Muqaddas Kitob


ZAFANIYO

PAYG‘AMBARNING

KITOBI

Kirish

Zafaniyo payg‘ambar Yahudo yurtida* shoh Yo‘shiyo hukmronligining dastlabki yillarida bashorat qilgan. Uning faoliyati shoh Yo‘shiyo miloddan oldingi 621 yilda o‘tkazgan islohotlardan* avvalgi davrga to‘g‘ri kelgan bo‘lishi mumkin. O‘sha davrda Ossuriya* hamon qudratli shohlik edi. Yeremiyo va Noxum payg‘ambarlar Zafaniyo payg‘ambarning zamondoshlari bo‘lgan.

Zafaniyo payg‘ambar davrida Yahudo xalqi umidini kelajakka bog‘lab, Xudoning qudrati bilan dushmanlarini yer yuzidan yo‘q qilishga chin dildan ishonardi. Ular: “Xudoning adolat o‘rnatadigan g‘alaba kunlarini katta tantana bilan kutib olamiz”, deb niyat qilib, o‘sha davrni “Egamizning kuni” deb atashardi. Zafaniyo payg‘ambar esa xalqni ogohlantirib, “Egamizning kuni”da Xudo itoatsiz bandalarni jazolaydi, deb aytadi. Itoatsiz Yahudo xalqi ham, boshqa xalqlar qatori, qattiq jazo olishini Zafaniyo bashorat qiladi. Biroq shu bilan birga, payg‘ambar Xudoning O‘z xalqiga rahmdil ekanini ta’kidlab o‘tadi. Xalqning achchiq qismatini bashorat qilgan muallif kitobni umidbaxsh so‘zlar bilan yakunlaydi. Quddus kelajakda vayron bo‘lsa ham, vaqti kelib, bu tabarruk shahar yana tiklanadi, u yerni mo‘min–qobil, solih odamlar makon qiladi, deb ishonch bilan ta’kidlaydi Zafaniyo payg‘ambar.


1–BOB

1 Yahudo yurtida* Omon o‘g‘li shoh Yo‘shiyo hukmronlik qilgan davrda* Zafaniyoga Egamiz O‘z so‘zini ayon qildi. Zafaniyo shoh Hizqiyo* avlodidan bo‘lib, Kushining o‘g‘li, Gadaliyoning nevarasi va Emoriyoning evarasi edi.

Yahudo xalqi jazo oladigan kun yaqinlashib kelmoqda

2 Egamiz shunday demoqda:

“Men yer yuzidagi hammani

Gard qoldirmay supurib tashlayman. 3 Ha, Men odamlaru hayvonlarni, Ko‘kdagi qushlaru

Dengizdagi baliqlarni supurib tashlayman.

O‘sha hayvonlar tasviridagi butlarni* parchalayman.

Ular qatorida fosiqlarni ham yo‘q qilaman,

Yer yuzidagi butun inson zotini Ildizidan quritib yuboraman.

— Egamizning kalomi shudir. —


4 Men Yahudo va Quddusga qarshi qo‘l ko‘taraman.

Baalga* sig‘inganlarni bitta qoldirmay yo‘q qilaman, Butparast ruhoniylarni odamlarning xotirasidan o‘chiraman.


5 Tomda quyosh, oy, yulduzlarga sig‘inganlarni halok qilaman, To‘g‘ri, ular Men, Egangizga sajda qilib, sadoqat ontini ichadi, Lekin Mo‘laxga* ham topinib, va’dalar berishadi.

6 Men, Egangizdan yuz o‘girgan,

Izimdan yurmagan bu odamlar nobud bo‘ladi,

Menga intilmagan, Mendan yordam so‘ramaganlar o‘ladi.”


7 Egamiz Rabbiy oldida sukut saqlang! Zero, Egamizning kuni* yaqinlashib qoldi.

Egamiz O‘z xalqini qurbonlik qilishga tayyorladi. U taklif qilgan mehmonlar yetib keldi.

8 Egamiz shunday deydi:

“Men qurbonlik keltiradigan o‘sha kuni Yahudo a’yonlarini, shohning o‘g‘illarini,

Butparastlik odatlariga berilganlarning hammasini* jazolayman.

9 Butparastlarga o‘xshab ostona hatlaganlarning* Ta’zirini beraman.

Shoh saroyini zo‘ravonligu firibgarlikka To‘ldirganlarni* jazolayman.”


10 Egamiz shunday demoqda:

“O‘sha kuni Quddusning Baliq darvozasidan* faryod ko‘tariladi,

Shaharning Yangi dahasidan dod–voy eshitiladi. Qirlardan vayronagarchilik sadolari keladi.

11 Ey bozor ko‘chasida yashaydiganlar, dod soling! Axir, hamma savdogarlaringiz halok bo‘ladi, Oldi–sotdi qilganlar qirib tashlanadi.

12 Men o‘sha kuni bir chiroq olaman,

Quddusning har bir burchagini tekshirib chiqaman.

«Egamizning qo‘lidan na yaxshilik, na yomonlik keladi», deb O‘ylaganlarning jazosini beraman.

Gunohga botib o‘tirgan

Beparvo odamlarni jazolayman.

13 Ular uylar qurishadi,

Ammo uylarida yashash ularga nasib etmaydi. Uzumzorlar barpo qilishadi,

Ammo sharobidan ichisholmaydi. Boyliklari talon–taroj qilinadi, Qurgan uylari buzib tashlanadi.”


14 Oz qoldi Egamizning buyuk kuniga!

Oz qoldi! O‘sha kun shiddat bilan yaqinlashmoqda.

Quloq soling! Bu Egamizning kunidir. Bu kun achchiq kulfat keltiradi,

Hatto jasur jangchilar qo‘rqqanidan baqiradi.

15 Bu kun Xudoning g‘azab kunidir.

O‘sha kuni hamma azob–uqubat chekadi, Hamma yoq vayronayu xarobazorga aylanadi. Zimziyo zulmat kuni bo‘lar o‘sha kun,

Bulut qoplagan tim qorong‘i bo‘lar o‘sha kun! 16 Mustahkam shaharlaru baland minoralar Hujum ostida qoladi,

Burg‘u ovoziyu jangga da’vat tovushlarini O‘sha kun o‘zida mujassam etadi.


17 Egamiz shunday deydi:

“Odamlar Menga qarshi gunoh qildilar,

Shu sababdan Men ularning boshiga kulfat solaman,

Ular ko‘r odamday qoqilib yuradilar.

Ularning qoni to‘kilib, yerni qoplaydi,

Jasadlari tilka–pora bo‘lib, yerda go‘ngday yotadi.”


18 Egamizning g‘azab kunida

Kumush ham, oltin ham ularga najot bermaydi. Egamizning rashk* o‘ti

Butun dunyoni kuydirib tashlaydi. Ha, yer yuzida yashagan hammani Egamiz dahshatli tarzda yo‘q qiladi.


2–BOB

Zafaniyo xalqni tavba qilishga chorlaydi

1 Esingni yig‘ib olgin,

Ey sharmanda xalq!*

2 Shamol uchiradigan somonday Yo‘q bo‘lib ketmasingdan oldin*, Egamizning alangali qahriga Uchramasingdan oldin, Egamizning g‘azab kuni

Kelmasdan oldin esingni yig‘ib olgin!

3 Egamizning amrlariga itoat qiladigan, Ey yurtning kamtarin odamlari, Egamizga intilinglar.

To‘g‘rilikka bog‘lanib, Mo‘min–qobillik payida bo‘linglar.

Shundagina Egamizning g‘azab kunida Jazodan qutulib qolishingiz mumkin.

Yahudoning yon–atrofidagi xalqlarni Egamiz hukm qiladi

Filist xalqi

4 G‘azo shahri* huvullab qoladi,

Ashqalon shahri vayron bo‘ladi.

Ashdod aholisi kunning tush paytigacha haydab chiqariladi, Exron shahri tag–tugi bilan yo‘q qilinadi.

5 Ey dengiz qirg‘og‘ida yashayotgan Filist xalqi*, Sening holingga voy!

Ey Kan’ondagi Filist yurti,

Egamiz senga qarshi shunday deydi: “Men seni vayron qilaman, Birontangni ham tirik qoldirmayman.” 6 Ey dengiz qirg‘og‘idagi o‘lka,

Sen dashtga aylanasan.

U yerda cho‘ponlar chodirlar tikadi,

Ular qo‘y–echkilari uchun qo‘ralar quradi. 7 Yahudo* xalqining omon qolganlari Yurtingga egalik qiladi.

Cho‘ponlari yurtingda qo‘y–echkilarini o‘tlatishadi,

Ular Ashqalondagi tashlandiq uylarda tunashadi.

Axir, Egasi Xudo ularga g‘amxo‘rlik qiladi,

Ularni yana farovonlikka erishtiradi.

Mo‘ab va Ommon xalqi

8-9 Isroil xalqining Xudosi —

Sarvari Olam shunday demoqda:

“Mo‘abliklar xalqimni qanchalik tahqirlaganini,

Ommonliklar* ularni qanchalik xo‘rlaganini,

Xalqimni haqoratlab, yurtiga tahdid solishganini eshitdim. Shunday ekan, Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi aytamanki, Mo‘ab yurti Sado‘m shahrining holiga tushadi,

Ommon yurti G‘amo‘ra shahriga* o‘xshab qoladi. O‘sha yurtlar sho‘r bosgan tikanzorlarga aylanadi, To abad tashlandiq joylar bo‘lib qoladi.

Xalqimning omon qolganlari ularni talon–taroj qiladi.

Yurtlarini o‘zlariga mulk qilib olishadi.”


10 Ular Sarvari Olamning xalqini mazax qilganlari uchun,

Kekkayib, mag‘rurlanganlari uchun Bu ko‘rgiliklar boshlariga tushadi. 11 Egamiz ularni vahimaga soladi,

Yer yuzidagi jamiki xudolarni yo‘q qiladi. Shunda dengiz qirg‘og‘idagi ellar Egamizga sajda qilishadi.

Har biri o‘z yurtida Egamizni madh etadi.

Habashistonliklar

12 Ey Habashistonliklar*,

Egamiz sizlarni ham qilichi bilan o‘ldiradi.

Ossuriya xalqi

13 Egamiz shimolga qarshi qo‘l ko‘taradi,

U Ossuriyani* yo‘q qiladi. Naynavo shahrini* vayron qiladi, Uni suvsiz sahroga aylantiradi.

14 U yerda chorva o‘tlab yuradigan bo‘ladi,

Har xil yovvoyi hayvonlar orom oladi. Saroy vayronalarida boyo‘g‘li yashaydi, Oynalaridan uning tovushi eshitiladi.

Ostonalarida xarobalar uyum–uyum bo‘lib yotadi. Binolarining sadr yog‘ochlari shilib olinadi.

15 Bexatar yashayotgan manman shahar shu ko‘yga tushadi!

“Menga teng keladigani yo‘q”, deb aytayotgan shaharning holi shu bo‘ladi! Xarob bo‘lgan bu shahar

Yovvoyi hayvonlarning makoniga aylanadi. Vayronalar oldidan o‘tgan–ketganlar Undan hazar qilib, yerga tupurib ketishadi.


3–BOB

Quddusning gunohi va itoatsizligi

1 Bulg‘angan, buzuq shaharning holiga voy! Zolimlarga to‘lib ketgan shaharning holiga voy! 2 U hech kimning gapiga quloq solmaydi,

O‘ziga hech qanday saboq olmaydi. O‘z Xudosi tomon yuz burmaydi, Umidini Egamizga bog‘lamaydi.

3 Shahar a’yonlari o‘kirayotgan sherlarga o‘xshaydi. Hakamlari ham kechasi och qolgan bo‘rilarga o‘xshab, Ertalabgacha o‘ljasidan hech narsa qoldirmaydi.

4 Payg‘ambarlari katta ketadi,

Hammasi qalloblik qiladi.

Ruhoniylari Xudoning uyini harom qiladi, Xudoning qonunini buzadi.

5 Ammo Egamiz hamon shahardadir.

U doimo to‘g‘ri ish qiladi,

U nohaqlik qilmaydi aslo!

U har kuni ertalabdan adolat o‘rnatadi, Tong sahardan odillik bilan ish tutadi, Fosiqlar esa uyalmay yomonlik qilaveradi.


6 Egamiz shunday deydi:

“Men xalqlarni qirib tashladim, Ularning shaharlarini vayron qildim, Qal’alarini qulatdim.

Ana, ko‘chalari huvullab qoldi, Shaharlarida inson zoti qolmadi. 7 Endi xalqim Mendan qo‘rqar,

Bundan o‘ziga saboq olar, deb o‘ylagan edim.

Quddusni vayron qilmayman,

Aytganlarimni boshiga solmayman, degan edim. Ammo ular shunda ham,

Qabihliklar qilish ishtiyoqidan voz kechmadilar.”

Xalqlar Egamizga yuz buradi

8 Egamiz shunday demoqda: “Mening kelishimni kutinglar, Men xalqlarga hamla qilib,

Ularni talon–taroj qiladigan kunni kutinglar. Men qaror qildim: xalqlarni yig‘aman, Barcha ellarni to‘plab olaman.

Ularning ustiga g‘azabimni sochaman, Alangali qahrimni ularga yog‘diraman.

Rashkim o‘ti butun dunyoni kuydirib tashlaydi.


9 Keyin Men barcha xalqlarning nutqini o‘zgartiraman,

Shunda ular butlarga iltijo qilishmaydi*, Faqat Men, Egangizgagina ibodat qilishadi. Birgalikda Menga xizmat etishadi.

10 Olis yurtlardan ixlosmandlarim kelishadi, Habashistondagi* daryolarning narigi tomonidan, Menga nazrlar olib kelishadi.


11 Ey xalqim, o‘sha kuni sizlar uyalib qolmaysizlar,

Oldinlari Menga bo‘ysunmaganingizdan o‘shanda xijolat tortmaysizlar. Axir, Men orangizdagi takabbur odamlarni yo‘q qilaman.

Shunda muqaddas tog‘imda* o‘zlaringizni katta tutmaydigan bo‘lasizlar.

12 Men faqat kamtarin va itoatkor odamlarni qoldiraman. Ular Men, Egangizdan panoh topadilar.

13 Isroil* xalqining omon qolganlari Hech yomonlik qilmaydilar.

Ular hech kimni aldamaydilar,

Og‘izlaridan yolg‘on so‘z chiqmaydi.

Ular yaylovda o‘tlab yurgan qo‘ylarday orom oladilar,

Hech kim ularni bezovta qilmaydi.”

Sevinch qo‘shig‘i

14 Ey Isroil xalqi, sevinch ila hayqiring! Ey Quddus aholisi, kuylang!

Ey Sion* ahli, butun qalbingizdan shodlaning!

15 Egamiz sizlarni jazolab bo‘ldi,

Dushmanlaringizni U quvib yubordi. Isroilning Shohi — Egamiz orangizdadir. Siz endi kulfatdan qo‘rqmang.

16 O‘sha kuni Quddusga shunday so‘zlar aytiladi: “Ey Sion aholisi, qo‘rqmang! Aslo bo‘shashmang! 17 Egangiz Xudo sizning orangizdadir,

Sizga zafar keltiruvchi jangchi O‘shadir. U sizni deb xursand bo‘lib sevinadi.

O‘z sevgisi ila qo‘rquvlaringizdan xalos qiladi*. Ha, sizni deb shod bo‘lib kuylaydi.”


18 Egamiz shunday deydi:

“Ey surgun bo‘lganlar,

Tayinlangan bayramlarda sizlar Qatnasha olmaganingizdan xafasizlar, Men sizlarni o‘z yurtingizga olib kelaman,

Bundan buyon xor bo‘lishingizga yo‘l qo‘ymayman.

19 Sizlarga zulm o‘tkazgan xalqlar bilan O‘shanda O‘zim hisob–kitob qilaman. Men cho‘loqlarni qutqaraman,

Haydab yuborilganlarni yig‘ib olaman. Ular sharmanda bo‘lgan har bir yurtda Obro‘ va shuhrat topadilar.

20 Ha, o‘sha vaqtda sizlarni yig‘ib olaman, Uylaringizga eltib qo‘yaman.

Sizlarni yana farovonlikka erishtiraman,

Buni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz,

Xalqlarning hurmatu maqtovlariga sazovor bo‘lasiz.”


Egamizning kalomi shudir.

IZOHLAR

Yahudo yurti — janubiy shohlik nazarda tutilgan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi YAHUDO so‘ziga qarang.

shoh Yo‘shiyo…o‘tkazgan islohotlar… — 4 Shohlar 23:1-28 ga qarang.

Ossuriya — qadimgi qudratli shohlik. Uning poytaxti Naynavo shahri hozirgi Iroqning shimolida joylashgan edi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi OSSURIYA so‘ziga qarang.

1:1 Yahudo yurti — janubiy shohlik nazarda tutilgan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi YAHUDO so‘ziga qarang.

1:1 …shoh Yo‘shiyo hukmronlik qilgan davr… — miloddan oldingi 640-609 yillar.

1:1 shoh Hizqiyo — ibroniycha matnda Hizqiyo. Bu o‘rinda miloddan oldingi 716-687 yillarda hukmronlik qilgan Yahudo shohi nazarda tutilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, Zafaniyo shoh Yo‘shiyoning qarindoshi bo‘lgan.

1:3 O‘sha hayvonlar tasviridagi butlar — ibroniycha matnda Qoqiltiradigan toshlar. Mazkur oyatda bu ibroniycha ibora butlarga ishora qilishi mumkin (Qonunlar 4:15-18, 35-26 ga qarang).

1:4 Baal — Kan’ondagi xalqlar sajda qilgan hosildorlik xudosi bo‘lib, erkak qiyofasida tasavvur qilingan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi BAAL so‘ziga qarang.

1:5 Mo‘lax — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Malkam. Mo‘lax Ommon xalqining xudosi edi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi MO‘LAX so‘ziga qarang.

1:7 Egamizning kuni — Eski Ahddagi payg‘ambarlar bitiklarida bir necha marta uchraydigan ibora. Ko‘pincha bu ibora Xudo beradigan jazoga ishora qiladi. Bu ibora yana qiyomat kunidagi Xudoning hukmiga nisbatan ham ishlatiladi. O‘sha kuni Xudo O‘z dushmanlari ustidan g‘alaba qozonadi va ularni jazolaydi, O‘ziga sodiq qolganlarga esa orom bag‘ishlaydi, ularga tinchlik va qut–barakalar ato qiladi.

1:8 Butparastlik odatlariga berilganlarning hammasi — ibroniycha matnda Ajnabiy kiyim kiyganlarning hammasi. Mazkur oyatda bu ibroniycha ibora butparastlarning urf– odatlariga amal qilishni bildiradi (4 Shohlar 10:22 ga qarang).

1:9 Butparastlarga o‘xshab ostona hatlaganlar — butparastlarning irimiga ishora (1 Shohlar 5:4-5 ga qarang).

1:9 Shoh saroyini zo‘ravonligu firibgarlikka To‘ldirganlar — shohning amaldorlari va

o‘g‘illariga ishora bo‘lsa kerak (shu bobning 8–oyatiga qarang).

1:10 Baliq darvozasi — Quddusning shimol tarafidagi asosiy darvoza.

1:18 rashk — Chiqish 34:13-14 ga qarang.

2:1 sharmanda xalq — Yahudo xalqiga ishora.

2:2 Shamol uchiradigan somonday Yo‘q bo‘lib ketmasingdan oldin… — yoki Hukm boshlanmasdan oldin, Senga tavba qilish uchun berilgan vaqt somonday uchib ketishidan

oldin….

2:4 G‘azo shahri — Filist xalqi quyidagi beshta shahar–davlatni barpo qilgan edi: G‘azo, Ashdod, Ashqalon, Exron va Gat. Bu shaharlar Filistiyada, O‘rta yer dengizi yaqinida joylashgan edi.

2:5 Filist xalqi — ibroniycha matnda Xaret xalqi. O‘sha vaqtda Filistlar shu nom bilan ham atalardi. Bu nom Krit so‘zidan olingan bo‘lishi mumkin. Filistlarning ajdodlari Krit orolidan kelgan edilar (Yeremiyo 47:4, Amos 9:7 ga va o‘sha oyatlarning ikkinchi izohiga qarang).

2:7 Yahudo — 1:1 ning birinchi izohiga qarang.

2:8-9 …Mo‘ab…Ommon… — Mo‘ab O‘lik dengizning sharqida, Ommon Iordan

daryosining sharq tomonida joylashgan yurtlar edi.

2:8-9 …Sado‘m shahri…G‘amo‘ra shahri… — aholisining o‘ta buzuqligi oqibatida Egamiz

vayron qilgan ikkita shahar (Ibtido 18:16-19:28 ga qarang).

2:12 Habashistonliklar — ibroniycha matnda Kushliklar. Kush degan joy Misrdan janubda bo‘lib, hozirgi Sudan va Efiopiya mamlakatlarining bir qismini o‘z ichiga olgan edi.

2:13 Ossuriya — qadimgi qudratli shohlik. Uning poytaxti Naynavo shahri hozirgi Iroqning shimolida joylashgan edi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi OSSURIYA so‘ziga qarang.

2:13 Naynavo shahri — Nineviya nomi bilan ham ma’lum.

3:9 …ular butlarga iltijo qilishmaydi… — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi

…ularning lablari pok bo‘ladi…. Mazkur jumla xalqlar butlarga ibodat qilmasliklariga va topinmasliklariga ishora qiladi.

3:10 Habashiston — ibroniycha matnda Kush. Bu joy Misrdan janubda bo‘lib, hozirgi Sudan va Efiopiya mamlakatlarining bir qismini o‘z ichiga olgan edi. Mazkur oyatda Quddusdan uzoqda bo‘lgan joylar nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.

3:11 muqaddas tog‘im — Quddusdagi Sion tog‘iga ishora. Quddusdagi Ma’bad qurilgan tepalik Sion tog‘i deb atalgan. Eski Ahddagi she’riy parchalarda va payg‘ambarlar bitiklarida Sion so‘zi ko‘pincha Quddus shahriga yoki Xudoning xalqiga nisbatan ishlatilgan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi SION so‘ziga qarang.

3:13 Isroil — bir paytlar Isroil nomi shimoliy shohlikka nisbatan ishlatilgan (to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi ISROIL so‘ziga qarang). Zafaniyo davriga kelib, o‘sha shohlik yo‘q bo‘lib ketgan edi. Shu sababdan mazkur oyatdagi bu nom Xudoning jamiki xalqiga ishora qiladi (shu bobning 14, 15–oyatlarida ham bor).

3:14 Sion — shu bobning 11–oyati izohiga qarang.

3:17 O‘z sevgisi ila qo‘rquvlaringizdan xalos qiladi — yoki Sizga bo‘lgan sevgisi tufayli U

sukut saqlaydi.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru