Muqaddas Kitob


YOQUBNING

MAKTUBI

Kirish

Mazkur maktub muallifi Isoning ukasi Yoqubdir. Iso Masih yer yuzida xizmat qilgan davrda Yoqub Unga ishonmagan edi, Uning xizmatini ham ma’qullamagan edi. Masih o‘likdan tirilgandan keyin esa Yoqub Unga ishonib*, Quddusdagi jamoat yetakchisi bo‘ldi. Muallif ushbu maktubini Iso Masihga imon keltirgan yahudiylarga yo‘llaydi.

Imonlilar o‘sha davrda quvg‘inlar oqibatida Quddusdan uzoq joylarga tarqalib ketgan bo‘lishlari mumkin (Havoriylar 8:1 ga qarang).

Mazkur maktub imonlilar uchun hayotiy qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi, imon faqat tilda emas, balki amalda qo‘llanilishi kerak degan g‘oyani ilgari suradi. Muallif ko‘plab majoziy obrazlardan foydalangan holda, xulq–atvor va kundalik hayotga oid ko‘rsatmalar beradi. U donolik, masihiylarning yurish–turishi, odamlarga va vaziyatga munosabat, boylik va kambag‘allik, vasvasa va sinovlar, imon va amal kabi turli mavzular borasida so‘z yuritadi. Shuningdek, beqarorlik, mag‘rurlik, manmanlik, ochko‘zlik, badnafslik, ikkiyuzlamachilik kabi illatlarni ayovsiz tanqid qiladi. Xullas, imonli odam imoni bo‘yicha yashashi kerak, deb ta’kidlaydi.


1–BOB

Duoyi salom

1 Men — Xudoning va Rabbimiz Iso Masihning quli Yoqubdan* o‘zga yurtlarga tarqalib ketgan o‘n ikki qabilaga* salom!

Sinov va vasvasalar

2 Ey birodarlarim, turli sinovlarga duchor bo‘lganingizda o‘zingizni baxtli deb bilinglar. 3 Axir, imoningiz sinalganda, sizlar sabr–toqat qilishni o‘rganasizlar. Bu o‘zingizga ham ayon. 4 Har qanday vaziyatda sabr qilishni o‘rganinglar, shunda yetuk, bekamu ko‘st, komil inson bo‘lasizlar.

5 Agar birortangizga donolik yetishmasa, Xudodan so‘rang, U beradi. Chunki so‘raganlarning hammasiga Xudo saxiylik bilan, beminnat beradi. 6 Shu bois umidingizni faqatgina Xudoga bog‘lab, imon bilan so‘rang. Ikkilanmang, chunki Xudoga sidqidildan ishonmagan kishi go‘yo dengiz to‘lqiniga o‘xshaydi, shamol qaysi tomonga essa, to‘lqin o‘sha tomonga qarab yo‘naladi. 7 Bunday odam Egamizdan biror narsa olaman deb umid qilmasin. 8 U Xudoga tayanmagani uchun hayotida beqaror, o‘zgaruvchan bo‘ladi.

9 Nochor ahvoldagi birodar Xudoning nazarida yuksak ekanligidan xursand bo‘lsin.

10 Boy birodar esa Xudoga muhtoj ekanligidan shodlansin. Chunki o‘z boyligiga tayangan kishi dasht guliday xazon bo‘ladi. 11 Quyosh jazirama issig‘i bilan dashtning o‘t– o‘lanlarini qovjiratib yuboradi. Gullarning go‘zalligi yo‘qolib, xazon bo‘ladi. Boylik orqasidan quvib, davlatiga tayanganlar ham xuddi shu singari nobud bo‘lishadi.

12 Sinovlarga bardosh bergan odam baxtlidir. Chunki u sinovdan o‘tgach, hayot toji bilan taqdirlanadi. Bunday tojni Xudo O‘zini sevganlarga va’da qilgan. 13 Vasvasaga


tushganingizda Xudoni ayblamang! Chunki Xudo hech qachon vasvasaga tushmaydi va hech kimni vasvasaga solmaydi. 14 Lekin har kim o‘z ehtirosi dastidan vasvasaga duchor

bo‘lib, nafs tuzog‘iga ilinadi. 15 Keyin ehtiros homilador bo‘lib gunohni tug‘adi, gunoh esa yetilib, o‘limga olib boradi.

16 Ey aziz birodarlarim, aldanmanglar! 17 Har bir yaxshi va mukammal hadya samodan keladi. Bu hadyalarni osmondagi jamiki yoritqichlarni yaratgan Xudo* beradi. Yoritqichlarning nuri paydo bo‘lib, g‘oyib bo‘ladi, Xudoning ezguligi esa yo‘qolmaydi.

Zero, Xudo hech qachon o‘zgarmaydi. 18 Xudo kelajakda butun borliqni yangilaydi. Biz bu yangilanishning ilk hosili* bo‘lishimiz uchun, Xudo O‘z xohishiga ko‘ra, bizga haqiqat kalomi orqali yangi hayot berdi.

Xudoning so‘zini eshitib, unga amal qilish haqida

19 Ey aziz birodarlarim, shuni esingizda tutinglar: har bir odam eshitishda chaqqon, gapirishda vazmin, g‘azab kelganda bosiq bo‘lsin. 20 Chunki insoniy g‘azabingiz Xudoga manzur bo‘lgan solih hayot kechirishingizga yo‘l qo‘ymaydi. 21 Shunday ekan, har qanday jirkanch va yomon ishlarni bas qilinglar! Xudoning qalbingizga ekkan kalomini kamtarlik bilan qabul qilinglar. Axir, bu kalom joningizni qutqarishga qodir.

22 Xudoning kalomiga rioya qilinglar! Kalomni eshitsam bas, deb o‘zingizni o‘zingiz aldamanglar. 23 Kalomni tinglab, amalda rioya qilmagan odam o‘z yuzini ko‘zguda ko‘rgan kishiga o‘xshaydi. 24 U o‘ziga qaradi–yu, ketdi va o‘sha zahoti o‘zining qanday ekanligini unutib yubordi. 25 Sizlar esa Xudoning ozodlik beruvchi mukammal qonuniga* doim sinchiklab qaranglar. Qonunni shunchaki eshitib, unutib yubormanglar, unga qat’iy amal qilinglar. Bu ishingiz uchun Xudo sizga baraka beradi.

26 Agar siz o‘zingizni dindor hisoblab, tilingizni tiymasangiz, o‘zingizni o‘zingiz aldagan bo‘lasiz va sizning bunday din–diyonatingiz befoydadir. 27 Otamiz Xudoning nazarida pok va beg‘ubor din–diyonatga ega bo‘lgan inson yetim–yesiru bevalarni qayg‘uli kunlarida yo‘qlab boradi, u bu dunyo dastidan bulg‘anmaydi.


2–BOB

Yuz–xotirchilik qilmanglar

1 Ey birodarlarim, ulug‘vor Rabbimiz Iso Masihga ishonar ekansiz, yuz–xotirchilik qilmanglar. 2 Sizlarning yig‘ilishingizga oltin uzuk taqqan, bashang kiyingan bir boy

bilan ust–boshi juldur bir gadoy kirdi deb faraz qilaylik. 3 Agar sizlar bashang kiyinganga qarab: “Marhamat qilib to‘rga chiqing”, gadoyga esa: “Sen ostonada tur” yoki “Shu yerda, poygakda o‘tir”, desangiz, 4 sizlar bir odamni boshqasidan ustun qo‘ygan bo‘lmaysizlarmi?! Bu bilan sizlar yomon niyatli qozilarga o‘xshab qolasizlar–ku!

5 Ey aziz birodarlarim, quloq solinglar: Xudo bu dunyodagi kambag‘allarni imonda boy qilish uchun tanladi! U O‘zini sevganlarga va’da qilganday, ularga O‘z Shohligini meros qilib berdi. 6 Ammo sizlar–chi, kambag‘alni beobro‘ qilib tashladingiz! Sizlarga jabr–zulm qilgan boylar emasmi?! Sizlarni mahkamalarga sudrab olib borgan ular emasmi?! 7 Sizlar Rabbimiz Isoga tegishlisizlar. Ammo bu boylar Rabbimizning ezgu nomini haqorat qilyaptilar!

8 Agar sizlar Muqaddas bitiklardagi: “O‘zgani o‘zingizni sevganday seving”* degan Xudoning Shohligiga oid qonunga amal qilayotgan bo‘lsangiz, to‘g‘ri qilayotgan bo‘lasizlar. 9 Biroq yuz–xotirchilik qilayotgan bo‘lsangiz, gunoh qilyapsiz va qonunbuzar

sifatida hukm qilinasiz. 10 Kimki qonunning hammasiga rioya qilsa–yu, faqat bir narsada gunoh qilsa, u butun qonunni buzgan hisoblanadi. 11 Chunki “Zino qilmang” degan Xudo “Qotillik qilmang”* deb ham aytgan. Agar siz zino qilmasangiz–u, ammo odam o‘ldirsangiz, qonunni buzgan bo‘lasiz.

12 Shuning uchun har bir gapingiz va ishingiz Xudoning ozodlik beruvchi qonuniga* muvofiq bo‘lsin. Zero, Xudo har bir odamni o‘sha qonun bo‘yicha hukm qiladi. 13 U shafqatsiz odamga rahm qilmaydi. Rahmdil inson esa hukm paytida Xudodan shafqat topadi.

Imon va amal

14 Ey birodarlarim, agar biror kishi imonim bor, desa–yu, xayrli ishlar qilmasa, nima foydasi bor?! Bunday imon uni qutqararmidi?! 15 Faraz qiling, imonli birodaringiz och– yalang‘och bo‘lsa–yu, 16 siz unga: “Yaxshi bor! Isinib, qorningni to‘ydirib yur”, desangiz– u, ehtiyojini qondirmasangiz, bundan nima foyda?! 17 Shunga o‘xshab quruq imonning o‘zi amalsiz o‘likdir.

18 Kimdir:

Uning qilgan ishi imonining chinligini ko‘rsatdi. 23 Shu tariqa Tavrotdagi: “Ibrohim Xudoga ishondi, Xudo uni ishonchi uchun, solih deb bildi”*, — deya yozilgan so‘z amalga oshdi. Ibrohim Xudoning do‘sti deb ataldi*.

24 Ey birodarlarim, ko‘rdingizmi, inson quruq imoni uchun emas, balki qilgan ishlari

uchun solih deb tan olinadi.

25 Fohisha Rahoba* ham buning yana bir misolidir. Nima uchun Xudo uni solih deb tan oldi? Rahoba Isroil xalqining ayg‘oqchilarini uyiga kirgizib, bexatar yo‘l bilan qochib ketishlariga yordam bergani uchun Xudo uni solih deb bildi.

26 Xullas, amalsiz imon jonsiz tanaday o‘likdir.


3–BOB

Tilni tiymoq haqida

1 Ey birodarlarim, hammangiz ham ustoz bo‘lavermanglar! Biz, ustozlar, jiddiyroq hukmga duchor bo‘lishimiz o‘zingizga ma’lum. 2 Odamlarning hammasi ko‘p xato qiladi. So‘zlayotganda xato qilmagan inson yetukdir. U butun vujudini jilovlay oladi. 3 Biz otlarni itoat ettirish uchun og‘izlariga suvluq solamiz. Shu orqali ularning butun tanasini boshqaramiz. 4 Mana, kemalar ham, qancha ulkan bo‘lmasin va kuchli shamollar yordamida yurmasin, kichkina bir rul bilan boshqariladi. Kemachi rul yordamida

kemani istagan joyga yo‘naltiradi. 5 Til ham xuddi shundaydir, til badanning kichkina bir uzvidir, ammo katta muammolarni keltirib chiqaradi.

Qara, kichkina bir olov bepoyon o‘rmonni yondirib yuboradi! 6 Til ham olovga o‘xshaydi. Til — uzvlarimiz orasida bir buzg‘unchi dunyo! U butun vujudimizni bulg‘aydi. U do‘zaxdan alangalanib, butun hayotimizni yondiradi.

7 Turli xil yovvoyi hayvonlar bilan qushlar, sudraluvchi va dengiz hayvonlari inson zoti tomonidan boshqarilgan va boshqarilmoqda. 8 Ammo tilni hech bir inson boshqara olmaydi. Tinib–tinchimas bu yovuz til zahri qotildir. 9 Biz tilimiz bilan samoviy Otamiz bo‘lgan Egamizni olqishlaymiz va tilimiz bilan Xudoning suratida yaratilgan insonlarni la’natlaymiz. 10 Olqish va la’nat bir og‘izdan chiqadi. Ey birodarlarim, bunday bo‘lmasligi kerak! 11 Axir, bitta buloqdan ham shirin, ham achchiq suv oqib chiqmaydi–ku! 12 Ey birodarlarim, anjir daraxti zaytun mevasini beradimi?! Yoki tok novdasi anjir tugadimi?! Yo‘q! Sho‘r buloqdan ham shirin suv oqib chiqmaydi!

Kim dono?

13 Dono va farosatlimisiz? Buni ibratli hayotingiz orqali namoyon qiling. Har bir ishni kamtarlik va donolik bilan bajaring. 14 Bordi–yu, yuragingizda achchiq hasad va xudbinlik bo‘lsa, donoman, deb maqtanmang. O‘zingizni shunday tutayotgan bo‘lsangiz, haqiqatni rad etgan bo‘lasiz. 15 Dunyoga va moddiyatga xos bo‘lgan bunday “donolik” Xudodan emas, shaytondandir. 16 Chunki hasadgo‘ylik va xudbinlik bor joyda janjal va yovuzlik hukm suradi.

17 Xudodan kelgan donolik esa, avvalo pokdir. Shuningdek, bu asl donolik tinchliksevar, muloyim, haqiqatga bo‘ysunadigan, mehr–shafqatli, xayrli ishlarga boy, tarafkashlik qilmaydigan, o‘ta samimiydir. 18 Tinchlik o‘rnatuvchilar tinchlikni ekib, solihlikni o‘rib oladilar.


4–BOB

Dunyo bilan do‘st bo‘lgan kishi Xudoga dushmandir

1 Orangizdagi urush va janjallar qayerdan kelib chiqadi? Ichingizda jang qilayotgan nafsu ehtiroslaringizdan emasmi?! 2 Sizlar o‘zingizda yo‘q narsani xohlaysizlar, o‘shanga erishish uchun odam o‘ldirishdan ham toymaysizlar. Hasad qilyapsizlar, ammo maqsadingizga erisha olmagach, janjallashib urushyapsizlar. Sizlarda xohlagan narsangiz yo‘q, chunki uni Xudodan so‘ramaysizlar. 3 So‘ragan taqdirda ham, olmayapsizlar, chunki yomon niyat bilan, nafsingizni qondirish uchun so‘rayapsizlar.

4 Ey sadoqatsiz bandalar! Dunyo bilan do‘stlik Xudoga dushmanlik ekanligini nahotki bilmasangizlar?! Kim dunyo bilan do‘st bo‘lishni istasa, Xudoga dushman bo‘ladi.

5 Muqaddas bitiklarda: “Xudo ichimizga solgan ruhni g‘oyatda qizg‘anadi, U bizdan sadoqatni talab qiladi”, deb ta’lim beriladi–ku! Nima, sizlar bularni bekor deb o‘ylaysizlarmi?! 6 To‘g‘ri, Xudo bizdan sadoqatni talab qiladi, ammo shu bilan birga U bizga nisbatan nihoyatda inoyatlidir. Zero, Muqaddas bitiklarda yozilgan:


“Xudo mag‘rurlarga qarshi chiqadi, Kamtarlarga esa inoyat ko‘rsatadi.”*


7 Shunday ekan, Xudoga bo‘ysuninglar! Iblisga qarshilik ko‘rsatinglar, shunda u

sizlardan qochadi. 8 Xudoga yaqinlashinglar, shunda U sizlarga yaqinlashadi. Ey gunohkorlar, qo‘llaringizni gunohdan tozalanglar! Bir vaqtning o‘zida ham Xudoga, ham dunyoga ko‘ngil bog‘laganlar, qalbingizni poklanglar! 9 Qilgan gunohingiz uchun qayg‘uringlar, motam tutinglar, yig‘langlar! Kulgingiz motamga, shodligingiz g‘am– g‘ussaga aylansin. 10 Egamiz oldida o‘zingizni past tutinglar, shunda U sizlarni yuksaltiradi.

Birodarlarni hukm qilmanglar

11 Ey birodarlarim, bir–biringizni yomonlamanglar. Agar birodaringizni yomonlab, hukm qilsangiz, demak, mehr–oqibatni o‘rgatadigan Xudoning qonunini yomonlab, hukm qilgan bo‘lasizlar. Xudoning qonunini hukm qilgan odam esa, qonun bajarishdan bosh tortib, o‘zini qonundan ustun qo‘ygan qoziday bo‘ladi. 12 Ammo faqatgina Xudo qonun chiqarib, hukm qila oladi. Faqat U qutqarish va nobud qilish qudratiga ega. Sen esa kim bo‘libsanki, birodaringni hukm qilasan?!

Xudoga tayanmay o‘z kuchiga tayanganlarni ogohlantirish

13 Hoy, qilmoqchi bo‘lgan ishlari bilan maqtanadiganlar, menga quloq solinglar!

Sizlar: “Bugun yoki ertaga falon shaharga borib, u yerda bir yil yashaymiz. Savdo–sotiq qilib, pul ishlab kelamiz”, deysizlar. 14 Ertaga nima bo‘lishini sizlar qayerdan bilasizlar?! Umringiz bir lahza ko‘zga ko‘rinib, keyin g‘oyib bo‘ladigan tutunga o‘xshaydi–ku!

15 Buning o‘rniga sizlar: “Egamiz xohlasa, sog‘–salomat bo‘lsak, uni yoki buni qilamiz”, deb aytishingiz kerak. 16 Sizlar esa aksini qilib, mag‘rurlanib, maqtanyapsizlar. Bu kabi maqtanish yomondir. 17 Demak, qilishingiz kerak bo‘lgan yaxshi ishni bila turib, qilmasangiz gunoh bo‘ladi.


5–BOB

Boylarni ogohlantirish

1 Menga qaranglar, ey boylar, boshingizga tushadigan falokatlar uchun ho‘ngrab yig‘langlar! 2 Boyligingiz chirib ketgan, kiyimingizni kuya yegan. 3 Oltinu kumushlaringizni zang bosgan. Bu zang sizga qarshi guvoh bo‘ladi, u tufayli tanangiz Xudoning qahri olovida yonadi. Oxirzamon kelib qoldi, sizlar esa boylik to‘plash bilan ovorasizlar. 4 Sizlar ekinlaringizni o‘rgan o‘roqchilarni aldab, ish haqini bermadingizlar. Ana, o‘sha pullar sizlardan norozi bo‘lib, nola qilmoqda! O‘roqchilarning dod–fig‘oni Sarvari Olamning qulog‘iga yetib bordi. 5-6 Sizlar qarshilik ko‘rsata olmagan aybsiz odamlarni qoralab, qatl qildingizlar. Bu dunyoda maishatga berilib, huzur–halovatda yashadingizlar. Bo‘rdoqilarday semirib ketdingiz! Mana endi hukm kunida so‘yilishga tayyor bo‘lib qoldingiz!

Sabr–toqatli bo‘linglar

7 Ey birodarlarim, Rabbimiz Iso keladigan kunga qadar sabr–toqat qilinglar! Axir, dehqon ham dalasi mo‘l hosil yetishtirishini kutadi. U kuzgi va bahorgi yomg‘irni poylab, qancha sabr–toqat qiladi! 8 Sizlar ham sabr qilinglar. Dadil bo‘linglar, chunki Rabbimizning keladigan kuni yaqinlashib qoldi. 9 Birodarlarim, mahkum bo‘lmasligingiz uchun bir–biringizdan shikoyat qilmanglar. Mana, hukm qiluvchi Rabbimiz Iso ostonada turibdi!

10 Ey birodarlarim, payg‘ambarlardan o‘rnak olinglar! Ular Egamizning nomidan

gapirib, azob–uqubatlarga dosh berganlar. 11 Darhaqiqat, sabr qilgan bunday odamlarni biz baxtli deb hisoblaymiz. Ayubning* sabr–toqati haqida eshitgansizlar, oxirida Egamiz unga qanchalar baraka berganini bilasizlar. Ha, Egamiz rahmdil va mehr–shafqatlidir.

12 Ey birodarlarim, eng avvalo, qasamxo‘r bo‘lmanglar! Lafzi yo‘q inson kabi, bo‘lar– bo‘lmasga osmon haqi, yer haqi va boshqa narsa haqi, deb qasam ichavermanglar.

Javobingiz “ha” yoki “yo‘q” bo‘lsin. Shunda Xudo sizlarni hukm qilmaydi.

Bir–biringiz uchun ibodat qilinglar

13 Orangizda azob–uqubat chekayotgan bironta odam bormi? Agar bo‘lsa, ibodat qilsin. Xursand bo‘lgani bormi? Xudoga hamdu sanolar kuylasin. 14 Orangizda kasal bo‘lgan bormi? Jamoat oqsoqollarini chaqirtirsin. Ular ibodat qilib, Rabbimiz Iso nomi bilan bemorning boshiga zaytun moyini surtsinlar*. 15 Imon bilan qilingan ibodat bemorni sog‘aytiradi, Rabbimizning O‘zi unga shifo beradi. Agar bemor gunoh qilgan bo‘lsa, Rabbimiz uni kechiradi. 16 Shuning uchun qilgan gunohlaringizni bir–biringiz oldida tan olinglar, bir–biringiz uchun ibodat qilinglar, shifo topasizlar. Solih odamning iltijosi kuchli ta’sirga egadir! 17 Ilyos* ham bizga o‘xshagan oddiy bir inson edi. Yomg‘ir yog‘masin, deb u astoydil iltijo qildi va yer yuziga uch yilu olti oy yomg‘ir yog‘madi.

18 So‘ng u yomg‘ir yog‘sin, deb ibodat qildi, osmondan yomg‘ir yog‘ib, yer hosil berdi.

19 Ey birodarlarim, agar orangizdagi biror kishi haq yo‘ldan ozgan bo‘lsa, uni to‘g‘ri yo‘lga soling. 20 Esingizda bo‘lsin, gunohkorni nohaq yo‘ldan qaytargan odam o‘sha gunohkorning najot topishiga va behisob gunohlarining yuvilishiga sababchi bo‘ladi.

IZOHLAR

…Yoqub Unga ishonmagan edi…Yoqub Unga ishonib… — Yuhanno 7:2-5, Havoriylar 1:14 ga qarang.

1:1 Yoqub — Isoning ukasi, u Quddusdagi jamoatning yetakchisi bo‘lgan (Mark 6:3,

Havoriylar 15:13, 21:18, Galatiyaliklar 1:18-19 ga qarang).

1:1 o‘zga yurtlarga tarqalib ketgan o‘n ikki qabila — Iso Masihga imon keltirgan va Quddusdan uzoq joylarda yashaydigan yahudiylar nazarda tutilgan. Bu imonlilar quvg‘inlar oqibatida tarqalib ketgan bo‘lishlari mumkin (Havoriylar 8:1, 11:19 ga qarang).

1:17 osmondagi jamiki yoritqichlarni yaratgan Xudo — yunoncha matnda osmondagi jamiki yoritqichlarning otasi. Bu o‘rinda otasi so‘zi ularning manbayi yoki yaratuvchisi degan ma’noni bildiradi.

1:18 ilk hosil — birinchi pishgan ilk hosil o‘sha yili yig‘ishtiriladigan yalpi hosilning mo‘l bo‘lishidan dalolat beradi. Xuddi shu singari, Masih orqali yangi hayotga erishgan masihiylar ham ilk hosilday, Xudo butun borliqni yangilashidan dalolat beradi (2 Butrus 3:13, Rimliklar 8:19-21, Vahiy 21:1-5 ga qarang).

1:25 Xudoning ozodlik beruvchi mukammal qonuni — Iso Masih o‘rgatgan va O‘z hayotida namunali ravishda bajargan Xudoning qonuniga ishora (2:8 ga va Matto 5:17, 43-48, 22:36-40, Luqo 10:25-37, Yuhanno 8:31-36, Galatiyaliklar 5:13-14, 6:2,

1 Korinfliklar 9:21 ga qarang).

2:8 Levilar 19:18 ga qarang.

2:11 Chiqish 20:13-14 ga qarang.

2:12 Xudoning ozodlik beruvchi qonuni — 1:25 izohiga qarang.

2:21 Ibrohim — Ibtido 22:1-18 ga qarang.

2:23 Ibtido 15:6 ga qarang.

2:23 Ibrohim Xudoning do‘sti deb ataldi — 2 Solnomalar 20:7, Ishayo 41:8 ga qarang.

2:25 Rahoba — Yoshua 2:1-21, 6:23-24 ga qarang.

4:6 Muallif bu o‘rinda Hikmatlar 3:34 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

5:11 Ayub — Ayub 2:10, 42:10-16 ga qarang.

5:14 …bemorning boshiga zaytun moyini surtsinlar — zaytun moyi qadimgi paytlarda malham sifatida ishlatilardi. U og‘riq qoldirib, terini qurib ketishdan saqlar edi (Ishayo 1:6, Luqo 10:34 ga qarang). Bu o‘rinda moy Xudoning shifo berish qudrati ramzi sifatida kasal odamga surtilgan bo‘lishi mumkin.

5:17 Ilyos — 3 Shohlar 17:1, 18:1, 41-45 ga qarang.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru