1 Iso o‘n ikki shogirdiga ko‘rsatmalarni berib bo‘lgandan keyin, yaqin atrofdagi shaharlarda ta’lim berish va va’z aytish uchun ketdi.
2 Yahyo bu paytda zindonda edi, u Isoning qilayotgan ishlarini eshitib, shogirdlarini Isoning oldiga
3 shunday savol bilan yubordi: “Keladigan Zot Sizmisiz, yoki biz boshqasini kutaylikmi?”
4 Iso Yahyoning shogirdlariga shunday javob berdi: — Boringlar, ko‘rib eshitayotganlaringizni Yahyoga aytinglar:
5 ko‘rlar ko‘rmoqda, cho‘loqlar yurmoqda, teri kasalligiga chalinganlar tuzalmoqda, karlar eshitmoqda, o‘liklar tirilmoqda, yo‘qsillar Xushxabarni eshitmoqda.
6 Mendan yuz o‘girmaganlar naqadar baxtlidir!”
7 Yahyoning shogirdlari ketayotganlarida, Iso olomonga Yahyo haqida gapirdi: “Sahroga nimani ko‘rgani bordingizlar? Shamolda hilpirab turgan qamishnimi?
8 Xo‘sh, nimani ko‘rgani bordingizlar? Bashang kiyingan odamnimi? Bashang kiyinganlar shoh saroyida bo‘ladi–ku!
9 Unday bo‘lsa, nimani ko‘rgani bordingizlar? Payg‘ambarnimi? Ha, sizlarga shuni aytay: sizlar payg‘ambardan ham ulug‘ini ko‘rdingizlar!
10 U haqda shunday yozilgan: “Mana, Sendan oldin Men O‘z elchimni yuboryapman, U Sen uchun yo‘lni hozirlaydi.”
11 Sizlarga chinini aytay: butun inson zoti orasida Yahyo cho‘mdiruvchidan ulug‘i yo‘q. Ammo Osmon Shohligida eng kichik hisoblangan odam ham undan ulug‘roqdir.
12 Yahyo cho‘mdiruvchi davridan shu kungacha odamlar Osmon Shohligiga shafqatsiz hujum qilmoqdalar. Zo‘ravonlar Osmon Shohligini qo‘lga kiritishga harakat qilmoqdalar.
13 Yahyo cho‘mdiruvchidan oldin bo‘lgan hamma payg‘ambarlarning bitiklarida va Tavrot kitobida Osmon Shohligi haqida bashorat qilingan.
14 Agar bu bashoratlarga ishonishni istasangizlar, Yahyo — kelishi bashorat qilingan Ilyosdir.
15 Kimning eshitar qulog‘i bo‘lsa, eshitsin!
16 Bu naslni kimga qiyoslasam bo‘ladi? Ular bolalarga o‘xshaydilar, maydonda o‘tirib olib, shunday deya bir–birlariga baqiradilar:
17 “Sizlar uchun nay chaldik, ammo raqsga tushmadingiz, Biz oh–voh qildik, ammo sizlar qayg‘urmadingiz.”
18 Yahyo kelganda, u na yedi, na ichdi, shuning uchun hamma: “Uni jin uribdi”, deydilar.
19 Inson O‘g‘li kelganda esa ham yedi, ham ichdi. Ammo Uni: “Yebto‘ymas, sharobxo‘r, soliqchilar va gunohkorlarning do‘sti”, deydilar. Biroq donolik to‘g‘ri ekanligi o‘z natijasidan ayon.”
20 Iso ba’zi shaharlarda ko‘p mo‘jizalar ko‘rsatgandi, ammo xalq o‘z gunohlari uchun tavba qilmadi. Iso o‘sha shaharlar aholilariga ta’na qildi:
21 “Sening holingga voy, ey Horazin! Sening holingga voy, ey Baytsayda! Agar sizlarda qilingan mo‘jizalar Tir bilan Sidon shaharlarida qilinganda edi, ular allaqachon qanorga o‘ranib, boshlariga kul sochib, tavba qilgan bo‘lardilar.
22 Biroq sizlarga aytayin: qiyomat kunida sizning holingiz Tir va Sidonning holidan battar bo‘ladi.
23 Ey Kafarnahum! Xudo seni ko‘klarga ko‘taradi deb o‘ylaysanmi?! Yo‘q, U seni tubsiz chuqurlikka uloqtiradi! Agar senda yuz bergan mo‘jizalar Sado‘mda bo‘lganda edi, u shahar shu kungacha saqlanib qolgan bo‘lar edi.
24 Biroq senga aytayin: qiyomat kunida sening holing Sado‘m shahrining holidan battar bo‘ladi.”
25 O‘sha vaqtda Iso yana shunday dedi: “Ey Ota, yeru osmonning Egasi! Sen bu ishlarni donolaru idroklilardan yashirib, go‘daklarga ma’lum etganing uchun Senga shukrlar aytaman.
26 Ha Ota, bu Sening ezgu xohishing edi.
27 Otam hamma narsani Mening ixtiyorimga topshirgan. O‘g‘ilni Otadan boshqa hech kim bilmaydi. Otani ham O‘g‘ildan boshqa va O‘g‘il ayon qilishni istagan odamdan boshqa hech kim bilmaydi.
28 Ey holdan toyganlar, og‘ir yuk ostida qolganlar, hammalaringiz Mening oldimga kelinglar! Men sizlarga orom beraman.
29 Mening bo‘yinturug‘imni taqib olinglar, Mendan o‘rganinglar. Chunki Men yumshoq ko‘ngil va kamtarinman. Shunda sizlarning jonlaringiz orom topadi.
30 Axir, Mening bo‘yinturug‘im qulay, yukim yengildir.”
Matto Muqaddas xushxabar: 11 Bob
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari
VII. O‘SIB BORAYOTGAN QARSHILIK VA RAD ETISH (11-12-boblar)
A. Yahyo payg‘ambar zindonga tashlandi (11:1−19)
11:1 Iso shogirdlarini Isroil xonadoniga vaqtinchalik maxsus xizmatga yuborgach, u yerdan shogirdlari ilgari yashagan Jalila shaharlariga ta’lim berish va va’z qilish uchun jo‘nab ketdi.
11:2 Bu paytga kelib Hirod Yahyoni zindonga tashlagan edi. Yolg‘iz qolgan va tushkunlikka tushgan Yahyo shubhalana boshladi. Agar Iso haqiqiy Masih bo‘lsa, nega U o‘zining oldinda yuruvchisining zindonda azoblanishiga yo‘l qo‘ydi? Xudoning ko‘pgina buyuk odamlari singari, Yahyo ham vaqtinchalik imon susayishidan aziyat chekdi. Shuning uchun u shogirdlaridan ikkitasini Isodan so‘rab kelish uchun yubordi: U haqiqatan ham payg‘ambarlar va’da qilgan Zotmi yoki ular boshqa Masihni kutishlari kerakmi?
11:4−5 Iso ularga javob berib, Yahyoga Masih haqidagi bashoratlarda aytilgan mo‘jizalarni amalga oshirayotganini eslatdi: ko‘rlar ko‘rmoqda (Isha’yo 35:5), cho‘loqlar yurmoqda (Isha’yo 35:6), moxovlar tozalanmoqda (Isha’yo 53:4, Matto 8:16−17 bilan solishtiring), karlar eshitmoqda (Isha’yo 35:5), o‘liklar tirilmoqda (Masih haqida bashorat qilinmagan bu mo‘jiza bashorat qilinganlaridan ham ulug‘roq edi).
Shuningdek, Iso Yahyoga Isha’yo 61:1 dagi bashoratning amalga oshishi uchun kambag‘allarga Xushxabar e’lon qilinayotganini eslatdi. Odatda din peshvolari boy va aslzoda odamlarga ko‘proq e’tibor qaratardilar. Masih esa kambag‘allarga Xushxabarni yetkazdi.
11:6 Keyin Xaloskor qo‘shib qo‘ydi: "Men tufayli vasvasaga tushmagan kishi baxtlidir."
Agar bu so‘zlar boshqa birovdan chiqqan bo‘lsa, eng katta manmanlikning namunasiday ko‘rinardi. Ammo Isoning og‘zidan chiqqanda, bu so‘zlar Uning mukammalligini haqiqatda aks ettirardi. Masih ulug‘vor sarkarda sifatida emas, balki kamtar duradgor qiyofasida keldi.
Uning olijanobligi, kamtarligi va oddiyligı jangari Masih haqidagi tasavvurga mos kelmasdi. Nafsga berilgan odamlar Uning Shohlikka da’vosiga shubha bilan qarashdi. Biroq Xudoning barakasi Nosiralik Isoni va’da qilingan Masih deb tan olganlarning nasibasi bo‘ldi.
6-oyatni Yahyo payg‘ambarga ta’na sifatida tushunmaslik kerak. Har bir insonning e’tiqodi vaqti-vaqti bilan mustahkamlanishi va qo‘llab-quvvatlanishiga muhtoj bo‘ladi.
E’tiqodning vaqtinchalik susayishi boshqa-yu, Rabbimiz Iso Masihni chin dildan tan olishdan butunlay voz kechish esa mutlaqo boshqa narsa. Bir bob inson hayotining butun qissasi emas. Umuman olganda, Yahyoning hayotida sadoqat va jasorat namoyon bo‘lgan.
11:7−8 Yahyoning shogirdlari Isodan tasalli so‘zlarini eshitib ketishlari bilanoq, Rabbimiz xalqqa Yahyo payg‘ambar haqida maqtov so‘zlari bilan murojaat qildi. Xuddi shu olomon Yahyo sahroda va’z qilayotganda ham to‘plangan edi. Nima uchun? Zaif qamishni - inson fikrining har qanday shabadasi bilan tebranib turadigan odamni ko‘rgani kelishganmidi?
Aslo! Yahyo qo‘rqmas va’zxon edi, u jim turishdan ko‘ra azob chekishni, yolg‘on gapirishdan ko‘ra o‘lishni afzal ko‘radigan vijdon egasi edi. Yoki ular hashamatli kiyingan, rohat-farog‘atda yashaydigan saroy a’yonini ko‘rgani kelishganmidi? Yo‘q, albatta! Yahyo oddiy xudojo‘y inson edi, uning mashaqqatli hayot tarzi odamlarning behuda intilishlariga ta’na qilardi.
11:9 Ular payg‘ambarni ko‘rgani kelishganmidi? Ha, albatta, Yahyo payg‘ambar edi, hatto barcha payg‘ambarlar ichida eng ulug‘i edi. Rabbimiz bu yerda uning shaxsiy fazilatlari, notiqlik qobiliyati yoki ishontirish mahorati boshqalarnikidan ustun ekanini nazarda tutmagan; u Masih-Shohning oldinda yuruvchisi bo‘lgani uchun ulug‘roq edi.
11:10 Bu 10-oyatdan aniq ko‘rinib turibdi. Yahyo Malaki payg‘ambarning (3:1) bashoratini ro‘yobga chiqargan - u Rabbimizdan oldin kelib, xalqni Uning kelishiga tayyorlashi lozim bo‘lgan xabarchi edi. Boshqalar Masihning kelishini bashorat qilgan bo‘lsa, Yahyo Uning kelganini e’lon qilishi kerak bo‘lgan tanlangan inson edi.
Yaxshi aytilgan: "Yahyo Masih uchun yo‘l tayyorladi, so‘ng Masih uchun bu yo‘ldan chetga chiqdi."
11:11 "Osmon Shohligidagi eng kichik odam undan ulug‘roqdir" degan ibora Iso Yahyoning xulq-atvori haqida emas, balki uning alohida o‘rni haqida gapirayotganini ko‘rsatadi. Samoviy Shohlikda eng past mavqega ega bo‘lgan kishi Yahyodan yaxshiroq fe’l-atvorga ega bo‘lishi shart emas, lekin u ko‘proq imtiyozga ega. Shohlik kelishini e’lon qilishdan ko‘ra, uning fuqarosi bo‘lish ulug‘roq sharafdir. Yahyoning o‘rni shunda ulug‘ ediki, u Rabbimiz uchun yo‘l tayyorladi, ammo Shohlikning baraka va imtiyozlaridan bahramand bo‘lmadi.
11:12 Yahyoning xizmati boshlanganidan to u zindonga tashlanguniga qadar Samoviy Shohlik turli hujumlarga duch keldi. Farziylar va ulamolar unga qattiq qarshilik ko‘rsatdilar. Shoh Hirod ham bu qarshilikka o‘z hissasini qo‘shib, Shohlikning jarchisinı hibsga oldi.
..."Kuch bilan qo‘lga kiritiladi." Bu ibora ikki xil ma’noga ega bo‘lishi mumkin.
Birinchisi: Shohlikning dushmanlari uni yo‘q qilish uchun bor kuchlari bilan Shohlikni egallab olishga urinmoqdalar. Ularning Yahyoni rad etishi, kelajakda Shohning O‘zi ham, Uning Shohligi ham rad etilishining bashorati edi. Ikkinchisi esa quyidagicha ma’noga ega bo‘lishi mumkin: Shohning kelishiga tayyor turganlar bu xabarga g‘ayrat bilan javob berib, Uning Shohligiga kirish uchun butun kuch-g‘ayratlarini sarfladilar. Luqo 16:16 da ham shunga o‘xshash fikr bildirilgan: "Tavrot va payg‘ambarlar Yahyogacha edi; o‘shandan beri Xudoning Shohligi haqida Xushxabar e’lon qilinmoqda va har bir kishi unga kirish uchun bor kuchini sarflamoqda."
Bu yerda Osmon Shohligi qamal qilingan shahar sifatida tasvirlanadi, uning tashqarisida barcha toifadagi odamlar unga kirishga urinib, zarba berishmoqda. Buning uchun ma’lum ma’naviy kuch kerak. Qanday fikr bildirilmasin, bu yerda ma’no shunday: Yahyoning va’zi keng tarqalgan va uzoq davom etadigan oqibatlarga olib kelgan kuchli qarshilikni keltirib chiqardi.
11:13 "Chunki barcha payg‘ambarlar va qonun Yahyogacha bashorat qilgan." Masihning kelishi Ibtidodan Malakiyogacha bo‘lgan butun tarix davomida bashorat qilingan. Tarix sahnasiga chiqqan Yahyoning o‘ziga xos vazifasi shunchaki bashorat qilish emas, balki Masihning birinchi kelishiga oid barcha bashoratlar amalga oshganini e’lon qilish edi.
11:14 Malakiy Masih paydo bo‘lishidan oldin Ilyos payg‘ambar kelishini bashorat qilgan (Mal 4:5−6). Agar odamlar Isoni Masih sifatida qabul qilishni istashganida, Yahyo Ilyosning vazifasini bajargan bo‘lardi. Yahyo Ilyosning qayta tug‘ilishi emas edi; Yuhanno 1:21 da u Ilyos ekanligini inkor etadi. Ammo u Masihning oldiga Ilyosning ruhi va qudrati bilan keldi (Luqo 1:17).
11:15 Hamma ham Yahyo payg‘ambarni qabul qilmadi yoki uning xizmatining chuqur ma’nosini tushunmadi. Shuning uchun ham Rabbimiz: "Kimning qulog‘i bo‘lsa, eshitsin!" deb qo‘shib qo‘ydi. Boshqacha aytganda, e’tibor bering. Eshitganlaringizning ma’nosini yo‘qotmang. Agar Yahyo Ilyos haqidagi bashoratni amalga oshirgan bo‘lsa, demak Iso va’da qilingan Masihdir! Shunday qilib, Yahyo payg‘ambarning vakolatini tasdiqlab, Iso o‘zining Xudoning Masihi ekanligini tasdiqladi. Birini qabul qilish ikkinchisini ham qabul qilish demakdir.
11:16−17 Ammo Iso murojaat qilgan avlod na unisini, na bunisini qabul qilishdan manfaatdor emas edi. O‘z Masihiy Shohining kelishini ko‘rish imtiyoziga ega bo‘lgan yahudiylarning e’tiborini na U, na Uning o‘tmishdoshi jalb qildi. Ular jumboq edi. Iso ularni bozorlarda o‘tirgan janjalkash bolalarga o‘xshatdi. (Ruscha Bibliyada "bozorlarda" o‘rniga "ko‘chalarda" deyilgan.) Agar ularning o‘rtoqlari raqsga tushishlari uchun nay chalishni xohlashsa, ular rad etishardi. Agar o‘rtoqlari dafn marosimini o‘tkazmoqchi bo‘lishsa, yig‘lashdan bosh tortishardi.
11:18−19 Yahyo zohid sifatida keldi va yahudiylar uni jinni deb aybladilar. Inson O‘g‘li esa, aksincha, oddiy odamlar kabi yeb-ichdi. Agar Yahyoning zohidligi yahudiylarni noqulay ahvolga solib qo‘ygan bo‘lsa, ular Isoning oddiy taomga ega ekanidan mamnun bo‘lishlari kerak edi. Yo‘q! Uni yeb-ichishni yaxshi ko‘radigan, soliqchilar va gunohkorlarning do‘sti deb atadilar. Albatta, Iso hech qachon me’yoridan ortiq yemagan va ichmagan; ularning ayblovlari butunlay uydirma edi. Darhaqiqat, U soliqchilar va gunohkorlarga do‘st edi, lekin ular o‘ylagan ma’noda emas. U gunohkorlarni gunohlardan qutqarish uchun ularga do‘st bo‘ldi, lekin hech qachon gunohga aralashmadi va ularning gunohlarini ma’qullamadi.
"Uning donoligi farzandlari tomonidan oqlandi." Shubhasiz, Hazrati Iso inson qiyofasidagi donolikdir (1 Kor 1:30). Garchi imonsizlar Unga tuhmat qilishlari mumkin bo‘lsa-da, U O‘z ishlari va izdoshlarining hayoti bilan o‘zini oqladi. Garchi yahudiylarning asosiy qismi Uni Masih-Shoh deb tan olishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, Uning da’volari Uning mo‘jizalari va sadoqatli shogirdlarining ma’naviy o‘zgarishlari bilan to‘liq tasdiqlandi.
B. Galileyaning tavba qilmagan shaharlarining sho‘ri (11:20−24)
11:20 Katta imtiyozlar katta mas’uliyatni ham o‘z ichiga oladi. Hech bir shahar Xorazin, Vifsaida va Kafernaum kabi imtiyozli mavqega ega emas edi. Xudoning O‘g‘li ularning chang ko‘chalarida yurib, ularning tanlangan xalqiga ta’lim bergan va mo‘jizalarining ko‘p qismini ularning devorlarida amalga oshirgan. Bu rad etib bo‘lmaydigan dalillarni ko‘rib, ular toshbag‘irlik bilan tavba qilishdan bosh tortdilar.
Shuning uchun, Rabbimiz ularga eng og‘ir hukm chiqargani ajablanarli emas.
11:21 U Xorazin va Vifsaidadan boshladi. Bu shaharlar o‘z Xaloskorlari bo‘lmish Xudoning marhamatli da’vatlarini eshitib, undan ongli ravishda yuz o‘girdilar. Iso axloqsizligi va butparastligi uchun Xudoning hukmi bilan vayron qilingan Tir va Sidon shaharlarini xotirlaydi. Agar ular Isoning mo‘jizalarini ko‘rish imtiyoziga ega bo‘lishganida, chuqur tavba qilib, pushaymon bo‘lishgan bo‘lardi. Shuning uchun qiyomat kunida Xorazin va Vifsaidaga qaraganda Tir va Sidonga yengilroq bo‘ladi.
11:22 "Qiyomat kuni yengilroq bo‘ladi" so‘zlari osmonda turli mukofotlar bo‘lgani kabi, do‘zaxda ham turli darajadagi jazolar bo‘lishini ko‘rsatadi (1 Kor 3:12−15). Insonning do‘zaxda jazolanishiga sabab bo‘ladigan yagona gunoh - Iso Masihga bo‘ysunishdan bosh tortishdir (Yuhanno 3:36). Ammo do‘zaxdagi azob-uqubatlarning og‘irligi rad etilgan imtiyozlarga va odamlar tomonidan qilingan gunohlarga bog‘liq.
11:23−24 Kapernaumga berilgan imtiyozlar boshqa ko‘p shaharlarga berilmagan edi. U Iso uchun ona shahriga aylandi, chunki U Nosiradan quvib chiqarilgandi (9:1, Markus 2:1-12 bilan taqqoslang). Uning eng ajoyib mo‘jizalari - Masihligining rad etib bo‘lmas dalillari - aynan shu yerda sodir etilgandi. Agar besoqolbozlikning poytaxti bo‘lmish gunohkor Sado‘m shunday imtiyozga ega bo‘lganida edi, u tavba qilib, halokatdan qutulgan bo‘lardi. Kapernaum katta afzalliklarga ega edi. Uning aholisi tavba qilib, Rabbimizni quvonch bilan tan olishlari kerak edi. Ammo Kapernaum bu qulay fursatni boy berdi. Sado‘mning gunohi juda og‘ir edi. Biroq Kapernaumning Xudoning muqaddas O‘g‘lini rad etishidan og‘irroq gunoh yo‘q. Shu sababli, qiyomat kuni Sado‘m Kapernaumga nisbatan yengilroq jazoga tortiladi. O‘z imtiyozi bilan ko‘klarga ko‘tarilgan Kapernaum qiyomat kuni do‘zaxga tushiriladi. Agar bu jazo Kapernaumga nisbatan adolatli bo‘lsa, Muqaddas Kitoblar mo‘l-ko‘l bo‘lgan, Xushxabar radio orqali tarqatiladigan va deyarli hech kim uzrli bo‘lmagan joylarga nisbatan qanchalik adolatli bo‘ladi.
Rabbimiz davrida Jalilada to‘rtta mashhur shahar bor edi: Xo‘razin, Betsaida, Kapernaum va Tiberias. U faqat dastlabki uchtasini hukm qildi, Tiberiasni emas. Xo‘sh, natija qanday bo‘ldi? Xo‘razin va Betsaida shunchalik vayron qilindiki, bu shaharlarning aniq joylashuvi noma’lum. Kapernaumning joylashuvi ham aniqlanmagan.
Tiberias esa hozir ham mavjud. Bu ajoyib bashorat Xaloskor hamma narsadan xabardor ekanligining va Muqaddas Kitob ilohiy ilhom bilan yozilganligining yana bir isbotidir.
D. Qutqaruvchining rad etilishga munosabati (11:25−30)
11:25−26 Jalilaning bu uch shahrida Xudoning Masihini ko‘rish uchun ko‘z ham, qabul qilish uchun yurak ham yo‘q edi. U ularning O‘ziga bo‘lgan munosabati butunlay rad etishning boshlanishi ekanligini bilardi. Ularning tavba qilishni istamaganlariga U qanday munosabat bildirdi? G‘azab, nafrat yoki qasos bilan emas. Aksincha, U hech narsa O‘zining oliy maqsadlarini yo‘qqa chiqara olmagani uchun Xudoga shukrona aytib, ovozini ko‘tardi: "Otam, osmon va yerning Egasi, Senga hamd-u sanolar bo‘lsinki, bu narsalarni donishmand va aqlli kishilardan yashirib, go‘daklarga oshkor qilding."
Biz ikki xil noto‘g‘ri tushunishdan ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Birinchidan, Iso bu Jalila shaharlarining muqarrar jazosidan mamnun ekanini aytmadi. Ikkinchidan, U Xudo bu haqiqatni O‘z qo‘li bilan donishmand va aqlli kishilardan yashirdi, demoqchi emas edi.
Bu shaharlar Rabbimiz Isoni qabul qilish uchun cheksiz imkoniyatlarga ega edilar. Ular ongli ravishda Unga bo‘ysunmaslikka qaror qildilar. Ular nurni rad etganlarida, Xudo uni ulardan yashirdi. Ammo Xudoning rejalari hech qachon barbod bo‘lmaydi. Agar aqlli odamlar ishonmasalar, Xudo haqiqatni kamtarin qalblarga ochib beradi. U ochlarni ne’matlar bilan to‘ydiradi, boylarni esa quruq qo‘l bilan qaytaradi (Luqo 1:53).
Kimki o‘zini Masihga muhtoj bo‘lish uchun juda aqlli va bilimdon deb hisoblasa, u qonunparastlikning ko‘rligiga duchor bo‘ladi. Ammo donoligi yetishmasligini tan olganlar "barcha donolik va bilim xazinalari yashiringan" Zotning vahiyini qabul qiladilar (Kolosaliklar 2:3).
Iso, bashorat qilganidek, ba’zilar O‘zini qabul qilmasa, boshqalar qabul qilishi uchun Otasiga minnatdorchilik bildirdi. Ulkan ishonchsizlik qarshisida U Xudoning oliy reja va maqsadidan tasalli topdi.
11:27 Hamma narsa Otasi tomonidan Masihga topshirilgan edi. Boshqa har qanday odamning tilida bu haddan tashqari takabburona da’vo bo‘lib eshitilardi; Rabbimiz Iso esa shunchaki haqiqatni aytdi. O‘sha paytda, qarshilik kuchayib borayotgani tufayli, Otasi Isoni boshqarayotganga o‘xshamasdi, ammo aslida shunday edi. Oldindan belgilangan reja bo‘yicha Uning hayoti so‘nggi ulug‘vor g‘alabaga tobora yaqinlashib borardi. "O‘g‘ilni Otadan boshqa hech kim bilmaydi". Masih shaxsiyatining tushunib bo‘lmas siri mana shunda. Ilohiy va insoniy tabiatning bir Shaxsda birlashuvi inson aqlini lol qoldiradigan muammolarni keltirib chiqaradi. Masalan, o‘lim muammosi bor. Xudo o‘lishi mumkin emas. Garchi Iso Xudo bo‘lsa-da, U o‘ldi. Shu bilan birga, Uning ilohiy va insoniy tabiati ajralmasdir. Garchi biz Uni tanib, sevib, Unga ishonsak-da, faqat Otamizgina Uni to‘liq tushuna olishini bilamiz.
Ammo Sening isming sirlari yuksakdir,
Yaratganing barcha narsalarning idrokidan ustundir;
Va faqat Ota (qanday ajoyib bayonot!)
O‘g‘ilni tushuna oladi.
Sen munosibsan, ey Xudoning Qo‘zisi,
Har bir tizza
Sening oldingda cho‘ksin!
(Iosiya Konder)
"Otani O‘g‘ildan boshqa hech kim bilmaydi va O‘g‘il kimga oshkor qilishni istasa, o‘shanga oshkor qiladi". Otani ham tushunib bo‘lmaydi. Oxir-oqibat, Xudoni tushunish uchun faqat Xudogina yetarlicha buyukdir. Inson o‘z qudrati yoki aqli bilan Allohni taniy olmaydi. Lekin Rabbimiz Iso Otasini O‘zi tanlagan kishilarga ko‘rsata oladi. Kim O‘g‘ilni tanisa, Otani ham taniydi (Yuhanno 14:7).
Shunga qaramay, yuqorida aytilganlardan so‘ng, tan olishimiz kerakki, 27-oyatning ma’nosini izlar ekanmiz, biz uchun juda teran bo‘lgan haqiqatlarga duch kelamiz.
Biz xuddi xira ko‘zguda ko‘rayotgandek noaniq ko‘ramiz. Hatto abadiyatda ham bizning cheklangan aqlimiz Xudoning ulug‘vorligini to‘liq baholay olmaydi yoki mujassamlanish sirini tushuna olmaydi. Ota faqat O‘g‘li tanlagan kishilarga oshkor bo‘lishini o‘qiganimizda, bir nechta sevimlilarni tanlab olish haqidagi fikr bizni vasvasaga solishi mumkin. Keyingi oyat bizni bunday talqindan ogohlantiradi. Hazrati Iso barcha charchagan va og‘ir yukli kishilarni O‘ziga kelib, orom topishga da’vat etmoqda. Boshqacha aytganda, U Otasini tanishtirishni istaganlar - Uni Rab va Najotkor sifatida qabul qilganlardir. Ushbu benihoya mehribon taklifni o‘rganar ekanmiz, keling, bu taklif ko‘p marhamat ko‘rsatilgan Jalila shaharlari Isoni sharmandalarcha rad etishganidan so‘ng aytilganini eslaylik. Insoniy nafrat va qaysarlik Uning sevgisi va marhamatini so‘ndira olmadi. A. J. Makkleyn shunday degan edi:
"Garchi Isroil xalqi Xudoning og‘ir jazosiga yaqinlashayotgan bo‘lsa-da, uning Shohi O‘zining so‘nggi so‘zida shaxsiy najot eshigini keng ochib qo‘ygan. Va shu bilan U hukm arafasida ham rahm-shafqat Xudosi ekanini isbotlaydi". (Alva J. Gospel McClain, The Greatness of the Kingdom, 311-bet.)
11:28 Keling. Kelish - ishonish (Havoriylar 16:31), qabul qilish (Yuhanno 1:12), yeyish (Yuhanno 6:35), ichish (Yuhanno 7:37), yuzlanish (Ishayo 45:22), e’tirof etish (1 Yuhanno 4:2), tinglash (Yuhanno 5:24-25), eshikdan kirish (Yuhanno 10:9), eshikni ochish (Vahiy 3:20), Uning kiyimiga teginish (Matto 9:20-21) va Rabbimiz Masih orqali abadiy hayot in’omini qabul qilish (Rimliklar 6:23) demakdir.
Menga. Imon predmeti - bu cherkov, e’tiqod ramzi yoki ruhoniy emas, balki tirik Masihdir. Najot Shaxsdadir. Kimning Isosi bo‘lsa, faqat Xudo qutqarishi mumkin bo‘lgan tarzda qutqariladi.
Barcha charchagan va og‘ir yuklilarga. Isoning oldiga to‘g‘ri yo‘l bilan kelish uchun, inson gunohning og‘irligini tan olishi kerak. O‘zini halok bo‘lgan deb tan olgan odamgina qutqarilishi mumkin. Rabbimiz Iso Masihga ishonishdan oldin Xudo oldida tavba qilish lozim.
Men sizlarga orom beraman. E’tibor bering, bu yerda orom - bu sovg‘a, u ishlab topilmagan va unga loyiq bo‘linmagan. Bu Masih Golgota xochida O‘z ishini bajarganini anglaganidan keyin keladigan najot tinchligidir. Bu vijdon xotirjamligi bo‘lib, gunoh uchun to‘lov hamma uchun bir marta to‘langanini va Xudo bu to‘lovni ikki marta talab qilmasligini anglashdan keyin keladi.
11:29 29 va 30-oyatlarda najotga da’vat xizmatga taklif bilan almashtirilgan.
Mening bo‘yinturug‘imni o‘zingizga oling. Bu Uning irodasiga bo‘ysunish, hayotingizni boshqarishni Unga topshirishni anglatadi (Rimliklar 12:1).
Va Mendan o‘rganing. Hayotimizning barcha sohalarida Uning hukmronligini tan olsak, U bizni O‘z yo‘llarida yurishga o‘rgatadi.
Chunki Men yuvosh va kamtarinman. Qo‘pol va takabbur farziylardan farqli o‘laroq, haqiqiy Ustoz muloyim va kamtarindir. Kim Uning bo‘yinturug‘ini olsa, eng past o‘rinni egallashni ham o‘rganadi.
Shunda qalbingiz orom topadi. Bu vijdon xotirjamligi emas, balki Xudo va odamlar oldida eng past mavqeni egallaganingizda topiladigan qalb xotirjamligidir. Bu buyuk bo‘lishga intilmay qo‘ygan inson Masihga xizmat qilayotganida his etadigan xotirjamlikka o‘xshaydi.
11:30 Zero, Mening bo‘yinturug‘im yoqimli va yukimni yengildir. Yana farziylar bilan ajoyib tafovut. Iso ular haqida shunday degan edi: "Ular og‘ir va ko‘tarib bo‘lmas yuklarni bog‘lab, odamlarning yelkasiga yuklaydilar, o‘zlari esa ularni barmoqlari bilan ham qimirlatgisi kelmaydi" (Matto 23:4). Isoning bo‘yinturug‘i yengil, yelkani qiynamaydigan. Kimdir, agar Isoning duradgorlik ustaxonasi oldida yozuv bo‘lganida, u "Mening bo‘yinturuqlarim aynan mos keladi" deb yozilishi kerak edi, deb taxmin qilgan.
Uning yuki yengil. Bu masihiy hayotida muammolar, sinovlar, mehnat yoki ruhiy azob-uqubatlar yo‘q degani emas. Bu ularni o‘zimiz yolg‘iz ko‘tarishimiz shart emasligini anglatadi. Biz har safar muhtoj bo‘lganimizda yetarli inoyat beradigan Zot bilan bir bo‘yinturuqqa bog‘langanmiz. Unga xizmat qilish qullik emas, balki to‘liq erkinlikdir. J. H. Jovett shunday deydi:
"Mo‘min kishi hayotning og‘irligini yakka bo‘yinturuqda ko‘tarishga urinib, fojiali xatoga yo‘l qo‘yadi. Xudoning rejasida hech qachon inson o‘z yukini yolg‘iz o‘zi ko‘tarishi ko‘zda tutilmagan. Shuning uchun Masih inson bilan faqat bo‘yinturuqda muomala qiladi. Bo‘yinturuq - ikki kishilik asbob bo‘lib, Rabbimiz unda ikkinchi bo‘lib turishga izn so‘raydi. U har qanday og‘irlikdagi mehnatni baham ko‘rishni xohlaydi. Masihiylik hayotidagi xotirjamlik va g‘alabaning siri o‘z "men"ining yukini yechib tashlash va Ustozning orom beruvchi "bo‘yinturug‘i"ni kiyishdadir". (J. H. Jovett, "Our Daily Bread"da keltirilgan.)