan kelmadi.

O‘zimga baho berishim bilan bog‘liq muammolar ikkinchi sinfdaligimda tugamadi. Michigandagi o‘sha kichkina boshlang‘ich maktabda grammatikadan dars berishardi, ammo men na o‘qituvchilarimdan, na ota–onamdan buni o‘rgana oldim. Nutqim kam uchraydigan g‘alizligicha qoldi. Qandaydir alohida grammatikani faqatgina akam Jimdan o‘rganib olishim mumkin edi. U mendan ikki yosh katta bo‘lib, farosatli o‘smir edi, lekin u Michigan universitetidan uyga kelganida undan qo‘rqadigan bo‘lib qoldim. U har safar uyga kelganida talaffuzimni bo‘lib, nutqimni to‘g‘rilashga kirishardi. Oqibatda men Jimning oldida og‘iz ochishga ham qo‘rqadigan bo‘lib qoldim.

Universitetning birinchi kursida ingliz tili o‘qituvchisi birma–bir ovoz berib, o‘zimizni bildirishimizni uyushtirdi va auditoriyada nega bir hamkursim yo‘qligi bilan qiziqdi. “Uning bugun sog‘ligi chatoq. – deya o‘ylamasdan gapirib yubordim. O‘qituvchi shu zahotiyoq menga taqlid qildi: “Ehtimol, janob Makdauell, uning bugun sog‘ligi chatoqdir?” Bu mening dars chog‘ida oxirgi marta og‘iz ochganim bo‘ldi. Voizlikka aslo mos kelmaydigan nomzodligimga ishonch qanday paydo bo‘lganligi va hozirda kim ekanligim xususida endi o‘zingiz xulosa qilavering.

Ammo kunlardan birida birinchi kursda kuratorimiz bo‘lgan doktor Xempton baholarimni ko‘rib, to‘satdan shuni payqab qoldi:

– Josh, o‘qishdagi yutuqlaring yaqqol ko‘zga tashlanmaydi, ammo senda juda ko‘pchilik odamlarda yetishmaydigan narsa bor.

– Bu nima? – og‘zimdan shu savol otilib chiqdi. – Men hech o‘ylamasdan nima desangiz rozi bo‘laman.

– Senda qat’iyat va dadillik bor, – dedi u. – Bu esa senga aksariyat odamlar faqat orzu qilish bilan cheklanadigan ko‘p narsalarni berishi mumkin. Agar bu xislatlaringni rivojlantirishni istasang, buni sen bilan birgalikda qilishga tayyorman.

Men bu imkoniyatga mahkam yopishib oldim va doktor Xempton tinglay olishi hamda nutqimni to‘g‘rilashi uchun magnitofon lentasiga nutqimni yozish bilan vaqt o‘tkazardim. Garchi har safar u xatoimni to‘g‘rilaganida biroz xafa ham bo‘lsamda, – “shu ham o‘qituvchi bo‘ptimi” degandek go‘yo – uning menga yordam berayotganini bilardim, shu bois o‘z ustimda izlanishdan to‘xtamadim.

SHuningdek, mening o‘zimga bergan past bahoim uyimizdagi jamoatda va men o‘qiydigan masihiylik kollejida tobora mustahkamlanib borardi. Albatta, bu atayin bo‘lmasdi – jamoat xizmatchilari va masihiy yetakchilar muntazam ravishda yoshlarni o‘z qobiliyatlari va Xudoning in’omiga ishonishga da’vat etishlari belgilab qo‘yilgandi. Maqsad, yoshlar o‘z hayotlarini va o‘z kelajaklarini Unga bag‘ishlashlarini rag‘batlantirishdan iborat edi. Hattoki masihiy bo‘lganimda ham bu da’vat menga tegishli ekanligiga ishongim kelmasdi. Tushunyapsizmi, Xudoga taqdim etishga munosib qandaydir iqtidor va in’omlarim borligini xayolimga sig‘dira olmasdim. Albatta, bu haqda o‘ylardim, biroq o‘zim haqdagi nosog‘lom tasavvur menga boshqa fikrni uqtirardi.

Uiton–kollejni bitiruv yilimdagi kuzgi semestr vaqtida keyinchalik AQSH Senatining kapellani bo‘lgan doktor Richard Xalversonning bizga yo‘llagan murojaatini eshitdim. U biz o‘zimizcha nomlagan Ruhiy Qudrat Haftasining so‘nggi oqshomida ma’ruza qildi, o‘shanda auditoriya odamga liq to‘lgandi. “Ana, boshlandi ...” – deb o‘yladim Xudoga hayotni bag‘ishlash haqidagi taklifni bildirishganida. “O‘z iqtidoringizni, – bu paytda voiz so‘zida davom etayotgandi, – o‘z imkoniyatlaringizni, o‘z in’omlaringiz olib, ularni shunday so‘zlar bilan mehrobga qo‘ying: “Rabbim, mana men. Mendan foydalan”.

Yuzlab talabalar ushbu da’vatga javob qaytarishdi. Men esa nima uchun bunday jazoga duch kelganim haqidagi savollarga ko‘milib o‘tirardim, to‘satdan o‘rnimdan irg‘ib turib oqshom salqini sari yon tarafdagi eshikka o‘zimni urdim.

Taxminan ertalabki soat to‘rtda Uitondagi Ueyst–Yunion–stritda daydib yurganimni payqagach, hushimni yig‘ib oldim. Men dunyoning narigi chetiga borib qolgandek beixtiyor hayqirib yubordim: “Rabbim, men ortiq chidolmayman!” So‘zlarim yoki tuyg‘ularim bunga mos ekanligi yoki emasligini bilmayman, ammo shunday dedim: “Rabbim, men o‘zimda qandaydir kuchli jihatlar bor, deya o‘ylamayman. Men o‘zimda qandaydir iqtidor bor, deb o‘ylamayman. Bolaligim qiyin kechgan. Otam piyonista edi. Men jinsiy zo‘ravonlikka uchraganman. Men tutilib gapiraman, grammatikaga uquvim yo‘q, men bu narsani bilmayman va u narsani qilolmayman. Ammo mana ular, Sening qarshingda – mening barcha cheklovlarim, barcha kamchiliklarim va barcha ojizliklarim. Men ularni Senga beraman. Agar Sen meni qanday bo‘lsam, shundayligimcha, mendagi bor yaxshilik va yomonliklarim bilan qabul qilolsang hamda men bilan nimadir qilishga qodir bo‘lsang, men – Senikiman”.

Mushkul ahvoldagi o‘sha ibodatimdan so‘ng hammasi boshqacha bo‘ldi – barchasi tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarib ketdi. Ochig‘ini aytaman: bizdan hech kim mukammal emas, barchamizda o‘z nuqsonlarimiz, kamchiliklarimiz bor, hech narsa hayotimizda buni o‘zgartirishga qodir emas. Lekin Xudo bizni qanday bo‘lsak shundayligimizcha, barcha yaxshilik va yomonliklarimiz bilan, ezgulik va yovuzliklarimiz bilan birgalikda qabul qiladi. U bizning ham shunday yo‘l tutishimizni istaydi. Biz Uning siymosiga asosan yaratilganimizni va Uning nazarida U biz uchun o‘lishiga munosib bo‘lishimizga rozilik bildirishimiz kerak. U bizni qabul qilishini aytadi, shu bois biz ham o‘zimizni – shu bilan birgalikda, nomukammal ekanligimizni – qabul qilishimiz lozim.

Bu esa bizning qonunlarsiz, Xudoni va odamlarni mensimay yashashimiz mumkinligini, Xudo bunga ko‘z yumishini anglatmaydi. Men hozir Masihga imon keltirib Xudoning farzandlariga aylangan odamlar haqida gapiryapman, ammo baribir ularning hayoti mukammallikdan yiroq. U bizni sevishi va qabul qilishi uchun bizdan mukammallikni talab etmaydi. Aks holda biz hammamiz dard va azob dunyosida yashagan bo‘lardik. Ammo U baribir bizdan nimanidir talab etadi. Eski Ahdda SHoh Dovud odamlar yaxshi ish qilmaganlarida Xudo ulardan nimani istashini payqagan. Dovud avvaliga, Xudo odamlar bor kuchi bilan tirishib, Unga imkon qadar qurbonlik keltirishlari uchun ularning o‘z–o‘zlarini azoblashlarini va haddan ziyod tirishishlarini istaydi, degan xayolga borgan. Ammo Xudo aslida nimani istayotganini ma’lum qilganida, Dovud shunday satrlar yozdi:

Qurbonlikni Sen xohlamaysan,

Qurbonlik kuydirganimda ham

Sen xush ko‘rmagan bo‘larding.

Senga ma’qul qurbonligim ezilgan ruhdir,

Ezilgan, tavba qilgan yurakni

Sen rad etmaysan, ey Xudo.

Zabur 50:18–19

Hammamiz ham hayotda nomaqbul ishlar qilganmiz va shunday davom etaversa kerak. Avval aytib o‘tganimdek, buni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Albatta, biz hayotda va sevgida yaxshiroq bo‘lishimiz mumkin, ammo baribir nimadadir xato qilib o‘zimiz yaxshi ko‘rganlarimizga ozor beramiz. Bundagi hal qiluvchi damlar – yaksonkor ruh va qalb ila itoatkor bo‘lish. Xudo aynan shuni xohlaydi, turmush o‘rtog‘ingiz yoki hayotingizdagi biror muhim insonning sizdan bor istagi ham shu. Siz kimni sevsangiz, tovon to‘lashingizga to‘g‘ri kelganda, tavba qilishingizni bilishni istashadi. Men o‘zini bo‘ysundirish unchalik oson emasligini bilaman, biroq ruhimiz uchun tavba foydali va zarur hamdir.

Siz o‘z cheklovlaringiz, kamchiliklaringiz va ojizliklaringiz bilan o‘zingizni sevishingiz va qabul qilishingiz mumkin, agar o‘zingizda yaksonkor ruhni, qayg‘uli va itoatkor ruhni yetishtira olsangiz. Nima uchundir afsus chekishingiz va bunda gunohkor ekanligingizni tan olishga tayyor bo‘lib, siz o‘zini qabul qilish va qudratning yangi darajasiga ko‘tarilasiz. Bu Xudoning ishi, zero U, “kamtarin bo‘lganlar baxtlidir” (Matto 5:5), deb aytgan. U “yaksonkor ruh”ni hamda “tor–mor etilgan va itoatkor ruh”ni rad etmaydi – aniqrog‘i, U sizga kuch bag‘ishlaydigan sevgisi ila sevadi hamda o‘zingizni sevish va qabul qilishingiz uchun imkon beradi. U siz haqingizda qanday o‘ylasa, sizni ham O‘zi haqida shunday o‘ylashga o‘rgatadi: siz – qanday bo‘lsangiz, shu holingizcha sevadigan va qabul qiladigan Uning bolalarisiz.

Aksariyat munosabatlarda sevish va o‘zingizni qabul qilish layoqatingiz, sizning fikringizcha, hayotingizdagi muhim bir insonning siz haqingizdagi fikri bilan belgilanadi. Avval aytib o‘tganimdek, Xudo sizning ahamiyatingizni va o‘zingizni qabul qilishingizni tasdiqlagan, agar U hayotingizdagi eng muhim SHaxs bo‘lsa, siz Uning farzandi sifatida, qanday bo‘lsangiz, o‘zingizni shu holingizcha qabul qilish va sevishingiz mumkin.

Iso Uni qabul qilganlarga juda muhim gapni aytgan:

“Osmondagi Otam Meni qanday sevgan bo‘lsa, Men ham sizlarni shunday sevdim… <...> Mening shodligim qalbingizni to‘ldirsin deb, sizlarga bu so‘zlarni aytdim… <...> Men sizlarni endi qul deb atamayman. Qul xo‘jayini nima qilishini bilmaydi. Sizlarni do‘stlarim deyman, chunki Otamdan eshitgan hamma narsani sizlarga aytdim. Sizlar Meni emas, Men sizlarni tanladim...”

Yuh. 15:9, 11, 15–16

Pavlus bu ro‘yxatga siz – Isoning do‘sti ekanligingizni va U tomonidan tanlanganligingizni qo‘shib o‘tgan. Havoriy imonlilarga yozgan va sizga nisbatan ham adolatli bo‘lgan so‘zlarni yodingizga oling. Bularning hammasini o‘zingiz egallamagansiz yoki nufuzingizga ko‘ra sazovor bo‘lmagansiz – bu Xudo Kalomida siz haqingizda aytilgan so‘zlar:

  • “Masihning to‘kilgan qoni orqali Xudo bizni kechirib, gunohlarimizdan ozod qildi” (Efesliklar 1:7).
  • Siz “Xudoning farzandi”siz (Yuh. 1:12).
  • “...Barcha ruhiy barakalar” orqali marhamatlangansiz (Efesliklar 1:3).
  • “Masihga tegishli bo‘lishimiz uchun Xudo bizni... tanladi” (Efesliklar 1:4).
  • “Xudo bizni Iso Masih orqali O‘ziga farzand qilib olishni azaldanoq qaror qilgan edi” (Efesliklar 1:5).
  • “Biz Masih orqali Xudoning xalqi bo‘ldik...” ( Efesliklar 1:11).
  • “Xudo... bizga samoda U [Masih] bilan birga joy berdi” (Efesliklar 2:6).
  • “...biz Xudoning ijodimiz” (Efesliklar 2:10).
  • “Sizlar oldin Xudodan uzoq edingiz, endi esa Iso Masih orqali... Xudoga yaqinlashdingiz” (Efesliklar 2:13).
  • “...bironta mavjudot ham bizni ... Xudoning mehr–muhabbatidan judo qilishga qodir emas” (Rimliklar 8:39).

Bu Xudoning siz – O‘z farzandlari haqida o‘ylaydigan va gapiradiganlaridan ozginasi, xolos. Samoviy Ota – hayotingizdagi eng muhim SHaxs, Uning aytganlariga ishoning, qabul qiling, egallab oling va o‘zingizning bir qismingizga aylantiring. U siz haqingizda nimaiki o‘ylamasin va gapirmasin, siz chindan ham sevgiga loyiqligingiz o‘zgarmas haqiqat ekanligini tasdiqlaydi. Siz – aslo o‘zingizning salbiy his–tuyg‘ularingiz aytayotgan odam emassiz. Siz – Xudo siz haqingizda nimalar aytayotgan bo‘lsa, o‘sha odamsiz! Faqat va faqat shunday!

Va bu aslo “aqlning his–tuyg‘ular ustidan g‘alabasi” emas. Men, hatto biror marta ham sevgiga munosib ekanligim borasida o‘z hislarimni “ishontirish”ga erishganim yo‘q, deb o‘ylayman. Faqat o‘tmishim bilan emas! Anchagina odamlar mening hissiy disfunksiyamni orqaga qaytarishga ko‘maklashdilar, biroq hayotimga Xudoning nazarini qabul qilish bo‘yicha ruhiy sayohatlarim ko‘proq ta’sir o‘tkazgan. Men asta–sekin kim va qanaqa bo‘lsam, o‘zimni shu holimcha sevdim va qabul qildim. Men o‘zimning shikasta bolaligim, shuningdek, jinsiy zo‘ravonlikka uchraganligim haqida ochiqchasiga aytishim mumkin. Bu haqda men avval Dotti bilan, so‘ngra boshqa odamlar bilan hislarimni baham ko‘rdim.

Rafiqamga bolalik paytlarimda jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lganimni aytish oson bo‘lmagan. Odatda bunday holatlarda qurbonni uyat hissi qamrab oladi. Xotinimga o‘tmishimda nima bo‘lganini ochiq aytganimda, u bor kuchi bilan meni yupatishga urindi. “Sen bilan shunday bo‘lganidan juda afsusdaman, – ko‘z yoshlari uning yonoqlariga to‘kilar, u esa hadeb takrorlardi – Azizim, buni boshdan kechirganingdan juda azobdaman”.

Uning keyingi gaplari meni chindan hayron qoldirdi. Dotti garchi nihoyatda bosiq va o‘z shaxsiy hayotini oshkora qilishni istamaydigan inson bo‘lsada, shu gaplarni qo‘shib qo‘ydi: “Josh, sen kim bilandir gaplashib olishing kerak. Sen boshqa qurbonning tuzalishiga umid baxsh etishing uchun Xudo sening qayg‘uli o‘tmishingdan foydalanishi mumkin”. Va chindan ham, Dotti va atrofimdagi odamlar imkon qadar men qanday bo‘lsam shundayligimcha sevimli ekanligimni, menga aslo ziyon yetmaganligini, menda o‘tmishimni baham ko‘rish uchun kuch paydo bo‘lganini tushunishimga yordam berishdi.

Men o‘zimni qurbon deya qabul qilganligimni mustaqil tarzda yengishim mumkin edi, deb o‘ylamayman. Biroq Xudoning sevgisi, oilam va bilimdon odamlarning maslahatlari Xudoning nazarida kim ekanligimni ochishimga yordam berdi. Meni zo‘rlagan Ueyn Beyli Masihda mening shaxsimni barbod qilolmasdi: ha, u mendan nimanidir tortib oldi, ammo eng asosiysini tortib ololmadi. Men Xudoning siymosi bo‘yicha yaratilganman, behad qadr–qimmat, qadriyat va ahamiyatga egaman, men – Xudoning farzandiman.

Siz ham bolalik chog‘ingizda zo‘ravonlikka uchragan bo‘lishingiz mumkin, biroq o‘z yaralaringizni boshqa yashirmaslik va sevgan insoningiz sizga taskin berishiga ruxsat berishingiz uchun shifobaxsh bir narsa bor. Turmush o‘rtog‘ingizga o‘z zaifliklaringiz va xatolaringizni ochiq aytish – men aytib o‘tganimdek, qalb uchun foydali. O‘zingiz sevadigan inson bilan munosabatlaringizda buni tabiiy qo‘llang. Siz o‘z zaiflik va kamchiliklaringiz bilan, qanday bo‘lsangiz o‘zingizni shu holda sevish va qabul qilishga imkon qadar o‘rganganingizda, bir–birlaringiz bilan chuqur munosabatlardan lazzat olishingiz mumkin.


Книга на Узбекском языке: 10 рецептов счастья в браке (Джош Макдауэлл)

Брачные обеты… на этом обычно заканчиваются любовные романы, но это не конец вашей любовной истории, а лишь начало совместного пути с любимым человеком. В этой книге знаменитый американский проповедник рассказывает о десяти решениях, принятых им ради того, чтобы сохранить свежесть и яркость чувств в браке с любимой женщиной. Практические рекомендации, которые автор дает на основе библейского учения и личного опыта, будут полезны и молодоженам, и супругам со стажем, желающим сделать свой брак счастливым и долговечным. Читателей ждет бонус: тест на определение своих эмоциональных потребностей.



Shu bobni eshitish:


AUDIOKITOB ►
butun kitobni tinglang

Kitoblar

Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz



Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18



Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

911. Xudoning irodasini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Haqiqiy sevgini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Rejalashtirilmagan homiladorlik (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. O'z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Jinsiy zo‘rlanish (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Ota-onaning ajralishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Nizolar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Yaqin insonning vafot etishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    Сенинг Чўққиларинг томон йўл (Ханна Харвард)    Фаришталар ҳам сукут сақлаган эдилар (Макс Лукадо)    Худонинг Буюклиги (Эйден Тозер)    Яраланган юрак (Дэн Аллендер)    Худонинг Муқаддаслиги (Роберт Спраул)    Фарзандингиз учун қай тариқа чўпон бўлиш мумкин? (Тед Трипп)    Энага яна ёрдамга шошади (Мишель Лароу)    Сандон устида (Макс Лукадо)  Гувохлик ва биография (Николай Бойко Ерофеевич)    Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Enaga yordamga shoshadi (Mishel Larou) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак