Matto Muqaddas xushxabar: 18 Bob

MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari

XI. SHOH O‘Z SHOGIRDLARIGA NASIHAT BERADI (18-20-boblar)

A. Kamtarlik haqida (18:1−6)

18-bobni "Ulug‘lik va kechirimlilik haqida mulohaza" deb nomlash mumkin. U Masihning fuqarosi ekanligini ta’kidlovchi kishilar qanday xulq-atvor me’yorlariga ega bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi.

18:1 Shogirdlar doimo Samoviy Shohlikni tinchlik va farovonlikning oltin davri sifatida tasavvur qilishgan. Endi ular unda yuqori martaba egallashni orzu qila boshladilar.

Ularning o‘zini ko‘rsatish istagi quyidagi savolda namoyon bo‘ldi: "Osmon Shohligida kim eng ulug‘?"

18:2−3 Iso ularga jonli misol bilan javob berdi. Ularning o‘rtasiga bir go‘dakni qo‘yib, odamlar Samoviy Shohlikka kirish uchun tavba qilib, go‘daklarga o‘xshab qolishlari kerakligini aytdi. U Shohlikning ichki mohiyati haqida gapirdi; haqiqiy imonli bo‘lish uchun inson o‘zining ulug‘ligi haqidagi fikrlarni tark etib, kichik bola kabi eng past maqomni egallashi kerak. Bu jarayon inson o‘zining gunohkorligi va noloyiqligini tan olib, Iso Masihni yagona umidi sifatida qabul qilganda boshlanadi. U butun masihiylik hayoti davomida shunday holatda qolishi lozim. Iso shogirdlarini najot topmagan deb hisoblamagan. Yahudodan tashqari hammasi Unga chin dildan ishonib, oqlangan edi.

Biroq ular hali Muqaddas Ruhni o‘zlarida yashovchi Shaxs sifatida qabul qilmagandilar va shu bois bugun bizda mavjud bo‘lgan (ammo har doim to‘g‘ri foydalanmaydigan) haqiqiy kamtarlik kuchiga ega emasdilar. Shuningdek, ularning noto‘g‘ri fikrlash tarzi Shohlikka muvofiq o‘zgarishi lozim edi.

18:4 Osmon Shohligidagi eng ulug‘ inson yosh boladek o‘zini past tutadi. Shubhasiz, Osmon Shohligining me’yorlari va qadriyatlari dunyodagilarga mutlaqo ziddir. Bizning butun tafakkurimiz qayta qurilishi kerak; biz Masihniki kabi fikrlarga ega bo‘lishimiz lozim (Filippiyklarga 2:5-8).

18:5 Bu yerda Rabbimiz oddiy boladan ruhiy bolaga deyarli sezilmay o‘tadi. Kim Uning nomidan kamtar izdoshlaridan birini qabul qilsa, xuddi Rabbning O‘zini qabul qilgandek mukofotga sazovor bo‘ladi. Shogird uchun qilingan ish Ustoz uchun qilingan hisoblanadi.

18:6 Aksincha, imonlini gunohga boshlagan kishi qattiq jazoga tortiladi: uning bo‘yniga tegirmon toshi osilib, dengiz qa’riga cho‘ktirilgani ma’qul bo‘lardi. (Bu yerda tilga olingan tegirmon toshini faqat hayvon aylantira olardi; kichikrog‘ini qo‘l bilan aylantirish mumkin edi.) O‘ziga qarshi gunoh qilish yomon, ammo imonlini gunohga botirish uning pokligini yo‘qotish, ongini buzish va obro‘sini to‘kishdir. Boshqalarning pokligi bilan o‘ynashgandan ko‘ra, zo‘raki o‘lim afzalroqdir!

B. Vasvasalar haqida (18:7−14)

18:7 Iso vasvasaga tushmaslik mumkin emasligini tushuntirishda davom etdi. Dunyo, nafs va shayton birlashib, aldab yo‘ldan ozdiradi. Ammo inson yovuzlik qo‘shinida shaytonga xizmat qilsa, gunohi og‘ir bo‘ladi. Shuning uchun Najotkor Xudoning farzandini vasvasaga solgandan ko‘ra, o‘ziga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lish ma’qulligini ogohlantirgan.

18:8−9 Agar qo‘l, oyoq yoki ko‘z gunohga sabab bo‘lsa, boshqa odamning hayotidagi Xudoning ishini barbod qilgandan ko‘ra, bu a’zoni kesib tashlash yaxshiroqdir. Barcha a’zolari bilan do‘zaxga tushgandan ko‘ra, qo‘lsiz va ko‘zsiz abadiy hayotga kirgan afzaldir. Rabbimiz ba’zilarning jannatda qo‘llari bo‘lmasligini nazarda tutmayapti, balki mo‘minning bu dunyodan ketayotgandagi jismoniy holatini tasvirlamoqda, xolos. Shubhasiz, tirilgan tana to‘liq va mukammal bo‘ladi.

18:10 So‘ngra, Xudoning O‘g‘li O‘ziga tegishli bo‘lgan kichkinalarning birortasini, xoh u bola bo‘lsin, xoh Shohlikka mansub har qanday odam bo‘lsin, mensimay qo‘ymaslik kerakligini ogohlantirdi. Ularning Xudo uchun naqadar qadrli ekanini ta’kidlab, farishtalari doimo Xudoning huzurida bo‘lib, Uning yuzini ko‘rib turishlarini qo‘shimcha qildi. Bu yerdagi farishtalar, ehtimol, qo‘riqchi farishtalardir (Ibroniylar 1:14 ga ham qarang).

18:11 Qutqaruvchimizning vazifasi haqidagi bu oyat boshqa ko‘plab zamonaviy Muqaddas Kitoblarda tushirib qoldirilgan, ammo u ushbu bo‘limning cho‘qqisiga to‘g‘ri keladi va qo‘lyozmalarda keng tasdiqlangan.

18:12−13 Bu kichkinalar ham Cho‘ponning mehribon qutqaruv xizmatining maqsadidir. Agar yuzta qo‘ydan bittasi podadan adashib ketsa, U to‘qson to‘qqiztasini qoldirib, adashganini topguncha izlaydi. Cho‘ponning adashgan qo‘yni topganidan quvonchi bizni kichkinalarni qadrlashga va hurmat qilishga o‘rgatishi kerak.

18:14 Bu kichkinalar nafaqat farishtalar va Cho‘pon uchun, balki Ota Xudo uchun ham qimmatlidir. U bu kichkinalardan birortasi halok bo‘lishini istamaydi. Agar ular farishtalar, Hazrati Iso va Samoviy Otamiz e’tiborini tortadigan darajada muhim bo‘lsa, hatto bizga yoqimsiz yoki ahamiyatsiz tuyulsa ham, ularni mensimay qo‘ymasligimiz kerak.

D. Qoidabuzarlarga nisbatan intizomiy jazo (18:15−20)

Bobning qolgan qismida cherkov a’zolari o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish va cheksiz marta kechirish zarurligi haqida so‘z yuritiladi.

18:15 Iso Masih boshqa imondoshdan ozor yegan masihiyning mas’uliyati haqida gapirar ekan, aniq ko‘rsatmalar beradi. Avvalo, masala ikki tomon o‘rtasida yolg‘iz holda muhokama qilinishi lozim. Agar aybdor o‘z xatosini tan olsa, yarashuvga erishilgan bo‘ladi. Muammo shundaki, biz buni qilmaymiz. Buning o‘rniga boshqalar bilan g‘iybat qilamiz. Shunda masala olovdek tarqaladi va kelishmovchilik kuchayadi. Esda tutaylik, birinchi qadam - "borib, uni siz va u yolg‘iz qolganingizda fosh qiling".

18:16 Agar aybdor birodar quloq solmasa, jabrlangan kishi o‘zi bilan bir yoki ikki guvoh olib, uni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishga harakat qilishi kerak. Bu bilan uning bo‘ysunishni istamayotgani yanada jiddiy tus olishi ta’kidlanadi. Bundan tashqari, Muqaddas Bitiklarda talab qilinganidek, "har qanday so‘z ikki yoki uch guvohning tili bilan tasdiqlanishi uchun" ishonchli guvohlik ta’minlanadi. Biror kishiga qo‘yilgan ayb bir yoki ikki guvohning shahodati bilan tasdiqlanishi kerak, degan oddiy qoidaga rioya qilmaslik tufayli cherkov boshiga tushgan kulfatning hajmini hech kim o‘lchay olmaydi. Bu borada dunyoviy sud ko‘pincha xristian cherkovlari yoki jamoalariga qaraganda adolatliroq ish yuritadi.

18:17 Agar ayblanuvchi hamon iqror bo‘lish va kechirim so‘rashdan bosh tortsa, masala mahalliy cherkovga ko‘rib chiqish uchun havola etilishi lozim. Shuni ta’kidlash joizki, ishni fuqarolik sudi emas, balki mahalliy jamoa eshitishi kerak. Xristianga boshqa dindorni sudga berish man etilgan (1 Kor 6:1-8).

Agar ayblanuvchi cherkov oldida o‘z aybini tan olishdan bosh tortsa, uni soliqchi va gunohkor kabi hisoblash kerak. Bu iboraning eng aniq ma’nosi: unga cherkovdan tashqaridagi odam sifatida qarash kerak. Aslida u imondor bo‘lsa-da, imondordek yashamayapti, shuning uchun unga shunday munosabatda bo‘lish lozim. Garchi u hamon umumjahon cherkovining a’zosi bo‘lsa-da, u mahalliy cherkov imtiyozlaridan mahrum etilishi kerak. Bunday intizomiy jazo juda jiddiy choradan iborat; u vaqtincha imondorni shaytonning hukmronligiga topshiradi, "tanasini zaiflashtirish orqali Rabbimiz Iso Masih kunida ruhi qutqarilishi uchun" (1 Kor 5:5). Bunday jazolashdan maqsad gunohni anglash va uni tan olishga undashdir. Bu maqsadga erishilmaguncha, imondorlar o‘z munosabatlari bilan gunohkorga uning gunohini qabul qilmasliklarini va u bilan masihiy birodar sifatida muloqot qila olmasliklarini ko‘rsatishlari lozim, ammo shu bilan birga unga qo‘pol munosabatda bo‘lmasliklari kerak. Jamoa uni chin dildan tavba qilish alomatlari paydo bo‘lishi bilanoq yana qabul qilinishini eslatib turishi kerak.

18:18 Ushbu oyat yuqorida ko‘rib chiqilgan mavzuni davom ettiradi. Jamoa ibodat va Kalomga itoat qilgan holda insonni intizomiy chora bilan bog‘lasa, uning harakati osmonda ma’qullanadi.

Jazolanganlar tavba qilib, gunohini tan olganida, jamoa ularni a’zolikka tiklaydi; bu kechirish harakati ham Xudo tomonidan tasdiqlanadi (Yuhanno 20:23 ga qarang).

18:19 Savol tug‘iladi: yuqoridagidek bog‘lash yoki yechish uchun jamoa qancha bo‘lishi kerak? Javob shuki: ikki imondor bunday masalalarni Xudo huzurida ibodat qilib, U eshitayotganiga ishonch hosil qilgan holda keltirishi mumkin. Garchi 19-oyatni ibodatlarga javoblar va’dasi sifatida talqin qilish mumkin bo‘lsa-da, matn mazmunida u cherkovdagi tartib-intizom haqidagi ibodatga taalluqlidir. U umuman jamoaviy ibodatga nisbatan qo‘llanilganda, uni ibodat haqidagi boshqa barcha ta’limotlar nuqtayi nazaridan tushunish lozim.

Masalan, biz quyidagicha ibodat qilishimiz kerak:

1. Xudoning oshkor qilgan irodasiga muvofiq (1 Yuhanno 5:14-15).

2. Imon bilan (Yoqub 1:6-8).

  1. Samimiy qalb bilan (Ibroniylar 10:22) va hokazo.

    18:20 Bu oyatni kontekst asosida talqin qilish lozim. U asosan Yangi Ahd cherkovining minimal tarkibiga yoki oddiy ibodat xizmatiga emas, balki cherkov biron gunoh tufayli ajralgan ikki masihiy o‘rtasida yarashuv izlayotgan yig‘ilishga taalluqlidir. Uni Masih hozir bo‘lgan barcha imonlilar yig‘inlariga qo‘llash mumkin, biroq bu yerda yig‘ilish alohida maqsadga ega.

    "Uning nomi bilan" to‘planish Uning irodasiga ko‘ra, U biz uchun kim ekanligini anglab va Uning So‘ziga itoat etgan holda yig‘ilish demakdir. Hech qaysi guruh faqat o‘zi Uning nomi bilan yig‘ilayotganini da’vo qila olmaydi; agar shunday bo‘lsa, Uning yer yuzidagi mavjudligi Uning Tanasining ozgina qismi bilan cheklangan bo‘lardi. Qayerda ikki yoki uch kishi Isoni Rabbimiz va Najotkorimiz deb tan olib yig‘ilsa, U ularning orasida bo‘ladi.

    E. Cheksiz kechirim (18:21−35)

    18:21−22 Shu munosabat bilan Butrus o‘ziga qarshi gunoh qilgan birodarini necha marta kechirishi kerakligini so‘radi. Ehtimol, u yetti sonini kechirish uchun eng yuqori chegara sifatida taklif qilib, o‘ta rahmdillik ko‘rsatayapman deb o‘ylagan. Iso javob berdi: "Yetti martagacha emas, balki yetmish marta yettigacha."

    Uning maqsadi bizni 490 martani so‘zma-so‘z tushunishimiz emas edi; U shunday qilib "noaniq son"ni majoziy tarzda ifodaladi.

    Shunda kimdir so‘rashi mumkin: nega yuqorida ko‘rsatilgan bosqichlardan o‘tish kerak? Nima uchun aybdorning oldiga o‘zing borasan, keyin bir-ikki guvoh bilan borasan, so‘ng uni cherkovga olib kelasan? Nega shunchaki kechirish va shu bilan ishni yakunlab qo‘ya qolmaysan?

    Javob shunday: kechirish jarayoni quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:

    1. Birodarim meni haqorat qilsa yoki menga qarshi gunoh qilsa, men uni darhol qalbimda kechirishim kerak (Efes. 4:32). Bu meni kechirmaslikning achchiq ruhidan xalos qiladi va aybni uning zimmasida qoldiradi.

    2. Uni qalbimda kechirgan bo‘lsam-da, hali bu haqda unga aytmaganman. U hali tavba qilmagan bo‘lsa, kechirilganini ochiq ko‘rsatish noto‘g‘ri bo‘lardi. Shuning uchun men birodarimning oldiga borib, uni muhabbat bilan fosh qilishim kerak, toki u o‘z aybini tan olsin (Luqo 17:3).

    3. U uzr so‘rab, gunohini tan olishi bilanoq, men unga kechirilganini aytaman (Luqo 17:4).

    18:23 So‘ng Iso Osmon Shohligi haqidagi masalni keltirib, bepul kechirilgan ba’zi fuqarolarni kechirmaslik ruhining oqibatlaridan ogohlantiradi.

    18:24−27 U qarz daftarini tartibga keltirmoqchi bo‘lgan bir podshoh haqida so‘zlaydi. Undan o‘n ming talant qarzdor bo‘lgan bir xizmatkor bu qarzni to‘lay olmadi, shuning uchun xo‘jayini uni va oilasini qarzni uzish uchun qullikka sotishni buyurdi. G‘am-alamdan aqldan ozay degan xizmatkor xo‘jayinidan muhlat berishni so‘rab yolvordi va agar vaqt berilsa, hammasini to‘lashga va’da berdi.

    "Ko‘p qarzdorlar singari, u juda optimistik edi, agar unga vaqt berilsa, qarzlarini to‘lay olishiga umid qilardi (26-oyat). Galileyaning umumiy daromadi 300 talantgacha bo‘lgan, bu odam esa 10 000 talant qarzdor edi! Bunday ulkan miqdordagi qarz to‘qib chiqarilgan. U tinglovchilarni hayratga solishi, e’tiborini tortishi va Xudoga bo‘lgan ulkan qarzni ta’kidlashi kerak edi. Martin Lyuter odatda hammamiz Uning oldida qashshoqmiz, derdi. Qarzlarimizni to‘lay olamiz deb umid qilmasligimiz kerak." (Muqaddas Kitob Jamiyatining kundalik sharhlari)

    Podshoh xizmatkorining holdan toyganini ko‘rib, 10 000 talantning hammasini kechib yubordi. Bu adolat emas, balki marhamatning oliyjanob namoyishi edi.

    18:28−30 O‘sha xizmatkorning esa bir hamkasbi bor edi, u undan yuz dinor (bir necha yuz dollar) qarzdor edi.

