Muqaddas Kitob


SO‘ZBOSHI

Mazkur Kitob ikki ming yildan oshiq davr mobaynida muqaddas deb e’tirof etilgan bitiklarning o‘zbek tiliga qilingan birinchi to‘liq tarjimasidir. Muqaddas Kitob Eski va Yangi Ahd bitiklaridan iborat1. Bular tarkibida o‘zbek kitobxonlariga yaxshi tanish bo‘lgan Tavrot, Zabur va Injil kitoblari ham bor.

1992 yili Yangi Ahd kitoblari o‘zbek tilida “Injil” nomi ostida ilk bor to‘liq holda chop etilgan edi. O‘sha nashr Eski Ahd tarkibidagi Ibtido va Zabur kitoblarini ham o‘z ichiga olgan. O‘shandan beri Eski Ahdning o‘n beshta kitobi o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi. Shu jumladan, Ibtido va Zabur kitoblarining avvalgi nashri jiddiy tahrir qilingandan so‘ng qaytadan nashr qilindi. Ilk chop etilgan Injil kitobi ham jiddiy tahrir qilingandan keyin mazkur nashrga kiritildi.

Ushbu tarjima ustida mutaxassislar yigirma yildan ko‘proq mehnat qildilar. Nihoyat, Muqaddas Kitob to‘liq holda O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida chop etildi.

Mazkur tarjimaning to‘liq nashrini va ilova qilingan o‘quv manbalarini “www.ibt.org.ru/muqaddas-kitob/lotin” internet sahifasidan topishingiz mumkin. Bu elektron manbalarni komputer va uyali telefon kabi vositalarga ko‘chirib olib, ulardan foydalanishingiz mumkin.

Muqaddas Kitobda bayon qilingan aksariyat voqealar g‘arbiy Osiyoda bo‘lib o‘tgan bo‘lsa–da, undagi bebaho hikmatlar dunyo bo‘ylab yoyilib, ko‘plab xalqlar madaniyatini yanada boyitdi. Insoniyat tarixida Muqaddas Kitobdan ko‘ra ko‘p tarjima qilingan kitob yo‘q. Muqaddas Kitob jahon madaniyatining klassik merosi hisoblanadi. Mazkur nashr amalga oshirilayotgan paytda Muqaddas Kitob to‘liq holda dunyodagi 550 tilga tarjima qilingani ma’lum edi. Bundan tashqari, Muqaddas Kitobning ayrim parchalari taxminan 2300 tilga tarjima qilingan.

Butun jahonda yuksak madaniy meros sifatida qadrlanadigan mazkur Kitob Xudoning insoniyat bilan bo‘lgan munosabati tarixi haqida so‘z yuritadi. Shu bois Kitob asrlar davomida odamlarga Yaratuvchi bilan hamda bir–birlari bilan yarashish yo‘lini ko‘rsatib kelmoqda.

Tarjimonlar guruhi mazkur Kitobga jiddiy ilmiy ish sifatida yondashganlar. Ular Kitob tarjimasi yuzasidan chuqur tadqiqotlar olib borib, o‘z oldilariga qo‘yilgan vazifalarni nihoyatda diqqat–e’tibor bilan bajarganlar. Buni nafaqat matnning o‘zidan, balki kitobxonning bilimini oshirish uchun kitobga ilova qilingan qo‘shimcha ma’lumotlardan ham ko‘rishingiz mumkin. Shu bilan birga, tarjima uslubiga ham katta e’tibor berilgan, matn zamonaviy kitobxonlarimizga tushunarli bo‘lishi uchun tabiiy va sodda tilda tarjima qilingan.

Bu katta ishni amalga oshirish uchun yillar davomida ko‘plab odamlar o‘z vaqtlarini ayamay, tinimsiz mehnat qildilar. Nafaqat tarjimonlar, balki muharrirlar, bir qancha kitobxonlar o‘zbekcha matnning sifatli bo‘lishi uchun yordam berdilar. Nashriyot xodimlari ularning hammasiga o‘z minnatdorchiligini bildiradilar.

Biz Yaratganga shukronalar aytamiz va minnatdorchiligimizni bildiramiz. Muqaddas

Kitobda bayon qilinishicha, Xudo har bir odamni O‘ziga chorlaydi, Xushxabarning mag‘zi


image

1 To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun MUQADDAS KITOBGA KIRISH bo‘limiga

qarang.


ham asosan ana shundan iborat. Iso Masih yer yuziga kelib, xochdagi o‘limi va o‘likdan tirilishi orqali bizga Xudo bilan yarashish imkonini berdi. Xudoning mangu sevgisi Iso orqali osmondan zaminga tushib keldi. Iso Xudoning fe’l–atvorini insoniy madaniyat va til orqali bizga namoyon qildi. Shuning uchun biz Xudoning qanday fe’l–atvorga ega ekanini bila olamiz. Umid qilamizki, Muqaddas Kitobning mazkur tarjimasi ko‘plab kitobxonlarimizni Xushxabar orqali Xudo bilan yarashtiradi. Tanho Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin!


Nashriyot xodimlari


KITOBXONLAR UCHUN KO‘RSATMALAR

Kitobxonlarimiz Muqaddas Kitob matnini to‘liqroq tushunishlari va undan mukammal foydalana olishlari uchun mazkur nashrga quyidagi qo‘shimcha ma’lumotlar ilova qilingan.

“Kirish” qismlari

Muqaddas Kitob tarkibidagi har bir kitobga “Kirish” berilgan. “Kirish”larda kitobning tuzilishi va asosiy mavzusi bayon qilingan. Shuningdek, kitob muallifi haqida, muallif kitobni kim uchun va qachon yozgani, kitob yozilgan paytdagi vaziyat haqida ma’lumotlar berilgan.

Sarlavhalar

Kitobxon matnni yaxshi tushunishi uchun, Muqaddas Kitobning ko‘plab zamonaviy tarjimalarida sarlavhalar berilgan. Shu an’anaga ko‘ra, o‘zbekcha tarjimada ham sarlavhalar qo‘llanilgan. Sarlavha muayyan bir parchaning asosiy mavzusini ifodalaydi. Sarlavhalar qora harflar bilan, sarlavhachalar kursiv shaklida yozilgan. Asl matnda sarlavhalar yo‘q. Zabur kitobining aksariyat sanolari boshida kursiv shaklida qo‘shimcha ma’lumot berilgan. Zaburdagi bu kabi ma’lumotlar asl matn tarkibida bor (misol uchun, Zabur 10 va 33–sanolarga qarang).

Izohlar

Izohlar matnda yulduzcha (*) bilan belgilangan bo‘lib, yulduzcha izohlanadigan so‘z yoki iboradan keyin qo‘yilgan. Hamma izohlar Muqaddas Kitob oxirida ilova qilingan “Izohlar” bo‘limida berilgan. Har bir kitobning izohlari alohida berilgan bo‘lib, izohlar bilan ta’minlanayotgan kitob nomi ostida kelgan. Izohlarda qadimgi Yaqin Sharq va unga qo‘shni davlatlarning tarixiga, madaniyatiga, geografik joylashuviga, sanalarga va vaqt tizimiga oid ma’lumotlar kiritilgan, Muqaddas Kitobning muayyan matni mazmuniga mos keladigan ayrim oyatlar manzili2 berilgan. Shuningdek, qadimgi o‘lchov birliklarining zamonaviy ekvivalentlari ham izohlangan. Izohlarda ayrim oyatlarning tarjimadagi muammolari tushuntirilgan bo‘lib, ba’zan oyatdagi so‘z yoki jumlaning boshqa varianti keltirilgan. Ayrim hollarda izoh qisqa berilgan bo‘lib, kitobxonni


image

2 Ya’ni Muqaddas Kitob tarkibidagi kitobning nomi, bobi va oyati (misol uchun, Yuhanno 3:16). To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun mazkur bo‘limning BOB VA OYATLAR RAQAMLARI qismiga qarang.

lug‘atdan ma’lumot olishga undaydi.

Izohlar haqida to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun “Izohlar” bo‘limining boshida berilgan “Izohlarning tuzilishi va ulardan foydalanish tartibi” qismiga qarang.

Lug‘at

Lug‘atni tuzishdan maqsad Muqaddas Kitobda bir necha bor takrorlanib keladigan muhim yoki notanish so‘zlar va iboralarning ma’nosini kitobxonga tushuntirib berishdir. Lug‘at tarkibidagi ba’zi so‘zlar va iboralar kitobxonlarimizga tanish bo‘lishi mumkin (misol uchun, AHD, MASIH, ABADIY HAYOT), biroq lug‘atda bu kabi so‘z va iboralarning Muqaddas Kitobdagi o‘ziga xos jihatlari kengroq ochib berilgan.

Shuningdek, lug‘atda eski o‘zbek tiliga oid arxaik so‘zlar (misol uchun, KAN’ON, BANDARGOH) ham izohlangan. Ayrim so‘zlar va iboralar qadimgi Yaqin Sharq madaniyati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, o‘zbek tili tarixida ishlatilmagani sababli, asl matndan transliteratsiya usulida o‘zbekcha tarjimaga ko‘chirilgan (misol uchun, FARZIY, FISIH BAYRAMI). Ayrim hollarda ma’lum bir so‘z yoki iboraning ma’nosi izohda qisqa berilgan, lug‘atda esa batafsil tushuntirilgan.

Ko‘pincha lug‘atda biron so‘z yoki iboraning ma’nosi bilan bir qatorda, o‘sha davrga xos tarixiy va madaniy jarayonga oid ma’lumotlar ham berilgan. Bu so‘zlar va iboralarga berilgan sharhlardan keyin keladigan izohlarda Muqaddas Kitobdagi oyatlarning manzili ko‘rsatilgan. Bu oyatlar kitobxonga Muqaddas Kitobda bayon etilgan ta’limotlarni chuqurroq o‘rganishga yordam beradi. Kitobxon ayrim buyumlarning tuzilishi va shaklini ko‘z oldiga keltirib, tasavvur qila olishi uchun, lug‘atda o‘sha buyumlarning rasmlari keltirilgan.

Rasmlar va loyihalar

Isroil xalqi Muso davridan boshlab bir necha asr davomida Xudoga Muqaddas chodirda sajda qilib kelgan. Shoh Sulaymon taxtga o‘tirgandan keyin esa ular Xudoga Quddusdagi Ma’badda sajda qiladigan bo‘ldilar3. Bu tabarruk inshootlar asrlar davomida qanday ko‘rinishlarda bo‘lganini kitobxonlarimiz tasavvur qila olishlari uchun, mazkur nashrga o‘sha inshootlarning rasmlari va loyihalari ilova qilingan. Bu rasmlar va loyihalar Muqaddas Kitobni chuqur tadqiq etgan olimlarning ilmiy xulosalariga asoslangan.

Eski Ahd va Yangi Ahd xronologiyasi jadvallari

Eski Ahd va Yangi Ahd xronologiyasi jadvallarida Muqaddas Kitob tarixida yuz bergan muhim voqealar va ularning sanalari haqida ma’lumot berilgan. Jadvallarda shohlar, payg‘ambarlar va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa shaxslar yashagan davrlar keltirilgan. Shuningdek, Yangi Ahd jadvalida kitoblar taxminan qachon yozilgani haqida ma’lumot berilgan. Qadimgi davr tarixidagi ayrim voqealarning yuz bergan aniq vaqtini belgilab olish nihoyatda murakkabdir. Olimlar bu borada bir to‘xtamga kela olmaganlari bois, jadvalda o‘sha voqealarning taxminiy sanalari ko‘rsatilgan.


image

3 To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi MUQADDAS CHODIR iborasiga va MA’BAD so‘ziga qarang.

Eski Ahddagi va Yangi Ahddagi o‘xshash parchalar jadvallari

Ayrim hollarda bir kitobdagi4 ba’zi oyatlarning mazmuni aynan bitta kitobning o‘zida yoki boshqa kitobda takrorlanadi. Bunday takrorlar, asosan, 2-4 Shohlar kitoblarida, 1- 2 Solnomalar kitoblarida va to‘rtta Xushxabarda uchraydi. Kitobxonlarimizga o‘xshash parchalarni topishga yordam berish maqsadida, Eski Ahd va Yangi Ahd kitoblari uchun maxsus jadvallar ishlab chiqildi. Bu jadvallarda o‘xshash parchalarning asosiy mavzusi ifodalangan va o‘sha parchalarning Muqaddas Kitobdagi manzili keltirilgan. Jadvallarni tuzishdan yana bir maqsad kitobxonga 2-4 Shohlar, 1-2 Solnomalar kitoblari va to‘rtta Xushxabarlarni yaxshiroq qiyoslash imkonini berishdir. Shuning uchun ba’zi voqealar mana shu kitoblarning faqatgina bittasida yoritilgan bo‘lsa–da, o‘sha voqeaning manzili jadvalga kiritilgan.

Xaritalar

Mazkur nashrda chop etilgan o‘n sakkizta xarita ikki ming yillik tarixiy davrni — Ibrohim payg‘ambar davridan tortib to milodiy birinchi asrgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Xaritalarda ko‘rsatilgan joy nomlari Muqaddas Kitobdagi muhim voqealar yoki o‘sha voqealarga bevosita ta’sir ko‘rsatgan tarixiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq.

TARJIMA UCHUN ASOS BO‘LGAN MATNLAR

Muqaddas Kitob aslida ibroniy, oramiy va yunon tillarida yozilgan va o‘zbek tiliga o‘sha tillardan tarjima qilingan. Muqaddas Kitobning ko‘plab qo‘lyozmalari, shuningdek, qadimda boshqa tillarga qilingan tarjimalar qo‘lyozmalari bugungi kungacha saqlanib kelmoqda. Olimlar Muqaddas Kitobning asl matnidagi ba’zi so‘zlarning ma’nosini to‘liq aniqlash uchun bu qo‘lyozmalarni bir–biriga qiyoslab o‘rganadilar. Bunday ilmiy tadqiqotlar natijasida shu narsa o‘z isbotini topdiki, Muqaddas Kitobning asl matni asrlar davomida sadoqat bilan asrab kelingan. Shuning uchun biz qat’iy ishonch bilan ayta olamizki, mazkur tarjima uchun asos bo‘lgan matn qo‘lyozmalarning asl matnidan deyarli farq qilmaydi.

Bu qo‘lyozmalar dunyoning turli muzey va kutubxonalarida saqlanib kelmoqda. Eng qadimgi qo‘lyozmalardan biri Ishayo payg‘ambar kitobi bo‘lib, taxminan miloddan oldingi 100 yilda ko‘chirilgan. Bu bitikdan va diqqatga sazovor yana to‘rtta qo‘lyozmadan olingan parchalarning fotonusxasi kitob oxirida “Muqaddas Kitob qo‘lyozmalarining fotonusxalari” degan qismda keltirilgan. Ushbu qadimiy qo‘lyozmalar haqida to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi IBRONIYCHA MATN va YUNONCHA MATN iboralariga qarang.

TARJIMA JARAYONI, UNGA YONDASHISH VA QO‘LLANILGAN USUL

Tarjima jarayonida birinchi qadam tarjimonlar asl matnning ma’nosini imkon qadar to‘liq va batafsil tushunib olishlaridan iborat. Muqaddas Kitob nihoyatda qadimgi matn bo‘lgani sababli, bu vazifani bajarish oson kechmaydi. Biroq ikki ming yildan oshiq davr mobaynida olimlarning tadqiqotlari natijasida yig‘ilgan ma’lumotlar yordamida buni amalga oshirsa bo‘ladi. Tarjimonlarimiz ish jarayonida Muqaddas Kitobga yozilgan turli


image

4 Ya’ni Muqaddas Kitob tarkibidagi bir kitob. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun mazkur bo‘limning BOB VA OYATLAR RAQAMLARI qismiga qarang.

sharhlardan va boshqa tillarga qilingan tarjimalardan foydalanganlar. Bunda ularga ibroniy, oramiy va yunon tillari mutaxassislari yordam berganlar. Tarjimonlarimiz Muqaddas Kitobdagi voqealar yuz bergan joylarni ziyorat qilib kelganlar. Ular Muqaddas Kitobning asl matni mazmunini qadimda odamlar qanday tushunganlarini to‘liq anglash maqsadida o‘sha yerlarning tarixini, madaniyatini va tabiatini o‘rganganlar.

Holbuki, tarjima yaxshi chiqishi uchun asl matnning ma’nosini to‘liq tushunishning o‘zi kifoya emas. Mazkur tarjimaning maqsadi asl matn g‘oyalarini o‘zbek kitobxoniga to‘g‘ri, tabiiy va ravon tarzda yetkazishdan iboratdir. Agar kitobxon matn mazmunini yaxshi tushunmasa, tarjima yaxshi qilingan, deb aytib bo‘lmaydi. Shu sababdan tarjimonlarimiz asl matn mazmunini o‘rganish bilan bir qatorda, tarjima asoslarini hamda o‘zbek tili grammatikasi, sintaksisi, stilistikasi va tilning o‘ziga xos boshqa jihatlarini sinchiklab o‘rganganlar. Ularning maqsadi tarjimaning o‘zbekcha matnini keng ommaga tushunarli, sodda, ravon va adabiy tilda yetkazish edi.

Kitobxon asl matn ma’nosini tushuna olishi uchun, tarjimonlar matnni so‘zma–so‘z emas, mazmuniga ko‘ra tarjima qilganlar. Anglashilmovchilik paydo bo‘lmasligi uchun, ayrim izohlarda asl matndagi ibora yoki jumlaning so‘zma–so‘z tarjimasi keltirilgan.

Ko‘pincha Muqaddas Kitobda bayon qilingan voqealarda kitob muallifi tinglovchining biron muhim hodisa borasidagi bilimiga tayanib, ba’zi ma’lumotlarni tushirib qoldirgan. Masalan, asl matnda joy nomi berilganda, bu nom shaharga ishora qilyaptimi yoki yurtgami, aniq yozilmagan. Zamonaviy o‘zbek kitobxoni bunday parchalarning ma’nosini to‘liq tushunishi uchun, tarjimonlar matnda nazarda tutilgan ma’noni ochiq bayon qilganlar yoki bunday o‘rinlarga izoh berganlar. Bunday usulda tarjima qilingan matn keng ommaga tushunarli tarzda yetib boradi. Kitobxon matnni o‘zi uchun ichida o‘qisa ham, ovoz chiqarib tinglovchilarga o‘qib bersa ham ma’nosini osonlikcha tushunib oladi.

Tarjimaning muvaffaqiyati qo‘yilgan maqsadga qay darajada erishilganiga qarab baholanadi. O‘zbek tiliga qilingan mazkur tarjima qo‘yilgan maqsadga muvofiq har tomonlama, bir necha bosqichdan iborat bo‘lgan batafsil tekshiruv jarayonlaridan o‘tgan. Tarjima matni o‘zbek tilining yuksak malakali mutaxassislari tomonidan ham, O‘zbekistonning turli viloyatlaridan bo‘lgan har xil kasb egalaridan iborat erkak va ayollar tomonidan ham tekshirilgan. Turli toifadagi bu odamlar tarjima qilingan matnni o‘qib, o‘z fikrlarini bildirganlar, matnni yaxshilash maqsadida qaysi so‘zni qay o‘rinda qo‘llash maqsadga muvofiqligiga oid takliflar berganlar. Mazkur tekshiruv usullari natijasida o‘zbek tiliga tarjima qilingan matn butun o‘zbek xalqiga tushunarli sodda adabiy tilda yuzaga kelgan.

Ma’lumki, bir tildagi g‘oyani boshqa tilga bir necha yo‘l bilan, turli iboralardan foydalangan holda tarjima qilish mumkin. Shu sababdan, asl matn turli tillarga tarjima qilinganda, tarjimalar bir–biridan biroz farq qilishi tabiiy holdir. Tarjima usulidan farqli o‘laroq, asl matnning mazmuni ham ayrim tarjimalarda bir–biridan farq qiladi. Bu muammoni hisobga olgan holda, tarjimonlar ba’zan izohlarda mazmunan boshqacha tarjima qilingan oyatlarning variantini ham berib o‘tganlar. Matnda esa tarjimonlarning fikricha kontekstga to‘g‘ri keladigan, ularning tushunchasi bo‘yicha muallif nazarda tutgan ma’no berilgan.

TARJIMADAGI AYRIM QIYINCHILIKLAR


Xudoning nomlarini tarjima qilish

Muqaddas Kitobni tarjima qilish jarayonida uchraydigan qiyinchiliklardan biri asl matndagi Xudoning nomlarini to‘g‘ri tarjima qilishdir. Tarjimonlar har bir nomni mazmunan to‘g‘ri va izchillik bilan tarjima qilishga harakat qildilar. Ko‘pincha matnda Xudoning ikkita, hatto uchta nomi birin–ketin ishlatilgan. Bunday holda tarjimonlar bu nomlarni o‘zbek tilida tabiiy eshitiladigan nomlar bilan tarjima qildilar. Xudoning nomlari haqida lug‘atda batafsil ma’lumot berilib, ularning ibroniycha yoki yunoncha ekvivalentlari ham ko‘rsatilgan (lug‘atdagi XUDONING NOMLARI iborasiga qarang).

She’riy va apokaliptik5 janrlardagi matnlarning tarjimasi

Muqaddas Kitob matni turli adabiy janrlardan tashkil topgan. Muqaddas Kitob tarkibidagi Zabur kitobi to‘lig‘icha va hikmat janridagi kitoblarning aksariyat qismi she’rlardan iborat. Eski Ahddagi payg‘ambarlar bitiklarining aksariyati ham she’riy usulda yozilgan.

Ibroniy she’riyatida majoziy timsollar, so‘z o‘yinlari, ohangdosh so‘zlar, qofiya va misralardagi bo‘g‘inlar soni bir maromda ishlatilgan bo‘lib, tilning naqadar boy ekanligidan dalolat beradi. Ibroniy she’riyatining diqqatga sazovor bir xususiyati parallelizmdir. Odatda bu usul biror g‘oyani tasdiqlash, unga urg‘u berish yoki qo‘shimcha ma’no ifodalash maqsadida ishlatiladi. Parallelizm hosil qilishda mazmunan yaqin bo‘lgan gaplar juft misralarda birin–ketin, turli so‘zlar bilan takrorlanadi. Misol uchun,


“Ey shohlar! Endi aql bilan ish qiling.

Ey zamin hukmdorlari! Ogoh bo‘ling.” (Zabur 2:10)


She’riy parchalar o‘zbek tiliga tarjima qilinganda, tarjimonlar, birinchi navbatda, matn mazmunini kitobxonga to‘g‘ri va sodda tilda yetkazishga harakat qilganlar.

Tarjimonlar imkon qadar, ibroniy she’riyatining xususiyatlarini saqlashga uringanlar. She’rlar bandlarga bo‘lingan. Muqaddas Kitobning asl matnidagi she’rlar o‘zbek tilidagi she’rlardan usuli va tuzilishi jihatidan farq qilsa–da, kitobxonlarimiz tarjima qilingan bu she’rlarning mazmunidan va o‘ziga xos go‘zalligidan zavq oladilar, degan umiddamiz.

Bir tildagi she’rni boshqa tilga o‘girish ancha mushkul. Bu ayniqsa majoziy ma’nodagi iboralarga taalluqlidir. Har bir til va madaniyatning o‘ziga xos ramziy

obrazlari hamda majoziy ma’noda ishlatiladigan so‘z–iboralari bor. Ibroniycha matndagi bunday iboralar va obrazlar o‘zbek tiliga tarjima qilingach, ma’nosi mavhum bo‘lgan hollarda, tarjimonlar quyidagicha yo‘l tutganlar: majoziy obrazlardan chekinib, iboraning ma’nosini darak gap bilan ifodalaganlar. Ayrim hollarda esa asl matndagi ma’noni ifodalaydigan o‘zbek tilidagi boshqa bir majoziy iboradan foydalanganlar. Ba’zi holatlarda esa matnda ibroniycha iborani va obrazni saqlab, ma’nosini izohda

ochganlar.

Muqaddas Kitobning apokaliptik janrdagi parchalari (misol uchun, Doniyor


image

5 ya’ni oxirzamonga oid bashoratlar va vahiylar

kitobining ikkinchi qismi va Vahiy kitobi) ramzlarga nihoyatda boy bo‘lib, majoziy ma’noni ifodalaydi. Aksariyat hollarda, bu ramzlar o‘zbekcha tarjimada ham saqlangan. Ba’zi ramziy obrazlarga izohlar berilgan bo‘lib, ma’nosi ochilgan, biroq ko‘p hollarda izohlar berilmagan. Chunki apokaliptik adabiyotdagi ramzlar ma’nosi xususida olimlarning qarashlari turlichadir. Muqaddas Kitobdagi bunday parchalarning

ma’nosini yanada to‘liq tushunmoqchi bo‘lgan kitobxonlarimiz Muqaddas Kitob bo‘yicha tuzilgan sharhlarga, ya’ni kommentariylarga murojaat qilishlari lozim.

Madaniy tushunchalarga xos terminlarni tarjima qilish

Yuqorida aytib o‘tilganday, mazkur tarjimaning maqsadi Muqaddas Kitob matnini o‘zbek kitobxoniga sodda va ravon tilda yetkazishdan iboratdir. Madaniy tushunchalarga xos terminlar tarjimasida ham tarjimonlarimiz aynan shunday maqsadni ko‘zladilar. Ular qadimgi matn tarjimasida zamonaviy so‘zlarni ishlatmagan holda, bu kabi terminlarni tushunarli yo‘l bilan yetkazishga harakat qildilar. Shu sababdan asl matnda qo‘llangan og‘irlik, hajm va uzunlik kabi o‘lchov terminlari, shuningdek, pul birliklari o‘zbek tilida qadimdan mavjud bo‘lgan terminlar bilan tarjima qilindi. Asl matndagi ibroniycha va yunoncha terminlar izohlarda zamonaviy o‘lchovni ifodalaydigan so‘zlar bilan tushuntirildi. Biroq ibroniy kalendaridagi oylarga kelganda, asl matndagi nomlar saqlab qolindi. Oylarning qadimgi nomlariga izohlar berilgan bo‘lib, hozirgi kalendar bo‘yicha qaysi oyga to‘g‘ri kelishi tushuntirildi.

Har xil asbob–uskunalarni, masalan, musiqa asboblarini, dehqonchilikda foydalaniladigan ish qurollarini va hokazolarni tarjima qilishda ularning o‘zbek tilidagi ekvivalenti ishlatilgan. Ammo Muqaddas Kitob olimlari bu qadimgi asboblarning ayrimlari aniq qanday ko‘rinishda bo‘lgani yoki qay tarzda ishlatilgani haqida to‘liq ma’lumotga ega emaslar. Shu bois tarjimada kontekstga mos ravishda, o‘zbek kitobxoniga tanish bo‘lgan terminlar tanlangan bo‘lib, izohlarda qo‘shimcha ma’lumot berildi. Lug‘atda ba’zi buyumlar haqida batafsil ma’lumot berilgan bo‘lib, ularning rasmlari keltirilgan.

Joy nomlari

Ko‘pincha Muqaddas Kitobning asl matnida joy nomlari berilganda, o‘sha joylar shahar, ma’lum bir hudud yoki yurt ekanligi haqidagi ma’lumotlar ochiq yozilmagan. Mazkur tarjima o‘zbek kitobxoniga tushunarli bo‘lishi uchun, tarjimonlarimiz ko‘p o‘rinlarda bu kabi joylar haqidagi ma’lumotlarni ochib berdilar. Ko‘pincha bunday ma’lumot muayyan bir nom birorta parchada ilk bor uchraganda berildi. Misol uchun, asl matnda: “Hududning chegarasi Kavul, Abdo‘n, Rexob, Xammon, Kanaxdan o‘tib, Buyuk Sidongacha yetadi” deb yozilgan bo‘lsa, o‘zbekcha tarjimada bu ma’lumot quyidagicha berilgan: “Hududning chegarasi Kavul, Abdo‘n, Rexob, Xammon, Kanax shaharlaridan o‘tib, Buyuk Sidon shahrigacha yetadi” (Yoshua 19:27-28).

Yangi Ahdda Eski Ahddan keltirilgan iqtiboslar6

Ma’lumki, Yangi Ahd mualliflari Eski Ahddan iqtiboslar keltirganlar. Mazkur tarjimada iqtiboslarga izohlar berilib, iqtibos Eski Ahdning qaysi kitobidagi oyatlardan olingani ko‘rsatildi. Yangi Ahdda keltirilgan ba’zi iqtiboslar Eski Ahddagi parchadan

biroz farq qiladi. Buning bir nechta sababi bo‘lishi mumkin. Birinchidan, Yangi Ahddagi parcha o‘zbek tiliga Eski Ahdning ibroniycha matnidan emas, balki Yangi Ahdning yunoncha matnidan tarjima qilingani sabab bo‘lishi mumkin. Bunday holda oyatlardagi farq ibroniy va yunon tillarining xususiyatlari va tarjima uslubiga bog‘liq, deb qaraladi. Ikkinchidan, Yangi Ahd mualliflari iqtibosni Eski Ahdning ibroniycha matnidan emas, balki yunon tilidagi qadimiy tarjimasidan7 keltirgani sabab bo‘lishi mumkin. Ayrim hollarda yunoncha tarjima mazmun jihatdan ibroniycha matndan biroz farq qiladi. Va nihoyat, Yangi Ahd mualliflari Eski Ahddan iqtibosni so‘zma–so‘z keltirmay, kerakli qismlarini olib, matn ma’nosiga mos ravishda ishlatgan bo‘lishlari ham mumkin.

BOB VA OYATLAR RAQAMLARI

Muqaddas Kitob jami 66 ta muqaddas bitikdan iborat bo‘lib, bu bitiklar “kitoblar” deb yuritiladi. Muqaddas Kitob tarkibidagi barcha kitoblar boblar va oyatlarga bo‘lingan. Asl matnda boblar va oyatlar bo‘lmagan, bular keyinchalik kotiblar tomonidan kitobxon tushunishi uchun, yordam tariqasida qo‘shilgan. Beshta qisqa kitob: Obodiyo, Filimo‘n, 2 Yuhanno, 3 Yuhanno va Yahudo kitoblari boblarga bo‘linmasdan, faqat oyatlarga bo‘lingan.

“Izohlar” va “Lug‘at” qismlarida Muqaddas Kitobning ko‘plab oyatlari manzillari berilgan. Oyat manzili quyidagicha belgilangan: kitob nomi, bob raqami, ikki nuqta (:) va oyat raqami. Masalan, “Yuhanno 3:16” Havoriy Yuhanno bayon etgan muqaddas Xushxabarning uchinchi bobi o‘n oltinchi oyatiga ishora qiladi. Bob haqida so‘z ketganda esa faqat kitob nomi, bob raqami va “–bob” so‘zi yozildi (masalan, Hakamlar 18–bob).

Muqaddas Kitob tarkibidagi boblarga bo‘linmagan beshta qisqa kitobning faqat oyat raqami berildi, xolos. Masalan, “2 Yuhanno 6” Havoriy Yuhannoning ikkinchi maktubi oltinchi oyatiga ishora qiladi. Agar ikkita oyat raqami o‘rtasiga chiziqcha qo‘yilgan bo‘lsa (masalan, 2:4-8), demak, har ikki oyat orasidagi barcha oyatlar nazarda tutilgan bo‘ladi.

Ayrim o‘rinlarda matn o‘zbek tilida ravon o‘qilishini, tushunarli bo‘lishini va voqealar izchilligini ta’minlash maqsadida bir nechta oyat, asosan ikki yoki uchta oyat birlashtirilgan. Buning natijasida oyatlar tartibi o‘zgargan, ya’ni keyinda turgan oyat bir–ikki oyatdan oldinga o‘tkazilgan. Misol uchun, Ibtido 2:2-3 ga va Hizqiyol 1:1-3 ga qarang.

Muqaddas Kitob matnini raqamlashning bir nechta an’anasi mavjud. Shu bois Muqaddas Kitobdagi boblarning va oyatlarning raqamlanishi hamma tarjimalarda ham bir–biriga aynan mos tushavermaydi. Buni ayniqsa Zabur kitobida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Misol uchun, o‘zbek va rus tillaridagi 39 oyatdan iborat 9–sano inglizcha tarjimada 9-10–sanolarni tashkil qiladi. O‘zbekcha tarjimada mazkur mintaqada qo‘llaniladigan usuldan foydalanildi.

BOSH HARFLARNING QO‘LLANISHIGA OID TUSHUNTIRISHLAR

O‘zbekcha tarjimada biron odamning qaysi yurt, shahar yoki qishloqdan ekanini bildiruvchi “lik” qo‘shimchasi ishlatilgan barcha otlar bosh harf bilan yozildi (masalan,


image

6 Muallif yoki so‘zlovchi boshqa bir matndan keltirgan parcha, gap yoki ibora.

7 To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi IBRONIYCHA MATN iborasi ostida

berilgan QADIMIY TARJIMALAR iborasiga qarang.

Kan’onlik, Mo‘ablik). O‘zbek tilining grammatik qoidalariga ko‘ra, bu so‘zlar o‘zbek tilida kichik harf bilan yoziladi. Ammo o‘zbek kitobxoniga Muqaddas Kitobdagi notanish joylarning nomlari to‘liq tushunarli bo‘lishi uchun, mazkur tarjimada ular bosh harf bilan yozildi.

Muqaddas Kitobning boshqa tillarga qilingan tarjimalarida bo‘lgani singari, mazkur nashrda ham Xudoni, Iso Masihni va Xudoning Ruhini bildiradigan hamma so‘zlar va olmoshlar bosh harf bilan yozildi. Muqaddas Kitobda qo‘llangan muayyan maxsus terminlar va so‘zlar ham bosh harf bilan yozildi (masalan, Muqaddas chodir, Ma’bad, Ahd sandig‘i, Xudoning Shohligi, Xushxabar).

ISMLAR VA JOY NOMLARINING YOZILISHI

Mazkur tarjimadagi ismlar va joy nomlari asl matndan olingan bo‘lib, o‘zbek tilida talaffuz qilinishi osonroq bo‘lishi uchun biroz soddalashtirilgan. O‘zbek kitobxoniga boshqa tarixiy va adabiy manbalardan ma’lum bo‘lgan ismlar va joy nomlari bundan mustasnodir (masalan, Ibrohim, Yusuf, Muso, Dovud, Sulaymon, Iso Masih, Misr, Quddus va boshqalar). Ayrim ibroniycha va yunoncha ismlarning hamda joy nomlarining talaffuzi o‘zbekchadagi yoki ruschadagi so‘zlarga ohangdosh bo‘lgani bois, kitobxon noto‘g‘ri tasavvurga bormasin deb, ularning shakli biroz o‘zgartirildi. Misol uchun, ibroniycha matndagi Orom yurti o‘zbek tiliga Oram yurti deb tarjima qilindi, Ezra kitobidagi Mordaxay degan ism esa o‘zbekchada Mardoxay deb yozildi, chunki bu ismning birinchi qismi rus tilida “morda”, ya’ni “xunuk yuz” degan ma’noni anglatadi.

KO‘CHIRMA GAPDA TINISH BELGILARIGA OID TUSHUNTIRISHLAR

Mazkur tarjimada dialogdagi ko‘chirma gaplar tire bilan ajratildi. So‘zlovchining gapi abzats oxirida tugaydi. So‘zlovchining gapi ancha uzun bo‘lganda, ayniqsa, bir abzatsdan oshganda, ko‘chirma gap qo‘shtirnoqqa (“…”) olindi. Ba’zan ko‘chirma gap bir nechta parchani, hatto bir nechta bobni qamragani bois, ba’zi sarlavhalar va bob raqamlari ko‘chirma gap tarkibiga kirib qolgan. Bunday hollarda, ko‘chirma gap qanchalar uzun bo‘lmasin, qo‘shtirnoq ko‘chirma gapning boshida ochilib, oxirida yopildi (misol uchun, Ayub 23:1-24:25 ga qarang).

Muqaddas Kitobning ayrim parchalari nihoyatda murakkab bo‘lib, ko‘chirma gapning ichida ko‘chirma gap kelgan holatlar bor. Bunday holat, ayniqsa, payg‘ambarlar bitiklarida ko‘p uchraydi. Bunday parchalarni zamonaviy punktuatsiya qoidalari bilan belgilash qiyinchilik keltirib chiqarishi tabiiy. Shu bois, mazkur tarjimada quyidagi qoidalar qo‘llanildi:


Ko‘chirma gap “…” bilan ajratildi.

Ko‘chirma gap ichidagi ko‘chirma gap «…» bilan ajratildi.

Ko‘chirma gap ichidagi ko‘chirma gap tarkibida yana ko‘chirma gap kelganda ‘…’

bilan ajratildi.


Ba’zan so‘zlovchining gapi bir abzatsdan uzun bo‘lmasa, ko‘chirma gap ichidagi ko‘chirma gap tire (—) bilan ajratildi. Bunday holda so‘zlovchining gapi abzats oxirida tugaydi.


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru