Muqaddas Kitob


EZRA

KITOBI

Kirish

Ezra kitobi bizni “Solnomalar (ikkinchi kitob)”da bayon qilingan Isroil tarixining davomi bilan tanishtiradi. Mazkur kitobda Xudoning O‘z va’dalariga sodiq qolishi va yahudiylarni Bobildagi yetmish yillik surgundan keyin ona yurtiga qaytarib olib kelishi haqida hikoya qilinadi. Kitobda Yahudo yurtiga qaytib kelgan ikki guruh yahudiylar haqida so‘z yuritiladi. Birinchi guruh Zarubabel boshchiligida Quddusga qaytib kelib, Ma’badni qayta qurishni boshlaydi. Zarubabel Yahudo shohi Yohayixinning nabirasi bo‘lib, Quddusga shoh sulolasiga mansub bo‘lgan zodagon sifatida qaytib keladi.

Ikkinchi guruh Quddusga tafsirchi Ezra boshchiligida qaytadi. Ezra xalqning axloqiy

hayotiga katta e’tibor berib, ularni Xudo oldida pok yashashga undaydi.

Bu kitob Ezraning nomi bilan atalgan. Xudoning qonunini mukammal biladigan mohir tafsirchi Ezra ruhoniy Horun naslidan kelib chiqqan edi. Kitobning ikkinchi qismida Ezra bosh qahramon bo‘lib gavdalanadi. Naximiyo kitobida ham Ezra haqida hikoya qilinadi.

Fors shohi Kurush* miloddan oldingi 538 yili maxsus farmon joriy qilgani to‘g‘risida “Solnomalar (ikkinchi kitob)”ning oxirida bayon qilingan. O‘sha farmonda Kurush yahudiylarga: “O‘z yurtlaringizga qaytib borib, Egangizning uyini tiklanglar”, deb ijozat beradi. Ezra kitobining birinchi qismi (1-6–boblar) Kurushning o‘sha farmoni bilan boshlanadi. Bu qismning davomida bir qancha yahudiylar Quddusga qaytib borgani va Ma’badda ish boshlagani to‘g‘risida hikoya qilinadi. Lekin qo‘shni xalqlar yahudiylarga ko‘p xalaqit berishadi, shuning uchun qurilish ishlari sust boradi. Hatto bir necha yil ish to‘xtab ham qoladi. Nihoyat, miloddan oldingi 515 yili Ma’bad qayta qurib bitkaziladi.

Kitobning bu qismidan keyingi davrda yuz bergan muammolar ham o‘rin olgan (4:6- 23). Jumladan, shoh Artaxshas* hukmronligi davrida yahudiylar shahar devorini tiklash ishlarini to‘xtatishga majbur bo‘ladilar.

Kitobning ikkinchi qismi (7-10–boblar) Ezraning Quddusga kelishi bilan boshlanadi.

Miloddan oldingi 458 yili Ezra Isroil xalqiga Xudoning qonunlarini o‘rgatish uchun Quddusga qaytib keladi. Lekin Ezra xalqning gunoh qilayotganini ko‘rib, dahshatga tushadi. Bu paytda Isroil xalqi butparast xalqlar bilan quda–andachilik qilar, buning oqibatida ular butparastlikka ruju qo‘yib, Xudoning qonunlarini buzayotgan edilar. Bu gunohlarga qo‘l urgan Isroil xalqi Xudoning qahriga uchrash xavfi ostida edi (Qonunlar 7:1-5 ga qarang). Shu bois Ezra ibodat qilib, xalqning gunohlari uchun tavba qiladi, u Xudoga: “Xalqing gunohlaridan o‘t”, deb yolvoradi. Xalq Xudoning qonunlariga itoat etishga rozi bo‘ladi.

Ezra kitobida Xudoning sodiqligiga urg‘u beriladi. Xudo O‘z xalqini asirlikda ham omon saqlaydi, U butparast shohning yuragini yumshatib, xalqini o‘z yurtiga qaytarib olib keladi. Yahudiylar ko‘p qarshiliklarga qaramay, Xudoning Ma’badini qayta quradilar. Ular o‘z vataniga qaytib kelganlaridan keyin ham, uzoq vaqtgacha mustaqil bo‘la olmaydilar. Ularning ustidan qaysi shohlik hukmronlik qilmasin, Xudo ularning haqiqiy Hukmdori bo‘lib qolaveradi.


1–BOB

Shoh Kurush yahudiylarga Quddusga qaytish uchun ijozat beradi

1 Fors shohi Kurush hukmronligining birinchi yilida* Egamizning Yeremiyo orqali bildirgan so‘zlari* bajo bo‘lishi uchun, Egamiz shoh Kurushning yuragiga Quddusdagi Ma’badni qayta qurish istagini soldi. Shunday qilib, Kurush o‘z shohligining hamma tomoniga xabarchilar jo‘natdi va yozma farmonda quyidagilarni e’lon qildi:


2 “Fors shohi Kurush shunday demoqda: Samoviy Xudo — Egamiz yer yuzidagi jamiki shohliklarni menga bergan. U Yahudo yurtidagi Quddus shahrida O‘ziga bir uy qurishni menga topshirdi. 3 Xudoning xalqidan bo‘lganlarga men ijozat beraman: ular Quddusga borishlari va Isroil xalqining Xudosi — Egamizning uyini qayta qurishlari mumkin. Quddusda sajda qilinadigan Xudo Udir. Isroil xalqiga o‘zlarining Xudosi yor bo‘lsin. 4 Surgundagi yahudiylar yashaydigan hamma joyda shunday deb e’lon qilinsin: Quddusga qaytmaydigan yahudiylar qaytadigan yahudiylarga yordam bersin. Ularga kumush, oltin, safar uchun zarur buyumlar va chorva berishsin. Bulardan tashqari, Xudoning Quddusdagi uyi qayta qurilishi uchun ko‘ngildan chiqarib nazrlar berishsin.”


5 Shunday qilib, Yahudo va Benyamin qabilalarining urug‘boshilari, ruhoniylar va levilar, shuningdek, Xudo ruhlantirgan har bir odam Egamizning Quddusdagi uyini qayta qurish uchun safarga tayyorlandi. 6 Barcha qo‘shnilari ularga chin ko‘ngildan chiqarib nazrlar berdilar. Bulardan tashqari, kumush idishlar, oltin, safar uchun buyumlar, chorva va boshqa qimmatbaho hadyalar berib yordam qildilar. 7 Shoh Kurush Egamizning uyiga tegishli bo‘lgan buyumlarni olib kelishni buyurdi. Bu buyumlarni shoh Navuxadnazar Quddusdan olib kelib*, o‘zining xudolari* uyiga qo‘ygan edi. 8 Shoh Kurush bu buyumlarni xazinabon Mitradot nazorati ostiga topshirdi. Mitradot esa bularni sanab, Yahudo yo‘lboshchisi* Shashbazzarga berdi. 9 Buyumlarning ro‘yxati quyidagicha edi:


oltin tog‘orachalar — 30 ta kumush tog‘orachalar — 1000 ta boshqa idishlar* — 29 ta

10 oltin kosalar — 30 ta kumush kosalar — 410 ta boshqa buyumlar — 1000 ta.


11 Oltin va kumush buyumlarning jami 5400* ta edi. Shashbazzar boshqa asirlar qatorida Bobildan Quddusga qaytib ketayotganda, bu buyumlarning hammasini o‘zi bilan olib ketdi.


2–BOB

Surgundan qaytib kelganlarning ro‘yxati

1-2 Bobil shohi Navuxadnazar asir qilib olib ketgan yahudiylarning* bir qismi

Quddusga va Yahudo yurtidagi o‘z shaharlariga qaytib kelib, o‘rnashdilar. Ular

Zarubabel, Yoshua, Naximiyo, Sarayo*, Raliyo, Mardoxay, Bilshon, Mispar, Big‘vay,

Raxum va Banax boshchiligida qaytib kelgan edilar.

Isroil urug‘lari ota–bobolari bo‘yicha ro‘yxat qilinadi

Surgundan qaytib kelgan Isroil erkaklarining soni quyidagicha edi:


3 Paro‘sh urug‘idan — 2172 nafar erkak. 4 Shafatiyo urug‘idan — 372 nafar erkak. 5 Orax urug‘idan — 775 nafar erkak.

6 Paxatmo‘ab, ya’ni Yeshuva hamda Yo‘ab urug‘laridan — 2812 nafar erkak.

7 Elam urug‘idan — 1254 nafar erkak.

8 Zattu urug‘idan — 945 nafar erkak.

9 Zakkay urug‘idan — 760 nafar erkak. 10 Banix urug‘idan — 642 nafar erkak. 11 Bo‘vay urug‘idan — 623 nafar erkak. 12 Ozgad urug‘idan — 1222 nafar erkak.

13 Odonixam urug‘idan — 666 nafar erkak. 14 Big‘vay urug‘idan — 2056 nafar erkak. 15 Adin urug‘idan — 454 nafar erkak.

16 Oter, ya’ni Yoxizqiyo urug‘idan — 98 nafar erkak.

17 Bezay urug‘idan — 323 nafar erkak.

18 Yo‘ra urug‘idan — 112 nafar erkak.

19 Xashum urug‘idan — 223 nafar erkak.

20 Gibor urug‘idan — 95 nafar erkak.

Isroil urug‘lari ota–bobolarining shaharlari bo‘yicha ro‘yxat qilinadi

21 Tagi Baytlahmlik — 123 nafar erkak.

22 Tagi Natufolik — 56 nafar erkak. 23 Tagi Onoto‘tlik — 128 nafar erkak. 24 Tagi Ozmobitlik — 42 nafar erkak.

25 Tagi Xirat–Arimlik, Xafiralik va Baro‘tlik — 743 nafar erkak.

26 Tagi Ramalik va Gebolik — 621 nafar erkak.

27 Tagi Mixmashlik — 122 nafar erkak.

28 Tagi Baytillik va Aylik — 223 nafar erkak.

29 Tagi Navolik — 52 nafar erkak.

30 Tagi Maxbishlik — 156 nafar erkak.

31 Tagi Elamlik — 1254 nafar erkak.

32 Tagi Xarimlik — 320 nafar erkak.

33 Tagi Lo‘dlik, Hodidlik va Ono‘lik — 725 nafar erkak.

34 Tagi Yerixolik — 345 nafar erkak.

35 Tagi Sanolik — 3630 nafar erkak.

Ruhoniylar urug‘lari

36 Surgundan qaytib kelgan ruhoniylarning soni quyidagicha edi:


Yoshua naslining Yodiyo urug‘idan — 973 nafar erkak.

37 Immar urug‘idan — 1052 nafar erkak.

38 Pashxur urug‘idan — 1247 nafar erkak.

39 Xarim urug‘idan — 1017 nafar erkak.

Levilar urug‘lari

40 Surgundan qaytib kelgan levilar urug‘larining soni quyidagicha edi:


Xo‘daviyo naslidan bo‘lgan Yeshuva hamda Kadmil urug‘laridan — 74 nafar erkak.

41 Osif urug‘idan bo‘lgan qo‘shiqchilar — 128 nafar erkak.

42 Shallum, Oter, Talmo‘n, Oqquv, Xatita va Sho‘vay urug‘laridan bo‘lgan Ma’bad

darvozabonlari*, hammasi bo‘lib — 139 nafar erkak.

Ma’bad xizmatkorlari urug‘lari

43 Surgundan qaytib kelgan Ma’bad xizmatkorlarining urug‘lari quyidagilar edi:


Zixo, Xasufa, Tabbayo‘t,

44 Kerosh, Siyoho, Pado‘n, 45 Lavon, Xagava, Oqquv, 46 Xagav, Shalmay, Xanon, 47 Giddol, Gaxar, Rayo,

48 Ratan, Nakudo, G‘azzom,

49 Uzzo, Posiyox, Besay,

50 Osnax, Munim, Nafusim, 51 Bobuh, Xakufa, Xorxur, 52 Bazulut, Maxido, Xarsha, 53 Borkis, Sisaro, Tamax,

54 Naziyo, Xatifa.

Sulaymonning qarollari urug‘lari

55 Sulaymon qarollarining* surgundan qaytib kelgan urug‘lari quyidagilar edi:


So‘tay, So‘farat, Parudo,

56 Yalox, Darxun, Giddol,

57 Shafatiyo, Xattil, Paxarathazzavoyim, Omay.


58 Ma’bad xizmatkorlari va Sulaymonning qarollari urug‘laridan bo‘lganlarning jami

392 kishi edi.

Nasl–nasabi noma’lum urug‘lar

59-60 Quyidagilar Tel–Malax, Tel–Xarsha, Xarub, Adon va Immar shaharlaridan kelgan edilar:


Daloyo, To‘viyo va Nakudo urug‘lari — 652 kishi.


Lekin bular o‘zlarining urug‘boshisi Isroil avlodiga mansubligini isbotlay olmasdilar.

61-62 Quyidagi ruhoniylar urug‘lari ham o‘z nasabnomasini topa olmadilar: Xavayo, Xakko‘z va Borzulay urug‘lari. (Borzulayning bobosi Giladlik Borzulay degan odamning qiziga uylangan bo‘lib, bu urug‘ o‘sha ayolning urug‘i nomi bilan yuritilar edi.) Shu sababdan ular xizmat qilishga nopok hisoblanib, ruhoniylikka qabul qilinmadilar.

63 Yahudo hokimi* ularga shunday dedi: “Birorta ruhoniy Xudodan Urim va Tummim* orqali ruhoniy ekanligingizni so‘rab, tasdiqlamaguncha, sizlar nazrlarning ruhoniylarga tegishli ulushidan tanovul qilmaysizlar.”

Surgundan qaytib kelgan jamoaning jami

64 Bu jamoa jami 42.360 kishidan* iborat edi. 65 Bulardan tashqari, qul va cho‘rilari

— 7337 kishi, qul va cho‘ri qo‘shiqchilar 200 kishi edi. 66 Jamoaning 736 ta oti, 245 ta xachiri, 67 435 ta tuyasi, 6720 ta eshagi bor edi.

68 Asirlar jamoasi Quddusga — Egamiz uyining vayronalari oldiga kelishdi. Shu zahoti, ba’zi urug‘boshilar Xudoning uyini oldingi o‘rnida qayta tiklash uchun ko‘ngildan chiqarib nazrlar keltirdilar. 69 Har biri qurbi yetgancha nazr atadi. Ular qurilish uchun jami 61.000 oltin tanga*, 190 pud* kumush va ruhoniylar uchun 100 ta ko‘ylak berdilar.

70 Ruhoniylar, levilar, qo‘shiqchilar, Ma’bad darvozabonlari, Ma’bad xizmatkorlari va xalqdan bir qanchasi Quddusga hamda uning atrofidagi shaharlarga o‘rnashib oldilar.

Isroil xalqining qolganlari esa o‘z shaharlariga borib joylashdilar*.


3–BOB

Quddusda sajda qilish qaytadan boshlanadi

1 Isroil xalqi o‘z shaharlariga o‘rnashib olgandan keyin, yettinchi oyda* hammasi Quddusda yig‘ilishdi*. 2 Yohuzadax* o‘g‘li Yoshua, uning ruhoniy hamkorlari va Shaltiyol o‘g‘li Zarubabel* o‘z urug‘–aymog‘i bilan birgalikda Isroil xalqining Xudosiga atab, qurbongohni qaytadan qurdilar. Ular Xudoning odami Musoning Tavrot kitobida yozilgan amrlariga muvofiq kuydiriladigan qurbonliklarni keltirmoqchi edilar. 3 Ular mahalliy xalqlardan qo‘rqishlariga qaramay, qurbongohni oldingi poydevori ustiga qurdilar. Qurbongohning ustida har kuni ertalab va kechqurun Egamizga qurbonliklarni kuydirib nazr qildilar. 4 So‘ngra Musoning qonunida yozilgani singari, Chayla bayramini* nishonladilar. Bayramning har bir kuniga oid qurbonliklar keltirib, kuydirdilar. 5 Ular kunda kuydiriladigan qurbonliklardan tashqari, har oyda nishonlanadigan yangi oy shodiyonasida va yil davomida Egamizga atab nishonlanadigan bayramlarda qurbonliklar keltirdilar. Shuningdek, ko‘ngildan chiqarib qurbonliklar olib keldilar.

6 Xullas, odamlar yettinchi oyning birinchi kunidan boshlab, Egamizga atab kuydiriladigan qurbonliklarni keltira boshlagan edilar. Lekin Egamizning Ma’badi poydevori hali yotqizilmagan edi.

Xalq Ma’badni qayta qura boshlaydi

7 Xalq tosh yo‘nuvchilarni va duradgorlarni pul bilan ta’minlab turdi. Ular Fors shohi Kurushning* ijozati bilan O‘rta yer dengizi orqali Lubnondan Yaffa shahriga* sadr yog‘ochlarini keltirdilar. Yog‘ochlarni olib kelgan Sidonliklar va Tirliklarga* yegulik, ichimlik va zaytun moyi berdilar. 8 Surgundan qaytganlar Xudoning Quddusdagi uyi vayronalari oldiga kelganlariga bir yilu ikki oy* bo‘lgach, ular Egamizning uyini qayta qurishni boshladilar. Qurilishda Shaltiyol o‘g‘li Zarubabel, Yohuzadax o‘g‘li Yoshua, ruhoniylar va levilar, shuningdek, surgundan qaytib kelgan hamma odamlar ishtirok etdi. Ular qurilish ishlarini nazorat qilish uchun yigirma va undan yuqori yoshdagi levilarni tayinladilar. 9 Xudoning uyi qurilishini Yeshuva, uning o‘g‘illari va qarindoshlari, Kadmil va uning o‘g‘illari nazorat qilar edilar. (Yeshuva va Kadmil

Xo‘daviyo* naslidan edilar.) Ularga bu ishda levilarning Xanadod urug‘i yordam berar

edi.

10 Binokorlar Egamiz Ma’badining poydevorini yotqizib bo‘lganlaridan keyin, ruhoniylar o‘z liboslarini kiydilar. Isroil shohi Dovudning ko‘rsatmalariga muvofiq, ruhoniylar karnaylari bilan, Osif naslidan bo‘lgan levilar zillari bilan Egamizga hamdu sano aytish uchun o‘z joylarini egalladilar. 11 Ular Egamizga hamdu sano va shukronalar aytib, shunday naqorat kuyladilar:


“Egamiz yaxshidir,

Uning Isroilga bo‘lgan sodiq sevgisi abadiydir.”


Egamizning uyi poydevori yotqizilgani uchun butun xalq baland ovoz bilan Egamizga hamdu sano aytdi. 12 Odamlar xursandchilikdan baqirardi, Egamizning oldingi uyini ko‘rgan yoshi ulug‘ ruhoniylar, levilar va urug‘boshilarning ko‘pchiligi esa uyning poydevorini ko‘rganlarida ho‘ngrab yig‘ladilar. 13 Xalq shunchalik qattiq baqirardiki, ovozlari uzoqdan ham eshitilib turardi. Buni eshitganlar xursandchilik ovozlarini yig‘i tovushidan farqlay olmasdi.


4–BOB

Dushmanlar Ma’badning qayta qurilishiga to‘sqinlik qiladilar

1 Yahudo va Benyamin qabilasining g‘animlari: “Surgundan qaytib kelganlar Isroil xalqining Xudosi — Egamiz Ma’badini qayta qurayotgan ekanlar”, degan xabarni eshitib qolishdi. 2 Ular Zarubabelning va urug‘boshilarning oldiga kelib, shunday dedilar: “Biz ham sizlarga qo‘shilib Xudoyingizning uyini quraylik, chunki biz ham, sizlar singari, Xudoyingizga sajda qilamiz. Ossuriya shohi Isarxaddo‘n* bizni bu yerga olib kelgandan buyon Xudoyingizga qurbonlik qilib kelyapmiz.” 3 Lekin Zarubabel, Yoshua va Isroilning boshqa urug‘boshilari ularga shunday deb javob berdilar: “Sizlar Xudoyimizga uyni biz bilan birga qurmaysizlar. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz uchun uyni o‘zimiz quramiz. Fors shohi Kurush* buni bizga buyurgan.”

4 Shundan keyin mahalliy xalqdan bo‘lgan bu g‘animlar Yahudo xalqini sarosimaga solib, qo‘rqitishga va qurilish ishlaridan qaytarishga harakat qilishdi. 5 Ular amaldorlarga pora berib, Fors shohi Kurushning butun hukmronligi davomida Ma’badni qayta qurish rejalariga qarshilik qilib keldilar. Bu ahvol to Doro taxtni egallab, Fors shohi bo‘lgunga qadar* davom etgan edi.

Yahudiylar yana qarshiliklarga duch keladilar

6 Bir necha yildan keyin* shoh Axashverash* taxtga chiqdi. Axashverash hukmronligining boshlarida, g‘animlar Yahudo yurti va Quddus shahrida yashayotgan yahudiylarga qarshi aybnoma yozdilar.

7 Hatto keyinroq — Fors shohi Artaxshas* hukmronligi davrida ham Bishlam, Mitradot, To‘val va ularning boshqa sheriklari shohga maktub yozdilar. Maktub oramiycha* yozilib, tarjima qilindi*.

8 Keyin hokim Raxum va kotib Shimshay ham shoh Artaxshasga Quddus aholisini

qoralab maktub yozdi. Maktub shunday so‘zlar bilan boshlangan edi:

9 “Hokim Raxumdan, kotib Shimshaydan va ularning boshqa sheriklari — hakamlar, yo‘lboshchilar, amaldorlar, Eraxliklar, Bobilliklar, Shushanliklar, ya’ni Elam xalqidan, 10 shuningdek, ulug‘ va qudratli shoh O‘snapar Samariya* shaharlariga va Furot daryosining g‘arbidagi viloyatga* olib kelib o‘rnashtirgan turli xalqlardan* maktub.”


11 Ular yuborgan maktubning mazmuni quyidagicha edi:


“Shoh Artaxshas janobi oliylari! Biz — Furot daryosining g‘arbidagi viloyatda istiqomat qiluvchi qullaringiz sizga salom yo‘llamoqdamiz.

12 Janobi oliylariga shu narsa ma’lum bo‘lsinkim, sizning qo‘l ostingizdagi boshqa o‘lkalardan Quddusga kelib o‘rnashgan yahudiylar isyonkor, bexosiyat shaharni qaytadan tiklamoqdalar. Ular poydevor yotqizib, tez orada shahar devorlarini ham qurib tugatadilar. 13 Janobi oliylarini shundan xabardor qilmoqchimizki, agar shahar qaytadan qurilib, devorlari ham bitsa, yahudiylar o‘lpon, soliq va xiroj to‘lamay qo‘yadilar. Natijada shohlikning daromadi kamayib ketadi.

14 Saroyning tuziga biz ham sherik bo‘lganimiz uchun shohimizning sharmanda bo‘lishiga qarab o‘tirishimiz bizga to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun maktub jo‘natib, shohimizni xabardor qilmoqchi bo‘ldik. 15 Siz farmon bering: ota–bobolaringizning yilnomalarini ko‘rib chiqishsin. Bu shahar g‘alayon makoni bo‘lganini o‘sha yilnomalardan topasiz. Bu shahar ilgaridan hukmdorlar va viloyat hokimlariga qarshi bosh ko‘tarib, ko‘p muammolar tug‘dirgan, shu sababli vayron qilingan edi. 16 Biz janobi oliylariga shuni ma’lum qilib

qo‘ymoqchimizki, agar bu shahar qayta qurilib, devorlari bitsa, Furot daryosining g‘arbidagi bu viloyatga egalik qila olmay qolasiz.”


17 Shoh quyidagicha javob jo‘natdi:


“Samariyada va Furot daryosining g‘arbidagi viloyatda istiqomat qilayotgan hokim Raxumga, kotib Shimshayga va ularning boshqa sheriklariga salom yo‘llayman.

18 Sizlar menga yuborgan maktub huzurimda tarjima qilinib, o‘qib eshittirildi. 19 Shunday qilib, mening farmonimga binoan, tekshiruv olib borildi va bu shahar oldindan shohlarga qarshi isyon ko‘targani aniqlandi. Haqiqatan ham, bu shahar isyonu g‘alayon makoni bo‘lgan ekan. 20 Quddusda qudratli shohlar bo‘lgan ekan. Ular Furot daryosining g‘arbidagi barcha yurtlarni boshqargan ekanlar, o‘sha yurtlardan o‘lpon, soliq va xiroj yiqqan ekanlar. 21 Shuning uchun yahudiylarga buyuringlar, ishni to‘xtatsinlar. Men farmon bermagunimcha shahar qayta qurilmasin. 22 Hushyor bo‘linglar: mening manfaatimga zarar keltiradigan ish boshqa qilinmasin.”


23 Shoh Artaxshasning maktubi Raxum, kotib Shimshay va ularning sheriklari huzurida o‘qilgach, ular shosha–pisha Quddusga bordilar, shahar qurilishini to‘xtatishga yahudiylarni majburladilar.

Ma’baddagi qurilish ishlari qayta boshlanadi

24 Xudoning Quddusdagi uyini qayta qurish ishlari to‘xtatilgan edi. Fors shohi Doro

hukmronligining ikkinchi yiligacha* u yerda hech qanday ish qilinmadi.


5–BOB

1 O‘sha davrda Xaggey va Iddo o‘g‘li Zakariyo payg‘ambarlar Yahudo yurtidagi va

Quddusdagi yahudiylarga Isroil xalqining Xudosi nomidan bashorat qila boshladilar.

2 Shunda Shaltiyol o‘g‘li Zarubabel* va Yohuzadax* o‘g‘li Yoshua Xudoning Quddusdagi uyini qayta qurishga yana kirishdilar. Xudoning payg‘ambarlari ularning ishini qo‘llab– quvvatlab turdilar.

3 O‘sha zahoti Furot daryosining g‘arbidagi viloyat* hokimi Tattanay bilan Shatarbo‘zanay hamda ularning sheriklari yahudiylarning oldiga kelib: “Bu uyni ko‘tarishga, uni qayta qurishga kim sizlarga ijozat berdi?” deb so‘rashdi. 4 Binoni qurayotgan odamlarning ismlarini aytishni talab qilishdi*. 5 Lekin Xudo yahudiy oqsoqollariga nazarini solgan edi. Shuning uchun Fors amaldorlari shoh Doroga* maktub yuborishga qaror qildilar. “Maktubga javob kelmaguncha yahudiylarni to‘xtatmaymiz”, deb kelishib oldilar.

Shoh Doroga yuborilgan maktub

6 Furot daryosining g‘arbidagi viloyat hokimi Tattanay, Shatarbo‘zanay va ularning sheriklari — viloyat amaldorlari shoh Doroga maktub yubordilar. 7 Ular yuborgan maktubning mazmuni quyidagicha edi:


“Shoh Doro janobi oliylariga tinchlik–omonlik bo‘lsin!

8 Shoh janoblariga ma’lum bo‘lsinki, biz Yahudo viloyatida ulug‘ Xudoga atab qurilayotgan uyga borgan edik. Bu uy yo‘nilgan toshlardan va sadr yog‘ochidan qurilyapti. Ish qunt bilan qilinyapti, qurilish bir maromda ilgarilab boryapti. 9 Biz o‘sha yerdagi oqsoqollar bilan gaplashdik, ulardan: «Bu uyni ko‘tarishga, uni qayta qurishga kim sizlarga ijozat berdi?» deb so‘radik. 10 Sizni xabardor qilib qo‘yaylik deb, ularga boshchilik qilayotgan odamlarning ismlarini ham so‘radik.

11 Ularning bizga bergan javobi shu bo‘ldi: «Biz Samoviy Xudoning qullarimiz.

Biz tiklayotgan Xudoning bu uyi ancha yillar oldin Isroilning ulug‘ bir shohi tomonidan qurib bitkazilgan edi*. 12 Lekin ota–bobolarimiz Samoviy Xudoni g‘azablantirdilar. Shuning uchun Xudo ularni Xaldey qabilasidan bo‘lgan Bobil shohi Navuxadnazarning qo‘liga berdi*. Navuxadnazar bu uyni vayron qilib, xalqni Bobilga surgun qildi. 13-14 Xudoning uyidan oltin va kumush buyumlarni olib, Bobildagi ma’badga olib ketdi. Lekin Bobil shohi Kurush* o‘z hukmronligining birinchi yilida, Xudoning uyi qayta qurilsin, deb farmon chiqardi. U hatto Quddusdagi Ma’badga qarashli o‘sha oltin va kumush buyumlarni Bobildagi ma’baddan olib kelishni buyurib, Shashbazzar degan odamga berdi. Shoh Kurushning o‘zi Shashbazzarni Yahudoning hokimi* qilib tayinladi. 15 U Shashbazzarga shunday dedi: ‘Bu buyumlarni Quddusga olib bor. Xudoning uyini oldingi o‘rnida qurdirib, buyumlarni Ma’badga joylashtir.’

16 Shunda Shashbazzar kelib, Xudoning Quddusdagi uyi poydevorini yotqizdirdi*.

O‘shandan buyon hozirgacha qurilish davom etmoqda, hali tugagani yo‘q.»

17 Endi, shohimizga ma’qul bo‘lsa, Bobildagi shohlik yilnomalarini sinchiklab qarab chiqsalar. O‘shanda shoh Kurush Xudoning Quddusdagi o‘sha uyini qayta qurish uchun farmon chiqarganmi yoki yo‘qmi, ko‘radilar. Shohimiz bu ishga oid qarorlarini bizga ma’lum qilishlarini so‘raymiz.”


6–BOB

Shoh Kurushning farmoni qidiriladi

1 Shundan so‘ng shoh Doro*, Bobilda saqlanadigan hujjatlar sinchiklab qarab chiqilsin, deb farmon berdi. 2 Nihoyat, Midiya viloyatining markazi Ekbatana shahridagi arxivdan bir o‘rama qog‘oz* topildi. Unda quyidagilar yozilgan edi:


3 “Shoh Kurush* o‘z hukmronligining birinchi yilida Xudoning Quddusdagi uyiga oid shunday farmon chiqardi: Xudoning uyi oldingi o‘rnida qayta qurilsin, toki odamlar u yerda qurbonliklar keltira oladigan bo‘lishsin. Bu uyning balandligi oltmish tirsak*, kengligi ham oltmish tirsak bo‘lsin. 4 Devorlari yo‘nilgan tosh va yog‘ochdan qurilsin, har uch qator toshning ustiga bir qator yog‘och yotqizilsin. Xarajatlar shoh xazinasidan to‘lansin. 5 Bundan tashqari, Navuxadnazar Quddusdagi Ma’baddan Bobilga olib kelgan Xudoning uyiga tegishli buyumlar* ham Quddusga qaytarib olib borilsin. Hammasi Xudoning uyiga oldingiday joylashtirilsin.”

Shoh Doro Ma’baddagi ishlarni davom ettirishni buyuradi

6 Shoh Doro shunday maktub jo‘natdi: “Furot daryosining g‘arbidagi viloyat* hokimi Tattanay, Shatarbo‘zanay va ularning sheriklari — viloyat amaldorlari! Sizlar nari turinglar! 7 Xudoning uyidagi ishlarga aralashmanglar. Yahudo hokimi va yahudiy oqsoqollari Xudoning uyini oldingi o‘rnida qaytadan quraverishsin.

8 Bundan tashqari, sizlar yahudiy oqsoqollariga Xudoning uyini qayta qurishda quyidagicha yordam berishingizni amr qilaman: ish uchun kerak bo‘lgan hamma mablag‘ni ularga kechiktirmay yetkazib turinglar. Mablag‘ni Furot daryosining g‘arbidagi viloyatdan yig‘ilgan o‘lpondan — shoh xazinasidan to‘langlar.

9 Quddusdagi ruhoniylar Samoviy Xudoga har kuni kuydiriladigan nazrlarni keltira olishlari uchun ularni kerakli narsalar bilan ta’minlanglar. Ularga so‘raganini — buqa, qo‘chqor, qo‘zilarni, shuningdek, bug‘doy, tuz, sharob va zaytun moyini beringlar. 10 Shunda ular Samoviy Xudoga ma’qul keladigan qurbonliklarni nazr qila oladigan bo‘lishadi hamda meni va farzandlarimni duo qilib yurishadi. 11 Yana buyuraman: kim bu farmonimni o‘zgartirsa, o‘sha odamning uyidan xoda sug‘urib olinsin. Aybdor odam tik o‘rnatilgan xodaning uchiga qoqilsin. Qilgan jinoyati uchun uyi buzib tashlanib, go‘ngtepaga aylantirilsin. 12 Bu farmonimni o‘zgartirishga uringan yoki Xudoning Quddusdagi uyini yo‘qotishga harakat qilgan har qanday shoh yoki xalqni Xudoning O‘zi yo‘q qilsin. Zotan, Xudo ulug‘lanishi uchun O‘ziga Quddus shahrini tanlagan. Bu farmonni men, Doro, joriy qildim. Farmonim so‘zsiz bajarilsin.”

Ma’bad qurib bitkaziladi va Xudoga bag‘ishlanadi

13 Shoh Doro yuborgan buyruqqa muvofiq, Furot daryosining g‘arbidagi viloyat

hokimi Tattanay, Shatarbo‘zanay va ularning sheriklari shohning farmonini so‘zsiz bajarishdi. 14 Shunday qilib, yahudiy oqsoqollari Xudoning uyini quraverdilar, ish bir maromda ilgarilab borardi. Xaggey va Iddo o‘g‘li Zakariyo payg‘ambarlar esa bashoratlari bilan ularni ruhlantirib turdilar. Yahudiy oqsoqollari Isroil xalqining Xudosi amriga hamda Fors shohlari Kurush, Doro va Artaxshasning* farmonlariga ko‘ra, qurilishni tamomladilar. 15 Adar oyining* uchinchi kuni, shoh Doro hukmronligining oltinchi yilida* Xudoning uyi qurilishi tugatildi.

16 Isroil xalqi — ruhoniylar, levilar va surgundan qaytgan boshqa odamlar shod– xurramlik bilan uyni Xudoga bag‘ishladilar. 17 Ular Xudo uyining bag‘ishlanishiga atab, 100 ta buqa, 200 ta qo‘chqor, 400 ta qo‘zini qurbonlik qildilar. Isroil qabilalarining soniga ko‘ra, butun Isroil xalqi uchun 12 ta takani gunoh qurbonligi* qildilar. 18 So‘ng ruhoniy va levilarni guruhlarga bo‘ldilar, ularga Xudoning Quddusdagi uyida bajariladigan vazifalarni taqsimlab berdilar. Bularning hammasini Musoning kitobida yozilgan ko‘rsatmalar bo‘yicha qildilar.

Fisih ziyofati va Xamirturushsiz non bayrami

19 Surgundan qaytganlar keyingi yilning birinchi oyi* o‘n to‘rtinchi kunida Fisih ziyofatini o‘tkazdilar. 20 Ruhoniylar va levilar o‘zlarini pokladilar. Hammalari pok bo‘lganlaridan keyin, levilar surgundan qaytgan xalq uchun, ruhoniylar uchun va o‘zlari uchun Fisih qo‘zisini so‘ydilar. 21 Surgundan qaytgan Isroil xalqi Fisih taomidan tanovul qildi. Yurtdagi boshqa odamlar ham yahudiylarga qo‘shilib, Fisih taomidan tanovul qildilar. Ular Isroil xalqining Xudosiga — Egamizga sajda qilish uchun qo‘shni xalqlarning butparastlik udumlaridan voz kechgan edilar. 22 Hammasi shod–xurramlik bilan yetti kun davomida Xamirturushsiz non bayramini birgalikda nishonladilar. Ular xursand edilar, chunki Egamiz ularni Ossuriya shohining* iltifotiga sazovor qilgan edi. Ossuriya shohi ularga Isroil xalqi Xudosining uyini qayta qurishda yordam bergandi.


7–BOB

Ezra Quddusga keladi

1 Oradan ko‘p yillar* o‘tdi. Fors shohi Artaxshas* hukmronligi davrida Ezra degan bir odam bor edi. Uning nasabnomasi quyidagicha edi:


Ezra — Sarayoning o‘g‘li*, Sarayo — Ozariyoning o‘g‘li, Ozariyo — Xilqiyoning o‘g‘li,

2 Xilqiyo — Shallumning o‘g‘li, Shallum — Zodo‘xning o‘g‘li, Zodo‘x — Oxitobning o‘g‘li,

3 Oxitob — Emoriyoning o‘g‘li, Emoriyo — Ozariyoning o‘g‘li, Ozariyo — Maroyo‘tning o‘g‘li,

4 Maroyo‘t — Zaraxiyoning o‘g‘li,

Zaraxiyo — Uzzining o‘g‘li,

Uzzi — Bukkining o‘g‘li,

5 Bukki — Abushuvaning o‘g‘li,

Abushuva — Finxazning o‘g‘li,

Finxaz — Elazarning o‘g‘li,

Elazar — oliy ruhoniy Horunning o‘g‘li edi.


6-7 Ezra Isroil xalqining Xudosi — Egamizning Musoga bergan qonunini juda yaxshi biladigan mohir tafsirchi edi.

Shoh Artaxshas hukmronligining yettinchi yilida* Ezra Bobildan Quddusga tomon yo‘lga otlandi. Isroil xalqidan, ruhoniylardan, levilardan, qo‘shiqchilardan, Ma’bad darvozabonlaridan, Ma’bad xizmatkorlaridan ba’zilari ham Ezra bilan birga Quddusga ketmoqchi bo‘ldilar. Ezraga Egasi Xudo yor bo‘lgani uchun, shoh unga so‘ragan narsasini in’om qildi. 8-9 Birinchi oyning* birinchi kunida ular Ezraning boshchiligida Bobildan chiqdilar. Ezraga Xudoning marhamati yor bo‘lgani uchun, ular to‘rt oydan keyin — beshinchi oyning* birinchi kunida Quddusga yetib keldilar. 10 Ezra butun hayotini Egamiz bergan Tavrot kitobini o‘rganishga, unga amal qilishga, Tavrotdagi qonun– qoidalarni Isroil xalqiga o‘rgatishga bag‘ishlagan edi.

Shoh Artaxshasning Ezraga bergan xati

11 Egamizning Isroil xalqiga bergan amr va qonunlarining mohir tafsirchisi — ruhoniy Ezraga shoh Artaxshas maktub bergan edi. Maktubning mazmuni quyidagicha edi:


12 “Samoviy Xudo qonunlarining mohir tafsirchisi — ruhoniy Ezraga

shohanshoh Artaxshasdan salomlar bo‘lsin.

13 Mening shohligimda istiqomat qilayotgan Isroil xalqidan, shuningdek, ruhoniy va levilardan sen bilan Quddusga ketishni istagan har kimga ijozat berilsin, deb farmon beraman. 14 Men va yettita maslahatchim seni Yahudo yurti va Quddusga yuborib, u yerdagi vaziyatni tekshirib chiqishingga vakolat beramiz. Senga topshirilgan Xudoyingning qonuni u yerda ijro etilyaptimi yoki yo‘qmi, bilib kel. 15 Quddusda maskan qilgan Isroil xalqining Xudosiga biz ko‘ngildan chiqarib nazr qilgan kumush va oltinlarni ham o‘zing bilan olib ket. 16 Bobil viloyati bo‘ylab sen to‘playdigan hamma kumush va oltinni ol. Isroil xalqi va ularning ruhoniylari o‘z Xudosining Quddusdagi uyi uchun ko‘ngildan chiqarib beradigan nazrlarni ham olib ket.

17 Bu kumush va oltinga, birinchi navbatda, buqalar, qo‘chqorlar, qo‘zilar, ularga qo‘shib qilinadigan don bilan sharob nazrlarini sotib ol. Bularni Xudoyingning Quddusdagi uyi qurbongohida nazr qil. 18 Qolgan kumush va oltinni esa Xudoyingning xohishiga muvofiq, o‘zingga va hamkorlaringga ma’qul kelganicha ishlatsang bo‘ladi. 19 Xudoyingning uyida foydalanish uchun berilgan buyumlarni Quddusdagi Xudoga in’om qil. 20 Bordi–yu, Xudoyingning uyi uchun yana boshqa xarajatlar talab qilinsa, mablag‘ni shoh xazinasidan olishing mumkin.

21 Men, shoh Artaxshas, Furot daryosining g‘arbidagi viloyat* xazinabonlarining hammasiga farmon beraman: Samoviy Xudo qonunlarining mohir tafsirchisi — ruhoniy Ezra nima talab qilmasin, uning talabi so‘zsiz ijro etilsin. 22 200 pudga* qadar kumush, 1000 tog‘oraga* qadar bug‘doy, 200 ko‘zaga* qadar sharob, 200 ko‘zaga qadar moy va keragicha tuz berilsin.

23 Samoviy Xudo O‘z uyi uchun nimalarni amr qilgan bo‘lsa, o‘sha narsalar albatta muhayyo qilinsin. Mendan va mening merosxo‘rlarimdan Xudo g‘azablanmasin. 24 Biz yana sizlarni xabardor qilamizki, ruhoniylardan, levilardan, qo‘shiqchilardan, Ma’bad darvozabonlaridan, Ma’bad xizmatkorlaridan, Xudoning uyidagi boshqa xizmatkorlardan o‘lpon, soliq yoki xiroj olish man etiladi.

25 Sen esa, Ezra, Xudo bergan donolik bilan qozi va hakamlarni tayinla. Ular Furot daryosining g‘arbidagi viloyatda Xudoyingning qonunlarini biladigan jamiki xalqni hukm qilsinlar. Qonunlarni bilmaydigan odamlarga sizlar ta’lim beringlar. 26 Xudoyingning qonuniga va shohning qonuniga itoat qilmaganlarning hammasi albatta jazoga tortilsin: qatl qilinsin yoki surgun qilinsin, qamoqqa tashlansin yoki mol–mulki musodara qilinsin.”

Ezra Xudoni madh qiladi

27 Ota–bobolarimizning Xudosi — Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Egam Quddusdagi uyini sharaflash istagini shohning yuragiga soldi. 28 Egam Xudoning marhamati bilan men* shohning, uning maslahatchilari va barcha obro‘li a’yonlarining iltifotiga sazovor bo‘ldim.

Ezra safarga tayyorlanadi

Egam Xudo menga yor bo‘lgani uchun men dadil bo‘lib, Isroil yo‘lboshchilarini o‘zim

bilan olib ketgani to‘pladim.


8–BOB

Ezra bilan birga surgundan qaytib kelgan odamlar

1 Shoh Artaxshas* hukmronligi davrida men* bilan birga Bobildan ketgan

urug‘boshilar va ular bilan birga ro‘yxatga olinganlar quyidagilar edi:


2-3 Finxaz urug‘idan — Gershom. Itamar urug‘idan — Doniyor.

Dovud urug‘idan — Shaxaniyo naslidan bo‘lgan Xattush.

Paro‘sh urug‘idan — Zakariyo va u bilan birga ro‘yxatga olingan 150 nafar erkak.

4 Paxatmo‘ab urug‘idan — Zaraxiyo o‘g‘li Elixo‘nay va u bilan birga 200 nafar

erkak.

5 Zattu urug‘idan — Yaxaziyol o‘g‘li Shaxaniyo* va u bilan birga 300 nafar erkak.

6 Adin urug‘idan — Yo‘natan o‘g‘li Evid va u bilan birga 50 nafar erkak.

7 Elam urug‘idan — Otaliyo o‘g‘li Yeshayo va u bilan birga 70 nafar erkak.

8 Shafatiyo naslidan — Mikoyil o‘g‘li Zabadiyo va u bilan birga 80 nafar erkak.

9 Yo‘ab naslidan — Yoxiyol o‘g‘li Obodiyo va u bilan birga 218 nafar erkak.

10 Banix urug‘idan — Yo‘sifiyo o‘g‘li Shalumit* va u bilan birga 160 nafar erkak.

11 Bo‘vay urug‘idan — Bo‘vay o‘g‘li Zakariyo va u bilan birga 28 nafar erkak.

12 Ozgad urug‘idan — Xakkatan o‘g‘li Yo‘xanon va u bilan birga 110 nafar erkak.

13 Odonixam urug‘idan — Elifalet, Yaviyol, Shamayo va ular bilan birga 60 nafar erkak. Elifalet, Yaviyol va Shamayo qarindoshlari orasidan eng oxirgi bo‘lib qaytib keldilar*.

14 Big‘vay urug‘idan — Utay, Zakkur va ular bilan birga 70 nafar erkak.

Ezra Ma’badda xizmat qilish uchun levilarni chaqirtiradi

15 Men ularni Ohabo shahriga* oqib boradigan daryo bo‘yida to‘pladim. O‘sha joyda biz uch kun turdik. Men to‘planganlarni sinchiklab ko‘rib chiqdim, ularning orasida ruhoniylarni topdim, lekin levilar yo‘q edi. 16 Keyin yo‘lboshchilar Eliazarni, Oriyolni, Shamayoni, Elnatanni, Yorivni, Elnatanni, Natanni, Zakariyoni, Mashullomni hamda Tavrot ustozlari Yo‘xariv va Elnatanni chaqirtirdim. 17 Ularni Kosifiyodagi* levilarning yo‘lboshchisi Iddoning huzuriga jo‘natayotib, ularga shunday deb tayinladim: “Iddoning huzuriga borgach, unga, uning sheriklariga, Kosifiyodagi Ma’bad xizmatkorlariga aytinglar, Xudoning uyi uchun levilarni yuborishsin.” 18 Xudoyimizning marhamati bizga yor bo‘lgani uchun, ular Sharaviyo degan layoqatli bir odamni, o‘g‘illari va qarindoshlari bilan birga yubordilar. Sharaviyo Yoqub* o‘g‘li Levi naslining Maxli urug‘idan edi.

Kelganlar jami 18 nafar erkak edilar. 19 Shuningdek, Marori urug‘idan Xashaviyo va Yeshayo o‘g‘illari va qarindoshlari bilan birga yuborilgan edi. Ular jami 20 nafar erkak edilar. 20 Bulardan tashqari, 220 nafar Ma’bad xizmatkori ham yuborildi. Ularning hammasi nomma–nom qayd etilgan. Bu xizmatkorlarning ajdodlarini shoh Dovud va uning a’yonlari levilarga yordam berish uchun tayinlagan edilar.

Ezra ro‘za e’lon qiladi

21 Xudodan: “Bizni, bolalarimizni va butun mol–mulkimizni safarda saqlagin”, deb so‘rab, toat–ibodat qilishimiz uchun men Ohabo daryosi bo‘yida ro‘za e’lon qildim.

22 Shohdan: “Bizni yo‘lda dushmandan himoya qilish uchun bir guruh sipoh va otliqlar bering”, deb so‘rashga xijolat bo‘lardim. Chunki biz shohga: “Xudoyimiz Unga yuz burganlarning hammasiga marhamat qiladi, lekin Undan yuz o‘girganlarga g‘azabini sochadi”, deb aytgan edik. 23 Shunday qilib, biz ro‘za tutdik va Xudoyimizga, bizni saqlagin, deb iltijo qildik. Xudoyimiz bizning iltijolarimizni eshitdi.

Ma’bad uchun hadyalar

24 So‘ngra men bosh ruhoniylarning orasidan o‘n ikkita ruhoniyni — Sharaviyoni, Xashaviyoni va ularning qarindoshlaridan o‘ntasini tanlab oldim. 25 Xudoyimizning uyi uchun nazr qilingan kumush, oltin va buyumlarni ularning huzurida tarozida tortdim. Shoh, uning maslahatchilari, a’yonlari, Bobil viloyatidagi butun Isroil xalqi nazr qilgan bu hadyalarni ularga topshirdim. 26 Men ularga topshirgan nazrlarning miqdori quyidagicha edi:


1400 pud* kumush,

200 pud* kumush buyum, 200 pud oltin,

27 yarim pud* chiqadigan 20 ta oltin kosa,

qiymati oltinga teng bo‘lgan, sayqallangan a’lo sifatli 2 ta bronza buyum.


28 Men ularga shunday dedim: “Sizlar Egamizga bag‘ishlangansizlar, buyumlar ham Egamizga bag‘ishlangan. Bu kumush va oltinlar ota–bobolarimizning Xudosi — Egamizga chin ko‘ngildan nazr qilingan. 29 Sizlar bu nazrlarni Quddusga olib borgunlaringizgacha ehtiyot qilib saqlanglar. So‘ng bularni Egamizning uyi omborida bosh ruhoniylar, levilar va urug‘boshilar huzurida tarozida tortinglar.”

30 Shunday qilib, ruhoniylar va levilar tarozida tortilgan bu kumush, oltin va buyumlarni Xudoyimizning Quddusdagi uyiga olib borish uchun qabul qilib oldilar.

Quddusga safar

31 Birinchi oyning* o‘n ikkinchi kuni biz Ohabo daryosi bo‘yidan Quddus tomon yo‘lga tushdik. Xudoyimiz bizga yor edi. Yo‘lda ketayotganimizda, U bizni dushman hujumidan va qaroqchilardan himoya qildi. 32 Biz Quddusga yetib kelib, u yerda uch kun turdik. 33 To‘rtinchi kuni esa kumush, oltin va buyumlarni Xudoyimizning uyida tarozida tortib, Uriyo o‘g‘li ruhoniy Miromo‘tga topshirdik. Uning yonida Finxaz o‘g‘li ruhoniy Elazar, shuningdek, levilardan Yeshuva o‘g‘li Yo‘zabad va Binnuy o‘g‘li Novadiyo bor edilar. 34 O‘sha kuni biz hamma narsani tarozida tortib, hisoblab chiqdik, har bir narsaning vaznini yozib qo‘ydik.

35 Shundan so‘ng surgundan qaytib kelganlar Isroil xalqining Xudosiga qurbonliklar keltirdilar. Ular butun Isroil xalqi uchun 12 ta buqani, 96 ta qo‘chqorni, 77 ta qo‘zini Egamizga qurbonlik qilib kuydirdilar. Bulardan tashqari, xalqni gunohlaridan poklash uchun 12 ta takani qurbonlik qildilar. 36 So‘ng shohning farmonini Furot daryosining g‘arbidagi viloyat* noiblariga va hokimlariga olib bordilar. Noiblar bilan hokimlar xalqqa va Xudoning uyiga yordam ko‘rsatdilar.


9–BOB

Isroil xalqining xiyonati

1 Shu voqealardan keyin Isroil xalqining yo‘lboshchilari mening* oldimga kelib, shunday deyishdi: “Surgundan qaytgan Isroil xalqining ko‘pchiligi, hatto ba’zi ruhoniylar bilan levilar mahalliy xalqlardan o‘zlarini saqlamadilar. Ular Kan’on, Xet, Pariz, Yobus, Ommon, Mo‘ab, Misr va Amor xalqlarining jirkanch odatlarini o‘zlashtirib oldilar. 2 Yahudiy erkaklarining ba’zilari o‘sha xalqlarning qizlariga uylandilar, o‘g‘illariga ham o‘sha xalqlarning qizlaridan olib berdilar. Shu tariqa muqaddas xalq yurtdagi boshqa xalqlar bilan chatishib ketdi. Bu xiyonatni yo‘lboshchilar bilan amaldorlar boshlab berishdi.” 3 Men bu gaplarni eshitganimda qayg‘udan ko‘ylagim va ridoimni yirtib tashladim, soch–soqolimni yuldim. Qattiq iztirobda qoldim. 4 Surgundan qaytganlarning bu xiyonati dastidan Isroil Xudosining so‘zlaridan qo‘rqadigan hamma odamlar mening atrofimga to‘plandilar. Men esa kechki qurbonlik nazr qilinadigan paytgacha iztirob chekib o‘tiraverdim.

Ezra iltijo qiladi

5 Kechki qurbonlik paytida men hamon iztirob chekkanimcha o‘tirgan o‘rnimdan turdim. Ko‘ylaklarim va ridoim yirtilgan holatda tiz cho‘kdim. Egam Xudoga qo‘llarimni cho‘zib, 6 yolvordim:


“Ey Xudoyim! Qattiq xijolatdaman, huzuringda boshimni ko‘tarishga botinolmayman. Ey Xudoyim! Ayblarimiz boshimizdan ham oshib ketgan, gunohlarimiz tog‘day uyilib, osmonu falakka yetgan. 7 Ota–bobolarimiz davridan shu kungacha biz gunohga botib keldik. Ayblarimiz tufayli Sen bizni, shohlarimizni, ruhoniylarimizni boshqa yurtlarning shohlariga mag‘lub qilding. Ular bizni o‘ldirishdi, talon–taroj qilishdi, asir qilib olib ketishdi, xuddi

hozirgiday, biz sharmandali ahvolga tushdik.

8 Endi esa, ey Egamiz Xudo, Sen qisqa vaqt davomida bizga shafqatingni ko‘rsatib, bizni omon saqlading, muqaddas maskaning oldiga joylashtirding. Bizga umid berding, qulligimizda* ozgina bo‘lsa ham, halovat ato qilding. 9 Ey Xudoyimiz, biz qul bo‘lsak ham, Sen bizni tark etmading. Bizga marhamat ko‘rsatib, Fors shohining iltifotiga sazovor qilding. Bizga yangi hayot ato qilding, uyingni qayta qurishimizga, uni tiklashimizga imkoniyat berding, Yahudo yurtida va Quddusda bexatar yashashimizga imkoniyat yaratding.

10 Ey Xudoyimiz, endi nima ham derdik?! Bularning hammasidan keyin ham biz amrlaringga rioya qilmadik. 11 Sen payg‘ambar qullaring orqali shunday amr bergan eding: «Sizlar egalik qilish uchun kirayotgan bu yurt mahalliy xalqlarning butparast udumlari tufayli harom bo‘lgan. Xalqlar jirkanch odatlari bilan butun yurtni u boshidan bu boshigacha bulg‘adilar. 12 Shuning uchun ularga qiz uzatmanglar, o‘g‘illaringizga ularning qizlarini olib bermanglar. Ularga hech qachon tinchlik va farovonlikni ravo ko‘rmanglar. Shundagina sizlar kuchli bo‘lasizlar, yurtning a’lo hosilidan yeb, rohatlanasizlar, bu yurtni bolalaringizga abadiy meros qilib qoldirasizlar.»

13 Qabih ishlarimiz, o‘zlarimizning ayblarimiz boshimizga tushgan hamma ko‘rgiliklarga sabab bo‘ldi. Aslida, ey Xudoyim, Sen bizni gunohlarimiz uchun yanada ko‘p jazolashing kerak edi, lekin unday qilmading, ayrimlarimizni omon saqlading. Mana shulardan keyin ham 14 biz amrlaringni buzdik. Jirkanch odatlarga mukkasidan ketgan xalqlar bilan quda–andachilik qildik! Endi Sen bizdan g‘azablanib, birontamizni ham tirik qoldirmay qirib tashlashing aniq!

15 Ey Isroil xalqining Xudosi — Egamiz, Sen adolatlisan. Shunga qaramay, shu kungacha Sen bizni asrab kelding. Sening oldingda turishga haqimiz yo‘q, lekin mana, ayblarimiz bilan oldingda turibmiz.”


10–BOB

Xalq gunohi uchun tavba qiladi

1 Ezra Xudoning uyi oldida o‘zini yerga otib yig‘laganicha, xalqning gunohlarini e’tirof etdi. U Xudoga iltijo qilayotganda, atrofiga Isroildan katta jamoa — erkagu ayol, bolalar yig‘ilishdi. Xalq ham achchiq–achchiq yig‘lardi. 2 Elam naslidan Yoxiyol o‘g‘li Shaxaniyo Ezraga shunday deya murojaat qildi: “Biz mahalliy xalqlarning butparast

ayollariga uylanib, Xudoyimizga xiyonat qildik. Lekin shunga qaramay, biz — Isroil xalqi uchun hali ham umid bor! 3 Keling, Xudoyimiz bilan ahd qilaylik. Hazratim, sizning maslahatingizga ko‘ra va Xudoyimizning so‘zlaridan qo‘rqadiganlarning maslahatiga ko‘ra, barcha butparast xotinlarni bolalari bilan birga qo‘yib yuboraylik. Xudoning qonuniga amal qilaylik. 4 Qani hazratim, ishga kirishing, bu sizning burchingizdir. Biz siz bilanmiz. Dadil bo‘ling, ishni boshlang.”

5 Shunda Ezra o‘rnidan turib, ruhoniylarning, levilarning va butun Isroil xalqining boshliqlariga, aytilganlarni qilamiz, deb ont ichirdi. Hammalari ont ichdilar. 6 So‘ng Ezra Xudoning uyi oldidan ketib, Eliashab o‘g‘li Yohuxanonning xonasiga bordi, tunni o‘sha yerda o‘tkazdi. U* na non yedi, na suv ichdi, surgundan qaytganlarning xiyonatkorligi dastidan qayg‘urayotgan edi.

7 “Surgundan qaytganlarning hammasi Quddusga to‘plansin”, deb Yahudo yurti va Quddus bo‘ylab jar solindi. 8 “Agar kimki uch kun ichida kelmasa, yo‘lboshchilarning va oqsoqollarning buyrug‘iga ko‘ra, ularning hamma mol–mulki musodara qilinsin, o‘zlari surgundan qaytganlar jamoasidan chiqarilsin”, deb xabar berildi.

9 Uch kun ichida Yahudo va Benyamin hududida yashayotganlarning hammasi Quddusda to‘plandi. Bu voqea to‘qqizinchi oyning* yigirmanchi kunida ro‘y berdi. Odamlar Xudoning uyi oldidagi hovlida joylashib o‘tirdi. Ahvolning jiddiyligidan va kuchli yomg‘ir yog‘ayotganidan xalq titrardi. 10 Ruhoniy Ezra o‘rnidan turib, xalqqa dedi: “Sizlar butparast ayollarga uylanib, Egamizga xiyonat qildingizlar, Isroil xalqining ayblari ustiga ayb orttirdingizlar. 11 Endi ota–bobolaringizning Xudosi — Egamiz oldida bu gunohlaringizni tan olinglar, Uning xohishi bo‘yicha ish tutinglar. O‘zlaringizni mahalliy xalqlardan ayirib, butparast xotinlaringizni qo‘yib yuboringlar.” 12 Shundan keyin butun jamoa baland ovoz bilan javob berdi: “Siz haqsiz! Aytganlaringizni qilamiz. 13 Lekin xalq ko‘p, yomg‘ir ham yog‘yapti, shuning uchun ochiq joyda tura olmaymiz.

Oramizdagi ko‘pchilik bu gunohga qo‘l urgan, shuning uchun bu masalani bir–ikki kunda hal qilib bo‘lmaydi. 14 Mayli, yo‘lboshchilarimiz Quddusda qolsinlar, ular bu ishning mas’uliyatini o‘z zimmalariga olsinlar. Butparast ayollarga uylanganlarning hammasi belgilangan vaqtda o‘z shahar oqsoqoli va hakami bilan birga kelishsin. Bu qilmishimizdan g‘azablangan Xudo shunda g‘azabidan tushadi.” 15 Faqat Osoyil o‘g‘li Yo‘natan bilan Tixvo o‘g‘li Yaxziyo bu taklifga qarshi chiqdilar, levilardan Mashullom va Shabbatay ham ularni qo‘llab–quvvatladilar.

16 Shunday qilib, surgundan qaytganlar berilgan taklifni qabul qildilar. Ruhoniy Ezra urug‘boshilar orasidan odamlarni tayinlab, ularning ismlarini yozib qo‘ydi. O‘ninchi oyning* birinchi kuni ular bu ishni tekshirishga kirishdilar. 17 Birinchi oyning* birinchi kuniga kelib, butparast ayollarga uylangan barcha erkaklar bilan bog‘liq bo‘lgan masala ko‘rib chiqildi.

Butparast ayollarga uylanganlarning ro‘yxati

18 Butparast ayollarga uylangan odamlar quyidagilardir: Ruhoniylardan:

Yohuzadax* o‘g‘li Yoshuaning urug‘idan va uning hamkorlaridan — Masiyo, Eliazar, Yoriv va Gadaliyo. 19 Ular xotinlarini qo‘yib yuborishga ont ichdilar va ayblari uchun bitta qo‘chqorni ayb qurbonligi qildilar.

20 Immar urug‘idan — Xonin va Zabadiyo.

21 Xarim urug‘idan — Masiyo, Ilyos, Shamayo, Yoxiyol va Uzziyo.

22 Pashxur urug‘idan — Eliyo‘nay, Masiyo, Ismoil, Natanil, Yo‘zabad va Elasax.


23 Levilardan:


Yo‘zabad, Shimax, Kilayox (Kilit deb ham aytiladi), Patixiyo, Yahudo va Eliazar.


24 Qo‘shiqchilardan:


Eliashab.

Ma’bad darvozabonlaridan:


Shallum, Talim va Uri.


25 Isroil xalqining qolganlaridan:


Paro‘sh urug‘idan — Romiyo, Yiziyo, Malkiyo, Miyomin, Elazar, Malkiyo va Binayo.

26 Elam urug‘idan — Mattaniyo, Zakariyo, Yoxiyol, Abdi, Yorimo‘t va Ilyos.

27 Zattu urug‘idan — Eliyo‘nay, Eliashab, Mattaniyo, Yorimo‘t, Zabad va Azizax.

28 Bo‘vay urug‘idan — Yohuxanon, Xanoniyo, Zabbay va Otley.

29 Banix urug‘idan — Mashullom, Mallux, Odayo, Yoshuv, Shayol va Yorimo‘t.

30 Paxatmo‘ab urug‘idan — Adna, Xilol, Binayo, Masiyo, Mattaniyo, Bazalil, Binnuy va Manashe.

31 Xarim urug‘idan — Eliazar, Ishshiyo, Malkiyo, Shamayo, Shimo‘n, 32 Benyamin, Mallux, Shamariyo.

33 Xashum urug‘idan — Mattanay, Mattatax, Zabad, Elifalet, Yorimay, Manashe va Shimax.

34 Banix urug‘idan — Maday, Imrom, Uval, 35 Binayo, Bidayo, Xalux, 36 Vaniyo,

Miromo‘t, Eliashab, 37 Mattaniyo, Mattanay va Yasoy.

38 Binnuy urug‘idan — Shimax*, 39 Shalamiyo, Natan, Odayo, 40 Maxnadbay, Shoshay, Shoroy, 41 Ozariyol, Shalamiyo, Shamariyo, 42 Shallum, Emoriyo va Yusuf.

43 Navo urug‘idan — Yaviyol, Mattitiyo, Zabad, Zabino, Yadday, Yo‘el va Binayo.


44 Yuqoridagilarning hammasi butparast ayollarga uylangan edilar. O‘sha ayollardan ayrimlari ularga farzandlar ham tug‘ib bergan edilar*.

IZOHLAR

Fors shohi Kurush — Kir ismi bilan ham tanilgan. Miloddan oldingi 539 yilda Midiya va Fors lashkarlari shoh Kurush boshchiligida Bobilni bosib olishdi. Shoh Kurush miloddan oldingi 530 yilgacha Bobilda hukmronlik qildi.

shoh Artaxshas — Artakserks ismi bilan ham tanilgan bo‘lib, miloddan oldingi 465-424 yillarda hukmronlik qilgan.

1:1 Kurush hukmronligining birinchi yili — miloddan oldingi 538 yil. Midiya va Fors lashkarlari shoh Kurush boshchiligida Bobil shahrini miloddan oldingi 539 yilda bosib olgan edilar. Shoh Kurush miloddan oldingi 530 yilgacha Bobilda hukmronlik qildi. U Kir ismi bilan ham tanilgan.

1:1 Egamizning Yeremiyo orqali bildirgan so‘zlari — Yeremiyo 25:11, 29:10 ga qarang.

1:7 Bu buyumlarni shoh Navuxadnazar Quddusdan olib kelib… — 4 Shohlar 25:13-15 ga qarang. Navuxadnazar miloddan oldingi 605-562 yillarda Bobilda hukmronlik qilgan. Miloddan oldingi 586 yilda u Quddusni vayron qilib, aholining asosiy qismini Bobilga surgun qilgan edi (4 Shohlar 25:1-21 ga qarang).

1:7 xudolari — yoki xudosi.

1:8 Yahudo yo‘lboshchisi — ibroniycha matnda Yahudo shahzodasi, Shashbazzar o‘z xalqining e’tiborlik yo‘lboshchisi bo‘lgani uchun unga nisbatan mana shu unvon ishlatilgan. U shohlar sulolasidan emas edi. Shashbazzar shoh Kurush tomonidan Yahudo hokimi qilib tayinlangandi (5:13-14 ga qarang).

1:9 boshqa idishlar — yoki pichoqlar.

1:11 5400 — shu bobning 9-10–oyatlarida ro‘yxati berilgan buyumlarning umumiy soni 5400 ta emas, balki 2499 ta. 9-10–oyatlarda faqat eng muhim buyumlarning ro‘yxati keltirilgan bo‘lishi mumkin, umumiy songa esa hamma buyumlarning soni kiritilgan.

2:1-2 Bobil shohi Navuxadnazar asir qilib olib ketgan yahudiylar — 1:7 ning birinchi izohiga qarang.

2:1-2 Sarayo — Naximiyo 7:6-7 ning ibroniycha matnida bu ismning boshqa varianti Ozariyo. Shu bobning 1-60–oyatlarida keltirilgan ro‘yxatdagi ba’zi ismlar Naximiyo kitobining 7:6-62 ro‘yxatidagi ismlardan bir oz farq qiladi.

2:42 Ma’bad darvozabonlari — ularning vazifalari tafsiloti 1 Solnomalar 9:22-29 da berilgan.

2:55 Sulaymon qarollari — 3 Shohlar 9:20-21 va 2 Solnomalar 8:7-8 ga qarang.

2:63 Yahudo hokimi — bu o‘rinda qaysi Yahudo hokimi haqida gap ketayotgani aniq emas. Bu paytda Zarubabel hokimlik qilgan, deb taxmin qilish mumkin (shu bobning 1- 2–oyatlari, 3:2, 4:2 va Xaggey 2:2, 21 ga qarang).

2:63 Urim va Tummim — ayrim hollarda ruhoniylar Xudoning xohishini bilish uchun foydalanadigan ikkita muqaddas narsa. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun Chiqish 28:15 ning ikkinchi izohiga qarang.

2:64 42.360 kishi — shu bobning 3-60–oyatlarida ro‘yxati berilgan odamlarning jami

42.360 ta emas, balki 29.818 ta. Oyatda qaytib kelgan odamlarning umumiy soni berilgan, ro‘yxatga esa Yahudo yurtiga qaytib kelgan ba’zi odamlargina kiritilgan bo‘lishi mumkin.

2:69 61.000 oltin tanga — ibroniycha matnda 61.000 oltin darik. Darik oltin tanga bo‘lib, taxminan 8 grammga to‘g‘ri keladi, demak, berilgan oltinning umumiy og‘irligi taxminan 500 kiloga to‘g‘ri keladi.

2:69 190 pud — ibroniycha matnda 5000 mina, taxminan 3 tonnaga to‘g‘ri keladi.

2:70 …Quddusga…borib joylashdilar — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi …o‘z shaharlariga o‘rnashdilar, butun Isroil xalqi ham o‘z shaharlariga o‘rnashdi. Shu bobning 1-2–oyatlariga qarang.

3:1 yettinchi oy — ibroniy kalendarining Tishri oyi nazarda tutilgan (Tishri oyi Itanim oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan sentabrning o‘rtasidan boshlanadi.

3:1 …yettinchi oyda hammasi Quddusda yig‘ilishdi — bu o‘rinda miloddan avvalgi 538 yil, Kurush Bobilda hukmronlik qilishni boshlagan yil haqida gap ketayotgan bo‘lishi mumkin (1:1 ga va o‘sha oyatning birinchi izohiga qarang).

3:2 Yohuzadax — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Yo‘zadax (shu bobning 8–oyatida ham bor).

3:2 Shaltiyol o‘g‘li Zarubabel — 1 Solnomalar 3:17-19 ga ko‘ra, Zarubabel Shaltiyolning ukasi Podiyoning o‘g‘li edi. Shaltiyol va Podiyo surgun qilingan Yahudo shohi Yohayxinning o‘g‘illari bo‘lib, Shaltiyol to‘ng‘ich farzand edi (4 Shohlar 24:8-17 ga qarang). Shaltiyolning o‘g‘li bo‘lmaganiga ikki taxmin mavjud: u befarzand edi yoki farzandlari bo‘lgan–u, ammo hammasi halok bo‘lgan. Sababi nima bo‘lishidan qat’iy nazar, shoh sulolasi Podiyo orqali davom etgan. Matndagi “Shaltiyol o‘g‘li” iborasi Zarubabel shoh Yohayxinning haqqoniy taxt vorisi ekanligini ko‘rsatadi.

3:4 Chayla bayrami — yettinchi oyning o‘n beshinchi kunidan boshlab yetti kun

davomida nishonlangan (Levilar 23:33-43 ga qarang).

3:7 Fors shohi Kurush — 1:1 ning birinchi izohiga qarang.

3:7 Yaffa shahri — O‘rta yer dengizi bo‘yida joylashgan bo‘lib, Quddus uchun bandargoh vazifasini o‘tagan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi BANDARGOH so‘ziga qarang.

3:7 Sidonliklar va Tirliklar — Sidon va Tir Finikiyada muhim ahamiyatga ega bo‘lgan shaharlar. Bu shaharlar Isroildan shimolda, O‘rta yer dengizi bo‘yida joylashgan edi. Bugungi kunda bu yer Livan mamlakatining janubiy qismini tashkil qiladi.

3:8 ikki oy — ibroniy kalendarining ikkinchi oyi, Ziv oyi nazarda tutilgan. Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan aprelning o‘rtasidan boshlanadi. Shoh Sulaymon Ma’badni aynan shu oyda qurishni boshlagan edi (3 Shohlar 6:1 ga qarang).

3:9 Xo‘daviyo — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Yahudo. Uning

Xo‘daviyo degan shakli 2:40 dan olingan.

4:2 Ossuriya shohi Isarxaddo‘n — miloddan oldingi 681-669 yillarda Ossuriyada

hukmronlik qilgan. Bu parchada aytib o‘tilgan odamlar mazkur hududga miloddan

oldingi 677 yoki 676 yilda, Isarxaddo‘n Suriyani bosib olganda olib kelingan bo‘lishlari mumkin. Ossuriya shohlari turli xalqlarni Samariya yerlariga ko‘chirtirib kelib o‘rnashtirganlar (4 Shohlar 17:24-34 ga qarang). Bu xalqlar ham Xudoga, ham butlarga sig‘inganlar.

4:3 Fors shohi Kurush — 1:1 ning birinchi izohiga qarang.

4:5 …Fors shohi Kurushning butun hukmronligi davomida…to Doro taxtni egallab, Fors shohi bo‘lgunga qadar… — Kurush miloddan oldingi 539-530 yillarda, Doro miloddan oldingi 522-486 yillarda hukmronlik qilgan. Shu bobning 24–oyati 1-5–oyatlarning davomidir. 6-23–oyatlarda tasvirlangan voqea ancha keyin sodir bo‘lgan. Bu voqea Ezra Quddusga qaytib kelganiga taxminan 13 yil bo‘lganda ro‘y bergan edi. O‘sha paytda Naximiyo hali Quddusga qaytib kelmagan bo‘lishi mumkin.

4:6 Bir necha yildan keyin… — shu bobning 5–oyati izohiga qarang.

4:6 shoh Axashverash — Kserks ismi bilan ham tanilgan bo‘lib, miloddan oldingi 486- 465 yillarda hukmronlik qilgan.

4:7 Fors shohi Artaxshas — Artakserks ismi bilan ham tanilgan bo‘lib, miloddan oldingi 465-424 yillarda hukmronlik qilgan.

4:7 oramiycha — asl matnning 4:8 dan 6:18 gacha bo‘lgan qismi ibroniy tilida emas,

oramiy tilida yozilgan.

4:7 …tarjima qilindi — fors tiliga bo‘lishi mumkin.

4:10 Samariya — poytaxtning nomi bo‘lib, sobiq Isroilga, ya’ni shimoliy shohlikka

nisbatan ishlatilgan.

4:10 Furot daryosining g‘arbidagi viloyat — Fors shohligiga qarashli bo‘lgan katta bir viloyat. Bu viloyat Furot daryosi bilan O‘rta yer dengizi oralig‘ida joylashgan bo‘lib, Yahudo yurtini ham o‘z ichiga olgan edi.

4:10 …shoh O‘snapar…olib kelib o‘rnashtirgan turli xalqlardan… — shoh O‘snapar yana Ashshurbanapal ismi bilan tanilgan bo‘lib, Isarxaddo‘nning o‘g‘li edi (shu bobning 2– oyatiga qarang). O‘snapar miloddan oldingi 669-626 yillarda Ossuriyada hukmronlik qilgan. Ossuriya shohlari turli xalqlarni Samariya yerlariga ko‘chirtirib kelib o‘rnashtirganlar (4 Shohlar 17:24-34 ga qarang).

4:24 Fors shohi Doro hukmronligining ikkinchi yiligacha… — miloddan oldingi 520 yil. Doro miloddan oldingi 522-486 yillarda hukmronlik qilgan.

5:2 Shaltiyol o‘g‘li Zarubabel — 3:2 ning ikkinchi izohiga qarang.

5:2 Yohuzadax — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Yo‘zadax.

5:3 Furot daryosining g‘arbidagi viloyat — 4:10 ning ikkinchi izohiga qarang.

5:4 Binoni qurayotgan odamlarning ismlarini aytishni talab qilishdi — yoki Yahudiy oqsoqollari ularga binoni qurayotgan odamlarning ismlarini aytib berishdi.

5:5 shoh Doro — 4:24 izohiga qarang.

5:11 …Xudoning bu uyi…Isroilning ulug‘ bir shohi tomonidan qurib bitkazilgan edi — miloddan oldingi 960-953 yillarda shoh Sulaymon Quddusdagi Ma’badni qurdirgan edi (3 Shohlar 6:1, 38 oyatlarga va 3 Shohlar 6:1 ning birinchi izohiga qarang).

5:12 …Xudo ularni…Navuxadnazarning qo‘liga berdi — 1:7 ning birinchi izohiga qarang.

5:13-14 Bobil shohi Kurush — forslar Bobil shohligini bosib olganlari uchun, Fors shohi Kurushni Bobil shohi Kurush deb ham atashardi. 1:1 ga va o‘sha oyatning birinchi izohiga qarang.

5:13-14 Yahudoning hokimi — 1:8 izohiga qarang.

5:16 …Shashbazzar kelib, Xudoning Quddusdagi uyi poydevorini yotqizdirdi — aslida bu ish bevosita Zarubabel boshchiligida amalga oshirilgan edi (3:8-11 ga va Zakariyo 4:9 ga qarang). Lekin yahudiy oqsoqollari, Ma’bad poydevorini Shashbazzar yotqizgan, deb aytishardi. Chunki shoh Kurush Shashbazzarni Yahudo hokimi qilib tayinlagan edi (shu bobning 14–oyatiga qarang). Bu ish rasman Shashbazzar hokimiyati ostida bajarilgan edi.

6:1 shoh Doro — 4:24 izohiga qarang.

6:2 o‘rama qog‘oz — papirus yoki oshlangan teridan qilingan uzun o‘ralgan qog‘oz. Qadimgi paytlarda kitoblar odatda o‘rama qog‘oz shaklida bo‘lgan.

6:3 Shoh Kurush — 1:1 ning birinchi izohiga qarang.

6:3 oltmish tirsak — taxminan 27 metrga to‘g‘ri keladi.

6:5 …Navuxadnazar…Bobilga olib kelgan Xudoning uyiga tegishli buyumlar… — 1:7 ning birinchi izohiga qarang.

6:6 Furot daryosining g‘arbidagi viloyat — 4:10 ning ikkinchi izohiga qarang.

6:14 Artaxshas — 4:7 ning birinchi izohiga qarang. Artaxshas Ma’bad qayta qurilgandan keyin hukmronlik qilgan (shu bobning 15–oyatiga qarang). Ammo u Ezra davrida Ma’bad ehtiyojlari va sajda marosimlari uchun mablag‘ ajratib, rasmiy yordam ko‘rsatgani sababli uni bu oyatdagi shohlar ro‘yxatiga qo‘shishgan bo‘lishi mumkin (7:11-26 ga qarang).

6:15 Adar oyi — ibroniy kalendarining o‘n ikkinchi oyi. Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan fevralning o‘rtasidan boshlanadi.

6:15 shoh Doro hukmronligining oltinchi yili — miloddan oldingi 515 yil.

6:17 gunoh qurbonligi — birortasi bilmay qilgan gunohi uchun Xudodan kechirim so‘rab keltirgan qurbonligi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi QURBONLIK so‘zi ostida berilgan GUNOH QURBONLIGI iborasiga qarang.

6:19 birinchi oy — miloddan oldingi 515 yilning birinchi oyi (shu bobning 15–oyatiga berilgan ikkinchi izohga qarang). Ibroniy kalendarining Nison oyi nazarda tutilgan (Nison oyi Abib oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan martning o‘rtasidan boshlanadi.

6:22 Ossuriya shohi — Fors shohi Doro nazarda tutilgan. Forslar Bobil shohligini zabt etgan edilar. Ossuriya shohligi Bobil shohligi tarkibida bo‘lgani uchun, bu oyatda shoh Doro Ossuriya shohi deb atalgan.

7:1 ko‘p yillar — taxminan 60 yil.

7:1 Fors shohi Artaxshas — 4:7 ning birinchi izohiga qarang.

7:1 …o‘g‘li… — bu o‘rindagi ibroniycha so‘z avlodi degan ma’noni ham berishi mumkin.

Odatda Muqaddas Kitobda berilgan nasabnomalarda hamma nasllarning to‘liq ro‘yxati berilmay, faqat ma’lum bir avlodning ma’lum bir ajdoddan kelib chiqqani ko‘rsatiladi.

7:6-7 Shoh Artaxshas hukmronligining yettinchi yili — miloddan oldingi 458 yil. 4:7 ning birinchi izohiga qarang.

7:8-9 Birinchi oy — ibroniy kalendarining Nison oyi nazarda tutilgan (Nison oyi Abib oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan martning o‘rtasidan boshlanadi.

7:8-9 beshinchi oy — ibroniy kalendarining Av oyi nazarda tutilgan. Hozirgi kalendarga

ko‘ra, bu oy taxminan iyulning o‘rtasidan boshlanadi.

7:21 Furot daryosining g‘arbidagi viloyat — 4:10 ning ikkinchi izohiga qarang.

7:22 200 pud — oramiycha matnda 100 talant, taxminan 3,4 tonnaga to‘g‘ri keladi.

7:22 1000 tog‘ora — oramiycha matnda 100 kor, taxminan 22 tonnaga to‘g‘ri keladi.

7:22 200 ko‘za — oramiycha matnda 100 bat, taxminan 2200 litrga to‘g‘ri keladi (shu

oyatning davomida ham bor).

7:28 men — 7:27-9:15 dagi hamma voqealar Ezra nomidan, ya’ni birinchi shaxs tilidan

hikoya qilinadi.

8:1 Shoh Artaxshas — 4:7 ning birinchi izohiga qarang.

8:1 men — ya’ni Ezra (7:28 izohiga qarang).

8:5 Zattu urug‘idan — Yaxaziyol o‘g‘li Shaxaniyo… — qadimiy yunoncha tarjimadan (yana 2:8 ga qarang). Ibroniycha matnda Shaxaniyo urug‘idan — Yaxaziyol o‘g‘li….

8:10 Banix urug‘idan — Yo‘sifiyo o‘g‘li Shalumit… — qadimiy yunoncha tarjimadan (yana 2:10 ga qarang). Ibroniycha matnda Shalumit urug‘idan — Yo‘sifiyo o‘g‘li….

8:13 Elifalet, Yaviyol va Shamayo…eng oxirgi bo‘lib qaytib keldilar — yoki Ular keyinroq qaytib keldilar.

8:15 Ohabo shahri — Bobil yurtida joylashgan.

8:17 Kosifiyo — bu yer aynan qayerda joylashgani ma’lum emas. Surgundagi yahudiylar Kosifiyoda yashashgan va u yerda o‘zlariga sajdagoh barpo qilgan bo‘lishlari mumkin.

8:18 Yoqub — ibroniycha matnda Isroil, Yoqubning yana bir ismi (Ibtido 32:27-28 ga qarang).

8:26 1400 pud — ibroniycha matnda 650 talant, taxminan 22 tonnaga to‘g‘ri keladi.

8:26 200 pud — ibroniycha matnda 100 talant, taxminan 3,4 tonnaga to‘g‘ri keladi (shu

oyatning davomida ham bor).

8:27 yarim pud — ibroniycha matnda 1000 darik, taxminan 8,5 kiloga to‘g‘ri keladi.

8:31 Birinchi oy — miloddan oldingi 458 yilning birinchi oyi. 7:6-9 ga va o‘sha

oyatlarning izohlariga qarang.

8:36 Furot daryosining g‘arbidagi viloyat — 4:10 ning ikkinchi izohiga qarang.

9:1 men — ya’ni Ezra (7:28 izohiga qarang).

9:8 qulligimiz — ular hamon boshqa bir davlatga qaram bo‘lgani nazarda tutilgan.

10:6 …Yohuxanonning xonasiga bordi, tunni o‘sha yerda o‘tkazdi. U… — yoki

…Yohuxanonning xonasiga ketdi. O‘sha yerda bo‘lganda….

10:9 to‘qqizinchi oy — miloddan oldingi 458 yilning to‘qqizinchi oyi (7:6-7 ga va o‘sha oyatlarning izohiga qarang). Ibroniy kalendarining Xislav oyi nazarda tutilgan. Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan noyabrning o‘rtasidan boshlanadi.

10:16 O‘ninchi oy — miloddan oldingi 458 yilning o‘ninchi oyi (7:6-7 ga va o‘sha oyatlarning izohiga qarang). Ibroniy kalendarining Tabat oyi nazarda tutilgan. Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan dekabrning o‘rtasidan boshlanadi.

10:17 birinchi oy — ibroniy kalendarining Nison oyi nazarda tutilgan (Nison oyi Abib oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan martning o‘rtasidan boshlanadi.

10:18 Yohuzadax — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Yo‘zadax.

10:37-38 …va Yasoy. 38 Binnuy urug‘idan — Shimax… — qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda …Yasoy, 38 Banix, Binnuy, Shimax….

10:44 O‘sha ayollardan ayrimlari ularga farzandlar ham tug‘ib bergan edilar — yoki

Ular xotinlari bilan ajrashib, xotinlarini bolalari bilan birga jo‘natib yubordilar.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru