1 Oradan olti kun o‘tdi. Iso yoniga faqat Butrus, Yoqub va Yoqubning ukasi Yuhannoni olib, baland bir toqqa chiqdi.
2 U yerda, ularning ko‘z o‘ngida Isoning qiyofasi o‘zgardi: yuzi quyoshday porlab, kiyimlari ko‘zni qamashtiradigan darajada oppoq bo‘lib qoldi.
3 Birdaniga ularga Muso bilan Ilyos zohir bo‘lishdi. Ular Iso bilan gaplashdilar.
4 Butrus Isoga dedi: — Hazrat, yaxshi ham shu yerga kelgan ekanmiz! Istasangiz, uchta chayla yasayman: bittasi Sizga, bittasi Musoga, bittasi Ilyosga.
5 U shu gapini tugatmagan ham ediki, birdaniga oppoq bulut paydo bo‘lib, hammalariga soya soldi. Bulut orasidan shunday ovoz keldi: — Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, Undan mamnunman. Unga quloq solinglar!
6 Shogirdlar ovozni eshitganlarida, shunchalik qo‘rqib ketdilarki, yerga yuz tuban yiqildilar.
7 Iso esa kelib, ularga qo‘l tekkizdi–da: — Turinglar, qo‘rqmanglar! — dedi.
8 Ular boshlarini ko‘tarib, yolg‘iz Isodan boshqa hech kimni ko‘rmadilar.
9 Tog‘dan tushayotganlarida Iso ularga buyurdi: — Inson O‘g‘li o‘lib tirilmaguncha, bu ko‘rganlaringizni hech kimga aytmanglar.
10 Shogirdlari Undan so‘radilar: — Nega Tavrot tafsirchilari, Masihdan oldin Ilyos payg‘ambar kelishi kerak, deb aytadilar?
11 Iso ularga shunday javob berdi: — To‘g‘ri, avvalo Ilyos kelib, hamma narsani tiklashi kerak.
12 Biroq Men sizlarga shuni aytaman: Ilyos allaqachon kelgan. Ammo odamlar uni tanimay, uni xohlaganicha ho‘rladilar. Xuddi shunga o‘xshab, Inson O‘g‘li ham odamlar qo‘lida ko‘p azob chekadi.
13 Shunda shogirdlar tushundilarki, Iso ularga Yahyo cho‘mdiruvchi to‘g‘risida gapirayotgan ekan.
14 Iso shogirdlari bilan olomon oldiga kelganda, bir odam Isoning oldida tiz cho‘kib:
15 — Hazrat, — dedi, — o‘g‘limga rahm qiling! Uning tutqanoq kasali bor, qattiq azob chekmoqda. U ko‘pincha olovga yoki suvga yiqilib tushadi.
16 O‘g‘limni shogirdlaringiz oldiga olib kelgandim, ammo ular davolay olmadilar.
17 Iso shunday dedi: — Ey imonsiz va buzuq avlod! Qachongacha sizlar bilan birga bo‘lishim kerak?! Sizlarga yana qancha toqat qilishim kerak?! Bolani bu yerga olib kelinglar!
18 Iso jinga do‘q qildi. Jin bolaning ichidan chiqib ketdi, shu zahoti bola sog‘ayib qoldi.
19 Shogirdlar Iso bilan yolg‘iz qolganlarida, Undan: — Nega biz jinni quvib chiqara olmadik? — deb so‘radilar.
20 Iso javob berib dedi: — Yetarli imoningiz yo‘qligi uchun shunday bo‘ldi. Sizlarga chinini aytayin: agar zig‘irday imoningiz bo‘lib, shu toqqa: “Bu yerdan u yerga ko‘ch”, — deb aytsangiz, tog‘ ko‘chadi. Sizlar uchun imkonsiz narsa bo‘lmaydi.
21 [Biroq bu toifa jinlar ibodat va ruzadan boshqa narsa bilan cheqmas.]
22 Iso shogirdlari bilan Jalilaga qaytib kelgandan keyin, ularga dedi: — Inson O‘g‘li odamlar qo‘liga tutib beriladi.
23 Uni o‘ldirishadi, uchinchi kuni esa U tiriladi. Shogirdlar nihoyatda g‘amgin bo‘lib qoldilar.
24 Iso bilan shogirdlari Kafarnahumga kelganlarida, Ma’bad solig‘ini yig‘uvchilar Butrusning oldiga kelib: — Ustozingiz Ma’bad solig‘ini to‘lamaydimi? — deb so‘radilar.
25 — To‘laydi! — deb javob berdi Butrus. Butrus uyga kelgach, Iso birinchi bo‘lib gapirdi: — Butrus, sening fikring qanday? Bu dunyo shohlari soliq va bojni kimdan yig‘adilar? O‘zinikilardanmi yoki begonalardanmi?
26 — Begonalardan–da, — deb javob berdi Butrus. — Demak, o‘zinikilar soliqdan ozod ekan–da, — dedi Iso. —
27 Ammo, ularni norozi qilmaylik. Ko‘lga borib qarmoq tashla. Birinchi ilingan baliqni olib og‘zini ochsang, to‘rt diramlik tangani topasan. Tangani olib, ikkovimiz uchun soliq to‘la.
Matto Muqaddas xushxabar: 17 Bob
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari
E. O‘quvchilarni ulug‘likka tayyorlash: o‘zgarish (17:1−8)
17:1−2 Qaysariya Filippidagi voqeadan olti kun o‘tgach, Iso Butrus, Yoqub va Yuhannoni Jalilada joylashgan baland tog‘ga olib chiqdi. Ko‘p sharhlovchilar bu olti kunga alohida e’tibor qaratishadi. Xususan, Gabelin shunday deydi: "Olti - bu insoniy raqam, mehnat kunlarini anglatuvchi son. Olti kundan so‘ng - mehnat va inson kuni tugagach, Rabbimizning kuni, Shohlik keladi."
Luqo o‘zgarish "sakkiz kundan so‘ng" sodir bo‘lganini aytganda (9:28), u Isoning shogirdlariga bashorat qilgan kunni ham, o‘zgarish kunini ham hisobga olgan. Sakkiz - tirilish va yangi boshlanish raqami bo‘lgani uchun, Xudoning Shohligi Luqo kabi yangi boshlanish bilan taqqoslanishi mumkin.
Qutqaruvchiga ayniqsa yaqin bo‘lgan Butrus, Yoqub va Yuhannoga U O‘zining o‘zgarganini ko‘rish imtiyozini berdi. Shu paytgacha Uning ulug‘vorligi jismoniy tana bilan yashiringan edi. Ammo endi Uning yuzi va kiyimlari quyoshdek yarqirab, g‘oyat oppoq bo‘lib qoldi - bu Uning Ilohiyligining ko‘rinadigan namoyon bo‘lishi edi, xuddi VZdagi shon-shuhrat buluti yoki shekinah Xudoning huzurini ramziy ifodalagani kabi. Bu manzara Rabbimiz Iso O‘z Shohligini o‘rnatish uchun qaytib kelganda qanday qiyofada bo‘lishini oldindan ko‘rsatardi. U endi qurbonlikka olib borilayotgan Qo‘zi sifatida emas, balki Yahudo qabilasidan chiqqan Arslon sifatida zohir bo‘ladi. Uni ko‘rgan har bir kishi darhol Uni Xudoning O‘g‘li, Shohlarning Shohi va Hukmdorlarning Hukmdori deb tan oladi.
17:3 Muso va Ilyos tog‘da paydo bo‘lib, U bilan Quddusda bo‘ladigan o‘limi haqida suhbatlashdilar (Luqo 9:30−31). Muso va Ilyos Eski Ahd avliyolarini ifodalashi mumkin. Yoki Musoni qonun vakili, Ilyosni esa payg‘ambarlar vakili deb hisoblasak, u holda Eski Ahdning ikki qismi ham Masihning azob-uqubatlari va keyingi ulug‘vorligiga ishora qilayotganini ko‘ramiz. Uchinchi taxminga ko‘ra, o‘lim orqali osmonga ko‘tarilgan Muso Ming yillik Shohlik arafasida tirilganlarning ramzi bo‘lsa, tirik holda osmonga ko‘tarilgan Ilyos esa osmonga tirik holda ko‘tarilish orqali Shohlikka erishadiganlarning ramzidir.
Shogirdlar - Butrus, Yoqub va Yuhanno - umuman Yangi Ahddagi barcha avliyolarning vakillari bo‘lishi mumkin. Ular, shuningdek, Masihning ikkinchi kelishida tirik qoladigan va U bilan birga Shohlikka kiradigan sodiq yahudiy qoldig‘ining timsoli ham bo‘lishlari mumkin.
Tog‘ etagidagi xalq (Luqo 9:37 ga qarang) Masihning Ming yillik hukmronligi barakalaridan bahramand bo‘ladigan g‘ayriyahudiy xalqlarga o‘xshatilmoqda.
17:4−5 Butrus sodir bo‘lgan voqeadan juda hayajonlandi, u bu hodisaning haqiqiy ahamiyatini angladi. Bu ajoyib ko‘rinishni abadiylashtirish uchun u darhol uchta xotira chodiri qurishni taklif qildi: bittasi Isoga, bittasi Musoga va bittasi Ilyosga. U Isoni birinchi o‘ringa qo‘ygani to‘g‘ri edi, ammo Uning ulardan ustunligini ta’kidlamagani noto‘g‘ri bo‘ldi.
Iso tenglarning biri emas, U - hammaning Rabbidir. Bu saboqni berish uchun Xudo Ota ularni nurli bulut bilan qopladi, so‘ngra e’lon qildi: "Bu Mening sevikli O‘g‘lim, Undan mamnunman; Uni tinglanglar." Shohlikda Masih tengsiz Hukmdor bo‘ladi va Uning so‘zi mutlaq hokimiyatga ega bo‘ladi. Uning izdoshlari qalbida hozir ham shunday bo‘lishi kerak.
17:6−8 Bu ulug‘vorlik buluti va Xudoning ovozidan hayratga tushgan shogirdlar yuz tuban yiqilishdi. Lekin Iso ularga turishni va qo‘rqmaslikni buyurdi. Ular o‘rinlaridan turganda, yolg‘iz Isodan boshqa hech kimni ko‘rishmadi. Shohlikda ham shunday bo‘ladi - Rabbimiz "butun Immanuil yerining ulug‘vorligi" bo‘ladi.
F. O‘tmishdosh haqida (17:9−13)
17:9 Iso tog‘dan tushayotib, shogirdlariga U o‘likdan tirilmaguncha ko‘rgan narsalari haqida hech kimga aytmaslikni buyurdi. Yahudiylar o‘zlarini Rim zulmidan ozod qiladigan biror kishi topilishidan haddan tashqari tashvishlanib, Isoni Rimdan qutqaruvchi sifatida xursandchilik bilan kutib olishardi, lekin Uni gunohdan Qutqaruvchi sifatida istashmasdi. Amaliy maqsadlar tufayli Isroil o‘z Masihini rad etdi, shuning uchun yahudiylarga Masihning ulug‘vorligini ko‘rganlarini aytish befoyda edi. Tirilishdan so‘ng bu xabar butun dunyoga tarqaladi.
17:10−13 Shogirdlar hozirgina qudrat va shon-sharaf bilan kelayotgan Masihni oldindan ko‘rishdi. Biroq Uning o‘tmishdoshi hali paydo bo‘lmagan edi. Malakiyo payg‘ambar Ilyos Masih qaytishidan oldin kelishi kerakligini bashorat qilgani uchun (Mal 4:5−6), shogirdlar Isodan bu haqda so‘rashdi. Rabbimiz ularning fikriga qo‘shilib, haqiqatan ham, Ilyos oldinroq kelib, hamma narsani tartibga solishi kerakligini tasdiqladi, ammo Ilyos allaqachon kelganini tushuntirdi. U Yahyo cho‘mdiruvchini nazarda tutgani aniq edi (13-oyatga qarang). Yahyo Ilyos emas edi (Yuh 1:21), lekin "Ilyosning ruhi va qudrati bilan" kelgan edi (Luk 1:17). Agar Isroil Yahnoni va uning xabarini qabul qilganida, u Ilyos haqida bashorat qilingan barcha narsani amalga oshirgan bo‘lardi (Mat 11:14), ammo xalq Yahyo vazifasining ahamiyatini tushunmadi va unga o‘z xohishiga ko‘ra munosabatda bo‘ldi. Yahnoning o‘limi ular Inson O‘g‘liga nima qilishlarini aniq ko‘rsatib turardi. Ular o‘tmishdoshni rad etdilar, ular Podshohni ham rad etadilar. Iso buni shogirdlariga tushuntirganida, ular Uning Yahyo cho‘mdiruvchi haqida gapirayotganini anglashdi.
Shuningdek, Masihning ikkinchi kelishidan oldin Isroilni kelayotgan Podshohning kelishiga tayyorlash uchun payg‘ambar paydo bo‘lishiga ishonish uchun asos bor. Bu Ilyosmi yoki shunga o‘xshash xizmat qiladigan boshqa birovmi, buni aniq aytish qiyin.
G. Ro‘za va ibodat orqali xizmatga tayyorgarlik (17:14−21)
Hayot bizga faqat tog‘ cho‘qqilarini zabt etish quvonchinigina bermaydi. Ruhiy ko‘tarinkilik onlaridan so‘ng mashaqqatli mehnat va kuch sarflash soatlari va kunlari keladi. Inson ehtiyojlari vodiysida xizmat qilish uchun cho‘qqidan pastga tushishimiz kerak bo‘lgan payt keladi.
17:14−15 Tog‘ etagida Qutqaruvchini qayg‘udan aqldan ozgan ota kutib turardi. Uning oldida tiz cho‘kib, jin chalgan o‘g‘lining shifo topishiga bo‘lgan shoshilinch iltimosini aytdi. O‘g‘li tutqanoqning og‘ir turi bilan og‘rigan, uni tez-tez olovga, ba’zan suvga tashlardi, shuning uchun uning shundoq ham ayanchli ahvoli kuyish va cho‘kib ketish xavfi bilan yanada yomonlashardi. U shayton yetkazadigan azob-uqubatlarning yorqin namunasi edi − barcha shafqatsiz ishlarning ustasi.
17:16 Bu ota shogirdlardan yordam so‘ragan, lekin "inson yordami behuda" ekanligini bilib qolgan edi. Ularning bu shifoni amalga oshirishga kuchi yetmasdi.
17:17 "Ey, imonsiz va buzuq avlod! Qachongacha sizlar bilan birga bo‘laman? Qachongacha sizlarga chidayman?" − degan so‘zlar shogirdlarga qaratilgan edi. Ular tutqanoqni davolash uchun yetarli imonga ega emas edilar, ammo o‘sha paytdagi isroilliklarning aksariyati − imonsiz va o‘jar odamlar ham xuddi shunday ahvolda edilar.
17:18 Tutqanoq yigitni Uning oldiga olib kelishlari bilanoq, Iso jinni haydadi va kasal darhol shifo topdi.
17:19−20 O‘zlarining ojizligidan hayratga tushgan shogirdlar Iso bilan yolg‘iz qolganlarida, muvaffaqiyatsizliklarining sababini tushuntirib berishini so‘rashdi. Uning javobi aniq edi: imonsizlik. Agar ular xantal urug‘idek kichik imonga ega bo‘lganlarida, tog‘ga dengizga tashlanishni buyurganlarida, shunday bo‘lardi. Albatta, haqiqiy imon Xudoning biror amriga yoki va’dasiga asoslanishi kerakligini tushunish lozim. O‘z injiqligini qondirish uchun qandaydir mo‘jizaviy ishni amalga oshirishni kutish − bu imon emas, balki manmanlikdir. Ammo agar Xudo mo‘minni ma’lum bir yo‘nalishga boshqarsa yoki ma’lum bir amr bersa, masihiy tog‘dek ulkan qiyinchiliklar paydo bo‘lsa ham, ular mo‘jizaviy tarzda bartaraf etilishiga to‘la ishonishi mumkin. Mo‘min uchun imkonsiz narsa yo‘q.
17:21 "Bu tur faqat ibodat va ro‘za bilan chiqariladi" − zamonaviy Injillarning ko‘pchiligida tushirib qoldirilgan, chunki bu oyat ko‘plab ilk qo‘lyozmalarda yo‘q. Biroq uni qo‘lyozmalarning aksariyat qismida uchratish mumkin va u mazmuniga mos kelib, muammolar tug‘dirmaydi.
H. Iso xoinlik qurboni bo‘ladi (17:22−23)
Hazrati Iso yana bir bor, dabdabasiz va shov-shuvsiz, shogirdlarini U xoinlik qurboni bo‘lib o‘ldirilishi haqida ogohlantirdi.
Va yana madad va g‘alaba so‘zlari yangradi: U uchinchi kuni tiriladi. Agar U zot ularga bu haqda avvaldan aytmaganida, bu voqea yuz berganda ular butunlay tushkunlikka tushgan bo‘lardi.
Sharmandalik va azob-uqubatdan o‘lish ularning Masih haqidagi umidlariga mos kelmasdi. Har holda, Isoning ularni tark etishi va o‘ldirilishi ularga qattiq ta’sir qildi. Ular Isoning azob-uqubatlar haqidagi ogohlantirishlarini eshitishgan, ammo Uning tirilish va’dasini e’tibordan chetda qoldirganga o‘xshardi.
I. Butrus va uning Ustozi soliq to‘laydilar (17:24−27)
17:24−25 Kapernaumda ma’bad soliqlarini yig‘uvchilar Butrusdan so‘radilar: "Ustozingiz qimmatbaho ma’bad xizmatini ta’minlash uchun yarim shekel to‘lamaydimi?" Butrus: "Ha," deb javob berdi. Ehtimol, dovdirab qolgan shogird Xaloskorni noqulay vaziyatdan asramoqchi bo‘lgandir.
Rabbimizning hamma narsadan xabardorligi keyingi voqealarda ko‘rinadi. Butrus uyga kirgach, Iso u bilan gaplashishni boshladi, Butrus bo‘lib o‘tgan voqeani aytib berishga ulgurmay. "Sening fikringcha, Simun, yer yuzidagi podshohlar kimdan boj yoki soliq oladilar? O‘z o‘g‘illaridanmi yoki begonalardanmi?" Bu savol o‘sha davr tartib-qoidalari nuqtai nazaridan tushunarli bo‘lishi mumkin. Hukmdor o‘z oilasi va shohligini ta’minlash uchun fuqarolariga soliqlar solardi, ammo uning oilasi soliqlardan ozod edi. Bizning hozirgi boshqaruv tizimimizda esa hamma, shu jumladan hukmdor va uning oilasi ham soliq to‘lashi shart.
17:26 Butrus to‘g‘ri javob berdi: hukmdorlar begonalardan soliq oladi. Shunda Iso o‘g‘illar ozod ekanligini aytdi. Gap shundaki, bu ma’bad Xudoning uyi edi. Xudoning O‘g‘li Iso Masih uchun ma’bad xarajatlari uchun soliq to‘lash O‘ziga soliq to‘lash bilan barobar edi.
17:27 Biroq, Rabbimiz bu qonunbuzarlikdan g‘azablanish o‘rniga, soliq to‘lashga rozi bo‘ldi. Lekin U pulni qayerdan olsin? Isoning yonida pul olib yurishi haqida hech qachon yozilmagan. U Butrusni Jalila dengiziga yuborib, birinchi tutilgan baliqni olib kelishni buyurdi. Bu baliqning og‘zida statir tangasi bor edi, Butrus bu bilan Rabbimiz Iso uchun yarim va o‘zi uchun yarim soliq to‘ladi.
Bu ajoyib mo‘jiza juda qisqa yozilgan bo‘lib, Masihning hamma narsadan xabardorligini yaqqol ko‘rsatadi. U Jalila dengizidagi barcha baliqlardan qaysi birining og‘zida statir borligini bilardi. U aynan o‘sha baliqning qayerdaligini bilardi. U Butrus uni birinchi bo‘lib tutib olishini ham bilardi.
Agar bu yerda ilohiy tamoyil ishlatilmaganida, Iso to‘lovni amalga oshirmagan bo‘lardi. Bu ishning axloqiy tomoni Unga ahamiyatsiz edi va U qonunbuzar bo‘lgandan ko‘ra to‘lashni afzal ko‘rdi. Biz, imonlilar sifatida, qonundan ozodmiz. Biroq, axloqqa taalluqli bo‘lmagan holatlarda boshqalarning vijdonini hurmat qilishimiz va hech qanday qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.