Muqaddas Kitob


YEREMIYO

PAYG‘AMBARNING

MARSIYASI

Kirish

Mazkur kitob miloddan oldingi 586 yilda Quddusning qulashi va Yahudo xalqining Bobilga surgun qilinishi munosabati bilan yozilgan. Kitob beshta she’riy to‘plamdan, ya’ni besh bobdan tashkil topgan. Chuqur qayg‘u ifodasi bo‘lgan bu she’rlar marsiya deb ataladi. Mazkur she’rlar Quddus shahri nomidan va “payg‘ambar” deb atalgan kitob muallifi nomidan bayon qilingan. Bu kitob muallifi Yeremiyo payg‘ambardir.

Quddus o‘z gunohlari uchun jazo tortayotganini Yeremiyo payg‘ambar tan oladi, lekin u Quddus va Ma’bad vayron bo‘lganidan, Yahudo aholisi asirlikka olib ketilganidan qattiq qayg‘uradi. Biroq umid uchqunlari o‘shanday musibatli damlarda ham o‘chmaydi. Kitob muallifi Xudoning ezguligiga, sevgisiga va sadoqatiga qattiq ishonadi. U Xudoga yolvorib, xalqqa rahm–shafqat qilishini so‘raydi.


1–BOB



1 Voy sho‘rim!

Quddusning boshiga kelgan kulfat

Odamlarga to‘lib–toshgan bir vaqtlar,

Naqadar yolg‘izdir endi bu shahar! Xalqlar orasida shuhrat qozongan, Endi bir beva ayolga u o‘xshab qolgan. U viloyatlar orasida malikaday edi, Endi u bir cho‘riga o‘xshab qoldi.


2 Kechalari u achchiq–achchiq yig‘laydi, Ko‘zlaridan yoshlar oqadi.

Uni yupatadigan biron kimsa Yo‘qdir o‘ynashlarining orasida. Do‘stlari unga xiyonat qilishdi, Unga dushman bo‘lib qolishdi.


3 Yahudo* xalqi surgun bo‘lib, azoblar tortdi, Tutqunlikning mashaqqatini u totib ko‘rdi. Begona xalqlar orasida o‘rnashganda,

O‘ziga orom topa olmadi.

U tang ahvolga tushib qolganda,

Ta’qib etuvchilar uni qo‘lga oldi.


4 Quddusga* boradigan yo‘llar tutyapti motam,

Axir, belgilangan bayramlarga kelmas biror ham odam.


Shaharning hamma darvozalari huvullab qoldi,

Ruhoniylari xo‘rsinib o‘tiribdi. Qudduslik qizlar* qayg‘uga botgan, Quddusning o‘zi ham iztirobda qolgan.


5 Quddusga dushmanlari bosh bo‘ldi, Uning g‘animlari ravnaq topdi.

Quddus behad ko‘p gunoh qildi,

Shu sababdan Egamiz uni azobga soldi. Quddusning farzandlari surgun qilindi, G‘animlari ularni olib ketdi.


6 Qiz* Quddus o‘z savlatini yo‘qotdi.

Yo‘lboshchilari o‘tloq topa olmagan kiyikka o‘xshaydi.

Ovchidan qochishga ularning madori qolmadi.


7 Kulfatu sargardonlik kunlarida Quddus oldingi xazinalarini esladi.

Uning aholisi dushmanlarga* taslim bo‘lganda, Quddusga yordam beradigan hech kim yo‘q edi. G‘animlari uning qulashini tomosha qilib, Quddusni masxara qilardi.


8 Ha, Quddus jirkanch gunohga qo‘l urdi, Atrofdagilarga u kulgi bo‘ldi.

Oldin uni e’zozlaganlarning hammasi

Endi undan hazar qiladi.

Quddusning sharmandaligini ular ko‘rdilar. Mana endi Quddus xo‘rsinib o‘tiribdi, Hammadan yuzini yashirib o‘tiribdi.


9 Uning nopokligi kiyimini dog‘ qildi, Kelajagi haqida u qayg‘urmadi.

U dahshatli tarzda quladi, Uning yupatuvchisi yo‘q edi. U shunday deb yolvordi:

“Kulfatimga bir nazar solgin, ey Egam,

Zero, dushmanlarim g‘olib keldi ustimdan!”


10 G‘animlar Quddus xazinalariga chang soldi. Quddusning ko‘zi oldida

Begona xalqlar muqaddas makonga kirdi.

Ammo Egamiz o‘sha g‘ayriyahudiylarga

Hatto Isroil jamoasi yig‘inida bo‘lishni man etgandi!*


11 Mana endi shahardagi hamma odamlar xo‘rsinib,

Bir burda nonni izlab yuribdi.

Ular boyliklarini sotib, ovqat olishyapti,

Shu yo‘sin o‘z jonlarini saqlashyapti. Quddus shunday deb yolvormoqda: “Ey Egam, menga bir boqqin,

Xor bo‘lganimni ko‘rib qo‘ygin!”


12 Quddus o‘tgan–ketganlarga xitob qiladi:

“Nahotki sizlarga baribir bo‘lsa?!*

Menga bir qaranglar! — deb yolvoradi. — Egamiz g‘azab kunida menga azob bergan, Bunday azobni hech kim ko‘rmagan.


13 U osmondan olov yubordi, O‘sha olov ichimni yondirdi. Egamiz oyog‘imga tuzoq qo‘ydi, Meni ortga qaytishga majbur qildi. Adoyi tamom qildi meni Xudoyim,

Azobu alamda qoldi mening jonim.


14 Gunohlarim bo‘yinturuqqa aylangan,

O‘sha bo‘yinturuqni Egamizning O‘zi yasagan.

U gunohlarimni* bo‘ynimga osdi.

Meni tamom holdan toydirdi.

Rabbiy berdi meni dushmanlarim qo‘liga,

Men qarshilik qila olmayman ularga.


15 Rabbiy kuchli jangchilarimni rad etdi, Yigitlarimni yakson qilish uchun lashkar yubordi. Bokira qiz Yahudoni* Rabbiy uzum ezganday ezdi*.


16 Shuning uchun men faryod qilaman,

Ko‘z yoshimni sel–sel oqizaman. Axir, yupatuvchim mendan uzoqda, Jonimga oro kiruvchi olisda.

Evoh, dushmanlarim mendan g‘olib keldi, Farzandlarim xonavayron bo‘ldi.”


17 Quddus qo‘llarini cho‘zib yordam so‘raydi,

Biroq hech kim uni yupatmaydi.

Egamiz qo‘shni xalqlarga amr berdi,

Shunda hammasi Yoqub nasliga dushman bo‘lib qoldi.

Dushmanlarining nazarida

Quddus axlatday jirkanch bo‘lib qoldi.


18 Quddus aytmoqda:

“Ha, mening Egam haq,

Axir, o‘zim Uning amriga qarshi bosh ko‘tardim.

Ey xalqlar, menga quloq soling, Mening kulfatimni ko‘rib qo‘ying. Mening yigit–qizlarim surgun bo‘ldi.


19 Men o‘ynashlarimni chaqirdim,

Ular esa meni aldashdi.

Jonini saqlash uchun non izlagan

Ruhoniyu oqsoqollarim ko‘chalarda jon berdi.


20 Ey Egam, ko‘rib qo‘ygin qayg‘umni, Ko‘rgin to‘kilib turgan yuragimni.

Evoh, yurak–bag‘rim ezilib ketdi,

Axir, men Senga qarshi bosh ko‘tardim.

Ana, tashqarida qilich odamlarni chopyapti,

Ichkarida o‘lim hukmronlik qilyapti.


21 Odamlar ohu nolalarimni eshitdi, Biroq mening yupatuvchim yo‘q edi. G‘animlarim eshitdi kulfatlarim haqida,

Xursand bo‘lishdi qilgan ishingdan shunda. Sen e’lon qilgan o‘sha kuning kelsin, Dushmanlarim ham mening holimga tushsin.


22 Nazaringdan qochmasin ularning qilgan qabihliklari, Gunohim uchun meni jazolaganday jazolagin ularni.

Ko‘pdir mening ohu nolalarim,

Hech ham qolmadi mening madorim.”


2–BOB



1 Voy sho‘rim! Rabbiy g‘azablanib,

Egamiz Quddusni jazolaydi

Qiz* Quddusni* zulmat bilan qopladi, U Isroilning salobatini

Osmondan yerga uloqtirdi. Qattiq qahri kelganda,

O‘z poyandozi bo‘lgan Ma’badini esga olmadi.


2 Rabbiy ayovsiz vayron qildi Yoqub naslining maskanlarini. G‘azabi kelib yakson qildi

Qiz Yahudoning* qal’alarini. Oyoq osti qilib, xo‘rladi

Shohlikni va uning hukmdorlarini.


3 U qattiq g‘azabga minib,

Isroilning bor qudratini yo‘q qildi*. G‘animlar hujum qilganda,

O‘z xalqini himoya qilmadi.

Avjiga chiqqan olov yondirganday, Yoqubning yurtini yondirib yubordi.


4 U g‘animday bizga qarata yoyini tortdi, O‘q uzishga Uning qo‘li tayyor turardi.

U kelishgan yigitlarimizni dushmanday o‘ldirdi.

Qiz Quddusning chodirlariga olovday qahrini sochdi.


5 Rabbiy dushmanga o‘xshab qoldi,

Isroil yurtini vayron qildi. Xarob qildi barcha saroylarini, Yakson etdi Isroil qal’alarini.

Qiz Yahudoga keltirdi g‘am–g‘ussa, Uning qayg‘usini orttirdi ming hissa.


6 Bog‘dagi chaylani yiqitganday, Ma’badini U buzib tashladi*.

Quddusdagi bayram va Shabbat kunlarini Egamiz bekor qildi.

Shohlar va ruhoniylarni

G‘azab ustida rad etdi.


7 Rabbiy O‘z qurbongohidan voz kechdi, O‘z maskanini tashlab ketdi.

Quddus saroylarini yovning qo‘liga berdi. Egamiz uyidagi yovning hayqirig‘i Bayramdagi shodon ovozlarga o‘xshaydi.


8 Ha, Egamiz qiz Quddusning devorlarini Vayron etishga qaror qildi.

Devorlarga birma–bir qarab chiqdi, Shashtidan qaytmadi, hammasini yakson qildi. Endi qal’ayu devorlar qayg‘uryapti,

Hammasi xarob bo‘lib yotibdi.


9 Quddus darvozalari tuproqqa belanib yotibdi, Darvoza tambalari parchalanib yotibdi.

Shohu amaldorlari surgun bo‘lishdi, Qonunlar xalqqa o‘rgatilmas endi.

Egamizdan vahiylar

Payg‘ambarlarga kelmas endi.


10 Qiz Quddusning oqsoqollari Sukut saqlab yerda o‘tiribdi. Boshlaridan ular tuproq sochgan, O‘zlari qanorga o‘rangan*.

Boshlarini solib quyi

O‘tiribdi Quddus qizlari.


11 Yig‘layverib ko‘zlarim tolgan, Ichimda yuragim to‘kilib ketgan. Jigar–bag‘rim ezilib ketdi,

Axir, mening xalqim qirilib ketdi! Och qolgan go‘dagu chaqaloqlar Shahar ko‘chalarida hushsiz yotibdi!


12 “Qornim ochdi! Chanqadim!” deb

Onalariga ular faryod qilar.

Yarador jangchiday shahar ko‘chalarida hushsiz yotishar.

Onalarining bag‘rida jon taslim etishar.


13 Sen haqingda nima aytay?!

Seni kimga solishtiray, ey qiz Quddus? Nima deb yupatay?!

Seni kimlarga o‘xshatay, ey bokira qiz Sion? Dengizday cheksizdir sening kulfating, Endi shifo bera olmas senga hech kim!


14 Sening payg‘ambarlaring

Yolg‘on va behuda vahiylar aytishdi. Gunohlaringni fosh qilishmadi, Surgunning oldini olishmadi.

Yolg‘on bashoratlar aytib, Seni yo‘ldan ozdirishdi.


15 O‘tgan–ketganlar sendan or qilib,

Qo‘l siltab ketadilar.

Yoqasini ushlab, boshlarini chayqaydilar,

Ey qiz Quddus, seni mazax qilib shunday deydilar:

“Go‘zallikda komil shaharmi shu?! Butun dunyoning sevinchimish u!”


16 Barcha yovlaring ustingdan kuladi,

Holingni ko‘rib yoqasini ushlaydi. Tishlarini g‘ijirlatib aytishadi: “Biz uni yamladik!

Voh, qanday intizorlik bilan Bu kunni kutgan edik!

Nihoyat, o‘sha kunga yetdik!”


17 Evoh, Egamiz O‘z rejalarini amalga oshirdi, O‘z aytganlarini bitta qoldirmay bajardi.

U azaldan ogohlantirib kelganday Sizlarni ayovsiz qirib tashladi.

G‘animlarning qudratini* yuksaltirdi, Ahvolingizdan dushmanlarni xursand qildi.


18 Shahar ahlining qalbi Rabbiyga faryod qilmoqda, Ey qiz Quddusning devorlari!

Ko‘z yoshingiz kechayu kunduz daryo bo‘lib oqsin.

Nolayu faryodingiz aslo tinmasin, Ko‘z yoshingiz to‘xtamasin!


19 Tur, ey qiz Quddus!

Kechasi bilan Xudoga iltijo qilib chiqqin! Yuragingni Rabbiyga suvday to‘kib solgin! Qo‘llaringni uzat osmonga,

Farzandlaring uchun yolvorgin Unga! Axir, ular ochlikdan hushsiz yotibdi Har bir ko‘chaning boshida.


20 Shunday ibodat qilgin:

“Ey Egam, ko‘rmaysanmi buni:

Ne ko‘ylarga solib qo‘yding Sen xalqingni?!

Onalar erkalatib o‘stirgan farzandlarini yeyishyapti–ku! Ruhoniyu payg‘ambarlar maskaningda qirilib ketyapti–ku!


21 Yoshu qarilarning jasadlari ko‘chada changga belanib yotibdi. Qilich dastidan yigitu qizlarim juvonmarg bo‘ldi.

Sen g‘azabing kelgan kuni ularni halok qilding,

Ayovsiz ularni qirib tashlading.


22 Menga qarshi yig‘ding Sen tevarakdagi yovlarni, Go‘yo ziyofatga chaqirganday taklif qilding ularni. O‘sha kuni Sening g‘azabingdan hech kim qutulolmadi, Biror odam o‘z jonini saqlab qololmadi.

Evoh, erkalab o‘stirgan bolalarimni* Dushmanlarim o‘ldirdi.”

3–BOB

Umid uchqunlari

1 Azoblarda qolgan insonman, Xudoning g‘azabi tufayli tayoq yedim. 2 Boshlab bordi Egam meni zulmatga, Nur tushmaydigan qorong‘i joyga.

3 Yolg‘iz menga qarshi U qo‘l ko‘tardi, Kun bo‘yi meni qayta–qayta jazoladi.


4 Qaritib yubordi etu terimni, Sindirib tashladi suyaklarimni.

5 G‘am–alamga meni tutqun qildi, Jabru jafo zindoniga meni tashladi.

6 Majbur qildi meni zimistonda yashashga,

O‘xshab qoldim men ancha oldin o‘lgan odamga!


7 Qochib ketmasin deya, Xudo atrofimni qurshadi,

Og‘ir zanjirlar bilan meni kishanband etdi. 8 Yordam so‘rab yolvorsam ham men Unga, Quloq solmas U mening fig‘onimga.

9 Yo‘nilgan toshlar bilan U yo‘limni to‘sdi, Yurgan yo‘limni chalkashtirib yubordi.


10 Poyladi U meni ayiqday, Tashlanmoqchi bo‘ldi menga sherday. 11 So‘ng meni sudradi bir chetga, G‘ajidi, solib ketdi tang ahvolga.

12 Xudo O‘z yoyini tortdi,

O‘qlariga meni nishon qildi.


13 Sadog‘idagi o‘qlari bilan yuragimni teshdi.

14 Mana endi o‘z xalqim ustimdan kulmoqda, Uzzukun ular meni mazax qilib, qo‘shiq kuylamoqda. 15 Xudo menga achchiq o‘tdan yedirdi,

Zaharli suvdan menga ichirdi.


16 Meni oyoq osti qilib, tuproqqa beladi,

Shag‘al yedirib, tishlarimni sindirdi. 17 Tinchlik bilmas endi mening jonim, Baxt nimaligini tamom unutdim,

18 Shunda o‘zimga dedim: “Adoyi tamom bo‘ldim! Barbod bo‘ldi Egamga bo‘lgan umidim!”


19 Kulfatu sargardonlik haqidagi o‘ylarim Zaharli suvga, achchiq o‘tga o‘xshaydi.

20 Bunday o‘ylarga tolgan mening jonim

Tushkunlikka tushdi.

21 Biroq men bir narsani yodda tutarman, Shuning uchun doim umid qilarman:


22 Egamning sodiq sevgisi bo‘lmaydi ado*, Uning rahmu shafqati tugamas aslo.

23 Har tong ular yangilanadi, Buyukdir Egamning sadoqati!

24 Qalbimda aytaman: “Egamdir mening bor–yo‘g‘im, Shunday ekan, yolg‘iz Undadir mening umidim.”


25 Egamiz O‘ziga umid bog‘laganlarga yaxshilik qiladi,

Unga intilgan har bir jonga ezguligini ko‘rsatadi. 26 Egamizning najotini toqat ila kutish yaxshidir. 27 Yoshlikdan tarbiyaga bo‘ysunish yaxshidir.


28 Rabbiy tarbiyalaganda,

Yolg‘iz o‘tirib, sukut saqlaylik.

29 Bunday vaqtlarda yer o‘pib ta’zim qilaylik,

Axir, yana umid bordir.

30 Tarsaki yeganimizda qarshilik qilmaylik,

Eshitgan ko‘p haqoratlarni ichimizga yutaylik.


31 Zero, Rabbiy bizni abadiy tashlab qo‘ymaydi! 32 Uning O‘zi bizga qayg‘u keltirgan bo‘lsa–da, O‘zi bizga rahm–shafqat qiladi.

Axir, Uning sodiq sevgisi buyukdir!

33 Ha, U insonga g‘am keltirib, ozor berishni xush ko‘rmaydi.


34 Yurtdagi hamma asirlarning oyoq osti bo‘lganini, 35 Odamlar haq–huquqdan mahrum bo‘lganini Xudoyi Taolo ko‘rib turibdi.

36 Bir yoqlama hukm chiqarilganini Rabbiy bilib turibdi.


37 Rabbiyning ijozatisiz,

Hech kimning buyrug‘i bajo bo‘lmas.

38 Yaxshilik ham, yomonlik ham

Xudoyi Taoloning amrisiz sodir bo‘lmas.

39 Hanuz hayot ekanmiz,

Gunohimiz uchun jazo tortganda nolimaylik!


40 Tutgan yo‘llarimizni yaxshilab tekshiraylik,

Egamizga qaytaylik.

41 Qo‘llarimizni osmonga cho‘zib,

Chin dildan samodagi Xudoga yolvorib aytaylik:

42 “Ey Egamiz! Biz itoatsizlik qildik, Senga qarshi bosh ko‘tardik,

Sen bizni kechirmading.


43 Sen g‘azabga minib, ta’qib qilding bizni,

Shafqatsiz qirding hammamizni.

44 Iltijolarimiz Senga yetib bormasligi uchun

Bulutlar bilan oldingni to‘sding.

45 Sen bizni axlatday tashlab yubording, Xalqlar orasida supurindiday qilding.


46 Mana, barcha yovlarimiz ustimizdan kulyapti. 47 Biz vahimaga tushdik, tuzoqqa ilindik, Falokatu halokatga giriftor bo‘ldik.”


48 Sel–sel bo‘lib oqar mening ko‘z yoshlarim,

Axir, qirilib ketdi mening xalqim!

49-50 Egamiz samodan bizga qaramaguncha,

Men to‘xtamay obi diyda qilaman, Tinmay ko‘z yosh to‘kaman.

51 Quddusdagi hamma qizlarning qismati Yurak–bag‘rimni ezib yubordi!


52 Sababsiz dushmanlik qilayotir menga odamlar, Qushni ovlaganday meni ovladi ular.

53 Meni tiriklayin chuqurlikka tashlashdi, Chuqurlik og‘zini tosh bilan berkitishdi. 54 Suvlar ko‘tarilib oshdi boshimdan, “Ado bo‘ldim” dedim ichimda.


55 Ey Egam, chuqurlik tubidan Senga iltijo qildim.

56 “Dodimni tingla, berkitma qulog‘ingni!” dedim.

Sen eshitding bu iltijoimni.

57 Yolvorganimda Sen menga yaqinlashding,

“Qo‘rqma!” deb o‘shanda menga aytding.


58 Yo Rabbiy, Sen da’voimni himoya qilding,

Mening jonimni xalos etding.

59 Ko‘rding menga qilingan nohaqlikni, Ey Egam, O‘zing yoqlagin meni.

60 Yovlarimning til biriktirganini Sen ko‘rding,

Menga qarshi qilgan yovuz niyatlarini bilding.


61 Ey Egam, ular meni mazax qilganini O‘zing eshitding,

Menga qarshi til biriktirganini bilding.

62 G‘animlarim meni g‘iybat qilar, Kun bo‘yi menga piching otar!

63 Qara, ular o‘tirsa ham, tursa ham, Meni mazax qilib, qo‘shiq kuylashar.


64 Ularning qilmishlariga yarasha, Jazosini bergin, ey Egam!

65 Yuraklariga g‘ulg‘ula solgin, Ularni la’natga duchor qilgin,

66 G‘azab bilan ularning ketidan quvla, Yer yuzidan tamomila yo‘q qilib tashla!


4–BOB



1 Voy sho‘rim!

Oltin xira tortdi,

Quddusning qamaldagi qismati

Sof tilla jilosini yo‘qotdi.

Har bir ko‘cha boshida

Ma’bad toshlari sochilib yotibdi.


2 Quddusning* aziz farzandlari Oltindan ham qadrli edi,

Evoh, endi esa ular

Kulol yasagan sopol idishday

Qadrsiz bo‘lib qoldilar.


3 Hatto chiyabo‘rilar

O‘z bolalarini emizishar.

Mening xalqim esa tuyaqushga o‘xshab qoldi*, Ular o‘z farzandlariga shafqat qilmaydi.


4 Chaqaloqlar juda chanqagan Tillari tanglayiga yopishib qolgan,

Non so‘rab, yosh bolalar tilanchilik qilyapti,

Biroq hech kim ularga bir burda ham non bermaydi.


5 Tansiq taomlar yegan odamlar

Endi ko‘chalarda ochlikdan o‘lyaptilar. Qimmatbaho libos kiyib o‘sganlar

Endi kul uyumlari orasida yotibdilar.


6 Sado‘m shahriga* qarshi inson qo‘li ko‘tarilmadi, Ammo bu shahar bir zumda vayron bo‘ldi.

Xalqimning tortgan jazosi

Sado‘mning jazosidan ham og‘irroq bo‘ldi.


7 Sutdan ham oq, qordan ham oppoq edi Yo‘lboshchilarimizning ko‘ngillari, Marjonday tovlanardi sog‘lom tanalari, Yoqutday ko‘rkam edi ko‘rinishlari.


8 Endi tanib bo‘lmas ularni ko‘chalarda, Ularning yuzlari kuyadan ham qoraroq tusda. Bujmaygan terilari suyaklarga yopishgan, Tarashadan ham battar qurib–qaqshab ketgan.


9 Qilich tig‘idan nobud bo‘lganlar Baxtliroqdir ochlik qurbonlaridan. Zero, qahatchilikka* duchor bo‘lganlar Jonlarini asta–sekin taslim qilarlar.


10 Mehribon onalar tuqqan bolalarini

O‘z qo‘llari bilan pishirdilar. Xalqim halokatga uchraganda, Bolalari ularga yemish bo‘ldi.


11 Egamizning qahr–g‘azabi qaynadi,

U achchiq qahrini sochdi, Quddus shahrida olov yondirdi,

Olov shaharni poydevorigacha kuydirdi.


12 Dushman Quddus darvozalarini yorib o‘tishiga

Yer yuzidagi hukmdorlar ishonmaganlar.

Jahondagi odamlar buni hatto xayoliga ham keltirmaganlar.


13 Shahardagi payg‘ambarlarning gunohi, Ruhoniylarning jinoyatlari bunga sabab bo‘ldi.

Axir, ular shaharda solih odamning qonini to‘kdilar.


14 Ha, ular o‘z kiyimini qonga bulg‘adilar, Ularning kiyimidan odamlar hazar qiladilar. Ko‘r odamday bu yo‘lboshchilar

Ko‘chalarda daydib yuribdilar.


15 “Yo‘qol, harom!” deb baqiradi hamma ularga, “Yo‘qollaring! Yo‘qol! Tega ko‘rmang sizlar bizlarga!” Qochib, g‘aribu musofir bo‘lib yurganda ular,

“Bu yerdan chiqib ketinglar”, deb xalqlar ularni haydar.


16 Egamizning O‘zi tarqatib yubordi ularni, Bu yo‘lboshchilarga endi U nazar solmaydi.

Ruhoniylarga hech kim hurmat ko‘rsatmaydi,

Oqsoqollarga hech kim marhamat qilmaydi.


17 Behuda kutaverib madad,

Toldi bizning ko‘zimiz,

Madad bera olmaydigan bir xalqqa*

Umid bog‘lagan ekanmiz.


18 Har bir qadamimizni poyladi yovimiz,

O‘z ko‘chalarimizda yurolmadik biz.

Bor–yo‘g‘i sanoqli kunimiz qoldi. Bizning umrimiz poyoniga yetdi.


19 Bizni ta’qib qiluvchilar Burgutdan ham tezroq uchishardi, Ular tog‘larda bizni ovlashardi, Cho‘llarda bizni poylashardi.


20 Egamiz tanlagan shoh* ularning tuzog‘iga ilindi,

Evoh, hayotimiz manbayi u edi. Biz shohimiz soyasida

Xalqlar orasida yashaymiz, deb o‘ylagandik.


21 Ey Uz yurtida* yashovchi qiz* Edom*,

Xursand bo‘l, shodlan!

Biroq sen ham jazo kosasidan* ichasan,

Mast bo‘lib kiyimingni yechasan.


22 Ey qiz Quddus, jinoyatlaring uchun Sen jazoingni tortib bo‘lding.

Endi Egamiz seni surgunda ushlab turmaydi. Ey qiz Edom, sening gunohlaringni esa Egamiz fosh qiladi,

Jinoyatlaring uchun U seni jazolaydi.


5–BOB

Rahm–shafqat iltijosi

1 Ey Egam, boshimizga tushgan ko‘rgilikni yodingda tutgin, Qanchalar xor bo‘lganimizni bir ko‘rib qo‘ygin!


2 Mulk qilib olgan yerimiz ajnabiylar qo‘liga tushdi, Kelgindilar uylarimizga ega bo‘lishdi.


3 Otasiz yetimday bo‘lib qoldik biz, Bevaga o‘xshab qoldi onalarimiz.

4 Biz ichgan suvimizga pul to‘laymiz, Yoqqani o‘tinni sotib olamiz.


5 Yovlarimiz ta’qib qilib, qo‘ymas bizni holimizga, Charchab ketdik, tinim yo‘q bizga.


6 To‘yguncha non yeymiz deb,

Misr va Ossuriya bilan biz sulh tuzdik.


7 Ajdodlarimiz gunoh qilib, o‘tib ketdi,

Ammo ularning jazosini biz tortyapmiz endi.


8 Bizga hukmronlik qilayotir qullar, Ular zulmidan bizni kim qutqarar?!


9 Non izlaymiz jonimizni qo‘yib xavf ostiga,

Chunki kallakesarlar pisib yotibdi dalalarda.


10 Ocharchilik dastidan chiqqan issig‘imiz,

Tandirday qizigan bizning badanimiz.


11 G‘animlarimiz Quddusda* ayollarni zo‘rlashdi,

Yahudo shaharlarida qizlarning nomusiga tegishdi.


12 Qo‘llaridan osishdi yo‘lboshchilarimizni,

Xor qilishdi oqsoqollarimizni.


13 Yigitlar tegirmon toshini tortyapti,

O‘g‘lonlar og‘ir o‘tin ostida gandiraklab qoldi.


14 Shahar darvozasida* oqsoqollar o‘tirmaydigan bo‘ldi, Yigitlar shodon kuylar chalmaydigan bo‘ldi.


15 Ko‘nglimizni shodlik tark etdi, O‘yin–kulgimiz azaga aylandi.


16 Boshimizdagi tojimiz tushib ketdi,

Gunoh qildik! Sho‘rimiz quridi!


17 Dardu alamga to‘ldi yuragimiz, Yig‘layverib xiralashdi ko‘zimiz.


18 Axir, Sion tog‘i* huvullab qoldi,

Chiyabo‘rilar u yerda izg‘ib yuribdi.


19 Sen esa, ey Egam, abadiy hukmronlik qilasan,

Avlodlar osha O‘z taxtingda o‘tirasan.


20 Nechun bizni Sen tamom unutding?

Nechun uzoq vaqtga tashlab qo‘yding?


21 Ey Egam, bizni O‘zingga qaratgin,

Toki Senga qaytaylik.

Qadimgi ulug‘vorligimizni tiklagin.


22 Nahotki Sen bizdan butunlay voz kechding?!

Qahru g‘azabingning had–poyoni bordir, axir?!

IZOHLAR

1:1 Bu kitobning 1-4–boblari ibroniychada muvashshah usulida yozilgan she’rdir. Ibroniy alifbesida 22 ta harf bo‘lgani uchun, mazkur kitobning 1, 2 va 4–boblari 22 ta oyatdan iborat bo‘lib, har bir oyatdagi birinchi so‘z ibroniy alifbesining harflari tartibi bo‘yicha boshlanadi. Kitobning 3–bobida 66 ta oyat bor, har 3 ta oyat bir bandni tashkil qilib, bob jami 22 banddan iborat. Har bir band ibroniy alifbesining harflari tartibi bo‘yicha boshlanadi. Birinchi banddagi oyatlar ibroniy alifbesining birinchi harfi bilan boshlanadi, ikkinchi banddagi oyatlar ibroniy alifbesining ikkinchi harfi bilan boshlanadi va hokazo. Kitobning 5–bobi muvashshah usulida yozilmagan bo‘lsa–da, bob 22 oyatdan iborat.

1:3 Yahudo — Yahudo qabilasi Isroilning janubiy qismidagi eng katta qabila edi. Shoh Sulaymon vafotidan keyin shimoldagi o‘nta qabila janubdagi Yahudo va Benyamin qabilalaridan ajralib chiqdi (3 Shohlar 11:26-12:24 ga qarang). Yahudo va Benyamin qabilalari janubiy shohlik deb ataladigan bo‘ldi. Janubiy shohlikning poytaxti Quddus bo‘lib qolaverdi, ularning o‘z hukmdorlari bor edi. Eski Ahdning ba’zi parchalarida Yahudo so‘zi janubdagi ikkala qabilaga nisbatan ishlatilgan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi YAHUDO so‘ziga qarang.

1:4 Quddus — ibroniycha matnda Sion (shu bobning 6, 17–oyatlarida ham bor). Eski Ahddagi she’riy parchalarda va payg‘ambarlar bitiklarida Sion so‘zi ko‘pincha Quddus shahriga yoki Xudoning xalqiga nisbatan ishlatilgan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi SION so‘ziga qarang.

1:4 Qudduslik qizlar — Ma’baddagi bayram sayillarida ishtirok etadigan qizlar nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin (Zabur 67:25-27 ga qarang).

1:6 Qiz — shahar yoki yurt ahliga nisbatan qo‘llangan she’riy usul.

1:7 dushmanlar — Bobil bosqinchilari nazarda tutilgan.

1:10 …Egamiz…man etgandi — Qonunlar 23:3 ga qarang.

1:12 Nahotki sizlarga baribir bo‘lsa?! — yoki Bunday ko‘rgilik sizlarning boshingizga

tushmasin!

1:14 gunohlarim — yoki yasagan bu bo‘yinturuq.

1:15 Bokira qiz Yahudo — Quddus va uning ahliga nisbatan qo‘llangan she’riy usul.

1:15 …Rabbiy uzum ezganday ezdi — qadimgi paytlarda odamlar uzumni qoyatoshga o‘yilgan chuqurga yoki tuproqdan qazilgan, tubiga va atrofiga zich qilib tosh terilgan chuqurga solib, sharbatini siqib olish uchun oyoqlari bilan ezardilar. Sharbat o‘sha chuqurdan yana boshqa bir chuqurga oqib tushardi. Uzum ezish Muqaddas Kitobda ko‘pincha Xudoning odamlar ustidan chiqaradigan hukmiga nisbatan ko‘chma ma’noda ishlatilgan.

2:1 Qiz — 1:6 izohiga qarang.

2:1 Quddus — ibroniycha matnda Sion (shu bobning 4, 6, 8, 18–oyatlarida ham bor). 1:4 ning birinchi izohiga qarang.

2:2 Qiz Yahudo — 1:15 ning birinchi izohiga qarang.

2:3 …Isroilning bor qudratini yo‘q qildi — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi

…Isroilning har bir shoxini kesib tashladi. Eski Ahdda buqaning shoxi ko‘pincha ko‘chma ma’noda ishlatilib, kuchli hukmdorga yoki harbiy qudratga ishora qilgan.

2:6 Bog‘dagi chaylani yiqitganday, Ma’badini U buzib tashladi — yoki U uzumzor devorini

yiqitganday, Ma’bad devorlarini buzib tashladi.

2:10 Boshlaridan ular tuproq sochgan, O‘zlari qanorga o‘rangan — qanor dag‘al qoramtir mato bo‘lib, echki yoki tuya junidan to‘qilgan. Qanorga o‘ranib olish va boshga tuproq sochish umidsizlikni va qayg‘uli holatni ifodalaydi. Ko‘pincha bu harakat Xudodan kechirim so‘rab ibodat qilish va Undan madad tilash bilan birgalikda amalga oshirilgan.

2:17 qudrat — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi shox, ya’ni buqaning shoxi.

Shu bobning 3–oyati izohiga qarang.

2:22 bolalarim — Quddus ahli nazarda tutilgan.

3:22 Egamning sodiq sevgisi bo‘lmaydi ado… — ko‘plab ibroniy qo‘lyozmalaridan, qadimiy yunoncha va suryoniycha tarjimalardan. Ibroniycha matnda Egamning sodiq sevgisi tufayli biz nobud bo‘lmadik….

4:2 Quddus — ibroniycha matnda Sion (shu bobning 11, 22–oyatlarida ham bor). 1:4 ning birinchi izohiga qarang.

4:3 …tuyaqushga o‘xshab qoldi… — moda tuyaqush palapomlariga mehr bermaydigan yomon ona hisoblanadi (Ayub 39:14-16 ga qarang).

4:6 Sado‘m shahri — aholisining o‘ta buzuqligi oqibatida Egamiz vayron qilgan shahar (Ibtido 18:16-19:28 ga qarang).

4:9 …ochlik…qahatchilik… — miloddan oldingi 589 yilda Bobil lashkari Quddusni qamal qildi. Ikki yarim yil davomida shaharga hech qanday yegulik kirmadi (4 Shohlar 25:1-

3 ga va o‘sha oyatlarning izohlariga qarang).

4:17 bir xalq — Yahudo xalqining ittifoqdoshi bo‘lgan Misr xalqi nazarda tutilgan.

4:20 Egamiz tanlagan shoh — miloddan oldingi 597-586 yillarda hukmronlik qilgan Yahudo shohi Zidqiyo nazarda tutilgan (4 Shohlar 25:1-7 ga qarang).

4:21 Uz yurti — O‘lik dengizning janubida joylashgan bo‘lib, o‘sha davrda Edom xalqining qo‘li ostida edi.

4:21 qiz — 1:6 izohiga qarang.

4:21 Edom — bu yurt O‘lik dengizning janubida joylashgan edi. Edom xalqi azaldan Isroil xalqining dushmani bo‘lib kelgan edi. Bobilliklar Quddusni vayron qilganlarida, Edom xalqi Bobilliklarga yordam bergan edi (Zabur 136:7, Hizqiyol 35:5 va Obodiyo 10- 14–oyatlarga qarang). To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi EDOM so‘ziga qarang.

4:21 jazo kosasi — Xudo g‘azabining ramzi bo‘lgan sharob kosasiga ishora. Mana shu sharobdan mast bo‘lish Xudoning hukmiga duchor bo‘lishni bildiradi (Ishayo 51:17-23, Yeremiyo 25:15-29 ga qarang).

5:11 Quddus — ibroniycha matnda Sion. 1:4 ning birinchi izohiga qarang.

5:14 Shahar darvozasida… — qadimgi paytlarda oqsoqollar va obro‘li odamlar shahar darvozasi oldida yig‘ilib, hakamlik vazifasini bajarardilar. U yerda turli masalalarni ko‘rib chiqib, hal qilardilar.

5:18 Sion tog‘i — Quddusdagi Ma’bad qurilgan tepalik Sion tog‘i deb atalgan. Eski Ahddagi she’riy parchalarda va payg‘ambarlar bitiklarida Sion so‘zi ko‘pincha Quddus shahriga yoki Xudoning xalqiga nisbatan ishlatilgan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi SION so‘ziga qarang.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru