Matto Muqaddas xushxabar: 19 Bob

MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

E. Nikoh, ajralish va nikohsizlik haqida (19:1−12)

19:1−2 Jaliladagi xizmatini yakunlagach, Rabbimiz janubga, Quddus tomon yo‘l oldi. Uning aniq marshrutini bilmasak-da, Iordan daryosining sharqiy qirg‘og‘idagi Pereya orqali o‘tgani ma’lum bo‘ladi. Matto bu hududni noaniq tarzda, Iordan ortidagi Yahudiya chegaralari deya ta’riflaydi. Pereyadagi xizmat 19:1 dan 20:16 yoki 20:28 gacha bo‘lgan oraliqni qamrab oladi; Uning Iordan orqali Yahudiyaga o‘tgan aniq vaqti ko‘rsatilmagan.

19:3 Ehtimol, Isoni shifo topish uchun ergashib yurgan olomon farziylarni Rabbimiz qayerdaligini topishga undagan. Ular yovvoyi itlar galasi kabi, Uning so‘zlaridan tutib olish maqsadida Unga yopishib oldilar. Ular har qanday sabab bilan yoki ma’lum asosda ajrashish mumkinmi, deb so‘rashdi. U qanday javob bermasin, baribir yahudiylarning bir qismi g‘azabga kelardi. Bir maktab ajralishga juda erkin munosabatda bo‘lsa, boshqasi bu masalada juda qat’iy edi.

19:4−6 Rabbimiz tushuntirdiki, Allohning dastlabki rejasiga ko‘ra, inson faqat bitta tirik xotinga ega bo‘lishi kerak edi. Erkak va ayolni yaratgan Xudo nikoh munosabatlari ota-ona munosabatlarining o‘rnini egallashini belgilagan. U, shuningdek, nikoh shaxslarning birlashuvi ekanligini aytdi. Xudoning maqsadi shundan iborat ediki, U o‘rnatgan bu ittifoq hech qachon insoniy qaror yoki qonun bilan buzilmasligi kerak edi.

19:7 Farziylar Rabbimizni Eski Ahdni ochiqchasiga inkor etishda ayblaganday bo‘ldilar. Axir Muso ajralish haqida buyruq bermaganmidi? Erkak shunchaki xotiniga taloq xati berib, uni uyidan chiqarib yuborishi mumkin edi (Qonunlar 24:1−4).

19:8 Iso Muso ajralishga ruxsat berganini tasdiqladi, lekin bu ajralish Xudo insoniyat uchun mo‘ljallagan eng yaxshi narsa bo‘lgani uchun emas, balki Isroilning itoatsizligi tufayli edi: "Muso yuragingiz qattiqligi sababli xotinlaringizdan ajralishingizga ruxsat berdi; ammo boshida bunday bo‘lmagan". Xudoning mukammal rejasiga ko‘ra, ajralish bo‘lmasligi kerak edi. Biroq Xudo ko‘pincha O‘zining to‘g‘ridan-to‘g‘ri irodasi bo‘lmagan holatlarga yo‘l qo‘yadi.

19:9 Shundan so‘ng Rabbimiz bundan buyon ajralishga nisbatan ilgarigidek bag‘rikenglik bo‘lmasligi haqida qat’iy bayon qildi. Kelajakda ajralish uchun faqat bitta qonuniy asos bo‘ladi - er-xotinlik sadoqatini buzish. Agar kishi boshqa sabab bilan xotinini taloq qilib, yana uylansa, u zino qilgan bo‘ladi.

Bu haqda ochiq aytilmagan bo‘lsa-da, Rabbimizning so‘zlaridan tushunish mumkinki, agar ajralish zino tufayli yuz bergan bo‘lsa, aybsiz tomon qayta nikohdan o‘tishga haqli. Aks holda ajralish o‘z maqsadiga erishmaydi, shunchaki alohida yashash bo‘lib qoladi.

Zino deganda, odatda, jinsiy axloqsizlik yoki fahsh tushuniladi. Biroq, ko‘plab bilimdon Muqaddas Kitob tadqiqotchilari zino faqat nikohdan oldingi axloqsizlikka tegishli bo‘lib, u nikohdan keyin fosh bo‘ladi, deb hisoblashadi (Qonunlar 22:13−21 ga qarang). Boshqalarning fikricha, bu faqat yahudiylarning nikoh an’analariga taalluqli va bu "istisno holat" faqat shu yerda, yahudiylarning Matto Injilida uchraydi.

Ajralish haqida to‘liqroq tushuncha olish uchun Matto 5:31−32 dagi izohga qarang.

19:10 Isoning ajralish haqidagi ta’limotini eshitgan shogirdlar haddan tashqari fikrlashni namoyish qilib, kulgili xulosaga keldilar: agar ajralish faqat bitta asosga ko‘ra mumkin bo‘lsa, oilaviy hayotda gunohdan qochish uchun umuman uylanmaslik yaxshiroq. Biroq, yolg‘iz qolishlari ularni gunohdan asrab qololmasdi.

19:11 Shuning uchun Najotkor ularga nikohsiz qolish qobiliyati hammaga berilmaganini eslatdi; faqat alohida inoyatga sazovor bo‘lgan kishigina nikohdan tiyila oladi. "Bu so‘zni hamma ham qabul qila olmaydi, faqat kimga berilgan bo‘lsa" degani, hamma ham buning ma’nosini tushuna olmaydi degani emas, balki nikohsiz yashashga chaqirilmagan odamlar butun umr poklikda yashay olmaydilar, degan ma’noni anglatadi.

19:12 Rabbimiz Iso bichilganlarning uch turi borligini tushuntiradi. Ba’zilar ko‘payish qobiliyatisiz tug‘ilganlari uchun bichilgandir. Boshqalar odamlar tomonidan bichilganligi sababli shunday bo‘lgan; Sharqdagi hukmdorlar ko‘pincha haram xizmatkorlarini bichish uchun bunday jarrohlikni qo‘llashgan. Ammo Iso bu yerda Osmon Shohligi uchun o‘zlarini bichgan kishilar haqida gapiryapti. Bu odamlar uylana olishlari mumkin, ularda jismoniy nuqson yo‘q. Ammo ular o‘zlarini Shoh va Uning Shohligiga bag‘ishlaganlari uchun, Masihga to‘liq xizmat qilish maqsadida ixtiyoriy ravishda nikohdan voz kechadilar. Keyinchalik Pavlus shunday deb yozgan edi: "Uylanmagan kishi Rabbiyni qanday mamnun qilishni o‘ylaydi" (1 Korinfliklarga 7:32). Ularning nikohsizligi fiziologik sabablarga emas, balki ixtiyoriy tiyilishga asoslangan. Hamma ham bunday yashay olmaydi, faqat buning uchun Xudodan kuch-qudrat berilganlargina shunday yashay oladilar: "...lekin har kimning Xudodan o‘z in’omi bor, biri unday, boshqasi bunday" (1 Korinfliklarga 7:7).

F. Bolalar haqida (19:13−15)

Qiziq joyi shundaki, ajralish haqidagi mulohazadan so‘ng bolalar haqida gap ketadi (shuningdek, Mark 10:1-16 ga qarang); ko‘pincha ular buzilgan oilalarda eng ko‘p azob chekishadi. Ota-onalar o‘z yosh bolalarini Iso oldiga olib kelishdi, toki Ustoz va Cho‘pon ularga baraka bersin. Shogirdlar buni xalaqit va bezovtalik deb bilib, ota-onalarga to‘sqinlik qilishdi. Ammo Iso aralashib, o‘shandan beri barcha yoshdagi bolalarni O‘ziga moyil qilgan quyidagi so‘zlarni aytdi: "Bolalarni qo‘yib beringlar, Mening oldimga kelishlariga to‘sqinlik qilmanglar, chunki Osmon Shohligi shundaylarnikidir".

Bu so‘zlardan bir necha muhim saboq kelib chiqadi. Birinchidan, ular Xudoning xizmatkoriga, ongi Xudoning Kalomini qabul qilishga eng moyil bo‘lgan bolalarni Masihga olib kelish naqadar muhimligini uqtiradi.

Ikkinchidan, Xudovand oldida gunohlarini tan olishni istagan bolalarni rag‘batlantirish kerak, ularni rad etish emas. Hech kim do‘zaxdagi eng yosh kimsaning yoshini bilmaydi. Agar bola chin dildan najot istasa, unga hali juda yosh ekanini aytish to‘g‘ri emas. Shu bilan birga bolalarga tazyiq o‘tkazib, ularni soxta tavba qilishga majburlamaslik kerak. Ular hissiy chaqiriqlarga juda ta’sirchan bo‘lgani uchun, ularni kuchli bosim o‘tkazadigan evangelizatsiya usullaridan himoya qilish lozim. Najotga erishish uchun bolalar katta bo‘lishini kutishlari shart emas; aksincha, kattalar bolalarga o‘xshash bo‘lishlari kerak (18:3-4; Mark 10:15).

Uchinchidan, Rabbimizning ushbu so‘zlari "Javobgarlik yoshiga yetmagan bolalarning taqdiri nima bo‘ladi?" degan savolga javob beradi. Iso: "Shunday bolalarniki Osmon Shohligi," deb javob berdi. Bu yosh farzandini yo‘qotgan ota-onalar uchun yetarli kafolat bo‘lishi kerak.

Ba’zan bu parchadan yosh bolalarni Masihning tanasi a’zosi va Shohlik vorislari qilish uchun chochintirishni oqlashda foydalanadilar. Biroq bu parchani diqqat bilan o‘qisak, o‘sha ota-onalar farzandlarini Iso oldiga cho‘qintirish uchun olib kelmaganlarini tushunamiz. Bu oyatlarda suv haqida bir og‘iz ham so‘z yo‘q.

G. Boylik haqida: boy yigit (19:16−26)

19:16 Bu voqea bizga qarama-qarshiliklardan saboq olish imkonini beradi. Hozirgina Osmon Shohligi bolalarga tegishli ekanini ko‘rgan bo‘lsak, endi unga kattalarning kirishi qanchalik qiyin ekanini ko‘ramiz.

Bir boy odam Xudovandni ochiqchasiga samimiy savol bilan to‘xtatadi. "Yaxshi Ustoz" deya Isoga murojaat qilib, abadiy hayotga ega bo‘lish uchun nima qilish kerakligini so‘raydi. Bu savol uning Iso kim ekanligi va najot yo‘lini bilmasligini ko‘rsatadi. U Isoni "Ustoz" deb atab, Uni boshqa buyuk insonlar bilan tenglashtiradi. U abadiy hayotga erishish haqida xuddi hadya emas, balki burch haqida gapirgandek so‘zlaydi.

19:17 Rabbimiz uni ikki savol bilan sinaydi. U: "Nega Meni yaxshi deb atayapsan? Yolg‘iz Xudodan boshqa hech kim yaxshi emas," deydi. Bu yerda Iso O‘zining ilohiyligini inkor etmaydi, balki bu odamga: "Men Seni yaxshi deb atayman, chunki Sen Xudosan," deyish imkoniyatini beradi.

Uning najot yo‘li haqidagi tasavvurlarini tekshirish uchun Iso: "Agar abadiy hayotga kirmoqchi bo‘lsang, amrlarga rioya qil," deydi. Xaloskor odam amrlarga rioya qilib najot topishi mumkin demoqchi emas. Aksincha, U bu odamning qalbida gunohkorlik his-tuyg‘usini uyg‘otish uchun qonunni qo‘llaydi. Bu odam o‘z ishlari tufayli Shohlikka merosxo‘r bo‘laman deb o‘ylab adashgan edi. Shuning uchun u nima qilish kerakligini ko‘rsatadigan qonunni bajarsin.

19:18−20 Rabbimiz Iso beshta amrni keltirib, ularni asosan bizning yigitimizga taalluqli deb hisoblaydi va ularni "Yaqiningni o‘zingni sevganday sev" degan kulminatsion ibora bilan umumlashtiradi. O‘z xudbinligini ko‘rolmaydigan bu odam doimo bu amrlarga rioya qilganini maqtanib aytadi.

19:21 So‘ngra Rabbimiz bu odamning o‘z yaqinini o‘zini sevgandek seva olmasligini ko‘rsatdi. U odamga barcha mol-mulkini sotib, pulini kambag‘allarga tarqatishni taklif qildi. Shundan keyin u Isoning oldiga kelib, Unga ergashishi kerak edi. Rabbimiz bu odam mol-mulkini sotib, pulini xayriya qilsa najot topishini nazarda tutmagan. Najotning yagona yo‘li - Rabbimizga imon keltirishdir.

Biroq, najot topish uchun inson o‘zining gunohkor ekanini va Xudoning muqaddas talablarini buzganini anglashi lozim. Boyning o‘z mol-mulkini bo‘lishishni xohlamasligi uning o‘z yaqinini o‘zidek sevmasligini ko‘rsatdi. U shunday deyishi kerak edi: "Ey Rabbim, agar mendan talab qilinayotgani shu bo‘lsa, men gunohkorman. O‘z kuchim bilan o‘zimni qutqara olmayman. Shuning uchun marhamating ila meni qutqarishingni iltimos qilaman". Agar u Najotkorning ko‘rsatmalariga amal qilganida, unga najot yo‘li ko‘rsatilgan bo‘lardi.

19:22 Buning o‘rniga u g‘amgin holda ketdi.

19:23−24 Boyning munosabati Isoga boy odamning Samoviy Shohlikka kirishi qiyinligini ta’kidlash imkonini berdi. Boylik butga aylanishga moyil. Boylikka ega bo‘lib, unga umid bog‘lamaslik qiyin. Shunda Rabbimiz: "Boy odamning Xudo Shohligiga kirishidan ko‘ra, tuyaning igna teshigidan o‘tishi osonroq", deb aytdi. U adabiyotda giperbolizatsiya deb ataladigan usulni qo‘lladi - bu yorqin, unutilmas taassurot qoldirish uchun bo‘rttirib aytilgan bayonot.

Tuyaning igna teshigidan o‘tishi mumkin emasligi aniq! Ko‘pincha "igna teshigi" shahar darvozasidagi eng kichik eshik deb tushuntiriladi. Tuya undan tizzalab o‘tishi mumkin edi, ammo bu juda qiyin bo‘lardi. Luqo kitobidagi o‘xshash parchada xuddi shu so‘zlar jarrohlar ishlatadigani ignani ifodalash uchun qo‘llanilgan. Matndan Rabbimiz qiyinchilik haqida emas, balki imkonsizlik haqida gapirgani aniq bo‘ladi. Oddiy qilib aytganda, boy odam o‘z kuchi bilan najot topa olmaydi.

19:25 Shogirdlar bunday so‘zlarni eshitib hayratda qoldilar. Muso qonuniga ko‘ra yashagan yahudiylar Xudo Unga itoat etganlarga farovonlik va’da qilganiga ishonib, boylikni Xudoning barakasi deb hisoblardilar. Agar Xudoning marhamatidan bahramand bo‘lgan kishi najot topmasa, kim najot topishi mumkin?

19:26 Rabbimiz shunday javob berdi: "Odamlar uchun bu imkonsiz, ammo Xudo uchun hamma narsa mumkin." Aslida, hech kim o‘zini qutqara olmaydi, faqat Xudogina jonni qutqarishi mumkin. Biroq, boy odamga kambag‘alga qaraganda o‘z irodasini Masihga bo‘ysundirish qiyinroq, bu esa boy odamlarning kamdan-kam imonga kelishidan ko‘rinib turibdi. Ularga ko‘zga ko‘rinadigan vositalarga ishonishni ko‘rinmas Najotkorga ishonch bilan almashtirish deyarli imkonsiz tuyuladi. Faqat Xudogina ularda bunday o‘zgarishni amalga oshirishi mumkin. Sharhlovchilar va voizlar bu yerda doimo, masihiylar boy bo‘lishi to‘g‘ri, deb qo‘shib qo‘yishadi. G‘alati joyi shundaki, ular yer yuzida boylik to‘plashni oqlash uchun Rabbimiz boylikni insonning abadiy farovonligiga to‘sqinlik qiluvchi narsa sifatida qoralagan parchadan foydalanadilar! Masihiy kishi atrofda muhtojlikni ko‘rib turib, Xudovand yer yuzida xazina to‘plashni qat’iyan man etganini va Uning kelishi yaqinlashganini bila turib, boylikka yopishib olganini kuzatish og‘ir. Zaxira uchun to‘plangan boylik bizni yaqinlarimizni o‘zimizni sevganimizdek sevmaganimizda ayblaydi.

H. Fidokorlik hayoti uchun mukofotlar haqida (19:27−30)

19:27 Butrus Najotkorning ta’limotini tushundi. Iso: "Hamma narsani tashlab, ortimdan ergashinglar", degan so‘zlarini anglagan Butrus, o‘zi va boshqa shogirdlar aynan shunday qilganidan ich-ichidan quvonsa-da, aniqlik kiritdi: "Bizga nima bo‘ladi?" Bu yerda uning manmanlik hissi namoyon bo‘ldi, eski tabiati yana o‘zini ko‘rsatdi. Bu barchamiz ehtiyot bo‘lishimiz kerak bo‘lgan ruh edi. U Rabbiy bilan savdolashayotgan edi.

19:28−29 Rabbimiz Butrusni Uning yo‘lida qilingan har bir ish saxiylik bilan taqdirlanishiga ishontirdi. O‘n ikki shogirdga kelsak, ular Ming yillik Shohlikda nufuzli o‘rin egallaydilar. Qayta tug‘ilish Masihning yer yuzidagi kelajak hukmronligiga taalluqli; bu "Inson O‘g‘li O‘z ulug‘vor taxtiga o‘tirganida" iborasi bilan izohlanadi. Shohlikning bu bosqichini ilgari Shohlikning ochiq namoyon bo‘lishi deb aytgan edik. O‘shanda o‘n ikki shogird o‘n ikki taxtga o‘tirib, Isroilning o‘n ikki qabilasiga hukm chiqaradilar. Yangi Ahddagi mukofotlar Ming yillik Shohlik boshqaruv tizimidagi o‘rinlar bilan bog‘liq (Luqo 19:17−19).

Ular Masihning mahkamasi oldida taqdirlanadi, ammo bu mukofotlar Rabbimiz yer yuziga qaytib, hukmronlik qilgandan keyingina kuchga kiradi.

Boshqa barcha imonlilar haqida Iso shunday dedi: "Kimki Mening nomim uchun uyidan, aka-ukalaridan, opa-singillaridan, ota-onasidan, xotinidan, farzandlaridan yoki yeridan voz kechsa, yuz barobar ko‘p oladi va abadiy hayotga ega bo‘ladi".

Bu hayotda ular butun dunyodagi imonlilar bilan muloqotdan zavqlanadilar, bu esa oddiy dunyoviy aloqalardan ko‘ra afzalroqdir. Ular tark etgan bitta uy o‘rniga yuzlab masihiylarning uylariga ega bo‘ladilar va u yerda iliq kutib olinadilar. Ular qoldirgan yerlar yoki boshqa boyliklar evaziga behisob ma’naviy boyliklarga ega bo‘ladilar.

Barcha imonlilar uchun oxiratdagi mukofot abadiy hayotdir. Bu biz hamma narsani tashlab, qurbonliklar qilib, abadiy hayotni qo‘lga kiritamiz degani emas. Abadiy hayot - bu in’om, uni qozonib yoki ishlab topib bo‘lmaydi. Bu yerda esa, hamma narsani tark etganlar mukofot sifatida osmonda abadiy hayotdan ko‘proq lazzatlanish imkoniyatiga ega bo‘lishlari aytilmoqda. Barcha imonlilar abadiy hayotga ega bo‘ladilar, lekin hamma ham undan bir xil darajada bahramand bo‘lavermaydi.

19:30 Rabbimiz O‘z so‘zlarini manfaatparastlik ruhiga qarshi ogohlantirish bilan yakunladi. U Butrusga shunday dedi: "Men uchun qilgan har bir ishingga mukofot beriladi, lekin o‘zingni o‘ylamaslikka harakat qil, aks holda ko‘p birinchilar oxirgi, oxirgilar esa birinchi bo‘lib qoladi". Bu fikr keyingi bobdagi masalda o‘z aksini topgan. Bu, shuningdek, shogirdlik yo‘lida yaxshi boshlashning o‘zi yetarli emasligi haqida ogohlantirish bo‘lishi mumkin edi. Hammasi marra qanday bo‘lishiga bog‘liq. Ushbu bobni yakunlashdan oldin, 23- va 24-oyatlardagi "Osmon Shohligi" va "Xudoning Shohligi" iboralari bir xil ma’noda ishlatilganiga e’tibor qaratish lozim, demak bu atamalar sinonim hisoblanadi.

Muqaddas Kitob ONLINE

1 Iso bu gaplarini tugatgandan keyin, Jalilani tark etdi. U Iordan daryosining narigi tomonidagi Yahudiya o‘lkasiga bordi.
2 Bir talay olomon Isoga ergashib borgan edi. Iso u yerda xastalarga shifo berdi.
3 Bir necha farziylar Isoning oldiga keldilar va Uni sinamoqchi bo‘lib so‘radilar: — Qonunga ko‘ra, erkak kishi har qanday sabab bilan o‘z xotinidan ajralishi mumkinmi?
4 Iso ularga shunday javob berdi: — Nahotki sizlar: “Azalda Yaratuvchi odamlarni erkagu ayol qilib yaratdi”, degan so‘zlarni o‘qimagan bo‘lsangizlar?
5 “Shuning uchun erkak kishi ota–onasidan bo‘lak chiqib, xotiniga bog‘lanib qoladi, ikkalasi bir tan bo‘ladilar.”
6 Bunga ko‘ra, ular endi ikkita emas, balki bir tan hisoblanadilar. Xudo birga qo‘shganni bandasi ajratmasin.
7 Farziylar esa Isoga dedilar: — Unday bo‘lsa, nima uchun Muso, erkak o‘z xotiniga taloq xatini yozib berib, jo‘natib yuborsin, deb amr bergan?
8 Iso ularga shunday javob berdi: — Sizlar bag‘ritosh bo‘lganlaringiz uchun, Muso xotinlaringiz bilan ajrashishga sizlarga ruxsat bergan, ammo azalda bunday bo‘lmagan.
9 Men sizlarga shuni aytayin: kim xiyonatdan boshqa sabab tufayli o‘z xotini bilan ajrashib, boshqasiga uylansa, zino qilgan bo‘ladi.
10 Shogirdlar Isoga dedilar: — Agar erkakning xotiniga nisbatan shunday majburiyati bo‘lsa, uylanmagan yaxshiroq ekan– da!
11 Iso esa shogirdlariga: — Ha, bu ta’limotimni hamma ham qabul qilavermaydi, — dedi. — Bu ta’limotim Xudo atagan odamlargagina tegishli.
12 Ba’zi erkaklarning uylana olmasligiga ayrim sabablar bor: ba’zilarning erkakligi tug‘ma zaifdir. Boshqalari esa odamlar tomonidan bichilgan. Yana boshqalari Osmon Shohligi yo‘lida uylanishdan voz kechadilar. Bu ta’limotni qabul qila oladigan qabul qilsin.
13 Iso bolalarimizga qo‘l qo‘yib duo qilsin, deb odamlar Isoning oldiga bolalarni olib kelishdi. Shogirdlar esa bolalarni olib kelgan odamlarni koyidilar.
14 Ammo Iso dedi: — Bolalarga yo‘l beringlar, Mening oldimga kelishiga to‘sqinlik qilmanglar! Zero, Osmon Shohligi shundaylarnikidir.
15 Iso bolalarning boshiga qo‘lini qo‘yib duo qildi, keyin O‘z yo‘liga ketdi.
16 Shu mahal bir kishi Isoning yoniga kelib: — Ustoz! Abadiy hayotga ega bo‘lishim uchun qanday yaxshi ish qilishim kerak? — deb so‘radi.
17 Iso unga dedi: — Nega Mendan yaxshi ish to‘g‘risida so‘rayapsiz? Birgina Xudodan boshqa hech kim yaxshi emas. Abadiy hayotdan bahramand bo‘lishni istasangiz, Xudoning amrlariga rioya qiling.
18 — Qaysilariga? — deb so‘radi u. Iso dedi: — “Qotillik qilmang. Zino qilmang. O‘g‘irlik qilmang. Yolg‘on guvohlik bermang.
19 Ota– onangizni hurmat qiling. O‘zgani o‘zingizni sevganday seving”, degan amrlarga.
20 Yigit Unga dedi: — Bularning hammasiga amal qilib kelaman. Yana nima qilishim kerak?
21 Iso yigitga aytdi: — Agar komil bo‘lishni istasangiz, borib, mol– mulkingizni sotib, pulini kambag‘allarga tarqating. Shunda osmonda xazinangiz bo‘ladi. Keyin kelib, Menga ergashing.
22 Yigit bu so‘zlarni eshitib, g‘amgin bo‘lib qaytib ketdi, chunki uning mol–mulki ko‘p edi.
23 Iso shogirdlariga dedi: — Sizga chinini aytayin: boy odamning Osmon Shohligiga kirishi qiyin bo‘ladi.
24 Sizlarga yana shuni aytay: boyning Xudo Shohligiga kirishidan ko‘ra, tuyaning igna teshigidan o‘tishi osonroqdir.
25 Shogirdlar buni eshitib, g‘oyat ajablanishdi va: — Unday bo‘lsa, kim najot topa olar ekan? — deyishdi.
26 Iso ularga ko‘z tikib dedi: — Inson uchun bu imkonsizdir, lekin Xudo uchun hamma narsaning imkoni bor.
27 Shunda Butrus dedi: — Mana, biz uy–joyimizni tashlab, Sizning orqangizdan ergashib keldik. Buning evaziga nima olamiz?
28 Iso ularga shunday javob berdi: — Sizga chinini aytayin: hamma narsa yangilanganda va Inson O‘g‘li O‘zining ulug‘vor taxtida o‘tirganda, Mening orqamdan ergashib kelgan sizlar ham o‘n ikkita taxtga o‘tirib, Isroilning o‘n ikki qabilasiga hukmronlik qilasizlar.
29 Men uchun uy–joyini, aka–ukalarini, opa–singillarini, ota–onasini, bolalarini yoki yer– mulkini tashlab ketgan har bir kishi bulardan yuz hissa ortiqrog‘ini olib, abadiy hayotga ega bo‘ladi.
30 Ammo birinchi bo‘lganlarning ko‘plari oxirgi bo‘ladilar, oxirgilar esa birinchi bo‘ladilar.

Комментарии к Библии МакДональда на Узбекском языке.

Uilyam MakDonald - taniqli ilohiyot o‘qituvchisi.