1 Shabbat kunining ertasiga, yakshanba kuni tongotarda Magdalalik Maryam bilan boshqa Maryam qabrni ko‘rgani borishdi.
2 Shunda to‘satdan qattiq zilzila bo‘ldi, chunki Egamizning farishtasi osmondan tushib, qabr og‘zidagi toshni ag‘darib yubordi. Farishta o‘sha tosh ustiga o‘tirdi.
3 Uning qiyofasi yashinday porlardi, kiyimlari qorday oppoq edi.
4 Uni ko‘rib soqchilar shunchalik qo‘rqib ketdilarki, titrab, murdaday qotib qoldilar.
5 Farishta ayollarga dedi: — Qo‘rqmanglar! Bilaman, sizlar xochga mixlangan Isoni qidiryapsizlar.
6 U bu yerda yo‘q. O‘zi aytganiday, U tirildi. Mana, kelib ko‘ringlar, U shu yerda yotgan edi.
7 Endi tezroq borib, Uning shogirdlariga: “Iso o‘likdan tirildi. U sizlarni Jalilada kutyapti. Uni o‘sha yerda ko‘rasizlar”, — deb aytinglar. Sizlarga aytadigan gapim shu edi.
8 Ayollar shosha–pisha qabrdan ketdilar. Qo‘rquv va cheksiz sevinchga to‘lib, Isoning shogirdlariga xabar bergani yugurib ketdilar.
9 Birdaniga Isoning O‘zi ularning qarshisidan chiqib: — Salom! — dedi. Ayollar Isoning oldiga borib, oyoqlariga yopishgancha Unga sajda qildilar.
10 Iso ularga dedi: — Qo‘rqmanglar! Borib, birodarlarimga: “Jalilaga borar ekansizlar”, deb aytinglar. Ular Meni o‘sha yerda ko‘radilar.
11 Ayollar ketganlaridan keyin, soqchilar bo‘linmasidan bir nechtasi shaharga kirib, yuz bergan voqea to‘g‘risida bosh ruhoniylarga aytib berdilar.
12 Bosh ruhoniylar bilan oqsoqollar uchrashib, reja tuzdilar. Ular soqchilarga katta miqdorda pul berib,
13 shunday dedilar: — Sizlar hammaga: “Isoning shogirdlari kechasi kelib, biz uxlab yotganimizda jasadni o‘g‘irlab ketishdi”, deb aytasizlar.
14 Bordi–yu, bu xabar hokimning qulog‘iga yetib borgudek bo‘lsa, uni o‘zimiz ishontiramiz, sizlarni har qanday ko‘ngilsizlikdan xalos etamiz.
15 Shunday qilib, soqchilar pulni olib, aytilganday qildilar. Voqeaning shu ta’rifi bugungi kungacha yahudiylar orasida keng tarqalgan.
16 O‘n bir shogird Jalilaga, Iso ularga tayin etgan toqqa bordilar.
17 Shogirdlar Isoni ko‘rganlari zahoti, Unga sajda qildilar, ba’zilari esa ikkilanib qoldilar.
18 Iso kelib, ularga dedi: “Yeru osmondagi butun hokimiyat Menga berilgan.
19 Shuning uchun borib, barcha xalqlardan shogird orttiringlar. Ularni Ota, O‘g‘il va Muqaddas Ruh nomi bilan suvga cho‘mdiringlar.
20 Men sizlarga buyurgan hamma narsaga amal qilishni ularga o‘rgatinglar. Zotan, Men har doim, dunyoning oxirigacha sizlar bilan birga bo‘laman.”
Matto Muqaddas xushxabar: 28 Bob
MakDonaldning Injil kitobiga o'zbek tilidagi sharhlari
XV. PODSHOHNING ZAFARI (28-bob)
A. Bo‘sh qabr va tirilgan Rabbimiz (28:1−10)
28:1−4 Haftaning birinchi kuni (yakshanba) tong saharda ikki Maryam qabrni ko‘rgani kelishdi. Ular yetib kelganda, kuchli zilzila yuz berdi. Rabbning farishtasi osmondan tushib, qabr og‘zidagi toshni yumalatib tashladi va uning ustiga o‘tirdi. Qo‘riqchilar bu ko‘zni qamashtiruvchi oppoq nurdan dahshatga tushib, o‘likday qotib qolishdi.
