Matto Muqaddas xushxabar: 21 Bob

MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

XII. PODSHOHNING TAQDIM ETILISHI VA RAD QILINISHI (21-23-boblar)

A. G‘olibona kirish (21:1−11)

21:1−3 Iyerixondan chiqib, Iso Zaytun tog‘ining sharqiy yonbag‘riga yaqinlashdi, u yerda Baytaniya va Baytfagiya joylashgan edi. U yerdan yo‘l Zaytun tog‘ining janubiy yonbag‘ri bo‘ylab Yehoshafat vodiysiga tushib, Qidron soyini kesib o‘tib, Quddusga ko‘tarilar edi.

Iso ikki shogirdini Baytaniyaga yuborib, u yerda bog‘langan урғочи eshak va uning yonidagi хўтикни topishlariga ishonch hosil qildi. Ular hayvonlarni yechib, Isoning oldiga olib kelishlari kerak edi. Agar kimdir ulardan nima qilayotganlarini so‘rasa, bu hayvonlar Rabbga kerak, deb javob berishlari lozim edi. Shunda egasi ularni berishga rozi bo‘lardi. Ehtimol, uy egasi Isoni tanib, ilgari Unga yordam taklif qilgandir. Yoki bu voqea Rabbning hamma narsadan xabardorligi va hokimiyatini ko‘rsatishi kerak edi. Hammasi Iso aytganidek bo‘ldi.

21:4−5 Isoning hayvonlarni O‘ziga olib kelish talabi Ishayo va Zakariyo bashoratining ro‘yobga chiqishi edi: "Sion qiziga aytinglar: Mana, sening Shohing senga kelmoqda. U kamtar, eshakka — урғочи eshak va uning bolasiga minib kelmoqda".

21:6 Shogirdlar kiyimlarini hayvonlar ustiga yozishgach, Iso eshakka mindi (Mark 11:7) va Quddusga yo‘l oldi. Bu tarixiy lahza edi. Ser Robert Andersonning hisob-kitoblariga ko‘ra, Doniyor bashoratidagi oltmish to‘qqizta yettilik endi tugagan edi (uning "Kelayotgan Shahzoda" kitobiga qarang). Shundan so‘ng Masih o‘ldirilishi kerak edi (Doniyor 9:26).

Shunday qilib Quddusga kirib kelar ekan, Rabbimiz Iso o‘ylab va ochiq-oydin O‘zining Masih ekanligini e’lon qildi. Lang shunday yozadi:

"U amalda O‘z davrida bir ovozdan Masihga tegishli deb talqin qilingan bashoratni amalga oshirdi. Agar ilgari U O‘z unvonini e’lon qilishni xavfli deb bilgan bo‘lsa, endi jim turishni nomaqbul deb hisoblaydi... Kelajakda U hech qachon O‘zi haqida mutlaqo aniq gapirmagan, deb bo‘lmaydi. Keyinchalik Quddus Masihni o‘ldirishda ayblanganida, u Masih hamma uchun tushunarli bo‘lgan belgini berishni o‘tkazib yubordi, deya olmaydi." (J. P. Lange, Muqaddas Kitobga sharh, 25 jild, sahifa noma’lum.)

21:7−8 Rabbimiz kiyimlar va palma shoxlaridan to‘shalgan yo‘ldan, quloqlariga chalinayotgan xalq hayqiriqlari ostida shaharga kirib keldi. Qisqa vaqt ichida U Shoh sifatida tan olindi.

21:9 Xalq: "Dovud O‘g‘liga hosanna! Egamiz nomidan kelayotgan zot muborak bo‘lsin!" deb hayqirardi. Zabur 117:25-26 dan olingan bu iqtibos aniq Masihning kelishiga ishora qiladi. "Hosanna" aslida "hozir qutqar" degan ma’noni anglatgan; ehtimol, xalq "Rim zolimlaridan bizni qutqar" demoqchi bo‘lgan. Keyinchalik bu ibora xitobga aylangan. "Dovud O‘g‘li" va "Egamiz nomidan kelayotgan zot" iboralari Isoni Masih deb tan olganlarini yaqqol ko‘rsatadi.

U Yahvening irodasini amalga oshirish uchun kelayotgan Muborak zotdir.

Mark o‘z hikoyasida olomonning xitoblari qatorida quyidagi iborani keltirib o‘tadi: "Egamiz nomidan kelayotgan otamiz Dovudning shohligi muborak bo‘lsin!" (Mark 11:10). Bu xalqning Masih tez orada Dovud taxtida o‘tirib shohlikni o‘rnatishi haqidagi umidlariga ishora qiladi. Olomon: "Samolarda hosanna!" deb hayqirar ekan, osmonni yerga qo‘shilishga, Masihni ulug‘lashga chaqirdi va balki Undan yuqori osmonlardan najot yuborishni so‘rab iltijo qildi.

Mark (11:11) guvohlik berishicha, Iso Quddusga yetib kelgach, ma’badga kirdi; ma’badning ichiga emas, balki hovlisiga. Bu Xudoning uyi bo‘lishi kerak edi, ammo U bu ma’badda o‘zini uyidagidek his qilmadi, chunki ruhoniylar va xalq Unga munosib joy berishdan bosh tortgan edi. Ibodatxonani ko‘zdan kechirgach, Najotkor o‘n ikki shogirdi bilan Baytaniyaga jo‘nab ketdi. Bu yakshanba kuni kechqurun sodir bo‘ldi.

21:10−11 Bu paytda butun shahar harakatga kelgan edi. U haqda so‘raganlarga: "Bu Jaliladagi Nosiradan kelgan Iso payg‘ambar", deb javob berishardi. Bundan ko‘rinib turibdiki, ko‘pchilik Uning Masih ekanini tushunmagan edi. Bir hafta o‘tar-o‘tmas shu noloyiq olomon: "Uni xochga mikhla! Uni xochga mikhla!" deb baqiradigan bo‘ladi.

B. Ibodatxonani tozalash (21:12−13)

21:12 Iso ochiq xizmatining boshida savdogarlarni ma’bad hududidan haydab chiqargan edi (Yuhanno 2:13−16). Lekin katta foyda ko‘rish maqsadida ibodatxonaning tashqi hovlisida yana savdogarchilik avj olgan edi. Qurbonlik uchun hayvon va qushlar haddan tashqari qimmat narxlarda sotilardi. Sarroflar yahudiylar to‘lashlari kerak bo‘lgan yarim shekellik soliqni katta ustama bilan almashtirishardi. Isoning xizmati yakuniga yaqinlashganda, U yana muqaddas ishlardan foydalanib boylik orttirayotganlarni haydab chiqardi.

21:13 Ishayo va Yeremiyo kitoblaridan keltirilgan iqtiboslarni birlashtirgan holda, U ibodatxonaning harom qilinishi, savdogarchilik va maxsus imtiyozlarni qoraladi. Ishayodan (56:7) iqtibos keltirib, Xudo bu ma’badni ibodat uyi sifatida mo‘ljallaganini eslatdi. Ular esa uni qaroqchilar uyasiga aylantirgan edilar (Yeremiyo 7:11). Ma’badni tozalash Uning Quddusga kirgandan keyingi birinchi rasmiy harakati edi. Bu ishi bilan U ma’badning Egasi bo‘lishga haqli ekanini ochiq-oydin ko‘rsatdi.

Bugungi kunda bu voqea biz uchun ikki tomonlama ahamiyatga ega. Bizning cherkov hayotimizni bozorlar, ziyofatlar va pul topishning boshqa ko‘plab usullaridan tozalashiga muhtojmiz. Shaxsiy hayotimiz ham Rabbimizning Muqaddas Ruh ibodatxonasi bo‘lmish tanalarimizni doimiy ravishda tozalashiga muhtojdir.

D. Ruhoniylar va ulamolarning g‘azabi (21:14−17)

21:14 Keyingi voqeada Rabbimizning ma’bad hovlisida ko‘zi ojizlar va cho‘loqlarni shifolayotganini ko‘ramiz. U qayerga bormasin, muhtojlarni O‘ziga jalb qilar va ularning ehtiyojlariga javob bermasdan hech qachon qaytarmas edi.

21:15−16 Biroq g‘arazgo‘ylarning ko‘zlari hamma joyda Uni kuzatib turardi. Oliy ruhoniylar va ulamolar bolalarning Isoni Dovudning O‘g‘li sifatida olqishlayotganlarini eshitib, g‘azabga mindilar.

Ular: "Ularning aytayotganlarini eshityapsanmi?" deb so‘radilar, go‘yo U bolalarga O‘zini Masih deb atashni man qilishini kutayotgandek. Agar Iso Masih bo‘lmagan bo‘lsa, endi bu haqda hammaga bir marta va birdaniga aytishning ayni vaqti kelgan edi. Ammo Uning javobi bolalarning haqligini tasdiqladi. U Septuagintadagi Zabur 8:3 ni keltirib o‘tdi: "Go‘daklar va emizikli bolalar og‘zidan Sen maqtov tayyorlading‘’. Agar ilm sohiblari hisoblangan ulamolar va ruhoniylar Uni Xudoning Moy surtilgani sifatida ulug‘lamagan bo‘lsalar, yosh bolalar Rabbga sajda qilishlari kerak edi. Bolalar ko‘pincha yoshiga mos kelmaydigan ruhiy idrokka ega bo‘ladilar va ularning imon va muhabbat so‘zlari Rabbimizning nomiga g‘ayrioddiy shon-sharaf keltiradi.

21:17 Iso din peshvolarini bu haqda mulohaza yuritishga qoldirib, Baytaniyaga qaytdi va u yerda tunadi.

E. Mevasiz anjir daraxti (21:18−22)

21:18−19 Ertalab Quddusga qaytayotib, Rabbimiz ochligini qondirish uchun bir anjir daraxtiga yaqinlashdi. Unda yaproqlardan boshqa hech narsa topmagan Iso: "Bundan buyon senda abadiy meva bo‘lmasin," dedi. Anjir daraxti shu zahoti qurib qoldi.

Mark bu yerda (11:12−14) qo‘shimcha qiladiki, hali anjir terish mavsumi kelmagan edi. Shuning uchun daraxtda meva yo‘qligi sababli uni la’natlash Najotkorni aqlsiz va sabrsiz ko‘rsatishi mumkin. Bunday bo‘lishi mumkin emasligini bilgan holda, bu murakkab vaziyatni qanday tushuntirish mumkin? Muqaddas Kitob yurtlaridagi anjir daraxtlari barglar paydo bo‘lishidan oldin erta yeyiladigan mevalar berardi. Bu odatdagi hosildan darak edi. Agar ushbu holatdagidek anjirlar paydo bo‘lmasa, bu keyinchalik odatdagi hosil ham bo‘lmasligini anglatardi. Bu – Iso ko‘rsatgan yagona mo‘jiza bo‘lib, unda U baraka berishdan ko‘ra ko‘proq la’natlagan, hayotni tiklashdan ko‘ra ko‘proq yo‘q qilgan. Aynan shu narsa qiyinchilik tug‘dirdi. Bunday tanqid Masihning shaxsiyatini bilmaslikni ko‘rsatadi. U – Xudo, koinotning Hukmdoridir. Uning ba’zi ishlari biz uchun sirli, ammo biz Uning barcha ishlari to‘g‘ri ekanligidan kelib chiqishimiz kerak. Bu holda Rabbimiz bu anjir daraxti hech qachon meva bermasligini bilardi va bog‘bon o‘z bog‘idagi mevasiz daraxtni olib tashlagani kabi, U ham shunday yo‘l tutdi.

Hatto Rabbimizni anjirni la’natlagani uchun tanqid qiluvchilar ham bu ishni ramziy ma’noga ega ekanligini tan oladilar. Bu voqea Uning kecha Quddusda duch kelgan noxush munosabatning talqinidir. Xuddi uzum tokiga va zaytun daraxtiga o‘xshab, anjir daraxti ham Isroil xalqini ifodalaydi. Iso O‘z xalqi oldiga kelganida, e’tiqoddan darak beruvchi barglarni ko‘rdi, ammo Xudo uchun meva yo‘q edi. Iso xalqdan meva kutardi.

Erta hosil yo‘qligi sababli, bu imonsiz xalqdan kechki hosil ham bo‘lmasligini bilib, anjirni la’natladi. Bu milodiy 70-yilda xalq boshiga tushadigan jazoning dastlabki namoyishi edi. Shuni yodda tutishimiz kerakki, imonsiz Isroil abadiy mevasiz qolsa-da, xalqning qolgan qismi Masihning olib ketilishidan keyin O‘z Masihiga qaytadi. Ular buyuk azob-uqubat davrida va Uning Ming yillik Shohligida Unga meva keltirishadi. Garchi bu parchaning asosiy talqini Isroil xalqiga tegishli bo‘lsa-da, uni barcha davrlardagi ko‘p gapirib, kam ish qilgan barcha odamlarga nisbatan qo‘llash mumkin.

21:20−22 Shogirdlar daraxtning to‘satdan qurib qolganini ko‘rib hayratlanganlarida, Rabbimiz ularga agar imonlari bo‘lsa, bundan-da ulug‘roq mo‘jizalar yaratishlari mumkinligini aytdi. Masalan, ular tog‘ga: "Ko‘tarilib, dengizga tashlan," deyishlari mumkin va shunday bo‘lardi. "Imon bilan ibodatda so‘raganingizning hammasini olasizlar".

Yana shuni ta’kidlashimiz kerakki, ibodatga taalluqli bo‘lgan bu so‘zsiz va’dalarni Muqaddas Kitobning bu boradagi barcha ta’limotlari nuqtayi nazaridan tushunish lozim. 22-oyat har bir masihiy xohlagan narsasini so‘rashi va uning ijobat bo‘lishini kutishi mumkinligini anglatmaydi. U Muqaddas Kitobda belgilangan shartlarga muvofiq ibodat qilishi kerak.

F. Isodan Uning hokimiyati haqida so‘rashmoqda (21:23−27)

21:23 Iso ma’badning tashqi hovlisiga kelib, ta’lim berayotganida, oliy ruhoniylar va oqsoqollar Uning ta’limini to‘xtatib, kimning ruxsati bilan U ta’lim berish, mo‘jizalar ko‘rsatish va ma’badni tozalash huquqiga ega ekanini so‘rashdi. Ular Isoni qanday javob bermasin, qopqonga tushirishga umid qilishardi. Agar U o‘zini Xudoning O‘g‘li sifatida hokimiyatga ega ekanligini aytsa, Uni kufrda ayblashar edi. Agar hokimiyati "odamlardan" desa, Uni obro‘sizlantirishar edi. Agar Xudodan hokimiyat olganini aytsa, Uning javobiga shubha bildirishar edi.

Rasman ta’lim olgan va odamlar tomonidan saylangan bo‘lganlari uchun, ular o‘zlarini e’tiqod posbonlari, xalqning diniy hayotiga rahbarlik qilishga vakolatli mutaxassislar deb hisoblardilar. Iso rasmiy ta’lim olmagan va, albatta, diniy rahbarlar tomonidan berilgan oliy ma’lumot diplomiga ega emasdi. Ularning savoli muqaddas moy surtilgan kishilarga nisbatan professional dindorlarning uzoq vaqtdan beri to‘planib kelgan noroziligini aks ettirardi.

21:24−25 Iso ularga: "Yahyoning cho‘qintirishi qayerdan edi: samoviymi yoki insoniymi?" degan savolga javob berishsa, O‘z hokimiyatini tushuntirishni va’da qildi. Bu yerda "Yahyoning cho‘qintirishi" Yahyoning xizmati ma’nosida tushunilishi kerak. Shuning uchun savol shunday edi: "Yahyoga o‘z xizmatini bajarish uchun kim vakolat bergan? Uning xizmatga tayinlanishi insondanmi yoki Xudodanmi? Uning Isroil rahbarlaridan qanday vakolatlari bor edi?" Javob aniq edi: Yahyo Xudo tomonidan yuborilgan inson edi. Uning kuchi odamlarning ma’qullashidan emas, balki Ilohiy vakolatdan kelib chiqardi.

Ruhoniylar va oqsoqollar qiyin ahvolga tushib qolishdi. Agar ular Yahyoning Xudo tomonidan yuborilganini tan olishsa, tuzoqqa tushgan bo‘lardilar. Yahyo odamlarga Isoni Masih sifatida ko‘rsatgandi. Agar Yahyo Xudodan hokimiyat olgan bo‘lsa, nega ular tavba qilmagan va Masihga ishonmagandilar?

21:26 Agar ular Yahyoni Xudo tanlamagan deyishsa, xalqning aksariyati Yahyoni payg‘ambar deb bilgani uchun ularni masxara qilgan bo‘lardi. Agar ular Yahyoning Xudoning elchisi ekanini tan olganlarida edi, o‘z savollariga javob berishlari kerak bo‘lardi: Iso Masih edi, Yahyo esa Uning oldidan kelgan edi.

21:27 Ammo ular bu haqiqatni tan olishni istamadilar va shuning uchun bilmasliklarini bahona qildilar. Ular Yahyoning kuchi qayerdan ekanligini ayta olmadilar. Iso: "Men ham sizlarga buni qanday hokimiyat bilan qilayotganimni aytmayman", dedi. Nega endi U ularga o‘zlari bilgan, lekin qabul qilishni istamagan narsani aytishi kerak edi?

G. Ikki o‘g‘il haqidagi masal (21:28−32)

21:28−30 Bu masal oliy ruhoniylar va ulamolarga Yahyoning tavba va imonga bo‘lgan da’vatiga javob bermaganlari uchun achchiq tanbehdir. U ikki o‘g‘lini uzumzorda ishlashga yuborgan odam haqida. Biri avval rad etib, keyin fikrini o‘zgartirib ishga bordi. Ikkinchisi rozi bo‘ldi-yu, bormadi.

21:31−32 "Qaysi o‘g‘il otasining xohishini bajo keltirdi?" degan savolga javob berar ekan, din peshvolari aqlsizlik qilib, "birinchisi" deb o‘zlarini ayblashdi.

Rabbimiz bu masalni sharhlab berdi. Soliqchilar va fohishalarni birinchi o‘g‘ilga o‘xshatdi. Ular Yahyo payg‘ambarga darhol itoat etishga tayyor ekanliklarini ko‘rsatishmadi, lekin oxir-oqibat ko‘pchiligi tavba qilib, Isoga ishondi. Din peshvolari ikkinchi o‘g‘ilga o‘xshardi. Ular Yahyoning va’zini ma’qullashlarini aytishdi, lekin hech qachon o‘z gunohlarini tan olishmadi va Isoga ishonishmadi.

Shu sababli, ashaddiy gunohkorlar Xudoning Shohligiga kirishmoqda, o‘zini xudo‘joy deb bilgan din rahbarlari esa undan tashqarida qolishmoqda. Bugun ham shunday bo‘lyapti. Ochiq-oydin gunohkorlar, soxta taqvodorlik niqobiga yashiringanlarga qaraganda, Xushxabarni samimiyroq qabul qilishmoqda.

"Yahyo sizlarning oldingizga to‘g‘rilik yo‘li bilan keldi" iborasi u tavba va imon orqali solihlik zarurligini targ‘ib qilish uchun kelganini anglatadi.

H. Yovuz bog‘bonlar haqidagi masal (21:33−46)

21:33−39 Shundan so‘ng, hokimiyat haqidagi savolga javob berar ekan, Iso bir yer egasi haqida masal aytib berdi. U uzumzor barpo etib, atrofini devor bilan o‘radi, unda sharob tayyorlaydigan chuqur qazib, minora qurdi va uni bog‘bonlarga ijaraga berib, uzoq safarga ketdi. Uzum hosili yetilgach, u bog‘bonlarga o‘z xizmatkorlarini yuborib, hosilni oldiribdi. Lekin bog‘bonlar ba’zilarini kaltaklab, ba’zilarini o‘ldirib, ba’zilarini toshbo‘ron qilishibdi. U boshqa xizmatkorlarini yuborganda, ular ham xuddi shunday muomalaga duch kelishdi. Oxirida u o‘g‘lini yuborib, "O‘g‘limdan uyalishsa kerak", deb o‘yladi. Ammo bog‘bonlar uning merosxo‘r ekanini bilib, uni o‘ldirib, merosni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lishdi.

21:40−41 Rabbimiz ruhoniylar va ulamolardan xo‘jayin o‘sha bog‘bonlarga qanday munosabatda bo‘lishini so‘radi. Ular: "U bu yovuzlarni shafqatsiz jazolaydi, bog‘ni esa boshqa bog‘bonlarga beradi. Ular unga hosilni o‘z vaqtida topshirib turishadi", deb javob berishdi.

Bu masalni tushunish qiyin emas. Xudo - yer egasi, Isroil - uzumzor (Zabur 79:9; Ishayo 5:1-7; Yeremiyo 2:21). Devor - Muso qonuni bo‘lib, Isroilni boshqa xalqlardan ajratib, Xudoning tanlangan xalqi sifatida saqlab turgan. Sharob tayyorlaydigan chuqur - Isroil Xudoga keltirishi lozim bo‘lgan hosilni anglatadi. Minora esa Yahudoning O‘z xalqini qo‘riqlayotganiga ishora. Bog‘bonlar - bosh ruhoniylar va ulamolar.

Xudo Isroil xalqiga o‘z bandalarini, ya’ni payg‘ambarlarni bir necha bor yuborib, uzumzordan birodarlik, muqaddaslik va muhabbat hosilini kutgan. Ammo xalq payg‘ambarlarni quvg‘in qildi, ba’zilarini esa o‘ldirdi. Nihoyat, Xudo O‘g‘lini yuborib: "O‘g‘limdan uyalishsa kerak", dedi (37-oyat). Oliy ruhoniylar va ulamolar: "Bu merosxo‘r", deyishdi. Bu halokatli e’tirof edi. Ular Isoning Xudoning O‘g‘li ekanligini ichlarida tan olishdi (garchi buni oshkora inkor etishsa ham) va shu tariqa o‘zlarining hokimiyat haqidagi savollariga o‘zlari javob berishdi. Uning hokimiyati Xudoning O‘g‘li ekanligidan kelib chiqardi.

Masalda ularga: "Bu merosxo‘r; keling, uni o‘ldiraylik va merosiga egalik qilaylik" (38-oyat) deb aytayotganlari haqida ishora bor. Haqiqiy hayotda ular shunday deyishgan: "Agar biz Uni shunday qoldirsak, hamma Unga ishonadi va rimliklar kelib, bizning joyimizni ham, xalqimizni ham egallab oladi" (Yuhanno 11:48). Shunday qilib, ular Uni rad etdilar, haydab chiqardilar va xochga mixladilar.

21:42 Najotkor oliy ruhoniylar va farziylardan uzumzor egasi nima qilishini so‘raganida, ularning javobi o‘zlarini mahkum etdi, buni U 42 va 43-oyatlarda ko‘rsatadi. U Zabur 117:22 dan iqtibos keltirdi: "Binokorlar rad etgan tosh burchakning tamal toshi bo‘ldi: bu Xudovanddan va ko‘zlarimiz oldida ajoyibdir". Masih, ya’ni Tosh, O‘zini binokorlarga - Isroil yo‘lboshchilariga ko‘rsatganida, ular O‘z qurilish rejalarida Unga joy topmadilar.

Ular Uni keraksiz deb chetga chiqarib tashladilar. Ammo O‘lganidan so‘ng U tirildi va Xudo Unga eng yuksak o‘rinni berdi. U Xudoning binosidagi eng muhim toshga aylandi: "...Xudo Uni ulug‘ladi va Unga har qanday ismdan ustun ism berdi" (Filippiliklar 2:9).

21:43 Shunda Iso ochiqchasiga Xudoning Shohligi Isroildan olib qo‘yilishini va uning mevasini beradigan xalqqa topshirilishini e’lon qildi. Aynan shunday bo‘ldi ham. Xudo tomonidan tanlangan xalq sifatida Isroil rad etildi va qonuniy ravishda ko‘rlikka mahkum qilindi. O‘z Masihini rad etgan xalq qattiq yuraklikka duchor bo‘ldi. Xudoning Shohligi uning mevasini beradigan xalqqa berilishi haqidagi bashoratni quyidagicha tushunish lozim:

1) Imonli yahudiy va majusiylardan tashkil topgan Jamoat - "muqaddas xalq, Xudoning xos mulki bo‘lgan odamlar" (1 Butrus 2:9) yoki

2) buyuk qayg‘u davrida yashaydigan Isroilning imonli qismi.

Qutqarilgan Isroil Xudo uchun meva keltiradi.

21:44 "Kim bu toshga yiqilsa, parchalanib ketadi; kimning ustiga u tush tushsa, uni ezib tashlaydi". Oyatning birinchi qismida tosh yerda yotibdi; ikkinchi qismida esa yuqoridan qulab tushmoqda. Bu yerda Masihning ikki kelishi nazarda tutilgan. U birinchi marta kelganida, yahudiy yo‘lboshchilari Unga qoqilib, parchalanib ketdilar. U yana kelganida esa, O‘z dushmanlarini changdek to‘zg‘itib yuboradigan jazolovchi sifatida tushadi.

21:45−46 Oliy ruhoniylar va farziylar bu masallar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ularga qarshi, Masihning hokimiyati haqidagi savollariga javob tariqasida aytilganini tushunib yetdilar. Ular Isoni darhol hibsga olishga tayyor edilar, biroq hali ham Uni payg‘ambar deb biladigan xalqdan qo‘rqdilar.

Muqaddas Kitob ONLINE

1 Iso bilan shogirdlari Quddusga yaqinlashib, Zaytun tog‘i etagidagi Baytfagiya qishlog‘iga yetib kelishganda, Iso ikki shogirdiga dedi:
2 — Anavi qishloqqa boringlar. U yerga borishingiz bilanoq, bog‘lab qo‘yilgan eshakni va yonidagi xo‘tikni ko‘rasizlar. Ularni yechib, Mening oldimga olib kelinglar.
3 Agar kimdir sizga biron nima desa, “Bular RabbimizMasihga kerak. U darhol bularni qaytarib yuboradi”, deb aytinglar.
4 Bu voqea payg‘ambarning aytgan quyidagi so‘zlari bajo bo‘lishi uchun yuz bergan edi:
5 “Quddus xalqiga ayting: Mana shohingiz kelyapti. Kamtarindir shohingiz, U eshakning ustida, Ha, eshakning bolasini — ho‘tikni minib kelyapti.”
6 Shogirdlar borib, Iso ularga buyurganiday qilishdi.
7 Ular eshak bilan xo‘tikni Isoning oldiga olib kelishdi. Eshak va xo‘tik ustiga to‘nlarini tashlashdi, Iso xo‘tikka mindi.
8 Bir talay olomon to‘nlarini yo‘lga poyandoz qildi. Ba’zilari esa daraxt shoxlarini kesib, yo‘lga to‘shadilar.
9 Oldinda va orqada yurayotgan olomon shunday deb hayqirardi: “Dovud O‘g‘liga tasanno! Egamiz nomidan kelayotgan Inson baraka topsin! Falak toqida Unga tasanno o‘qilsin!”
10 Iso Quddusga kirib kelganda, butun shahar: “Bu kim bo‘ldi?” — deb g‘imirlab qoldi.
11 Olomon esa shunday deb javob berardi: “U Jalilaning Nosira shahridan bo‘lgan Iso payg‘ambar!”
12 Iso Ma’badga kirib, ichkarida oldi–sotdi qilayotgan hammani quvib chiqardi. Sarroflarning xontaxtalarini va kaptar sotuvchilarning kursilarini ag‘darib yubordi.
13 Iso ularga shunday dedi: — “Mening uyim Ibodat Uyi bo‘ladi, deb Tavrotda yozilgan–ku! Sizlar esa Xudoning uyini qaroqchilar uyasiga aylantirib yuboryapsizlar!
14 Ma’badda Isoning oldiga ko‘rlar va cho‘loqlar keldi. Iso ularga shifo berdi.
15 Bosh ruhoniylar bilan Tavrot tafsirchilari Isoning qilayotgan ajoyib ishlarini ko‘rib va Ma’baddagi bolalarning: “Dovud O‘g‘liga tasanno!” deb hayqirayotganini eshitib, qattiq g‘azablandilar.
16 — Ularning nima deyayotganlarini eshityapsanmi? — dedilar Unga. — Ha, eshityapman! — deb javob berdi Iso. — Nahotki sizlar: “Sen bolalar va chaqaloqlarga madhiya aytishni o‘rgatding”, — degan oyatni hech qachon o‘qimagan bo‘lsangiz?
17 So‘ng Iso ularni tark etib, Quddusdan chiqib ketdi. U Baytaniya shahriga borib, u yerda tunab qoldi.
18 Ertalab Iso shaharga qaytib kelayotganda och edi.
19 Yo‘l chetida bir anjir daraxtini ko‘rib, uning yoniga bordi. Iso barglardan boshqa hech narsa topmay, daraxtga: — Bundan buyon senda aslo meva bo‘lmasin! — dedi. Anjir daraxti shu zahoti qurib qoldi.
20 Shogirdlar buni ko‘rib: — Qanday qilib anjir daraxti darrov qurib qoldi? — deb hayron bo‘ldilar.
21 Iso ularga shunday dedi: — Sizlarga chinini aytayin, agar shubhalanmay ishonsangiz, nafaqat anjir daraxtini shu ko‘yga sola olasiz, balki mana bu toqqa: “Qo‘porilib, dengizga otil”, — desangiz, aytganingiz bo‘ladi.
22 Ishoning, shunda ibodatda so‘ragan har qanday narsani olasiz.
23 Iso Ma’badga kirib ta’lim berayotganda, bosh ruhoniylar va oqsoqollar Uning oldiga kelib, savol berdilar: — Siz bu ishlarni qanday hokimiyat bilan qilyapsiz? Bu hokimiyatni Sizga kim bergan?
24 Iso ularga shunday javob berdi: — Men ham sizlarga bir savol berayin. Agar Menga javob bersangizlar, Men ham bu ishlarni qanday hokimiyat bilan qilayotganimni sizlarga aytaman.
25 Yahyo xalqni suvga cho‘mdirish huquqini Xudodan olganmidi yoki insondanmi? Ular esa o‘zaro mulohaza yuritdilar: “Agar Xudodan desak, U: “Nega Yahyoga ishonmadingizlar?” — deydi.
26 Agar insondan desak, xalqdan qo‘rqamiz, chunki hamma Yahyoni payg‘ambar deb hisoblaydi.”
27 Shunday qilib, ular Isoga: — Bilmaymiz, — deb javob berdilar. Iso ularga dedi: — Unday bo‘lsa, Men ham bu ishlarni qaysi hokimiyat bilan qilayotganimni sizlarga aytmayman.
28 “Sizlar mana bunga nima deysizlar? Bir odamning ikki o‘g‘li bor ekan. U katta o‘g‘lining yoniga kelib: — O‘g‘lim, bor, bugun uzumzorda ishla, — debdi.
29 — Bormayman! — debdi o‘g‘il. Ammo keyin aytgan gapiga pushaymon bo‘lib, boribdi.
30 Ota kenja o‘g‘li oldiga borib, o‘sha gapini aytibdi. Bu o‘g‘il: “Bo‘pti, boraman, ota”, debdi, ammo bormabdi.
31 Ikkovidan qaysi biri otasining xohishini bajardi?” “Birinchisi”, — deb javob berdi ular. Iso ularga: “Sizlarga chinini aytayin, — dedi. — Soliqchilar bilan fohishalar Xudoning Shohligiga sizlardan oldin kirib boradilar.
32 Chunki Yahyo cho‘mdiruvchi sizning oldingizga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgani keldi, ammo sizlar unga ishonmadingizlar. Soliqchilar bilan fohishalar esa ishonishdi. Sizlar buni ko‘rib turib ham pushaymon bo‘lmadingizlar, ishonmadingizlar.”
33 “Endi boshqa bir masalni eshitinglar: bir yer egasi bor ekan. U uzumzor barpo qilibdi. Atrof– tevaragini devor bilan o‘rab, uzum siqadigan chuqur qazibdi, kuzatuv minorasini quribdi. Keyin uzumzorni bog‘bonlarga ijaraga berib, o‘zi safarga ketibdi.
34 Yig‘im–terim mavsumida xo‘jayin: “Hosildan menga tegishli ulushni olib kelinglar”, — deb xizmatkorlarini bog‘bonlar oldiga yuboribdi.
35 Bog‘bonlar esa uning xizmatkorlarini tutib olishibdi, birini urib, birini o‘ldirib, boshqa birini esa toshbo‘ron qilishibdi.
36 Shundan keyin u oldingidan ko‘proq xizmatkorlarini bog‘bonlar oldiga jo‘natibdi. Bog‘bonlar esa ular bilan ham xuddi shunday qilishibdi.
37 Oxirida uzumzor egasi: — O‘g‘limni albatta hurmat etadilar, — deb bog‘bonlar oldiga o‘z o‘g‘lini yuboribdi.
38 Ammo bog‘bonlar uning o‘g‘lini ko‘rganlarida bir–biriga: — Bu merosxo‘r–ku! Kelinglar, uni o‘ldirib, merosiga ega bo‘laylik, — deyishibdi.
39 Uni tutib, uzumzordan tashqariga chiqarib, o‘ldirishibdi.
40 Xo‘sh, sizningcha, uzumzorning egasi qaytib kelganda, u bog‘bonlarni nima qiladi?”
41 — U bu yaramaslarni shafqatsizlarcha o‘ldiradi, — deb javob berdi ular. — Uzumzorni esa boshqa bog‘bonlarga ijaraga beradi. Bu bog‘bonlar uzum hosilini unga o‘z vaqtida berishadi.
42 Iso ularga dedi: “Nahotki sizlar Muqaddas Bitiklardagi shu so‘zlarni hech o‘qimagan bo‘lsangiz: “Binokorlar rad etgan tosh Binoning tamal toshi bo‘ldi. Bu Egamizning qilgan ishidir, Ko‘z oldimizdagi ajoyibotdir.”
43 Shuning uchun sizlarga aytaman: Xudoning Shohligi sizlardan tortib olinadi va Shohlik uchun hosil yetishtiradigan odamlarga beriladi.
44 Kim tamal toshi ustiga yiqilsa, parcha–parcha bo‘ladi. Tosh kimning ustiga tushsa, uni ezib yuboradi.
45 Bosh ruhoniylar va farziylar bu masalni eshitib, Iso ular haqida gapirganini tushundilar.
46 Uni hibsga olmoqchi bo‘ldilar, ammo xalqdan qo‘rqdilar. Chunki xalq Isoni payg‘ambar deb bilar edi.

Комментарии к Библии МакДональда на Узбекском языке.

Uilyam MakDonald - taniqli ilohiyot o‘qituvchisi.