Muqaddas Kitob


PAVLUSNING

SALONIKALIKLARGA

IKKINCHI MAKTUBI

Kirish

Pavlus Salonikadagi jamoatga yozgan ushbu ikkinchi maktubini birinchi maktubdan keyin, qisqa vaqt oralig‘ida yuboradi. Maktubning boshida Pavlus imonli birodarlariga dalda beradi, ularni qiyinchilik va azob–uqubatlarga qaramay, imonda mahkam turishga undaydi.

So‘ng Pavlus Rabbimiz Isoning kelishi haqida birinchi maktubida bayon qilgan mavzuni batafsil tushuntirishga o‘tadi, chunki Salonikaliklar orasida “Rabbimiz keldi” degan gap yurgan ekan. Bundan xabar topgan Pavlus ularga, Masih hali kelgani yo‘q, deb aytadi. Pavlus, Masih kelishidan oldin bir qator hodisalar ro‘y berishi kerak, deb ta’kidlaydi, chunonchi, odamlar Xudoga qarshi bosh ko‘taradi, qabih odam kelib, Ma’badda Xudoning o‘rnini egallaydi, oqibatda, yovuzlik va fosiqlik dunyoda avj oladi.

Shundan so‘nggina Iso kelib, qabih odamni bir nafasi bilan yo‘q qiladi. Maktubning so‘nggi satrlarida Pavlus imonlilarni dangasa bo‘lmaslikka, halol mehnat qilishga, yaxshilik qilishdan charchamaslikka undaydi.


1–BOB

Duoyi salom

1 Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masihning Salonika shahridagi imonlilar jamoatiga Pavlus, Silas va Timo‘tiydan* salom! 2 Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin.

Iso Masih kelganda bo‘ladigan hukm

3 Birodarlar, sizlar uchun har doim Xudoga shukr qilishni burch deb bilamiz. Shunday qilishimiz juda o‘rinli, chunki sizlarning imoningiz kundan–kunga o‘sib boryapti, bir–biringizga va boshqa hammaga mehr–muhabbatingiz oshyapti. 4 Shuning uchun biz Xudoning jamoatlari oldida sizlar bilan faxrlanamiz. Axir, sizlar quvg‘inlaru azob–uqubatlarga sabr–toqat va imon bilan bardosh beryapsiz. 5 Xudoning Shohligi yo‘lida azob chekyapsiz, shunday ekan, Xudo sizlarni O‘z Shohligiga loyiq topib, unga erishtiradi. Oqibatda esa Uning odil hukmi hammaga ayon bo‘ladi. 6 Ha, Xudo odildir, sizlarni azoblaganlarga U azob beradi. 7-8 Azob chekayotgan sizlarga esa O‘z tinchligini ato qiladi, sizlar qatori bizga ham tinchligini beradi. Bularning hammasi Rabbimiz Iso O‘zining qudratli farishtalari bilan, lovullab turgan alanga ichida, ko‘kdan zohir bo‘lganda ro‘y beradi. Xudoni rad etganlarni va O‘zi haqidagi Xushxabarga quloq solmaganlarni Iso Masih jazolaydi. 9 O‘sha odamlar Rabbimiz Isoning huzuri va qudratli ulug‘vorligidan ayrilib, abadiy halokat jazosini oladilar. 10 O‘sha kuni Rabbimizni Uning muqaddas xalqi ulug‘laydi. Unga ishongan hamma odamlar Uni madh qiladi. Sizlar ham o‘sha insonlarning qatoriga kirasiz, chunki biz aytgan xabarga ishondingiz. 11 Shunday ekan, Xudoyimiz sizni O‘z chaqirig‘iga loyiq deb topsin, O‘z qudrati bilan sizlarning


barcha yaxshi niyatlaringizni ro‘yobga chiqarsin, imon bilan qilgan ishlaringizni amalga oshirsin, deb biz doim sizlar uchun ibodat qilamiz. 12 Rabbimiz Isoning nomi orangizda ulug‘lansin, sizlar esa Xudoyimiz va Rabbimiz Iso Masihning inoyati bilan U orqali ulug‘laninglar, deb ibodat qilamiz.


2–BOB

Qabih odam

1 Rabbimiz Iso Masihning kelishi va bizning U bilan birga bo‘ladigan kunimiz haqida quyidagilarni aytsak: birodarlar, sizlardan o‘tinib so‘raymiz, 2 Rabbimiz kelibdi degan gaplar boshingizni aylantirmasin, sizlarni xavotirga solmasin. Ehtimol, bunday gaplar bashorat orqali, biror xabar yoki xuddi biz yozgan xatga o‘xshash bir xat orqali kelib chiqqandir. 3 Hech kim sizlarni hech qanday usul bilan aldamasin. Ko‘pchilik Xudoga qarshi bosh ko‘tarmaguncha va qabih odam kelmaguncha, o‘sha kun kelmaydi. O‘sha odam halokatga mahkum qilingan. 4 U har qanday “xudo” deb atalgan va sajda qilingan narsaga qarshi chiqib, o‘zini ulardan ustun qo‘yadi. Hattoki, Xudoning Ma’badida o‘tirib olib, o‘zini xudo deb ataydi.

5 Sizlar bilan bo‘lganimda shularni aytganim esingizda yo‘qmi? 6 O‘sha qabih odamni hozir nima tutib turganini o‘zingiz bilasiz. Bu odam belgilangan vaqtda zohir bo‘ladi.

7 Ha, qabihlikning yashirin kuchi allaqachon ishga tushgan. Biroq bir zot bu kuchni tiyib turibdi. O‘sha zot olib tashlangandan keyin, 8 qabih odam oshkor qilinadi. Uni Rabbimiz Iso bir nafas bilan halok qiladi. Rabbimiz kelganda, O‘z ulug‘vorligining yorqinligi bilan uni yo‘q qilib tashlaydi. 9 O‘sha qabih odam shaytonning kuchi bilan keladi. Qudratini ko‘rsatib, har xil mo‘jizayu ajoyibotlar qiladi. 10 Halok bo‘layotganlarni turli makr– hiylalar bilan aldaydi. Ular najot beradigan haqiqatni rad qilganlari uchun, uni sevmaganlari uchun halok bo‘lyaptilar. 11 Mana shuning uchun Xudo ularni adashtiradigan bir kuchga topshirib qo‘yadi. Shunda ular yolg‘onlarga ishonib yuraveradilar. 12 Natijada, haqiqatga ishonmay, yovuzlikdan zavq topganlarning hammasi hukm qilinadi.

Imoningiz qat’iy bo‘lsin

13 Ey Egamiz sevgan birodarlar! Sizlar uchun har doim Xudoga shukr qilishni burch deb bilamiz. Axir, Muqaddas Ruh kuchi bilan poklansin va haqiqatga ishonsin deb, Xudo sizlarni boshidanoq najot uchun tanlagan edi. 14 Rabbimiz Iso Masihning ulug‘vorligidan bahramand bo‘lishingiz uchun biz aytgan Xushxabar orqali Xudo sizlarni chaqirdi.

15 Shuning uchun, ey birodarlar, imoningiz qat’iy bo‘lsin. Biz gaplarimiz va xatlarimiz orqali sizlarga o‘rgatgan haqiqatni mahkam tutinglar.

16 Bizni sevadigan, O‘z inoyati bilan bizga tengsiz jasorat va barqaror umid bergan Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masihning O‘zi 17 sizlarga dalda bersin, har bir qilgan yaxshi ishingiz va so‘zingizda sizlarga kuch ato qilsin.


3–BOB

Biz uchun ibodat qilinglar

1 Ey birodarlar, xatimiz ham nihoyasiga yetib qoldi. Biz uchun ibodat qilinglar, xuddi

sizlarning orangizda bo‘lgani kabi, Rabbimiz Iso haqidagi Xushxabar tarqalaversin va

izzat–hurmat bilan qabul qilinsin. 2 Xudo bizni yomon va yovuz odamlardan qutqarishi uchun ham ibodat qilinglar, chunki hamma ham imonli emas. 3 Ammo Rabbimiz Iso sadoqatlidir. U sizlarni kuchga to‘ldirib, yovuz shaytondan himoya qiladi. 4 Siz haqingizda Rabbimiz bizda ishonch hosil qildi. Biz aminmizki, buyurganlarimizni bajaryapsizlar va bajarishda davom etasizlar. 5 Rabbimiz Iso Masih yuraklaringizni Unga sodiq bo‘lishga va Xudoni sevishga yo‘naltirsin.

Ishlagan tishlaydi

6 Birodarlar, Rabbimiz Iso Masih nomi bilan sizlarga buyuramiz: dangasalik qilayotgan, biz bergan ta’limotlarga ko‘ra yashamayotgan birodarlardan uzoqroq yuring. 7 Bizdan qanday o‘rnak olishingiz kerakligini o‘zingiz bilasiz. Sizlarning orangizda bo‘lganimizda dangasalik qilmadik. 8 Birovning nonini bekorga yemadik. Aksincha, boshqalarga og‘irligimiz tushmasin deb, kechayu kunduz ishladik. Mashaqqat bilan mehnat qildik. 9 Albatta, sizlardan biror narsa talab qilishga haqimiz yo‘qligi uchun emas, balki sizlarga namuna bo‘lish uchun shunday qildik. 10 Axir, sizlar bilan bo‘lganimizda: “Ishlamagan tishlamaydi!” deb aytgan edik–ku!

11 Eshitishimizcha, ba’zi birlaringiz yalqovlik qilayotgan ekansiz. Boshqalarning ishlariga aralashishdan boshqa narsani bilmas emishsiz. 12 Mana shunday odamlarga Iso Masih nomi bilan buyurib aytamizki, tinchgina o‘z ishlaringiz bilan mashg‘ul bo‘ling, nonni peshana teringiz bilan topib yeng. 13 Sizlar esa, birodarlar, hech qachon yaxshilik qilishdan charchamanglar.

14 Ushbu xatimizdagi yo‘l–yo‘riqlarga quloq solmaganlarni ko‘z ostingizga olib qo‘ying. Bunday odamlarni uyaltirish uchun ular bilan aloqada bo‘lmang. 15 Ularni dushman hisoblamang, balki birodar sifatida ogohlantiring.

Xotima

16 Tinchlik manbayi bo‘lgan Rabbimiz Isoning O‘zi sizlarga har doim va har yo‘sinda tinchlik bersin. Rabbimiz hammangizga yor bo‘lsin.

17 Men, Pavlus, mana shu maktubning yakunini o‘z qo‘lim bilan yozyapman*. Har bir yozgan maktubimning o‘ziga xos belgisi shudir. 18 Rabbimiz Iso Masihning inoyati hammangizga yor bo‘lsin!*

IZOHLAR

1:1 Silas…Timo‘tiy — 1 Salonikaliklar 1:1 ning birinchi va ikkinchi izohlariga qarang.

3:17 …shu maktubning yakunini o‘z qo‘lim bilan yozyapman — 1 Korinfliklar 16:21 izohiga qarang.

3:18 Yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida quyidagi so‘z oyatga qo‘shimcha

qilingan: omin.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru