Muqaddas Kitob


SOLNOMALAR

(IKKINCHI KITOB)

Kirish

“Solnomalar (ikkinchi kitob)”da Isroil tarixining davomi bayon qilinadi. Garchi “Solnomalar (birinchi kitob)” va “Solnomalar (ikkinchi kitob)”larda “Shohlar” kitoblaridagi ko‘p voqealar takrorlansa ham, Isroil tarixi “Shohlar” kitoblaridagiga qaraganda, bir oz boshqacharoq nuqtayi nazardan yoritiladi. Mazkur kitobda asosiy e’tibor shoh Sulaymonga, u qurgan Ma’badga va Ma’baddagi sajda marosimlariga qaratiladi.

“Solnomalar (birinchi kitob)” va “Solnomalar (ikkinchi kitob)”ning asl nusxasi bitta ibroniycha kitob bo‘lib, ikkala qismni bitta o‘ramga joylash uzunlik qilgani uchun, kitob ikki qismga — “Solnomalar (birinchi kitob)” va “Solnomalar (ikkinchi kitob)”ga bo‘lingan.

“Solnomalar (ikkinchi kitob)” shoh Sulaymonning hukmronligi tarixi bilan boshlanadi. So‘ngra miloddan oldingi 586 yilda Quddus shahrining qulashigacha Yahudo va Isroil shohliklarida yuz bergan voqealar hikoya qilinadi.

Shoh Sulaymon Isroilning dono shohi sifatida dong taratadi. “Solnomalar (ikkinchi kitob)”ning dastlabki qismida (1-9–boblar) Sulaymon hukmronligi davridagi voqealar, xususan, Quddusdagi Ma’badning qurilishi, Xudoga bag‘ishlanishi va ilk sajda marosimlari haqida bayon qilinadi.

Kitobning ikkinchi qismi (10-36–boblar) Isroildagi shimoliy qabilalarning isyoni bilan boshlanadi. Bu qabilalar o‘zlari mustaqil davlat tuzib, Xudoga sajda qilish uchun Quddusdagi Ma’badga bormay qo‘yadilar. Natijada, mamlakat ikkita alohida shohlikka

— janubda Yahudo shohligiga va shimolda Isroil shohligiga bo‘linib ketadi. Kitobning bu qismida Quddusning qulashi va vayron bo‘lishigacha yuz bergan voqealar bayon qilinadi. Mazkur kitob, “Shohlar (uchinchi kitob)” va “Shohlar (to‘rtinchi kitob)”dan farqli ravishda, Isroil, ya’ni shimoliy shohlik to‘g‘risida kam ma’lumot beradi. “Solnomalar (ikkinchi kitob)”da yozilishicha, Isroil xalqi Xudodan yuz o‘girib, ko‘p

gunoh qilgan. Shuning uchun ularning tarixi bayon qilinishga arzimas edi. Mazkur

kitobda butun e’tibor Ma’baddagi sajda marosimlarini tiklagan shohlarga qaratiladi. “Solnomalar (ikkinchi kitob)”da, xuddi “Solnomalar (birinchi kitob)”dagi singari,

Xudoga to‘g‘ri yo‘llar bilan sajda qilish muhimligiga katta e’tibor beriladi. Yahudo shohlari Hizqiyo va Yo‘shiyo Xudoga bo‘lgan sadoqati, qonunga itoatkorligi va amalga oshirgan islohotlari tufayli yuksak obro‘ga sazovor bo‘lgan shohlar hisoblanadi.

Mazkur kitobda Quddusning vayron bo‘lishi va Yahudo xalqi Bobilga asir qilib olib ketilishi to‘g‘risida ham hikoya qilinadi. Yahudo xalqiga berilgan umid va’dasi kitobga yakun yasaydi. Fors shohi Kurush* asirlarga Yahudoga qaytishlari uchun ijozat berib, ularga Ma’badni qayta qurishni buyuradi. Ma’bad Yahudo xalqi orasidagi Xudoning huzurini bildirib, o‘tmish va kelajakni bog‘lab turadigan rishta bo‘lib xizmat qiladi.


1–BOB

Shoh Sulaymon donolik so‘rab ibodat qiladi

1 Dovud o‘g‘li Sulaymon o‘z hokimiyatini mustahkamlab oldi. Egasi Xudo u bilan birga bo‘lib, uni nihoyatda yuksaltirdi. 2 Sulaymon jamiki Isroil xalqini — mingboshilarni, yuzboshilarni, hakamlarni, Isroilning hamma yo‘lboshchilarini va urug‘boshilarini chaqirtirdi. 3 Sulaymon bilan butun jamoa Givondagi sajdagohga* yo‘l olishdi. Egamizning quli Muso sahroda qurdirgan Xudoning Uchrashuv chodiri* o‘sha davrda Givonda joylashgan edi. 4 Xudoning Ahd sandig‘i esa Dovudning tashabbusi bilan Xirat–Yo‘rimdan Quddusga olib kelingan edi*, chunki Dovud Sandiq uchun Quddusda bir joy tayyorlab, chodir o‘rnatib qo‘ygan edi. 5 Bazalil qurgan bronza qurbongoh esa hanuz Givondagi Egamiz Muqaddas chodirining qarshisida joylashgan edi. Bazalil Urining o‘g‘li va Xurning nevarasi edi. Sulaymon va jamoa qurbongoh oldida Egamizga sajda qildilar. 6 So‘ng Sulaymon Egamizning oldida Uchrashuv chodirining qarshisidagi o‘sha bronza qurbongoh ustiga chiqib, mingta qurbonlik kuydirdi.

7 O‘sha kuni kechasi Xudo Sulaymonga zohir bo‘lib, unga:

13 Shundan keyin Sulaymon Givondagi sajdagohda joylashgan Uchrashuv chodiridan Quddusga qaytib ketdi. U Isroil ustidan hukmronlik qila boshladi.

Shoh Sulaymonning boyligi

14 Sulaymon jang aravalari va otlarni to‘pladi. Uning 1400 ta jang aravasi va

12.000 ta oti* bor edi. Sulaymon bularning bir qismini jang aravalari saqlanadigan shaharlarga va bir qismini Quddusga — o‘zining yoniga joylashtirdi. 15 Uning hukmronligi davrida Quddusda oltinu kumush ko‘chadagi toshday ko‘p edi. Sadr yog‘ochlari ham xuddi Yahudo qir etaklarida o‘sadigan oddiy shikamora–anjir daraxtiday* serob edi. 16 Shohning savdogarlari Misrdan* va Quvedan Sulaymon uchun otlar olib kelishardi. Ular otlarni Quvedan sotib olishardi. 17 Misrdan keltirilgan har bir jang aravasi uchun 600 kumush tanga*, har bir ot uchun 150 kumush tanga* to‘lashardi. So‘ng bularni barcha Xet shohlariga va Oram shohlariga sotishardi.

2–BOB

Ma’bad qurilishi uchun tayyorgarlik

1 Sulaymon Egamizga atab Ma’bad va o‘zi uchun shohona saroy bunyod etishga qaror qildi. 2 Sulaymon 70.000 nafar yuk tashuvchini, qirlarda tosh kesadigan 80.000 nafar sangtaroshni va bular ustidan nazoratchi qilib 3600 kishini yolladi.

3 Sulaymon Tir* shohi Xiramga shu xabarni yetkazdi:


“Bir vaqtlar siz otam Dovudga saroyini qurish uchun sadr yog‘ochlarini jo‘natganingiz kabi, menga ham sadr yog‘ochlarini jo‘nating. 4 Men Egam Xudoga atab bir uy qurmoqchiman. U yerda xushbo‘y tutatqilar tutatiladi, doimiy ravishda muqaddas nonlar nazr qilinib, xontaxta ustiga teriladi. Ertalab va kechqurunlari qurbonliklar kuydiriladi, shuningdek, Shabbat kunlarida, yangi oy shodiyonalarida va Egamiz Xudo belgilagan bayramlarda kuydiriladigan qurbonliklar keltiriladi. Isroil xalqi bularga doimo, avlodlar osha rioya qiladi.

5 Men qurmoqchi bo‘lgan uy hashamatli bo‘ladi, chunki Xudoyimiz boshqa xudolardan buyukdir. 6 Lekin kim Unga bir uy qura olar?! U osmonga, hatto falak toqiga ham sig‘maydi–ku! Men kim bo‘libmanki, Unga uy qura olsam?! Faqat Unga qurbonliklar keltirish uchun bir joy tayyorlay olaman, xolos.

7 Shunday ekan, menga mohir bir ustani yuboring. U o‘ymakorlikdan tashqari, oltin, kumush, bronza va temirga ishlov bera oladigan, safsar, qizil va ko‘k matolar to‘qiy oladigan bo‘lsin. U Yahudo va Quddusda, otam Dovud saralagan mohir ustalarim bilan birga ishlaydi.

8 Menga Lubnondan sadr, sarv va sandal yog‘ochlarini jo‘nating. Sizning xizmatkorlaringiz Lubnon daraxtlarini kesishga usta ekanini bilaman. Mening odamlarim sizning odamlaringiz bilan birga ishlaydilar. 9 Ular men uchun katta miqdorda yog‘och tayyorlab berishsin. Men qurmoqchi bo‘lgan uy ulkan va hashamatli bo‘lishi kerak. 10 Men yog‘och kesadigan xizmatkorlaringizga ish haqi qilib 200.000 tog‘ora* yanchilgan bug‘doy, 200.000 tog‘ora arpa, 40.000 ko‘za* sharob va 40.000 ko‘za zaytun moyi yuboraman.”


11 Shundan keyin Tir shohi Xiram maktub orqali Sulaymonga shunday javob berdi:


“Egamiz O‘z xalqini sevgani uchun ular ustidan sizni shoh qildi.”


12 Xiram yana shu gaplarni aytdi:


“Yeru ko‘kni yaratgan Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin. U shoh Dovudga dono, aqlli, fahm–farosatli o‘g‘il ato qilibdi. Shu o‘g‘il Egamizga atab Ma’badni va o‘zi uchun saroyni bunyod qiladi.

13 Sizga Xurom ismli aqlli, mohir bir ustani yuboryapman. 14 Uning onasi — Dan qabilasidan, otasi esa — Tirlik. Uning o‘zi oltin, kumush, bronza, temir, tosh va yog‘ochga ishlov beradigan mohir ustadir. U safsar, ko‘k, qizil matolarni va mayin zig‘ir matosini ham to‘qishni biladi, shuningdek, turli o‘ymakorlik ishlarini bajara oladi, har qanday naqshni sola oladi. Xurom sizning ustalaringiz va otangiz bo‘lmish xo‘jayinim Dovud yetishtirgan ustalar bilan birga ishlaydi.

15 Janobi oliylari! O‘zingiz aytgan bug‘doy, arpa, zaytun moyi, sharobni qullaringizga yuboring. 16 Sizga kerak bo‘ladigan har qanday daraxtni biz Lubnondan kesib beramiz, yog‘ochlardan sol qilib, dengiz sohili bo‘ylab Yaffaga* qadar keltirib beramiz. Siz o‘sha yerdan yog‘ochlarni Quddusga olib ketaverasiz.”

Ma’bad qurilishi boshlandi

17 Shundan keyin Sulaymon otasi Dovud singari, Isroil yurtida istiqomat qilayotgan

musofirlarning hammasini ro‘yxatga oldi. Musofirlarning soni 153.600 kishi ekan.

18 Sulaymon ularning 70.000 nafarini og‘ir yuk tashuvchi, 80.000 nafarini qirlarda tosh kesadigan sangtarosh, 3600 nafarini esa ishlayotganlar ustidan nazoratchi qilib tayinladi.


3–BOB

1 Sulaymonning otasi shoh Dovud Egamizning uyi uchun Quddusda bir joy tayyorlab qo‘ygan edi. Bu joy Moriyox tog‘ida — Dovudga Egamiz zohir bo‘lgan Yobuslik Aravnoning* xirmonida edi. Sulaymon Egamizning uyini o‘sha yerda barpo qila boshladi. 2 Qurilish Sulaymon hukmronligining to‘rtinchi yili ikkinchi oyining* ikkinchi kunida boshlangan edi. 3 Sulaymon Xudoning uyi uchun poydevor qo‘ydi, poydevorning uzunligi (qadimgi o‘lchov birligiga asosan) 60 tirsak*, eni 20 tirsak edi. 4 Uyning asosiy

xonasi oldida ayvon bo‘lib, ayvonning uzunligi asosiy xonaning eni bilan bir o‘lchovda — 20 tirsak, balandligi ham 20 tirsak* edi. Sulaymon ayvonning ichini toza oltin bilan qoplatdi. 5 Asosiy xonaning devorlarini oldin sarv yog‘ochi bilan qoplatib, ustidan toza oltinni qoplatdi, so‘ng xurmo daraxti va zanjirlar shakllarini o‘ydirib soldirdi. 6 Uyni qimmatbaho toshlar bilan bezattirdi. Parvayimdan keltirilgan oltin bilan 7 uyning to‘sinlarini, ostonalarini, devorlarini va eshiklarini qoplatdi. Devorlarga karublar* suratini o‘ydirdi.

8 Sulaymon Eng muqaddas xonani ham qurdirdi. Bu xonaning uzunligi asosiy xonaning eni bilan bir o‘lchovda — 20 tirsak, eni ham 20 tirsak edi. Sulaymon bu xonani 1300 pud* toza oltin bilan qoplatdi. 9 Ishlatilgan oltin mixlarning umumiy og‘irligi 125 misqol* edi. Yuqori xonalarning devorlari ham oltin bilan qoplandi.

10 So‘ng Sulaymon ikkita karub shaklini yasattirdi. Ularni oltin bilan qoplatib, Eng muqaddas xonaga o‘rnashtirdi. 11-13 Karublar yonma–yon, kiraverishga qaratib qo‘yilgan edi. Har birining ikkitadan qanoti bo‘lib, har bir qanotining uzunligi besh tirsak edi.

Qanotlar yoyilgan holda yasalgan bo‘lib, karublarning bir qanoti devorga tegib turar edi.

Ikkinchi qanoti esa xonaning markazida boshqa karubning qanotiga tegib turar edi. Ikkala karubning yoyilgan qanotlari jami 20 tirsakni tashkil qilar edi. 14 Sulaymon ko‘k, safsar, qizil matolardan va mayin zig‘ir matosidan ichki parda* qildirib, pardaning ustiga karublar suratini soldirdi.

Ikki bronza ustun

15 Sulaymon 18 tirsak* balandlikdagi ikki ustun yasattirib, ularni Egamiz uyining old tomoniga o‘rnatdi. Har bir ustun tepasida ustunqosh bo‘lib, ustunqoshning balandligi 5 tirsak edi. 16 Ustunqoshlar to‘qilgan zanjirlar va yuzta anor* tasviri bilan bezatilgan edi. 17 Ustunlar uyning oldiga — bittasi o‘ng tomonga, ikkinchisi chap tomonga o‘rnatilgan edi. O‘ng tomondagi ustunga Yoxin* deb, chap tomondagisiga Bo‘az* deb nom berildi.

4–BOB

Ma’bad anjomlari

1 Shoh Sulaymon bronza qurbongoh yasattirdi. Qurbongohning uzunligi 20 tirsak*, eni ham 20 tirsak, balandligi 10 tirsak edi. 2 Keyin bronzani eritib, dumaloq shaklda hovuz yasatdi. Hovuzning bir qirg‘og‘idan narigi qirg‘og‘igacha 10 tirsak, balandligi esa 5 tirsak edi. Aylanasi 30 tirsak edi. 3 Hovuzning tashqi tomonida, qirg‘og‘i ostida aylanasiga ikki qator buqa shakli bor edi. Har bir tirsak masofada o‘ntadan shunday shakl qilingan edi. Bronza eritilib, hovuz yasalayotgan paytda, bu buqa shakllari ham qilingan edi. 4 Hovuz bronzadan yasalgan o‘n ikkita buqa ustiga o‘rnashtirilgan edi.

Buqalarning uchtasi shimolga, uchtasi g‘arbga, uchtasi janubga va uchtasi sharqqa

qaratilgan edi. Buqalarning orqa tomoni hovuzning ichkarisiga qaratilgan edi.

5 Hovuzning qalinligi to‘rt enli bo‘lib, chetlari kosaning chetlariga o‘xshar, shakli lolagulga o‘xshardi. Unga 6000 ko‘za* suv sig‘ardi.

6 Sulaymon o‘nta tog‘ora ham yasatdi. Tog‘oraning beshtasi hovuzning chap tomoniga, beshtasi o‘ng tomoniga o‘rnatildi. Bu tog‘oralar qurbonlik qilib kuydiriladigan hayvonlarni yuvish uchun mo‘ljallangan edi. Hovuz esa ruhoniylarning yuvinishi uchun edi.

7-8 Sulaymon loyihaga binoan o‘nta oltin chiroqpoya bilan o‘nta xontaxta yasatib, ularni Ma’badning asosiy xonasiga o‘rnattirdi. Beshta chiroqpoya bilan beshta xontaxtani xonaning o‘ng tomoniga, qolgan beshta chiroqpoya bilan beshta xontaxtani xonaning chap tomoniga o‘rnashtirdi. Bulardan tashqari, oltindan yuzta tog‘oracha ham yasattirdi. 9 Sulaymon ruhoniylar uchun ichki hovlini qurdirdi. Bundan tashqari, u tashqi hovlini qurdirib, ikki hovli orasiga eshiklar yasattirdi. Eshiklarni bronza bilan qoplatdi. 10 Hovuzni Egamiz uyining janubi–sharq tomonidagi burchagiga o‘rnattirdi.

11 Xurom qozonlar, kurakchalar va tog‘orachalar ham yasadi. Shunday qilib, u shoh Sulaymon uchun Xudoning uyiga oid quyidagi ashyolarni yasab berdi:


12 ikkita ustun,

ustunlarning tepasidagi ikkita doira shaklidagi ustunqosh,

ustunqoshni o‘rab turgan ikkita to‘rsimon bezak,

13 ikkala bezakning yonlarida to‘rt yuzta anor* tasviri, ya’ni ustunlar tepasida doira shaklidagi ikkita ustunqoshni qoplab turish uchun har bir to‘rsimon bezakning ikkala chekkasidagi anor suratlari,

14 aravalar, aravalar ustidagi tog‘oralar,

15 bitta hovuz, hovuz ostidagi o‘n ikki buqa shakli,

16 qozonlar, kuraklar, sanchqilar va bularga aloqador barcha buyumlar.


Xurom shoh Sulaymon uchun Egamizning uyiga oid ana shu ashyolarni sayqallangan bronzadan yasab berdi. 17 Shoh bu narsalarni Iordan vodiysi atroflarida — Suxot va Zoraton* orasida loydan yasalgan qoliplarda quydirdi. 18 Sulaymon bu narsalarning hammasini ko‘p miqdorda yasattirdi, shuning uchun ishlatilgan bronzaning hisobini aniqlab bo‘lmadi.

19 Sulaymon Xudoning uyi uchun quyidagi hamma buyumlarni ham yasattirdi:

oltindan yasalgan tutatqi qurbongohi,

ustida muqaddas nonlar* turadigan xontaxtalar,

20 toza oltindan ishlangan chiroqpoyalar va ularning moychiroqlari, bular loyihaga binoan, Eng muqaddas xonaning oldida yonib turishi kerak edi,

21 yana toza oltindan gullar, moychiroqlar, qisqichlar,

22 qaychilar, tog‘orachalar, kurakchalar va olovkuraklar yasatdi. Eng muqaddas

xona va asosiy xona eshiklari ham toza oltindan yasalgan edi.


5–BOB

1 Shunday qilib, Sulaymon Egamizning uyiga oid hamma ishlarni bitirdi. So‘ngra u otasi Dovud nazr qilgan narsalarni olib kelib, kumush, oltin va hamma buyumlarni Xudoning uyi xazinasiga qo‘ydi.

Ahd sandig‘i Ma’badga keltiriladi

2 Shundan so‘ng Sulaymon Egamizning Ahd sandig‘ini Dovud qal’asidan* — Siondan Egamizning uyiga olib kelmoqchi bo‘ldi. Shu maqsadda u Isroil oqsoqollarini, hamma qabila yo‘lboshchilarini, Isroil xalqi urug‘boshilarini Quddus shahriga chaqirtirdi.

3 Ularning hammasi yettinchi oyda*, Chayla bayrami* paytida shohning huzuriga

yig‘ilishdi.

4 Isroil oqsoqollarining hammasi kelgach, levilar Sandiqni yerdan ko‘tarishdi.

5 Ruhoniylar va levilar, Sandiq bilan birga Uchrashuv chodirini*, Chodirdagi barcha muqaddas buyumlarni Egamizning uyiga olib kelishdi. 6 Shoh Sulaymon va to‘plangan butun Isroil jamoasi Sandiqning oldida qo‘ylar, buqalar so‘yib qurbonlik qilishdi.

Qurbonlik qilingan qo‘y va buqalar shu qadar ko‘p ediki, hisobiga yetib bo‘lmasdi.

7 Ruhoniylar Egamizning Ahd sandig‘ini alohida atalgan joyga — Eng muqaddas xonaga, karublarning qanotlari ostiga qo‘yishdi. 8 Karublarning qanotlari Sandiq usti bo‘ylab cho‘zilgan va Sandiq hamda uning xodalarini berkitib turardi. 9 Xodalar shunchalik uzun ediki, ularning uchi Eng muqaddas xonaning shundaygina oldidan ko‘rinib turardi, boshqa joydan esa ko‘rinmasdi. Xodalar bugungacha* ham o‘sha yerda turibdi. 10 Sandiqning ichida ikkita tosh lavhadan boshqa hech narsa yo‘q edi. Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin, Egamiz Sinay tog‘ida* ular bilan ahd tuzgan edi. O‘shanda Muso bu tosh lavhalarni Sandiq ichiga solib qo‘ygan edi.

11-14 Bu yerda hozir bo‘lgan ruhoniylarning hammasi, qaysi guruhga qarashli bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zlarini poklagan edilar. Jamiki levi sozandalari — Osif, Xaman, Yodutun, ularning o‘g‘illari va qarindoshlari mayin zig‘ir matosidan tikilgan liboslarni kiyib olgan edilar. Levilar zil, arfa va liralarni ko‘tarib qurbongohning sharq tomonida turdilar. Ularning yonidan karnay chaladigan 120 nafar ruhoniy joy oldi. Sozandalaru karnaychilar jo‘r bo‘lib, Egamizga hamdu sano va shukrona aytar edilar. Karnay, zil va boshqa sozlar jo‘rligida qo‘shiqchilar Egamizga shunday hamdu sano kuylar edilar:


“Egamiz yaxshidir,

Uning sodiq sevgisi abadiydir.”


Ruhoniylar Muqaddas xonadan chiqib ketayotganlarida, birdaniga Xudoning uyini

bulut qoplab, Egamizning ulug‘vorligi uyni to‘ldirdi. Shuning uchun ruhoniylar o‘z

xizmatini davom ettira olmadilar.


6–BOB


Sulaymonning nutqi

1 Shunda Sulaymon ibodat qildi:

— Ey Egamiz! Sen, zimziyo zulmatda maskan qilaman, degan eding. 2 Mana endi Senga ajoyib bir uy, abadiy istiqomat qilishing uchun bir maskan barpo qildim.

3 Keyin shoh orqasiga qayrilib, tik turgan jamiki Isroil jamoasini duo qildi. 4 Shoh dedi:


“Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin. U otam Dovudga bergan va’dasini bajardi. 5 Egamiz otamga shunday degan edi*: «Xalqim Isroilni Misrdan olib chiqqan kunimdan beri Men ulug‘lanadigan uyni barpo qilish uchun Isroil qabilalarining birorta shahrini tanlamagan edim, birorta odamni xalqimga hukmron qilib saylamagan edim. 6 Mana endi esa ulug‘lanishim uchun Quddusni tanladim. Men seni, ey Dovud, xalqim Isroil ustidan hukmdor bo‘lgin deb tanladim.»

7 Isroil xalqining Xudosi — Egamizga atab bir uy barpo qilmoq otam Dovudning niyati edi. 8 Lekin Egamiz otam Dovudga shunday deb aytdi:

«Modomiki, Menga atab bir uy barpo qilmoqni ko‘nglingga tukkan ekansan, yaxshi qilibsan. 9 Biroq Menga atab o‘sha uyni sen emas, balki sening pushti kamaringdan bino bo‘ladigan o‘g‘ling barpo qiladi.»

10 Egamiz va’da bergan edi, bajo ayladi: otam Dovudning o‘rniga taxtga men chiqdim, Egamiz va’da etganiday, Isroil taxtiga o‘tirdim, Isroil xalqining Xudosi — Egamizga atab bir uy barpo qildim. 11 O‘sha uyga Ahd sandig‘ini o‘rnashtirdim.

Egamizning Isroil xalqi bilan qilgan ahd lavhalari shu Sandiqning ichida turibdi.”

Sulaymonning ibodati

12 Sulaymon Egamizning qurbongohi oldida Isroil jamoasi ro‘parasida qo‘llarini ko‘kka cho‘zdi. 13 U supaning ustida turar edi. Bu supani Sulaymon bronzadan yasattirib, uni hovlining o‘rtasiga o‘rnattirgan edi. Supaning uzunligi besh tirsak, eni ham besh tirsak, balandligi uch tirsak* edi. Sulaymon butun Isroil jamoasi oldida tiz cho‘kib, qo‘llarini ko‘kka cho‘zgancha, 14 ibodat qila boshladi:


“Ey Isroil xalqining Xudosi — Egamiz! Yer yuzida ham, osmonu falakda ham Senga o‘xshashi yo‘q! Senga butun qalbi bilan bog‘lanib, Sen ko‘rsatgan yo‘ldan yuradigan qullaringga O‘zing ahdingni sodiq saqlaysan. 15 Quling — otam Dovudga Sen O‘z og‘zing bilan bergan va’dalaringni bugun O‘z qo‘ling bilan bajo aylading.

16 Ey Isroil xalqining Xudosi — Egamiz! O‘zingning qulingga — otam Dovudga: «Bolalaring ham senga o‘xshab qonunlarimga rioya qilib, o‘ylab qadamini bossalar, sening naslingdan bo‘lgan erkak zoti to abad Isroil taxtida o‘tiradi», — deb va’da bergan eding. Endi bergan va’dangni ado et! 17 Ey Isroil xalqining Xudosi — Egamiz! Quling Dovudga aytganlaring amalga oshsin, deb iltijo qilaman.

18 Ey Xudo, Sen yer yuzida inson zoti bilan yasharmiding?! Sen osmonga, hatto falak toqiga ham sig‘massan. Falak toqi oldida men qurgan uy nima bo‘libdi?! 19 Ey Egam Xudo, iltijo bilan qilgan ibodatimni qabul et! Senga yolvorib qilayotgan iltijolarimga javob ber. 20 Sen: «Men o‘sha yerda ulug‘lanay», deb aytgan eding. Ko‘zlaring kechayu kunduz o‘sha joyga — o‘sha uyga qadalib tursin. Men, quling, o‘sha tomonga qarab ibodat qilaman, ibodatlarimni tingla.

21 Isroil xalqi bilan birga o‘sha tomonga qarab qilgan iltijolarimizga quloq tut. Samolardan — O‘z makoningdan turib quloq sol, eshitgin–u, gunohimizdan o‘t.

22 Kimdir gunohkorlikda ayblansa, o‘sha odam kelib, shu uyingdagi qurbongohing oldida, aybsizman, deb ont ichsa, 23 ey Egam, samodan turib quloq sol, qullaringni O‘zing hukm et. Gunohkorning qilmishini bo‘yniga qo‘y, jazosini ber. Gunohsizning esa haqligini ko‘rsat, haq bo‘lgani uchun uni ozod qil.

24 Xalqing Isroil Sening oldingda gunoh qilgani uchun yovga mag‘lub bo‘lsa, yana qaytib Seni tan olsa, o‘sha uyda Senga yolvorib iltijo qilsa, 25 Sen samodan turib, ularning iltijolariga quloq sol, gunohlaridan o‘t. Otalariga va ularga O‘zing tomondan berilgan yurtga ularni qaytar.

26 Ular Senga qarshi gunoh qilganlari uchun osmon berkilib, yomg‘ir yog‘maganda, ular o‘sha uyga qarab, Seni yana tan olib iltijo qilsalar, Sen ularni gunohlari uchun jazolaganingda, tavba qilsalar, 27 qullaring Isroil xalqiga samodan turib quloq sol, ularning gunohidan o‘t. Ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsat, toki o‘sha yo‘ldan yursinlar, keyin xalqingga mulk qilib bergan yerga yomg‘ir yog‘dir.

28 Yurtda ocharchilik yo o‘lat paydo bo‘lsa, garmsel*, zang kasali, chigirtka*, qurt–qumursqa bossa yoki xalqingni yovlar qamal qilsa, yoxud kulfat, xastalik ularning boshiga kelsa, 29 har qanday inson yoki xalqing Isroil Senga yolvorib ibodat qilsa, har kim o‘z dard–hasratini aytib, bu uy tomon qo‘llarini cho‘zsa, 30- 31 Sen samodan — maskaningdan turib quloq sol va ularning gunohidan o‘t. Har birining tutgan yo‘liga qara, xizmatiga yarasha ber, toki Sen O‘zing ota– bobolarimizga bergan yurtda ular umrlarining oxirigacha Sendan qo‘rqib, Sening yo‘llaringdan yursinlar. Zotan, jamiki inson bolasining ko‘nglidagini yolg‘iz Sen bilasan, xolos.

32 Xalqing Isroildan bo‘lmagan begona odam Seni deb uzoq yurtdan kelsa, Sening shuhrating, qudrating va ajoyibotlaring haqida eshitib, o‘sha uyga qarab ibodat qilsa, 33 Sen makoningdan turib quloq sol. O‘sha odamning so‘raganini bajo ayla, toki yer yuzidagi hamma xalqlar Seni bilsin, xalqing Isroil kabi Sendan hayiqadigan bo‘lsin. Men barpo qilgan shu uy Senga atab qilinganini bilsin.

34 Sen xalqingni g‘animlariga qarshi jang qilishga yuborganingda, ular O‘zing tanlab olgan bu shaharga, Senga atab men qurgan uyga yuz burib, ibodat qilsalar, 35 samodan turib ularning iltijolarini eshit, bajo ayla.

36 Sening oldingda ular gunoh qilganlarida, chunki gunoh qilmaydigan odamning o‘zi yo‘q, Sen g‘azablanib, ularni yaqin yoki uzoq yurtlarga asir qilib olib ketadigan dushmanlarning qo‘liga berganingda, 37 ular g‘animlari yurtida asirlikda yurib, esini yig‘ib olgach: «Gunoh qildik, shakkoklik qildik, aybdormiz», deb tavba qilib, Senga yolvorsalar, 38 asir bo‘lgan yurtda butun qalbi bilan, jonu dili bilan Senga qaytsalar, O‘zing ota–bobolariga bergan yurtga, O‘zing tanlab olgan shaharga, Senga atab men qurgan uyga yuz burib, ibodat qilsalar,

39 samodan — makoningdan turib ularning qilgan iltijolarini eshit, bajo ayla.

Xalqing Senga qarshi qancha gunoh qilgan bo‘lmasin, ularni kechir.

40 Endi, ey Xudoyim, bizga nazar sol, shu joyda qilgan ibodatlarimizga quloq

tut.


41 Qani, ey Parvardigor Egam, kel oromgohingga

Qudrating ramzi bo‘lgan Sandiq bilan birga.

Ey Parvardigor Egam!

Ruhoniylaring najot kiyimlarini kiyishsin. Taqvodorlaring ezguligingdan shod bo‘lishsin. 42 Ey Parvardigor Egam!

Tanlagan shohingni rad qilmagin!

Quling Dovudga ko‘rsatgan sevgingni yodingda tutgin.”


7–BOB

Ma’bad Egamizga bag‘ishlanadi

1 Sulaymon ibodat qilib bo‘lishi bilanoq, osmondan alanga tushib, kuydiriladigan va boshqa qurbonliklarni yamlab yubordi. Egamizning ulug‘vorligi Ma’badni to‘ldirdi.

2 Shuning uchun ruhoniylar Egamizning uyiga kira olmadilar. 3 Jamiki Isroil xalqi olov tushganini va Egamizning ulug‘vorligi Ma’badni to‘ldirganini ko‘rgach, hammalari yerga muk tushib, ta’zim qildilar va Egamizga sajda qilib, Unga shukrona aytdilar:


“Egamiz yaxshidir,

Uning sodiq sevgisi abadiydir.”


4 Shundan keyin shoh va barcha xalq Egamizga atab qurbonlik qildilar. 5 Shoh Sulaymon 22.000 buqani, 120.000 qo‘yni Egamizga atab qurbonlik qildi. Shu tariqa shoh va butun xalq Ma’badni Egamizga bag‘ishladilar. 6 Ruhoniylar o‘z joylarini egalladilar.

Levilar ham musiqa asboblarini ko‘tarib, ruhoniylar singari o‘z joylariga turdilar. Dovud bu musiqa asboblarini Egamizga hamdu sano aytish uchun yasattirgan edi, Dovudning o‘zi Egamizni madh etib, “Uning sodiq sevgisi abadiydir” deb hamdu sano aytganda, o‘sha musiqa asboblaridan foydalangan edi. Xalq tik turar, levilarning qarshisidan joy olgan ruhoniylar esa karnaylar chalardilar.

7 Sulaymon Egamizning uyi oldidagi hovli o‘rtasini ham muqaddas qildi. So‘ng o‘sha yerda kuydiriladigan qurbonliklar, don nazrlari va tinchlik qurbonliklarining yog‘ini nazr qildi, chunki bularning hammasi u yasattirgan bronza qurbongoh ustiga sig‘magan edi.

8 Keyin Sulaymon va u bilan birga nihoyatda katta jamoa — Levo–Xomatdan* tortib Misr chegarasidagi irmoqqa* qadar yerlarda yashaydigan butun Isroil xalqi yetti kun davomida Chayla bayramini* nishonlashdi. 9 Ular yetti kun qurbongohning Xudoga bag‘ishlanishini nishonlashdi, keyin yana yetti kun Chayla bayramini qilishdi. Chayla bayramidan keyin* muqaddas yig‘in qilishdi. 10 Yettinchi oyning* yigirma uchinchi kuni Sulaymon xalqni o‘z uylariga jo‘natdi. Egamizning Dovudga, Sulaymonga va Isroil xalqiga ko‘rsatgan muruvvati tufayli hammaning ko‘ngli shodlikka to‘lgan edi.

11 Sulaymon Egamizning uyini ham, o‘zining saroyini ham qurib bo‘ldi. Mo‘ljallangan

hamma yumushlarni muvaffaqiyat bilan tamom qildi.

Xudo Sulaymonga zohir bo‘ladi

12 Keyin Egamiz kechasi Sulaymonga zohir bo‘lib, unga aytdi:


“Menga qilgan iltijolaringni eshitdim, bu uyni O‘zimga qurbonliklar keltiriladigan joy qilib tanladim. 13 Yomg‘ir yog‘masin deb, osmonni berkitganimda, yoki chigirtkalarga*, yer yuzini yeb bitiringlar deb, amr berganimda, yoxud xalqimning orasiga o‘lat kasalini yuborganimda, 14 Mening nomim bilan atalgan xalqim tavba qilib, Menga iltijo qilsa, Menga yuz burib qabih yo‘llaridan qaytsa, Men osmondan turib ularning iltijolarini eshitaman, gunohlarini kechirib, yurtiga shifo beraman. 15 Endi sizlarga nazarimni solaman, bu joyda qilgan ibodatlaringizga quloq tutaman. 16 Men to abad ulug‘lanishim uchun bu uyni tanlab, muqaddas qildim. Bu uydan ko‘zimni uzmayman, qalbim u yerni maskan qiladi.

17 Agar sen Mening oldimda otang Dovud kabi yursang, Men amr etgan hamma farmonlarimni ijro etsang, qonun–qoidalarimni mahkam tutsang, 18 shohlik taxtingni abadiy mustahkam qilaman. Shunda otang Dovud bilan tuzgan ahdim, unga: «Sening naslingdan bo‘lgan erkak zoti to abad Isroilda

hukmronlik qiladi», deb aytgan gaplarim* amalga oshadi. 19 Bordi–yu, sen va sening nasling yo‘limdan qaytsangiz, bergan amr va farmonlarimni tark etsangiz, borib boshqa xudolarga xizmat qilsangiz, ularga topinsangiz, 20 sizlarni O‘zim bergan yurtdan qo‘porib tashlayman. Ulug‘lanishim uchun muqaddas qilgan bu uyni tark etaman. Ana o‘shanda bu uy hammaning og‘zida duv–duv gap bo‘ladi, hamma xalqlar uyimni masxara qiladi. 21 Hozir ajoyib bo‘lib turgan uyning yonidan o‘tganlar dahshatga tushadilar:


8–BOB

Shoh Sulaymonning erishgan yutuqlari

1 Sulaymon Egamizning uyini va o‘z saroyini yigirma yilda bitirgan edi. 2 So‘ngra u shoh Xiram bergan shaharlarni qaytadan qurib, Isroil xalqini o‘sha shaharlarga joylashtirdi.

3 Sulaymon Xomat–Zo‘voga* yurish qilib, u joyni qo‘lga kiritdi. 4 U sahrodagi Tadmo‘r shahrini va Xomatdagi ombor shaharlarni tuzatib mustahkamladi. 5 U yana Tepadagi Bayt–Xo‘ronni va Pastki Bayt–Xo‘ronni qaytadan qurdi, bu shaharlarni devor bilan o‘radi, tambalanadigan darvozalar o‘rnatdi. 6 Baalat shahrini, o‘zining hamma ombor shaharlarini, hamma jang aravalari saqlanadigan shaharlarni, otliqlari* turadigan shaharlarini qaytadan tuzatib mustahkamladi. Bundan tashqari, Quddusda, Lubnonda, shohlikning hamma burchaklarida nima istasa, barpo qildi. 7 Kan’onda qolib ketgan

Amor, Pariz, Xiv, Xet va Yobus xalqlari Isroil xalqidan emasdi. 8 Isroil xalqi ularning bu yurtda qolib ketgan avlodlarini qirib bitirmagan edi. Sulaymon o‘sha qolib ketganlarini qarol qilib oldi. Ular bugungacha* bor. 9 Lekin Sulaymon Isroil xalqidan birortasini qarollik uchun qul qilmadi. Aksincha, ularni shohning sipohlari, a’yonlari, jang aravalarining qo‘mondonlari va suvorilarining qo‘mondonlari lavozimiga tayinladi.

10 Sulaymonning ishboshilari 250 kishi bo‘lib, ular odamlar ustidan nazoratchi edilar.

11 Sulaymon fir’avnning qizini Dovud qal’asidan unga atab barpo qilgan yangi saroyga ko‘chirtirdi. U shunday degan edi: “Mening xotinim Dovud qal’asida ortiq yashay olmaydi, chunki Egamizning Sandig‘i saqlangan har qanday joy muqaddasdir.”

12 Sulaymon Ma’bad ayvonining qarshisida qurgan qurbongoh ustida Egamizga qurbonliklar kuydira boshladi. 13 Bu qurbonliklarni u Musoning talablariga rioya qilgan holda, Shabbat kunlarida, yangi oy shodiyonalarida va yilda bir martadan nishonlanadigan Xamirturushsiz non bayramida, Hosil bayramida* va Chayla bayramida keltirar edi. 14 Sulaymon, otasi Dovud joriy qilgan qoidaga ko‘ra, ruhoniylar va levilarning xizmatlarini taqsimlab berdi. Levilar Egamizni madh qilishda va kundalik ishlarda ruhoniylarga yordam berardilar. Sulaymon Ma’bad darvozabonlarini ham guruhlarga bo‘lib, har bir darvozada ularning har kuni qiladigan ishlarini taqsimlab berdi. U bularning hammasini Xudoning odami Dovudning farmoniga muvofiq qildi.

15 Shoh Dovudning ruhoniylarga, levilarga, xazinalarga va boshqa narsalarga oid birorta

ko‘rsatmasi e’tibordan chetda qolmadi.

16 Shunday qilib, Sulaymon hamma ishni o‘z nihoyasiga yetkazdi. Egamiz uyining poydevori qo‘yilgandan boshlab, to uy tamomila qurilib bo‘lguncha bajarilgan hamma ish muvaffaqiyatli bo‘ldi. 17 Shundan so‘ng Sulaymon Edom yurtidagi Qizil dengiz* qirg‘og‘ida joylashgan Ezyo‘n–Geber va Elet shaharlariga ketdi. 18 Shoh Xiram o‘z kemachilari va tajribali dengizchilari boshchiligida kemalarni Sulaymonga jo‘natdi. Ular Sulaymonning odamlari bilan birga Ofir yurtiga* suzib borib, u yerdan Sulaymonga 960 pud* oltin keltirib berdilar.


9–BOB

Shava malikasi Quddusga tashrif buyuradi

1 Shava* malikasi Sulaymonning dong‘ini eshitgach, Quddusga keldi. U Sulaymonga topishmoqlar aytib sinab ko‘rmoqchi edi. Malika o‘zi bilan juda ko‘p miqdorda oltin va qimmatbaho toshlar, xushbo‘y ziravorlar yuklangan katta karvonni boshlab kelgan edi. Malika Sulaymonning huzuriga kirgach, ko‘nglida nima bo‘lsa, hammasini unga aytdi.

2 Sulaymon malikaning hamma savollariga javob berdi, malikaning bironta savoliga javob berishda qiynalmadi. 3 Shava malikasi Sulaymonning donoligini, u qurgan saroyni, 4 dasturxonidagi noz–ne’matlarni, xizmatkorlarining yashash sharoitlarini, shoh soqiylariyu* bakovullarini* hamda ularning xizmat liboslarini, Egamizning uyida shoh Sulaymon kuydirib, nazr qilgan qurbonliklarni* ko‘rdi. Malika g‘oyat hayratlanib,

5 shohga dedi:

— Sizning ishlaringiz, donoligingiz haqida yurtimda eshitganlarim to‘g‘ri ekan.

6 Kelib o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rmagunimcha, gap–so‘zlarga ishonmagan edim. Menga donoligingizning hatto yarmini ham aytishmagan ekan. Men eshitgandan ham ortiq bo‘lib chiqdingiz! 7 Naqadar baxtiyordir odamlaringiz! Omadlidir xizmatkorlaringiz! Ular

doimo huzuringizda bo‘lib, donoligingizdan bahra olishar. 8 Sizdan mamnun bo‘lib, O‘z vakili sifatida sizni Isroil taxti uzra o‘tqazgan Egangiz Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin. U Isroilni to abad sevgani uchun adolat va to‘g‘rilik bilan hukm etsin deb, sizni shoh qilgan ekan.

9 Malika Sulaymonga 250 pud* oltin, behisob xushbo‘y ziravorlar va qimmatbaho toshlar hadya qildi. Shava malikasi hadya qilgan xushbo‘y ziravorlarning sifati shu qadar yuqori ediki, ularga teng keladigani yo‘q edi.

10 Xiram bilan Sulaymonning Ofirdan oltin olib kelgan xizmatkorlari sandal daraxti yog‘ochlari va qimmatbaho toshlarni ham keltirgandilar. 11 Shoh o‘sha yog‘ochlardan Egamizning uyi uchun ham, shoh saroyi uchun ham zinalar, musiqachilar uchun lira va arfalar yasattirdi. Bularga o‘xshaganini Yahudo yurtida hech kim hech qachon ko‘rmagan.

12 Shoh Sulaymon Shava malikasiga istaganini va so‘raganining hammasini muhayyo qildi, malikaga olib kelganidan ham ziyodroq narsa berdi. Shundan keyin malika hamma odamlarini ergashtirib o‘z yurtiga jo‘nab ketdi.

Shoh Sulaymonning boyligi

13 Har yili Sulaymonga kelib turadigan oltinning og‘irligi 1425 pud* edi. 14 Odamlar va savdogarlarning oldi–sotdisidan olinadigan soliq bunga kirmasdi. Arab shohlari va Isroil hokimlari ham Sulaymonga oltin, kumush olib kelishardi. 15 Shoh Sulaymon oltindan ikki yuzta katta qalqon yasattirdi. Har bir qalqonni yasashga yarim pud* oltin sarf bo‘ldi. 16 Yana oltindan uch yuzta kichik qalqon ham yasattirdi. Har bir qalqon uchun 400 misqol oltin* sarflandi. Shoh bu qalqonlarni “Lubnon o‘rmoni” degan uyiga* qo‘ydi.

17 U yana fil suyagidan katta taxt yasatib, uni toza oltin bilan qoplatdi. 18 Taxtning oltita pog‘onasi va o‘rindiqqa ulangan oltin oyoq kursisi bor edi. O‘rindiqning ikki tomonida tirsagi bor edi. Tirsaklarning yonida ikkita sher tasviri turardi. 19 Har bir pog‘onaning ikki chekkasida ham bittadan sher tasviri bo‘lib, taxtning olti pog‘onasida jami o‘n ikkita sher tasviri bor edi. Bunday taxt boshqa birorta shohlikda bo‘lmagan edi. 20 Shoh Sulaymonning ichimlik ichadigan hamma idishlari oltindan, “Lubnon o‘rmoni” degan uyidagi hamma idishlar ham toza oltindan edi. Sulaymon davrida kumush arzimas narsa bo‘lib qolgan edi. 21 Dengizda, Xiramning kemalari qatorida, Sulaymonning ham savdo kemalari* bo‘lib, bu kemalar har uch yilda oltin, kumush, fil suyagi, turli–tuman maymunlar* olib qaytardi.

22 Shunday qilib, Sulaymon boylikda ham, donolikda ham yer yuzidagi hamma shohlardan o‘tib ketdi. 23 Sulaymonga Xudo bergan donolikni eshitmoq uchun yer yuzidagi hamma shohlar uning oldiga kelgani oshiqardi. 24 Kelganlarning har biri kumush va oltin idishlar, kiyim, qurol–aslaha, xushbo‘y ziravorlar, ot va xachirlar hadya qilib olib kelar edi. Bunday hol yillab davom etardi.

25 Sulaymonning otlari va jang aravalari uchun 4000 ta otxonasi, bulardan tashqari,

12.000 ta uchqur oti* ham bor edi. Sulaymon otlarning bir qismini aravalar saqlanadigan shaharlarga, ikkinchi qismini o‘z yoniga — Quddusga joylashtirgan edi. 26 U Furot daryosidan to Filistlar yeriga qadar va Misr chegaralariga qadar bo‘lgan hamma shohlar ustidan hukmronlik qilardi. 27 Uning hukmronligi davrida Quddusda kumush ko‘chadagi toshday ko‘p edi. Sadr yog‘ochlari ham xuddi Yahudo qir etaklarida

o‘sadigan oddiy shikamora–anjir daraxtiday* serob edi. 28 Shohning savdogarlari Sulaymon uchun Misrdan* va boshqa barcha yurtlardan otlar olib kelishardi.

Sulaymonning o‘limi

29 Sulaymonning boshqa ishlari boshdan oxirigacha Natan payg‘ambarning tarix kitobida, Shilo‘lik Oxiyoning bashoratlarida va valiy Yiddoning vahiylarida bayon etilgan. Valiy Yiddoning vahiylarida Nabat o‘g‘li Yeribom hukmronligi to‘g‘risida ham yozilgan. 30 Sulaymon Quddusda butun Isroil ustidan hukmdor edi. Uning hukmronligi qirq yil davom etdi. 31 Sulaymon olamdan o‘tdi. U otasi Dovud qal’asida, ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning o‘rniga o‘g‘li Raxabom shoh bo‘ldi.


10–BOB

Shimoldagi qabilalar qo‘zg‘oloni

1 Raxabom Shakam shahriga* ketdi. Jamiki Isroil xalqi* ham, Raxabomni shoh qilib ko‘taramiz deb, Shakamga kelishdi. 2 Nabat o‘g‘li Yeribom bu haqda eshitib, Misrdan qaytdi. U Sulaymonning dastidan Misrga qochgan edi. 3 Isroil xalqi odam yuborib, uni chaqirtirib keldi. So‘ng Yeribom bilan birgalikda hammasi Raxabom huzuriga kelib, unga shu gapni aytishdi:

4 — Otangiz bizga og‘ir bo‘yinturuq solib, og‘ir mehnat qilishga bizni majburlagan edi. Endi siz mehnatimizni yengillatib, bizni bo‘yinturuqdan xalos qiling. O‘shanda biz sizga itoat etamiz.

5 — Uch kundan keyin huzurimga kelinglar, — dedi Raxabom kelganlarga. Shunday qilib, xalq qaytib ketdi.

6 Shoh Raxabomning otasi Sulaymon hayotligi davrida oqsoqollar har doim uning

oldida hoziru nozir edilar. Shoh o‘sha oqsoqollarga maslahat soldi:

qilaman. Otam sizlarni qamchi bilan urib jazolagan ekan, men esa chayonlarga chaqtirib

jazolayman.

15 Shunday qilib, shoh xalqqa quloq solmadi. Egamizning Shilo‘lik Oxiyo orqali Nabat o‘g‘li Yeribomga bergan so‘zi* bajo bo‘lishi uchun Xudo bu voqeani shunday rejalashtirgan edi. 16 Isroil xalqi qarasaki, shoh gapga quloq solmayapti. Shundan keyin xalq unga shunday xitob qildi:


“Essay o‘g‘li Dovudning bizga o‘tkazib qo‘ygan joyi yo‘q, Bizning ham undan qarzimiz yo‘q!

Ey Isroil xalqi, har biringiz o‘z uyingizga qayting!

Ey Dovud, endi o‘z ko‘mochingga o‘zing kul tortaver!”


Shunday qilib, Isroil xalqi uylariga tarqalib ketdi. 17 Raxabom faqat Yahudo shaharlarida yashaydigan Isroil xalqi ustidangina hukmronlik qiladigan bo‘lib qoldi.

18 Shoh Raxabom qarollar boshlig‘i Odoniramni* Isroil xalqi oldiga yuborgan edi, Isroil* xalqi uni toshbo‘ron qilib o‘ldirdi. Bu xabarni shoh Raxabom eshitdi–yu, shosha– pisha jang aravasiga minib Quddusga qochdi. 19 Isroil xalqi o‘sha kundan boshlab Dovud xonadonidan yuz o‘girdi.


11–BOB

Shamayoning bashorati

1 Raxabom Quddusga kelib, Yahudo va Benyamin qabilalaridan 180.000 odamni sipohlikka tanlab oldi. “Shohlikni qaytarib olaman” degan maqsadda ularni Isroil xalqiga qarshi jang qilish uchun tayyorladi. 2 Lekin o‘shanda Shamayo payg‘ambarga

Egamizning quyidagi so‘zlari ayon bo‘ldi:

3 — Yahudo shohi Sulaymon o‘g‘li Raxabomga hamda Yahudo va Benyamin hududlarida istiqomat qilayotgan butun Isroil xalqiga shu gaplarni yetkaz: 4 “Egamiz shunday deb aytmoqda: qarindoshlaringizga qarshi urush boshlamanglar! Har kim o‘z uyiga qaytsin! Chunki bu ishlar hammasi Mendan bo‘ldi.”

Ular Egamizning amriga itoat etib, Yeribomga qarshi urush qilmadilar.

5 Raxabom Quddusda yashadi, u mudofaa uchun Yahudodagi quyidagi shaharlarni mustahkamladi: 6 Baytlahm, Etom, Taxuva, 7 Bayt–Zur, So‘xu, Adullam, 8 Gat, Morisho, Zif, 9 Odorayim, Laxish, Ozikah, 10 Zorox, Oyjavlon va Xevron. Bu shaharlar Yahudo va Benyamin hududlaridagi mustahkam shaharlar bo‘ldi. 11 Raxabom qal’alarni mustahkamladi. U yerga qo‘mondonlar tayin qilib, oziq–ovqat, zaytun moyi va sharob g‘amladi. 12 Har bir shaharni qalqon va nayzalar bilan ta’minlab, mudofaani g‘oyat kuchaytirdi. Shu tariqa u Yahudo va Benyamin qabilalarini qo‘li ostida saqladi.

Ruhoniylar va levilar Yahudo yurtiga keladilar

13 Isroilning barcha hududlaridagi ruhoniylar va levilar Raxabomning tarafdorlari edilar. 14 Levilar hatto o‘z yaylovlarini va mulklarini tashlab, Yahudo va Quddusga kelgan edilar. Chunki Isroil shohi Yeribom va uning o‘g‘illari levilarga Egamizning ruhoniylari sifatida xizmat qilishga yo‘l qo‘ymagan edilar. 15 Yeribom sajdagohlarda* xizmat qilish uchun o‘z ruhoniylarini tayinladi. Ular Yeribom yasattirgan oltin buzoqlarga va echki jinlarga* topinar edilar. 16 Isroilning hamma qabilalaridan Egamizga* chin yurakdan intilganlar esa levilar va ruhoniylarga ergashib, Quddusga

keldilar. Ular Quddusda ota–bobolarining Xudosi — Egamizga qurbonlik qilishardi.

17 Buning natijasida Yahudo shohligi mustahkam bo‘ldi. Ular Dovud bilan Sulaymonga qanday xizmat qilgan bo‘lsalar, Raxabomga ham uch yil davomida sadoqat bilan xizmat qildilar.

Raxabomning xonadoni

18 Raxabom Dovud o‘g‘li Yarimo‘tning qizi Maxalatga uylandi. Maxalatning onasi Abuhayil, Essay o‘g‘li Eliyobning qizi edi. 19 Maxalat Raxabomga Yoush, Shamariyo va Zaham degan o‘g‘illar tug‘ib berdi. 20 Keyinchalik Raxabom Absalomning qizi Maxoni* o‘ziga xotin qilib oldi. Maxo unga Abiyo, Attay, Zizo va Shalumit degan o‘g‘illar tug‘ib berdi. 21 Raxabom boshqa xotinlari va kanizaklariga* qaraganda, Absalomning qizi Maxoni yaxshi ko‘rardi. Raxabomning o‘n sakkizta xotini va oltmishta kanizagi bo‘lib, u yigirma sakkiz o‘g‘il va oltmish qiz ko‘rdi.

22 Raxabom xotini Maxo tuqqan o‘g‘li Abiyoni taxt vorisi qilish niyatida, hamma aka– ukalari orasida bosh shahzoda qilib tayinladi. 23 Raxabom donolarcha ish tutib, qolgan o‘g‘illariga mas’uliyatni taqsimlab berdi, ularni Yahudo va Benyamin hududidagi mustahkam shaharlarga o‘rnashtirdi. Ularga hamma narsani mo‘l qilib yetkazdi, ularni ko‘p xotinlarga uylantirdi.


12–BOB

Misr Yahudo yurtiga hujum qiladi

1 Raxabom o‘z hukmronligini mustahkamlab, kuchayib ketgach, u bilan birga butun xalq Egamizning qonunlaridan yuz o‘girdi. 2 Ular Egamizga qilgan bevafoligi uchun Raxabom hukmronligining beshinchi yilida* Misr shohi Shishax Quddusga bostirib keldi. 3 Shishax o‘zi bilan 1200 ta jang aravasini, 60.000 nafar otliq lashkarni, shuningdek, Misrdan Liviyalik, Suxotlik va Habashistonlik* son–sanoqsiz qo‘shinni tortib keldi.

4 Shishax Yahudoning mustahkam shaharlarini qo‘lga kiritib, Quddusgacha yetib bordi.

5 Shunda Shamayo payg‘ambar shoh Raxabomning va Yahudo lashkarboshilarining oldiga keldi. Ular o‘sha paytda Shishaxdan qochib, Quddusga to‘planishgan edi. Shamayo payg‘ambar ularga dedi:

— Egamiz shunday demoqda: “Sizlar Meni tark etdingiz, shuning uchun Men ham sizlarni tark etib, Shishaxning qo‘liga beraman.”

6 Shunda lashkarboshilar bilan shoh o‘z ayblarini tan olib: “Egamiz adolatlidir”, dedilar. 7 Ular ayblarini tan olganlarini Egamiz ko‘rgach, Shamayoga shu so‘zlarini ayon qildi: “Ular gunohlariga iqror bo‘ldilar, shuning uchun ularni qirib tashlamayman.

Shishax hujum qilganda, ularni qisman xalos etaman. Shishaxning qo‘li orqali Quddusga g‘azabimni sochmayman. 8 Biroq ularni Shishaxga qaram qilib qo‘yaman, shunda ular Menga xizmat qilish bilan boshqa yurtlarning shohlariga xizmat qilish orasidagi farqni bilib oladilar.”

9 Misr shohi Shishax Quddusga bostirib kelganda, Egamizning uyidagi va saroydagi xazinalarni tortib oldi, qo‘liga nima ilinsa, hammasini oldi. Sulaymon yasattirgan oltin qalqonlarni ham oldi. 10 Shoh Raxabom oltin qalqonlar o‘rniga bronza qalqonlar yasattirdi va ularni shoh saroyi darvozasini qo‘riqlaydigan soqchilar boshliqlari qo‘liga berdi. 11 Shoh Egamizning uyiga kirganda, soqchilar qalqonlarni ko‘tarib borishar, keyin esa qalqonlarni joyiga eltib qo‘yishardi. 12 Raxabom o‘z ayblarini tan olgani uchun

Egamiz g‘azabidan tushib, Yahudo xalqini tamomila qirib yubormadi. Yahudodagi ahvol yaxshilandi.

Raxabomning hukmronligi

13 Shoh Raxabom Quddusda hukmronlik qilib, kuchayib boraverdi. U taxtga o‘tirgan paytda qirq bir yoshda edi. Uning onasi Ommonlik bo‘lib, ismi Namax edi. Raxabom Quddusda o‘n yetti yil shohlik qildi. Egamiz hamma Isroil qabilalarining shaharlari orasidan Quddus shahrini O‘ziga sajda qilishlari uchun tanlab olgan edi. 14 Raxabom chin yurakdan Egamizga intilmagani uchun qabihlik qilaverdi.

15 Raxabom bilan Yeribom butun umri davomida urishib keldilar. Raxabomning butun faoliyati boshdan oxirgacha Shamayo payg‘ambar va valiy Yiddo yozgan nasabnomada bayon etilgan. 16 Nihoyat, Raxabom olamdan o‘tib, Dovud qal’asida, ota– bobolari yoniga dafn qilindi. Uning o‘rniga o‘g‘li Abiyo shoh bo‘ldi.


13–BOB

Abiyo bilan Yeribom o‘rtasidagi urush

1 Isroil shohi Yeribom hukmronlik qilayotganiga o‘n sakkiz yil bo‘lganda, Abiyo Yahudoga shoh bo‘ldi. 2 U Quddusda uch yil shohlik qildi. Onasining ismi Maxo* bo‘lib, Givolik Uriyolning qizi edi.

Abiyo bilan Yeribom o‘rtasida urush bo‘ldi. 3 Abiyo saralangan odamlardan tashkil topgan 400.000 nafar botir jangchisini urushga boshladi. Yeribom esa Abiyoga qarshi

800.000 nafar saralangan bahodir jangchini saf torttirdi. 4 Abiyo Efrayim qirlaridagi

Zamorayim tog‘i yon bag‘riga chiqib, gapirdi:


“Ey Yeribom va butun Isroil xalqi, gapimni eshiting! 5 Isroil xalqining Xudosi

— Egamiz shoh Dovud bilan qat’iy ahd tuzib, Isroil ustidan hukmronlik qilishni to abad unga va uning nasliga topshirgan. Nahotki buni bilmasangiz?! 6 Shunday bo‘lsa–da, Nabat o‘g‘li Yeribom Dovud o‘g‘li Sulaymonning xizmatida bo‘la turib, o‘z xo‘jayiniga qarshi bosh ko‘tardi. 7 Atrofiga bir guruh allaqanday yaramas odamlarni to‘plab, Sulaymon o‘g‘li Raxabomga qarshi fitna uyushtirdi. Raxabom o‘sha paytda yosh, tajribasiz bo‘lgani uchun ularga qarshilik ko‘rsata olmadi.

8 Endi esa sizlar Dovud nasli qo‘lidagi Egamizning shohligiga qarshi urush qilmoqchisizlar. Ha, sizlar ko‘pchiliksiz. Yeribom xudolar sifatida yasattirib bergan oltin buzoqlar* ham yoningizda. 9 Sizlar Horunning naslidan bo‘lgan Egamizning ruhoniylarini va levilarni quvib yubordingizlar. Begona xalqlardan o‘rnak olib, oddiy odamlarni ruhoniy qilib tayinladingizlar. Qoyil–e! Yosh buqasi yoki yettita qo‘chqori bo‘lgan har kim soxta xudolaringizga ruhoniylik qila oladi– ya!

10 Lekin Xudoyimiz Egamizdir, biz Undan yuz o‘girmadik. Egamizga xizmat qilayotgan ruhoniylarimiz Horun naslidandir. Levilar ularga xizmatda yordam berishyapti. 11 Ular har kuni ertalab va kechqurun Egamizga kuydiriladigan qurbonliklar atashadi, xushbo‘y tutatqilar tutatishadi, poklangan xontaxtaga muqaddas nonlar qo‘yishadi, har oqshom oltin chiroqpoyadagi moychiroqlarni yoqishadi. Ha, biz Egamiz Xudoning talablarini bajaramiz, sizlar esa Uni tark etdingizlar. 12 Xudo biz bilan birgadir, U bizning yo‘lboshchimizdir. Uning

ruhoniylari karnaylar chalib, sizlarga qarshi jangga da’vat qiladi. Ey Isroil xalqi! Ota–bobolaringizning Xudosi — Egamizga qarshi jang qilmang, siz baribir muvaffaqiyatga erishmaysiz!”


13 Shu orada Yeribom bildirmay sipohlarining bir qismini Yahudo lashkarining orqa tomoniga pistirma qo‘yish uchun jo‘natdi. Sipohlarining asosiy qismi esa Yahudo lashkarining old tomonida saf tortgan edi. 14 Yahudo lashkari qarashsa, qurshovda qolishibdi. Ular Egamizdan yordam so‘rab yolvorishdi, ruhoniylar karnaylarini chalishdi. 15 Yahudo lashkari ovozi boricha hayqirishdi. Ularning jangovar hayqirig‘i ostida Xudo Yeribomni hamda butun Isroil lashkarini Abiyo va Yahudo xalqi oldida mag‘lub qildi. 16 Isroil lashkari Yahudo lashkari oldiga tushib qochishdi. Xudo Isroil lashkarini Yahudo lashkarining qo‘liga berdi. 17 Abiyo va uning lashkari ularga og‘ir talafot yetkazdilar. Isroil lashkarining 500.000 nafar saralangan sipohi qurbon bo‘ldi.

18 Yahudo lashkari ota–bobolarining Xudosi — Egamizga tayangani uchun jangda Isroil

lashkarini mag‘lub qilib, g‘alabaga erishgan edi.

19 Abiyo Yeribomni ta’qib qilib, Baytil, Yashono va Efro‘n shaharlarini hamda o‘sha shaharlar atrofidagi qishloqlarni qo‘lga kiritdi. 20 Yeribom Abiyo davrida oldingi qudratini tiklay olmadi. Egamiz shoh Yeribomning jonini olib, uni halok qildi.

21 Abiyo esa kuchayib boraverdi. U o‘n to‘rtta xotinga uylanib, yigirma ikkita o‘g‘il va o‘n oltita qiz ko‘rdi.

22 Abiyoning boshqa ishlari, uning faoliyati va tutgan yo‘llari Yiddo payg‘ambarning

tarixida bayon etilgan.


14–BOB

Shoh Oso Habashistonni mag‘lub qiladi

1 Abiyo olamdan o‘tdi. Uni Dovud qal’asida, ota–bobolari yoniga dafn qildilar, uning o‘rniga o‘g‘li Oso shoh bo‘ldi. Uning hukmronligi davrida yurtda o‘n yil tinchlik, osoyishtalik bo‘ldi. 2 Oso Egasi Xudoning oldida yaxshi va to‘g‘ri ishlar qildi. 3 U begona xudolarga atalgan qurbongohlarni va sajdagohlarni* yo‘q qildi, butsimon toshlarni parchalab tashladi, Asheraning* ustunlarini kesdi. 4 Oso Yahudo xalqiga: “Ota– bobolaringizning Xudosi — Egamizga yuz buring, Uning qonun va amrlariga rioya qiling”, deb farmon berdi. 5 U Yahudoning hamma shaharlaridan sajdagohlarni va tutatqi qurbongohlarini yo‘qotdi. Uning hukmronligi davrida shohlikda tinchlik, osoyishtalik bo‘ldi. 6 Yurtda tinchlik hukmron bo‘lgan paytda, Oso Yahudodagi shaharlarni mustahkamladi. Egamiz unga osoyishtalik ato qilgani uchun o‘sha yillari urush bo‘lmadi. 7 Oso Yahudo xalqiga aytdi: “Kelinglar, shaharlarni devorlar bilan o‘raylik, minoralar quraylik, tambalanadigan darvozalar o‘rnatib, shaharlarni mustahkamlaylik. Biz Egamiz Xudoga itoat qilganimiz uchun, bu yurt hali ham bizniki. Xudo bizga har tarafdan osoyishtalik ato qilgan.” Shunday qilib, ular qurilish qildilar, huzur–halovatga yetishdilar. 8 Osoning Yahudo qabilasidan 300.000 sipohi bo‘lib, ular qalqon va nayzalar bilan qurollangan edilar. Benyamin qabilasidan esa 280.000 sipohi bo‘lib, ular qalqon va yoylar bilan qurollangan edilar. Ularning hammasi bahodir jangchilar edi.

9 Habashistonlik* Zerax behisob lashkari va 300 jang aravasi bilan Yahudo yurtiga hujum qilib, Morisho shahrigacha* bostirib bordi. 10 Oso unga qarshi yo‘lga otlandi.

Ikkala tomon Morisho yaqinidagi Zafito vodiysida saf tortishdi. 11 Oso o‘zining Egasi Xudoga iltijo qildi: “Ey Egamiz! Yolg‘iz Sengina zaif odamga kuchli raqibini mag‘lub qilishga yordam bera olasan. Ey Egamiz Xudo! Bizga yordam ber! Biz Senga tayanamiz. Sening noming bilan bu behisob lashkarga qarshi jangga otlandik. Ey Egamiz! Sen bizning Xudoyimizsan. Inson zoti Seni mag‘lub qilishiga yo‘l qo‘yma!”

12 Oso va Yahudo lashkari hujumni boshlagach, Egamiz Habashistonliklarni mag‘lub qildi. Habashistonliklar qocha boshladilar. 13 Oso lashkari bilan ularni Garorgacha* quvib bordi. Habashistonliklarning birortasi ham qochib qutula olmadi. Ularning hammasi Egamizning va Uning lashkari oldida qirilib ketdi. Yahudo lashkari ko‘p miqdorda o‘lja olib qaytdi. 14 Garor atrofidagi shaharlarda yashaydigan xalq yuz bergan voqeani eshitib, Egamizdan qo‘rqib qolgan edi. Shu sababdan Yahudo lashkari o‘sha shaharlarning hammasini mag‘lub qilib, talon–taroj qildi, u yerdan mo‘l o‘lja olib ketdi. 15 Ular cho‘ponlarning chodirlariga ham hujum qilib, ko‘p miqdorda qo‘y, echki, tuyalarni oldilar. So‘ngra Quddusga qaytib ketdilar.


15–BOB

Shoh Osoning islohotlari

1 Odod o‘g‘li Ozariyoni Xudoning Ruhi qamrab oldi. 2 Ozariyo Osoning huzuriga borib dedi:

— Ey shoh Oso! Ey Yahudo va Benyamin xalqi! Gapimga quloq solinglar. Sizlar Egamiz bilan bo‘lar ekansiz, U ham sizlar bilan birga bo‘ladi. Agar sizlar Egamizni izlasangizlar, Uni topasizlar. Agar Uni tark etsangizlar, U ham sizlarni tark etadi. 3 Isroil xalqi uzoq vaqt davomida* haqiqiy Xudosiz yashadi. Ularga ta’lim beradigan ruhoniy yo‘q edi, ular qonundan mahrum edilar. 4 Lekin boshlariga og‘ir kulfat tushganda, ular Isroil xalqining Xudosiga — Egamizga yuz burdilar, Uni izladilar, shunda topdilar.

5 O‘sha notinch davrda yo‘lga chiqish xatarli edi, chunki hamma joyda tartibsizlik va behalovatlik hukmron edi. 6 Bir xalq ikkinchisini yakson qilardi, bir shahar boshqasini vayron etar edi, chunki Xudo ularni iztirobga solib, behalovat qilib qo‘ygan edi. 7 Lekin sizlar dadil bo‘linglar! Tushkunlikka tushmanglar! Sizlar qilgan ishlaringiz uchun mukofot olasizlar.

8 Shoh Oso Odod o‘g‘li Ozariyo payg‘ambarning aytgan bashoratini eshitgach*, dadillashdi. U Yahudo va Benyamin yerlaridan, shuningdek, Efrayim qirlarida qo‘lga kiritgan shaharlardan makruh butlarni yo‘q qildi. Ma’bad hovlisidagi Egamizning qurbongohini tuzatdi. 9 U Yahudo va Benyamin xalqini, shuningdek, oralarida istiqomat qilayotgan Efrayim, Manashe va Shimo‘n qabilasidan bo‘lgan musofirlarni to‘pladi.

Ularning ko‘pchiligi Oso hukmronligi davrida Yahudoga ko‘chib kelgan edilar, chunki Egasi Xudo Oso bilan birga bo‘lganini ko‘rgan edilar. 10 Ular Oso hukmronligining o‘n beshinchi yili uchinchi oyida* Quddusda to‘plandilar. 11 O‘sha kuni o‘zlari olib kelgan o‘ljalardan 700 ta buqa va 7000 ta qo‘yni Egamizga qurbonlik qildilar. 12 So‘ng ota– bobolarining Xudosiga — Egamizga butun qalbi bilan, jonu dili bilan intilishga ahd qildilar. 13 Kimki Isroil xalqining Xudosiga — Egamizga intilmasa, xoh yosh bo‘lsin, xoh qari, xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol, o‘ldiriladigan bo‘ldi. 14 Ular baland ovozda Egamizga qasamyod qildilar, hayqirdilar, karnay va burg‘ular chaldilar. 15 Jamiki Yahudo xalqi chin dildan qasamyod qilgani uchun xursand bo‘ldi. Ular Egamizni astoydil izlaganlari uchun

Uni topdilar. Egamiz ularga har tarafdan osoyishtalik ato qildi.

16 Shoh Osoning buvisi* Maxo Asheraning* makruh tasvirini yasattirgan edi, shuning uchun Oso buvisini malikalik martabasidan* mahrum qildi. U buvisi yasattirgan butni qo‘porib tashlab, parcha–parcha qilgandan keyin, Qidron soyligida* yoqib yubordi.

17 Oso Isroildagi sajdagohlarni* yo‘q qilmagan bo‘lsa ham, umr bo‘yi Egamizga sodiq qoldi. 18 Otasi va o‘zi Xudoga atab nazr etgan oltinu kumushlarni, idishlarni Xudoning uyiga olib keldi. 19 Oso hukmronligining o‘ttiz beshinchi yiliga qadar urush bo‘lmadi.


16–BOB

Isroil shohi Basho Yahudoga hujum qiladi

1 Oso hukmronligining o‘ttiz oltinchi yilida Isroil shohi Basho Yahudoga hujum qildi. Odamlar Yahudo yurtiga osonlikcha kirib chiqa olmasligi uchun, Basho Rama shahrini* mustahkamladi. 2 Oso Egamizning uyidagi va saroydagi xazinalardan kumush va oltinlarni olib, Damashqda o‘tirgan Oram shohi Banhadadga jo‘natdi. Oso unga shu xabarni ham yubordi: 3 “Sening otang bilan mening otam o‘rtasida ittifoq bo‘lgani kabi, sen bilan mening o‘rtamda ham ittifoq bo‘lsin. Senga kumush va oltin berib yuboryapman. Isroil shohi Basho bilan ittifoq tuzgan eding, endi o‘shani bekor qil, toki u yurtimdan jo‘nab qolsin.”

4 Banhadad shoh Osoning taklifini qabul qildi, lashkarboshilariga: “Isroil shaharlariga hujum qilinglar”, deb ularni o‘sha yoqqa yubordi. Ular Iyxon, Dan, Ovil– Bayt–Maxo* shaharlarini va Naftali hududidagi barcha ombor shaharlarni bosib oldilar. 5 Basho bu voqeani eshitgach, Ramani mustahkamlash fikridan voz kechib, ishni to‘xtatib qo‘ydi. 6 Shoh Oso jamiki Yahudo xalqini chaqirtirib, ularga Rama shahrini mustahkamlashda Basho ishlatgan tosh va yog‘ochlarni tashittirdi. Oso o‘sha tosh va yog‘ochlar bilan Gebo hamda Mispax shaharlarini mustahkamladi.

7 Shu vaqtda valiy Xonin Yahudo shohi Osoning huzuriga kelib, unga aytdi:

— Sen Egang Xudoga suyanmasdan, Oram shohiga suyanding. Shuning uchun Oram shohining lashkarini qo‘ldan boy berding. 8 Nahotki Habashistonliklar* bilan Liviyaliklar esingda bo‘lmasa?! Ular son–sanoqsiz lashkarlari, ko‘plab jang aravalari va otliq sipohlari bilan kelgan edi–ku. O‘shanda Sen Egamizga suyanganing uchun, Egamiz ularni sening qo‘lingga bergan edi. 9 Egamiz yer yuzidagi hammani kuzatib turadi, Unga sodiq bo‘lganlarga U kuch–qudrat beradi. Sen aqlsizlarcha ish tutding. Bundan buyon sening boshing urushdan chiqmaydi.

10 Oso valiyning bu gaplaridan g‘azablandi. U g‘azab ustida valiyni zindonga tashladi.

Xalqdan ba’zilarini ham shafqatsizlarcha eza boshladi.

Oso hukmronligining oxirgi davri

11 Osoning butun faoliyati boshidan oxirigacha “Yahudo va Isroil shohlari kitobi”da yozib qoldirilgan. 12 Hukmronligining o‘ttiz to‘qqizinchi yilida Osoning oyoqlari og‘riydigan bo‘lib qoldi. Uning ahvoli juda og‘ir bo‘lishiga qaramay, u kasallik paytida ham Egamizga yuzini burmadi, faqat tabiblardan yordam so‘radi. 13 Nihoyat, Oso qirq bir yil hukmronlik qilib, olamdan o‘tdi. 14 Uni attorlar tayyorlagan turli–tuman ziravorlar bilan to‘la tobutga yotqizdilar. U Dovudning qal’asida, o‘zi uchun qoyada o‘ydirgan qabrga dafn qilindi. Uning sharafiga katta gulxan yoqdilar.

17–BOB

Yahudo shohi Yohushafat

1 Yohushafat otasi Oso o‘rniga shoh bo‘ldi, u Isroildan o‘zini himoya qilish uchun mudofaani kuchaytirdi. 2 U Yahudodagi hamma mustahkam shaharlarga harbiy qismlarni joylashtirdi. Yahudo yerlarida hamda otasi Oso qo‘lga kiritgan Efrayim shaharlarida ko‘plab qo‘nolg‘alar o‘rnashtirdi. 3 Yohushafat otasi Osodan* o‘rnak olib, uning ilk hukmronligi yillariga taqlid qilgani uchun Egamiz u bilan birga bo‘ldi.

Yohushafat Baalga sig‘inmay, 4 otasining Xudosiga intildi, Isroil shohlari yo‘llaridan yurmasdan, Xudoning amrlariga itoat etdi. 5 Shuning uchun Egamiz uning hokimiyatini mustahkam qildi. Butun Yahudo xalqi Yohushafatga o‘lpon to‘lardi, u katta boylik va shuhrat topdi. 6 Egamizga itoat qilishdan u zavq olar edi. Shu bois, u Yahudodagi sajdagohlarni* yo‘qotdi, Asheraga* atalgan ustunlarni chopib tashladi.

7 Hukmronligining uchinchi yilida xalqqa ta’lim berish uchun o‘z a’yonlari Banxayilni, Obodiyoni, Zakariyoni, Natanilni va Mixiyoni Yahudo shaharlariga jo‘natdi. 8 Levilardan Shamayo, Nataniyo, Zabadiyo, Osoyil, Shamiromo‘t, Yo‘natan, Odoniyo, To‘viyoxu va To‘doniyo hamda ruhoniylar Elishama va Yohuram ularga hamroh bo‘ldilar. 9 Ular Egamizning Tavrot kitobini olib, Yahudoning hamma shaharlariga borishdi va xalqqa ta’lim berishdi.

10 Yahudo atroflaridagi xalqlarga Egamiz qo‘rquv soldi, shuning uchun o‘sha xalqlar Yohushafatga qarshi urush qilmadilar. 11 Ba’zi Filistlar Yohushafatga katta miqdorda kumushni o‘lpon qilib olib keldilar. Arablar ham 7700 ta qo‘chqor va 7700 ta taka olib keldilar. 12 Yohushafat tobora kuchayib boraverdi. U Yahudoda qal’alar va ombor shaharlar qurdirdi. 13 U yerga ko‘p miqdorda oziq–ovqat to‘pladi. Quddusga tajribali bahodir jangchilarni joylashtirdi. 14 Bu jangchilar xonadonlari bo‘yicha safarbar qilingan edilar:


Yahudo qabilasining sipohlariga lashkarboshi Adnah edi. Uning qo‘li ostida

300.000 nafar bahodir jangchi bo‘lib, ular 1000 nafar jangchidan tashkil topgan

bo‘linmalarga bo‘lingan edilar.

15 Ikkinchi lashkarboshi Yohuxanon edi, uning qo‘li ostida 280.000 nafar

sipohi bor edi.

16 Uchinchi lashkarboshi Zixri o‘g‘li Amasiyo edi, uning qo‘li ostida 200.000

nafar sipohi bor edi. Amasiyo o‘z xohishi bilan Egamizga xizmat qilayotgan edi.


17 Benyamin qabilasining sipohlariga lashkarboshi Elyodax edi. U bahodir jangchi bo‘lib, qo‘li ostida yoy va qalqon bilan qurollangan 200.000 nafar sipohi bor edi.

18 Elyodaxning o‘ng qo‘l yordamchisi Yohuzabad edi, uning qo‘li ostida

qurollangan 180.000 nafar sipohi bor edi.


19 Bu jangchilar shohga Quddusda xizmat qilar edilar. Bulardan tashqari, shoh mustahkam shaharlarga boshqa harbiy qismlarni joylashtirgan edi.

18–BOB

Mixiyo payg‘ambar shoh Axabni ogohlantiradi

1 Yohushafat nihoyatda boy bo‘lib, obro‘si oshib ketdi. U o‘g‘liga Isroil shohi Axabning qizini olib berib, Axab bilan aloqasini mustahkamladi. 2 Oradan bir necha yil o‘tgach, Yohushafat Axabni ko‘rgani Samariya shahriga bordi. Axab Yohushafat va uning hamrohlari sharafiga ko‘plab mol–qo‘y so‘ydi. U Yohushafatni Giladdagi* Ramo‘t shahriga hujum qilishga ko‘ndirmoqchi bo‘lib*:

3 — Giladdagi Ramo‘t uchun jang qilmoqqa men bilan borasanmi? — deb so‘radi.

Ayt–chi, u qaysi yo‘ldan ketdi? — so‘radi Zidqiyo.

24 — Qarab tur, sichqonning ini ming tanga bo‘lib, yashiringani ichkari xonaga yugurganingda ko‘rasan, — dedi Mixiyo Zidqiyoga.

25 — Mixiyoni ushlanglar! — buyurdi Isroil shohi. — Uni shahar hokimi Omonning va

shahzoda Yo‘shning huzuriga olib boringlar. 26 Ularga mening amrimni yetkazinglar. Ular Mixiyoni zindonga tashlashsin. Men sog‘–salomat qaytib kelgunimcha, oz–moz non–suv berib tursin, xolos.

27 — Ey xaloyiq! Hammangiz eshitib qo‘ying! Agar shoh hazratlari sog‘–salomat qaytib kelsalar, Egamiz men orqali gapirmagan bo‘ladi, — dedi Mixiyo.

Axab halok bo‘ladi

28 Isroil shohi Axab bilan Yahudo shohi Yohushafat Giladdagi Ramo‘t shahriga ketishdi.

29 — Men qiyofamni o‘zgartirib, jangga kiraman, sen esa shohlik liboslaringni kiyib

ol, — dedi Axab Yohushafatga.

Axab qiyofasini o‘zgartirib, jangga kirdi. 30 Oram shohi jang aravalari qo‘mondoniga: “Kattasi bilan ham, kichigi bilan ham jang qilib o‘tirmanglar, asosiy hujumni Isroil shohining o‘ziga qaratinglar”, deb amr bergan edi. 31 Jang aravalari qo‘mondonlari Yohushafatni ko‘rgach: “Isroil shohi ana shu!” deb o‘ylab unga hujum boshladilar.

Yohushafat lashkarini jangga da’vat qilib baqirganda, Egamiz unga yordam berib, hujumni qaytardi. 32 Aravalarning qo‘mondonlari bildilarki, u Isroil shohi emas ekan. Qo‘mondonlar orqaga qaytdilar.

33 Bir odam bexosdan yoyini tortib qo‘yib yuborgan edi, o‘q to‘ppa–to‘g‘ri Isroil shohiga kelib tegdi. Shohning ustidagi sovuti ulangan joydan o‘q kirib ketgan ekan. Shoh og‘ir jarohatlandi.

— Otni orqaga bur, men jarohatlandim, lashkar orasidan meni olib chiqib ket! —

dedi shoh izvoshchisiga. 34 O‘sha kuni g‘oyatda shiddatli jang bo‘ldi. Shoh Axab esa aravasi ustida suyanib, Oram lashkarini kuzatib turdi. Kechga tomon borib shoh qazo qildi.


19–BOB

Valiy Yohu Yohushafatga tanbeh beradi

1 Yahudo shohi Yohushafat Quddusdagi saroyiga sog‘–salomat qaytib keldi. 2 Xonin

o‘g‘li valiy Yohu shoh Yohushafat bilan uchrashgani borib, unga dedi:

10 Boshqa shaharda istiqomat qiladigan birodarlaringiz oldingizga qotillik yoki qonun, amr, farmon, qoidalar bilan bog‘liq bo‘lgan da’volar bilan kelsa, ularni ogohlantiring, toki ular Egamizga qarshi gunoh qilib qo‘ymasinlar, o‘zlarining va sizning boshingizga Egamizning qahrini keltirmasinlar. Shunday qilsangiz, aybdan xoli bo‘lasizlar. 11 Sizlar Egamizning ishlari yuzasidan hamma hisobotni oliy ruhoniy Emoriyoga, shohning ishlari yuzasidan bo‘lgan hisobotni esa Yahudo qabilasining boshlig‘i Ismoil o‘g‘li Zabadiyoga berasizlar. Sud qarorlari amalga oshishini levilar nazorat qilib turadilar.

Dadil bo‘linglar, to‘g‘ri ish qilganga Xudo yor bo‘lsin!


20–BOB

Edomga qarshi urush

1 Oradan bir oz vaqt o‘tgach, Mo‘abliklar bilan Ommonliklar hamda Mavun xalqining* bir qismi Yohushafatga qarshi urishgani otlandilar. 2 Xabarchilar kelib, Yohushafatga: “Son–sanoqsiz lashkar Edomdan* — O‘lik dengizning narigi qirg‘og‘idan sizga qarshi kelmoqda. Ular Xazazon–Tamarni qo‘lga kiritib bo‘lishgan”, deb aytdilar. (Xazazon– Tamarning boshqa nomi En–Gedi* edi.) 3 Yohushafat qo‘rqib ketdi. U Egamizning

xohish–irodasini bilmoqchi bo‘lib, butun Yahudo bo‘ylab ro‘za e’lon qildi. 4 Yahudoning

hamma shaharlaridan xalq Quddusga yig‘ilib, Egamizdan madad tiladi.

Shoh Yohushafatning ibodati va g‘alabasi

5 Yohushafat Yahudo va Quddus jamoasi qarshisida — Egamizning uyi oldidagi yangi hovlida turib, 6 iltijo qildi:


“Ey ota–bobolarimizning Xudosi — Egamiz! Samodagi yagona Xudo Sensan.

Sen yer yuzidagi barcha xalqlarga hukmronlik qilasan. Kuch–qudrat egasi O‘zingsan. Kim Senga bas kela oladi?! 7 Ey Xudoyimiz! Xalqing Isroil bu yurtga kelganda, Sen ularning oldidan mahalliy xalqni haydab yubording, bu yurtni do‘sting Ibrohimning nasliga to abad berding. 8 Ota–bobolarimiz bu yerda yashab, Senga atab bir Ma’bad barpo qildilar. Ular shunday degan edilar:

9 «Boshimizga urush, o‘lat va ocharchilik kabi kulfatlar tushganda, biz shu uying oldiga — Sening huzuringga kelamiz. Zero, Sen shu yerdasan. Kulfat ichra Senga yolvoramiz, shunda Sen iltijolarimizni eshitib, bizga najot berasan.»

10 Mana qara, Ommon, Mo‘ab va Edom yurtining* xalqlari bizga hujum qilyaptilar. Bizning ota–bobolarimiz Misrdan chiqqanlarida, Sen ularga bu yurtlarga kirishga ijozat bermagan eding. Ular o‘sha yurtlarni aylanib o‘tib ketgan va u xalqlarni qirib yubormagan edilar. 11 Endi esa bu xalqlarning bizga qaytargan mukofotini ko‘rib qo‘y! Sen bizga mulk qilib bergan yurtdan ular bizni haydab yubormoqchilar. 12 Ey Xudoyimiz! Sen O‘zing ularni jazola, chunki bizga hujum qilgan bu ulkan lashkarga biz qarshilik qilishga ojizmiz. Nima qilishni biz bilmaymiz, Sendan keladigan yordamga ko‘z tutib turibmiz.”


13 Shu paytda jamiki Yahudo erkaklari xotin, bola–chaqalari bilan Egamizning oldida

o‘zingiz ham bundan xabardorsiz. 9 Shuning uchun otalarimiz jangda halok bo‘ldi, xotinu o‘g‘il–qizlarimiz asirlikka olib ketildi. 10 Egamiz bizdan O‘z qahrini qaytarsin deb, men Isroil xalqining Xudosi — Egamiz bilan ahd qilishga qaror etdim. 11 O‘g‘illarim! Endi e’tiborsiz bo‘lmanglar, chunki Egamiz sizlarni Uning huzurida xizmat qilishingiz uchun va qurbonliklar kuydirishingiz uchun tanlab olgan.

12 Levilardan quyidagilar shu yerda edilar:


Qohot naslidan — Emosay o‘g‘li Maxat, Ozariyo o‘g‘li Yo‘el, Marori naslidan — Abdi o‘g‘li Kish va Yoxalil o‘g‘li Ozariyo, Gershon naslidan — Zimmo o‘g‘li Yo‘x, Yo‘x o‘g‘li Eden,

13 Elizofon naslidan — Shimri, Yoval, Osif naslidan — Zakariyo, Mattaniyo, 14 Xaman naslidan — Yoxiyol, Shimax,

Yodutun naslidan — Shamayo va Uziyol.


15 Ruhoniylar bilan levilar qolgan levi birodarlarini to‘plab, hammasi o‘zlarini pokladilar. So‘ng shohning farmoni bo‘yicha, Egamizning qonun–qoidalariga rioya qilgan holda, Egamizning uyini poklay boshladilar*. 16-17 Ular birinchi oyning* birinchi kunida ishga kirishib, sakkiz kun davomida Egamiz uyining hovlilarini pokladilar.

Keyingi sakkiz kun davomida uyning o‘zini pokladilar. Ruhoniylar Egamizning uyiga kirib, Ma’baddagi hamma harom–xarish narsalarni Egamiz uyining hovlisiga olib chiqdilar. Levilar esa bu narsalarni shahar tashqarisiga, Qidron soyligiga* olib borib tashladilar. Birinchi oyning o‘n oltinchi kuniga kelib, hamma ishlarini tugatdilar.

18 So‘ngra ular shoh Hizqiyo huzuriga borib, shunday dedilar:

— Biz Egamizning butun uyini, qurbonlik kuydiriladigan qurbongohni va qurbongohning hamma ashyolarini, muqaddas nonlar qo‘yiladigan xontaxtani va xontaxtaning hamma ashyolarini pokladik. 19 Shoh Oxoz o‘z bevafoligi dastidan chiqarib tashlagan hamma ashyolarni biz olib kelib, pokladik. Mana, ularning hammasi Egamizning qurbongohi oldida turibdi.

Ma’badda xizmat tiklanadi

20 Shoh Hizqiyo ertasi kuni saharda shahar a’yonlarini to‘plab, hammalarini Egamizning uyiga boshlab bordi. 21 Ular shoh xonadonining va Yahudo xalqining gunohini yuvish uchun hamda Ma’badni poklash uchun gunoh qurbonligi* qilib yettita buqa, yettita qo‘chqor, yettita qo‘chqor qo‘zi va yettita takani olib keldilar. Horun naslidan bo‘lgan ruhoniylarga shoh: “Bularni Egamizning qurbongohida nazr qilinglar!” deb buyurdi. 22 Ruhoniylar buqalarni so‘yib, qonini qurbongohga sepdilar. Keyin qo‘chqorlarni so‘yib, qonini qurbongohga sepdilar. Qo‘zilarni ham so‘yib, qonini qurbongohga sepdilar. 23 So‘ngra gunoh qurbonligi qilinadigan takalarni shoh va jamoa oldiga olib keldilar. Ular qo‘llarini takalar ustiga qo‘ydilar. 24 Ruhoniylar takalarni so‘ydilar, butun xalqni gunohlaridan poklash uchun qonni qurbongohga sepdilar.

Negaki, shoh: “Kuydiriladigan qurbonliklar va gunoh qurbonliklari jamiki Isroil uchun

qilinsin”, deb farmon bergan edi.

25 Hizqiyo shoh Dovudning ko‘rsatmalariga rioya qilib, levilarni Egamizning uyiga joylashtirdi, ularga zil, arfa va liralarni berdi. Bu ko‘rsatmalarni Dovudga Egamiz O‘z payg‘ambarlari Gad va Natan orqali bergan edi. Gad shoh Dovudning xizmatidagi valiy

edi. 26 Levilar Dovudning cholg‘u asboblarini olib, ruhoniylar karnaylarini olib, o‘z joylarini egalladilar. 27 Shundan keyin Hizqiyo: “Qurbongohda qurbonliklar kuydirilsin!” deb buyurdi. Qurbonliklar kuydirila boshlangan zahoti qo‘shiqchilar Dovudning cholg‘u asboblari va karnaylar jo‘rligida Egamizga hamdu sanolar aytishni boshladilar.

28 Qurbonliklar kuydirilib bo‘lguncha, butun jamoa sajda qilib, qo‘shiqchilar qo‘shiq aytib, karnaychilar karnay chalib turdilar. 29 Qurbonlik tugagach, shoh Hizqiyo va butun xalq tiz cho‘kib, Xudoga sajda qildi. 30 Shoh Hizqiyo bilan a’yonlar levilarga: “Dovud va valiy Osif yozgan sanolarni aytib, Egamizni madh qilinglar!” deb buyurdilar. Levilar sevinch ila sano kuylab, tiz cho‘kib sajda qildilar.

31 Keyin Hizqiyo xalqqa dedi:

— Mana, sizlar o‘zingizni Egamizga bag‘ishladingizlar. Endi atagan qurbonligu

shukrona nazrlaringizni Egamizning uyiga olib kelinglar.

Jamoa qurbonliklar va shukrona nazrlarini keltirdi. Ba’zilari esa ko‘ngildan chiqarib kuydiriladigan qurbonlik uchun hayvonlarni ham olib keldilar. 32 Kuydiriladigan qurbonlik uchun 70 ta buqa, 100 ta qo‘chqor va 200 ta qo‘zi keltirildi. 33 Bulardan tashqari, jamoa 600 ta buqa va 3000 ta qo‘yni qurbonlik qilish uchun olib keldi. 34 Ammo ruhoniylar ozchilik bo‘lganlari uchun kuydiriladigan hayvonlarning terisini shilishga ulgura olmayotgan edilar. Shu sababdan ularning qarindoshlari levilar to ish

tugaguncha va boshqa ruhoniylar o‘zlarini poklaguncha ularga qarashib turdilar. Levilar, ruhoniylarga qaraganda, o‘zlarini poklash masalasiga jiddiyroq yondashgan edilar. 35 Kuydiriladigan qurbonliklarning miqdori nihoyatda ko‘p edi. Bulardan tashqari, tinchlik qurbonliklarining yog‘lari va kuydiriladigan qurbonliklar bilan birga keltiriladigan sharob nazri ham g‘oyatda mo‘l edi. Shu yo‘sinda, Egamiz uyidagi xizmat qayta tiklandi. 36 Xudoning O‘z xalqiga qilgan bu ishidan Hizqiyo va butun jamoa sevindi. Bularning hammasi qisqa vaqtda sodir bo‘lgan edi.


30–BOB

Shoh Hizqiyo Fisih ziyofati va Xamirturushsiz non bayramini nishonlaydi

1-4 Isroil xalqi Fisih ziyofatini* o‘z vaqtida — birinchi oyda* nishonlay olmagan edi, chunki ko‘p ruhoniylar o‘zlarini hanuz poklamagan va odamlarning aksariyat qismi Quddusga yig‘ilmagan edi. Shuning uchun shoh Hizqiyo, uning a’yonlari va Quddusdagi jamoa Fisih ziyofatini ikkinchi oyda* nishonlashga qaror qildilar. Shoh Hizqiyo butun Isroil va Yahudo xalqiga, shuningdek, Efrayim va Manashe qabilalariga bu haqda xabar jo‘natib, ularni Isroil xalqining Xudosiga — Egamizga atalgan Fisih ziyofatini nishonlash uchun Egamizning Quddusdagi uyiga taklif qildi.

5 Janubdagi Bershebadan tortib, to shimoldagi Dan shahrigacha bo‘lgan Isroil hududlarida istiqomat qilgan hamma odamlar Fisih ziyofatini nishonlash uchun Quddusga taklif qilindi. Negaki bu ziyofat ancha vaqtdan beri, qonunda ko‘rsatilganday, butun xalq tomonidan nishonlanmagan edi. 6 Choparlar shoh va uning a’yonlari nomidan yozilgan maktubni butun Isroil va Yahudo xalqlariga yetkazdilar. Maktubda quyidagilar bitilgan edi:


“Ey Ossuriya bosqinchilaridan* omon qolgan Isroil xalqi! Ibrohimning,

Is’hoqning va Yoqubning* Xudosi — Egamizga qaytinglar, shunda U ham sizga

qaytadi. 7 Egasi Xudoga xiyonat qilgan ota–bobolaringizga va Isroillik qarindoshlaringizga o‘xshamanglar. O‘zingiz ko‘rib turganingizday Xudo ularni qattiq jazoladi. 8 Ota–bobolaringiz singari qaysar bo‘lmanglar, Egamizga bo‘ysuninglar, Uning Ma’badiga kelinglar. Egamiz Ma’badni abadiy muqaddas qilgan. Egangiz Xudoga sajda qilinglar, ana shunda U g‘azabidan tushadi. 9 Agar Egamizga qaytsangiz, qarindoshu bola–chaqalaringizni asir qilgan bosqinchilar ularga rahm qiladilar, uylariga qaytib kelishlariga yo‘l qo‘yadilar. Zotan, Egangiz Xudo inoyatli va rahmdildir. Unga qaytsangiz, U sizdan yuzini o‘girmaydi.”


10 Shunday qilib, choparlar to shimoldagi Zabulun hududigacha bo‘lgan Efrayim va Manashe hududlaridagi hamma shaharlarga kirib chiqdilar. Lekin odamlar zaharxandalik bilan ularni masxara qildilar. 11 Faqat Osher, Manashe va Zabulun qabilasidan ba’zilari itoat etib, Quddusga keldilar. 12 Yahudo xalqini esa Xudo birlashtirib, ularga shoh va a’yonlarning ko‘rsatmasini bajarishga xohish bergan edi. Bu ko‘rsatma Egamizning amriga asoslangan edi.

13 Ikkinchi oyda Xamirturushsiz non bayramini* nishonlash uchun juda ko‘p xalq Quddusga yig‘ildi. 14 Ular Quddusdagi hamma begona qurbongohlarni va hamma tutatqi qurbongohlarini qo‘porib, Qidron soyligiga* uloqtirib tashladilar. 15 Ikkinchi oyning o‘n to‘rtinchi kuni esa Fisih qo‘zilarini so‘ydilar. O‘zlarini poklamagan ruhoniylar va levilar uyatli ahvolda qolganidan poklanish marosimini ado etib, kuydiriladigan qurbonliklarini Egamizning uyiga olib keldilar. 16 So‘ng ular Xudoning odami Musoning qonuniga muvofiq Ma’badda o‘z joylarini egalladilar. Ruhoniylar levilarning qo‘lidan qurbonlik qonini olib, qurbongohga sepdilar. 17 Xalqdan ko‘pchiligi o‘zlarini poklamagani uchun Fisih qo‘zisini qurbon qila olmadilar. Bunday odamlarning Fisih qo‘zisini so‘yish va Egamizga atash vazifasini levilarning o‘zlari bajardilar. 18 Efrayim, Manashe, Issaxor va Zabulun qabilasidan kelganlarning aksariyati o‘zlarini poklamagan bo‘lsalar–da, Xudoning qonuniga zid ravishda Fisih taomidan tanovul qildilar. Lekin Hizqiyo ular uchun quyidagicha ibodat qildi: “Ey Egam, muruvvating ila bu bandalaringni kechir. 19 Ular poklanish marosimini ado etmagan bo‘lsalar–da, ey Egamiz, ular Senga chin yurakdan sajda qilishga qaror etganlar. Axir, Sen ota– bobolarining Xudosisan.” 20 Hizqiyoning ibodatini Egamiz eshitib, xalqni kechirdi, ularga zarar yetkazmadi.

21 Quddusda to‘plangan xalq katta xursandchilik bilan yetti kun davomida Xamirturushsiz non bayramini nishonladi. Levilar va ruhoniylar har kuni sozlarning baland kuylari jo‘rligida Egamizni madh qildilar. 22 Hizqiyo Egamizga xizmat qilishda mohirlik ko‘rsatgan hamma levilarni ruhlantirdi. Xullas, xalq tinchlik nazrlarini qurbon qildi, ota–bobolarining Xudosiga — Egamizga shukronalar aytib, yetti kun bayram taomini tanovul qildi.

Ikkinchi bayram

23 Butun jamoa bayramni yana yetti kun nishonlashga qaror qildi. Shunday qilib, ular yana yetti kun xursandchilik bilan bayram qildilar. 24 Yahudo shohi Hizqiyo jamoaga qurbonlik qilish uchun 1000 ta buqa va 7000 ta qo‘y berdi. Shoh a’yonlari esa 1000 ta buqa va 10.000 ta qo‘y berdilar. Juda ko‘p ruhoniylar o‘zlarini pokladilar. 25 Yahudo xalqi, ruhoniylar, levilar, Isroil xalqi, Isroil va Yahudoda istiqomat qilayotgan musofirlar o‘zlarida yo‘q xursand edilar. 26 Quddusda katta xursandchilik hukm surardi. Isroil shohi

Dovud o‘g‘li Sulaymon zamonidan beri Quddusda bunday voqea yuz bermagan edi. 27 So‘ngra ruhoniylar va levilar turib, xalqni duo qildilar. Ularning ibodati Xudoning samodagi muqaddas makoniga yetib, ijobat bo‘ldi.


31–BOB

Shoh Hizqiyoning islohotlari

1 Bayram tugagandan keyin, o‘sha yerdagi butun xaloyiq Yahudo, Benyamin, Efrayim va Manashe hududidagi shaharlarga borib, butsimon toshlarni parchalab tashladilar, Asheraning* ustunlarini kesdilar, sajdagohlar* va qurbongohlarni vayron qildilar.

Bittasini ham qoldirmadilar. Shundan keyin hammalari o‘z shaharlariga, o‘zlarining

mulkiga qaytdilar.

2 Hizqiyo ruhoniylarni va levilarni guruhlarga bo‘ldi. Har bir guruhga quyidagi vazifalarni taqsimlab berdi: Egamizning Ma’badi hovlisida kuydiriladigan qurbonliklarni va tinchlik qurbonliklarini nazr qilish, u yerda xizmat qilib, hamdu sano va madhiyalar aytish. 3 Egamizning qonuniga ko‘ra, har kuni ertalab va kechqurun, Shabbat kunlari, yangi oy shodiyonalari va tayinlangan bayram kunlari kuydiriladigan qurbonliklar keltirilishi lozim edi. Shoh Hizqiyo o‘zining shaxsiy mulkidan bu qurbonliklar uchun hayvonlarni berdi. 4 U Quddusda yashagan xalqqa: “Ruhoniylar va levilarga tegishli ulushni beringlar, toki ular o‘zlarini to‘liq Egamizning qonunlarini bajarishga bag‘ishlasinlar”, deb farmon berdi. 5 Farmon berilgach, xalq bug‘doyning, sharob, zaytun moyi, asal va dalada yetishtirilgan donlarning birinchi hosilidan mo‘l qilib, olib keldilar. Ular olib kelgan hamma narsaning ushri* nihoyatda mo‘l edi. 6 Yahudo shaharlarida yashagan Isroil va Yahudo xalqi mol–qo‘ylarining ushrini hamda Egasi Xudoga atab bag‘ishlangan in’omlarning ushrini olib kelib, uyum–uyum qildilar. 7 Xalq in’omlar olib kelishni uchinchi oyda* boshlab, yettinchi oyda* tugatdi. 8 Hizqiyo va uning a’yonlari kelib uyum–uyum in’omlarni ko‘rishgach, Egamizga hamdu sano aytib, Isroil xalqini duo qilishdi.

9 Hizqiyo ruhoniylar va levilardan bu in’omlar haqida so‘raganda, 10 Zodo‘x xonadonidan bo‘lgan oliy ruhoniy Ozariyo Hizqiyoga shunday javob berdi: “Xalq in’omlarni Egamizning uyiga olib kela boshlaganidan beri, ozuqamiz yetarli. Juda ko‘p ortib qolgani ham bor. Ha, Egamiz O‘z xalqiga baraka berdi, ortganining ko‘pligini bir ko‘rib qo‘ying.” 11 Shunda Hizqiyoning buyrug‘iga binoan, Egamiz uyining omborxonalari tayyorlandi. 12 Bu omborxonalarga hamma hadyalar, ushrlar va bag‘ishlangan in’omlar qo‘yildi. Bularga nazoratchi qilib levi Xonaniyo, uning

yordamchisi qilib ukasi Shimax tayinlandi. 13 Ularning qo‘li ostida quyidagi o‘n nafar levi ishlaydigan bo‘ldi: Yoxiyol, Ozaziyo, Naxat, Osoyil, Yarimo‘t, Yo‘zabad, Eliyol, Yismaxiyo, Maxat va Binayo. Bularning hammasi shoh Hizqiyo va oliy ruhoniy Ozariyo tomonidan tayinlangan edilar.

14 Kori Ma’badning sharqiy darvozasi darvozaboni bo‘lib, Xudoga ko‘ngildan qilingan nazrlar uchun mas’ul edi. Kori levi Yimnaxning o‘g‘li edi. Uning vazifasi Egamizga atalgan in’omlarni va eng muqaddas nazrlarni ruhoniylar va levilarga bo‘lib berish edi. 15 Uning sodiq yordamchilari Eden, Minyomin, Yeshuva, Shamayo, Emoriyo va Shaxaniyo edilar. Ular ruhoniylarga qarashli shaharlarda xizmat qilib, u yerdagi ruhoniylarning oilalariga guruhlari bo‘yicha ulush taqsimlab berishar edi. Yoshu qariga

bir xil ulush ajratishardi: 16 Egamizning uyidagi xizmatni guruhlari bo‘yicha bajaradigan hamma erkaklarga, shuningdek, nasabnomada nomlari qayd etilgan uch va undan yuqori yoshdagi o‘g‘il bolalarga ulush berishardi. 17 Ular xonadonlari bo‘yicha ro‘yxatga olingan ruhoniylarga, shuningdek, yigirma va undan yuqori yoshdagi levilarga ulush ajratishardi. Levilarning ro‘yxati bajaradigan vazifalari va guruhlari asosida tuzilgan edi. 18 Nasabnomada nomlari qayd etilgan hamma erkaklarning oilalariga — xotini, o‘g‘il– qizlari, chaqaloqlariga ham ulush berilardi. Zotan, ular o‘zlarini pok saqlashda sadoqat ko‘rsatar edilar. 19 Shaharlarning chetlarida istiqomat qilgan, Horun naslidan bo‘lgan ruhoniylarga kelsak, ularga ham ulush tarqatadigan odamlar tayinlangan edi. Bu odamlar ruhoniy urug‘idan bo‘lgan har bir erkak zotiga va ro‘yxatga olingan har bir leviga ulush berishar edi.

20 Shu yo‘sinda, Hizqiyo butun Yahudo bo‘ylab ulush tarqatish vazifasini uddaladi. U Egasi Xudo oldida yaxshi, to‘g‘ri va halol ishlar qildi. 21 Ma’bad xizmatiga, Xudoning qonunlari va amrlariga oid qilgan har bir ishini Xudoga intilgan holda, chin yurakdan qilgani uchun ko‘p muvaffaqiyatga erishdi.


32–BOB

Ossuriyaliklar Quddusga xavf soladi

1 Shoh Hizqiyo sadoqat bilan bajargan bu ishlaridan keyin, Ossuriya shohi Sanxariv* Yahudoga bostirib keldi. U mustahkam shaharlarni egallab olish maqsadida ularni qamal qildi. 2 Sanxariv Quddusga hujum qilmoqchi bo‘lganini Hizqiyo bilgach,

3 lashkarboshilari va jangchilariga maslahat soldi. Ular shahar tashqarisidagi buloqlar oqimini to‘xtatishga qaror qildilar. 4 Bir talay xaloyiq to‘planib: “Nimaga endi Ossuriya shohi kelib, mo‘l–ko‘l suvga ega bo‘lar ekan”, deya hamma buloqlarni va hududdan oqib o‘tgan irmoqni to‘xtatdi. 5 Hizqiyo qat’iyat bilan ishga kirishib, buzilgan devorni qurdirdi, devor ustiga minoralar o‘rnatdi. Shahar devorining tashqarisidan yana bir devor ko‘tartirdi. Shuningdek, Dovud qal’asining sharq tomonidagi Milloni* tuzattirdi, ko‘plab qurol–aslaha va qalqonlar yasattirdi. 6 Shahardagi hamma erkaklar ustidan lashkarboshilar tayinlab, ularni shahar darvozasi oldidagi maydonga to‘pladi.

Hammalariga dalda berib, shunday dedi: 7 “Dadil va botir bo‘linglar, qo‘rqmanglar. Ossuriya shohi va uning to‘dalari oldida vahimaga tushmanglar, chunki buyuk kuch biz tomonda, ular tomonda emas. 8 Ular tomonda insoniy qudrat bo‘lsa, biz tomonda Egamiz Xudodir. U bizga yordam beradi, biz uchun jang qiladi.” Yahudo shohi Hizqiyoning so‘zlaridan xalq ruhlanib ketdi.

9 Ossuriya shohi Sanxariv jamiki lashkari bilan Laxish shahrini* qamal qilgan paytda, o‘z a’yonlarini Quddusga — Yahudo shohi Hizqiyo va Quddus aholisi oldiga quyidagi xabar bilan jo‘natdi:


10 “Ossuriya shohi Sanxariv shunday demoqda: sizlar o‘zi nimangizga

ishonyapsizlar? Nimaga qamalda qolgan Quddusda hanuz o‘tiribsizlar?

11 Ossuriya shohi qo‘lidan Egamiz Xudo bizni qutqaradi, deb Hizqiyo sizlarni aldamasin. U sizlarni ochligu tashnalikdan halok qilmoqchi! 12 Egangizning sajdagohlarini* va qurbongohlarini yo‘q qilgan Hizqiyoning o‘zi emasmi?! U Yahudo xalqiga va Quddusliklarga: «Faqat bitta qurbongoh oldida sajda qilinglar,

yolg‘iz o‘shaning ustida qurbonliklar keltiringlar», deb aytgan ekan*. 13 Nahotki men va otalarim boshqa yurtlarning xalqlarini nimalar qilganini bilmasangiz?! O‘sha xalqlarning xudolari qani?! Birortasi o‘z yurtini mening qo‘limdan qutqara oldimi?! 14 Mening ota–bobolarim yer yuzidan supurib tashlagan qaysi bir xalqning xudosi o‘z yurtini mening qo‘limdan qutqara olibdiki, Xudoyingiz sizni qutqara olsa?! 15 Endi Hizqiyoning aldovlariga uchmanglar, u sizlarni yo‘ldan urmasin. Unga ishonmanglar, biror xalqning yoki shohlikning xudosi o‘z xalqini mening qo‘limdan yoki otalarimning qo‘lidan qutqara olmagan. Xudoyingiz kim bo‘libdiki, sizlarni mening qo‘limdan qutqara olsa.”


16 Sanxarivning a’yonlari gapida davom etib, Parvardigor Egamiz va Uning quli Hizqiyoni haqoratladilar. 17 Shoh Sanxariv yozgan maktubida ham Isroil xalqining Xudosi — Egamizni tahqirlab, Uni shunday so‘zlar bilan masxara qilgan edi: “Boshqa yurtlarning xudolari o‘z xalqlarini mening qo‘limdan qutqara olmagani singari, Hizqiyoning xudosi ham o‘z xalqini mening qo‘limdan qutqara olmaydi.” 18 A’yonlar bu gaplarini ibroniy tilida devor ustida turgan Quddus xalqiga baqirib aytdilar. Ular Quddusni qo‘lga kiritish niyatida aholini vahimaga solib, qo‘rqitib qo‘ymoqchi edilar. 19 Quddus Xudosini boshqa xalqlarning xudolari qatorida ko‘rdilar, U to‘g‘rida xuddi inson qo‘li bilan yaratilgan butlar haqida gapirganday gapirdilar.

20 Shoh Hizqiyo va Omiz o‘g‘li Ishayo payg‘ambar Xudoga iltijo qilib yordam so‘radilar. 21 Egamiz farishtasini jo‘natgan edi, farishta Ossuriya shohi qarorgohidagi hamma bahodir jangchilarni, lashkarboshilarni va a’yonlarni qirib tashladi. Sanxariv sharmandalarcha o‘z yurtiga qaytib ketdi. U o‘z xudosining uyiga kirganda, o‘g‘illarining ba’zilari unga qilich urib o‘ldirdilar.

22 Shunday qilib, Egamiz shoh Hizqiyoni va Quddus aholisini Ossuriya shohi Sanxarivning qo‘lidan va butun g‘animlari qo‘lidan qutqardi. Yahudo xalqiga Egamiz har tarafdan osoyishtalik ato qildi*. 23 Ko‘p odamlar Quddusga tashrif buyurib, Egamizga nazrlar, Yahudo shohi Hizqiyoga qimmatbaho tortiqlar olib keldilar. O‘sha paytdan boshlab hamma xalqlar Hizqiyoni yuksak darajada hurmat qiladigan bo‘ldilar.

Shoh Hizqiyoning xastaligi

24 O‘sha kunlari Hizqiyo tuzalmas xastalikka yo‘liqib, o‘lim to‘shagiga yotib qoldi. U Egamizga ibodat qilgan edi, Egamiz unga javob berib, xastaligidan tuzalishini tasdiqlaydigan bir alomat ko‘rsatdi. 25 Ammo Hizqiyo noshukurchilik qilib, o‘zini mag‘rur tutgani uchun o‘z boshiga hamda Yahudo va Quddus ustiga Egamizning g‘azabini keltirdi. 26 Nihoyat, Hizqiyo va Quddus aholisi yuragidagi mag‘rurligidan tavba qildi. Shu sababdan Egamiz shoh Hizqiyo davrida xalqqa g‘azabini sochmadi.

Shoh Hizqiyoning boyligi va hashamati

27 Hizqiyo boy–badavlat bo‘lib, yuksak obro‘ga erishdi. U o‘zining kumushlari, oltin, qimmatbaho toshlari, ziravorlari, qalqonlari va hamma qimmatli buyumlari uchun xazinalar qurdirdi. 28 Bug‘doy, sharob va zaytun moylari uchun omborxonalar, barcha turdagi mollari uchun og‘ilxonalar, qo‘ylari uchun qo‘tonlar qurdirdi. 29 Ko‘plab shaharlar bunyod etib, poda va suruvlarini ko‘paytirdi, chunki Xudo unga behad boylik bergan edi. 30 Hizqiyo Gixo‘n bulog‘ining yuqori qismini berkitib, qazdirgan quvur orqali suvni Quddus ichiga olib kirdi*. U hamma ishlarida muvaffaqiyatga erishdi. 31 Biroq

Bobil shahzodalari Yahudo yurtida yuz bergan mo‘jizali alomat to‘g‘risida so‘rash uchun o‘z elchilarini Hizqiyo huzuriga jo‘natganlarida*, Xudo Hizqiyoni o‘z holiga qo‘yib qo‘ygandi. Xudo Hizqiyoni sinab, uning dilidagi asl niyatlarini bilmoqchi edi.

32 Hizqiyoning boshqa ishlari, qilgan yaxshiliklari “Yahudo va Isroil shohlari kitobi”dagi “Omiz o‘g‘li Ishayo payg‘ambarning vahiysi”da yozilgan. 33 Hizqiyo olamdan o‘tib, Dovud nasli xilxonasining to‘riga dafn qilindi*. Hizqiyo vafot etganda, butun Yahudo xalqi va Quddus aholisi unga izzat–hurmat ko‘rsatdi. Uning o‘rniga o‘g‘li Manashe shoh bo‘ldi.


33–BOB

Yahudo shohi Manashe

1 Manashe o‘n ikki yoshida shoh bo‘lib, Quddusda ellik besh yil hukmronlik qildi. 2 U Egamiz oldida qabih ishlar qildi. Egamiz O‘z xalqi Isroilning oldidan quvib yuborgan xalqlarning jirkanch odatlariga ergashdi. 3 Otasi Hizqiyo buzib tashlagan sajdagohlarni* qaytadan barpo etdi, Baalga atab qurbongohlar qurdi, Asheraga* atab ustunlar o‘rnatdi. Barcha samoviy jismlarga sajda etib xizmat qildi. 4 Manashe Egamizning to abad ulug‘lanishi kerak bo‘lgan uyida begona xudolarga atab, qurbongohlar qurdi. 5 Egamiz uyining ikkala hovlisida ham jamiki samoviy jismlarga sajda qilish uchun qurbongohlar barpo qildirdi. 6 O‘g‘illarini Xinnum soyligida* qurbonlik qilib, olovda kuydirdi*, follar ochtirdi, ta’birchilarga e’tiqod qildi, sehr–jodu bilan shug‘ullandi, arvoh chaqiruvchilarga maslahat soldi. Egamiz oldida ko‘p qabih ishlar qilib, Uni g‘azablantirdi. 7 O‘zi yasattirgan butni Xudoning uyiga o‘rnatdi. Xudo bu uy to‘g‘risida Dovud bilan uning o‘g‘li Sulaymonga shunday degan edi*: “Men bu uyni va Quddusni Isroil qavmlari yashaydigan maskanlar orasidan tanlab olganman. Men to abad o‘sha yerda ulug‘lanaman. 8 Ular amrlarimni bitta qoldirmay bajarsalar, qulim Muso orqali bergan qonun–qoida va talablarimga rioya qilsalar, Isroil xalqining ota–bobolariga Men bergan yerdan haydalishlariga yo‘l qo‘ymayman.” 9 Manashe Yahudo xalqini va Quddus ahlini shu qadar yo‘ldan ozdirdiki, ular Kan’on yurtidan Egamiz yo‘qotib yuborgan xalqlardan ham ko‘ra, ko‘proq qabih ishlar qildilar.

Shoh Manashe tavba qiladi

10 Egamiz shoh Manasheni va uning xalqini ogohlantirdi, lekin ular quloq solmadilar.

11 Shuning uchun Egamiz ularga qarshi Ossuriya lashkarboshilarini jo‘natdi. Ular Manasheni asirga oldilar, burnidan halqa o‘tkazib, uni zanjirband qildilar va Bobilga olib keldilar. 12 U kulfatda qolgach, Egasi Xudodan shafqat so‘rab iltijo qildi, ota–bobolarining Xudosiga bo‘yin egdi. 13 Iltijo qilganda, Xudo Manashening iltijosini qabul qildi, uni yana Quddusga — o‘z shohligiga qaytardi. Shunda Manashe, Egamiz haqiqatan ham Xudo ekanligini bildi.

14 Shundan keyin Manashe Dovud qal’asining sharq tomonidagi tashqi devorini tuzatib, uni baland qilib ko‘tartirdi. Bu devor Qidron soyligidagi Gixo‘n bulog‘idan to shimoldagi Baliq darvozasigacha va shahardagi Ofel tepaligining* atrofi bo‘ylab qurilgan edi. Manashe Yahudoning hamma mustahkam shaharlariga lashkarboshilar tayinladi.

15 Egamizning uyidan begona xudolarning tasvirlarini va o‘zi o‘rnatgan butni olib tashladi, Egamizning uyi turgan tog‘da va Quddusning boshqa joylarida o‘zi qurdirgan qurbongohlarni buzdirib, shahar tashqarisiga chiqartirdi. 16 So‘ng Egamizning

qurbongohini qaytadan qurdirib, qurbongoh ustida tinchlik qurbonliklari va shukrona qurbonliklarini atadi. Yahudo xalqiga: “Isroil xalqining Xudosi — Egamizga sajda qilinglar”, deb farmon berdi. 17 Xalq boshqa sajdagohlarda qurbonlik qilishda davom etdi. Ammo qilgan barcha qurbonliklarini ular Egasi Xudoga atar edilar.

Manashe hukmronligining so‘nggi davrlari

18 Manashening boshqa ishlari, Xudoga qilgan ibodati, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz nomidan valiylar unga bergan xabarlar “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. 19 Uning iltijosi va Xudoning bergan javobi, tavba qilmasdan oldin qilgan hamma gunohlari va Xudoga qilgan xiyonati, qurdirgan sajdagohlari, sig‘ingan butlari va Asheraning ustunlari to‘g‘risida valiylar kitobida* yozilgan. 20 Manashe olamdan o‘tib, o‘z uyida dafn qilindi. O‘rniga o‘g‘li Omon shoh bo‘ldi.

Yahudo shohi Omon

21 Omon shoh bo‘lganda, yigirma ikki yoshda edi. U Quddusda ikki yil hukmronlik qildi. 22 Omon ham, otasi Manashe kabi, Egamiz oldida qabih ishlar qildi. Otasi Manashe yasattirgan hamma butlarga qurbonlik qilib, xizmat etdi. 23 Otasi Manashe Egamizga bo‘yin eggan bo‘lsa, Omon Egamizga bo‘yin egmadi, otasidan ham ko‘proq gunoh orttirdi.

24 Omonning a’yonlari fitna uyushtirib, uni o‘z saroyida o‘ldirdilar. 25 Yahudo xalqi o‘z shohi Omonga fitna uyushtirganlarning hammasini o‘ldirib, o‘rniga o‘g‘li Yo‘shiyoni

shoh qilib ko‘tardi.


34–BOB

Yahudo shohi Yo‘shiyo

1 Yo‘shiyo sakkiz yoshida shoh bo‘lib, Quddusda o‘ttiz bir yil hukmronlik qildi. 2 U Egamiz oldida to‘g‘ri ishlar qildi. O‘ngga ham, chapga ham og‘masdan, bobosi Dovudning yo‘lidan yurdi. 3 Hukmronligining sakkizinchi yilida, yoshligidan bobosi Dovudning Xudosiga intila boshladi. Hukmronligining o‘n ikkinchi yilida esa Yahudo va Quddusni sajdagohlardan*, Asheraning* ustunlaridan, o‘yma va quyma butlardan tozalay boshladi. 4 Uning ko‘rsatmasi bilan Baalning qurbongohlari buzdirildi, bu qurbongohlarning yonidagi tutatqi qurbongohlari ham sindirib tashlandi. Asheraning ustunlari, shuningdek, o‘yma va quyma butlar parchalanib, bo‘laklari o‘sha butlarga qurbonlik qilganlarning qabrlari ustiga sochib tashlandi. 5 Yo‘shiyo butparast ruhoniylarning suyaklarini o‘zlari sajda qilgan qurbongohlar ustida yoqdi. Shunday qilib, u Yahudo va Quddusni pokladi. 6 Shimoldagi Naftali hududigacha bo‘lgan Manashe, Efrayim va Shimo‘n shaharlaridagi va ularning atrofida bo‘lgan vayronalardagi 7 qurbongohlarni sindirdi, Asheraga atalgan ustunlarni kesdi, butlarni parchalab tashladi. Isroil yurti bo‘ylab hamma tutatqi qurbongohlarini buzdi. Shundan keyin Quddusga qaytib ketdi.

Qonun kitobi topiladi

8 Yo‘shiyo yurtni va Egamizning uyini poklagandan keyin, hukmronligining o‘n sakkizinchi yilida Ozaliyo o‘g‘li Shofonni, Quddus hokimi Masiyoni va mushovir Yo‘xoz o‘g‘li Yo‘xni Egasi Xudoning uyini tuzatishga yubordi. 9 Ular oliy ruhoniy Xilqiyoning oldiga kelib, Xudoning uyiga keltirilgan kumushni unga topshirdilar. Levi darvozabonlari bu kumushni Manashe, Efrayim va Isroil xalqining omon qolganlaridan,

shuningdek, Yahudo, Benyamin qabilalaridan va Quddus aholisidan to‘plab olgan edilar.

10 Ular kumushni Egamizning uyida mehnat qilayotgan ishboshilarga topshirdilar. Ishboshilar esa kumushni olib, Egamizning uyidagi buzilgan joylarni ta’mirlayotgan ustalarga to‘ladilar. 11 Qolganini esa duradgor va binokorlarga berdilar. Ular bu kumushga Yahudo shohlari qarovsiz qoldirgan xarob binolarni tuzatish uchun tosh va yog‘ochlarni sotib oldilar.

12 Ishchilar sidqidildan mehnat qildilar. Ularga nazoratchi qilib Marori naslidan levilar Yaxat va Obodiyo tayinlandi, Qohot urug‘idan esa levilar Zakariyo va Mashullom tayinlandi. Musiqa asboblarini chaladigan hamma levilar 13 yuk tashuvchilarga hamda turli xizmatdagi ishchilarga mas’ul edilar. Levilarning ba’zilari esa kotib, ma’mur va darvozabon edilar.

14 Egamizning uyidagi kumush olib chiqilayotganda, ruhoniy Xilqiyo Egamizning Muso orqali bergan Tavrot kitobini topib oldi. 15 U kotib Shofonga:

— Egamizning uyidan Tavrot kitobini topib oldim, — deb kitobni Shofonga berdi.

16 Shofon esa kitobni shohga olib borib, hisobot berdi: “Qullaringiz topshirilgan hamma ishlarni bajaryaptilar. 17 Ular Egamizning uyidagi bor kumushni o‘sha yerdagi ishboshilarga va ishchilarga berdilar.” 18 So‘ng: “Ruhoniy Xilqiyo mana bu kitobni menga berdi”, — deya qo‘shimcha qilgach, Tavrot kitobini shohga ovoz chiqarib o‘qib berdi.

19 Shoh Tavrot so‘zlarini eshitgach, vahimaga tushganidan kiyimlarini yirtdi. 20 Keyin

ruhoniy Xilqiyoga, Shofon o‘g‘li Oxixamga, Mixiyo* o‘g‘li Axborga*, kotib Shofonga va

o‘zining mulozimi Osoyohga shunday farmon berdi:

21 — Boringlar, topilgan bu kitobdagi so‘zlarga muvofiq, men to‘g‘rimda ham, Isroil va Yahudo xalqlarining omon qolganlari to‘g‘risida ham Egamizning xohish–irodasini so‘ranglar. Otalarimiz bu kitobdagi so‘zlarga quloq solmaganlari uchun, Egamizning amrlariga rioya qilmaganlari uchun Egamizning dahshatli g‘azabi bizning ustimizga yog‘ildi.

22 Ruhoniy Xilqiyo va shoh jo‘natgan odamlar Xulda ismli payg‘ambar ayol huzuriga borib, unga maslahat soldilar. Xulda payg‘ambar Egamizning uyidagi muqaddas liboslar posboni Shallumning xotini edi. Shallum Tixvoning* o‘g‘li, Xarxasning* nabirasi edi.

Xulda Quddusning yangi dahasida yashardi. 23 Xulda ularga shunday dedi:


“Isroil xalqining Xudosi — Egamiz demoqda: sizlarni Mening huzurimga yuborgan odamga shu gaplarimni aytinglar: 24 «Men bu yurtga ham, bu yurtda yashayotgan xalqqa ham falokat keltiraman. Yahudo shohi huzurida o‘qilgan kitobdagi hamma la’natlarni ularga yog‘diraman. 25 Ular Mendan yuz o‘girganlari uchun, boshqa xudolarga qurbonliklar keltirib, o‘z qo‘llari bilan yasagan butlari tufayli* qahrimni keltirganlari uchun bu yurtga g‘azabim yog‘iladi va aslo bosilmaydi.»

26 Egamizning xohish–irodasini bilish uchun sizlarni yuborgan Yahudo shohiga shu xabarni beringlar: Isroil xalqining Xudosi — Egamiz sen eshitgan so‘zlaring to‘g‘risida shuni aytmoqda: 27 «Sen bu yurtga va yurtning xalqiga qarshi aytgan so‘zlarimni eshitganingdan keyin, yuraging yumshadi, Menga bo‘yin egding. Sen Menga bo‘yin egganing uchun, qayg‘udan liboslaringni yirtib, huzurimda yig‘laganing uchun Men iltijolaringni eshitdim. 28 Shunga ko‘ra, sen ota–bobolaring yoniga xotirjam ketasan, o‘z qabringga dafn etilasan. Bu yurtga

va uning ahliga Men keltiradigan jamiki falokatlarni sen ko‘rmaysan.»”


Xilqiyo va uning hamrohlari bu xabarni shohga yetkazdilar.

Shoh Yo‘shiyoning ahdi

29 Shoh Yo‘shiyo xabar berib, Yahudo va Quddusning hamma oqsoqollarini o‘z huzuriga to‘pladi. 30 Jamiki Yahudo xalqi va Quddus aholisi, ruhoniylar, levilar, zodagonlaru avom xalq shoh boshchiligida Egamizning uyiga bordi. Shoh Egamizning uyidan topilgan Tavrot kitobini* boshidan oxirigacha ularning oldida o‘qidi. 31 Shoh Egamizning uyi eshigi oldidagi o‘z joyida turib: “Egamiz ko‘rsatgan yo‘ldan yuraman, amrlariga itoat etaman, shartlariga, farmonlariga butun qalbim bilan, jonu dilim bilan quloq solaman, bu kitobda yozilgan ahd so‘zlarini ado etaman”, deb Egamiz bilan qayta ahd qildi. 32 So‘ngra u Benyamin qabilasiga va Quddusdagi hamma odamlarga bu ahdga rioya qilish to‘g‘risida farmon berdi. O‘sha kundan boshlab Quddus aholisi ota– bobolarining Xudosi bilan qilgan ahd talablarini bajara boshladilar. 33 Yo‘shiyo Isroil xalqiga qarashli hamma hududlardan makruh butlarni yo‘qotdi. Isroil xalqining hammasini Egasi Xudoga sajda qildirdi. Uning davrida xalq ota–bobolarining Xudosi — Egamizdan yuz o‘girmay, Unga xizmat qildi.


35–BOB

Shoh Yo‘shiyo Fisih ziyofati va Xamirturushsiz non bayramini nishonlaydi

1 Shoh Yo‘shiyo Quddusda Egamizning sharafiga Fisih ziyofatini* nishonladi. Birinchi oyning* o‘n to‘rtinchi kuni Fisih qo‘zilari qurbonlik qilindi. 2 Yo‘shiyo ruhoniylarni xizmatga tayinlab, Egamizning uyidagi xizmatga ularni rag‘batlantirdi. 3 So‘ng Egamizga bag‘ishlangan va xalqqa ta’lim bergan levilarga dedi:

— Muqaddas Sandiqni Isroil shohi Dovud o‘g‘li Sulaymon qurgan Egamizning uyiga olib kiringlar. Sandiqni bundan buyon yelkangizda ko‘tarib yurishga hojat yo‘q. Endi Egangiz Xudoga va Uning xalqi Isroilga xizmat qilinglar. 4 Shoh Dovudning va o‘g‘li Sulaymonning yozib qoldirgan ko‘rsatmalariga muvofiq*, xonadoningiz va guruhlaringiz bo‘yicha xizmatga tayyorlaninglar. 5 Muqaddas maskanga shunday tartibda joylashinglarki, Isroil xalqining birorta xonadoni e’tiboringizdan chetda qolib ketmasin.

6 Fisih qo‘zisini so‘yib, o‘zingizni poklanglar. So‘ng yurtdoshlaringiz uchun Fisih qo‘zilarini tayyorlab beringlar. Xullas, Egamizning Muso orqali bergan ko‘rsatmalariga rioya qilinglar.

7 Shoh Yo‘shiyo bu yerda hozir bo‘lgan xalqqa Fisih qurbonliklari uchun 30.000 ta qo‘zi va uloqchani, 3000 ta buqani berdi. Bularning hammasi shohning shaxsiy mulkidan edi. 8 Shohning a’yonlari ham xalqqa, ruhoniy va levilarga qurbonliklar uchun ko‘ngildan chiqarib hayvonlarni berdilar. Xudoning uyida xizmat qiluvchilarning boshliqlari Xilqiyo, Zakariyo va Yoxiyol ruhoniylarga Fisih qurbonliklari uchun 2600 ta qo‘zi bilan uloqcha va 300 ta buqa berdilar. 9 Xonaniyo, uning ukalari Shamayo va Natanil, levilarning yo‘lboshchilari Xashaviyo, Yaviyol va Yo‘zabad Fisih qurbonliklari uchun levilarga 5000 ta qo‘zi bilan uloqcha va 500 ta buqa berdilar.

10 Fisih marosimiga oid tayyorgarliklar tugagach, ruhoniylar bilan levilar shohning buyrug‘iga binoan o‘z joylarini egalladilar. 11 Levilar Fisih qo‘zilarini bo‘g‘izlab, qonini ruhoniylarga berdilar. Ruhoniylar qonni qurbongohga sepdilar. Levilar esa qo‘zilarning

terisini shilishga kirishdilar. 12 Ular so‘yilgan qo‘zi, uloqcha va buqalarning qurbongohda kuydiriladigan qismlarini ajratib qo‘ydilar. So‘ng bularni odamlarga xonadonlari bo‘yicha taqsimlab berdilar. Toki har bir xonadon o‘ziga tegishli qurbonligini Egamizga bag‘ishlab, Musoning qonunidagi ko‘rsatmalarga binoan keltirsin. 13 Levilar qonun– qoidaga muvofiq, Fisih qo‘zilarini olovda pishirdilar, muqaddas qurbonliklar go‘shtini esa tog‘oralarda, qozonlarda va tovalarda qaynatdilar. Go‘sht tayyor bo‘lgach, uni darrov xalqning oldiga dasturxonga tortdilar. 14 Shundan so‘nggina levilar o‘zlari uchun va ruhoniylar uchun Fisih taomini tayyorlashga kirishdilar. Negaki, Horun naslidan bo‘lgan ruhoniylarning qo‘li kechgacha bo‘shamadi, ular kuydiriladigan qurbonliklarni va yog‘larni kuydirish bilan ovora edilar. 15 Osif naslidan bo‘lgan qo‘shiqchilar shoh Dovudning, Osif, Xaman va shohning valiysi Yodutunning ko‘rsatmasiga binoan o‘z joylarida turdilar. Ma’bad darvozabonlari ham o‘z joylaridan siljimadilar. Levi birodarlari ularga Fisih taomini tayyorlaganlari uchun xizmatlarini to‘xtatishga zarurat bo‘lmadi.

16 Shunday qilib, o‘sha kuni shoh Yo‘shiyoning farmoniga ko‘ra, Egamizga bag‘ishlangan hamma xizmatlar bajarildi. Fisih ziyofati nishonlanib, Egamizning qurbongohida kuydiriladigan qurbonliklar keltirildi. 17 Isroil xalqi Fisih ziyofatini va yetti kun davomida Xamirturushsiz non bayramini nishonladi. 18 Shomuil payg‘ambar davridan buyon Isroilda Fisih ziyofati bu singari nishonlanmagan edi. Isroil shohlaridan birortasi, Yo‘shiyo singari Fisih ziyofatini ruhoniylar, levilar, jamiki Yahudo va Isroil xalqi hamda Quddus aholisi ishtirokida nishonlamagan edi. 19 Bu Fisih ziyofati shoh Yo‘shiyo hukmronligining o‘n sakkizinchi yilida nishonlandi.

Yo‘shiyo hukmronligining so‘nggi davri

20 Bu voqealardan so‘ng, Yo‘shiyo Ma’badni tartibga solib bo‘lgach, Misr shohi Nexo jang qilgani Furot daryosi bo‘yidagi Karxamish shahriga lashkarini boshlab keldi.

Yo‘shiyo unga qarshi otlandi*. 21 Lekin Nexo Yo‘shiyoga elchilar orqali shunday xabar

yubordi:


“Ey Yahudo shohi! Sen bu jangga aralashma! Men senga emas, o‘z dushmanlarimga qarshi urushga otlandim. Xudo menga, shoshil, deb amr berdi. Xudo men tomonda, Unga qarshilik ko‘rsatishni bas qil, aks holda, nobud bo‘lasan.”


22 Ammo Yo‘shiyo jang qilishdan qaytmadi. Xudoning Nexo orqali aytgan so‘zlariga quloq solmadi. Shohona kiyimlarini o‘zgartirib, Magido‘* tekisligida jangga kirdi. 23 Jang paytida Misr kamonkashlari shoh Yo‘shiyoga o‘q otdilar. Shunda shoh a’yonlariga: “Meni bu yerdan olib chiqinglar, og‘ir yaralandim”, dedi. 24 A’yonlar Yo‘shiyoni jang aravasidan olib, boshqa jang aravasiga soldilar–da, Quddusga olib keldilar. Yo‘shiyo shu yerda vafot etdi. U ota–bobolarining xilxonasiga dafn qilindi. Butun Yahudo va Quddus aholisi Yo‘shiyo uchun aza tutdi. 25 Yeremiyo payg‘ambar shoh Yo‘shiyoga atab marsiya aytdi.

Shu kunga qadar* erkak va ayol qo‘shiqchilar Yo‘shiyoni xotirlaganlarida shu marsiyani aytishadi, bu Isroilda odat bo‘lib qoldi. Bu marsiya qo‘shig‘i “Marsiyalar to‘plami”ga kiritilgan.

26 Yo‘shiyoning boshqa ishlari, Egamizga sodiqligi, Uning qonuniga binoan olib

borgan faoliyati, 27 hayotidagi barcha voqealar, boshdan oxirigacha “Isroil va Yahudo

shohlari kitobi”da yozilgan.


36–BOB


Yahudo shohi Yohuxoz

1 Yahudo xalqi Yo‘shiyoning o‘g‘li Yohuxozni otasining o‘rniga shoh qilib ko‘tardi. 2 Yohuxoz yigirma uch yoshida taxtga o‘tirib, Quddusda uch oy shohlik qildi. 3 So‘ngra Misr shohi Nexo uni Quddus taxtidan tushirib, yurt xalqidan 200 pud* kumush va 2 pud* oltin o‘lpon talab qildi. 4 Misr shohi Yohuxozning ukasi Eliyaqimni Yahudo va Quddusga shoh qilib tayinladi. Uning ismini o‘zgartirib Yohayiqim qo‘ydi. Akasi Yohuxozni esa Misrga olib ketdi.

Yahudo shohi Yohayiqim

5 Yohayiqim yigirma besh yoshida shoh bo‘lib, Quddusda o‘n bir yil hukmronlik qildi.

U Egasi Xudoning oldida qabih ishlar qildi. 6 Bobil shohi Navuxadnazar* Yahudoga hujum qildi. U Yohayiqimni Bobilga olib ketish niyatida zanjirband qildi*. 7 Egamizning uyidagi bir qancha idishlarni Bobilga olib ketib, ularni Bobildagi saroyiga* qo‘ydi.

8 Yohayiqimning boshqa ishlari, uning qilgan jirkanch qilmishlari, hamma kamchiliklari “Isroil va Yahudo shohlari kitobi”da yozilgan. Uning o‘rniga o‘g‘li Yohayixin shoh bo‘ldi.

Yahudo shohi Yohayixin

9 Yohayixin o‘n sakkiz* yoshida shoh bo‘lib, Quddusda uch oy va o‘n kun hukmronlik qildi. U Egamizning oldida qabih ishlar qildi. 10 O‘sha yili bahorda shoh Navuxadnazar Yohayixinni hibsga olib, Bobilga olib ketdi. U bilan birga Egamizning uyidagi qimmatbaho idishlarni ham olib ketdi. Yohayixinning o‘rniga amakisi* Zidqiyoni Yahudo va Quddus ustidan shoh qilib tayinladi.

Yahudo shohi Zidqiyo

11 Zidqiyo yigirma bir yoshida shoh bo‘lib, Quddusda o‘n bir yil hukmronlik qildi. 12 U Egasi Xudoning oldida qabih ishlar qildi. Egamizning so‘zlarini ayon qilgan Yeremiyo payg‘ambarga bo‘yin egmadi.

Quddus qulaydi

13 Shoh Navuxadnazar Zidqiyoga Xudoning nomi bilan sadoqat ontini ichdirgan bo‘lsa ham, Zidqiyo Navuxadnazarga qarshi isyon ko‘tardi. U qaysarlik qilib, Isroil xalqining Xudosiga — Egamizga tavba qilishdan bosh tortdi. 14 Bosh ruhoniylarning hammasi omma qatorida o‘zga xalqlarning jirkanch odatlariga taqlid qilib, Xudoga o‘ta bevafo bo‘ldilar. Shu yo‘sin, ular Egamizning O‘zi muqaddas qilgan Quddusdagi uyni bulg‘adilar. 15 Ota–bobolarining Xudosi — Egamiz O‘z xalqi va maskaniga rahm qilib, ularning oldiga qayta–qayta payg‘ambarlarini jo‘natdi. 16 Lekin ular Xudoning elchilarini haqorat qilib, Xudoning so‘zlaridan nafratlandilar, payg‘ambarlarni masxara qildilar.

Oxiri Egamiz O‘z xalqidan shu qadar g‘azablandiki, ular najotsiz qoldilar.

17 Egamiz ularga qarshi Bobil* shohini tortib keldi. Bobil shohi Ma’badda ularning yoshlarini qilichdan o‘tkazdi, na yosh erkakka, na ayolga, na keksaga, na xastaga shafqat qildi. Xudo Yahudo xalqining hammasini Bobil shohining qo‘liga bergan edi. 18 Bobil shohi Xudoning uyidagi kattayu kichik buyumlarni, jamiki xazinani, shoh va uning

a’yonlari xazinalarini, xullas, hamma narsani Bobilga olib ketdi. 19 Xudoning uyiga esa o‘t qo‘ydi, Quddus devorini buzib tashladi, barcha hashamatli binolarni yondirdi, Quddusdagi hamma qimmatbaho ashyolarni yo‘q qilib tashladi. 20 Qilichdan omon qolganlarini esa Bobilga surgun qildi. Fors shohligi qaror topgunga qadar Yahudo xalqi Bobil shohiga va uning avlodlariga qul bo‘lib qoldi. 21 Yurt bo‘m–bo‘sh cho‘lga aylandi.

Yerga dam berilmagan yillarning* soni to‘lguncha, yetmish yil davomida tashlandiq bo‘lib yotdi. Shunday qilib, Egamizning Yeremiyo payg‘ambar orqali aytgan so‘zlari* amalga oshdi.

Shoh Kurush Yahudo xalqiga ozodlik beradi

22 Fors shohi Kurush hukmronligining birinchi yilida* Egamizning Yeremiyo orqali bildirgan so‘zlari* bajo bo‘lishi uchun, Egamiz shoh Kurushning yuragiga Quddusdagi Ma’badni qayta qurish istagini soldi. Shunday qilib, Kurush o‘z shohligining hamma tomoniga xabarchilar jo‘natdi va yozma farmonda quyidagilarni e’lon qildi:


23 “Fors shohi Kurush shunday demoqda: Samoviy Xudo — Egamiz yer yuzidagi jamiki shohliklarni menga bergan. U Yahudo yurtidagi Quddusda O‘ziga bir uy qurishni menga topshirdi. Xudoning xalqidan bo‘lgan har bir kimsa Quddusga borsin, Egasi Xudo unga yor bo‘lsin.”

IZOHLAR

Fors shohi Kurush — Kir ismi bilan ham tanilgan bo‘lib, miloddan oldingi 539-530 yillarda Bobilda hukmronlik qilgan.

1:3 Givondagi sajdagoh — Quddusdan qariyb 6 kilometr shimoli–g‘arbda joylashgan.

1:3 Uchrashuv chodiri — Muqaddas chodirning yana bir nomi.

1:4 Xudoning Ahd sandig‘i…Quddusga olib kelingan edi… — 1 Solnomalar 13:5-14, 15:25-

16:1 ga qarang.

1:14 ot — bu o‘rindagi ibroniycha so‘z aravakash ma’nosini ham ifodalashi mumkin.

1:15 shikamora–anjir daraxti — anjirning qadimgi Yaqin Sharqda keng tarqalgan bir turi. Kattaligi yong‘oq daraxtiday, barglari esa tut barglariga o‘xshash bo‘lib, yil davomida bir necha bor hosil beradigan sersoya daraxt.

1:16 Misr — yoki Quvega yondosh bo‘lgan Muzur nomli hudud bo‘lishi mumkin (shu bobning 17–oyatida ham bor). Muzur va Quve hududlari hozirgi Turkiyaning janubi– g‘arbida joylashgan bo‘lib, shoh Sulaymon davrida yilqichilik markazi edi.

1:17 600 kumush tanga — ibroniycha matnda 600 shaqal kumush, taxminan 7 kiloga

to‘g‘ri keladi.

1:17 150 kumush tanga — ibroniycha matnda 150 shaqal kumush, taxminan 1,7 kiloga

to‘g‘ri keladi.

2:3 Tir — Finikiyada muhim ahamiyatga ega bo‘lgan shahar. Bu shahar Isroildan shimolda, O‘rta yer dengizi bo‘yida joylashgan edi. Bugungi kunda bu yer Livan mamlakatining janubiy qismini tashkil qiladi.

2:10 200.000 tog‘ora — ibroniycha matnda 20.000 kor, taxminan 4400 tonnaga to‘g‘ri

keladi.

2:10 40.000 ko‘za — ibroniycha matnda 20.000 bat, taxminan 440.000 litrga to‘g‘ri

keladi.

2:16 Yaffa — O‘rta yer dengizi bo‘yida joylashgan bo‘lib, Quddus uchun bandargoh vazifasini o‘tagan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi BANDARGOH so‘ziga qarang.

3:1 Aravno — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti O‘rnan. Uning Aravno degan shakli 2 Shohlar 24:16 dan olingan.

3:2 Sulaymon hukmronligining to‘rtinchi yili ikkinchi oyi — taxminan miloddan oldingi 960 yilning ikkinchi oyi. Ibroniy kalendarining Ziv oyi nazarda tutilgan. Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan aprelning o‘rtasidan boshlanadi.

3:3 tirsak — bir tirsak taxminan 45 santimetrga to‘g‘ri keladi.

3:4 20 tirsak — qadimiy suryoniycha tarjimadan, qadimiy yunoncha tarjimaning ba’zi qo‘lyozmalaridan. Ibroniycha matnda 120 tirsak.

3:7 karublar — qanotli samoviy mavjudotlar. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi KARUB, KARUBLAR so‘ziga qarang.

3:8 1300 pud — ibroniycha matnda 600 talant, taxminan 21 tonnaga to‘g‘ri keladi.

3:9 125 misqol — ibroniycha matnda 50 shaqal, taxminan 550 grammga to‘g‘ri keladi.

3:14 ichki parda — Muqaddas xonani Eng muqaddas xonadan ajratib turar edi (Chiqish 26:31-33 ga qarang).

3:15 18 tirsak — qadimiy suryoniycha tarjimadan (yana 3 Shohlar 7:15, 4 Shohlar 25:17, Yeremiyo 52:21 ga qarang). Ibroniycha matnda 35 tirsak, ikkala ustunning umumiy balandligi nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.

3:16 anor — qadimgi paytlarda hayot ramzi edi.

3:17 Yoxin — bu nom ibroniychadagi U (ya’ni Xudo) asos solgan iborasiga ohangdosh.

3:17 Bo‘az — bu nom ibroniychadagi Uning (ya’ni Xudoning) kuchi vositasida iborasiga ohangdosh.

4:1 tirsak — bir tirsak taxminan 45 santimetrga to‘g‘ri keladi.

4:5 6000 ko‘za — ibroniycha matnda 3000 bat, taxminan 66.000 litrga to‘g‘ri keladi.

4:13 anor — qadimgi paytlarda hayot ramzi edi.

4:17 Zoraton — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Zarido. Uning Zoraton degan shakli 3 Shohlar 7:46 dan olingan.

4:19 muqaddas nonlar — bu nonlar Ma’badda Egamizning huzurini aks ettiruvchi timsol bo‘lib, Xudo Isroil xalqining qudrati va ta’minlovchisi ekanligidan darak berib turgan. Nonlar Ma’baddagi maxsus xontaxtaga qo‘yilib, har Shabbat kuni yangi pishirilgan nonlar bilan almashtirib turilgan (Levilar 24:5-9 ga qarang).

5:2 …Dovud qal’asidan… — 1 Solnomalar 15:25-16:1 ga qarang.

5:3 yettinchi oy — ibroniy kalendarining Tishri oyi nazarda tutilgan (Tishri oyi Itanim oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan sentabrning o‘rtasidan boshlanadi.

5:3 Chayla bayrami — bu bayram kuzda yig‘im–terim tugagan paytga to‘g‘ri keladi.

5:5 Uchrashuv chodiri — Muqaddas chodirning yana bir nomi. O‘sha davrda Uchrashuv chodiri Quddusdan qariyb 6 kilometr shimoli–g‘arbda — Givonda joylashgan edi (1:3 ga qarang). Ahd sandig‘i esa Quddus shahrida, Dovud tomonidan o‘rnatilgan maxsus chodirda saqlanar edi (1:4 ga qarang).

5:9 …bugungacha… — shu kitob yozilgan vaqtga ishora.

5:10 Sinay tog‘i — ibroniycha matnda Xorev tog‘i, Sinay tog‘ining yana bir nomi.

6:5 Egamiz otamga shunday degan edi… — 1 Solnomalar 17:1-14 ga qarang.

6:13 …uzunligi besh tirsak, eni ham besh tirsak, balandligi uch tirsak… — uzunligi va eni taxminan 2,3 metrga, balandligi taxminan 1,4 metrga to‘g‘ri keladi.

6:28 garmsel — hosilga katta ziyon keltiradigan issiq shamol.

6:28 chigirtka — ba’zan to‘da–to‘da bo‘lib kelib, dalalardagi hosilga katta zarar

yetkazadigan hasharot.

7:8 Levo–Xomat — yoki Xomat dovoni.

7:8 Misr chegarasidagi irmoq — Sinay yarim orolining shimoli–sharqidagi Arish soyligi

yoki Nil daryosining sharqiy irmog‘i nazarda tutilgan (yana Ibtido 15:18, Sahroda 34:5

va Yoshua 13:3, 15:4, 47 ga qarang).

7:8 Chayla bayrami — 5:3 ning ikkinchi izohiga qarang.

7:9 Chayla bayramidan keyin… — ibroniycha matnda Sakkizinchi kunida…, Chayla bayramining yettinchi kunidan keyingi birinchi kun.

7:10 Yettinchi oy — 5:3 ning birinchi izohiga qarang.

7:13 chigirtkalar — 6:28 ning ikkinchi izohiga qarang.

7:18 unga…aytgan gaplarim — 2 Shohlar 7:12-16 ga qarang.

8:3 Xomat–Zo‘vo — yoki Xomat va Zo‘vo (1 Solnomalar 18:9-10 ga qarang), bu yurtlar Damashqdan shimolda joylashgan edi.

8:6 otliqlar — bu o‘rindagi ibroniycha so‘z otlar ma’nosini ham ifodalashi mumkin.

8:8 …bugungacha… — shu kitob yozilgan vaqtga ishora.

8:13 Hosil bayrami — ibroniycha matnda Haftalar bayrami, Hosil bayramining yana bir nomi.

8:17 Qizil dengiz — ibroniycha matnda dengiz. Bu oyatdagi mana shu nom hozirgi

Aqaba qo‘ltig‘iga (ya’ni Qizil dengizning shimoli–sharqidagi qo‘ltig‘iga) ishora qiladi.

8:18 Ofir yurti — Arabiston yarim orolining janubida joylashgan bo‘lishi mumkin. Ofir

oltini eng sifatli oltin hisoblangan.

8:18 960 pud — ibroniycha matnda 450 talant, taxminan 15 tonnaga to‘g‘ri keladi.

9:1 Shava — bu yurt Arabiston yarim orolining janubi–g‘arb tomonida bo‘lgani

ehtimoldan holi emas.

9:4 soqiy — shohga o‘z qo‘li bilan sharob quyadigan, saroyda yuqori martabaga ega bo‘lgan, ishonchga loyiq a’yon. Shuningdek, u shoh uchun sharob tanlashi va uni tatib ko‘rib, zaharli emasligiga ishonch hosil qilishi kerak edi.

9:4 bakovul — saroyda shoh uchun tayyorlanadigan maxsus taomni tatib ko‘ruvchi va

ovqat tayyorlash ishlarini nazorat qiluvchi mansabdor shaxs.

9:4 Egamizning uyida shoh Sulaymon kuydirib, nazr qilgan qurbonliklar — qadimiy yunoncha, suryoniycha va lotincha tarjimalardan (yana 3 Shohlar 10:5 ga qarang).

9:9 250 pud — ibroniycha matnda 120 talant, taxminan 4 tonnaga to‘g‘ri keladi.

9:13 1425 pud — ibroniycha matnda 666 talant, taxminan 23 tonnaga to‘g‘ri keladi.

9:15 yarim pud — ibroniycha matnda olti yuz shaqal, taxminan 8,5 kiloga to‘g‘ri keladi.

9:16 400 misqol oltin — ibroniycha matnda 300…oltin deb yozilgan bo‘lib, o‘lchov birligi berilmagan. 300 biqo (ya’ni yarim shaqal) oltin nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin, taxminan 1,7 kiloga to‘g‘ri keladi (3 Shohlar 10:17 ga qarang).

9:16 “Lubnon o‘rmoni” degan uyi — 3 Shohlar 7:2 ga va o‘sha oyatning birinchi izohiga qarang.

9:21 savdo kemalari — ibroniycha matnda Tarshish kemalari, ulkan savdo kemalari aynan shu nom bilan atalardi. Tarshish hozirgi Ispaniyaning hududida joylashgan bandargoh shahar bo‘lib, o‘zining katta savdo kemalari bilan mashhur edi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi BANDARGOH so‘ziga qarang.

9:21 turli–tuman maymunlar — yoki maymunlar va tovuslar.

9:25 uchqur ot — bu o‘rindagi ibroniycha so‘z otliq ma’nosini ham ifodalashi mumkin.

9:27 shikamora–anjir daraxti — 1:15 izohiga qarang.

9:28 Misr — yoki Muzur (1:16 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang).

10:1 Shakam shahri — shimoldagi qabilalarga qarashli asosiy shahar (Yoshua 24:1 ga qarang). Bu shahar Quddusdan qariyb 50 kilometr shimolda, Isroil tepaliklarida joylashgan.

10:1 Isroil xalqi — shimoliy qabilalardan tashkil topgan xalq nazarda tutilgan.

10:15 …Shilo‘lik Oxiyo orqali…Yeribomga bergan so‘zi… — 3 Shohlar 11:29-39 ga qarang.

10:18 Odoniram — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Hadoram.

10:18 Isroil — shu kitobning davomida shimoliy shohlik Isroil degan nom bilan, janubiy shohlik esa Yahudo degan nom bilan yuritilgan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi ISROIL va YAHUDO so‘zlariga qarang.

11:15 sajdagoh — ibroniycha matnda bamax, ya’ni “tepalik”. Kan’on xudolariga topinadigan joylar bamax deb atalardi. Odatda bu sajdagohlar tepaliklarda joylashgan bo‘lib, u yerda Kan’on xudolarining tasvirlari va qurbonliklar keltirish uchun qurbongoh bo‘lardi.

11:15 echki jinlar — odamlarning tasavvuriga ko‘ra, bu jinlar sahroda yashardilar.

11:16 Egamiz — ibroniycha matnda Isroil xalqining Xudosi — Egamiz, ravon o‘qilishi

uchun mazkur tarjimada soddalashtirilgan.

11:20 Absalomning qizi Maxo — Absalomning nevarasi bo‘lgan. 2 Shohlar 14:27 ga

ko‘ra, Absalomning yolg‘iz qizi Tamara edi. 13:2 da Maxo Uriyolning qizi deb tanitilgan.

11:21 kanizaklar — ibroniycha matnda bu so‘zning ma’nosi quyidagicha: kanizaklar qonuniy xotin bo‘lmasalar–da, xo‘jayinlari ular bilan jinsiy aloqada bo‘lishgan. Qadimgi paytlarda bu ayollarning jiddiy qonuniy huquqlari bo‘lib, xo‘jayinlari ularning erlari sifatida bo‘lgan.

12:2 Raxabom hukmronligining beshinchi yili — taxminan miloddan oldingi 926 yil.

12:3 Habashistonlik — ibroniycha matnda Kushlik. Kush degan joy Misrdan janubda

bo‘lib, hozirgi Sudan va Efiopiya mamlakatlarining bir qismini o‘z ichiga olgan edi.

13:2 Maxo — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Mixiyo. Uning Maxo degan shakli 3 Shohlar 15:2 dan olingan (yana 11:20 ga qarang).

13:8 Yeribom…yasattirib bergan oltin buzoqlar… — 3 Shohlar 12:26-30 ga qarang.

14:3 sajdagohlar — 11:15 ning birinchi izohiga qarang.

14:3 Ashera — Kan’ondagi xalqlar sajda qilgan hosildorlik xudosi bo‘lib, ayol qiyofasida tasavvur qilingan. Uning erkak jufti Baal edi. Asheraning tasvirlari baland ustun shaklida bo‘lib, yog‘ochdan yasalgan edi.

14:9 Habashistonlik — ibroniycha matnda Kushlik (shu bobning 12, 13–oyatlarida ham bor). 12:3 izohiga qarang.

14:9 Morisho shahri — Quddusdan qariyb 40 kilometr janubi–g‘arbda joylashgan. 14:13 Garor — Filistlarning shahri bo‘lib, Yahudo yurtidan janubi–g‘arbda joylashgan. 15:3 …uzoq vaqt davomida… — hakamlar davriga ishora (Hakamlar 2:8-23 ga qarang). 15:8 …Odod o‘g‘li Ozariyo payg‘ambarning aytgan bashoratini eshitgach… — qadimiy

suryoniycha va lotincha tarjimalardan (yana shu bobning 1–oyatiga qarang). Ibroniycha

matnda …bu so‘zlarni va Odod payg‘ambarning aytgan bashoratini eshitgach….

15:10 Oso hukmronligining o‘n beshinchi yili uchinchi oyi — miloddan oldingi 895 yilning uchinchi oyi. Ibroniy kalendarining Shavon oyi nazarda tutilgan. Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan mayning o‘rtasidan boshlanadi.

15:16 buvisi — ibroniycha matnda onasi, biroq bu so‘z buvisiga yoki katta momolarning biriga ishora qilishi ham mumkin. 11:20 va 13:1-2 ga ko‘ra, Maxo Osoning buvisi, ya’ni Osoning otasi Abiyoni tuqqan onasi edi.

15:16 Ashera — 14:3 ning ikkinchi izohiga qarang.

15:16 malikalik martabasi — qadimgi Isroilda yuksak martaba hisoblangan (3 Shohlar 2:19 ga qarang).

15:16 Qidron soyligi — Quddus shahridan sharqda joylashgan. Soylik — ikki adir oralig‘idagi pastlik. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi SOYLIK so‘ziga qarang.

15:17 sajdagohlar — 11:15 ning birinchi izohiga qarang.

16:1 Rama shahri — Quddusdan qariyb 8 kilometr shimolda, Efrayim qirlarida joylashgan.

16:4 Ovil–Bayt–Maxo — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Ovil–Mayim. Uning Ovil–Bayt–Maxo degan shakli 3 Shohlar 15:20 dan olingan.

16:8 Habashistonliklar — ibroniycha matnda Kushliklar. 12:3 izohiga qarang.

17:3 otasi Oso — ibroniycha matnda otasi. Ba’zi ibroniy qo‘lyozmalarida va qadimiy yunoncha tarjimada otasi Dovud. Bu o‘rinda Oso hukmronligining dastlabki yillariga ishora qilingan bo‘lsa kerak, chunki o‘sha paytlarda Oso Xudoning yo‘lidan yurardi (14:2-6, 11, 15:8-15 ga qarang), hukmronligining so‘nggi yillarida esa u Xudoga suyanmay qo‘ygandi (16:7-12 ga qarang).

17:6 sajdagohlar — 11:15 ning birinchi izohiga qarang.

17:6 Ashera — 14:3 ning ikkinchi izohiga qarang.

18:2 Gilad — Iordan daryosining sharq tomonidagi o‘lka.

18:2 …Yohushafatni Giladdagi Ramo‘t shahriga hujum qilishga ko‘ndirmoqchi bo‘lib… — o‘sha davrda Ramo‘t shahri Oram shohining qo‘li ostida edi (3 Shohlar 22:1-4 ga qarang).

19:3 Ashera — 14:3 ning ikkinchi izohiga qarang.

20:1 Mavun xalqi — qadimiy yunoncha tarjimaning ba’zi qo‘lyozmalaridan. Ibroniycha

matnda Ommonliklar.

20:2 Edom — bitta ibroniy qo‘lyozmasidan. Ibroniycha matnda Oram. “Oram” va “Edom” so‘zlari ibroniychada deyarli bir xil yoziladi. Edom O‘lik dengizning janubida

joylashgan yurt edi.

20:2 En–Gedi — O‘lik dengizning g‘arbiy qirg‘og‘ida joylashgan shahar.

20:10 Edom yurti — ibroniycha matnda Seir tog‘lari (shu bobning 22, 23–oyatlarida ham bor). Edom yurtining yana bir nomi Seir edi.

20:16 Yarubol adirlari — En–Gedi yonida (shu bobning 2–oyatiga va o‘sha oyatning

ikkinchi izohiga qarang).

20:25 …ular ko‘p miqdorda yuk hayvonlarini, mol–holni… — qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda …ular murdalar orasidan ko‘p miqdorda mol–holni….

20:25 kiyim–kechaklar — ba’zi ibroniy qo‘lyozmalaridan va qadimiy lotincha

tarjimadan. Ibroniycha matnda murdalar.

20:26 Baraka — ibroniy tilida bu so‘z, xuddi o‘zbek tilidagiday, qut–baraka ma’nosini

ifodalaydi, lekin hamdu sano ma’nosida ham kelishi mumkin.

20:33 sajdagohlar — 11:15 ning birinchi izohiga qarang.

20:36 savdo kemalari — ibroniycha matnda Tarshish kemalari. 9:21 ning birinchi izohiga qarang.

20:37 dengiz — ibroniycha matnda Tarshish. Mazkur o‘rinda bu so‘z uzoq safarga chiqish va o‘zga yurtlarga borib, savdo–sotiq bilan shug‘ullanishga ishora qiladi. 9:21 ning birinchi izohiga qarang.

21:7 U…va’da qilgan edi — 3 Shohlar 11:36 ga qarang.

21:10 …hozirgacha… — shu kitob yozilgan vaqtga ishora.

21:10 Libna shahri — Quddusdan qariyb 20 kilometr g‘arbda joylashgan.

21:11 sajdagohlar — 11:15 ning birinchi izohiga qarang.

21:16 Habashiston — ibroniycha matnda Kush. 12:3 izohiga qarang.

21:17 Oxoziyo — ibroniycha matnda Yohuxoz, Oxoziyoning yana bir ismi (22:1 ga qarang).

22:2 yigirma ikki — qadimiy yunoncha tarjimaning ba’zi qo‘lyozmalaridan va qadimiy

suryoniycha tarjimadan (yana 4 Shohlar 8:26 ga qarang). Ibroniycha matnda qirq ikki.

22:5 Yoram — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Yohuram (shu bobning 6, 7–oyatlarida ham bor).

22:5 Gilad — Iordan daryosining sharq tomonidagi o‘lka.

22:6 Yizril shahri — Isroilning shimolida, Ramo‘tdan qariyb 65 kilometr masofada

joylashgan.

22:6 Oxoziyo — ba’zi ibroniy qo‘lyozmalaridan, qadimiy yunoncha, suryoniycha va

lotincha tarjimalardan (yana 4 Shohlar 8:29 ga qarang). Ibroniycha matnda Ozariyo.

22:7 nevarasi — ibroniycha matnda o‘g‘li. Aslida Yohu Nimshining nevarasi edi (4 Shohlar 9:2 ga qarang). Ibroniychada o‘g‘il so‘zi nasl ma’nosida ham ishlatiladi.

22:10 Otaliyo — Isroil shohi Axabning qizi — Yahudo shohi Yohuramning bevasi edi (21:5-6, 22:2 ga qarang).

22:11 Yohusheva — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Yohushaviyat. Uning

Yohusheva degan shakli 4 Shohlar 11:2 dan olingan.

23:11 shohlik qonunlari — yoki shohlik muhri. Bu o‘rinda ishlatilgan ibroniycha so‘z qonunlarning bir nusxasini (Qonunlar 17:18-19 ga qarang) yoki shohlik muhri bo‘lgan uzukni bildiradi. Bunday muhr shoh hokimiyatining ramzi edi.

24:6 Muqaddas ahd chodiri — ibroniycha matnda Guvohlik chodiri, Muqaddas chodirning yana bir nomi. Ibroniycha matndagi iboraning guvohlik so‘zi o‘nta amr yozilgan ikkita tosh lavhaga ishora qiladi. Bu tosh lavhalar Xudo va Uning xalqi o‘rtasida tuzilgan ahdning dalili, ya’ni toshga bitilgan guvohlik bo‘lib xizmat qilardi. Muso davrida bu ikki tosh lavha Muqaddas chodirdagi Ahd sandig‘ining ichida saqlanardi (Chiqish 40:20 ga qarang).

24:18 Ashera — 14:3 ning ikkinchi izohiga qarang.

24:23 yilning oxiri — ibroniycha kalendarga ko‘ra, bahorning boshlanishiga — mart

oyining o‘rtasiga to‘g‘ri keladi.

24:26 Yo‘zabad — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Zabad. Uning

Yo‘zabad degan shakli 4 Shohlar 12:21 dan olingan.

24:26 Sho‘mer — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Shimrit. Uning

Sho‘mer degan shakli 4 Shohlar 12:21 dan olingan.

25:4 Egamiz…amr qilgan edi — Qonunlar 24:16 ga qarang.

25:6 200 pud — ibroniycha matnda 100 talant, taxminan 3,4 tonnaga to‘g‘ri keladi.

25:7 Isroil — ibroniycha matnda Efrayim. Efrayim qabilasi Isroilning shimoliy qismidagi eng katta va nufuzli qabila bo‘lgani bois, Eski Ahdning ba’zi o‘rinlarida Efrayim degan nom Isroilga, ya’ni shimoliy shohlikka nisbatan ishlatilgan. Bu shohlikning poytaxti Samariya edi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi EFRAYIM so‘ziga qarang.

25:10 Isroil — ibroniycha matnda Efrayim. Shu bobning 7–oyati izohiga qarang.

25:11 Tuz vodiysi — O‘lik dengizning janubidagi o‘lka.

25:11 Edom — ibroniycha matnda Seir (shu bobning 14–oyatida ham bor). Edom yurtining yana bir nomi Seir edi.

25:17 Yoho‘sh — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Yo‘sh (shu bobning 18, 21, 23, 25–oyatlarida ham bor).

25:17 …menga jang maydonida ro‘baro‘ kelib ko‘r–chi… — ibroniycha matnda …kel, bir– birimizga yuzlanaylik…, bu vaziyatda jang maydonida kuch sinashishga da’vat.

25:21 Bayt–Shamash shahri — Quddusdan qariyb 24 kilometr janubi–g‘arbda joylashgan edi.

25:23 Oxoziyo — ibroniycha matnda Yohuxoz, Oxoziyoning yana bir ismi (22:1, 11 ga qarang).

25:23 400 tirsak — taxminan 180 metrga to‘g‘ri keladi.

25:24 Obidadom — 1 Solnomalar 13:13-14 ga qarang.

25:27 Laxish shahri — Quddusdan qariyb 35 kilometr janubi–g‘arbda joylashgan edi.

25:28 Dovud qal’asi — ba’zi ibroniy qo‘lyozmalaridan, qadimiy yunoncha, suryoniycha

va lotincha tarjimalardan (yana 4 Shohlar 14:20 ga qarang). Ibroniycha matnda Yahudo shahri.

26:2 Elet shahri — Sinay yarim orolining sharqida, Qizil dengizning shimoliy

qirg‘og‘idagi bandargoh shahar.

26:5 …Zakariyo unga Xudoning yo‘lidan yurishni o‘rgatardi — ba’zi ibroniy qo‘lyozmalaridan, qadimiy yunoncha va suryoniycha tarjimalardan. Ibroniycha matnda

…Zakariyo Xudoning vahiylarini ta’birlovchi edi.

26:8 Mavun xalqi — qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda Ommonliklar.

26:18 Bu Horun naslidan bo‘lgan ruhoniylarning ishidir — Chiqish 30:1-10, Sahroda 16:39-40 ga qarang.

26:19 …yara toshdi — bu ibora ibroniychada har xil teri kasalliklariga nisbatan ishlatilgan so‘zning tarjimasidir (shu bobning 20, 21, 23–oyatlarida ham bor). Odatda bu ibora moxov kasalligiga ishora deb tushuniladi. Teri kasalliklaridan birortasiga yo‘liqqan kishi harom hisoblanar edi. Xasta odam kasalligini boshqalarga yuqtirmasligi va ularni harom qilmasligi uchun, boshqalardan ajratib qo‘yilar edi (Levilar 13:45-46 ga qarang).

27:2 …otasidan farqli ravishda Egamizning Ma’badida tutatqi tutatmadi — 26:16-18 ga qarang.

27:3 Ofel tepaligi — ko‘hna Quddus shahri aynan shu tepalik ustida joylashgan bo‘lishi mumkin. Shaharning bu qismi yana “Dovud qal’asi” deb atalar edi.

27:5 200 pud — ibroniycha matnda 100 talant, taxminan 3,4 tonnaga to‘g‘ri keladi.

27:5 100.000 tog‘ora — ibroniycha matnda 10.000 kor, taxminan 2200 tonnaga to‘g‘ri

keladi.

28:3 soylik — ikki adir oralig‘idagi pastlik. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi SOYLIK so‘ziga qarang.

28:3 …hatto o‘z o‘g‘illarini qurbonlik qilib, olovda kuydirdi — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi …hatto o‘z o‘g‘illarini olovdan o‘tkazdi. Butparast xalqlarga xos bo‘lgan bu jirkanch odat Xudoning nazarida o‘taketgan qabihlik edi.

28:4 Sajdagohlar — 11:15 ning birinchi izohiga qarang.

28:7 Isroil — ibroniycha matnda Efrayim. 25:7 izohiga qarang.

28:12 Isroil — ibroniycha matnda Efrayim. 25:7 izohiga qarang.

28:18 …Yahudo qir etaklari…Nagav cho‘li… — Yahudo qirlari Yahudo yurtining g‘arbida, Nagav cho‘li esa hozirgi Isroilning janubida, ya’ni O‘lik dengizning janubi–g‘arbida joylashgan edi. Demak, Filistlar g‘arbdan, Edomliklar esa janubi–sharqdan hujum qilishgan.

28:20 Tig‘latpilasar — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Tig‘latpilnasar.

Tig‘latpilasar miloddan oldingi 745-727 yillarda hukmronlik qilgan.

29:3 birinchi oy — ibroniy kalendarining Nison oyi nazarda tutilgan (Nison oyi Abib oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan martning o‘rtasidan boshlanadi.

29:3 …Hizqiyo…Egamizning uyi eshiklarini qaytadan ochdi — shoh Oxoz Ma’bad eshiklarini qulflab qo‘ygan edi. Shu sababdan xalq u yerda Xudoga sajda qila olmagandi (28:22-25 ga qarang).

29:15 …Egamizning uyini poklay boshladilar — 1 Solnomalar 23:28 ga qarang.

29:16-17 Qidron soyligi — 15:16 ning oxirgi izohiga qarang.

29:16-17 birinchi oy — shu bobning 3–oyatiga berilgan birinchi izohga qarang.

29:21 gunoh qurbonligi — birortasi bilmay qilgan gunohi uchun Xudodan kechirim so‘rab keltirgan qurbonligi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi QURBONLIK so‘zi ostida berilgan GUNOH QURBONLIGI iborasiga qarang.

30:1-4 Fisih ziyofati — Isroil xalqining Misrdagi qullikdan ozod bo‘lishi munosabati

bilan nishonlangan ziyofat (Chiqish 12:1-42 ga qarang).

30:1-4 birinchi oy — 29:3 ning birinchi izohiga qarang.

30:1-4 ikkinchi oy — ibroniy kalendarining Ziv oyi nazarda tutilgan. Hozirgi kalendarga

ko‘ra, bu oy taxminan aprelning o‘rtasidan boshlanadi.

30:6 Ossuriya bosqinchilari — 4 Shohlar 17:1-23 ga qarang.

30:6 Yoqub — ibroniycha matnda Isroil, Yoqubning yana bir ismi (Ibtido 32:27-28 ga qarang).

30:13 Xamirturushsiz non bayrami — bu bayram Fisih ziyofatining ertasi kuni boshlanar edi. Bir–biriga ulanib ketgani uchun, bu ikkala bayramga bitta bayram deb ishora qilingan (shu bobning 15, 21–oyatlariga qarang). Isroil xalqi Fisih taomi bilan birga va bir hafta nishonlanadigan Xamirturushsiz non bayrami davomida faqat xamirturushsiz nonlarni iste’mol qilishi kerak edi (Chiqish 12:14-20, 13:3-10 ga qarang).

30:14 Qidron soyligi — 15:16 ning oxirgi izohiga qarang.

31:1 Ashera — 14:3 ning ikkinchi izohiga qarang.

31:1 sajdagohlar — 11:15 ning birinchi izohiga qarang.

31:5 ushr — har qanday daromadning o‘ndan bir qismi. Levilar 27:30-33, Qonunlar 14:22-29, 26:12-13 ga qarang.

31:7 uchinchi oy — ibroniy kalendarining Shavon oyi nazarda tutilgan. Hozirgi

kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan mayning o‘rtasidan boshlanadi.

31:7 yettinchi oy — ibroniy kalendarining Tishri oyi nazarda tutilgan (Tishri oyi Itanim oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan sentabrning o‘rtasidan boshlanadi.

32:1 Ossuriya shohi Sanxariv — miloddan oldingi 705-681 yillarda Ossuriyada hukmronlik qilgan.

32:5 Millo — Dovud qal’asi tepalik ustida edi. Bu tepalikning sharq tomoni o‘pirilib ketgani uchun uni tuzatish shart bo‘lgan. Tepalikning o‘pirilib ketgan joyi tuproq bilan to‘ldirilgan, kengaytirilgan va mustahkamlangan edi. Tepalikning bu qismi Millo deb atalardi.

32:9 Laxish shahri — Quddusdan qariyb 35 kilometr janubi–g‘arbda joylashgan edi.

32:12 sajdagohlar — 11:15 ning birinchi izohiga qarang.

32:12 U Yahudo xalqiga va Quddusliklarga…deb aytgan ekan — Hizqiyoning qilgan ishlaridan Xudo mamnun edi (Qonunlar 12:2-7, 4 Shohlar 18:3-5 ga qarang). Ammo Ossuriya shohi bu so‘zlarni Yahudo xalqini va Quddus aholisini Hizqiyoga qarshi qo‘zg‘atish niyatida, Xudoga itoat qilmaslikka va ishonmaslikka undash maqsadida aytgan edi (shu bobning 13-19–oyatlariga qarang).

32:22 Yahudo xalqiga Egamiz har tarafdan osoyishtalik ato qildi — qadimiy yunoncha va lotincha tarjimalardan. Ibroniycha matnda Yahudo xalqini Egamiz har tomondan boshqarardi.

32:30 …qazdirgan quvur orqali suvni Quddus ichiga olib kirdi — bu quvur 520 metr uzunlikda bo‘lib, qoyani o‘yib qilingan edi. Suv quvur orqali shahar devori tashqarisidagi Gixo‘n soyligidan shahar ichidagi Siloam hovuziga kelib tushar edi. Yana shu bobning 2-4–oyatlariga qarang.

32:31 …Bobil shahzodalari…o‘z elchilarini Hizqiyo huzuriga jo‘natganlarida…

4 Shohlar 20:12-19 ga qarang.

32:33 …Dovud nasli xilxonasining to‘riga dafn qilindi — yoki …Dovud naslining

xilxonasiga, tepalikning yuqori qismiga dafn qilindi. 33:3 sajdagohlar — 11:15 ning birinchi izohiga qarang. 33:3 Ashera — 14:3 ning ikkinchi izohiga qarang.

33:6 soylik — ikki adir oralig‘idagi pastlik. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi SOYLIK so‘ziga qarang.

33:6 O‘g‘illarini Xinnum soyligida qurbonlik qilib, olovda kuydirdi… — ibroniycha

matndan so‘zma–so‘z tarjimasi O‘g‘illarini Xinnum soyligida olovdan o‘tkazdi…. Butparast xalqlarga xos bo‘lgan bu jirkanch odat Xudoning nazarida o‘taketgan qabihlik edi.

33:7 Xudo bu uy to‘g‘risida…shunday degan edi… — 3 Shohlar 9:3-5 ga qarang.

33:14 Ofel tepaligi — 27:3 izohiga qarang.

33:19 valiylar kitobida — yoki Xo‘zay kitobida.

34:3 sajdagohlar — 11:15 ning birinchi izohiga qarang.

34:3 Ashera — 14:3 ning ikkinchi izohiga qarang.

34:20 Mixiyo — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Mixo. Uning Mixiyo degan shakli 4 Shohlar 22:12 dan olingan.

34:20 Axbor — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Abdo‘n. Uning Axbor degan shakli 4 Shohlar 22:12 dan olingan.

34:22 Tixvo — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Toqqat. Uning Tixvo degan shakli 4 Shohlar 22:14 dan olingan.

34:22 Xarxas — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Xasra. Uning Xarxas degan shakli 4 Shohlar 22:14 dan olingan.

34:25 …o‘z qo‘llari bilan yasagan butlari tufayli… — yoki …qilgan barcha qilmishlari tufayli….

34:30 Tavrot kitobi — ibroniycha matnda Ahd kitobi, Tavrot kitobining yana bir nomi (shu bobning 14, 15, 19–oyatlariga qarang).

35:1 Fisih ziyofati — 30:1-4 ning birinchi izohiga qarang.

35:1 Birinchi oy — 29:3 ning birinchi izohiga qarang.

35:4 Shoh Dovudning va o‘g‘li Sulaymonning yozib qoldirgan ko‘rsatmalariga muvofiq…

— 1 Solnomalar 23:1-26:32 ga qarang.

35:20 Yo‘shiyo unga qarshi otlandi — o‘sha paytda Misr fir’avni Nexo (miloddan oldingi 609-595 yillarda hukmronlik qilgan) Ossuriyaliklar tomonida edi. Nexo Ossuriya shohining qo‘li ostidagi yerlarni saqlab qolishda unga yordam bermoqchi bo‘lib, Bobil lashkariga qarshi urush qilish uchun shimol tomon yo‘l olgandi. Yahudo shohi Yo‘shiyo esa Misr va Ossuriyaning bu ittifoqidan mamnun emasdi, chunki ularning kuchayishi Yahudo shohligining osoyishtaligiga xavf solishi mumkin edi.

35:22 Magido‘ — Jalila ko‘lidan qariyb 40 kilometr janubi–g‘arbda joylashgan.

35:25 Shu kunga qadar… — shu kitob yozilgan vaqtga ishora.

36:3 200 pud — ibroniycha matnda 100 talant, taxminan 3,4 tonnaga to‘g‘ri keladi.

36:3 2 pud — ibroniycha matnda bir talant, taxminan 34 kiloga to‘g‘ri keladi.

36:6 Bobil shohi Navuxadnazar — miloddan oldingi 605-562 yillarda Bobilda hukmronlik qilgan.

36:6 U Yohayiqimni Bobilga olib ketish niyatida zanjirband qildi — Navuxadnazar Yohayiqimni Bobilga olib ketganmi yoki yo‘qmi, matnda aniq yozilmagan. Yohayiqim uch yil davomida Navuxadnazarga qaram bo‘ldi. Oxiri, u Navuxadnazarga qarshi isyon ko‘tardi. Yohayiqim Quddusda vafot etgan bo‘lishi mumkin (4 Shohlar 24:1-6 ga qarang). Shundan keyin uning o‘g‘li Yohayixin Yahudo taxtiga o‘tirdi. Navuxadnazar uni miloddan oldingi 597 yilda Bobilga asir qilib olib ketdi (4 Shohlar 24:8-15 ga qarang).

36:7 saroy — yoki ma’bad.

36:9 o‘n sakkiz — bitta ibroniy qo‘lyozmasidan, qadimiy suryoniycha tarjimadan va qadimiy yunoncha tarjimaning ba’zi qo‘lyozmalaridan (yana 4 Shohlar 24:8 ga qarang). Ibroniycha matnda sakkiz.

36:10 amaki — ibroniycha matnda aka yoki uka, biroq bu ibroniycha so‘z umuman har qanday erkak qarindoshga nisbatan ham ishlatiladi. 4 Shohlar 24:17 ga ko‘ra, Zidqiyo Yohayixinning amakisi edi.

36:17 Bobil — ibroniycha matnda Xaldey, o‘sha vaqtda Bobil yurti shu nom bilan ham

atalardi.

36:21 Yerga dam berilmagan yillar — Tavrot qonuniga ko‘ra, har yettinchi yili yerga ishlov berish, ekin ekish Isroil xalqiga man etilgandi (Levilar 25:1-7 ga qarang).

36:21 …Egamizning Yeremiyo payg‘ambar orqali aytgan so‘zlari… — Yeremiyo 25:11, 29:10 ga qarang.

36:22 Kurush hukmronligining birinchi yili — miloddan oldingi 538 yil. Midiya va Fors lashkarlari shoh Kurush boshchiligida Bobil shahrini miloddan oldingi 539 yilda bosib olgan edilar. Shoh Kurush miloddan oldingi 530 yilgacha Bobilda hukmronlik qildi. U Kir

ismi bilan ham tanilgan.

36:22 Egamizning Yeremiyo orqali bildirgan so‘zlari — shu bobning 21–oyatiga berilgan ikkinchi izohga qarang.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru