Muqaddas Kitob


LEVILAR

(TAVROTNING UCHINCHI KITOBI)

Kirish

Levilar kitobi Tavrotning uchinchi kitobidir. Mazkur kitob Xudoning Muso payg‘ambarga bergan qonun–qoidalaridan tashkil topgan. Levi qabilasi Yoqubning o‘g‘li Levidan kelib chiqqan edi. Yoqubning o‘n ikki o‘g‘li bo‘lib, Levi uchinchi farzandi edi.

Levi qabilasiga mansub bo‘lganlar levilar deb ataladi, kitobga shu qabilaning nomi asos bo‘lgan.

Chiqish kitobida Xudo Musoga Muqaddas chodirni yasashga oid ko‘rsatmalar bergan bo‘lsa, bu kitobda o‘sha Muqaddas chodirda xizmat qilish mavzusi markaziy o‘rinni egallaydi. Levilar Muqaddas chodirda Xudoning maxsus xizmatkorlari edilar. Ruhoniylar Levi qabilasining Horun urug‘idan kelib chiqqanlar. Kitobning asosiy qismida ruhoniylarning va boshqa levilarning majburiyatlari bayon qilingan. Ularning majburiyatlari Xudoga bag‘ishlab qurbonliklar va nazrlar keltirishdan, shuningdek, bayramlarni va turli marosimlarni o‘tkazishdan iborat edi. Kitobdan yana halol va

harom hayvonlarga oid qonunlar, kiyim uchun qanday matodan foydalanish kerakligi

to‘g‘risidagi ko‘rsatmalar va kambag‘allarga g‘amxo‘rlik qilish qoidalari o‘rin olgan.

Kitobdagi qonun–qoidalar zamirida poklik va muqaddaslik yotadi. Muqaddaslik o‘zini gunohdan saqlash va Xudoga bag‘ishlanib yashashni bildiradi. Modomiki, Xudo O‘z xalqining muqaddas Shohi ekan, xalq Xudoning huzuriga kelishi uchun qurbonliklar qoni orqali gunohlardan poklanishi lozim edi. Bu ishda xalqqa levilar yordam berishardi. Xudoga manzur bo‘lish va Uning huzuridan bahramand bo‘lish uchun kitobdagi barcha qonun–qoidalarga rioya qilish shart edi.

Kitobda qonunlardan tashqari, bir nechta hikoyalar ham o‘rin olgan. Bu hikoyalarda xalqning yoki ruhoniylarning qonunga itoatsizligi qanday oqibatlarga olib kelishi to‘g‘risida bayon qilinadi. Shuningdek, qonunga itoatkorlikning samaralari ham aytib o‘tiladi.


1–BOB

Kuydiriladigan qurbonliklar

1 Egamiz Uchrashuv chodiridan Musoni chaqirib, unga 2 Isroil xalqi uchun quyidagi qonunlarni berdi: birontangiz Egamizga qurbonlik qilmoqchi bo‘lsangiz, podangizdagi yoki suruvingizdagi hayvonni olib keling. 3 Bordi–yu, qoramol podasidan birorta hayvonni qurbonlik qilib, kuydirmoqchi bo‘lsangiz, nuqsonsiz bir buqani tanlab oling. Egamiz bu qurbonligingizni* qabul qilishi uchun buqani Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib keling.

4 Kuydiriladigan hayvonning boshiga qo‘lingizni qo‘ying, shunda Egamiz sizni

gunohingizdan poklash uchun bu qurbonligingizni qabul qiladi.

5 So‘ng buqani Egamizning huzurida so‘ying. Horunning ruhoniy o‘g‘illari buqaning qonini olib, Uchrashuv chodiriga kiraverishda turgan qurbongohning to‘rtala yon tomoniga sepib chiqishsin. 6 Siz esa kuydiriladigan qurbonlikning terisini shilib, tanasini


bo‘laklarga bo‘ling. 7 Ruhoniy Horunning o‘g‘illari qurbongohga cho‘g‘ solib, ustiga o‘tin qalashsin. 8 So‘ng qurbonlikning bo‘laklarini, shuningdek, kallasini va yog‘larini qurbongohdagi yonib turgan o‘tinlar ustiga qo‘yishsin. 9 Siz esa qurbonlikning ichak– chovoqlari va oyoqlarini yuving. So‘ng ruhoniy bularning hammasini qurbongohda kuydirsin. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Egamizga yoqimli hid boradi.

10 Bordi–yu, siz suruvingizdagi qo‘y yoki echkini qurbonlik qilib kuydirmoqchi bo‘lsangiz, nuqsonsiz qo‘chqor yoki takani olib keling. 11 Uni qurbongohning shimol tarafida, Egamizning huzurida so‘ying. Horunning ruhoniy o‘g‘illari qurbonlikning qonini qurbongohning to‘rtala yon tomoniga sepib chiqishsin. 12 Siz qurbonlikni bo‘laklarga bo‘ling. Ruhoniy esa bo‘laklarni qurbonlikning kallasi va yog‘lari bilan birga qurbongohdagi yonib turgan o‘tinlar ustiga qo‘ysin. 13 Siz qurbonlikning ichak– chovoqlari va oyoqlarini yuving. Ruhoniy bularning hammasini keltirib, qurbongohda kuydirsin. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Egamizga yoqimli hid boradi.

14 Agar biror qushni Egamizga qurbonlik qilib, kuydirmoqchi bo‘lsangiz, kaptar yoki musichani* olib keling. 15 Ruhoniy uni qurbongoh oldiga olib kelib, bo‘ynini uzsin, so‘ng boshini qurbongohda kuydirsin. Qonini esa qurbongohning yoniga oqizsin.

16 Jig‘ildonini, ichidagi narsalari bilan birga, sug‘urib olib*, qurbongohning sharq tarafiga, kul turgan yerga tashlasin. 17 Keyin qanotlaridan tortib, tanasini yarmigacha bo‘lsin, lekin ikki qismga ajratmasin. So‘ng uni qurbongohdagi yonib turgan o‘tinlar ustiga qo‘yib kuydirsin. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Egamizga yoqimli hid boradi.


2–BOB

Don nazri

1 Agar birortangiz Egamizga don nazrini keltirmoqchi bo‘lsangiz, sifatli bug‘doy unini nazr qiling. Bug‘doy uniga zaytun moyini qo‘shib, ustiga xushbo‘y tutatqidan qo‘ying.

2 So‘ng o‘sha bug‘doy unini Horunning ruhoniy o‘g‘illariga olib keling. Ruhoniy moy qo‘shilgan sifatli unning bir hovuchini va ustidagi tutatqining hammasini olib, qurbongoh ustida kuydirsin. Bunday qilish nazrning hammasi Xudoga tegishli ekanini bildiradi. Olovda kuydirilgan bu nazrdan Egamizga yoqimli hid boradi. 3 Don nazrining qolgani esa Horun va uning o‘g‘illariniki bo‘lsin. Nazrning ruhoniylarga tegishli bu qismi g‘oyat muqaddasdir, chunki u Egamizga atalgan, olovda kuydiriladigan nazrlardan qolgan qismidir.

4 Agar tandirda yopilgan nonni don nazri sifatida keltirmoqchi bo‘lsangiz, zaytun moyiga qorilgan nonlarni yoki yuziga zaytun moyi surtilgan chalpaklarni nazr qiling. Ularni sifatli undan yopib, xamirturush qo‘shmang. 5 Agar tovada pishirilgan nonni nazr qilmoqchi bo‘lsangiz, noningiz zaytun moyiga qorilgan sifatli undan yopilgan bo‘lsin.

Unga xamirturush qo‘shmang. 6 Nonni sindirib, ustiga zaytun moyidan quying. Bu don nazridir. 7 Agar nazringiz qozonda tayyorlangan bo‘lsa, u sifatli undan tayyorlangan bo‘lib, zaytun moyida qovurilgan bo‘lishi kerak. 8 Don nazringizni qaysi usulda tayyorlaganingizdan qat’iy nazar, uni Egamizga olib kelib, ruhoniyga bering. Ruhoniy esa uni qurbongohga olib borsin. 9 Ruhoniy don nazringizning bir qismini olib, qurbongohda kuydirsin. Bunday qilish nazrning hammasi Xudoga tegishli ekanini bildiradi. Olovda kuydirilgan bu nazrdan Egamizga yoqimli hid boradi. 10 Don

nazringizning qolgani esa Horun va uning o‘g‘illariniki bo‘lsin. Nazrning ruhoniylarga tegishli bu qismi g‘oyat muqaddasdir, chunki u Egamizga atalgan, olovda kuydiriladigan nazrlardan qolgan qismidir.

11 Egamizga keltiradigan don nazringizning birortasiga xamirturush qo‘shmang. Na xamirturushni, na qiyomni olovda kuydirib, Egamizga nazr qilmang. 12 Xamirturush va qiyomni ilk hosil nazringizga qo‘shib, Egamizga keltirishingiz mumkin. Lekin Egamizga yoqimli hid borsin deb, bularni qurbongoh ustida kuydirmang. 13 Don nazringizning hammasiga tuz qo‘shing. Zotan, tuz Xudoyingiz sizlar bilan tuzgan ahdni bildiradi*.

Shunday ekan, birorta nazringiz tuzsiz bo‘lmasin.

14 Agar Egamizga ilk hosilingizdan don nazri keltirmoqchi bo‘lsangiz, qovurilgan yangi bug‘doy boshoqlarini tuyib, olib keling. 15 Bu don nazri bo‘lgani uchun unga zaytun moyini qo‘shib, ustiga xushbo‘y tutatqidan qo‘ying. 16 Ruhoniy tuyilgan bug‘doyning bir qismini, ustidagi moy va hamma tutatqi bilan birga qurbongoh ustida kuydirsin. Bunday qilish nazrning hammasi Xudoga tegishli ekanini bildiradi. Egamizga atab, olovda kuydirilgan don nazri shudir.


3–BOB

Tinchlik qurbonligi

1 Agar podangizdagi birorta hayvonni tinchlik qurbonligi qilmoqchi bo‘lsangiz, nuqsonsiz sigir yoki buqani Egamiz oldiga olib keling. 2 Qo‘lingizni qurbonlikning boshiga qo‘ying, so‘ng uni Uchrashuv chodirining kiraverishida so‘ying. Horunning ruhoniy o‘g‘illari qurbonlikning qonini qurbongohning to‘rtala yon tomoniga sepib chiqishsin. 3 Siz tinchlik qurbonligining quyidagi qismlarini olovda kuydirib, Egamizga nazr qiling: ichak–chovoqlarini qoplab turgan yog‘larni, hamma charvini, 4 ikkala buyrakni, buyrak atrofidagi yog‘larini va jigarning a’lo qismini*. Jigarning a’lo qismi buyraklar bilan birga ajratib olingan bo‘lishi lozim. 5 So‘ng Horunning o‘g‘illari bularni qurbongohda, yonib turgan o‘tin ustidagi kuydiriladigan qurbonlik bilan birga kuydirsinlar. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Egamizga yoqimli hid boradi.

6 Agar Egamizga suruvingizdagi hayvonni tinchlik qurbonligi qilmoqchi bo‘lsangiz, nuqsonsiz urg‘ochi yoki erkak jonivorni olib keling. 7 Qo‘yni qurbonlik qilmoqchi bo‘lsangiz, uni Egamiz oldiga olib kelib, 8 qo‘lingizni qurbonlikning boshiga qo‘ying.

So‘ng uni Uchrashuv chodiri oldida so‘ying. Horunning o‘g‘illari qurbonlikning qonini qurbongohning to‘rtala yon tomoniga sepib chiqishsin. 9 Siz tinchlik qurbonligining quyidagi qismlarini olovda kuydirib, Egamizga nazr qiling: dumg‘azadan boshlab kesib olingan dumbasini, ichak–chovoqlarini qoplab turgan yog‘larni, hamma charvini,

10 ikkala buyrakni, buyrak atrofidagi yog‘larini va jigarning a’lo qismini. Jigarning a’lo qismi buyraklar bilan birga ajratib olingan bo‘lishi lozim. 11 Ruhoniy bularni taom nazri sifatida qurbongoh ustida kuydirsin. Egamizga keltirilib, olovda kuydiriladigan qurbonlik shudir.

12 Agar Egamizga echkini qurbonlik qilmoqchi bo‘lsangiz, uni Egamizning oldiga olib

keling. 13 Qo‘lingizni echkining boshiga qo‘yib, uni Uchrashuv chodiri oldida so‘ying. So‘ng Horunning o‘g‘illari echkining qonini qurbongohning to‘rtala yon tomoniga sepib chiqishsin. 14 Siz qurbonlikning quyidagi qismlarini olovda kuydirib Egamizga nazr qiling: ichak–chovoqlarini qoplab turgan yog‘larni, hamma charvini, 15 ikkala buyrakni,

buyrak atrofidagi yog‘larini va jigarning a’lo qismini. Jigarning a’lo qismi buyraklar bilan birga ajratib olingan bo‘lishi lozim. 16 So‘ng ruhoniy bularning hammasini taom nazri sifatida qurbongoh ustida kuydirsin. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Egamizga yoqimli hid boradi.

Yog‘ning hammasi Egamizga tegishlidir. 17 Yog‘ va qonni tanovul qilmang. Qayerda yashashingizdan qat’iy nazar, butun avlodingiz bu qonunga doimo rioya qilsin.


4–BOB

Bilmasdan qilingan gunoh uchun nazrlar

1 Egamiz Muso orqali 2 Isroil xalqiga quyidagi qoidalarni berdi: agar birorta odam Egamizning amriga ko‘ra taqiqlangan biror ishni bilmasdan qilib qo‘yib, gunoh orttirib olsa, quyidagicha ish tutsin: 3 moy surtib tanlangan ruhoniy gunoh qilib qo‘ysa, u butun xalqni aybdor qilib qo‘ygan bo‘ladi. U qilgan gunohi uchun nuqsonsiz buqani gunoh qurbonligi sifatida Egamizga keltirsin. 4 Buqani Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kelib, qo‘lini buqaning boshiga qo‘ysin. So‘ng buqani o‘sha yerda — Egamizning huzurida so‘ysin. 5 Moy surtib tanlangan ruhoniy buqaning qonidan olib, Uchrashuv chodiriga olib kirsin. 6 U barmog‘ini qonga botirib, qonni Egamizning huzurida, Eng muqaddas xonani to‘sib turgan ichki parda tomonga yetti marta sachratsin. 7 So‘ng qonni Egamizning huzurida Uchrashuv chodiridagi xushbo‘y tutatqi qurbongohining shoxlariga* surtsin. Buqaning ortgan qonini esa Uchrashuv chodiriga kiraverishdagi qurbonlik kuydiriladigan qurbongohning yoniga to‘ksin. 8 Gunoh qurbonligi qilingan buqaning hamma yog‘larini ajratib olsin: ichak–chovoqlarini qoplab turgan yog‘larni, hamma charvini, 9 ikkala buyrakni, buyrak atrofidagi yog‘larni va jigarning a’lo qismini*. Jigarning a’lo qismi buyraklar bilan birga ajratib olingan bo‘lishi lozim. 10 Tinchlik qurbonligining yog‘lari qanday ajratib olinsa, gunoh qurbonligining yog‘lari ham shu usulda ajratib olinsin. Ruhoniy yog‘larni qurbonlik kuydiriladigan qurbongoh ustida kuydirsin. 11 Buqaning qolgan qismlarini: terisini, go‘shtini, kallasini, oyoqlarini va ichak–chovoqlarini 12 qarorgohning tashqarisidagi kul to‘kiladigan halol joyga olib chiqib, o‘tinlar ustida kuydirsin.

13 Agar butun jamoa Egamizning amriga ko‘ra, taqiqlangan biror ishni bilmasdan qilib, gunoh orttirib olsa, ular bundan xabarsiz bo‘lgan taqdirda ham, baribir aybdor bo‘ladilar. 14 Qilgan gunohlari fosh bo‘lgandan keyin, ular butun jamoa nomidan gunoh qurbonligi qilish uchun buqani Uchrashuv chodiri oldiga olib kelishsin. 15 Jamoa oqsoqollari buqaning boshiga qo‘llarini qo‘yib, uni o‘sha yerda — Egamizning huzurida so‘yishsin. 16 Moy surtib tanlangan ruhoniy buqaning qonidan Uchrashuv chodiriga olib kirsin. 17 U barmog‘ini qonga botirib, qonni Egamizning huzurida ichki parda tomonga yetti marta sachratsin. 18 So‘ng Egamizning huzurida turgan Uchrashuv chodiridagi tutatqi qurbongohining shoxlariga qondan surtsin. Buqaning qolgan qonini esa Uchrashuv chodiriga kiraverishdagi qurbonlik kuydiriladigan qurbongohning yoniga to‘ksin. 19 Keyin buqaning yog‘larini ajratib olib qurbongoh ustida kuydirsin.

20 Ruhoniyning gunohi uchun keltirilgan buqani nima qilgan bo‘lsa, bu buqani ham o‘shanday qilsin. Shu yo‘sinda ruhoniy jamoani gunohdan poklasin, shunda ularning gunohi kechiriladi. 21 So‘ng ruhoniy buqaning qolgan qismlarini qarorgohdan tashqariga olib chiqib, oldingi buqani kuydirganday kuydirsin. Jamoaning gunohi uchun

keltiriladigan qurbonlik shudir.

22 Agar hukmdor o‘z Egasi Xudoning amriga ko‘ra, taqiqlangan biror ishni bilmasdan qilib qo‘yib, gunoh orttirib olsa, u aybdor bo‘ladi. 23 Qilgan gunohi fosh bo‘lgandan keyin, u nuqsonsiz bir takani qurbonlik qilish uchun olib kelsin. 24 So‘ng qo‘lini takaning boshiga qo‘yib, takani Egamizning huzurida, kuydiriladigan qurbonliklar bo‘g‘izlanadigan joyda so‘ysin. Bu gunoh qurbonligidir. 25 Ruhoniy barmog‘ini gunoh qurbonligi qoniga botirib, qonni qurbonlik kuydiriladigan qurbongoh shoxlariga* surtsin. Qonning qolganini esa qurbongohning yoniga to‘ksin. 26 So‘ng taka yog‘ining hammasini tinchlik qurbonligining yog‘ini kuydirganday, qurbongoh ustida kuydirsin.

Ruhoniy shu tariqa hukmdorni gunohdan poklasin, shunda hukmdorning gunohi kechiriladi.

27 Agar jamoa a’zosi Egamizning amriga ko‘ra, taqiqlangan biror ishni bilmasdan

qilib qo‘yib, gunoh orttirib olsa, u aybdor bo‘ladi. 28 Qilgan gunohi fosh bo‘lgandan keyin, nuqsonsiz echkini qurbonlik qilish uchun olib kelsin. 29 U qo‘lini gunoh qurbonligining boshiga qo‘ysin, so‘ng uni kuydiriladigan qurbonliklar bo‘g‘izlanadigan joyda so‘ysin.

30 Ruhoniy barmog‘ini qurbonlikning qoniga botirib, qonni qurbonlik kuydiriladigan qurbongoh shoxlariga surtsin. Qonning qolganini esa qurbongohning yoniga to‘ksin. 31 Tinchlik qurbonligining yog‘i ajratib olinganday, echkining yog‘larini ajratib olsin. Egamizga yoqimli hid borishi uchun yog‘ni qurbongoh ustida kuydirsin. Shu tariqa ruhoniy gunoh qilgan odamni gunohidan poklasin, shunda o‘sha odamning gunohi kechiriladi.

32 Agar jamoa a’zosi qo‘yni gunoh qurbonligi qilmoqchi bo‘lsa, nuqsonsiz sovliqni olib kelsin. 33 U qo‘lini gunoh qurbonligining boshiga qo‘ysin, so‘ng uni kuydiriladigan qurbonliklar bo‘g‘izlanadigan joyda so‘ysin. 34 Ruhoniy o‘z barmog‘ini gunoh qurbonligining qoniga botirib, qonni qurbonlik kuydiriladigan qurbongoh shoxlariga surtsin. Qolgan qonni esa qurbongohning yoniga to‘ksin. 35 Tinchlik qurbonligi qilingan qo‘yning yog‘i qanday ajratib olinsa, bu qurbonlikning ham yog‘larini xuddi shunday qilib ajratib olsin. So‘ng bularni qurbongoh ustida, Egamizga keltirilgan nazrlar bilan birga olovda kuydirsin. Shu tariqa ruhoniy gunoh qilgan odamni gunohdan poklasin, shunda uning gunohi kechiriladi.


5–BOB

Bilmasdan qilingan gunohlar

1 Quyidagi vaziyatlarda gunoh qurbonligi keltirilishi shart: agar orangizdagi biror kishi guvohlik berish uchun mahkamaga chaqirilsa–yu, ko‘rgan yoki bilgan hodisa haqida guvohlik berishdan bo‘yin tovlasa, u jazoga tortilsin. 2 Birontangiz harom narsaga — yovvoyi hayvonning, chorvaning yoki sudralib yuruvchining murdasiga qo‘l tekkizsangiz–u, harom bo‘lganingizni bilmasangiz, siz baribir aybdor hisoblanasiz.

3 Bordi–yu, insonning biror nopokligiga qo‘l tekkizsangiz–u, harom bo‘lganingizni bilmasangiz, qilib qo‘ygan ishingizni anglaganingizdan keyin aybdor hisoblanasiz. 4 Agar birortangiz bilmay turib, shoshilganingizdan yaxshi yoki yomon niyatda qasam ichib qo‘ysangiz, qilib qo‘ygan ishingizni anglaganingizdan keyin aybdor hisoblanasiz.

5 Aytilganlarning birortasida o‘zingizni aybdor deb topsangiz, qilgan gunohingizni e’tirof

eting. 6 Qilgan gunohingizning to‘lovi sifatida suruvingizdagi qo‘y yoki echkini Egamizga

gunoh qurbonligi qilish uchun olib keling. Ruhoniy qurbonlik qilib, sizni gunohdan poklasin.

7 Bordi–yu, qo‘yni qurbonlik qilishga qurbingiz yetmasa, gunohingiz to‘lovi sifatida ikkita kaptar yoki ikkita musichani Egamizga olib keling. Qushning bittasi gunoh qurbonligi, ikkinchisi kuydiriladigan qurbonlik qilinsin. 8 Qushlarni ruhoniyga olib keling. Ruhoniy qushlardan birini gunoh qurbonligi uchun olib, qushning bo‘ynini qayirib sindirsin, lekin boshini uzib tashlamasin. 9 So‘ng gunoh qurbonligining qonidan qurbongohning yon tomoniga sepsin, qonning qolganini esa qurbongohning yoniga to‘ksin. Bu gunoh qurbonligidir. 10 Qushning ikkinchisini esa qoidaga binoan kuydiriladigan qurbonlik qilsin. Shu tariqa ruhoniy sizni gunohingizdan poklaydi, qilgan gunohingiz kechiriladi.

11 Ikkita kaptar yoki ikkita musichani qurbonlik qilishga qurbingiz yetmasa, qilgan gunohingiz uchun to‘rt kosa* sifatli unni gunoh nazri uchun olib keling. Unga zaytun moyidan qo‘shmang, ustiga xushbo‘y tutatqidan ham qo‘ymang, zotan, bu gunoh uchun keltiriladigan nazrdir. 12 Nazringizni ruhoniyga olib keling. Ruhoniy unning bir hovuchini olib, Egamizga atab, olovda kuydiriladigan nazrlar bilan birga qurbongoh ustida kuydirsin. Bunday qilish, unning hammasi Xudoga tegishli ekanini bildiradi.

13 Shu tariqa ruhoniy sizni qilgan har qanday gunohingizdan poklaydi, shunda gunohingiz kechiriladi. Gunoh nazrining ortib qolgan qismi don nazri singari, ruhoniyga tegishlidir.

Zararni qoplaydigan qurbonliklar

14 Egamiz Musoga quyidagi qoidalarni berdi: 15 agar birortangiz bilmagan holda gunoh qilib, ehsonlarga oid ko‘rsatmalarni buzib qo‘ysangiz, ayb qurbonligini keltiring. Ayb qurbonligi sifatida Egamizga nuqsonsiz bir qo‘chqorni yoki qo‘chqorning qiymatiga yarasha kumushni olib keling*. Bu ayb qurbonligidir. 16 Ehsonlarga keltirgan zararni qoplashingiz uchun ruhoniyga tovon to‘lang. Buning ustiga ehson qiymatining beshdan bir qismini qo‘shib bering. Ruhoniy qo‘chqorni ayb qurbonligi qilib, sizni gunohingizdan poklaydi, shunda gunohingiz kechiriladi.

17 Agar birortangiz Egamizning amriga ko‘ra, taqiqlangan biror ishni bilmasdan qilib qo‘yib, gunoh orttirib olsangiz, qilgan ishingizni anglaganingizdan keyin jazoga loyiq hisoblanasiz. 18 Bunday holda ruhoniyga ayb qurbonligi sifatida nuqsonsiz bir qo‘chqorni yoki qo‘chqorning qiymatiga yarasha kumushni olib keling. Ruhoniy sizni gunohingizdan poklaydi, shunda bilmasdan qilib qo‘ygan gunohingiz kechiriladi. 19 Bu ayb qurbonligidir. Siz haqiqatan ham, Egamizning oldida aybli ish qilib qo‘ygan edingiz.


6–BOB

1 Egamiz Musoga quyidagi qoidalarni berdi: 2 agar birortangiz Egamizga xiyonat qilsangiz, ya’ni sizga omonatga berilgan yoki garovga qo‘yilgan narsa borasida qo‘shningizni aldasangiz, yoki qo‘shningizning biror narsasini o‘g‘irlasangiz, yoki tovlamachilik qilsangiz, 3 yoki yo‘qolgan narsani topib olib, topmadim, deb aytsangiz, yoki qasam ichib turib yolg‘on guvohlik bersangiz, siz gunoh qilgan bo‘lasiz. 4 Gunoh qilib, aybingizni tan olganingizdan keyin o‘g‘irlagan, tovlamachilik qilib qo‘lga kiritgan, omonatga berilgan, topib olgan, 5 yolg‘on qasam ichib o‘zingizga olib qolgan har qanday narsani egasiga qaytarib bering. Ustiga o‘sha narsaning beshdan bir qismi qiymatini

ham qo‘shib bering. 6 Bundan tashqari, ayb qurbonligi uchun Egamizga nuqsonsiz bir qo‘chqorni yoki qo‘chqorning qiymatiga yarasha kumushni olib keling. 7 Ruhoniy Egamiz huzurida sizni gunohdan poklaydi, shunda qilgan har qanday aybingiz kechiriladi.

Kuydiriladigan qurbonlik keltirish qoidasi

8 Egamiz Muso orqali 9 Horun va uning o‘g‘illariga kuydiriladigan qurbonlikka oid quyidagi qoidalarni berdi: kuydiriladigan qurbonlik qurbongoh ustida tun bo‘yi, ertalabgacha qolsin. Qurbongoh ustidagi olov doim yonib tursin. 10 Ertasi kuni ertalab ruhoniy zig‘ir matosidan tikilgan libosni va ichidan ishtonni kiysin. So‘ng kuydirilgan qurbonlikning kulini qurbongoh ustidan yig‘ishtirib olsin. Kulni qurbongohning yoniga tashlasin. 11 Keyin ustidagi liboslarni yechib, boshqa liboslarni kiysin. Kulni qarorgohdan tashqaridagi halol joyga olib chiqib tashlasin. 12 Qurbongohdagi olov o‘chmay doim yonib turishi shart. Har kuni ertalab ruhoniy olovga o‘tin tashlab, uning ustiga kuydiriladigan qurbonlikni qo‘ysin. Tinchlik qurbonligining yog‘ini ham o‘sha olovda kuydirsin. 13 Qurbongohdagi olov zinhor o‘chmasin, u muttasil yonib tursin.

Don nazri

14 Don nazr qilinganda quyidagi qoidaga rioya qilinsin: Horunning o‘g‘illari don nazrini Egamizning huzuriga, qurbongoh oldiga olib kelishsin. 15 Ruhoniy zaytun moyi qo‘shilgan sifatli unning bir hovuchini va ustidagi xushbo‘y tutatqining hammasini olib, qurbongoh ustida kuydirsin. Bunday qilish unning hammasi Xudoga tegishli ekanini bildiradi. Bu nazrdan Egamizga yoqimli hid boradi. 16 Unning qolganidan xamirturushsiz nonlar yopilsin. Horun va uning o‘g‘illari bu nonlarni muqaddas joyda yesinlar. Nonlar Uchrashuv chodirining hovlisida tanovul qilinishi lozim. 17 Unga xamirturush qo‘shilmasin. Egamizga atab, olovda kuydiriladigan nazrlardan ularga beriladigan ulush shudir. U gunoh qurbonligi va ayb qurbonligi singari, g‘oyat muqaddasdir. 18 Horunning naslidan bo‘lgan har bir erkak zoti bu nazrdan yesa bo‘ladi. Egamizga atab, olovda kuydiriladigan nazrlardan Horunning nasliga avlodlar osha berilgan doimiy ulush shudir. Bu nazrga tekkan har qanday narsa muqaddas bo‘ladi*.

19 Egamiz Muso orqali yana quyidagi qoidalarni berdi: 20 Horun va uning o‘g‘illari ruhoniylikka tayinlangan kuni Egamizga don nazrini keltirishsin. Bu nazrning miqdori, kundalik nazrday, to‘rt kosa* sifatli undan tashkil topsin. Unning ikki kosasi ertalab, ikki kosasi kechqurun nazr qilinsin. 21 Undan zaytun moyiga xamir qorilsin, so‘ng tovada qovurilsin. Qovurilgan xamir moyga yaxshilab bo‘ktirilgan bo‘lsin, uni burdalab Egamizga nazr qiling. Bu nazrdan Egamizga yoqimli hid boradi. 22 Boshiga moy surtilib, ruhoniylikka tayinlanadigan Horunning o‘g‘li bu nazrni tayyorlasin. Bu turdagi nazr har bir ruhoniylikka tayinlash marosimida Egamizga keltirilsin. Nazrni butunlay kuydirish lozim. 23 Xullas, ruhoniy keltirgan har qanday don nazri butunlay kuydirilsin, uni yeyish mumkin emas.

Gunoh qurbonligi

24 Egamiz Muso orqali 25 Horun va uning o‘g‘illariga gunoh qurbonligiga oid quyidagi qoidalarni berdi: gunoh qurbonligi qilinadigan jonivor Egamizning huzurida, kuydiriladigan qurbonlik bo‘g‘izlanadigan joyda bo‘g‘izlansin. Bu g‘oyat muqaddas qurbonlikdir. 26 Gunoh qurbonligini keltirgan ruhoniy qurbonlik go‘shtidan tanovul qilsin. Qurbonlik go‘shti muqaddas joyda, ya’ni Uchrashuv chodirining hovlisida

yeyilishi lozim. 27 Qurbonlik go‘shtiga tekkan har qanday narsa muqaddas bo‘ladi*. Agar qurbonlikning qoni kiyimga sachrasa, kiyim muqaddas joyda yuvilsin. 28 Go‘sht pishirilgan sopol idish sindirilsin*. Bordi–yu, go‘sht bronza qozonda pishirilgan bo‘lsa, qozonni ishqalab yuvish lozim. 29 Ruhoniylar urug‘iga mansub har bir erkak zoti bu qurbonlik go‘shtidan tanovul qilsa bo‘ladi. Bu qurbonlik g‘oyat muqaddasdir. 30 Bordi– yu, gunoh qurbonligining qoni Uchrashuv chodirining ichiga, gunohdan poklash uchun Muqaddas xonaga olib kirilsa, bunday qurbonlik go‘shtini* tanovul qilish mumkin emas. Uni butunlay kuydirish lozim.


7–BOB

Ayb qurbonligi

1 Ayb qurbonligi g‘oyat muqaddasdir. Uni keltirganda quyidagi qoidaga rioya qilinsin: 2 ayb qurbonligi uchun keltiriladigan jonivorni kuydiriladigan qurbonlik bo‘g‘izlanadigan joyda so‘yishsin. Uning qonini qurbongohning to‘rtala yon tomoniga sepib chiqishsin. 3 Jonivor yog‘ining hammasi keltirilsin: dumbasi, ichak–chovoqlarini qoplab turgan yog‘lari, 4 ikkala buyragi, buyrak atrofidagi yog‘lari va jigarning a’lo qismi*. Jigarning a’lo qismi buyraklar bilan birga ajratib olinsin. 5 Ruhoniy bularni olovda kuydirib, Egamizga nazr qilsin. Bu ayb qurbonligidir. 6 Ruhoniylar urug‘iga

mansub bo‘lgan har bir erkak zoti qurbonlikni tanovul qilsa bo‘ladi. Uni muqaddas joyda

tanovul qilishsin*, chunki bu qurbonlik g‘oyat muqaddasdir.

7 Ayb qurbonligi uchun ham, gunoh qurbonligi uchun ham qoida bir: qurbonlikning go‘shti gunohdan poklash marosimini olib borgan ruhoniyga tegishli bo‘lsin. 8 Birovning kuydiriladigan qurbonligini keltirgan ruhoniy o‘ziga qurbonlikning terisini olsin.

9 Tandirda yopilgan, qozonda yoki tovada tayyorlangan har qanday don nazri ham, uni keltirgan ruhoniyga tegishli bo‘lsin. 10 Lekin boshqa turdagi don nazrlari, zaytun moyi aralashtirilgan yoki aralashtirilmaganidan qat’iy nazar, Horunning hamma o‘g‘illariga birday tegishli bo‘lsin.

Tinchlik qurbonligi

11 Egamizga tinchlik qurbonligini keltirganingizda quyidagi qoidaga rioya qiling: 12 agar qurbonlikni shukrona aytish uchun keltirayotgan bo‘lsangiz, qurbonlik bilan birga zaytun moyi aralashtirilgan xamirturushsiz nonlarni, zaytun moyi surtilgan xamirturushsiz chalpaklarni hamda sifatli un va zaytun moyidan qorib tayyorlangan

kulchalarni keltiring. 13 Shukrona qurbonligi qatorida xamirturushli nonlarni ham olib keling. 14 Nonlarning har bir turidan bittasini Egamizga hadya sifatida taqdim qiling. Bu nonlar tinchlik qurbonligi qonini qurbongohga sepgan ruhoniyniki bo‘lsin. 15 Shukrona aytish uchun keltirilgan tinchlik qurbonligining go‘shtini o‘sha kuniyoq tanovul qiling. Qurbonlik go‘shtidan ertalabgacha qoldirmang.

16 Bordi–yu, qurbonlikni ichgan ontingiz bo‘yicha keltirsangiz, yoki ko‘ngildan chiqarib bersangiz, go‘shtini qurbonlik qilgan kuningiz va qolganini ikkinchi kuni ham yesangiz bo‘ladi. 17 Uchinchi kuni esa qurbonlikning qolgan hamma go‘shtini kuydirib tashlang. 18 Agar qilgan tinchlik qurbonligingizning go‘shti uchinchi kuni tanovul qilinsa, qurbonligingiz qabul bo‘lmaydi va hisobga o‘tmaydi. Qurbonligingiz bulg‘angan hisoblanib, uning go‘shtidan yegan odam jazoga tortiladi.

19 Har qanday nopok narsaga tekkan qurbonlik go‘shti yeyilmasin. Uni kuydirib

tashlang. Go‘shtning qolganini esa har bir pok odam tanovul qilishi mumkin. 20 Bordi– yu, biror odam harom bo‘la turib, Egamizga keltirilgan tinchlik qurbonligining go‘shtidan yesa, o‘z xalqi orasidan yo‘q qilinsin. 21 Agar birortangiz odamning nopokligiga, harom hayvonga yoki har qanday jirkanch jonzotga tegib, Egamizning tinchlik qurbonligi go‘shtidan tanovul qilsangiz, xalqingiz orasidan yo‘q qilinasiz.

22 Egamiz Muso orqali 23 Isroil xalqiga quyidagi qoidalarni berdi: mol, qo‘y va echkining yog‘ini aslo yemang. 24 Harom o‘lgan yoki yovvoyi hayvon g‘ajib tashlagan jonivorning yog‘ini har qanday ehtiyojlarga ishlatishingiz mumkin, lekin uni aslo tanovul qilmang. 25 Bordi–yu, birortangiz Egamizga atab, olovda kuydiriladigan qurbonlikning yog‘idan yesangiz, xalqingiz orasidan yo‘q qilinasiz. 26 Qush yoki

hayvonning qonini iste’mol qilmang. Qayerda yashashingizdan qat’iy nazar, bu amrimga rioya qiling. 27 Bordi–yu, birortangiz qon iste’mol qilsangiz, xalqingiz orasidan yo‘q qilinasiz.

28 Egamiz Muso orqali 29 Isroil xalqiga quyidagi qoidalarni berdi: tinchlik qurbonligini keltirganingizda, qurbonlikning bir qismini Egamizga taqdim qiling.

30 Olovda kuydiriladigan bu nazrni o‘z qo‘lingiz bilan olib keling. Qurbonlikning yog‘i va to‘shini keltiring. To‘shni Egamizga bag‘ishlaganingizni ko‘rsatish uchun yuqoriga ko‘taring. 31 Ruhoniy yog‘ni qurbongoh ustida kuydirsin, to‘sh esa Horun va uning o‘g‘illariniki bo‘lsin. 32 Tinchlik qurbonligining o‘ng sonini ruhoniyga hadya qiling.

33 Qurbonlikning qonini keltirgan va yog‘ini kuydirgan Horunning o‘g‘liga o‘shani ulush qilib bering. 34 Zotan, Isroil xalqi qilgan tinchlik qurbonligining yuqoriga ko‘tarilgan to‘shini va hadya qilingan sonini Egamiz Horunga va uning o‘g‘illariga berdi. Bu Isroil xalqidan ularga beriladigan doimiy ulushdir.

35 Horun va uning o‘g‘illari Egamiz huzurida ruhoniy bo‘lib xizmat qilishlari uchun tayinlangan kundan boshlab, olovda kuydiriladigan qurbonliklardan ularga tegadigan ulush ana shudir. 36 Horun va uning o‘g‘illariga moy surtilgan kuni Isroil xalqi bu ulushni ularga berishini Egamiz amr etdi. Avlodlar osha bu ularning doimiy ulushidir.


37 Xullas, kuydiriladigan qurbonlik, don nazri, gunoh qurbonligi, ayb qurbonligi, ruhoniylikka tayinlash marosimida keltiriladigan qurbonlik va tinchlik qurbonligiga oid qoidalar shulardan iboratdir. 38 Muso Isroil xalqi bilan Sinay tog‘i yon bag‘ridagi sahroda turgan paytlarida Egamiz ularga bu qurbonliklarni keltira boshlashni buyurgan edi.


8–BOB

Horun va uning o‘g‘illari ruhoniy qilib tayinlanadilar

1 Egamiz Musoga dedi: 2 “Horun va uning o‘g‘illarini Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kel, ular bilan birga ruhoniylik liboslarini, muqaddas qiladigan moyni*, gunoh qurbonligi uchun buqani, ikkita qo‘chqorni va bir savat xamirturushsiz nonni olib kel.

3 So‘ng butun jamoani o‘sha yerga to‘pla.”

4 Muso Egamizning aytganini qildi. Jamoa Uchrashuv chodiriga kiraverishda

to‘plangach, 5 Muso ularga dedi: “Men hozir Egam bergan amrni bajaraman.”

6 Muso Horun va uning o‘g‘illarini oldinga chiqarib yuvintirdi. 7 So‘ng Horunning ustiga ko‘ylakni kiydirib, beliga belbog‘ni bog‘ladi. Ustidan ridoni kiydirib, efodni taqdi. So‘ng beliga efodning nafis naqshinkor kamarini bog‘lab, efodni mahkamladi. 8 Ko‘ksiga

ko‘krakpech* taqib, ko‘krakpech xaltasining ichiga Urim va Tummimni* soldi.

9 Horunning boshiga sallani kiydirdi. Egamizning Musoga bergan amriga binoan sallaning old tomoniga oltin lavhani o‘rnashtirdi, bu lavha Horun Egamizga bag‘ishlanganini bildirar edi.

10 So‘ng Muso Muqaddas chodirga va uning ichidagi hamma ashyolarga muqaddas qiladigan moydan surtib chiqib, ularni muqaddas qildi. 11 Qurbongoh ustiga moydan yetti marta sachratdi. So‘ng qurbongohga, qurbongoh buyumlariga, qo‘lyuvgichga va qo‘lyuvgich tagligiga moydan surtib, ularni muqaddas qildi. 12 U Horunning boshiga ham muqaddas qiladigan moydan surtib, Horunni Egamizning xizmatiga bag‘ishladi. 13 So‘ng Egamizning amriga ko‘ra, Horunning o‘g‘illarini oldinga chiqarib, ularning ustiga ko‘ylaklar kiydirdi, bellariga belbog‘lar, boshlariga peshanabog‘lar bog‘ladi.

14 Keyin Muso gunoh qurbonligi qilinadigan buqani yetaklab keldi. Horun va uning o‘g‘illari qo‘llarini buqaning boshiga qo‘yishdi. 15 Muso buqani so‘ydi. Qurbongohni poklash uchun barmog‘ini qonga botirib, qonni qurbongohning shoxlariga* surtib chiqdi. Qonning qolganini qurbongohning yoniga to‘kdi. Shu yo‘sin u qurbongohni poklab, Egamizga bag‘ishladi. 16 So‘ng buqaning ichak–chovoqlarini qoplagan hamma yog‘larni, jigarning a’lo qismini*, ikkala buyragini va buyrak atrofidagi yog‘larini ajratib olib, qurbongoh ustida kuydirdi. 17 Buqaning o‘zini esa terisi, go‘shti va ichak–chovoqlari bilan birga, Egamizning amriga ko‘ra, qarorgohning tashqarisiga olib chiqib kuydirdi.

18 So‘ng Muso kuydiriladigan qurbonlik qilish uchun qo‘chqorni olib keldi. Horun va uning o‘g‘illari qo‘llarini qo‘chqorning boshiga qo‘yishdi. 19 Muso qo‘chqorni so‘yib, qonidan qurbongohning to‘rtala yon tomoniga sepib chiqdi. 20 So‘ng qo‘chqorning tanasini bo‘laklarga bo‘lib, kallasini, bo‘laklarini va yog‘ini qurbongoh ustida kuydirdi. 21 Ichak–chovoqlari va oyoqlarini yuvib, qo‘chqorni butunlay qurbongoh ustida kuydirdi. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Egamizga yoqimli hid bordi. Muso hammasini Egamizning amriga binoan bajardi.

22 So‘ng Muso ikkinchi qo‘chqorni yetaklab keldi. Horun va uning o‘g‘illarini ruhoniylikka tayinlash marosimida keltiriladigan qurbonlik shu edi. Horun va uning o‘g‘illari qo‘llarini qo‘chqorning boshiga qo‘yishdi. 23 Muso qo‘chqorni so‘yib, qo‘chqorning qonidan Horunning o‘ng qulog‘i solinchagiga*, o‘ng qo‘lining bosh barmog‘iga va o‘ng oyog‘ining bosh barmog‘iga surtdi. 24 So‘ng Muso Horunning o‘g‘illarini oldinga chiqarib, qo‘chqorning qonidan ularning o‘ng quloqlari solinchaklariga, o‘ng qo‘llari bosh barmoqlariga va o‘ng oyoqlari bosh barmoqlariga surtdi. Qonning qolganini esa qurbongohning to‘rtala yon tomoniga sepib chiqdi. 25 U qo‘chqorning yog‘ini, chunonchi, dumbasini, ichak–chovoqlarini qoplab turgan yog‘larni, jigarning a’lo qismini, ikkala buyragini, buyrak atrofidagi yog‘larini va o‘ng sonini ajratib oldi. 26 Egamiz huzuridagi xamirturushsiz nonlar solingan savatdan* xamirturushsiz nondan bittasini, zaytun moyi qo‘shilgan nondan bittasini va chalpakdan bittasini olib, qo‘chqorning yog‘i va o‘ng soni ustiga qo‘ydi. 27 Muso bularning hammasini Horun va o‘g‘illarining qo‘liga tutqazdi. Ular bularni Egamizga bag‘ishlaganini ko‘rsatish uchun yuqoriga ko‘tardilar. 28 So‘ng Muso bu nazrlarni ularning qo‘llaridan olib, qurbongoh ustida kuydiriladigan qurbonlik bilan birga kuydirdi. Olovda kuydirilgan bu nazrlardan Egamizga yoqimli hid bordi. Ruhoniylikka tayinlash marosimida keltirilgan nazrlar shular edi. 29 Keyin Muso to‘shni olib, uni Egamizga bag‘ishlaganini ko‘rsatish uchun yuqoriga ko‘tardi. Egamizning amriga binoan ruhoniylikka tayinlanish marosimida

qurbonlik qilingan qo‘chqorning bu qismi Musoga tegadigan ulush edi.

30 Muso muqaddas qiladigan moydan va qurbongoh ustidagi qondan olib, Horunga

va uning liboslariga hamda Horunning o‘g‘illariga va ularning liboslariga sachratdi. Shunday qilib, u Horunni va uning liboslarini hamda Horunning o‘g‘illarini va ularning liboslarini muqaddas qildi.

31 Muso Horun va uning o‘g‘illariga dedi: “Uchrashuv chodiriga kiraverishda qurbonlikning go‘shtini pishiringlar. Go‘shtni o‘sha yerning o‘zida, savatdagi nazr qilingan nonlarga qo‘shib yenglar. Zotan, bu Egamizning amridir. 32 Ortib qolgan go‘sht va nonni kuydiringlar. 33 Ruhoniylikka tayinlash marosimi tamom bo‘lgunga qadar, yetti kun davomida Uchrashuv chodiri kiraverishidan jilmanglar. 34 Biz bugungi marosimni Egamizning amriga ko‘ra, sizlarni gunohdan poklash uchun ado etdik. 35 Sizlar Uchrashuv chodiriga kiraverishda kechayu kunduz yetti kun davomida bo‘lib, Egamizning barcha talablarini bajaringlar. Shunda nobud bo‘lmaysizlar. Egamizning amri shudir.”

36 Horun va uning o‘g‘illari Egamizning Muso orqali bergan hamma amrlarini

bajardilar.


9–BOB

Horun qurbonliklar keltiradi

1 Sakkizinchi kuni Muso Horunni, uning o‘g‘illarini va Isroil oqsoqollarini chaqirtirib keldi. 2 U Horunga dedi: “Gunoh qurbonligi uchun bir nuqsonsiz buzoqni, kuydiriladigan qurbonlik uchun esa bir nuqsonsiz qo‘chqorni Egamizning huzuriga olib kel.

3 So‘ng Isroil xalqiga ayt, ular ham gunoh qurbonligi uchun bitta takani, kuydiriladigan qurbonlik uchun bir yoshli nuqsonsiz buzoqni va bir yoshli nuqsonsiz qo‘zini, 4 tinchlik qurbonligi uchun bitta buqani va bitta qo‘chqorni olib kelishsin. Ular bu jonivorlarni Egamizning huzurida qurbonlik qilishsin. Bular bilan birga zaytun moyi aralashtirilgan don nazrini ham keltirishsin. Zotan, Egamiz bugun ularga zohir bo‘ladi.”

5 Ular Muso amr qilgan hamma narsani Uchrashuv chodirining oldiga olib kelishdi. Butun jamoa Egamiz huzuriga kelib turdi. 6 Muso dedi: “Egamizning bergan bu amrini ado eting, shunda Egamizning ulug‘vorligi sizlarga zohir bo‘ladi.”

7 So‘ng Muso Horunga dedi: “Qurbongohning oldiga bor, o‘zingni va xalqni gunohdan poklash uchun gunoh qurbonligingni va kuydiriladigan qurbonligingni keltir. So‘ng xalqning qurbonliklarini ado etib, ularni gunohdan pokla. Egamizning amri shudir.”

8 Horun qurbongoh yoniga bordi, o‘z gunohlari uchun gunoh qurbonligi sifatida keltirgan buzoqni so‘ydi. 9 O‘g‘illari Horunga qurbonlikning qonidan olib tutdilar. U barmog‘ini qonga botirib, qurbongohning shoxlariga* surtib chiqdi, qonning qolganini esa qurbongohning yoniga to‘kdi. 10 So‘ng Egamiz Musoga bergan amrga binoan gunoh qurbonligining yog‘ini, ikkala buyragini va jigarning a’lo qismini* qurbongoh ustida kuydirdi. 11 Go‘shti va terisini esa qarorgohdan tashqariga olib chiqib kuydirib tashladi. 12 Keyin Horun kuydiriladigan qurbonlikni so‘ydi. Horunning o‘g‘illari unga qurbonlik qonidan tutdilar. Horun qonni qurbongohning to‘rtala yon tomoniga sepib chiqdi.

13 So‘ng o‘g‘illari kuydiriladigan qurbonlikning bo‘laklari va kallasini Horunga birin– ketin berdilar. Horun bularning hammasini qurbongoh ustida kuydirdi. 14 So‘ng qurbonlikning ichak–chovoqlarini va oyoqlarini yuvib, kuydirilgan qurbonlik ustida

kuydirdi.

15 Keyin Horun xalqning qurbonliklarini keltirdi. O‘zining gunohi uchun qurbonlik

qilgani singari, xalqning gunohi uchun ham takani so‘yib, qurbonlik qildi.

16 Kuydiriladigan qurbonlikni ham olib kelib, qoidaga ko‘ra, ado etdi. 17 So‘ng don nazrini keltirib, nazrning bir hovuchini qurbongoh ustida kuydirdi. Bular ertalab kuydiriladigan kundalik nazrdan tashqari edi.

18 Horun xalqning tinchlik qurbonligi uchun keltirgan buqa va qo‘chqorni so‘ydi. Uning o‘g‘illari tinchlik qurbonligining qonidan olib, Horunga tutdilar. Horun qonni qurbongohning to‘rtala yon tomoniga sepib chiqdi. 19 So‘ng Horunning o‘g‘illari buqa va qo‘chqorning yog‘ini, ya’ni dumbasini, ichaklarini qoplab turgan yog‘larini, buyraklari va jigarning a’lo qismini 20 to‘shlar ustiga qo‘ydilar. Horun yog‘ni qurbongoh ustida kuydirdi. 21 Muso amr qilganday, Horun buqa va qo‘chqorning to‘shlarini va o‘ng sonlarini Egamizga bag‘ishlaganini ko‘rsatish uchun yuqoriga ko‘tardi.

22 Shundan keyin Horun qo‘llarini xalq tomon cho‘zib ularni duo qildi. Horun gunoh qurbonligini, kuydiriladigan qurbonlikni va tinchlik qurbonligini ado etgach, qurbongohdan pastga tushdi. 23 Muso bilan Horun Uchrashuv chodiriga kirishdi, Chodirdan qaytib chiqqanlaridan keyin xalqni duo qilishdi. Shunda Egamizning ulug‘vorligi xalqqa zohir bo‘ldi. 24 Egamizning huzuridan olov chiqib, qurbongoh ustidagi kuydiriladigan qurbonlikni va yog‘larni yamlab yubordi. Xalq buni ko‘rgach, hayqirib yubordi–da, yerga muk tushdi.


10–BOB

Nadov va Abihuning gunohi

1 Horunning o‘g‘illari Nadov va Abihu o‘z olovkuraklarini olib, ichiga cho‘g‘ soldilar, cho‘g‘ ustiga xushbo‘y tutatqi tashladilar. Ular Egamiz amr etmagan begona olovni Uning huzuriga olib kirdilar. 2 To‘satdan Egamizning huzuridan olov otilib chiqib, ularni

kuydirib yubordi. Ikkovi ham o‘sha yerda, Egamizning huzurida halok bo‘ldilar. 3 Shunda Muso Horunga dedi:

— Egamizning, “Yonimda bo‘lganlar orqali Men muqaddasligimni ko‘rsataman, butun xalq oldida ulug‘lanaman”, deb aytgani mana shudir.

Horun indamadi. 4 Muso Horunning amakisi Uziyol o‘g‘illari Mishail va Elzafanni chaqirtirib, ularga dedi: “Boringlar, qarindoshlaringizning jasadlarini Muqaddas chodirning oldidan olib ketib, qarorgohning tashqarisiga olib chiqinglar.”

5 Mishail va Elzafan Musoning aytganini qilib, qarindoshlarining jasadlarini ko‘ylaklaridan ushlab, qarorgoh tashqarisiga olib chiqdilar. 6 So‘ng Muso Horunga va uning o‘g‘illari Elazar bilan Itamarga aytdi: “Qayg‘udan sochingizni to‘zitmanglar*, liboslaringizni yirtmanglar, aks holda, sizlar ham nobud bo‘lasizlar va butun jamoa Xudoning g‘azabiga uchraydi. Ammo qarindoshlaringiz, butun Isroil nasli Egamiz kuydirib nobud qilgan Nadov va Abihu uchun aza tutishlari mumkin. 7 Sizlar esa Uchrashuv chodiriga kiraverishdan nariga jilmang. Aks holda, nobud bo‘lasizlar. Sizning ustingizga Egamizning muqaddas qiladigan moyi* surtilgan.”

Ular Musoning aytgani bo‘yicha ish tutdilar.

Ruhoniylarga berilgan nizom

8 Egamiz Horunga shunday dedi: 9 “Sen va o‘g‘illaring Uchrashuv chodiriga kirishdan

oldin sharob yoki boshqa o‘tkir ichimliklar ichmanglar. Ichsangiz, nobud bo‘lasizlar. Bu avlodlaringiz osha doimiy qonun–qoida bo‘lsin. 10 Sizlar muqaddas narsalarni oddiy narsalardan, haromni haloldan ajrata olishlaring shart. 11 Muso orqali Men aytgan hamma qonunlarni Isroil xalqiga o‘rgatishlaring lozim.”

12 Muso Horunga va uning omon qolgan o‘g‘illari Elazar bilan Itamarga dedi: “Egamizga atab, olovda kuydiriladigan don nazrlarining ortib qolganini olib, xamirturushsiz nonlar yopinglar. Bu nonlarni qurbongoh yonida tanovul qilinglar, chunki bu nazr g‘oyat muqaddasdir. 13 Egamizga atab, olovda kuydiriladigan nazrlardan senga va sening o‘g‘illaringga tegadigan ulush mana shudir. Shuning uchun buni muqaddas joyda tanovul qilinglar. Egam menga shuni amr qildi. 14 Yuqoriga ko‘tarilgan to‘sh bilan nazr qilingan sonni esa sen va sening o‘g‘il–qizlaring har qanday halol joyda tanovul qilishlaring mumkin. Bu narsalar Isroil xalqining tinchlik qurbonliklaridan senga va farzandlaringga ulush qilib berilgandir. 15 Isroil xalqi qurbonlikning olovda kuydiriladigan yog‘i bilan birga qurbonlikning to‘shi va sonini olib kelsinlar. Ular to‘sh va sonni Egamizga bag‘ishlaganini ko‘rsatish uchun yuqoriga ko‘targanlaridan keyin, bular senga va farzandlaringga beriladi. Egamizning amriga ko‘ra, sizlarga tegadigan doimiy ulush shudir.”

16 So‘ng Muso gunoh qurbonligi qilingan echki haqida so‘radi, bilsaki, u qurbonlik kuydirilib bo‘libdi. Muso Horunning qolgan ikkala o‘g‘li Elazar bilan Itamardan qattiq g‘azablanib, ularga dedi:

17 — Nimaga gunoh qurbonligining go‘shtini muqaddas joyda yemadinglar?! Bu juda muqaddas qurbonlik–ku! Axir, o‘sha qurbonlik jamoaning aybini yuvishingiz va Egamiz huzurida ularni gunohdan poklashingiz uchun sizlarga berilgan–ku! 18 Bu qurbonlikning qoni Muqaddas xonaga olib kirilmagan. Bunday qurbonlikni muqaddas joyda yenglar, deb sizlarga amr qilmaganmidim?!

19 Shunda Horun Musoga dedi:

— Mana, bugun o‘g‘illarim Egamizga gunoh qurbonligini va kuydiriladigan qurbonlikni keltirdilar. Ammo sho‘rim quridi–ku! Agar bugun gunoh qurbonligi go‘shtidan yeganimda, Egam mendan mamnun bo‘larmidi?!

20 Muso bu gapni eshitib, ma’qul topdi.


11–BOB

Halol va harom hayvonlar

1 Egamiz Muso va Horun orqali 2 Isroil xalqiga shunday dedi: “Yer yuzidagi jamiki hayvonlardan 3 ayri tuyoq va kavsh qaytaradigan har qanday hayvonni tanovul qilishingiz mumkin. 4 Lekin kavsh qaytaradigan yoki ayri tuyoq hayvonlardan quyidagilarni tanovul qilmang*: tuya kavsh qaytaradi–yu, lekin ayri tuyoq emas. U sizlar uchun haromdir. 5 Sug‘ur kavsh qaytaradi, lekin ayri tuyoq emas. U sizlar uchun haromdir. 6 Quyon kavsh qaytaradi, lekin ayri tuyoq emas. U sizlar uchun haromdir.

7 Cho‘chqa ayri tuyoq bo‘lgani bilan kavsh qaytarmaydi. U sizlar uchun haromdir. 8 Bu hayvonlarning go‘shtini yemang, ularning murdasiga qo‘l tekkizmang. Ular sizlar uchun haromdir.

9 Dengiz va daryolarda yashaydigan suzgichi va tangachalari bor har qanday

jonivorni yesangiz bo‘ladi. 10 Biroq suvda yashaydigan, suzgichi va tangachalari

bo‘lmagan har qanday suzadigan va boshqa turdagi jonivorni yemang. Ulardan hazar qiling. 11 Bunday jonivorlar sizlar uchun jirkanchdir. Ularning go‘shtini og‘zingizga olmang, murdasidan hazar qiling. 12 Suzgichi va tangachalari bo‘lmagan har qanday suv jonivori sizlar uchun jirkanchdir.

13 Parrandalar orasidagi quyidagi qushlarni zinhor yemang, ulardan hazar qiling, ular sizlar uchun jirkanchdir: qumoy, boltayutar, tasqara, 14 qizil kalxat, qirg‘iy va uning zoti, 15 har qanday qarg‘a va uning zoti, 16 tuyaqush, lochin, quloqli ukki, qarchig‘ay va uning zoti, 17 yapaloq qush, baliqchi ukki, boyo‘g‘li, 18 oq boyo‘g‘li, birqozon, jo‘rchi,

19 laylak, oq qarqara va uning zoti, sassiqpopishak, ko‘rshapalak.

20 To‘rt oyog‘ida yuradigan hamma qanotli hasharotlar sizlar uchun jirkanchdir. 21 Lekin qanotli hasharotlar orasidagi, to‘rt oyoqda yuradigan ba’zilarini yeyishingiz mumkin. Oyoqlari sakrash uchun bo‘g‘inlar bilan moslangan 22 chigirtkaning hamma turini va ularning zotini yeyishingiz mumkin. 23 Boshqa hamma to‘rt oyoqli, qanotli hasharotlar sizlar uchun jirkanchdir.

24 Ba’zi hayvonlar sizlarni bulg‘aydi. Ularning o‘ligiga qo‘l tekkizsangiz, kechgacha harom bo‘lasiz. 25 Harom hayvonning murdasini ko‘targan odam kiyimlarini yuvsin. U kechgacha harom bo‘ladi. 26 Tuyoqli, lekin tuyoqlari butunlay ayrilmagan yoki kavsh qaytarmaydigan har qanday hayvon sizlar uchun haromdir. Bunday hayvonning murdasiga tekkan odam harom bo‘ladi. 27 To‘rt oyog‘ida yuradigan panjali hayvonlar ham sizlar uchun haromdir. Ularning murdasiga tekkan har bir odam kechgacha harom bo‘ladi. 28 Bunday hayvonning murdasini ko‘targan odam kiyimlarini yuvsin, u kechgacha harom bo‘ladi. Ular sizlar uchun haromdir.

29 Yerda o‘rmalab yuradigan mayda jonivorlardan sizlar uchun quyidagilar haromdir: kalamush, sichqon, echkemar va uning zoti, 30 gekkon, kulrang echkemar, oddiy kaltakesak, cho‘l kaltakesagi va buqalamun. 31 Bularning hammasi sizlar uchun haromdir. Ularning murdasiga tekkan odam kechgacha harom bo‘ladi. 32 Agar bunday jonivorning murdasi biror narsaning ustiga tushsa, o‘sha narsa harom bo‘ladi. Harom bo‘lgan bunday narsa — yog‘och, mato, charm yoki qanordan bo‘lishidan va nimaga ishlatilishidan qat’iy nazar, uni suvga botirib, chayib oling. Bu narsa kechgacha harom bo‘lib, so‘ng yana halol bo‘ladi. 33 Bordi–yu, bunday jonivor o‘lib, sopol idishning ichiga tushsa, idishdagi hamma narsa harom bo‘ladi. Shunda idishning o‘zini ham sindiring. 34 Bunday idishdagi suv har qanday ovqat ustiga tushsa, ovqat ham harom bo‘ladi.

Harom idishdagi har qanday ichimlik harom hisoblanadi. 35 Jonivorning murdasi tushgan hamma narsa harom bo‘ladi. Murda tandir yoki o‘choqqa tushgan bo‘lsa, shu narsalar harom hisoblanib buzib tashlansin. Ularni harom deb biling. 36 Lekin murda buloq yoki suv yig‘iladigan sardobaga tushsa, buloq va sardoba halolligicha qoladi.

Ammo o‘sha jonivorning murdasiga nimaiki tegsa, bu narsa harom hisoblanadi.

37 Bordi–yu, murda ekish uchun ajratib qo‘yilgan urug‘ ustiga tushsa, urug‘ halol

hisoblanadi. 38 Ammo murda suvda ivitilgan urug‘ ustiga tushsa, urug‘ harom bo‘ladi.

39 Bordi–yu, yesa bo‘ladigan hayvon o‘lsa, bunday hayvonning murdasiga tekkan odam kechgacha harom bo‘ladi. 40 Uning go‘shtidan yegan yoki murdasini ko‘targan odam kiyimlarini yuvsin. Bunday odam kechgacha harom bo‘ladi.

41 Yerda o‘rmalab yuruvchi har qanday jonivor sizlar uchun jirkanchdir. Ularni tanovul qilmang. 42 Qorni bilan sudralib yuruvchi, to‘rt oyoqli va ko‘p oyoqli jonivorlarni yemang. Ular sizlar uchun jirkanchdir. 43 Bunday jonivorlarni yeb, bulg‘anmang. Ular

tufayli o‘zingizni harom qilmang. 44 Zotan, Men Egangiz Xudoman. O‘zingizni Menga bag‘ishlab muqaddas bo‘linglar, chunki Men muqaddasman. O‘rmalab yuradigan jonivorlar dastidan o‘zingizni bulg‘amanglar. 45 Men Egangizman, Xudoyingiz bo‘lishim uchun sizlarni Misrdan olib chiqqanman. Shunday ekan, Muqaddas bo‘linglar, chunki Men muqaddasman.

46 Hayvonlar, qushlar, suvdagi turli jonivorlar va yerda sudraluvchi jonzotlarga oid qonunlar shudir. 47 Sizlar halolni haromdan ajrata oling, yeyish mumkin bo‘lgan va mumkin bo‘lmagan tirik jonivorlarning farqiga boring.”


12–BOB

Ko‘zi yorigan ayolning poklanishi

1 Egamiz Muso orqali 2 Isroil xalqiga quyidagi qoidalarni berdi: agar ayol homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘sa, u ayol yetti kun harom hisoblanadi, hayz ko‘rgan kunlaridagi kabi, harom bo‘ladi. 3 Sakkizinchi kuni esa o‘g‘il chaqaloq sunnat qilinsin. 4 Ayolning qondan poklanish muddati o‘ttiz uch kun bo‘lsin. Bu muddat tugamaguncha u birorta muqaddas narsaga tegmasligi va Muqaddas chodirga kirmasligi lozim.

5 Agar ayol qiz tug‘sa, u hayz ko‘rgandagi kabi, ikki hafta davomida harom

hisoblanadi. U oltmish olti kundan keyingina qon ketishidan poklanadi.

6 O‘g‘il yoki qiz ko‘rgan ayolning poklanish muddati tugagach, u kuydiriladigan qurbonlik qilishga bir yoshli qo‘zini va gunoh qurbonligi qilishga musichani yoki kaptarni Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kelib, ruhoniyga bersin. 7 Ruhoniy Egamizning huzurida qurbonliklarni keltirsin, shu yo‘sin ayolni nopokliklaridan poklasin. Shundan so‘ng ayol qon ketishidan poklanadi. O‘g‘il yoki qiz ko‘rgan ayol uchun qonun shudir. 8 Bordi–yu, qo‘zini qurbonlik qilishga ayolning qurbi yetmasa, u ikkita kaptar yoki ikkita musichani olib kelsin. Ruhoniy birini kuydiriladigan qurbonlik, ikkinchisini gunoh qurbonligi qilsin, shu yo‘sin ayolni nopokliklaridan poklasin. Shunda ayol pok bo‘ladi.


13–BOB

Teri kasalligi haqida qonun

1 Muso va Horunga Egamiz quyidagi qonunlarni berdi: 2 agar birortasining badanida teri kasalligiga* aylanishi mumkin bo‘lgan shish, toshma yoki dog‘ paydo bo‘lsa, o‘sha odamni ruhoniy Horun yoki uning o‘g‘illaridan* biri huzuriga olib keling. 3 Ruhoniy badandagi yarani ko‘rsin. Agar yara ustidagi tuklar oqargan va yara teri ostiga o‘tgan bo‘lsa, bu teri kasalligidir. Ruhoniy yarani ko‘rib bo‘lishi bilanoq o‘sha odamni harom deb e’lon qilsin.

Teridagi oq dog‘

4 Bordi–yu, odamning badanida oq dog‘ bo‘lib, teri ostiga o‘tmagan bo‘lsa va dog‘ ustidagi tuklar oqarmagan bo‘lsa, ruhoniy kasallangan odamni yetti kunga yolg‘izlatib qo‘ysin. 5 Yettinchi kuni ruhoniy yana o‘sha odamni ko‘rsin. Agar yara o‘zgarmagan bo‘lsa va atrofidagi teriga yoyilmagan bo‘lsa, ruhoniy o‘sha odamni yana yetti kunga yolg‘izlatib qo‘ysin. 6 Yettinchi kuni ruhoniy uni yana ko‘rsin. Agar yara tuzala boshlagan bo‘lib, atrofidagi teriga yoyilmagan bo‘lsa, ruhoniy u odamni pok deb e’lon qilsin. Bu

toshmadir. O‘sha odam kiyimlarini yuvsin va u pok bo‘ladi. 7 Bordi–yu, ruhoniy tekshirib, pok deb e’lon qilgan o‘sha odamning terisidagi toshmasi yoyilib ketsa, u qaytadan ruhoniyga ko‘rinsin. 8 Ruhoniy kasalni yana tekshirsin. Agar toshma teriga yoyilgan bo‘lsa, ruhoniy u odamni harom deb e’lon qilsin. Bu teri kasalligidir.

Teridagi shish

9 Agar odam teri kasalligiga chalinsa, uni ruhoniy huzuriga olib keling. 10 Ruhoniy uni tekshirsin. Agar teri ustida oq shish paydo bo‘lib, shish ustidagi tuklar oqargan bo‘lsa va ochiq yara hosil bo‘lgan bo‘lsa, 11 bu tuzalmas teri kasalligidir. Ruhoniy u odamni harom deb e’lon qilsin, uni yolg‘izlatib o‘tirmasin, chunki uning haromligi oydindir. 12 Bordi–yu, teridagi toshma odamning butun tanasini boshdan–oyoq qoplab olsa, 13 ruhoniy uni tekshirsin. Agar toshma butun tanaga yoyilgan bo‘lsa, ruhoniy uni pok deb e’lon qilsin. Hamma teri birday oqargani uchun bunday odam pok hisoblanadi. 14 Bordi–yu, uning badanida ochiq yara hosil bo‘lsa, o‘sha odam harom hisoblanadi. 15 Ruhoniy ochiq yarani ko‘rsin va u odamni harom deb e’lon qilsin. Ochiq yara haromdir, bu teri kasalligining belgisidir. 16 Lekin ochiq yara tuzalib, oqarsa o‘sha odam ruhoniyning oldiga kelsin.

17 Ruhoniy uni ko‘rsin. Agar yara haqiqatan ham oqargan bo‘lsa, ruhoniy kasal odamni pok deb e’lon qilsin. Shunda u pok bo‘ladi.

Chipqon

18 Agar birortasining badaniga chipqon chiqib, bitgan bo‘lsa–yu, 19 lekin chipqon

o‘rnida oq shish yoki qizg‘ish–oq dog‘ paydo bo‘lsa, u odam ruhoniyga ko‘rinsin.

20 Ruhoniy uni ko‘rsin. Agar dog‘ teri ostiga o‘tgan bo‘lsa va tuklari oqarib qolgan bo‘lsa, ruhoniy o‘sha odamni harom deb e’lon qilsin. Demak, chipqon o‘rnida teri kasalligi hosil bo‘lgan. 21 Lekin ruhoniy uni tekshirganda, dog‘ ustidagi tuklar oqarmagan, dog‘ terining ostiga o‘tmagan va tuzala boshlagan bo‘lsa, ruhoniy o‘sha odamni yetti kunga yolg‘izlatib qo‘ysin. 22 Agar dog‘ teriga yoyilib ketsa, ruhoniy u odamni harom deb e’lon qilsin. Bu teri kasalligidir. 23 Bordi–yu, dog‘ o‘zgarmasa va yoyilmasa, bu dog‘ chipqonning chandig‘i, xolos. Ruhoniy bu odamni pok deb e’lon qilsin.

Teridagi kuyuk

24 Agar birortasi kuyib qolsa va kuygan joyining rangi o‘zgarib, qizg‘ish–oq yoki oppoq tusga kirsa, 25 ruhoniy kuygan joyni tekshirsin. Agar kuygan joy ustidagi tuklar oqarib qolgan bo‘lsa va dog‘ teri ostiga o‘tgan bo‘lsa, demak, kuygan joy o‘rnida teri kasalligi hosil bo‘lgan. Ruhoniy bu odamni harom deb e’lon qilsin. 26 Lekin ruhoniy uni tekshirganda tuklar oqarmagan va dog‘ teri ostiga o‘tmagan bo‘lsa, buning ustiga dog‘ tuzala boshlagan bo‘lsa, ruhoniy u odamni yetti kunga yolg‘izlatib qo‘ysin. 27 Yettinchi kuni ruhoniy u odamni ko‘rsin. Agar dog‘ teriga yoyilgan bo‘lsa, ruhoniy u odamni harom deb e’lon qilsin. Bu teri kasalligidir. 28 Bordi–yu, dog‘ o‘zgarmasa va atrofdagi teriga yoyilmasa, buning ustiga tuzala boshlagan bo‘lsa, demak, bu kuyish natijasida paydo bo‘lgan shishdir. Ruhoniy u odamni pok deb e’lon qilsin. Bu kuygan joyning izidir.

Boshdagi yoki jag‘dagi yara

29 Agar erkak yoki ayolning boshiga yo jag‘iga yara chiqsa, 30 ruhoniy yarani tekshirsin. Yara terining ostiga o‘tgan bo‘lsa va yara ustidagi tuklar sarg‘ayib, nimjon bo‘lib qolgan bo‘lsa, ruhoniy o‘sha erkak yoki ayolni harom deb e’lon qilsin. Demak, uning boshi yoki jag‘iga qichitma chiqqan, bu teri kasalligidir. 31 Agar ruhoniy qichitmani tekshirganda yara terining ostiga o‘tmagan bo‘lsa, lekin yaraning ustida sog‘lom tuklar

bo‘lmasa, ruhoniy qichitmaga chalingan bu odamni yetti kunga yolg‘izlatib qo‘ysin.

32 Yettinchi kuni ruhoniy qichitmani yana ko‘rsin. Agar qichitma yoyilmagan bo‘lsa, uning ustida sarg‘ish tuklar bo‘lmasa, yara terining ostiga o‘tmagan bo‘lsa, 33 kasal odam hamma sochini qirsin, lekin qichitma bor joyiga tegmasin. So‘ng ruhoniy uni yana yetti kunga yolg‘izlatib qo‘ysin. 34 Yettinchi kuni ruhoniy qichitmani ko‘rsin. Agar qichitma yoyilmagan va terining ostiga o‘tmagan bo‘lsa, ruhoniy u odamni pok deb e’lon qilsin. U odam kiyimlarini yuvsin, shunda u pok bo‘ladi. 35 Bordi–yu, ruhoniy uni pok deb e’lon qilgandan keyin qichitma yoyilsa, 36 ruhoniy u odamni yana tekshirsin. Agar qichitma haqiqatan ham yoyilgan bo‘lsa, sarg‘ish tukni qidirishning hojati yo‘q. U odam haromdir. 37 Bordi–yu, ruhoniyning nazarida qichitma o‘zgarmagan bo‘lsa va uning ustida qora tuklar o‘sa boshlagan bo‘lsa, qichitma tuzalgan bo‘ladi. Ruhoniy u odamni pok deb e’lon qilsin.

Teridagi oqish dog‘lar

38 Agar erkak yoki ayolning badanida oq dog‘lar paydo bo‘lsa, 39 ruhoniy o‘sha odamni tekshirsin. Agar bu dog‘lar ko‘rinar–ko‘rinmas oqishroq tusda bo‘lsa, bu bor– yo‘g‘i toshmadir. Bunday odam pokdir.

Kal bo‘lgan bosh

40 Agar odamning sochi to‘kilgan bo‘lsa, u odam kal, lekin pok hisoblanadi.

41 Boshning old tomonidagi va chakkalaridagi sochlari to‘kilgan bo‘lsa, u odam kal bo‘lgani bilan pok hisoblanadi. 42 Bordi–yu, boshning kal joyida qizg‘ish–oq dog‘ paydo bo‘lsa, bu teri kasalligidir. 43 Ruhoniy uni ko‘rsin. Agar shish haqiqatan teri kasalligi singari qizg‘ish–oq tusda bo‘lsa, 44 demak, odam kasallangan, u haromdir. Boshidagi yarasi tufayli ruhoniy uni harom deb e’lon qilsin.

Xasta odamning hayot tarzi

45 Bunday yomon teri kasalliklaridan biriga chalingan odam kiyimlarini yirtsin, sochini to‘zitsin*, yuzining quyi qismini berkitsin. So‘ng: “Harom! Harom!” deb baqirsin. 46 U odam kasalligi davomida harom hisoblanadi. U alohida, qarorgohdan tashqarida yashasin.

Mog‘orga oid qonunlar

47 Agar kiyimni mog‘or bossa, jun yoki zig‘ir matosidan tikilgan kiyimni, 48 jun yoki zig‘irdan to‘qilgan matoni, charmni yo charmdan yasalgan buyumni 49 bosgan o‘sha mog‘or ko‘kimtir yoki qizg‘ish rangda bo‘lsa, bu yoyiladigan zamburug‘dir, uni ruhoniyga ko‘rsatish lozim. 50 Ruhoniy mog‘orni tekshirsin, so‘ng zararlangan narsani yetti kunga qadar olib qo‘ysin. 51 Yettinchi kuni ruhoniy uni yana ko‘rsin. Agar mog‘or kiyimga, to‘qilgan matoga yo charmdan yasalgan har qanday buyumga yoyilgan bo‘lsa, bu yoyiladigan zamburug‘dir. Zararlangan narsa harom hisoblanadi. 52 Ruhoniy o‘sha narsani kuydirsin. Buyum yoyiladigan zamburug‘ bilan zararlangani uchun uni kuydirib yuborish kerak.

53 Bordi–yu, mog‘or kiyimga, matoga yoki charmga yoyilmagan bo‘lsa, 54 ruhoniy zararlangan o‘sha narsani yuvdirsin. So‘ng uni yana yetti kunga olib qo‘ysin. 55 Ruhoniy yuvilgan o‘sha narsani yana tekshirsin. Agar mog‘orlagan joyning rangi o‘zgarmagan bo‘lsa, mog‘or yoyilmagan taqdirda ham harom hisoblanadi. Narsaning mog‘orlagan joyi ichki yoki tashqi tomonida bo‘lishidan qat’iy nazar, uni kuydirib yuboring.

56 Bordi–yu, ruhoniy yuvilgan narsani tekshirganda mog‘orning rangi o‘chgan bo‘lsa,

ruhoniy kiyim, mato yoki charmdagi mog‘orlagan joyni yulib olsin. 57 Agar mog‘or o‘sha narsada yana paydo bo‘lsa, zamburug‘ yana ko‘payishni boshlagandir, narsaning egasi uni kuydirib yuborsin. 58 Bordi–yu, yuvilgandan keyin narsadagi mog‘or ketsa, uni ikkinchi marta yuving va u pok bo‘ladi.

59 Jun yoki zig‘ir matosidan tikilgan kiyimda, jun yoki zig‘irdan to‘qilgan matoda va charmdan yasalgan har qanday buyumda hosil bo‘lgan zamburuqqa oid qoidalar shulardan iboratdir. Bular sizlarga halolni haromdan ajrata olishingiz uchun xizmat qiladi.


14–BOB

Teri kasalligidan forig‘ bo‘lgan odamning poklanishi

1 Egamiz Musoga 2 xasta odamning poklanish marosimiga oid quyidagi qoidalarni berdi: teri kasalligidan* forig‘ bo‘lgan odamni ruhoniyning oldiga olib keling. 3 Ruhoniy uni qarorgohdan tashqarida ko‘rsin. Agar o‘sha odam haqiqatan ham kasalligidan forig‘ bo‘lgan bo‘lsa, 4 ruhoniy uni poklash uchun ikkita halol tirik qushni, sadr yog‘ochini, qirmizi ipni va bir tutam issop o‘tini* keltirsin. 5 Ruhoniyning amriga binoan qushlarning bittasi yangi buloq suvi solingan sopol idish ustida bo‘g‘izlansin. 6 So‘ng ruhoniy tirik qushni, sadr yog‘ochini, qirmizi ipni va issopni olib, buloq suvi ustida bo‘g‘izlangan qushning qoniga botirsin. 7 Keyin qonni teri kasalligidan poklanadigan odamning ustiga yetti marta sepsin. Ruhoniy o‘sha odamni pok deb e’lon qilsin va tirik qushni dalaga qo‘yib yuborsin. 8 Poklanadigan odam kiyimlarini yuvsin. Hamma sochini qirib tashlab, yuvinsin, shunda u pok bo‘ladi. Shundan keyin u qarorgohga kirsin, lekin yetti kun davomida chodirining tashqarisida yashasin. 9 Yettinchi kuni u yana sochini, soqolini, qoshlarini va hamma tuklarini qirsin. So‘ng kiyimlarini yuvib, o‘zi ham yuvinsin, shunda u pok bo‘ladi.

10 Sakkizinchi kuni u ikkita nuqsonsiz qo‘chqor qo‘zini va bitta bir yoshli nuqsonsiz urg‘ochi qo‘zini, don nazri sifatida zaytun moyi qo‘shilgan o‘n ikki kosa* sifatli unni va bir kosa* zaytun moyini olib kelsin. 11 Poklanish marosimini olib borayotgan ruhoniy poklanadigan odamni va uning olib kelgan qurbonligu nazrlarini Egamizning huzuriga, Uchrashuv chodiri kiraverishiga qo‘ysin. 12 So‘ng qo‘zining bittasini bir kosa zaytun moyi bilan birga ayb qurbonligi sifatida keltirsin. O‘sha narsalarni Egamizga bag‘ishlaganini ko‘rsatib, yuqoriga ko‘tarsin. 13 U qo‘zini muqaddas joyda, gunoh qurbonligi va kuydiriladigan qurbonlik bo‘g‘izlanadigan joyda so‘ysin. Ayb qurbonligi gunoh qurbonligi singari, ruhoniyga tegishlidir. Bu qurbonlik nihoyatda muqaddasdir. 14 Ruhoniy ayb qurbonligining qonidan olib, poklanayotgan odamning o‘ng qulog‘i solinchagiga*, o‘ng qo‘lining bosh barmog‘iga va o‘ng oyog‘ining bosh barmog‘iga surtsin. 15 So‘ng kosadagi zaytun moyidan olib, o‘z qo‘lining chap kaftiga quysin. 16 O‘ng qo‘lining barmog‘ini chap kaftidagi zaytun moyiga botirib, yetti marta Egamizning huzurida sachratsin. 17 Chap kaftida qolgan zaytun moyidan poklanayotgan odamning o‘ng qulog‘i solinchagiga, o‘ng qo‘li bosh barmog‘iga va o‘ng oyog‘i bosh barmog‘iga — ayb qurbonligining qoni surtilgan joyga surtsin. 18 Ortib qolgan moyni esa poklanayotgan odamning boshiga surtsin. Shu yo‘sin, ruhoniy Egamizning huzurida poklanish marosimini o‘tkazsin.

19 Keyin ruhoniy gunoh qurbonligini keltirib, poklanish marosimini o‘tkazsin. U

kuydiriladigan qurbonlikni so‘yib, 20 don nazri bilan birga qurbongoh ustida kuydirsin. Ruhoniy shu yo‘sin poklanish marosimini o‘tkazsin, shunda kasallikdan forig‘ bo‘lgan odam pok bo‘ladi.

21 Bordi–yu, u odam kambag‘al bo‘lib, bularni qurbonlik qilishga qurbi yetmasa, u poklanishi uchun yuqoriga ko‘tariladigan ayb qurbonligi sifatida bitta qo‘chqor qo‘zini, don nazri uchun zaytun moyi qo‘shilgan to‘rt kosa* sifatli unni va bir kosa zaytun moyini olib kelsin. 22 Bulardan tashqari, imkoniyatiga ko‘ra, ikkita kaptarni yoki ikkita musichani olib kelsin. Biri gunoh qurbonligi, ikkinchisi kuydiriladigan qurbonlik uchundir. 23 U shu narsalarni sakkizinchi kuni poklanish uchun Uchrashuv chodiri kiraverishiga, Egamizning oldiga olib kelib, ruhoniyga bersin. 24 Ruhoniy ayb qurbonligi uchun keltirilgan qo‘zini va bir kosa zaytun moyini olib, Egamizga bag‘ishlaganini ko‘rsatish uchun Egamizning huzurida yuqoriga ko‘tarsin. 25 So‘ng qo‘zini so‘ysin, qonidan olib, poklanayotgan odamning o‘ng qulog‘i solinchagiga, o‘ng qo‘lining bosh barmog‘iga va o‘ng oyog‘ining bosh barmog‘iga surtsin. 26 Keyin ruhoniy chap qo‘lining kaftiga zaytun moyidan quysin. 27 O‘ng qo‘lining barmog‘i bilan o‘sha moyni yetti marta Egamizning huzurida sachratsin. 28 So‘ng qo‘lidagi moydan poklanayotgan odamning o‘ng qulog‘i solinchagiga, o‘ng qo‘lining bosh barmog‘iga va o‘ng oyog‘ining bosh barmog‘iga — ayb qurbonligining qoni surtilgan joyga surtsin. 29 Qo‘lidagi ortib qolgan moyni poklanayotgan odamning boshiga surtsin. Shu yo‘l bilan ruhoniy poklanish marosimini o‘tkazsin. 30 So‘ng ruhoniy kaptarlarni yoki musichalarni qurbon qilsin.

31 Bittasini gunoh qurbonligi, ikkinchisini kuydiriladigan qurbonlik qilib, don nazri bilan birga keltirsin. Shu yo‘sin, ruhoniy Egamizning huzurida poklanish marosimini o‘tkazsin. 32 Bu qoidalar teri kasalligidan forig‘ bo‘lgan, lekin poklanish marosimi uchun kerakli qurbonliklarni keltirishga qurbi yetmagan odam uchundir.

Uylardagi mog‘or

33 Egamiz Muso va Horunga 34 mog‘or bosgan uylarga oid quyidagi qonunlarni berdi: Egamiz sizlarga mulk qilib beradigan Kan’on yurtiga borganingizdan keyin sizlarga qarashli yurtdagi uyni mog‘or bostirishi mumkin. 35 Shunda xonadon sohibi ruhoniyning oldiga borib: “Uyimni mog‘or bosganga o‘xshaydi”, — deb aytsin. 36 Uydagi narsalar harom deb e’lon qilinmasligi uchun, ruhoniy mog‘orni ko‘rishga kirishdan oldin, uydagi hamma narsalarni chiqartirishni buyursin. Shundan so‘ng uyni ko‘zdan kechirish uchun ichkariga kirib, 37 mog‘or bosgan devorlarni ko‘rsin. Agar mog‘orning ko‘kimtir yoki qizg‘ish dog‘lari bo‘lib, devorga chuqur botib kirgan bo‘lsa, 38 ruhoniy tashqariga chiqib, uyni yetti kunga berkitib qo‘ysin. 39 Yettinchi kuni ruhoniy qaytib kelib, uyni yana ko‘rsin. Agar mog‘or devorga yoyilib ketgan bo‘lsa, 40 ruhoniy mog‘or yoyilgan devordagi toshlarni ko‘chirtirib, shahar tashqarisidagi harom joyga olib borib tashlashni buyursin. 41 So‘ng uy ichkarisidagi devorlarning suvog‘ini ko‘chirtirib, shahar tashqarisidagi

harom joyga chiqartirib tashlatsin. 42 Ko‘chirib olingan toshlar o‘rniga boshqa toshlar qo‘ydirib, uyning ichini yangidan suvoq qildirsin. 43 Agar shundan keyin ham uyni mog‘or bossa, 44 ruhoniy kelib uyni ko‘rsin. Mog‘or devorlarga yoyilgan bo‘lsa, bu yoyiladigan zamburug‘dir. Uy harom hisoblanadi. 45 Uy buzib tashlansin, uning tosh, yog‘och va suvog‘ini shahar tashqarisidagi harom joyga olib chiqib tashlashsin. 46 Uy yopiq paytida u yerga kirgan har qanday odam kechgacha harom hisoblanadi. 47 O‘sha uyda uxlagan yoki u yerda ovqatlangan har qanday odam kiyimlarini yuvsin.

48 Bordi–yu, uy yangidan suvoq qilingandan keyin ruhoniy kelib, uyni ko‘rganda devorlarni mog‘or bosmagan bo‘lsa, ruhoniy uyni pok deb e’lon qilsin. Mog‘or yo‘q bo‘lgan bo‘ladi. 49 Uyni poklash uchun ruhoniy ikkita qushni, sadr yog‘ochini, qirmizi ipni va bir tutam issop o‘tini olsin. 50 Qushning birini sopol idishdagi yangi buloq suvi ustida so‘ysin. 51 So‘ng sadr yog‘ochini, issop tutamini, qirmizi ipni va tirik qushni olib, ularni buloq suvi ustida bo‘g‘izlangan qushning qoniga botirsin–da, uyga yetti marta sepsin. 52 Shu yo‘l bilan uyni poklagandan keyin, 53 tirik qushni shahar chekkasiga olib chiqib, dalaga qo‘yib yuborsin. Shu tariqa ruhoniy uy uchun poklash marosimini o‘tkazsin, shunda uy pok bo‘ladi.

54 Teri kasalligiga va yoyiladigan zamburug‘larga oid qoidalar shulardir. Bu qoidalar teridagi qichitmaning, 55 uy va kiyimlardagi mog‘orlarning, teridagi shish, toshma yoki dog‘larning 56 halol yoki harom ekanligini bilish uchun xizmat qiladi.


Xullas, teri kasalligi va yoyiladigan zamburug‘larga oid qoidalar shulardan iborat.


15–BOB

Odamni harom qiladigan narsalar

1 Egamiz Muso va Horun orqali 2 Isroil xalqiga quyidagi qoidalarni berdi: kasallik tufayli biror erkakning jinsiy a’zosidan ajralmalar oqsa, u odam harom bo‘ladi. 3 Ajralma oqishi davom etsa ham, yo‘li yopilgandan tana ichida qolsa ham, odam harom hisoblanadi. 4 Bunday odam to‘shakka yotsa, to‘shak harom bo‘ladi, u o‘tirgan har qanday joy ham harom hisoblanadi. 5 Uning to‘shagiga tekkan har qanday odam kiyimlarini yuvsin, o‘zi ham yuvinsin, u kechgacha harom bo‘ladi. 6 Ajralmasi oqqan odam o‘tirgan joyga kim o‘tirsa, kiyimlarini yuvsin, o‘zi ham yuvinsin, u kechgacha harom bo‘ladi. 7 Ajralmasi oqqan odamga tekkan har kim kiyimlarini yuvsin, o‘zi ham yuvinsin, u kechgacha harom bo‘ladi. 8 Ajralmasi oqqan odam pok odamga tupursa, pok odam kiyimlarini yuvsin, o‘zi ham yuvinsin, u kechgacha harom bo‘ladi. 9 Ajralmasi oqqan odam egarda o‘tirgan bo‘lsa, egar harom hisoblanadi. 10 Bunday odamning o‘tirgan narsasiga tekkan har kim kechgacha harom bo‘ladi. Kim o‘sha narsani ko‘tarib borsa, kiyimlarini yuvsin, o‘zi ham yuvinsin, u kechgacha harom bo‘ladi. 11 Ajralmasi oqqan odam qo‘lini yuvmasdan kimga tegsa, o‘sha odam kiyimlarini yuvsin, o‘zi ham yuvinsin, u kechgacha harom bo‘ladi. 12 Ajralmasi oqqan odam tekkan har qanday sopol idish sindirib tashlansin, yog‘och idish esa yuvilsin.

13 Ajralmasi oqqan odam kasalligidan xalos bo‘lgach, yetti kun kutsin. So‘ng kiyimlarini yuvib, buloq suvida yuvinsin va u pok bo‘ladi. 14 Sakkizinchi kuni u ikkita kaptar yoki ikkita musichani Egamizning huzuriga, Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kelib, ruhoniyga bersin. 15 Ruhoniy qushlarning bittasini gunoh qurbonligi, ikkinchisini esa kuydiriladigan qurbonlik qilsin. Shu tariqa ruhoniy ajralmasi oqqan odamni Egamizning huzurida haromligidan poklasin.

16 Agar biror erkakdan maniy oqsa, u butun badanini yuvsin. U kechgacha harom bo‘ladi. 17 Maniy tekkan har qanday kiyim va charm yuvilsin, o‘sha narsalar kechgacha harom bo‘ladi. 18 Erkak ayol bilan yotgandan keyin, erkakdan maniy oqsa, ikkovi ham yuvinishsin. Ular kechgacha harom bo‘ladilar.

19 Ayol kishi hayz ko‘rib, badanidan qon oqqanda, u yetti kun davomida harom

hisoblanadi. Unga tekkan odam ham kechgacha harom bo‘ladi. 20 Ayol haromligida yotgan va o‘tirgan hamma narsa haromdir. 21 Uning to‘shagiga tekkan odam kiyimlarini yuvsin, o‘zi ham yuvinsin. U kechgacha harom bo‘ladi. 22 Ayol o‘tirgan buyumga tekkan odam ham kiyimlarini yuvib, o‘zi ham yuvinsin. U kechgacha harom bo‘ladi. 23 Bordi–yu, ayolning to‘shagi yoki o‘tirgan buyumi ustida biron narsa bo‘lsa, o‘sha narsaga tekkan odam ham kechgacha harom bo‘ladi. 24 Agar erkak hayz ko‘rgan ayol bilan yotsa, ayolning haromligi erkakka o‘tgan bo‘ladi. Erkak ham yetti kun davomida harom bo‘lib, u yotgan har bir to‘shak harom hisoblanadi.

25 Agar ayolning hayz ko‘rgan paytdan tashqari qoni kelsa va bu ahvol uzoq vaqt davom etsa yoki hayz ko‘rgan davri cho‘zilib ketsa, qon to‘xtaguncha ayol harom hisoblanadi. U hayz ko‘rgan kunlariday harom bo‘ladi. 26 O‘sha vaqt davomida ayol yotgan har qanday to‘shak va o‘tirgan har qanday buyum, hayz ko‘rgan kunlariday, harom bo‘ladi. 27 O‘sha narsalarga tekkan odam harom hisoblanadi. U kiyimlarini yuvib, o‘zi ham yuvinsin, u kechgacha harom bo‘ladi. 28 Ayolning qoni to‘xtasa, oradan yetti kun o‘tsin. Shundan keyin u pok bo‘ladi. 29 Sakkizinchi kuni u ikkita kaptar yoki ikkita musichani Uchrashuv chodirining kiraverishiga olib kelib, ruhoniyga bersin. 30 Ruhoniy qushlardan bittasini gunoh qurbonligi, ikkinchisini kuydiriladigan qurbonlik qilsin. Shu yo‘sin ruhoniy hayz ko‘rgan ayolni Egamizning huzurida haromligidan poklasin.

31 Xullas, Isroil xalqini haromlikdan saqlanglar. Tag‘in ular haromligi bilan oralaridagi Muqaddas chodirimni bulg‘ab qo‘yib, nobud bo‘lmasinlar. 32 Bu qoidalar jinsiy a’zosidan maniy oqqan erkaklarga, 33 hayz ko‘rgan ayollarga, har qanday ajralmasi oqqan erkagu ayollarga va ayolning haromligi davrida u bilan yotgan erkaklarga taalluqlidir.


16–BOB

Poklanish kuni

1-2 Horunning ikki o‘g‘li Egamiz amr etmagan begona olovni olib kelib, nobud bo‘lganlaridan so‘ng*, Egamiz Musoga gapirib, shunday dedi: “Akang Horunga ayt, u ichki parda orqasidagi Eng muqaddas xonaga xohlagan paytida kirmasin*. U yerdagi Ahd sandig‘ining qopqog‘i oldiga bormasin. Aks holda, u nobud bo‘ladi. Zotan, Men o‘sha qopqoq ustida bulut orasida zohir bo‘laman.”

3 Egamiz Musoga quyidagi qoidalarni berdi: Horun Muqaddas xonaga kirishidan oldin bitta buqani gunoh qurbonligi va bitta qo‘chqorni kuydiriladigan qurbonlik qilishi lozim. 4 Ustiga u zig‘ir matosidan tikilgan muqaddas ko‘ylakni, ichidan zig‘ir ishtonni kiyib olsin, beliga zig‘ir belbog‘ bog‘lab, boshiga zig‘ir matosidan salla kiysin. Bu muqaddas liboslardir. Shuning uchun u shu liboslarni kiyishdan oldin yuvinsin, shundan so‘nggina ularni kiysin. 5 So‘ng Isroil jamoasidan gunoh qurbonligi uchun ikkita takani

va kuydiriladigan qurbonlik uchun bitta qo‘chqorni olsin.

6 Horun o‘zini va xonadonini gunohdan poklash uchun buqani gunoh qurbonligi sifatida keltirsin. 7 So‘ng ikkita takani Uchrashuv chodiri kiraverishiga yetaklab kelib, Egamizga taqdim qilsin. 8 O‘sha yerda ikkala taka uchun qur’a tashlasin*, qaysi birini Egamizga qurbonlik qilishni va qaysi birini qo‘yib yuborishni aniqlasin. 9 Horun qur’a bo‘yicha Egamizga tegishli takani keltirib, gunoh qurbonligi qilsin. 10 Qo‘yib yuboriladigan takani esa tiriklayin Egamizning oldiga olib kelsin. Bu taka xalqni

gunohdan poklash uchun cho‘lga haydab yuboriladi.

11 Horun o‘zini va xonadonini gunohdan poklash uchun olib kelgan buqani so‘yib, gunoh qurbonligi qilsin. 12 So‘ng olovkuragiga Egamiz huzurida turgan qurbongohdagi cho‘g‘lardan solsin. Tuyilgan xushbo‘y tutatqidan ikki hovuch olib, ichki parda orqasidagi Eng muqaddas xonaga kirsin. 13 Bu tutatqilarni Egamizning huzurida yonib turgan cho‘g‘lar ustiga tashlasin. Tutatqi tutunidan hosil bo‘lgan bulut Ahd sandig‘ining* qopqog‘ini berkitadi. Shunda Horun o‘lmaydi. 14 Horun buqaning qonidan olib, barmog‘i bilan qopqoqqa bir marta sachratsin, so‘ng qopqoqning oldida yetti marta sachratsin.

15 So‘ngra xalqni gunohlaridan poklash uchun takani so‘ysin. Qonidan Eng muqaddas xonaga olib kirsin. Buqaning qonini sachratganday, takaning qonini ham qopqoq ustiga va uning oldida sachratsin. 16 Shu tariqa u Eng muqaddas xonani Isroil xalqining nopokliklaridan, itoatsizliklaridan va gunohlaridan poklash uchun marosim o‘tkazsin.

Butun Uchrashuv chodiri uchun ham, shu singari, poklash marosimini o‘tkazsin. Chunki bu Chodir bulg‘angan xalq orasida o‘rnatilgandir. 17 Horun Eng muqaddas xonaga kirib, o‘zini, xonadonini va Isroil jamoasini gunohdan poklab chiqmaguncha hech kim Uchrashuv chodiriga kirmasin. 18 So‘ng Horun tashqariga chiqib, Egamiz huzuridagi qurbongohni poklash uchun marosim o‘tkazsin. Buqaning va takaning qonidan olib, qurbongohning har bir shoxiga* surtib chiqsin. 19 Qurbongohga yetti marta barmog‘i bilan qonni sachratsin. Shu yo‘l bilan qurbongohni Isroil xalqining nopokliklaridan poklab, muqaddas qilsin.

Cho‘lga haydaladigan taka

20 Horun Eng muqaddas xona, Uchrashuv chodiri va qurbongohni poklash marosimini o‘tkazib bo‘lgach, tirik takani yetaklab kelsin. 21 U ikkala qo‘lini takaning boshiga qo‘ysin, Isroil xalqining hamma nohaqliklarini, hamma itoatsizliklarini va hamma gunohlarini birma–bir e’tirof etib, takaning boshiga yuklasin. Takani cho‘lga haydab yuborish uchun mas’ul bo‘lgan odam takani olib ketsin. 22 O‘sha odam takani cho‘lga qo‘yib yuborgandan keyin, taka o‘zi bilan xalqning gunohlarini kimsasiz joyga olib ketadi.

23 Shundan keyin Horun Uchrashuv chodiriga kirib, Eng muqaddas xonaga kiyib kirgan zig‘ir matosidan tikilgan liboslarini yechsin–da, ularni o‘sha yerda qoldirsin. 24 U muqaddas joyda butun badanini yuvib, kundalik ruhoniylik kiyimlarini kiyib olsin. So‘ng tashqariga chiqib, o‘zining va xalqning kuydiriladigan qurbonliklarini ado etsin. Shu tariqa o‘zini ham, xalqni ham gunohdan poklasin. 25 Gunoh qurbonligining yog‘ini qurbongoh ustida kuydirsin. 26 Qo‘yib yuboriladigan takani cho‘lga haydab yuborgan odam kiyimlarini va butun badanini yuvsin. Shundan so‘nggina u qarorgohga kira oladi.

27 Gunoh qurbonligi qilingan va qoni Isroil xalqini gunohdan poklash uchun Eng muqaddas xonaga olib kirilgan buqa va takaning tanasi qarorgohning tashqarisiga olib chiqilsin. Bularning terisi, tanasi va ichak–chovoqlari kuydirib yuborilsin. 28 Bularni kuydirgan odam kiyimlarini va butun badanini yuvsin. Shundan so‘nggina u qarorgohga kira oladi.

Poklanish kuniga rioya qilish

29 Quyidagilar sizlar uchun doimiy qonun–qoida bo‘lsin: yettinchi oyning* o‘ninchi kunida ro‘za tutinglar, hech qanday ish qilmanglar. Bu qonun–qoida Isroil xalqiga va orangizdagi musofirlarga birday taalluqlidir. 30 Zotan, o‘sha kuni ruhoniy sizlarni

gunohlaringizdan poklaydi. Shunda sizlar Egamiz huzurida barcha gunohlaringizdan forig‘ bo‘lasizlar. 31 O‘sha kuni Shabbat singari to‘liq dam olinglar, ro‘za tutinglar. Bu sizlar uchun doimiy qonun–qoida bo‘lsin. 32 Moy surtilgan ruhoniy bobosi Horun o‘rniga oliy ruhoniylikka bag‘ishlanib, muqaddas zig‘ir liboslarini kiygach, sizlarni gunohlaringizdan poklasin. 33 U Eng muqaddas xonani, Uchrashuv chodirini, qurbongohni, ruhoniylarni va butun Isroil jamoasini poklash uchun marosim o‘tkazsin. 34 Yilda bir marta Isroil xalqi barcha gunohlaridan poklansin. Bu sizlar uchun doimiy qonun–qoida bo‘lsin.

Egamiz nimani amr etgan bo‘lsa, Muso hammasini ado etdi*.


17–BOB

Qonning tabarrukligi

1 Egamiz Muso orqali 2 Horunga, uning o‘g‘illariga va jamiki Isroil xalqiga quyidagi amrlarni berdi: 3 agar Isroil xalqidan birortasi qarorgohda yoki qarorgoh tashqarisida buqa, qo‘zi yoki echkini qurbonlik qilsa–yu, 4 uni Egamizga taqdim qilish uchun Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kelmasa, o‘sha odam qon to‘kkani uchun aybdor hisoblansin. Qon to‘kkan bu odam xalq orasidan yo‘q qilinsin. 5 Bu qoida Isroil xalqining dalalarda qurbonliklar qilishlariga chek qo‘yadi. Ular qurbonliklarini ruhoniyga, Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib keladigan bo‘lishadi va qurbonliklarini tinchlik qurbonligi qilib, Egamizga bag‘ishlashadi. 6 Ruhoniy qurbonlikning qonini Uchrashuv chodiriga kiraverishda turgan Egamizning qurbongohiga sepsin. So‘ng Egamizga yoqimli hid borishi uchun qurbonlikning yog‘ini kuydirsin. 7 Bundan buyon Isroil xalqi o‘z qurbonliklarini echki jinlarga* keltirmasin, Egamizga bevafolik qilmasin. Bu qoidaga ular doimo, avlodlari osha rioya qilishsin.

8 Isroil xalqidan yoki ularning oralarida istiqomat qilayotgan musofirlardan birortasi kuydiriladigan va boshqa qurbonliklar qilsa–yu, 9 o‘shalarni Egamizga nazr qilish uchun Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kelmasa, u odam xalq orasidan yo‘q qilinsin.

10 Agar Isroil xalqidan yoki ularning oralarida istiqomat qilayotgan musofirlardan birortasi qoni chiqarilmagan go‘shtni yesa, Egamiz qon iste’mol qilgan o‘sha odamga qarshi chiqib, uni xalq orasidan yo‘q qilib yuboradi. 11 Zotan, jonzotning joni uning qonidir. Egamiz qonni sizlarga qurbongoh ustida gunohlaringizni yuvish uchun bergan. Jon ato etadigan qon sizlarni gunohlaringizdan poklaydi. 12 Shuning uchun Egamiz Isroil xalqiga: “Qoni chiqarilmagan go‘shtni zinhor iste’mol qilmang, oralaringizda yashayotgan musofir ham qonni iste’mol qilmasin”, — deb aytgan.

13 Ovlangan halol hayvon yoki qushning qonini chiqaringlar. Qonni tuproq bilan ko‘mib qo‘yinglar. Bu qoida Isroil xalqiga va ularning orasida istiqomat qilayotgan musofirlarga taalluqlidir. 14 Har bir jonzotning joni uning qonidir. Shu bois Egamiz Isroil xalqiga aytdi: “Qoni chiqarilmagan go‘shtni yemanglar. Zotan, har bir jonzotning joni qondadir. Qon iste’mol qilgan odam xalqi orasidan yo‘q qilinsin.”

15 Harom o‘lgan yoki yovvoyi hayvon g‘ajib tashlagan jonivorning go‘shtini yegan har bir odam, Isroil xalqidan yoki boshqa xalqdan bo‘lishidan qat’iy nazar, kiyimlarini yuvsin, o‘zi ham yuvinsin. U kechgacha harom bo‘lib, so‘ng yana pok bo‘ladi. 16 Bordi–yu, u kiyimlarini yuvmasa, o‘zi ham yuvinmasa, qilgan gunohi uchun jazolanadi.

18–BOB

Man qilingan jinsiy aloqalar

1 Egamiz Muso orqali 2 Isroil xalqiga shunday dedi: “Men Egangiz Xudoman. 3 Sizlar yashab yurgan Misr xalqining odatlariga va Men sizlarni olib borayotgan Kan’on yurtidagi xalqlarning odatlariga taqlid qilmanglar. Ularning udumlariga ergashmanglar. 4 Faqat Mening qonunlarimga itoat etinglar, qoidalarimni bitta qoldirmay bajaringlar.

Zotan, Men Egangiz Xudoman. 5 Qonun–qoidalarimga amal qilinglar. Ularga rioya qilgan

odam hayotdan bahramand bo‘ladi. Men Egangizman.

6 Tug‘ishgan yaqin qarindoshingiz bilan yotmang. Men Egangizman. 7 Onangiz bilan

yotib, otangizning sha’niga dog‘ tushirmang. Onangiz bo‘lgani uchun u bilan yotmang.

8 Otangizning xotini bilan yotmang, bunday qilib otangizning sha’niga dog‘ tushirmang. 9 Tug‘ishgan yoki o‘gay opa–singlingiz bilan yotmang. U otangizning qizi yoki onangizning qizi bo‘lishidan qat’iy nazar, siz bilan bir uyda katta bo‘lgan yoki boshqa joyda o‘sganidan qat’iy nazar, u bilan yotmang. 10 O‘z nevarangiz — o‘g‘lingizning qizi yoki qizingizning qizi bilan yotmang. Bunday qilib o‘z sha’ningizga dog‘ tushirmang.

11 Otangizdan tug‘ilgan, o‘gay onangizning qizi bilan yotmang, chunki u sizning o‘gay singlingizdir. 12 Ammangiz bilan yotmang, chunki u otangizning jigaridir. 13 Xolangiz bilan yotmang, chunki u onangizning jigaridir. 14 Amakingizning sha’niga dog‘ tushirib, uning xotini bilan yotmang. Axir, u sizning kelin oyingizdir. 15 Keliningiz bilan yotmang. U o‘g‘lingizning xotinidir. 16 Aka–ukangizning xotini bilan yotmang. Bunday qilib akangizning sha’niga dog‘ tushirmang. 17 Siz biror ayol bilan yotgan bo‘lsangiz, o‘sha ayolning qizi yoki qiz nevarasi bilan yotmang. U o‘g‘lining qizi bo‘lsa ham yoki qizining qizi bo‘lsa ham u bilan yotmang, ular qondoshdir. Bunday qilish buzuqlikdir.

18 Xotiningizning singlisini xotiningizga kundosh qilmang. Xotiningiz tirik ekan, uning singlisi bilan yotmang.

19 Hayz ko‘rib harom bo‘lgan ayol bilan yotmang. 20 Qo‘shningizning xotini bilan jinsiy aloqa qilib, o‘zingizni bulg‘amang. 21 Bolalaringizning birortasini Mo‘laxga qurbonlik qilmang*, axir, Men Egangizman. Bunday qilmish bilan Men, Xudoyingizni badnom qilmang. 22 Ayol bilan yotganday, erkak kishi bilan yotmang. Bu jirkanchdir.

23 Hayvon bilan jinsiy aloqa qilib, o‘zingizni bulg‘amang. Ayol kishi ham o‘zini hayvonga qo‘yib berib, u bilan jinsiy aloqa qilmasin. Bu o‘taketgan razillikdir.

24 Bunday ishlar qilib o‘zingizni bulg‘amang. Men oldingizdan haydayotgan xalqlar

mana shunday ishlari tufayli bulg‘angan edilar. 25 Natijada butun yurt harom bo‘lib

ketdi. Men yurtni jazoladim, yurt esa u yerning xalqlarini qusib yubordi. 26 Sizlar Mening qonun–qoidalarimga rioya qilinglar. Isroil xalqidan bo‘lganlar va orangizda yashayotgan musofirlar bunday jirkanch ishlarni qilmasin. 27 Zotan, sizlardan oldin mana shu yurtda yashagan xalqlar bu jirkanch ishlarning hammasini qilib, yurtni bulg‘agan edilar. 28 Agar sizlar ham yurtni bulg‘asangiz, bu yurt oldingi xalqlarni qusib yuborganday sizlarni ham qusib yuboradi. 29 Bunday jirkanch ishni qilgan har qanday odam xalq orasidan yo‘q qilinsin.

30 Xullas, talablarimni bajaringlar. Sizlardan oldin bu yurtda qilingan jirkanch

ishlarni qilib, o‘zingizni bulg‘amanglar. Zotan, Men Egangiz Xudoman.”

19–BOB

Adolat va solihlik haqida qonunlar

1 Egamiz Muso orqali 2 butun Isroil jamoasiga shunday dedi: “Muqaddas bo‘linglar, chunki Men, Egangiz Xudo, muqaddasman. 3 Har biringiz ota–onangizni hurmat qiling. Shabbat kunlarimga rioya qiling. Zotan, Men Egangiz Xudoman. 4 Butlarga sajda qilmang, o‘zlaringiz uchun butlar yasamang. Men Egangiz Xudoman.

5 Tinchlik qurbonligini Menga keltirganingizda qoidalarga rioya qiling, toki qurbonligingiz qabul bo‘lsin. 6 Qurbonlikning go‘shtini qurbonlik qilingan kuni yoki ertasi kuni tanovul qiling. Uchinchi kuni ortib qolgan go‘shtni kuydiring. 7 Bordi–yu, qurbonlikning go‘shti uchinchi kuni yeyilsa, qurbonligingiz bulg‘angan hisoblanib, qabul bo‘lmaydi. 8 Undan yegan har bir odam Mening muqaddas deb bilgan narsamni bulg‘agani uchun jazoga tortilsin. Bunday odam xalq orasidan yo‘q qilinsin.

9 Dalangiz hosilini o‘rganingizda dalaning eng chetidagi bug‘doyni o‘rmang, yerga tushib qolgan bug‘doy boshoqlarini ham termang. 10 Uzumzoringiz hosilini yiqqaningizdan keyin, toklarda qolib ketgan va yerga tushib qolgan uzum boshlarini yig‘ib olmang. Ularni kambag‘al va musofirlarga qoldiring. Men Egangiz Xudoman.

11 O‘g‘rilik qilmang, aldamang, birovga yolg‘on gapirmang. 12 Mening nomim bilan yolg‘ondakam ont ichmang. Shu orqali Men, Xudoyingizni badnom qilmang. Men Egangizman.

13 Qo‘shningizni tovlamang, uni talamang. Mardikorning haqini ertalabgacha qoldirmang. 14 Kar odamni qarg‘amang. Ko‘r odamning yo‘liga to‘siq qo‘ymang. Men, Xudoyingizdan qo‘rqing. Men Egangizman.

15 Hukm chiqarganda haqsizlik qilmang, faqirga ham yon bosmang, obro‘li odamning ham ko‘ngliga qarab ish tutmang. Qo‘shningizni adolat bilan hukm qiling. 16 Odamlar orasida qo‘shningizni g‘iybat qilib, uning jonini xavf ostiga qo‘ymang. Men Egangizman.

17 Dilingizda birodaringizga qarshi gina qilmang. Qo‘shningizning aybini ochiq yuziga soling, shunda siz uning aybi uchun jazoga tortilmaysiz. 18 Qasos olmang, yurtdoshingizga qarshi kek saqlamang. Aksincha, o‘zgani o‘zingizni sevganday seving.

Men Egangizman.

19 Qonun–qoidalarimga rioya qiling. Molingizni boshqa turdagi hayvonlar bilan chatishtirmang. Dalangizga ikki xil urug‘ sepmang. Ustingizga ikki turdagi ipdan to‘qilgan kiyimni kiymang.

20 Agar erkak kishi boshqa birovga unashtirib qo‘yilgan cho‘ri bilan yotsa, u keltirgan zararni cho‘rining egasiga to‘lashi lozim. Cho‘ri hali ozodlikka chiqarilmagani uchun ikkoviga ham o‘lim jazosi berilmasin. 21 Erkak ayb qurbonligi sifatida bir qo‘chqorni Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kelib, Menga taqdim qilsin. 22 Ruhoniy qo‘chqorni ayb qurbonligi qilib, o‘sha odamni Mening huzurimda gunohidan poklasin. Shunda

uning qilgan gunohi kechiriladi.

23 Sizlar Kan’on yurtiga kirib, turli xil mevali daraxtlar ekkaningizdan keyin, uch yil davomida ularning mevasidan yemang. Ularni yeyish man etilsin. 24 To‘rtinchi yili hamma mevalar shukrona nazri sifatida Menga bag‘ishlansin. 25 Beshinchi yili esa mevalarini yeyishingiz mumkin. Shunday qilsangiz, daraxtlaringiz serhosil bo‘ladi. Men Egangiz Xudoman.

26 Qoni chiqarilmagan go‘shtni yemang. Ta’birchilarga e’tiqod qilmang, fol

ochtirmang. 27 Chakkangizdagi sochlaringizni qirmang, soqolingizning uchini qirqmang. 28 Aza tutganingizda marhum uchun badaningizni kesmang, teringizni teshib sur’at solmang*. Zero, Men Egangizman.

29 Qizingizni fohishalik qilishga undamang*, uni bulg‘amang. Toki yurt zinoga botmasin, buzuqlik avj olmasin. 30 Mening Shabbat kunlarimga rioya eting, muqaddas makonimni izzat qiling. Men Egangizman.

31 Arvoh chaqiruvchilarning oldiga bormang, folbinlarga maslahat solmang. Ularning

dastidan o‘zingizni bulg‘amang. Men Egangiz Xudoman.

32 Mo‘ysafidni ko‘rganingizda o‘rningizdan turing, qariyaning hurmatini joyiga qo‘ying. Men, Xudoyingizdan qo‘rqing. Men Egangizman.

33 Yurtingizda yashab yurgan musofirga zulm qilmang. 34 Unga o‘z yurtdoshingizday qarang. Musofirni o‘zingizni sevganday seving, chunki sizlar ham Misr yurtida musofir edingizlar. Men Egangiz Xudoman.

35 Uzunlikni, og‘irlikni va miqdorni o‘lchaganda g‘irromlik qilmang. 36 Tarozingiz, qadoq toshlaringiz, o‘lchov tog‘orayu kosalaringiz* to‘g‘ri bo‘lsin. Men sizlarni Misr yurtidan olib chiqqan Egangiz Xudoman. 37 Qonun–qoidalarimning hammasini bitta qoldirmay bajaringlar. Men Egangizman.”


20–BOB

Itoatsizlik uchun jazolar

1 Egamiz Muso orqali 2 Isroil xalqiga shunday dedi: “O‘z bolasini Mo‘laxga qurbonlik qilgan har qanday odamga, Isroil xalqidan yoki yurtingizda yashagan musofir bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘lim jazosi berilsin. Butun jamoa uni toshbo‘ron qilsin. 3 Men O‘zim bunday odamga qarshi chiqib, uni xalq orasidan yo‘q qilib yuboraman, chunki u farzandini Mo‘laxga qurbonlik qilib, Muqaddas chodirimni bulg‘agan bo‘ladi, Men, Muqaddas Xudoni badnom etgan bo‘ladi. 4 Bordi–yu, jamoa bu odamning qilmishidan ko‘z yumib, uni o‘ldirmasa, 5 Men O‘zim bu odamga va uning xonadoniga qarshi chiqaman. Ularni xalq orasidan yo‘q qilaman. Menga bevafolik qilib, Mo‘laxga sig‘inadigan barcha izdoshlarini ular qatori qirib yuboraman.

6 Agar biror odam Menga bevafolik qilib, arvoh chaqiruvchiga va folbinga maslahat

solsa, Men o‘sha odamga qarshi chiqib, uni xalq orasidan yo‘q qilib yuboraman.

7 O‘zlaringizni Menga bag‘ishlanglar, muqaddas bo‘linglar. Men Egangiz Xudoman.

8 Qonun–qoidalarimni bitta qoldirmay bajaringlar. Sizlarni muqaddas qiladigan Egangizman. 9 Otasini yoki onasini xo‘rlagan har qanday odamga o‘lim jazosi berilsin. Uning qoni o‘z gardanida qoladi.

10 Agar erkak qo‘shnisining xotini bilan zino qilsa, ikkovi ham o‘ldirilsin. 11 Otasining xotini bilan yotgan erkak otasining sha’niga dog‘ tushirgan bo‘ladi. Bunday erkak va ayol o‘ldirilsin. Ularning qoni o‘z gardanida qoladi. 12 Agar erkak o‘z kelini bilan yotsa, ikkovi ham o‘ldirilsin. Axir, ular o‘taketgan razillik qildilar. Ularning qoni o‘z gardanida qoladi. 13 Agar erkak ayol bilan yotganday boshqa erkak bilan yotsa, ularning ikkovi jirkanch ish qilgan bo‘ladilar. Ikkovi ham o‘ldirilsin, ularning qoni o‘z gardanida qoladi. 14 Agar erkak xotin olib, xotinining onasiga ham uylansa, u buzuqlik qilgan bo‘ladi. Ularning uchalovi ham tiriklayin olovga tashlansin. Orangizdan buzuqlikni yo‘q qiling. 15 Agar erkak hayvon bilan jinsiy aloqa qilsa, u o‘lim jazosini olsin. Hayvon ham o‘ldirilsin. 16 Agar ayol

hayvonning oldiga borib jinsiy aloqa qilsa, ayolni ham, hayvonni ham o‘ldiring. Ularning qoni o‘z gardanida qoladi.

17 Agar erkak o‘z singlisiga — otasining yoki onasining qiziga uylanib, u bilan qovushsa, sharmandalikka yo‘l qo‘ygan bo‘ladi. Ularning ikkovi ham xalqning ko‘zi oldida yo‘q qilinsin. U singlisining sha’niga dog‘ tushirgani uchun jazoga tortilsin. 18 Agar erkak hayz ko‘rgan ayol bilan yotsa, ikkalasi ayolning hayz manbaini ochgan hisoblanadi. Ularning ikkovi ham xalq orasidan yo‘q qilinsin. 19 Xolangiz yoki ammangiz bilan yotmang. Bunday qilgan odam o‘z qondoshining sha’niga dog‘ tushirgan bo‘ladi.

Ularning ikkovi ham jazoga tortilsin. 20 Agar erkak amakisining xotini bilan yotsa, u amakisining sha’niga dog‘ tushirgan bo‘ladi. Erkak ham, ayol ham jazoga tortilsin. Ular farzand ko‘rmay o‘tib ketishadi. 21 Agar erkak akasining yoki ukasining xotiniga uylansa, yaramas ish qilgan bo‘ladi*. U akasining yo ukasining sha’niga dog‘ tushirgani uchun, ular farzandsiz o‘tib ketishadi.

22 Qonun–qoidalarimni bitta qoldirmay bajaringlar, toki Men sizlarni olib borayotgan yurt sizlarni qusib yubormasin. 23 Men oldingizdan quvib yuborayotgan xalqlarning odatlariga taqlid qilmanglar. Ular bu ishlarning hammasini qilganlari uchun, Men ulardan jirkanib ketdim. 24 Sizlar ularning sut va asal oqib yotgan yurtini* mulk qilib olasizlar, deb Men sizlarga va’da qilgan edim. O‘sha yurtni sizlarga Men beraman. Men Egangiz Xudoman. Sizlarni xalqlar orasidan ajratib olganman. 25 Shunday ekan, sizlar halol bilan harom hayvonning farqiga, halol bilan harom qushning farqiga borishingiz lozim. Harom hayvonu qushlarni va yerda sudralib yuruvchilarni yeb o‘zingizni bulg‘amang. Men ularni harom deb e’lon qilganman. 26 O‘zingizni Menga bag‘ishlab, muqaddas bo‘linglar, chunki Men, Egangiz, muqaddasman. Men sizlarni boshqa xalqlardan O‘zim uchun ajratib olganman.

27 Arvoh chaqiradigan va folbinlik qiladigan erkagu ayolning jazosi o‘limdir. Ularni

toshbo‘ron qiling, ularning qoni o‘z gardanida qoladi.”


21–BOB

Ruhoniylarning muqaddasligi

1 Egamiz Muso orqali Horunning ruhoniy o‘g‘illariga shunday dedi: “Ruhoniy qazo qilgan qarindoshining jasadiga tegib o‘zini bulg‘amasin. 2 Bordi–yu, marhum ruhoniyga eng yaqin qarindoshi, ya’ni ota–onasi, o‘g‘il–qizi, aka–ukasi, 3 shuningdek, turmushga chiqmagan opa–singlisi bo‘lsa, ular tufayli bulg‘anishi mumkin. 4 Lekin xotini tomonidan birov qazo qilsa, u tufayli o‘zini bulg‘ab, murdor bo‘lmasin. 5 Ruhoniy aza tutganda sochini qirmasin, soqolining uchini qirqmasin, badanini tilmasin*. 6 U Mening oldimda muqaddas bo‘lsin, Meni badnom etmasin. Men, Egasiga olovda kuydiriladigan taom nazrlarini keltirgani uchun u muqaddas bo‘lsin. 7 Fohishalik qilib bulg‘angan yoki eridan ajralgan ayolga uylanmasin. Zotan, ruhoniy Mening oldimda muqaddasdir. 8 Xalq ham ruhoniyni muqaddas deb bilsin, chunki Men, Xudoyingizga non keltiradigan o‘shadir. U odamlar uchun muqaddas bo‘lsin, zotan, Men, Egangiz, muqaddasman. Xalqimni muqaddas qiladigan Menman. 9 Agar ruhoniyning qizi fohishalik qilib o‘zini bulg‘asa, u otasini ham bulg‘agan bo‘ladi. Unday qizni tiriklayin kuydirish lozim.

10 Aka–ukalari orasidan boshiga moy surtib tanlangan oliy ruhoniy ruhoniylik

liboslarini kiyish uchun bag‘ishlangandir. Shuning uchun u qayg‘udan sochini

to‘zitmasin*, liboslarini ham yirtmasin. 11 Jasadning yaqiniga bormasin, hatto vafot etgan ota–onasi tufayli ham o‘zini bulg‘amasin. 12 U ota–onasini dafn qilish uchun Muqaddas chodirdan chiqmasin, shu tufayli Mening Chodirimni bulg‘amasin. Zotan, Mening muqaddas qiladigan moyim* uning ustidadir, u Menga bag‘ishlangandir. Men Egangizman. 13 Oliy ruhoniy faqat bokira qizga uylansin. 14 Beva, eridan ajralgan yoki fohishalik qilib bulg‘angan ayolni xotinlikka olmasin. O‘z qavmidagi bokira qizga uylansin, 15 shu tariqa muqaddas naslini haromlikdan asrasin. Men, Egangiz, uni muqaddas qilganman.”

16 Egamiz Muso orqali 17 Horunga shunday dedi: “Avlodingdan nuqsoni bor biror odam Menga qurbonliklarni keltirmasin. Bunga avlodlar osha rioya qilinglar. 18 Nuqsoni bor hech kim yaqinimga kelmasin: ko‘r, cho‘loq, yuzi shikastlangan, mayib, 19 qo‘l–oyog‘i singan, 20 bukur, pakana, ko‘zida nuqsoni bor, yiringlagan yaralari yoki qo‘tiri bor, moyagi ezilgan odam qurbongohning yaqiniga bormasin. 21 Ruhoniy Horun naslidan nuqsoni bor birontasi ham olovda kuydiriladigan nazrlarni Men, Egangizga keltirmoqchi bo‘lib yaqinlashmasin. Nuqsoni bo‘lgani uchun u Menga taom nazrlarini keltirish uchun yaqinlashmasin. 22 U Mening qurbonliklarimni, eng muqaddas va muqaddas nazrlarimni tanovul qilishi mumkin. 23 Lekin nuqsoni borligi uchun u Muqaddas xonadagi ichki pardaga va qurbongohga aslo yaqinlashmasin. Aks holda, u muqaddas makonimni bulg‘agan bo‘ladi. Makonimni muqaddas qiladigan Egangiz Menman.”


24 Shunday qilib, Muso bularning hammasini Horun va uning o‘g‘illariga hamda

butun Isroil xalqiga aytdi.


22–BOB

Nazrlarning muqaddasligi

1 Egamiz Muso orqali 2 Horun va uning o‘g‘illariga shunday dedi: “Sizlar Isroil xalqining Menga bag‘ishlagan ehsonlari bilan ehtiyotkor bo‘linglar, tag‘in Men, Muqaddas Xudoni badnom qilib qo‘ymanglar. Men Egangizman. 3 Agar naslingizdan birontasi harom bo‘la turib, Isroil xalqi Menga bag‘ishlagan ehsonlarga yaqinlashsa, u Mening huzurimda boshqa xizmat qilmaydigan bo‘lsin. Men Egangizman. 4 Horunning naslidan teri kasalligiga* chalingan yoki ajralmasi oqqan birortasi poklanmaguncha ehsondan tanovul qilmasin. Bordi–yu, ruhoniylardan birortasi murda dastidan bulg‘angan narsaga tegsa yoki jinsiy a’zosidan maniy oqsa, 5 yoxud o‘rmalab yuradigan harom jonivorga yo harom bo‘lgan odamga tegsa, o‘zi harom bo‘lgan hisoblanadi. U tekkan odam qanday yo‘l bilan harom bo‘lganidan qat’iy nazar, 6 ruhoniy kechgacha harom bo‘ladi. Ruhoniy badanini yuvmaguncha ehsondan tanovul qilmasin. 7 Quyosh botgandan keyin u pok bo‘ladi. Ana shundagina u ehsonlardan tanovul qila oladi, chunki bu ehsonlar uning taomidir. 8 Harom o‘lgan yoki yovvoyi hayvon g‘ajigan jonivorning go‘shtini ruhoniy yemasin. Aks holda, u o‘zini o‘zi harom qiladi. Men Egangizman.

9 Ruhoniylar talablarimni bajarishsin. Aks holda, talablarimga rioya qilmaganlari uchun gunohlarining jazosini olib, nobud bo‘ladilar. Ularni muqaddas qiladigan Egangiz Menman.

10 Ruhoniy xonadoniga mansub bo‘lgan kishilargina ehsonlardan tanovul qilishlari mumkin. Ruhoniynikida turgan musofir yoki mardikor ehsonlardan tanovul qilmasin.

11 Lekin ruhoniy o‘z kumushiga sotib olgan yoki uning xonadonida tug‘ilgan qulu cho‘rilar bu nazrlardan tanovul qilishlari mumkin. 12 Agar ruhoniyning qizi ruhoniylar qavmiga mansub bo‘lmagan odamga turmushga chiqsa, ehsonlardan tanovul qilish unga man etilsin. 13 Bordi–yu, ruhoniyning bu qizi farzand ko‘rmay beva bo‘lib qolsa yoki eridan ajralsa, otasining xonadoniga qaytib kelgandan keyin, qizlik davridagiday otasining taomidan tanovul qilishi mumkin. Ammo ruhoniylar qavmiga mansub bo‘lmagan odam ruhoniyning taomidan tanovul qilmasin. 14 Agar biror odam bilmagan holda ehsondan yeb qo‘ysa, u ruhoniyga keltirgan zararni to‘lab, ustiga beshdan bir qismini qo‘shib bersin. 15 Ruhoniylar Isroil xalqining Menga keltirgan ehsonlarini bulg‘ashmasin. 16 Ularni boshqalarning tanovul qilishiga yo‘l qo‘yishmasin. Aks holda, ruhoniylar Isroil xalqini aybdor qilib qo‘yishadi, xalq ayb qurbonligi keltirishi kerak bo‘ladi. Ehsonni muqaddas qiladigan Egangiz Menman.”

17 Egamiz Muso orqali 18 Horunga, uning o‘g‘illariga va butun Isroil xalqiga quyidagi qoidalarni berdi: Isroil xalqidan yoki orangizda yashayotgan musofirlardan birortasi bergan va’dasi ustidan chiqmoqchi bo‘lib yoki ko‘ngildan chiqarib, Egamizga kuydiriladigan qurbonlik keltirmoqchi bo‘lsa 19 nuqsonsiz buqa, qo‘chqor yoki takani olib kelsin. Shunda qurbonligi qabul bo‘ladi. 20 Nuqsoni bor jonivorni olib kelmang, bunday qurbonligingiz qabul bo‘lmaydi.

21 Agar birortasi bergan va’dasi ustidan chiqish uchun yoki ko‘ngildan chiqarib, Egamizga tinchlik qurbonligini keltirmoqchi bo‘lsa, podasi yoki suruvidan nuqsonsiz jonivorni tanlab olsin. Qurbonligi qabul bo‘lishi uchun jonivor bekami–ko‘st bo‘lsin.

22 Ko‘r, jarohatlangan, mayib, yarasidan yiring oqqan, qo‘tir yoki qichimasi bor jonivorni Egamizga keltirmang, uni olovda kuydiriladigan nazr sifatida qurbongoh ustida kuydirmang. 23 Bir tuyog‘i kalta yoki uzun bo‘lgan buzoqni yoki qo‘zichoqni ko‘ngildan chiqarib beradigan qurbonlik sifatida keltirishingiz mumkin. Lekin bunday jonivorni bergan va’dangiz ustidan chiqish uchun olib kelmang, u qabul bo‘lmaydi. 24 Moyagi ko‘kargan, ezilgan, uzilgan yoki kesib olingan jonivorni Egamizga keltirmang.

Yurtingizda bunga yo‘l qo‘ymang. 25 Xudoyingizga qurbonlik keltirmoqchi bo‘lgan musofirdan ham mayib jonivorni qabul qilmang. Bunday jonivor nuqsonli bo‘lgani uchun qabul bo‘lmaydi.

26 Egamiz Musoga yana dedi: 27 “Yangi tug‘ilgan buzoq, qo‘zichoq yoki uloqcha yetti kun onasining yonida bo‘lsin. Yettinchi kundan keyin uni olovda kuydirib, Menga nazr qilishingiz mumkin. 28 Lekin podangizdagi yoki suruvingizdagi ona va bolani bir kunda so‘ymang. 29 Menga shukrona qurbonligini* keltirmoqchi bo‘lganingizda qoidalarga rioya qilgan holda keltiring, toki qurbonligingiz qabul bo‘lsin. 30 Qurbonlikning go‘shtini o‘sha kuniyoq tanovul qiling. Undan ertalabgacha hech narsa qoldirmang. Men Egangizman.

31 Amrlarimni bitta qoldirmay bajaring. Men Egangizman. 32 Men, Muqaddas Xudoni badnom qilmang. Butun Isroil xalqi Meni muqaddas deb bilsin. Men sizlarni muqaddas qiladigan Egangizman. 33 Xudoyingiz bo‘lish uchun sizlarni Misr yurtidan olib chiqqanman. Men Egangizman.”

23–BOB

Bayramlar

1 Egamiz Muso orqali 2 Isroil xalqiga quyidagi qoidalarni berdi: Egamiz belgilagan bayramlarni nishonlanglar, o‘sha kunlari muqaddas yig‘in e’lon qilinglar. Egamizning belgilagan bayramlari quyidagilardir.

Shabbat kuni

3 Olti kun mehnat qilinglar, yettinchi kuni — Shabbat kuni esa to‘liq dam olinglar.

Shu kuni muqaddas yig‘in bo‘lsin. Hech qanday ish qilmanglar. Axir, Shabbat kuni Egamizga atalgandir! Qayerda yashashingizdan qat’iy nazar, shu kunga rioya qilinglar.

Fisih ziyofati va Xamirturushsiz non bayrami

4 Egamiz Shabbat kunidan tashqari boshqa bayramlarni ham belgilab berdi. Bu

bayramlarda muqaddas yig‘inlarni o‘z vaqtida o‘tkazinglar.

5 Birinchi oyning* o‘n to‘rtinchi kuni kechqurun Egamizga bag‘ishlangan Fisih ziyofatini* nishonlanglar. 6 O‘sha oyning o‘n beshinchi kuni esa Egamizga atab xamirturushsiz non bayramini* qilinglar. Yetti kun davomida xamirturushsiz nonlar yenglar. 7 Bayramning birinchi kuni butun xalq muqaddas yig‘inga kelsin. Har kungi ishlaringiz bilan mashg‘ul bo‘lmanglar. 8 Yetti kun davomida har kuni Egamizga qurbonlik keltirib, olovda kuydiringlar. Bayramning yettinchi kuni ham muqaddas yig‘in o‘tkazinglar. Har kungi ishlaringiz bilan mashg‘ul bo‘lmanglar.

Ilk hosil nazri

9 Egamiz Muso orqali 10 Isroil xalqiga shunday dedi: “Men sizlarga berayotgan yurtga kirganingizdan keyin, har yili yig‘ishtirgan hosilingizning* birinchi bog‘lamini ruhoniyga olib keling. 11 Shabbat kunining ertasiga ruhoniy bog‘lamni Men, Egangizga bag‘ishlaganini ko‘rsatib yuqoriga ko‘tarsin, shunda Men nazringizni qabul qilaman.

12 O‘sha kuni bir yoshli nuqsonsiz qo‘zini Menga kuydiriladigan qurbonlik qiling. 13 Qo‘zi bilan birga zaytun moyi aralashtirilgan sakkiz kosa* sifatli unni don nazri qiling. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Men, Egangizga yoqimli hid boradi. Bular bilan birga ikki kosa* sharob nazrini keltiring. 14 Ilk hosil nazrini Menga keltirmaguningizcha yangi bug‘doydan yopilgan nonni, qovurilgan bug‘doy va bug‘doy boshoqlarini tanovul qilmang. Qayerda yashashingizdan qat’iy nazar, bu sizlar uchun avlodlaringiz osha doimiy qonun–qoida bo‘lsin.

Hosil bayrami

15 Hosilingizning birinchi bog‘lamini yuqoriga ko‘tarib, Men, Egangizga bag‘ishlagan kuningizdan, ya’ni Shabbatning ertasi kunidan boshlab, to‘liq yetti haftani sanang.

16 Elliginchi kuni, yettinchi Shabbatdan keyin, Menga yangi don* nazrini olib keling.

17 Qayerda yashashingizdan qat’iy nazar, yuqoriga ko‘tariladigan nazr uchun ikki dona nonni olib keling. Nonlar sakkiz kosa sifatli undan, xamirturush qo‘shib yopilgan bo‘lsin. Bular Menga keltiriladigan ilk hosilingiz nazridir. 18 Non bilan birga yettita bir yoshli nuqsonsiz qo‘zini, bitta buqani va ikkita qo‘chqorni olib keling. Bularni don va sharob nazrlari bilan birga kuydiriladigan qurbonlik qiling. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Menga yoqimli hid boradi. 19 Bulardan tashqari, bitta takani gunoh qurbonligi va ikkita bir yoshli erkak qo‘zini tinchlik qurbonligi qiling. 20 Ruhoniy ikkita qo‘zini nonlar bilan birga Menga bag‘ishlaganini ko‘rsatish uchun yuqoriga ko‘taradi.

Men — Egangiz uchun muqaddas bo‘lgan bu nazr ruhoniylarniki bo‘lsin. 21 O‘sha kuni muqaddas yig‘in e’lon qilinglar. Har kungi ishlaringiz bilan mashg‘ul bo‘lmanglar.

Qayerda yashashingizdan qat’iy nazar, bu sizlar uchun avlodlaringiz osha doimiy

qonun–qoida bo‘lsin.

22 Dalangiz hosilini o‘rganingizda dalaning eng chetidagi bug‘doyni o‘rmang, yerga tushib qolgan bug‘doy boshoqlarini ham termang. Ularni kambag‘al va musofirlarga qoldiring. Men Egangiz Xudoman.”

Karnay bayrami

23 Egamiz Muso orqali 24 Isroil xalqiga shunday dedi: “Yettinchi oyning* birinchi kunida to‘liq dam olinglar. Bu kun karnaylarning sadolari bilan nishonlanadigan xotira kunidir. O‘sha kuni muqaddas yig‘in o‘tkazinglar. 25 Har kungi ishlaringiz bilan mashg‘ul bo‘lmanglar. Menga qurbonlik keltirib, olovda kuydiringlar.”

Poklanish kuni

26 Egamiz Musoga dedi: 27 “Yettinchi oyning* o‘ninchi kunida esa Poklanish kunini* nishonlanglar. O‘sha kuni muqaddas yig‘in bo‘lsin. Ro‘za tutib, Menga qurbonlik keltirib, olovda kuydiringlar. 28 O‘sha kuni hech qanday ish qilmanglar, chunki bu kuni oliy ruhoniy Egangiz Xudo huzurida sizlarni gunohlaringizdan poklaydi. 29 O‘sha kuni ro‘za tutmagan odam xalq orasidan yo‘q qilinsin. 30 Ish bilan mashg‘ul bo‘lgan odamni ham Men xalq orasidan yo‘q qilaman. 31 O‘sha kuni umuman hech qanday ish qilmang.

Qayerda yashashingizdan qat’iy nazar, bu sizlar uchun avlodlaringiz osha doimiy qonun–qoida bo‘lsin. 32 Bu kuni Shabbat kuni singari to‘liq dam oling. To‘qqizinchi kuni kechqurundan boshlab, keyingi kuni kechqurungacha* ro‘za tuting.”

Chayla bayrami

33 Egamiz Muso orqali 34 Isroil xalqiga shunday dedi: “Yettinchi oyning* o‘n beshinchi

kunidan boshlab yetti kun davomida Menga atab Chayla bayramini nishonlanglar.

35 Bayramning birinchi kuni muqaddas yig‘in qilinglar. Har kungi ishlaringiz bilan mashg‘ul bo‘lmanglar. 36 Yetti kun davomida har kuni Menga qurbonlik keltirib, olovda kuydiringlar. Sakkizinchi kuni ham muqaddas yig‘in qilinglar, Menga qurbonlik keltirib, olovda kuydiringlar. Bu oxirgi muqaddas yig‘in kunidir. Har kungi ishlaringiz bilan mashg‘ul bo‘lmanglar.

37 Men, Egangiz, belgilagan bayramlar shulardir. Ularni nishonlab, muqaddas yig‘inlar o‘tkazinglar. Olovda kuydiriladigan hamma nazrlaringizni — kuydiriladigan qurbonliklarni, don nazrlarini, sharob nazrlarini belgilangan kunlarda Menga keltiringlar. 38 Bu bayramlarni Menga atab, Shabbat kunlaridan tashqari nishonlanglar. Bayram kunlari keltiradigan qurbonliklaringiz Menga beradigan ehsonlaringizdan, bergan va’dangizga muvofiq keltiradigan qurbonliklaringizdan va ko‘ngildan chiqarib beradigan nazrlaringizdan tashqari keltirilishi lozim.

39 Dalangizning hosilini yig‘ib bo‘lganingizdan keyin, yetti kun davomida Menga atab Chayla bayramini nishonlanglar. Bayram yettinchi oyning o‘n beshinchi kunida boshlansin. Bayramning birinchi va sakkizinchi kunlari to‘liq dam olinglar. 40 Birinchi kuni daraxtlaringizning eng yaxshi mevalarini terib olinglar*, palma daraxtining shoxlarini, suv bo‘yida o‘sadigan majnuntolning va boshqa serbarg daraxtlarning novdalarini olib, yetti kun davomida Men, Egangiz Xudoning huzurida xursandchilik qilinglar. 41 Menga atab bu bayramni har yili, yetti kun davomida nishonlanglar. Yilning

yettinchi oyida nishonlanadigan bu bayram sizlar uchun avlodlaringiz osha doimiy qonun–qoida bo‘lsin. 42 Yetti kun davomida chaylalarda yashanglar. Isroil xalqiga mansub bo‘lgan har bir kishi chaylada yashasin. 43 Shunda Men Isroil xalqini Misrdan olib chiqqanimda, sizlarni chaylalarda yashattirganimni avlodlaringiz bilishadi. Men Egangiz Xudoman.”


44 Shunday qilib, Muso Isroil xalqiga Egamiz belgilagan bayramlarni e’lon qildi.


24–BOB

Moychiroqlar

1 Egamiz Muso orqali 2 Isroil xalqiga quyidagi amrlarni berdi: toza zaytun moyidan olib kelinglar. Toki moychiroqlar har doim tun bo‘yi yonib tursin. 3 Horun moychiroqlarni Uchrashuv chodiriga, Ahd sandig‘ini* to‘sib turgan ichki parda oldiga o‘rnatsin. Moychiroqlar Egamizning huzurida oqshomdan ertalabgacha o‘chmay yonib tursin. Bu avlodlaringiz osha doimiy qonun–qoida bo‘lsin. 4 Horun moychiroqlarni toza oltindan yasalgan chiroqpoyaga o‘rnatsin. Moychiroqlar Egamizning huzurida doimo tun bo‘yi yonib tursin.

Xudoga nazr qilinadigan nonlar

5 Sifatli undan o‘n ikkita non* yop. Har bir non sakkiz kosa* undan yopilgan bo‘lsin.

6 Nonlarni Egamiz huzuridagi toza oltindan yasalgan xontaxta ustiga ikki qator qilib ter. Har bir qatorda oltitadan non bo‘lsin. 7 Har bir qatorga toza xushbo‘y tutatqidan qo‘y. Bu xushbo‘y tutatqi nonning o‘rniga olovda kuydirilib, Egamizga nazr qilinadi. 8 Horun nonlarni doimiy tarzda, har Shabbat kuni Isroil xalqi nomidan Egamiz oldiga qo‘ysin. Bu Isroil xalqining abadiy majburiyatidir. 9 Bu nonlar Horun va uning avlodiniki bo‘lsin.

Ular bu nonlarni muqaddas joyda tanovul qilishsin*. Egamizga atab, olovda kuydiriladigan nazrlardan Horunning nasliga berilgan doimiy ulush shudir, u g‘oyat muqaddasdir.

To‘g‘ri va adolatli hukmning misoli

10-11 Dan qabilasidan bo‘lgan Dibri qizi Shalumit Misrlik bir kishiga turmushga chiqqan edi. Ularning bir o‘g‘li bor edi. Bir kuni o‘sha o‘g‘li Isroil xalqidan bo‘lgan bir odam bilan janjallashib qoldi. Janjal paytida Shalumitning o‘g‘li qarg‘anib, Xudoga shak keltirdi. Shunda uni Musoning oldiga olib kelishdi. 12 Egamizning hukmi ma’lum bo‘lgunga qadar uni qamab qo‘yishdi.

13 Egamiz Musoga dedi: 14 “Shakkokni qarorgohning tashqarisiga olib chiqinglar.

Shak keltirganini eshitganlarning hammasi qo‘lini uning boshiga qo‘ysin, keyin butun jamoa uni toshbo‘ron qilsin. 15 Isroil xalqiga shu gapimni aytib qo‘y: «Meni qarg‘agan har qanday odam jazoga tortilsin. 16 Men, Egangizga shak keltirgan odamning jazosi o‘limdir. Butun jamoa uni toshbo‘ron qilsin. O‘sha shakkok kim bo‘lishidan qat’iy nazar, musofir bo‘ladimi yoki Isroil xalqidanmi, o‘ldirilsin.

17 Odamning joniga qasd qilgan har qanday odam o‘ldirilsin. 18 Birovning molini o‘ldirib qo‘ygan odam egasiga tovon to‘lasin. Bunday vaziyatda jon evaziga jon degan qoida qo‘llanilsin. 19 Agar kimdir birovga shikast yetkazsa, unga ham xuddi shunday shikast yetkazilsin. 20 Siniq evaziga siniq, ko‘z evaziga ko‘z, tish evaziga tish bilan javob

qaytarilsin. Shikast yetkazganga xuddi shunday shikast yetkazilsin. 21 Jonivorni o‘ldirgan tovon to‘lasin, odamni o‘ldirgan esa o‘lim jazosini olsin. 22 Musofir uchun ham, Isroillik uchun ham qonun birdir. Men Egangiz Xudoman.»”

23 Muso bu so‘zlarni Isroil xalqiga aytib bo‘lgach, xalq shakkokni qarorgoh tashqarisiga olib chiqib, toshbo‘ron qildi. Shunday qilib, Isroil xalqi Egamizning Musoga bergan amrini ado etdi.


25–BOB

Yettinchi yil

1-2 Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga Sinay tog‘ida shunday dedi: “Men sizlarga berayotgan yurtga kirganingizdan keyin, har yettinchi yili yeringizga dam bering. 3 Olti yil davomida dalalaringizga ekin ekinglar, uzumzorlaringizni butab, hosilini yig‘inglar.

4 Yettinchi yili* esa yer to‘liq dam olsin, Men, Egangizga bag‘ishlangan yil bo‘lsin. Shu yili dalalaringizga ekin ekmanglar, uzumzoringizni xomtok qilmanglar. 5 Yerdan o‘sib chiqqan boshoqlarni o‘rmanglar, xomtok qilinmagan tokdagi uzum boshlarini yig‘manglar. Yer bir yil to‘liq dam olsin. 6 Ammo o‘sha yili yerdan tabiiy holda o‘sib chiqqan hamma narsani yeyishingiz mumkin. Bular sizlar uchun, qulu cho‘rilaringiz uchun, mardikoru siznikida vaqtinchalik turgan musofirlar uchun ozuqa bo‘ladi. 7 Mol– holingiz va yurtingizdagi yovvoyi hayvonlar ham yer hosilidan oziqlanishadi.

Qutlug‘ yil

8 Yetti yilni* yetti marta qo‘shib sana, hammasi bo‘lib qirq to‘qqiz yil bo‘ladi. 9 So‘ng yettinchi oyning* o‘ninchi kuni, ya’ni Poklanish kuni* butun yurt bo‘ylab karnaylar chalinsin. 10 Elliginchi yilni muqaddas deb biling. O‘sha yili yurt bo‘ylab hamma odamga ozodlik e’lon qiling. Shu yil sizlar uchun Qutlug‘ yil bo‘lsin. Har kim ota–bobosining joyiga, o‘z qavmiga qaytib borsin. 11 Ha, elliginchi yil sizlar uchun Qutlug‘ yil bo‘lsin. Shu yili ekin ekmanglar, yerdan o‘sib chiqqan boshoqlarni o‘rmanglar, xomtok qilinmagan tokdagi uzum boshlarini yig‘manglar. 12 Bu Qutlug‘ yil bo‘lgani uchun, uni muqaddas deb bilinglar. To‘g‘ridan–to‘g‘ri daladan uzilgan hosilni yeyishingiz mumkin.

13 Qutlug‘ yil hammangiz ota–bobolaringizdan meros bo‘lib qolgan yerlaringizni

qaytarib olish uchun u yerlarga boring.

14 Yeringizni qo‘shningizga sotganingizda yoki qo‘shnidan yer sotib olganingizda g‘irromlik qilmang. 15 Yer sotib olganingizda yerning narxi keyingi Qutlug‘ yilgacha qolgan yillarning hisobiga asoslangan bo‘lsin. Sotuvchi yerning narxini qolgan hosilli yillarning miqdoriga qarab belgilasin. 16 Agar hali ko‘p yil bor bo‘lsa, yerning bahosini oshirsin. Bordi–yu, ozroq yil qolgan bo‘lsa, bahosini kamaytirsin. Sotuvchi aslida yerni emas, balki yer beradigan hosil miqdorini sotadi. 17 G‘irromlik qilmang, Men, Xudoyingizdan qo‘rqing. Men Egangiz Xudoman.

Yettinchi yil muammosi

18 Qonun–qoidalarimni bitta qoldirmay bajaring, shunda yurtingizda tinch yashaysizlar. 19 Yer hosilini beradi, sizlar to‘yguningizcha uning ne’matlaridan yeysizlar. Yurtingizda bexatar yashaysizlar.

20 Sizlar:

— Ekin ekib hosil olmasak yettinchi yili nima yeymiz? — deb so‘rashingiz mumkin.

21 Men oltinchi yili hosilingizga baraka beraman. O‘sha yili sizlar uch yilga yetadigan hosil yig‘ib olasizlar. 22 Sakkizinchi yili urug‘ ekkaningizda oltinchi yil davomida yiqqan hosildan tanovul qilasizlar. To‘qqizinchi yili ham hosilingiz pishguncha hanuz eski hosildan yeysizlar.

Mulk haqida

23 Yerni faqat vaqtinchaga soting, chunki yer Menikidir. Sizlar esa Mening yerimda yashab yurgan musofir va kelgindisizlar. 24 O‘z yerini sotgan odamga yerini qayta sotib olish imkoniyatini yaratib bering.

25 Agar yurtdoshingiz qashshoqlashib meros qilib olgan yerining bir qismini sotsa, uning eng yaqin qarindoshi sotilgan yerni qaytarib sotib olsin. 26 Agar yerni qaytarib sotib oladigan qarindoshi bo‘lmasa va u odamning o‘zi keyinchalik mol–dunyo topib, yetarli mablag‘ yig‘sa, u o‘z yerini qaytarib sotib olishi mumkin. 27 Buning uchun u Qutlug‘ yilgacha qolgan yillar davomida yerdan olinadigan daromadni hisoblab chiqib, xaridorga to‘lasin, shundan keyin o‘z mulkini qaytarib olsin. 28 Bordi–yu, yerni qaytarib sotib olishga qurbi yetmasa, yer xaridorning ixtiyorida Qutlug‘ yilgacha qolsin. Qutlug‘ yil yer asl egasiga qaytib berilsin.

29 Bordi–yu, birortasi devor bilan o‘ralgan shahar ichidagi uyini sotsa, sotilgan kundan boshlab bir yil o‘tguncha uyini qaytarib sotib olishi mumkin. Uyni qaytarib sotib olish muddati bir yildir. 30 Bir yil o‘tguncha u uyini qaytarib sotib olmasa, devor bilan o‘ralgan shahar ichidagi bu uy xaridorning mulkiga aylanib, abadiy uning va naslining ixtiyorida qoladi. Qutlug‘ yilda ham uy uning ixtiyoridan chiqmaydi. 31 Atrofi devor bilan o‘ralmagan qishloqlardagi uylar dala sifatida hisoblansin. Bunday uylarni har qanday vaqtda qaytarib sotib olish mumkin, Qutlug‘ yilda ular asl egasiga qaytarib berilsin.

32 Levilarning shaharlariga kelsak, levilar o‘z shaharlaridagi uylarini qaytarib sotib olish huquqiga doimo ega bo‘lishsin. 33 Bordi–yu, levi bunday shahardagi sotilgan uyini qaytarib sotib olmasa, bu uy unga Qutlug‘ yil qaytarib berilsin. Zotan, levilarga qarashli shaharlardagi uylari levilarning Isroil xalqi orasidagi mulkidir. 34 Lekin ularning shaharlari atrofidagi yerlar zinhor sotilmasin, chunki bu yerlar levilarning abadiy mulkidir.

Kambag‘allarga qarz berish haqida

35 Agar biror yurtdoshingiz nochor ahvolga tushib, sizga qarab qolsa, unga yordam bering. U orangizda g‘arib yoki musofirday yashasin. 36 Undan foydalanib pul ishlamang, foyda ham olmang, Men, Xudoyingizdan qo‘rqing. Bunday yurtdoshingizning orangizda yashashiga yo‘l qo‘ying. 37 Bergan qarzingizdan foiz talab qilmang, ovqatni o‘z narxidan qimmatga sotmang. 38 Men Egangiz Xudoman. Men Xudoyingiz bo‘lishim uchun va sizlarga Kan’on yurtini berish uchun sizlarni Misrdan olib chiqqanman.

Qullarni ozod qilish haqida

39 Agar yurtdoshingizdan birortasi o‘ta qashshoqlashib, o‘zini sizga sotsa, uni qulday ishlatmang. 40 Unga mardikor yoki musofirday muomala qiling. U Qutlug‘ yilgacha siznikida xizmat qilsin. 41 Qutlug‘ yil u bolalari bilan ozod bo‘lsin. Ular o‘z xonadoniga, ota–bobolarining mulkiga qaytib borishsin. 42 Binobarin ular Mening qullarimdir, Men ularni Misr yurtidan olib chiqqanman. Ularni qulday sotmanglar. 43 Ularga zulm o‘tkazmanglar, Men, Xudoyingizdan qo‘rqinglar. 44 Agar qulu cho‘rilarga muhtoj bo‘lsangiz, ularni atrofingizdagi xalqlardan sotib olishingiz mumkin. 45 Orangizda

yashayotgan musofirlardan va ularning Isroil yurtida tug‘ilgan bolalaridan ham qulu cho‘rilar sotib olishingiz mumkin. Ular sizning mulkingiz bo‘ladi. 46 Ularni o‘zingizdan keyin bolalaringizga meros qilib berishingiz mumkin. Ularga qullarga muomala qilganday muomala qiling. Lekin Isroil xalqidan bo‘lgan birodarlaringizga zulm qilmang.

47 Agar orangizda yashayotgan musofir boylik orttirsa–yu, Isroil xalqidan bo‘lgan birodaringiz esa qashshoqlashib o‘zini musofirga yoki musofirning qavmidan bo‘lganlarga sotsa, 48 birodaringiz ozod bo‘lish huquqiga ega bo‘lsin. Uning aka–ukasi ozodlik evaziga haqini to‘lab, uni ozod qilsin. 49 Shuningdek, amakisi, amakivachchasi yoki boshqa bir qarindoshi ozodlik haqini to‘lab, uni ozod qilishi mumkin. Sotilgan odamning o‘zi ham davlat orttirsa, o‘zini o‘zi ozod qila oladi. 50 Buning uchun u xaridori bilan kelishib, o‘zini sotgan yildan boshlab Qutlug‘ yilgacha qolgan yillarning sonini hisoblab chiqsin. Ozodligining bahosi o‘sha yillar davomida mardikorga to‘lanadigan ish haqi asosida belgilansin. 51 Agar Qutlug‘ yilgacha hali ko‘p yillar bor bo‘lsa, ozodlik bahosi xaridor to‘lagan narxga asoslangan bo‘lsin. 52 Bordi–yu, Qutlug‘ yilgacha oz qolgan bo‘lsa, qolgan yillarni hisoblab, shunga yarasha ozodligining narxini to‘lasin.

53 Musofir sotib olgan birodaringizga bir yilga yollagan ishchiga muomalada bo‘lganday muomala qilsin. Isroil xalqidan bo‘lgan birodaringizga zulm o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymang. 54 Agar sotilgan birodaringiz ozodlik haqini to‘lab ozod bo‘lmasa, u Qutlug‘ yil bola– chaqalari bilan ozod qilinsin. 55 Zotan, Isroil xalqi Mening qullarimdir, ularni Misr yurtidan Men olib chiqqanman. Men Egangiz Xudoman.


26–BOB

Itoatkorlik evaziga beriladigan barakalar

1 O‘zingiz uchun butlar yasamang, o‘yib ishlangan tasvirlaru boshqa xudolarga atalgan toshlarni o‘rnatmang. Yurtingizda butsimon toshlar o‘rnatib, ularga sajda qilmang. Zotan, Men Egangiz Xudoman. 2 Shabbat kunlariga rioya qiling, muqaddas makonimni izzat eting. Men Egangizman. 3 Agar qonunlarimga rioya qilib, amrlarimni bitta qoldirmay bajarsangiz, 4 Men o‘z vaqtida yomg‘ir yog‘diraman. Yer hosilini beradi, daraxtlar meva soladi. 5 G‘alla yanchish vaqti uzum terish paytiga ulanib ketadi, uzum terish payti ekin–tikin vaqtiga ulanib ketadi. To‘yguningizcha non yeysiz, o‘z yurtingizda bexatar yashaysiz. 6 Men yurtingizga tinchlik ato etaman, yotganingizda hech kim sizni vahimaga solmaydi. Yurtingizdan yirtqich hayvonlarni haydab yuboraman. Zaminingiz urush ko‘rmaydi. 7 G‘animlaringizni ta’qib qilasiz, ular qilichingizdan halok bo‘ladi.

8 Sizlardan beshtasi g‘animlarning yuztasini quvadi, yuztangiz o‘n mingtasini quvadi. Ularni qilichdan o‘tkazasizlar. 9 Sizlarga yuz buraman, barakali qilib ko‘paytiraman. Sizlar bilan qilgan ahdimga sodiq qolaman. 10 Eski hosilingizni yeb bo‘lmasingizdan, yangisiga joy bo‘shatish uchun eskisini chiqarib tashlaysizlar. 11 Men orangizda yashayman, sizlardan hazar etmayman. 12 Doimo orangizda bo‘laman. Men sizning Xudoyingiz, sizlar esa Mening xalqim bo‘lasizlar. 13 Men Egangiz Xudoman. Sizlar bundan buyon qul bo‘lmasligingiz uchun Men sizlarni Misrdan olib chiqqanman.

Qaddingizni rostlab yurishingiz uchun bo‘yinturug‘ingizni sindirganman.

Itoatsizlik evaziga beriladigan jazo

14 Agar Menga quloq solmasangiz, Mening amrlarimni bajarmasangiz,

15 qonunlarimni rad etsangiz, qoidalarimdan nafratlansangiz, amrlarimni bajarmay,

ahdimni buzsangiz, 16 Men boshingizga kulfat solaman, sizlarni tuzalmas kasallikka duchor qilaman, isitmangizni chiqarib, ko‘zingizning nurini olaman, joningizni iztirobga solaman. Ekkan urug‘laringiz behudaga ketar, chunki hosilingiz g‘animlarga nasib etar. 17 Men yuzimni sizlarga qarshi buraman, dushmanlaringiz sizlarni mag‘lub etadi.

Yovlaringiz ustingizdan hukmronlik qiladi. Sizlarni hech kim ta’qib qilmasa ham tumtaraqay bo‘lib qochasizlar. 18 Shunda ham Menga itoat qilmasangizlar, gunohlaringiz uchun jazoni yetti karra kuchaytiraman. 19 Takabburona qaysarligingizni sindiraman, osmonni temir kabi qattiq, yerni mis kabi zarang qilaman. 20 Mehnatingiz behudaga sarf bo‘lar: yeringiz hosil bermas, daraxtlaringiz meva solmas.

21 Shunda ham Menga qarshilik qilib itoat etmasangiz, gunohlaringizga yarasha yetti karra ko‘proq ta’ziringizni beraman. 22 Sizlarga qarshi yirtqich hayvonlarni yuboraman. Ular sizlarni bolalaringizdan judo qiladi, mol–holingizni qirib yuboradi, shunda soningiz kamayib, ko‘chalaringiz huvullab qoladi.

23 Agar shundan ham saboq olmay, Menga qarshilik qilaversangiz, 24 Men ham sizlarga qarshilik qilishni davom ettiraman. O‘zim gunohlaringiz uchun yetti karra ko‘proq ta’ziringizni beraman. 25 Ahdimni buzganingiz uchun boshingizga qilich keltiraman. Shaharlaringizga qochib berkinsangiz, oralaringizga o‘lat yuborib, sizlarni g‘animlar qo‘liga tutib beraman. 26 Rizq–ro‘zingizni qirqaman. O‘nta ayol bir tandirda non yopadi, nonni hammaga o‘lchab berishadi. Sizlar yeysizlar–u, ammo to‘ymaysizlar.

27 Bordi–yu, shunda ham Menga quloq solmay qarshilik qilaversangiz, 28 Men ham g‘azab ustida sizlarga qarshilik qilaveraman. Gunohlaring uchun jazoni yetti karra ko‘paytiraman. 29 Sizlar hatto o‘g‘il–qizlaringizning etini yeydigan bo‘lasizlar. 30 Men sajdagohlaringizni* buzib tashlayman, tutatqi qurbongohlaringizni vayron qilaman. Jasadlaringizni jonsiz butlaringiz ustiga uyib tashlayman. Sizlardan hazar qilaman.

31 Shaharlaringizni vayron etaman, muqaddas joylaringizni buzib tashlayman. Qurbonliklaringizning yoqimli hididan zavq olmayman. 32 Yurtingizni shu qadar xarob qilamanki, u yerda o‘rnashib oladigan g‘animlaringiz uning ahvolidan dong qotadi.

33 Sizlarni esa xalqlar orasiga tarqatib yuboraman, qilichimni yalang‘ochlab sizlarni ta’qib qilaman. Yurtingiz huvullab qoladi, shaharlaringiz xarobazorga aylanadi. 34 Sizlar g‘animlaringiz yerida bo‘lganingizda yurtingiz dam oladi. Xarob bo‘lib yotgan yillar davomida yurtingiz orom oladi. 35 Vayronalar ichra yotib, dam oladi, chunki sizlar yurtingizda yashab yurgan paytingizda yeringizga dam bermagan edingizlar.

36 G‘animlaringiz yurtida omon qolganlaringizning yuragiga vahima solaman. Sizlar hilpirayotgan bargning ovozidan dahshatga tushasizlar. Qilichdan qochganday qochasizlar. Hech kim sizni ta’qib qilmasa ham, qochib yiqilasizlar. 37 Hech kim sizni quvlamasa ham, joningizni hovuchlab qochasizlar, bir–biringizga turtilib yiqilasizlar. Ha, sizlar g‘animlaringizga bas kela olmaysizlar. 38 Shunda xalqlar orasidan yo‘q bo‘lib ketasizlar, g‘animlaringiz yurti sizni yutib yuboradi. 39 Omon qolganlaringiz g‘animlar yurtida o‘lasizlar. O‘z gunohlaringiz va ota–bobolaringizning gunohlari tufayli adoyi tamom bo‘lasizlar.

40 Lekin oxiri sizlar o‘z gunohlaringizni va ota–bobolaringizning gunohlarini tan olasizlar. Menga qilgan qarshiligu xiyonatga iqror bo‘lasizlar. 41 O‘sha gunohlaringiz tufayli Men sizlarga qarshilik qilib, sizlarni g‘animlaringiz yurtiga olib kelaman. Shunda sizning sunnatsiz yuragingiz kamtarlikka to‘ladi. Qilgan gunohlaringiz uchun jazo tortasizlar. 42 Shunda Men Yoqub bilan qilgan ahdimni yodga olaman. Is’hoq va Ibrohim

bilan qilgan ahdimni ham yodimda tutaman, Men yurtni yodga olaman. 43 Huvullab yotgan yurt orom olgan yillar davomida qilgan gunohlaringiz uchun jazo oladi. Axir, sizlar qoidalarimni rad etishga jazm etdingizlar, qonunlarimdan hazar qildingizlar.

44 Shunday bo‘lsa–da, Men sizlarni g‘animlaringiz yurtida rad etmayman, sizdan hazar

qilmayman, tamomila qirib yubormayman. Sizlar bilan qilgan ahdimni buzmayman. Zotan, Men Egangiz Xudodirman. 45 Men sizning manfaatingizni ko‘zlab, ota– bobolaringiz bilan qilgan ahdimni yodimda tutaman. Men Xudoyingiz bo‘lishim uchun ota–bobolaringizni ellarning ko‘zi oldida Misrdan olib chiqqanman. Men Egangizman.”


46 Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga Sinay tog‘ida bergan farmonu qonun–qoidalar shulardan iborat edi.


27–BOB

Egamizga keltiriladigan in’omlar to‘g‘risidagi qonun

1 Egamiz Muso orqali 2 Isroil xalqiga quyidagi qoidalarni berdi: agar birortangiz ont ichib, Egamizga biror odamni bag‘ishlagan bo‘lsangiz, ontingizni ado etish uchun quyidagi qiymatni to‘lang:


3 20 dan 60 yoshgacha bo‘lgan erkak uchun 50 bo‘lak kumush*,

4 20 dan 60 yoshgacha bo‘lgan ayol uchun 30 bo‘lak kumush*,

5 5 dan 20 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bola uchun 20 bo‘lak kumush*, 5 dan 20 yoshgacha bo‘lgan qiz bola uchun 10 bo‘lak kumush*,

6 1 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bola uchun 5 bo‘lak kumush*, 1 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan qiz bola uchun 3 bo‘lak kumush*,

7 60 va undan yuqori yoshdagi erkak uchun 15 bo‘lak kumush*, 60 va undan yuqori yoshdagi ayol uchun 10 bo‘lak kumush.


8 Agar ont ichgan odam nochorligidan belgilangan qiymatni to‘lay olmasa, u Egamizga bag‘ishlagan odamini ruhoniyning oldiga olib kelsin. Ruhoniy ont ichgan odamning ahvoliga yarasha qiymatni belgilasin.

9 Agar siz ont ichib, qurbonlik qilishga yaraydigan jonivorni Egamizga bag‘ishlagan bo‘lsangiz, Egamizga atalgan bu jonivor muqaddas hisoblansin. 10 Bunday jonivorni boshqasiga almashtirib bo‘lmaydi. Yaxshisini yomoniga yoki yomonini yaxshisiga ayirboshlamang. Jonivorning birini boshqasiga almashtiradigan bo‘lsangiz, jonivorlarning ikkalasi ham muqaddas hisoblansin. 11 Agar Egamizga qurbonlik qilishga yaramaydigan, harom hayvonni atagan bo‘lsangiz, o‘sha hayvonni ruhoniy oldiga olib keling. 12 Ruhoniy hayvonning yaxshi yoki yomon ahvoliga qarab bahosini belgilasin va uning qiymati ruhoniy belgilaganday bo‘lsin. 13 Bordi–yu, siz atagan hayvoningizni qaytarib olmoqchi bo‘lsangiz, ruhoniy tomonidan belgilangan qiymat ustiga o‘sha qiymatning beshdan bir qismini qo‘shib bering.

14 Agar odam Egamizga o‘z uyini bag‘ishlasa, ruhoniy uyni baholasin, uyning yaxshi yoki yomon ahvoliga qarab qiymatini belgilasin va uning qiymati ruhoniy belgilaganday bo‘lsin. 15 Mabodo uyni bag‘ishlagan odam uyini qaytarib olmoqchi bo‘lsa, u ruhoniy belgilagan qiymat ustiga qiymatning beshdan bir qismini qo‘shib bersin. Shunda uy yana uniki bo‘ladi.

16 Agar odam meros qilib olgan yerini Egamizga bag‘ishlamoqchi bo‘lsa, yerning qiymati u yerga ekiladigan urug‘ning miqdoriga ko‘ra belgilansin. O‘n savat* urug‘lik arpaning bahosi ellik bo‘lak kumush bo‘lsin. 17 Agar dala Qutlug‘ yili* bag‘ishlangan bo‘lsa, dalaning qiymati belgilangan bahoda qolsin. 18 Bordi–yu, dala Qutlug‘ yildan keyin bag‘ishlangan bo‘lsa, ruhoniy dalaning qiymatini keyingi Qutlug‘ yilgacha qolgan yillarning soniga ko‘ra, belgilasin. Dalaning asl qiymati kamaytirilsin. 19 Dalani bag‘ishlagan odam dalasini qaytarib olmoqchi bo‘lsa, u belgilangan qiymat ustiga dala qiymatining beshdan bir qismini qo‘shib bersin. Shunda dala yana uniki bo‘ladi.

20 Bordi–yu, u dalasini qaytarib sotib olmasa va dala boshqa birovga sotilgan bo‘lsa, dalaning egasi o‘z dalasini qaytarib sotib olish huquqidan mahrum qilinsin. 21 Keyingi Qutlug‘ yil kelganda bu dala Egamizga tamomila bag‘ishlangan bo‘lib, muqaddas hisoblanadi. Dala ruhoniylarga qarashli bo‘ladi.

22 Agar biror odam sotib olgan, ya’ni meros bo‘lib qolmagan dalasini Egamizga bag‘ishlasa, 23 ruhoniy dalaning qiymatini Qutlug‘ yilgacha qolgan yillar soni asosida belgilasin. U odam ruhoniy belgilagan qiymatni o‘sha kuniyoq Egamizga ehson sifatida keltirsin. 24 Qutlug‘ yil esa dala merosxo‘rga — kimdan sotib olingan bo‘lsa, o‘sha odamga qaytarib berilsin. 25 Har qanday narsaning qiymatini belgilashda Muqaddas chodirda ishlatiladigan kumush birligi asos qilib olinsin. Har bir kumush bo‘lagining og‘irligi 2,5 misqol* bo‘lsin.

26 Molu qo‘ylaringizning birinchi tug‘ilgan bolalarini Egamizga bag‘ishlamang, ular shusiz ham Egamizga tegishlidir. 27 Harom hayvonning to‘ng‘ich bolasini qaytarib sotib olishingiz mumkin. Buning uchun belgilangan qiymatni to‘lab, buning ustiga qiymatning beshdan bir qismini qo‘shib bering. Agar uni qaytarib sotib olmasangiz, ruhoniy uni boshqa birovga belgilagan qiymatga sotib yuborishi mumkin.

28 Egamizga tamomila bag‘ishlangan har qanday odamni, jonivor yoki meros qilib olingan yerni qaytarib sotib olish yoki sotib yuborish mumkin emas. Egamizga tamomila bag‘ishlangan har qanday narsa Egamizga abadiy tegishli hisoblanadi. 29 Hatto Egamizga tamomila bag‘ishlangan odamni ham qaytarib sotib olishingiz mumkin emas. Uni o‘ldirishingiz lozim.

30 Yer hosilidan va daraxt mevalaridan olingan ushr* ham Egamiznikidir. Bular Egamiz uchun muqaddasdir. 31 Agar birortasi ushrini qaytarib sotib olmoqchi bo‘lsa, ushrning qiymati ustiga qiymatning beshdan bir qismini qo‘shib bersin. 32 Poda va suruvingizdan olingan ushrni — sanalgan har o‘ninchi jonivorni Egamizga bag‘ishlang. 33 Ushr qilib olingan jonivorni tanlamang, uni yaxshisi yoki yomoniga almashtirmang. Agar almashtiradigan bo‘lsangiz, jonivorlarning ikkalasi ham muqaddas hisoblansin, ularni qaytarib sotib olishingiz mumkin emas.


34 Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga Sinay tog‘ida bergan amrlar shulardan iborat

edi.

IZOHLAR

1:3 bu qurbonligingizni — yoki sizni. Ibroniycha matnda bu o‘rinda ishlatilgan olmosh

qurbonlikka yoki qurbonlikni keltirayotgan odamga ishora qiladi.

1:14 kaptar yoki musicha — buqa, qo‘chqor yoki takani qurbonlik qilishga qurbi yetmagan kambag‘al odamlar bularning o‘rniga kaptar yoki musichani qurbonlik qilishlari mumkin edi (5:7, 12:8 ga qarang).

1:16 Jig‘ildonini, ichidagi narsalari bilan birga, sug‘urib olib… — yoki Jig‘ildoni va patlarini sug‘urib olib….

2:13 …tuz Xudoyingiz sizlar bilan tuzgan ahdni bildiradi — tuz barqarorlik va o‘zgarmaslik ramzidir, chunki qadimda tuz ba’zi oziq–ovqat mahsulotlarini achib qolishdan saqlash uchun ishlatilgan. Bu o‘rinda tuz ahdning barqarorligini bildiradi (Sahroda 18:19, 2 Solnomalar 13:5 ga qarang). Shu ahdga ko‘ra, Xudo hech qachon Unga sajda qilganlarni tark etmaydi, sajda qiluvchilar esa Xudoning qonunlariga doimo rioya qilishlari shart.

3:4 jigarning a’lo qismi — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi jigarning turtib chiqqan joyi (shu bobning 10, 15–oyatlarida ham bor). Bu o‘rinda nima uchun jigarning aynan shu qismi haqida so‘z ketgani aniq emas. Ba’zi olimlarning fikri bo‘yicha, jigarning bu qismi eng a’lo qism hisoblanib, Egamizga atab kuydirishga loyiq edi. Boshqalarning aytishicha esa, butparast xalqlar jigarning bu qismini fol ochishda ishlatganlari uchun, uni kuydirib yo‘q qilish kerak edi. Boshqa olimlar esa bu o‘rindagi ibroniycha so‘zni “jigarni qoplab turgan parda” deb talqin qilishadi.

4:7 tutatqi qurbongohining shoxlari — tutatqi qurbongohining tepasidagi to‘rt burchagidan to‘rtta shox bo‘rtib chiqqan edi.

4:9 jigarning a’lo qismi — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi jigarning turtib chiqqan joyi. 3:4 izohiga qarang.

4:25 qurbongoh shoxlari — qurbongohning tepasidagi to‘rt burchagidan to‘rtta shox bo‘rtib chiqqan edi.

5:11 to‘rt kosa — ibroniycha matnda efaning o‘ndan bir qismi, taxminan 2 litrga to‘g‘ri

keladi.

5:15 …kumushni olib keling — ibroniycha matnda …kumushni olib keling. Kumush Muqaddas chodirda ishlatiladigan shaqalga ko‘ra o‘lchangan. Muqaddas chodirda ishlatilgan standart shaqal taxminan 11 grammga to‘g‘ri keladi.

6:18 Bu nazrga tekkan har qanday narsa muqaddas bo‘ladi — yoki Bu nazrga tekkan har qanday odam muqaddas bo‘ladi yoxud Bu nazrga tegmoqchi bo‘lgan har qanday odam poklangan bo‘lishi shart.

6:20 to‘rt kosa — ibroniycha matnda efaning o‘ndan bir qismi, taxminan 2 litrga to‘g‘ri

keladi.

6:27 Qurbonlik go‘shtiga tekkan har qanday narsa muqaddas bo‘ladi — shu bobning 18– oyati izohiga qarang.

6:28 Go‘sht pishirilgan sopol idish sindirilsin — sopol idishni go‘shtning yog‘laridan

butunlay tozalab bo‘lmasdi. Qaynatilgan qurbonlik go‘shti tufayli idish muqaddas hisoblanardi, shuning uchun uni boshqa idishlar singari qayta ishlatish mumkin emas edi.

6:30 bunday qurbonlik go‘shti — 4:1-21 ga qarang.

7:4 jigarning a’lo qismi — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi jigarning turtib chiqqan joyi. 3:4 izohiga qarang.

7:6 Uni muqaddas joyda tanovul qilishsin… — 6:16 ga qarang.

8:2 muqaddas qiladigan moy — zaytun moyi va ziravorlarning maxsus aralashmasidan tayyorlanib, faqat ruhoniylar tomonidan diniy marosimlarni ado etish uchun ishlatilgan (Chiqish 30:22-33 ga qarang).

8:7-8 …efod…8…ko‘krakpech… — lug‘atdagi RUHONIY so‘zi ostida berilgan OLIY

RUHONIY iborasiga ishlangan rasmlarga qarang.

8:8 Urim va Tummim — ayrim hollarda ruhoniylar Xudoning xohishini bilish uchun foydalanadigan ikkita muqaddas narsa. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun Chiqish 28:15 ning ikkinchi izohiga qarang.

8:15 qurbongohning shoxlari — 4:25 izohiga qarang.

8:16 jigarning a’lo qismi — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi jigarning turtib chiqqan joyi (shu bobning 25–oyatida ham bor). 3:4 izohiga qarang.

8:23 solinchak — quloqning pastki yumshoq qismi.

8:26 xamirturushsiz nonlar solingan savat — shu bobning 2–oyatiga va Chiqish 29:1- 3 ga qarang.

9:9 qurbongohning shoxlari — 4:25 izohiga qarang.

9:10 jigarning a’lo qismi — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi jigarning turtib chiqqan joyi (shu bobning 19–oyatida ham bor). 3:4 izohiga qarang.

10:6 …sochingizni to‘zitmanglar… — yoki …bosh yalang yurmanglar….

10:7 muqaddas qiladigan moy — 8:2 izohiga qarang.

11:4 …hayvonlardan quyidagilarni tanovul qilmang — ibroniycha matndagi shu bobning 5-30–oyatlarida aytib o‘tilgan ba’zi hayvonlar, qushlar va hasharotlar qanday hayvon, qush yoki hasharot ekanligi bahsli.

13:2 teri kasalligi — bu ibora ibroniychada har xil teri kasalliklariga nisbatan ishlatilgan so‘zning tarjimasidir. Odatda bu ibora moxov kasalligiga ishora deb tushuniladi. Teri kasalliklaridan birortasiga yo‘liqqan kishi harom hisoblanar edi. Xasta odam kasalligini boshqalarga yuqtirmasligi va ularni harom qilmasligi uchun, boshqalardan ajratib qo‘yilar edi (Shu bobning 45-46–oyatlariga qarang).

13:2 uning o‘g‘illari — yoki uning nasli. Qonunga ko‘ra, faqat Horun va uning naslidan bo‘lgan o‘g‘illar ruhoniy bo‘lib xizmat qila olishardi. Matnning asosiy mazmuni kasal odamni ruhoniyga ko‘rsatishdan iborat.

13:45 …sochini to‘zitsin… — yoki …bosh yalang yursin….

14:2 teri kasalligi — bu ibora ibroniychada har xil teri kasalliklariga nisbatan ishlatilgan

so‘zning tarjimasidir. 13:2 ning birinchi izohiga qarang.

14:4 issop o‘ti — bu o‘rindagi ibroniycha so‘z mayda ko‘k gulli, barglari muattar hidli o‘simlikni bildiradi.

14:10 o‘n ikki kosa — ibroniycha matnda efaning o‘ndan uch qismi, taxminan 6 litrga

to‘g‘ri keladi.

14:10 bir kosa — ibroniycha matnda bir lo‘g, taxminan 300 millilitrga to‘g‘ri keladi. Shu

bobning 12, 15, 21, 24–oyatlarida ham bor.

14:14 solinchak — quloqning pastki yumshoq qismi.

14:21 to‘rt kosa — ibroniycha matnda efaning o‘ndan bir qismi, taxminan 2 litrga to‘g‘ri

keladi.

16:1-2 Horunning ikki o‘g‘li…nobud bo‘lganlaridan so‘ng… — 10:1-2 ga qarang.

16:1-2 …Eng muqaddas xonaga xohlagan paytida kirmasin — oliy ruhoniy Eng muqaddas xonaga faqat yilda bir marta kirishi mumkin edi. Shu bobning 29-34– oyatlariga qarang.

16:8 …qur’a tashlasin… — qur’a tashlashda yog‘och bo‘laklari yoki toshlar ishlatilgan bo‘lib, shu orqali Xudoning xohish–irodasi aniqlangan. Ba’zan odamlar qur’a tashlab, Xudodan biror ishni qanday yoki qachon qilish kerakligini so‘rashgan.

16:13 Ahd sandig‘i — ibroniycha matnda Guvohlik sandig‘i, Ahd sandig‘ining yana bir nomi. Ibroniycha matndagi iboraning guvohlik so‘zi o‘nta amr yozilgan ikkita tosh lavhaga ishora qiladi. Ikkala tosh lavha Sandiqning ichida saqlanib, Xudo va Uning xalqi o‘rtasida tuzilgan ahdning dalili, ya’ni toshga bitilgan guvohlik bo‘lib xizmat qilardi.

16:18 qurbongohning har bir shoxi — 4:25 izohiga qarang.

16:29 Yettinchi oy — ibroniy kalendarining Tishri oyi nazarda tutilgan (Tishri oyi Itanim oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan sentabrning o‘rtasidan boshlanadi.

16:34 Egamiz nimani amr etgan bo‘lsa, Muso hammasini ado etdi — yoki Musoga Egamiz

nimani amr etgan bo‘lsa, Horun hammasini ado etdi.

17:7 echki jinlar — odamlarning tasavvuriga ko‘ra, bu jinlar sahroda yashardilar.

18:21 Bolalaringizning birortasini Mo‘laxga qurbonlik qilmang… — ibroniycha matndan. Qadimiy yunoncha tarjimada Bolalaringizning birortasini Mo‘laxga xizmat qildirmang….

19:27-28 Chakkangizdagi sochlaringizni qirmang…28…teringizni teshib sur’at solmang

bu odatlar butparast xalqlarga xos edi.

19:29 Qizingizni fohishalik qilishga undamang… — o‘sha paytlarda Kan’ondagi butparast xalqlar o‘z sajdagohlarida diniy vazifalardan birini fahsh orqali bajarardilar. Butparast xalqlarning udumlariga ko‘ra, odamlar fohishalar va fohishlar bilan jinsiy aloqa qilish orqali o‘z xudolariga topinardilar, xudolaridan farovonlik ato qilishni so‘rardilar. Lekin Egamiz Isroil xalqiga bu yo‘l bilan sajda qilishni qat’iyan man etgan (Qonunlar 23:17-18 ga qarang).

19:36 o‘lchov tog‘orayu kosalaringiz — ibroniycha matnda efa va xin. Bular o‘lchov birliklari bo‘lib, efa quruq narsalarni o‘lchash uchun, xin esa suyuqliklarni o‘lchash uchun ishlatilardi.

20:21 Agar erkak akasining yoki ukasining xotiniga uylansa, yaramas ish qilgan bo‘ladi

— erkak o‘z akasi yoki ukasining tirikligi paytida uning xotiniga uylanishi qat’iyan man etilardi. Faqatgina akasi yoki ukasi farzand ko‘rmay vafot etgandagina, u marhumning beva qolgan xotiniga uylanishga burchli edi. Bundan maqsad marhum qondoshining naslini davom ettirish edi (Qonunlar 25:5-6 ga qarang).

20:24 sut va asal oqib yotgan yurt — nihoyatda hosildor yerni bildiruvchi ibora. Mo‘l– ko‘l sut — mol uchun ko‘m–ko‘k yaylovlarning ko‘pligini bildiradi. Asal — xurmodan olinadigan quyuq, shirin murabboga ishora bo‘lishi mumkin. Murabboning mo‘lligi yaxshi hosil beradigan yerni bildiradi.

21:5 …sochini qirmasin…badanini tilmasin — 19:27-28 ga va o‘sha oyatlarning izohiga

qarang.

21:10 …sochini to‘zitmasin… — yoki …bosh yalang yurmasin….

21:12 muqaddas qiladigan moy — 8:2 izohiga qarang.

22:4 teri kasalligi — bu ibora ibroniychada har xil teri kasalliklariga nisbatan ishlatilgan

so‘zning tarjimasidir. 13:2 ning birinchi izohiga qarang.

22:29 shukrona qurbonligi — 7:11-15 ga qarang.

23:5 Birinchi oy — ibroniy kalendarining Abib oyi nazarda tutilgan (Abib oyi Nison oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan martning o‘rtasidan boshlanadi.

23:5 Fisih ziyofati — Isroil xalqining Misrdagi qullikdan ozod bo‘lishi munosabati bilan

nishonlangan ziyofat (Chiqish 12:1-42 ga qarang).

23:6 xamirturushsiz non bayrami — yetti kunlik bayram bo‘lib, Fisih ziyofati singari, Isroil xalqining Misrdagi qullikdan ozod bo‘lganini nishonlash uchun o‘tkazilardi (Chiqish 12:14-20, 13:3-10 ga qarang).

23:10 har yili yig‘ishtirgan hosilingiz — bahorning Abib oyida pishadigan arpa hosiliga ishora (shu bobning 5–oyatiga berilgan birinchi izohga qarang).

23:13 sakkiz kosa — ibroniycha matnda efaning o‘ndan ikki qismi, taxminan 4 litrga

to‘g‘ri keladi (shu bobning 17–oyatida ham bor).

23:13 ikki kosa — ibroniycha matnda chorak xin, taxminan 1 litrga to‘g‘ri keladi.

23:16 yangi don — bug‘doyning ilk hosiliga nisbatan aytilgan (Chiqish 34:22 ga qarang).

23:24 Yettinchi oy — 16:29 izohiga qarang. 23:27 Yettinchi oy — 16:29 izohiga qarang. 23:27 Poklanish kuni — 16:1-34 ga qarang.

23:32 …kechqurundan…kechqurungacha… — qadimda Isroil xalqining urf–odatiga ko‘ra, yangi kun quyosh botgandan keyin boshlanib, keyingi kuni quyosh botguncha davom etar edi.

23:34 Yettinchi oy — 16:29 izohiga qarang.

23:40 …daraxtlaringizning eng yaxshi mevalarini terib olinglar… — yoki …eng yaxshi daraxtlaringizning shoxlarini olinglar….

24:3 Ahd sandig‘i — ibroniycha matnda Guvohlik, Ahd sandig‘ining yana bir nomi. 16:13

izohiga qarang.

24:5 o‘n ikkita non — bu nonlar Isroil xalqining o‘n ikkita qabilasi uchun xontaxtaga qo‘yilgan bo‘lib, Egamizning Muqaddas chodirda zohir bo‘lishini aks ettiruvchi timsol edi. Shuningdek, Xudo Isroil xalqining qudrati va ta’minlovchisi ekanligidan darak berib turgan.

24:5 sakkiz kosa — ibroniycha matnda efaning o‘ndan ikki qismi, taxminan 4 litrga

to‘g‘ri keladi.

24:9 Ular bu nonlarni muqaddas joyda tanovul qilishsin — 6:16 ga qarang.

25:4 Yettinchi yili — Chiqish 23:10-11 ga qarang.

25:8 Yetti yil — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi Yetti Shabbat yili. Har yettinchi yili Shabbat yili deb hisoblangan (shu bobning 1-4–oyatlariga qarang).

25:9 yettinchi oy — 16:29 izohiga qarang.

25:9 Poklanish kuni — 16:1-34, 23:26-32 ga qarang.

26:30 sajdagoh — ibroniycha matnda bamax, ya’ni “tepalik”. Kan’on xudolariga topinadigan joylar bamax deb atalardi. Odatda bu sajdagohlar tepaliklarda joylashgan bo‘lib, u yerda Kan’on xudolarining tasvirlari va qurbonliklar keltirish uchun qurbongoh bo‘lardi.

27:3 50 bo‘lak kumush — ibroniycha matnda Muqaddas chodirda ishlatiladigan shaqalga ko‘ra o‘lchangan 50 shaqal kumush. Muqaddas chodirda ishlatilgan standart shaqal taxminan 11 grammga to‘g‘ri keladi, demak, 50 kumush bo‘laklar og‘irligi taxminan 550 gramm edi.

27:4 30 bo‘lak kumush — ibroniycha matnda 30 shaqal kumush, taxminan 330 grammga

to‘g‘ri keladi.

27:5 20 bo‘lak kumush — ibroniycha matnda 20 shaqal kumush, taxminan 230 grammga

to‘g‘ri keladi.

27:5 10 bo‘lak kumush — ibroniycha matnda 10 shaqal kumush, taxminan 110 grammga

to‘g‘ri keladi. Shu bobning 7–oyatida ham bor.

27:6 5 bo‘lak kumush — ibroniycha matnda 5 shaqal kumush, taxminan 55 grammga

to‘g‘ri keladi.

27:6 3 bo‘lak kumush — ibroniycha matnda 3 shaqal kumush, taxminan 33 grammga

to‘g‘ri keladi.

27:7 15 bo‘lak kumush — ibroniycha matnda 15 shaqal kumush, taxminan 165 grammga

to‘g‘ri keladi.

27:16 O‘n savat — ibroniycha matnda bir ho‘mr, taxminan 220 litrga to‘g‘ri keladi.

27:17 Qutlug‘ yil — 25:8-34 ga qarang.

27:25 …og‘irligi 2,5 misqol… — ibroniycha matnda …og‘irligi 20 gera bo‘lgan shaqal….

20 gera taxminan 11 grammga to‘g‘ri keladi.

27:30 ushr — har qanday daromadning o‘ndan bir qismi. Qonunlar 14:22-29, 26:12- 13 ga qarang.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru