Matto Muqaddas xushxabar: 14 Bob

MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

IX. MASIHNING TINIMSIZ INOYATI ORTIB BORAYOTGAN DUSHMANLIKKA DUCH KELADI (14:1 — 16:12)

A. Yahyo Cho‘mdiruvchining boshi kesilishi (14:1−12)

14:1−2 Isoning xizmati haqidagi xabar to‘rtboshchi Hirodga yetib bordi. Buyuk Hirodning bu sharmanda o‘g‘li Hirod Antipa nomi bilan ham tanilgan edi. Yahyo Cho‘mdiruvchini qatl qildirgan ham shu edi. U Iso yaratgan mo‘jizalar haqida eshitgach, vijdoni azoblay boshladi.

Boshi kesilgan payg‘ambar haqidagi xotiralar uni tinch qo‘ymayotgan edi. U xizmatkorlariga dedi: "Bu Yahyo. U o‘likdan tirilgan. Uning mo‘jizalarini shu bilan tushuntirish mumkin".

14:3 3−12-oyatlarda bizga o‘tmishga adabiy qaytish deb ataladigan narsa taqdim etilgan. Matto Yahnoning o‘limi sodir bo‘lgan vaziyatni qayta ko‘rib chiqish uchun hikoyani to‘xtatadi.

14:4−5 Hirod xotinini tashlab, ukasi Filipning xotini Hirodiya bilan zinokor, qon qardoshlik munosabatlarida yashardi. Xudoning payg‘ambari sifatida Yahyo uni qoralashdan boshqa iloji yo‘q edi. U qo‘rqmasdan va g‘azab bilan Hirodga barmog‘i bilan ishora qilib, uning axloqsiz hayotini fosh qildi. Podsho shunchalik g‘azablandiki, uni o‘ldirmoqchi bo‘ldi, lekin bu siyosiy jihatdan maqsadga muvofiq emas edi. Xalq Yahnoni payg‘ambar deb tan olardi va ehtimol, uning qatl etilishiga qanday munosabat bildirishi noma’lum edi. Shuning uchun zolim Yahnoni zindonga tashlab, g‘azabini vaqtincha bosdi. "Xudosizlar dinni sherlarni sevgandek sevadilar: o‘lik yoki qafasdagi holda; ular din ozodlikka chiqib, vijdonlarini bezovta qila boshlaganda undan qo‘rqadilar". (Manbasi noma’lum.)

14:6−11 Hirodning tug‘ilgan kunida Hirodiyaning qizi o‘zining raqslari bilan Hirodga shunchalik yoqib qoldiki, u zavq-shavq bilan unga nimani so‘rasa, o‘ylamasdan beraman deb va’da berdi. Onasining o‘rgatishi bilan qiz surbetlarcha Yahyo Cho‘mdiruvchining boshini... tovoqda so‘radi! Bu paytga kelib, podshoning Yahnoga nisbatan g‘azabi biroz bosilgan, ehtimol u payg‘ambarning jasorati va halolligiga tan bergandir. Ammo payg‘ambarni o‘ldirishni istamasa-da, va’dasining ustidan chiqishi kerakligini tushunardi. Buyruq berildi va Yahnoning boshi kesildi; raqqosaning dahshatli iltimosi bajarildi.

14:12 Yahnoning shogirdlari jasadni munosib tarzda dafn etdilar, so‘ng borib Isoga xabar berdilar. Ular o‘z qayg‘u-alamlarini aytish uchun bundan yaxshiroq odamni topolmadilar. Ular bizga yanada munosib namuna qoldirdilar. Ta’qiblar, tushkunlik, azob-uqubatlar va qayg‘ular paytida biz ham Isoga borib, bu haqda aytib berishimiz kerak.

Hirodga kelsak, garchi jinoiy ish tugagan bo‘lsa-da, uning xotirasi unga tinchlik bermayotgan edi. U Iso haqida eshitganida, hamma voqealar uni qiynash uchun arvoh kabi qaytib keldi.

B. Besh ming kishining to‘ydirilishi (14:13−21)

14:13−14 Iso O‘zi haqidagi xabar Hirodning yuragiga g‘ulg‘ula solganini eshitgach, qayiqda Jalila ko‘li bo‘yidagi xilvat joyga ketdi. Ishonchimiz komilki, U qo‘rqqanidan u yerga bormagan. U O‘zining vaqti kelmaguncha Unga hech narsa bo‘lmasligini bilardi. Biz Uning ko‘chishining asosiy sababini bilmaymiz, lekin muhim sabab shundaki, Uning shogirdlari endigina xushxabarni yoyib qaytishgan edi (Mark 6:30; Luqo 9:10) va tinchlik va dam olishga muhtoj edilar.

Ammo olomon shaharlardan chiqib, Uning orqasidan piyoda bordi. U qirg‘oqqa tushganida, ular Uni kutib turishgan edi. Xaloyiqning kelishidan xafa bo‘lish u yoqda tursin, mehribon Rabbimiz darhol ishga kirishdi va ularning xastalarini davoladi.

14:15 Kech kirganda, ya’ni kunduzi soat 3 dan keyin, Uning shogirdlari vaziyatning jiddiyligini his qildilar. Odamlar shunchalik ko‘pki, yeyishga hech narsa yo‘q! Ular Isodan odamlarni yaqin atrofdagi qishloqlarga yuborib, o‘zlariga ovqat sotib olishlarini so‘rashdi. Ular Masihning qalbini va Uning qudratini qanchalik kam tushunishardi!

14:16−18 Rabbimiz ularga bunday qilish shart emasligini uqtirdi. Nega endi odamlar har bir jonzotning istagini qondirish uchun qo‘lini ochgan Zotdan ketishlari kerak? U shogirdlarni hayratda qoldirib: "Ularga o‘zlaringiz ovqat beringlar", dedi. Ular dovdirab qolishdi: "Ularga ovqat beraylikmi? Beshta non bilan ikkita baliqdan boshqa hech narsaga ega emasmiz-ku". Ular Iso ular bilan birga ekanini unutishgandi. Qutqaruvchimiz muloyimlik bilan: "Ularni Menga olib kelinglar", dedi. Bu ularning vazifasi edi.

14:19−21 Rabbimiz odamlarga o‘t ustiga yotishni buyurganini ko‘z oldimizga keltirishimiz mumkin. U beshta non va ikkita baliqni olib, shukrona aytdi, nonlarni sindirib, xalqqa tarqatish uchun shogirdlariga berdi. Bu hammaga yetarli bo‘ldi. Hamma to‘ygach, shogirdlar o‘n ikki savat to‘la qoldiqlarni yig‘ib olishdi. Boshidagidan ancha ko‘p narsa ortib qoldi. Kinoyali mo‘llik: har bir ishonchsiz shogirdga bittadan savat to‘g‘ri keldi. O‘n yoki o‘n besh ming kishilik olomon (besh ming erkak hamda ayollar va bolalar) to‘ydirildi.

Bu mo‘jiza barcha avlod shogirdlari uchun ruhiy saboqdir. Har doim och-yupun olomon bo‘ladi. Doimo bir qarashda arzimas zaxiraga ega bo‘lgan shogirdlar guruhi mavjud. Va hamisha rahmdil Xaloskor bor. Shogirdlar qo‘llaridagi ozgina narsani Unga berishni istashsa, U minglab kishilarni to‘ydirish uchun ozginani ko‘paytiradi. Ajoyib farq shundaki, Jalila ko‘li bo‘yida to‘ygan besh ming kishi o‘z ochligini faqat qisqa vaqtga qondirdi; tirilgan Masih oziqlantiradiganlar esa abadiy to‘yadilar (Yuhanno 6:35 ga qarang).

D. Iso dengiz ustida yurmoqda (14:22−33)

Oldingi mo‘jiza shogirdlarni ehtiyojlarini to‘liq qondira oladigan Zotga ergashganlariga ishontirdi. Endi ular Uning nafaqat himoya qila olishini, balki kuch-qudrat ham bera olishini bilib oladilar.

14:22−23 Xalqni tarqatayotib, Iso shogirdlariga qayiqqa tushib, yana ko‘lning narigi qirg‘og‘iga o‘tishni buyurdi. So‘ng U ibodat qilish uchun tog‘ga chiqdi. Kech kirgach, ya’ni quyosh botgandan keyin, U yerda yolg‘iz qoldi. (Yahudiylar hisobida ikkita "kechki payt" bo‘lgan - Chiqish 12:6ga qarang, RSV. Biri, 15-oyatda aytilganidek, kunning o‘rtasida, ikkinchisi esa, muallif bu yerda nazarda tutganidek, quyosh botishi bilan boshlanardi.)

14:24−27 Shu paytda qayiq qirg‘oqdan ancha uzoqlashib, qarshi shamol bilan kurashayotgan edi. To‘lqinlar qayiqqa urilayotganini ko‘rgan Iso shogirdlarining qiyinchiligini payqadi. Tun yarimidan o‘tgach (ertalabki soat 3:00 va 6:00 oralig‘ida) U suv ustida yurib, ularga yaqinlashdi. Shogirdlar arvoh deb o‘ylab, vahimaga tushishdi. Ammo darhol ular o‘z Ustozi va Do‘stining: "Dadil bo‘linglar; bu Menman, qo‘rqmanglar" degan tasalli beruvchi ovozini eshitishdi.

Bu voqeani shaxsiy hayotimizga qanchalik aniq qo‘llash mumkin!

Biz ko‘pincha bo‘ron ichida qolib, dovdirab, umidsizlikka tushamiz. Xuddi Najotkor juda uzoqda bo‘lgandek tuyuladi. Biroq U doimo biz uchun ibodat qiladi. Tun eng qorong‘u paytida ham U yonimizda bo‘ladi. Shunda ham ko‘pincha Uni boshqalar bilan adashtirib, vahimaga tushamiz. Keyin Uning tinchlantiruvchi ovozini eshitamiz va bizni qo‘rqitgan to‘lqinlar aslida Uning oyoqlari ostida ekanini eslaymiz.

14:28 Butrus tanish va sevimli ovozni eshitgach, g‘ayrat va muhabbat bilan to‘lib-toshdi. "Rabbiy! Agar bu Sen bo‘lsang, menga suv ustida yurib oldingga borishni buyur". Butrusning "agar" so‘zini ishonchsizlik belgisi deb o‘ylash o‘rniga, uning dadil iltimosini katta ishonch belgisi deb qarashimiz lozim. Butrus Rabbining amri - imkoniyat ekanini, U O‘z buyruqlarini bajarish uchun kuch berishini anglardi.

14:29−33 Iso: "Kel" deyishi bilanoq, Butrus qayiqdan tushib, Unga qarab yura boshladi. Isoga qarab turgan ekan, u imkonsiz ishni uddalardi, lekin kuchli shamolga e’tibor bergach, cho‘ka boshladi. U jon-jahdi bilan: "Rabbiy, meni qutqar!" deb qichqirdi. Rabbimiz uning qo‘lidan ushlab, kichik ishonchi uchun muloyimlik bilan tanbeh berdi va uni qayiqqa olib kirdi. Iso qayiqqa tushishi bilan shamol tindi. Shunda qayiqda ulug‘vor sajda marosimi bo‘lib o‘tdi, shogirdlar Isoga: "Haqiqatan Sen Xudoning O‘g‘lisan" deb aytishdi.

Suv ustida yurish kabi, masihiycha hayot ham inson kuchi bilan yashab bo‘lmaydigan hayotdir. Masihiycha hayot kechirish faqat Muqaddas Ruhning qudrati bilangina mumkin. Boshqa narsalardan ko‘z uzib, faqat Isoga qarab tursak (Ibroniylar 12:2), g‘ayritabiiy hayot kechirishimiz mumkin. Ammo e’tiborimiz o‘zimizga yoki vaziyatimizga qaratilishi bilanoq cho‘ka boshlaymiz. Shunda biz Masihdan madad va ilohiy qo‘llab-quvvatlashni so‘rab iltijo qilishimiz kerak.

E. Iso Gennisaretda shifo bermoqda (14:34−36)

Qayiq Jalila ko‘lining shimoli-g‘arbiy qirg‘og‘idagi Gennisaretga yetib keldi. Aholi Isoni ko‘rishi bilanoq, o‘sha yerdagi hamma bemorlarni to‘plab, Uning oldiga olib kelishdi. Ular bemorlar hech bo‘lmasa Uning kiyimi etagiga qo‘l tekkizishsin deb iltimos qilishdi. Kimki Unga tegsa, shifo topardi. Shunday qilib, o‘sha hudud shifokorlari uchun bu dam olish kuni bo‘ldi. Bir muddat bemorlar butunlay yo‘q bo‘lib ketdi. Buyuk Tabibning tashrifi orqali bu o‘lka sog‘liq va shifo topdi.

Muqaddas Kitob ONLINE

1 Shu orada viloyat hukmdori Hirod Iso to‘g‘risidagi xabarlarni eshitib,
2 amaldorlariga dedi: — Bu Yahyo cho‘mdiruvchi ekanligi aniq! U tirilib kelgan, shuning uchun mo‘jizalar ko‘rsatish qudratiga ega.
3 Uning bu gapni aytishiga sabab shu edi: bundan ancha vaqt oldin Hirod Yahyoni hibsga olgandi. U o‘z ukasi Filipning xotini Hirodiya dastidan Yahyoni kishanlab, zindonga tashlagan edi.
4 Chunki Yahyo unga: “Bu xotin bilan yashashingiz qonunga zid”, — deb aytar edi.
5 Hirod Yahyoni o‘ldirishni xohlagan bo‘lsa–da, xalqdan qo‘rqqan edi. Chunki odamlar Yahyoni payg‘ambar deb bilishardi.
6 Xirodning tug‘ilgan kuni bo‘lganda, Xirodiyaning qizi o‘rtaga chiqib raqsga tushdi. Qizning raqsi Xirodga shunchalik yoqdiki,
7 Xirod unga: “Ont ichaman, so‘ragan narsangni muhayyo qilaman”, deb va’da berdi.
8 Qiz esa onasining gapiga kirib: — Menga Yahyo cho‘mdiruvchining boshini laganda keltirib bering! — dedi.
9 Shoh aytgan gapidan afsus chekdi, ammo mehmonlari oldida qasam ichgani uchun qizning iltimosini bajarishni buyurdi.
10 U zindonga odam yuborib, Yahyoning boshini oldirdi.
11 Uning boshini laganda keltirib qizga berdilar, qiz esa onasiga olib borib berdi.
12 Yahyoning shogirdlari kelib, ustozning jasadini oldilar, uni dafn etdilar. So‘ng borib, Isoga xabar berdilar.
13 Yahyo haqidagi xabarni eshitgandan keyin, Iso qayiqqa tushib, yolg‘iz O‘zi kimsasiz joyga suzib ketdi. Olomon esa bu haqda eshitib, shaharlardan piyoda Uning orqasidan ergashishdi.
14 Iso qayiqdan chiqqanda, katta bir olomonni ko‘rdi. Ularga achinib ketib, xastalariga shifo berdi.
15 Kech kirganda, shogirdlar Isoning oldiga kelib dedilar: — Bu joy kimsasiz ekan, buning ustiga, juda kech bo‘lib qoldi. Xalqni jo‘natib yuboring, toki ular atrofdagi qishloqlarga borib, o‘zlariga yegulik sotib olishsin.
16 Iso ularga dedi: — Ketishlariga hojat yo‘q, sizlar ularga ovqat beringlar.
17 — Bizda bor–yo‘g‘i beshta non va ikkita baliq bor, — deb javob berdi shogirdlar.
18 — O‘sha narsalarni Menga olib kelinglar, — dedi Iso.
19 U odamlarga maysalar ustiga o‘tirishni buyurdi. So‘ng beshta non bilan ikkita baliqni oldi–da, osmonga qarab shukrona duosini o‘qidi. U nonlarni sindirib, shogirdlariga berdi, shogirdlar nonlarni odamlarga tarqatishdi.
20 Hamma yeb to‘ydi. Ortib qolgan non burdalarini yig‘ib olishganda, to‘la o‘n ikki savat chiqdi.
21 Ayollar va bolalarni hisobga olmaganda, taxminan besh mingga yaqin odam non yegan edi.
22 Iso vaqt o‘tkazmay, shogirdlarini qayiqqa tushirib, ko‘lning narigi tomoniga ketishga majbur qildi. Olomonni esa uylariga qaytarib jo‘natib yubordi.
23 U odamlarni ketqizib yuborgandan keyin, ibodat qilish uchun bir O‘zi tepalikka chiqdi. Oqshom tushdi, U hamon o‘sha yerda yolg‘iz edi.
24 Qayiq esa qirg‘oqdan ancha uzoqlashib qolgandi. Shamol qayiqqa qarshi esayotgani uchun, to‘lqinlar qayiqqa kelib urilardi.
25 Erta saharda Iso ko‘l ustida yurib, shogirdlari yoniga keldi.
26 Shogirdlar esa ko‘l yuzida yurib kelayotgan Isoni ko‘rib, qattiq vahimaga tushishdi. Qo‘rqqanlaridan: — Bu arvoh–ku! — deb baqirib yuborishdi.
27 Lekin Iso o‘sha zahoti ularga: — Dadil bo‘linglar! Qo‘rqmanglar, bu Menman! — dedi.
28 Shunda Butrus: — Hazrat, agar haqiqatan bu Siz bo‘lsangiz, amr bering, men suv ustida yurib Sizning oldingizga boray, — dedi.
29 Iso: — Kel! — dedi. Butrus qayiqdan chiqib, suv ustida yurgancha Iso tomon yo‘l oldi.
30 Ammo shamolning kuchli ekanligidan qo‘rqib ketdi. U suvga cho‘ka boshlab: — Hazrat, meni qutqaring! — deb baqirdi.
31 Iso shu zahoti qo‘lini cho‘zib, Butrusni ushladi–da: — Ey imoni sust, nega ikkilanding?! — dedi.
32 Ular qayiqqa tushganlaridan keyin, shamol tindi.
33 Qayiqdagilar Isoga sajda qilib: — Siz haqiqatan ham Xudoning O‘g‘lisiz! — dedilar.
34 Ular ko‘ldan suzib o‘tib, Genisaret o‘lkasiga keldilar.
35 U yerdagi odamlar Isoni tanidilar va atrofga xabar yuborib, hamma xastalarni Isoning oldiga olib keldilar.
36 Xastalar Isodan: “Hech bo‘lmasa kiyimingizning etagiga qo‘l tekkizaylik”, deb iltimos qilishardi. Unga qo‘l tekkizganlarning hammasi shifo topishardi.

Комментарии к Библии МакДональда на Узбекском языке.

Uilyam MakDonald - taniqli ilohiyot o‘qituvchisi.