    U o‘rtog‘ini kechirish o‘rniga, uning tomog‘idan bo‘g‘ib, qarzni to‘liq to‘lashni talab qildi. Baxtsiz qarzdor muhlat berishni so‘radi, lekin befoyda. U qarzini to‘lamagunicha qamoqqa tashlandi, bu uning uchun deyarli imkonsiz edi, chunki qamoqda bo‘lgani uchun pul ishlash imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.

    18:31−34 Boshqa xizmatkorlar bunday nomunosib xatti-harakatdan g‘azablanib, bo‘lib o‘tgan voqeani podshohga aytib berishdi. U shafqatsiz qarzdordan g‘azablandi: uning shuncha katta qarzi kechirilgan bo‘lsa-da, u arzimas summani kechirishni istamadi.

    Va uni qarzini to‘lamagunicha qiynoqchilar qo‘liga topshirdi.

    18:35 Bu masalning mohiyati aniq. Xudo – Podshohdir. Uning barcha xizmatkori Undan katta miqdorda (gunoh) qarzdor bo‘lib, uni to‘lashga qodir emaslar. Rabbimiz ajoyib marhamat va shafqat bilan bu qarzni to‘ladi va bizga to‘liq kechirimni in’om etdi.

    Endi tasavvur qiling, bir masihiy boshqasini haqorat qildi. Unga bu haqda aytishganda, u uzr so‘rab, kechirim so‘radi. Ammo ranjigan imonli uni kechirishni istamaydi. Uning o‘zining millionlab qarzini kechirishdi-yu, u esa bir necha yuz dollarlik qarzni kechirishni xohlamaydi.

    Podshoh bunday xatti-harakatning jazosiz qolishiga yo‘l qo‘yarmikin? Aslo! Aybdor bu hayotda jazolanadi va Masihning mahkamasida hisob beradi.

Muqaddas Kitob ONLINE

1 Shu payt shogirdlar Isoning oldiga kelib: — Osmon Shohligida eng kattasi kim bo‘ladi? — deb so‘radilar.
2 Iso yoniga bir bolani chaqirdi, uni o‘rtalarida turg‘izib,
3 dedi: — Sizlarga chinini aytayin: agar sizlar o‘zgarmasangiz va bolalarday bo‘lmasangiz, hech qachon Osmon Shohligiga kira olmaysizlar.
4 Agar o‘zingizni mana shu bola singari past tutsangiz, Osmon Shohligida eng kattasi bo‘lasiz.
5 Kim shunday bir bolani Mening nomimdan qabul qilsa, Meni qabul qilgan bo‘ladi.
6 “Menga ishongan shu kichiklarning birontasini yo‘ldan ozdirgan odamning holiga voy. Bunday qilgandan ko‘ra, o‘sha odamning bo‘yniga tegirmon toshini osib, dengiz tubiga cho‘ktirilgani o‘zi uchun yaxshiroq bo‘lar edi.
7 Odamlarni yo‘ldan ozdiradigan vasvasalar dastidan bu dunyoning holiga voy! Vasvasalar albatta keladi, lekin vasvasaga sababchi bo‘lgan odamning holiga voy!
8 Agar yo‘ldan ozishingga qo‘ling yoki oyog‘ing sababchi bo‘lsa, uni chopib tashlab, uloqtirib yubor. Ikki qo‘l yoki ikki oyoq bilan abadiy olovga tashlangandan ko‘ra, mayib yoki cho‘loq bo‘lib abadiy hayotdan bahramand bo‘lganing yaxshiroqdir.
9 Agar yo‘ldan ozishingga ko‘zing sababchi bo‘lsa, uni o‘yib olib, uloqtirib yubor. Ikki ko‘zing bilan do‘zax oloviga tushgandan ko‘ra, bir ko‘z bilan abadiy hayotdan bahramand bo‘lganing yaxshiroqdir.”
10 “Ehtiyot bo‘linglar, bu kichiklardan birontasini ham xor qilmanglar. Sizlarga shuni aytay: osmonda ularning farishtalari doimo osmondagi Otamning jamolini ko‘rib turadi.
11 Inson O‘g‘li esa adashib gumroh bo‘lganlarni qutqarish uchun kelgan.
12 Nima deb o‘ylaysiz: agar bir odamning yuzta qo‘yi bo‘lsayu, ulardan biri adashib qolsa, u to‘qson to‘qqizini tog‘larda qoldirib, adashib qolganini izlab ketmaydimi?!
13 Agarda uni topib olsa, sizga chinini aytay: adashmagan to‘qson to‘qqiztasidan ko‘ra, shu bitta qo‘y uchun u ko‘proq sevinadi.
14 Shu singari osmondagi Otangiz ham bu kichiklardan birontasining yo‘qolib qolishini istamaydi.”
15 “Agar birodaringiz sizga qarshi gunoh qilsa, uning oldiga boring. U bilan yakka holda gaplashib aybini yuziga ayting. Agar u sizga quloq solsa, siz orangizdagi birodarlik rishtalarini tiklagan bo‘lasiz.
16 Agar sizga quloq solmasa, o‘zingiz bilan yana bir yoki ikki kishini olib boring, chunki “har bir masala ikkita yoki uchta guvohning so‘zlari asosida ko‘rib chiqiladi.”
17 Agar birodaringiz ularga ham quloq solmasa, imonlilar jamoatiga ayting. Agar imonlilar jamoatiga ham quloq solmasa, uni butparast yoki soliqchi deb hisoblab, u bilan aloqani uzing.
18 Sizlarga chinini aytayin: yer yuzida sizlar nimani taqiqlasangizlar, osmonda ham taqiqlanadi. Yer yuzida sizlar nimaga ijozat bersangizlar, osmonda ham ijozat beriladi.
19 Sizlarga yana shuni ham aytay: oralaringizdan ikkitangiz yakdil bo‘lib biron narsa uchun ibodat qilsangizlar, osmondagi Otam tilagingizni bajaradi.
20 Qayerda ikki yoki uch kishi Mening nomim uchun yig‘ilsa, Men o‘sha yerda ularning orasida bo‘laman.”
21 Shundan keyin Butrus kelib Isoga dedi: “Hazrat, agar birodarim menga qarshi gunoh qilsa, uni necha marta kechiray? Yetti martami?”
22 “Sizlarga shuni aytay: yetti marta emas, — dedi Iso, — balki yetmish karra yetti marta.
23 Shu sababli Osmon Shohligini bir shohga qiyoslash mumkin. Bu shoh o‘z xizmatkorlari bilan hisob– kitob qilmoqchi bo‘libdi.
24 Hisob–kitobni boshlaganda, uning huzuriga ming–minglab tilla tanga qarzdor bo‘lgan xizmatkorini olib kelibdilar.
25 Lekin qarz to‘lashga qurbi yetmagani uchun, shoh unga: — O‘zingni, xotiningni, bolalaringni va butun mol–mulkingni sotib, qarzingni to‘laysan, — deb buyuribdi.
26 Xizmatkor shohning oyog‘iga yiqilib: — Ozgina sabr qiling, hamma qarzimni to‘layman, — debdi.
27 Xizmatkoriga shohning rahmi kelibdi. Shoh uni qo‘yib yuborib, qarzidan kechibdi.
28 U xizmatkor esa tashqariga chiqib, o‘zidan yuz kumush tanga qarzdor bo‘lgan bir sherigini uchratib qolibdi. Uni yoqasidan olib: — Qarzingni to‘la! — deb bo‘g‘a boshlabdi.
29 Sherigi esa uning oyoqlariga yiqilib: — Ozgina sabr qiling, qarzimni to‘layman, — deb yolvoribdi.
30 Ammo u ko‘nmabdi: — Qarzingni to‘lamaguningcha zindonda yotasan, — deb sherigini qamatib qo‘yibdi.
31 Boshqa xizmatkorlar yuz bergan voqeani ko‘rib, xafa bo‘libdilar. Shohning huzuriga borib, hammasini aytib beribdilar.
32 Shunda shoh xizmatkorini huzuriga chaqirib: — Ey yaramas xizmatkor! — debdi. — Menga yolvorganing uchun barcha qarzingdan kechdim.
33 Men senga rahm qilganimday, sen ham sherigingga rahm qilsang bo‘lmasmidi?!
34 G‘azablangan shoh xizmatkorini zindonbonning qo‘liga topshirib: — Hamma qarzini to‘lamaguncha unga azob beringlar, — deb buyuribdi.
35 Xullas, agar sizlar birodaringizni chin ko‘ngildan kechirmasangiz, osmondagi Otam sizlarni ham shu ko‘yga soladi.”

Комментарии к Библии МакДональда на Узбекском языке.

Uilyam MakDonald - taniqli ilohiyot o‘qituvchisi.