28:5−6 Farishta ayollarga qo‘rqmasliklarini aytdi. Ular izlayotgan Zot va’da qilganidek tirilgan edi: "Kelinglar, Rabbimiz yotgan joyni ko‘ringlar". Tosh Rabbimizni chiqarish uchun emas, balki ayollar Uning tirilganini ko‘rishlari uchun yumalatib tashlangan edi.
28:7−10 So‘ng farishta ayollarga bu xushxabarni shogirdlariga tezroq yetkazishni buyurdi. Xudovand yana tirik va ularni Jalilada kutmoqda edi. Ular bu xabarni havoriylarga yetkazgani ketayotganlarida, Iso ularga peshvoz chiqib: "Salom!" dedi. ("Salom" - umumqabul qilingan yunoncha salomlashuv; Qiyomat tongida bu so‘zning asl ma’nosi eng maqbul ko‘rinadi.)
Ular Isoning oyoqlariga yopishib, Unga sajda qilishdi. Keyin Iso O‘zini Jalilada ko‘rishlari haqida shogirdlariga aytib qo‘yishni ularga shaxsan topshirdi.
B. Yolg‘on gapirish uchun sotib olingan askarlar (28:11−15)
28:11 O‘zlariga kelgach, askarlarning ba’zilari qo‘rqa-pisa bosh ruhoniylar huzuriga borib, bo‘lib o‘tgan voqeani aytib berishdi. Ular o‘zlariga topshirilgan vazifani bajara olmagandilar! Qabr bo‘m-bo‘sh edi!
28:12−13 Din arboblarining boshiga qanday dahshat tushganini tasavvur qilish mumkin. Ruhoniylar oqsoqollar bilan yashirin kengash o‘tkazib, rejalarini tuzdilar. Ular chorasizlikdan Isoning jasadini shogirdlari o‘g‘irlab ketgani haqida mish-mish tarqatish uchun askarlarni sotib olishdi.
Bunday tushuntirish javoblardan ko‘ra ko‘proq savollar tug‘diradi. Nega askarlar hushyor bo‘lishlari kerak paytda uxlashdi? Shogirdlar qanday qilib toshni yumalatib, ularni uyg‘otmay o‘tdilar? Qanday qilib barcha askarlar bir vaqtning o‘zida uxlab qolishlari mumkin? Agar ular uxlagan bo‘lsalar, jasadni shogirdlar olib ketganini qayerdan bilishadi?
Agar ularning hikoyasi rost bo‘lsa, unda nima uchun ularni shunday gapirish uchun sotib olishdi? Agar shogirdlar jasadni o‘g‘irlagan bo‘lsalar, nima uchun ular kafanlarni yechib, ro‘molni taxlashga vaqt sarflashdi? (Luqo 24:12; Yuhanno 20:6-7).
28:14 Aslida, askarlarga o‘zlarini ayblovchi voqeani aytib berishlari uchun pul to‘lashdi: Rim qonunlariga ko‘ra, postda uxlash o‘lim jazosi bilan jazolanardi. Shuning uchun ham yahudiy rahnamolari, agar bu haqda imperatorga xabar yetib borsa, ularni himoya qilishga va’da berishdi.
Oliy kengash bilardiki, agar haqiqat o‘z-o‘zidan ayon bo‘lsa, yolg‘onni boshqa ko‘plab aldovlar bilan qo‘llab-quvvatlash kerak bo‘ladi.
28:15 Shunga qaramay, bu afsona ko‘plab yahudiylar va g‘ayriyahudiylar orasida bugungi kungacha yashab kelmoqda. Boshqa afsonalar ham bor. Vilbur Smit ulardan ikkitasini bayon qiladi:
1. Birinchi taxmin shunday: ayollar boshqa qabrga borishgan. Bir daqiqa shu haqda o‘ylab ko‘ring. Juma kuni tushdan yakshanba kuni ertalabgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘zingiz uchun aziz va sevimli insoningizning qabri qayerdaligini unuta olarmidingiz? Qolaversa, gap Yusuf Arimateylik qabristoni haqida ketmayapti. Bu uning shaxsiy bog‘i edi. U yerda boshqa qabr yo‘q edi. Endi faraz qilaylik, aslida bo‘lmagan boshqa qabrlar ham bor edi va ko‘zlari yoshli ayollar adashib, noto‘g‘ri qabrga kelishdi. Ayollar bilan shunday bo‘ldi ham deylik. Lekin qo‘llari qadoq, yig‘lamaydigan ikki baliqchi Butrus bilan Yuhanno ham qabr oldiga borib, uni bo‘sh holda topdilar. Ular qabrlarni adashtirib yuborishgan deb o‘ylaysizmi? Qolaversa, ular qabrga kelganlarida, u yerda farishta: "U bu yerda yo‘q; U tirildi. Boringlar, Rabbimiz yotgan joyni ko‘ringlar!" dedi. Farishta noto‘g‘ri qabrga kirgan deb o‘ylaysizmi? Bu hikoyalarni aqlli odamlar o‘ylab topganini unutmang!
2. Boshqalar Iso o‘lmagan, balki hushini yo‘qotgan, keyin esa nam qabrda o‘ziga kelib, tashqariga chiqqan, deb taxmin qilishgan. Qabr og‘ziga ulkan tosh qo‘yilgan bo‘lib, unga Rim hukumatining muhri bosilgan edi. Hech kim hech qachon qabr ichidan qiyalik bo‘ylab olib kelingan va o‘yiqqa o‘rnatilgan toshni surib tashlolmagan bo‘lardi. Iso qabrdan chiqolmagan bo‘lardi, chunki u qonga belangan nogiron edi. Oddiy haqiqat shuki, Rabbimiz Isoning tirilishi to‘la-to‘kis tasdiqlangan tarixiy faktdir. O‘z azob-uqubatlaridan so‘ng, U shogirdlariga ko‘plab rad etib bo‘lmaydigan dalillar bilan tirik holda zohir bo‘ldi. U zohir bo‘lgan ushbu maxsus holatlar haqida o‘ylab ko‘ring:
1. Maryam Magdalinaga (Mark 16:9-11);
2. Ayollarga (Matto 28:8−10);
3. Butrusga (Luqo 24:34);
4. Emmaus yo‘lidagi ikki shogirdga (Luqo 24:13−32);
5. Tomadan boshqa shogirdlarga (Yuhanno 20:19−25)
6. Shogirdlar va Tomaga (Yuhanno 20:26−31);
7. Jalila dengizi bo‘yidagi yetti shogirdga (Yuhanno 21);
8. 500 dan ortiq imonlilarga (1 Korinfliklar 15:7);
9. Yoqubga (1 Korinfliklar 15:7);
10. Zaytun tog‘idagi shogirdlarga (Havoriylar 1:3−12).
"Mustahkam va sobit masihiy e’tiqodimizning asosiy poydevor toshlaridan biri Rabbimiz Iso Masihning tirilishining tarixiy haqiqatidir. Bu yerda siz va men turib, e’tiqod uchun kurashishimiz mumkin, chunki bu voqeani rad etib bo‘lmaydi. Uni inkor etish mumkin, ammo rad etib bo‘lmaydi." (Vilbur Smit, "Izlanishda", Mudi Mansliy, 1969-yil aprel).
D. Buyuk topshiriq (28:16−20)
28:16−17 Jalilada tirilgan Rabbimiz Iso O‘z shogirdlariga noma’lum tog‘da zohir bo‘ldi. Xuddi shunday voqea Mark 16:15-18 va 1 Korinfliklar 15:6 da ham qayd etilgan. Qanday ajoyib qayta uchrashuvdir bu! Uning azob-uqubatlari endi abadiy o‘tib ketdi. U tirik, shuning uchun ular ham yashaydilar. U ularning oldida ulug‘vor tanada turardi. Garchi ba’zilarining ongida shubhalar saqlanib qolgan bo‘lsa-da, ular tirik va sevuvchi Rabbga sajda qildilar.
28:18 So‘ngra Rabbimiz ularga osmonda va yerda barcha hokimiyat O‘ziga berilganini tushuntirdi. Albatta, U bir ma’noda doimo barcha hokimiyatga ega edi. Biroq bu yerda U yangi yaratilishning Boshi sifatida O‘ziga berilgan hokimiyat haqida so‘zlamoqda. O‘limi va tirilishidan so‘ng, U Xudo O‘ziga bergan barchaga abadiy hayot berish qudratiga ega bo‘ldi (Yuhanno 17:2). U har doim butun mavjudotning To‘ng‘ichi sifatida hokimiyatga ega edi. Endi esa, U qutqarish ishini bajarganidan so‘ng, "hamma narsada U birinchi bo‘lishi uchun", o‘lganlarning to‘ng‘ichi sifatida hokimiyatga ega bo‘ldi (Kolosaliklar 1:15, 18).
28:19−20 Yangi yaratilishning Boshlig‘i sifatida, U Shohlikning hozirgi bosqichida - Shohning tirilishi va Uning ikkinchi kelishi orasidagi davrda barcha imonlilar uchun "doimiy ko‘rsatmalarni" o‘z ichiga olgan Buyuk topshiriqni berdi.
Ushbu topshiriq takliflarni emas, balki uchta buyruqni o‘z ichiga oladi:
1. "Shunday ekan, boringlar, barcha xalqlarga ta’lim beringlar". Bu butun dunyoning imonga kelishini nazarda tutmaydi. Xushxabarni va’z qilar ekan, shogirdlar har bir millat, qabila, xalq va tildan bo‘lgan boshqa kishilarning Najotkorning shogirdi yoki izdoshi bo‘lib qolishlarini ko‘rishlari kerak edi.
2. "Ularni Ota, O‘g‘il va Muqaddas Ruh nomi bilan" suvga cho‘mdiringlar. Masihning elchilari suvga cho‘mish nima ekanini o‘rgatib, bu buyruq bajarilishi lozimligini ta’kidlashlari kerak. Masihiylar ommaviy ravishda o‘zlarini Ilohiy Uchlik bilan tenglashtiradilar. Ular Xudo ularning Otasi, Iso Masih ularning Rabbi va Xaloskori, Muqaddas Ruh esa ularda yashab, ularni quvvatlovchi va o‘rgatuvchi Zot ekanligini e’tirof etadilar. 19-oyatdagi "nom" so‘zi birlikda kelgan. Bitta nom yoki mohiyat, lekin uchta Shaxs: Ota, O‘g‘il va Muqaddas Ruh.
3. "Men sizlarga buyurgan hamma narsaga amal qilishni" o‘rgating. Bu buyuk topshiriq xushxabarni yoyishdan ko‘ra ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi; odamlarni imonga keltirib, keyin o‘z holiga tashlab qo‘yish yetarli emas. Ularni Yangi Ahdda keltirilgan Masihning amrlariga itoat etishga o‘rgatish lozim. Shogird bo‘lishning mohiyati shundaki, biz tobora ko‘proq Rabbimizga o‘xshab borishimiz kerak. Bu esa Xudoning Kalomini muntazam o‘rganish va unga bo‘ysunish orqali amalga oshadi.
So‘ngra Xaloskor shogirdlariga dunyoning oxirigacha ular bilan birga bo‘lishga va’da berdi. Ular Uning yordamisiz yolg‘iz oldinga yurmaslar. Xizmatning har bir joyida va har bir yo‘lda ularga Xudoning O‘g‘li hamroh bo‘ladi.
E’tibor bering, ushbu buyuk topshiriqda "barcha" so‘zi to‘rt marta turli ko‘rinishlarda ishlatilgan: barcha hokimiyat, barcha xalqlar, hamma narsaga amal qilish, barcha kunlarda.
Shunday qilib, Xushxabar ulug‘ Rabbimizning buyuk topshirig‘i va tasallisi bilan yakunlanadi. Qariyb yigirma asr o‘tgach, bu so‘zlar o‘sha-o‘sha ishonchga, o‘sha-o‘sha dolzarblikka va o‘sha-o‘sha ahamiyatga ega. Bu topshiriq hali oxirigacha bajarilmagan.
Isoning so‘nggi topshirig‘ini bajarish uchun biz nimalar qilyapmiz?