Matto Muqaddas xushxabar: 1 Bob

MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

I. MASIH-SHOHNING NASLI VA TUG‘ILISHI (1-bob)

A. Iso Masihning nasabnomasi (1:1−17)

Yangi Ahdni yuzaki o‘qigan kishi, bu kitob nima uchun shajara kabi zerikarli mavzudan boshlanishiga ajablanishi mumkin. Ba’zilar bu ismlar ro‘yxatini e’tiborsiz qoldirib, voqealar boshlanishiga o‘tish hech qanday zarar keltirmasligini o‘ylashlari mumkin.

Biroq, nasl-nasab juda muhimdir. U keyingi barcha bayonlar uchun asos bo‘ladi. Agar Isoning shohlik nasabidan Dovudning qonuniy avlodi ekanligi ko‘rsatilmasa, Uning Isroil Shohi - Masih ekanligini isbotlash imkonsiz bo‘lardi. Matto o‘z hikoyasini aynan shu nuqtadan boshlaydi: Isoning o‘gay otasi Yusuf orqali Dovud taxtiga qonuniy huquqni meros qilib olganini hujjatli ravishda isbotlashdan.

Bu shajarada Isoning Isroil Shohi sifatidagi qonuniy kelib chiqishi ko‘rsatilgan; Luqo Xushxabarida esa Uning Dovud o‘g‘li sifatidagi nasliy kelib chiqishi tasvirlangan. Mattoning shajarasi Dovuddan keyingi shoh, uning o‘g‘li Sulaymon orqali shohlik nasl-nasabini keltiradi; Luqoniki esa boshqa o‘g‘li Natan orqali qondosh qarindoshlikka asoslanadi. Bu shajara Isoni o‘z o‘g‘lidek qabul qilgan Yusufni o‘z ichiga oladi; Luqo kitobining 3-bobidagi shajara esa, ehtimol, Iso uchun haqiqiy ona bo‘lgan Maryamning ajdodlariga borib taqaladi.

Bundan ming yil oldin Xudo Dovud bilan ahd tuzib, unga abadiy saltanat va uzluksiz hukmronlik qiluvchi naslni va’da qilgan edi (Zabur 88:4; 36:37). O‘sha ahd endi Masihda amalga oshdi: U Yusuf orqali Dovudning qonuniy merosxo‘ri va Maryam orqali Dovudning haqiqiy zurriyotidir. U abadiy bo‘lgani uchun, Uning Shohligi ham abadiy bo‘ladi va U Dovudning buyuk O‘g‘li sifatida to abad hukmronlik qiladi. Iso O‘z shaxsida Isroil taxtiga da’vogarlik qilish uchun zarur bo‘lgan ikkita shartni (huquqiy va nasliy) mujassam etdi. U hozir ham tirik ekan, boshqa da’vogarlar bo‘lishi mumkin emas.

1:1−15 "Dovud O‘g‘li, Ibrohim O‘g‘li Iso Masihning nasl-nasabi" iborasi Ibtido 5:1 dagi: "Odam Atoning nasl-nasabi mana shunday..." jumlasiga o‘xshaydi. Ibtido kitobida birinchi Odam Ato haqida, Matto kitobida esa so‘nggi Odam Ato haqida so‘z yuritiladi.

Birinchi Odam Ato jismoniy yaratilishning boshlig‘i edi. So‘nggi Odam Ato bo‘lmish Masih esa yangi, ya’ni ruhiy yaratilishning Boshlig‘idir.

Bu Xushxabarning mavzusi Iso Masihdir. "Iso" ismi Uni Xaloskor Yahudo sifatida, "Masih" ("Moylanuvchi") unvoni esa Isroilning uzoq kutilgan Masihini anglatadi. "Dovud O‘g‘li" unvoni Eski Ahddagi Masih va Shohning maqomi bilan bog‘liq. ("Yahudo" - ibroniycha "Yahve" ismining o‘zbekcha shakli bo‘lib, odatda "Egamiz" deb tarjima qilinadi. Xuddi shuningdek, ibroniycha "Yeshua"ning o‘zbekcha shakli "Iso"dir.) "Ibrohim O‘g‘li" unvoni Rabbimizni yahudiy xalqining otasiga berilgan va’daning so‘nggi bajaruvchisi sifatida taqdim etadi.

Shajara uch tarixiy qismga bo‘lingan: Ibrohimdan Yessaygacha, Dovuddan Yo‘shiyogacha va Yehoniyodan Yusufgacha. Birinchi qism Dovudgacha olib boradi, ikkinchisi shohlik davrini qamrab oladi, uchinchi davr esa surgunda bo‘lgan paytda (miloddan avvalgi 586 yil va undan keyin) shohlik nasabidagi shaxslarning ro‘yxatini o‘z ichiga oladi.

Bu ro‘yxatda ko‘plab qiziqarli tafsilotlar bor. Masalan, bu yerda to‘rtta ayol tilga olinadi: Tamar, Rahob, Rut va Uriyoning xotini bo‘lgan Botsheva. Sharq shajaralarida ayollar kamdan-kam hollarda tilga olinishi sababli, bu ayollarning kiritilishi yanada e’tiborga loyiqdir, chunki ulardan ikkitasi fohisha (Tamar va Rahob), bittasi zino qilgan (Botsheva) va ikkitasi g‘ayriyahudiy (Rahob va Rut) edi.

Bu ayollarning Matto Xushxabarining kirish qismiga kiritilishi, Masihning kelishi gunohkorlarga najot, majusiylarga esa inoyat olib kelishiga hamda barcha irqiy va jinsiy to‘siqlarning yo‘q qilinishiga ishora bo‘lishi mumkin.

Yehoniyo ismli shohning tilga olinishi ham e’tiborga loyiqdir. Yeremiyo 22:30 da Xudo bu odamni la’natlagan: "Egamiz shunday deydi: Bu odamni farzandsiz, hayoti davomida omadsiz deb yozinglar, chunki endi uning avlodidan hech kim Dovud taxtida o‘tirib, Yahudoda hukmronlik qilmaydi."

Agar Iso haqiqatan ham Yusufning o‘g‘li bo‘lganida, bu la’natga duchor bo‘lardi. Biroq, Dovud taxtini meros qilib olish uchun, U qonuniy jihatdan Yusufning o‘g‘li bo‘lishi kerak edi.

Bu muammo Bokira Maryamdan tug‘ilish mo‘jizasi orqali hal etildi: Yusuf orqali Iso qonuniy ravishda taxt vorisi bo‘ldi. U Maryam orqali Dovudning haqiqiy O‘g‘li edi. Yehoniyoning la’nati Maryam va uning farzandlariga ta’sir qilmadi, chunki uning nasabi Yehoniyo avlodidan emas edi.

1:16 "Undan" so‘zi o‘zbek tilida ham Yusuf, ham Maryamga tegishli bo‘lishi mumkin. Biroq, yunoncha asl nusxada bu so‘z birlik sonda va ayollar jinsida bo‘lib, Iso Yusufdan emas, balki Maryamdan tug‘ilganligini ko‘rsatadi. Ammo shajaraning bu qiziqarli tafsilotlariga qo‘shimcha ravishda, undagi mavjud ziddiyatlarni ham ta’kidlab o‘tish lozim.

1:17 Matto har birida o‘n to‘rtta avloddan iborat uchta guruh mavjudligiga alohida e’tibor qaratadi. Biroq, Eski Ahddan bilamizki, uning ro‘yxatida ba’zi ismlar tushirib qoldirilgan. Masalan, Yoram bilan Uzziya o‘rtasida (8-oyat) Oxoziya, Yo‘ash va Amasiya hukmronlik qilgan (4 Shohlar 8-14; 2 Solnomalar 21-25 ga qarang). Matto ham, Luqo ham ikkita bir xil ismni tilga oladi: Shaltiyel va Zarubobil (Mat 1:12; Luq 3:27). Ammo Yusuf va Maryamning nasablari bu ikki shaxsda kesishib, keyin yana ajralib ketishi g‘alati. Ikkala Injil ham Ezra 3:2 ga havola qilib, Zarubobilni Shaltiyel o‘g‘illari qatoriga kiritgan holda, 1 Solnomalar 3:19 da u Padayoning o‘g‘li deb yozilgani vaziyatni yanada chalkashlashtiradi.

Uchinchi qiyinchilik shundaki, Matto Dovuddan Isogacha yigirma yetti avlodni ko‘rsatsa, Luqo qirq ikki avlodni sanab o‘tadi. Xabarchilar turli oilaviy shajaralarni keltirishlariga qaramay, avlodlar sonidagi bunday tafovut g‘alati tuyuladi.

Xo‘sh, Muqaddas Kitobni o‘rganuvchi kishi bu qiyinchiliklar va ziddiyatlarga qanday munosabatda bo‘lishi kerak? Birinchidan, bizning asosiy e’tiqodimiz shuki, Muqaddas Kitob Xudoning ilhomlantirgan Kalomidir, shuning uchun unda xatolar bo‘lishi mumkin emas. Ikkinchidan, u tushunib bo‘lmas, chunki Xudoning cheksizligini aks ettiradi. Biz Kalomning asosiy haqiqatlarini tushunishimiz mumkin, lekin hech qachon uni to‘liq anglay olmaymiz.

Shuning uchun, bu qiyinchiliklarga duch kelganimizda, muammo Muqaddas Kitobdagi xatolar emas, balki bilimlarimizning yetishmasligida, degan xulosaga kelamiz. Tushunish qiyin bo‘lgan joylar bizni Muqaddas Kitobni chuqurroq o‘rganishga va javoblar izlashga undashi lozim. "Xudoning shon-shuhrati ishni sir tutishda, shohlarning shon-shuhrati esa ishni tekshirishdadir" (Hikmatlar 25:2).

Tarixchilarning puxta tadqiqotlari va arxeologik qazishmalar Muqaddas Kitobdagi fikrlarning noto‘g‘ri ekanini isbotlay olmadi. Bizga qiyin va ziddiyatli tuyulgan har qanday narsa mantiqiy izohga ega va bu izoh ruhiy ma’no hamda foyda bilan to‘ldirilgan.

B. Iso Masih Maryamdan tug‘ilgan (1:18−25)

1:18 Iso Masihning tug‘ilishi shajarada tilga olingan boshqa odamlarning tug‘ilishidan farq qilardi. U yerda biz takrorlanuvchi "A B ni tug‘di" iborasini ko‘rdik. Ammo endi bizda otasiz tug‘ilish yozuvi bor. Bu mo‘jizaviy homiladorlikka oid faktlar sodda va salobat bilan bayon etilgan. Maryam Yusufga unashtirilgan, ammo to‘y hali bo‘lib o‘tmagan edi. Yangi Ahd davrida unashtiruv nikohning bir turi bo‘lib (bugungi kunga qaraganda jiddiyroq majburiyat bilan), u faqat rasmiy ajralish orqali bekor qilinishi mumkin edi. Nikoh marosimi o‘tkazilgunga qadar unashtirilganlar birga yashamagan bo‘lsa-da, ular tomonidan sodir etilgan xiyonat zino sifatida baholanib, o‘lim jazosiga tortilardi.

Unashtirilgan Bibi Maryam Muqaddas Ruhdan mo‘jizaviy tarzda homilador bo‘ldi. Farishta Maryamga bu sirli voqeani oldindan e’lon qilgan edi: "Muqaddas Ruh sening ustingga tushadi va Xudoyi Taoloning qudrati seni qamrab oladi..." (Luqo 1:35). Maryamning boshida shubha va sharmandalikning qora bulutlari paydo bo‘ldi. Butun insoniyat tarixida bokira qizning farzand ko‘rishi hech qachon sodir bo‘lmagan edi. Odamlar homilador bo‘ydoq ayolni ko‘rganlarida buning sababini faqat bitta deb bilishardi.

1:19 Hatto Yusuf ham Maryamning ahvolini to‘g‘ri tushuntirib berolmasdi. U qallig‘idan ikki sababga ko‘ra g‘azablanishi mumkin edi: birinchidan, uning o‘ziga xiyonat qilgani uchun; ikkinchidan, garchi bu yerda uning aybi bo‘lmasa-da, uni albatta sheriklikda ayblashlari mumkinligi uchun. Uning Maryamga bo‘lgan muhabbati va adolatli ish tutish istagi uni nikohni yashirin tarzda bekor qilishga undadi. U odatda bunday holatda yuz beradigan oshkora sharmandalikdan qochishni istardi.

1:20 Bu olijanob va ehtiyotkor kishi Maryamni himoya qilish rejasini o‘ylab turganida, Rabbiyning farishtasi uning tushiga kirdi. "Dovud o‘g‘li Yusuf" degan murojaat, shubhasiz, unda shohlik nasl-nasabini eslatish va Isroilning g‘ayrioddiy Masih-Shohining kelishiga tayyorgarlik ko‘rish uchun mo‘ljallangan edi. U Maryamga uylanishiga hech qanday shubha qilmasligi kerak edi. Uning pokligiga oid har qanday shubhalar asossiz edi. Uning homiladorligi Muqaddas Ruh tomonidan amalga oshirilgan mo‘jiza edi.

1:21 Keyin farishta unga hali tug‘ilmagan chaqaloqning jinsini, ismini va vazifasini ma’lum qildi. Maryam O‘g‘il tug‘adi. Uni Iso (ya’ni "Xudovand najot beradi" yoki "Xudovand Najotkor") deb atash kerak bo‘ladi. U O‘z ismi bilan odamlarni gunohlaridan qutqaradi. Bu taqdir Egasi Xudovandning O‘zi edi. U odamlarni gunohning jazosidan, hukmronligidan va oxir-oqibat har qanday gunohdan xalos etish uchun yerga kelgan edi.

1:22 Matto bu voqealarni tasvirlayotib, Xudoning insoniyat bilan munosabati tarixida yangi davr boshlanganini anglagan. Uzoq vaqt e’tiqod bo‘lib kelgan Masih haqidagi bashoratlar so‘zlari endi jonlandi. Ishayoning sirli bashorati endi Bibi Maryamning Farzandida ro‘yobga chiqdi: "Bularning hammasi Xudovandning payg‘ambar orqali aytgan so‘zlari bajo bo‘lishi uchun sodir bo‘ldi..." Matto ta’kidlashicha, Ishayo orqali Xudovand aytgan so‘zlar Iso Masihdan kamida 700 yil oldin ilohiy ilhom bilan aytilgan edi.

1:23 Ishayo 7:14 bashoratida noyob tug‘ilish ("Mana, bokira qiz homilador bo‘ladi"), jins ("va o‘g‘il tug‘adi") va Chaqaloqning ismi ("va Unga Immanuil deb ism qo‘yadilar") bashorat qilingan. Matto, Immanuil "Xudo biz bilan" degan ma’noni anglatishini qo‘shimcha qilgan. Isoning yer yuzidagi hayoti paytida uni hech qachon "Immanuil" deb atashgani hech qayerda yozilmagan. Uni doimo "Iso" deb atashgan. Biroq Iso ismining mohiyati (21-oyatga qarang) Xudoning biz bilan birga ekanligini anglatadi. Ehtimol, Immanuil Masihning asosan ikkinchi kelishida ishlatiladigan unvonidir.

1:24 Farishtaning aralashuvi tufayli Yusuf Maryam bilan ajrashish niyatidan voz kechdi. U Isoning tug‘ilishigacha ularning unashtirilganligini tan oldi, so‘ngra unga uylandi.

1:25 Maryamning butun umr bokira bo‘lib qolgani haqidagi ta’limot ushbu oyatda tilga olingan nikoh bilan rad etiladi. Maryamning Yusufdan farzandlari bo‘lganini ko‘rsatadigan boshqa ma’lumotlarni Matto 12:46; 13:55-56; Mark 6:3; Yuhanno 7:3, 5; Havoriylar 1:14; 1 Korinfliklarga 9:5 va Galatiyaliklarga 1:19 da topamiz. Yusuf Maryamga uylangach, uning Farzandini ham o‘z O‘g‘li sifatida qabul qildi. Shunday qilib, Iso Dovud taxtining qonuniy merosxo‘ri bo‘ldi. Yusuf farishta aytganidek, chaqaloqqa Iso deb ism qo‘ydi.

Shunday qilib, Masih-Podshoh tug‘ildi. Abadiy Zot vaqtga kirdi. Qodir Egamiz murg‘ak Go‘dakka aylandi. Ulug‘vor Xudo bu shon-shuhratni inson tanasi bilan qopladi va "Ilohiy to‘liqlik jismonan Unda yashaydi" (Kolosaliklar 2:9).

Muqaddas Kitob ONLINE

1 Ibrohim va Dovud avlodidan bo‘lgan Iso Masihning nasabnomasi quyidagicha:
2 Ibrohimdan Is’hoq tug‘ildi. Is’hoqdan Yoqub tug‘ildi. Yoqubdan Yahudo va uning aka–ukalari tug‘ildilar.
3 Yahudo va Tamaradan Paraz va Zarah tug‘ildilar. Parazdan Xazron tug‘ildi. Xazrondan Oram tug‘ildi.
4 Oramdan Ominadov tug‘ildi. Ominadovdan Naxsho‘n tug‘ildi. Naxsho‘ndan Salmo‘n tug‘ildi.
5 Salmo‘n va Rahobadan Bo‘az tug‘ildi. Bo‘az va Rutdan Obid tug‘ildi. Obiddan Essay tug‘ildi.
6 Essaydan shoh Dovud tug‘ildi. Shoh Dovud va Uriyoning sobiq xotinidan Sulaymon tug‘ildi.
7 Sulaymondan Raxabom tug‘ildi. Raxabomdan Abiyo tug‘ildi. Abiyodan Oso tug‘ildi.
8 Osodan Yohushafat tug‘ildi. Yohushafatdan Yo‘ram tug‘ildi. Yo‘ramdan Uzziyo tug‘ildi.
9 Uzziyodan Yo‘tom tug‘ildi. Yo‘tomdan Oxoz tug‘ildi. Oxozdan Xizqiyo tug‘ildi.
10 Xizqiyodan Manashe tug‘ildi. Manashedan Omon tug‘ildi. Omondan Yo‘shiyo tug‘ildi.
11 Isroil xalqi Bobilga surgun qilingan davrda Yo‘shiyo Yexoniyoni va boshqa o‘g‘il farzandlarni ko‘rdi.
12 Isroil xalqi Bobilga surgun qilingandan keyin Yoxoniyodan Shaltiyol tug‘ildi. Shaltiyoldan Zarubabel tug‘ildi.
13 Zarubabeldan Abihud tug‘ildi. Abihuddan Eliyaqim tug‘ildi. Eliyaqimdan Azo‘r tug‘ildi.
14 Azo‘rdan Zodo‘x tug‘ildi. Zodo‘xdan Axim tug‘ildi. Aximdan Elihud tug‘ildi.
15 Elihuddan Elazar tug‘ildi. Elazardan Mattan tug‘ildi. Mattandan Yoqub tug‘ildi.
16 Yoqubdan Maryamning eri Yusuf tug‘ildi. Maryamdan esa Masih deb atalgan Iso tug‘ildi.
17 Shunday qilib, Ibrohimdan Dovudgacha hammasi bo‘lib o‘n to‘rt nasl, Dovuddan Bobildagi surgungacha o‘n to‘rt nasl va Bobildagi surgundan Masih tug‘ilgungacha o‘n to‘rt nasldir.
18 Iso Masihning tug‘ilishi shunday sodir bo‘ldi: Isoning onasi Maryam Yusufga unashtirib qo‘yilgan edi. Ularning nikohidan oldin Maryam Muqaddas Ruhdan homilador ekanini bildi.
19 Maryamning bo‘lg‘usi eri Yusuf solih odam bo‘lib, Maryamni sharmanda qilishni istamay, birovga bildirmasdan fotihasini buzmoqchi bo‘ldi.
20 Yusuf bu haqda o‘ylab yurganda, Egamizning bir farishtasi unga tushida zohir bo‘lib dedi: “Ey Dovud o‘g‘li Yusuf! Maryamga uylanishdan qo‘rqma, chunki qornidagi bola Muqaddas Ruhdan paydo bo‘lgan.
21 Maryam O‘g‘il tug‘adi, Uning ismini Iso qo‘yasan, chunki U O‘z xalqini gunohlardan qutqaradi.”
22 Bu barcha voqealar Egamizning payg‘ambar orqali aytgan quyidagi so‘zlari bajo bo‘lishi uchun yuz bergan edi:
23 “Qiz homilador bo‘ladi, u o‘g‘il tug‘adi, Uning ismini Immanuil, deb qo‘yishadi.” Immanuil “Xudo biz bilan” deganidir.
24 Yusuf uyg‘onib ketdi. Egamizning farishtasi buyurgandek, u Maryamga uylandi.
25 Ammo Maryam O‘g‘il tug‘magunicha unga yaqinlashmadi. Bola tug‘ilganda esa Yusuf Unga Iso deb ism qo‘ydi.

Комментарии к Библии МакДональда на Узбекском языке.

Uilyam MakDonald - taniqli ilohiyot o‘qituvchisi.