Muqaddas Kitob


HIZQIYOL

PAYG‘AMBARNING

KITOBI

Kirish

Hizqiyol ruhoniy edi, Yeremiyo va Doniyor payg‘ambarlar uning zamondoshlari bo‘lgan. U Bobilga asir qilib olib ketildi va o‘sha yerda surgunda bo‘lgan Yahudo xalqi orasida yashadi. U Xudo tomonidan payg‘ambar qilib tayinlandi. U nafaqat Bobilga surgun qilingan Yahudo xalqiga, balki Quddusda qolgan odamlarga ham Xudoning so‘zini va’z qildi. Hizqiyol o‘z faoliyatini miloddan oldingi 593 yillarda boshlab, miloddan oldingi 571 yillarda tugatdi. Bu davr Yahudo shohligining oxirgi yillaridan tortib, to miloddan oldingi 586 yilda Quddus qulagandan keyingi davrni qamrab oladi. Hizqiyol Quddus qulashidan oldin ham, undan keyin ham va’z qilgan. Shuning uchun uning ba’zi va’zlari Xudoning dahshatli hukmidan xabar beradi, boshqa va’zlari esa xalqqa umid bag‘ishlaydi.

Mazkur kitobni beshta asosiy qismga bo‘lish mumkin. Birinchi qismda (1-3–boblar) Hizqiyolga vahiyda ayon bo‘lgan Xudoning ulug‘vorligi tasvirlanadi, shuningdek, Xudo Hizqiyolni payg‘ambar qilib tayinlagani bayon etiladi. Ikkinchi qism (4-24–boblar) o‘z ichiga bir nechta xabarni oladi. Bu xabarlarda Yahudo xalqiga beriladigan jazolar haqida aytiladi, chunki xalq Xudodan yuz o‘girgan edi. Hizqiyol bu xabarlarning aksariyat qismini ikir–chikirigacha tasvirlab, o‘z harakatlari bilan ko‘rsatib beradi. Yahudo xalqi Xudoning tanlangan xalqi bo‘lgani va Ma’bad Quddusda joylashgani bois, xalq muqaddas bo‘lishi va o‘zini pok saqlashi shart edi. Yahudo xalqi Xudodan yuz o‘girganda, Xudo Ma’badini tark etib, xalqini jazolardi.

Kitobning uchinchi qismida (25-32–boblar) Xudo Yahudo yurtining yon–atrofidagi xalqlarni jazolashi to‘g‘risida yozilgan. Kitobning to‘rtinchi qismi (33-39–boblar) Quddus qulagandan keyingi davrni o‘z ichiga oladi. Bu parchadagi so‘zlar umid baxsh etadi. Bu parchada Xudo O‘z xalqini kechirishi, so‘ng ularni Yahudo va Quddusga qaytarib olib kelishi to‘g‘risida so‘z yuritiladi.

Nihoyat, beshinchi qismda (40-48–boblar) Quddusdagi yangi Ma’bad to‘g‘risida Hizqiyol ko‘rgan vahiy haqida yozilgan. Bu qismda Xudoga sajda qilish qoidalari ko‘rsatilgan. Shuningdek, kelajakda yurt Isroilning o‘n ikki qabilasi orasida qay tarzda bo‘linishi kerakligi haqida batafsil aytib o‘tilgan.

Mazkur kitobdagi qurigan suyaklar to‘g‘risida Hizqiyol ko‘rgan vahiy juda keng tanilgan. Bu vahiyda Xudoning Ruhi suyaklarga jon ato etib, ularni tiriltiradi (37:1-14 ga qarang). Xudo doim O‘z ahdiga sodiq qoladi. U O‘z xalqini gunohlardan poklaydi, ularni tiklaydi, xalqni yuksaltiradi, muqaddas shahar Quddusda O‘z ulug‘vorligini porlatadi.


1–BOB

Xudoning taxti

1-3 Hayotimning o‘ttizinchi yilida*, to‘rtinchi oyning* beshinchi kunida men, Buzi

o‘g‘li ruhoniy Hizqiyol*, surgunda yashayotgan odamlar bilan birga Bobildagi* Kavor


daryosining bo‘yida edim. Shunda osmon qopqasi ochildi–da, Xudodan menga vahiylar keldi. O‘sha kuni Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi. Men Egamizning qudratini yaqqol sezib turar edim. Bu voqea shoh Yohayixin surgundaligining beshinchi yilida* sodir bo‘lgan edi.

4 Qarasam, shimoldan bo‘ron turdi. Ulkan bir bulutdan chaqmoq chaqar edi, bulut atrofi yarqirab turardi. Bulutning olovli markazi sayqallangan misday tovlanardi.

5 O‘shaning o‘rtasida men to‘rtta jonli mavjudotni ko‘rdim. Ular inson qiyofasida edi.

6 Ammo har birining to‘rtta yuzi va to‘rtta qanoti bor edi. 7 Ularning oyoqlari tekis bo‘lib, buzoqning tuyoqlariga o‘xshash tuyoqlari bor edi. Tuyoqlar yaltiroq bronza kabi tovlanib turardi. 8 Qanotlari ostida odam qo‘liga o‘xshagan qo‘llari bor edi. 9 Mavjudotlar bir–biriga orqa o‘girib turar edilar, qanotlarining uchlari bir–biriga tegib turardi. Ular har tomonga birgalikda yurardilar, yurganlarida burilmas edilar. 10 Mavjudotlarning yuzlariga kelsak, ular to‘rt xil edi: old tomonida inson yuzi, o‘ng tomonida sher yuzi, chap tomonida buqa yuzi va orqa tomonida burgut yuzi bor edi. 11 Mavjudotlarning bir juft qanoti tepaga yoyilgan bo‘lib, yonidagi mavjudotlarning qanotlariga tegib turardi.

Qolgan bir juft qanoti esa tanasini yopib turardi. 12 Mavjudotlar to‘g‘riga qarab yurishar edi. Ruh ularni qayerga yo‘naltirsa, ular o‘sha yoqqa borishardi, yurganda burilmas edilar. 13 Jonli mavjudotlarning ko‘rinishi yonayotgan ko‘mirga yoki mash’alaga o‘xshar edi. Mavjudotlarning orasida olov aylanib yurardi. Bu olov chaqnardi, undan chaqmoq chaqib turar edi. 14 Mavjudotlarning o‘zlari ham chaqmoq tezligi bilan u yerdan–bu yerga borib kelishardi.

15 Men to‘rtta mavjudotni tomosha qilib turganimda, mavjudotlar yonidagi g‘ildiraklarni ko‘rdim. Har bir mavjudotning yonida bittadan g‘ildirak bor edi. G‘ildiraklar yerga tegib turardi. 16 To‘rtala g‘ildirakning ko‘rinishi va tuzilishi bir xil edi. Ular qimmatbaho toshday tovlanardi. Har bir g‘ildirakning ichida ko‘ndalangiga solingan yana bittadan g‘ildirak bor edi. 17 Shu sababdan g‘ildiraklar harakatga kelganda, to‘rt tomonga yura olar edi, yurganda burilmasdi. 18 G‘ildiraklarning gardishlari baland va bahaybat edi. Ularning gir aylanasi ko‘zlar bilan qoplangan edi.

19 Jonli mavjudotlar yurganda, yonlaridagi g‘ildiraklar ham harakatga kelardi. Yerdan ko‘tarilganda, g‘ildiraklar ham ular bilan birga ko‘tarilardi. 20-21 Mavjudotlardagi ruh g‘ildiraklarda ham bor edi. Shu sababdan ruh mavjudotlarni qayerga yo‘naltirsa, mavjudotlar o‘sha yoqqa borishardi, g‘ildiraklar ham ular bilan birga harakatga kelardi. Mavjudotlar yurganda, ular ham yurar edi, to‘xtaganda to‘xtar edi, yerdan ko‘tarilganda ko‘tarilar edi.

22 Mavjudotlarning boshlari uzra gumbazga o‘xshash bir narsa bor edi, o‘sha narsa

billurdek tovlanardi. 23 Qanotlarini yoygan mavjudotlar gumbaz ostida turar edi. Ularning qanotlari bir–biriga tegib turardi. Ikkinchi juft qanotlari esa badanlarini yopib turardi. 24 Ular qanot qoqib uchardilar. Qanot qoqqanlarida chiqqan tovushi shovullagan dengiz shovqiniday, Qodir Xudoning gumburlagan ovoziday, ulkan lashkarning shovqin–suroniday edi. Mavjudotlar to‘xtaganlarida qanotlarini yig‘ib olishardi.

25 Ular to‘xtab, qanotlarini yig‘ib oldilar. Shunda boshlari tepasidagi gumbaz uzra bir ovoz yangradi. 26 Gumbaz ustida zangori yoqutdan yasalgan taxtga o‘xshash bir narsa bor edi. Taxt ustida inson qiyofasidagi bir Zot o‘tirardi. 27 O‘sha kimsaning belidan yuqori qismi sayqallangan misday yarqirardi, atrofini olov o‘ragandi. Belidan pastki qismi esa otash kabi porlardi. Uning butun borlig‘i nur taratib turardi. 28 O‘sha nur

yomg‘irdan keyin bulutlar orasida paydo bo‘ladigan kamalakdek jilvalanardi. Bu yog‘du Egamizning ulug‘vorligini aks ettirardi.

Xudo Hizqiyolni xizmatga chaqiradi

Men buni ko‘rishim bilanoq yerga muk tushdim, so‘ng bir ovoz eshitdim.


2–BOB

1 O‘sha ovoz menga dedi:

gaplarimni yetkaz.

12 Ruh meni ko‘tardi. Shunda men orqadan kelayotgan qattiq gumburlagan tovushni eshitdim. O‘sha tovush: “Egamizning ulug‘vorligini Uning makonida madh qilinglar”, deb aytayotgan edi*. 13 Men jonli mavjudotlarning bir–biriga ishqalangan qanotlarining tovushini va yonlaridagi g‘ildiraklarning guldurosini eshitdim. 14 Ruh meni boshqa yoqqa olib ketdi. Men achchiqlanib, jahlim chiqa boshladi. Egamizning qudrati meni qamrab olgan edi. 15 Men Kavor daryosining bo‘yidagi Tel–Ovuvda yashayotgan surgundagilarning oldiga bordim. O‘sha yerda yetti kun davomida o‘zimga kela olmay gangib o‘tirdim.

Hizqiyolni Egamiz soqchi qilib tayinlaydi

16 Yetti kundan keyin Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi:

17 — Ey inson, Men seni Isroil xalqiga soqchi qilib tayinladim. Og‘zimdan chiqqan har bir gapimni ularga aytib, ogohlantirasan. 18 Agar Men fosiqqa: “Sen albatta o‘lasan”, deb aytsam–u, sen esa o‘sha odamni bu haqda ogohlantirmasang, hayotini saqlab qolay deb, uni fosiqlik yo‘lidan qaytarmasang, o‘sha odam o‘z gunohi uchun* o‘ladi. Biroq uning o‘limi uchun Men seni javobgar qilaman. 19 Agarda sen fosiqni ogohlantirsang–u, u esa fosiqlik yo‘lidan qaytmasa, u o‘z gunohi uchun o‘ladi, sen esa o‘z joningni asrab qolgan

bo‘lasan. 20 Agar solih kishi yomon yo‘lga kirib, gunohga qo‘l ursa, Men uning oyog‘iga to‘g‘onoq solaman, u qoqilib yiqiladi*. Bordi–yu, sen o‘sha odamni ogohlantirmasang, u nobud bo‘ladi. Men uning qilgan savob ishlarini esga olmayman, u o‘zining gunohi

uchun o‘ladi. Uning o‘limi uchun esa seni javobgar qilaman. 21 Bordi–yu, sen solih kishini yomon yo‘ldan qaytarsang, u senga quloq solgani uchun yashaydi. Sen esa o‘z joningni asrab qolgan bo‘lasan.

Hizqiyol tildan qoladi

22 Egamiz menga O‘z qudratini ato etib, shunday dedi:


4–BOB

Quddus qamalining ramzi

1 Egamiz shunday dedi: “Ey inson, bir g‘isht olib oldingga qo‘y, uning ustiga Quddus rasmini chiz. 2 Rasmdagi shaharni qamal qilib, atrofiga qamal inshootlarini bildiruvchi uyumlarni hosil qil, shahar devoriga qiyalatib tuproq uy*, dushman qarorgohlarini

o‘rnat, shaharning gir aylanasiga devorteshar qurollarni joylashtir. 3 Keyin tovani ol. Tovani temir devor kabi, o‘zing bilan rasmdagi shaharning orasiga o‘rnat. So‘ng shaharga yuzlan, sen shaharni qamal qilgan bo‘lasan. Isroil xalqi uchun bu bir alomat bo‘ladi.

4 So‘ng chap tomoningga yonboshlab, ustingga Isroil* xalqining gunohlarini yukla. Sen chap tomoningda yotgan paytingda ularning gunohi uchun jazo tortgan bo‘lasan. 5 Ular gunoh qilgan yillarning soniga ko‘ra, Men sen uchun kunlarni ajratdim. Sen 390 kun davomida Isroil xalqining gunohi uchun jazo tortasan.

6 Belgilangan vaqt tugagach, o‘ng tomoningga yonboshlab yotgin. Bu safar sen 40 kun davomida Yahudo xalqining gunohi uchun jazo tortasan. Bir kun bir yil hisoblanadi. 7 Quddus ramzi bo‘lgan g‘ishtga yuzlan, qo‘lingni panshaxa qilib, qamal qilingan shaharga qarshi bashorat qil. 8 Mana, qamalingning muddati tugamaguncha bir tomondan boshqa tomonga o‘girilmasliging uchun Men seni arqonlar bilan bog‘lab tashlayman.

9 Endi borib o‘zing uchun bug‘doy, arpa, loviya, yasmiq doni, tariq va qizil bug‘doyni olib, bir xumchaga sol. Sen ulardan o‘zingga non tayyorlaysan*. 390 kun chap tomoningga yonboshlab yotib, o‘sha nondan yeysan. 10 Bir kunlik yeydigan ozuqangning miqdori 50 misqolni* tashkil qilishi kerak. Har kuni belgilangan vaqtdagina uni yeyishing shart. 11 Suvni ham belgilangan vaqtda va belgilangan miqdorda ichasan.

Kuniga bir kosa* suv ichasan. 12 O‘tin o‘rniga odam tezagini ishlatasan, odamlarning ko‘zi oldida non yopib yeysan.”

13 Egamiz shunday dedi:


5–BOB

Hizqiyol sochini oldiradi

1 Egamiz shunday dedi: “Ey inson, o‘tkir bir qilich ol. Ustara o‘rniga o‘shani ishlatib, soching bilan soqolingni qirib tashla*. So‘ng sochingni tarozida o‘lchab, teng uch qismga bo‘l. 2 Shaharning qamal kunlari tugaganda, sochingning bir qismini g‘ishtga chizilgan shahar o‘rtasida yondir. Ikkinchi qismini shahar atrofiga sochib tashlab, qilich bilan maydala. Uchinchi qismini esa shamolda uchirtirib yuborgin. Men qilichimni yalang‘ochlab, shahar aholisini ta’qib qilaman. 3 Sochingning ozginasini olib, choponing etagiga qistirib qo‘y. 4 O‘sha sochingning bir qismini olovga tashlab, yondirib yubor.

Undan chiqqan olov avj olib, butun Isroil xalqiga yoyiladi.”

5 Egamiz Rabbiy shunday deb aytmoqda: “Mana, Quddusga bir qarang. Men uni xalqlarning o‘rtasiga joylashtirdim, boshqa yurtlar uni o‘rab turibdi. 6 Ammo u qonun– qoidalarimga qarshi chiqdi, atrofdagi xalqlardan ko‘ra, ko‘proq qabihlik qildi. U qonun– qoidalarimni rad etdi, farmonlarimga bo‘ysunmadi.”

7 Shuning uchun Egamiz Rabbiy Quddusga aytmoqda: “Sizlar badkirdorlikda atrofingizdagi xalqlardan ham o‘tib tushdingiz. Farmonlarimga bo‘ysunmadingiz, qonun–qoidalarimga rioya qilmadingiz. Axloqsizlikda boshqa xalqlardan battar bo‘ldingiz. 8 Ey Quddus ahli, Men O‘zim sizlarga qarshi chiqaman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Xalqlarning ko‘zi oldida sizlarni jazolayman. 9 Qilgan jirkanch ishlaringiz tufayli Men boshingizga dahshatli bir ko‘rgilik keltiraman. Men bunaqasini hech qachon qilmaganman va bundan keyin ham qilmayman. 10 Quddusda ota–onalar o‘z farzandlarining etini, farzandlar esa o‘z ota–onalarining etini yeydilar. Men sizlarni jazolayman, omon qolganlaringizni dunyoning to‘rt tomoniga tarqatib yuboraman.

11 Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, sizlarni yo‘q qilaman. Sizlar muqaddas maskanimni makruh butlaru jirkanch odatlaringiz bilan harom qildingiz. Shuning uchun sizlarga achinmayman, rahm qilmayman.

12 Xalqingizning uchdan bir qismi o‘latu qahatchilikdan nobud bo‘ladi. Ikkinchi qismi jangda, shahar tashqarisida qirilib ketadi. Qolgan qismini esa Men to‘rt tomonga tarqatib yuboraman, qilichimni yalang‘ochlab ta’qib qilaman.

13 Shunda g‘azabimdan tushaman, qahrimni sizlarga sochib bo‘lganimdan keyingina taskin topaman. Qahrimni sizlarga sochib bo‘lganimdan keyin, Men, Egangiz, rashk ustida gapirganimni sizlar bilib olasiz. 14 Men sizlarni xonavayron qilaman. Yon–atrofda yashovchi xalqlar hamda o‘tgan–ketgan odamlar sizlarni mazax qiladilar. 15 Men sizlarni qahru g‘azab bilan hukm qilganimda, jahl ustida qattiq jazolaganimda, atrofdagi xalqlar dahshatga tushadilar. Ular bundan saboq oladilar, sizlarni esa mazax qilib, ustingizdan kuladilar. Bularni Men, Egangiz, aytdim. 16 Men ustingizga qahatchilikning halokatli o‘qlarini yog‘diraman, sizlarni yo‘q qilaman. Shahardagi ocharchilikni avjiga chiqaraman, sizlarni bir burda nonga zor qilaman. 17 Men sizlarni qahatchilikka giriftor qilaman, ustingizga yovvoyi hayvonlarni yuboraman. Ular sizlarni farzandlaringizdan judo qiladi. Yurtingizda o‘lat va qotillik hukm suradi, Men sizlarga qarshi dushman qilichini yalang‘ochlayman. Bularni Men, Egangiz, aytdim.”


6–BOB

Egamiz butparastlikni hukm qiladi

1 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, Isroil tog‘lariga yuzlan. Ularga qarshi shunday bashorat qil: 3 «Ey Isroil tog‘lari, Egamiz Rabbiyning so‘zlarini eshitinglar! Egamiz Rabbiy tog‘laru qirlarga, jarliklaru vodiylarga shunday deb aytmoqda: Men O‘zim sizlarga qarshi qilich yuboraman, butlarga atalgan barcha sajdagohlaringizni* vayron qilaman. 4 Qurbongohlaringiz buzib tashlanadi, tutatqi qurbongohlaringiz parcha–parcha qilinadi. Men odamlaringizni butlaringiz oldida qirib yuboraman. 5 Isroil xalqining jasadlarini butlaringiz oldiga tashlayman, suyaklarini qurbongohlaringiz atrofiga sochaman. 6 Hamma shaharlaringizni yakson qilaman, sajdagohlaringizni vayron etaman. Shunda qurbongohlaringiz buziladi, butlaringiz

parcha–parcha qilinadi, tutatqi qurbongohlaringiz qo‘porib tashlanadi, qo‘llaringiz yaratgan hamma narsa supurib tashlanadi. 7 Butun yurt jasadlarga to‘ladi. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.

8 Men ba’zi bir odamlarning jonini qirg‘indan saqlab qolaman. Biroq ularni boshqa yurtlarga, begona xalqlar orasiga quvib yuboraman. 9 Ular begona xalqlar orasiga surgun qilinganda Meni eslaydilar. Meni rad etgan vafosiz qalblariyu butlar ketidan qaragan hirsli ko‘zlari dilimga qanchalik ozor yetkazganini tushunib oladilar. Ular qilgan qabihliklari va jirkanch ishlari uchun o‘zlaridan–o‘zlari hazar qilib, nafratlanadilar.

10 O‘shanda Egasi Men ekanligimni bilib oladilar. Boshlariga keladigan falokat haqida Men ularni jiddiy ogohlantirganimni bilib oladilar.»”

11 Egamiz Rabbiy menga dedi: “Qani bo‘l, ko‘ksingga ur, yerni tep. Shunday deb xitob qil: «Qabihlikka qo‘l urgan Isroil xalqining holiga voy!» Axir, ular qilichdan, ocharchiligu o‘latdan nobud bo‘ladilar! 12 Uzoqlarda bo‘lganlar o‘latdan qirilib ketadi. Yaqinda bo‘lganlar qilichdan o‘tkaziladi. Omon qolganlar ocharchilikdan nobud bo‘ladi. Shu yo‘l bilan Men ularning ustilariga qahrimni sochaman. 13 Ularning jasadlari butlari orasida, qurbongohlari atrofida, har bir baland tepalikda, barcha tog‘ cho‘qqilarida, har bir yashil daraxtu sersoya eman ostida — xalqim butlarga atab xushbo‘y tutatqilar tutatgan har

bir joyda yotadi. O‘shanda omon qolganlari Egasi Men ekanligimni bilib oladilar. 14 Men ularga qarshi qo‘limni ko‘taraman. Ularning butun yurtini, sahrodan tortib, to Rivlo* shahrigacha vayron qilib, tashlandiq yerga aylantiraman. O‘shanda ular Egasi Men ekanligimni bilib oladilar.”


7–BOB

Isroil xalqi gunohlari uchun jazo tortadi

1 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, Isroil yurtiga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: kuni bitdi! Butun yurtning kuni yetdi! 3 Ey Isroil, sening kuning bitdi, Men qahrimni ustingga sochaman. Tutgan yo‘ling uchun seni hukm qilaman, jirkanch odatlaring uchun jazolayman. 4 Senga achinmayman, rahm ham qilmayman. Tutgan yo‘ling uchun, jirkanch odatlaring uchun adabingni beraman. O‘shanda Egang Men ekanligimni bilib olasan.

5 Ey Isroil, Egamiz Rabbiy shunday deb aytmoqda: mana, kulfat kelmoqda! Dahshatli kulfat! 6 Kuningiz bitdi! Evoh, kuningiz bitdi! Mana, balo boshingizga keldi! 7 Ey yurt ahli, halokatingiz keldi! Tog‘larda xursandchilik emas, sarosima hukm suradigan kun keldi.

8 Ko‘p o‘tmay sizlarni g‘azabimga duchor qilaman, jahlimdan tushmagunimcha qahrimni ustingizga sochaman. Tutgan yo‘lingiz uchun sizlarni hukm qilaman, jirkanch odatlaringiz uchun jazolayman. 9 Sizga achinmayman, rahm qilmayman. Tutgan yo‘lingiz uchun, jirkanch odatlaringiz uchun adabingizni beraman. O‘shanda sizni jazolagan Egangiz Men ekanligimni bilib olasiz.»

10 Ey inson, ana, kulfat kuni yetib keldi! Halokat yaqinlashib qoldi! Zo‘ravonlik gulladi, mag‘rurlik kurtakladi. 11 Zo‘ravonlik fosiqlikni jazolaydigan xivichga aylandi. Bu odamlarning birontasi omon qolmaydi. To‘kin–sochinligi, boyligi, dabdabasi ado bo‘ladi.

12 O‘sha vaqt keldi! O‘sha kun yaqinlashdi! Xaridor xarid qilgan narsasidan quvonmasin, sotuvchi ko‘rgan zararidan g‘am chekmasin. Mening g‘azabim butun olomon ustiga birday yog‘iladi. 13 Sotuvchi bilan xaridor tirik qolgan taqdirda ham,

sotuvchi sotgan yerini qaytarib ololmaydi. Butun olomonga tegishli bu bashoratni qaytarib bo‘lmaydi. Gunoh qilganlari uchun ularning birortasi o‘z hayotini saqlab qololmaydi. 14 Burg‘ular chalindi, hammasi tayyor bo‘ldi. Ammo jangga kirishga hech kim jur’at qilmadi. Axir, Mening g‘azabim butun olomon ustiga yog‘iladi.

15 Ko‘chada jang bo‘lmoqda. Ichkarida ocharchiligu o‘lat hukm surmoqda.

Daladagilar jangda halok bo‘ladilar, shahardagilar ocharchiligu o‘latdan o‘ladilar.

16 Omon qolganlar dashtdagi kabutarlarday tog‘larga qochadi. Ular gunoh qilganlari uchun ingraydi. 17 Odamlarning qo‘llarida mador qolmaydi, ishtonlari ho‘l bo‘ladi. 18 Ular qayg‘udan qanorga o‘ranishadi, dahshat ularning yopinchig‘i bo‘ladi. Ular sochlarini qirdirishadi*, yuzlari shuvut bo‘ladi. 19 Kumushlarini ko‘chaga uloqtirishadi, oltini axlat kabi bo‘ladi. Mening g‘azab kunimda kumushu oltini ularga najot bera olmaydi. Ularning nafsini qondirmaydi, och qorinlarini to‘ydirmaydi. Ha, oltinu kumushi Isroil xalqining boshiga halokat keltiradi*. 20 Ular ko‘z–ko‘z qilib yurgan chiroyli oltin bezaklaridan makruh xudolarni, jirkanch butlarni yasadilar. Shu sababdan Men boyliklarini ular uchun axlat kabi qilaman.

21 Men o‘sha boyliklarni kelgindilarga o‘lja qilib beraman, dunyoning fosiqlariga talataman. Ular Isroil xalqining bor bisotini harom qiladilar. 22 Men bu xalqdan yuzimni o‘giraman. Shunda kelgindilar aziz uyimni* bulg‘aydilar. Ha, zo‘ravonlar bostirib kelib, uni bulg‘aydilar.

23 Bu xalq uchun zanjirlar tayyorlang! Zero, yurtda qotillik avjiga chiqqan. Quddus shahri zo‘ravonlikka to‘lgan. 24 Men bu yurtga eng vahshiy xalqlarni boshlab kelaman. Ular yurt ahlining uylariga egalik qilishadi. Men kuchlilarning mag‘rurligiga chek qo‘yaman. Ularning sajdagohlari harom qilinadi. 25 Dahshatu alam Isroil xalqini qamrab oladi. Ular tinchlikka intilishadi, ammo tinchlik bo‘lmaydi. 26 Kulfat ketidan kulfat keladi, mish–mish ketidan mish–mish tarqaladi. Odamlar bashorat istab, payg‘ambar oldiga behuda borishadi. Ruhoniylar ta’limot berishga, oqsoqollar maslahat berishga ojiz bo‘ladilar. 27 Shunda shoh qayg‘uga botadi, shahzodalar tushkunlikka tushadi.

Qo‘rqqanidan yurt ahlining qo‘li titraydi. Men ularni qilgan qilmishlariga yarasha jazolayman. Ular boshqalarni qanday hukm qilgan bo‘lsalar, Men ham ularni xuddi shunday hukm qilaman. O‘shanda Isroil xalqi Egasi Men ekanligimni bilib oladi.”


8–BOB

Ma’baddagi butparastlik

1 Surgun bo‘lgan paytimizning oltinchi yili oltinchi oyining* beshinchi kunida Yahudo oqsoqollari meni ko‘rgani uyimga kelishdi. Men ular bilan o‘tirganimda, Egam Rabbiyning qudrati meni qamrab oldi. 2 Qarasam, inson qiyofasidagi bir kishi turibdi.

O‘sha kimsaning belidan pastki qismi olovday chaqnar edi. Yuqori qismi esa sayqallangan misday nur taratib turar edi. 3 U qo‘lga o‘xshash bir uzvini uzatib, meni sochimdan tutdi. So‘ng Ruh meni zamin uzra ko‘tardi–da, Xudoning mana shu vahiysida Quddus shahriga olib ketdi. U meni Ma’badning ichki hovlisidagi shimoliy darvozaning* oldida turgan katta bir but oldiga olib bordi. Bu but Xudoning rashkini qo‘zg‘atardi.

4 O‘sha yerda Isroil Xudosining ulug‘vorligi bor edi. Men bunday vahiyni vodiyda ham ko‘rgan edim*.

5 Xudo menga shunday dedi: “Ey inson, shimol tomonga nazar tashla.” Men shimol

tomonga nazar tashladim. Xudoning rashkini qo‘zg‘atadigan o‘sha but qurbongoh yonidagi darvozaning kiraverishida turardi. 6 Shunda Xudo menga dedi: “Ey inson, xalqimning qilmishini ko‘rdingmi? Ular bu yerda jirkanch ishlarni qilib, Meni muqaddas maskanimdan haydab yubormoqchilar. Qani yur, Men senga bundan battarini ham ko‘rsataman.”

7 U meni Ma’badning tashqi hovlisi kiraverishiga olib bordi. Qarasam, devorda bir teshik bor ekan. 8 U menga dedi: “Ey inson, qani bo‘l, devordagi teshikni kattalashtir.” Men devordagi teshikni kattalashtirdim, shunda bir eshikka duch keldim. 9 Xudo menga dedi: “Ichkariga kir. Bu yerda qilinayotgan o‘taketgan jirkanch ishlarni o‘z ko‘zing bilan ko‘rib qo‘y.” 10 Men ichkariga kirdim. Devorlarning hamma yog‘iga sudralib yuruvchi jonivorlarning va harom hayvonlarning* rasmlari hamda Isroil xalqi sig‘inadigan barcha butlarning tasvirlari solingan edi. 11 Tasvirlarning oldida Isroil xalqining yetmishta oqsoqoli turgan edi. Shofon o‘g‘li Yazaniyo ham o‘shalarning orasida edi. Har birining qo‘lida bittadan olovkurak bor edi. Olovkuraklardan yonayotgan tutatqilarning xushbo‘y tutuni ko‘tarilardi. 12 Xudo dedi: “Ey inson, Isroil oqsoqollarining butlarga to‘la qorong‘i xonada nima qilayotganini ko‘rdingmi? Ular shunday deydilar: «Egamiz bizni ko‘rmayapti, U yurtimizni tark etgan.»” 13 So‘ng Xudo yana dedi: “Qarab tur, Men senga bundan ham battarrog‘ini ko‘rsataman.”

14 Keyin Egamiz meni uyining shimoliy darvozasi yoniga olib bordi. U yerda xotinlar o‘tirib, xudo Tammuz uchun qayg‘urib yig‘layotgan edilar*. 15 Shunda Xudo dedi: “Ey inson, buni ko‘rdingmi?! Men senga bundan ham battarrog‘ini ko‘rsataman.”

16 Egamiz meni uyining ichki hovlisiga olib kirdi. Uyning kiraverishida, ayvon va qurbongoh orasida yigirma besh nafar kishi turar edi. Ular Ma’badga orqasini o‘girib, sharqdan chiqayotgan quyoshga sajda qilayotgan edilar. 17 Egamiz menga shunday dedi: “Ana ko‘rdingmi, inson? Yahudo xalqining mana shu yerda qilayotgan jirkanch ishlari yetmasmidi?! Ular butun yurtni zo‘ravonlikka to‘ldirmoqdalar, qayta–qayta qahrimni keltirmoqdalar. Meni haqorat qilayotganlarini* bir ko‘rib qo‘y! 18 Shuning uchun Men ularning ustiga g‘azabimni sochaman. Ularga achinmayman, rahm qilmayman. Ovozlari boricha Menga xitob qilishsa ham, ularga quloq solmayman.”


9–BOB

Quddusning jazosi

1 Men Xudoning jarangdor ovozini eshitdim. U baland ovozda dedi:


10–BOB

Xudoning ulug‘vorligi Ma’badni tark etadi

1 Qarasam, karublar tepasidagi gumbaz* uzra zangori yoqutga o‘xshash bir narsa paydo bo‘ldi. O‘sha narsa taxt shaklida edi. 2 Xudo zig‘ir libos kiygan kishiga shunday dedi: “Qani bo‘l, karublar ostidagi g‘ildiraklar orasiga kirib, u yerdan bir hovuch yonayotgan ko‘mirdan olib chiq. Ko‘mirni shaharning hamma yog‘iga sochib tashla.”

O‘sha kishi g‘ildiraklar orasiga kirib ketdi. Men esa uni kuzatib turdim. 3 U kirgan paytda karublar Egamiz uyining janub tomonida turgan edilar, ichki hovlini esa bulut qoplagan edi. 4 So‘ng Egamizning ulug‘vorligi karublar uzra ko‘tarilib, uyning ostonasiga borib to‘xtadi. Shu onda uy bulutga to‘ldi, butun hovli Egamizning ulug‘vorligidan chaqnab yorishib ketdi. 5 Karublar qanotlarini qimirlatganlarida shunday shovqin ko‘tarilar ediki, uni hatto tashqi hovlidan turib eshitsa ham bo‘lar edi. Bu shovqin Qodir Xudoning ovoziga o‘xshab ketar edi.

6 Egamiz zig‘ir libos kiygan kishiga: “Karublarning o‘rtasiga kir, g‘ildiraklar orasidagi yonayotgan ko‘mirdan olib chiq”, deb amr berganda, o‘sha kishi bitta g‘ildirakning oldiga borib turdi. 7 Shunda karublardan biri qo‘lini uzatib, yonayotgan ko‘mirdan ozrog‘ini oldi–da, zig‘ir libos kiygan kishining qo‘liga tutqizdi. U kishi yonayotgan ko‘mirni olib ketdi. 8 Har bir karubning qanoti ostida inson qo‘liga o‘xshagan qo‘li bor edi.

9 Qarasam, karublar yonida to‘rtta g‘ildirak turibdi. Har bir karubning yonida bittadan g‘ildirak bor edi. G‘ildiraklar qimmatbaho toshday tovlanardi. 10 To‘rtala g‘ildirakning ko‘rinishiga kelsak, ular bir–biriga o‘xshar edi. Har bir g‘ildirakning ichida

ko‘ndalangiga solingan yana bittadan g‘ildirak bor edi. 11 Ular harakatga kelganda to‘rt tomonga yura olar edi, yurganda burilmasdi. Karubning yuzi qayerga yo‘naltirilgan bo‘lsa, hammasi burilmay o‘sha tomonga yurishardi. 12 Karublarning butun badanlari, orqalari, qo‘llari, qanotlari hatto to‘rtala g‘ildiragi ham ko‘z bilan qoplangan edi.

13 G‘ildiraklarning nomi “Aylanadigan g‘ildiraklar” ekanligini men eshitib qoldim. 14 Har bir karubning to‘rttadan yuzi bor edi: birinchi yuz — karubning yuzi, ikkinchi yuz — odamning yuzi, uchinchi yuz — sherning yuzi va nihoyat to‘rtinchi yuz burgutning yuzi edi.

15 Karublar zamin uzra ko‘tarildilar. Men Kavor daryosi bo‘yida ko‘rgan jonli mavjudotlar* mana shu karublar ekan. 16 Karublar yurganlarida, g‘ildiraklar ham yonlarida yurardi. Qanot yozib ko‘tarilganlarida, g‘ildiraklar ham ulardan ayrilmasdi. 17 Xullas, karublar to‘xtaganda, ular ham to‘xtar edi, ko‘tarilganda ular ham birga ko‘tarilar edi, chunki jonli mavjudotlarning ruhi g‘ildiraklarda edi.

18 Egamizning ulug‘vorligi uy ostonasidan chiqib, karublar uzra to‘xtadi. 19 Men buni tomosha qilib turganimda, karublar qanotlarini yozdilar, zamin uzra ko‘tarilib, g‘ildiraklari bilan birga uydan chiqib ketdilar. Karublar Egamiz uyining sharqiy darvozasi yonida to‘xtab qoldilar. Isroil Xudosining ulug‘vorligi ularning ustida edi.

20 Bu jonli mavjudotlarni men Kavor daryosi bo‘yida ko‘rgan edim. O‘shanda ham ular Isroil Xudosining oyog‘i ostida edilar. Bu mavjudotlar karublar ekanligini men endi tushunib olgan edim, 21 chunki har bir karubning to‘rtta yuzi, to‘rtta qanoti hamda qanotlari ostida odam qo‘liga o‘xshagan qo‘llari bor edi. 22 Ularning yuz tuzilishi men Kavor daryosi bo‘yida ko‘rgan mavjudotlarniki bilan bir xil edi. Har bir mavjudot old tomonga qarab yurar edi.


11–BOB

Isroilning fosiq yo‘lboshchilari hukm qilinadi

1 Ruh meni ko‘tarib, Egamiz uyining sharqiy darvozasiga olib bordi. Darvoza yonida men yigirma besh nafar kishini ko‘rdim. Ularning orasida xalq rahnamolaridan Azzur o‘g‘li Yazaniyo va Binayo o‘g‘li Pilatiyo bor edi. 2 Egamiz menga shunday dedi: “Ey inson, mana bu odamlarning niyati yomon. Ular shahardagilarga bo‘lmag‘ur maslahatlar berib yurishibdi. 3 O‘sha buzuq odamlar shunday deydilar: «Hozir imoratlar solishning hojati yo‘q. Bu shahar qozon kabidir, biz esa qozonda saqlangan go‘shtdaymiz.» 4 Shunday ekan, ey inson, ularga qarshi bashorat qil!”

5 So‘ng Egamizning Ruhi butun vujudimni qamrab oldi. U Isroil xalqiga quyidagilarni aytishimni buyurdi: “Egamiz shunday demoqda: ey Isroil xalqi, sizlar o‘sha gapni aytdingiz. Men esa hamma o‘y–xayollaringizni bilaman. 6 Sizlar shahardagi ko‘p odamlarni o‘ldirdingiz, ko‘chalarni jasadlarga to‘ldirdingiz. 7 Shuning uchun Men, Egangiz Rabbiy, aytamanki, bu shahar haqiqatan ham qozon kabidir. Ammo go‘sht sizlar emas, balki siz o‘ldirgan odamlarning jasadlaridir. Men sizlarni shahardan chiqarib yuboraman. 8 Sizlar qilichdan qo‘rqqan edingizlar, ammo ustingizga qilich yuboraman,

— deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 9 — Sizlarni shahardan haydab chiqarib, ajnabiylarning* qo‘liga topshiraman. Sizlarni shu yo‘sin jazolayman. 10 Sizlar qilichdan nobud bo‘lasizlar. Men sizlarni Isroil chegaralarida jazolayman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. 11 Bu shahar sizlar uchun qozonday bo‘lmaydi, sizlar ham

qozon ichidagi go‘shtday bo‘lmaysizlar. Men sizlarni Isroil chegaralarida jazolayman. 12 O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. Zero, sizlar shu paytgacha qonun– qoidalarimni buzib, yon–atrofingizda yashovchi xalqlarning odatlariga taqlid qilib keldingizlar.”

13 Men, Hizqiyol, bashorat qilayotganimda, birdaniga Binayo o‘g‘li Pilatiyo jon berdi. Men yerga yuz tuban yiqilib: “Yo Egam Rabbiy! Sen Isroilda qolgan hamma odamlarni nobud qilmoqchimisan?” deya ovozim boricha hayqirib yubordim.

Xudoning va’dasi

14 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 15 “Ey inson, surgun bo‘lgan sening oilang, urug‘–aymoqlaring va butun Isroil xalqi haqida Quddusdagilar shunday aytishmoqda:

«Ular uzoqda, Egamizga sajda qila olmaydilar. Shuning uchun bu yurt bizga mulk qilib berildi.» 16 Ammo sen surgunda bo‘lgan Isroil xalqiga shunday xabar yetkaz: «Egamiz Rabbiy aytmoqda: Men sizlarni olisdagi xalqlar orasiga jo‘natdim. Boshqa yurtlarga tarqatib yubordim. Biroq begona yurtdagi musofirlik davringizda, O‘zim sizlarga sajdagoh bo‘laman.»

17 Yana ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men sizlarni xalqlar orasidan yig‘ib olaman. Ha, sizlar begona yurtlarga tarqalib ketdingiz, ammo Men sizlarni u yerlardan olib chiqaman. Isroil yurtini sizlarga qaytarib beraman.»

18 Ey inson, Isroil xalqi o‘z yurtiga qaytib kelganda, u yerdagi makruh xudolarni, jirkanch butlarni ildizi bilan yo‘q qiladi. 19 Men ularga yaxlit bir yurak beraman, qalblarini yangi ruhga to‘ldiraman. Bag‘ridagi tosh yurakni olib tashlab, o‘rniga yumshoq yurak solaman. 20 Shunda ular farmonlarimni bajaradigan, qonun– qoidalarimga rioya qiladigan bo‘ladilar. Ular Mening xalqim bo‘ladi, Men esa ularning Xudosi bo‘laman. 21 Ammo makruh xudolarga, jirkanch butlarga sajda qilishni xush ko‘radigan odamlarni qilmishlariga yarasha jazolayman.” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.

Xudoning ulug‘vorligi Quddusni tark etadi

22 Karublar qanotlarini yozib, yonidagi g‘ildiraklari bilan birga osmonga ko‘tarildilar.

Isroil Xudosining ulug‘vorligi karublar ustida edi. 23 Egamizning ulug‘vorligi shaharni tark etib, shaharning sharq tomonidagi toqqa* borib to‘xtadi. 24 Vahiyda Ruh meni ko‘tarib, Bobilga* surgun qilinganlarning oldiga qaytarib olib bordi. Vahiy tamom bo‘ldi. 25 Men surgundagi birodarlarimga Egamiz ayon qilgan hamma narsani aytib berdim.


12–BOB

Surgun timsoli

1 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, sen isyonkor xalq orasida yashab yuribsan. Ularning ko‘zlari bor, ammo ko‘rmaydilar, quloqlari bor, ammo eshitmaydilar, chunki ular isyonkor xalqdir.

3 Ey inson, kerakli narsalaringni tugib ol. Xuddi surgunga ketayotganday yo‘lga chiq.

Buni kunduz kuni qil, odamlar seni ko‘rsin. Sen uyingni tashlab, boshqa joyga ketayotganingni hamma ko‘rsin. Kim bilsin, balki shunda bu isyonkor xalq esini yig‘ib olar. 4 Xalq seni tomosha qila olishi uchun tuguningni kunduz kuni tashqariga chiqarib qo‘y. O‘zing esa, kech tushganda, seni tomosha qilayotgan olomon oldida, xuddi

surgunga ketayotganday yo‘lga chiq. 5 Odamlarning ko‘zi oldida uying devorini tesh, tuguningni teshikdan olib chiq. 6 Kech tushganda, uni yelkangga ortib, yo‘lga tush. Tark etayotgan yurtingni ko‘ra olmasliging uchun yuzingni yopib ol, chunki xalq tomosha qiladigan bu namoyish ular uchun bir timsol bo‘ladi.”

7 Men Egamizning aytganini qilib, surgunga ketayotganday, tugunimni kunduz kuni

ko‘chaga chiqarib qo‘ydim. Kech tushganda qo‘lim bilan uyim devorini teshdim. Qorong‘ida tugunni ko‘chaga chiqarib, yelkamga ortib oldim. Odamlar meni tomosha qilib turar edilar.

8 Ertasi kuni ertalab Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 9 “Ey inson, bu isyonkor Isroil xalqi sendan «Nimalar qilyapsan?» deb so‘ragan edi, shunday emasmi? 10-

11 Ularning oldiga borib ayt: «Kecha men sizlarga kelajakda sodir bo‘ladigan voqealarni namoyish qildim. Qilgan namoyishim Quddusda hukmronlik qilayotgan shahzoda* va u yerdagi butun Isroil xalqining qismati ramzidir. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sizlar asirlikka tushib, surgun bo‘lasizlar. 12 Hozir hukmronlik qilayotgan shahzodangiz ham qorong‘ida yelkasiga tugun ortib, yo‘lga tushadi. U devorda ochilgan teshikdan chiqadi. Tark etayotgan yurtni ko‘rmasligi uchun yuzini yopib oladi. 13 Men uning ustiga to‘r tashlayman, u tuzog‘imga tushadi. Men uni Xaldeylar* yurti Bobilga olib boraman, ammo u Bobilni ko‘ra olmaydi. U o‘sha yerda olamdan o‘tadi. 14 Men shoh saroyining butun ahlini — vazirlaru soqchilarini to‘rt tomonga tarqatib yuboraman. Qilichimni yalang‘ochlab, ularni ta’qib qilaman.

15 Ey Isroil xalqi, Men sizlarni xalqlar orasiga tarqatib tashlaganimda, boshqa yurtlarga quvib yuborganimda, Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. 16 Ammo Men ba’zilaringizni asrab qolaman. Ularni jangda saqlayman, ocharchiligu o‘latdan qutqaraman. Ular boshqa xalqlar orasiga surgun bo‘lganda, qilgan jirkanch odatlarini e’tirof qiladilar. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.»”

Jazo kechiktirilmaydi

17 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 18 “Ey inson, noningni yeganingda titragin, suvingni ichganingda qo‘rquv ichra qaltiragin. 19 Yurtdagi odamlarga ayt: «Isroil yurti va Quddus aholisi to‘g‘risida Egamiz Rabbiy shunday demoqda: bu odamlar yovuz bo‘lib ketganlari uchun, Men ularning yurtini talon–taroj qildiraman. Ular nonni qo‘rquv ichra yeydilar, suvni sarosima ichra ichadilar. 20 Aholi yashagan shaharlari vayron bo‘ladi, butun yurt tashlandiq bo‘lib qoladi. Shunda ular Egasi Men ekanligimni bilib oladilar.»”

Egamizning so‘zlari amalga oshadi

21 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 22 “Ey inson, Isroil yurtida aytilayotgan,

«kunlar o‘tyapti, bashoratlar esa puchga chiqyapti» degan maqolni eshitgansan. 23 Endi xalqim oldiga borib ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men bu maqolni yo‘q qilib yuboraman. Isroilda uni aytmaydigan bo‘lishadi.» Yana ularga ayt: «Bashoratlar bajo bo‘ladigan kunlar yaqinlashib qoldi. 24 Endi Isroil yurtida soxta bashoratlaru yolg‘on karomatlar aytilmaydi. 25 Ammo Men, Egangiz, sizlarga gapiraman, aytgan so‘zlarim amalga oshadi, kechikmaydi. Ey isyonkor xalq, sizlar hayot bo‘lgan kunlarda aytganlarimni bajo keltiraman. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”

26 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 27 “Ey inson! Isroil xalqi sen aytgan bashoratlar uzoq kelajakka taalluqli, deb o‘ylayapti. 28 Shuning uchun ularga borib ayt:

«Egamiz Rabbiy shunday demoqda: aytgan birorta so‘zim kechikmaydi, hammasi

amalga oshadi! Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”


13–BOB

Soxta payg‘ambarlarning holi

1 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, Isroilda o‘zicha bashorat qilib yurgan payg‘ambarlarga qarshi bashorat qil. Ularga shunday deb ayt: «Egamizning so‘zlarini eshiting! 3 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey ahmoq payg‘ambarlar, holingizga voy! Sizlar hech qanday vahiy ko‘rmagansiz, bashoratlaringizni o‘zingiz o‘ylab to‘qigansiz.»

4 Isroil xalqiga ayt: «Payg‘ambarlaringiz shahar vayronalari orasida daydib yurgan chiyabo‘rilarga o‘xshaydi. 5 Mana, ular devorning o‘pirilib tushgan joylarini qo‘riqlamadilar, devorni tuzatmadilar. Endi Mening g‘azab kunimdagi jangda sizlar o‘zingizni muhofaza qila olmaysiz. 6 Payg‘ambarlaringizning ko‘rgan vahiylari soxta, karomatlari yolg‘ondir! Men ularni yubormaganman, ammo ular ‘Egamiz shunday demoqda’, deb gapiradilar. Yana o‘z gaplari amalga oshishini kutadilar! 7 Ko‘rgan vahiylari soxta emasmi?! Aytgan karomatlari yolg‘on emasmi?! Men ularga gapirmasam ham, ‘Egamiz shunday demoqda’, deb aytishadi! 8 Payg‘ambarlaringiz yolg‘on gaplar aytib yuribdilar, soxta vahiylar ko‘ryaptilar. Shuning uchun ularga qarshiman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 9 — Bu yolg‘onchi payg‘ambarlarga qo‘l ko‘taraman, ularni kengashingizdan yo‘q qilaman. Nomlarini Isroil xalqi ro‘yxatidan o‘chirib tashlayman, ular hech qachon Isroil yurtiga qaytib kelmaydilar. O‘shanda Egangiz Rabbiy Men ekanligimni bilib olasizlar.»

10 Ey inson, notinch paytlarda, bu payg‘ambarlar «tinchlik», deya xalqimni yo‘ldan uradilar. Xalqim zaif devor ko‘targanda, payg‘ambarlar uni ohak bilan oqlaydilar.

11 Shuning uchun devorni oqlayotganlarga ayt: «Bu devor qulaydi. Uning ustiga jala yog‘adi, katta–katta do‘l tushadi, unga qarshi dovul turadi. 12 Devor qulaganda odamlar sizlarga: ‘Devorni oqlaganingizdan nima foyda chiqdi?!’ deb aytmaydimi? 13 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men g‘azab ustida dovul turg‘izaman. Qahr ustida jala yog‘diraman. Jahl ustida do‘l yuborib, devorni qulataman. 14 Sizlar ohak bilan oqlagan bu devorni Men yiqitaman. Uni poydevorigacha ochib tashlayman. Qulagan devor sizlarni bosib qoladi, sizlar hammangiz halok bo‘lasizlar. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.»

15-16 Isroil xalqiga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday deb aytmoqda: shu yo‘sinda Men g‘azabimni devor va devorni oqlagan odamlar ustiga yog‘diraman. Men sizlarga: ‘Devor ham, uni oqlagan odamlar ham yo‘q bo‘ldi’, deb aytaman. Ha, bu payg‘ambarlar notinch damlarda Quddus aholisiga bashorat qilib, tinchlik vahiylarini bergan edilar.»

Jodugar ayollarning holi

17 Ey inson, Isroil xalqining o‘zicha bashorat qilib yurgan ayollariga yuzlan. Ularga qarshi bashorat qilib 18 ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey odamlarning jonini ovlab yurgan ayollar, sizlarning holingizga voy! Sizlar har bir odamning bilagiga tumor taqasizlar. Yoshu qarining boshiga yopinchiqlar yopasizlar*. Sizlar xalqimning jonlarini ovlab turib, o‘z jonimizni saqlab qolamiz, deb o‘ylaysizmi?! 19 Sizlar bir hovuch arpa bilan bir burda non uchun xalqim oldida Meni badnom qildingiz–ku! Yolg‘onni xush ko‘rgan xalqimga yolg‘on gapirib, aybsiz odamni nobud qildingiz. O‘limga loyiq bo‘lgan

odamning jonini esa asrab qoldingiz.

20 Shuning uchun Egamiz Rabbiy aytmoqda: sizlar tumorlaringiz bilan odamlarning jonlarini ovlayapsizlar. Men o‘sha tumorlaringizga qarshiman. Men ularni qo‘llaringizdan yulib olaman, qafasdagi qushni ozod qilganday, xalqimni ozod qilaman. 21 Yopinchiqlaringizni yirtib tashlayman, xalqimni changalingizdan xalos qilaman. Ular endi sizning qurbonlaringiz bo‘lmaydi. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. 22 Sizlar yolg‘onlaringiz bilan solih odamning dilini ranjitdingiz. Men esa uni ranjitmoqchi emas edim. Fosiq odam yomon yo‘lidan qaytmasligi, jonini saqlab qolmasligi uchun sizlar uni qo‘llab turdingiz. 23 Shu sababdan endi sizlar yolg‘on vahiylar ko‘rmaysizlar, fol ochib yurmaysizlar. Men O‘z xalqimni changalingizdan ozod qilaman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.»”


14–BOB

Xudo butparastlikni hukm qiladi

1 Isroil oqsoqollaridan ba’zi birlari meni ko‘rgani keldilar. 2 Shu onda Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 3 “Ey inson, bu odamlar butlarga ko‘ngil qo‘yganlar, gunoh ularning boshiga halokat keltiradi*. Shunday ekan, Menga maslahat solishlariga qanday yo‘l qo‘yay?! 4 Sen ularga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Isroil xalqidan birorta odam butlarga ko‘ngil qo‘ysa, bu gunoh uning boshiga halokat keltiradi. Agar bunday odam maslahat so‘ragani payg‘ambar oldiga kelsa, Men, Egangiz, o‘sha odamning sanoqsiz butlariga yarasha javobini beraman. 5 O‘sha butlari tufayli butun Isroil xalqi Mendan uzoqlashib ketdi, ammo Men beradigan javobim bilan ularning sadoqatini qozonaman.»

6 Isroil xalqiga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: tavba qilinglar, butlaringizdan voz kechinglar. Jirkanch odatlaringizdan yuz o‘giringlar. 7 Ey Isroil xalqi, bilib qo‘yinglar, agar sizlardan birortangiz yoki orangizda yashab yurgan birorta musofir Mendan yuz o‘girib, butlarga ko‘ngil qo‘ysa, bu gunoh uning boshiga halokat keltiradi. Bunday odam payg‘ambar oldiga kelib, Menga maslahat solsa, o‘sha odamga javobni O‘zim beraman. 8 Men bunday odamlarga qarshi chiqaman. Boshqalar ularni misol qilib, masallar aytadi. Men ularni orangizdan yo‘q qilaman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.

9 Agar payg‘ambar yanglishib, noto‘g‘ri maslahat bersa, o‘sha payg‘ambarni Men, Egangiz, yanglishtirgan bo‘laman. Men unga qarshi qo‘limni ko‘taraman, uni orangizdan daf qilaman. 10 Men payg‘ambarni ham, uning oldiga maslahat so‘rab kelgan odamni ham birday jazolayman. 11 Shunda sizlar yo‘limdan ozmaydigan bo‘lasiz, gunohlaringiz bilan o‘zingizni bulg‘amaysiz. Sizlar Mening xalqim bo‘lasiz, Men esa sizlarning Xudoyingiz bo‘laman. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”

Egamiz yurt aholisini jazolashi muqarrar

12 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 13 “Ey inson, agar biror yurtning aholisi

Menga bo‘lgan sadoqatini unutib, gunohga qo‘l ursa, Men ularga qarshi qo‘limni ko‘tarib, butun yurtga ocharchilik yuboraman. Odamlarni bir burda nonga zor qilaman. Yurtdagi odamu hayvonlarni qirib tashlayman. 14 Bunday xalq orasida hattoki Nuh, Doniyor* va Ayub payg‘ambarlar yashagan taqdirda ham, ular solihligi tufayli faqat o‘z jonlarini saqlab qolgan bo‘lishardi, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 15 — Men o‘sha yurt

aholisini yirtqich hayvonlarga talatmoqchi bo‘ldim, deylik. Yurt huvullab qolib, hayvonlar tufayli odamlar u yerga oyoq bosmay qo‘ydi ham, deylik. 16 Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, agar o‘sha uchala payg‘ambar u yerda bo‘lganda edi, ular o‘z bola–chaqasini ham qutqara olmagan bo‘lardi. Ular faqat o‘z jonlarini saqlab qolgan bo‘lardi. Yurt esa xarobazorga aylanardi. 17 Yoki Men o‘sha yurtga dushman yuborib, u yerdagi bor jonzotni qilichdan o‘tkazishga qaror qildim, deylik. 18 Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, agar o‘sha uchala payg‘ambar u yerda bo‘lganda edi, ular o‘z bola–chaqasini ham qutqara olmagan bo‘lardi. Ular faqat o‘z jonlarini saqlab qolgan bo‘lardi, xolos.

19 Yoki Men o‘sha yurtga g‘azabimni yog‘dirib, butun jonzotni o‘lat orqali qirib tashlamoqchi bo‘ldim, deylik. 20 Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, hattoki Nuh, Doniyor va Ayub u yerda bo‘lganda edi, ular o‘z bola– chaqasini ham qutqara olmagan bo‘lardi. Ular faqat o‘z jonlarini saqlab qolgan bo‘lardi.”

21 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men bundan ham battarini qilaman, Quddus ustiga to‘rt xil dahshatli kulfat yog‘diraman. Shahardagi odamlar va hayvonlar urush, ocharchilik, yovvoyi hayvonlar dastidan va o‘latdan nobud bo‘ladilar! 22 Ammo ba’zi erkagu ayollar omon qoladilar. Ular qochib, sizlarning oldingizga, Bobilga keladilar.

O‘shanda ularning yurish–turishini, qilmishlarini o‘zlaringiz ko‘rib, Men Quddus ustiga yuborgan hamma kulfatlardan taskin topasizlar. 23 Ha, o‘sha odamlarning yurish– turishini, qilmishlarini ko‘rganlaringizdan keyin taskin topasizlar. Qilgan hamma ishlarim bejiz emasligini bilib olasizlar.” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.


15–BOB

Uzum toki haqida matal

1 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, tok novdasining yog‘ochdan farqi bormi?! O‘rmon daraxtlaridan uning biron afzalligi bormi?! 3 Undan biron–bir narsa yasab bo‘ladimi? Hech bo‘lmasa, buyum osish uchun qoziq qilsa bo‘ladimi? 4 Yo‘q, u faqat o‘tin uchun yaraydi, xolos. Novdaning ikki chekkasi kuyib, o‘rtasi yonib bo‘lgandan keyin, uni biron narsaga ishlatib bo‘larmidi, axir?! 5 Kuymagan tok novdasi yaroqsiz bo‘lgandan keyin, kuyib bo‘lgani hech qanday foyda keltirmasligi aniq!

6 Shuning uchun Men, Egangiz Rabbiy, shuni aytib qo‘yay: Quddus aholisi o‘rmon daraxtlari orasidagi uzum tokiga o‘xshaydi. Ular yaroqsiz bo‘lganlari uchun, Men ularni olovda kuydirib yuboraman. 7 Men O‘zim ularga qarshi chiqaman. Ular olovdan qochib qutulsalar ham, baribir, olovdan nobud bo‘ladilar. Men ularga qarshi chiqqanimdan keyin, Egangiz Men ekanligimni sizlar bilib olasizlar. 8 Xalqim Menga xiyonat qilgani uchun, Men butun yurtni sahroga aylantiraman.” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.


16–BOB

Quddus go‘zal kelinchak timsolida

1 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, Quddusning barcha jirkanch odatlarini yuziga solib, 3 ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: asli sen Kan’on yurtida tug‘ilgansan, sening otang Amor xalqidan, onang Xet urug‘idan bo‘lgan*. 4 Sen tug‘ilganingda, hech kim senga qaramagan. Hech kim kindigingni qirqmagan, seni

yuvintirmagan, teringni tuz bilan artib, yo‘rgaklamagan. 5 Bironta odamning senga rahmi kelmagan, hech kim senga achinmagan, qaramagan. Sen tug‘ilganingda, hamma sendan hazar qilgan, shuning uchun seni dalaga olib borib tashlashgan.

6 Men o‘sha yerdan o‘tib ketayotib, seni ko‘rib qoldim. Sen o‘z qoningga belanib, tipirchilab yotgan eding. Shunda Men senga: ‘Sen o‘lmaysan!’ dedim. Senga umr tiladim. 7 Men seni dashtdagi o‘simlik kabi o‘stirdim. Sen ulg‘ayding, bo‘ying cho‘zildi, eng go‘zal bir gavharga o‘xshab qolding*. Sening ko‘kraklaring to‘lishdi, sochlaring uzun bo‘ldi, ammo sen qip–yalang‘och eding.

8 Men yana o‘sha yerdan o‘tib ketayotib, seni ko‘rib qoldim. Sen sevgi uchun yetilganingni ko‘rib, kiyimimning etagi bilan yalang‘och badaningni yopdim. Men senga qasamyod qildim, sen bilan nikoh ahdini tuzdim. Shunda sen Meniki bo‘lding, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 9 — Seni cho‘miltirib, badaningga yopishib qolgan qon qoldiqlarini yuvib tashladim. Teringga xushbo‘y moylarni surtdim. 10 Egningga naqsh solingan ko‘ylak, oyog‘ingga yumshoq teridan tikilgan choriqlar kiydirdim. Boshingga harir ro‘mol o‘rab, ustingga shoyi to‘n tashladim. 11 Qimmatbaho bezaklar bilan senga zeb berdim: qo‘llaringga bilaguzuklar, bo‘yningga tilla zanjir, 12 burningga uzuk, quloqlaringga sirg‘a taqdim, boshingga go‘zal bir toj kiydirdim. 13 Seni oltinu kumush bilan bezantirdim, ustingga qimmatbaho shoyi, mayin zig‘ir matosidan tikilgan liboslaru naqsh solingan ko‘ylaklar kiydirdim. Oliy navli undan yopilgan nonlar bilan, zaytun

moyi va asal bilan seni boqdim. Sen nihoyatda go‘zal bo‘lding, haqiqiy malikaga o‘xshab qolding. 14 Mislsiz go‘zalliging bilan xalqlar orasida dong taratding, chunki Men senga bergan ulug‘vorligim go‘zalligingni mukammal qilgan edi. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.

Quddus fohisha timsolida

15 Sen esa go‘zalligingga ishonding. Shuhratingdan foydalanib, fahsh yo‘liga kirding*.

O‘tgan–ketgan erkakka o‘zingni berding, go‘zalligingdan ularni bahramand qilding. 16 Men senga bergan nafis matolar bilan sajdagohlaringni* bezab, u yerda fohishalik qilding. Qanday sharmandagarchilik! Aslo bunday bo‘lishi kerak emas edi! 17 Bundan tashqari, Men senga bergan oltin va kumush bezaklardan o‘zingga erkak tasviridagi haykalchalar yasattirding. Ular bilan zino qilding. 18 Naqsh solingan ko‘ylaklaringni

butlar ustiga kiydirding. Men senga bergan moy bilan xushbo‘y tutatqilarni ularga nazr qilding. 19 Senga non uchun bergan oliy navli unni, zaytun moyi va asalni butlaringga xushbo‘y hadyalar sifatida tortiq qilding. Eha, shular sodir bo‘ldi, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 20 — So‘ng Mendan ko‘rgan o‘g‘il–qizlaringni olding, ularni o‘z butlaringga yem qilib, qurbon qilding. Nahotki fohishalik qilganing yetmagan bo‘lsa?!

21 Bolalarimni so‘yishing, ularni butlaringga qurbonlik qilib, olovda kuydirishing* shartmidi?! 22 Jirkanch odatlaru fohishalik qilganingda sen biron marta ham o‘z bolaligingni eslamading, qip–yalang‘och bo‘lganingni, o‘z qoningga belanib tipirchilab yotganingni esga olmading.

23 Sening holingga voy! — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Qilgan qabihliklaring yetmaganday sen 24 o‘zing uchun so‘rilar qurding, har bir maydonda baland supalar* o‘rnatding. 25 Har bir ko‘chaning boshida baland supalar qurib, go‘zalligingni xor qilding. O‘tgan–ketganga putingni ochding, fohishalikka berilib ketding. 26 A’zosi yirik bo‘lgan qo‘shni Misr bilan yotding. Fahshga berilib, g‘azabimni keltirding. 27 Shunda Men

qo‘limni senga qarshi ko‘tardim. Rizqingni kamaytirib, seni dushmanlaring bo‘lgan Filist ayollarining ixtiyoriga topshirdim. Hattoki o‘shalar ham sening behayoligingni ko‘rib, yoqalarini ushlashgan. 28 Sen to‘ymas hirsingni qoniqtirish uchun Ossuriya* bilan fohishalik qilding. Ammo shunda ham qoniqmading. 29 Savdogarlar yurti bo‘lgan Bobil* bilan ham fahshga berilding, ammo shunda ham qoniqmading.

30 Naqadar buzuqdir sening yuraging! — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Sen o‘zingni shaloq xotinday tutding–ku! 31 Sen har bir ko‘chaning boshida so‘rilar qurding, har bir maydonda baland supalar o‘rnatding. Yo‘q, sen fohishaday emas eding, sen to‘lovdan hazar qilarding. 32 Sen buzuq ayolsan! Begona erkaklarni o‘z eringdan afzal ko‘rding. 33 Hamma fohishalarga sovg‘alar beriladi. Lekin sen hamma o‘ynashlaringga sovg‘alar berding. Har yoqdan kelib, sen bilan fohishalik qilishlari uchun ularni sotib olding. 34 Ha, sen boshqa fohishalardan ajralib turasan. Hech kim seni fohishalik qilishga undamagan, hech kim senga to‘lov bermagan. Aksincha, boshqalarga sen to‘lov bergansan. Haqiqatan ham, sen boshqachasan!»

Xudo Quddusni hukm qiladi

35 Ey inson, Quddusga ayt: «Endi esa, ey fohisha, Egamizning so‘zlarini eshit!

36 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sen kiyimlaringni yechib, o‘ynashlaring bilan fohishalik qilding, makruh butlaringga sajda etding. O‘z bolalaringning qonini to‘kib, xudolaringga qurbon qilding. 37 Shuning uchun sendan lazzatlangan hamma o‘ynashlaringni Men har yerdan yig‘ib kelaman. Sen sevganlarni ham, nafratlanganlarni ham senga qarshi yig‘aman. Seni qip–yalang‘och qilib, ularning oldiga chiqarib qo‘yaman. Ular seni tomosha qiladilar. 38 Men seni qotilliging va zinokorliging uchun hukm qilaman. Rashku g‘azabda seni qonga belayman. 39 Seni o‘ynashlaring ixtiyoriga topshiraman. Ular so‘rilaringni buzadilar, supalaringni vayron qiladilar. Ustingdagi kiyimlaringni yulib oladilar, chiroyli taqinchoqlaringni tortib oladilar. Sen qip– yalang‘och qolasan. 40 Ular olomonni yig‘ib, seni toshbo‘ron qiladilar, jasadingni qilich bilan nimtalab tashlaydilar. 41 Uylaringni yondirib yuboradilar, seni bir talay ayollarning ko‘zi oldida jazolaydilar. Shu yo‘sin Men fohishaligingga chek qo‘yaman. Sen o‘ynashlaringga boshqa to‘lov bermaysan. 42-43 Sen bolaligingni eslamaganing uchun, qilmishlaring bilan qahrimni keltirganing uchun, Men qilmishlaringga yarasha jazoingni beraman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Shunda Men jahldan tushaman, rashkimni bosib olaman. Tinchlanib, boshqa g‘azablanmayman.

Ey Quddus, jirkanch odatlaring yetmasmidi, nimaga behayolik qilding? 44 Odamlar sen haqingda gapirganda ‘qiz onasiga tortar’ degan maqolni ishlatishadi. 45 Sen haqiqatan ham o‘z eri va bolalaridan hazar qilgan onangga o‘xshaysan. Erlari va bolalaridan hazar qilgan opa–singillaringdan qolishmaysan. Sening onang Xet urug‘idan, otang Amor xalqidan edi*. 46 Sening opang Samariya o‘z qizlari bilan shimolda, singling Sado‘m esa o‘z qizlari bilan janubda yashar edilar. 47 Sen nafaqat ularning yo‘llaridan yurgansan, jirkanch odatlariga taqlid qilgansan, balki qisqa vaqt ichida barcha qabihliklaring bilan ulardan o‘zib ham ketgansan. 48 Men, Egang Rabbiy, barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, sening singling Sado‘m o‘z qizlari bilan senchalik va sening qizlaringchalik qabihliklar qilmagan. 49 Sado‘mning aybi shudir: u va uning

qizlari mag‘rur edilar. Ular to‘q, tinch va osoyishta hayot kechirar edilar, ammo

mazlumu nochorlarga yordam bermas edilar. 50 Ha, ular mag‘rur edilar, oldimda

jirkanch ishlar qilgandilar. Men buni ko‘rib, ularni yo‘q qilgan edim. 51 Hatto Samariya ham sen qilgan gunohlarning yarmisini qilmagan. Sen ulardan ko‘proq qabihliklar qilgansan. Qilgan qabihliklaring oldida opang bilan singling solih bo‘lib ko‘rinadi.

52 Mana endi sharmandaligingga toqat qilishga majbursan. Sen opa–singillaringning jazosini yengillashtirding. Sen ulardan ham battar gunohlar qilib, ularni begunohday ko‘rsatding. Endi uyalgin, sharmandaligingga toqat qilgin, chunki sen opa–singillaringni oppoq qilib ko‘rsatding.

53 Ammo bir kun kelib, Men Sado‘m va Samariyani ularning qizlari bilan birga yana farovonlikka erishtiraman. Ular bilan birga seni ham tiklayman. 54 Shunda sen sharmandaligingga toqat qilib, o‘zingdan–o‘zing uyalib ketasan, chunki sen qilgan qilmishlaring bilan opa–singillaringni ancha yupatding. 55 Ha, opa–singillaring Sado‘m va Samariya qizlari bilan tiklanadi. Sen ham qizlaring bilan qayta tiklanasan. 56 Sen mag‘rurlanib, singling Sado‘mni mazax qilar eding. 57 Ammo endi, sening fosiqliging butun dunyoga oshkor bo‘ldi. Sen Edom* qizlari va ularning hamma qo‘shnilari uchun mazax bo‘lding. Filist qizlari hamma joyda seni masxara qiladilar. 58 Sen behayoliging va jirkanch odatlaringga yarasha jazo tortishing shart. Egamizning kalomi shudir.

Abadiy ahd

59 Egamiz Rabbiy demoqda: ey Quddus, Men qilgan qilmishingga yarasha jazoingni beraman, chunki sen bergan va’dalaringni mensimading, ahdingni buzding. 60 Ammo Men yoshligingda sen bilan tuzgan ahdimga* sodiq qolaman, sen bilan abadiy bir ahd tuzaman. 61 Sen qilgan qilmishlaringni eslaysan. Opangni ham, singlingni* ham qabul qilganingda uyalasan. Men ularni senga farzand qilib beraman. Buni sen bilan tuzadigan ahddan tashqari qilaman. 62 Ha, Men sen bilan ahd tuzaman, shunda Egang Men ekanligimni bilib olasan. 63 Men qilgan barcha gunohlaringni kechiraman, ammo sen ularni doim yodingda tutib, xijolat bo‘lasan. Uyalganingdan sen hatto og‘zingni ham ocha olmaysan. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”


17–BOB

Burgutlar va uzum haqida matal

1 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, Isroil xalqiga quyidagi bir matalni aytib ber. 3 Ularga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: bahaybat, baroq patli, chipor bir burgut* ulkan qanotlarini keng yoyib, Lubnon tog‘lariga uchib keldi. U sadr daraxtining* uchini ushlab, 4 uchidagi bir shoxchasini sindirib oldi. So‘ng uni savdogarlar shahriga olib borib, u yerga o‘tqazdi. 5 Keyin Isroil yurtidan olib kelgan tok qalamchasini unumdor yerga ekdi. Uni serob suvlar bo‘yiga majnuntolday o‘tqazdi.

6 Qalamcha unib, yerda yoyilgan sernovda uzum tokiga aylandi. Uning novdalari burgut tomon cho‘zildi, tagidagi ildizlari yerga chuqur yoyildi. U tokka aylandi, novdalari gurkirab o‘sdi, barra yaproqlar chiqardi.

7 Keyin boshqa bahaybat bir burgut* uchib keldi. Bu ulkan qanotli burgut qalin pat bilan qoplangan edi. Shunda tok, kelgan burgut meni sug‘orar, deya o‘sgan joyidan ildizlarini burgut tomon cho‘zdi, novdalarini u tomon uzatdi. 8 Ammo tok allaqachon serob suvlar bo‘yidagi unumdor yerda o‘sayotgan edi. U unib chiqqan edi, mo‘l hosil berishga, ko‘rkam uzum toki bo‘lib yetishishga imkoniyati bor edi.»

9 Isroil xalqiga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: bu tok endi gurkirab

o‘sarmikan?! Tokni ekkan burgut uni ildizi bilan sug‘urib tashlamaydimi?! Uzumlarini uzib, barra yaproqlarini quritib yubormaydimi?! Ha, tokni sug‘urib tashlash uchun katta kuch yoki qudratli lashkar kerak emas. 10 Bordi–yu, tokni boshqa bir joyga ko‘chirib o‘tqazsa, u yana ko‘kararmikan?! Yo‘q, garmsel* uni batamom qovjiratib yuboradi–ku.

Tok o‘sgan joyida so‘lib qoladi–ku.»”

Matalning ma’nosi

11 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 12 “Bu isyonkor Isroil xalqiga shunday deb ayt: «Matalning ma’nosini tushundingizmi? Men sizlarga ma’nosini aytib beray: Bobil shohi Quddusga bostirib keldi, u yerdagi shohu* a’yonlarni o‘zi bilan Bobilga olib ketdi.

13-14 So‘ng shoh oilasiga mansub bo‘lgan bir kishini* tanladi. Unga qasam ichdirib, u bilan bir sulh tuzdi. Isroil xalqi itoatkor bo‘lsin, isyon ko‘tarmasin, sulhga rioya qilgani uchun omon qolsin deb, Bobil shohi yurtdagi barcha nufuzli odamlarni o‘zi bilan olib ketdi.

15 Ammo yangi tanlangan Isroil shohi* Bobilga qarshi isyon ko‘tardi. U Misr shohi huzuriga choparlar jo‘natdi, undan ko‘mak uchun otlaru lashkar so‘radi. U muvaffaqiyat qozonarmikan?! Bunday ish qilgan odam jazosiz qolarmikan?! Sulhni buzgan kishi jazodan qochib qutularmikan?! 16 Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, bunday shoh Bobilda jon beradi. Garchi Bobil shohi uni taxtga chiqargan bo‘lsa–da, u Bobil shohi bilan tuzgan sulhni buzdi, ichgan qasamini nazar– pisand qilmadi. 17 Shu sababdan Bobil shohi Quddusdagi ko‘p odamlarni qatl qilish uchun shahar devoriga qiyalatib tuproq uydiradi*, qamal inshootlarini* qurdiradi.

Shunda Isroilga hatto fir’avnning qudratli lashkari ham yordam bera olmaydi. 18 Chunki Isroil shohi ichgan qasamidan qaytdi, tuzgan sulhni buzdi. U Bobil shohiga so‘z bergan bo‘lsa–da, ana shu ishlarni qildi! Mana endi u qochib qutula olmaydi! 19 Shuning uchun Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, ahdimni buzgan, Mening nomim bilan ichgan qasamidan qaytgan bu odam jazosiz qolmaydi.

20 Men uning ustiga to‘r tashlayman, uni O‘z tuzog‘imga tushiraman. Menga xiyonat qilgani uchun uni Bobilga olib borib, u yerda adabini beraman. 21 Uning qochayotgan jangchilari qilichdan halok bo‘ladilar, omon qolganlari dunyoning to‘rt tomoniga tarqalib ketadilar. Shunda sizlarga bu so‘zlarni aytgan Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.

Xudoning umidbaxsh va’dasi

22 Men, Egangiz Rabbiy, aytamanki, baland sadr daraxtining uchidan nozik bir novdani* olaman. Ulkan toqqa chiqib, uni o‘tqazaman. 23 Ha, Isroil tog‘ining* cho‘qqisiga ekaman. Novda butoq chiqarib, hosilga kiradi, ko‘rkam sadr daraxti bo‘lib yetishadi. U yerda har xil qushlar yashaydi, turli parrandalar daraxtning shoxlari soyasida panoh topadi. 24 Ana o‘shanda dashtdagi hamma daraxtlar Egangiz Men ekanligimni bilib oladi. Zotan, ulkan daraxtlarni yiqitadigan Menman. Past daraxtlarni baland qilib, o‘stiradigan ham Menman. Ko‘karib turgan daraxtni qovjiratadigan ham, qovjiragan daraxtni ko‘kartiradigan ham Menman. Bularni Men, Egangiz, aytdim! Aytganlarimning hammasini O‘zim amalga oshiraman.»”

18–BOB

Shaxsiy mas’uliyat

1 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Nima uchun sizlar Isroil yurtida:


«Otalari nordon uzum yeyishgan edi, Bolalarining tishi qamashdi»,


degan maqolni ishlatasizlar?

3 Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, sizlar endi Isroilda bu maqolni boshqa aytmaydigan bo‘lasizlar. 4 Bilib qo‘ying, har bir odamning joni Menikidir. Ota–onalarning ham, bolalarning ham jonlari Menga tegishlidir. Faqat gunoh qilgan odamgina o‘ladi.

5 Bordi–yu, odam solih bo‘lib, adolatli va to‘g‘ri ishlar qilsa, 6 Isroil xalqining butlariga sig‘inmasa, butxonalarda keltirilgan qurbonliklardan tanovul qilmasa, birovning xotini bilan zino qilmasa, hayz ko‘rgan ayolga yaqinlashmasa, 7 birovga jabr qilmasa, garovga olgan narsasini qaytarib bersa, o‘g‘rilik qilmasa, ochga non, yalang‘ochga kiyim bersa,

8 bergan qarzidan foiz talab qilmasa, o‘zini gunohdan tortsa, to‘g‘ri hukm chiqarsa,

9 farmonlarimga rioya qilsa, qonun–qoidalarimni bitta qoldirmay sadoqat bilan bajarsa, Men, Egangiz Rabbiy, aytamanki, bunday odam haqiqatan ham solih hisoblanib albatta yashaydi.

10 Endi shunday solih odamning vahshiy bir o‘g‘li bor, deb faraz qilaylik. Bordi–yu, bu yaramas o‘g‘il qotillik qilsa yoki quyidagi jinoyatlarning birortasiga qo‘l ursa: 11 otasi qilmagan ishlarni qilib, butxonalarda keltirilgan qurbonliklardan tanovul qilsa, birovning xotini bilan zino qilsa, 12 kambag‘alu mazlumlarga jabr yetkazsa, o‘g‘rilikka qo‘l ursa, garovga olgan narsani qaytarmasa, butlarga sig‘insa, jirkanch odatlarga taqlid qilsa, 13 bergan qarzidan foiz talab qilsa, u yasharmidi?! Yo‘q! Bunday jirkanch ishlarga qo‘l urgan odamga o‘lim jazosi berilsin. U o‘z boshini o‘zi yegan bo‘ladi!

14 Ammo bunday fosiq kishining o‘g‘li, otasining qilgan gunohlarini ko‘rsa–yu, otasiga taqlid qilmasa, 15 Isroil xalqining butlariga sig‘inmasa, butxonalarda keltirilgan qurbonliklardan tanovul qilmasa, birovning xotini bilan zino qilmasa, 16 birovga zulm o‘tkazmasa, qarzdorlaridan kafillik talab qilmasa, o‘g‘rilik qilmasa, ochga non, yalang‘ochga kiyim bersa, 17 kambag‘alga jabr yetkazmasa*, bergan qarzidan foiz olmasa, qonun–qoidalarimga rioya qilib, farmonlarimni bajarsa, bunday odam o‘z otasining gunohlari uchun o‘ldirilmasin. U albatta yashasin. 18 Qilgan qabihliklari uchun otasining o‘zi o‘ldirilsin, chunki u birodariga jabr yetkazib, narsasini o‘g‘irladi, odamlar orasida yaramas ishlar qildi.

19 Sizlar esa: «Yo‘g‘–e, nahotki bola otasining gunohi uchun jazo tortmasa?» deb aytasizlar. Agar bola adolatli va to‘g‘ri ishlar qilsa, qonun–qoidalarimning hammasini bitta qoldirmay bajarsa, u albatta yashaydi. 20 Gunoh qilgan odamgina o‘ladi. Bola otasining gunohi uchun jazolanmaydi, ota ham bolasining gunohi uchun jazolanmaydi. Solih odamlar o‘z solihligiga yarasha mukofot oladilar, fosiqlar o‘z fosiqligi uchun jazo tortadilar.

21 Bordi–yu, fosiq odam qilgan gunohlaridan tavba qilsa, qonun–qoidalarimning

hammasini bajarsa, adolatli va to‘g‘ri ishlar qilsa, u albatta yashaydi, o‘lmaydi. 22 Men

bunday odamning qilgan barcha gunohlaridan kechib yuboraman. U qilgan solih ishlari tufayli yashaydi. 23 Nahotki fosiq odamning o‘limini istasam? — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Yo‘q! Men uning yomon yo‘ldan qaytishini va yashashini istayman!

24 Yomon yo‘lga kirib ketgan solih odam–chi? Fosiqlar kabi jirkanch ishlar qilgan bunday odam yashaydimi? Yo‘q! Men uning bironta xayrli ishini esga olmayman. U Menga xiyonat qilgani uchun, gunohga qo‘l urgani uchun o‘ladi.

25 Sizlar esa: «Rabbiy noto‘g‘ri ish tutyapti», deb aytyapsizlar. Ey Isroil xalqi, gapimni tinglang: noto‘g‘ri ish tutgan Menmi yoki sizlarmi?! 26 Bilib qo‘ying, yomon yo‘lga kirib ketgan har bir solih kishi qilgan gunohi uchun o‘ladi. 27 Yomon yo‘ldan qaytgan fosiq esa adolatli va to‘g‘ri ishlar qilsa, o‘z hayotini asrab qoladi. 28 Bunday odam tutgan yo‘li noto‘g‘ri ekanligini anglab, qilgan gunohlaridan qaytgani uchun albatta yashaydi, u o‘lmaydi. 29 Shunday bo‘lsa–da, Isroil xalqi: «Rabbiy noto‘g‘ri ish tutyapti», deb aytyapti. Ey Isroil xalqi, qani, Menga ayting–chi, noto‘g‘ri ish tutgan Menmi yoki sizlarmi?!

30 Ey Isroil xalqi, har biringizni tutgan yo‘lingizga yarasha hukm qilaman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Tavba qilinglar! Gunohlaringizdan qaytinglar! Aks holda, gunoh boshingizga halokat keltiradi*. 31 Menga qarshi qilgan gunohlaringizdan voz kechinglar. O‘zlaringiz uchun yangi yurak va yangi ruh olinglar! Nima uchun sizlar o‘lishingiz kerak, ey Isroil xalqi?! 32 Bironta odamning halok bo‘lishini istamayman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Yomon yo‘ldan qaytinglar, yashanglar!”


19–BOB

Hasrat qo‘shig‘i

1 Egamiz menga Isroilning ikki shahzodasi* uchun mana shu marsiyani aytishimni buyurdi:


2 “Sening onang* qo‘rqmas bir sher edi! U sherlar orasida o‘rnashdi,

Yosh sherlar orasida bolalarini o‘stirdi.

3 Bitta bolasi* kuchli bir sher bo‘ldi. U ov qilishni o‘rgandi,

Odamxo‘rlik qila boshladi.

4 Buni xalqlar eshitdilar,

Sherni o‘zlarining tuzog‘iga tushirdilar.

Uni zanjirband qilib, Misrga olib ketdilar.

5 Ona sher umidi puchga chiqqanini ko‘rdi,

Orzusi ushalmaganini bildi. Shunda boshqa bolasini* o‘stirdi, Uni kuchli bir sher qildi.

6 U katta bo‘lgach,

Boshqa sherlar ila izg‘iydigan bo‘ldi. Ov qilishni o‘rgandi,

Odamxo‘rlik qila boshladi.

7 Qal’alarini buzar edi*,

Shaharlarini vayron qilardi. Yurt va uning butun aholisi

U o‘kirganda dahshatga tushardi. 8 Atrofdagi hududlardan xalqlar Unga hujum qildilar.

Ustiga to‘r tashlab, Tuzog‘iga tushirdilar.

9 Zanjirband qilib, qafasga soldilar, Bobil shohi huzuriga olib bordilar. Isroil tog‘larida uning tovushi Boshqa eshitilmasin deya,

Uni zindonga tashladilar.


10 Sening onang* uzumzordagi tokday edi,

Ariq bo‘yiga o‘tqazilgan edi. Suvga miriqqanidan Sernovdayu serhosil edi.

11 Baquvvat novdalari Saltanat hassalariga* aylandi.

Qalin shox–shabbadan ham baland ko‘tarildi.

Balandligi, serbargligi bilan

Ko‘zga tashlanib turar edi.

12 Ammo g‘azab ichra tok sug‘urib tashlandi,

Yerga uloqtirib yuborildi.

Sharqdan esgan shamol hosilini quritdi, Baquvvat novdalari sinib quridi.

Hammasini olov yamlab yubordi.

13 Endi bu tok sahroga o‘tqazilgan. Ha, suvsagan, qaqroq cho‘lga ekilgan. 14 Uning poyasidan olov chiqdi,

Novdalaru mevalarini kuydirib yubordi. Bironta baquvvat novdasi qolmadi, Saltanat hassasiga yaramaydigan bo‘ldi.”


Bu marsiya qo‘shig‘idir, u motam ohangida kuylanadi.


20–BOB

Isyonkor Isroil

1 Surgun bo‘lgan paytimizning yettinchi yili beshinchi oyining* o‘ninchi kunida ayrim Isroil oqsoqollari Egamizga maslahat solmoqchi bo‘lib, oldimga keldilar. Ular

ro‘paramga o‘tirdilar. 2 Shunda Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 3 “Ey inson, Isroil oqsoqollariga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sizlar hali Menga maslahat solmoqchi bo‘lib keldingizlarmi?! Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, sizlarga hech qanday maslahat bermayman!»

4 Ey inson, kelgan bu odamlarni sen hukm qilishga tayyormisan? Qani, ularga ota– bobolarining qilgan jirkanch odatlari haqida gapirib ber–chi. 5 Ularga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men Isroil xalqini tanlab, Misrda ularga O‘zimni tanitgan edim. O‘shanda Men ularga, Egangiz Xudo bo‘laman, deb ont ichgandim. 6 Ularni Misrdan olib chiqishga, ular uchun tanlab qo‘ygan eng ulug‘vor yurtga — sut va asal oqib yotgan yurtga* olib borishga ont ichgan edim. 7 O‘shanda ularga aytgan edim: ‘Har biringiz, ko‘zingizni quvontirgan makruh butlaringizni yo‘qotinglar. Misr butlariga sig‘inib o‘zingizni bulg‘amanglar. Egangiz Xudo Menman.’ 8 Ammo ular Menga qarshi isyon ko‘tardilar. Gapimga quloq solmadilar. Birontasi ham makruh butini tashlamadi, Misr xudolaridan ular voz kechmadilar.

Shunda Men qahru g‘azabimni Misrdayoq ularning ustiga yog‘dirmoqchi bo‘ldim. 9 Ammo shaxtimdan qaytdim. Isroil atrofida yashagan xalqlar oldida badnom bo‘lishni istamadim. Chunki Men Isroil xalqini Misrdan olib chiqib, o‘sha xalqlar oldida O‘zimni tanitgan edim. 10 Shuning uchun Men Isroil xalqini Misrdan olib chiqdim, sahroga boshlab bordim. 11 U yerda ularga farmonlarimni berdim, qonun–qoidalarimni bildirdim. Zotan, qonun–qoidalarimga rioya qilgan har qanday kishi yashaydi. 12 Men ularga Shabbat kunlarimni O‘zim va ular orasidagi alomat qilib berdim. Toki ularni

muqaddas qiladigan Egasi Men ekanligimni bilishsin. 13 Ammo ular sahroda ham Menga qarshi isyon ko‘tardilar. Farmonlarimni bajarmadilar, qonun–qoidalarimni rad etdilar. O‘shalarga rioya qilgan kishi yashagan bo‘lardi. Ular Shabbat kunlarimni ham bulg‘adilar.

Shunda Men sahroda ularning ustiga g‘azabimni yog‘dirib, yo‘q qilib yubormoqchi bo‘ldim. 14 Ammo Isroilni Misrdan olib chiqqanimni ko‘rgan xalqlar oldida badnom bo‘lmasligim uchun shaxtimdan qaytdim. 15 Shunday bo‘lsa–da, ularni dunyodagi eng ulug‘vor yurtga, sut va asal oqib yotgan yurtga olib bormayman, deb sahroda ont ichdim. 16 Ular qonun–qoidalarimni rad etgan edilar, farmonlarimni bajarmagan edilar, Shabbat kunlarimni bulg‘agandilar. Qo‘yingki, qalblarini butlarga bag‘ishlagan edilar.

17 Shunga qaramay, Men ularga achindim, sahroda qirilib ketishlariga yo‘l qo‘ymadim.

18 Men ularning farzandlariga shunday deb uqtirdim: ‘Ota–bobolaringiz yo‘lidan yurmanglar, ularning odatlariga taqlid qilmanglar, butlari bilan o‘zingizni bulg‘amanglar. 19 Men Egangiz Xudoman. Mening farmonlarimga rioya qilinglar, qonun–

qoidalarimni bitta qoldirmay bajaringlar. 20 Shabbat kunlarimni muqaddas deb bilinglar, chunki bular oramizdagi alomatdir. Shunda Egangiz Xudo Men ekanligimni bilib olasizlar.’

21 Ammo farzandlari ham Menga qarshi isyon ko‘tardilar. Qonunlarimga rioya qilgan kishi yashagan bo‘lardi. Ammo ular farmonlarimni bajarmadilar, qonun–qoidalarimga rioya qilmadilar. Shabbat kunlarimni bulg‘adilar. Shunda Men sahroda ularning ustiga g‘azabimni yog‘dirmoqchi bo‘ldim. 22 Ammo Isroilni Misrdan olib chiqqanimni ko‘rgan xalqlar oldida badnom bo‘lmasligim uchun O‘zimni tiydim.

23 Shunday bo‘lsa–da, Men sahroda ont ichdim: sizlarni boshqa yurtlarga quvib yuboraman, xalqlar orasiga tarqatib tashlayman, deb aytdim. 24 Chunki ular qonun– qoidalarimni buzdilar, farmonlarimni rad etdilar, Shabbat kunlarimni bulg‘adilar, ko‘ngillari ota–bobolarining butlarini tusadi. 25 Men ularga yomon qonunlarni, hayot uchun yaroqsiz qoidalarni berdim. 26 Ularni o‘zlari keltirgan nazrlari bilan bulg‘adim. To‘ng‘ich bolalarini qurbonlik qilib, olovda kuydirishlariga yo‘l qo‘yib berdim*. Ularni

xonavayron qilish uchun shunday qildim, toki ular Egasi Men ekanligimni bilib olishsin.»

27 Shuning uchun, ey inson, Isroil xalqiga ayt: «Egamiz Rabbiy demoqda: sizlarning ota–bobolaringiz Menga xiyonat qilib, shak keltirar edilar. 28 Men, beraman, deb ont ichgan yurtga ularni olib kirganimdan so‘ng, ular ko‘ziga ko‘ringan har bir baland tepalik ustida, har bir yashil daraxt ostida o‘z xudolariga qurbonliklar keltirar edilar. Meni qattiq g‘azablantirar edilar! O‘sha xudolariga xushbo‘y tutatqilar tutatib, sharobni nazr qilardilar. 29 Men ulardan: ‘Sizlar o‘sha xudolarga sajda qilish uchun qayerga borasizlar?’ deb so‘radim. Ular menga: ‘Sajdagohlarga* boramiz’, deb javob berdilar. Shu sababdan o‘sha joylar bugungi kungacha Bamax* deb atalmoqda.»

Xudoning jazosi va kechirimi

30 Shunday ekan, Isroil xalqiga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sizlar ham, ota–bobolaringiz singari, o‘zlaringizni bulg‘amoqchimisizlar?! Menga bevafolik qilib, makruh butlarga sig‘inmoqchimisizlar?! 31 Sizlar butlarga nazrlar keltiryapsizlar.

Bolalaringizni qurbonlik qilib, olovda kuydiryapsizlar. Bunday jirkanch qilmishlar bilan bugunga qadar bulg‘anib kelyapsizlar. Shunday ekan, qanday qilib Mendan maslahat so‘rashga jur’at etdingiz?! Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, sizlarga hech qanday maslahat bermayman.

32 Sizlar ichingizda: ‘Boshqa xalqlarga o‘xshasak edi, yog‘och va toshga sig‘inadigan ellarday bo‘lsak edi’, deb niyat qilasizlar. Ammo bu niyatingiz amalga oshmaydi. 33 Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, cheksiz qudratim, ajoyibotlarim va alangali g‘azabim bilan sizlarga hukmronlik qilaman. 34 Sizlar begona xalqlar orasiga tarqalib ketdingiz, Men sizlarni o‘sha yurtlardan olib chiqaman. Qudratim, ajoyibotlarim va alangali g‘azabim bilan sizlarni yig‘ib olaman. 35 Sizlarni xalqlardan uzoqqa, sahroga olib boraman. U yerda hammangizni yuzma–yuz hukm qilaman. 36 Ota–bobolaringizni Misr sahrosida* qanday hukm qilgan bo‘lsam, sizlarni ham xuddi shunday hukm qilaman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 37 — Sizlarni cho‘ponning tayog‘i bilan saralayman, ahdimga bo‘ysunishga majbur qilaman. 38 Menga qarshi gunoh qilgan isyonkor odamlarni orangizdan yo‘q qilaman. Sizlar musofir bo‘lib yurgan yurtdan o‘sha isyonkorlarni chiqarib yuboraman. Ammo Isroil yurtiga ular kirmaydilar. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.

39 Ey Isroil xalqi, Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Menga quloq solishni xohlamasangiz, yo‘qolinglar! Har biringiz butlaringizga sig‘inib yuraveringlar! Ammo nazrlaru butlaringiz bilan Meni badnom qila ko‘rmanglar. 40 Zero, ey Isroil, butun xonadoning faqat Mening muqaddas tog‘imda, Isroilning baland tog‘ida*, o‘sha yurtda Menga sajda qiladi, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — O‘sha yerda sizlarni qabul qilaman. Hadyalaru a’lo in’omlaringizni, muqaddas tortiqlaringizni keltirishni buyuraman. 41 Sizlar boshqa yurtlarga tarqalib ketgan bo‘lsangiz–da, Men sizlarni yig‘ib olaman, xalqlar orasidan olib chiqaman. Xushbo‘y tutatqining muattar hididan mamnun bo‘lganday, sizlardan mamnun bo‘laman. Barcha xalqlarning ko‘zi oldida O‘z muqaddasligimni orangizda namoyon qilaman. 42 Ota–bobolaringizga ont ichib va’da qilgan Isroil yurtiga sizlarni olib kirganimda, Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.

43 Shunda sizni bulg‘agan qabih ishlaringizni, tutgan yo‘llaringizni eslab, o‘zingizdan– o‘zingiz hazar qilasizlar. 44 Men sizning egri yo‘llaringizga, qabih ishlaringizga ko‘ra, ish tutmayman. O‘z nomim haqi, sizlarga yaxshilik qilaman. Shunda Egangiz Men

ekanligimni bilib olasizlar. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”

Janubdagi yong‘in

45 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 46 “Ey inson, janubga yuzlanib, Nagavdagi o‘rmonga qarshi* bashorat qilgin. 47 Janubdagi bu o‘rmonga ayt: «Egamizning so‘zini eshit! Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men sening har bir daraxtingni, ko‘karganini ham, quriganini ham yondirib yo‘q qilaman. Avj olgan alangani hech kim o‘chira olmaydi. Bu alanga janubdan shimolgacha bo‘lgan yer yuzini kuydirib tashlaydi. 48 Bu olovni Men, Egang, yondirganimni butun dunyo ko‘radi. Hech kim uni o‘chira olmaydi.»”

49 Shunda men yolvorib, dedim: “Yo Egam Rabbiy, bu odamlar menga: «Hadeb

matallar bilan gapiraverasanmi?» deb aytishmoqda.”


21–BOB

Bobil shohi Egamizning qilichi timsolida

1 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, Quddusga yuzlan. Isroil yurtiga va

barcha sajdagohlariga* qarshi bashorat qil. 3 Isroil yurtiga qaratib shunday so‘zlarni ayt:

«Egamiz demoqda: Men O‘zim senga qarshi chiqaman! Qilichimni* qinidan sug‘urib, hammangizni — solihlarni ham, fosiqlarni ham yo‘q qilaman. 4 Qilichim janubdan shimolgacha bo‘lgan hamma jonzotni qirib tashlaydi. 5 Shunda Egangiz Men ekanligimni hamma bilib oladi. Ha, Men qilichimni qinidan sug‘uraman! Uni qaytarib joyiga solmayman.»

6 Ey inson, siqilgan odamga o‘xshab, chuqur xo‘rsingin, qayg‘urganingni hamma ko‘rsin. 7 Ular sendan: «Nega xo‘rsinyapsan?» deb so‘rashganda, ularga shunday javob ber: «Noxush bir xabar eshitdim. U amalga oshganda, odamlarning yuragi orqaga tortib ketadi, qo‘llarida mador qolmaydi, ruhi tushadi, ishtonlari ho‘l bo‘ladi. Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Mana o‘sha vaqt yaqinlashib qoldi! U albatta amalga oshadi.»”

8 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 9 “Ey inson, bashorat qilib ayt: «Rabbiy

shunday demoqda:


Mana, Men qilichimni yaltiratib charxladim.

10 Odamlarni qirish uchun qayradim.

Chaqmoq kabi chaqnashi uchun yaltiratib tozaladim.

Ammo bundan qanday xursand bo‘laylik?! Ey o‘g‘lim Yahudo,

Qilichim saltanat hassasini* mensimaydi, Hech qanday tayoqni pisand qilmaydi*. 11 Mana, qilichim charxlandi,

Ishlatish uchun tayyor bo‘ldi.

Yaltiratib qayraldi, Qotil uchun hozirlandi.»


12 Ey inson, dod solib faryod qil!

Endi ko‘ksingga ur!

Zero, qilich xalqimga qarshidir,

Barcha Isroil shahzodalariga qarshidir.

Ular qilichdan nobud bo‘ladi,

Xalq qatori qirilib ketadi.

13 Bu sinov paytidir!

Qilich hatto Yahudoning saltanat hassasini

Mensimasa nima bo‘ladi?!

Saltanatning kuni bitadi,

— deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. —


14 Ey inson, bashorat qil. Kaftingni kaftingga uraver,

Qilich xalqimni qayta–qayta chopaversin.

Bu qirg‘in qilichidir, Qirg‘in–barot qilichidir.

U xalqimni har tomondan siqib kelmoqda! 15 Odamlarning yuragi orqaga tortib ketdi, Ular qo‘rquvdan qoqila boshlashdi.

Men qilichimni qirg‘in uchun o‘rnatdim, Shaharning har bir darvozasi oldiga qo‘ydim. Eh, mana qilichim yaltiratib tozalandi.

Odamlarni qirish uchun qinidan chiqarildi.

16 Ey qilichim, o‘ngdagilarni chop! So‘ldagilarni chop! Hammani tig‘dan o‘tkaz! 17 Men ham kaftimni kaftimga uraman, Shunda jahldan tushaman.

Bularni Men, Egangiz, aytdim.”


18 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 19 “Ey inson, xaritaga ikki yo‘lni tushir. Bobil shohi bu yo‘llardan yurib, hujum qiladi. Ikkala yo‘l ham bir joydan boshlansin.

Yo‘llarning ayrilgan joyiga bir belgi qo‘y. 20 Yo‘llardan biri Bobil shohini Ommon yurtining poytaxti Rabbaga, ikkinchisi Yahudo yurtining mustahkam shahri Quddusga olib borsin. 21 Hozir Bobil shohi yo‘llar ayrilgan joyda turib, qaysi shaharga hujum qilish kerakligi haqida bosh qotiryapti. U kamon o‘qlarini silkitib, qur’a tashlayapti. But– sanamlarga maslahat solyapti, qurbonlik qilingan hayvonlarning jigariga qarab, fol ochtiryapti. 22 U o‘ng qo‘li bilan «Quddus» deb yozilgan o‘qni chiqaradi. Quddus atrofiga devorteshar qurollarni o‘rnashtiradi. Lashkariga, o‘ldir, deya buyruq beradi, ularni jangga da’vat qiladi. Darvozani buzadigan qurollarni o‘rnashtiradi, shahar devoriga qiyalatib tuproq uydiradi*, qamal inshootlarini* qurdiradi. 23 Quddus aholisi Bobil shohiga sadoqat qasamini ichgani uchun bu ularga soxta bashoratday tuyuladi. Ammo Bobil shohi ularning aybini yuziga soladi, ularni asir qilib oladi.

24 Ey Isroil xalqi, Men, Egang Rabbiy, senga aytyapman: sen ochiqchasiga isyon ko‘tarib, o‘z aybingni o‘zing fosh qilding. Qilgan har bir ishing bilan gunohlaringni ko‘rsatding. Shu bois sen asirlikka tushasan.

25 Ey buzuq, fosiq Isroil hukmdori*, sening kuning bitdi! Oxirgi jazoingning vaqt– soati yetdi! 26 Men, Egang Rabbiy, senga aytyapman: boshingdagi sallangni yech, tojingni olib tashla. Endi hammasi o‘zgaradi, xo‘rlangan odam yuksaladi, yuksalgan odam esa

xo‘rlanadi. 27 Ana vayronalar, vayronalar! Ha, Men Quddusni vayron qilaman. Ammo shaharni hukm qiladigan odam kelmaguncha, bular sodir bo‘lmaydi. Men shaharni o‘shaning qo‘liga beraman.

28 Ey inson, bashorat qilib ayt: «Isroilni mazax qilgan Ommon xalqi haqida Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey qilich, qilich! Sen qirg‘in uchun qindan chiqarilding.

Odamlarni qirish uchun charxlanding, chaqmoq kabi chaqnash uchun yaltiratib tozalanding! 29 Ommon xalqi sen haqingda yolg‘on vahiylar ko‘ryapti, sen to‘g‘ringda bo‘lmag‘ur follar ochtiryapti. Sen bu yovuz fosiqlarning boshini chopib tashlaysan! Ularning kuni bitdi, oxirgi jazosining vaqt–soati yetdi!

30 Ey Bobil shohi, qilichingni qiniga sol! Boshqalarni jazolashdan to‘xta!* Endi Men seni ona yurtingda, tavallud topgan joyingda hukm qilaman. 31 Ustingga g‘azabimni sochaman, qahrimning olovini senga ufuraman. Seni shafqatsizlarning qo‘liga beraman, o‘sha mohir qotillarga topshiraman. 32 Sen olovga yem bo‘lasan, qoning ona yurtingda to‘kiladi. Sen haqingdagi xotira abadiy o‘chadi. Egamizning kalomi shudir.»”


22–BOB

Quddusning jinoyatlari

1 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, qotillar shahrini hukm qil. Uning jirkanch odatlarini yuziga sol, 3 unga shunday deb ayt: «Egamiz Rabbiy demoqda: ey Quddus, sen o‘z ko‘chalaringda qon to‘kib, boshingga balo orttirding. Butlar yasab, o‘zingni bulg‘ading. 4 To‘kilgan o‘sha qon uchun sen aybdor bo‘lding, yasagan butlaring bilan bulg‘anding. Halokat kuningni yaqinlashtirding. O‘z hayotingga yakun yasading! Shu bois xalqlar seni mazax qilishlariga, yurtlar ustingdan kulishlariga Men yo‘l qo‘yaman. 5 Ey yomon ot chiqargan, g‘alayonga to‘la shahar, uzoq–yaqindagilar seni mazax qiladilar.

6 Shahardagi Isroil yo‘lboshchilari o‘z mansabidan foydalanib, qon to‘kadilar. 7 U yerdagi odamlar ota–onasini xor qiladilar, musofirlarni aldaydilar, yetim va bevalarga zulm o‘tkazadilar. 8 Muqaddas narsalarimni xor qilib, Shabbat kunlarimni bulg‘aydilar. 9 Ba’zilari odamlarni o‘ldirish uchun tuhmat qiladilar. Butxonalarda keltirilgan

qurbonliklardan tanovul qiladilar, o‘zlarining shahvoniy hirslarini qondirish bilan ovora bo‘ladilar. 10 Boshqalari o‘gay onalari bilan yotadilar, hayz ko‘rgan ayollarni zo‘rlaydilar. 11 Qo‘shnining xotini bilan jirkanch ishlar qiladilar, kelinlarini uyatsizlarcha bulg‘aydilar, tug‘ishgan singillarining nomusiga tegadilar. 12 Shahardagi ba’zi odamlar pul uchun odam o‘ldiradilar. Bergan qarzidan foiz undiradilar, o‘zganing bor–yo‘g‘ini tortib olib, daromad ko‘radilar. Ey Quddus aholisi, Meni unutib yubordingiz! Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.

13 Nohaq foyda ko‘rganingiz uchun, qon to‘kkaningiz uchun Men g‘azab ichra kaftimni kaftimga uraman. 14 Adabingizni bergan kunim mardligingizni ko‘raman, o‘shanda Men bilan olishishga qurbingiz yetarmikan?! Men, Egangiz, aytganlarimni amalga oshiraman. 15 Men sizlarni xalqlar orasiga tarqatib tashlayman, boshqa yurtlarga quvib yuboraman, iflos qilmishlaringizga chek qo‘yaman. 16 Begona xalqlar sizlarni xor qilganda, Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.»”

Egamizning o‘chog‘i

17 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 18 “Ey inson, Isroil xalqi Men uchun

toshqolday* qadrsiz bo‘lib qoldi. Kumush eritilgandan keyin o‘choqda qotib qolgan mis, qalay, temir va qo‘rg‘oshin qorishmasi kabidir bu xalq. 19 Ularga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sizlar toshqolday bo‘lib qolganingiz uchun Men sizlarni Quddusga yig‘aman. 20 Kumush, mis, qalay, temir va qo‘rg‘oshin o‘choqqa qanday yig‘ilsa, eritish uchun tagiga olov qanday yoqilsa, Men xuddi shunday qahru g‘azab bilan sizlarni yig‘aman, hammangizni shaharda eritib yo‘q qilaman. 21 Ha, Men sizlarni Quddusga yig‘ib olaman, g‘azabim olovini sizlarga sochaman. Sizlar erib yo‘q bo‘lib ketasizlar.

22 Kumush o‘choqda eriganday, sizlar qahrim o‘tida erib yo‘q bo‘lasizlar. Shunda ustingizga g‘azab o‘tini sochgan Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.»”

Isroil yo‘lboshchilarining gunohlari

23 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 24 “Ey inson, Isroil xalqiga shunday deb ayt:

«Sizlar qahr kunida poklanmagan, ustiga yomg‘ir yog‘magan bir yurtdirsiz.

25 Yurtingizdagi shahzodalar* o‘kirayotgan, o‘ljasini tilka–pora qilayotgan sherga o‘xshaydi. Ular odamxo‘rlik qiladilar, mulku boylikni qo‘lga kiritadilar, qotilliklar qilib, bevalarning sonini ko‘paytiradilar. 26 Ruhoniylaringiz qonunimni buzib, muqaddas narsalarimni bulg‘adilar. Muqaddas bilan oddiy narsaning farqiga bormadilar.

Odamlarga nima haromu nima halol ekanini o‘rgatmadilar, Shabbat kunlariga rioya qilmadilar, xullas, xalqim orasida Meni beobro‘ qildilar. 27 Yurtingizdagi yo‘lboshchilar o‘ljasini tilka–pora qilayotgan bo‘riga o‘xshaydilar. Ular boylik orttirish uchun qon to‘kadilar, odamlarning jonini oladilar. 28 Payg‘ambarlaringiz esa devorni oqlagan mardikorlar kabi, bu gunohlarni yashirib, ustidan oqlaydilar. Yolg‘on vahiylar ko‘rib, soxta bashoratlar aytadilar. Men ularga gapirmasam ham, ‘Egamiz Rabbiy shunday demoqda’ deb gapiradilar. 29 Yurtingizdagi odamlar qallobligu o‘g‘rilik qiladilar, kambag‘alu nochorni ezadilar, musofirning bor–yo‘g‘ini tortib oladilar, haqini talab qilishga yo‘l qo‘ymaydilar.

30 Devorni qayta quradigan, devorning o‘pirilib tushgan joyida turib, yurtni himoya qiladigan birorta odam bormikan, deya sizlarning orangizdan izladim. Ammo yurtni qahrimdan saqlab qoladigan bunday odamni topa olmadim. 31 Shuning uchun Men sizlarga qahrimni sochaman, hammangizni g‘azabim olovida yo‘q qilaman. Qilgan qilmishlaringizga yarasha jazoingizni beraman. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”


23–BOB

Fohisha opa–singillar: Samariya va Quddus

1 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, bir onadan tug‘ilgan ikki opa– singil bor edi. 3 Ular Misrda fohishalik qilardilar. Yoshligidan fahsh yo‘liga kirgandilar. Qizlik ko‘kragi u yerda silandi, emchaklari siypalandi. 4 Kattasining ismi Oxola, kichkinasining ismi Oxolibo edi. Men ikkovini ham O‘z nikohimga olgan edim, ular Menga o‘g‘il–qizlar tug‘ib berishdi. Oxola Samariyani, Oxolibo Quddusni bildiradi*.

5 Oxola Mening nikohimda bo‘la turib, fohishalik qilar edi. U o‘ynashlari bo‘lgan Ossuriyalik jangchilarga hirs qo‘ygan edi. 6 Ularning hammasi kelishgan yigitlar, zangori libos kiygan, ot mingan hokimu lashkarboshilar edi. 7 Oxola Ossuriyaning hamma sara erkaklari bilan fohishalik qilar edi. Hirs qo‘ygan har bir erkakning butlariga sig‘inib, o‘zini bulg‘ab yurardi. 8 U Misrda qilgan fohishaliklarini tashlamadi. Yoshligida erkaklar u bilan yotishgan edi, qizlik ko‘kragini silab, shahvatini qondirishgan edi. 9 Shu sababdan

Men uni o‘ynashlarining qo‘liga topshirib qo‘ydim. U hirs qo‘ygan o‘sha Ossuriyaliklarning qo‘liga berdim. 10 Ular Oxolani qip–yalang‘och qildilar, uni o‘ldirdilar. O‘g‘il–qizlarini o‘zlariga qul qilib oldilar. Jazosini tortgan Oxola ayollarning og‘zidan tushmay qoldi.

11 Singlisi Oxolibo bularni ko‘rdi. Shunday bo‘lsa–da, suyuqoyoqligi va fohishaligi bilan opasidan o‘tib tushdi. 12 U ham o‘sha Ossuriyalik hokimu lashkarboshilarga, qurol– aslahalar taqqan otliq xushbichim jangchilarga hirs qo‘ydi. 13 Men Oxoliboning bulg‘anganini ko‘rdim, opasi bilan bir yo‘lni tanlaganini bildim. 14 U borgan sari fohishalikka berilib ketar edi. Bir kuni u Bobilliklarning* devorga tushirilgan rasmlarini ko‘rib qoldi. Ular qizil rangga bo‘yalgan edi. 15 Bellarida kamar, boshlarida ko‘rkam salla bilan tasvirlangan edilar. Ular Xaldey* yurtida tug‘ilgan Bobil otliq sarkardalariga o‘xshar edilar. 16 Oxolibo o‘sha rasmlarni ko‘rdi–yu, shahvat uning qonini qizdira boshladi. U Bobilga choparlar jo‘natib, Bobilliklarni o‘z huzuriga chorladi. 17 Bobilliklar uning oldiga kirdilar, ishq to‘shagiga u bilan yotdilar, o‘z hirsi bilan uni bulg‘adilar.

Oxolibo bulg‘angandan keyin Bobilliklardan jirkanib ketdi, ulardan yuzini o‘girdi. 18 U fohishalikka berilib, yalang‘och badanini hammaga ko‘z–ko‘z qilganda, Men undan jirkanib ketdim, opasidan yuz o‘girganimday undan ham yuzimni o‘girdim. 19 U esa yoshlik davrini, Misrda qilgan behayoligini eslab, yanada ko‘p fohishalik qilaverdi.

20 Jinsiy a’zolari eshaklarnikiday, maniylari ayg‘irlarnikiday bo‘lgan o‘ynashlariga hirs qo‘ydi. 21 Yoshligida qilgan behayoliklarini qaytarmoqchi bo‘ldi. O‘sha paytlarda Misrliklar emchaklarini siypalagan edilar, qizlik ko‘kraklarini silagan edilar.

Quddus timsolidagi Oxoliboni Xudo jazolaydi

22 Shuning uchun, Oxoliboga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sen o‘sha o‘ynashlaringdan jirkanib, ulardan yuzingni o‘girgansan, ammo Men o‘shalarni senga qarshi qo‘zg‘ataman. Ular har tomondan kelib, senga hamla qiladilar. 23 Men Bobilliklarni, Paxo‘d, Sho‘va va Qo‘vadan kelgan hamma Xaldeylarni*, jamiki Ossuriyaliklarni boshlab kelaman. Ot mingan o‘sha xushbichim yosh aslzodalarni, hokimu lashkarboshilarni, sarkardayu zodagonlarni yig‘ib kelaman. 24 Ular qurollanadilar, senga qarshi jang aravalari, yuk aravalari va talay lashkarni tortib keladilar. Boshiga dubulg‘a kiygan, qo‘liga qalqon va sipar tutgan jangchilar seni qurshovga oladilar. Hukm qilishlari uchun Men seni ularning qo‘liga topshiraman. Ular seni o‘z qonunlariga muvofiq hukm qiladilar. 25 Men ustingga qahrimni yog‘diraman, lashkarlar seni shafqatsizlarcha jazolaydilar. Ular burning va quloqlaringni kesib tashlaydilar, omon qolgan har bir odamni qilichdan o‘tkazadilar. O‘g‘il–qizlaringni asir qilib oladilar, omon qolganlarni yondirib yuboradilar. 26 Ustingdagi kiyimlarni yechib oladilar, qimmatbaho taqinchoqlaringni olib ketadilar. 27 Sen Misrda boshlagan fohishaligu suyuqoyoqligingga Men shu yo‘sin chek qo‘yaman. Bularga bo‘lgan ishtiyoqing yo‘qoladi, sen Misrni unutib yuborasan.

28 Zero, seni o‘zing nafratlangan, jirkanib, yuzingni o‘girgan odamlarning qo‘liga topshiraman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 29 — Ular nafrat bilan seni jazolaydilar, topgan–tutganingni tortib oladilar. Seni yalang‘och, hech vaqosiz tashlab ketadilar.

Fohishaliging ochiladi, sharmanda bo‘lasan. Suyuqoyoqliging, fohishaliging 30 tufayli shu ahvolga tushasan. Sen boshqa xalqlar bilan fohishalik qilding, ularning butlari bilan bulg‘anding. 31 Sen opangning yo‘lidan ketding, shuning uchun Men opangga ichirgan

jazo kosasidan* senga ham ichiraman. 32 Ha, Men, Egang Rabbiy, aytamanki:


Sen ham opangning kosasidan ichasan, U kosa katta va chuqurdir.

Seni mazax qilishadi, ustingdan kulishadi, U kosa limmo–lim to‘ladir.

33 Sen qayg‘uga botib mast bo‘lasan. Ha, bu dahshatu vayronalik kosasidir, Opang Samariyaning kosasidir.

34 Sen kosani oxirigacha ichasan, Uni chil–chil sindirasan.

Ko‘ksingni yulib, faryod qilasan. Bularni Men, Egang Rabbiy, aytdim.


35 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sen Meni unutib, Menga orqa o‘girganing uchun, fohisha va suyuqoyoq bo‘lganing uchun jazo tortasan.»”

Ikki opa–singil timsolidagi Samariya va Quddusni Xudo jazolaydi

36 Egamiz menga dedi: “Ey inson, sen Oxola va Oxoliboni hukm qilishga tayyormisan?

Tayyor bo‘lsang, ularning jirkanch odatlarini yuzlariga sol. 37 Axir, ular zino qildilar, qonli jinoyatlarga qo‘l urdilar. Butlari bilan zino qilib, Mendan ko‘rgan bolalarini o‘sha butlarga taom nazri sifatida qurbonlik qilib, olovda kuydirdilar*. 38 Bundan tashqari, o‘sha vaqtning o‘zidayoq muqaddas maskanimni harom qildilar, Mening Shabbat kunlarimni bulg‘adilar. 39 Bolalarini butlarga atab so‘ygan kuni muqaddas maskanimga kirib, uyimni harom qildilar!

40 Ular uzoq yurtlarga choparlar jo‘natib, erkaklarni o‘z huzuriga chorladilar. Ular yetib kelganlarida, bu opa–singillar yuvinib–tarandilar, ko‘zlariga surma surdilar, taqinchoqlar bilan bezanib oldilar. 41 Dasturxon tuzalgan serhasham supaga o‘tirdilar. O‘sha dasturxon ustiga Mening xushbo‘y tutatqimni va moyimni qo‘ydilar.

42 Xonalaridan aysh–ishrat qilayotgan erkaklarning ovozi kelar edi. Sahrodan kelgan bu mayxo‘r qalang‘i–qasang‘ilar* opa–singillarning qo‘llariga bilaguzuklar taqdilar, boshlariga chiroyli tojlar kiydirdilar.

43 Shunda men: «Bu ayollar fohishalik qilaverib, holdan toyganlar. Nahotki kelganlar ularning bu ahvolini ko‘ra turib, ular bilan jinsiy aloqa qilishsa?!» deb o‘yladim ichimda. 44 Kelgan erkaklar bu suyuqoyoqlar bilan birga bo‘lishdi. Ular, fohishaning oldiga kirganday, qayta–qayta Oxola va Oxoliboning oldiga kiraverishdi. 45 Solih odamlar esa bu ikki opa–singilni zinokorlik va qotillikda ayblaydilar, chunki opa–singillar zinoga ruju qo‘yib, qo‘llarini qonga beladilar.

46 Oxola va Oxoliboga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sizlarga qarshi bir

olomonni yig‘ib kelaman. Ular sizlarni azoblab, bor–yo‘g‘ingizni tortib oladilar.

47 Sizlarni toshbo‘ron qilib, tanalaringizni nimtalab tashlaydilar, o‘g‘il–qizlaringizni o‘ldiradilar, uylaringizga o‘t qo‘yadilar. 48 Shu yo‘sin Men yurtdagi bu behayolikka chek qo‘yaman. Buni ko‘rgan boshqa ayollar o‘zlari uchun saboq oladilar, bunday behayolikni boshqa qilmaydigan bo‘ladilar. 49 Sizlar o‘z behayoligingiz tufayli jabr tortasizlar, gunohkor butparastligingizning jazosini olasizlar. O‘shanda Egangiz Rabbiy Men ekanligimni bilasizlar.»”

24–BOB

Iflos qozon

1 Surgun bo‘lgan paytimizning to‘qqizinchi yili o‘ninchi oyining* o‘ninchi kunida Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, bu kunning sanasini yozib qo‘y, chunki Bobil shohi bugun Quddusni qamal qildi*. 3 Bu isyonkor xalqimga matal so‘zlab ayt:

«Egamiz Rabbiy shunday demoqda: o‘choqqa o‘t yoqing, qozonga suv quying. 4 Qozon ichiga eng yaxshi go‘shtlardan — son va yelka go‘shtlaridan soling, ilikli suyaklar bilan qozonni to‘ldiring. 5 Suruvning sara qo‘chqoridan so‘ying, o‘choqqa ko‘proq o‘tin* yig‘ing, qozondagi suvni qaynating, go‘shtu suyaklarni obdan pishiring.

6 Egamiz Rabbiy shunday deb aytmoqda: qotillar shahri Quddusning holiga voy! Bu shahar qasmoqli qozon kabidir, uning qasmog‘i ketmaydigan bo‘lib qolgan. Qani, qozonni bir chekkadan bo‘shating, qo‘lingizga nima ilinsa, olib ketavering. 7 Shahar ichida qotillik qilindi, odamlarning qoni qoyatoshga to‘kildi. O‘sha qon yerga to‘kilganda edi, tuproq bilan ko‘milib ketardi. 8 Men qonni o‘sha qoya ustida qoldirdim, uni yashirib bo‘lmaydi. Men uni ko‘rganimda g‘azabim alanga oladi, u Meni qotillardan qasos olishga undaydi.

9 Shuning uchun Egamiz Rabbiy aytmoqda: qotillar shahri Quddusning holiga voy!

Men O‘zim o‘tinni baland qilib uyaman. 10 Qani, ko‘proq shox–shabbalarni yig‘ayin, katta olov yoqayin! Go‘sht obdan pishsin, sho‘rvasi qaynab yo‘q bo‘lsin*. Suyaklar esa olovda yonib kuyib ketsin. 11 Qozonni bo‘shatayin, ko‘mir ustiga qo‘yayin! Temir qozonni qizarguncha qizdirayin. Ichidagi iflosliklari erib ketsin, qasmoqlari olovda kuyib, yo‘q bo‘lsin. 12 Eh, O‘zimni behuda urintiribman. Qozonning qalin qasmog‘i ketmadi. Uni qasmog‘i bilan olovga tashlanglar!

13 Ey Quddus, sen behayoliging bilan o‘zingni bulg‘ading. Men seni tozalab ko‘rdim, ammo sen haromligingcha qolding. Endi ustingga O‘z qahrimni sochmagunimcha sen poklanmaysan. 14 Men, Egang, shunday dedim. Aytganlarimni amalga oshiradigan vaqt keldi. Endi O‘zimni tutib turmayman. Senga achinmayman, O‘z shaxtimdan qaytmayman. Tutgan yo‘llaringga, qilgan qilmishlaringga yarasha seni jazolayman.

Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”

Hizqiyolning xotini olamdan o‘tadi

15 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 16 “Ey inson, Men o‘lat yuborib, seni ko‘zing quvonchidan judo qilaman. Ammo sen aza tutma, faryod qilma, ko‘z yosh to‘kma.

17 Ingragan tovush chiqarma, o‘lgan aziz odaming uchun motam tutma. Sallangni yechma, oyoq yalang yurma. Yuzingni yopma, ta’ziyaxonalarda yeyiladigan ovqatdan yema.” 18 Ertalab men xaloyiqqa gapirdim. O‘sha kuni kechqurun esa mening xotinim olamdan o‘tdi. Ertasi kuni men Xudoning aytganini qildim.

19 Odamlar mendan:

qildiraman. Quddusda qolgan o‘g‘il–qizlaringiz qilichdan halok bo‘ladi. 22 Shunda Hizqiyol nima qilgan bo‘lsa, sizlar ham shuni qilasizlar. Sizlar yuzingizni yopmaysizlar, ta’ziyaxonalarda yeyiladigan ovqatdan yemaysizlar, 23 sallangizni yechmaysizlar, oyoq yalang yurmaysizlar, aza tutmaysizlar, faryod qilmaysizlar. Gunohlaringiz sizlarni adoyi tamom qiladi, dardingizni bir–biringizga ingrab aytasizlar. 24 Hizqiyol sizlar uchun bir alomat bo‘ladi, u hozir nima qilayotgan bo‘lsa, sizlar ham shuni qilasizlar. O‘sha vaqt kelganda bu ishlarni Men, Egangiz Rabbiy, qilganimni bilib olasizlar.”

25 Egamiz menga shunday dedi: “Ey inson, Men xalqimning qo‘rg‘onini, zavqu shuhratini, ko‘z quvonchi, yurak orzusi bo‘lmish Ma’badni vayron qilgan kunim o‘g‘il– qizlarini ham qirdirib tashlayman. 26 Qirg‘indan qochib qutulgan bir odam o‘sha kuni yoningga keladi. U bo‘lib o‘tgan voqealarni senga so‘zlab beradi. 27 Shunda sen yana tilga kirasan*. Kelgan o‘sha odam bilan gaplashasan, boshqa sukut saqlamaysan. Xullas, xalqim uchun bir alomat bo‘lasan, shunda Egangiz Men ekanligimni ular bilib oladilar.”


25–BOB

Ommon xalqi haqida bashorat

1 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, Ommon* xalqiga yuzlan, ularga qarshi bashorat qil. 3 Ommon xalqiga ayt: «Egamiz Rabbiyning so‘zlarini eshiting!

Egamiz Rabbiy shunday demoqda: muqaddas maskanim harom qilinganda, Isroil yurti xarob bo‘lganda, Yahudo xalqi surgun qilinganda, sizlar: ‘Aha!’ deya xursand bo‘lgan edingizlar. 4 Shuning uchun Men sizlarni sharqdagi ko‘chmanchilar qo‘liga topshiraman. Ular yurtingizda qarorgohlar qurib, chodirlarini tikadilar, hosilingizni yeb, sutingizni ichadilar. 5 Men poytaxtingiz Rabbani tuyalar uchun dashtga aylantiraman. Butun yurtingizni qo‘ylar uchun qo‘ra qilaman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.

6 Egamiz Rabbiy shunday deb aytmoqda: sizlar yuragingizdagi butun g‘araz bilan Isroilning baxtsizligidan sevindingizlar, chapak chalib, sakrab o‘ynadingizlar. 7 Shu qilganingiz uchun Men qo‘limni sizlarga qarshi ko‘taraman. Sizlarni boshqa xalqlarga o‘lja qilib beraman. Xalqlar orasidan sizlarni yo‘q qilib, yurtingizni yer yuzidan supurib tashlayman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.»”

Mo‘ab xalqi haqida bashorat

8 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Mo‘ab* xalqi*: «Yahudo xalqining boshqa xalqlardan hech qanday farqi yo‘q», deb aytgani uchun, 9 Men Mo‘abning g‘arbiy qanotini ochib tashlayman, yurtning gavharlari Bayt–Yashimo‘t, Baal–Miyon, Xiratayim shaharlarini vayron qilaman. 10 Mo‘abni Ommon xalqi singari, sharqdagi ko‘chmanchilarning qo‘liga beraman. Ommon xalqi yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketadi,

11 Men Mo‘ab xalqini ham jazolayman. Shunda ular Egasi Men ekanligimni bilib oladilar.”

Edom xalqi haqida bashorat

12 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Edom* xalqi Yahudodan o‘ch olib, katta gunoh

qildi. 13 Shu sababdan Men ularga qarshi qo‘limni ko‘tarib, Edom yurtini vayron qilaman,

— deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Odamu hayvonlarini qirib tashlayman. Temon shahridan tortib, to Dedon shahrigacha* bo‘lgan hammani qilichdan o‘tkazaman.

14 Xalqim Isroil orqali Edomdan qasos olaman. Ular orqali qahru g‘azabimni Edomliklar

ustiga sochaman. Shunda Edom xalqi qasosim nima ekanligini bilib oladi.” Egamiz

Rabbiyning kalomi shudir.

Filistlar haqida bashorat

15 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Asrlar davomida Filistlar* adovat qilib, xalqimdan o‘ch oldilar. Xalqimni xonavayron qilish maqsadida, yuraklaridagi g‘arazga berilib, ulardan qasos oldilar. 16 Shu sababdan Men Filist yurtiga qarshi qo‘limni ko‘taraman, Xaret xalqini* yo‘q qilaman, sohilda qolganlarning hammasini qirib yuboraman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 17 — Men ulardan dahshatli qasos olaman, g‘azabim ustida ularni jazolayman. O‘shanda Egasi Men ekanligimni bilib oladilar.”


26–BOB

Tir shahri haqida bashorat

1 Surgun bo‘lgan paytimizning o‘n birinchi yili*, oyning birinchi kunida Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, mana, Tir* Quddus haqida shunday deb aytmoqda: «Aha! Xalqlarning savdo darvozasi buzildi. Menga keng yo‘l ochildi. Endi u vayron bo‘lganda, men boyib ketaman.»

3 Shuning uchun Tirga ayt: «Egamiz Rabbiy demoqda: Men senga qarshiman! Men ko‘plab xalqlarni senga qarshi yig‘aman, ular dengiz to‘lqinlari kabi senga yopiriladilar. 4 Shahringning devorlarini buzib, minoralaringni qulatadilar. Men tuprog‘ingni supurib tashlayman, seni yalang‘och bir toshloq holiga keltiraman. 5 Dengiz o‘rtasidagi bu orolda* baliqchilar to‘rlarini yoyib quritadigan bo‘ladilar. Axir, bularni Men aytdim.

Shahring xalqlarga o‘lja bo‘ladi. 6 Senga qarashli sohildagi hamma qishloqlar ahli

qilichdan o‘tkaziladi. Oʻshanda Egang Men ekanligimni sen bilib olasan.

7 Egamiz Rabbiy demoqda: senga qarshi eng buyuk shohni — Bobil yurtining hukmdori Navuxadnazarni qo‘zg‘ataman. U sening ustingga shimoldan otlaru jang aravalarini, suvorilaru katta lashkarni tortib keladi. 8 Bobil shohi senga qarashli barcha qishloqlaringni qilichdan o‘tkazadi. Shahar atrofiga qamal inshootlarini* qurdiradi, shahar devoriga qiyalatib tuproq uydiradi*, senga qarshi qalqonlarini o‘rnatadi.

9 Devorteshar qurollar bilan devorlaringga zarba beradi. Boltalar bilan minoralaringni buzadi. 10 Devoridan teshik ochilgan shaharga odamlar bostirib kirganday, Bobil shohi sening darvozalaringdan bostirib kiradi. Suvorilarining, g‘ildiragu jang aravalarining shovqinidan devorlaring titraydi. Son–sanoqsiz otlarining ko‘targan changi seni qoplab oladi. 11 Otlarining tuyoqlari hamma ko‘chalaringni toptaydi. Odamlaring qilichdan yiqiladi, ulkan ustunlaring yer bilan yakson bo‘ladi. 12 Dushman boyliklaringni talab ketadi, mollaringni o‘lja qilib oladi. Devorlaringni yiqitadi, hashamatli uylaringni vayron qiladi, toshlari, yog‘ochlari, hatto tuprog‘ini ham dengizga uloqtiradi. 13 Men qo‘shiqlaringga chek qo‘yaman. Arfangning navolari ham eshitilmaydigan bo‘ladi. 14 Men seni yalang‘och bir toshloqqa aylantiraman, baliqchilar to‘rlarini quritadigan bir yer bo‘lasan. Hech kim shahringni qayta qurmaydi. Axir, bularni Men aytdim. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»

15 Yana Tirga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: shahringda qirg‘in bo‘lganda, yaradorlar ingraganda, qulashingning shovqinidan sohildagi barcha xalqlarni titroq bosadi. 16 Dengiz bo‘yidagi saltanatlarning shohlari taxtlaridan tushib, zar choponu naqsh solingan liboslarini yechishadi. Ular vahimaga burkanib, yerga o‘tirishadi.

Boshingga kelgan kulfatdan dahshatga tushib, to‘xtovsiz titrashadi. 17 Ular sen haqingda shunday marsiya kuylashadi:


‘Ey dong taratgan dengizchilar shahri,

Naqadar vayron bo‘lib ketding–a!

Sen va sening aholing dengiz qudrati edingiz, Sohildagi barcha xalqlarni dahshatga solar edingiz. 18 Sen qulagan kuning sohillarni titroq bosdi,

Halokatingdan dengizdagi orollar sarosimaga tushdi.’


19 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey Tir, Men seni huvullagan xarobazorga aylantiraman. Dengiz tubidagi ulkan suvlar bilan vayronalaringni qoplayman. 20 Seni go‘rga*, qadimda o‘tib ketgan odamlar oldiga tushiraman. Sen yer osti saltanatida yashaysan, abadiy vayronalar orasidagi marhumlarga hamroh bo‘lasan. Tiriklar dunyosiga hech qachon qaytib kelmaysan, obod bo‘lib ilgarigi mavqeingga erishmaysan. 21 Ha, Men boshingga dahshatli o‘lim keltiraman, seni yo‘q qilaman. Seni qidirganlar hech qachon topa olmaydilar. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”


27–BOB

Tir shahri haqida marsiya

1 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, Tir* haqida bir marsiya kuyla.

3 Dengiz bo‘yidagi yurtlar bilan savdo–sotiq qiladigan, dengiz darvozasida o‘rnashgan

Tir shahriga ayt:


«Egamiz Rabbiy shunday demoqda:

Ey Tir, sen: ‘Go‘zallikda barkamolman’, deding.

4 Ha, sening chegaralaring dengiz bag‘ridan o‘tgan, Quruvchilaring go‘zalligingni barkamol qilgan.

5 Xermon tog‘idagi* archa yog‘ochidan qurilgan

Ulkan bir kemaday eding sen. Quruvchilaring machtangni yasash uchun

Lubnondan keltirilgan sadr yog‘ochini* ishlatdilar.

6 Eshkaklaringni Bashan emanlaridan yasadilar. Kema sahnini Kipr* qarag‘aylaridan qildilar,

Fil suyagi bilan uni bezatdilar.

7 Yelkanlaring Misrdan keltirilgan naqshli matolardan edi,

Ular senga bayroq bo‘lib xizmat qilardi. Elishox qirg‘oqlaridan olib kelingan

Ko‘k va safsar gazlamalar soyaboning edi.

8 Sidon va Arvod* odamlari eshkaklaringni eshar edi, O‘z mohir odamlaring esa kemalaringni boshqarar edi. 9 Gabollik* tajribali kemasozlaring bor edi,

Ular kemangning yoriqlarini saqichlardi. Barcha kemalaru dengizchilar kelib, Sening mollaringni sotib olishar edi.

10 Fors, Lidiya va Liviya* yurtlarining askarlari Saflaringda xizmat qilar edi.

Qalqonu dubulg‘alarini devorlaringga osib,

Seni salobatli qilishar edi.

11 Arvod va Xelekdan* kelgan odamlar Devorlaringda soqchilik qilishardi, Gamadliklar minoralaringni qo‘riqlashardi. Devorlaringga qurollarini osib, Go‘zalligingni barkamol qilishardi.


12 Sening boyliklaring shu qadar ko‘p ediki, hatto Tarshish* aholisi sen bilan savdo– sotiq qilardi. Ular kumush, temir, qalay va qo‘rg‘oshinni mollaringga ayirboshlashardi. 13 Yunonlar*, Tuval va Meshex* xalqlari sen bilan savdo–sotiq qilar edi. Mollaring evaziga qullarni va bronza buyumlarni berishar edi. 14 To‘xarmoliklar* aravaga qo‘shiladigan otlarni, jang otlariyu xachirlarini mollaringga almashtirishardi. 15 Ro‘don* xalqi sen bilan savdo–sotiq qilar edi. Dengiz sohilidagi ko‘p yurtlar sening xaridorlaring edi. Ular fil suyagi va obnus yog‘ochini* senga to‘lov sifatida berishardi.

16 Mollaring behisob bo‘lgani uchun Oram* xalqi ham sen bilan savdo–sotiq qilardi.

Mollaring evaziga qimmatbaho firuza toshlarni, safsar matolarni, naqsh solingan gazlamalarni, mayin zig‘ir matolarini, marjonu yoqutlarni olib kelardi. 17 Yahudo va Isroil yurtlari sen bilan oldi–sotdi qilishardi. Ular mollaring evaziga Minnitdan keltirilgan bug‘doyni, shuningdek, shirinliklar, asal, zaytun moyi va mumiyo olib kelishardi. 18 Sening cheksiz boyliklaring, turli xil mollaring tufayli, Damashq aholisi sen bilan savdo–sotiq qilardi. Mollaring evaziga ular Xelbon* sharobini va oppoq yungni* olib kelishardi. 19 Uzol shahridan sharob keltirib*, sen bilan oldi–sotdi qilishardi. Ishlov berilgan toza temirni, dolchin va xushbo‘y qamishni mollaringga almashtirishardi.

20 Dedonliklar* senga ot terligini* sotishar edi. 21 Qo‘zichoq, qo‘chqor va echkilar bilan seni ta’minlagan Arabiston va Kedar* shahzodalari mollaringni xarid qilishardi. 22 Shava va Ramo* savdogarlari sen bilan savdo–sotiq qilishardi. Mollaring evaziga eng a’lo ziravorlarni, qimmatbaho toshlaru oltinni berishardi. 23 Xoron, Xannox va Eden shaharlari hamda Shava, Oshur va Xilmad* savdogarlari sen bilan savdo–sotiq qilishardi. 24 Ular qimmatbaho liboslar, ko‘k matolar, naqsh solingan ko‘ylaklar, rang– barang gilamlar, puxta eshilgan arqonlarni senga sotishardi. 25 Tarshish* kemalari karvonlaring bo‘lib xizmat qilardi.


Sen dengizda suzgan bir kemadaydirsan,

Og‘ir yuk senga yuklangan.

26 Evoh, eshkakchilaring seni ochiq dengizga olib chiqishadi.

Sharq shamoli seni dengiz bag‘rida parchalab yuboradi.

27 Kemang halokatga uchragan kuni Mollaring, boyliklaring, Dengizchilaring, darg‘alaring, Kemasozlaring, savdogarlaring, Jangchilaring va kemadagi odamlaring Dengiz tubiga cho‘kib, halok bo‘ladilar.

28 Cho‘kayotgan darg‘alaring faryod qiladi,

Dodlari sohillarni larzaga soladi.


29 Hamma eshkakchilar kemalarini tark etadi, Dengizchilaru darg‘alar sohilga chiqib oladi. 30 Ular sen uchun faryod qiladi, Achchiq–achchiq ko‘z yoshlar to‘kadi.

Boshlaridan tuproq sochadi, Kulga belanib, yotib oladi.

31 Seni deb sochlarini qirdiradi,

Qanorga o‘ranib oladi*,

Qayg‘udan yurak–bag‘ri qon bo‘ladi.

32 Ular yig‘lab, sen haqingda marsiya kuylaydi: ‘Tir kabi bironta shahar bormi?!

Dengiz uni o‘z qa’riga tortib ketdi.’


33 Sen dengiz ortidan keltirgan mollaring bilan,

Ko‘plab xalqlarning ehtiyojini qondirding. Cheksiz ziynatlaru mollaring bilan

Dunyo shohlarini sen boyitding. 34 Endi esa dengiz seni parchaladi, O‘z domiga seni tortib ketdi.

Barcha mollaringu dengizchilaring

Sen bilan birga nobud bo‘ldi.

35 Sohildagi xalqlar kulfatingni ko‘rib, dahshatga tushadi. Qo‘rquvdan shohlarning afti burishib ketadi.

36 Ahvolingdan dunyo savdogarlari yoqasini ushlaydi.

Ha, sening boshingga dahshatli o‘lim keldi, Sen abadiy yo‘q bo‘lasan.»”


28–BOB

Tir shohi haqida bashorat

1 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, Tir* shohiga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sen mag‘rurlanib ketding. ‘Men xudoman, dengiz bag‘ridagi xudolar taxtida o‘tiribman’, deb aytding. Sen o‘zingni xudoday dono deb bilasan, axir, sen xudo emas, insonsan–ku! 3 Nahotki Doniyordan* ham dono bo‘lsang?! Nahot barcha sirlarni bilsang?! 4 Sen donoliging va aqling bilan o‘zingga davlat orttirding, xazinalaringni oltinu kumushga to‘ldirding. 5 Savdo–sotiqdagi iqtidoring bilan ko‘p davlat yig‘ding. Ammo boyliging tufayli mag‘rurlanib ketding.

6 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sen o‘zingni xudoday dono deb bilganing uchun, 7 Men ustingga begona xalqni tortib kelaman. Ular o‘taketgan yovuz xalqdir. Ular go‘zalliging va donoligingga qarshi chiqib, qilich yalang‘ochlaydilar. Hashamatingni oyoq osti qiladilar. 8 O‘zingni esa tubsiz chuqurlikka uloqtiradilar. Ha, sen dengiz bag‘rida azoblanib jon berasan. 9 Shunda, jallodlaring oldida ‘men xudoman’, deb

aytarmikansan?! Axir, qotillaring qo‘lida sen xudo emas, oddiy bir inson bo‘lasan! 10 Sen musofirlar qo‘lida sunnatsizlar kabi o‘lasan. Bularni Men aytdim. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”

Tir shohi haqida marsiya

11 Egamiz menga yana shunday dedi: 12 “Ey inson, Tir shohi haqida marsiya ayt:

«Egamiz Rabbiy shunday demoqda:


Ey Tir shohi, sen barkamollikning a’lo namunasi bo‘lding. Nihoyatda dono, go‘zallikda barkamol eding.

13 Sen Xudoning bog‘i Adanda yashar eding.

Qizil yoqut, xrizolit, olmos, Topaz, aqiq, yashma,

Zangori yoqut, firuza va zumrad* kabi Qimmatbaho toshlar bilan bezanar eding. Taqinchoqlaring oltindan yasalgan edi.

Sen yaralgan kuning bular tayyorlangandi. 14 Men seni soqchi karub qilib tanladim, O‘sha martabaga seni tayinladim.

Sen Xudoning tog‘ida yashar eding,

Olovday tovlangan toshlar orasida yurar eding.

15 Bino bo‘lganingdan to qabihlik qilguningga qadar, Sen to‘g‘ri yo‘ldan yurding.

16 Katta tijorating tufayli,

Yovuzlikka to‘lib, gunoh qilding.

Men seni sharmandalarcha Xudoning tog‘idan haydadim.

Ey soqchi karub, Men seni chiqarib yubordim, Olovday tovlangan toshlar orasidan haydadim.

17 Sen go‘zalliging tufayli mag‘rurlanib ketgan eding. Savlating tufayli aql–farosatdan voz kechgan eding. Shuning uchun Men seni yerga uloqtirdim,

Shohlar oldida sharmandangni chiqardim. 18 Sen cheksiz gunohlaring bilan, Savdo–sotiqdagi nohaqliklaring bilan,

O‘z sajdagohlaringni bulg‘ading.

Shuning uchun Men ichingdan olov chiqardim, Seni kuydirib tashladim.

Odamlarning ko‘zi oldida kulingni ko‘kka sovurdim. 19 Seni bilgan xalqlar ahvolingni ko‘rib, dong qotdilar. Sening boshingga dahshatli o‘lim keldi,

Sen abadiy yo‘q bo‘lasan.»”

Sidon shahri haqida bashorat

20 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 21 “Ey inson, Sidon* shahriga yuzlan, unga qarshi bashorat qilib ayt: 22 «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey Sidon, Men senga qarshiman! Seni jazolab, sen orqali muqaddasligimni ayon qilaman, shu tariqa orangda

O‘zimni ulug‘layman. O‘shanda Egang Men ekanligimni bilib olasan. 23 Men seni dahshatli o‘latga giriftor qilaman. Ko‘chalaringda qon daryo bo‘lib oqadi. Dushmanlaring senga har tomondan hamla qiladi, odamlarning jasadlari shahar ichida yotadi. O‘shanda Egang Men ekanligimni bilib olasan.»”

Kelajakda Isroil oladigan barakalar

24-25 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Isroil xalqidan hazar qilib, zulm o‘tkazgan bironta qo‘shni xalq bundan buyon Isroil xalqi uchun tikan va yantoqday bo‘lmaydi.

Isroil xalqi Egasi Rabbiy Men ekanligimni bilib oladi. Men tarqatib yuborgan xalqim Isroilni uzoq yurtlardan O‘zim yig‘ib olaman. Ular orqali barcha xalqlarga muqaddasligimni ayon qilaman. Men qulim Yoqubga mulk qilib bergan yerda ularni o‘rnashtiraman. 26 Ular osoyishta hayot kechiradilar. Uylar qurib, uzumzorlar barpo qiladilar. Ulardan hazar qilgan qo‘shni xalqlarni jazolaganim uchun xalqim bexatar, tinch yashaydi. O‘shanda Egasi Xudo Men ekanligimni bilib oladi.”


29–BOB

Misr haqida bashorat

1 Surgun bo‘lgan paytimizning o‘ninchi yili o‘ninchi oyining* o‘n ikkinchi kunida Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, Misr fir’avniga yuzlan. Unga va butun Misr xalqiga qarshi bashorat qilib ayt: 3 «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey Misr fir’avni, Men senga qarshiman. Sen Nil havzalarida cho‘zilib yotgan bamisoli buyuk ajdarhodirsan. Sen: ‘Nil daryosi mening shaxsiy mulkim, uni o‘zim uchun yaratganman’, deb aytasan. 4 Ammo Men jag‘laringga ilmoqlar solaman. Teringdagi tangachalaringga baliqlarni* yopishtiraman. Seni tangachalaringga yopishgan baliqlar bilan birga quruqlikka tortib chiqaraman. 5 Men seni va havzalaringdagi hamma baliqlarni sahroga uloqtirib tashlayman. Sen ochiq maydonda yotasan. Seni olib, ko‘madigan odam bo‘lmaydi. Men seni dasht hayvonlariyu osmon qushlariga yem qilib beraman. 6 Shunda butun Misr xalqi Egangiz Men ekanligimni bilib oladi.

Sen xalqim Isroil uchun qamish hassaday bo‘lding. 7 Ular seni ushlaganda, sen yorilib, qo‘llarini kesib yubording. Senga suyanganlarida sinib, bellarini chiqarib yubording*.

8 Shu bois Egamiz Rabbiy aytmoqda: Men sening boshingga qilich keltiraman, odamu hayvonlaringni qilich tig‘idan o‘tkazaman. 9 Butun Misr yurtini tashlandiq xarobazorga aylantiraman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.

Sen: ‘Nil meniki, men o‘zim uni yaratdim’, deb aytganing uchun, 10 Men senga va sening barcha havzalaringga qarshi chiqaman. Butun Misr yurtini tamomila xarob qilaman. Migdoldan tortib, to Savanaygacha va janubdagi Habashiston* hududigacha hamma yerlarini tashlandiq qilaman. 11 Odam u yerga oyog‘ini bosmaydi, hayvonlar ham u yerdan yurmaydi. Qirq yil mobaynida u yerda hech kim yashamaydi. 12 Men Misr yurtini dunyodagi eng xarob yurtga aylantiraman. U yerdagi shaharlar qirq yil mobaynida tashlandiq bo‘lib yotadi, vayronalari boshqa shaharlardan battar bo‘ladi.

Men Misrliklarni xalqlar orasiga tarqatib tashlayman, boshqa yurtlarga quvib yuboraman.»

13 Fir’avnga yana ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: qirq yil o‘tgach, Men xalqlar orasiga tarqatib yuborgan Misrliklarni yig‘ib olaman. 14 Ularni yana farovonlikka

erishtirib, o‘z ona yurti Patro‘sga* olib kelaman. Ularning shohligi ojiz bir shohlik bo‘ladi. 15 Ha, ular dunyoning eng ojiz shohligi bo‘lib, hech qachon boshqa xalqlardan ustun bo‘la olmaydi. Men ularni shu qadar zaif qilib qo‘yamanki, ular o‘z hukmini boshqa xalqlarga o‘tkaza olmay qoladi. 16 Xalqim Isroil endi hech qachon o‘z umidini Misrga bog‘lamaydi. Ular Misrdan yordam so‘rab, gunoh qilganlarini doimo eslarida tutadilar. O‘shanda Misrliklar Egangiz Rabbiy Men ekanligimni bilib oladilar.»”

Shoh Navuxadnazar Misrni bosib oladi

17 Surgun bo‘lgan paytimizning yigirma yettinchi yili birinchi oyining* birinchi kunida Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 18 “Ey inson, Bobil shohi Navuxadnazar Tirga qarshi shiddatli urush olib bordi*. Bobil lashkarining sochlari to‘kilib, yelkalari shilinib yallig‘landi. Ammo qilgan mehnatlariga yarasha ular Tirdan hech qanday o‘lja ololmadilar. 19 Shu bois Misr yurtini Bobil shohi Navuxadnazarga beraman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — U Misrni talon–taroj qilib, u yerdagi boyliklarni o‘zi bilan olib ketadi. Misr boyliklari Bobil lashkari uchun mehnat haqi bo‘ladi. 20 Ha, Men Misr yurtini Bobil shohiga mehnat haqi qilib berdim, chunki u va uning lashkari Mening xizmatimni qildilar, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — 21 O‘sha kuni Men Isroil xalqining qudratini tiklayman*. Bu so‘zlarimni xalqimga yetkazishing uchun Men senga kuch beraman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni ular bilib oladilar.”


30–BOB

Misr haqida marsiya

1 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, Misr haqida bashorat qilib ayt:

«Egamiz Rabbiy shunday demoqda:


Sho‘rimiz qursin, evoh!

3 Dahshatli kun yaqinlashdi,

Mening g‘azab kunim* kelishiga oz qoldi.

Mana shu kun bulutli kun bo‘ladi,

Xalqlar kulfat chekadigan zamon boshlanadi. 4 Misrning bo‘g‘ziga qilich keladi, Habashiston* kulfat azobida qoladi.

Misrda ko‘p odamlar halok bo‘ladi, Uning boyligi olib ketiladi, Poydevori buzib tashlanadi.


5 Habashiston, Liviya, Lidiya*, butun Arabiston, Kub* va Misrning qolgan barcha

ittifoqchilari jangda halok bo‘ladilar.

6 Egamiz aytmoqda: Misr ittifoqchilarining ustiga qirg‘in keladi. Ular qilich tig‘idan halok bo‘lib, jasadlari shimoldagi Migdoldan to janubdagi Savanaygacha yotadi.

Misrning mag‘rur qudrati halok bo‘ladi, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 7 — Misr dunyoning eng xarob yurtiga aylanadi, u yerdagi shaharlar vayron bo‘ladi. 8 Men Misrga o‘t qo‘yib, uning madadkorlarini tor–mor qilaman. Shunda Egasi Men ekanligimni Misrliklar bilib oladilar.

9 O‘sha kuni xotirjam yashayotgan Habashistonliklarni qo‘rqitish uchun Men

kemalarda elchilarimni jo‘nataman. Misr ustiga kulfat tushgan kuni Habashistonliklar azobda qoladilar. Mana, o‘sha kun hademay keladi.

10 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men Bobil shohi Navuxadnazar orqali Misrning to‘dasini yakson qilaman. 11 Navuxadnazar qo‘shin tortib keladi. Ular o‘taketgan yovuz xalqdir. Ular butun yurtni xarob qiladilar. Misrliklarni qilichdan o‘tkazib, yurtni jasadlarga to‘ldiradilar. 12 Men Nil havzalarini quritaman, yurtni razil odamlarning qo‘liga beraman. Kelgindilarning qo‘li bilan Misrni va u yerdagi hamma narsani xarob qilaman. Bularni Men aytdim.

13 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men barcha butlarni yo‘q qilaman, Nuf* ma’budalariga chek qo‘yaman. Misr yurtida bironta hukmdor qolmaydi, Misrliklarni qo‘rquv qamrab oladi. 14 Men Patro‘sni* tashlandiq joyga aylantiraman. Zo‘van shahriga o‘t qo‘yaman, Misr poytaxti No‘ni* jazolayman. 15 Misrning mustahkam Sin qal’asini g‘azabimga giriftor qilaman, poytaxt shahar No‘ning to‘dasini qirib tashlayman. 16 Butun Misr yurtiga o‘t qo‘yaman! Sin aholisi cheksiz azobda qoladi, No‘ shahrining devori yiqitiladi, dushmanlar kuppa–kunduzi Nuf shahriga hujum qiladi. 17 On* va Pi–Bashat* yigitlari jangda halok bo‘lishadi, shaharlar aholisi asirlikka tushadi. 18 Men Misrning hukmronligini yo‘q qilganimda, uning pesh qilgan qudratini sindirganimda, Taxpanxas shahri qorong‘ilikka botadi, uni qora bulutlar qoplab oladi. Shahar atrofidagi qishloqlar asirlikka tushadi. 19 Shu yo‘sin Men Misrni jazolayman. O‘shanda ular Egasi Men ekanimni bilib oladilar.»”

Fir’avnning singan qo‘li haqida bashorat

20 Surgun bo‘lgan paytimizning o‘n birinchi yili birinchi oyining* yettinchi kunida Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 21 “Ey inson, Men Misr fir’avnining qo‘lini sindirdim. Hech kim uning qo‘lini bog‘lamadi, taxtakachlab qo‘ymadi. Endi uning qo‘li shifo topmaydi, qilich ushlashga qodir bo‘lmaydi. 22 Men fir’avnga qarshiman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Uning ikkala qo‘lini — sog‘ qo‘lini ham, singan qo‘lini ham sindiraman. Qo‘lidagi qilichni yerga tushirib yuboraman. 23 Misrliklarni xalqlar orasiga tarqatib tashlayman, boshqa yurtlarga quvib yuboraman. 24 Bobil shohining kuchiga esa kuch qo‘shib, qo‘llariga qilichimni tutqazaman. Ha, Men fir’avnning qo‘llarini sindiraman, u dushmani oldida og‘ir yaralangan odam kabi ingraydi. 25 Uning qo‘llari arqonday osilib qoladi, Bobil shohining qo‘llarini esa Men kuchli qilaman. Uning qo‘llariga qilichimni tutqazib, Misrga qarshi yuboraman. Shunda Egasi Men ekanligimni Misrliklar bilib oladilar. 26 Ha, Men Misrliklarni xalqlar orasiga tarqatib tashlayman, boshqa yurtlarga quvib yuboraman. O‘shanda Egasi Men ekanligimni ular bilib oladilar.”


31–BOB

Misrning qismati sadr daraxti timsolida

1 Surgun bo‘lgan paytimizning o‘n birinchi yili uchinchi oyining* birinchi kunida Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, Misr fir’avni va uning to‘dasiga shunday deb ayt:


«Buyukligingda senga teng keladigan kim bor?!

3 Ossuriyaga bir qara!

U ham bamisoli Lubnondagi sadr daraxti* edi,

Ko‘rkam shoxlari o‘rmonga soya solar edi,

Uning uchi bulutlarga tegib turardi.

4 Suvlar uni sug‘orar edi,

Yer osti buloqlari uni o‘stirar edi.

Anhor suvlari ildizlarining atrofida oqar edi, Irmoqlari hamma dasht daraxtlarini to‘ydirardi. 5 Bu ulkan sadr baland o‘sib,

Atrofdagi hamma daraxtlardan daroz bo‘ldi. Mo‘l sug‘orilgani uchun novdalari o‘sdi, Shoxlari uzun va sersoya bo‘ldi.

6 Barcha osmon qushlari shoxlarida in qurardi, Ostida barcha yovvoyi hayvonlar bolalashardi, Soyasida hamma buyuk xalqlar yashardi.

7 Bu daraxt ko‘rkam, salobatli edi,

Uning shoxlari keng yoyilgan edi.

Axir, ildizlari serob suvdan bahra olardi.

8 Xudoning bog‘i — Adandagi birorta sadr Unga teng kela olmas edi,

Birorta archa uning butoqlari bilan bellasha olmasdi.

Birorta chinorning bunday shoxlari yo‘q edi,

Xudoning bog‘idagi birorta daraxt shu qadar go‘zal emasdi.

9 Xudo uni go‘zal qilib yaratdi,

Shox–butoqlarini serfayz qildi.

Xudoning bog‘i — Adandagi hamma daraxtlar unga havas qilardi.


10 Shu bois Egamiz Rabbiy shunday deb aytmoqda: ey fir’avn, bu sadr daraxti baland o‘sib, uchi bulutlarga yetdi. U balandligidan mag‘rurlanib ketdi. 11 Men uni ajnabiy hukmdorning* qo‘liga topshirdim. U o‘sha daraxtni fosiqligiga yarasha jazoladi. Men O‘zim esa bu daraxtdan voz kechdim. 12 Ajnabiylarning eng yovuz xalqi uni yiqitib, tashlab ketdi. Chopilgan shoxlari qirlaru vodiylarda, singan butoqlari yurtning hamma jarliklarida sochilib yotdi. Soyasida orom olgan jahonning hamma xalqlari tarqalib ketdi. 13 Barcha osmon qushlari ag‘darilib yotgan daraxt tanasiga kelib qo‘ndi, barcha yovvoyi hayvonlar shoxlari orasiga kirib yotdi, 14 toki suv bo‘yiga o‘tqazilgan birorta daraxt endi bu qadar baland bo‘lib o‘smasin. Ularning uchi bulutlarga tegmasin. Suvga to‘ygan birorta daraxt shunchalik baland bo‘lmasin. Ularning hammasi, foniy bandalar kabi, bu dunyodan o‘tib ketishadi, qabrdagi marhumlarga hamroh bo‘lishadi.

15 Egamiz Rabbiy demoqda: o‘sha ulkan daraxt o‘liklar diyoriga* tushganda, unga aza tutishlari uchun Men yer osti suvlarini berkitgan edim. Daryolariga to‘siq qo‘ygan edim, serob suvlarini to‘xtatgan edim. Uni deb Lubnon tog‘lariga zulmat libosini kiydirgan edim. Uni deb hamma o‘rmon daraxtlari xazon bo‘lgan edi. 16 Men o‘sha daraxtni chuqurdagi marhumlarga hamroh qilib, o‘liklar diyoriga tushirganimda, daraxtning qulashi shovqinidan xalqlar qo‘rquvga tushib, titragan edi. O‘shanda Adan bog‘ining yer qa’riga tushgan hamma daraxtlari, Lubnonning eng sara, eng a’lo, yaxshi sug‘orilgan hamma daraxtlari uning qulashidan taskin topgan edi. 17 Uning panasida yashagan ittifoqchilarining hammasi daraxt bilan birga o‘liklar diyoriga tushishgan. Ular qilich

tig‘idan halok bo‘lganlarga qo‘shilishgan.

18 Ey fir’avn, sening shon–shuhratingu salobatingni Adandagi qaysi daraxtga qiyoslasam bo‘lar ekan–a? Sen ham Adandagi boshqa daraxtlar singari, yer qa’riga tushasan. Qilichdan halok bo‘lgan sunnatsizlar bilan birga go‘rda yotasan. Sen va to‘dangning qismati xuddi Ossuriyanikiday bo‘ladi. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”


32–BOB

Fir’avn ajdarho timsolida

1 Surgun bo‘lgan paytimizning o‘n ikkinchi yili o‘n ikkinchi oyining* birinchi kunida

Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, fir’avnga shunday marsiya kuyla:


«Sen o‘zingni xalqlar orasidagi sher deb bilasan.

Ammo sen suvdagi ajdarho kabidirsan! Sen irmoqlaringdagi suvni ko‘pirtirasan, Oyoqlaring bilan uni loyqalatasan.


3 Egamiz Rabbiy shunday demoqda:


Bir talay xaloyiq yig‘ilganda, Men ustingga to‘r tashlayman.

Ular esa seni qirg‘oqqa tortib chiqarishadi.

4 Men seni yerga uloqtiraman,

Yalanglikka tashlab qo‘yaman.

Osmondagi barcha qushlarni ustingga qo‘ndiraman.

Yer yuzidagi hamma yovvoyi hayvonlarga Seni yem qilib beraman.

5 Ichak–chovoqlaringni qirlarga yoyib tashlayman, Vodiylarni jasading qoldiqlari bilan qoplayman.

6 Yurtni oqqan qoning bilan sug‘oraman, Tog‘larni qoningga bo‘ktiraman.

Jarliklarni qoningga to‘ldiraman.

7 Seni daf qilganimda, osmonni to‘sib qo‘yaman, Yulduzlarni zulmatga cho‘ktirib yuboraman.

Quyosh yuzini bulut bilan qoplayman,

Oy nurini so‘ndiraman.

8 Boshing uzra porlagan

Hamma osmon chiroqlarini o‘chiraman. Yurtingni zulmat quchog‘iga otaman,

— deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. —


9 Men qulashing haqidagi xabarni xalqlar orasiga yoyaman, sen bilmagan yurtlarga yetkazaman. Shunda ko‘p xalqlarning yuraklariga vahima solaman. 10 Boshingga tushiradigan kulfatlar bois ko‘p xalqlarning aqlini shoshiraman. Qilichimni o‘ynatib, sen tufayli ularning hukmdorlarini titrataman. Boshingga kulfat kelgan kuni, ularning har biri jonini hovuchlab, qaltiraydi.»

11 Fir’avnga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Bobil shohining qilichi bo‘g‘zingda bo‘ladi. 12 Lashkaring o‘taketgan yovuz xalqning qo‘liga tushadi. Ular qudratli jangchilar tig‘idan o‘ladi. Sening g‘ururing poymol etiladi, to‘da lashkaring halok bo‘ladi. 13 Serob suvlar bo‘yidagi hamma podalaringni Men qirib tashlayman. Bundan buyon birorta inson oyog‘i bilan suvlarni loyqalatmaydi, birorta hayvon tuyoqlari bilan uni bulg‘amaydi. 14 Men Misr suvlarini tindiraman, irmoqlarini moyday sokin oqadigan qilaman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — 15 Men Misrni tashlandiq qilganimda, u yerdagi hamma narsani yo‘q qilganimda, butun aholisini qirib tashlaganimda, ey fir’avn, sen va xalqing Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.

16 Sizlar uchun aytiladigan marsiya shudir. Ajnabiy ayollar bu marsiyani kuylashar. Ha, bu motam she’rini Misr va uning to‘dasiga bag‘ishlab aytishar. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”

Misrliklar o‘liklar diyoriga tushadi

17 O‘sha oyning* o‘n beshinchi kunida Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 18 “Ey inson, Misr va uning to‘dasi uchun qayg‘urib yig‘la. Ularni boshqa buyuk xalqlar qatorida go‘rdagi marhumlar oldiga* jo‘nat. 19 Ularga shunday deb ayt: «Sizlar o‘zingizni boshqalardan go‘zal deb bilasizmi? Qani boring, sunnatsizlar bilan bir go‘rda yoting!

20 Sizlar jangda halok bo‘lganlar bilan birga jon berasiz. Mana, qilich hozirlandi! U hammalaringizni qirib tashlasin. 21 O‘liklar diyoridagi* buyuk sarkardalar sizlarni va ittifoqchilaringizni qarshilab olishadi. Ular shunday deb hayqirishadi: ‘Bu sunnatsizlar jangda halok bo‘ldi, yer bag‘riga tushib keldi, endi shu yerda yotibdi!’

22 Ossuriya ham u yerda, sipohlarining qabrlari orasida yotibdi. Ularning hammasi qilichdan halok bo‘lishgan. 23 Qabrlari chuqurlikning eng tubidadir. Ossuriyaning qabri sipohlarining qurshovida joylashgan. Ha, tiriklar dunyosiga dahshat solganlarning hammasi qilichdan halok bo‘ldi.

24 Elam* ham o‘sha yerda, bir to‘da sipohlarining qabrlari orasida yotibdi. Ularning hammasi jangda halok bo‘lgan. Bu sunnatsizlar narigi dunyoga ketgan. Ular tiriklar dunyosiga dahshat solishgan edi, endi esa go‘rdagi marhumlar singari isnodga qolishdi. 25 O‘ldirilganlar orasida Elam uchun to‘shak hozirlangan. Bir to‘da sipohlari uning atrofiga dafn qilingan. Jangda halok bo‘lgan bu sunnatsizlar qachonlardir tiriklar dunyosiga dahshat solishgan edi, endi esa go‘rdagi marhumlar singari isnodga qolishdi. Ha, ular halok bo‘lganlar orasida o‘rnashishdi.

26 Meshex bilan Tuval* ham o‘sha yerdadir. Ular sipohlarining qabrlari orasida yotishibdi. Bu sunnatsizlarning hammasi jangda halok bo‘lishgan. Biroq ular ham qachonlardir tiriklar dunyosiga dahshat solishgan edi. 27 Qadimda qahramonlarni* qurol–aslahalari bilan birga dafn qilishar edi*. Marhumlarning boshi ostiga qilich qo‘yib, tanasini qalqon bilan yopishar edi*. Biroq Meshex bilan Tuval bunday hurmat– ehtiromlarga sazovor bo‘lmadi, chunki ular tirikligida butun jahonga dahshat solishgan edi. 28 Ular ham yo‘q qilinadi. Jangda halok bo‘lgan sunnatsizlar bilan birga yotadi.

29 Edom ham o‘z shohlariyu rahnamolari bilan o‘sha yerdadir. Ular o‘z qudratiga qaramay, o‘ldirilganlar orasiga dafn qilinganlar. Go‘rdagi sunnatsizlar bilan birga yotishibdi.

30 Shimoldagi saltanatlarning hamma shahzodalari* va hamma Sidonliklar o‘sha

yerdadir. Ular qachonlardir buyuk qudrati bilan butun jahonni dahshatga tushirishgan

edi, so‘ng sharmandalarcha halok bo‘lishdi. Bu sunnatsizlar qilichdan halok bo‘lganlar orasida yotishibdi. Ular go‘rdagi marhumlar singari isnodga qolishdi.»

31 Fir’avn va uning to‘dasiga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey o‘z to‘dasidan ayrilgan fir’avn, sen bu cheksiz qabristonning manzarasini ko‘rib, taskin topasan. 32 Sen orqali butun jahonni dahshatga solgan bo‘lsam ham, endi barcha qo‘shinlaring bilan birga jangda halok bo‘lgan sunnatsizlar orasida yotasan. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”


33–BOB

Xudo Hizqiyolni soqchi qilib tayinlaydi

1 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, xalqing oldiga borib shunday so‘zlarni ayt: «Bordi–yu, Men biron–bir yurtga qilich yubormoqchi bo‘lsam, o‘sha yerdagi xalq o‘ziga bir soqchini tayinlaydi. 3 Soqchi yaqinlashib kelayotgan yov qo‘shinlarini ko‘rgach, burg‘u chalib bu haqda butun xalqni ogohlantiradi. 4 Bordi–yu, burg‘u ovozini eshitgan odamlar beparvolik qilib halok bo‘lishsa, ularning qoni o‘z gardanida qoladi. 5 Ular burg‘u ovozini eshitib turib, unga e’tibor bermaganlari uchun o‘z boshini o‘zlari yegan bo‘ladilar. Ular ogohlantirishga e’tibor berganda, jonlarini saqlab qolishlari mumkin edi, axir! 6 Bordi–yu, soqchi yaqinlashib kelayotgan yov

qo‘shinini ko‘rib turib, burg‘u chalmasa, u xalqni ogohlantirmagan bo‘ladi. Halok bo‘lgan odamlar o‘z gunohlari dastidan o‘ladilar, biroq ularning o‘limi uchun Men soqchini javobgar qilaman.»

7 Shu singari, ey inson, Men seni Isroil xalqi uchun bir soqchi qilib tayinladim. Sen og‘zimdan chiqqan har bir so‘zimni xalqimga aytib, ularni ogohlantirasan. 8 Bordi–yu, Men fosiqqa: «Ey fosiq, sen o‘lasan», deb aytsam–u, sen esa unga gapirmasang, uni yomon yo‘ldan qaytarish uchun ogohlantirmasang, o‘sha fosiq o‘z gunohi dastidan* o‘ladi, biroq uning o‘limi uchun Men seni javobgar qilaman. 9 Bordi–yu, sen o‘sha fosiqni ogohlantirsang–u, u esa yomon yo‘lidan qaytmasa, u o‘z gunohi dastidan o‘ladi, sen esa joningni saqlab qolgan bo‘lasan.

Odamning shaxsiy mas’uliyatlari

10 Ey inson, Isroil xalqiga ayt: «Sizlar shunday deb aytasizlar: ‘Qilgan gunohlarimiz bizni bosib qoldi. Biz ado bo‘lyapmiz. Bunday ahvolda yashab bo‘ladimi, axir?!’ 11 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, fosiqning halokatidan sevinmayman. Aksincha, fosiqlar yomon yo‘lidan qaytib, yashashini xohlayman. Ey Isroil, orqaga qayt! Yomon yo‘ldan qayt! Nima uchun halok bo‘lishing kerak?!»

12 Ey inson, xalqing oldiga borib ayt: «Agar solih odam yomon yo‘lga kirsa, qilgan savob ishlari uni qutqara olmaydi. Agar fosiq odam to‘g‘ri yo‘lga kirsa, qilgan gunohlari uni halokatga yetaklamaydi. Gunohga qo‘l urgan solih odam esa jonini saqlab qololmaydi.» 13 Ey inson, bordi–yu, Men solih odamga hayot va’da qilsam–u, u odam esa solihligiga ishonib, gunohga qo‘l ursa, uning qilgan savob ishlari hisobga olinmaydi.

Qilgan gunohi tufayli u o‘ladi. 14 Bordi–yu, fosiq odamga: «Sen o‘lasan», deb aytsam–u, u odam esa yomon yo‘lidan qaytib to‘g‘ri, adolatli ishlar qilsa, 15 garovga olgan narsani egasiga bersa, o‘g‘irlagan narsasini qaytarsa, yomonlikdan voz kechib, hayotbaxsh qonun–qoidalarga rioya qilsa, bunday odam albatta yashaydi, u o‘lmaydi. 16 Men uning

qilgan birorta gunohini esga olmayman. O‘sha odam to‘g‘ri va adolatli ishlar qilgani

uchun albatta yashaydi.

17 Ey inson, sening xalqing «Rabbiyning tutgan yo‘li nohaq–ku!» deb shikoyat qiladi. Aslida esa o‘zlarining yo‘llari nohaq. 18 Haq yo‘ldan ozgan va gunohga qo‘l urgan solih kishi qilgan gunohi uchun halok bo‘ladi. 19 Yomon yo‘ldan qaytib to‘g‘ri, adolatli ishlar qilgan fosiq kishi esa qilgan to‘g‘ri ishlari uchun jonini saqlab qoladi. 20 Ular esa:

«Rabbiyning tutgan yo‘li nohaq–ku», deb aytadi. Ularga Mening shu so‘zlarimni ayt: «Ey Isroil xalqi, bilib qo‘y, Men hammangizni qilgan ishingizga yarasha hukm qilaman.»”

Quddusning qulashi haqidagi xabar

21 Surgun bo‘lgan paytimizning o‘n ikkinchi yili o‘ninchi oyining* beshinchi kunida

Quddusdan qochib kelgan bir odam oldimga kelib: “Quddus quladi”, deb aytdi.

22 Bundan bir kun avval, kechasi, Egamizning qudrati meni qamrab olgan edi. Ertalab qochoq kelmasdan oldin, Egamiz menga gapirish iqtidorini qaytarib bergan edi*. Men yana tilga kirgan edim.

Xalqning gunohlari

23 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 24 “Ey inson, Isroilning xarob shaharlarida yashab yurgan odamlar shunday deb yurishibdi: «Ibrohim yolg‘iz o‘zi bo‘la turib, butun yurtga egalik qilar edi. Biz esa ko‘pchilikmiz. Bizning ham bu yurtga egalik qilishga haqimiz bor.» 25 O‘sha odamlarga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sizlar qoni chiqarilmagan go‘shtni tanovul qilasizlar*, butlarga sig‘inib, qotillikka qo‘l urasizlar.

Shunday ekan, bu yurtga egalik qilishga nima haqingiz bor?! 26 Sizlar faqat o‘z qilichingizga ishonyapsizlar! Jirkanch ishlar qilyapsizlar. Har biringiz qo‘shningizning xotinini bulg‘ayapsizlar! Bu yurtga egalik qilishga nima haqingiz bor?!» 27 Ularga ayt:

«Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, o‘sha xarob shaharlarda yashab yurgan odamlarning hammasi qilichdan halok bo‘ladilar. Bepoyon dalalarda bo‘lganlarni yovvoyi hayvonlar g‘ajib tashlaydi. Qal’alarda va g‘orlarda bo‘lganlar esa o‘latdan nobud bo‘ladilar. 28 Men butun yurtni tashlandiq xarobazorga aylantiraman. Sizlarning mag‘rur qudratingizga chek qo‘yaman. Isroil tog‘larida birorta tirik jon qolmaydi, u yerga odam oyoq bosmaydi. 29 Men sizlarni qilgan jirkanch ishlaringiz uchun jazolab, yurtni tashlandiq xarobazorga aylantirganimda, Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.»

Hizqiyol voizligining natijasi

30 Ey inson, yurtdoshlaring shahar devorlari oldida hamda uy ostonalarida turib, seni g‘iybat qilishyapti. Ular bir–birlariga: «Qani yuringlar, Egamizdan kelgan xabarni bir eshitib ko‘raylik–chi!» deyishadi. 31 Ular oldingga to‘dalashib kelishadi. Gaplaringni eshitib o‘tirishadi, lekin birontasi ham aytganlaringni qilmaydi. Ularning tilidan bol tomadi, ammo dilida o‘z foydasini ko‘zlaydilar. 32 Ular uchun sen mohir bir sozanda, muhabbat haqida kuylagan xushovoz bir xonanda kabisan, xolos. Ular aytganlaringni eshitishadi–yu, ammo gapingga kirishmaydi. 33 Men senga aytgan barcha kulfatlar ularning boshiga tushadi. Shunda ular seni payg‘ambar deb tan olishadi.”

34–BOB

Isroil cho‘ponlari

1 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, Isroil cho‘ponlariga qarshi bashorat qilib ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey Isroil cho‘ponlari, sizning holingizga voy! Sizlar qo‘ylarni boqish o‘rniga o‘zingizni boqib yuribsizlar! 3 Eng semiz qo‘ylarni so‘yib, yog‘ini yeysizlar. Jundan to‘qilgan kiyimlar kiyasizlar. Qo‘ylarni esa boqmaysizlar. 4 Nimjon qo‘ylarga qaramaysizlar, kasallarni davolamaysizlar, yaralarini bog‘lamaysizlar, adashganlarni olib kelmaysizlar, yo‘qolganlarni izlamaysizlar.

Aksincha, ularni qattiqqo‘llik bilan boshqarib, zulm o‘tkazasizlar. 5 Suruvning cho‘poni bo‘lmagani uchun qo‘ylarim har yoqqa tarqalib ketdi. Ular hamma yovvoyi hayvonlarga o‘lja bo‘ldi. 6 Ha, qo‘ylarim tarqalib ketdi. Ular tog‘u tepaliklarda sandiroqlab yurdi.

Butun yer yuziga yoyilib ketdi, ularni hech kim izlamadi.

7 Ey cho‘ponlar, Mening so‘zimni eshitib qo‘yinglar. 8 Men, Egangiz Rabbiy, barhayot

Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytaman: ana, cho‘ponsiz qolgan qo‘ylarim o‘lja bo‘ldi. Mening qo‘ylarim hamma yovvoyi hayvonlarga yegulik bo‘ldi. Ey cho‘ponlarim, sizlar qo‘ylarimni qidirmadingiz. Qo‘ylarimni boqmay, o‘zingizni boqdingiz. 9 Shuning uchun, ey cho‘ponlar, Mening so‘zimni ikki qulog‘ingiz bilan eshitib qo‘yinglar! 10 Men, Egangiz Rabbiy, aytamanki, sizlarga qarshiman. Nobud bo‘lgan qo‘ylarimni sizlardan undirib olaman. Sizlar suruvimni boshqa boqmaysizlar. Bundan buyon faqat o‘z qorinlaringizni to‘yg‘izib yurmaysizlar. Men qo‘ylarimni sizning og‘zidan tortib olaman, siz qo‘ylarimni yemaysizlar.

Yaxshi cho‘pon

11 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey cho‘ponlar, Men O‘zim qo‘ylarimni qidirib topaman. 12 Adashgan suruvni qidirgan cho‘ponday qo‘ylarimni izlayman. Bulutli, qorong‘i kunda* har yoqqa tarqalib ketgan qo‘ylarimni hamma joydan xalos qilib olib kelaman. 13 Ularni begona o‘lkayu yurtlardan olib chiqib, ona zaminiga olib kelaman. Isroil tog‘larida, soyliklarda va yurtning obod o‘lkalarida ularni boqaman. 14 Yaxshi yaylovlarda o‘tlataman, Isroil tog‘lari ularning yaylovi bo‘ladi. Ular o‘sha yerdagi maysazorlarda yotib, Isroil tog‘larining ko‘m–ko‘k yaylovlarida o‘tlab yuradi. 15 Men O‘zim qo‘ylarimga cho‘pon bo‘laman. Ularga orom beraman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 16 — Yo‘qolgan qo‘ylarimni izlab topaman, adashganlarini qaytarib olib kelaman. Ularning yaralarini bog‘lab qo‘yaman, nimjon qo‘ylarni parvarish qilaman. Semiz, baquvvat qo‘ylarni esa yo‘q qilaman. Men suruvimni adolat ila boqaman.

17 Ey suruvimdagi qo‘ylar, sizlar haqingizda Men, Egangiz Rabbiy, aytamanki, suruvimdagi qo‘ylar orasida ajrim qilaman, qo‘chqor va taka orasida hukm chiqaraman. 18 Nega sizlar yaxshi o‘tdan yeb, ortganini payhon qilyapsizlar?! Tiniq suvdan ichib, qonganingizdan keyin suvni loyqalatyapsizlar?! 19 Nima uchun qolgan qo‘ylarim sizlar payhon qilgan o‘tdan yeyishlari kerak?! Sizlar loyqalatgan suvdan ichishlari kerak?!»

20 Isroil xalqiga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men O‘zim semiz va oriq qo‘ylarni ajrim qilaman. 21 Semiz qo‘ylar oriq qo‘ylarimni biqini va yelkasi bilan itarib, shoxlari bilan suzdi. Ularni uzoqlarga tarqatib yubordi. 22 Lekin Men suruvimni qutqarib olaman, ular endi o‘lja bo‘lmaydilar. Men bir qo‘y bilan boshqa qo‘y orasida ajrim qilaman. 23 Men qulim Dovudni cho‘pon qilib tayinlayman. U suruvimni boqadi, ularga

cho‘ponlik qiladi. 24 Men ularning Xudosi bo‘laman, qulim Dovud esa ularning hukmdori bo‘ladi. Bularni Men, Egangiz, aytdim.

25 Ey Isroil xalqi! Sizlar mening suruvimsiz. Men sizlar bilan tinchlik ahdini tuzib, yurtdagi barcha yovvoyi hayvonlarni quvib chiqaraman. Shunda sizlar dashtu biyobonlarda osoyishta hayot kechirasizlar, o‘rmonlarda tinch uxlaysizlar. 26 Men sizlarga baraka beraman. Muqaddas tog‘im* atrofida yashashingizga yo‘l qo‘yaman. Sizlarga yomg‘irni o‘z mavsumida baraka qilib yog‘diraman. 27 Bog‘–rog‘lardagi daraxtlar meva beradi, yer mo‘l hosil yetishtiradi. Sizlar o‘z zaminingizda har qanday xavf–xatardan xoli bo‘lasiz. Men sizlarni qul qilib olgan zolimlarning qo‘lidan xalos qilaman, bo‘yinturug‘ini sindiraman. O‘shanda sizlar Egangiz Men ekanligimni bilib olasiz. 28 Bundan buyon o‘zga xalqlar sizlarni talamaydi, yurtdagi yovvoyi hayvonlar sizlarni g‘ajimaydi. Sizlar osoyishta hayot kechirasiz, hech kim sizlarga tahdid solmaydi. 29 Ocharchilikdan nobud bo‘lmasligingiz uchun Men sizlarga serunum yerlarni beraman. O‘zga xalqlar sizlarni haqorat qilmaydigan bo‘ladilar. 30 Ey Isroil xalqi! Shunda Men sizlar bilan birga ekanligimni bilib olasizlar. Mening xalqim ekanligingizni sizlar anglab yetasizlar. Zotan, Men Isroil xalqining Egasi Xudoman! — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy.

31 Ey Isroil xalqi, sizlar Mening suruvim, yaylovimdagi qo‘ylarimsizlar, Men esa sizning Xudoyingizman. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”


35–BOB

Xudo Edomni jazolaydi

1 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, Seir tog‘lariga* yuzlan, ularga qarshi bashorat qilib ayt: 3 «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey Seir tog‘lari, Men sizlarga qarshiman. Men sizlarga qarshi qo‘limni ko‘tarib, sizlarni tashlandiq xarobazor qilaman. 4 Shaharlaringizni vayron qilib, yurtingizni tashlandiq joyga aylantiraman.

O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. 5 Xalqimga bo‘lgan qadimgi adovatingiz tufayli sizlar Isroil xalqining taqdirini qilich bilan hal qilgan edingizlar. Ular shusiz ham oxirgi jazosini tortib, boshlaridan og‘ir damlarni kechirayotgan edilar–ku!

6 Shu qilganlaringiz uchun, Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, sizlarni qonga belayman, qon ketingizdan quvadi. Sizlar qotillikdan hazar qilmaganingiz uchun qotillik sizlarni doim ta’qib qiladi. 7 Ey Seir tog‘lari, Men sizlarni xarob qilib, tashlandiq joyga aylantiraman. Hududingizdan hech kim yurmaydigan bo‘ladi. 8 Men sizlarni jasadlarga to‘ldiraman. Qilichdan halok bo‘lgan odamlarning jasadlari qirlaringizda, vodiylaringizda, soyliklaringizda yotadi. 9 Sizlarni to abad tashlandiq qilaman. Shaharlaringizda hech qachon odam yashamaydi. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.

10 Men, Egangiz, Yahudo va Isroil yurtida bo‘lganimga qaramay, sizlar shunday deb

aytgan edingiz: ‘Bu ikki xalq bizniki bo‘ladi, ularning yurtini biz qo‘lga kiritamiz.’ 11 Shunday ekan, Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo bo‘lganim haqi ont ichib aytamanki, sizlarni qilgan qilmishlaringizga yarasha jazolayman. Sizlar xalqimdan

nafratlanib, ularga hasad qilganingiz hamda ustilariga g‘azabingizni sochganingiz uchun adabingizni beraman. Men sizlarni jazolaganimda O‘zimni xalqimga tanitaman. 12 Sizlar Isroil tog‘lariga qarata aytgan haqoratli so‘zlaringizni Men, Egangiz, eshitganimni bilib olasizlar. Sizlar shunday degan edingiz: ‘Isroil xarob bo‘ldi, endi bu xalq bizga yem

bo‘ladi.’ 13 Ha, sizlar Mening oldimda o‘zingizni katta tutdingizlar. Og‘zingizni ko‘pirtirib,

Menga qarshi gapirdingizlar. Men hammasini eshitdim.

14 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men sizlarni xarob qilganimda, butun jahon sevinadi. 15 Axir, sizlar Isroil yurti xarob bo‘lganidan sevingan edingizlar. Shuning uchun Men bu ko‘rgilikni boshlaringizga solaman. Ey Seir tog‘lari, ey butun Edom yurti, sizlar xarob bo‘lasiz. Shunda Egangiz Men ekanligimni butun jahon bilib oladi.»”


36–BOB

Isroil tog‘lari haqida bashorat

1 Egamiz menga dedi: “Ey inson, Isroil tog‘lari haqida shunday bashorat qil: «Ey Isroil tog‘lari, Egamizning so‘zini eshiting. 2 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: g‘animlaringiz sizni mazax qilib: ‘Aha! Bu ko‘hna tepaliklar endi bizniki bo‘ldi’, deb aytgan edilar.»

3 Shuning uchun, ey inson, bashorat qilib ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: qo‘shni xalqlar sizlarga har yoqdan hamla qilib, sizlarni xonavayron qilganlari uchun, sizlar ularning mulki bo‘ldingiz, odamlardan haqoratlar eshitib, xo‘rliklar ko‘rdingiz.

4 Ey Isroil tog‘lari, endi Mening so‘zimni eshiting! Men, Egangiz Rabbiy, tog‘laru qirlarga, soyliklaru vodiylarga, xarobazorlaru huvullagan shaharlarga gapirmoqdaman. Axir, bu shaharlar atrofdagi hamma xalqlarga o‘lja va kulgi bo‘ldi. 5 Men, Egangiz Rabbiy, aytamanki, Isroil atrofida yashagan xalqlardan, xususan, Edom xalqidan qattiq g‘azabdaman. Chunki ular nafrat tuyg‘usiga berilib, yaylovlarni talon–taroj qilish uchun yurtimni qo‘lga kiritdilar. Shunda o‘zida yo‘q xursand bo‘ldilar.» 6 Ey inson, shu sababdan Isroil yurti haqida bashorat qilib, tog‘laru qirlarga, soyliklaru vodiylarga ayt:

«Egamiz Rabbiy shunday demoqda: qo‘shni xalqlar sizlarni qanchalik xo‘rlaganini ko‘rib, g‘azabim keldi, rashkim qo‘zidi. 7 Shu sababdan Men, Egangiz Rabbiy, ont ichib aytamanki, atrofingizdagi barcha xalqlarni xo‘rlamay qo‘ymayman.

8 Sizlar esa, ey Isroil tog‘lari, butoq chiqarasizlar. Xalqim Isroil uchun mo‘l hosil yetishtirasizlar. Ha, ko‘p o‘tmay ular o‘z yurtiga qaytib keladilar. 9 Men sizlarga yuz buraman, O‘zim sizlarga g‘amxo‘rlik qilaman. Yerlaringiz shudgor qilinadi, ekinlar ekiladi. 10 Men Isroil aholisini ko‘paytiraman. Butun Isroil xonadonini son–sanoqsiz qilaman. Huvullagan shaharlarga odamlar ko‘chib keladi, vayronalar qayta tiklanadi.

11 Nafaqat odamlarning, balki mol–qo‘ylarning ham soni behad ko‘payadi. Ular ko‘payib, barakali bo‘ladi. Yurtingiz ilgarigiday odamlarga to‘lib–toshadi. Men sizlarni oldingidan ham a’loroq hayotga erishtiraman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.

12 Men xalqim Isroilni oldingizga yetaklab kelaman. Ular yerlaringizga egalik qiladilar, sizlar xalqimning mulki bo‘lasizlar. Xalqimning farzandlarini boshqa nobud qilmaysizlar.

13 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey Isroil tog‘lari, odamlar sizlar haqingizda shunday gapirishadi: ‘Isroil yurti o‘z odamlarini nobud qiladi, o‘z xalqini farzandlaridan judo qiladi.’* 14 Ammo endi sizlar odamlarni nobud qilmaysizlar, xalqingizni farzandlaridan judo qilmaysizlar, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 15 — Begona xalqlar sizlarni haqorat qilishlariga va ustingizdan kulishlariga Men yo‘l qo‘ymayman. Bundan buyon xalqimning qoqilishiga sizlar sabab bo‘lmaysiz. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”

Isroil xalqining yangi hayoti

16 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 17 “Ey inson, Isroil xalqi ona yurtida yashab yurgan paytida yerni yaramas qilmishlari bilan bulg‘agan edi. Ularning bunday qilmishlari Mening nazarimda hayz ko‘rgan ayolday nopok edi*. 18 Ular yurtda qon to‘kkanlari uchun, butlarga sig‘inib zaminni bulg‘aganlari uchun, Men ularning ustiga g‘azabimni sochgan edim. 19 Ularni xalqlar orasiga tarqatib tashlagan edim, boshqa yurtlarga quvib yuborgan edim. Men ularni tutgan yo‘llari va qilgan qilmishlariga yarasha jazolagan edim. 20 Biroq ular borgan joylarida Meni badnom qilishdi. Ularni ko‘rgan odamlar: «Bu Xudoning xalqi–ku! Ular Egasining yurtidan chiqib ketishga majbur bo‘libdi–da!» deb aytishar edi. 21 Ha, Isroil xalqi borgan joyida Meni badnom qildi. Bulg‘angan muqaddas nomim uchun Men qayg‘urdim.

22 Shunday ekan, Isroil xalqiga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men sizlarni yurtingizga qaytarib olib kelaman. Lekin buni sizlar uchun emas, balki xalqlar orasida sizlar bulg‘agan O‘z nomim uchun qilaman. 23 Sizlar bulg‘agan Mening buyuk nomim qanchalik muqaddas ekanligini Men barcha xalqlarga ko‘rsataman. O‘shanda Egasi Men ekanligimni ular bilib oladilar. Men sizlar orqali O‘z muqaddasligimni ularga ayon qilaman. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.

24 Axir, sizlarni barcha xalqlar orasidan, hamma yurtlardan yig‘ib olaman. O‘z yurtingizga olib borib o‘rnashtiraman. 25 Ustingizga toza suvdan sepib, sizlarni poklayman. Barcha nopokliklaru butlaringizdan tozalayman. 26 Sizlarga yangi yurak berib, qalbingizni yangi ruhga to‘ldiraman. Bag‘ringizdagi tosh yurakning o‘rniga yumshoq yurak beraman. 27 Ichingizga O‘z Ruhimni solaman. Sizlar farmonlarimga rioya qiladigan, qonun–qoidalarimni bitta qoldirmay bajaradigan bo‘lasizlar. 28 Shunda Men ota–bobolaringizga bergan bu yurtda yashaysizlar. Sizlar Mening xalqim bo‘lasiz, Men esa sizning Xudoyingiz bo‘laman. 29 Men sizlarni barcha nopokliklardan xalos qilaman.

G‘alla hosilini mo‘l yetishtirib, ocharchilikka chek qo‘yaman. 30 Ovqat tanqisligidan xalqlar orasida xor bo‘lmasligingiz uchun bog‘laru dalalaringizga mo‘l hosil beraman. 31 Shunda sizlar yovuz yo‘llaringizni, qabih qilmishlaringizni eslaysizlar, qilgan gunohlaringiz va jirkanch odatlaringiz uchun o‘zingizdan nafratlanib ketasizlar. 32 Ey Isroil xalqi, bilib qo‘yinglar, Men sizlarga qilmoqchi bo‘lgan bu yaxshiliklarga loyiq emassiz, biroq shu orqali Men sizlarni uyaltiraman. Qilgan qilmishlaringizdan pushaymon bo‘lasiz. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»

33 Ey inson, ularga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men sizlarni gunohlardan poklaganimda, odamlarni olib kelib, shaharlaringizga o‘rnashtiraman. Vayrona bo‘lib yotgan xarobalaringiz tiklanadi. 34 Qachonlardir sayyohlar kezib yurgan tashlandiq, qarovsiz yerlarga qayta ishlov beriladi. 35 Ular bu yerlarni ko‘rganda shunday deb aytishadi: ‘Voajabo! Tashlandiq bo‘lib yotgan bu yerlar Adan bog‘iday yashnab ketibdi– ku! Huvullab yotgan xarob shaharlar mustahkam devorlar bilan o‘ralib, obod bo‘libdi– ku!’ 36 Shunda atrofdagi omon qolgan xalqlar xarob shaharlarni Men, Egangiz, qayta qurganimni, yalang maydonlarga Men ekin ekkanimni bilib olishadi. Men, Egangiz, aytgan bu so‘zlarimni albatta amalga oshiraman.»”

37 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men xalqim Isroilning iltijolariga quloq tutib, ularni qo‘ylarday son–sanoqsiz qilaman. 38 Bayram arafasida Quddus ko‘chalari qurbonlik qilinadigan qo‘ylar bilan to‘lib–toshganiday, hozir vayron bo‘lib yotgan shaharlar ham odamlar bilan to‘lib–toshadi. O‘shanda Isroil xalqi Egasi Men ekanligimni

bilib oladi.”


37–BOB


Qurigan suyaklar vodiysi

1 Egamizning qudrati meni qamrab oldi. Egamizning Ruhi meni ko‘tarib, vodiyning o‘rtasiga qo‘ydi. Vodiy suyaklarga to‘la edi. 2 Ruh meni vodiydagi bir dunyo suyaklar orasida aylantirib yurdi. Suyaklar qurib ketgan edi. 3 Ruh menga:

Yahudo bilan Isroil bir shohlik bo‘ladi

15 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 16 “Ey inson, bir tayoq olib, uning ustiga

«Yahudo shohligi»* deb yoz. So‘ng boshqa bir tayoq olib, uning ustiga «Isroil shohligi»* deb yoz. 17 Keyin ikkala tayoqning uchlarini bir qo‘lingda shunday qilib ushlaginki, ular bir tayoqday bo‘lib ko‘rinsin. 18 Odamlar sendan: «Bu bilan bizga nima demoqchisan?» deb so‘raganlarida, 19 ularga shunday deb javob ber: «Egamiz Rabbiy demoqda: Men Isroil shohligini bildiruvchi tayoqni* olaman. Uni Yahudo shohligining tayog‘i bilan birlashtiraman. Ikkala tayoqni bitta qilib, qo‘limda ushlayman.»

20 Qo‘lingdagi tayoqlarni hamma ko‘radigan bo‘lsin, 21 so‘ng xalqqa ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men har yoqqa tarqalib ketgan xalqimni o‘zga xalqlar orasidan yig‘ib olaman. Ularni o‘z yurtlariga olib kelaman. 22 Ularni o‘sha yurtda yagona bir xalq qilaman. Ha, Isroil tog‘larida ulardan yagona davlat yarataman. Ustilaridan bir

shoh tayinlayman, ular hech qachon ikki shohlikka ajralmaydilar. 23 Butlar va makruh xudolar tufayli o‘zlarini bulg‘amaydilar, gunohdan o‘zlarini pok saqlaydilar. Men ularni sadoqatsizlik aybidan xalos etaman*. Dillarini poklab tozalayman. Shunda ular Mening xalqim bo‘ladi, Men esa ularning Xudosi bo‘laman.

24 Qulim Dovud ularning shohi bo‘ladi. Ha, hammasini bir cho‘pon boshqaradi. Ular qonun–qoidalarimga rioya qilib, farmonlarimni bitta qoldirmay bajarishadi. 25 Men qulim Yoqubga bergan yerda ular yashaydilar, ajdodlari o‘tgan yurtda istiqomat qiladilar. Bola–chaqalari va butun avlodi o‘sha yurtda abadiy o‘rnashadi. Qulim Dovudning sulolasi ularga to abad hukmronlik qiladi. 26 Men ular bilan tinchlik ahdini tuzaman. Bu mangu bir ahd bo‘ladi. Men ularga baraka beraman, ko‘paytiraman.

Ma’badimni ularning orasida abadiy o‘rnashtiraman. 27 Ular orasida maskan quraman, Men ularning Xudosi, ular esa Mening xalqim bo‘ladilar. 28 Men maskanimni ular orasida abadiy o‘rnashtirganimda, Isroil xalqini muqaddas qiladigan Egasi Men ekanligimni xalqlar bilib oladilar.»”


38–BOB

Hukmdor Go‘g Isroilga hujum qiladi

1 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi: 2 “Ey inson, Mago‘g yurtidagi Meshex va Tuval* xalqlarining bosh hukmdori* Go‘gga yuzlan. Unga qarshi bashorat qilib 3 ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey Meshex va Tuval xalqlarining bosh hukmdori Go‘g, Men senga qarshiman! 4 Men seni orqaga qaytaraman, jag‘laringga ilmoqlar solaman. Seni va butun lashkaringni, otlaru otliqlaringni, tish–tirnog‘igacha qurollangan askarlaringni, ulkan bir olomonni, katta va kichik qalqon ushlab, qilich o‘ynatgan jangchilaringni sudrab chiqaraman. 5 Sening safingga Forslar, Habashistonliklar va Liviyaliklarning* qurollangan jangchilari qo‘shiladi. 6 Go‘mer xalqining* va shimoldagi To‘xarmo yurtining* barcha lashkari senga ergashadi. Sening lashkarlaring nihoyatda ko‘pdir.

7 Qani, tayyorlan! Atrofingdagi lashkarlarni jangga shay qil! Sen ularni boshlab borasan. 8 Yillar o‘tib, jangga otlanasan. Urushdan keyin o‘zini tiklab olgan bir yurtga sen bostirib borasan. Uzoq vaqt davomida tashlandiq bo‘lib yotgan bu yurtga, turli xalqlardan Isroil tog‘lariga kelib o‘rnashgan odamlarga hujum qilasan. Ularning hammasi osoyishta turmush kechirayotgan bo‘ladi. 9 Ammo sen dovuldek ularga yopirilasan. Sen, lashkaring va senga ergashib kelgan ko‘p xalqlar yurtni bulut kabi qoplab olasizlar.

10 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey Go‘g, o‘sha kuni sen yomon xayollarga berilasan, yovuz rejalar tuza boshlaysan. 11 Sen shunday aytasan: ‘Men devor bilan o‘ralmagan qishloqlarga bostirib boraman. Xotirjam yashayotgan odamlarga hujum qilaman. Ularning na devorlari bor, na darvozasi, na tambasi bor.’ 12 Sen xarob shaharlarni tiklagan odamlarni talon–taroj qilasan. Bu odamlar turli xalqlardan yig‘ilgan, chorva ko‘paytirib, dunyo orttirgan, jahon chorrahasida* joylashib olishgan. 13 Shunda Shava va Dedon* xalqlari hamda Tarshish* savdogarlariyu zodagonlari* sendan so‘raydilar: ‘Sen hali o‘lja olgani keldingmi? Talon–taroj qilgani, oltinu kumush

olib ketgani, chorvayu boylikni tortib olgani, qo‘lga behad o‘lja kiritgani bir to‘da qo‘shin tortib keldingmi?’»

14 Ey inson, Go‘gga bashorat qilib ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sen xalqim

Isroilning xotirjam yashaganini ko‘rib, 15 shimoldagi olis yurtingdan ko‘p xalqlarni ergashtirib kelasan. Ha, bu cheksiz otliq lashkarni, bir to‘da buyuk qo‘shinni tortib kelasan. 16 Yer yuzini qoplagan bulut kabi, xalqim Isroilni bosib olasan. Ey Go‘g, kelajakda Men seni yurtimga hujum qilgani yuboraman. Sen orqali xalqlarga muqaddasligimni ayon qilib, O‘zimni tanitaman.

Xudo Go‘gni jazolaydi

17 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: O‘z qullarim — payg‘ambarlarim orqali Men xalqimni ogohlantirib kelganman. Kelajakda ularga qarshi bir dushman yuborishimni oldindan aytganman. Ey Go‘g, o‘sha dushman sensan. 18 Isroil yurtiga hujum qilgan kuning, Men g‘azabga minib olaman! — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 19 — Rashku g‘azabda e’lon qilamanki, o‘sha kuni Isroil yurtida dahshatli zilzila bo‘ladi. 20 Yer yuzidagi barcha jonzot — dengizdagi baliqlaru ko‘kdagi qushlar, yovvoyi hayvonlaru sudraluvchilar, hamma odamlar Mening huzurimda titraydi. Tog‘lar ag‘darilib tushadi, qoyalar parchalanib ketadi, hamma devorlar o‘pirilib tushadi. 21 Men hamma Isroil tog‘larida senga qarshi qilich hozirlayman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Lashkarlaring bir–biriga hamla qiladi. 22 Men o‘latu qotilliklar orqali seni jazolayman. Sening, lashkaringning, senga ergashib kelgan ko‘p xalqlarning ustiga olovli oltingugurt, jala va do‘l yog‘diraman. 23 Dunyodagi ko‘plab xalqlarga O‘zimning ulug‘vorligim va muqaddasligimni namoyon qilaman, ularga O‘zimni tanitaman. O‘shanda barcha xalqlarning Egasi Men ekanligimni ular bilib oladilar.»”


39–BOB

Go‘gning mag‘lubiyati

1 Egamiz menga dedi: “Ey inson, Go‘gga qarshi bashorat qilib ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey Meshex va Tuvalning bosh hukmdori* Go‘g, Men senga qarshiman! 2 Men seni orqaga qaytarib, sudrab kelaman. Seni uzoq shimoldan olib chiqib, Isroil tog‘lariga olib kelaman. 3 Chap qo‘lingdagi yoying va o‘ng qo‘lingdagi o‘qlaringni urib tushiraman. 4 Sen Isroil tog‘larida jon berasan! Sening hamma lashkarlaring va senga ergashib kelgan xalqlar u yerda halok bo‘lishadi. Ularning jasadlari turli yirtqich qushlarga va yovvoyi hayvonlarga o‘lja bo‘ladi. 5 Sen ochiq

maydonda o‘lasan. Buni Men aytdim. 6 Men Mago‘g ustiga va dengiz qirg‘og‘ida osoyishta hayot kechirayotgan barcha xalqlar ustiga olov yog‘diraman. O‘shanda barcha xalqlarning Egasi Men ekanligimni ular bilib oladilar.»

7 Ey inson, Men O‘z muqaddasligimni xalqim Isroilga ayon qilaman. Meni badnom qilishlariga endi yo‘l qo‘ymayman. Shunda barcha xalqlar Men, Isroil xalqining Xudosini muqaddas deb biladilar, ularning Egasi Men ekanligimni bilib oladilar. 8 Men aytgan o‘sha kun albatta keladi, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — 9 Shunda Isroil xalqi shaharlardan chiqib, mag‘lub bo‘lgan yovning qurol–aslahalarini yig‘adi. Ular yig‘ib olgan kattayu kichik qalqonlarni, yoy va o‘qlarni, tayoq va nayzalarni yoqishadi. Yetti yil davomida ularni o‘tin o‘rniga ishlatishadi. 10 O‘tin yig‘ish, o‘rmonda daraxt kesishga ehtiyoj qolmaydi, chunki bu qurol–aslahalar xalqim uchun yoqilg‘i bo‘ladi. Shu tariqa Isroil xalqi o‘z talonchilaridan o‘ch oladi.” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.

Go‘g dafn qilinadi

11 Egamiz menga dedi: “Ey inson, bu hodisalar ro‘y bergan kuni Go‘g va uning to‘dasi uchun Men bir qabriston hozirlayman. Bu qabriston O‘lik dengizning sharq tomonidagi Sayyohlar vodiysida joylashgan bo‘ladi. U sayyohlarning yo‘lini to‘sib qo‘yadi. Shuning uchun sayyohlar o‘sha vodiyning nomini o‘zgartirib, uni «Go‘g to‘dasining vodiysi» deb ataydigan bo‘lishadi. 12 Isroil xalqi yetti oy mobaynida jasadlarni ko‘mib, o‘z yurtini poklaydi. 13 Butun yurt aholisi jasadlarni ko‘madi. Shu qilganlari uchun Men ulug‘vorligimni namoyon qilgan kunda ular yuksak obro‘ga erishadi, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 14 — Yetti oy o‘tgach, yurtni poklaydigan maxsus odamlar tayinlanadi. Ular yurtni kezib, ko‘milmay qolib ketgan jasadlarni ko‘madilar. 15 Ular yurtni kezib yurganlarida topilgan har bir suyak oldiga belgi qo‘yadilar. Go‘rkovlar bu suyaklarni yig‘ib olib, «Go‘g to‘dasining vodiysi»ga ko‘madilar. 16 Qabriston yonidagi shaharning nomi ham To‘da bo‘ladi. Shunday qilib, ular yurtni poklaydilar.

17 Ey inson, turli xil qushlarni va hamma yovvoyi hayvonlarni yig‘ib, ularga shunday deb ayt: «Egamiz Rabbiy demoqda: qani, kelinglar! Men sizlar uchun qurbonlik hozirlayman, Isroil tog‘larida katta ziyofat uyushtiraman. Sizlar to‘yguningizcha go‘shtdan yeb, qondan ichasizlar. 18 Bashan o‘lkasida semirtirilgan qo‘chqor, qo‘zichoq, echki va buqalar bo‘g‘izlanganday, bahodir jangchilaru jahon hukmdorlari qurbon qilinadi. Sizlar ularning tanalarini yeb, qonini ichasizlar. 19 Men sizlar uchun uyushtiradigan bu ziyofatda sizlar to‘yguningizcha yog‘dan yeysizlar, mast bo‘lguningizcha qondan ichasizlar. 20 Sizlar Mening dasturxonimdan xohlaganingizcha ot va otliqlarning go‘shtidan, sipoh va turli xil jangchilarning go‘shtidan tanovul qilasizlar. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»

Isroil tiklanadi

21 Men O‘z ulug‘vorligimni xalqlar orasida namoyon qilaman. Xalqlarni jazolab, ularga O‘z qudratimni ko‘rsataman. 22 O‘sha kundan boshlab, Isroil xalqi Egasi Xudo Men ekanligimni biladi. 23 Isroil xalqi gunoh qilib, Menga xiyonat qilgani uchun, Men ularni begona yurtlarga surgun qilganimni boshqa xalqlar tushunib olishadi. Xalqimning bu qilmishi uchun Men ulardan yuz o‘girib, dushmanlarning qo‘liga topshirgan edim, qirilib ketishlariga to‘sqinlik qilmadim. 24 Men ulardan yuz o‘girdim, buzuqligi va qilgan gunohlariga yarasha jazosini berdim.”

25 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Mana endi Men Yoqub naslini yana farovonlikka erishtiraman*. Butun Isroil xalqiga shafqat ko‘rsataman. Obro‘yim to‘kilishiga yo‘l qo‘ymayman! 26 Ular o‘z yurtiga qaytib kelganlaridan keyin o‘tmishdagi sharmandagarchiligi va Menga qilgan xiyonatiga iqror bo‘ladilar. Ular tinch yashaydilar, hech kim ularga tahdid qilmaydi. 27 Men ularni g‘animlarning yurtlaridan olib chiqqanimda, xalqlar muqaddasligimni ko‘rishadi. 28 Egasi Xudo Men ekanligimni xalqim bilib oladi. Garchi Men ularni o‘zga yurtlarga tarqatib yuborgan bo‘lsam–da, ularni ona yurtiga qaytarib olib kelaman. Xalqimdan birontasi ham begona yurtda qolib ketmaydi. 29 Men xalqim Isroil ustiga O‘z Ruhimdan yog‘diraman, endi ulardan yuz o‘girmayman.” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.

40–BOB

Ma’bad haqida vahiy

1 Surgun bo‘lgan paytimizning yigirma beshinchi yili birinchi oyining* o‘ninchi kunida Quddus qulaganiga o‘n to‘rt yil bo‘lgan edi. O‘sha kuni Egamizning qudrati meni qamrab olib, ko‘tarib ketdi. 2 Vahiyda Xudo meni Isroil yurtiga olib borib, juda baland bir tog‘ning ustiga turg‘izib qo‘ydi. U yerdan men janub tomonda joylashgan shaharga o‘xshash bir nechta binoni ko‘rdim. 3 Xudo meni o‘sha yerga yaqinroq olib borganda, men darvoza yonida turgan bir odamni ko‘rib qoldim. O‘sha odamning butun vujudi yarqiroq misday tovlanib turar edi. Uning qo‘lida o‘lchov asboblaridan zig‘ir arqon va chizg‘ich bor edi. 4 U menga shunday dedi: “Ey inson, men senga ko‘rsatadigan hamma narsaga yaxshilab e’tibor ber, sen shu sababdan bu yerga keltirilgansan. Yaxshilab quloq sol, chunki sen ko‘rganlaringni Isroil xalqiga aytib berishing kerak.”

Sharqiy darvoza binosi

5 Men Ma’bad hovlisini o‘rab turgan bir devorni ko‘rdim. Darvoza yonida turgan o‘sha odam chizg‘ichi bilan devorni o‘lchadi. Chizg‘ichining uzunligi olti uzun tirsak bo‘lib, har bir uzun tirsak bir tirsagu to‘rt enli edi*. Devorning qalinligi olti tirsak, balandligi ham olti tirsak chiqdi. 6 So‘ng u sharqiy darvoza binosining oldiga bordi. Zinalardan tepaga ko‘tarilib, ostonani o‘lchadi. Ostona ikki yon devorining qalinligi olti tirsak chiqdi. 7 Ostonadan yo‘lak boshlanar edi. Yo‘lakning ikki tomonida soqchilar uchun maxsus qurilgan uchtadan xona bor edi. Xonalarning eni va uzunligi bir xil — olti tirsakdan edi. Xonalarni ajratib turgan devorlarning qalinligi esa besh tirsak edi.

Yo‘lakning oxirida dahliz ostonasi bor edi. Dahliz ostonasining ikki yon devori olti tirsak

qalinlikda edi. 8 So‘ng o‘sha odam dahlizni o‘lchadi. 9 Dahlizning eni sakkiz tirsak edi. Dahliz eshigining ikki yon devorlari ikki tirsak qalinlikda edi. Bu dahliz darvoza binosining ichki tarafida, Ma’badning ro‘parasida joylashgan edi. 10 Yo‘lakning ikki tomonidagi o‘sha soqchilar xonalari bir xil kattalikda, orasidagi devorlar ham bir xil qalinlikda edi. 11 So‘ng o‘sha odam darvoza binosining ostonasini o‘lchadi. Ostonaning eni o‘n tirsak chiqdi. Yo‘lakning eni esa o‘n uch tirsak chiqdi. 12 Har bir xonaning oldida balandligi va eni bir tirsak bo‘lgan pastak devor bor edi. (Xonalarning uzunligi va eni olti tirsakdan edi.) 13 So‘ngra o‘sha odam darvoza binosining shiftini ko‘ndalangiga, bir xonaning orqa devoridan tortib, ro‘paradagi xonaning orqa devorigacha o‘lchadi.

Shiftning eni 25 tirsak chiqdi. 14 Keyin u dahliz eshigining ikki yon devorini o‘lchadi. Devorning balandligi 60 tirsak chiqdi. Darvoza binosining atrofi hovli edi. 15 Darvoza binosining uzunligi, darvozadan tortib, to ichkaridagi dahlizgacha 50 tirsak edi.

16 Xonalarning uchala devorida panjarali tuynuklar bor edi. Dahlizda ham panjarali tuynuklar bor edi. Dahliz eshigi yon devorlariga palma daraxtining tasvirlari tushirilgan edi.

Tashqi hovli

17 O‘sha odam meni darvoza orqali Ma’badning tashqi hovlisiga olib kirdi. Hovlining devori bo‘ylab o‘ttizta hujra* qurilgan edi. Hujralarning old tomonida tosh yotqizilgan bir yo‘l bor edi. 18 Bu yo‘l past yo‘l hisoblanar edi. Uning eni 50 tirsak edi. 19 So‘ng men ichki hovliga olib kiradigan darvoza binosini ko‘rdim. O‘sha odam ichki darvoza binosi bilan tashqi darvoza binosi orasidagi masofani o‘lchadi. Masofa 100 tirsak chiqdi.

Shimoliy darvoza binosi

20 So‘ng o‘sha odam tashqi hovlining shimoliy darvoza binosini o‘lchadi. 21 Bu darvoza binosining ikki yon tomonidagi uchtadan bo‘lgan soqchilar xonalari, dahliz va yon devorlarning o‘lchamlari sharqiy darvoza binosiniki bilan bir xil edi. Darvoza binosining uzunligi 50 tirsak, eni 25 tirsak edi. 22 Devorlardagi panjarali tuynuklar, dahliz va palma tasvirlarining o‘lchamlari sharqiy darvoza binosiniki bilan bir xil edi. Darvozaga yetti pog‘onali zina olib borar edi. Dahliz darvoza binosining ichki tomonida joylashgan edi. 23 Shimoliy darvoza binosining ro‘parasida ham sharqiy darvoza binosidagiday ichki hovliga olib kiradigan darvoza binosi bor edi. O‘sha odam ichki darvoza binosidan tashqi darvoza binosigacha bo‘lgan masofani o‘lchagan edi, masofa 100 uzun tirsak chiqdi.

Janubiy darvoza binosi

24 So‘ng o‘sha odam meni janub tomonga olib bordi. Janub tomonda ham darvoza binosi bor edi. O‘sha odam darvoza binosining dahlizini va dahliz devorlarini o‘lchadi, ularning o‘lchamlari boshqalarniki bilan bir xil edi. 25 Bu darvoza binosidagi xonalarning va dahlizning boshqa darvozalarnikiga o‘xshagan panjarali tuynuklari bor edi. Darvoza binosining uzunligi 50 tirsak, eni esa 25 tirsak edi. 26 Darvozaga yetti pog‘onali zina olib borar edi. Dahliz darvoza binosining ichki tomonida joylashgan edi. Dahliz eshigining ikki yon devoriga palma daraxtining tasvirlari tushirilgan edi. 27 Janub tomonda Ma’badning ichki hovlisiga olib kiradigan darvoza binosi bor edi. O‘sha odam janubdagi ichki darvoza binosidan tashqi darvoza binosigacha bo‘lgan masofani o‘lchadi, masofa 100 tirsak chiqdi.

Ichki hovli: janubiy darvoza binosi

28 So‘ng o‘sha odam meni janubiy darvoza orqali Ma’badning ichki hovlisiga olib kirdi–da, darvoza binosini o‘lchadi. Darvoza binosining o‘lchamlari boshqa darvoza binolariniki bilan bir xil edi. 29 Darvoza binosining xonalari, dahlizi va dahliz eshigining ikki yon devori boshqa darvoza binolarinikiga o‘xshagan edi. Xonalarning va dahlizning panjarali tuynuklari bor edi. Darvoza binosining uzunligi 50 tirsak, eni 25 tirsak edi.

30 Ichki hovliga qaratilgan darvoza binolarining dahlizlari bir xil edi. Ularning uzunligi 25 tirsak, eni 5 tirsak edi. 31 Dahliz orqali Ma’badning tashqi hovlisiga chiqilar edi. Dahliz eshigining ikki yon devoriga palma daraxtining tasvirlari tushirilgan edi. Darvozaga sakkiz pog‘onali zinapoya olib borar edi.

Ichki hovli: sharqiy darvoza binosi

32 So‘ng o‘sha odam meni sharqiy darvoza orqali Ma’badning ichki hovlisiga olib kirdi–da, darvoza binosini o‘lchadi. Darvoza binosining o‘lchamlari boshqa darvoza binolariniki bilan bir xil edi. 33 Darvoza binosining xonalari, dahlizi va dahliz eshigining yon devorlari boshqa darvozalarnikiga o‘xshagan edi. Xonalarning va dahlizning panjarali tuynuklari bor edi. Darvoza binosining uzunligi 50 tirsak, eni 25 tirsak edi.

34 Dahliz orqali Ma’badning tashqi hovlisiga chiqilar edi. Dahliz eshigining ikki yon devoriga palma daraxtining tasvirlari tushirilgan edi. Darvoza binosiga sakkiz pog‘onali zinapoya olib borar edi.

Ichki hovli: shimoliy darvoza binosi

35 So‘ng o‘sha odam meni shimoliy darvoza oldiga olib borib, darvoza binosini

o‘lchadi. Darvoza binosining o‘lchamlari boshqa darvoza binolariniki bilan bir xil edi.

36 Darvoza binosining xonalari, dahlizi va dahliz eshigining yon devorlari boshqa darvoza binolarinikiga o‘xshagan edi. Xonalar va dahlizning panjarali tuynuklari bor edi. Darvoza binosining uzunligi 50 tirsak, eni 25 tirsak edi. 37 Dahliz orqali Ma’badning tashqi hovlisiga chiqilar edi. Dahliz eshigining ikki yon devoriga palma daraxtining tasvirlari tushirilgan edi. Darvozaga sakkiz pog‘onali zinapoya olib borar edi.

Shimoliy darvoza binosi yonida qurilgan imoratlar

38 Shimol tomondagi ichki darvozaning dahlizi yonida bir xona bor edi. Bu xonaga dahliz orqali kirilar edi. Qurbonlik uchun bo‘g‘izlangan hayvonlar shu xonada yuvilar edi. 39 Dahlizning o‘zida to‘rtta xontaxta bor edi. Xontaxtaning ikkitasi dahlizning bir chekkasida, qolgan ikkitasi dahlizning boshqa chekkasida turar edi. Bu xontaxtalarning ustida kuydiriladigan qurbonlik, gunoh qurbonligi* va ayb qurbonligi* uchun hayvonlar bo‘g‘izlanar edi. 40 Tashqi hovlida yana to‘rtta xontaxta bor edi. Xontaxtaning ikkitasi darvoza zinapoyasining bir tomonida, boshqa ikkitasi zinapoyaning boshqa tomonida turar edi. 41 Hammasi bo‘lib sakkizta xontaxta bor edi. To‘rtta xontaxta dahlizning ichida, yana to‘rttasi darvozaning tashqarisida turar edi. Bu xontaxtalarning ustida hayvonlar bo‘g‘izlanar edi. 42 Kuydiriladigan qurbonliklar uchun yana to‘rtta xontaxta bor edi. Bu xontaxtalar yo‘nilgan toshdan yasalgan bo‘lib, ularning uzunligi va eni bir yarim tirsak, bo‘yi bir tirsak edi. Bu xontaxtalar ustiga qurbonliklarni so‘yishda ishlatiladigan asboblar qo‘yilar edi. 43 Dahliz devorlariga uzunligi to‘rt enli bo‘lgan ilgaklar qoqilgan edi. Hayvonlarning go‘shti esa xontaxtalar ustiga qo‘yilar edi.

Ruhoniylarning xonalari

44 Ichki hovlida ikkita xona qurilgan edi*. Xonalarning bittasi shimoliy darvoza yonida janub tomonga qaratib qurilgan edi. Ikkinchisi esa janubiy* darvoza yonida shimol tomonga qaratib qurilgan edi. 45 O‘lchayotgan odam menga shunday dedi: “Shimoliy darvoza yonidagi xona Ma’bad uchun mas’ul bo‘lgan ruhoniylarga mo‘ljallab qurilgan. 46 Janubiy darvoza yonidagi xona esa qurbongoh yonida xizmat qiladigan ruhoniylar uchun mo‘ljallab qurilgan. Hamma ruhoniylar Zodo‘x avlodidan edi. Levi qabilasidan faqat Zodo‘x avlodlari Egamizning huzurida xizmat qilishga haqlidir.”

Ichki hovli va Ma’bad

47 So‘ng o‘sha odam ichki hovlini o‘lchadi. Hovli to‘rtburchak shaklda, uzunligi va eni

100 tirsakdan edi. Qurbongoh Ma’badning old tarafida edi.

48 Keyin u odam meni Ma’bad ayvoniga olib kirib, ayvon ostonasining yon devorlarini o‘lchadi. Yon devorlarning qalinligi 5 tirsak chiqdi. Ostonaning eni 14 tirsak, ostona yon devorlarining uzunligi 3 tirsak chiqdi*. 49 Ayvonning uzunligi 20 tirsak, eni 12 tirsak edi. Ayvonga o‘n pog‘onali zinapoya olib borar edi*. Ayvon ostonasining ikki yon tomonida bittadan ustun bor edi.


41–BOB

Ma’bad binosi

1 Keyin o‘sha odam* meni Ma’badning asosiy xonasiga* olib kirdi. U asosiy xona

eshigining ikki yon devorini o‘lchadi. Yon devorlarning qalinligi 6 tirsak* chiqdi.

2 Ostonaning eni 10 tirsak, ostona ikki yon devorlarining uzunligi 5 tirsakdan chiqdi.

So‘ngra o‘sha odam asosiy xonani o‘lchadi. Xonaning uzunligi 40 tirsak, eni 20 tirsak chiqdi. 3 Keyin u asosiy xonadan Ma’badning ichki xonasiga kirib, ichki xona eshigining yon devorlarini o‘lchadi. Yon devorlarning qalinligi 2 tirsak chiqdi. Ostonaning eni 6 tirsak, ostona ikki yon devorlarining uzunligi esa 7 tirsakdan chiqdi. 4 O‘sha odam ichki xonani ham o‘lchadi. Ichki xonaning uzunligi bilan eni bir xil — 20 tirsakdan chiqdi. U menga: “Bu Eng muqaddas xona”, deb tushuntirdi.

Ma’baddagi yon xonalar

5 So‘ng o‘sha odam Ma’bad devorini o‘lchadi. Devorning eni 6 tirsak chiqdi.

Ma’badning tashqi devoriga taqab yon xonalar qurilgan edi. Xonalarning uzunligi 7 tirsak edi. 6 Xonalar uch qavat qilib qurilgan bo‘lib, har bir qavatda o‘ttiztadan xona bor edi. Ma’badning devorlari uch pog‘onali zina shaklida bo‘lib, xonalarga tayanch bo‘lib xizmat qilar edi. Shu sababdan Ma’bad devorlarining o‘zi butun edi. 7 Ma’bad devorining quyi qismi yuqori qismiga nisbatan qalinroq bo‘lgani uchun tepadagi xonalar kengroq edi. Zinapoya orqali pastki qavatdan ikkinchi qavatga, so‘ng uchinchi qavatga chiqilar edi. 8 Men Ma’bad atrofida balandligi 6 tirsak bo‘lgan poydevor borligini ham ko‘rdim.

Yon xonalar mana shu poydevor ustiga qurilgan edi. 9 Yon xonalarning tashqi devori 5 tirsak qalinlikda edi. Yon xonalar va 10 ichki hovlining devori bo‘ylab qurilgan hujralar orasidagi masofa 20 tirsak edi. Ma’badning gir aylanasi hovli edi. 11 Yon xonalarga ikkita eshik orqali kirilar edi. Bir eshik shimol tomonda, boshqasi janub tomonda joylashgan edi. Yon xonalar tevaragida bo‘sh qolgan joyning eni 5 tirsak edi.

G‘arb tomondagi imorat

12 Ma’bad hovlisining g‘arb tomonida katta bir imorat bor edi. Imoratning eni 70

tirsak, uzunligi 90 tirsak, devorlarning qalinligi 5 tirsak edi.

Ma’bad majmuasining umumiy o‘lchamlari

13 O‘sha odam Ma’badning uzunligini o‘lchadi. Ma’badning uzunligi 100 tirsak chiqdi.

So‘ng u Ma’badning orqa devoridan g‘arbdagi imoratning orqa devorigacha bo‘lgan masofani o‘lchadi, masofa 100 tirsak chiqdi. 14 Ma’badning old tomonidagi, ya’ni sharq tomondagi hovlining eni ham 100 tirsak chiqdi.

15 So‘ngra u odam hovlining g‘arbida joylashgan imoratning uzunligini o‘lchadi.

Imorat va uning ikki yon tomonidagi xonalarning uzunligi 100 tirsak chiqdi.

Ma’badning ikir–chikirlari

Ma’badning ayvoni, asosiy xonasi va ichki xonasi 16 yerdan derazalargacha yog‘och bilan qoplangan edi. Ma’badning ostonalari, panjarali derazalari va yon xonalari yog‘och bilan pardoz qilingan edi. 17 Ma’badning ichkaridagi hamma devorlariga, eshiklarning tepalarigacha o‘yma naqshlar solingandi. 18 Hamma devorlarga karublarning suratlari o‘yilgan edi. Karublarning orasiga palma daraxtining suratlari ham o‘yilgandi. Har bir karubning ikkitadan yuzi bor edi. 19 Karubning inson yuziga o‘xshagan yuzi bir tomondagi palma daraxtiga, sher yuziga o‘xshagan boshqa bir yuzi boshqa tomondagi palma daraxtiga qaratilgan edi. Bunday suratlar Ma’badning ichki devorining gir aylanasiga, 20 yerdan eshiklar ustidagi devorlargacha o‘yilgan edi. 21 Asosiy xona eshigining kesakisi* to‘rtburchak shaklida yasalgan edi.

Yog‘och qurbongoh

Eng muqaddas xonaning ro‘parasida 22 qurbongohga o‘xshash bir narsa bor edi.

Uning bo‘yi 3 tirsak, uzunligi va eni 2 tirsak edi. Burchaklari, asosi va yon tomonlari yog‘ochdan yasalgan edi. O‘sha odam menga shunday dedi: “Bu Egamiz huzurida turadigan xontaxtadir.”

Eshiklar

23 Asosiy xonaning va Eng muqaddas xonaning* eshiklari bor edi. 24 Eshiklarning har biri ikki tavaqali, yig‘ma edi. 25 Asosiy xona eshiklarining yuzasiga devordagiday karublar va palma daraxtlarining suratlari o‘yilgan edi. Ma’bad ayvonining oldi tomoniga yog‘och bostirma qurilgan edi. 26 Ayvon yon devorlarining panjarali derazalari bor edi. Devorlarga palma daraxtining suratlari o‘yilgan edi. Ma’baddagi yon xonalarning kiraverishiga yog‘och bostirmalar qurilgandi.


42–BOB

Ruhoniylarning muqaddas xonalari

1 So‘ng o‘sha odam* meni tashqi hovliga olib chiqib, Ma’badning shimolidagi bir qator xonalar oldiga olib bordi. Bu xonalar Ma’badning g‘arb tomonidagi imoratga yaqin joylashgan edi. 2 Ularning shimol tomonidagi umumiy uzunligi 100 tirsak*, eni 50 tirsak edi. 3 Xonalar bir tomoni bilan eni 20 tirsak bo‘lgan ichki hovlining ochiq joyiga*, ikkinchi tomoni bilan Ma’badning tosh yotqizilgan tashqi hovlisiga* qarab turardi.

Xonalar uch qavat qilib qurilgan edi. 4 Xonalarning ichki hovli tomonida bir keng yo‘lak bor edi. Bu yo‘lakning eni 10 tirsak, uzunligi 100 tirsak* edi. Ammo xonalarning eshiklari shimol tomonga ochilar edi. 5 Uchinchi qavatdagi xonalar, ikkinchi qavatdagilarga, ikkinchi qavatdagi xonalar esa birinchi qavatdagilarga qaraganda torroq edi. Shuning hisobiga yuqori qavatdagi ayvonlar kengroq edi. 6 Quyi qavatdagi xonalar yuqori qavatdagi xonalarga tayanch bo‘lib xizmat qilar edi. Shu sababdan bu inshoot qurilmasida Ma’bad hovlisidagi boshqa binolardan farqli ravishda ustunlardan foydalanilmagan. 7 Bu xonalarni tashqi hovlidan devor ajratib turar edi. Uzunligi 50 tirsak bo‘lgan bu devor tashqi hovlidagi hujralarning davomiga qurilgan edi. 8 Tashqi hovlidagi hujralarning uzunligi 50 tirsak, ichki hovlidagi bu xonalarning uzunligi esa 100 tirsak edi. 9 Bu xonalarga tashqi hovlidan kirish uchun sharqdagi kiraverishdan foydalanilgan. 10 Bu kiraverish hovlining devori boshlangan joyda edi.

Janubda* ham ochiq joy va xonalar bor edi, bu xonalar imorat ro‘parasida edi. 11 Bu xonalarning old tomonida yo‘lakchasi bor edi. Xonalarning hajmi, eshiklari, tuzilishi va kirish joylari shimol tomondagi xonalarniki bilan bir xil edi. 12 Bu xonalarga sharq tomondan o‘sha yo‘lakcha orqali kirilar edi. Yo‘lakning bir tomoni devor edi.

13 U odam menga shunday dedi: “Ma’badning shimol va janub tomoniga qurilgan bu xonalar muqaddasdir. Bu xonalarda Egamizning huzuriga kiradigan ruhoniylar eng muqaddas nazrlarni tanovul qiladilar. Don nazri, gunoh qurbonliklari va ayb qurbonliklari bu xonalarga qo‘yiladi, chunki bu xonalar muqaddasdir. 14 Ruhoniylar Ma’badda xizmat qilib bo‘lganlaridan keyin, muqaddas liboslarini bu xonalarda yechib, boshqa kiyim kiyib olishlari kerak. Shundan keyingina tashqi hovliga — odamlarning oldiga chiqishlari mumkin.”

Ma’bad hududining o‘lchamlari

15 O‘sha odam Ma’bad hovlisidagi binolarni o‘lchab bo‘lgandan so‘ng, meni sharqiy

darvoza orqali tashqariga olib chiqib, Ma’bad hovlisining atrofidagi devorni o‘lchay boshladi. 16 U chizg‘ichi bilan devorning sharq tomonini o‘lchadi, devorning uzunligi 500 tirsak chiqdi. 17-19 So‘ng devorning shimol, janub va g‘arb tomonlarini o‘lchadi.

Devorning hamma tomonlari 500 tirsak uzunlikda edi. 20 Ma’bad hududi to‘rtburchak

shaklda edi. Bu devor muqaddas joyni oddiy joydan ajratib turar edi.


43–BOB

Egamiz Ma’badga qaytib keladi

1 O‘sha odam* meni sharqiy darvoza* oldiga olib bordi. 2 Birdaniga men sharq tomonda paydo bo‘lgan Isroil Xudosining ulug‘vorligini ko‘rdim. Xudoning ovozi shovullagan dengiz tovushiga o‘xshar edi. Uning ulug‘vorligidan zamin porlay boshladi. 3 Men ko‘rgan bu vahiy, Xudo Quddusni vayron qilish uchun kelganda va Kavor daryosi bo‘yida ko‘rgan vahiylarimga* o‘xshab ketar edi. Men muk tushdim. 4 Egamizning ulug‘vorligi sharqiy darvoza orqali Ma’badga kirdi. 5 So‘ng Ruh meni oyoqqa turg‘izib, ichki hovliga olib kirdi. Egamizning ulug‘vorligi Ma’badni to‘ldirdi.

6 Ma’badni o‘lchagan odam yonimda turganda, Ma’bad ichidan menga bir ovoz keldi.

7 O‘sha ovoz menga dedi: “Ey inson, bu joy Mening taxtimdir, oyog‘im ostidagi poyandozimdir. Men bu yerda, xalqim Isroil orasida abadiy yashayman. Ular va ularning shohlari endi Meni badnom qilishmaydi. Ular boshqa xudolarga ko‘ngil bog‘lashmaydi, o‘lgan shohlariga haykallar yasashmaydi. 8 Ular o‘z saroylarini muqaddas Ma’badimning yonginasiga qurishgan edi. Meni ulardan bittagina devor ajratib turar edi, xolos. Ular qilgan jirkanch ishlari bilan Meni badnom qilishdi. Shuning uchun Men g‘azablanib, ularni qirib tashladim. 9 Agar endi ular begona xudolardan voz kechib, shohlariga o‘rnatgan haykallarni yo‘q qilishsa, Men ularning orasida abadiy yashayman.

10 Ey inson, sen borib Isroil xalqiga Ma’badimni tasvirlab ber, ular Ma’badning loyihasi bilan tanishib chiqishsin. Qilgan gunohlaridan pushaymon bo‘lishsin.

11 Qilmishlaridan pushaymon bo‘lganlarida sen ularga Ma’badning loyihasini: uning joylashish tartibini, kirish–chiqishlarini, tuzilishini, qonun–qoidalarini batafsil tushuntirib ber. Loyihaning chizmasini ularning oldida chizib, barcha qonun–qoidalarini yozib qo‘y, toki hammasiga rioya qilishsin. 12 Tog‘ cho‘qqisidagi Ma’bad joylashgan hudud muqaddas saqlansin. Bu Ma’badning asosiy qoidasi bo‘lsin.

Ma’baddagi qurbongoh

13 Ma’baddagi qurbongohning o‘lchamlari uzun tirsak bo‘yicha bo‘lsin. Ya’ni har bir uzun tirsak bir tirsagu to‘rt enni tashkil qilib*, o‘lchamlari quyidagicha bo‘lsin: qurbongoh atrofidagi ariqchaning chuqurligi bir tirsak, eni ham bir tirsak, ariqcha chetining balandligi bir qarich. 14-17 Qurbongoh uch qismdan iborat bo‘lishi shart. Har

bir qism to‘rtburchak shaklida bo‘lsin. Qurbongoh quyi qismining balandligi ariqchaning

tubidan o‘lchaganda ikki tirsak, har bir tomonining uzunligi o‘n olti tirsak bo‘lsin. Ikkinchi qismining balandligi to‘rt tirsak, har bir tomonining uzunligi o‘n to‘rt tirsak bo‘lsin. Bu qismning aylanasiga tarnov qilinsin. Tarnovning eni yarim tirsak, tarnov chetining balandligi bir tirsak bo‘lsin. Qurbongohning yuqori qismida qurbonliklar kuydiriladi. Bu qismning balandligi to‘rt tirsak, har bir tomonining uzunligi o‘n ikki tirsak bo‘lsin. Uning to‘rtala burchagidan shoxlar chiqib tursin. Qurbongohga sharq tomondan, zinapoyalar orqali chiqiladigan bo‘lsin.”

Qurbongohni muqaddas qilish marosimi

18 So‘ng Egamiz menga dedi: “Ey inson, Men, Egangiz Rabbiy, aytamanki, qurbonliklarni kuydirish va qon sepish uchun qurbongohni qurganingizdan keyin quyidagi qoidalarga rioya qilinglar: 19 Mening huzurimda faqat Zodo‘x naslidan bo‘lgan levi ruhoniylari xizmat qilishsin. Sen ularga gunoh qurbonligi uchun bir buqani ber, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 20 — Sen o‘sha buqaning qonidan olib, qurbongohning to‘rtta shoxiga, qurbongoh o‘rta qismining to‘rtala burchagiga va chetlarga surtib chiq. Shu yo‘sin sen qurbongohni poklab, muqaddas qilasan. 21 Buqaning jasadini esa Ma’baddan tashqariga, maxsus ajratilgan joyga olib chiqib kuydir.

22 Keyingi kuni gunoh qurbonligi sifatida nuqsonsiz takani keltir. Qurbongohni buqaning qoni bilan qanday poklagan bo‘lsang, takaning qoni bilan ham xuddi shunday pokla. 23 Qurbongohni poklaganingdan so‘ng, nuqsonsiz buqa va qo‘chqorni 24 Mening huzurimga keltir. Ruhoniylar bu jonivorlarning ustiga tuz* sochib, ularni Menga atab qurbonlik qilib kuydirishsin. 25 Har kuni, yetti kun davomida bir takani gunoh qurbonligi qil. Bundan tashqari, bir buqa va bir qo‘chqorni qurbonlik uchun keltir. Jonivorlar nuqsonsiz bo‘lishi shart. 26 O‘sha yetti kun davomida ruhoniylar qurbongohni poklab, muqaddas qilishsin. Shunday qilib, uni Mening xizmatimga bag‘ishlasinlar. 27 Sakkizinchi kundan boshlab, ular har kuni o‘sha qurbongohda tinchlik va kuydiriladigan qurbonliklarini keltirishsin. Shunda Men sizlardan mamnun bo‘laman.” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.


44–BOB

Sharqiy darvoza binosining vazifasi

1 O‘sha odam* meni Ma’badning sharq tomonidagi tashqi darvoza binosi yoniga olib bordi. Biroq darvoza yopiq edi. 2 Egamiz menga shunday dedi: “Bu darvoza doim yopiq tursin, uni ocha ko‘rmanglar. Birorta odam bu darvozadan foydalanmasin. Men, Isroil xalqining Xudosi — Egangiz, bu darvozadan kirganim uchun, u yopiqligicha qolsin.

3 Faqatgina hukmdoringiz shu darvoza binosining ichida o‘tirib, Mening huzurimda muqaddas taomni tanovul qilishi mumkin. Darvoza binosiga u dahliz orqali kirib, yana o‘sha yo‘l bilan chiqib ketadi.”

Ma’badning kirish joyiga oid qoidalar

4 So‘ng o‘sha odam meni shimoliy darvoza orqali Ma’bad oldiga olib bordi. Voajabo!

Egamizning ulug‘vorligi Ma’badni to‘ldirganini ko‘rdim! Men muk tushdim. 5 Egamiz menga dedi: “Ey inson, gaplarimni qulog‘ingga quyib ol. Men senga Ma’badimning qonun–qoidalarini tushuntiraman. Ma’badga kim kirishi mumkin–u, kim kirishi mumkin emasligini yaxshilab eslab qol. 6 Isyonkor Isroil xalqiga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: jirkanch ishlaringizni bas qilinglar! 7 Qurbonliklarning qoni va yog‘i Menga taqdim qilinayotgan paytda, sizlar yuragi va tanasi sunnat qilinmagan* musofirlarni dargohimga olib kirib, Ma’badimni bulg‘adingiz. Jirkanch odatlaringiz bilan ahdimni buzdingiz. 8 Muqaddas nazrlarimga oid talablarimni bajarmay, musofirlarni Ma’badimdagi xizmatga tayinladingiz. 9 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: yuragi va tanasi sunnat qilinmagan bironta musofir Ma’badimga kirmaydi. Bu Isroil xalqi orasida yashagan hamma musofirlarga taalluqlidir.»”

Levilar ruhoniylik vazifasidan chetlashtiriladi

10 Egamiz menga dedi: “Isroil xalqi haq yo‘ldan ozganda, ba’zi bir levilar ham Mendan yuz o‘girib, butlarga sig‘ina boshlagan edilar. Buning uchun Men ularni jazosiz qoldirmayman. 11 Ular Ma’badimda xizmat qilaveradilar: darvozabonlar bo‘ladilar, Ma’bad ichida xizmat qiladilar. Kuydiriladigan va boshqa qurbonliklar uchun keltirilgan hayvonlarni so‘yadilar, Ma’badga kelgan odamlarga xizmat qiladilar. 12 Ammo ular butlarga sajda qilgan Isroil xalqiga xizmat qilib, xalqni gunohga botirganlari uchun, Men, Egangiz Rabbiy, qasam ichib aytamanki, ular o‘z jazosini tortadilar. 13 Men ularni ruhoniylikdan chetlashtiraman. Ular endi na huzurimga kiradilar, na muqaddas narsalarimga, na eng muqaddas nazrlarimga qo‘l tekkizadilar. Jirkanch odatlari uchun tortadigan jazosi shu bo‘ladi, ular isnodga qoladilar. 14 Shunga qaramay, Ma’baddagi hamma yumushlarni bajaraveradilar.

Ruhoniylar

15 Isroil xalqi Mendan yuz o‘girganda, Zodo‘x naslidan bo‘lgan levi ruhoniylari Ma’badimdagi xizmatlarini sadoqat bilan bajarib keldilar. Shunday ekan, ular doimo Mening xizmatimda bo‘ladilar. Huzurimda turib, qurbonliklarning qonini va yog‘ini Menga taqdim qiladilar, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 16 — Ma’badimga kiradigan, dasturxonim yoniga borib, Menga xizmat qiladigan o‘shalardir. Ular Mening talablarimni bajarishlari shart.

17 Ruhoniylar Ma’badning ichki hovlisiga kirganlarida egnilariga zig‘ir matosidan tikilgan liboslarni kiyib olishsin. Ma’bad ichkarisida yoki ichki hovlida xizmat qilganlarida ustilarida bironta junli kiyim bo‘lmasin. 18 Boshlariga zig‘ir salla o‘rab, ichlaridan zig‘ir ishton kiyib olishsin. Terlatadigan birorta kiyim kiyishmasin. 19 Tashqi hovliga, xaloyiq oldiga chiqishlaridan oldin xizmat vaqtida kiygan kiyimlarini yechib, muqaddas hujralarda qoldirishsin. Ustilariga boshqa kiyimlarni kiyib olishsin, toki xalq muqaddas kiyimlarga qo‘l tekkizmasin*.

20 Ruhoniylar sochlarini o‘z vaqtida kaltalatib turishsin. Soch qirdirish va soch o‘stirish ularga man etilgan. 21 Ichki hovliga kirishlaridan oldin sharob ichishmasin.

22 Beva yoki eridan ajrashgan ayolga uylanishmasin. O‘z nikohiga faqat Isroil xalqidan bo‘lgan bokira qizni yoki boshqa ruhoniyning bevasini olishsin.

23 Ruhoniylar xalqimga muqaddas va oddiy narsaning farqini, halol bilan haromning farqini o‘rgatishsin. 24 Xalqimga qozi bo‘lishsin, arzlarni qonunlarimga muvofiq hal etishsin. Men tayin etgan bayramlarga oid qonun va farmonlarimga rioya qilishsin.

Shabbat kunini muqaddas saqlashsin.

25 Ruhoniy marhumga yaqinlashib bulg‘anmasin. Vafot etgan odam ruhoniyning otasi, onasi, farzandi, aka–ukasi yoki turmush qurmagan opa–singlisi bo‘lsagina, ruhoniy marhumga yaqinlashib, bulg‘anishi mumkin. 26 Bunday hollarda u poklanish marosimini ado etishi shart. Yetti kundan keyin 27 Ma’badning ichki hovlisiga kirib, poklanish qurbonligini keltirsin. Shundan keyingina u Ma’badda yana xizmat qila oladi.” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.

28 Egamiz menga dedi: “Ruhoniylarga Isroil xalqi orasidan hech qanday ulush berilmasin. Ularning mulki ham, ulushi ham Menman. 29 Don nazri, gunoh va ayb qurbonliklari ularning rizqidir. Isroil xalqi Menga atagan har bir narsa ruhoniylarga tegishli bo‘lsin. 30 Ilk hosilning va hamma nazrlarning eng yaxshisi ruhoniylarniki

bo‘lsin. Xamirning birinchi zuvalasidan yopilgan nonni ruhoniylarga nazr qilib beringlar, shunda xonadoningizdan baraka arimaydi. 31 Harom o‘lgan yoki yovvoyi hayvon g‘ajigan jonivorning go‘shtini tanovul qilish ruhoniylarga taqiqlangan.”


45–BOB

Egamizning Isroildagi ulushi

1 Egamiz dedi: “Isroil qabilalariga yerni bo‘lib berayotganingizda, Men, Egangizga tegishli qismini ham ajratib qo‘yinglar. Menga ajratilgan hududning uzunligi 25.000 tirsak*, eni 20.000 tirsak* bo‘lsin. Butun hudud tabarruk hisoblansin. 2 Hududning 500 tirsakka 500 tirsak bo‘lgan to‘rtburchak yeri Ma’bad uchun ajratiladi. Uning atrofi 50 tirsak masofada ochiq joy bo‘ladi.

3-4 Tabarruk hududning yarmi muqaddas maskanda Menga xizmat qilgan ruhoniylarga qarashli bo‘ladi. Uzunligi 25.000 tirsak, eni 10.000 tirsak bo‘lgan hududning bu qismida ruhoniylarning uylari va Ma’bad joylashadi. Bu eng muqaddas joy bo‘ladi.

5 Tabarruk hududning ikkinchi yarmi Ma’baddagi yumushlarni bajarayotgan levilarga qarashli bo‘ladi. Ular yashaydigan shaharlar shu yerda joylashadi*.

6 Tabarruk hududning yoniga uzunligi 25.000 tirsak, eni 5000 tirsak bo‘lgan yerni qo‘shinglar. Bu yerda shahar joylashadi. Isroil xalqidan bo‘lgan har qanday odam kelib, bu shaharda yashasa bo‘ladi.

Hukmdorning yerlari

7 Taxtda o‘tirgan hukmdorga alohida yer berilsin. Unga beriladigan yerning bir qismi tabarruk hududning g‘arbiy chegarasidan O‘rta yer dengizigacha cho‘zilsin. Ikkinchi qismi tabarruk hududning sharqiy chegarasidan Iordan daryosigacha cho‘zilsin. Demak, hukmdorga qarashli yerning uzunligi Isroil qabilalariga ajratilgan yerning uzunligi bilan bir xil bo‘ladi. 8 Bu hukmdorning ulushidir. Bundan buyon hukmdorlar xalqimga zulm o‘tkazmaydilar, Isroil qabilalari o‘z yerlariga o‘zlari egalik qiladilar.

Hukmdorga oid qoidalar

9 Isroil hukmdorlariga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: zo‘ravonligu zulmingizni bas qiling! Adolatu to‘g‘rilik ila ish tuting. Xalqimni o‘z yeridan mahrum qilmang, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 10 — Doim to‘g‘ri o‘lchovni* va to‘g‘ri tarozini ishlating: 11 sochiluvchan quruq narsalarni o‘lchash uchun efa o‘lchov birligidan foydalaning, suyuq narsalarni o‘lchash uchun bat o‘lchov birligidan foydalaning. Efa va batning hajmi bir xil bo‘lsin. Efa ham, bat ham ho‘mrning* o‘ndan bir qismini sig‘dirsin. 12 Og‘irlik birligi sifatida shaqalni ishlating. Bir shaqal 20 geraga, bir mina 60 shaqalga to‘g‘ri kelsin*.»

13 Hukmdorga quyidagi miqdorda soliq to‘lansin:


Bug‘doy hosilining oltmishdan bir qismi*. Arpa hosilining oltmishdan bir qismi.

14 Zaytun moyining bir foizi*. (Zaytun moyini o‘lchash uchun bat o‘lchov birligidan foydalaning. O‘n bat bir korga, ya’ni bir ho‘mrga* to‘g‘ri keladi.)

15 Suruvdagi ikki yuzta qo‘ydan biri.

Bular don nazri, kuydiriladigan va tinchlik qurbonliklari sifatida xalqni gunohlaridan poklash uchun keltiriladi, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 16 — Butun Isroil xalqi bu nazrlarni hukmdorga berishi lozim. 17 Hukmdor yangi oy shodiyonasida, Shabbat va boshqa bayramlarda keltiriladigan qurbonliklaru nazrlar uchun hayvonlarni, don va sharobni ta’minlab berishi shart. Isroil xalqini gunohlaridan poklash uchun keltiriladigan gunoh, tinchlik va kuydiriladigan qurbonliklar hamda don nazri uchun hukmdor mas’uldir.”

Bayramlar

18 Egamiz Rabbiy menga dedi: “Birinchi oyning* birinchi kunida Ma’badni poklash uchun nuqsonsiz bir buqani qurbonlik qil. 19 Ruhoniy bu gunoh qurbonligining qonidan olib, Ma’bad eshiklarining kesakisiga*, qurbongohning to‘rt burchagiga va ichki hovli darvozalarining yondorlariga surtsin. 20 Birinchi oyning yettinchi kuni ham xuddi shunday qilsin va shu yo‘l bilan xalqning bilmay qilgan gunohlarini yuvsin. Shunda Ma’bad pok bo‘ladi.”

21 So‘ng Egamiz dedi: “Birinchi oyning o‘n to‘rtinchi kunidan boshlab, Fisih ziyofatini va yetti kun davomida Xamirturushsiz non bayramini* nishonlanglar. O‘sha vaqt davomida xamirturushsiz non yenglar. 22 Bayramning birinchi kunida hukmdor o‘zining va butun xalqning gunohlari uchun bir buqani gunoh qurbonligi qilib, olib kelsin. 23 U bayramning yetti kuni davomida Menga kuydiriladigan qurbonlik uchun har kuni yettitadan buqa va yettitadan nuqsonsiz qo‘chqor yetkazib bersin. Bundan tashqari, har kuni gunoh qurbonligi uchun bittadan taka bersin. 24 Qurbonlik qilinadigan har bir buqa va har bir qo‘chqor bilan birga bir tog‘ora* don va sakkiz kosa* zaytun moyini bersin.

25 Yettinchi oyning* o‘n beshinchi kunida boshlanadigan Chayla bayrami* uchun ham, yetti kun davomida keltiriladigan gunoh qurbonliklari, kuydiriladigan qurbonliklar, don va zaytun nazrlarini yetkazib tursin.”


46–BOB

Hukmdor va bayramlarga oid qonunlar

1 Egamiz Rabbiy menga dedi: “Ichki hovlining sharqiy darvozasi haftaning olti kuni davomida yopiq tursin, Shabbat kuni va yangi oy shodiyonasi kuni ochilsin. 2 Hukmdor tashqi hovlidan bu darvoza binosining dahliziga kirib, dahlizning eshigida tursin.

Ruhoniy kuydiriladigan va tinchlik qurbonliklarini keltirayotganda, hukmdor dahliz ostonasida turib Xudoga sajda qilsin. So‘ng kelgan yo‘li bilan chiqib ketsin. Darvoza kechgacha ochiq tursin. 3 Har Shabbat va yangi oy shodiyonasi kuni Isroil xalqi bu darvoza oldida turib, Men, Egangizga sajda qilsin. 4 Har Shabbat kuni hukmdor kuydiriladigan qurbonlik uchun oltita nuqsonsiz qo‘zini va bitta nuqsonsiz qo‘chqorni Menga atab, olib kelsin. 5 Qo‘chqor bilan birga bir tog‘ora* donni nazr qilsin. Qurbonlik qilinadigan har bir qo‘zi bilan birga xohlagan miqdorda don nazr qilsin. Har bir tog‘ora don bilan birga sakkiz kosa* zaytun moyini nazr qilsin. 6 Yangi oy shodiyonasi kuni bitta nuqsonsiz buzoq, oltita nuqsonsiz qo‘zini va bitta nuqsonsiz qo‘chqorni olib kelsin.

7 Menga atalgan har bir buzoq va qo‘chqor bilan birga bir tog‘oradan don nazr qilsin. Qo‘zilar bilan birga esa xohlagan miqdorda don nazr qilsin. Har bir tog‘ora don bilan birga sakkiz kosa zaytun moyini nazr qilsin. 8 Hukmdor ichkariga kirganda, darvoza binosining dahlizi orqali kirsin va yana o‘sha yo‘l bilan qaytib chiqsin.

9 Belgilangan bayramlarda odamlar Men, Egangizga sajda qilgani keladilar. Shunda ular bir darvozadan kirib, qarshisidagi darvozadan chiqib ketishlari shart. Ma’bad hovlisiga shimoliy darvozadan kirganlar janubiy darvoza orqali chiqishsin. Janubiy darvozadan kirganlar shimoliy darvozadan chiqishsin. 10 Hukmdor xalq bilan birga kirib, xalq bilan birga chiqib ketsin.

11 Shunday qilib, bayramlarda va belgilangan tantanalarda qurbonlik qilinadigan har bir buzoq va qo‘chqor bilan birga bir tog‘oradan don nazr qilinadi. Qurbonlik qilinadigan qo‘zilar bilan birga xohlagan miqdorda don nazr qilinishi mumkin. Har bir tog‘ora don bilan birga sakkiz kosa zaytun moyi nazr qilinadi. 12 Hukmdor ko‘ngildan chiqarib beradigan tinchlik yoki kuydiriladigan qurbonlikni Men, Egangizga keltirmoqchi bo‘lganda, u uchun ichki hovlining sharqiy darvozasi ochilsin. Bu qurbonliklarini u Shabbat kunida keltiradigan qurbonliklarga o‘xshab taqdim qilsin, darvoza binosidan chiqib ketganidan so‘ng darvoza berkitilsin.

Kundalik nazrlar

13 Har kuni ertalab nuqsonsiz bir yoshli qo‘zini Men, Egangizga qurbonlik qilib, kuydiringlar. 14 Bu bilan birga, har kuni ertalab don nazrini keltiringlar. Don nazri olti kosa* sifatli undan va un bilan aralashtiriladigan uch kosa* zaytun moyidan iborat bo‘lsin. Kundalik qurbonlik va nazrlarga oid bu qoidaga doimiy ravishda rioya qilinglar. 15 Xullas, har kuni ertalab Menga qo‘zini, donni va zaytun moyini kuydiriladigan qurbonlik qilish uchun olib kelinglar. Bu sizlar uchun abadiy qoida bo‘lsin.”

Hukmdorning yerlariga oid qonunlar

16 Egamiz Rabbiy menga dedi: “Agar hukmdor biror o‘g‘liga yerini sovg‘a qilsa, sovg‘a qilingan yer o‘sha o‘g‘lining abadiy merosi bo‘lib qoladi. 17 Bordi–yu, hukmdor yerini biror xizmatkoriga sovg‘a qilsa, xizmatkor sovg‘a qilingan yerga Qutlug‘ yilgacha egalik qila oladi. Qutlug‘ yilda* yer hukmdorga qaytadi. Hukmdor yerlarini faqatgina o‘z o‘g‘illariga meros qilib berishi mumkin. 18 Boshqa odamlarning yerlarini tortib olish unga taqiqlanadi. U o‘g‘illariga faqat o‘zining qaramog‘ida bo‘lgan yerlardan meros bersin, xalqimni o‘z yeridan mahrum qilmasin.”

Ma’bad oshxonasi

19 So‘ng o‘sha odam* meni darvoza yonidagi yo‘l orqali shimol tomondagi ruhoniylarning muqaddas xonalari oldiga boshlab bordi*. O‘sha yerdan u menga g‘arbdagi, eng chetdagi bir joyni ko‘rsatib, 20 dedi: “Anavi — oshxona. Ruhoniylar u yerda ayb va gunoh qurbonliklarining go‘shtini qaynatadilar, nazr qilingan donning unidan non yopadilar. Bu muqaddas nazrlarni tashqi hovliga olib chiqmaslik uchun va xalq muqaddas nazrlarga qo‘l tekkizmasligi uchun* oshxona aynan shu yerda joylashgan.”

21 So‘ng u meni yana tashqi hovliga olib chiqib, hovlining to‘rt burchagida joylashgan oshxonalarni ko‘rsatdi. 22 Usti ochiq bu to‘rtala oshxona bir xil: uzunligi 40 tirsak*, eni 30 tirsak edi. 23 Oshxona devorlari bo‘ylab o‘choqlar qurilgan edi. 24 O‘sha odam menga shunday dedi: “Bu oshxonalar Ma’badda xizmat qiladiganlar uchun mo‘ljallangan. Ular bu yerda xalq keltirgan qurbonliklar go‘shtini qaynatadilar.”

47–BOB

Ma’baddan oqib chiqqan irmoq

1 O‘sha odam* meni Ma’badning eshigi yoniga olib bordi. Qarasam, Ma’bad ostonasidan bir irmoq oqib chiqayotgan ekan. Ostonaning janub tomonidan chiqqan bu irmoq qurbongohning janubidan o‘tib, sharqqa oqayotgan edi. 2 So‘ng o‘sha odam meni shimoliy darvoza orqali tashqariga olib chiqdi. Biz aylanib, Ma’badning sharqiy darvozasi yoniga bordik. Irmoq sharqiy darvozaning janub tomonidan jildirab oqib chiqayotgan edi.

3 O‘sha odam qo‘lidagi arqon bilan sharq tomonga oqayotgan bu irmoqning uzunligini o‘lchay boshladi. U 1000 tirsak* o‘lchab bo‘lgandan so‘ng, menga irmoqdan kechib o‘tishimni buyurdi. O‘sha yerdagi suv to‘pig‘imgacha kelar edi. 4 So‘ng yana 1000 tirsak o‘lchab, irmoqdan kechib o‘tishimni buyurdi. Bu safar suv tizzamgacha chiqdi.

Keyingi 1000 tirsak masofadan so‘ng suv belimgacha chiqdi. 5 So‘ng u odam yana 1000 tirsak o‘lchadi, bu yerda irmoq o‘tib bo‘lmaydigan bir daryoga aylangan edi. Daryo shu qadar chuqur ediki, uni faqat suzib o‘tsa bo‘lar edi. 6 Shunda u odam menga: “Ey inson, ko‘rgan bu narsani doim yodingda tut”, — dedi–da, meni qirg‘oqqa boshlab ketdi.

7 Qirg‘oqqa chiqqanimizdan so‘ng, men daryoning ikki tomonida o‘sayotgan juda ko‘p daraxtlarni ko‘rdim. 8 Odam menga dedi: “Bu daryo sahro orqali Iordan vodiysiga* oqib, O‘lik dengizga quyiladi. Shunda O‘lik dengizning sho‘r suvlari shirin bo‘ladi.

9 Daryo oqib borgan hamma joyda sudraluvchilar yashaydi, baliqlar to‘lib–toshadi. Shirin bo‘lgan bu suvlar oqib o‘tgan hamma joyda hayot boshlanadi. 10 Odamlar O‘lik dengizning qirg‘oqlarida turib baliq tutishadi, En–Gedidan En–Exlayimgacha* bo‘lgan joyda to‘rlarini quritishadi. O‘rta yer dengizidagi* kabi, baliqlarning turi ko‘p bo‘ladi.

11 Biroq botqoqliklar bilan xalqoblarning suvlari yangilanmaydi. Ular tuz manbayi bo‘lib qoladi. 12 Daryoning ikki tomonida turli xil mevali daraxtlar o‘sadi. Ular har oyda yangi mevalar tugadi, barglari hech qachon so‘limaydi. Ma’baddan chiqqan suv ularni sug‘organi uchun ular hech qachon hosildan qolmaydi. Ularning mevalari ozuqa bo‘ladi, barglari shifo keltiradi.”

Yurtning chegaralari

13 So‘ng Egamiz Rabbiy shunday dedi: “Yurtni Isroilning o‘n ikki qabilasiga bo‘lib berayotganingizda quyidagi ko‘rsatmalarga rioya qilinglar: Yusuf avlodlariga* ikki ulush yer berilsin. 14 Men ota–bobolaringizga ont ichib, va’da qilgan bu yerni qabilalar orasida teng bo‘linglar. Bu yer sizning mulkingiz bo‘ladi.

15 Shimoliy chegarangiz O‘rta yer dengizidan boshlanib, sharqqa — Xetlon shahri tomon boradi, so‘ng Levo–Xomat* orqali o‘tib, Zadod shahrigacha davom etadi. 16 Keyin Damashq va Xomat oralig‘idagi* Baro‘tax va Sivrayim shaharlarigacha borib, Xavron chegarasidagi Xazer–Xatikongacha cho‘ziladi. 17 Shunday qilib, shimoliy chegarangiz O‘rta yer dengizidan sharqdagi Xazor–Enan shahrigacha boradi. Xazor–Enan shahri janubdagi Damashq va shimoldagi Xomat hududlari orasida joylashgan.

18 Sharqiy chegara Xavron va Damashq hududlari orasida boshlanib, Isroil va Gilad yerlari o‘rtasidan oqib o‘tgan Iordan daryosi bo‘ylab boradi. O‘lik dengizdan ham o‘tib, janubdagi Tamar shahrigacha yetib boradi. Mana shu sharqiy chegaradir.

19 Janubiy chegara Tamar shahridan boshlanib, Kadeshdagi Mariva suvlarigacha

boradi, keyin Misr chegarasidagi irmoq* bo‘ylab borib, O‘rta yer dengizigacha yetadi. Bu

janubiy chegaradir.

20 O‘rta yer dengizining qirg‘og‘i g‘arbiy chegarani tashkil qilib, Levo–Xomatning g‘arbdagi shimoliy chegarasi boshlangan joyigacha boradi.

21 Bu yerlarni Isroil qabilalariga bo‘lib beringlar. 22 Ular bu yerlarni qur’a bo‘yicha* meros qilib olsinlar. Bolalari Isroilda tug‘ilgan orangizdagi musofirlarga ham yeringizdan ulush beringlar. Ularni Isroilning mahalliy aholisi deb bilinglar. Ularga o‘zingiz qatori Isroil qabilalari orasidan yerni mulk qilib beringlar. 23 Ular qaysi qabila orasida yashashsa, o‘sha qabila hududidan yer olishsin.” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.


48–BOB

Yer qabilalar orasida bo‘linadi

1 Egamiz dedi: “Quyida Isroil qabilalarining nomlari va ularning ulush qilib olgan yerlari qayd etilgan. Dan qabilasining hududi Isroil yurtining shimolida joylashgan. Uning chegarasi Xetlon yo‘li bo‘ylab Levo–Xomatga*, so‘ng Xazor–Enanga boradi. Xazor– Enan shahri janubdagi Damashq va shimoldagi Xomat hududlari orasida joylashgan.

Dan qabilasining hududi Isroil yurtining g‘arbiy chegarasidan sharqiy chegarasigacha cho‘ziladi. 2 Dan qabilasi hududidan janubda Osher qabilasi joylashadi, uning hududi ham Isroil yurtining g‘arbiy chegarasidan sharqiy chegarasigacha cho‘ziladi. 3 Osher hududidan janubda Naftali qabilasi joylashadi, ularning hududi ham g‘arbdan sharqqacha cho‘ziladi. 4-7 Naftalidan janubda Manashe qabilasi, Manashedan janubda Efrayim, so‘ng Ruben, so‘ng Yahudo qabilalari joylashadi. Hamma qabilalarning hududlari Isroil yurtining g‘arbiy chegarasidan sharqiy chegarasigacha cho‘ziladi.

Maxsus ajratilgan yer

8 Yahudo hududidan janubda maxsus ajratilgan yer bo‘ladi. Bu yerning g‘arbdan sharqqa cho‘zilgan uzunligi har bir qabilaga ajratilgan yerning uzunligi bilan teng, ya’ni g‘arbdagi O‘rta yer dengizidan to sharqdagi Iordan daryosigacha bo‘ladi. Shimoldan janubga cho‘zilgan eni esa 25.000 tirsak* bo‘ladi. Bu maxsus ajratilgan yerning o‘rtasida Ma’bad joylashadi.

9 Bu hududning bir qismi Men, Egangizga ajratilgan bo‘lib, g‘arbdan sharqqa 25.000 tirsakni, shimoldan janubga 20.000 tirsakni* tashkil qiladi. 10 Men bu muqaddas yerimning yarmini ruhoniylarga beraman. Ularga ajratilgan yerning g‘arbdan sharqqa bo‘lgan uzunligi 25.000 tirsak, shimoldan janubga cho‘zilgan eni 10.000 tirsak bo‘ladi. Ruhoniylarga ajratilgan yerning markazida Mening Ma’badim joylashadi. 11 Bu yer faqat Zodo‘x avlodidan tayinlangan ruhoniylarga tegishli bo‘ladi, chunki ular Mening talablarimni bajardilar. Isroil xalqi va boshqa levilar Mendan yuz o‘girganlarida, ular Mendan yuz o‘girmadilar. 12 Menga ajratilgan hududning eng muqaddas joyi ruhoniylarning maxsus ulushi bo‘ladi. Ruhoniylarning bu yeri levilarning yerlariga tutashgan bo‘ladi. 13 Men muqaddas yerimning ikkinchi yarmini levilarga beraman.

Ularga beriladigan yerning g‘arbdan sharqqa bo‘lgan uzunligi 25.000 tirsak, shimoldan janubga cho‘zilgan eni 10.000 tirsak bo‘ladi. Xullas, ruhoniy va levilarga beriladigan yerning umumiy uzunligi 25.000 tirsak, eni 20.000 tirsak* bo‘ladi. 14 Bu yerni sotish, ayirboshlash yoki birovning nomiga o‘tkazish qat’iyan man etiladi. Axir, bu yer Meniki, u

muqaddasdir.

15 Menga ajratilgan yerdan janubda shaharga qarashli yerlar bo‘ladi. Bu yerning g‘arbdan sharqqa bo‘lgan uzunligi 25.000 tirsak, shimoldan janubga cho‘zilgan eni 5000 tirsak bo‘lib, bu yerlarda odamlarning uylari va yaylovlari bo‘ladi. Shahar o‘sha yerning markazida joylashadi. 16 Shaharning eni va uzunligi bir xil 4500 tirsak bo‘ladi. 17 Shahar har tomondan eni 250 tirsak bo‘lgan yaylovlar bilan o‘ralgan bo‘ladi. 18 Shahardan ortib qolgan g‘arbdagi va sharqdagi 10.000 tirsakka 5000 tirsak bo‘lgan yer maydoni dalalar uchun mo‘ljallangan. U yerda shahardagi ishchilar uchun ozuqa yetishtiriladi.

19 Shaharda yashaydigan har qanday odam, qaysi qabiladan bo‘lmasin, o‘sha dalalarga ekin ekishi mumkin. 20 Demak, maxsus ajratilgan yer to‘rtburchak shaklda, har bir tomoni 25.000 tirsak uzunlikda bo‘ladi. Bu yer muqaddas yerlarni va shahar qaramog‘idagi yerlarni o‘z ichiga oladi.

21 Maxsus ajratilgan yerning g‘arb va sharq tomonidagi ortgan yerlar Isroil hukmdoriga qarashli bo‘ladi. Hukmdorning sharqdagi yerlari Iordan daryosiga, g‘arbdagi yerlari O‘rta yer dengiziga borib taqaladi. G‘arbdagi yerning ham, sharqdagi yerning ham uzunligi 25.000 tirsak bo‘ladi. Ularning o‘rtasida Mening muqaddas ulushim, Ma’badim, 22 Levilarning ulushi va Quddus shahri joylashadi. Hukmdorning yerlari shimolda Yahudo qabilasining yerlariga, janubda Benyamin qabilasining yerlariga chegaradosh bo‘ladi.

Janubdagi qabilalarning yerlari

23 Qolgan qabilalarga quyidagi yerlar ulush qilib beriladi: maxsus ajratilgan yerdan janubda Benyamin qabilasining hududi bo‘lib, Isroil yurtining sharqiy chegarasidan g‘arbiy chegarasigacha cho‘ziladi. 24 Benyamin hududidan janubda Shimo‘n qabilasining hududi bo‘lib, yurtning sharqiy chegarasidan g‘arbiy chegarasigacha cho‘ziladi.

25 Shimo‘n hududidan janubda Issaxor qabilasining hududi bo‘lib, sharqiy chegaradan g‘arbiy chegaragacha cho‘ziladi. 26 Issaxor hududidan janubda Zabulun qabilasining hududi bo‘lib, sharqiy chegaradan g‘arbiy chegaragacha cho‘ziladi. 27 Zabulun hududidan janubda Gad qabilasining hududi bo‘lib, sharqiy chegaradan g‘arbiy chegaragacha cho‘ziladi.

28 Gad hududining janubiy chegarasi Tamar shahridan to Kadeshdagi Mariva suvlarigacha boradi, keyin Misr chegarasidagi irmoq* bo‘ylab o‘tib, O‘rta yer dengizigacha* yetadi. 29 Shunday qilib, Isroil yurti o‘n ikki qabilaga bo‘lib beriladi, olgan yerlari ularning ulushi bo‘ladi.” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.

Quddus darvozalari

30 Egamiz dedi: “Shaharning darvozalari quyidagicha bo‘lsin: shaharning shimoliy devori 4500 tirsak uzunlikda bo‘lib, 31 uning uchta darvozasi bo‘ladi. Shahar darvozalariga Isroil qabilalarining nomlari beriladi. Bu tomondagi darvozalarning nomlari Ruben, Yahudo va Levi bo‘ladi. 32 Sharqiy devorning uzunligi ham 4500 tirsak bo‘ladi, uning uchta darvozasi Yusuf, Benyamin va Dan qabilalari nomlari bilan ataladi. 33 Janubiy devorning uzunligi ham 4500 tirsak bo‘ladi, uning uchta darvozasi Shimo‘n,

Issaxor va Zabulun deb nomlanadi. 34 G‘arbiy devorning uzunligi ham 4500 tirsak

bo‘ladi, uning uchta darvozasi Gad, Osher va Naftali deb nomlanadi. 35 Shaharni o‘rab turgan devorning umumiy uzunligi 18.000 tirsak bo‘ladi. O‘sha vaqtdan boshlab shaharning nomi «Egamiz shu yerdadir» bo‘ladi.”

IZOHLAR

1:1-3 Hayotimning o‘ttizinchi yili — ibroniycha matnda O‘ttizinchi yil. Hizqiyolning yoshi

nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.

1:1-3 to‘rtinchi oy — ibroniy kalendarining Tammuz oyi nazarda tutilgan. Hozirgi

kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan iyunning o‘rtasidan boshlanadi.

1:1-3 Buzi o‘g‘li ruhoniy Hizqiyol — yoki ruhoniy Buzi o‘g‘li Hizqiyol.

1:1-3 Bobil — ibroniycha matnda Xaldey, o‘sha vaqtda Bobil yurti shu nom bilan ham

atalardi.

1:1-3 shoh Yohayixin surgundaligining beshinchi yili — miloddan oldingi 593 yil.

2:1 inson — ibroniycha matnda inson o‘g‘li. Mazkur kitobda Xudo Hizqiyolga aynan shu ibora bilan murojaat qilgan. Payg‘ambar ham odam zotidan ekanligini, abadiy yashamasligini, u ham Xudoning kuchiga muhtojligini ko‘rsatish uchun shu ibora ishlatilgan.

2:9 o‘rama qog‘oz — papirusdan qilingan uzun o‘ralgan qog‘oz. Qadimgi paytlarda kitoblar o‘rama shaklda bo‘lgan.

3:1 o‘rama qog‘oz — 2:9 izohiga qarang.

3:12 Shunda…deb aytayotgan edi — yoki Egamizning ulug‘vorligi joyidan ko‘tarilayotganda men orqadan kelayotgan qattiq gumburlagan tovushni eshitdim.

3:18 …o‘z gunohi uchun… — yoki …o‘z gunohida… (shu bobning 19, 20–oyatlarida ham bor).

3:20 …Men uning oyog‘iga to‘g‘onoq solaman, u qoqilib yiqiladi — ko‘chma ma’nodagi gap bo‘lib, Xudoning hukmiga ishora qiladi. Odamlar Xudodan yuz o‘girib, gunoh qilishga mukkasidan ketganlarida, gunoh o‘sha odamlarning yo‘lida to‘siq toshday bo‘ladi. Ular o‘sha toshga qoqilib, halokat va tanazzulga yuz tutadilar. Yana 7:19, 14:3, 4, 7, 18:30 ga va o‘sha oyatlarning izohlariga qarang.

3:23 …xuddi Kavor daryosi bo‘yida ko‘rgan ulug‘vorlikka o‘xshar edi — 1:1-28 ga qarang.

3:27 …ularga aytadigan gapim bo‘lganda, seni yana tilga kiritaman — 24:26-27, 33:21- 22 ga qarang.

4:2 …atrofiga qamal inshootlarini bildiruvchi uyumlarni hosil qil, shahar devoriga qiyalatib tuproq uy… — qadimgi davrlarda dushmanlar devor bilan o‘ralgan shaharga hujum qilayotganlarida, ko‘pincha devor yoniga baland qurilmalar yasaganlar va devorga qiyalatib tuproq uyganlar. Shu yo‘l bilan ular shaharni himoya qilayotgan xalqqa hujum qilish uchun devorni buzishga yoki oshib o‘tishga qulay imkoniyat yaratganlar.

4:4 Isroil — shoh Sulaymonning vafotidan keyin Isroil xalqi ikki shohlikka bo‘linib ketdi (3 Shohlar 11:26-12:24 ga qarang). Shimoliy shohlik “Isroil” deb, janubiy shohlik esa “Yahudo” deb ataladigan bo‘ldi. Miloddan oldingi 722 yilda Ossuriyaliklar shimoliy shohlikka hujum qilib, uni batamom yo‘q qilib yubordilar. Hizqiyol davrida faqat janubiy shohlik, ya’ni Yahudo qolgan edi. Shu sababdan Hizqiyol kitobida “Isroil” so‘zi bilan “Yahudo” so‘zi o‘zaro almashgan holda janubiy shohlik aholisiga nisbatan qo‘llanilgan.

To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi ISROIL va YAHUDO so‘zlariga qarang.

4:9 …ulardan o‘zingga non tayyorlaysan — har xil donlarni aralashtirib, non tayyorlash qamal paytida Quddusning ayanchli ahvolini ifoda etadi. O‘sha paytda shahar aholisi bor donlardan non yopadigan bo‘ladi.

4:10 50 misqol — ibroniycha matnda 20 shaqal, taxminan 230 grammga to‘g‘ri keladi.

4:11 bir kosa — ibroniycha matnda xinning oltidan bir qismi, taxminan yarim litrga

to‘g‘ri keladi.

4:13 …ular ham xuddi shunday harom nonni yeydigan bo‘ladilar — Yahudo xalqi Bobilga surgun qilingandan keyin shu bobning 12–oyatida tasvirlangan ayanchli ahvolga tushadi. Ularning yeydigan ovqati harom bo‘ladi.

5:1 …soching bilan soqolingni qirib tashla — o‘ta xo‘rlanish belgisi. Odatda bosqinchilar o‘zlari mag‘lub qilgan odamlarning sochi bilan soqolini qirib tashlaganlar.

6:3 sajdagoh — ibroniycha matnda bamax, ya’ni “tepalik” (shu bobning 6–oyatida ham bor). Kan’on xudolariga topinadigan joylar bamax deb atalardi. Odatda bu sajdagohlar tepaliklarda joylashgan bo‘lib, u yerda Kan’on xudolarining tasvirlari va qurbonliklar keltirish uchun qurbongoh bo‘lardi.

6:14 Rivlo — ba’zi ibroniy qo‘lyozmalaridan. Ibroniycha matnda Divlo, noma’lum bir shaharning nomi bo‘lsa kerak. Rivlo shahri hozirgi Suriyada joylashgan bo‘lib, Isroil shohligining eng shimoliy nuqtasini tashkil qilardi.

7:18 Ular qayg‘udan qanorga o‘ranishadi…sochlarini qirdirishadi… — qanor dag‘al qoramtir mato bo‘lib, echki yoki tuya junidan to‘qilgan. Qanorga o‘ranib olish va sochni qirish umidsizlikni va qayg‘uli holatni ifodalaydi.

7:19 …oltinu kumushi Isroil xalqining boshiga halokat keltiradi — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi …gunohlari dastidan oltinu kumush ular uchun qoqiltiradigan tosh bo‘ldi. 3:20 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

7:22 aziz uyim — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi mening xazinam, Ma’badga ishora bo‘lsa kerak. Lekin umumiy ma’noda Quddusga yoki butun Isroil yurtiga ishora qilingan bo‘lishi ham mumkin.

8:1 Surgun bo‘lgan paytimizning oltinchi yili oltinchi oyi — miloddan oldingi 592 yilning oltinchi oyi (1:1-3 ga va o‘sha oyatlarning oxirgi izohiga qarang). Ibroniy kalendarining Elul oyi nazarda tutilgan. Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan avgustning o‘rtasidan boshlanadi.

8:3 shimoliy darvoza — Yuqori darvoza nomi bilan ham ma’lum edi (9:2 ga va o‘sha

oyatning izohiga qarang).

8:4 Men bunday vahiyni vodiyda ham ko‘rgan edim — 3:22-23 ga qarang.

8:10 harom hayvonlar — Levilar 11–bobga qarang.

8:14 …xudo Tammuz uchun qayg‘urib yig‘layotgan edilar — butparast xalqning e’tiqodi va tasavvuriga ko‘ra, bu xudo o‘simliklar xazon bo‘lgan paytda o‘lib, keyingi yil tabiat uyg‘onganda tirilardi. Har yili ayollar bu xudoga aza tutib, qayg‘u marosimini o‘tkazishardi va shu orqali uni hayotga qaytarmoqchi bo‘lishardi.

8:17 Meni haqorat qilayotganlarini… — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi

Daraxt shoxini burunlariga olib borayotganini…. Boshqa xudolarga atalgan marosimlarda bajariladigan harakatga yoki Egamizga nisbatan haqoratomuz qiliqqa ishora bo‘lishi mumkin. Boshqa xudolarga sig‘inish Egamizning nazarida Unga nisbatan o‘ta hurmatsizlikni va haqoratni bildirardi.

9:2 shimoldagi Yuqori darvoza — Ma’badning ichki hovlisiga olib boradigan bu darvoza shimolga qaratib qurilgan edi (8:3 ga qarang). Bu darvoza tepalikda joylashgani uchun “Yuqori” deb nom olgan (4 Shohlar 15:35 ga qarang).

9:3 Karublar — qanotli samoviy mavjudotlar. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi KARUB, KARUBLAR so‘ziga qarang.

10:1 gumbaz — 1:22 ga qarang.

10:15 Men Kavor daryosi bo‘yida ko‘rgan jonli mavjudotlar — 1:1-28 ga qarang.

11:9 ajnabiylar — Bobil xalqi nazarda tutilgan.

11:23 shaharning sharq tomonidagi tog‘ — Zaytun tog‘i nazarda tutilgan.

11:24 Bobil — ibroniycha matnda Xaldey, o‘sha vaqtda Bobil yurti shu nom bilan ham

atalardi.

12:10-11 Quddusda hukmronlik qilayotgan shahzoda — Yahudo shohi Zidqiyo nazarda tutilgan (4 Shohlar 25:4-7 ga qarang).

12:13 Xaldeylar — o‘sha vaqtda Bobilliklar shu nom bilan ham atalardi.

13:18 Sizlar…yopasizlar — odamlarga yomonlik keltirish maqsadida qilingan sehr– joduga ishora.

14:3 …gunoh ularning boshiga halokat keltiradi — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi …ular gunohni o‘z oldilariga qoqiltiradigan tosh qilib qo‘yishdi (shu bobning 4, 7–oyatlarida ham bor). 3:20 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

14:14 Doniyor — yoki Danel (shu bobning 20–oyatida ham bor). Hizqiyol payg‘ambar bu bashoratini aytganda, Doniyor payg‘ambar hali juda yosh edi. Shu sababdan, ba’zi olimlarning fikriga ko‘ra, bu yerda tilga olingan Doniyor Muqaddas Kitobdagi Doniyor payg‘ambar emas, balki Kan’ondagi xalqlarning dostonlarida madh qilingan Danel ismli dono va odil hukmdor bo‘lishi mumkin.

16:3 …sen Kan’on yurtida tug‘ilgansan, sening otang Amor xalqidan, onang Xet urug‘idan bo‘lgan — Amor, Xet va Kan’on yurtida yashagan jamiki xalqlar butparast bo‘lib, Egamizga sajda qilishmasdi.

16:7 …eng go‘zal bir gavharga o‘xshab qolding — yoki …sen ayol bo‘lib yetilding.

16:15 fahsh yo‘liga kirding — Eski Ahdda zino yoki fahsh so‘zlari ko‘pincha majoziy ma’noda ishlatilgan bo‘lib, Egamizga xiyonat qilishni va boshqa xudolarga sig‘inishni bildiradi. O‘sha paytlarda Kan’ondagi butparast xalqlar o‘z sajdagohlarida diniy vazifalardan birini fahsh orqali bajarardilar. Butparast xalqlarning udumlariga ko‘ra, odamlar fohishalar va fohishlar bilan jinsiy aloqa qilish orqali o‘z xudolariga topinardilar, xudolaridan farovonlik ato qilishni so‘rardilar.

16:16 sajdagoh — ibroniycha matnda bamax, ya’ni “tepalik”. 6:3 izohiga qarang.

16:21 …ularni butlaringga qurbonlik qilib, olovda kuydirishing… — ibroniycha matndan

so‘zma–so‘z tarjimasi …ularni butlaringga (olovdan) o‘tkazishing…. Butparast xalqlarga

xos bo‘lgan bu jirkanch odat Xudoning nazarida o‘taketgan qabihlik edi.

16:24 …so‘rilar…baland supalar… — ko‘chma ma’noda ishlatilgan so‘zlar bo‘lib, xalq boshqa xudolarga sig‘ingan joylarga ishora qiladi (shu bobning 15–oyati izohiga qarang). Shu bobning 31, 39–oyatlarida ham bor.

16:28 Ossuriya — qadimgi qudratli shohlik. Uning poytaxti Naynavo shahri hozirgi Iroqning shimolida joylashgan edi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi OSSURIYA so‘ziga qarang.

16:29 Bobil — ibroniycha matnda Xaldey, o‘sha vaqtda Bobil yurti shu nom bilan ham atalardi.

16:45 Sening onang Xet urug‘idan, otang Amor xalqidan edi — shu bobning 3–oyatiga va

o‘sha oyatning izohiga qarang.

16:57 Edom — ko‘plab ibroniy qo‘lyozmalaridan va qadimiy suryoniycha tarjimadan. Ibroniycha matnda Oram. “Oram” va “Edom” so‘zlari ibroniychada deyarli bir xil yoziladi. O‘sha davrda Edom xalqi Yahudo xalqiga dushman edi (25:12-14, 35:1-15 ga qarang).

16:60 yoshligingda sen bilan tuzgan ahdim — shu bobning 8–oyatiga qarang.

16:61 Opang…singling… — shu bobning 46–oyatiga qarang.

17:3 burgut — Bobil shohi Navuxadnazar nazarda tutilgan (shu bobning 12–oyatiga qarang).

17:3 sadr daraxti — Lubnon tog‘larida o‘sadigan bu sadr daraxtlari dunyoning o‘sha

hududidagi eng katta daraxt turlaridan edi.

17:7 boshqa…burgut — Misr shohi nazarda tutilgan (shu bobning 15–oyatiga qarang).

17:10 garmsel — hosilga katta ziyon keltiradigan issiq shamol.

17:12 u yerdagi shoh — shoh Yohayixin nazarda tutilgan (4 Shohlar 24:8-16 ga qarang).

17:13-14 shoh oilasiga mansub bo‘lgan bir kishi — shoh Yohayixinning amakisi Zidqiyo nazarda tutilgan. Bobil shohi Navuxadnazar uni Yohayixinning o‘rniga shoh qilib tayinlagan edi (4 Shohlar 24:17 ga qarang).

17:15 Isroil shohi — Zidqiyo nazarda tutilgan (4 Shohlar 24:18-20 ga hamda Yeremiyo 37:5 ga va o‘sha oyatning birinchi izohiga qarang).

17:17 …shahar devoriga qiyalatib tuproq uydiradi… — 4:2 izohiga qarang.

17:17 qamal inshootlari — 4:2 izohiga qarang.

17:22 nozik bir novda — Dovud avlodidan kelib chiqadigan shoh nazarda tutilgan. Yana Ishayo 11:1, Zakariyo 3:8 ga qarang.

17:23 Isroil tog‘i — Quddusdagi Sion tog‘iga ishora. Quddusdagi Ma’bad qurilgan tepalik Sion tog‘i deb atalgan. Eski Ahddagi she’riy parchalarda va payg‘ambarlar bitiklarida Sion so‘zi ko‘pincha Quddus shahriga nisbatan ishlatilgan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi SION so‘ziga qarang.

18:17 …kambag‘alga jabr yetkazmasa… — ibroniycha matndan. Qadimiy yunoncha tarjimada …o‘zini gunohdan tortsa… (yana shu bobning 8–oyatiga qarang).

18:30 …gunoh boshingizga halokat keltiradi — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi …bu gunoh sizlar uchun qoqiltiradigan tosh bo‘ladi. 3:20 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

19:1 ikki shahzoda — shoh Yohuxoz va shoh Zidqiyo nazarda tutilgan (shu bobning 3, 5–oyatlariga va o‘sha oyatlarning izohlariga qarang).

19:2 Sening onang — Yahudo qabilasiga ishora (Ibtido 49:8-9 ga qarang). Shoh Yohuxoz va shoh Zidqiyo aynan shu qabiladan kelib chiqqan edi.

19:3 Bitta bolasi — fir’avn Nexo zanjirband qilgan shoh Yohuxoz nazarda tutilgan (4 Shohlar 23:31-34 ga qarang).

19:5 boshqa bolasi — shoh Zidqiyo nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin (12:10-14, 17:13- 21 ga va 4 Shohlar 24:18-25:7 ga qarang).

19:7 Qal’alarini buzar edi… — qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi Bevalarni bildi…. Ba’zi olimlarning fikri bo‘yicha, bu ibora mazkur o‘rinda bevalarini zo‘rlar edi ma’nosida kelgan.

19:10 Sening onang — Yahudo qabilasidan bo‘lgan shohlar sulolasiga ishora.

19:11 Saltanat hassalari — Ibtido 49:10 ga qarang. Saltanat hassasi shoh va hukmdorlarning hokimiyatini bildiruvchi ramz edi.

20:1 Surgun bo‘lgan paytimizning yettinchi yili beshinchi oyi — miloddan oldingi 591 yilning beshinchi oyi (1:1-3 ga va o‘sha oyatlarning oxirgi izohiga qarang). Ibroniy kalendarining Av oyi nazarda tutilgan. Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan iyulning o‘rtasidan boshlanadi.

20:6 sut va asal oqib yotgan yurt — nihoyatda hosildor yerni bildiruvchi ibora. Mo‘l–ko‘l sut — mol uchun ko‘m–ko‘k yaylovlarning ko‘pligini bildiradi. Asal — xurmodan olinadigan quyuq, shirin murabboga ishora bo‘lishi mumkin. Murabboning mo‘lligi yaxshi hosil beradigan yerni bildiradi.

20:26 To‘ng‘ich bolalarini qurbonlik qilib, olovda kuydirishlariga yo‘l qo‘yib berdim — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi To‘ng‘ich bolalarini (olovdan) o‘tkazishlariga yo‘l qo‘ydim (shu bobning 31–oyatida ham bor). Butparast xalqlarga xos bo‘lgan bu jirkanch odat Xudoning nazarida o‘taketgan qabihlik edi.

20:29 Sajdagoh — ibroniycha matnda Bamax, ya’ni “Tepalik”. 6:3 izohiga qarang.

20:29 Bamax — bu oyatda so‘z o‘yini ishlatilgan. Ibroniy tilida bamax so‘zi “tepalik”, ya’ni “sajdagoh” ma’nosini bildiradi. So‘roq gapda ishlatilgan ohangdosh ibroniycha so‘zlar esa max ba, ya’ni “ular qayerga boryaptilar?” degan ma’noni anglatadi.

20:36 Misr sahrosi — Sinay sahrosiga ishora.

20:40 …muqaddas tog‘im…Isroilning baland tog‘i… — Quddusdagi Sion tog‘iga ishora.

17:23 izohiga qarang.

20:46 …janubga…Nagavdagi o‘rmonga qarshi… — Yahudo yurti va Quddus shahri nazarda tutilgan (21:2 ga qarang).

21:2 barcha sajdagohlari — yoki sajdagohi bo‘lib, Ma’bad va umuman Quddus nazarda

tutilgan (20:46 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang).

21:3 Qilichim — Bobil shohi Navuxadnazar nazarda tutilgan. U orqali Xudo Yahudo xalqini va boshqa xalqlarni jazolagan (21:18-23, 30 ga qarang).

21:10 saltanat hassasi — bu maxsus hassa bo‘lib, shoh va hukmdorlarning hokimiyatini

bildiruvchi ramz edi.

21:10 …Qilichim saltanat hassasini mensimaydi, Hech qanday tayoqni pisand qilmaydi — Yahudo, ya’ni janubiy shohlik aholisi Xudoning tanlangan xalqi bo‘lishiga qaramay, Xudoga bo‘lgan itoatsizligi uchun butun xalq hukmdori bilan birga jazolangan edi.

21:22 …shahar devoriga qiyalatib tuproq uydiradi… — 4:2 izohiga qarang.

21:22 qamal inshootlari — 4:2 izohiga qarang.

21:25 Isroil hukmdori — shoh Zidqiyo nazarda tutilgan.

21:30 Ey Bobil shohi…Boshqalarni jazolashdan to‘xta! — ibroniycha matnda Qilichni qiniga sol! 21:3 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

22:18 toshqol — kumush eritilganda qoladigan qotishma. U chiqindi hisoblanadi va tashlab yuboriladi.

22:25 shahzodalar — qadimiy yunoncha tarjimadan (yana 19:1-6 ga qarang). Ibroniycha matnda payg‘ambarlar to‘dasi.

23:4 Oxola Samariyani, Oxolibo Quddusni bildiradi — Oxola Isroilni, ya’ni shimoliy shohlikni, Oxolibo Yahudoni, ya’ni janubiy shohlikni bildiradi (yana 4:4 izohiga qarang). Shimoliy shohlikning poytaxti — Samariya, janubiy shohlikning poytaxti Quddus edi.

Oxola va Oxoliboning axloqsizligi majoziy ma’noni ifodalab, Yahudo va Isroil xalqlarining butparast ittifoqdoshlariga va ularning xudolariga bo‘lgan ishonchini, rizqini beradigan haq Xudoga esa o‘taketgan sadoqatsizligini bildiradi.

23:14 Bobilliklar — ibroniycha matnda Xaldeylar, o‘sha vaqtda Bobilliklar shu nom

bilan ham atalardi (shu bobning 16–oyatida ham bor).

23:15 Xaldey — o‘sha vaqtda Bobil yurti shu nom bilan ham atalardi.

23:23 Xaldeylar — o‘sha vaqtda Bobilliklar shu nom bilan ham atalardi.

23:31 jazo kosasi — Xudo g‘azabining ramzi bo‘lgan sharob kosasiga ishora. Mana shu sharobdan mast bo‘lish Xudoning hukmiga duchor bo‘lishni bildiradi (Ishayo 51:17-23, Yeremiyo 25:15-29 ga qarang).

23:37 …bolalarini o‘sha butlarga taom nazri sifatida qurbonlik qilib, olovda kuydirdilar

— ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi …bolalarini o‘sha butlarga taom nazri sifatida (olovdan) o‘tkazdilar. Butparast xalqlarga xos bo‘lgan bu jirkanch odat Xudoning nazarida o‘taketgan qabihlik edi.

23:42 bu mayxo‘r qalang‘i–qasang‘ilar — yoki bu qalang‘i–qasang‘ilar Savoliklar bilan birga. Savoliklar ko‘chmanchi qabila bo‘lib, janubdan — Arabiston yarim orolidan kelgan bo‘lishi mumkin.

24:1 Surgun bo‘lgan paytimizning to‘qqizinchi yili o‘ninchi oyi — miloddan oldingi 589 yilning o‘ninchi oyi (1:1-3 ga va o‘sha oyatlarning oxirgi izohiga qarang). Ibroniy kalendarining Tabat oyi nazarda tutilgan. Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan dekabrning o‘rtasidan boshlanadi.

24:2 …Bobil shohi bugun Quddusni qamal qildi — 4 Shohlar 25:1 ga qarang.

24:5 o‘tin — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi suyaklar. 24:10 …sho‘rvasi qaynab yo‘q bo‘lsin — yoki …ziravorlar qo‘shilsin. 24:27 …sen yana tilga kirasan — 3:26-27, 33:21-22 ga qarang.

25:2 Ommon — bu yurt Iordan daryosining sharq tomonida joylashgan edi.

25:8 Mo‘ab — bu yurt O‘lik dengizning sharqida joylashgan edi.

25:8 Mo‘ab xalqi — qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda Mo‘ab va Seir xalqlari. Seir Edom yurtining yana bir nomi edi, Seir nomi ibroniycha matndagi mazkur bashoratda (shu bobning 8-11–oyatlarida) boshqa ishlatilmagan. Edom xalqi haqida bashorat shu bobning 12-14–oyatlarida berilgan.

25:12 Edom — bu yurt O‘lik dengizning janubida joylashgan edi.

25:13 Temon shahri…Dedon shahri… — Edom xalqining jamiki yerlarini tasvirlashning bir yo‘li, ya’ni shimoldan janubgacha degan ma’noda kelgan. Temon — Edom yurtining shimolida, Dedon Edomdan janubi–sharqda joylashgan edi.

25:15 Filistlar — Isroil yurtidan g‘arbda, O‘rta yer dengizi bo‘yida yashagan xalq.

25:16 Xaret xalqi — o‘sha vaqtda Filistlar shu nom bilan ham atalardi. Bu nom Krit so‘zidan olingan bo‘lishi mumkin. Filistlarning ajdodlari Krit orolidan kelgan edilar (Yeremiyo 47:4, Amos 9:7 ga va o‘sha oyatlarning ikkinchi izohiga qarang).

26:1 Surgun bo‘lgan paytimizning o‘n birinchi yili — miloddan oldingi 587 yil (1:1-3 ga

va o‘sha oyatlarning oxirgi izohiga qarang).

26:2 Tir — Finikiyada muhim ahamiyatga ega bo‘lgan shahar. Bu shahar Isroildan shimolda, O‘rta yer dengizi bo‘yida joylashgan edi. Bugungi kunda bu yer Livan mamlakatining janubiy hududini tashkil qiladi. Shaharning bir qismi qo‘rg‘on bo‘lib, bu qo‘rg‘on kichkina orolda, dengiz qirg‘og‘idan uzoq bo‘lmagan joyda qurilgan edi.

26:5 bu orol — shu bobning 2–oyati izohiga qarang.

26:8 qamal inshootlari — 4:2 izohiga qarang.

26:8 …shahar devoriga qiyalatib tuproq uydiradi… — 4:2 izohiga qarang.

26:20 go‘r Sheo‘l, ya’ni o‘liklar diyori nazarda tutilgan. Qadimda Isroil xalqi Sheo‘lni

yer ostidagi tubsiz chuqurlik, marhumlar boradigan qorong‘i joy deb tushunardi.

27:2 Tir — 26:2 izohiga qarang.

27:5 Xermon tog‘i — ibroniycha matnda Sanir tog‘i, Xermon tog‘ining qadimgi nomi

(Qonunlar 3:9 ga qarang).

27:5 Lubnondan keltirilgan sadr yog‘ochi — 17:3 ning ikkinchi izohiga qarang.

27:6 Kipr — ibroniycha matnda Kittim, Kiprning qadimgi nomi.

27:8 Sidon va Arvod — Sidon Finikiyada muhim ahamiyatga ega bo‘lgan shahar edi. Bu shahar Isroildan shimolda, O‘rta yer dengizi bo‘yida joylashgan edi. Bugungi kunda bu shahar Livan mamlakatining janubiy hududini tashkil qiladi. Arvod shahri ham, Tir shahri singari, orolda qurilgan bo‘lib, Sidondan shimolda, O‘rta yer dengizining qirg‘og‘iga yaqin joyda joylashgan edi.

27:9 Gabol — Bibl nomi bilan ham ma’lum. Bu shahar O‘rta yer dengizi bo‘yida, Sidon

shahridan shimolda joylashgan edi.

27:10 Fors, Lidiya va Liviya — ibroniycha matnda bu yurtlarning qadimgi nomlari:

Faras, Lud va Fut. Lidiya hozirgi Turkiyaning sharqida joylashgan edi.

27:11 Xelek — Kilikiya yurtining yana bir nomi bo‘lishi mumkin. Bu yurt hozirgi Turkiyaning janubida, O‘rta yer dengizi bo‘yida joylashgan edi.

27:12 Tarshish — hozirgi Ispaniyaning hududida joylashgan bu bandargoh shahar o‘zining katta va haybatli kemalari bilan mashhur edi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi BANDARGOH so‘ziga qarang.

27:13 Yunonlar — ibroniycha matnda Yovon, o‘sha vaqtda Yunon xalqi shu nom bilan

ham atalardi.

27:13 Tuval va Meshex — bu xalqlar hozirgi Turkiya hududida yashagan.

27:14 To‘xarmo — bu yurt hozirgi Turkiya hududida joylashgan edi.

27:15 Ro‘don — qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda Dedon, Arabiston yarim orolining shimoli–g‘arbida joylashgan shahar va uning atrofidagi hudud. Ro‘don oroli O‘rta yer dengizida, hozirgi Turkiyaning janubi–g‘arbiy chegarasini tashkil qilgan qirg‘oq yaqinida joylashgan edi. Geografik jihatdan mazkur o‘ringa to‘g‘ri keladi.

27:15 obnus yog‘ochi — qimmatbaho qora yog‘och.

27:16 Oram — ibroniycha matndan. Ba’zi ibroniy qo‘lyozmalarida va qadimiy

suryoniycha tarjimada Edom.

27:18 Xelbon — Damashqdan qariyb 20 kilometr shimolda joylashgan edi.

27:18 oppoq yung — yoki Zaxardan keltirilgan yung.

27:19 Uzol shahridan sharob keltirib… — yoki Uzol shahridan Dan va Yovon xalqlari….

O‘sha vaqtda Yunon xalqi Yovon deb ham atalardi.

27:20 Dedonliklar — 25:13 izohiga qarang.

27:20 ot terligi — egar ostiga qo‘yiladigan yoki egar o‘rnida ishlatiladigan mato.

27:21 Kedar — Arabiston sahrosidagi yerlar.

27:22 Shava va Ramo — Arabiston yarim orolida joylashgan yurtlar.

27:23 …Xoron, Xannox…Eden…Oshur va Xilmad… — bu beshta shahar Mesopotamiyada, ya’ni Dajla va Furot daryolari orasidagi hududda joylashgan edi. Qadimiy yunoncha tarjimada Shava (Arabiston sahrosining bir yurti) bu ro‘yxatga kiritilmagan.

27:25 Tarshish — shu bobning 12–oyati izohiga qarang.

27:31 …sochlarini qirdiradi, Qanorga o‘ranib oladi… — 7:18 izohiga qarang.

28:2 Tir — 26:2 izohiga qarang.

28:3 Doniyor — yoki Danel. 14:14 izohiga qarang.

28:13 Qizil yoqut…zumrad… — ibroniycha matnda aytib o‘tilgan ba’zi qimmatbaho

toshlarning turi bahsli.

28:21 Sidon — 27:8 izohiga qarang.

29:1 Surgun bo‘lgan paytimizning o‘ninchi yili o‘ninchi oyi — miloddan oldingi 588 yilning o‘ninchi oyi (1:1-3 ga va o‘sha oyatlarning oxirgi izohiga qarang). Ibroniy kalendarining Tabat oyi nazarda tutilgan. Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan dekabrning o‘rtasidan boshlanadi.

29:4 baliqlar — fir’avnning a’yonlari yoki qo‘l ostidagilari nazarda tutilgan. Ular fir’avn

bilan birga hukm qilinadilar.

29:7 …bellarini chiqarib yubording — yoki …yiqilishlariga sababchi bo‘lding.

29:10 Habashiston — ibroniycha matnda Kush. Bu joy Misrdan janubda bo‘lib, hozirgi

Sudan va Efiopiya mamlakatlarining bir qismini o‘z ichiga olgan edi.

29:14 Patro‘s — Misr janubiy hududining qadimgi nomi.

29:17 Surgun bo‘lgan paytimizning yigirma yettinchi yili birinchi oyi — miloddan oldingi 571 yilning birinchi oyi (1:1-3 ga va o‘sha oyatlarning oxirgi izohiga qarang). Ibroniy kalendarining Nison oyi nazarda tutilgan (Nison oyi Abib oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan martning o‘rtasidan boshlanadi.

29:18 …Navuxadnazar Tirga qarshi shiddatli urush olib bordi… — miloddan oldingi 586 yilda Navuxadnazar Tir shahrini qamal qildi (26:7-14 ga qarang). Qamal o‘n uch yil davom etdi.

29:21 …Men Isroil xalqining qudratini tiklayman — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi …Men Isroil xalqidan shox o‘stirib chiqaraman. Eski Ahdda buqaning shoxi ko‘pincha ko‘chma ma’noda ishlatilib, kuchli hukmdorga yoki harbiy qudratga ishora qilgan.

30:3 Mening g‘azab kunim — ibroniycha matnda Egamizning kuni, Eski Ahddagi payg‘ambarlar bitiklarida bir necha marta uchraydigan ibora. Ko‘pincha bu ibora Xudo beradigan jazoga ishora qiladi. Bu ibora yana qiyomat kunidagi Xudoning hukmiga nisbatan ham ishlatiladi. O‘sha kuni Xudo O‘z dushmanlari ustidan g‘alaba qozonadi va ularni jazolaydi, O‘ziga sodiq qolganlarga esa orom bag‘ishlaydi, ularga tinchlik va qut– barakalar ato qiladi.

30:4 Habashiston — ibroniycha matnda Kush (shu bobning 5, 9–oyatlarida ham bor). 29:10 izohiga qarang.

30:5 Liviya, Lidiya — ibroniycha matnda bu yurtlarning qadimgi nomlari: Fut, Lud. Lidiya hozirgi Turkiyaning sharqida joylashgan edi.

30:5 Kub — yoki Lub (Noxum 3:9 ga va o‘sha oyatning ikkinchi izohiga qarang).

30:13 Nuf — Memfis nomi bilan ham ma’lum. Memfis shahri Misr shimoliy hududining markazi bo‘lib, Misr tarixida birmuncha vaqt poytaxt ham bo‘lgan edi.

30:14 Patro‘s — Misr janubiy hududining qadimgi nomi.

30:14 No‘ — Fiva nomi bilan ham ma’lum. Fiva shahri Misr janubiy hududining markazi bo‘lib, Misr tarixida birmuncha vaqt poytaxt ham bo‘lgan edi.

30:17 On — Geliopol nomi bilan ham ma’lum.

30:17 Pi–Bashat — Bubast nomi bilan ham ma’lum.

30:20 Surgun bo‘lgan paytimizning o‘n birinchi yili birinchi oyi — miloddan oldingi 587

yilning birinchi oyi (1:1-3 ga va o‘sha oyatlarning oxirgi izohiga qarang). Ibroniy kalendarining Nison oyi nazarda tutilgan (Nison oyi Abib oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan martning o‘rtasidan boshlanadi.

31:1 Surgun bo‘lgan paytimizning o‘n birinchi yili uchinchi oyi — miloddan oldingi 587 yilning uchinchi oyi (1:1-3 ga va o‘sha oyatlarning oxirgi izohiga qarang). Ibroniy kalendarining Shavon oyi nazarda tutilgan. Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan mayning o‘rtasidan boshlanadi.

31:3 Lubnondagi sadr daraxti — 17:3 ning ikkinchi izohiga qarang.

31:11 ajnabiy hukmdor — Bobil shohi Navuxadnazar nazarda tutilgan. Miloddan oldingi 568 yilda u Misrni bosib olgandi.

31:15 o‘liklar diyori — ibroniycha matnda Sheo‘l (shu bobning 16, 17–oyatlarida ham bor). 26:20 izohiga qarang.

32:1 Surgun bo‘lgan paytimizning o‘n ikkinchi yili o‘n ikkinchi oyi — miloddan oldingi 585 yilning o‘n ikkinchi oyi (1:1-3 ga va o‘sha oyatlarning oxirgi izohiga qarang). Ibroniy kalendarining Adar oyi nazarda tutilgan. Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan fevralning o‘rtasidan boshlanadi.

32:17 O‘sha oy — shu bobning 1–oyatiga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

32:18 …go‘rdagi marhumlar oldiga… Sheo‘l, ya’ni o‘liklar diyori nazarda tutilgan. Qadimda Isroil xalqi Sheo‘lni yer ostidagi tubsiz chuqurlik, marhumlar boradigan qorong‘i joy deb tushunardi. Yana shu bobning 21, 23–oyatlariga qarang.

32:21 O‘liklar diyori — ibroniycha matnda Sheo‘l. Shu bobning 18–oyati izohiga qarang.

32:24 Elam — bu yurt Bobil yurtidan janubi–sharqda, hozirgi Eron hududida joylashgan edi.

32:26 Meshex bilan Tuval — 27:13 ning ikkinchi izohiga qarang.

32:27 Qadimda qahramonlar… — qadimiy yunoncha va lotincha tarjimalardan. Ibroniycha matnda Sunnatsiz qahramonlar….

32:27 …qahramonlarni…dafn qilishar edi — ibroniycha matnda

…qahramonlar…Sheo‘lga ravona bo‘lgan. Shu bobning 18–oyati izohiga qarang.

32:27 …tanasini qalqon bilan yopishar edi — yoki …gunohlari uchun olgan jazosi

tanalari ustida qolgan.

32:30 Shimoldagi saltanatlarning hamma shahzodalari — Finikiyalik va Oramlik

hukmdorlar nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.

33:8 …o‘z gunohi dastidan… — yoki …o‘z gunohlarida… (shu bobning 9–oyatida ham bor).

33:21 Surgun bo‘lgan paytimizning o‘n ikkinchi yili o‘ninchi oyi — miloddan oldingi 586 yilning o‘ninchi oyi (1:1-3 ga va o‘sha oyatlarning oxirgi izohiga qarang). Ibroniy kalendarining Tabat oyi nazarda tutilgan. Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan dekabrning o‘rtasidan boshlanadi.

33:22 …Egamiz menga gapirish iqtidorini qaytarib bergan edi — 3:26-27, 24:26-27 ga qarang.

33:25 …sizlar qoni chiqarilmagan go‘shtni tanovul qilasizlar… — Tavrotda bunday

go‘shtni yeyish qat’iyan man etilgan (Levilar 17:10-14 ga qarang).

34:12 Bulutli, qorong‘i kun — shoh Navuxadnazar Quddusni zabt etib, Quddus aholisini Bobilga surgun qilgan paytga ishora.

34:26 Muqaddas tog‘im — Quddusdagi Sion tog‘iga ishora. 17:23 izohiga qarang.

35:2 Seir tog‘lari — Edom yurtiga qarashli bo‘lgan tog‘li hudud. Mazkur oyatda butun

Edom yurti nazarda tutilgan (shu bobning 15–oyatiga qarang).

36:13 ‘Isroil yurti o‘z odamlarini nobud qiladi, o‘z xalqini farzandlaridan judo qiladi’

5:14-17 ga qarang.

36:17 …hayz ko‘rgan ayolday nopok edi — Levilar 15:19 ga qarang.

37:5 nafas — bu o‘rindagi ibroniycha so‘z ruh va shamol ma’nolarini ham ifodalaydi

(shu bobning 6, 8, 9, 10, 14–oyatlarida ham bor).

37:9 shamol — shu bobning 5–oyati izohiga qarang.

37:12 qabrlaringiz — xalqning Bobildagi surgun paytiga ishora.

37:14 Ruh — shu bobning 5–oyati izohiga qarang.

37:16 «Yahudo shohligi» — ibroniycha matnda «Yahudo va Isroil xalqidan Yahudoga tegishli bo‘lganlar». Bu yerda Hizqiyol janubiy shohlikni nazarda tutgan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi YAHUDO so‘ziga qarang.

37:16 «Isroil shohligi» — ibroniycha matnda «Yusuf va unga tegishli Isroil xalqidan bo‘lganlar, ya’ni Efrayimni bildiruvchi tayoq». Bu o‘rinda Hizqiyol shimoliy shohlikni nazarda tutgan. Yusufning o‘g‘li Efrayim — Efrayim qabilasining asoschisi bo‘lgan. Bu qabila Isroilning shimoliy qismidagi eng katta va nufuzli qabila bo‘lgani bois, Eski Ahdning ba’zi o‘rinlarida Efrayim degan nom Isroilga, ya’ni shimoliy shohlikka nisbatan ishlatilgan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi EFRAYIM so‘ziga qarang.

37:19 Isroil shohligini bildiruvchi tayoq — ibroniycha matnda Yusufni va unga tegishli Isroil qabilalarini bildiruvchi tayoq, ya’ni Efrayimning qo‘lidagi tayoq. Shu bobning 16– oyatiga berilgan ikkinchi izohga qarang.

37:23 Men ularni sadoqatsizlik aybidan xalos etaman — ko‘plab ibroniy qo‘lyozmalaridan va qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda Ular gunoh qilib yashagan hamma maskanlardan Men ularni xalos qilaman.

38:2 Meshex va Tuval — 27:13 ning ikkinchi izohiga qarang.

38:2 Meshex va Tuval xalqlarining bosh hukmdori — ibroniycha matndan. Qadimiy yunoncha tarjimada Ro‘sh, Meshex va Tuval xalqlarining hukmdori. Shu bobning 3– oyatida ham bor.

38:5 Forslar, Habashistonliklar va Liviyaliklar — ibroniycha matnda bu yurtlarning qadimgi nomlari: Faras, Kush va Fut. Kush degan joy Misrdan janubda bo‘lib, hozirgi Sudan va Efiopiya mamlakatlarining bir qismini o‘z ichiga olgan edi.

38:6 Go‘mer xalqi — bu xalq Qora dengizning shimoli–sharqida, hozirgi Rossiya hududida yashagan.

38:6 To‘xarmo yurti — bu yurt hozirgi Turkiya hududida joylashgan edi.

38:12 jahon chorrahasi — yoki jahon cho‘qqisi, ya’ni baland, xatarsiz joy ma’nosida

kelgan.

38:13 Shava va Dedon — Arabiston yarim orolida joylashgan yurtlar.

38:13 Tarshish — hozirgi Ispaniyaning hududida joylashgan bu bandargoh shahar o‘zining katta va haybatli kemalari bilan mashhur edi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi BANDARGOH so‘ziga qarang.

38:13 zodagonlar — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi yosh arslonlar.

39:1 Meshex va Tuvalning bosh hukmdori — ibroniycha matndan. Qadimiy yunoncha tarjimada Ro‘sh, Meshex va Tuval hukmdori.

39:25 …Men Yoqub naslini yana farovonlikka erishtiraman — yoki …Men Yoqub naslini

asirlikdan ozod qilib, ona yurtiga qaytarib olib kelaman.

40:1 Surgun bo‘lgan paytimizning yigirma beshinchi yili birinchi oyi — miloddan oldingi 573 yilning birinchi oyi (1:1-3 ga va o‘sha oyatlarning oxirgi izohiga qarang). Ibroniy kalendarining Nison oyi nazarda tutilgan (Nison oyi Abib oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan martning o‘rtasidan boshlanadi.

40:5 …har bir uzun tirsak bir tirsagu to‘rt enli edi — bir tirsak taxminan 45 santimetrga, to‘rt en taxminan 8 santimetrga to‘g‘ri keladi. Demak, uzun tirsak taxminan 53 santimetrga to‘g‘ri keladi. Ushbu kitob davomida “tirsak” so‘zi uzun tirsakka nisbatan ishlatilgan. Hizqiyol vahiyda ko‘rgan Ma’badning loyihasi lug‘atdan keyin ilova qilingan “Rasmlar va loyihalar” bo‘limida berilgan.

40:17 o‘ttizta hujra — sajda qiluvchilar bu hujralarda yig‘ilib, qurbonlik go‘shtini

tanovul qilishardi (misol uchun, Yeremiyo 35:2 ga qarang).

40:39 gunoh qurbonligi — birortasi bilmay qilgan gunohi uchun Xudodan kechirim so‘rab keltirgan qurbonligi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi QURBONLIK so‘zi ostida berilgan GUNOH QURBONLIGI iborasiga qarang.

40:39 ayb qurbonligi — Levilar 5:14-19 ga qarang. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi QURBONLIK so‘zi ostida berilgan AYB QURBONLIGI iborasiga qarang.

40:44 …ikkita xona qurilgan edi — qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda

…qo‘shiqchilar uchun xonalar qurilgan edi.

40:44 janubiy — qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda sharqiy.

40:48 Ostonaning eni 14 tirsak, ostona yon devorlarining uzunligi 3 tirsak chiqdi — qadimiy yunoncha tarjimadan (yana 41:1-3 ga qarang). Ibroniycha matnda Ostonaning eni 14 tirsak degan gap yo‘q.

40:49 …eni 12 tirsak edi. Ayvonga o‘n pog‘onali zinapoya olib borar edi — qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda …eni 11 tirsak edi. Ayvonga zinapoya olib borar edi.

41:1 o‘sha odam — 40:3 ga qarang.

41:1 asosiy xona — ya’ni Muqaddas xona.

41:1 tirsak — uzun tirsak nazarda tutilgan. Bir uzun tirsak taxminan 53 santimetrga

to‘g‘ri keladi. 40:5 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

41:21 kesaki — eshik o‘rnatilgan chorcho‘p.

41:23 Eng muqaddas xona — yana ichki xona deb atalgan (shu bobning 4–oyatiga qarang).

42:1 o‘sha odam — 40:3 ga qarang.

42:2 tirsak — uzun tirsak nazarda tutilgan. Bir uzun tirsak taxminan 53 santimetrga

to‘g‘ri keladi. 40:5 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

42:3 eni 20 tirsak bo‘lgan ichki hovlining ochiq joyi — 41:9-10 ga qarang.

42:3 Ma’badning tosh yotqizilgan tashqi hovlisi — 40:17 ga qarang.

42:4 100 tirsak — qadimiy yunoncha va suryoniycha tarjimalardan. Ibroniycha matnda

1 tirsak.

42:10 Janub — qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda Sharq.

43:1 O‘sha odam — 40:3 ga qarang.

43:1 sharqiy darvoza — Ma’badning old tomonida joylashgan.

43:3 ko‘rgan vahiylarim — 1:1-28, 9:1-10:22, 11:22-25 ga qarang.

43:13 …har bir uzun tirsak bir tirsagu to‘rt enni tashkil qilib… — bir tirsak taxminan 45 santimetrga, to‘rt en taxminan 8 santimetrga to‘g‘ri keladi. Demak, uzun tirsak taxminan 53 santimetrga to‘g‘ri keladi. Hizqiyol kitobining davomida “tirsak” so‘zi uzun tirsakka nisbatan ishlatilgan.

43:24 tuz — o‘zgarmaslik ramzi bo‘lib, Xudo va Uning xalqi orasidagi ahdning

barqarorligini bildiradi (Levilar 2:13 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang).

44:1 O‘sha odam — 40:3 ga qarang.

44:7 …yuragi…sunnat qilinmagan… — ya’ni Xudoga chin yurakdan sadoqatli va itoatkor bo‘lmagan (Yeremiyo 4:4 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang).

44:19 …toki xalq muqaddas kiyimlarga qo‘l tekkizmasin — Ma’badning muqaddasligiga bo‘lgan yuksak ehtiromni saqlash maqsadida oddiy xalq Ma’baddagi muqaddas ashyolarga qo‘l tekkizmasligi kerak edi. Tabarruk ashyolarga qo‘l tekkizgan odam o‘zini o‘zi jazoga mahkum etardi (Sahroda 4:15, 1 Shohlar 6:19, 2 Shohlar 6:6-7 ga qarang).

45:1 tirsak — uzun tirsak nazarda tutilgan. Bir uzun tirsak taxminan 53 santimetrga

to‘g‘ri keladi. 43:13 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

45:1 20.000 tirsak — qadimiy yunoncha tarjimadan (yana shu bobning 3-5–oyatlariga va 48:9-13 ga qarang). Ibroniycha matnda 10.000 tirsak.

45:5 Ular yashaydigan shaharlar shu yerda joylashadi — qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda Ularning o‘zlariga 20 xona ajratiladi.

45:10 …to‘g‘ri o‘lchovni… — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi …to‘g‘ri efani va to‘g‘ri batni… (shu bobning 11–oyatiga va o‘sha oyatning izohiga qarang).

45:11 …efa…bat…ho‘mr… — qadimda hajmni o‘lchash uchun ishlatilgan o‘lchov birliklari. Efa ham, bat ham taxminan 22 litrga, ho‘mr esa 220 litrga to‘g‘ri keladi.

45:12 Bir shaqal 20 geraga, bir mina 60 shaqalga to‘g‘ri kelsin — qadimda og‘irlikni o‘lchash uchun shaqal, gera va mina o‘lchov birliklaridan foydalanilgan. Mina 50

shaqalga to‘g‘ri kelardi, biroq bu vaziyatda Bobildagi o‘lchov birliklari ishlatilgan bo‘lishi mumkin. 20 gera taxminan 11 grammga, 60 shaqal taxminan 660 grammga to‘g‘ri keladi.

45:13 …oltmishdan bir qismi — ibroniycha matnda …har bir ho‘mrdan efaning oltidan bir qismi (shu oyatning davomida ham bor). Shu bobning 11–oyatiga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

45:14 …bir foizi — ibroniycha matnda …har bir kordan batning oltidan bir qismi. Qadimda kor suyuqliklarning o‘lchov birligi bo‘lib, hajmi bir ho‘mrga, ya’ni 220 litrga to‘g‘ri kelardi.

45:14 O‘n bat…bir ho‘mr… — shu bobning 11–oyatiga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

45:18 Birinchi oy — ibroniy kalendarining Nison oyi nazarda tutilgan (Nison oyi Abib oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan martning o‘rtasidan boshlanadi.

45:19 kesaki — eshik o‘rnatilgan chorcho‘p.

45:21 …Fisih ziyofati…Xamirturushsiz non bayrami… — Isroil xalqining Misrdagi qullikdan ozod bo‘lganini nishonlash uchun o‘tkazilardi (Chiqish 12:1-42, 13:3-10 ga qarang).

45:24 bir tog‘ora — ibroniycha matnda bir efa, taxminan 22 litrga to‘g‘ri keladi. 45:24 sakkiz kosa — ibroniycha matnda bir xin, taxminan 4 litrga to‘g‘ri keladi. 45:25 Yettinchi oy — ibroniy kalendarining Tishri oyi nazarda tutilgan (Tishri oyi

Itanim oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan sentabrning

o‘rtasidan boshlanadi.

45:25 Chayla bayrami — bu bayram kuzda yig‘im–terim tugagan paytga to‘g‘ri keladi.

46:5 bir tog‘ora — ibroniycha matnda bir efa, taxminan 22 litrga to‘g‘ri keladi.

46:5 sakkiz kosa — ibroniycha matnda bir xin, taxminan 4 litrga to‘g‘ri keladi.

46:14 olti kosa — ibroniycha matnda efaning oltidan bir qismi, taxminan 3,7 litrga to‘g‘ri

keladi.

46:14 uch kosa — ibroniycha matnda xinning uchdan bir qismi, taxminan 1,3 litrga

to‘g‘ri keladi.

46:17 Qutlug‘ yil — Isroil xalqi tabarruk deb bilgan yil. Shu yil davomida hamma mulk

o‘zining asl egalariga qaytarib berilishi kerak edi (Levilar 25:8-55, 27:17-24 ga qarang).

46:19 o‘sha odam — 40:3 ga qarang.

46:19 So‘ng o‘sha odam meni…boshlab bordi — Hizqiyol Ma’bad oldidan shimoldagi

darvoza tomon yurib (44:4 ga qarang), darvozadan chiqqandan keyin g‘arbga burildi. 46:20 …xalq muqaddas nazrlarga qo‘l tekkizmasligi uchun… — 44:19 izohiga qarang. 46:22 tirsak — uzun tirsak nazarda tutilgan. Bir uzun tirsak taxminan 53 santimetrga

to‘g‘ri keladi. 43:13 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

47:1 O‘sha odam — 40:3 ga qarang.

47:3 tirsak — uzun tirsak nazarda tutilgan. Bir uzun tirsak taxminan 53 santimetrga

to‘g‘ri keladi. 43:13 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

47:8 Iordan vodiysi — ibroniycha matnda Araba. Araba umumiy geografik nom bo‘lib,

bu oyatda Iordan vodiysiga nisbatan ishlatilgan.

47:10 …En–Gedidan En–Exlayimgacha… — O‘lik dengizning g‘arbiy qirg‘og‘i, qirg‘oqning o‘rtasidan to shimoli–g‘arbgacha bo‘lgan qism.

47:10 O‘rta yer dengizi — ibroniycha matnda Buyuk dengiz (shu bobning 15, 17, 19, 20– oyatlarida ham bor).

47:13 Yusuf avlodlari — Efrayim va Manashe qabilalari nazarda tutilgan. Bu qabilalar

Yusufning ikkita o‘g‘lidan kelib chiqqan.

47:15 Levo–Xomat — yoki Xomat dovoni (shu bobning 20–oyatida ham bor).

47:15-16 …so‘ng Levo–Xomat orqali o‘tib, Zadod shahrigacha davom etadi. 16 Keyin Damashq va Xomat oralig‘idagi… — qadimiy yunoncha tarjimadan (yana 48:1 ga qarang). Ibroniycha matnda …so‘ng Zadod shahriga olib boradigan yo‘l bo‘ylab davom etadi. 16 Keyin Xomat, Damashq va Xomat oralig‘idagi….

47:19 Misr chegarasidagi irmoq — Sinay yarim orolining shimoli–sharqidagi Arish soyligi yoki Nil daryosining sharqiy irmog‘i nazarda tutilgan (yana Ibtido 15:18, Sahroda 34:5 va Yoshua 13:3, 15:4, 47 ga qarang).

47:22 …qur’a bo‘yicha… — qur’a tashlashda yog‘och bo‘laklari yoki toshlar ishlatilgan bo‘lib, shu orqali Xudoning xohish–irodasi aniqlangan. Ba’zan odamlar qur’a tashlab, Xudodan biror ishni qanday yoki qachon qilish kerakligini so‘rashgan.

48:1 Levo–Xomat — yoki Xomat dovoni.

48:8 tirsak — uzun tirsak nazarda tutilgan. Bir uzun tirsak taxminan 53 santimetrga

to‘g‘ri keladi. 43:13 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

48:9 20.000 tirsak — qadimiy yunoncha tarjimaning bitta qo‘lyozmasidan (yana shu

bobning 10-13–oyatlariga va 45:1-5 ga qarang). Ibroniycha matnda 10.000 tirsak.

48:13 20.000 tirsak — shu bobning 9–oyati izohiga qarang.

48:28 Misr chegarasidagi irmoq — 47:19 izohiga qarang.

48:28 O‘rta yer dengizi — ibroniycha matnda Buyuk dengiz.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru