Muqaddas Kitob


PAVLUSNING

FILIPPILIKLARGA

MAKTUBI

Kirish

Mazkur maktub muallifi havoriy Pavlusdir. Pavlus bu maktubini qamoqda bo‘lgan paytda* Filippi shahridagi imonlilar jamoatiga yozgan. Filippi Rim imperiyasining Makedoniya viloyatida joylashgan bo‘lib, boy shahar edi. Pavlus Yevropada Xushxabarni targ‘ib qilishni aynan shu shahardan boshlagan edi. Pavlusning faoliyati natijasida Filippi shahrida imonlilar jamoati vujudga keldi.

Pavlus bu maktubini Filippiliklar yuborgan hadyalar va ularning ibodatlari uchun o‘z minnatdorchiligini bildirish hamda ularga bo‘lgan mehr–muhabbatini izhor etish niyatida yozgan. Ushbu maktubida u Masih uchun hatto jonini fido qilishga ham tayyorligini yozadi, ammo Xushxabarni targ‘ib qilish va jamoatni o‘stirish maqsadida tirik qolishiga ishonchi komil ekanligini ta’kidlaydi. Pavlus mazkur maktubini yozar ekan, jamoatdagi yolg‘on ta’limotlar tufayli ko‘p aziyat chekayotganini bayon qiladi.

Ba’zi odamlar, masihiylar Musoning qonuniga amal qilmasalar, najot topmaydilar, deb ta’lim berayotgan edilar. Pavlus mana shunday odamlardan ehtiyot bo‘lishni va ularning ta’limotlariga quloq tutmaslikni maslahat beradi, chunki bu ta’limotlar Pavlus targ‘ib qilgan Xushxabarga mutlaqo zid edi.

Maktub satrlarida Pavlusning jo‘shqin imoni va cheksiz quvonchi yorqin aks etgan. O‘zi qiyin ahvolda bo‘lsa ham, Pavlus fursatdan foydalanib, Filippilik imonlilarga tasalli beradi. O‘zining hayotidagi va ularning boshiga tushgan qiyinchiliklarga qaramay, ularni imonda sobit qolishga va jasoratli bo‘lishga undaydi. Ular qonunga amal qilish orqali emas, balki Xudoning inoyati tufayli Iso Masihga tegishli ekanliklarini eslatadi. U Iso Masihga ishonib yashaganlarga Xudo shodlik va tinchlik berishi haqida ham yozadi.

Xudoning xalqi ahil yashashi kerakligini eslatadi. Ularga, xudbinlik va mag‘rurlik ixtiyorida bo‘lmanglar, balki Iso Masihga o‘xshab, kamtarin bo‘linglar, deb yolvoradi.

Ushbu maktub zamirida quvonch, ishonch, birlik va imonda sobitlik kabi mavzular yotadi. Maktubni o‘qir ekanmiz, Pavlusning Filippidagi jamoatga bo‘lgan o‘zgacha mehrini sezamiz.


1–BOB

Duoyi salom

1 Iso Masihning qullari Pavlus va Timo‘tiydan* Filippi shahridagi Iso Masihning barcha azizlariga hamda jamoat yetakchilari va xizmatchilariga salom! 2 Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin.

Pavlusning Filippilik imonlilar uchun shukronasi va ibodati

3 Har safar sizlar haqingizda o‘ylaganimda Xudoyimga shukurlar aytaman.

4 Hammangiz uchun ibodat qilganimda, har doim shodlik bilan ibodat qilaman, 5 chunki

sizlar Xushxabarga ishonganingizdan boshlab, to hozirga qadar o‘sha Xushxabarni



yoyishda men bilan birga ishtirok etib kelmoqdasizlar. 6 Xudo sizlarning hayotingizda boshlagan ezgu ishini Iso Masih keladigan kungacha bitirishiga aminman. 7 Sizlarni yaxshi ko‘rganim uchun hammangiz haqingizda shunday fikr qilishim o‘rinlidir. Axir, qamoqdaligimda ham, Xushxabar haqiqat ekanligini himoya qilish va ta’kidlashimda ham Xudo bergan inoyatda sizlar menga sheriksizlar. 8 Mana, Xudo shohid: men sizlarni rosa sog‘inganman, chunki sizlarni Iso Masihnikiday bo‘lgan mehr–muhabbat bilan yaxshi ko‘raman.

9 Sizlarning muhabbatingiz yanada oshib, bilim va aql–idrok bilan boyisin, deb ibodat qilyapman, 10 chunki men sizlarning a’lo narsalarni tanlashingizni, Masih keladigan kunda pok va aybsiz bo‘lishingizni istayman. 11 Toki sizlarning hayotingiz Iso Masih kuchi orqali solihlik samarasiga to‘lib, Xudoga sharaf va maqtov keltirsin.

Xushxabar yoyilayotganidan Pavlus xursand

12 Ey birodarlar, shuni bilishingizni istaymanki, boshimga tushganlarning hammasi Xushxabarning yanada ko‘proq yoyilishiga turtki bo‘ldi. 13 Masih tufayli qamalganim butun saroy qo‘riqchilariga* va bu yerdagilarning hammasiga ma’lum bo‘ldi. 14 Mening qamoqdagi vaziyatim ko‘p birodarlarning Rabbimiz Isoga bo‘lgan ishonchini oshirdi, shuning uchun ular qo‘rqmasdan, katta jasorat bilan Masih haqidagi xabarni targ‘ib qilmoqdalar.

15 To‘g‘ri, Masih haqidagi Xushxabarni ba’zilar baxillik va hasadgo‘ylik bilan, ba’zilar esa yaxshi niyat bilan targ‘ib qilyaptilar. 16 Yaxshi niyat bilan targ‘ib qilayotganlar meni yaxshi ko‘rganlari uchun va men Xushxabarni himoya qilishga tayinlanganimni bilib shunday qilyaptilar. 17 Qolganlar esa Xushxabarni raqobat ruhi bilan targ‘ib qilyaptilar. Ular pok niyatda emas, balki mening qamoqda tortayotgan azoblarim ko‘paysin deb, shunday qilyaptilar*. 18 Ammo nima farqi bor? Yomon niyatdami, yaxshi niyatdami, muhimi, Masih haqidagi Xushxabar targ‘ib qilinmoqda. Mana shu meni xursand qiladi.

Pavlus Masihni ulug‘lashni istaydi

Men xursand bo‘lishda davom etaveraman, 19 chunki bilaman, sizlarning ibodatlaringiz orqali va Iso Masih Ruhining yordami bilan mana shularning hammasi mening ozod bo‘lishimga olib keladi. 20 Ishonch bilan umid qilaman: isnodga qolmayman, aksincha, jasorat ko‘rsataman. Ha, umidim shuki, hozir ham oldingiday, o‘lsam ham, yashasam ham mening tanam orqali Masih ulug‘lanadi. 21 Zotan, men uchun hayot Masihdir, o‘lim esa yutuqdir. 22 Axir, tirik qoladigan bo‘lsam, samarali ishlar qilaveraman, shunday ekan, nimani tanlashni ham bilmayman. 23 Ikki yo‘lning qay birini tanlashni bilmay, boshim qotib qoldi. Mening istagim bu dunyodan ketib, Masih bilan birga bo‘lishdir. Shunday bo‘lsa juda yaxshi bo‘lardi. 24 Ammo tirik qolishim sizlar uchun zarurroqdir. 25 Bunga ishonchim komil, shuning uchun tirik qolishimni bilaman.

Sizlarning imoningiz mustahkamlanib, quvonchingiz oshib boraverishi uchun men sizlar bilan birga qolaman. 26 Shunday qilib, men yana sizlarning oldingizga kelganimda, men tufayli Iso Masihdan yanada ko‘proq faxrlanasiz.

Hayotni Masihga bag‘ishlab yashash

27 Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, Masih Xushxabariga loyiq tarzda hayot kechirishingiz kerak. Shunday yashanglarki, men sizlarni ko‘rishga borganimda, Xushxabarning samarasi bo‘lgan imon uchun yakdillik bilan kurashib, bir ruhda mustahkam turganingizni ko‘ray! Ammo sizlarni ko‘rishga borolmasam, shunday xabar

eshitay. 28 Sizlarga qarshilik ko‘rsatayotganlardan hech hayiqmanglar. Sizlarning qat’iyatingiz ularning halok bo‘lishidan, sizlarning esa najot topishingizdan dalolat beradi. Bu Xudoning ishidir. 29 Zotan, Xudo sizlarga nafaqat Masihga ishonish, balki Uning uchun azob–uqubat tortish sharafini ato qilgan. 30 Axir, sizlar azob–uqubatlarimni ko‘rdingiz, hozir ham aziyat chekayotganim haqida eshityapsiz. Endi mana shu

kurashda sizlar mening sheriklarimsiz.


2–BOB

Masihdan o‘rnak oling

1 Masihga tegishli bo‘lganingiz sizlarga dalda beryapti, Uning sevgisidan tasalli

topyapsiz, Muqaddas Ruh bilan muloqotdasiz, yuraklaringiz mehr–shafqatga to‘la.

2 Shunday ekan, mening shodligimga shodlik qo‘shib, bir xil fikr qiling, bir–biringizga mehr–muhabbat ko‘rsating, yakdillik bilan hamfikr bo‘ling. 3 Hech bir ishni xudbin niyatda qilmang, shuhratparast bo‘lmang, aksincha, kamtarlik bilan boshqalarni o‘zingizdan yuqori deb biling. 4 Faqat o‘zingizning emas, balki boshqalarning ham manfaatini ko‘zlang.

5 Fikr–zikringiz Iso Masihnikiday bo‘lsin. 6 Iso Masih Xudoning tabiatiga ega edi, shunda ham U Xudo bilan tengligini mahkam tutmadi. 7 Aksincha, U bu ulug‘vorlikdan voz kechib, qul tabiatiga kirdi, inson bo‘lib tug‘ildi. U inson qiyofasida yashab, 8 O‘zini past tutdi. Itoatkor bo‘lib, hatto o‘limga, xochdagi o‘limga ham rozi bo‘ldi. 9 Shuning uchun Xudo Uni eng yuqoriga yuksaltirdi va Unga har qanday ismdan yuqori ismni ato etdi. 10 Toki Isoning oldida yeru osmondagi va yer ostidagi borliq jon tiz cho‘ksin, 11 har bir til Iso Masihni Rabbiy deb tan olib, Otamiz Xudoga sharaf keltirsin.

Najotingiz yorqin ko‘rinib tursin

12 Ey azizlarim, mana shularni yodda tutib, har doimgiday itoatkor bo‘lishda davom etaveringlar. Faqatgina sizlar bilan bo‘lganimda emas, hatto yoningizda bo‘lmasam ham, Xudoning oldida qo‘rquv va titroq bilan shunday yashanglarki, najot topganingiz yorqin ko‘rinib tursin. 13 Zotan, Xudo O‘zini xushnud qiladigan ishlarni qilishingiz uchun sizlarga kuch va xohish beradi.

14-16 Mana shu buzuq va egri nasl orasida Xudoning nuqsonsiz, aybsiz va pok farzandlari bo‘lishingiz uchun hamma narsani nolimay, bahslashmay qilinglar. Hayotbaxsh xabarni mahkam tutar ekansiz, o‘sha buzuq va egri nasl orasida samodagi yulduzlar kabi porlaysizlar. Shunda Masih kelgan kuni, mehnatim zoye bo‘lmaganidan, qilgan ishlarim behuda ketmaganidan faxrlanaman. 17 Siz imoningizga asoslanib, xizmat qilib kelyapsiz, shu sizning qurbonligingizdir. Agarda mening jonim fido bo‘lib, hayotim sizning qurbonligingiz ustiga to‘kiladigan sharob nazriday* bo‘lib qolsa ham, xursand bo‘laman, hammangiz bilan birga shodlanaman. 18 Xuddi shuningdek, sizlar ham xursand bo‘linglar va men bilan birga shodlaninglar.

Pavlus Timo‘tiyni va Epafroditusni Filippiga jo‘natmoqchi

19 Rabbimiz Isoning irodasi bilan yaqinda Timo‘tiyni sizlarning oldingizga yuboraman, deb umid qilaman. Shunda ahvolingizdan xabardor bo‘lib, ko‘nglim taskin topadi. 20 Timo‘tiyni yuborishimning sababi shuki, sizlar uchun xuddi menday chin ko‘ngildan jon kuydiradigan boshqa hech kim yo‘q. 21 Qolganlar Iso Masihga xizmat

qilishni emas, balki o‘z manfaatini ko‘zlaydi. 22 O‘zlaringiz bilasizlar, biz Xushxabarni yoyishda Timo‘tiy bilan birga ota–o‘g‘ilday xizmat qildik. U o‘zining hurmatga loyiq ekanligini ko‘rsatdi. 23 Shuning uchun taqdirim aniq bo‘lishi bilanoq Timo‘tiyni sizlarning oldingizga yuboraman, deb umid qilaman. 24 O‘zim ham yaqinda oldingizga boraman. Bu haqda Rabbimizning O‘zi menda ishonch hosil qildi.

25 Hozir esa Epafroditusni* yoningizga yuborishni lozim ko‘rdim. U sizlarning yuborgan elchingiz, muhtojligimda menga madad bergan birodarim, hamkorim va safdoshimdir. 26 Epafroditus sizlarni juda sog‘ingan. Uning kasalligi haqida eshitganingizni ham bilib qattiq qayg‘uryapti. 27 Haqiqatan ham u o‘lar holatda kasal edi, ammo Xudo unga rahm–shafqat ko‘rsatdi. Bu bilan Xudo faqat unga emas, balki g‘amimga g‘am qo‘shilmasin deb, menga ham shafqat qildi. 28 Shunday qilib, yana Epafroditusni ko‘rib, sevininglar degan niyatda uni tez orada oldingizga yuboraman.

Shunday qilsam, g‘amim ancha yengillashadi. 29 Rabbimiz Isoga ishonganlar bir–birlarini qanday kutib olsalar, sizlar ham Epafroditusni xuddi shunday qilib, katta quvonch bilan kutib olinglar. Bunday insonlarga munosib bo‘lgan izzat–hurmatni unga ko‘rsatinglar.

30 Axir, u Masihga xizmat qilish yo‘lida bir o‘limdan qoldi. Sizlarning o‘rningizga ham menga xizmat qilib, o‘z jonini ayamadi.


3–BOB

Masihni tanib–bilishdan afzalroq hech narsa yo‘q

1 Endi esa, ey birodarlarim, Rabbimiz Iso tufayli shodlaning! Sizlarga bir xil narsalarni yozaversam ham zerikmayman, yozganlarim sizlarni har xil balolardan asraydi. 2 Itday bo‘lganlardan, yovuzlik qiladiganlardan, tanasini kesadiganlardan* ehtiyot bo‘linglar! 3 Axir, ular emas, biz haqiqiy sunnat qilinganmiz, chunki biz Xudoning Ruhi yordamida sajda qilamiz. Biz Iso Masih bilan maqtanamiz, insoniy xususiyatlarimizga ishonmaymiz.

4 Vaholanki, men o‘z xususiyatlarimga ishonsam bo‘ladi. Axir, bunday qilishga menda hammanikidan ham ko‘ra, ko‘proq sabab bor. 5 Men sakkiz kunligimda sunnat qilinganman*, Isroil avlodidan, Benyamin qabilasidanman. Men haqiqiy ibroniyman.

Farziy* bo‘lib, Xudoning qonuniga so‘zsiz rioya qilardim. 6 Jon–jahdim bilan jamoatni quvg‘in qilardim. Qonunlarga rioya qilishga asoslangan solihlikka kelganda, aybsiz edim. 7 Ammo men uchun foyda bo‘lgan bularning hammasini endi Masih tufayli zarar deb hisoblayman. 8-9 Ha, hamma narsa qadrsizdir, chunki Rabbim Iso Masihni tanib– bilishdan afzalroq hech narsa yo‘q deb hisoblayman. Uni deb, men hamma narsadan voz kechdim. Masihga sazovor bo‘lish, butunlay Unga tegishli bo‘lish uchun hamma narsani axlat deb bildim. Endi qonunga rioya qilish orqali solihlikka erishishga umid qilmayman, aksincha, Masihga bo‘lgan imonim bilan solihlikka erishishga intilaman. Ha, bu solihlikni Xudo imon tufayli beradi. 10 Maqsadim shuki, Iso Masihni bilay, Uni tiriltirgan qudrat mening hayotimda ham o‘z kuchini ko‘rsatsin, Masihning azoblariga sherik bo‘lay. Uning o‘lim paytidagi fikr–zikri mening hayot tarzim namunasi bo‘lsin. 11 Bir kun kelib, men o‘likdan tirilishga erishaman, deb umid qilaman.

Yutuq tomon intilish

12 Men maqsadimga yetdim yoki kamolotga erishdim, deb aytolmayman. Ammo men

unga yetishay, deb intilaman, chunki Iso Masih aynan shu maqsad uchun meni O‘ziniki

qilib olgan. 13 Birodarlar, men o‘zimni o‘sha maqsadga yetishganman deb hisoblamayman. Ortda qolganlarni unutib, oldinga intilaman. Faqatgina 14 o‘sha maqsadni ko‘zlayman–da, Xudo meni Iso Masih orqali chaqirib, menga ato qiladigan samoviy yutuq tomon intilmoqdaman. 15 Biz hammamiz, imon jihatidan yetuklikka erishganlar, shunday o‘ylashimiz kerak. Agar sizlar biror narsa haqida boshqacha fikrda bo‘lsangiz, Xudo sizlarga nohaq ekanligingizni ayon qiladi. 16 Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, qay darajaga erishgan bo‘lsak, endi shu bo‘yicha yashashda davom etaveraylik*.

17 Birodarlarim, mendan o‘rnak olayotganlarga qo‘shilinglar. Bizning namunamiz bo‘yicha yashayotganlarga e’tibor berib, ulardan o‘rganinglar. 18 Axir, men sizlarga oldin ko‘p marta aytganman, hozir ham ko‘zlarimga yosh to‘lib, qaytaryapman: Masih xochining dushmani bo‘lib yashayotganlar ko‘p. 19 Ularning oxiri — halokat, ularning xudosi nafsdir. Uyatsiz qiliqlaridan faxrlanadilar. Ularning o‘y–xayollari foniy dunyodagi narsalarga berilgan. 20 Bizning vatanimiz esa samodadir. Bizlar najotkorimiz bo‘lgan Rabbimiz Iso Masihning o‘sha yerdan kelishini intizorlik bilan kutyapmiz. 21 Rabbimiz butun borliqni O‘ziga bo‘ysundirish kuchiga egadir. Mana shu kuch bilan U bizning ojiz, foniy tanamizni O‘zining ulug‘vor tanasiga o‘xshatib o‘zgartiradi.


4–BOB

Turli pand–nasihatlar

1 Shunday qilib, sevimli birodarlarim, sizlarga aytganlarim bo‘yicha, Rabbimiz Iso bilan bo‘lgan munosabatingizda mahkam turinglar. Azizlarim, men sizlarni juda sog‘indim. Sizlar mening quvonchimsiz, faxrimsiz!

2 Evodiya va Sintixa, sizlardan iltimos qilaman, Rabbimiz haqi yakdil bo‘linglar. 3 Ey vafodor hamkorim, sendan ham o‘tinaman, bu ayollarga yordam ber, chunki ular men bilan birga, Kliment hamda ismlari hayot kitobida* yozilgan boshqa hamkorlarim qatori Xushxabarni targ‘ib etishda ter to‘kdilar.

4 Har doim Rabbimiz Iso tufayli shodlaning! Yana bir bor aytaman, shodlaning!

5 Hammaga nisbatan muloyim bo‘ling. Rabbimiz yaqinda keladi*. 6 Hech narsadan tashvish qilmanglar. Aksincha, har qanday sharoitda ibodat va iltijoda bo‘lib, har bir muhtojligingizni Xudoning oldida minnatdorchilik bilan izhor qilinglar. 7 Shunda Xudo beradigan, inson xayoliga sig‘maydigan tinchlik Iso Masih orqali sizlarning yuraklaringizni va o‘y–xayollaringizni qo‘riqlaydi.

8 Endi esa, ey birodarlarim, fikr–zikringiz haqiqiy, sharafli, to‘g‘ri, pok, yoqimli, tahsinga sazovor narsalarda bo‘lsin. Ha, olqishga loyiq, a’lo narsalar haqida fikr yuritinglar. 9 Ta’limotimni qabul qildingiz. Endi mendan o‘rganganlaringizning, ko‘rgan– eshitganlaringizning hammasini bajaringlar. Shunda tinchlik beradigan Xudo sizlar bilan birga bo‘ladi.

Pavlusning minnatdorchiligi

10 Sizlar men uchun yana g‘amxo‘rlik qilayotganingizdan juda xursand bo‘lib, Rabbimiz Isoga shukur qilyapman. Albatta, sizlar oldin ham men uchun g‘amxo‘rlik qilardingiz, lekin buni ko‘rsatishga imkoniyatingiz bo‘lmagan edi. 11 Bularni muhtojlikdan aytayotganim yo‘q, chunki men har qanday sharoitda boriga qanoat qilishga o‘rganganman. 12 Har qanday sharoitda va har yerda ham to‘q bo‘lish, ham och qolish, mo‘l–ko‘lchiligu muhtojlikda yashash sirlarini o‘rganganman. Men tanqislikda

ham, mo‘l–ko‘lchilikda ham qanday hayot kechirishni bilaman. 13 Menga kuch–quvvat beradigan Iso Masihning madadi bilan har narsani qila olaman. 14 Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, sizlar qiyinchiliklarimga sherik bo‘lib yaxshi qildingizlar.

15 Axir, siz, Filippiliklar, o‘zlaringiz bilasizlar–ku, men sizlarga Xushxabarni aytgan paytimdan* boshlab, Makedoniyadan ketganimdan keyin ham faqat sizlar menga moddiy jihatdan yordam berardingiz. Sizlardan boshqa hech bir jamoat bunday qilmadi. 16 Hatto Salonikada* bo‘lganimda ham sizlar bir–ikki marta menga yordam berib, ehtiyojimni qondirdingiz. 17 Men sizlardan biror narsa undirib olish niyatida gapirayotganim yo‘q. Aksincha, sizlarning foydangiz ko‘payishini ko‘zlayapman. 18 Hozir menda kerakli hamma narsa bor, hatto ortig‘i bilan bor. Epafroditusdan berib yuborgan hadyalaringizni oldim. Endi hech bir muhtojligim qolmadi. Bu hadyalaringiz xushbo‘y nazrday, Xudoga ma’qul bo‘ladigan yoqimli qurbonlik kabidir. 19 Xudoyim O‘zining

ajoyib boyligi bilan Iso Masih orqali sizlarning har bir ehtiyojingizni qondiradi. 20 Otamiz Xudoga abadulabad shon–sharaflar bo‘lsin! Omin.

So‘nggi salomlar

21 Iso Masihga tegishli bo‘lganlarning hammasiga salom aytib qo‘ying. Yonimdagi birodarlar ham sizlarga salom aytyapti. 22 Xudoning azizlari bo‘lganlarning hammasi, ayniqsa Qaysar* xizmatida bo‘lganlar*, sizlarga salom yo‘llayaptilar.

23 Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarga yor bo‘lsin!*

IZOHLAR

…qamoqda bo‘lgan paytda… — 1:13 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

1:1 Timo‘tiy — ilk jamoatning yetakchisi bo‘lib, havoriy Pavlusning hamkori (Havoriylar

16:1-3 ga qarang).

1:13 saroy qo‘riqchilari — Rim imperatoriga xizmat qilgan alohida bir guruh sipohlar. Maktub yozilgan paytda Pavlus Rimda, ijaraga olgan uyda yashagan bo‘lishi mumkin. Imperatorning ba’zi sipohlari Pavlusni o‘sha yerda qo‘riqlar edi (Havoriylar 28:16, 30 ga qarang). Ehtimol, Pavlus mana shu sipohlarning ko‘pchiligi bilan muloqotda bo‘lgandir, chunki ular kechayu kunduz navbat bilan Pavlusni qo‘riqlardilar.

1:17 Yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida shu bobning 16-17–oyatlari o‘rni

almashtirilgan holda keltirilgan.

2:17 sharob nazri — qurbongohda kuydiriladigan ba’zi bir qurbonliklar ustiga quyiladigan nazr. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi NAZR iborasi ostida berilgan SHAROB NAZRI so‘ziga qarang.

2:25 Epafroditus — Filippilik imonlilar Pavlusga shu odam orqali hadya yuborishgan (4:18 ga qarang). Epafroditus Filippiga qaytib ketayotganda, Pavlus ushbu maktubini u orqali berib yuborgan edi.

3:2 Itday bo‘lganlar…tanasini kesadiganlar… — Pavlus bu o‘rinda Xudoga manzur bo‘lish uchun sunnat qilinish kerak, deb o‘rgatgan odamlarga ishora qiladi. Pavlusning o‘zi sunnatga qarshi bo‘lmagan, ammo najot topish uchun sunnat qilinish kerak, degan ta’limotga qat’iyan qarshi edi (Havoriylar 15:1-2 ga qarang).

3:5 Men sakkiz kunligimda sunnat qilinganman… — sunnat Xudoning Ibrohim va uning avlodi bilan qilgan ahd belgisi edi (Ibtido 17:9-14 ga qarang). Sunnat yahudiylarning Xudoga sodiqligini va Uning tanlagan xalqiga tegishli ekanini ko‘rsatadi.

3:5 Farziy — yahudiylarning muhim bir diniy mazhabi. Farziylar Tavrot qonunlariga qat’iy rioya qilardilar, og‘zaki ravishda tarqalgan urf–odatlarga hamda poklanish udumlariga izchil amal qilardilar. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi FARZIY so‘ziga qarang.

3:16 …shu bo‘yicha yashashda davom etaveraylik — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida shunga yarasha fikr qilishimiz va o‘sha qoida bo‘yicha yashashimiz kerak.

4:3 hayot kitobi — Xudo O‘ziga tegishli bo‘lganlarning ismlarini yozib qo‘ygan kitob

(Vahiy 20:11-15 ga qarang).

4:5 Rabbimiz yaqinda keladi — yoki Rabbimiz yaqin.

4:15 …men sizlarga Xushxabarni aytgan paytimdan boshlab… — Havoriylar 16:12-40 ga qarang.

4:16 Salonika — Rim imperiyasiga qarashli bo‘lgan Makedoniya viloyatining poytaxti.

4:22 Qaysar — barcha Rim imperatorlariga berilgan unvon.

4:22 Qaysar xizmatida bo‘lganlar — 1:13 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

4:23 Yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida quyidagi so‘z oyatga qo‘shimcha

qilingan: omin.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru