Kirish
“Ezra” kitobida yozilgan voqealardan yigirma yil o‘tgandan keyin, Naximiyo degan yahudiy Quddus haqida shunday bir yangilik eshitdi: shahar devori hanuzgacha vayron bo‘lib, yonib ketgan darvozalar hali ham yangilanmagan ekan.
Naximiyo Fors shohi Artaxshasning amaldori bo‘lib, Fors shohligiga qarashli Shushan shahrida yashar edi. Naximiyo ibodat qilib, Xudodan: “Quddusga borishimga, shahar devorlarini qayta tiklashimga imkoniyat ber”, deb so‘raydi. Shoh Artaxshas Naximiyoni Quddusga jo‘natdi, hatto ta’mirlashga kerak bo‘ladigan ashyolarni ham berdi.
Naximiyo Quddusga kelib, ta’mirlash ishlarini boshladi. Lekin atrofdagi qo‘shni xalqlar yahudiylarni haqorat qilishar, Fors shohiga qarshi chiqqan isyonchilar, deb ayb qo‘yishardi. Dushmanlar hatto Quddusga hujum qilib, Naximiyoni o‘ldirishni ham rejalashtirgan edilar. Shuncha qiyinchiliklarga qaramay, Naximiyo va yahudiylar Quddus devori va darvozalarini qurib bitirib, Xudoga bag‘ishladilar. Ana shu ishlar Xudoning O‘z xalqiga qilgan marhamati belgisi bo‘lib qoldi.
Naximiyo bilar ediki, Isroil xalqi Xudoga itoat etgandagina, U O‘z xalqiga marhamat qilishda davom etadi. Shuning uchun Naximiyo ibodatlaridan birida shunday deb aytgan edi: “Ey Samoviy Xudo — Egam! Sen buyuk va haybatli Xudosan. Seni sevib, amrlaringga rioya qilgan bandalaringga ahdingni sodiq saqlaysan.” (1:5)
1–BOB - Naximiyo
Naximiyo Quddus uchun qayg‘uradi
1 Quyidagilar Xaxalyo o‘g‘li Naximiyoning xotiranomasidir. Shoh Artaxshas hukmronligining yigirmanchi yilida, Xislav oyida men Shushandagi qal’asida edim.
2 Shunda ukam Xonin boshqa ba’zi odamlar bilan Yahudo yurtidan keldi. Men ulardan asirlikka olib ketilmagan va asirlikdan qaytib borgan yahudiylarning holini, shuningdek, Quddus shahrining ahvolini so‘radim.
3 Ular shunday javob berdilar: “Viloyatdagi asirlikka olib ketilmagan va asirlikdan qaytib borgan yahudiylar og‘ir qayg‘u, sharmandali ahvolda qolganlar: Quddusning devori vayron bo‘lib ketgan, darvozalari yondirilgan.”
4 Bu so‘zlarni eshitganimda, o‘tirib yig‘ladim. Bir necha kun qayg‘urib yurdim. Ro‘za tutdim, Samoviy Xudoga iltijo qilib yurdim. Unga shunday deb yolvordim:
5 “Ey Samoviy Xudo — Egam! Sen buyuk va haybatli Xudosan. Seni sevib, amrlaringga rioya qilgan bandalaringga ahdingni sodiq saqlaysan.
6 Men, qulingning ibodatlarini eshit, ahvolimga boq. Isroil xalqi uchun kechayu kunduz qilgan iltijolarimni eshit. Axir, ular Sening qullaring–ku. Men xalqim qilgan hamma gunohlarni e’tirof etaman. Men o‘zim ham, xonadonim ham gunoh qildik.
7 Quling Muso orqali bergan amrlaringga, farmonlaringga, qonun–qoidalaringga biz rioya qilmadik, Seni qattiq xafa qildik.
8 Yolvoraman, quling Musoga bergan va’dangni yodingda tut. Axir, Sen shunday degansan: “Agar sizlar Menga sodiq bo‘lmasangizlar, Men sizlarni xalqlar orasiga tarqatib yuboraman.
9 Lekin Menga yuz bursangizlar, amrlarimga rioya qilib bajarsangizlar, Men sizlarni yig‘ib olaman. Yerning eng chetiga surgun qilingan bo‘lsalaringiz ham, sizlarni o‘sha joylardan yig‘ib kelaman, Men ulug‘lanishim uchun tanlangan joyga sizlarni qaytarib olib kelaman.”
10 Biz Sening qullaringmiz, buyuk qudrating va ajoyibotlaring bilan O‘zing qutqargan xalqingmiz.
11 Yo Rabbiy! Bu qulingning iltijolarini eshit. Seni izzat–hurmat qilishni xush ko‘radigan hamma qullaringning iltijolariga quloq tut. Men, qulingga bugun omad ber, shoh Artaxshasda menga nisbatan shafqat uyg‘otgin.” O‘sha paytlarda men shohning soqiysi edim.