1 Iso odamlarga yana masallar bilan gapira boshladi:
2 “Osmon Shohligini o‘g‘liga to‘y ziyofati bergan shohga qiyoslasa bo‘ladi.
3 Shoh to‘yga taklif etilgan mehmonlarni chaqirish uchun xizmatkorlarini yuboribdi. Mehmonlar esa kelishni xohlamabdilar.
4 Shoh yana boshqa xizmatkorlarini yuborib, shunday debdi: — Taklif etilganlarga aytinglar: men ziyofat dasturxonini tayyorlab qo‘ydim, buqayu bo‘rdoqilarim so‘yildi, hammasi tayyor. To‘yga kelaveringlar!
5 Biroq ular bu taklifni ham nazarga ilmabdilar, biri dalasiga, boshqasi o‘z ishiga ketibdi.
6 Qolganlar esa shoh xizmatkorlarini tutib, xo‘rlab, o‘ldirishibdi.
7 Shoh buni eshitib, g‘azablanibdi. Lashkarini yuborib, qotillarni qatl qildiribdi, shaharlarini esa yondirib kul qilibdi.
8 Shundan keyin u xizmatkorlariga aytibdi: — To‘y ziyofati tayyor, lekin taklif etilganlar bunga munosib emas ekanlar.
9 Shuning uchun chorrahalarga boringlar, kimni ko‘rsangiz, to‘y ziyofatiga taklif qilinglar.
10 Xizmatkorlar yo‘lga chiqib, uchratganlarining hammasini — yomonlarni ham, yaxshilarni ham yig‘ib kelibdilar. Xullas, to‘yxona mehmonlarga to‘libdi.
11 Shoh mehmonlarni ko‘rish uchun kirganda, u yerda to‘y kiyimini kiymagan bir odamni ko‘ribdi
12 va undan: — Do‘stim, to‘y kiyimisiz bu yerga qanday kirdingiz? — deb so‘rabdi, u hech qanday javob bera olmabdi.
13 Shunda shoh xizmatkorlariga aytibdi: — Bu odamning qo‘l–oyoqlarini bog‘lab, tashqariga, qorong‘ilikka tashlanglar. U yerda u qattiq pushaymon bo‘lib, fig‘on chekadi.
14 Axir, da’vat etilganlar ko‘p, ammo tanlanganlar ozdir.”
15 Shunda farziylar kelib, Isoni tilidan ilintirish uchun reja tuzdilar.
16 Ular o‘z shogirdlarini Hirod tarafdorlari bilan birga Isoning oldiga yuborishdi. — Ustoz, — deyishdi ular, — Siz odil ekaningizni bilamiz. Siz Xudoning yo‘lini to‘g‘ri o‘rgatasiz. Biror kishiga xushomadgo‘ylik, yuz– xotirchilik qilmaysiz.
17 Bizga ayting–chi, Qaysarga soliq to‘lashimiz to‘g‘rimi yoki yo‘qmi?
18 Ammo Iso ularning niyati yomon ekanini bilib turardi. U shunday dedi: — Hoy ikkiyuzlamachilar! Nima, Meni sinab ko‘rmoqchimisizlar?
19 Soliqqa to‘lanadigan tangani Menga ko‘rsatinglar. Ular Isoga bir dinor keltirdilar.
20 — Bu surat va yozuv kimniki? — deb so‘radi Iso.
21 — Qaysarniki, — deb javob berdi ular. — Unday bo‘lsa, Qaysarning haqini Qaysarga, Xudoning haqini Xudoga beringlar, — dedi Iso.
22 Ular buni eshitib lol qoldilar. Isoni o‘z holiga qo‘yib, qaytib ketdilar.
23 Sadduqiylar o‘liklarning tirilishini inkor etardilar. Ularning ba’zilari o‘sha kuni Isoning oldiga kelib, shunday savol berdilar:
24 — Ustoz! Muso aytgan ediki: “Agar odam farzand ko‘rmay o‘lib ketsa, marhumning ukasi akasining xotiniga uylanib, akasi uchun farzandni dunyoga keltirsin.”
25 Bizda yetti aka–uka bor edi. Birinchisi uylandi, ammo farzand ko‘rmay olamdan o‘tdi, xotini esa ukasiga qoldi.
26 Ikkinchi, uchinchi, hatto yettinchisigacha, hammasining boshiga shu ko‘rgilik tushdi.
27 Oxirida xotin ham qazo qildi.
28 Ayting–chi, Xudo odamlarni tiriltirganda xotin yettovidan qaysi birining xotini hisoblanadi? Axir, hammasi unga uylangan edi–ku.
29 Iso ularga shunday javob berdi: — Sizlar Muqaddas Bitiklarni ham, Xudoning qudratini ham bilmaysizlar, ana shu sababdan adashyapsizlar.
30 O‘liklar tirilganda uylanmaydilar, erga ham tegmaydilar, balki bamisoli osmondagi farishtalarday bo‘ladilar.
31 O‘liklarning tirilishi haqidagi masalaga kelsak: nahotki Xudoning sizlarga aytgan gaplarini hech qachon o‘qimagan bo‘lsangizlar?!
32 U: “Men Ibrohim, Is’hoq va Yoqubning Xudosiman”, — degan–ku! Axir, Xudo o‘liklarning emas, tiriklarning Xudosidir.
33 Olomon buni eshitib, Isoning ta’limotidan hayratda qoldi.
34 Iso sadduqiylarni mot qilib qo‘yganini farziylar ham eshitib, bir joyga yig‘ildilar.
35 Ulardan biri — Tavrot tafsirchisi Isoni sinash maqsadida Unga shunday savol berdi:
36 — Ustoz, Tavrotdagi qaysi amr eng buyuk?
37 Iso unga dedi: — Egangiz Xudoni butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan, butun ongingiz bilan seving.
38 Bu birinchi va eng buyuk amr.
39 Ikkinchisi esa shunga o‘xshashdir: “O‘zgani o‘zingizni sevganday seving.”
40 Musoning butun Qonuni va payg‘ambarlarning hamma so‘zlari mana shu ikki amrga tayanadi.
41 Farziylar yig‘ilishganda, Iso ulardan so‘radi:
42 — Masih haqida nima deb o‘ylaysizlar? U kimning o‘g‘li? — Dovudning o‘g‘li, — deb javob berdi ular.
43 Iso ularga dedi: — Unday bo‘lsa, qanday qilib Dovud Muqaddas Ruh orqali Masihni Rabbim deb aytadi? Dovud shunday degan edi:
44 “Egamiz aytmoqda Rabbimga: Dushmanlaringni oyoqlaring ostiga yiqitmagunimcha, Sen Mening o‘ng tomonimda o‘tirib turgin.”
45 Agar Dovud Masihni Rabbim deb atagan bo‘lsa, qanday qilib Masih Dovudning o‘g‘li bo‘ladi?!
46 Isoning savoliga hech kim javob bera olmadi. O‘sha kundan boshlab hech kim Unga savol berishga jur’at etolmaydigan bo‘ldi.
Matto Muqaddas xushxabar: 22 Bob
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari
I. Nikoh ziyofati haqidagi masal (22:1−14)
22:1−6 Iso oliy ruhoniylar va farziylar bilan suhbatini yakunlamadi; U yana nikoh ziyofati haqidagi masalda sevimli Isroilni rad etilgan, manfur majusiylarni esa nikoh dasturxoni atrofida o‘tirgan mehmonlar sifatida tasvirladi. U Osmon Shohligini o‘g‘liga to‘y qilayotgan bir podshohga o‘xshatdi. Mehmonlarni taklif qilish ikki bosqichda amalga oshirildi. Dastlabki, xizmatkorlar tomonidan shaxsan amalga oshirilgan taklifga qat’iy rad javobi olindi. Ikkinchi taklif ziyofat tayyor bo‘lganida yuborildi. O‘z dalalariga va savdo-sotiqqa haddan tashqari band bo‘lgan ba’zi chaqirilganlar uni mensimay rad etishdi. Boshqalari esa zo‘ravonlik qilib, o‘zlarini taklif qilgan xizmatkorlarni tutib olib, haqoratlab o‘ldirdilar.
22:7−10 Podshoh shunchalik g‘azablandiki, o‘sha qotillarni yo‘q qildi va ularning shahrini yoqib yubordi. Dastlabki mehmonlar ro‘yxatini bekor qilib, kelishni xohlagan hamma uchun yangi umumiy taklifnomalar tarqatdi. Bu safar nikoh ziyofatida birorta ham bo‘sh joy qolmadi.
22:11−13 Biroq mehmonlar orasida nikoh libosini kiymagani ham bor edi. Undan nega tegishli kiyimda emasligini so‘rashganda, u jim turdi. Podshoh xizmatkorlariga uni yig‘i-sig‘i va tish g‘ichirlashi bo‘ladigan tashqi zulmatga tashlashni buyurdi. 13-oyatdagi xizmatkorlar va 3-oyatdagi qullar bir xil emas.
22:14 Masalni tugatar ekan, Rabbimiz quyidagi xulosaga keldi: "Chunki chaqirilganlar ko‘p, tanlanganlar esa oz." Bu masalning ma’nosiga kelsak, podshoh - Xudo va Uning O‘g‘li Rabbimiz Iso. Nikoh ziyofati Osmon Shohligiga xos bo‘lgan nikoh quvonchini ifodalaydi. Unda Cherkovning Masihning Kelini sifatida ko‘rsatilishi vaziyatni ortiqcha murakkablashtiradi. Masalning asosiy g‘oyasi Cherkovning alohida taklifi va taqdiri emas, balki Isroilning chetlatilishidir. Taklifning birinchi bosqichi Yahyo payg‘ambar va o‘n ikki shogirdning Isroilni nikoh ziyofatiga taklif qilishini tasvirlaydi. Ammo xalq taklifni qabul qilmadi. "Va kelishni istamadilar" (3-oyat) so‘zlari xochga mixlanish paytida dramatizmning cho‘qqisiga yetdi.
Taklifnomaning ikkinchi bosqichi yahudiylarga Xushxabarni e’lon qilishni ifodalaydi (Havoriylar kitobi). Ba’zilar bu xabarga nafrat bilan qarashdi. Boshqalar unga javoban zo‘ravonlik qilishdi: havoriylarning ko‘pchiligi qiynoqqa solindi.
Isroildan haqli ravishda g‘azablangan podshoh "O‘z qo‘shinlari"ni, ya’ni Tit va uning Rim legionlarini milodiy 70-yilda Quddus va uning aholisining katta qismini yo‘q qilish uchun yubordi. Ular Isroilni jazolash quroli sifatida "Uning qo‘shini" edilar. Garchi ular Uni shaxsan tanimasalar-da, aslida Uning xizmatida edilar.
Endi Isroil xalq sifatida chetlatilib, Injil butparastlarga: yaxshilarga ham, yomonlarga ham, ya’ni barcha axloqiy darajadagilarga qaratilgan (Havoriylar 13:45−46; Havoriylar 28:28). Ammo taklifga javob bergan har bir insonning mohiyati sinovdan o‘tkaziladi. Nikoh libosini kiymagani - bu Shohlik uchun tayyorman deydigan, lekin aslida hech qachon Iso Masihda Xudoning odillik libosini kiymagani (2Kor 5:21). Darhaqiqat, nikoh libosiga ega bo‘lmagan odamning uzri yo‘q. Rayrining ta’kidlashicha, o‘sha paytlarda agar mehmonlarda kiyim bo‘lmasa, ularga kiyim berish odati bor edi. Bu odam, chamasi, taklif qilingan kiyimni kiyishni istamagan. Undan Shohlikka kirish huquqi bormi, deb so‘rashganda, u jim turadi, chunki unda Masih yo‘q (Rim 3:19). Uning qismati tashqi zulmat bo‘lib, u yerda yig‘i-sig‘i va tish g‘ijirlashi bo‘ladi. Yig‘i do‘zaxda azob chekishni bildiradi. Ba’zilarning fikricha, tish g‘ijirlatish Xudoga qarshi davom etayotgan nafrat va isyonni anglatadi. Agar shunday bo‘lsa, do‘zax olovlari tozalovchi ta’sir ko‘rsatadi, degan fikr rad etiladi.
14-oyat nikoh kiyimini kiymagani bilan bo‘lgan voqeaga emas, balki butun masalga taalluqli. Chaqirilganlar ko‘p, ya’ni Injil ko‘pchilikka e’lon qilinadi. Ammo tanlanganlar oz. Kimdir taklifni qabul qilmaydi, kimdir soxta bo‘lib chiqadi. Shunday bo‘lsa-da, Xushxabarni qabul qilganlar tanlanganlardir.
Insonga tanlangan yoki tanlanmaganligini bildiruvchi yagona yo‘l - bu uning Rabbimiz Iso Masihga bo‘lgan munosabati: u Rabbimiz Iso Masih bilan nima qilayotganidir. Jeningsning so‘zlari bilan aytganda: "Hamma ziyofatga xursandchilik bilan taklif qilingan, ammo hamma ham Uning ziyofatga munosib kiyim berishiga ishonishni istamaydi".
I. Qaysarga va Xudoga soliq to‘lash (22:15−22)
22-bob uch xil guruh Xudoning O‘g‘lini tuzoqqa ilintirmoqchi bo‘lgan savollar haqidagi bobdir.
22:15−16 Bu yerda farziylar va irodiylarning vasvasasi haqida o‘qiymiz. Bu ikki guruh ashaddiy dushmanlar edi, ammo ularni Najotkorga bo‘lgan umumiy nafrat birlashtirgan edi. Ularning maqsadi Masihni xavfli oqibatlarga olib keladigan siyosiy bayonot berishga majbur qilish edi. Ular yahudiylar orasida qaysarga sadoqat masalasida paydo bo‘lgan kelishmovchilikdan foydalanishdi. Ba’zi yahudiylar majusiy imperatorga bo‘ysunishga qattiq qarshilik ko‘rsatardi. Boshqalar, masalan, irodiylar, bunga murosali munosabatda edi.
22:17 Avval ular Uning xulq-atvori pokligi, adolati va jasurligi haqida xushomadgo‘ylik bilan maqtovlar aytishdi. So‘ng: "Qaysarga soliq to‘lash joizmi yoki yo‘qmi?" degan qaltis savolni berishdi. Agar Iso "Yo‘q" deb javob berganida, nafaqat irodiylarni o‘ziga qarshi qo‘ygan bo‘lardi, balki Rim hukumatiga qarshi chiqqanlikda ham ayblanardi. Farziylar Uni chalg‘itib, ayblov qo‘ygan bo‘lardi. Agar U "Ha" desa, vatanparvar yahudiylar Uni xoinlikda ayblagan bo‘lardi. U oddiy xalqning ko‘p qismining qo‘llab-quvvatlashidan mahrum bo‘lardi - bu qo‘llab-quvvatlash uzoq vaqt davomida diniy rahbarlarning Undan qutulish istagiga to‘sqinlik qilgan edi.
22:18−19 Iso ularni ochiqchasiga Uni tuzoqqa ilintirmoqchi bo‘lgan munofiqlar deb atadi. Keyin U Rim hukumatiga to‘lanadigan soliq uchun ishlatiladigan dinor tangani ko‘rsatishni so‘radi. Yahudiylar tangada qaysarning tasviri va yozuvini ko‘rganlarida, bu ularga majusiylar hukmronligi va ularning soliqlari ostida ekanliklarini noxush eslatardi. Dinor ularga rimliklarning hukmronligi o‘zlarining gunohi oqibati ekanligini eslatgan bo‘lsa kerak. Agar ular Yahovaga sodiq bo‘lganlarida, qaysarga soliq to‘lash masalasi hech qachon ko‘tarilmagan bo‘lardi.
22:20−21 Shunda Iso ulardan: "Bu surat va yozuv kimniki?" deb so‘radi. Ular "Qaysarniki" deb javob berishga majbur bo‘lishdi. Shunda Rabbimiz ularga: "Qaysarning haqini qaysarga, Xudoning haqini Xudoga beringlar", dedi. Bu savol ular uchun bumerang bo‘lib qaytdi. Ular qaysarga soliq to‘lash masalasini ko‘tarib, Isoni tuzoqqa ilintirmoqchi edilar. U esa ularni Xudoga tegishli narsalarni bermaganliklarini fosh qildi. Garchi ular norozilik bildirsalar-da, qaysarga tegishli narsani berishardi, ammo Xudoning ularning hayotlariga bo‘lgan huquqini mensimasdilar. Ularning oldida turgan Zot Xudoning timsoli edi (Ibr 1:3), ammo ular Unga munosib munosabatda bo‘lmadilar. Isoning javobi shuni ko‘rsatadiki, imonli kishi ikki fuqarolikka ega bo‘ladi. U insonlar tomonidan o‘rnatilgan hukumatga bo‘ysunishi va unga moliyaviy yordam ko‘rsatishi shart. U hukmdorlar haqida yomon gapirmasligi yoki hokimiyatni ag‘darish uchun harakat qilmasligi kerak. Samoviy fuqaro sifatida u Xudoga bo‘ysunishga majbur. Agar Xudoga itoat qilish va hokimiyatga bo‘ysunish o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelsa, u avvalo Xudoga sodiq bo‘lishi kerak (Hav 5:29).
Ko‘pchiligimiz 21-oyatning qaysarga tegishli qismiga urg‘u berib, Xudoga tegishli qismini e’tiborsiz qoldiramiz, ya’ni Iso farziylarni qoralagan xatoni takrorlaymiz!
22:22 Farziylar Uning javobini eshitib, mag‘lub bo‘lganlarini tushundilar. Ular hayron bo‘lib, ketishdan boshqa ilojlari qolmadi.
K. Sadduqiylar va ularning o‘liklarning tirilishi haqidagi jumboq-savoli (22:23−33)
22:23−24 Avval aytib o‘tganimizdek, sadduqiylar o‘sha davrning erkin fikrlovchi ilohiyotchilari bo‘lib, tananing tirilishini, farishtalarning mavjudligini va mo‘jizalarni inkor etardilar. Aslida, ular tasdiqlashdan ko‘ra ko‘proq inkor qilishardi.
Ularning vakillari Isoning oldiga tirilish g‘oyasini bema’ni qilib ko‘rsatish uchun o‘ylab topilgan hikoya bilan kelishdi. Ular Unga marhum akaning bevasiga uylanish to‘g‘risidagi qonunni eslatdilar (Qon 25:5). Bu qonunga ko‘ra, agar isroillik o‘zidan keyin farzand qoldirmay vafot etsa, uning ukasi Isroilda bu urug‘ni va oiladagi merosni saqlab qolish uchun beva ayolga uylanishi kerak edi.
22:25−28 Ularning jumboq-savolida eridan ayrilgan, keyin uning akalaridan biriga turmushga chiqqan ayol haqida so‘z borardi. Ikkinchi aka ham o‘ldi, shuning uchun u uchinchisiga turmushga chiqdi va yettinchisigacha shunday davom etdi. Nihoyat, ayol vafot etdi. Keyin ular tirilishning O‘zi bo‘lgan Zotni (Yuh 11:25) kamsitishga qaratilgan savolni berdilar: "Shunday qilib, tirilganda u yetti kishidan qaysi birining xotini bo‘ladi? Chunki hammasi uni xotin qilgan edi-ku".
22:29 Ularning dalili shunday edi: tirilish g‘oyasining o‘zi yengib bo‘lmas qiyinchiliklar tug‘dirar ekan, demak, u mantiqqa zid, shuning uchun ham noto‘g‘ri. Iso ularga: "Muammo tirilish haqidagi ta’limotda emas, balki sizlarning fikrlashingizda; sizlar na Muqaddas Yozuvlarni, na Xudoning qudratini bilasizlar", deb javob berdi.
Birinchidan, ular Muqaddas Yozuvlarni bilishmasdi. Muqaddas Kitobda er-xotin munosabatlari osmonda davom etishi haqida hech narsa aytilmagan. Garchi erkaklarni erkak, ayollarni ayol sifatida tanib olish mumkin bo‘lsa-da, ularning barchasi farishtalarga o‘xshab, na uylanishadi, na erga tegishadi.
Ikkinchidan, ular Xudoning qudratini bilishmasdi. Agar U insonni tuproqdan yaratishga qodir bo‘lsa, o‘liklarni ham osongina tuproqdan ko‘tarib, ularning o‘limga mahkum tanalarini ulug‘vor tanalarga aylantira olmaydimi?
22:30−32 So‘ngra Rabbimiz Iso tirilishning mutlaqo muqarrarligini ko‘rsatish uchun Muqaddas Yozuvlardan dalil keltirdi. Chiqish 3:6-oyatda Xudo O‘zini Ibrohim, Is’hoq va Yoqubning Xudosi deb ataydi. Iso shunday ta’kidladi: "Xudo o‘liklarning emas, tiriklarning Xudosidir". Xudo bu odamlar bilan ahd tuzgan edi, ammo ular bu va’dalar to‘liq amalga oshmasidan oldin vafot etishdi. Xudo qanday qilib jasadlari qabrda yotgan uch kishining Xudosi sifatida O‘zi haqida gapirishi mumkin? O‘z va’dalariga sodiq bo‘lgan Zot qanday qilib allaqachon vafot etgan odamlarga bergan va’dalarini bajarishi mumkin? Buning yagona javobi bor - ularni tiriltirish.
22:33 Xalqning Uning ta’limotiga hayratlanishi tabiiy edi. Biz ham unga hayratlanamiz!
L. Eng buyuk amr (22:34−40)
22:34−36 Farziylar Isoning o‘z raqiblari sadduqiylarni jim qilganini eshitgach, Uni sinovdan o‘tkazish uchun oldiga kelishdi. Ularning vakili bo‘lgan qonunshunos Isodan qonundagi eng muhim amrni aytib berishini so‘radi.
22:37−38 Iso insonning Xudo oldidagi burchlarini mohirlik bilan jamlab, birinchi va eng buyuk amrni aytdi: "Rabbingiz Xudoni butun qalbingiz, butun joningiz va butun ongingiz bilan seving". Mark bunga: "va butun kuch-qudrating bilan" deb qo‘shadi (Mark 12:30). Bu shuni anglatadiki, insonning birinchi vazifasi - Xudoni butun borlig‘i bilan sevishdir. Yuqorida aytilganidek, qalb - hissiyotga, jon - irodaga, ong - aqlga va kuch - jismoniy tabiatga ishora qiladi.
22:39−40 Keyin Iso insonning ikkinchi vazifasi - o‘z yaqinini o‘zini sevgandek sevish ekanini qo‘shimcha qildi. Barns shunday deydi: "Xudoga va insonga bo‘lgan muhabbat butun dinni o‘z ichiga oladi; Muso, payg‘ambarlar, Najotkor va havoriylar aynan shu muhabbatning namoyon bo‘lishini istar edilar". Biz "Yaqiningni o‘zingni sevganday sev" degan so‘zlarga qayta-qayta e’tibor berishimiz lozim. O‘zimizni qanchalik sevishimiz, o‘zimizga g‘amxo‘rlik qilish uchun qancha harakat qilishimiz haqida o‘ylashimiz kerak. So‘ngra, bu muhabbatni yaqinlarimizga ko‘rsatsak, qanday bo‘lishini tasavvur qilishimiz va shunday yo‘l tutishimiz lozim. Bunday xatti-harakat tabiiy emas, balki g‘ayritabiiydir. Faqat qayta tug‘ilganlar, agar Masihning ular orqali harakat qilishiga yo‘l qo‘ysalar, buni uddalay oladilar.
M. Dovudning O‘g‘li - Dovudning Rabbisi (22:41−46)
22:41−42 Farziylar Isoning qonunshunosga bergan javobidan o‘zlariga kelayotgan paytda, U ularga qiyin savol berdi: "Masih haqida nima deysizlar? U kimning O‘g‘li?"
Farziylarning aksariyati Isoning Masih ekaniga ishonmasdi; ular hamon Masihni kutishardi. Shuning uchun Iso ulardan: "Men haqimda nima o‘ylaysizlar?" deb so‘ramadi (garchi bu ham nazarda tutilgan bo‘lsa-da). U shunchaki Masih kelganda kimning O‘g‘li bo‘lishini so‘radi. Ular to‘g‘ri javob berishdi: Masih Dovudning avlodi bo‘ladi.
22:43−44 Shunda Rabbimiz Iso Zabur 109:1-oyatni keltirdi. U yerda Dovud shunday degan: "Rab mening Rabbimga aytdi: Men dushmanlaringni oyoqlaring ostiga to‘shagunga qadar O‘ng tomonimda o‘tir". Birinchi "Rab" so‘zi Ota Xudoga, ikkinchisi esa Masihga tegishli. Demak, Dovud Masihni o‘z Rabbisi deb atagan.
22:45 Endi Iso ularga savol berdi: "Agar Dovud Uni Rabbim deb atagan bo‘lsa, U qanday qilib uning O‘g‘li bo‘ladi?" Javob shuki: Masih ham Dovudning Rabbisi, ham Dovudning O‘g‘li; ham Xudo, ham Inson. Xudo sifatida U Dovudning Rabbisi; inson sifatida esa Dovudning O‘g‘lidir.
Agar farziylar ta’limni qabul qilganlarida, Isoning Masih ekanini - Maryam naslidan bo‘lgan Dovudning O‘g‘li va O‘z so‘zlari, ishlari va yo‘llari orqali Xudoning O‘g‘li ekanini tushunib yetgan bo‘lishardi.
22:46 Biroq ular buni ko‘rishni xohlamadilar. Uning donoligi oldida ojiz qolib, Uni savollar bilan tutib olishga urinishni bas qilishdi. Shundan keyin ular boshqa usulni - kuch ishlatishni tanladilar.