1 “Boshqalarni hukm qilishni bas qilinglar, shunda Xudo ham sizlarni hukm qilmaydi.
2 Sizlar boshqalarni qanday hukm qilsangizlar, Xudo ham sizlarni xuddi shunday hukm qiladi. Sizlar boshqalarni hukm qilganda qanday o‘lchovdan foydalansangizlar, Xudo ham sizni hukm qilganda xuddi o‘shanday o‘lchovdan foydalanadi.
3 Nega sen birodaringning ko‘zidagi zirapchani ko‘rasan– u, o‘z ko‘zingdagi xodani sezmaysan?
4 O‘z ko‘zingda xoda bo‘la turib, qanday qilib birodaringga: “Kel, ko‘zingdagi zirapchani olib tashlaylik”, — deb aytasan?
5 Hoy, ikkiyuzlamachi! Oldin ko‘zingdagi xodani chiqarib ol, shunda ko‘zing tiniq ko‘radi va birodaringning ko‘zidan zirapchani chiqara olasan.
6 Muqaddas bo‘lgan narsani itlarga bermang, marvaridlaringizni cho‘chqalar oldiga tashlamang. Aks holda, ular muqaddas narsalaringizni oyoq osti qilib, o‘zingizni ham tilka–pora qiladilar!”
7 “So‘rang, sizga beriladi. Izlang, topasizlar. Taqillating, eshik ochiladi.
8 Chunki so‘ragan har bir odam oladi, izlagan topadi, taqillatganga eshik ochiladi.
9 Orangizdan qaysi bir ota o‘g‘li non so‘raganda, unga tosh beradi?
10 Yoki baliq so‘raganda, unga ilon beradi?
11 Sizlar gunohkor bo‘la turib bolalaringizga yaxshi hadyalar bera olar ekansiz, osmondagi Otangiz ham Undan so‘raganlarga a’lo ne’matlar berishga qanchalar tayyor!
12 Odamlar sizlarga nima qilishlarini istasangiz, sizlar ham ularga o‘shani qilinglar. Tavrot va payg‘ambarlar ta’limotining mag‘zi shundadir.”
13 “Tor eshikdan kiringlar! Chunki halokatga olib boradigan darvoza enli, yo‘li ham kengdir. Bu yo‘ldan yurayotganlar ko‘p.
14 Hayotga olib boradigan eshik esa juda tor, yo‘li ensizdir. Bu yo‘lni topadiganlar oz.”
15 “Soxta payg‘ambarlardan ehtiyot bo‘linglar! Ular sizning oldingizga qo‘y po‘stinida keladilar, lekin ichlaridan yirtqich bo‘rilardir.
16 Ularning kimligini qilgan ishlaridan bilib olasiz. Axir, tikanzordan uzumni, yantoqdan anjirni terib bo‘lmaydi–ku!
17 Har bir yaxshi daraxt yaxshi meva beradi, yomon daraxt esa yomon meva beradi.
18 Yaxshi daraxt yomon meva berolmaydi, yomon daraxt ham yaxshi meva berolmaydi.
19 Yaxshi meva bermaydigan har bir daraxt esa kesilib, olovga tashlanadi.
20 Shunday qilib, soxta payg‘ambarlarni mevalaridan bilib olasizlar.
21 Meni “Yo Rabbiy, yo Rabbiy!” deb chaqirgan har kim Osmon Shohligiga kiravermaydi. U yerga faqat osmondagi Otamning irodasini bajargan odamlargina kiradi.
22 Qiyomat kunida ko‘plar Menga shunday deydilar: “Yo Rabbiy, yo Rabbiy, biz Sening noming bilan va’z qilgan edik! Sening noming bilan jinlarni quvib chiqargandik! Sening noming bilan ko‘p mo‘jizalar qilgan edik–ku!”
23 Men esa ularga deyman: Men sizlarni aslo tanimayman! Yo‘qolinglar, ey badkirdorlar!”
24 “Kim Mening bu so‘zlarimni eshitib, ularga amal qilsa, uyini tosh ustiga qurgan dono odamga o‘xshaydi.
25 Yomg‘ir yog‘ib, sellar toshib, shamollar esib, o‘sha uyni bosib qolibdi. Lekin tosh ustiga o‘rnatilgani uchun uy qulamabdi.
26 Biroq kim Mening bu so‘zlarimni eshitib, ularga amal qilmasa, o‘z uyini qum ustiga qurgan ahmoq odamga o‘xshaydi.
27 Yomg‘ir yog‘ib, sellar toshib, shamollar esib, o‘sha uyni bosib qolibdi. Uy qulab, butunlay vayron bo‘libdi!”
28 Iso bu gaplarini aytib bo‘lgandan keyin, olomon Uning ta’limotidan hayratga tushdi.
29 Chunki Iso Tavrot tafsirchilariday emas, balki hokimiyat egasiday ta’lim berar edi.
Matto Muqaddas xushxabar: 7 Bob
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari
S. Hukm chiqarmang (7:1−16)
Hukm chiqarish haqidagi bu bo‘lim yerdagi ne’matlar haqidagi e’tirozli ta’limotdan keyin keladi. Bu ikki mavzu o‘rtasidagi bog‘liqlik muhim. Hamma narsadan voz kechgan imonli badavlat imonlilarni tanqid qilishi oson. Masihiylar esa, oilaning kelajakdagi ehtiyojlarini ta’minlash mas’uliyatini jiddiy qabul qilib, oltinchi bobda keltirilgan Isoning so‘zlarigacha bo‘lgan hamma narsani bajarishga intilishadi. Hech kim to‘liq imon bilan yashamaydi, shuning uchun bunday tanqid o‘rinsiz.
Boshqalarni hukm qilmaslik haqidagi bu amr quyidagilarni o‘z ichiga oladi: boshqalarning fikrlarini hukm qilmaslik - faqat Xudo ularni bila oladi; tashqi ko‘rinishga qarab hukm chiqarmaslik (Yuhanno 7:24; Yoqub 2:1−4); ba’zi masalalarda vijdoni bezovta bo‘lgan, o‘ziga ishonmaydiganlarni hukm qilmaslik (Rimliklar 14:1−5); boshqa bir imonlining xizmatini qoralamaslik (1 Korinfliklar 4:1−5); dindosh birodarini yomonlab hukm qilmaslik (Yoqub 4:11−12).
7:1 Ba’zan Rabbimizning bu so‘zlarini noto‘g‘ri talqin qilib, barcha turdagi hukmlarni taqiqlaydilar. Vaziyatdan qat’i nazar, odamlar taqvodorlik bilan: "Hukm qilmang, toki o‘zingiz ham hukm qilinmangiz," deyishadi.
Ammo Iso bizni farqlash qobiliyatiga ega bo‘lmagan masihiylar bo‘lishga o‘rgatmaydi. U hech qachon tanqid qilish huquqidan yoki vaziyatni tushunish qobiliyatidan voz kechishimiz kerakligini nazarda tutmagan. Yangi Ahdda boshqalarning xatti-harakati, holati yoki ta’limoti haqida qonuniy hukm chiqarishga ko‘plab misollar keltirilgan. Bundan tashqari, masihiy yaxshi va yomon, yaxshi va yaxshiroq o‘rtasidagi farqni ajratib, qaror qabul qilishi kerak bo‘lgan bir nechta sohalar bor. Quyida ulardan ba’zilari keltirilgan:
1. Imonlilar o‘rtasida munozarali masalalar paydo bo‘lganda, ularni hal qila oladigan jamoa a’zolari ko‘rib chiqishi uchun taqdim etilishi kerak (1 Korinfliklar 6:1−8).
2. Mahalliy jamoa o‘z a’zolarining jiddiy gunohlarini muhokama qilishi va tegishli choralar ko‘rishi kerak (Matto 18:17; 1 Korinfliklar 5:9-13).
3. Imonlilar ustoz va voizlarning ta’limotiga Xudoning Kalomi asosida baho berishlari kerak (Matto 7:15−20; 1 Korinfliklar 14:29; 1 Yuhanno 4:1).
4. Havoriy Pavlusning 2 Korinfliklar 6:14 dagi amrini bajarish uchun masihiylar imonlilarni imonsizlardan ajrata olishlari kerak.
5. Jamoa a’zolari oqsoqollar va xizmatchilar uchun zarur bo‘lgan fazilatlarga kim ega ekanligini farqlashlari kerak (1 Timo‘tiy 3:1−13).
6. Biz itoatsiz, qo‘rqoq, zaif va shu kabilarni farqlashimiz va ular bilan Muqaddas Kitobda yozilganidek munosabatda bo‘lishimiz kerak (1 Salonikaliklarl 5:14).
7:2 Iso adolatsiz hukmning jazolanishi haqida ogohlantirgan: "Qanday hukm chiqarsangiz, shunday hukm qilinasiz". Odamlarning butun hayoti va o‘zaro munosabatlari ekilgan hosilni yig‘ib olishning ana shu tamoyili asosiga qurilgan. Mark bu tamoyilni Xudoning So‘zini qabul qilishimizga nisbatan qo‘llaydi (4:24), Luqo esa uni saxovatimizga nisbatan qo‘llaydi (6:38).
7:3−5 Iso bizning boshqa birovdagi kichik xatolarni ko‘rishga moyilligimizni, shu bilan birga o‘zimizdagi o‘sha xatolarni sezmaslikka harakat qilishimizni fosh qiladi. U ongimizga ishning mohiyatini yetkazish uchun vaziyatni ataylab bo‘rttirib ko‘rsatdi (giperbola deb ataladigan nutq uslubidan foydalangan holda). Ko‘ziga xoda qadalgan odam ko‘pincha boshqa birovni ko‘zidagi qipiq uchun ayblaydi, lekin o‘zining kamchiligini sezmaydi. Kamchiligi bor odamga yordam bera olamiz deb o‘ylash, o‘z kamchiligimiz esa undan ham ko‘proq bo‘lsa, bu shunchaki ikkiyuzlamachilik bo‘ladi. Boshqalarning kamchiliklarini tanqid qilishdan oldin, o‘z kamchiliklarimizni tuzatishimiz kerak.
7:6 Oltinchi oyatdan ko‘rinib turibdiki, Iso har qanday hukmni taqiqlamoqchi bo‘lmagan. U shogirdlarini muqaddas narsalarni itlarga bermaslik va marvaridlarni cho‘chqalar oldiga tashlamaslik haqida ogohlantirgan. Muso alayhissalomning qonuniga ko‘ra, it va cho‘chqalar harom hayvonlardir va bu yerda bu atamalar yaramas odamlarni tasvirlash uchun ishlatilgan. Agar biz muqaddas haqiqatlarga ochiqdan-ochiq nafrat bilan qaraydigan va Masihning talablari haqidagi va’zimizga so‘kinish va haqorat bilan javob beradigan yovuz odamlarni uchratsak, ularga va’z qilishga majbur emasmiz. Bosim o‘tkazish haqoratlayotgan odamning yanada ko‘proq tanqid qilishiga olib keladi.
Bunday odamlarni tanib olish uchun ruhiy farosatga ega bo‘lish kerakligini aytishning hojati yo‘q. Ehtimol, shuning uchun keyingi oyatlarda donolik so‘rashimiz mumkin bo‘lgan ibodat shakli keltirilgandir.
T. So‘rang, izlang, taqillating (7:7−8)
7:7−8 Agar biz o‘z kuchimiz bilan Tog‘dagi va’z ta’limotiga muvofiq yashay olamiz deb o‘ylasak, Najotkor bizni da’vat etayotgan hayotning g‘ayritabiiy mohiyatini tushunishga ojizlik qilgan bo‘lamiz.
Bunday hayot uchun donolik va kuch bizga yuqoridan berilishi lozim. Shu bois, Iso bizni tinmay so‘rashga, izlashga va taqillatishga undaydi.
Masihiy hayot uchun zarur bo‘lgan donolik va kuch, chin qalbdan va to‘xtovsiz ibodat qiluvchilarning barига ato etiladi.
Agar 7 va 8-oyatlarni kontekstdan ajratib olsak, ularni imonli kishi uchun to‘ldirilmagan chekka o‘xshatish mumkin, ya’ni uzluksiz ibodatga javoban biz nimani so‘rasak, hammasini olishimiz mumkindek tuyuladi. Ammo bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu oyatlarni ularning bevosita kontekstida va ibodat haqidagi butun Muqaddas Kitob ta’limoti nuqtai nazaridan tushunmog‘imiz lozim.
Shu sababli, bu yerda berilgan va’dalar aslida Muqaddas Yozuvlarning boshqa qismlari bilan chegaralangan. Masalan, Zabur 65:18 dan ibodat qilayotgan kishining e’tirof etilmagan gunohi bo‘lmasligi kerakligini bilib olamiz. Masihiy imon bilan (Yoqub 1:6-8) va Xudoning irodasiga ko‘ra (1 Yuhanno 5:14) ibodat qilishi lozim. Ibodat qat’iyatli (Luqo 18:1-8) va samimiy bo‘lishi kerak (Ibroniylar 10:22).
7:9−10 Ibodat shartlari bajarilganda, masihiy Xudo uni eshitib, javob berishiga to‘la ishonch hosil qilishi mumkin. Bu ishonch Otamiz bo‘lmish Xudoning tabiatiga asoslanadi. Insoniy nuqtai nazardan bilamizki, agar o‘g‘il non so‘rasa, otasi unga tosh bermaydi. Agar baliq so‘rasa, unga ilon ham bermaydi.
Yerlik ota nafaqat och o‘g‘lini aldamaydi, balki unga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan narsani ham bermaydi.
7:11 Rabbimiz dalillarni kichigidan kattasiga qarab keltiradi. Agar yerlik ota-onalar farzandlarining iltimosiga ko‘ra eng yaxshi narsalarni berishsa, Samoviy Otamiz ham shunday yo‘l tutadi, albatta.
7:12 12-oyatning oldingi oyat bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqligi quyidagicha ko‘rinadi: modomiki, Otamiz bizga yaxshilik berar ekan, biz Unga taqlid qilib, boshqalarga yaxshilik qilishimiz kerak. Qilayotgan ishlarimiz boshqalarga foyda keltiradimi yoki yo‘qmi, buni o‘zimizga ham shunday munosabatda bo‘lishlarini xohlasak, bilib olamiz. Bu oltin qoidani ravvin Xillel o‘sha davrdan yuz yil oldin salbiy iboralar bilan ifodalagan. Biroq, Iso bu qoidani ijobiy talqinda o‘rnatar ekan, passiv majburlashdan faol saxiylikka yo‘naltirishni nazarda tutadi. Masihiylik nafaqat gunohdan tiyilish, balki faol fazilatdir.
Bunda, deydi Iso, qonun va payg‘ambarlar, ya’ni Muso qonuni va Isroil payg‘ambarlarining axloqiy ta’limoti mujassamlashgan. Yangi Ahd talab qiladigan solihlik Ruh bo‘yicha yuradigan imonlilarda amalga oshadi (Rimliklar 8:4). Agar bu qonunga butun dunyoda amal qilinsa, u xalqaro munosabatlarning, milliy siyosatning, oila va jamoat hayotining barcha jabhalarini o‘zgartirib yuborgan bo‘lar edi.
U. Tor yo‘l (7:13−14)
Keyin Iso masihiy shogirdlikning darvozasi tor va yo‘li ingichka ekanligini ta’kidlaydi. (Ko‘pchilik qo‘lyozmalarda ushbu jumla undov shaklida: "Hayotga olib boruvchi darvozalar naqadar tor va yo‘l naqadar ingichkaki, uni juda oz kishilargina topadi!"). Biroq Uning ta’limotiga sodiq qolganlar bu yerda to‘laqonli hayot topishadi. Shuningdek, keng darvozalar ham bor - bu o‘z istaklariga erk berish va o‘zini qondirish yo‘li. Bunday hayotning intihosi halokatdir. Bu yerda gap ruhni yo‘qotish haqida emas, balki mavjudlik maqsadiga muvofiq yashay olmaslik haqida ketmoqda.
Bu oyatlar imonsizlarga guvohlik berishda ham qo‘llanilib, inson zotining ikki yo‘li va ikki taqdiri tasvirlanadi. Keng darvoza va keng yo‘l halokatga olib boradi (Hikmatlar 16:25).
Tor darvoza va ingichka yo‘l hayotga yetaklaydi. Iso - bu darvoza (Yuhanno 10:9) va yo‘ldir (Yuhanno 14:6). Ammo bu parcha bu o‘rinda qo‘llansa-da, uning sharhi imonlilar uchundir. Isoning aytishicha, Unga ergashganlardan imon, intizom va sabr-toqat talab etiladi. Ammo bunday mashaqqatli hayot - yashashga arziydigan yagona yo‘ldir. Agar keng yo‘lni tanlasang, do‘stlaring ko‘p bo‘ladi, ammo sen uchun eng qadrli bo‘lgan Xudoning hamrohligidan mahrum bo‘lasan.
V. Ularni mevasidan tanib olasiz (7:15-20)
7:15 Haqiqiy shogirdlarga qanday qat’iy talablar qo‘yilmasin, keng darvoza va keng yo‘lni himoya qiladigan soxta payg‘ambarlar bor. Ular haqiqatni shunchalik suyultiradilarki, Ch. G. Sperjen aytganidek, "kasal chigirtkaga sho‘rva tayyorlash uchun hech narsa qolmaydi." Bu odamlar Xudo haqida gapirayotgandek ko‘rinib, qo‘y kiyimida yuradilar, haqiqiy imondorlar qiyofasiga kiradilar. Ammo ichlarida ular yirtqich bo‘rilardir, ya’ni ular yetilmagan, ikkilanuvchi va ishonuvchan odamlarni ovlaydigan yovuz niyatli imonsizlardir.
7:16−18 16−18-oyatlar bu soxta payg‘ambarlarni qanday tanib olishni o‘rgatadi: ularni mevasidan tanib olasiz. Ularni axloqsiz hayoti va zararli ta’limoti fosh qiladi. Daraxt yoki o‘simlik o‘z tabiatiga ko‘ra meva beradi. Tikanzor uzum tugmaydi; qoqio‘tda anjir o‘smaydi. Yaxshi daraxt yaxshi meva beradi, yomon daraxt esa yomon meva beradi. Bu tamoyil moddiy va ma’naviy olamda ham to‘g‘ridir. Xudoning nomidan gapirishni da’vo qilayotgan odamlarning hayoti va ta’limoti Xudoning Kalomi bilan sinovdan o‘tkazilishi kerak: "Agar ular bu so‘zga muvofiq gapirmasalar, ularda yorug‘lik yo‘q" (Isha 8:20).
7:19−20 Soxta payg‘ambarlarning qismati olovga tashlanishdir. Soxta ustozlar va payg‘ambarlarning taqdiri tez orada halok bo‘lishdir (2 Butrus 2:1). Ularni mevalaridan bilish mumkin.
X. Men sizlarni hech qachon bilmaganman (7:21−23)
7:21 Keyin Iso Masih Uni o‘z Najotkorlari deb biladigan, ammo hech qachon hayotlarini o‘zgartirmagan odamlar haqida ogohlantiradi. Isoni "Rabbim! Rabbim!" deb chaqirganlarning hammasi ham Osmon Shohligiga kirmaydi. Faqat Xudoning irodasini bajaruvchilargina Shohlikka kirishadi. Xudoning irodasini bajarishning birinchi qadami Rabbimiz Isoga ishonishdir (Yuhanno 6:29).
7:22−23 Qiyomat kuni, imonsizlar Masihning oldiga kelganlarida (Vahiy 20:11−15), ko‘pchilik Unga bashorat qilganliklarini, yoki jinlarni quvganliklarini, yoki ko‘plab mo‘jizalar yaratganliklarini eslatishadi - va bularning barchasini Uning nomi bilan qilishgan. Ammo ularning e’tirozlari befoyda bo‘ladi. Iso ularga O‘zi hech qachon ularni bilmaganini yoki ularni O‘ziniki deb hisoblamaganini e’lon qiladi.
Bu oyatlardan biz barcha mo‘jizalar ham Ilohiy kelib chiqishga ega emasligini va har qanday mo‘jiza ko‘rsatuvchi Xudo tomonidan vakolatlanmaganligini bilib olamiz. Mo‘jiza g‘ayritabiiy kuch ta’sir qilayotganini bildiradi. Bu kuch ilohiy yoki shaytoniy bo‘lishi mumkin. Shayton o‘ziga bo‘ysunuvchilarga buni ilohiy mo‘jiza ekanini ko‘rsatish uchun jinlarni vaqtincha haydash kuchini berishi mumkin. Bunday holda, u o‘z saltanatini o‘zida bo‘lmaydi, balki kelajak uchun iblislarning yanada yomonroq fitnasini tuzadi.
Y. Qoya ustida quring (7:24−29)
7:24−25 Iso o‘z va’zini itoatkorlik qanchalik muhimligini ko‘rsatuvchi masal bilan yakunlaydi. So‘zlarga quloq solishning o‘zi yetarli emas, ularni hayotga tatbiq etishimiz kerak. Isoning buyrug‘iga quloq solib, uni bajarayotgan shogird uyini qoya ustiga qurgan aqlli kishiga o‘xshaydi. Uning uyi (hayoti) mustahkam asosga ega bo‘lib, yomg‘ir va shamollar unga zarba berganda ham qulamaydi.
7:26−27 Kim Isoning so‘zlariga quloq solsa-yu, ularni bajarmasa, u uyini qum ustiga qurgan aqlsiz odamga o‘xshaydi. Bunday odam falokatli bo‘ronlarga bardosh bera olmaydi: yomg‘ir yog‘ib, shamollar esganda, uy qulab tushadi, chunki uning mustahkam poydevori yo‘q.
Agar inson Tog‘dagi va’zning tamoyillari bo‘yicha yashasa, dunyo uni aqlsiz deb ataydi, Iso esa uni aqlli deb aytadi. Dunyo o‘z ko‘zi bilan ko‘rganiga qarab, bugungi kun uchun va o‘zi uchun yashaydigan odamni donishmand deb biladi. Iso bunday odamni aqlsiz deb ataydi. Xushxabarni tasvirlash uchun aqlli va aqlsiz quruvchilar misolini qo‘llash juda o‘rinlidir. Aqlli odam butun umidini qoyaga - Rabbimiz va Najotkorimiz Iso Masihga bog‘laydi. Aqlsiz odam esa tavba qilishdan bosh tortadi va yagona najot umidi sifatida Isoni rad etadi.
Ammo aslida bu masalning ma’nosi bizni najot topish yo‘lidan - masihiylar hayotida amaliy qo‘llash yo‘liga olib boradi.
7:28−29 Rabbimiz so‘zini tugatgach, xalq hayratda qoldi. Agar biz Tog‘dagi va’zni o‘qib, uning o‘zgartiruvchi xususiyatidan hayratlanmasak, demak biz uning ma’nosini tushunmagan bo‘lamiz.
Odamlar Isoning ta’limoti bilan ulamolarning ta’limoti o‘rtasidagi farqni anglashdi. U xuddi hokimiyatga ega odamdek gapirardi, ulamolarning so‘zlari esa kuchsiz edi. U ovoz edi, ular esa faqat aks-sado edi. Jemison, Fosset va Braunlar shunday sharhlaydilar:
"Qonun chiqaruvchi, sharhlovchi va hakamning ilohiy qudratini anglash Uning ta’limoti orqali shunchalik porlab turardiki, ulamolarning ta’limoti bunday yorug‘likda shunchaki quruq safsata bo‘lib tuyulardi." (Jamieson, Fausset va Brown, Yangi Ahdga tanqidiy va tushuntirish sharhlari, V:50.)