Muqaddas Kitob


PAVLUSNING

SALONIKALIKLARGA

BIRINCHI MAKTUBI

Kirish

Mazkur maktub muallifi havoriy Pavlusdir. Pavlus bu maktubini Salonika shahridagi imonlilar jamoatiga yozgan. Salonika shahri Rim imperiyasiga qarashli Makedoniya viloyatining poytaxti edi. Pavlus Filippi shahrida imonlilar jamoatiga asos solgandan keyin, Salonikaga kelgan edi. Uning faoliyati natijasida bu yerda ham imonlilar jamoati vujudga keldi.

Yahudiy bo‘lmagan, ammo yahudiy diniga qiziqqanlar orasida Masih haqidagi Xushxabarni yoyishda Pavlus katta muvafaqqiyatga erishdi. Ammo Pavlusning bu ishi Salonikadagi yahudiylarning rashkini qo‘zg‘atdi. Ular Pavlusga qarshi chiqqanlari uchun, Pavlus Salonikadan Veriya shahriga, so‘ng Afinaga ketishga majbur bo‘ldi (Havoriylar 17:1-15 ga qarang). Pavlusni Salonikadagi imonlilarning ruhiy holati tashvishga solardi, shu sababdan u o‘zi Salonikaga bora olmasa–da, u yerga hamkori Timo‘tiyni jo‘natdi.

Keyinchalik Pavlus Korinfga ketdi (Havoriylar 18:1 ga qarang). Timo‘tiy Salonikadan yaxshi xabar bilan Korinfga, Pavlusning oldiga bordi. Pavlus Salonikadagi masihiylarning imoni va sevgisi haqida eshitib, xursand bo‘ldi, ko‘ngli taskin topdi.

Pavlus Salonikaliklarga yozgan ushbu birinchi maktubida masihiylarga dalda beradi, ularning imon va sevgi bilan qilgan ishlari va sobit umidi uchun o‘z minnatdorchiligini bildiradi. Maktub davomida muallif Salonikada qilgan mehnati, chekkan zahmatlari va birodarlariga nisbatan pokdil munosabati haqida so‘z yuritadi. U imonlilarni Xudoga manzur hayot kechirishga undaydi. So‘ng Rabbimiz Isoning kelishi haqida so‘z yuritadi. Masih kelganda qanday hodisalar ro‘y berishi, olamdan ko‘z yumgan imonlilarning tirilishi va tiriklar bilan birga Masihni kutib olishlari haqida yozadi. Maktub yakunida Pavlus Salonikaliklarga so‘nggi pand–nasihatlarini beradi. Yetakchilarni hurmat qilishga, o‘zaro tinch–totuv yashashga, doim yaxshilik qilishga hamda sabr–toqatli, Xudodan minnatdor, hamisha xursand bo‘lishga, tinmay ibodat qilishga ularni chaqiradi.


1–BOB

Duoyi salom

1 Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masihning Salonika shahridagi imonlilar jamoatiga Pavlus, Silas* va Timo‘tiydan* salom! Xudoning* inoyati va tinchligi sizlarga yor bo‘lsin.

Salonikaliklarning hayoti va imoni

2 Biz doim sizlar uchun ibodat qilib, hammangiz uchun Xudoga shukurlar aytamiz. 3 Imon va sevgi bilan qilgan ishlaringiz uchun, Rabbimiz Iso Masihga bog‘lagan sobit umidingiz uchun doimo Otamiz Xudoga minnatdorchiligimizni bildiramiz.

4 Ey Xudo sevgan birodarlarimiz, Xudo sizlarni tanlab olganini bilamiz. 5 Axir, biz Xushxabarni sizlarga quruq so‘zlar bilan emas, balki to‘liq ishonch va Muqaddas Ruhning qudrati bilan keltirdik. Orangizda bo‘lganimizda, sizlarning manfaatingizni


ko‘zlab, qanday yashaganimizni bilasiz.

6 Sizlar bizdan va Rabbimiz Isodan o‘rnak oldingiz. Axir, ko‘p azob–uqubat chekkaningizga qaramay, Muqaddas Ruh beradigan quvonch bilan Xudoning so‘zini qabul qildingiz. 7 Shunday qilib, Makedoniya va Axaya viloyatlaridagi* barcha imonlilarga o‘rnak bo‘ldingiz. 8 Rabbimizning kalomi sizlardan faqatgina Makedoniya va Axayaga yoyilib qolmadi, balki sizlarning Xudoga bo‘lgan imoningiz hamma joyda ma’lum bo‘ldi. Shuning uchun endi bizning biror narsa gapirishimizga hojat qolmadi.

9 Bizni yaxshi qabul qilganingiz haqida, barhayot va haqiqiy Xudoga xizmat qilaylik, deya butlardan yuz o‘girib, Xudoga yuz burganingiz haqida hamma gapiryapti. 10 Xudoning O‘g‘li Isoning samodan tushishini kutayotganingiz haqida ham gapiryaptilar. Xudo O‘z O‘g‘li Isoni tiriltirgan, Iso bizni kelajakda Xudoning g‘azabidan qutqaradi.


2–BOB

Pavlusning Salonikada qilgan ishlari

1 Birodarlar, o‘zlaringiz bilasiz, sizlarning oldingizga kelganimiz behuda bo‘lmadi.

2 Yana o‘zingizga ma’lumki, biz Filippi shahrida* ko‘p azob chekkandik, haqoratlarga uchragandik. Ammo ko‘p qarshiliklarga qaramay, Xudoning Xushxabarini sizga aytdik*, chunki Xudoning O‘zi bizga jasorat bergan edi. 3 Biz sizlarga ta’lim berganimizda, bizda na xatolik, na nopok niyat, na biron hiyla bor edi. 4 Axir, Xudo Xushxabarni bizga ishonib topshirdi, uni yetkazish uchun bizni loyiq topdi. Shunday ekan, biz insonlarni mamnun qilaylik deb emas, balki yuraklarimizni tekshiradigan Xudoni mamnun qilaylik, deya ta’lim beramiz. 5 O‘zlaringiz bilasiz, biz hech qachon tilyog‘lamalik qilmadik, tamagirlik niyatida gapirmadik. Xudoning O‘zi bunga shohid. 6 Biz hech kimning — sizlarning ham, boshqalarning ham maqtoviga sazovor bo‘laylik deb, ish qilmadik.

7 Masihning havoriylari sifatida biz sizlarning oldingizga talablar qo‘yishimiz mumkin edi. Ammo biz sizlarga bolalarini ardoqlagan emizikli onaday mehribon bo‘ldik. 8 Sizlarga juda qattiq ko‘ngil bog‘lagan edik. Shuning uchun sizlarga Xudoning Xushxabarini aytibgina qolmadik, balki yuragimizdan ham joy berdik. Chunki sizlar bizga juda aziz bo‘lib qolgandingiz. 9 Ey birodarlar, mashaqqat bilan mehnat qilganimiz yodingizda bo‘lsa kerak. Sizlarga Xudoning Xushxabarini aytayotganimizda hech biringizga yuk bo‘lmaylik, deya kechayu kunduz ishladik.

10 Siz — imonlilar bilan bo‘lgan munosabatimizda qanday pokdil, solih va benuqson bo‘lganimizga o‘zingiz ham, Xudo ham guvoh. 11 Yana o‘zingiz bilasizki, ota farzandiga qanday muomala qilsa, biz ham har biringizga shunday muomalada bo‘ldik. 12 Sizlarga dalda berdik, yupatdik. Xudoni mamnun qiladigan hayot kechiring, deb sizlarga yolvordik. Axir, U sizlarni O‘z Shohligiga va ulug‘vorligiga chorlayapti. 13 Biz tinmay Xudoga shukur qilishimizning sababi ham shudir. Bizdan Xudoning kalomini eshitganingizda, buni inson so‘zi sifatida emas, balki Xudoning kalomi sifatida qabul qildingiz. Bu kalom haqiqatan Xudoning kalomidir. Siz, imonlilarda bu kalom o‘z ta’sirini ko‘rsatyapti.

14 Ey birodarlar, sizlar Xudoning Iso Masihga tegishli bo‘lgan Yahudiya o‘lkasidagi jamoatlariday bo‘ldingiz. Ular yahudiylardan qanday azob chekkan bo‘lsalar, sizlar ham o‘z yurtdoshlaringiz tomonidan shunday azoblarga yo‘liqdingiz. 15-16 Yahudiylar payg‘ambarlarni va Rabbimiz Isoni o‘ldirishgan. Bizni ham quvg‘in qilishdi.

G‘ayriyahudiylarga najot Xushxabarini yetkazishimizga ham to‘sqinlik qilyaptilar. Ular Xudoni mamnun qilmayaptilar, barcha insonlarga qarshi chiqyaptilar. Mana shu ishlari orqali yahudiylarning gunohlari avjiga chiqdi. Va nihoyat, Xudoning g‘azabi ularning boshiga tushdi.

Pavlus Salonika jamoatini borib ko‘rish istagida

17 Ey birodarlar, endi biz dilimiz bilan bo‘lmasa–da, vujudimiz bilan qisqa bir muddatga sizlardan ayrildik. Ammo sizlarni juda sog‘inib, diydoringizni ko‘rishga jon– jahdimiz bilan harakat qildik. 18 Ha, biz qayta–qayta sizning oldingizga bormoqchi bo‘ldik. Ayniqsa men, Pavlus, borishni juda xohlagandim, lekin shayton bunga yo‘l qo‘ymadi. 19 Axir, bizning umidimiz va quvonchimiz kim?! Rabbimiz Iso kelganda, Uning oldida faxr tojimiz sizlar emasmi?! 20 Ha, sizlar bizning sharafimiz va quvonchimizsiz!


3–BOB

1-3 Oxiri chiday olmay, ukamiz Timo‘tiyni oldingizga yuborishga qaror qildik. O‘zimiz esa Afina shahrida qoldik*. Masih haqidagi Xushxabarni targ‘ib etishdagi Xudoning xizmatida Timo‘tiy bizning hamkorimizdir. Azob–uqubatlar tufayli yo‘ldan toymasligingiz uchun Timo‘tiy sizlarni imonda mustahkamlab, dalda bersin, dedik.

Qiyinchiliklarga uchrashimiz peshanamizga yozilganini o‘zingiz bilasiz–ku! 4 Axir, azob– uqubatlarga uchraymiz, deb oldingizda bo‘lganimizda sizlarni ogohlantirgandik. Mana, biz aytganimizdek bo‘ldi. 5 Shuning uchun ortiqcha sabr qila olmay, imoningiz haqida bilib kelsin deb, Timo‘tiyni yubordim. Shayton sizlarni vasvasaga solib, ishimizni bekor qilgan bo‘lsa kerak, deb qo‘rqqan edim.

6 Mana, Timo‘tiy sizlarning oldingizdan qaytib keldi*. Bizga sizlarning imoningiz va sevgingiz haqida yaxshi xabar olib keldi. Biz sizlarni sog‘inganimizdek, sizlar ham bizni sog‘inib qolibsiz. Bizni yaxshi so‘zlar bilan eslar ekansiz. Timo‘tiy bularni bizga aytib berdi. 7 Shunday qilib, birodarlar, qiyinchiliklar va azob–uqubatlarda bo‘lsak ham, sizlarning imoningiz haqida eshitib, ancha tasalli topdik. 8 Rabbimiz Isoga bo‘lgan imoningiz qat’iy ekan, endi biz yengil nafas olib yashaymiz. 9 Sizlar tufayli biz Xudo oldida quvonchga to‘lib yuribmiz. Shunday ekan, qanday qilib Xudoga o‘z minnatdorchiligimizni bildirmay tura olamiz?! 10 Sizlar bilan yana diydor ko‘rishaylik, imoningizga imon qo‘shaylik deb, kechayu kunduz jon–jahdimiz bilan ibodat qilyapmiz.

11 Otamiz Xudoning O‘zi va Rabbimiz Iso sizlarning oldingizga borishimiz uchun yo‘l ochsin. 12 Sizga bo‘lgan mehrimiz to‘lib–toshgani kabi, Rabbimiz sizlarning ham bir– biringizga va boshqa hammaga bo‘lgan mehr–muhabbatingizga qalbingizni to‘ldirib– toshirsin. 13 Shunda qalblaringiz sobit bo‘ladi, Rabbimiz Iso O‘z farishtalari* bilan kelganda, sizlar Otamiz Xudo oldida aybsiz va pok tura olasizlar.


4–BOB

Xudoni mamnun qiladigan hayot kechiring

1 Xullas, ey birodarlar, sizlar Xudoni mamnun qilib yashashni bizdan o‘rgandingiz. Ha, shu tarzda yashayapsiz ham. Ammo Rabbimiz Iso nomidan sizlarga yolvoramiz, Xudoni yanada ko‘proq mamnun qilishga astoydil harakat qilavering. 2 Rabbimiz Iso bizga bergan vakolat bilan sizlarga qanday yo‘l–yo‘riq ko‘rsatganimizni bilasiz.

3 Sizlarning muqaddas bo‘lishingiz Xudoning irodasidir. Shuning uchun jinsiy axloqsizlik qilmang.

4 Har biringiz muqaddaslik va izzat–hurmatga loyiq tarzda o‘zingizni tuta bilishingiz kerak. 5 Xudoni bilmagan butparastlarday shahvoniy hirsga qul bo‘lmang. 6 Jinsiy hayot tarziga kelganda, o‘z birodarlaringizning ishonchini suiiste’mol qilmang, ularga xiyonat qilmang. Bunday qilganlarni Egamiz jazolaydi. Biz sizlarga bu haqda oldindan aytib, qattiq ogohlantirganmiz. 7 Xudo bizni harom yo‘ldan yurishga emas, balki muqaddas bo‘lib yashashga chaqirdi. 8 Shunday ekan, kim mana shu ta’limni rad etsa, insonlarni emas, sizlarga O‘z Muqaddas Ruhini beradigan Xudoni rad qilgan bo‘ladi.

9 O‘zaro muhabbat haqida esa sizlarga yozishning hojati yo‘q, chunki bir–biringizni yaxshi ko‘rishni sizlar Xudodan o‘rgangansizlar. 10 Zotan, sizlar Makedoniya* hududi bo‘ylab yashovchi barcha birodarlaringizga ham shunday munosabatda bo‘lyapsizlar. Lekin shunga qaramay, ularni yanada ko‘proq yaxshi ko‘ring, deb undaymiz. 11 Sizlarga aytganimizday, osoyishta hayot kechirishni, o‘z ishingiz bilan mashg‘ul bo‘lishni, qo‘llaringiz mehnati bilan tirikchilik qilishni o‘z oldingizga maqsad qilib qo‘ying.

12 Shunda Rabbimiz Isoga ishonmaydiganlarning izzat–hurmatini qozonasiz va

boshqalarning qo‘liga qarab qolmaysiz.

Rabbimiz Isoning kelishi

13 Birodarlar, umidsiz yashayotgan boshqa odamlar kabi, qayg‘uga to‘lmang deb, bu olamdan o‘tganlar haqidagi haqiqatni sizlarga bildirishni xohlaymiz. 14 Biz Isoning o‘lib, tirilganiga ishonamiz. Shunday ekan, Isoga ishongan holda hayotdan ko‘z yumgan imonlilarni ham Xudo tiriltirib, O‘z oldiga olib ketishiga aminmiz. Bu voqea Iso kelganda yuz beradi. 15 Rabbimiz Isoning ta’limoti bo‘yicha sizlarga aytamizki, o‘sha paytda biz — hali tirik bo‘lganlar o‘lgan birodarlarimizdan oldin emas, balki ular bilan birga Isoni qarshilab olamiz. 16 Zotan, Rabbimiz Iso Masih buyuk bir sado, bosh farishtaning ovozi va Xudoning karnayi sadosi ostida samodan tushib kelganda, birinchi bo‘lib Unga ishongan holda o‘lganlar tiriladi. 17 So‘ng biz — hali tirik bo‘lganlar havoda Rabbimizni qarshilab olish uchun ular bilan birga bulutlarda ko‘tarilamiz. Shunday qilib, hammamiz Rabbimiz bilan abadiy birga bo‘lamiz. 18 Shuning uchun mana shu so‘zlar bilan bir– biringizga dalda bering.


5–BOB

Rabbimiz Iso Masihning kelishiga tayyor bo‘ling

1 Birodarlar, bular qachon, qaysi payt sodir bo‘lishi haqida sizlarga yozishimizning hojati yo‘q. 2 Axir, Rabbimiz Iso, kechasi o‘g‘ri tushganday, nogahon kelishini o‘zingiz bilasiz–ku! 3 Homilador ayolning to‘lg‘oq og‘riqlari kutilmaganda kelganday, odamlar: “Hamma yoq tinch, osoyishta”, deb yurganlarida, birdaniga boshlariga halokat tushadi. Ular qochib qutula olmaydilar. 4 Biroq, birodarlar, sizlar zulmatda yurmaysizlarki, bu kun o‘g‘riga o‘xshab, kutilmaganda kelib, sizlarni hayratda qoldirsa! 5 Sizlar yorug‘likda yashaysiz, hammangiz kunduz kunga tegishlisiz. Axir, biz zulmatga, tunga tegishli emasmiz. 6 Shuning uchun boshqalarga o‘xshab uxlab qolmaylik. Biz uyg‘oq, hushyor bo‘lishimiz kerak. 7 Chunki uxlaydiganlar kechasi uxlaydi, ichkilikka berilganlar ham kechasi ichadi. 8 Biz esa kunduz kunga tegishli ekanmiz, kelinglar, imon va sevgi sovutini, boshimizga najot umidi dubulg‘asini kiyib, hushyor turaylik. 9 Chunki Xudo

bizni g‘azabga uchrasin deb emas, balki Rabbimiz Iso Masih orqali najot topishimiz uchun tayinladi. 10 Biz tirik bo‘lsak ham, hayotdan ko‘z yumsak ham, U bilan birga yashashimiz uchun Rabbimiz Iso biz uchun o‘ldi. 11 Shuning uchun ham hozir qilayotganingizdek, bundan keyin ham bir–biringizga dalda berib, kuch va g‘ayrat bag‘ishlang.

So‘nggi yo‘l–yo‘riqlar

12 Birodarlar, sizlardan o‘tinamiz: orangizda ishlab, Rabbimiz Isoning yo‘lida sizlarga yetakchilik qilayotgan, yo‘l–yo‘riq ko‘rsatayotganlarni hurmat qiling. 13 Qilayotgan ishlari uchun ularni sevib, e’zozlang. Bir–biringiz bilan tinch–totuv yashang. 14 Ey birodarlar, sizlardan o‘tinib so‘raymiz: ishyoqmaslarni ogohlantiring, jur’atsizlarga

dalda bering, zaiflarga yordam ko‘rsating, hammaga sabr–toqatli bo‘ling. 15 Hech biringiz yomonlikka yomonlik qaytarmang, balki har doim bir–biringizga va hammaga yaxshilik qilishga intiling.

16 Hamisha xursand bo‘lib yuringlar. 17 Tinmay ibodat qilinglar. 18 Har qanday sharoitda ham Xudoga shukur qilinglar, chunki sizlar, ya’ni Iso Masihga imon keltirganlar uchun Xudoning irodasi shudir.

19 Muqaddas Ruhning o‘tini so‘ndirmanglar. 20 Bashoratlarni kamsitmanglar.

21 Hammasini tekshirib ko‘ringlar. Yaxshilikni mahkam tutib, 22 har qanday yomonlikdan qochinglar.

23 Tinchlik manbayi bo‘lgan Xudoning O‘zi sizlarni butunlay poklasin. Rabbimiz Iso Masih kelguncha, butun ruhingiz, joningiz va tanangiz benuqson saqlansin. 24 Sizlarni da’vat qilgan Xudo sadoqatlidir, U har doim O‘z aytganini bajaradi. 25 Birodarlar, biz uchun ibodat qiling. 26 Hamma birodarlar bilan o‘pishib ko‘rishinglar. 27 Rabbimiz nomi bilan sizlarga buyuraman, mana shu xatni barcha birodarlarga o‘qib beringlar.

28 Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarga yor bo‘lsin*.

IZOHLAR

1:1 Silas — yunoncha matnda bu ismning boshqa varianti Silvanus. Silas ilk jamoatning yetakchisi bo‘lib, havoriy Pavlusning Xushxabar yoyish maqsadida qilgan ikkinchi safarida unga hamroh edi (Havoriylar 15:22, 32, 36-41 ga qarang).

1:1 Timo‘tiy — ilk jamoatning yetakchisi bo‘lib, havoriy Pavlusning hamkori (Havoriylar

16:1-3, Filippiliklar 2:20-22 ga qarang).

1:1 Xudoning — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida Otamiz Xudoning va Rabbimiz Iso Masihning.

1:7 Makedoniya va Axaya viloyatlari — Rim imperiyasiga qarashli ikki viloyat.

Makedoniya janub tomondan Axaya bilan chegaradosh bo‘lib, poytaxti Salonika edi.

2:2 Filippi shahri — Filippi va Salonika shaharlarining ikkalasi ham Makedoniyada joylashgan. Havoriylar 16:16-40 ga qarang.

2:2 …Xudoning Xushxabarini sizga aytdik… — Havoriylar 17:1-9 ga qarang.

3:1-3 …Afina shahrida qoldik — Havoriylar 17:13-16 ga qarang.

3:6 …Timo‘tiy sizlarning oldingizdan qaytib keldi — Pavlus bu paytda Afinadan Korinfga kelgan edi. Timo‘tiy Salonikadan qaytib, Korinfga, Pavlusning oldiga borgan (Havoriylar 18:1, 5 ga qarang).

3:13 O‘z farishtalari — bu o‘rinda ishlatilgan yunoncha so‘z Xudoning xalqini nazarda tutgan holda, O‘z azizlari deb tarjima qilinsa ham bo‘ladi. Qiyoslash uchun Matto 25:31, Mark 8:38, 2 Salonikaliklar 1:7-8 ga qarang.

4:10 Makedoniya — 1:7 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

5:28 Yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida quyidagi so‘z oyatga qo‘shimcha

qilingan: omin.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru