1 Iso bu gaplarni aytib bo‘lgach, shogirdlariga shunday dedi:
2 “Ikki kundan keyin Fisih ziyofati bo‘lishini bilasizlar. Ana, o‘shanda Inson O‘g‘liga xoinlik qilishadi, Uni xochga mixlashadi.”
3 Bu paytda bosh ruhoniylar va oqsoqollar Kayafa ismli oliy ruhoniyning saroyida yig‘ilgan edilar.
4 Ular Isoni hiyla bilan tutib, o‘ldirish uchun fitna o‘ylab topdilar.
5 Ammo ular: “Biz bu ishni bayram kunlari qilmasligimiz kerak, aks holda xalq g‘alayon qilishi mumkin”, dedilar.
6 Iso Baytaniyada teri kasalligiga chalingan Shimo‘nning uyida
7 mexmon bo‘lib o‘tirgan edi. Shunda bir ayol ganchdan yasalgan idishda qimmatbaho atir moyi olib kelib, Isoning boshidan quydi.
8 Shogirdlar buni ko‘rgach, g‘azablanib: — Bu isrofgarchilikning nima keragi bor?
9 Axir, bu moyni katta pulga sotib, kambag‘allarga taqsimlab berish mumkin edi–ku! — deyishdi.
10 Shogirdlar nima to‘g‘risida gapirayotganlarini Iso bilib qolib, ularga dedi: — Nega ayolni xijolatda qoldiryapsizlar? U Men uchun ajoyib ish qildi.
11 Kambag‘allar har doim sizlar bilan birga bo‘ladilar. Men esa har doim ham sizlar bilan birga bo‘lmayman.
12 Ayol bu moyni tanamga to‘kib, Meni dafnga tayyorladi.
13 Sizlarga chinini aytayin: Xushxabar dunyoning qaysi yerida e’lon qilinmasin, bu ayol ham esga olinib, uning qilgan ishi haqida aytiladi.
14 Shunda o‘n ikki shogirddan biri bo‘lgan Yahudo Ishqariyot bosh ruhoniylarning oldiga borib:
15 — Agar Isoni sizlarga tutib bersam, menga nima berasizlar? — deb so‘radi. Ular Yahudoga o‘ttiz kumush tanga berdilar.
16 O‘sha vaqtdan boshlab Yahudo Isoni tutib berish uchun qulay fursatni kuta boshladi.
17 Xamirturushsiz non bayramining birinchi kunida shogirdlar Isoning oldiga kelib dedilar: — Fisih taomini qayerda yemoqchisiz? Biz borib tayyorgarlik ko‘raylik.
18 Iso dedi: — Shaharga falonchining oldiga borib, unga shunday deb aytinglar: Ustozimiz sizga: “Vaqtim yetdi. Men Fisih ziyofatini shogirdlarim bilan sizning uyingizda o‘tkazmoqchiman”, deb aytib yubordilar.
19 Shogirdlar Isoning aytganini qilib, Fisih taomini tayyorladilar.
20 Kech kirganda, Iso o‘n ikki shogirdi bilan dasturxon atrofiga yonboshladi.
21 Ovqatlanayotganlarida Iso: — Sizlarga chinini aytayin, orangizdan bittangiz Menga xiyonat qiladi, — dedi.
22 Shogirdlar qattiq xafa bo‘lib, birin–ketin: — Hazrat, nahotki meni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz? — deb so‘radilar.
23 U esa shunday javob berdi: — Men bilan baravar kosaga nonni botirgan Menga xiyonat qiladi.
24 Ha, Inson O‘g‘li U haqda yozilganday jon beradi. Ammo Inson O‘g‘liga xiyonat qilgan odamning holiga voy! Uning tug‘ilganidan ko‘ra tug‘ilmagani yaxshiroq edi.
25 Sotqin Yahudo Isoga: — Ustoz, nahotki o‘sha men bo‘lsam? — dedi. — O‘zing aytding, — deb javob berdi Iso.
26 Ular ovqatlanayotganda, Iso nonni oldi, duo o‘qib sindirdi. Nonni shogirdlariga berib: — Olib yenglar, bu Mening tanamdir, — dedi.
27 Sharob quyilgan kosani ham oldi, shukrona duosini o‘qib, ularga uzatdi: — Bundan hammalaring ichinglar, — dedi.
28 — Bu sharob Xudoning ahdini bildiradi. Bu Ahd ko‘plarning gunohini yuvish uchun to‘kiladigan qonim evaziga kuchga kiradi.
29 Sizlarga shuni aytay: bir kun kelib, Men sizlar bilan birga Otamning Shohligida yangi sharob ichaman. Ammo o‘sha kun kelmaguncha endi sharobni og‘zimga ham olmayman.
30 So‘ng ular hamdu sano kuylab, Zaytun tog‘i tomon ketdilar.
31 Iso shogirdlariga dedi: — Bugun kechasi hammalaringiz Meni tashlab, qochib ketasizlar. Chunki yozilgan: “Men cho‘ponni o‘ldiraman, Shunda suruvdagi qo‘ylar har yoqqa tarqalib ketadi.”
32 Biroq Men tirilganimdan keyin, sizlarni Jalilada kutaman.
33 Butrus Isoga dedi: — Sizni hamma tashlab ketsa ham, men tashlab ketmayman!
34 Iso unga: — Senga chinini aytayin, shu kechasiyoq, xo‘roz qichqirmasdan oldin, sen Mendan uch marta tonasan, — dedi.
35 Butrus Unga: — Kerak bo‘lsa, Siz bilan birga o‘laman! Ammo Sizdan aslo tonmayman! — dedi. Boshqa hamma shogirdlari ham shunday dedilar.
36 Shundan keyin Iso shogirdlari bilan Getsimaniya degan joyga bordi. Iso shogirdlariga: — Shu yerda o‘tirib turinglar, Men nariroqqa borib, ibodat qilaman, — dedi.
37 U yoniga Butrusni va Zabadiyning ikki o‘g‘lini oldi. Isoni qayg‘u, g‘am qamradi.
38 U shogirdlariga: — Yuragimdagi og‘ir qayg‘u Meni o‘lguday qiynab yubordi. Shu yerda qolinglar–da, ko‘z– quloq bo‘lib turinglar, — dedi.
39 So‘ng bir oz nari ketib, yerga muk tushdi–da, shunday deb yolvordi: — Ey Otam, agar iloji bo‘lsa, bu azob kosasi Meni chetlab o‘tsin. Ammo Mening xohishim emas, Sening xohishing bajo bo‘lsin.
40 U shogirdlari yoniga kelib, ularning uxlab yotganini ko‘rdi. Butrusga dedi: — Men bilan birga bir soatgina ham uyg‘oq o‘tira olmabsizlar–da!
41 Ko‘z–quloq bo‘lib turinglar, vasvasaga tushmaslik uchun ibodat qilinglar. Ruh tetik, tana esa zaifdir.
42 Iso ikkinchi marta ketib, shunday deb iltijo qildi: — Ey Otam! Agar bu azob kosasidan qutulishimning iloji bo‘lmasa, mayli, Men o‘sha kosadan ichaman. Sening xohishing bajo bo‘lsin.
43 U qaytib kelib, shogirdlarining yana uxlab yotganini ko‘rdi. Ularning ko‘zlari yumilib ketayotgan edi.
44 Iso ularning oldidan yana ketib, avvalgi so‘zlarini takrorlab, uchinchi marta ibodat qildi.
45 So‘ng U shogirdlari yoniga qaytib kelib, ularga dedi: — Haligacha dam olib, uxlab yotibsizlarmi?! Mana, vaqt–soati keldi, Inson O‘g‘li gunohkorlar qo‘liga tutib berilyapti.
46 Turinglar, ketaylik! Ana, Menga xoinlik qiluvchi kelyapti!
47 Iso hali gapirib bo‘lmasidan, Yahudo kelib qoldi. U o‘n ikki shogirddan biri bo‘lib, uning yonida qilich va tayoq ko‘tarib olgan olomon bor edi. Bu olomonni bosh ruhoniylar va oqsoqollar yuborgan edilar.
48 Xoin Yahudo olomon bilan til biriktirib, shunday degandi: “Men kimni o‘psam, U o‘sha Kishidir. Uni qo‘lga olinglar.”
49 U to‘g‘ri Isoning oldiga borib: — Assalomu alaykum, Ustoz! — deb, Uni o‘pdi.
50 Iso unga: — Do‘stim, qiladigan ishingni qilaqol, — deyishi bilanoq, odamlar Isoni ushlab, qo‘lga oldilar.
51 Shunda Iso bilan birga bo‘lganlardan biri qilichini qinidan sug‘urdi–da, oliy ruhoniyning xizmatkoriga bir urib, qulog‘ini kesib tashladi.
52 Lekin Iso unga dedi: — Qilichingni qiniga solib qo‘y! Qilich ko‘targanlarning hammasi qilichdan halok bo‘ladi.
53 Kerak bo‘lganda edi, Men Otamga iltijo qilgan bo‘lardim. U Menga o‘sha zahotiyoq o‘n minglab farishtlarini yuborgan bo‘lardi. Shuni bilmaysanmi?
54 Lekin bunday qilganimda edi, qanday qilib Muqaddas Bitiklar amalga oshardi? Axir, bularning hammasi sodir bo‘lishi kerak–ku!
55 Shundan so‘ng Iso olomonga dedi: — Men qaroqchimidim, Meni olib ketgani qilichu tayoqlar bilan kelibsizlar?! Men har kuni Ma’bad hovlisida ta’lim berardim. Sizlar o‘shanda Meni qo‘lga olmadingizlar.
56 Ammo bularning hammasi payg‘ambarlarning Muqaddas Bitiklardagi bashoratlari bajo bo‘lishi uchun ro‘y berdi. O‘shanda hamma shogirdlari Isoni qoldirib, qochib ketishdi.
57 Isoni qo‘lga olganlar Uni oliy ruhoniy Kayafaning huzuriga olib keldilar. U yerda Tavrot tafsirchilari bilan oqsoqollar ham yig‘ilishgan edi.
58 Butrus esa Isoga uzoqdan ergashib, oliy ruhoniyning hovlisigacha keldi. Butrus ichkariga kirib, oxiri nima bilan tugarkin, deb kuzatish uchun soqchilarning yoniga o‘tirdi.
59 Bosh ruhoniylar va Oliy kengashning barcha a’zolari Isoni o‘limga mahkum qilish uchun Unga qarshi soxta dalillar izlar edilar.
60 Ancha guvohlar chiqqan bo‘lsa–da, yetarlicha ayblovchi dalillar topilmadi. Nihoyat, ikki soxta guvoh so‘zga chiqib,
61 shunday aytishdi: — Bu Odam: “Men Xudoning Ma’badini buzib, uch kunda uni tiklay olaman”, degan.
62 Oliy ruhoniy o‘rnidan turib, Isoga: — Indamay turaverasanmi?! Ularning Senga qo‘ygan ayblariga javob qaytarmaysanmi?! — dedi.
63 Iso esa indamadi. Oliy ruhoniy Unga dedi: — Barhayot Xudo haqi qasam ichib, ayt: Xudoning O‘g‘li — Masih Senmisan?
64 Iso unga: — Gapingiz to‘g‘ri, — dedi. — Bundan buyon sizlar Inson O‘g‘lini Qodir Xudoning o‘ng tomonida o‘tirganini va osmon bulutlarida kelayotganini ko‘rasizlar.
65 Shunda oliy ruhoniy kiyimlarini yirtib dedi: — U kufrlik qilyapti–ku! Bizlarga boshqa guvohlarning nima keragi bor?! Uning kufrlik qilganini hozirgina o‘zlaringiz eshitdingizlar.
66 Sizlarning qaroringiz qanday? — U o‘limga loyiq! — deb javob berdi ular.
67 So‘ng ular Isoning yuziga tupurib, Uni mushtlay boshladilar. Boshqalari esa Unga shapaloq urib:
68 — Ey Masih! Qani top–chi, Seni kim urdi ekan? — derdilar.
69 Bu paytda Butrus tashqarida hovlida o‘tirgan edi. Bir cho‘ri qiz uning yoniga kelib: — Siz ham o‘sha Jalilalik Iso bilan birga edingiz–ku! — dedi.
70 Lekin Shimo‘n hammaning oldida buni inkor etib dedi: — Nima to‘g‘risida gapirayotganingizni tushunmayapman.
71 So‘ng darvoza oldiga bordi. Shunda boshqa bir xizmatkor ayol uni ko‘rib, u yerda turganlarga: — Mana bu odam Nosiralik Iso bilan birga edi, — dedi.
72 Shimo‘n esa qasam ichib: — Men Uni tanimayman! — deb yana Isodan tondi.
73 Bir ozdan keyin u yerda turganlar kelib, Butrusga: — Siz o‘shalardan ekaningiz shevangizdan bilinib turibdi, — deyishdi.
74 — Xudo ursin! Men bu Odamni tanimayman! — deb qasam ichdi Butrus. Shu payt xo‘roz qichqirdi.
75 Shunda Butrus Isoning: “Xo‘roz qichqirmasidan oldin, sen Mendan uch marta tonasan”, degan gapini esladi. U hovlidan chiqib, achchiq–achchiq yig‘ladi.
Matto Muqaddas xushxabar: 26 Bob
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari
XIV. PODSHOHNING AZOBLARI VA O‘LIMI (26-27-boblar)
A. Isoni o‘ldirish fitnasi (26:1−5)
26:1−2 Ushbu Injilda Rabbimiz to‘rtinchi va so‘nggi marta O‘zining o‘lishi muqarrarligi haqidagi ogohlantirishini takrorladi (16:21; 17:23; 20:18). Uning xabari ularning birga bo‘lish vaqti Fisih bayrami va Uning xochga mixlanishi oralig‘ida tugashini ko‘rsatardi: "Bilasizlarki, ikki kundan so‘ng Fisih bayrami bo‘ladi va Inson O‘g‘li xochga mixlanish uchun topshiriladi." Bu yilgi Fisih bayramining haqiqiy ma’nosi namoyon bo‘ldi. Fisih qo‘zisi nihoyat zohir bo‘ldi va tez orada qurbonlik qilinadi.
26:3−5 Aynan U bu so‘zlarni aytayotgan paytda, bosh ruhoniylar, ulamolar va oqsoqollar oliy ruhoniy Kayafaning hovlisida to‘planib, o‘z rejalarini muhokama qilishardi.
Ular Isoni yashirincha qo‘lga olib, o‘ldirmoqchi edilar, ammo buni bayram kunlarida qilishni noma’qul deb bilishdi - xalq Uning qatl etilishiga qarshi chiqishi mumkin edi. Ajablanarli tomoni shundaki, Isroilning diniy rahbarlari o‘z Masihlarini o‘ldirishga til biriktirishdi. Ular birinchilardan bo‘lib Uni tan olishlari va Shoh deb e’lon qilishlari kerak edi. Buning o‘rniga ular Uning dushmanlarining oldingi saflarida turishdi.
B. Baytaniyada Isoning moylanishi (26:6−13)
26:6−7 Bu voqea ruhoniylarning xoinligi, shogirdlarning tushkunligi va Yahudoning sotqinligi orasida ko‘ngilga taskin beradi.
Iso Baytaniyada moxov Simunning uyida bo‘lganida, bir ayol Uning oldiga kelib, juda qimmatbaho xushbo‘y moyni Uning boshiga quydi. Uning qurbonligining qimmati Hazrati Isoga bo‘lgan chuqur sadoqatini ifodalab, go‘yoki dunyoda U uchun hech narsa haddan ziyod yaxshi emasligini ko‘rsatardi.
26:8−9 Uning shogirdlari, ayniqsa Yahudo (Yuhanno 12:4−5), bu xatti-harakatni behuda isrof deb bilishdi. Ularning fikricha, bu pullarni kambag‘allarga bergan ma’qul edi.
26:10−12 Iso ularning noto‘g‘ri mulohazalarini tuzatdi. Ayolning qilmishi behuda emas, balki go‘zal edi. Bundan tashqari, u juda o‘rinli vaqtda qilingan edi. Kambag‘allarga doimo yordam berish mumkin. Biroq tarixda faqat bir marta Najotkor dafn uchun moylanishi mumkin edi. Bu payt yetib kelgan edi va ruhiy idrokka ega bo‘lgan yagona ayol buni angladi. Rabbimizning O‘z o‘limi haqidagi bashoratlariga ishonib, u "hozir yoki hech qachon" degan qarorga kelgan bo‘lsa kerak. Ma’lum bo‘lishicha, u haq edi. Dafn etilganidan so‘ng Uning jasadini moylamoqchi bo‘lgan boshqa ayollarga tirilish to‘sqinlik qildi (Mark 16:1−6).
26:13 Rabbimiz Iso uning oddiy muhabbat ishini abadiylashtirdi: "Sizlarga chinini aytaman: bu Xushxabar butun dunyoda qaerda va’z qilinsa, bu ayolning qilgan ishi ham uning xotirasiga so‘zlanadi." Haqiqiy xizmatning har qanday amali samoviy dargohlarni muattar hid bilan to‘ldiradi va Egamizning xotirasida abadiy saqlanadi.
D. Yahudoning xoinligi (26:14−16)
26:14−15 Shunda o‘n ikki shogirddan biri - Iso bilan yashagan, birga yurgan, Uning mo‘jizalarini ko‘rgan, Uning tengsiz ta’limotini eshitgan va begunoh hayot mo‘jizasining guvohi bo‘lgan, Iso "men bilan tinchlikda yashaydigan... nonimni yegan odam" (Zabur 40:10) deb ataydigan kishi Xudoning O‘g‘liga qarshi oyoq ko‘tardi. Yahudo Ishqariyot oliy ruhoniylarning oldiga borib, o‘z Ustozini o‘ttiz kumush tangaga sotishga rozi bo‘ldi. Ruhoniylar unga arzimas - o‘n besh dollarga yaqin miqdorni to‘lashdi, bu unga sharmandali edi.
Simunning uyida Isoni moylagan ayol bilan Yahudo o‘rtasidagi farq juda katta. Ayol Najotkorni yuksak qadrladi. Yahudo esa Uni arzon baholadi.
26:16 Shunday qilib, Isodan faqat yaxshilik ko‘rgan kishi o‘zining dahshatli fitnasining bir qismini tayyorlash uchun yo‘lga chiqdi.
E. Oxirgi Fisih (26:17−25)
26:17 Xamirturushsiz non bayramining birinchi kuni edi - yahudiylar uylaridan har qanday xamirturushni olib tashlash payti.
Fisih bayramini tayyorlash uchun shogirdlarini Quddusga yuborganida, Rabbimizning xayolidan qanday fikrlar o‘tgan ekan? Qutlug‘ Kechlikning har bir tafsiloti achchiq ma’no kasb etadi.
26:18−20 Iso shogirdlariga Qutlug‘ Kechlik uchun belgilangan uyga olib borishi kerak bo‘lgan noma’lum bir kishini izlashni buyurdi. Ehtimol, ko‘rsatmalarning mujmalligi fitnachilani chalg‘itish uchun ataylab qilingandir. Har holda, Isoning odamlar, ularning qayerdaligi va U bilan hamkorlik qilishga tayyorligi haqida to‘liq xabardorligini ko‘ramiz. Uning quyidagi so‘zlariga e’tibor bering: "Ustoz shunday demoqda: Mening vaqtim yaqinlashdi, shogirdlarim bilan Fisih bayramini senikida nishonlayman". U yaqinlashib kelayotgan o‘limni xotirjam qabul qildi. Mukammal nazokatlik bilan Kechlikni uyushtirdi. Oxirgi Fisih bayramini o‘tkazish uchun o‘z uyini taqdim etish bu noma’lum kishi uchun qanday ulug‘ sharaf!
26:21−24 Ular ovqatlanayotganda, Iso o‘n ikki kishidan biri Unga xiyonat qilishi haqida hayratlanarli xabar berdi. Shogirdlar g‘am-g‘ussa, xafalik va shubhalarga to‘ldilar. Ular birin-ketin: "Yo Rabbiy, men emasmanmi?" deb so‘rashardi. Yahudodan boshqa hamma so‘raganida, Iso U bilan birga qo‘lini tovoqqa botirgan odam shu ekanini aytdi. Rabbimiz bir bo‘lak nonni olib, go‘shtli qaylaga botirdi va Yahudoga uzatdi (Yuhanno 13:26) - bu sevgi va do‘stlikning alohida belgisi edi. U bilan sodir bo‘lishi muqarrar bo‘lgan nimadir borligini eslatdi. Ammo bu xoinni javobgarlikdan ozod qilmasdi: u tug‘ilmagani yaxshiroq bo‘lardi. Yahudo Najotkorni sotishni ongli ravishda tanlagan va shuning uchun o‘z qilmishi uchun shaxsan javobgar edi.
26:25 Nihoyat Yahudo ham "Men emasmanmi, Ustoz?" deb behuda so‘raganida, Iso: "O‘zing aytding," deb javob berdi.
F. Birinchi Qutlug‘ Kechlik (26:26−29)
Yuhanno (13:30)dan bilamizki, Yahudo bir burda nonni olishi bilanoq tashqariga chiqdi va tun edi. Shuning uchun, u Qutlug‘ Kechlik o‘rnatilishida ishtirok etmagan, deb xulosa qilishimiz mumkin (garchi bu masalada jiddiy kelishmovchiliklar mavjud).
26:26 Oxirgi Fisih bayrami o‘tkazilgandan so‘ng, Qutqaruvchi biz "Xudovandning kechaligi" deb ataydigan narsani o‘rnatdi. Non va vino kabi tarkibiy qismlar Fisih kechasining bir qismi sifatida dasturxonda turgan edi; Iso ularga yangi ma’no berdi. Avval nonni olib, duo qildi va sindirdi. Uni shogirdlariga ulashayotib: "Olinglar, yenglar, bu Mening Tanamdir", dedi. Isoning tanasi hali xochga mixlanmagani uchun, U nonni O‘z tanasining ramzi sifatida ko‘chma ma’noda ishlatgani aniq.
26:27−28 Xuddi shu narsa qadah uchun ham to‘g‘ri; idish uning ichidagini e’lon qilish uchun ishlatilgan. Qadahda uzum mevasi bo‘lib, u o‘z navbatida yangi ahd qonining ramzi edi. Bu yangi, shartlarsiz inoyat ahdi ko‘pchilikning gunohlari kechirilishi uchun to‘kilgan Uning muqaddas Qoni bilan tasdiqlanadi. Uning Qoni hammani kechirish uchun yetarli edi. Ammo bu yerda u ko‘pchilik uchun shu ma’noda to‘kildiki, u faqat iymon keltirganlarning gunohlarini yuvishda samarali bo‘ldi.
26:29 Keyin Najotkor ularga bu uzum mevasidan yer yuziga podshohlik qilish uchun qaytib kelgunicha ular bilan birga ichmasligini eslatdi. O‘shanda sharob yangi ma’noga ega bo‘ladi: u Otasining Shohligidagi quvonch va barakalardan darak beradi.
Ko‘pincha shunday savol tug‘iladi: Qutlug‘ Kechlik uchun nima iste’mol qilishimiz kerak - xamirturushli yoki xamirturushsiz non, achigan sharobmi yoki yo‘qmi? Xudovand xamirturushsiz non va achimagan sharobdan foydalanganiga ozgina shubha bor (o‘sha paytlarda barcha sharob achigan edi). Xamirturushli nonning ramzga mos kelmasligini isbotlaydiganlar (xamirturush odatda gunohning timsoli bo‘ladi) achish uchun ham xuddi shunday ekanini tushunishlari kerak. Biz tarkibiy qismlar bilan shunchalik band bo‘lib, Xudovandning O‘zini ko‘ra olmasligimiz fojiadir. Pavlus nonning o‘zi emas, balki uning ma’naviy ma’nosi muhim ekanini ta’kidlaydi: "...Fisihimiz bo‘lgan Masih biz uchun qurbon qilindi. Shuning uchun bayramni eski xamirturush bilan emas, yovuzlik va buzuqlik xamirturushi bilan emas, balki samimiylik va haqiqatning xamirturushsiz noni bilan nishonlaylik" (1Kor 5:7-8). Xamirturush nonda emas, balki bizning hayotimizda muhim ahamiyatga ega!
G. O‘ziga ishongan shogirdlar (26:30−35)
26:30 Qutlug‘ Kechlikdan so‘ng kichik guruh 112−117-Zaburlardan olingan bo‘lsa kerak - "Buyuk Xallel" madhiyasini kuyladi. Keyin ular Quddusdan chiqib, Kedron soyidan o‘tib, Zaytun tog‘ining g‘arbiy yonbag‘ri bo‘ylab Getsemani bog‘iga ko‘tarilishdi.
26:31 Iso yer yuzidagi xizmati davomida shogirdlarini bo‘lajak yo‘l haqida vijdonan ogohlantirgan. Endi esa, bu kecha hammasi Uni tark etishini aytdi. Bo‘ronning shiddatini ko‘rgach, ularni qo‘rquv egallaydi.
O‘z jonlarini saqlab qolish uchun ular Ustozni tashlab ketadilar. Zakariyoning bashorati amalga oshadi: "Cho‘ponni uringlar, shunda qo‘ylar tarqalib ketadi" (13:7).
26:32 Lekin U ularni umidsiz qoldirmaydi. Garchi ular U bilan bo‘lganlaridan uyalsalar-da, U hech qachon ularni tark etmaydi.
U o‘likdan tirilganidan so‘ng Jalilada ular bilan uchrashadi. Ajoyib, hech qachon o‘zgarmaydigan Do‘st!
26:33−34 Butrus darhol Xudovandning so‘zini bo‘lib, boshqalar Uni tark etishi mumkin, ammo u hech qachon bunday qilmasligini aytdi. Iso "hech qachon" so‘zini "shu kecha uch marta" deb tuzatdi. Xo‘roz qichqirmasidan oldin bu jo‘shqin shogird Ustozidan uch marta tonadi.
26:35 Butrus o‘z sadoqatini himoya qilishda davom etar ekan, Masih bilan birga o‘lishni Undan voz kechishdan afzal ko‘rishi haqida qat’iy turdi. Hamma shogirdlar shunday deyishdi. Chunki ular o‘z qalblarini bilmas edilar.
H. Gefsiman bog‘idagi iztirob (26:36−46)
Hech kim muqaddas zaminda yurganini anglamas ekan, Gefsiman bog‘ini tasvirlashga kirishishga jur’at etolmaydi. Bu oyatlarni sharhlashga uringan har bir kishi o‘zida chuqur hurmat va ehtiyotkorlik tuyg‘usini his etadi. Gay King yozganidek, "bu yerda sodir bo‘lgan voqealarning ulug‘vorligi uni biror tarzda buzib qo‘ymaslik uchun teginishdan qo‘rqishga majbur qiladi."
26:36−38 Gefsimaniyaga (ma’nosi "zaytun siqish joyi" yoki "zaytun yog‘i chiqarish joyi") kirgach, Iso shogirdlariga, o‘n bir kishidan sakkiztasiga O‘zini kutib o‘tirishni buyurdi, so‘ng Butrus va Zabadiyning ikkala o‘g‘lini olib, bog‘ning ichkarisiga yo‘l oldi. Bundan, turli shogirdlar azob chekayotgan Najotkorga hamdardlik ko‘rsatishda turlicha qobiliyatga ega, deb xulosa chiqarish mumkinmi? U qayg‘u va tashvishga tushdi. U Butrus, Yoqub va Yuhannoga qalbida o‘limga olib boruvchi g‘am-anduh borligini ochiqchasiga e’tirof etdi. Bu Uning muqaddas ruhiyatining to‘satdan o‘zgarishi edi, chunki U biz uchun gunoh qurboni bo‘lishini oldindan bilardi. Biz, gunohkorlar, begunoh bo‘lgan Uning biz uchun gunohga aylanishi nima ekanini tasavvur ham qila olmaymiz (2Kor 5:21).
26:39 Taajjublanarli joyi yo‘qki, U bu uch kishini qoldirib, bog‘ning ichkarisiga yanada chuqurroq kirdi. Endi hech kim Uning iztirobini baham ko‘rolmas va: "Ey Otam, agar iloji bo‘lsa, bu qadah Mendan o‘tib ketsin. Biroq Men xohlagandek emas, Sen xohlagandek bo‘lsin," deya ibodat qilolmas edi. Bu ibodat rad etish yoki orqaga qaytish istagini bildiradi, deb o‘ylamasligimiz uchun Uning Yuhannodagi (12:27−28) so‘zlarini eslaylik: "Endi qalbim iztirob chekmoqda. Nima dey? Otam, meni bu soatdan qutqar, deymi? Yo‘q, Men aynan shu soat uchun keldim-ku. Otam, O‘z ismingni ulug‘la." Demak, U bu qadah O‘zidan o‘tib ketishini so‘rab ibodat qilganda, xochdan qutqarishni so‘ramagan. Axir U aynan shu maqsadda dunyoga kelgan-ku! Uning ibodati ibratli edi, ya’ni u javob olish uchun emas, balki bizga saboq berish uchun mo‘ljallangan edi. Boshqacha aytganda, Iso shunday demoqchi edi: "Ey Otam! Agar mening xochga boradigan yo‘limdan boshqa biror yo‘l bilan bu xudosiz gunohkorlar najot topishi mumkin bo‘lsa, o‘sha yo‘lni hoziroq och! Ammo shuni bilib qo‘yishingni istayman: men Sening irodangga zid hech narsani xohlamayman."
Javob qanday bo‘ldi? Hech qanday javob bo‘lmadi, Osmon jim edi. Bu ma’noli sukunatdan bilamizki, aybdor gunohkorlarni oqlash uchun Xudoning begunoh Najotkor Masihning bizning o‘rnimizga o‘lishidan boshqa yo‘li yo‘q edi.
26:40−41 Shogirdlari yoniga qaytib kelganda, ularni uxlab yotganini ko‘rdi. Ularning ruhi tetik, tanasi esa zaif edi. O‘zimizning ibodat hayotimizni o‘ylab ko‘rsak, ularni ayblashga jur’at etolmaymiz. Biz ibodat qilishdan ko‘ra yaxshiroq uxlaymiz; fikrlarimiz tarqoq, vaholanki ular sergak bo‘lishi kerak. Rabbimiz bizga nechog‘li tez-tez Butrusga aytganidek: "Men bilan birga bir soat ham bedor tura olmadingizmi? Vasvasaga tushib qolmaslik uchun hushyor turib, ibodat qilinglar," deb aytishiga to‘g‘ri keladi.
26:42 U yana bir bor chetga chiqib ibodat qildi, Otasining irodasiga bo‘ysunishini izhor etib. U azob-uqubat va o‘lim qadahini oxirigacha ichishga tayyor edi.
U ibodat hayotida yolg‘iz qolishga majbur edi. U shogirdlariga ibodat qilishni o‘rgatar va ularning oldida ibodat qilar, biroq hech qachon ular bilan birga ibodat qilmas edi. Uning shaxsiyati va xizmatining noyobligi boshqalarning Uning ibodat hayotida ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymas edi.
26:43−45 U shogirdlari oldiga ikkinchi marta kelganida, ular yana uxlab yotishardi.
Uchinchi marta ham xuddi shunday bo‘ldi: U ibodat qildi, ular esa uxlashdi. Shunda Iso ularga: "Sizlar hali ham uxlab, dam olyapsizlarmi? Mana, Inson O‘g‘li gunohkorlar qo‘liga topshiriladigan soat yaqinlashib qoldi," dedi.
26:46 U uyg‘oq paytida U bilan birga bo‘lish imkoniyati boy berilgan edi. Xoinning qadam tovushlari allaqachon eshitilayotgan edi. Iso: "Turinglar, ketdik," dedi - chekinish uchun emas, balki dushmanga peshvoz chiqish uchun.
Bog‘ni tark etishdan oldin, keling, yana bir bor to‘xtab, Uning achchiq yig‘isini eshitaylik, Uning chuqur qayg‘usini his qilaylik va Unga butun qalbimiz bilan minnatdorchilik bildiraylik.
I. Iso Getsemaniyada xoinlik qilinib, hibsga olindi (26:47−56)
Begunoh Najotkorga Uning yaratganlaridan birining xoinlik qilishi tarixdagi eng hayratlanarli hodisadir. Agar insoniy buzuqlik bo‘lmaganida, biz hayratda qolib, Yahudoning kechirib bo‘lmas xoinligiga nima sabab bo‘lganini tushuntirib bera olmasdik.
26:47 Iso hali o‘n bir shogirdiga gapirayotganida, Yahudo qilich va tayoqlar bilan qurollangan guruh bilan yetib keldi. Albatta, qurollanish Yahudoning rejasiga kirmagan edi, u hech qachon Najotkorni qarshilik ko‘rsatayotgan yoki himoyalanayotgan holda ko‘rmagan edi. Ehtimol, qurol oliy ruhoniylar va oqsoqollarning Isoni qochib ketishiga yo‘l qo‘ymasdan uni qo‘lga olishga bo‘lgan qat’iyatini ifodalagan.
26:48 Yahudo Isoni shogirdlaridan ajratib olish uchun olomonga yordam berish maqsadida o‘pishdan belgi sifatida foydalanishi kerak edi. Sevgining umumiy ramzi eng past darajada qo‘llanilishi kerak edi.
26:49 Yahudo Isoning oldiga kelib: "Salom, Ustoz!" dedi-da, Uni mahkam o‘pib qo‘ydi. Ushbu parchada o‘pish ma’nosini ifodalovchi ikki xil so‘z ishlatilgan. Birinchisi, 48-oyatda - oddiy so‘z bo‘lib, o‘pish ma’nosini anglatadi. Ammo 49-oyatda takroriy yoki ataylab o‘pish ma’nosidagi kuchliroq so‘z ishlatilgan.
26:50 Xotirjamlik bilan, hayratlanarli ziyraklik bilan Iso so‘radi: "Do‘stim, nima uchun kelding?" Shubhasiz, bu savol Yahudoga qattiq ta’sir qildi, ammo endi voqealar shiddat bilan rivojlandi. Olomon aralashib, darhol Isoni ushlab oldi.
26:51 Shogirdlardan biri, Yuhannoning (18:10) yozishicha bu Butrus edi, qilichini sug‘urib, oliy ruhoniyning qulining qulog‘ini kesib tashladi. Butrus quloqni mo‘ljalga olmaganga o‘xshaydi; shubhasiz, u o‘ldirishni niyat qilgan edi. Uning niyati ham, jazosi ham yomon bo‘lgani Ilohiy taqdirni ko‘rsatdi.
26:52 Rabbimiz Isoning axloqiy ulug‘vorligi bu yerda ham yorqin nur sochmoqda. Avval U Butrusga tanbeh berdi: "Qilichingni qiniga sol, chunki qilich ko‘targanlarning hammasi qilichdan halok bo‘ladi". Masihning Shohligida g‘alabalar jismoniy vositalar bilan qozonilmaydi. Ruhiy kurashda qurol kuchiga murojaat qilish falokatga olib keladi. Shohlik dushmanlari qilichni ishlatsin, ular oxir-oqibat mag‘lubiyatga uchraydi. Masihning jangchisi esa ibodatga, Xudoning Kalomiga va Ruh bilan to‘ldirilgan hayot kuchiga tayanadi.
Tabib Luqodan Iso Malxning qulog‘ini davolagani haqida bilib olamiz, chunki jabrlanuvchining ismi shunday edi (Luqo 22:51; Yuhanno 18:10).
Bu ajoyib marhamat namunasidir-ku! U O‘zidan nafratlanganlarni sevardi, hayotiga qasd qilayotganlarga mehribonlik ko‘rsatardi.
26:53−54 Agar Iso bu olomonga qarshilik ko‘rsatishni niyat qilganida, U Butrusning arzimas qilichi bilan cheklanmagan bo‘lardi. U darhol so‘rashi mumkin edi va Unga farishtalarning o‘n ikki legionidan ko‘proq (36 mingdan 72 minggacha) yuborilgan bo‘lardi. Ammo bu Xudoning rejasini buzgan bo‘lardi. Xoinlik, Uning azob chekishi, xochga mixlanishi va tirilishi haqida bashorat qilgan Muqaddas Bitiklar amalga oshishi kerak edi.
26:55 Keyin Iso olomonga Uni qo‘lga olish uchun qurol ko‘tarib chiqishlari bema’nilik ekanini eslatdi. Ular hech qachon Uning zo‘ravonlikka qarshilik ko‘rsatganini yoki bosqinchilik bilan shug‘ullanganini ko‘rmaganlar.
Aksincha, U har kuni ma’badda o‘tiradigan xotirjam Ustoz bo‘lgan.
O‘shanda ular Uni osongina qo‘lga olishlari mumkin edi, lekin bunday qilishmadi. Endi qilich va tayoqlar bilan kelishning nima keragi bor? Yumshoq qilib aytganda, ularning xatti-harakatlari mantiqsiz edi.
26:56 Bularning barchasiga qaramay, Najotkor insoniy yovuzlik faqat Xudoning aniq rejasiga muvofiq muvaffaqiyatga erishganini angladi. "Bularning hammasi payg‘ambarlarning bitiklaridagi so‘zlar bajo bo‘lishi uchun yuz berdi". Ustozning endi qutulolmasligini tushungan shogirdlar Uni tashlab qochib ketishdi. Ularning qo‘rqoqligi kechirib bo‘lmas darajada bo‘lsa, bizniki undan-da yomonroq. Ular hali Muqaddas Ruhga to‘lmagan edilar, bizda esa U bor.
I. Iso Kayafa oldida (26:57−68)
26:57 Rabbimiz Iso ustidan ikkita sud o‘tkazildi: yahudiy rahbarlari oldida diniy sud va Rim hokimiyati oldida fuqarolik sudi. To‘rt Injildagi yozuvlarni taqqoslash shuni ko‘rsatadiki, har bir sud uch bosqichda o‘tgan. Yuhanno yozib qoldirgan ma’lumotga ko‘ra, dastlab Isoni Kayafaning qaynotasi Annaning huzuriga olib kelishgan.
Matto tasviri ikkinchi bosqichdan, ya’ni oliy ruhoniy Kayafaning uyidan boshlanadi. U yerda sinedrion to‘plangan.
Odatda, ayblanuvchilarga himoyaga tayyorgarlik ko‘rish imkoniyati berilar edi. Ammo aqlsiz din peshvolari Isoni qamoq va adolatdan mahrum qilishga shoshildilar (Ishayo 53:8), har qanday yo‘l bilan Uni adolatli suddan mahrum etishga urindilar.
O‘sha kechaning o‘zida sinedrionni tashkil etgan farziylar, sadduqiylar, ulamolar va oqsoqollar o‘zlari amal qilishlari lozim bo‘lgan qonunlarga mutlaqo bepisandlik ko‘rsatdilar. Ular kechasi yoki yahudiy bayramlarida yig‘ilishga haqli emas edilar. Ularga soxta guvohlik berish uchun guvohlarni sotib olish man etilgandi. Tun o‘tmaguncha o‘lim hukmini ijro etib bo‘lmasdi. Agar ular ibodatxona hududidagi Silliqlangan toshlar zalida yig‘ilmasalar, ularning qarori kuchga ega bo‘lmasdi. Yahudiy hukmron doiralari Isodan tezroq qutulish ilinjida hatto o‘z qonunlarini buzishdan ham qaytmadilar.
26:58 Kayafa raislik qiluvchi hakam edi. Sinedrion, chamasi, ham sud maslahatchilari, ham ayblovchilar vazifasini bajargan - yumshoq aytganda, g‘alati birlik. Iso ayblanuvchi edi. Butrus esa xavfsiz masofadan kuzatib turardi: u oxirini ko‘rish uchun xizmatkorlar bilan o‘tirdi.
26:59−61 Yahudiy yetakchilar Isoga qarshi soxta guvohlik topishga qiynalishdi. Agar ular sud jarayonida o‘zlarining birinchi navbatdagi burchlarini bajarib, Uning aybsizligini isbotlovchi dalillarni izlaganlarida, ko‘proq muvaffaqiyatga erishgan bo‘lardilar. Nihoyat, ikki soxta guvoh Isoning: "Bu ma’badni buzinglar, men uni uch kunda tiklayman," degan so‘zlarini noto‘g‘ri talqin qilishdi (Yuhanno 2:19−21). Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, U Quddus ibodatxonasini buzib, keyin uni qayta quraman, deb tahdid qilgan emish. Aslida esa, U O‘zining o‘limi va qayta tirilishini bashorat qilgan edi. Endi yahudiylar Uning bashoratidan Uni o‘ldirishni oqlash uchun foydalanishdi.
26:62−63 Barcha bu ayblovlar paytida Rabbimiz Iso hech narsa demadi: "...qo‘y qirquvchilar oldida jim turgan qo‘ziday, U ham og‘zini ochmadi" (Ishayo 53:7). Oliy ruhoniy Isoning jim turganidan g‘azablanib, undan javob berishni talab qildi. Xaloskor esa javob berishdan tiyildi. Shunda oliy ruhoniy Isoga: "Xudo haqi qasam ichib aytamanki, Sen Xudoning O‘g‘li Masihmiean?" dedi. Tavrotda yahudiy ruhoniyning qasam ichib so‘rashiga javob berish kerakligi aytilgan (Levilar 5:1).
26:64 Qonunga bo‘ysunuvchi yahudiy bo‘lgan Iso: "Sen aytding," deb javob berdi. Keyin U O‘zining Masihligini va ilohiyligini yanada qat’iyroq tasdiqladi: "Sizlarga yana shuni aytamanki, bundan keyin Inson O‘g‘lining Qudratli Xudoning o‘ng tomonida o‘tirganini va osmon bulutlarida kelayotganini ko‘rasizlar." Xullas, U shunday demoqchi edi: "Sen aytganingdek, Men Xudoning O‘g‘li Masihman. Hozir Mening ulug‘vorligim inson tanasiga burkangan; Men butunlay boshqacha ko‘rinaman. Meni xorlik kunlarimda ko‘ryapsizlar. Lekin shunday kun keladiki, sizlar, yahudiylar, Meni har jihatdan Xudoga teng bo‘lgan, Uning o‘ng tomonida o‘tirgan va osmon bulutlarida kelayotgan ulug‘vor zot sifatida ko‘rasizlar."
64-oyatda ikkinchi shaxs olmoshi birlik shaklda qo‘llangan, chunki u Kayafaga ishora qiladi. (Yunoncha "su" birlik olmoshi bu o‘rinda ta’kidlash vositasi sifatida ishlatilgan. Ikkinchi marta "siz" (humin) ko‘plik shaklida qo‘llangan va uchinchi marta "opsesthe" fe’lining qo‘shimchasi hisoblanadi.) Ikkinchi va uchinchi marotaba u ko‘plik shaklida qo‘llanilgan, chunki u Masihning ulug‘vor zuhur etish paytida yashaydigan va Uning Xudoning O‘g‘li ekanini aniq ko‘radigan isroilliklarga taalluqli.
Lenskiy shunday yozadi: "Ba’zan Iso hech qachon O‘zini Xudoning O‘g‘li deb atamagan, deb ta’kidlashadi. Bu yerda (64-oyatda) U O‘zining Xudoning O‘g‘lidan boshqa hech kim emasligiga qasam ichmoqda." (R. C. H. Lenski, The Interpretation of St. Matthew’s Gospel, 1064-bet.)
26:65−67 Kayafaning savoli nishonga tegdi. Iso Doniyor payg‘ambarning bashoratiga ishora qildi: "Tungi vahiylarimda ko‘rdimki, osmondagi bulutlar bilan Inson O‘g‘liga o‘xshagan zot kelayotgan edi, U Qadimgi Kunlarga yaqinlashdi va Uning oldiga olib kelindi" (Doniyor 7:13). Oliy ruhoniyning munosabati, u Isoning Xudo bilan tengligi haqidagi so‘zlarini tushunganini ko‘rsatadi (Yuhanno 5:18 ga qarang). U oliy ruhoniy liboslarini yirtib tashladi, bu guvoh Xudoga kufr keltirganini anglatardi. Uning sinedrionga qarata aytgan hayajonli nutqi Isoning aybdor ekanini nazarda tutardi. Kengashga hukm haqida savol berilganda, javob: "O‘limga loyiq," bo‘ldi.
26:68 Sudning ikkinchi bosqichi huquqshunoslarning ayblanuvchini urib, yuziga tupurishi, so‘ngra undan Masih sifatida O‘z qudratini ko‘rsatishni, O‘ziga zarar yetkazganlarni aniqlashni istehzo bilan talab qilishlari bilan yakunlandi. Sodir bo‘layotgan barcha voqealar nafaqat qonunga xilof, balki sharmandali ham edi.
K. Butrus Isoni inkor etadi va achchiq yig‘laydi (26:69-75)
26:69-72 Endi Butrus uchun eng qorong‘u soat keldi. U tashqarida hovlida o‘tirganida, yosh ayol o‘tib ketayotib, uni Isoning sherigida aybladi. Uning inkor etishi qat’iy va tez bo‘ldi: "Sen nima deyayotganingni bilmayman". U darvoza tomon yo‘l oldi, ehtimol, uni yana sezib qolishmasligi uchun. Ammo u yerda boshqa qiz uni hammaning oldida Iso Nosirlik bilan birga bo‘lganini tanidi. Bu safar u Bu Odamni tanimasligiga qasam ichdi. "Bu Odam" uning Ustozi edi.
26:73-74 Bir oz vaqt o‘tgach, u yerda turgan bir necha kishi kelib: "Albatta sen ham ulardan birisan, chunki so‘zlashing ham seni fosh qiladi", dedi. Oddiy inkor etish endi yetarli emas edi; bu safar u qasam va la’nat bilan tasdiqladi. "Men bu Odamni tanimayman!" Va birdan xo‘roz qichqirdi.
26:75 Tanish ovoz nafaqat tong saharning sukunatini, balki Butrusning yuragini ham teshib o‘tdi. Xiyonat qilgan shogird, Rabbiy aytgan so‘zlarni eslab, tashqariga chiqdi va achchiq yig‘ladi.
Injillarda inkor etishlar soni va vaqti haqida zohiran ziddiyat bor. Matto, Luqo va Yuhannoda yozilishicha, Iso: "Xo‘roz qichqirmasdan oldin, sen Mendan uch marta tonasan" degan (Matto 26:34; yana Luqo 22:34; Yuhanno 13:38 ga qarang). Markda bashorat shunday: "Xo‘roz ikki marta qichqirmasdan oldin, sen Mendan uch marta tonasan" (14:30).
Ehtimol, bir emas, ikkita xo‘roz qichqirgan: biri kechasi, ikkinchisi tong saharida. Shuningdek, Injillar Butrusning kamida oltita turli inkor etishlarini qayd etgan bo‘lishi mumkin. U Masihni quyidagilar oldida inkor etdi: 1) yosh ayol (Matto 26:69-70; Mark 14:66-68); 2) boshqa yosh ayol (Matto 26:71-72; Mark 14:69-70); 3) yonida turgan olomon (Matto 26:73-74; Mark 14:70-71); 4) bir kishi (Luqo 22:58); 5) boshqa bir kishi (Luqo 22:59-60); 6) oliy ruhoniyning xizmatkori (Yuhanno 18:26-27). Biz bu so‘nggi kishini boshqalardan farqli deb hisoblaymiz, chunki u: "Men seni U bilan bog‘da ko‘rmagandimmi?" dedi. Boshqalarning bunday degani qayd etilmagan.