1 Oradan ko‘p o‘tmay Iso Shabbat kuni bug‘doyzordan o‘tib borayotgan edi. Och qolgan shogirdlari boshoqlardan uzib, donlarini yeyardilar.
2 Farziylar buni ko‘rib, Isoga: — Qara, shogirdlaring Shabbat kuni qonunga xilof ishni qilyaptilar! — deyishdi.
3 Iso ularga dedi: — Dovud hamrohlari bilan och qolganda nimalar qilganini nahotki sizlar hech o‘qimagan bo‘lsangizlar?!
4 U Xudoning uyiga kirib, muqaddas nonlarni yegan. Qonunga muvofiq esa bunday nonlarni faqat ruhoniylar yeyishga haqli edilar. Dovudga va uning hamrohlariga bunday nonlarni yeyish taqiqlangan edi!
5 Yoki Shabbat kunida Ma’baddagi ruhoniylar Shabbat qonunini buzsalar ham, aybdor bo‘lmasliklarini Tavrotda o‘qimaganmisizlar?
6 Sizlarga shuni aytay: bu yerda Ma’baddan ham ulug‘ bir Zot turibdi.
7 Agar sizlar: “Men qurbonlik emas, rahm–shafqatni istayman”, degan so‘zlarning ma’nosini tushunganingizda edi, aybsiz odamlarni hukm qilmagan bo‘lar edingizlar.
8 Zotan Inson O‘g‘li Shabbat kunining ham Hokimidir.
9 Iso bu yerdan ketib, sinagogaga bordi.
10 U yerda qo‘li shol bir odam bor edi. Isoni ayblamoqchi bo‘lgan ba’zi odamlar Unga shunday savol berdilar: — Qonunga ko‘ra Shabbat kuni xastalarga shifo berish mumkinmi?
11 Iso ularga shunday javob berdi: — Agar bir dona qo‘yingiz bo‘lsayu, o‘sha qo‘yingiz Shabbat kuni chuqurga tushib ketsa, uni chiqarib olmasmidingiz?!
12 Odam esa qo‘ydan ancha qadrliroq–ku! Shunga ko‘ra, Shabbat kuni yaxshilik qilish qonunga muvofiqdir.
13 Iso qo‘li shol odamga: — Qo‘lingni uzat! — dedi. U qo‘lini uzatishi bilanoq, qo‘li narigi qo‘liday soppa–sog‘ bo‘lib qoldi.
14 Farziylar esa tashqariga chiqib, Isoni halok qilish uchun til biriktirishdi. Iso farziylarning bu niyatini bilib, u yerdan ketdi.
15 Bir talay olomon Isoga ergashdi. U xastalarning hammasiga shifo berib,
16 “Mening kimligimni aytmanglar!” deb ularga buyurardi.
17 Shu tariqa Ishayo payg‘ambarning aytgan quyidagi so‘zlari bajo bo‘ldi:
18 Mana Mening qulim, O‘zim uni tanlab olganman. U ko‘nglimni mamnun etgan suyukligimdir. Men unga O‘z Ruhimni beraman, U adolatni elatlarga e’lon qiladi.
19 Janjallashmaydi, baqirmaydi, Ko‘chalarda hech kim uning ovozini eshitmaydi.
20 U ezilgan qamishni sindirmaydi, Tutayotgan pilikni o‘chirmaydi, Qat’iyat bilan adolat o‘rnatadi.
21 Elatlar Uning ismiga umid bog‘laydi.”
22 Shundan so‘ng Isoning oldiga jin chalgan bir odamni olib kelishdi. U ham ko‘r, ham soqov edi. Iso unga shifo bergach, u gapiradigan va ko‘radigan bo‘ldi.
23 Butun xalq hayratda qolib: “Bu Dovudning O‘g‘li emasmikan?!” — derdi.
24 Bu voqeani eshitgan farziylar esa shunday dedilar: “U ins–jinslar hukmdori Baalzabulning kuchi bilan jinlarni quvib chiqaryapti.”
25 Iso ularning nima haqida o‘ylayotganini bilib turardi. U shunday dedi: “O‘z ichidan bo‘linib ketgan har bir shohlik huvullab qoladi, o‘z ichidan bo‘lingan shahar ham, xonadon ham barbod bo‘ladi.
26 Agar shayton shaytonni quvib chiqarsa, uning shohligi o‘zaro bo‘lingan bo‘ladi. Bunday shohlik qanday tura oladi?!
27 Agar Men jinlarni Baalzabulning kuchi bilan quvib chiqarayotgan bo‘lsam, u holda o‘z sheriklaringiz kimning kuchi bilan jinlarni quvib chiqarishyapti? Shu sababdan ham ular sizlarni hukm qiladi.
28 Agar Men jinlarni Xudoning Ruhi bilan quvayotgan bo‘lsam, demak, Uning Shohligi sizlarga ham kelgan.
29 Kim kuchli odamning uyiga bostirib kirib, uning mol–mulkini talon–taroj qila oladi? Avval u uyning egasini bog‘lab qo‘yishi kerak, keyingina uyini talon–taroj qila oladi.
30 Kim Men tomonda bo‘lmasa, Menga qarshidir. Kim Men bilan birga yig‘masa, sochadi.
31 Shuning uchun sizlarga aytaman: insonlarning har qanday gunohi va kufrligi kechiriladi. Lekin Muqaddas Ruhga kufrlik qilganlar kechirilmaydi.
32 Kim Inson O‘g‘liga qarshi so‘z aytsa, kechiriladi. Lekin kim Muqaddas Ruhga qarshi so‘z aytsa, ikki dunyoda ham kechirilmaydi.
33 Yaxshi daraxt yaxshi meva beradi, yomon daraxt esa yomon meva beradi. Har bir daraxtning qandayligini mevasidan bilsa bo‘ladi.
34 Voy ilonlar zoti! Sizlar yovuz bo‘la turib, yaxshi narsa gapira olarmidingiz?! Axir, odamning dili nimaga to‘lib–toshsa, o‘sha tiliga chiqadi!
35 Yaxshi odam yuragining ezgulik xazinasidan yaxshilik chiqaradi, yomon odam yuragining yomonlik xazinasidan yomonlik chiqaradi.
36 Yana shuni aytib qo‘yay: sizlar aytadigan har bir bema’ni so‘zingiz uchun qiyomat kunida hisob berasizlar.
37 Sizlar o‘z so‘zlaringiz asosida yo oqlanasizlar, yoki ayblanasizlar.”
38 Shunda Tavrot tafsirchilari va farziylardan ba’zilari Isoga: “Ustoz, bizga bir alomat ko‘rsatishingizni xohlar edik”, — dedilar.
39 Iso ularga javoban dedi: “Bu qabih va bevafo nasl alomat so‘rayapti, ammo ularga Yunus payg‘ambarning alomatidan boshqa alomat berilmaydi.
40 Yunus uch kechayu kunduz dengiz mahluqining qornida bo‘lganiday, Inson O‘g‘li ham uch kechayu kunduz yer bag‘rida bo‘ladi.
41 Naynavo aholisi qiyomat kunida o‘rnidan turib, bu naslni mahkum etadi. Chunki ular Yunusning va’zini eshitganlarida, tavba qilgan edilar. Bu yerda esa Yunusdan ham buyukroq bir Zot turibdi!
42 Janub malikasi qiyomat kunida o‘rnidan turib, bu naslning odamlarini mahkum etadi. Chunki Sulaymonning dono ta’limotini tinglagani malika dunyoning u chetidan kelgan edi. Bu yerda esa Sulaymondan ham buyukroq bir Zot turibdi!
43 Yovuz ruh insondan chiqqandan keyin, huzur– halovat izlab, suvsiz yerlarni kezadi, lekin topmaydi.
44 So‘ng: “Chiqqan uyimga qaytib boraman”, deydi. Uyiga kelganda, uyni kimsasiz, supurilgan va yig‘ishtirilgan holda ko‘radi.
45 Shunda borib, o‘zidan ham yovuzroq boshqa yettita ruhni ergashtirib keladi va ular bilan uyga kirib, joylashib oladi. Oxir–oqibat o‘sha odamning ahvoli oldingidan ham battar bo‘ladi. Bu yovuz nasl ham xuddi o‘sha ko‘yga tushadi.”
46 Iso olomonga gapirayotganda, onasi bilan ukalari Uni tashqarida kutib turgan edilar. Ular Iso bilan gaplashmoqchi edilar.
47 Kimdir Isoga dedi: — Onangiz bilan ukalaringiz tashqarida turishibdi, ular Siz bilan gaplashmoqchi.
48 Iso esa bu gaplarni aytgan odamga shunday javob berdi: — Mening onam kim? Ukalarim kim?
49 So‘ng qo‘li bilan shogirdlarini ko‘rsatib, dedi: — Mana, Mening onam va aka–ukalarim!
50 Osmondagi Otamning irodasini bajo keltirganlar Mening aka–ukam, opa–singlim va onam bo‘ladi.
Matto Muqaddas xushxabar: 12 Bob
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari
E. Iso - shanba kunining Egasi (12:1−8)
Bu bobda tobora kuchayib borayotgan rad etish inqirozi tasvirlanadi. Farziylarning tobora ortib borayotgan g‘azabi va dushmanligi endi chegaradan oshishga tayyor.
To‘g‘onlarni ochadigan kelishmovchilik shanba masalasiga doir.
Bu alohida shanba kuni Iso va Uning shogirdlari ekinzorlardan o‘tib borishayotgan edi. Shogirdlari boshoqlarni uzib yeya boshladilar. Qonun qo‘shni daladagi donni o‘roq ishlatmasdan yeyishga ruxsat berardi (Qonunlar 23:25).
12:2 Ammo qonunni bajarishda mayda-chuydalarga e’tibor beradigan farziylar shanba buzildi deb hisobladilar. Ularning aniq da’volari ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, ular shogirdlarni quyidagilarda ayblagan ko‘rinadi: 1) hosil yig‘ish (boshoqlarni uzish); 2) yanchish (qo‘l bilan ishqalash); 3) sovurish (donni somondan ajratish).
12:3−4 Iso ularning bema’ni e’tirozlariga javob berib, Dovudning hayotida bir voqea yuz berganini eslatdi. Bir kuni u va uning odamlari qochqinlikda bo‘lganlarida, muqaddas joyga kirib, faqat ruhoniylargina yeyishi mumkin bo‘lgan taqdim nonlarini - o‘n ikkita esdalik nonini yeyishgan. Na Dovud, na uning odamlari ruhoniy bo‘lmasa-da, Xudovand ularni hech qachon bu qilmishlari uchun ayblamagan. Nima uchun?
Gap shundaki, Xudoning qonuni Unga sodiq bo‘lganlarga zarar yetkazishni hech qachon maqsad qilmagan. Dovud o‘z aybi bilan quvg‘inda emas edi. Uni gunohkor xalq rad etgan edi. Agar Isroil to‘g‘ri ahvolda bo‘lganida, Dovud ham, uning odamlari ham taqdim nonlarini yemagan bo‘lardi.
Isroilda gunoh bo‘lgani uchun Xudo ularga bu taqiqlangan ishni qilishga ruxsat berdi.
O‘xshashlik aniq. Rabbimiz Iso Isroilning qonuniy Podshohi edi, lekin xalq Uni hukmdor sifatida tan olmadi. Agar Masihga munosib o‘rin berilganida, Uning shogirdlari shanba kuni yoki haftaning boshqa kunida shunday ovqatlanishga majbur bo‘lmas edilar. Tarix takrorlandi. Rabbimiz O‘z shogirdlarini koyimadi, chunki ular hech qanday yomonlik qilmagan edilar.
12:5 Iso farziylarga ruhoniylar har shanba kuni ma’badda hayvonlarni so‘yib, qurbonlik keltirib va boshqa ko‘plab vazifalarni bajarib, shanbani buzishlarini, ammo aybdor hisoblanmasliklarini eslatdi (Sonlar 28:9−10), chunki ular Xudoga xizmat qilishardi.
12:6 Farziylar ruhoniylar har shanba kuni ma’badda ishlashlarini va uni bulg‘amasliklarini bilishardi. Nega endi ular ma’baddan ham ulug‘ Zotning huzurida qilgan ishlari uchun shogirdlarni tanqid qilishyapti? Kursiv bilan yozilgan "Zotning" so‘zini "bu yerda ma’baddan ham ulug‘roq narsa bor" deb o‘qish to‘g‘riroq ko‘rinadi. Bu Shohning shaxsida mavjud bo‘lgan Xudoning Shohligidir.
12:7 Farziylar hech qachon Xudoning yuragini tushunishmagan. Xusheyada (6:6) U: "Qurbonlik emas, marhamat istayman," degan. Xudo marosimdan ko‘ra mehr-shafqatni ustun qo‘yadi. U xalqning shanba kuni boshoq yulishini ko‘rishni, bu kunni jismonan holdan toyguncha qat’iy saqlashdan afzal bilardi. Agar farziylar buni tushunganlarida edi, shogirdlarni ayblamas edilar. Lekin ular insoniy farovonlikdan ko‘ra tashqi aniqlikni ustun qo‘yishgan.
12:8 Keyin Najotkor qo‘shib qo‘ydi: "Chunki Inson O‘g‘li shanba kunining ham Egasidir." U qonunni o‘rnatgan, shuning uchun Uning O‘zi uning haqiqiy ma’nosini eng yaxshi talqin qila oladi. E. V. Rojers shunday deydi:
"Shunday taassurot uyg‘onadiki, Matto Muqaddas Ruhning yo‘l-yo‘rig‘i bilan ushbu bobda Rabbimiz Isoning ismlari va vazifalarini qisqacha bayon etadi: U - Inson O‘g‘li, Shanbaning Egasi, Mening Qulim, Mening Sevgilim, Dovudning O‘g‘li; ma’baddan ulug‘, Yunusdan ulug‘, Sulaymondan ulug‘. U buni Isoni qabul qilmaslik va Uning huquqlarini tan olmaslik gunohining naqadar halokatli ekanini ko‘rsatish uchun qiladi." (E.W. Rogers, Jesus the Christ, 65-66-betlar.) Keyingi voqeaga, ya’ni Isoning shanba kuni qo‘li qurigan odamni shifolashiga o‘tishdan oldin, to‘xtalib, Muqaddas Kitobning shanba haqidagi ta’limotining qisqacha sharhini keltirib o‘tamiz.
SHANBA HAQIDA QISQACHA MA’LUMOT
Shabbat haftaning yettinchi kuni (shanba) edi va shunday bo‘lib qoladi.
Xudo olti kunlik yaratilishdan so‘ng yettinchi kuni dam oldi (Ibtido 2:2). O‘shanda U insonga shanbaga rioya qilishni buyurmagan, garchi U tamoyilni nazarda tutgan bo‘lsa: yetti kundan biri dam olish kuni bo‘lib, unga rioya qilish kerak.
Isroil xalqiga O‘nta amr berilganda (Chiqish 20:8-11) shanbaga rioya qilish buyurilgan. Shanba to‘g‘risidagi qonun boshqa amrlardan farq qiladi; bu marosim qonuni, boshqa qonunlar esa axloqiy edi. Shanba kuni ishlash yaxshi emasligining yagona sababi - Xudoning amridir. Boshqa amrlar o‘z mohiyatiga ko‘ra noto‘g‘ri bo‘lgan narsalarga taalluqli edi.
Shanba kuni ishlashni taqiqlash hech qachon Xudoga xizmat qilishga (Matto 12:5), zaruriy ishlarga (Matto 12:3−4) yoki rahm-shafqat ishlariga (Matto 12:11−12) taalluqli bo‘lmagan. O‘nta amrdan to‘qqiztasi Yangi Ahdda qonun sifatida emas, balki inoyat bilan yashovchi masihiylar uchun qo‘llanma sifatida takrorlanadi. Masihlarga hech qachon rioya qilish buyurilmagan yagona amr bu shanba haqidagi amrdir. To‘g‘rirog‘i, Pavlus masihiyni unga rioya qilmagani uchun ayblamaslik kerakligini ta’kidlagan (Kolosaliklar 2:16).
Xristianlar uchun haftaning birinchi kuni alohida ahamiyatga ega. Bu kuni Rabbimiz Iso o‘liklardan tirildi (Yuhanno 20:1), bu esa qutqaruv ishi tugallanganini va Xudo tomonidan ma’qullanganini tasdiqlaydi. Keyingi ikki Rabbimiz kunida U O‘z shogirdlari bilan uchrashdi (Yuhanno 20:19, 26). Muqaddas Ruh havoriylarga haftaning birinchi kuni berildi (Havoriylar 2:1; Levit 23:15-16 bilan solishtiring). Dastlabki shogirdlar shu kuni non sindirib, Rabbimizning o‘limini e’lon qilish uchun yig‘ilishardi (Havoriylar 20:7). Bu Xudo belgilagan kun bo‘lib, unda barcha xristianlar Xudoning ishi uchun o‘z mablag‘larini ajratishlari lozim (1 Korinfliklarga 16:1-2).
Shanba, ya’ni yettinchi kun, ish haftasining oxirida keladi; Rabbimiz kuni, ya’ni yakshanba esa, qutqarilish ishi tugallanganini xotirjam his etgan holda haftani boshlaydi. Shanba birinchi yaratilishni eslatsa, Rabbimiz kuni yangi yaratilish bilan bog‘liq. Shanba kuni mas’uliyat kuni bo‘lsa, Rabbimiz kuni imtiyoz kunidir.
Xristianlar Rabbimiz kunini najot topish yoki muqaddaslikka erishish vositasi sifatida yoki jazodan qo‘rqib nishonlamaydilar.
Ular bu kunni boshqalaridan ajratib, O‘zini ular uchun fido qilgan Zotga bo‘lgan mehr-muhabbat bilan yondashishadi.
Bu maxsus kunda kundalik tashvishlardan xoli bo‘lib, uni Masihga sajda qilish va xizmat qilishga bag‘ishlashimiz mumkin.
Shanbaning o‘rnini Rabbimiz kuni egalladi, deyish noto‘g‘ri bo‘lardi.
Shabbat - bu shanba, Rabbimiz kuni esa yakshanbadir. Shabbat soya edi, mohiyat esa Masihdir (Kolosaliklar 2:16-17). Masihning tirilishi yangi boshlang‘ich nuqtani belgiladi va Rabbimiz kuni shu boshlanishni anglatadi.
Qonunga itoat qiluvchi haqiqiy yahudiy sifatida Iso shabbatni saqlardi (farziylar uni buning aksida ayblagan bo‘lsa-da). Shabbatning Egasi sifatida U uni soxta qoidalar va tartiblarning kir qobig‘idan tozaladi.
F. Iso shabbat kuni shifolaydi (12:9-14)
12:9 Iso ekinzorlardan o‘tib, sinagogaga kirdi. Luqo bizga ulamolar va farziylar ham Unga qarshi biror ayb topish uchun kuzatib yurishganini aytadi (Luqo 6:6-7).
12:10 Sinagogada qo‘li qurib qolgan bir odam bor edi - bu farziylarning unga yordam bera olmasligining so‘zsiz dalili edi. Shu paytgacha ular unga befarq munosabatda bo‘lishardi. Ammo to‘satdan u Isoni tutib olish uchun vosita sifatida kerak bo‘lib qoldi. Ular Najotkor doimo insonlarning azobini yengillatishga tayyor ekanini bilishardi. Agar U shabbat kuni shifo bersa, Uni aybdor deb tutishni o‘ylashdi. Shunday qilib, ular qonunga asoslangan sofizm bilan boshladilar: "Shabbat kuni shifolash mumkinmi?"
12:11 Bunga javoban Najotkor ularga qarshi savol berdi: shabbat kuni qo‘yingiz chuqurga tushib ketsa, uni chiqarib olmasmidingiz? Albatta, chiqarib olishardi! Nima uchun? Ehtimol, buni rahmdillik ishi deb oqlashardi; lekin boshqa sabab ham bo‘lishi mumkin: qo‘y qimmatbaho edi, ular esa hatto shabbat kuni ham moddiy zarar ko‘rishni istamasdilar.
12:12 Rabbimiz ularga insonning qo‘ydan ancha qadrli ekanini eslatdi. Hayvonga g‘amxo‘rlik qilish to‘g‘ri bo‘lsa, shabbat kuni insonga yaxshilik qilish yanada to‘g‘riroq bo‘ladi!
12:13-14 Yahudiy rahbarlarini o‘z ochko‘zliklari tuzog‘iga ilintirib, Iso quruq qo‘lni shifoladi. Insonga qo‘lini uzatish buyrug‘i bilan iymon va inson irodasi harakatga keltirildi. Itoatkorlik shifo bilan mukofotlandi. Mo‘jizakor Yaratuvchi tufayli qo‘l boshqa qo‘l kabi sog‘lom bo‘ldi. Farziylar o‘zlari yordam bera olmagan odamning shifo topganidan xursand bo‘ldi, deb o‘ylayapsizmi? Aksincha, ular g‘azablanib, Isoni o‘ldirish rejasini tuzdilar. Agar ulardan birortasining qo‘li quruq bo‘lganida, u haftaning istalgan kunida shifo topishdan xursand bo‘lardi.
G. Shifo - hammaga (12:15-21)
12:15-16 Iso dushmanlarining niyatini bilgach, u yerdan ketdi. Shunday bo‘lsa-da, U qayerga bormasin, olomon to‘planardi va U barcha bemorlarni shifolardi. Ammo U odamlarga mo‘jizaviy shifolari haqida gapirishni man etardi. Bu xavfdan qochish uchun emas, balki xalq Uni mashhur qahramonga aylantirmoqchi bo‘lgan har qanday harakatdan qochish uchun edi. Ilohiy rejaga rioya qilish kerak edi. Uning inqilobi Rim qonini emas, O‘z qonini to‘kish orqali amalga oshadi.
12:17-18 Uning marhamat vazifasi Ishayo payg‘ambarning bashoratini (41:9; 42:1-4) bajo keltirardi. Payg‘ambar Masihni yuvosh g‘olib sifatida bashorat qilgan edi. U Isoni Yahova tanlagan qul sifatida; Xudoning ko‘ngli rozi bo‘lgan Sevikli sifatida tasvirlaydi. Xudo O‘z Ruhini Uning ustiga qo‘ydi - bu bashorat Isoning cho‘mdirilishi paytida bajo bo‘ldi. Uning xizmati Isroilning qarshiliklariga qaramay davom etadi; U majusiylarga adolat e’lon qiladi. (Ruscha tarjimada "xalqlarga" deyilgan.) Isroilning "yo‘q"i tobora kuchliroq yangragani sayin, keyingisi muhimroq bo‘lib bormoqda.
12:19 Keyinchalik Ishayo Masih bahslashmasligini, baqirmasligini va Uning ovozi ko‘chalarda eshitilmasligini bashorat qilgan. Boshqacha aytganda, U xalqni siyosiy jihatdan ilhomlantirmaydigan va odamlarni qo‘zg‘atmaydigan bo‘ladi. Makklin shunday yozadi:
Bu Xudoning "quli" bo‘lmish Shoh na jismoniy kuch yoki siyosiy aldov bilan, na o‘ziga bo‘ysunuvchi g‘ayritabiiy kuchlar yordamida o‘zining to‘laqonli oliy maqomiga intilmaydi. (McClain, Kingdom, p. 283.)
12:20 U singan qamishni sindirmaydi yoki tutayotgan pilikni o‘chirmaydi. U o‘z maqsadiga erishish uchun kambag‘al va huquqsizlarni oyoq osti qilmaydi. Ezilgan va ko‘ngli siniq insonni qo‘llab-quvvatlaydi, kuchga to‘ldiradi. U alanga yonib ketmaguncha kichkina uchqunni ham puflayveradi. Uning xizmati adolat g‘alaba qozonmaguncha davom etaveradi. Uning boshqalarga bo‘lgan muloyim, mehribon munosabatini insoniy noshukurlik va nafrat so‘ndira olmaydi.
12:21 G‘ayridinlar Uning nomiga umid bog‘laydilar. (Ruscha tarjimada "xalqlar".) Ishayoda esa boshqacha so‘zlar qo‘llanilgan: "...va orollar Uning qonuniga umid bog‘laydilar". Lekin ularning ma’nosi bir xil. Orollar - g‘ayridin xalqlarga ishora. Ular Uning sodiq fuqarosi bo‘lish uchun Xudoning Shohligini kutayotgandek tasvirlanadi. Kleyst va Lilli ushbu iqtibosni yuqori baholaydilar:
"...Injilning durdonalaridan biri, Masihning buyuk go‘zallikdagi tasviri... Ishayo Masihning Otasi bilan birligini, Uning xalqlarga ta’lim berish vazifasini, azob chekayotgan insoniyat bilan munosabatlaridagi olijanobligini va Uning yakuniy g‘alabasini tasvirlaydi: insoniyat uchun Uning Ismidan boshqa hech qanday umid yo‘q. Dunyoning Xaloskori bo‘lmish Masih quruq ilmiy atamalar bilan emas, balki boy sharqona tasavvur bilan ifodalangan". (Kleist and Lilly, The New Testament rendered from the Original Greek with Expanded Notes, p. 45.)
H. Kechirilmas gunoh (12:22−32)
12:22−24 Iso soqov va ko‘r jinni odamni davolaganida, oddiy xalq Uni Dovudning O‘g‘li, Isroilning Masihi bo‘lsa kerak, deb jiddiy o‘ylay boshladi. Bu esa farziylarning g‘azabini qo‘zg‘atdi. Ular Isoga bo‘lgan har qanday xayrixohlikka chiday olmay, bu mo‘jiza shaytonlar hukmdori bo‘lmish veelzevulning kuchi bilan amalga oshirilgan, deb ayblay boshlashdi. Isoning shaytoniy kuchga ega ekanligi haqidagi bu dahshatli ayblov birinchi marta ochiq aytilgan edi.
12:25−26 Ularning fikrlarini o‘qib, Iso ularning aqlsizligini fosh qilishga kirishdi. O‘z-o‘zidan bo‘linib ketgan hech bir shohlik, shahar yoki xonadon bardosh berolmasligini ta’kidladi. Agar U shaytonlarni shaytoniy quvvat bilan quvib chiqarsa, shayton o‘ziga qarshi ishlagan bo‘lardi. Bu bema’nilik bo‘lardi.
12:27 Rabbimizning farziylar uchun ikkinchi halokatli javobini berdi. Ularning afsungar deb nomlanuvchi ba’zi yahudiy do‘stlari jinlarni haydashga qodir ekanliklarini da’vo qilishardi. Iso ularning da’vosini na qabul qildi, na rad etdi, lekin agar U jinlarni veelzevul kuchi bilan quvib chiqarsa, u holda "fariseylik" o‘g‘illari (ya’ni ularning afsungarlari) ham xuddi shunday qilishini ko‘rsatish uchun ishlatdi. Farziylar hech qachon bu fikrga qo‘shilmagan bo‘lardilar, ammo ular dalilning mantiqiyligiga qarshi tura olmadilar. Sheriklari esa, ularni shaytonga sherik bo‘lib, jinlarga afsun o‘qishlariga shama qilganlari uchun ayblardilar. Skofild shunday dedi:
"Farziylar o‘zlari va o‘g‘illariga taalluqli bo‘lgan har qanday shaytoniy kuch aloqasiga darhol g‘azablanishardi, ammo ularning ayblovlari asossiz bo‘lib qoldi, chunki agar Masih jinlarni veelzevul kuchi bilan haydasa, ularning o‘g‘illari ularni beqarorlikda ayblagan bo‘lardilar: axir, agar jinlarni haydash qudrati shaytondan kelib chiqqan bo‘lsa, unda bu kuchga ega bo‘lgan har bir kishi bu kuchning manbai bilan bog‘liqdir". (Ella E. Pohle, C. I. Scofield’s Question Box, p. 97.) Ular turli hollarda o‘xshash harakatlarni baholashda mantiqan izchil bo‘lmadilar.
12:28 Aslida Iso jinlarni Xudoning Ruhi bilan quvib chiqarardi. U yerdagi hayotini Muqaddas Ruhning qudrati bilan o‘tkazdi. U Ishayo bashorat qilgan Ruh bilan to‘lgan Masih edi (Ish 11:2; Ish 42:1; 61:1-3). Shuning uchun Iso fariysiylar: "Agar Men Xudoning Ruhi bilan jinlarni quvib chiqarayotgan bo‘lsam, demak Xudoning Shohligi sizlarga ham yetib kelgan", dedi. Bu bayonot qaqshatqich zarba bo‘lishi kerak edi. Ular o‘zlarining ilohiy bilimlari bilan faxrlanishardi, ammo Xudoning Shohligi ularga yetib kelgandi, chunki Shoh ular orasida edi, ular esa Uning u yerda ekanligini bilishmasdi ham!
12:29 Iso Masih shayton bilan ittifoqda bo‘lishdan yiroq, aksincha uning ustidan g‘alaba qozongan edi. U buni kuchli odam haqidagi hikoya bilan izohlaydi. Kuchli odam - shayton.
Uning uyi - yer shari bo‘lib, u yerda hokimiyatni o‘z qo‘lida tutib turadi. Uning narsalari - jinlar. Iso Masih esa kuchli odamni bog‘lab, uning uyiga kirib, narsalarini tortib oluvchidir. Shaytonning bog‘lanishi bosqichma-bosqich amalga oshadi. Bu jarayon Isoning jamoat oldidagi xizmati bilan boshlangan. Masihning o‘limi va tirilishi bilan qat’iy kafolatlangan. Shohning Ming yillik saltanati davrida yanada yuqori darajada amalga oshadi (Vahiy 20:2). Nihoyat, shayton olovli ko‘lga tashlanganida abadiy ro‘yobga chiqadi (Vahiy 20:10).
Hozircha shayton bog‘lanmagandek ko‘rinadi, u hali katta kuchga ega. Ammo uning halokati muqarrar va vaqti oz qolgan.
12:30 Keyin Iso shunday dedi: "Kim Men bilan birga bo‘lmasa, Menga qarshidir; kim Men bilan birga yig‘masa, sochib yuboruvchidir."
Farziylarning kufrona nuqtai nazari ular Rabbiy bilan emasligini ko‘rsatdi; demak, ular Unga qarshi edilar. U bilan birga yig‘ishni rad etib, ular donni sochib yuborishdi. Ular Isoni shaytonning kuchi bilan jinlarni quvib chiqarishda ayblashdi, aslida esa o‘zlari Xudoning ishiga zarar yetkazishga urinayotgan shaytonning xizmatkorlari edilar. Mark (9:40) da Iso shunday degan: "Kim sizga qarshi bo‘lmasa, u siz tomonida." Bu Matto (12:30) da yozilgan Uning so‘zlariga zid ko‘rinadi.
Muammo Mattoda najot masalasi, Markda esa xizmat haqida gap borayotganini tushunganimizda hal bo‘ladi. Inson yo Masih uchun, yo Unga qarshi; orada yo‘l yo‘q. Ammo xizmatda farqlar bo‘lishi mumkin.
Isoning shogirdlari o‘rtasida ko‘plab farqlar mavjud: mahalliy cherkov ibodati, usullari va ta’limotlarni talqin qilishda. Biroq bitta qoida bor: agar inson Rabbiyga qarshi bo‘lmasa, u Rabbiy tomonida va shuning uchun hurmatga sazovordir.
12:31-32 Bu oyatlar Masihning Isroil rahbarlari bilan munosabatlaridagi burilish nuqtasini ko‘rsatadi. U ularni kechirilmas gunohni sodir etishda ayblaydi: Muqaddas Ruhga kufrlik, ya’ni Iso o‘z mo‘jizalarini Muqaddas Ruhning emas, balki shaytonning kuchi bilan qilgan, deb da’vo qilish. Aslida ular Muqaddas Ruhni jinlar boshlig‘i Baalzabul deb atashdi.
Boshqa gunohlar va kufrlar kechirilishi mumkin. Hatto Inson O‘g‘liga qarshi aytilgan kufr ham kechirilishi mumkin. Ammo Muqaddas Ruhga kufrlik qilish - bu dunyoda ham, kelgusi Mingyillik Shohlik davrida ham kechirilmaydigan gunohdir. Iso "bu zamonda" deganida, O‘zining yer yuzidagi xizmat davrini nazarda tutgan. Bugungi kunda bu kechirilmas gunohni sodir etish mumkinligiga shubha bor, chunki Iso yer yuzida jismonan hozir emas va mo‘jizalar ko‘rsatmayapti.
Bu kechirilmas gunoh Xushxabarni rad etish bilan bir xil emas; inson yillar davomida Najotkorni nafrat bilan rad etishi, keyin tavba qilib, imon keltirib, najot topishi mumkin. (Albatta, agar imonsiz holda vafot etsa, kechirilmaydi.) Kechirilmas gunoh imondan qaytish ham emas. Imonli kishi Xudodan uzoqlashib ketsa ham, Xudoning oilasiga xizmat qilish uchun qayta tiklanishi mumkin. Ko‘pchilik bu kechirilmas gunohni sodir etganidan xavotirlanadi. Hatto bu gunohni bugun qilish mumkin bo‘lganida ham, insonning bu haqda tashvishlanishining o‘zi uning aybdor emasligini ko‘rsatadi. Bu gunohni qilganlar Masihga qarshi turishda qat’iy va tinimsiz edilar. Ularda Ruhni haqorat qilish haqida hech qanday ikkilanish yo‘q edi va O‘g‘ilni qanday o‘ldirishni muhokama qilishda ham ikkilanishmagan. Ularni na vijdon azobi, na pushaymonlik qiynagan.
I. Daraxt mevasidan taniladi (12:33−37)
12:33 Hatto farziylar ham Rabbimiz jinlarni quvib, yaxshilik qilayotganini tan olishardi. Shunday bo‘lsa-da, Uni yomonlikda aybladilar. Bu yerda Iso ularning ziddiyatlarini fosh etib, shunday deydi: "O‘zingiz muhokama qiling. Daraxt yaxshi bo‘lsa, mevasi ham yaxshi bo‘ladi, yomon bo‘lsa - aksincha." Meva uni bergan daraxtning sifatini ko‘rsatadi. Isoning xizmati yaxshi natijalar berdi. U bemorlarni, ko‘rlarni, kar va soqovlarni davoladi, jinlarni haydadi, o‘liklarni tiriltirdi. Chirigan daraxt shunchalik yaxshi meva bera olarmidi? Bu mutlaqo mumkin emas! Xo‘sh, nega ular Uni tan olishdan bunchalik qat’iy bosh tortishdi?
12:34−35 Buning sababi shundaki, ular ilonlar zoti (zaharli ilonlar) edi. Ularning Inson O‘g‘liga bo‘lgan nafrati yovuz so‘zlar bilan ifodalanardi, chunki bu ularning yovuz qalblarining to‘lib-toshganidan edi. Ezgulikka to‘la qalb o‘zini marhamat va haqiqat so‘zlari bilan namoyon etadi. Yovuz qalb esa haqorat, achchiq va so‘kinish bilan o‘zini ko‘rsatadi.
12:36 Iso ularga (va bizga) odamlar har bir behuda so‘zi uchun javob berishini jiddiy tarzda e’lon qildi. Odamlarning so‘zlari ularning hayotini aks ettirganidan, bu so‘zlar qoralash yoki oqlash uchun asos bo‘ladi. Xudoning muqaddas O‘g‘li haqida aytgan dahshatli va haqoratli so‘zlari uchun farziylarning jazosi qanchalar og‘ir bo‘ladi.
12:37 "Chunki o‘z so‘zlaring bilan oqlanasan va o‘z so‘zlaring bilan hukm qilinasan." Imonlilarga kelsak, ularning o‘ylamay aytgan so‘zlari uchun jazo allaqachon Masihning o‘limi bilan to‘langan; biroq bizning e’tiborsizilik bilan aytgan, e’tirof etilmagan va kechirilmagan so‘zlarimiz Masih huzuridagi mukofotimizni yo‘qotishimizga olib keladi.
J. Yunus payg‘ambarning alomati (12:38−42)
12:38 Iso ko‘rsatgan barcha mo‘jizalarga qaramay, ulamolar va farziylar surbet holda Undan alomat talab qila boshladilar, go‘yo U Masih ekanligini isbotlasa, ishonishlarini anglatmoqchi bo‘ldilar! Ammo ularning ikkiyuzlamachiligi ochiq-oydin edi.
Shuncha mo‘jizalarni ko‘rib turib ishonmagan bo‘lsalar, yana bittasi qo‘shilsa ishonch hosil qila olarmidilar? Ishonish sharti sifatida alomatlar talab qilish Xudoga ma’qul emas. Iso Fomaga aytganidek: "Ko‘rmay turib ishonganlar baxtlidir" (Yuhanno 20:29). Xudoda ko‘rish imonga ergashadi.
12:39 Rabbimiz ularga buzuq va vafosiz avlod deya murojaat qiladi. Buzuq, chunki ular o‘z Masihlarini ko‘rishni atayin xohlamadilar; vafosiz, chunki ma’nan o‘z Xudolariga sodiq emasdilar. Ularning Yaratuvchi Xudosi, O‘zida mutlaq Ilohiylik va mukammal insoniy tabiatni mujassam etgan tengsiz Zot ular orasida turib, ular bilan gaplashardi, ular esa baribir Undan alomat talab qilishga jur’at etardilar.
12:40 U uzoq mulohaza yuritmasdan, ularga O‘zining o‘limi, dafn etilishi va tirilishiga ishora qiluvchi Yunus payg‘ambarning alomatidan boshqa hech qanday belgi berilmasligini aytdi. Yunusning baliq yutib, keyin qaytarib chiqargani (Yunus 1:17; Yunus 2:10) Rabbimizning azoblari va tirilishining ramzi edi. Uning o‘likdan tirilishi Isroil xalqiga xizmatidagi so‘nggi, hal qiluvchi alomat bo‘lishi kerak edi.
Yunus uch kecha-yu uch kunduz kit qornida bo‘lgani kabi, Rabbimiz ham uch kecha-yu uch kunduz yer bag‘rida bo‘lishini bashorat qildi. Bu yerda muammo tug‘iladi. Agar Iso juma kuni peshindan keyin dafn etilib, yakshanba kuni tongda tirilgan bo‘lsa, qanday qilib U uch kecha-yu uch kunduz qabrda bo‘ldi, deyish mumkin?
Javob shunday: yahudiylarning hisob-kitobiga ko‘ra, kun va tunning har qanday qismi to‘liq davr sanalgan. "Kun va tun onani tashkil etadi, onaning bir qismi esa butundir" (yahudiy maqoli).
12:41 Iso yahudiy rahbarlarning aybini ikkita taqqoslash orqali ko‘rsatdi. Birinchidan, Nineviyada yashovchi majusiylar kamroq imtiyozlarga ega bo‘lishsa-da, sayohatchi payg‘ambar Yunusning va’zini eshitib, chuqur pushaymon bilan tavba qilishgan. Ular qiyomat kunida Iso zamonida yashagan, Yunusdan ham ulug‘roq bo‘lgan Xudoning mujassam O‘g‘lini qabul qilmaganlarni hukm qilish uchun tirilishadi.
12:42 Ikkinchidan, yahudiylar kabi imtiyozlarga ega bo‘lmagan majusiy Saba malikasi janubdan keldi, bu esa Sulaymon bilan suhbatlashish uchun katta xarajat va kuch talab qildi. Iso davridagi yahudiylarga Uni ko‘rish uchun hech qayerga borish shart emas edi; U osmondan ularning kichik hududiga ularning Podshohi-Masih bo‘lish uchun keldi. Biroq ularning hayotida Sulaymondan ulug‘roq bo‘lgan Zotga o‘rin topilmadi. Bunday o‘ta befarqlik uchun majusiy malika ularni qiyomat kunida hukm qiladi. Ushbu bobda Rabbimiz ibodatxonadan (6-oyat), Yunusdan (41-oyat) va Sulaymondan (42-oyat) ulug‘roq Zot sifatida tasvirlangan. U "eng buyukdan buyuk va eng yaxshidan yaxshiroqdir".
K. Yovuz ruhning qaytishi haqida (12:43−45)
(12:43−44) Endi Iso imonsiz Isroilning o‘tmishi, buguni va kelajagini ramziy shaklda umumlashtiradi. Bu yerda tilga olingan kishi Isroil xalqining timsoli. Yovuz ruh - butparastlik bo‘lib, u xalqqa Misrdagi qullik davridan Bobil asirligiga qadar xos bo‘lgan (asirlik uni butparastlikdan vaqtincha davolagan). Bu xuddi insondan yovuz ruh chiqqanga o‘xshardi. Yahudiylar asirlikning oxiridan to o‘sha paytgacha butlarga sig‘inmaganlar. Ular bo‘sh, supurilgan va tartibga keltirilgan uyga o‘xshardi.
O‘n to‘qqiz asr oldin Xaloskorimiz bu bo‘m-bo‘sh uyga kirishga ruxsat so‘ragan edi. U bu uyning to‘la huquqli Egasi edi, lekin odamlar Uni ichkariga kiritishdan bosh tortishdi. Ular butlarga sig‘inmay qo‘ygan bo‘lsalar-da, haqiqiy Xudoga ham sig‘inmas edilar.
Bo‘sh uy ma’naviy bo‘shliqdan - xavfli holatdan darak beradi, buning oqibatlari shuni ko‘rsatadi. O‘zgarishlarning o‘zi yetarli emas. Xaloskorni chinakamiga qabul qilish kerak.
12:45 Vaqti kelib, butparastlik ruhi o‘zidan ham yovuzroq yetti ruh hamrohligida uyga qaytishga qaror qiladi. Yetti mukammallik yoki to‘liqlik raqami bo‘lgani uchun, ehtimol, butparastlikning to‘liq avj olishi nazarda tutilgan. Bu kelajakda, buyuk azob-uqubat davrida, murtad xalq dajjolga sajda qiladigan paytda sodir bo‘lishi kutilmoqda. Gunoh odamiga sig‘inish va unga Xudodek sajda qilish butparastlikning o‘tmishda xalq aybdor bo‘lgan shaklidan ham dahshatliroqdir. Shuning uchun insonning oxirgi ahvoli birinchisidan yomonroq bo‘ladi. Buyuk azob-uqubat kunlarida imonsiz Isroil dahshatli jazolanadi va uning azoblari Bobil asirligidagi azoblardan ancha ortib ketadi.
Butparastlik bilan shug‘ullangan xalqning bir qismi Masihning ikkinchi kelishi paytida butunlay yo‘q qilinadi.
"Bu yovuz avlod bilan ham shunday bo‘ladi." Xuddi o‘sha murtad, Masihni rad etgan, Xudoning O‘g‘lini birinchi kelishida mensimagan xalq, Uning ikkinchi kelishida qattiq jazolanadi.
L. Isoning onasi va aka-ukalari (12:46−50)
Bu oyatlarda, Isoning qarindoshlari U bilan gaplashish uchun kelganda yuz bergan oddiy voqea tasvirlangan. Ular nima uchun kelishdi? Mark bizga bu voqeani tushunish uchun kalit berishi mumkin. Isoning ba’zi yaqinlari U aqldan ozibdi deb o‘ylashgan (Mark 3:21, 31−35), va ehtimol, Uning oila a’zolari Uni olib ketish uchun sekin-asta kelishgan (yana Yuhanno 7:5 ga qarang). Isoga Onasi va aka-ukalari U bilan gaplashmoqchi bo‘lib, tashqarida kutib turishganini aytishganda, Rabbimiz: "Mening onam kim, aka-ukalarim kim?" deb so‘radi. So‘ng shogirdlariga ishora qilib: "Kimki Samoviy Otamning irodasini bajarsa, o‘sha Mening akam, singlim va onamdir", dedi.
Bu ajoyib bayonot chuqur ma’naviy ma’noga ega bo‘lib, Iso va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarda keskin burilish yasaganini ko‘rsatadi. Maryam va uning o‘g‘illari Isoning qondosh qarindoshlari bo‘lmish Isroil xalqining vakillari edilar. Shu paytgacha Uning xizmati asosan Isroil xonadonining yo‘qolgan qo‘ylariga qaratilgan edi. Ammo U O‘z xalqiga tegishli bo‘lmasligi aniq bo‘lib qoldi. Farziylar Masihga sajda qilish o‘rniga, Isoni shayton vasvasasiga tushganlikda ayblashdi.
Shu sababli, Iso yangi tartibni e’lon qilmoqda. Bundan buyon Uning Isroil bilan munosabatlari Uning faoliyatida yetakchi omil bo‘lmaydi. Garchi Uning rahmdil qalbi O‘z vatandoshlari uchun iltijo qilishda davom etsa-da, 12-bobda Uning Isroildan ajralishi aniq ko‘rsatilgan. Buning oqibatlari ravshan.
Isroil Uni qabul qilmadi, demak, U Uni qabul qilmoqchi bo‘lganlarga yuzlanadi. Qondosh aloqalar o‘rnini ma’naviy munosabatlar egallaydi. Xudoga itoat qilish, xoh yahudiy bo‘lsin, xoh majusiy bo‘lsin, erkak va ayollarni U bilan hayotbaxsh munosabatlarga olib keladi.
Bu voqeani yakunlashdan oldin, Isoning onasi haqidagi ikki nuqtai nazarni eslatib o‘tishimiz lozim. Birinchidan, Uning huzuriga kirish masalasida gapiradigan bo‘lsak, Maryamning alohida imtiyozga ega emasligi aniq ko‘rinadi.
Ikkinchidan, Isoning aka-ukalari haqidagi eslatma Maryamning umrbod bokira bo‘lgani to‘g‘risidagi ta’limotni puchga chiqaradi. Ularning bu voqeaga aloqadorligi, ular haqiqatan ham Maryamning o‘g‘illari, ya’ni Rabbimizning tug‘ishgan birodarlari ekanligi haqidagi fikrni yanada asosliroq qiladi. Bu nuqtai nazar Muqaddas Yozuvning quyidagi o‘rinlarida o‘z tasdig‘ini topadi: Zabur 68:9; Matto 13:55; Mark 3:31-32; Mark 6:3; Yuhanno 7:3, 5; Havoriylar 1:14; 1 Korinfliklarga 9:5; Galatiyaliklarga 1:19.