Muqaddas Kitob


MIXO

PAYG‘AMBARNING

KITOBI

Kirish

Mixo payg‘ambar Yahudo yurtidagi kichkina bir qishloqda tug‘ilgan. U Ishayo payg‘ambarning zamondoshi bo‘lib, miloddan oldingi 722 yilda Isroil* xalqi Ossuriyaga surgun qilinishidan oldin faoliyat ko‘rsatgan.

Mixo payg‘ambar Isroilning poytaxti Samariya haqida va Yahudoning poytaxti Quddus haqida bashorat qiladi. Ikkala poytaxtning amaldorlari va boylari butun xalqni yo‘ldan ozdirib, butlarga sajda qilishni o‘rgatishadi. Bundan tashqari, firibgarlik qilib, kambag‘allarni talon–taroj qilishadi. Shu sabablarga ko‘ra, Isroil va Yahudo xalqlarini Xudo jazolamoqchi bo‘ladi. Mixo payg‘ambar Isroil va Yahudo xalqlarining boshiga tushadigan musibatlar va tutqunlik azoblari haqida bashorat qiladi.

Ammo kelajakda Isroil va Yahudo xalqlari yana haq Xudoga sajda qilishadi. Shunda Xudo ularni o‘z yurtiga qaytarib olib keladi, g‘alabalar sari yetaklaydigan haqiqiy hukmdorni ularga taqdim qiladi. O‘sha vaqt kelganda, hamma joyda osoyishtalik qaror topadi. Xudo O‘zi tanlagan hukmdor bilan birgalikda xalqqa cho‘ponlik qiladi. Isroilni boshqaradigan bu zot Baytlahm shahrida tavallud topishi haqidagi bashoratlar ham mazkur kitobdan o‘rin olgan.


1–BOB

1 Yahudo* shohlari Yo‘tom, Oxoz va Hizqiyo hukmronlik qilgan davrlarda* Egamiz Mo‘rashatlik* Mixo payg‘ambarga O‘z so‘zini ayon qilib turdi. Samariya va Quddus* haqida Egamiz aytgan bu so‘zlar Mixo payg‘ambarga vahiy orqali ayon bo‘lardi.

Samariya va Quddus hukm qilinadi

2 Quloq tuting, ey xalqlar!

Quloq soling, yer yuzida yashovchilar!

Egamiz Rabbiy sizlarga qarshi guvohlik beradi.

Muqaddas Ma’badidan Rabbiy gapiradi. 3 Ana, Egamiz O‘z maskanidan chiqyapti, Tog‘ cho‘qqilarini bosib kelyapti.

4 Uning oyog‘i ostida eriydi tog‘lar,

Yorilib ketadi daralar.

Tog‘lar olovda erigan mum kabi bo‘ladi, Tepalikdan oqib tushgan suvday to‘kiladi. 5 Yoqub nasli* itoatsizlik qilgani uchun, Isroil gunohga botib ketgani uchun

Bu voqealar sodir bo‘ladi.

Yoqub nasli orasida itoatsizlik qilgan kim? Poytaxt shahar Samariya emasmi?!

Butparastlar uyasi* Yahudoning qayerida joylashgan?


Quddusning naq o‘zida emasmi?!


6 Egamiz shunday deydi:

“Men Samariyani vayron qilaman.

Uni tok ekiladigan joyga aylantiraman. Shahar devorlarini yiqitaman,

Devor toshlarini vodiyga yumalataman. Uning poydevorlarini ochib tashlayman.

7 Samariyaning butlari parcha–parcha bo‘ladi,

Barcha sanamlari sindirib, yondiriladi.

Fahsh yo‘li bilan kelgan butlarning qimmatbaho bezaklari O‘zga yurt fohishalariga* to‘lov qilib beriladi.”

Mixo payg‘ambarning marsiyasi 8 Bunday musibat dastidan yig‘lab, faryod qilaman, Yalang‘och, oyoq yalang yuraman,

Chiyabo‘riday uvullab, fig‘on chekaman, Bo‘ta* kabi bo‘zlab yig‘layman.

9 Axir, davo yo‘q Samariyaning yarasiga,

Yopishdi Yahudoga ham u yara, Xalqim darvozasi — Quddusga yuqdi.


10 Gat aholisi bilan bu haqda hasratlashmang*,

Ular oldida ko‘z yoshingizni to‘kmang!

Bayt–Lafroga borib,

U yerda qayg‘udan tuproqqa yumalang!*

11 Ey Shofir* ahli, Siz asirlikka ketasiz,

Yalang‘och, sharmanda bo‘lib borasiz.

Zanon* xalqi tashqariga chiqishga jur’at etmaydi.

Bayt–Ezel* ahli motam tutadi,

Endi ular sizga panoh bo‘lmaydi.

12 Moro‘t* aholisi madad kutgan edi, Ammo Egamiz falokat yubordi.

Bu falokat hatto Quddus darvozalariga yetdi.

13 Ey Laxish* ahli,

Otlaringizni jang aravalariga qo‘shing!

Siz itoatsiz Isroil xalqiga taqlid qildingiz, Quddus ahlini* ilk bor gunohga boshladingiz!* 14 Shunday ekan, ey Yahudo xalqi,

Endi Mo‘rashat* bilan xayrlashavering,

Esdalik sovg‘alaringizni ularga taqdim qiling*. Attang, Axsib* ahli Isroil shohlariga pand berdi, Bera olmaydigan yordamni ularga va’da qildi.

15 Ey Morisho* ahli,

Egamiz ustingizga bir bosqinchini yuboradi.

Isroil yo‘lboshchilari Adullam g‘origa qochib borishadi. 16 Suyukli farzandlaringiz uchun nola qiling, Sochingizni qirdiring*.

Kalxatlar kabi siyqa bosh bo‘ling,

Axir, bolalaringiz* surgun qilinadi.


2–BOB

Bechoraholni ezgan zolimlarning qismati

1 Ey to‘shagida yotib, yovuzlikni rejalashtirganlar!* Sizning holingizga voy!

Tong otganda siz

Rejalaringizni amalga oshirasiz.

Ha, bu sizning qo‘lingizdan keladi.

2 Sizlar birovning ekinzoriga ko‘z olaytirib,

Uni tortib olasiz.

Birovning uyini yoqtirib qolib,

Uni o‘zingizniki qilib olasiz. Birini o‘z uyidan,

Boshqasini meros qilib olgan yeridan mahrum etasiz.


3 Shu sababdan Egamiz demoqda:

“Men sizlarga qarshi falokatni reja qilyapman. Sizlar bo‘yinturuqdan qochib qutulolmaysiz, Burningizni osmonga ko‘tarib yurmaysiz.

Bu og‘ir damlar bo‘ladi.”


4 O‘sha vaqt kelganda, sizlarni masxara qilib, Odamlar shunday achchiq marsiya kuylashadi: “Biz merosimizdan mahrum bo‘ldik!

Dalalarimiz dushmanlarga* bo‘lib berildi. Endi biz butunlay xarob bo‘ldik!”

5 Shunday ekan,

Egamizning xalqi qaytadan bo‘lganda yurtni,

Ulush qilib olmaysiz siz bir parcha yerni.


6 Sizlar menga aql o‘rgatib deyapsiz: “Bizga aql o‘rgatma!

Nafasingni issiq qil,

Biz sharmanda bo‘lmaymiz.”

7 Ey Yoqub nasli*, sizlar aytasiz:

“Nahotki Egamizning sabri tugagan bo‘lsa?! Nahotki Xudo shunday ishlarni qilsa?!”

Bu so‘zlarni aytishingiz joizmi?!

Axir, Xudoning so‘zlari to‘g‘ri odamga yaxshilik keltiradi–ku!

8 Egamiz demoqda:

“Sizlar o‘z xalqingizga zulm qildingiz!

Xotirjam yurgan odamning qadamini poyladingiz.

Jangda talafot ko‘rgan odamga o‘xshatib, Uning egnidagi to‘nini yechib oldingiz.

9 Xalqimning ayollarini shinam uylaridan chiqarib yubordingiz, Farzandlarining nasibasini Mening yurtimdan uzdingiz*.

10 Qani, turinglar, ketinglar bu yerdan! Orom topa olmaysiz endi bu yurtda!

Axir, qilgan gunohlaringiz yurtimni harom qildi,

Yurtimning xarob bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

11 Bordi–yu, oldingizga yolg‘onchi odam kelsa,

— Sharob, bo‘zadan va’z aytaman, — deb aytsa,

Sizlar uni payg‘ambar deya qabul qilasiz!

Umidbaxsh va’da

12 Ey Yoqub nasli*,

Men sizlarni albatta yig‘aman, Ey Isroilning omon qolganlari, Men sizlarni to‘plab olaman.

Qo‘radagi qo‘ylarday, yaylovdagi suruvday, Sizlarni Men bir joyga yig‘aman.

O‘shanda yurtingiz odamlarga to‘lib–toshadi.

13 Men Yo‘lboshchingiz bo‘lib, sizlarga yo‘l ochaman,

Sizlarni surgundan olib chiqaman.

Sizlar shahar darvozasidan chiqib ketasiz. Men, Shohingiz sizlarni boshlab boraman. Men, Egangiz, oldinda yuraman.”


3–BOB

Mixo Isroil yo‘lboshchilariga tanbeh beradi

1 Men shunday dedim:

“Ey Yoqub naslining yo‘lboshchilari, eshiting!

Ey Isroil* hukmdorlari, quloq soling! Adolat o‘rnatish sizning vazifangiz–ku! 2 Sizlar esa yaxshilikdan nafratlanasiz, Qabihlikka mehr qo‘yasiz,

Siz xalqimning terisini shilib, Etini suyagidan ajratib olasiz. 3 Siz xalqimning etini yeysiz,

Terisini shilib, suyaklarini maydalaysiz,

Qozonga solinadigan go‘shtday ularni nimtalaysiz.

4 Vaqti kelib, Egamizga iltijo qilasiz, O‘shanda Xudodan javob olmaysiz. Sizlar qabihlarcha ish tutdingiz,

Shu bois U sizlardan yuz o‘giradi.”


5 Egamiz shunday demoqda:

“Ey xalqimni yo‘ldan ozdirgan payg‘ambarlar!

Sizlar qorningizni to‘yg‘izganlarga tinchlikni bashorat qilasiz, Og‘zingizni moylamaganlarga esa urushni e’lon qilasiz.

6 Endi ustingizga tun bostirib keladi,

Sizlar vahiylarni ko‘rmaysiz. Qaro zulmat sizni o‘rab oladi,

Bashorat qilishingizga imkon bo‘lmaydi.

Sizlar uchun quyosh botadi,

Kunduz ham zulmat bo‘ladi.

7 Sharmanda bo‘lasiz, ey valiylar,

Uyatga qolasiz, ey folchilar. Mendan so‘z olmaganingiz uchun Og‘zingizni ocholmay qolasiz.”


8 Ammo mening vujudim kuchga to‘lgan, Egamizning Ruhi meni to‘ldirgan.

Qudrat va adolatga to‘lganman.

Endi men Yoqub naslining itoatsizligini fosh qilaman, Isroil* xalqining gunohini yuziga solaman.

9 Ey Yoqub naslining yo‘lboshchilari, eshiting!

Ey Isroil hukmdorlari, quloq soling! Sizlar adolatdan hazar qilasiz, Haqiqatni buzib ko‘rsatasiz.

10 Qonlar evaziga barpo qildingiz Quddusni, Zulm evaziga bunyod etdingiz Sionni!*

11 Ey Quddus hokimlari, sizlar pora olib hukm qilasiz,

Ey Quddus ruhoniylari, sizlar tama qilib ta’lim berasiz,

Ey Quddus payg‘ambarlari, sizlar pul uchun bashorat qilasiz. Tag‘in Egamizning nomini ro‘kach qilib, aytasiz:

“Egamiz biz bilan, bunga shubha yo‘q! Boshimizga biror ko‘rgilik tushmas.” 12 Sizlar sababli

Quddus daladay shudgor qilinadi, Sion xarobazor bo‘ladi, Egamizning uyi turgan tog‘ni* Qalin chakalakzor qoplaydi.


4–BOB

Egamiz butun dunyoda tinchlik o‘rnatadi

1 Shunday kunlar keladiki,

Egamizning uyi turgan tog‘*

Tog‘larning eng yuksagi bo‘lib qaror topadi. Bu tog‘ hammasidan ham baland bo‘ladi, Xalqlar u yerga daryoday oqib keladi.

2 Ko‘plab ellar keladi, Ular shunday deb aytadi: “Qani, yuringlar!

Chiqaylik Egamizning tog‘iga!

Qani, yuringlar!

Boraylik Yoqubning Xudosi uyiga!

Toki U bizga o‘rgatsin O‘zining yo‘llarini, Toki yuraylik bizlar Uning so‘qmoqlaridan.”

Axir, Egamizning kalomi kelib chiqar Quddusdan, Ha, Xudoning ta’limoti kelib chiqar Siondan.

3 Egamiz hukm qiladi ko‘p xalqlarning orasida, Ajrim qiladi olisdagi kuchli millatlar orasida. Qilichlarini aylantirishadi omochga, Nayzalarini esa tok qaychilariga.

Qilich ko‘tarmaydi bir–biriga xalqlar, Hech qachon jang qilmaydi ular.

4 Orom olar har kim o‘z uzumzorida, O‘tirar har kim o‘z anjirzorida,

Biror kimsa ularga tahdid solmaydi.

Buni Sarvari Olamning O‘zi aytdi!


5 Hamma xalqlar o‘z xudolariga ergashaversin,

Biz esa abadulabad Egamiz Xudoning yo‘lidan yuramiz.

Isroil xalqi surgundan qaytib keladi

6 Egamizning kalomi shudir:

“Shunday vaqt keladiki, Men cho‘loqlarni yig‘ib olaman. Haydab yuborilganlarni to‘playman,

O‘zim azobga giriftor qilganlarimni yig‘aman.

7 Cho‘loqlarni omon saqlayman,

Haydab yuborilganlardan kuchli bir xalq bunyod etaman,

O‘sha kundan boshlab, to abad Men, Egangiz, Sion tog‘ida ularga hukmronlik qilaman.”


8 Ey Quddusdagi shoh qal’asi,

Xudo xalqining kuzatuv minorasi, Sobiq hokimiyating o‘zingga qaytadi. Ey Quddus shahri*,

Sening saltanating qayta tiklanadi.

9 Endi esa nechun faryod qilyapsan?

Nima bo‘ldi, hukmdoring yo‘qmidi?!

Nechun to‘lg‘oq tutgan ayol kabi azoblanyapsan? Maslahatching nobud bo‘ldimi?!

10 Ey qiz Quddus*,

Tug‘ayotgan xotin kabi oh–voh qilmaysanmi?!

O‘zingni har tomonga tashlamaysanmi?! Axir, hozir shahardan chiqib ketasan!

Yalang qirlarga borib maskan qilasan!

Ha, Bobilga sen surgun bo‘lasan*. Biroq u yerda sen najot topasan,

Dushman qo‘lidan xalos qilar Egamiz seni.


11 Senga qarshi birlashdi talay xalqlar, Sen haqingda shunday deb aytadi ular: “Qani, kelinglar, Quddusni xo‘rlaymiz, Shahvat bilan uni tomosha qilamiz.”

12 Ammo bilmas ular Egamizning niyatini, Aslo tushunmaslar Uning rejalarini,

Egamiz ularni ne sababdan yiqqanini ular bilmaslar, Bug‘doy boshoqlarini xirmonda yanchganday, Egamiz ularni yanchmoqchi ekanini anglamaslar.

13 Egamiz demoqda: “Turing, ey Quddus aholisi! Yanchib tashlang ularni!*

Temirdan qilaman shoxlaringizni, Bronzadan yasayman tuyoqlaringizni, Ezib majaqlaysiz ko‘plab xalqlarni.” Olgan o‘ljangizni Egamizga bag‘ishlaysiz,

Butun olam Rabbiysiga yov boyligini nazr qilasiz.


5–BOB

Xudo Baytlahmlik Hukmdorni va’da qiladi

1 Ey Quddus, yiqqin lashkaringni!

G‘animlar bizni qurshovga oldi!*

Ular Isroil hukmdorining betiga tayoq bilan uradi*.

2 Ammo Egamiz demoqda:

“Ey Efratdagi Baytlahm,

Sen Yahudoning mitti shahri bo‘lsang ham,

Isroilni Men uchun boshqaradigan zot sendan chiqadi*.

Uning nasabi qadimlarga borib taqaladi.”

3 Ha, Egamiz Isroil xalqini bir muddatga dushmanlarga taslim qiladi, Ammo bu hol uzoq davom etmaydi.

Homilador ayolning ko‘zi yoriganda,

Bo‘lg‘usi hukmdorning birodarlari surgundan qaytadi.

Ular Isroil xalqi bilan birlashadi.

4 Egamizning qudrati ila o‘sha hukmdor suruvini boqadi, O‘z Egasi Xudoning ulug‘vorligi ila ularni boshqaradi.

Isroil xalqi xatarsiz yashaydi,

Axir, hukmdorining dovrug‘i butun dunyoga yoyiladi.

5-6 O‘sha zot tinchlik o‘rnatuvchi bo‘ladi.


Mabodo Ossuriyaliklar* Yurtimizga bostirib kelsa, Chegaramizga qadam bossa, Hukmdorimiz bizni himoya qiladi. Ha, Ossuriyaliklar

Yurtimizga bostirib kelsa,

Qal’alarni ular yorib o‘tsa,

Biz ularga qarshi yetti yo‘lboshchini tanlaymiz,

Hatto sakkiz rahnamoni tayinlaymiz.

Ular qilich ko‘tarib, Ossuriya ustidan hukmronlik qilishadi, Nimro‘dning yerida o‘z hukmini o‘tkazishadi.


7 Ko‘p xalqlar orasida

Yoqub naslining* omon qolganlari Egamiz osmondan tushiradigan Shudringday bo‘lishadi, Maysalarni sug‘oradigan Yomg‘irga o‘xshagan bo‘lishadi.

Ularni hech kim to‘xtata olmaydi,

Ular dushmanlari ustiga bostirib borishadi.

8 Ha, ko‘p xalqlar orasida

Yoqub naslining omon qolganlari O‘rmon hayvonlari orasidagi Arslonday bo‘lishadi,

Qo‘y suruvi orasiga kirib qolgan Sher bolasiga o‘xshagan bo‘lishadi.

Yurgan yo‘llarida hammaga tashlanib g‘ajishadi,

Ularga hech kim bas kela olmaydi.

9 Ey Isroil, sening qo‘ling yovlardan baland keladi,

Barcha dushmanlaring qirilib ketadi.

Egamiz O‘z xalqini poklaydi

10 Egamizning kalomi shudir:

“O‘sha kuni otlaringizni Men yo‘q qilaman, Jang aravalaringizni parcha–parcha etaman. 11 Vayron qilaman yurtingiz shaharlarini, Yakson etaman jamiki qal’alaringizni.

12 Yurtingizda sehr–joduga barham beraman, Orangizda bironta folbinni qoldirmayman.

13 Tasviru butsimon toshlaringizni yo‘q qilaman, Boshqa sajda qilmaysiz qo‘lingiz ijodiga.

14 Asheraga* atalgan ustunlarni qo‘porib tashlayman,

Shaharlaringiz kulini ko‘kka sovuraman.

15 Menga itoat qilmagan xalqlar ustiga

Qahru g‘azabimni yog‘dirib, qasos olaman.”


6–BOB

Egamiz Isroil xalqi bilan da’volashadi

1 Egamizning so‘zini eshiting: “Qani, turing!

Tog‘lar oldida ayting da’voingizni, Qirlar eshitsin sizning ovozingizni.”

2 Ey tog‘lar, Egamizning da’vosiga quloq tuting, Zaminning mangu poydevorlari*, siz ham eshiting! Egamiz O‘z xalqi bilan da’volashadi,

Xalqi Isroil bilan U bahslashadi.


3 Egamiz demoqda:

“Ey xalqim, senga Men nima qildim?! Senga tushdimi biror og‘irligim?!

Qani, javob bergin–chi Menga!

4 Men sizlarni Misr yurtidan olib chiqqan edim–ku, U yerdagi qullikdan xalos etgan edim–ku.

Oldingizga yuborgandim yo‘lboshchilarni —

Muso, Horun va Maryamni.

5 Ey xalqim, nahot eslamasangiz

Mo‘ab shohi Boloqning yovuz niyatini,

Bavo‘r o‘g‘li Balomning unga bergan javobini?! Shitimdan Gilgalga qilgan safaringizda ham Nimalar yuz berganini bir eslang*.

Bu voqealarni esga olsangiz,

Men, Egangiz, sizlarni qutqarmoqchi bo‘lib,

Ne–ne ishlar qilganimni ko‘rasiz!”

Xudoning talablari

6 Yuksalgan Xudoga sajda qilganimda, Nima olib boray Egamizning huzuriga?! Unga atab qurbonliklar kuydirsammikan?! Bir yoshli buzoqlarni nazr qilsammikan?!

7 Unga atab minglab qo‘chqorlarni so‘ysam, Zaytun moyin daryo–daryo qilib oqizsam Egamiz mendan mamnun bo‘larmikan?!

Itoatsizligim evaziga to‘ng‘ich o‘g‘limni beraymi?! Gunohim evaziga o‘z farzandimni qurbon qilaymi?! 8 Ey inson, nima yaxshi ekanligini

Egamiz senga ayon qildi.

Shudir Uning sendan qilgan talabi:

Adolatli ish tutgin,

Mehr–shafqat qilishdan zavq olgin,

Kamtar bo‘lib, Xudoning yo‘lidan yurgin.


9 Xudodan qo‘rqish — donolik, axir! Egamiz Quddus ahliga xitob qilar: “Yaxshilab quloq soling!

Men sizlarni hademay jazolayman!*

10 Ey fosiqlar, harom boyligingizga qanday ko‘z yumay?!

Tarozidan urib yiqqan davlatingizni qanday unutay?! Bunday boylikdan jirkanaman, axir!

11 Noto‘g‘ri tarozini ishlatgan odamni qanday oqlayin?!

Soxta qadoq toshlardan foydalangan kishiga qanday chidayin?!

12 Ey Quddus boylari, sizlar zo‘ravonlik qilyapsiz,

Ey shahar odamlari, sizlar aldayapsiz.

Yolg‘ondan boshqani bilmas tillaringiz.

13 Shuning uchun Men sizlarga qaqshatqich zarba beraman, Gunohlaringiz uchun sizlarni xarob qilaman.

14 Sizlar yeysiz, lekin to‘ymaysiz, Qorningiz doim och bo‘ladi.

Narsa yig‘asiz–u, saqlay olmaysiz, Yiqqanlaringizni urushda nobud qilaman. 15 Siz ekasiz, ammo o‘rib olmaysiz.

Moy olasiz, ammo undan foydalanmaysiz. Uzum ezasiz*, ammo sharobidan ichmaysiz.

16 Axir, sizlar shoh Omrining odatlarini tashlamayapsiz. Axab* xonadonining barcha qilmishlariga taqlid qilyapsiz, Ularning yo‘lini tutyapsiz.

Shuning uchun Men sizlarni xarob qilaman. Sizni ko‘rganlar sizlardan hazar qiladi, Barcha xalqlar sizlarni haqorat etadi*.”


7–BOB



1 Sho‘rim quridi!

Mixoning marsiyasi

Yozgi mevalar yig‘ib olingach, Uzumzor hosili yig‘ishtirilgach,

Toklardan bir bosh uzum ham topa olmagan, Bir dona anjirga zor bo‘lgan odamdayman men. 2 Xudojo‘y yo‘q bo‘ldi bu yurtda,

To‘g‘ri odam qolmadi insonlar orasida.

Qon to‘kaman deb, odamlar bir–birini poylaydi,

Hattoki qarindosh qarindoshiga tuzoq qo‘yadi.

3 Yomonlik qilishga ustadir ular.

Amaldoru qozilari pora olishadi, Boylari xohlaganini qildirishadi,

Birgalikda ular haqiqatni buzib ko‘rsatishadi. 4 Ularning himmatlisi yantoqqa o‘xshaydi, Vijdonlisi bir uyum tikandan qolishmaydi.


Ey xalqim,

Soqchilar* sizlarga e’lon qilgan kun yaqinlashdi,

Ha, jazo oladigan kuningiz yetib keldi. Hammangiz sarosimaga tushadigan vaqt bo‘ldi. 5 Do‘stingizga suyanmang,

Sherigingizga ishonmang, Quchog‘ingizda xotiningiz yotganda, Qulf soling og‘zingizga.

6 O‘g‘il o‘z otasini xo‘rlaydi,

Qiz onasining yuziga sapchiydi, Kelin qaynanasiga dushmanlik qilar.

Sizning dushmanlaringiz — o‘z uyingizdagilar.

7 Men esa Egamga tikaman ko‘zlarimni, Umid ila kutaman najotkorim Xudoni, Albatta eshitar Xudoyim meni.

Xalq Egamizga yuz buradi

8 Holimni ko‘rib shod bo‘lmangiz, ey g‘animlar! Yiqilganimda o‘zim turib olarman.

Zulmatda o‘tirganimda,

Menga nur sochar Egam.

9 Gunoh qildim men Egamga qarshi, Uning qahriga dosh beraman endi.

Bir kun kelib, U mening tarafimni oladi, Mening haqligimni isbot etadi.

Yorug‘likka olib chiqadi U meni, Men ko‘raman Xudoning adolatini.

10 Ey dushmanlarim, albatta buni ko‘rasiz.

“Egang Xudo qani?!” deb meni masxara qildingiz,

Endi siz sharmandayi sharmisor bo‘lasiz.

Men ko‘zlarim bilan ko‘raman sizning qulashingizni, Oyoq osti bo‘lasizlar ko‘chadagi loy kabi.

Isroilning qayta tiklanishi haqida bashorat

11 Ey Quddus, kelar shunday zamonlar: Sening devorlaring qayta qurilar, Kengayib ketadi sening hududing.

12 O‘sha kuni xalqing qaytib keladi*. Ular Ossuriyadan Misrgacha, Misrdan Furot daryosigacha bo‘lgan

Barcha o‘zga yurtlardan,

Uzoq dengiz sohillaridan,

Olis tog‘lar bag‘ridan kelishadi.

13 Boshqa xalqlarning yurtlari esa

O‘z qilmishlari dastidan xarobazorga aylanadi.

Mixoning iltijosi va Egamizning javobi

14 Ey Egam, O‘z xalqingning cho‘poni bo‘lgin, O‘z suruvingni tayog‘ing bilan boshqargin, Ularning yon–atrofi ko‘m–ko‘k yaylovlar, Ular esa chakalakzorda yashayaptilar*.

Uzoq o‘tmishdagiday ularni o‘tlatgin,

Bashan va Gilad* yaylovlarida ularni to‘yg‘azgin.


15 Egamiz demoqda:

“Men sizlarni Misrdan olib chiqqan kunlarimday, Sizlarga O‘z ajoyibotlarimni yana ko‘rsataman.”


16 Ey Egam, ajoyibotlaring oldida xalqlar Buyuk lashkarlarining ojizligini ko‘rib, O‘zlari sharmanda bo‘ladilar.

Qo‘llari bilan yuzlarini berkitadilar. Ularning quloqlari garang bo‘lib qoladi. 17 Ilon kabi ular tuproq yalaydi,

Sudraluvchi maxluqlar kabi tuproq oshaydi. Ey Egamiz Xudo, ular titrab–qaqshab,

O‘z uyalaridan Sening oldingga chiqadilar.

Sening huzuringda dahshatga tushadilar.


18 Ey Xudo, Senga o‘xshashi bormikan?! Xalqingdan omon qolganlarning Gunohlarini Sen kechirasan,

Ularning itoatsizligini afv etasan.

To abad g‘azablanmassan xalqingdan,

Zavq olasan O‘zing mehr–shafqat ko‘rsatishdan.

19 Sen bizga yana rahm qilasan. Ayblarimizni yerga ko‘mib yuborasan, Gunohlarimizni dengiz tubiga uloqtirasan.

20 Qadimda ota–bobolarimizga ont ichganingday*, Sen Yoqub avlodiga sadoqatli bo‘lasan,

Ibrohim nasliga so‘nmas sevgingni ko‘rsatasan.

IZOHLAR

…Yahudo…Isroil… — janubiy shohlik va shimoliy shohlik nazarda tutilgan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi YAHUDO va ISROIL so‘zlariga qarang.

1:1 Yahudo — janubiy shohlik nazarda tutilgan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi YAHUDO so‘ziga qarang.

1:1 …Yo‘tom, Oxoz va Hizqiyo hukmronlik qilgan davrlar… — miloddan oldingi 740-687 yillar.

1:1 Mo‘rashat — Yahudoning janubidagi qishloq, Quddusdan qariyb 40 kilometr janubi– g‘arbda joylashgan.

1:1 Samariya va Quddus — Samariya Isroilning, ya’ni shimoliy shohlikning poytaxti, Quddus esa Yahudoning, ya’ni janubiy shohlikning poytaxti edi.

1:5 Yoqub nasli — Xudo Yoqubning ismini Isroil deb o‘zgartirgan (Ibtido 32:27-28 ga qarang), shuning uchun ko‘pincha Yoqub nasli deganda Isroil, ya’ni shimoliy shohlik aholisi nazarda tutiladi. Biroq bu o‘rinda mazkur ism ham Isroil, ham Yahudo xalqlariga nisbatan ishlatilgan. Yoqub bu ikkala xalqning bobokaloni bo‘lgan. Yahudo xalqi Mixo payg‘ambarning bashoratini faqat Isroil xalqiga taalluqli, deb o‘ylagan bo‘lishi mumkin. Biroq oyatning oxirgi ikki qatoridan ko‘rinib turibdiki, Mixo payg‘ambar Yahudo xalqini ham butparastlikda ayblab, jamiyatni yemirgan majusiylik odatlarini fosh etadi.

1:5 Butparastlar uyasi — ibroniycha matnda Bamaxlar, ya’ni “Tepaliklar”. Kan’on xudolariga topinadigan joylar bamax deb atalardi. Odatda bu sajdagohlar tepaliklarda joylashgan bo‘lib, u yerda Kan’on xudolarining tasvirlari va qurbonliklar keltirish uchun qurbongoh bo‘lardi. Bu oyatda Mixo payg‘ambar Quddus shahrini o‘shanday tepalik sifatida tasvirlamoqda.

1:7 Fahsh yo‘li…fohishalar… — o‘sha paytlarda Kan’ondagi butparast xalqlar o‘z sajdagohlarida diniy vazifalardan birini fahsh orqali bajarardilar. Butparast xalqlarning udumlariga ko‘ra, odamlar fohishalar va fohishlar bilan jinsiy aloqa qilish orqali o‘z xudolariga topinardilar, xudolaridan farovonlik ato qilishni so‘rardilar. Lekin Egamiz Isroil xalqiga bu yo‘l bilan sajda qilishni qat’iyan man etgan (Qonunlar 23:17-18 ga qarang). Fahsh orqali topilgan pulga ular butxonalardagi butlarni oltinu kumush bilan bezatishardi. Bashoratga ko‘ra, kelajakda Samariyani zabt etadigan dushman lashkari bu qimmatbaho bezaklarni o‘lja qilib, boshqa joydagi fohishalarga sarf qilishadi.

1:8 Bo‘ta — ibroniycha matnda Tuyaqush. Tuyaqush qattiq, mungli tovush chiqaradi.

1:10 Gat aholisi bilan bu haqda hasratlashmang… — Filistlarning bu shahri Quddusdan g‘arbda joylashgan bo‘lib, Yahudo qir etaklari bag‘ridagi Mixoning ona qishlog‘iga yaqin edi. Filistlar Isroil xalqining dushmani edi. Shoh Shoul va uning o‘g‘li Yo‘natan Filistlar tomonidan o‘ldirilgandan so‘ng, Dovud ular uchun marsiya kuylagan edi. Mixo payg‘ambar ham o‘z marsiyasini Dovudning so‘zlari bilan boshlamoqda (2 Shohlar 1:20 ga qarang). Yahudo xalqining boshiga tushadigan kulfatlardan Filistlar xursand bo‘lishini Mixo xohlamaydi. Shu bobning 10-16–oyatlarida bosqinchilar Yahudo qir

etaklariga g‘arbdan bostirib kelishi va o‘sha hududdagi ba’zi shahar va qishloqlarni zabt etishi haqida yozilgan. Shular qatorida dushmanlar Mixoning ona qishlog‘ini ham bosib

oladi. Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, miloddan oldingi 701 yilda Ossuriya shohi Sanxariv Yahudo shohligiga g‘arbdan bostirib kelib, 46 ta shaharni qo‘lga kiritgan. U qariyb 20.000 aholini surgun qilgandan so‘ng, Quddusga ham yurish qilgan edi

(4 Shohlar 18:13-16 ga qarang).

1:10 Bayt–Lafroga borib…tuproqqa yumalang — ibroniychada Bayt–Lafro nomining ma’nosi tuproq xonadoni. Tuproqqa yoki kulga yumalash umidsizlikni va qayg‘uli holatni ifodalaydi (Yeremiyo 6:26, Hizqiyol 27:30 ga qarang).

1:11 Shofir — ibroniychadagi ma’nosi yoqimli, biroq bu shahar aholisining qismati aslo yoqimli emas.

1:11 Zanon — bu nom ibroniychadagi tashqariga chiqmoq so‘ziga ohangdosh. Biroq bu shahar aholisi tashqariga chiqib, dushmanga qarshilik ko‘rsatishga aslo jur’at eta olmaydi.

1:11 Bayt–Ezel — ibroniychadagi ma’nosi qo‘shni uy. Lekin bu shahar aholisi yaxshi

qo‘shni bo‘la olmaydi, chunki ular o‘z yurtdoshlariga boshpana bera olmaydi.

1:12 Moro‘t — bu nom ibroniychadagi achchiq so‘ziga ohangdosh. Bu so‘z ko‘chma ma’noda bo‘lib, iztirobu alamga ishora qiladi.

1:13 Laxish — bu nom ibroniychadagi jangovar otlar iborasiga ohangdosh. Laxish shahri mustahkam qal’a bo‘lib, jangovar otlar va jang aravalariga ega edi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi JANG ARAVASI iborasiga va unga ishlangan rasmga qarang.

1:13 Quddus ahli — ibroniycha matnda Qiz Sion, Quddus ahliga nisbatan qo‘llangan she’riy usul. 3:10 izohiga qarang.

1:13 …Quddus ahlini ilk bor gunohga boshladingiz! — bu yerda Mixo qanday gunohni nazarda tutgani aniq emas. Laxish aholisi Yahudo xalqini butparastlikka boshlagani yoki Xudoga umid bog‘lamay, harbiy kuchiga, otlaru jang aravalariga ishongani nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin (5:10 ga va Ishayo 31:1, Xo‘sheya 10:13, 14:3 ga qarang).

1:14 Mo‘rashat — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Mo‘rashat–Gat. Mixo payg‘ambar shu qishloqda tavallud topgan edi (shu bobning 1–oyatiga va o‘sha oyatning uchinchi izohiga qarang).

1:14 Endi Mo‘rashat bilan xayrlashavering, Esdalik sovg‘alaringizni ularga taqdim qiling

— ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi Endi Mo‘rashat uchun qalin beringlar. Mo‘rashat nomi ibroniychadagi unashtirilgan so‘ziga ohangdosh. Turmushga chiqayotgan qiz o‘z otasining uyidan chiqib ketganiday, Mo‘rashat aholisi ham o‘z uylaridan chiqib ketadilar. Mixo payg‘ambar bu o‘rinda so‘z o‘yini qilib, Mo‘rashat aholisining surgun bo‘lishiga ishora qilyapti.

1:14 Axsib — bu nom ibroniychadagi yolg‘onchi yoki pand beruvchi so‘ziga ohangdosh.

1:15 Morisho — bu nom ibroniychadagi g‘olib so‘ziga ohangdosh.

1:16 …Sochingizni qirdiring — sochni qirish umidsizlikni va qayg‘uli holatni ifodalaydi.

1:16 …farzandlaringiz…bolalaringiz… — Yahudoning shaharlari va qishloqlaridagi

aholiga nisbatan qo‘llangan she’riy usul.

2:1 yovuzlikni rejalashtirganlar — shu bobning 1-11–oyatlarida Mixo Samariya va

Quddusdagi nufuzli odamlarni ogohlantirib, kambag‘allarga zulm o‘tkazganlari uchun

ularga qarshi bashorat qilyapti.

2:4 dushmanlar — yoki arzimas odamlar yoxud xiyonatkorlar.

2:7 Yoqub nasli — shu bobning 1–oyati izohiga qarang.

2:9 Farzandlarining nasibasini Mening yurtimdan uzdingiz — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi Farzandlarini Mening ulug‘vorligimdan to abad mahrum qildingiz. Bu gapdagi Mening ulug‘vorligim iborasi Xudo O‘z xalqiga bergan yurtni bildirsa kerak.

2:12 Yoqub nasli — Xudo Yoqubning ismini Isroil deb o‘zgartirgan (Ibtido 32:27-28 ga qarang), shuning uchun ko‘pincha Yoqub nasli deganda Isroil, ya’ni shimoliy shohlik aholisi nazarda tutiladi. Biroq bu o‘rinda mazkur ism ham Isroil, ham Yahudo xalqlariga nisbatan ishlatilgan. Yoqub bu ikkala xalqning bobokaloni bo‘lgan.

3:1 …Yoqub…Isroil… — bu o‘rinda Mixo Yahudoga, ya’ni janubiy shohlikka ishora

qilmoqda (shu bobning 9-10–oyatlariga qarang).

3:8 …Yoqub…Isroil… — shu bobning 1–oyati izohiga qarang.

3:10 Sion — Quddusdagi Ma’bad qurilgan tepalik Sion tog‘i deb atalgan. Eski Ahddagi she’riy parchalarda va payg‘ambarlar bitiklarida Sion so‘zi ko‘pincha Quddus shahriga yoki Xudoning xalqiga nisbatan ishlatilgan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi SION so‘ziga qarang.

3:12 Egamizning uyi turgan tog‘ — Quddusdagi Sion tog‘iga ishora. 3:10 izohiga qarang.

4:1 Egamizning uyi turgan tog‘ — Quddusdagi Sion tog‘iga ishora. 3:10 izohiga qarang.

4:8 …Quddus…Quddus shahri… — ibroniycha matnda …qiz Sion…qiz Quddus…. She’riy usulda qo‘llanilgan mazkur ibroniycha iboralar Quddus shahriga yoki uning aholisiga ishora qiladi (shu bobning 10, 13–oyatlarida ham bor). 3:10 izohiga qarang.

4:10 Quddus — ibroniycha matnda Sion (shu bobning 11–oyatida ham bor).

4:10 …Bobilga sen surgun bo‘lasan — miloddan oldingi 586 yilda Bobil shohi Navuxadnazar Quddusni vayron qilib, aholining asosiy qismini Bobilga surgun qilgan edi (4 Shohlar 25:1-21 ga qarang).

4:13 Yanchib tashlang ularni! — donni boshoqdan ajratish jarayoni yanchish deyiladi. Qadimgi Yaqin Sharqda don yanchish uchun ba’zan ho‘kizlarni don boshoqlari ustidan yurg‘izishardi. Yanchish so‘zi ko‘pincha Eski Ahdda hukmga yoki urushda halokatga duchor bo‘lishga nisbatan ko‘chma ma’noda ishlatilgan. Mazkur oyatda Quddus aholisi o‘z dushmanini bosib ezadigan kuchli ho‘kizday tasvirlangan.

5:1 G‘animlar bizni qurshovga oldi! — 4:10 ning ikkinchi izohiga qarang.

5:1 …betiga tayoq bilan uradi — yoki …betiga saltanat hassasi bilan uradi. Saltanat hassasi kuch–qudrat va hukmronlik ramzi edi. Bu o‘rinda Dovud zurriyotidan bo‘lgan shohning butunlay mag‘lub bo‘lishi va xor qilinishi anglashiladi.

5:2 …sendan chiqadi — Xudo va’da qilgan hukmdor, ya’ni Masih, shoh Dovud zurriyotidan kelib chiqadi. Shoh Dovud ham Baytlahmda tavallud topgan edi (1 Shohlar 17:12 ga qarang). To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi MASIH so‘ziga qarang.

5:5-6 Ossuriya — qadimgi qudratli shohlik. Uning poytaxti Naynavo shahri hozirgi Iroqning shimolida joylashgan edi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi OSSURIYA so‘ziga qarang. Bu oyatda Mixo payg‘ambar aynan Ossuriya shohligini emas, balki ramziy ma’noda Xudoga va Uning aziz xalqiga qarshi chiqqan dushmanlarni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin. Mixo Ossuriyani Nimro‘dning yeri deb atashi ham shundan dalolat beradi, chunki Nimro‘d sharqda asos solgan qudratli shohlik doim Isroil yurtiga tajovuz qilib kelgan (Ibtido 10:8-12 ga qarang).

5:7 Yoqub nasli — 2:12 izohiga qarang.

5:14 Ashera — Kan’ondagi xalqlar sajda qilgan hosildorlik xudosi bo‘lib, ayol qiyofasida tasavvur qilingan. Uning erkak jufti Baal edi. Asheraning tasvirlari baland ustun shaklida bo‘lib, yog‘ochdan yasalgan edi.

6:2 Zaminning mangu poydevorlari — qadimda Isroil xalqining tasavvuriga ko‘ra, yer tep–tekis bo‘lib, yer ostida buyuk dengiz bor edi, dengiz tubida o‘rnatilgan ulkan ustunlar yerni ushlab turardi. Bu ustunlar dengiz tubidagi poydevorga tayanardi.

6:5 …Nimalar yuz berganini bir eslang — Boloq bilan Balom Isroil xalqini la’natlashga qanchalar urinmasin, Xudo Isroilga baraka berar edi (Sahroda 22:1-24:25 ga qarang). Xudo Iordan daryosining suvlarini to‘xtatib, O‘z xalqini daryoning sharqidagi Shitimdan g‘arbdagi Gilgalga eson–omon olib o‘tdi, va’da qilgan yurtni ularga berdi (Yoshua 3:1- 4:19 ga qarang).

6:9 Yaxshilab quloq soling! Men sizlarni hademay jazolayman! — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi Kaltakka va uni Tayinlaganga quloq sol! Bu o‘rinda kaltak shaxs timsolida bo‘lib, Xudo beradigan jazoga ishora qiladi.

6:15 Uzum ezasiz… — qadimgi paytlarda odamlar uzumni qoyatoshga o‘yilgan chuqurga yoki tuproqdan qazilgan, tubiga va atrofiga zich qilib tosh terilgan chuqurga solib, sharbatini siqib olish uchun oyoqlari bilan ezardilar. Sharbat o‘sha chuqurdan yana boshqa bir chuqurga oqib tushardi.

6:16 …Omri…Axab… — Mixo payg‘ambar davridan oldin Isroilda, ya’ni shimoliy shohlikda hukmronlik qilgan ikki shoh. Omri va uning o‘g‘li Axab o‘zlarining butparastligi va o‘ta qabihligi bilan tanilgan edilar (3 Shohlar 16:25-33 ga qarang).

6:16 …Barcha xalqlar sizlarni haqorat etadi — qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda …Mening xalqim sizlarni haqorat etadi.

7:4 Soqchilar — Xudo O‘z xalqini ogohlantirib, tavba qilishga undash uchun yuborgan payg‘ambarlar nazarda tutilgan.

7:12 O‘sha kuni xalqing qaytib keladi — Ishayo 11:11-12, 27:12-13, Zakariyo 10:8-10 ga qarang.

7:14 …chakalakzorda yashayaptilar — vayronaga aylangan shohlikning majoziy ifodasi (3:12 ga qarang).

7:14 Bashan va Gilad — Iordan daryosining sharq tomonidagi yerlar bo‘lib, o‘zining ko‘m–ko‘k yaylovlari va nasldor, sog‘lom chorvasi bilan mashhur edi.

7:20 …ota–bobolarimizga ont ichganingday… — Ibtido 12:1-3, 18:18-19, 22:15-18,

28:10-15 ga qarang.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru