Muqaddas Kitob


PAVLUSNING

KORINFLIKLARGA

IKKINCHI MAKTUBI

Kirish

Mazkur maktubni havoriy Pavlus Korinfdagi jamoat bilan keskin munosabatda bo‘lgan bir paytda, ya’ni Korinfdagi ba’zi bir masihiylar Pavlusga har tarafdan hujum qilayotgan vaqtda yozgan. Pavlusning Korinfga borish rejalari o‘zgargani bois, ba’zi Korinfliklar uni ishonchsiz, o‘z so‘zida turmaydigan inson, deb aytishardi. Yana ba’zi birlari Pavlusning havoriyligiga shubha qilishardi. Bunday ig‘volar o‘zlarini havoriy deb atagan soxta ustozlardan kelib chiqqan edi. Pavlus bu maktubni Korinf jamoatining ishonchini va hurmatini qozonish niyatida yozgan.

Maktubning dastlabki qismida (1-7–boblar) Pavlus o‘zining Korinfliklar bilan bo‘lgan munosabati haqida yozib, nima sababdan ularning jamoatidagi ba’zi bir odamlarga qattiq gapirganini tushuntiradi. Mana shu qattiq muomala natijasida munosabatlar qayta tiklanganidan qanchalik xursand ekanini maktub davomida ifoda etadi. Shundan keyin (8-9–boblar) u Korinfdagi jamoatni Quddusdagi muhtoj bo‘lgan birodarlarga saxiylik bilan ehson berishga undaydi. Maktubning oxirgi qismida (10-13– boblar) Pavlus o‘zining haqiqiy havoriy ekanini, soxta havoriylarning aytgan gaplari yolg‘on ekanini dalillar orqali isbotlashga harakat qiladi.

Pavlus Xudoga xizmat qilib, ko‘plab qiyinchiligu azob–uqubatlarga qaramay, odamlarga Xudoning Xushxabarini yetkazishga harakat qiladi. Mazkur maktubda u jamoatning tavba qilgan aksariyat a’zolariga o‘z minnatdorchiligini izhor qiladi, itoatsizlarni esa tartibga chaqirib, o‘zining yetakchi sifatidagi hokimiyatini tan olishlariga da’vat qiladi. Pavlus bir necha bor o‘z shaxsiyati, namunali hayoti, Xudo tomondan tanlanganligini va Masihga xizmat qiladigan havoriy ekanligini ta’kidlaydi.


1–BOB

Duoyi salom

1 Xudoning irodasi bilan Iso Masihning havoriysi bo‘lgan men — Pavlusdan va birodarimiz Timo‘tiydan* Xudoning Korinf shahridagi jamoatiga hamda Axaya viloyatidagi* barcha Xudoning azizlariga salom! 2 Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyatu tinchlik ato qilsin.

Tasalli manbayi — Xudo

3 Rabbimiz Iso Masihning Otasi Xudoga, har turli tasallining manbayi bo‘lgan Xudo — marhamatli Otaga hamdu sanolar bo‘lsin! 4 Har xil azob–uqubatlarga uchraganimizda, Xudo bizga tasalli beradi. Shunday ekan, biz ham azob chekayotgan insonga tasalli bera olamiz. Xudo bizga bergan tasalli bilan uni ovuntira olamiz. 5 Masihga o‘xshab biz qanchalik ko‘p azob cheksak, Xudo bizga Masih orqali shunchalik ko‘p tasalli beradi.

6 Biz azob–uqubatlarga duchor bo‘layotgan ekanmiz, sizlar tasalli va najot topishingiz

uchundir. Biz tasalli topayotgan bo‘lsak, bu ham sizlar tasalli topishingiz uchundir, toki



sizlar ham bizga o‘xshab azob–uqubatlarga uchraganingizda bardosh bera oling. 7 Sizlar nafaqat azob–uqubatlarimizga, balki tasallimizga ham sherik bo‘lishingizga hech shubhamiz yo‘q.

8 Ey birodarlar, biz shuni istar edikki, sizlar Asiya viloyatidagi biz chekkan azoblardan bexabar qolmanglar. Biz haddan tashqari, chidab bo‘lmas darajada azob– uqubat tortdik, hatto tirik qolishdan ham umidimizni uzgan edik. 9 O‘lim muqarrar ekanligiga amin bo‘lgan edik. Bularning hammasi bizning o‘zimizga emas, balki o‘liklarni tiriltiradigan Xudoga umid bog‘lashimiz uchun sodir bo‘ldi. 10 Haqiqatan ham Xudo bizni shunday og‘ir o‘lim tahlikasidan qutqardi va yana qutqaradi ham. Ha, Xudo bizni yana qutqaradi, deb Undan qattiq umid qilamiz. 11 Sizlar ham ibodatlaringiz orqali bizning faoliyatimizga sherik bo‘lyapsizlar. Buni ko‘rib, ko‘pchilik biz uchun Xudoga shukr aytadi, chunki ularning biz uchun qilgan iltijolari natijasida Xudo bizga iltifot ko‘rsatdi.

Pavlusning safar rejalari o‘zgaradi

12 Vijdonimiz guvohlik berib turibdi, biz bu dunyoda, ayniqsa sizlar bilan bo‘lgan munosabatimizda Xudo ato qilgan soddalik va samimiylik bilan ish tutdik. Biz dunyoviy donolikka emas, balki Xudoning inoyatiga tayanib harakat qildik. Faxrlanishimizning sababi ana o‘shadir.

13-14 Sizlar o‘qib, tushuna oladiganlardan boshqa hech narsa yozmaymiz. Sizlar hozir bizni qisman bo‘lsa–da, tushunasizlar. Umid qilamanki, bir kun kelib, sizlar quyidagini to‘la anglab olasiz: biz sizlardan qanday faxrlansak, sizlar ham Rabbimiz Iso keladigan kunda bizdan shunday faxrlana olasizlar.

15 Yuqorida aytib o‘tganlarimning to‘g‘riligiga ishonganim uchun meni ikki marta ko‘rib, xursand bo‘lib qolinglar degan niyatda sizlarning oldingizga bormoqchi edim. 16 Makedoniyaga borayotganimda sizlarning oldingizga kirib o‘tish, qaytishda ham sizlarni ko‘rib ketish niyatim bor edi*. Shunday qilib, Yahudiyaga* ketishimda yo‘lda uchrashi mumkin bo‘lgan ehtiyojlarimni qondirib, kuzatib qo‘yardingizlar.

17 Shunday rejalarim bor edi. O‘sha rejalar amalga oshmasa, yengiltaklik bilan ish tutgan bo‘lamanmi?! Yoki men reja qilayotgan paytda goh “ha”, goh “yo‘q” deydigan, betayin odamga o‘xshaymanmi?! 18 Xudo ishonchlidir, shuning uchun sizlarga yetkazgan xabarimiz ham hech o‘zgarmaydi. 19 Silas*, Timo‘tiy va men sizlarga Xudoning O‘g‘li — Iso Masih haqida aytganmiz. Iso Masih o‘zgaruvchan emas. U doimo sadoqatlidir. 20 Iso Masih orqali Xudo O‘z va’dalarini bajaradi, shuning uchun biz ham Iso Masih orqali Xudoni ulug‘lab, “Omin, iloyim shunday bo‘lsin”, deymiz. 21 Xudoning O‘zi bizni ham, sizlarni ham Iso Masihga bo‘lgan imonimizda mustahkam qiladi. U bizni O‘zi uchun tanlab oldi. 22 Bizga O‘z muhrini bosib, kelajakdagi qut–barakalarning kafili sifatida Muqaddas Ruhni berdi. 23 Xudo shohid, o‘z jonim haqi aytyapman, sizlarni ayaganim uchun hanuz Korinfga bormadim. 24 Biz sizlarning imoningiz ustidan hukmdormiz, demoqchi emasman, chunki sizlar imonda mahkam turibsizlar. Xizmat qilishimizdan maqsad quvonchingizni ko‘paytirishdir.


2–BOB

1 Yana xafagarchilik keltirmaslik uchun sizlarning oldingizga bormaslikka qaror qildim*. 2 Axir, sizlarni xafa qilsam, menga xursandchilik keltiradiganlarni xafa qilgan bo‘laman–ku! Unday holda, kim meni xursand qiladi?! 3 Oldingi maktubni*

yozganimning sababi ham shudir, toki sizlarning oldingizga borganimda oramizda

xafagarchilik bo‘lmasin, axir, menga katta quvonch keltiradigan sizlar emasmi?! Ishonchim komilki, mening quvonchim sizlarning quvonchingizdir. 4 Sizlarni xafa qilish uchun emas, balki sizlarni qanchalik yaxshi ko‘rishimni ko‘rsatish uchun o‘sha maktubni yozgan edim. Uni chuqur qayg‘u, iztirob bilan, ko‘z yosh to‘kib yozgan edim.

Gunoh qilgan odamni kechirish haqida

5 Meni xafa qilgan odam* faqatgina meni emas, balki qaysidir darajada sizlarning hammangizni xafa qilgan bo‘ladi, ammo bu masalaga keragidan ortiq urg‘u bermaylik. 6 Axir, xafa qilgan odamga ko‘pchilik tomonidan berilgan jazo yetarli. 7 Endi bo‘lsa, uni kechirib, tasalli beringlar, toki u haddan ortiq qayg‘urib, tushkunlikka tushmasin.

8 Sizlardan o‘tinaman, unga bo‘lgan mehr–muhabbatingizni ko‘rsating.

9 Oldingi maktubimni yozishdan yana bir maqsadim shu edi: sizlar har jihatdan itoatkor ekanmisiz yoki yo‘qmi, shuni bilmoqchi edim. 10 Sizlar biror kishini kechirsangiz, men ham uni kechiraman. Birortasi kechirishim kerak bo‘ladigan ayb ish qilgan bo‘lsa, sizlarning manfaatingizni ko‘zlab, Masihning huzurida uni kechiraman.

11 Shaytonga aldanib qolmaylik, axir, uning fitnalaridan bexabar emasmiz–ku!

Pavlus Troas shahrida bezovta bo‘ladi

12 Masih haqidagi Xushxabarni e’lon qilish uchun Troas shahriga borganimda, Egamiz menga yo‘l ochib bergan edi. 13 Ammo ko‘nglim notinch edi, chunki birodarim Titusni* u yerda topa olmadim. Shuning uchun u yerdagilar bilan xayrlashib, Makedoniyaga jo‘nadim.

Masih orqali qozoniladigan g‘alaba

14 Xudoga shukur! Xudo bizga Masihning tantanali yurishida* ishtirok etishni nasib qildi. Atirning hidi qanday taralsa, xuddi shu singari, har yerda va har doim Xudo biz orqali O‘zi haqidagi xabarni tarqatmoqda. 15 Masih haqidagi Xushxabarni yoyar ekanmiz, biz najot topadiganlar orasida ham, halok bo‘ladiganlar orasida ham Xudoga xush keladigan tutatqi nazrining hidiga o‘xshaymiz. 16 Bu hid halok bo‘ladiganlar uchun o‘lim hididir, najot topadiganlar uchun esa hayotbaxsh xushbo‘y hiddir. Bunday yuksak mas’uliyatga Xudo bizni loyiq topdi. 17 Mana, biz ko‘pchilik kabi, Xudoning kalomini bozorga solmaymiz. Aksincha, Xudo tomonidan yuborilgan va Masih xizmatida bo‘lgan kishilardek, Xudoning ko‘zi oldida sof ko‘ngil bilan voizlik qilmoqdamiz.


3–BOB

Yangi ahdning ulug‘ligi

1 Yana o‘zimizni tavsiya qilyapmizmi?! Yoki ba’zilarga kerak bo‘lganday, sizlarga tavsiyanomalar ko‘rsatishimiz kerakmi yoki sizlardan bizga tavsiyanomalar kerakmi?!

2 Axir, yuragimizga* yozilgan tavsiyanomamiz sizlarning o‘zingiz–ku! Bu hammaga ayon, uni hamma o‘qiy oladi. 3 Ochiq ko‘rinib turibdiki, bizning xizmatimiz tufayli yozilgan Masihning maktubi sizlarsiz. Bu maktub siyoh bilan emas, balki barhayot Xudoning Ruhi orqali yozilgan, tosh lavhalarga emas, balki inson qalbining lavhalariga yozilgandir*.

4 Masih tufayli Xudoning oldida bularga ishonchimiz komildir. 5 Axir, biz o‘zimizning kuchimiz bilan biror narsa qila olmaymiz–ku! Hamma qobiliyatimiz bizga Xudo tomonidan berilgan. 6 Xudo bizga yangi ahdning* xizmatkorlari bo‘lish qobiliyatini

berdi. Bu ahd qonunga emas, balki Ruhga asoslanib tuzilgan, chunki qonun o‘limga yetaklaydi, Ruh esa hayot bag‘ishlaydi*.

7 Tosh lavhalarga yozilgan, o‘limga yetaklaydigan eski ahdning qonun–amrlari shunchalik ulug‘vorlikka ega ediki, Isroil xalqi Musoning o‘sha ulug‘vorlikdan porlayotgan yuziga* tik qaray olmagan edi. O‘tkinchi ulug‘vorlik shunchalik porloq ekan, 8 Ruh orqali tuzilgan ahd keltiradigan ulug‘vorlik qanday porloq bo‘lishi haqida bir o‘ylab ko‘ring–chi! 9 O‘lim hukmini keltiradigan eski ahd ulug‘vor ekan, insonlarni oqlaydigan ahd undan ham ulug‘vor bo‘lmaydimi?! 10 Endi bu ajoyib ulug‘vorlik oldida o‘sha oldingi ulug‘vorlik arzimas bo‘lib qoldi. 11 O‘tkinchi eski ahd ulug‘vor bo‘lgan ekan, boqiy bo‘lgan bu yangi ahd naqadar ulug‘vordir!

12 Shunday umidimiz borligi uchun ham jasorat bilan Xushxabarni aytamiz. 13 Biz Musoga o‘xshamaymiz. Yuzida porlab turgan o‘tkinchi ulug‘vorlikni Isroil xalqi ko‘rmasligi uchun Muso yuzini yopgan edi*. 14 Isroil xalqining aqli o‘tmas bo‘lib qolgandi. Bugunga qadar eski ahd o‘qilganda, xuddi bir parda ularning ongini to‘sib turganga o‘xshaydi. Bu pardani faqatgina Masih olib tashlaydi. 15 Ha, hozir ham Musoning qonuni o‘qilganda, ularning ongi to‘siqdir. 16 Ammo Egamizga yuz burgan insonning ongidan to‘siq parda olib tashlanadi. 17 Bu yerda Egamiz deganda, Muqaddas Ruhni nazarda tutyapman. Egamizning Ruhi qayerda bo‘lsa, o‘sha yerda erkinlik bor.

18 Biz hammamiz ochiq yuz bilan Egamizning ulug‘vorligini* ko‘rib turibmiz*. Biz o‘zgarib borar ekanmiz, yanada ulug‘vor bo‘lib, Egamizga o‘xshagan bo‘lamiz. Bularning hammasi Egamizning Ruhi orqali sodir bo‘lmoqda.


4–BOB

Sopol idishlardagi ulug‘ xazinamiz

1 Biz Xudoning marhamati bilan yangi ahdning xizmatkorlari bo‘lganimiz uchun tushkunlikka tushmaymiz. 2 Aksincha, sirli va uyatli ishlar qilishdan, makr–hiyla ishlatishdan bosh tortib, Xudoning kalomini buzmay gapiramiz. Haqiqatni ochiq–oydin aytib, Xudoning huzurida o‘zimizni boshqa odamlarning hukmiga topshiramiz.

3 Xushxabarimiz sirli, to‘siq parda ortida turganday bo‘lib tuyulsa, u halok bo‘ladiganlar

uchun shunday tuyuladi.

4 Bu dunyoning xudosi* imonsizlarning ongini ko‘r qilib qo‘ygan. Shuning uchun ular Xushxabarning nurini ko‘ra olmaydilar. Bu Xushxabar Xudoning aniq tasviri bo‘lgan Masihning ulug‘vorligini ko‘rsatadi. 5 Biz o‘zimiz haqimizda emas, Rabbimiz Iso Masih haqida va’z qilamiz. Isoning yo‘lida sizlarning xizmatkorlaringizmiz. 6 Xudo dunyoni yaratganda O‘z so‘zi bilan zulmatdan nur yaratgan edi*. Endi U O‘zining nuri bilan bizning yuraklarimizni ham yoritdi, Iso Masih siymosida porlab turgan O‘z ulug‘vorligini bizga ko‘rsatdi.

7 Shunday ajoyib xazinani sopol idishlarday bo‘lgan tanalarimizda olib yuribmiz. Shu orqali oliy qudrat bizga emas, Xudoga mansub ekanligi ko‘rinib turibdi. 8 Biz har tomonlama jabrlanib ezilamiz, ammo sinmaymiz. Ko‘nglimiz alag‘da bo‘lib, mushkul ahvolga tushsak ham umidimizni yo‘qotmaymiz. 9 Quvg‘inlarga uchraymiz, lekin Xudo hech qachon bizni tashlab ketmaydi. Bizni yerga yiqitadilar, ammo yakson qila olmaydilar.

10 Iso Masih o‘limga ro‘baro‘ bo‘lganidek, biz ham azob–uqubat tortib, o‘lim

tahlikasida yashayapmiz, toki Isoning hayoti bizning tanamizda namoyon bo‘lsin. 11 Iso Masihga tegishli bo‘lganimiz uchun biz doim o‘limga duchor bo‘lyapmiz, toki Isoning hayoti bizning foniy badanimizda namoyon bo‘lsin. 12 Shunday qilib, o‘lim xavfi ostida yashashimiz sizlarga abadiy hayot keltiradi*.

13 Muqaddas bitiklarda: “Ishonganim uchun gapirdim”*, deb yozilgan. Bizda ham shunday imon bor, shuning uchun Xushxabar aytishni davom ettiraveramiz. 14 Bilamizki, Rabbimiz Isoni tiriltirgan Xudo bizni ham Isoga o‘xshatib tiriltiradi va sizlar bilan birga O‘zining huzuriga olib kiradi. 15 Boshimizdan o‘tganlarning hammasi sizlarning manfaatingiz uchun yuz bergan. Xudoning inoyati ko‘pdan–ko‘p odamlar orasida yoyilar ekan, Xudoga yanada ko‘p odamlar shukur aytadi va bundan Unga yanada ko‘proq shon–shuhrat keladi.

16 Shuning uchun ham umidimizni yo‘qotmaymiz. To‘g‘ri, bu foniy badanimiz xazon bo‘lyapti, ammo biz ruhan yangilanib boryapmiz. 17 Bizning o‘tkinchi, yengil azob– uqubatlarimiz bizga haddan tashqari ajoyib va abadiy ulug‘vorlik keltiradi. 18 Axir, biz ko‘rinadigan narsalarga emas, balki ko‘rinmaydigan narsalarga ko‘z tikkanmiz.

Ko‘rinadigan narsalar o‘tib ketadi, ko‘rinmaydiganlari esa mangudir!


5–BOB

Samoviy maskanimiz

1 Bilamizki, biz makon qilgan bu tanamiz yer yuzidagi bir kulbadaydir. Bu kulba xarob bo‘lganda, Xudo samoda bizga qo‘l bilan qurilmagan mangu bir uy beradi. 2 Biz samoviy maskanimizga yetishishni kutib, bu yerdagi kulbada, ya’ni tanamizda oh chekib yuribmiz. 3 Xudo bizga samoviy tana beradi, ruhimiz maskansiz qolmaydi. 4 Bu tanamizda ekanmiz, xuddi og‘ir yuk ostida qolgandek oh–nola chekamiz. O‘lishni xohlamaganimiz uchun ohu nola qilamiz. Samoviy tana darhol bu moddiy tananing o‘rnini olishini istaymiz. Axir, o‘shanda mangu tana foniy tananing o‘rnini egallaydi.

5 Xudo bizni mana shu maqsad uchun yaratgan va bunga kafil sifatida bizga Muqaddas Ruhni ato qilgan.

6 Biz bu tanada bo‘lganimizda samoviy maskanimizdan va Egamizdan uzoqda ekanligimizni bilsak ham ishonchimiz barqaror. 7 Axir, biz ko‘zga ko‘rinadigan narsalarga emas, balki imonimizga tayanib hayot kechiramiz. 8 Ha, ishonchimiz barqaror, shuning uchun bu tanalarimizni tashlab, Egamiz bilan birga samoda maskan qilishni afzal ko‘ramiz. 9 Xoh mana shu foniy tanada bo‘laylik, xoh abadiy maskanda bo‘laylik, bizning maqsadimiz Egamizni mamnun qilishdir. 10 Chunki har birimiz Masihning hukm kursisi oldida hozir bo‘lishimiz kerak. Shunda har birimiz qilgan yaxshi yoki yomon ishlarimizga yarasha mukofot yoki jazo olamiz.

Xudo bilan yarashish

11 Biz Xudodan qo‘rqish nimaligini bilganimiz uchun boshqalarni ham Xushxabarga ishonishga da’vat qilamiz. Biz qanday odam ekanligimiz Xudoga ayondir, umid qilamanki, sizlar ham bizning qandayligimizni ochiq–oydin bilasizlar. 12 Biz o‘zimizga o‘zimiz tavsiya bermayapmiz. Aksincha, biz bilan faxrlanish imkonini sizlarga beryapmiz. Shunda qalbidagi o‘y–xayolu fazilatlar bilan emas, balki tashqi qiyofasi bilan maqtanadigan insonlarga sizlar o‘rinli javob bera olasizlar.

13 Agar biz boshqalarga aqldan ozganday ko‘rinsak, bu Xudoga shuhrat keltirish

uchundir. Aqlimiz joyida bo‘lsa, bu sizlarning manfaatingiz uchundir. 14 Axir, Masihning bizga bo‘lgan muhabbati bizni rag‘batlantiradi. Bir Odam hamma uchun o‘lgan bo‘lsa, demak, biz hammamiz o‘lganmiz degan xulosaga keldik. 15 Ha, Masih hamma uchun o‘ldi, toki yashayotganlar endi o‘zlari uchun emas, balki ular uchun o‘lgan va tirilgan Masih uchun yashasinlar.

16 Shu sababdan endi biz hech kimga insoniy nuqtayi nazardan baho bermaymiz. Bir vaqtlar* Masihga ham insoniy nuqtayi nazardan baho bergan edik, endi esa unday qilmaymiz. 17 Binobarin, kim Masihga tegishli bo‘lsa, u yangi ijoddir. Eski hayot o‘tib ketdi, yangisi esa boshlandi.

18 Bularning hammasi Xudodandir. U Masih orqali bizni O‘zi bilan yarashtirdi* hamda boshqalarga Xudo bilan yarashish yo‘lini ko‘rsatish xizmatini bizga berdi. 19 Ha, Xudo insonlarni gunohlari uchun jazolamadi, aksincha, Masih orqali dunyoni O‘zi bilan yarashtirdi. Yarashish haqidagi bu xabarni yetkazishni esa bizga topshirdi. 20 Shunday qilib, biz Masihning elchilarimiz, Xudo biz orqali insonlarga murojaat etyapti. Masih nomidan yolvoryapmiz: sizlar ham Xudo bilan yarashinglar. 21 Axir, Xudo bizni Masih orqali oqlash uchun begunoh Masihni gunohkorni jazolaganday, jazoladi*.


6–BOB

1 Xudoning hamkorlari sifatida sizlarga yolvoramiz: Xudoning inoyati hayotingizda

samarasiz bo‘lmasin. 2 Xudo shunday deb aytyapti:


“Muruvvat payti kelganda, Men senga quloq solaman. Najot kuni kelganda,

Men senga yordam beraman.”*


O‘sha muruvvat payti hozirgi paytdir, o‘sha najot kuni bugungi kundir.

Xudoning haqiqiy xizmatkorlari

3 Xizmatimizda birorta ayb topilmasin deb, biz hech kimni zarracha ranjitmaymiz.

4 Xudoning haqiqiy xizmatkorlari ekanligimizni o‘z harakatlarimiz bilan isbotlayapmiz. Har xil qiyinchiliklaru kulfatlar boshimizga tushganda, tang ahvolda qolganimizda sabr– toqat ko‘rsatyapmiz. 5 Bizni urganlarida, qamoqqa tashlaganlarida, g‘alayonlarda qolganimizda, mashaqqat bilan mehnat qilganimizda, uyqusizlikda va och qolganimizda, hammasiga bardosh berdik. 6 Poklik, donolik, sabr–toqat bilan yashab, mehribon bo‘lib, Muqaddas Ruh bizda maskan qilganini ko‘rsatib, samimiy muhabbatimiz bilan Xudoning xizmatkorlari ekanimizni isbotladik. 7 Biz haqiqatni e’lon qilyapmiz, Xudoning qudratiga tayanib xizmat qilyapmiz. Ham o‘ng qo‘limizda, ham chap qo‘limizda solihlik

qurollarini* tutib yuribmiz. 8 Sharafga erishamizmi yoki isnodga qolamizmi, boshqalar bizni haqorat qiladimi yoki maqtaydimi, har qanday vaziyatda Xudoning xizmatkorlari ekanligimizni ko‘rsatyapmiz. Bizni yolg‘onchi, deb aytishadi, ammo biz haqiqatgo‘ymiz. 9 Mashhur emasmiz, ammo bizni bilishadi. Bizni o‘lgan deb hisoblaydilar, ammo mana, tirikmiz. Bizni jazoga tortadilar, ammo o‘limga mahkum qilmaydilar. 10 Bizni xafa qilyaptilar, ammo doimo xursandmiz. O‘zimiz kambag‘almiz–u, ko‘p kishilarni boyitamiz. Hech narsamiz yo‘g‘–u, ammo hamma narsaga egamiz.

11 Ey Korinfliklar! Sizlarga bemalol, ochiq–oydin gapirdik. Sizlarga bag‘rimizni keng ochdik. 12 Biz sizlardan mehr–muhabbatimizni ayamadik, sizlar esa o‘z mehringizni bizdan qizg‘anasiz. 13 Sizlarga o‘z farzandlarimga gapirayotganday gapiryapman. Biz sizlarga qanday muomala qilsak, sizlar ham bizga shunday muomala qiling: bizga bag‘ringizni keng oching.

Barhayot Xudoning ma’badi

14 Imonsizlar bilan sherik bo‘lmanglar*. Solihlik bilan qabihlikning orasida qanday aloqa bor?! Nur bilan zulmat orasida qanday umumiylik bo‘lishi mumkin?! 15 Masih bilan shayton* orasida qanday ittifoq bo‘lishi mumkin?! Imonli bilan imonsizning orasida qanday sheriklik bo‘lishi mumkin?! 16 Xudoning ma’badi bilan butlar orasida qanday umumiylik bor?! Axir, biz barhayot Xudoning ma’badimiz–ku! Xudo shunday deb aytgan:


“Men ularning orasida yashayman,

Ularning orasida yuraman.

Men ularning Xudosi bo‘laman,

Ular esa Mening xalqim bo‘ladi.”*


17 Binobarin, Egamiz shunday degan:


“Xalqlar orasidan chiqinglar, Ulardan ajralib chiqinglar, Haromga qo‘l tekkizmang,

Shunda Men sizlarni qabul qilaman.”*


18 Qodir Xudo — Egamiz yana shunday deb aytgan:


“Men sizlarga ota bo‘laman,

Sizlar esa Menga o‘g‘il–qizlar bo‘lasizlar.”*


7–BOB

1 Ey azizlarim, Xudo bizga shunday ajoyib va’dalar bergan ekan, badanimizni va ruhimizni bulg‘ovchi har qanday narsadan o‘zimizni poklaylik. Xudodan qo‘rqib yashab, butunlay Xudo uchun ajratilgan ekanligimizni ko‘rsataylik.

2 Bizga bo‘lgan mehringizni ko‘rsating*. Biz hech kimga ozor bermadik, hech kimga ziyon yetkazmadik, hech qachon o‘zimizning manfaatimizni ko‘zlab, boshqalardan foydalanmadik. 3 Bularni sizga ta’na qilib aytmayapman. Axir, oldin aytganimdek, o‘lamizmi, yashaymizmi, sizlar bizning dilimizdasiz. 4 Sizlarga jasorat bilan gapira olaman, sizlar bilan juda faxrlanaman. Azob–uqubatlarimiz qanchalik ko‘p bo‘lmasin, dilim tasallidan to‘lib–toshadi, behad quvonaman.

Pavlusning shodligi

5 Biz hatto Makedoniyaga borganimizdan keyin ham hech xotirjam bo‘la olmadik, aksincha, har tomondan g‘am–g‘ussaga tushdik: sirtdan hujumlar bo‘ldi, ko‘nglimizda esa qo‘rquvlar bor edi. 6 Tushkunlikka tushganlarga tasalli beruvchi Xudo Titusni* yonimizga yuborib, bizga tasalli berdi. 7 Biz faqatgina uning kelganidan emas, balki

uning sizlardan olgan tasallisi haqida eshitib ham ancha dalda topdik. Sizlar meni qattiq sog‘inayotganingiz, men uchun qayg‘urib, tarafimni olganingiz haqida xabar olib kelganidan juda sevindim.

8 Shu sababdan maktubim* bilan sizlarni xafa qilgan bo‘lsam ham, uni yozganimdan afsuslanmayman. To‘g‘ri, bu maktub sizlarni bir oz muddatga bo‘lsa–da, xafa qilganini bilib afsuslandim. 9 Mana endi sevinyapman. Sizlar xafa bo‘lganingizdan emas, balki bu xafagarchilik sizlarni tavbaga keltirgani uchun sevinyapman. Xudo bu xafagarchilikni yaxshilik uchun ishlatdi, shuning uchun bizdan hech qanday ziyon ko‘rmadingiz, deb ayta olaman. 10 Axir, Xudo yaxshilikka ishlatadigan xafagarchilik tavbaga olib keladi, tavba esa najotga yetaklaydi va hech qanday armonu afsusga sabab bo‘lmaydi. Bu dunyo keltiradigan xafagarchilik esa o‘limga olib boradi. 11 Mana qarang, Xudo yaxshilikka ishlatadigan xafagarchilik sizlarning hayotingizda qanday samara keltirdi. Endi sizlar menga qarshi emasligingiz ko‘rinib turibdi. O‘sha aybdor bo‘lgan insondan g‘azablanyapsiz, unga hamtovoq bo‘lib qolishdan qo‘rqyapsiz. Meni ko‘rishga intizorsiz. Aybdorni jazolashga tayyorsiz. Mana shularning hammasi sizlarning bu borada pok ekanligingizni isbotlamoqda. 12 Men bu maktubni ayb ish qilgan inson* haqi yoki ayb ish tufayli ranjigan inson haqi yozmadim. Asosiy maqsad, Xudoning oldida sizlarning menga qanchalik bag‘ishlangan ekanligingizni o‘zlaringizga ko‘rsatish edi. 13 Shuning uchun biz ancha tasalli topdik.

Bundan tashqari, Titusning xursandchiligi bizni yanada quvontirdi, chunki sizlar uning ruhini ko‘taribsizlar. 14 Men unga sizlarni maqtagan edim, sizlar meni uyatga qoldirmabsizlar. Sizlarga aytganlarimiz to‘g‘ri bo‘lgani kabi, maqtanib Titusga aytganlarim ham to‘g‘ri ekanligi isbotlandi. 15 Titus sizlarning itoatkorligingizni, uni hurmat–ehtirom bilan kutib olganingizni eslar ekan, uning sizlarga bo‘lgan muhabbati yanada oshib bormoqda. 16 Sizlarga to‘liq ishona olganimdan juda xursandman.


8–BOB

Quddusdagi jamoat uchun hadya

1 Endi birodarlar, Xudoning Makedoniyadagi jamoatlarga* ko‘rsatgan inoyati haqida sizlarga aytmoqchimiz. 2 Ular og‘ir kulfatlarga yo‘liqib, sinalgan bo‘lsalar–da, jo‘shqin bir sevinchga to‘lib–toshdilar, o‘ta kambag‘al bo‘lsalar–da, yuraklari saxiylikka boy ekanligini ko‘rsatdilar. 3 Ular o‘z xohishlari bilan, qo‘llaridan kelgancha, hatto imkonlaridan ortiq xayr–ehson berganlariga men shohidman. 4 Ular, Xudoning Quddusdagi azizlariga* yordam berishda ishtirok etaylik, deb bizdan o‘tinib so‘radilar.

5 Hatto umid qilganimizdan ham ziyodrog‘ini qildilar. Xudoning irodasi bo‘yicha ular o‘zlarini avval Rabbimiz Isoga, keyin esa bizga bag‘ishladilar.

6 Titus sizlarning orangizda boshlagan xayrli ishini bitirsin deb, uni rag‘batlantirdik.

7 Sizlar imon va ilm–ma’rifatga boy, gapga chechan, notiqlikda mohirsizlar, g‘ayratu tirishqoqlikda hech kimdan qolishmaysizlar, biz tufayli qalbingizda uyg‘ongan mehr– muhabbatingiz* cheksizdir. Shunday ekan, bu xayrli ish orqali saxiyligingizning cheksizligini ham ko‘rsating. 8 Men buni sizlarga buyruq tariqasida emas, balki mehr– muhabbatingizning samimiyligini isbot qilishingiz uchun aytyapman. Shuning uchun boshqalarning g‘ayratiyu tirishqoqligiga e’tiboringizni qaratyapman. 9 Axir, o‘zingiz Rabbimiz Iso Masihning ko‘rsatgan inoyatini bilasizlar–ku, U boy bo‘lsa ham, sizlarni

boy qilish uchun kambag‘al bo‘ldi*.

10-11 Yuqorida aytib o‘tilgan xayr–ehsonlar haqida maslahatim quyidagichadir: o‘tgan yili nafaqat o‘sha xayrli ishni qilishni boshladingiz, balki bu ishga qo‘shilish haqida o‘zingiz xohish bildirgan edingiz. Endi o‘z manfaatingiz uchun xayrli ishingizni oxiriga yetkazinglar, qanday niyat bilan boshlagan bo‘lsangiz, shunday qilib, qo‘lingizdan kelganicha bitirishga harakat qilinglar. 12 Agar inson hadya berishni xohlasa, undan yo‘q bo‘lgan narsa talab qilinmaydi, balki o‘zida bor narsasini bergani qabul qilinadi.

13 Boshqalarning hayoti yengillashib, sizlar esa og‘ir ahvolda qolishingizni istamaymiz. Hammaning orasida tenglik bo‘lsin. 14 Hozirgi paytda sizlardagi baraka ulardagi yetishmovchiliklarni to‘ldirsin, payti kelganda ulardagi baraka sizlardagi yetishmovchiliklarni to‘ldiradi, shunday qilib tenglik bo‘ladi. 15 Muqaddas bitiklarda quyidagicha yozilgan: “Ko‘p yig‘ib olganlardan hech narsa ortib qolmadi, oz yig‘ib olganlar uchun esa yetarli bo‘ldi.”*

Titus va uning yo‘ldoshlari

16 Xudoga shukur! Men sizlarga qanday g‘amxo‘r bo‘lsam, Xudo sizlarga nisbatan shunday g‘amxo‘rlikni Titusning diliga jo qildi. 17 Axir, Titusdan sizlarning oldingizga borishni iltimos qilganimda, u nafaqat rozi bo‘ldi, balki xohish va ishtiyoq bilan bordi. 18 U bilan birga barcha jamoatlarda Xushxabarning voizi deb maqtalgan birodarni ham yubordik. 19 Xayrli ishda yordam qilib, ular bilan birga Quddusga borsin deb, jamoatlar uni bizga yo‘ldosh qilib saylagan edilar*. Biz bu ishni Egamizni ulug‘lash uchun hamda o‘zimizning ishtiyoqimizni ko‘rsatish uchun qilyapmiz. 20 Saxiylik bilan berilgan xayr– ehsonlarni atalgan odamlarga yetkazishda hech qanday ayb ish qilmayapmiz. 21 Biz nafaqat Egamizning nazarida, balki insonlar oldida ham to‘g‘ri ish qilishga harakat qilyapmiz.

22 Titus va va’zxon birodarga qo‘shib, yana bir birodarni ham yuboryapmiz. U biz tomondan ko‘p sinalgan va har jihatdan g‘ayratli ekanligini ko‘rsatgan. Sizlarga nisbatan ishonchi komil bo‘lgani uchun uning sizlarga xizmat qilish ishtiyoqi yanada ko‘paygan.

23 Agar Titus haqida kimdir so‘rasa, u mening hamrohim va sizlar uchun xizmat qilayotgan hamkorim ekanligini aytinglar. Haligi ikki birodar esa jamoatlar tomonidan yuborilgan va ular Masihga ulug‘vorlik keltiradilar. 24 Shunday qilib, jamoatlar oldida o‘sha birodarlarga bo‘lgan mehr–muhabbatingizni ko‘rsatib, ularga sizlarni maqtaganimiz bekor emasligini isbotlang.


9–BOB

Saxiy bo‘lishga da’vat

1 Sizlarga Xudoning Quddusdagi azizlari uchun beriladigan yordam* haqida yozishimga hech hojat yo‘q. 2 Axir, bilaman–ku, sizlar yordam berishga tayyorsizlar, shuning uchun ham “Axaya* hududidagi imonlilar o‘tgan yildan beri tayyor”, deb Makedoniyadagi* imonlilarga sizlarni maqtab yuribman. Sizlarning saxiylik bilan berayotgan xayr–ehsonlaringiz ularni ham saxiylikka undadi. 3 Endi o‘sha maqtanganlarim bekor emasligini ko‘rsatish uchun hamda men aytganimday tayyor bo‘lib turishingiz uchun birodarlarni sizlarning oldingizga yuboryapman*. 4 Yana Makedoniyaliklardan ba’zilari men bilan birga borsa–yu, sizlar tayyor bo‘lmasangiz, sizlarga qattiq ishongan biz uyatga qolamiz, sizlar esa bizdan battar uyalib qolasiz. 5 Shu

sababdan va’da qilgan hadyangizni oldindan tayyorlab qo‘yinglar deb, o‘zim bormasimdan avval sizlarning oldingizga birodarlarni yuborishni lozim ko‘rdim. Shunda sizlarning hadyangiz norozilik bilan emas, sidqidildan berilgan hadya bo‘ladi.

6 Shuni unutmangki, oz ekkan oz o‘rib oladi, mo‘l ekkan esa mo‘l o‘rib oladi. 7 Har kim

norozi bo‘lib yoki majburiyat bilan emas, balki ko‘nglida niyat etganini bersin. Axir, Xudo mamnuniyat bilan beradigan insonni yaxshi ko‘radi. 8 Xudo sizlarning hayotingizni har jihatdan inoyatga to‘ldirib–toshtirishga qodirdir. Shunda har doim, har jihatdan, hamma ehtiyojingiz qondiriladi va sizlar yanada ko‘proq har xil xayrli ishlar qilasizlar.

9 Muqaddas bitiklarda quyidagicha yozilgan:


“Boyligini muhtojlarga saxiylik ila taqsimlaydi, Uning solihligi to abad davom etadi.”*


10 Dehqonga ekish uchun urug‘, hammaga yeyish uchun non beradigan Xudo sizlarning ekadigan urug‘ingizni mo‘l qiladi, solihligingizdan keladigan hosilni ham ko‘paytiradi. 11 Har doim saxiy bo‘lishingiz uchun Xudo sizni har jihatdan boy qiladi. Shunday qilib, biz sizlarning hadyalaringizni muhtojlarga yetkazganimizda, ular Xudoga ko‘p shukronalar aytadi.

12 Mana shu hadyangiz bilan ko‘rsatgan yordamingiz nafaqat Xudoning Quddusdagi azizlarining ehtiyojlarini qondiradi, balki ko‘pchilikning Xudoga ko‘pdan–ko‘p shukrona aytishiga sabab bo‘ladi. 13 Ularga hamda boshqalarga ko‘rsatgan saxiyligingiz va Masihning Xushxabariga ishonib, itoatkorona yashayotganingiz tufayli ko‘pchilik Xudoni ulug‘laydi. Axir, hadyangiz bularning dalolati–ku! 14 Xudoning sizlarga ko‘rsatgan cheksiz inoyati sababli ular mehr–muhabbat bilan sizlar uchun ibodat qiladilar.

15 Ta’rifiga til ojiz bo‘lgan ajoyib hadyasi uchun Xudoga shukur!


10–BOB

Pavlusga Xudo bergan hokimiyat

1 Masihning O‘zi ko‘rsatgan muloyimlik va mehribonlik bilan sizlardan iltijo qilaman.

Ba’zilar men haqimda: “Pavlus shaxsan oramizda bo‘lganda mo‘min–u, uzoqda bo‘lganda esa juda jasur ekan–a!” deb aytayotgan ekan. 2 Ba’zilar meni bo‘shang odam, deb aytayotgan ekan. Men albatta bunday odamlarga qattiq muomala qilaman. Sizlardan o‘tinaman, sizlarga qattiq gapirishga meni majbur qilmanglar. 3 Biz inson bo‘lib, bu dunyoda yashasak ham, bashariy kuch bilan jang qilmaymiz. 4 Bizning qurol– aslahalarimiz bashariy manfaat uchun emas, balki ilohiy manfaat uchun ishlatiladi.

Bizning qurol–aslahalarimiz bu dunyoning qurol–aslahalariday emas. Xudoning qudrati bilan bu qurol–aslahalarimiz qal’aday mustahkam bo‘lgan insoniy o‘y–xayollarni hamda quruq safsatalarni yo‘q qilishga qodir. 5 Xudoni tanib–bilishga to‘sqinlik qilayotgan takabburona dunyoqarashga biz barham beramiz. Har qanday o‘y–xayolni Masihga bo‘ysundirib, asir qilamiz. 6 Shunday qilib, o‘zlaringiz ham to‘la bo‘ysunganingizdan keyin, biz birgalikda har xil itoatsizlikni jazolashga tayyor bo‘lamiz.

7 Sizlar mening havoriy ekanligimni nahotki bilmasangizlar?!* Agar birortasi ishonch bilan: “Men Masihga tegishliman”, desa, shuni o‘ylab ko‘rsin: u tegishli bo‘lgan Masihga biz ham tegishlimiz! 8 Egamiz tomonidan berilgan hokimiyat haqida juda ko‘p

maqtansam ham, bundan hech xijolat bo‘lmayman. Axir, bu hokimiyat menga sizlarning

imoningizni vayron qilish uchun emas, balki mustahkamlash uchun berilgan.

9-11 Darvoqe, ba’zilar: “U maktublarida talabchan va kuchli, lekin shaxsan biz bilan bo‘lganda esa zaif, so‘zlari ham ta’sirsiz”, deb aytayotgan ekan. Bunday deb aytayotganlar shuni bilib qo‘ysinlarki, men faqatgina maktublarimda ogohlantirib qolmayapman. Men maktublarimda qanday inson ekanligimni ko‘rsatgan bo‘lsam, huzuringizda bo‘lganimda ham shunday inson ekanligimni o‘z harakatlarim bilan isbotlayman.

Maqtanishu maqtanmaslik haqida

12 O‘zlariga yuqori baho beradigan odamlarning qatoriga biz o‘zimizni qo‘shmaymiz, hatto ular bilan solishtirmaymiz. Ular o‘zlarini o‘zlari bilan o‘lchab, o‘zlarini o‘zlariga qiyos qiladilar. Bu qanday ahmoqlik! 13 Biz haddan tashqari maqtanmaymiz. Xudo bizga yuklagan mas’uliyat va vazifa doirasidan chiqib ketmaymiz. Sizlar ham bizning mas’uliyatimiz doirasiga kirasizlar. 14 Agar biz sizlarga mas’ul bo‘lmaganimizda edi, sizlarga qilgan muomalamizda haddimizdan oshgan bo‘lardik. Ammo o‘zlaringiz bilasiz– ku, birinchi bo‘lib sizlarga Masihning Xushxabarini keltirgan bizmiz.

15 Biz haddimizdan oshib, boshqalarning qilgan mehnati bilan maqtanmaymiz. Umid qilamizki, imoningiz oshib boraveradi, shunda sizlarning yordamingiz bilan xizmatimiz yanada ko‘payadi. 16 Shunday qilib, boshqalarning tayyor ishlari bilan maqtanmay, sizlardan uzoqroq bo‘lgan joylarga ham Xushxabarni yetkazaylik. 17 Muqaddas bitiklarda o‘rgatilganday, kim maqtanmoqchi bo‘lsa, Egamizning qilgan ishlari bilan maqtansin!* 18 O‘zini o‘zi maqtagan odam emas, balki Egamizning maqtoviga sazovor bo‘lgan odamgina Unga maqbul bo‘ladi.


11–BOB

Pavlus va soxta havoriylar

1 Qaniydi, sizlar mening ozgina ahmoqlik qilishimga chidasangiz! Ilojingiz qancha? Axir, qarang, sizlar menga chidab kelyapsizlar–ku! 2 Men sizlarni Xudoning rashki bilan qizg‘anyapman, chunki go‘yo bir pok bokira qizni yagona erga nikohlaganday, sizlarni Masihga taqdim etmoqchiman. 3 Ammo Momo Havo ilonning yolg‘on–yashiqlariga ishonib, yo‘ldan ozgani kabi*, sizlarning ham o‘y–xayollaringiz buzilmasin. Men sizlardan xavotirdaman, sizlar o‘zingizni chin yurakdan, samimiylik bilan Masihga bag‘ishlaganingizni unutib qo‘yasiz, deb qo‘rqaman. 4 Axir, birov kelib, biz va’z qilgan Isodan boshqa bir Iso haqida va’z qilsa yoki sizlar olgan Ruhdan boshqa bir ruh haqida va sizlar qabul qilgan Xushxabardan boshqa bir xushxabarni aytsa, bunday odamlarni xush qarshilab o‘tiribsiz. 5 Sizlar “oliy havoriylar” deb bilgan o‘sha ustozlaringizdan men hech bir narsada qolishmayman, deb o‘ylayman. 6 Men mohir va’zxon bo‘lmasam–da, ilm–ma’rifatda hech kamchiligim yo‘q. Buni sizlarga har jihatdan ochiq–oydin ko‘rsatdim.

7 Men sizlarni yuksaltirish uchun o‘zimni past olib, Xudoning Xushxabarini sizlarga tekinga aytib, gunoh qildimmi?! 8 Sizlarga xizmat qilish uchun boshqa jamoatlardan mablag‘ oldim. Bu bilan xuddi ulardan o‘g‘irlaganday bo‘ldim. Orangizda bo‘lib, muhtojlikda qolganimda ham birovga ortiqcha yuk bo‘lmadim, 9 chunki Makedoniyadan kelgan birodarlar* barcha ehtiyojlarimni qondirdilar. Men biron narsada sizlarga

og‘irligimni tushirmaslikka harakat qildim va shunday qilishda davom etaveraman.

10 Qalbimda Masihning haqiqati borligiga shubha yo‘q, shu bois Axaya hududi bo‘ylab yoyilayotgan bu obro‘–e’tiborimni hech kim to‘ka olmasligiga aminman. 11 Nima uchun sizlardan yordam so‘ramadim? Bu sizlarni yomon ko‘rishimdan darak beradimi? Mana, Xudoga ayon, sizlarni yaxshi ko‘raman.

Men qilayotgan ishimni davom ettiraveraman. 12 Ana shunda, bizning ishlarimiz Pavlusning xizmati bilan baravar, deb maqtanayotganlarning gaplariga hech bir asos bo‘lmaydi. 13 Axir, ular o‘zlarini Masihning havoriylari qilib ko‘rsatayotgan soxta havoriylar va hiylakor xizmatchilar–ku! 14 Buning hayron qoladigan joyi yo‘q, chunki hatto shayton ham o‘zini nurli farishta qilib ko‘rsatadi. 15 Shuning uchun shaytonning xizmatkorlari o‘zlarini solihlik xizmatchilari qilib ko‘rsatar ekanlar, buning hech ajablanarli joyi yo‘q. Oqibatda ular qilmishlariga yarasha jazo oladilar.

Pavlusning chekkan zahmatlari

16 Yana aytaman, biror kishi meni ahmoq ekan, deb aytmasin. Bordi–yu, sizlar shunday deb o‘ylasangiz, unda ahmoqlarga qanday munosabatda bo‘lsangiz, menga ham shunday munosabatda bo‘linglar, shunda men ham ozgina maqtanib olaman. 17 Men balandparvozlik bilan gapirib, ahmoqlarday maqtanyapman. Bu Rabbimiz Isoga munosib emas. 18 Modomiki, ko‘pchilik insoniy mavqei bilan maqtanayotgan ekan,

mayli, men ham maqtanay. 19 Axir, sizlar shunchalik donosizki, aqlsizlarga jon deb toqat qilasizlar. 20 Haqiqat shuki, birortasi sizlarni o‘ziga asir qilsa ham, haqingizni yesa ham, talon–taroj qilsa ham, o‘zini katta tutsa ham, yuzingizga tarsaki solsa ham, ularning hammasiga toqat qilib kelyapsiz.

21 Biz sizlarga o‘shanday muomala qilmadik. Shuning uchun biz sizning nazaringizda ojiz bo‘lib ko‘ringandirmiz–da?! Bundan uyalishimiz kerakmi?! Xo‘p, ahmoqlarcha gapirayotgan ekanman, odamlar nima bilan maqtanishga jur’at qilayotgan bo‘lsa, men ham o‘shalar bilan maqtanishga jur’at qilaman. 22 Ular ibroniymi? Men ham ibroniyman! Ular Isroil xalqiga tegishlimi? Men ham Isroil xalqidanman! Ular Ibrohim naslidanmi?

Men ham Ibrohim naslidanman! 23 Ular Masihning xizmatkorlarimi? Men befarosatlik qilib aytyapmanki, ularning hammasidan ustunman. Zahmat desangiz, men ulardan ko‘proq zahmat chekdim. Zindon desangiz, ulardan ko‘proq zindonda yotdim. Zarba desangiz, men haddan tashqari ko‘p zarba yedim, hatto ko‘p marta o‘limga ro‘baro‘ bo‘ldim. 24 Yahudiylardan besh marta bir kam qirqtadan* kaltak yedim. 25 Rim amaldorlari meni uch marta kaltaklatdilar. Bir marta toshbo‘ron bo‘ldim*, uch marta kemada halokatga uchradim, bir kechayu kunduzni dengiz bag‘rida o‘tkazdim. 26 Ko‘p marta uzoq safarlarda bo‘ldim. Daryolarda tahlikada qoldim. Qaroqchilar hujumidan hayotim tahlikada qoldi. O‘z qondoshlarimu g‘ayriyahudiylar tufayli tahlika ostida qoldim. Shaharda tahlika, sahroda tahlika, dengizda tahlika, soxta birodarlar orasida tahlika! 27 Men ancha mehnat va mashaqqat ostida, ko‘p marta uyqusizlikda, ochlik va tashnalikda qoldim. Ba’zan yeyishga nonim, sovuqda kiyishga kiyimim bo‘lmadi.

28 Yana bulardan va qolgan boshqa narsalardan tashqari, har kuni barcha jamoatlar haqida qayg‘urish ham mening zimmamda. 29 Ayting–chi, zaif odam bormi? Men undan ham zaifman. Birorta odam vasvasaga tushib, yo‘ldan ozganmi? Men vasvasa dastidan ado bo‘ldim–ku! 30 Maqtanish kerak bo‘lsa, ojizligim bilan maqtanaman. 31 Rabbimiz Isoning Otasi — abadiy hamdu sanoga loyiq Xudo biladiki, men yolg‘on gapirmayapman.

32 Damashqda bo‘lganimda, shoh Xaretasga* qarashli viloyat hokimi meni tutib olish uchun Damashq shahrini nazorat ostiga olgan edi. Ammo meni savat ichida shahar devoridagi derazadan tushirishdi* va men uning qo‘lidan qochib qutuldim.


12–BOB

Pavlusga kelgan vahiylar

1 Maqtanishning hech foydasi yo‘q, ammo baribir maqtanishim kerak. Endi Egamiz ayon qiladigan vahiylarga kelsak, 2 Masihga qarashli bir odamni bilaman*. O‘n to‘rt yil oldin o‘sha odam yerdan arshi a’loga* ko‘tarildi. Badanda edimi yoki badandan tashqarida edimi, bilmayman, Xudo biladi. 3 Shuni bilamanki, badandami yoki badandan tashqaridami, menga emas, Xudoga ayon, o‘sha odam 4 jannatga ko‘tarilganda insonning tili ta’riflashga ojiz bo‘lgan so‘zlarni eshitdi. Bunday so‘zlarni inson tilga olmasligi kerak. 5 Bunday odam bilan maqtansam bo‘ladi. Lekin o‘zim haqimda bo‘lsa, ojizligimdan boshqa hech narsa bilan maqtanmayman. 6-7 Agarda o‘zim haqimda maqtanadigan bo‘lsam ham, ahmoqona ish qilgan bo‘lmayman, chunki haqiqatni gapirgan bo‘laman.

Odamlar o‘sha haddan tashqari ajoyib vahiylarga qarab menga baho bermasinlar. Ammo qilayotgan ishlarimga qarab yoki mendan eshitganlari bo‘yicha menga baho bersinlar, undan ortiq meni yuqori ko‘tarmasinlar deb, o‘zimni tutib turibman.

Shuning uchun meni kibrlanib ketmasin deb, badanimga bir nish, meni niqtalaydigan shaytonning elchisi berildi. 8 Buni mendan olib tashlagin, deb uch marta Rabbimiz Isoga yolvordim. 9 Lekin U menga shunday dedi: “Mening inoyatim doim senga yetarli bo‘ladi, chunki Mening qudratim sening ojizligingda to‘liq namoyon bo‘ladi.” Shunday qilib, Masihning qudrati men orqali ayon bo‘lishi uchun ojizligim bilan maqtanishni afzal ko‘raman. 10 Shu sababdan Masih haqi ojizlikni, xo‘rliklarni, muhtojliklarni, quvg‘in va qiyinchiliklarni shodlik bilan qabul qilaman. Ayniqsa, ojiz bo‘lgan paytimda Masihning qudrati bilan kuchli bo‘laman.

Pavlus Korinfdagi imonlilar uchun qayg‘uradi

11 Men o‘zimni aqlsiz insonday tutdim. Ammo meni bunga o‘zlaringiz majbur etdingiz–ku, chunki sizlar meni maqtashingiz kerak edi. Mening o‘zim hech bir ahamiyatga ega bo‘lmasam–da, o‘sha “oliy havoriylardan” hech bir kam joyim yo‘q. 12 Orangizda bo‘lganimda har xil qiyinchiliklarga bardosh berganim, mo‘jizalaru

alomatlar, qudratli ishlar qilganim haqiqiy havoriy ekanligimdan dalolat beradi. 13 Xo‘sh, qachon men sizlarga, boshqa jamoatlarga qaraganda yomonroq muomalada bo‘ldim?

To‘g‘ri, sizlarga og‘irligimni tushirmadim. Agar bu sizlarga adolatsizlik bo‘lib tuyulsa,

meni kechiringlar.

14 Mana, sizlarning oldingizga uchinchi marta borishga tayyorman*. Sizlarga yuk bo‘lmayman, chunki menga sizlarning narsangiz emas, o‘zingiz keraksiz. Zotan, farzandlar ota–onalari uchun emas, balki ota–onalar farzandlari uchun mol–mulk yig‘ishi lozim. 15 Shodlik bilan bor mol–mulkimni, hatto o‘z jonimni ham sizlar uchun beraman. Men sizlarni shunchalik yaxshi ko‘rar ekanman, sizlarning meni kamroq yaxshi ko‘rishingiz to‘g‘ri ishmi?!

16 Xo‘p, mayli, men sizlarga yuk bo‘lmabman–u, ammo yolg‘onu hiyla bilan sizlarni o‘z tomonimga og‘dirib olganmishman. 17 Sizlarning oldingizga yuborgan birorta odam orqali sizlardan foydalanib oldimmi? 18 Men Titusni sizning oldingizga borishga

undagan edim. Haligi boshqa birodar bilan u sizlarning oldingizga borib*, sizlardan foydalandimi? U men bilan bir niyatda xizmat qiladi, yo‘limiz bir–ku!

19 Yuqorida aytib o‘tgan gaplarimizning hammasi o‘zimizni sizlarning oldingizda himoya qilish uchun yozilgan, deb o‘ylayapsizlarmi? Bilib qo‘ying, biz bu gaplarni Masihning qullari sifatida Xudoning shohidligida aytyapmiz. Aziz do‘stlar, qilayotgan ishlarimizning hammasi sizlarni imonda qo‘llab–quvvatlash uchundir. 20 Men bir narsadan qo‘rqib turibman: sizlarning oldingizga borganimda, nimani ko‘rarkinman, sizlar men o‘ylagan odamlar bo‘lib chiqmasangiz, men ham sizlar o‘ylagan odam bo‘lib chiqmasam–a! Borganimda orangizda janjalu hasadgo‘ylik, jaholat, raqobat, bo‘hton, g‘iybat, manmanlik va tartibsizlikni ko‘raman degan xavotirdaman. 21 Bordi–yu, yana yoningizga borganimda, orangizdagi ko‘pchilik oldin qilgan gunohlaridan tavba qilmay, ifloslik, jinsiy axloqsizlik va fisqu fujurni davom ettirayotgan bo‘lsa, Xudoyimning oldida uyatga qolmay, sizlar uchun motam tutib, yig‘lamayin.


13–BOB

So‘nggi pand–nasihatlar va salomlar

1 Men endi sizlarning oldingizga uchinchi marta boraman*. O‘zingiz bilasiz, har bir ish ikkita yoki uchta guvohning so‘zlari asosida ko‘rib chiqiladi*. 2 Men sizlarning oldingizga ikkinchi marta borganimda gunoh qilganlarni ham, qolganlarni ham ogohlantirgan edim. Endi sizlarning oldingizda bo‘lmasam ham, yana ogohlantirib aytyapman, keyingi safar gunoh qilganlarning hech birini ayamayman. 3 Masih men orqali gapirayotganini isbotlashimni xohlayapsizmi? Mening xatti–harakatim buning dalili emasmi?! Masih sizlar bilan bo‘lgan munosabatida zaif emas, aksincha, U orangizda O‘z qudratini namoyish qilyapti. 4 U insoniy tanasining zaifligi tufayli xochga mixlanib o‘ldirilgan edi, ammo endi Xudoning qudrati tufayli tirikdir. Biz ham Masihning insoniy zaifligiga sherik bo‘lsak–da, o‘zingiz ko‘rasiz, Xudoning qudrati tufayli Masihning hayotiga ham sherik bo‘lamiz.

5 O‘zingizni o‘zingiz tekshirib ko‘ringlar. Qani, imonda turibsizlarmi? O‘zingizni sinab ko‘ringlar. Iso Masih orangizda ekanligini bilmaysizmi? Buni bilmasangiz, sinovdan o‘tmagan bo‘lasiz. 6 Biz sinovdan o‘tganligimizni bilasiz degan umiddaman. 7 Sizlar hech qanday yomon ishlar qilmasligingizni Xudodan iltijo qilamiz. Bu bizning sinovdan o‘tganligimizni isbotlash uchun emas. Mabodo, biz sinovdan o‘tmagan bo‘lib tuyuladigan bo‘lsak ham, sizlar to‘g‘ri ish qilavering. 8 Zotan, biz haqiqatga qarshi tura olmaymiz, balki haqiqat yo‘lida ish tutamiz. 9 Bizlar zaif, sizlar esa kuchli bo‘lganingizdan xursandmiz. Axir, sizlar komil bo‘lishingiz uchun Xudoga iltijo qilamiz. 10 Shuning uchun sizlarning yoningizda bo‘lmasam ham shularni yozyapman. Toki oldingizga borganimda Egamiz menga bergan hokimiyat bilan sizlarga qattiq muomala qilmayin. Axir, menga bu hokimiyat sizlarni barbod qilish uchun emas, balki imoningizni mustahkamlash uchun berilgan.

11 Shunday qilib, birodarlarim, endi sizlar bilan xayrlashaman. Kamolotga intilaveringlar, bir–biringizga dalda beringlar, hamfikr bo‘linglar, o‘zaro ahil–inoq bo‘lib yashanglar. Shunda mehr–muhabbat va tinchlik manbayi bo‘lgan Xudo sizlar bilan bo‘ladi. 12 Bir–biringiz bilan o‘pishib ko‘rishinglar. Xudoning bu yerdagi hamma azizlari sizlarga salom aytyapti.

13 Rabbimiz Iso Masihning inoyati, Xudoning mehr–muhabbati va Muqaddas

Ruhning hamrohligi hammangizga yor bo‘lsin!*

IZOHLAR

1:1 Timo‘tiy — 1 Korinfliklar 4:17 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

1:1 Axaya viloyati — Rim imperiyasiga qarashli viloyat bo‘lib, poytaxti Korinf shahri edi.

1:16 …niyatim bor edi — Pavlusning Korinfga qilgan safarlari haqida batafsil ma’lumot qolmagan. Ba’zi olimlar Pavlusning safarlari haqida quyidagicha mulohaza qiladilar: Pavlus Korinfdagi jamoatga asos solgan (Havoriylar 18:1-11 ga qarang). Shundan keyin Pavlus yana bir bor Korinfga borgan (12:14, 13:1 ga qarang). Ana shu ikkinchi safari paytida yoki undan oldin yozgan maktubida (1 Korinfliklar 5:9 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang) Pavlus Korinfliklarga, sizlarni yana ko‘rish niyatim bor, deb aytgan edi. Shuning uchun Pavlus Makedoniyaga ketayotganda va u yerdan qaytayotganda Korinfda to‘xtab o‘tishni rejalashtirdi. Ammo keyinchalik Korinf jamoatidagi muammolar haqida eshitgandan so‘ng, Makedoniyaga ketayotganda Korinfga kirmaslikka qaror qildi.

Pavlus, Korinfliklar bilan ko‘rishganimda oramizga sovuqchilik tushmasin deb, ularga o‘zlarining muammolarini hal qilishga vaqt bermoqchi bo‘lgandi (1:23, 13:1-10 ga qarang). U Efesda bo‘lganda Korinfliklarga maktubni (ya’ni “1 Korinfliklar” maktubini) yozib, ularga o‘sha muammolarni yechish haqida maslahat bergan. Pavlus o‘sha maktubida rejalari o‘zgargani, Korinfga faqat Makedoniyadan qaytayotganda kirib o‘tishini aytib o‘tgan (1 Korinfliklar 16:5-9 ga qarang). Pavlusning o‘zgargan rejalarini Korinfdagi raqiblari unga qarshi ishlatgan. Ular boshqalarda Pavlus haqida salbiy taassurot qoldirish niyatida Pavlusni ishonchsiz, so‘zida turmaydigan odam, deb aytganlar. Pavlus Makedoniyaga borgandan keyin, Korinfda bo‘layotgan voqealar haqida va Korinfliklar uning maktubiga (ya’ni “1 Korinfliklar” maktubiga) qanday munosabat bildirganlarini Titusdan eshitgach, Korinfliklarga yana bir maktubni (ya’ni

“2 Korinfliklar” maktubini) yozgan (7:5-9 ga qarang).

1:16 …Yahudiyaga… — Quddusdagi masihiylarga moddiy yordam berish uchun Pavlus nazr yig‘ishni rejalashtirgan edi (1 Korinfliklar 16:1 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang).

1:19 Silas — yunoncha matnda bu ismning boshqa varianti Silvanus. Silas ilk jamoatning yetakchisi bo‘lib, havoriy Pavlusning Xushxabar yoyish maqsadida qilgan ikkinchi safarida unga hamroh edi (Havoriylar 15:22, 32, 36-41 ga qarang).

2:1 Yana xafagarchilik keltirmaslik uchun sizlarning oldingizga bormaslikka qaror qildim

— Pavlus Korinfdagi jamoatga asos solgandan keyin (Havoriylar 18:1-11 ga qarang), yana bir bor u yerga borgan edi (12:14, 13:1 ga qarang). Uning bu ikkinchi safari haqida hech qanday ma’lumot saqlanib qolmagan. Chamasi, Korinfdagi jamoatda muammolar bo‘lgan va Pavlus Korinfga qilgan bu ikkinchi safari davomida ko‘ngilsizliklarga duch kelgan. Pavlus Korinfga bo‘ladigan navbatdagi safari davomida oldingiday ko‘ngilsizliklarga duch kelishni xohlamayapti.

2:3 Oldingi maktub — “1 Korinfliklar” maktubiga ishora bo‘lsa kerak. 1:16 ning birinchi izohiga qarang.

2:5 Meni xafa qilgan odam — bu o‘rinda Pavlus kim haqida gapirayotgani aniq emas.

1 Korinfliklar 5:1-5 da aytib o‘tilgan odam yoki muammolar keltirib chiqarayotgan

boshqa bir odam bo‘lishi mumkin. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar, jamoat unga tanbeh bergan va u odam o‘z gunohlaridan tavba qilgan.

2:13 Titus — Pavlusning hamkori va yordamchisi (8:23 ga va Titus 1:4-5 ga qarang).

2:14 tantanali yurishi — bu o‘rinda ishlatilgan yunoncha so‘z urushdan g‘alaba bilan qaytgan Rim lashkarining tantanali yurishiga nisbatan ham ishlatilgan. Rim lashkarboshisi urushdan qaytib kelganda, Rim shahrining ko‘chalari bo‘ylab lashkari bilan tantanali yurish qilar edi. Asir olingan dushmanlar esa hammaning ko‘zi oldida ularning ortidan yurardi. Bu tantanali yurish bayram tusini olardi, kuydirilgan tutatqi va ziravorlarning xushbo‘y hidi butun shahar bo‘ylab taralardi.

3:2 yuragimiz — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida yuragingiz.

3:3 …tosh lavhalarga emas, balki inson qalbining lavhalariga yozilgandir — tosh lavhalarga yozilgan eski ahdga (Chiqish 24:12, 31:18, 32:15-16 ga qarang) va odamlarning yuraklariga yozilgan yangi ahdga ishora (Yeremiyo 31:31-34, 32:39-40, Hizqiyol 11:19-20, 36:26-27 ga qarang).

3:6 yangi ahd — shu bobning 3–oyati izohiga va Ibroniylar 7:22, 8:1-10:39 ga qarang.

3:6 …qonun o‘limga yetaklaydi, Ruh esa hayot bag‘ishlaydi — Rimliklar 2:12, 7:5-8:11, Galatiyaliklar 3:10-14, 19-25 ga qarang.

3:7 Musoning o‘sha ulug‘vorlikdan porlayotgan yuzi — Chiqish 34:29-30 ga qarang.

3:13 …Muso yuzini yopgan edi — Chiqish 34:33-35 ga qarang.

3:18 Egamizning ulug‘vorligi — 4:4 ga va Yuhanno 14:9, Kolosaliklar 1:15, 19, Ibroniylar 1:2-3 ga qarang.

3:18 …Egamizning ulug‘vorligini ko‘rib turibmiz — yoki …Egamizning ulug‘vorligini ko‘zguda ko‘rganday ko‘rib turibmiz.

4:4 Bu dunyoning xudosi — ya’ni shayton.

4:6 …O‘z so‘zi bilan zulmatdan nur yaratgan edi — Ibtido 1:3 ga qarang.

4:12 …o‘lim xavfi ostida yashashimiz sizlarga abadiy hayot keltiradi — Pavlus o‘z xizmati davomida, boshqalarga Xushxabarni targ‘ib qilish yo‘lida ko‘p azob chekkanini nazarda tutgan (Havoriylar 9:15-16, 2 Timo‘tiy 1:8-12 ga qarang). Iso Masih O‘z faoliyati davomida boshqalarni O‘zidan ustun qo‘ygani sari, Masihga hayotini bag‘ishlagan Pavlus ham Undan o‘rnak olib, Xushxabar va Masih haqi azob chekishga tayyor bo‘lgan (Mark 10:45 ga qarang).

4:13 Muallif bu o‘rinda Zabur 115:1 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

5:16 Bir vaqtlar — ya’ni Iso Masihga imon keltirishdan oldin.

5:18 U Masih orqali bizni O‘zi bilan yarashtirdi… — Rimliklar 5:1-11, Kolosaliklar 1:21- 22 ga qarang.

5:21 …Xudo…Masihni gunohkorni jazolaganday, jazoladi — Ishayo 53:5-6 ga qarang. 6:2 Muallif bu o‘rinda Ishayo 49:8 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan. 6:7 solihlik qurollari — 10:3-5 ga va Rimliklar 13:12, Efesliklar 6:10-20 ga qarang.

6:14 Imonsizlar bilan sherik bo‘lmanglar — yunoncha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi

O‘zlaringizni imonsizlar bilan birga qo‘shga qo‘shmang, Tavrotdan olingan hikmat

bo‘lishi mumkin (Qonunlar 22:10 ga qarang). Bu o‘rinda Pavlus hamma imonsizlar bilan bo‘lgan munosabatlar haqida yozmayapti. U soxta ustozlarni va soxta imonlilarni jamoatga qo‘shmaslikni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin (11:2-6, 13-15, 20,

1 Korinfliklar 5:9-13 ga qarang). Shuningdek, Pavlus imonsizlar bilan turmush qurmaslik haqida ham maslahat berayotgan bo‘lishi mumkin (ammo turmush qurgandan keyin imonga kelganlarga berilgan maslahatlarini o‘qish uchun 1 Korinfliklar 7:12-16 ga qarang).

6:15 shayton — yunoncha matnda Beliar, shaytonga nisbatan ishlatilgan nom.

6:16 Levilar 26:12, Hizqiyol 37:27 ga qarang.

6:17 Ishayo 52:11, yana Hizqiyol 20:41 ga qarang.

6:18 2 Shohlar 7:14, yana Ishayo 43:6 ga qarang.

7:2 Bizga bo‘lgan mehringizni ko‘rsating — 6:11-13 ga qarang.

7:6 Titus — 2:13 izohiga qarang.

7:8 maktubim — “1 Korinfliklar” maktubiga ishora bo‘lsa kerak. 1:16 ning birinchi izohiga qarang.

7:12 ayb ish qilgan inson — 2:5-8 oyatlarga va 2:5 izohiga qarang.

8:1 Makedoniyadagi jamoatlar — Filippi, Salonika va Veriya shaharlaridagi jamoatlarga ishora bo‘lsa kerak. Pavlus Xushxabar yoyish maqsadida qilgan ikkinchi safari davomida bu jamoatlarga asos solgan edi (Havoriylar 16:9-17:15 ga qarang). Pavlus yana bir bor Makedoniyaga borgan paytda “2 Korinfliklar” maktubini yozgan. Makedoniya viloyati Axaya viloyatidan shimolda joylashgan edi. Korinf shahri Axaya viloyatining poytaxti edi.

8:4 …Xudoning Quddusdagi azizlariga… — 1 Korinfliklar 16:1 ga va o‘sha oyatning

izohiga qarang.

8:7 …biz tufayli qalbingizda uyg‘ongan mehr–muhabbatingiz… — yunoncha matndan.

Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida sizlarning bizga bo‘lgan mehr–muhabbatingiz.

8:9 …U boy bo‘lsa ham…kambag‘al bo‘ldi — Yuhanno 17:5, Filippiliklar 2:6-8 ga qarang.

8:15 Chiqish 16:18 ga qarang.

8:18-19 U bilan birga…maqtalgan birodarni ham yubordik. 19…jamoatlar uni bizga yo‘ldosh qilib saylagan edilar — Pavlus Titusni Makedoniyadan Korinfga jo‘natgan, shu yozgan maktubini (ya’ni “2 Korinfliklar” maktubini) undan berib yuborgan. Korinfliklar Quddusdagi masihiylar uchun yig‘adigan nazrlarini Titus va unga hamroh bo‘lib borgan birodar olishlari va saqlab qo‘yishlari kerak edi (1 Korinfliklar 16:1 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang). Keyinchalik, Pavlus o‘z hamkorlari va Titusning hamrohi bilan birga Korinfda yig‘ilgan nazrlarni Quddusga olib boradi. Shu bobning 22–oyatida Pavlus Titus bilan birga Korinfga yuborilgan yana bir birodar haqida yozgan. Titusning hamrohi bo‘lgan bu ikki birodar haqida boshqa hech qanday ma’lumot yo‘q.

9:1 …Xudoning Quddusdagi azizlari uchun beriladigan yordam… — 1 Korinfliklar 16:1 ga

va o‘sha oyatning izohiga qarang.

9:2 Axaya — Rim imperiyasiga qarashli viloyat bo‘lib, poytaxti Korinf shahri edi.

9:2 Makedoniya — 8:1 izohiga qarang.

9:3 …birodarlarni sizlarning oldingizga yuboryapman — 8:18-19 izohiga qarang.

9:9 Zabur 111:9 ga qarang.

10:7 Sizlar mening havoriy ekanligimni nahotki bilmasangizlar?! — yunoncha matnda

Ko‘z oldingizda bo‘lganlarga qarang! yoki Sizlar tashqi qiyofaga qarab baho beryapsizlar.

10:17 kim maqtanmoqchi bo‘lsa, Egamizning qilgan ishlari bilan maqtansin

Yeremiyo 9:24 ga qarang.

11:3 …Momo Havo ilonning yolg‘on–yashiqlariga ishonib, yo‘ldan ozgani kabi… — Ibtido 3:1-6, 13 ga qarang.

11:9 Makedoniyadan kelgan birodarlar — Pavlus Xushxabar yoyish maqsadida qilgan ikkinchi safari davomida Filippi, Salonika va Veriya shaharlarida jamoatlarga asos solgan edi (Havoriylar 16:9-17:15 ga qarang). Bu shaharlar Makedoniyada bo‘lgan.

Makedoniya viloyati Axaya viloyatidan shimolda joylashgan edi. Korinf shahri Axaya viloyatining poytaxti edi.

11:24 …bir kam qirqtadan… — qamchilash jinoyat uchun beriladigan jazolardan biri edi. Tavrot qonuniga ko‘ra, qirq darradan ortiq qamchilash mumkin emas edi (Qonunlar 25:3 ga qarang). Shu sababdan qirq qamchidan oshib ketmaslik uchun 39 darra urilgan va bu jazolash eng og‘ir qamchilash jazosi bo‘lgan.

11:25 Bir marta toshbo‘ron bo‘ldim… — Havoriylar 14:19-20 ga qarang.

11:32 shoh Xaretas — Hirod Antipasning qaynatasi. U miloddan oldingi 9 yildan to milodiy 40 yilgacha qadimgi Falastindan janubi–sharqdagi Nabateya yurtida hukmronlik qilgan. Nabateyaning poytaxti Petra shahri edi. O‘sha paytlarda Damashq shahri ham Xaretas qo‘li ostida edi. Iso Masih Pavlusga zohir bo‘lgandan keyin, Pavlus Nabateyada birmuncha vaqt o‘tkazgan bo‘lishi mumkin (Galatiyaliklar 1:17 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang). Ehtimol, Pavlus u yerda Xushxabar aytgan va Xaretas Pavlus haqida eshitgan.

11:32 …meni savat ichida shahar devoridagi derazadan tushirishdi… — Havoriylar 9:23- 25 oyatlarga va Havoriylar 9:25 izohiga qarang.

12:2 Masihga qarashli bir odamni bilaman — Pavlusning o‘zini nazarda tutgan.

12:2 arshi a’lo — yunoncha matnda uchinchi osmon.

12:14 …sizlarning oldingizga uchinchi marta borishga tayyorman — 2:1 izohiga qarang.

12:18 Haligi boshqa birodar bilan u sizlarning oldingizga borib… — 8:17-19 oyatlarga va 8:18-19 izohiga qarang.

13:1 …sizlarning oldingizga uchinchi marta boraman — 2:1 izohiga qarang.

13:1 …har bir ish ikkita yoki uchta guvohning so‘zlari asosida ko‘rib chiqiladi — bu gapi bilan Pavlus Korinfdagi muammolarni hal qilishda odillik bilan ish tutishga va’da beryapti (Qonunlar 19:15, Matto 18:15-16 ga qarang).

13:13 Yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida quyidagi so‘z oyatga qo‘shimcha

qilingan: omin.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru