Muqaddas Kitob


PAVLUSNING

TIMO‘TIYGA

IKKINCHI MAKTUBI

Kirish

Pavlusning yosh hamkori va yordamchisi Timo‘tiyga yozgan ikkinchi maktubi, asosan, nasihatlardan tashkil topgan. Pavlus bu maktubini zindonda* o‘tirgan paytda, xizmati nihoyasiga yetib qolganini bilgan holda yozgani uchun, uning his–tuyg‘ularini maktubdan yaqqol sezish mumkin. Ushbu maktubning asosiy mavzusi sabr–toqat bo‘lib, Pavlus Timo‘tiyga hech qanday qiyinchiliklardan qo‘rqmaslikka, Iso Masihga sodiq qolib, Xushxabarni targ‘ib qilishga, Muqaddas bitiklardagi haqiqat bo‘yicha yashashga, imonlilar jamoatidagi mas’uliyatini chin ko‘ngildan ado etishga undaydi.

Pavlus Timo‘tiyga, bema’ni, ahmoqona bahslardan uzoqlash, deb nasihat qiladi. Bunday bahslar tinglovchilarga faqat zarar yetkazishini ta’kidlaydi. Pavlus boshidan kechirgan qiyinchiliklarni, hayot tarzi, sabr–toqati, murod–maqsadi, imoni va sevgisini namuna tariqasida keltiradi. U hozirgi va kelajakdagi sinovlarga bardosh berish muhimligiga urg‘u beradi.


1–BOB

Duoyi salom

1-2 Xudoning irodasi bilan Iso Masihning havoriysi bo‘lgan men — Pavlusdan sevimli o‘g‘lim Timo‘tiyga* salom! Xudo abadiy hayotni e’lon qilishim uchun meni yubordi. U va’da qilgan bu hayotga Iso Masihga bo‘lgan imon orqali erishiladi. O‘g‘lim Timo‘tiy, senga Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih inoyat, marhamat va tinchlik ato qilsin.

Iso Masihga sodiq qolishga da’vat

3 Timo‘tiy, boringga shukur! Men, ota–bobolarim kabi, Xudoga vijdonan xizmat qilib, kechayu kunduz sen uchun ibodat qilaman. 4 Seni juda sog‘inganman, ko‘z yosh to‘kkanlaring hamon yodimda. Qaniydi, diydoringni ko‘rsam–u, qalbim quvonchga to‘lsa, deyman. 5 Sening samimiy imoningni doim eslayman. Avvaldan buving Loida hamda onang Evnika o‘z qalblariga jo etgan o‘sha imon endi senda ham ravnaq topayotganiga aminman.

6 Shu sababdan, yodingda bo‘lsin: men ustingga qo‘llarimni qo‘yib duo qilganimda*, sen Xudodan Muqaddas Ruhni in’om* qilib olgansan. Ichingdagi o‘sha Muqaddas Ruh in’omini alangalatib tur. 7 Zero, Xudo bergan Ruh qalbimizga qo‘rquv solmaydi, aksincha, bizga kuch, muhabbat va aqli rasolikni ato qiladi. 8 Shunday ekan, Rabbimiz Iso haqida shohidlik berishdan or qilma, men Rabbimiz tufayli zanjirband bo‘lganimdan ham uyalma. Mendan ibrat olib, Xushxabar tufayli azob chekishga tayyor turgin, buning uchun Xudoning bergan kuchiga tayangin. 9 Axir, Xudo bizga najot berdi, Xushxabar aytish kabi muqaddas xizmatga bizni da’vat etdi. Bunga bizning savob ishlarimiz emas, aksincha, Xudoning murod–maqsadiyu inoyati sabab bo‘ldi. Xudo azaldanoq Iso Masih

orqali bizga inoyat ko‘rsatishga qaror qilgan edi. 10 Mana endi bu inoyat najotkorimiz Iso



Masihning olamga kelishi bilan yaqqol namoyon bo‘ldi. Masih o‘lim kuchini yo‘q qildi. U mangu hayotga eltuvchi yo‘lni bizga Xushxabar orqali yoritib berdi.

11 Xudo meni bu Xushxabarni turli xalqlarga yetkazuvchi voiz, havoriy va muallim qilib tayinladi. 12 Shu sababdan ham bu azoblarni tortyapman. Biroq men bundan or qilmayman, chunki Kimga e’tiqod qilganimni yaxshi bilaman. Ishonchim komilki, Xudo menga topshirgan Xushxabarni qiyomat kunigacha Uning O‘zi to‘lig‘icha saqlashga qodir*. 13 Sen mendan eshitgan bu sog‘lom ta’limotdan namuna olgin, uni asragin. Iso Masihga tegishli bo‘lgan inson sifatida imon va muhabbatga to‘la hayot kechirgin.

14 Senga ishonib topshirilgan bu ezgu ta’limotni ichimizda yashayotgan Muqaddas Ruh

yordamida avaylab–asragin.

15 Asiya viloyatidagi barcha birodarlar, shu jumladan, Figelus bilan Hermogenes mendan yuz o‘girganlarini bilasan. 16 Onisiforus baraka topsin, Rabbimiz Iso uning xonadoniga marhamat qilsin. Onisiforus bir necha marta kelib, mening ko‘nglimni ko‘tardi. Zanjirbandligimdan* or qilmay, 17 Rimga kelishi bilanoq, meni astoydil qidirib, oxiri topdi. 18 U menga Efes shahrida ham qanchalar xizmat qilganini o‘zing yaxshi bilasan. Yo Rabbim Iso, qiyomat kunida O‘z marhamatingni Onisiforusdan darig‘ tutmagin!


2–BOB

Masih tufayli azoblarga dosh berish haqida

1 Timo‘tiy o‘g‘lim, bardam bo‘l. Buning uchun Iso Masih orqali ko‘rsatilgan Xudoning inoyatiga tayangin. 2 Sen ko‘p shohidlar huzurida Xushxabar haqida ta’lim berganimni eshitgansan. Endi bu ta’limotni boshqalarga ham o‘rgatishga qobiliyati bor, ishonchli odamlarga topshirgin. 3 Iso Masihning yaxshi bir askari kabi, men bilan birga azob chekishga tayyor turgin. 4 Harbiy xizmatdagi askar tirikchilik ishlari bilan band bo‘lmaydi, chunki qo‘mondonini mamnun qilishni istaydi. 5 Shuningdek, musobaqada qatnashgan kishi qoidaga rioya qilmasa, g‘alaba tojini kiymaydi. 6 Mehnat qilgan dehqon olgan hosilidan birinchi bo‘lib bahramand bo‘lishi lozim. 7 Aytganlarim haqida mulohaza qil, bularni tushunib olishingga Rabbimiz Iso senga yordam beradi.

8 Dovud naslidan bo‘lgan Iso Masih o‘likdan tirilganini doimo yodingda tut! Men targ‘ib qilayotgan Xushxabar shudir! 9 Ana shu Xushxabar uchun men azoblarga duchor bo‘lyapman, hatto jinoyatchiday zanjirband qilindim*. Ammo Xudoning kalomini zanjirlab bo‘lmaydi! 10 Shunday ekan, Xudoning tanlagan odamlari Iso Masih bergan najotdan bahramand bo‘lsinlar, abadiy ulug‘vorlikka erishsinlar deb, men hamma narsaga chidab kelyapman. 11 Quyidagi gap to‘g‘ri va asoslidir:


“Agar biz Masih bilan birga o‘lgan bo‘lsak,

U bilan birga ham yashaymiz.

12 Agar qiyinchiliklarga chidasak, U bilan birga hukmronlik qilamiz. Bordi–yu, Uni rad etsak,

U ham bizni rad etadi.

13 Sodiq bo‘lmasak ham,

Masih sodiq bo‘lib qolaveradi,

Axir, U O‘z tabiatiga qarshi chiqa olmaydi.”

Haqiqatga sodiq qolish haqida

14 Bu gaplarni imonlilarga eslatib tur, ularga Xudoning nomidan qat’iy buyur: mayda–chuyda gaplar yuzasidan bahslashmasinlar. Bunday bahslar befoyda, tinglovchilarga faqat zarar yetkazadi, xolos. 15 Xudoning oldida yorug‘ yuz bilan tura olishing uchun astoydil mehnat qil. O‘z ishidan uyalmaydigan, haqiqat kalomini to‘g‘ri o‘rgatadigan xizmatchi bo‘lgin. 16 Xudodan uzoqlashtiradigan quruq gaplardan qoch. Bunday gaplarga berilgan odamlar tobora betavfiq bo‘lib boradi. 17 Ularning bu ta’limoti o‘lat kabi yoyiladi. Mana, Xumanayos* bilan Filitus ham shunday odamlar jumlasidan.

18 Ular to‘g‘ri yo‘ldan ozganlar. Biz allaqachon o‘likdan tirildik*, deb ba’zilarni imonidan qaytaryaptilar. 19 Ammo Xudo asos solgan poydevor mustahkam turibdi. Bu poydevor ustiga shunday so‘zlar bitilgan: “Egamiz O‘zinikilarni biladi” va “Egamizning nomini tilga olgan har bir odam yomonlikdan uzoqlashsin.”

20 Katta bir uyda nafaqat oltin va kumush idishlar, balki yog‘och va sopol idishlar ham bor. Oltin va kumush idishlar xo‘jayinga sharaf keltiradi, qadrsiz idishlar esa uning obro‘yini to‘kadi. 21 Kim o‘zini men aytgan yomonliklardan poklasa, Egasi uchun sharaf keltiradigan idishday bo‘ladi. Bunday odam Egasiga xizmat qilishga bag‘ishlangan, har bir yaxshi ish qilishga tayyor bo‘ladi.

22 O‘g‘lim, yoshlik ehtiroslaridan qoch. Chin yurakdan Rabbimiz Isoga iltijo qilgan

odamlar bilan birga solihlik, imon, mehr–muhabbat va tinchlik payida bo‘lgin.

23 Ahmoqona, bema’ni bahslardan uzoqlash. O‘zing bilasan–ku, bular faqat janjal keltirib chiqaradi. 24 Rabbimiz Isoning quli esa janjalkash bo‘lmasligi kerak. Aksincha, u hammaga mehribon, ta’lim berishga qobiliyatli, sabr–toqatli bo‘lishi lozim. 25 U o‘z raqiblarini muloyimlik bilan yo‘lga solsin. Kim bilsin, balki Xudo ularni tavbaga olib kelar?! Shunda ular haqiqatni bilib, 26 o‘zlariga kelarlar, iblisning tuzog‘idan qutulib qolarlar. Axir, iblis ularni asir qilib, o‘ziga tobe qilib olgan.


3–BOB

Oxirgi kunlar haqida

1 Shuni bilginki, oxirgi kunlarda og‘ir vaqtlar keladi. 2 O‘sha paytda odamlar faqat o‘zini o‘ylaydigan, pulparast, maqtanchoq, takabbur, so‘kinadigan, ota–onaga itoat qilmaydigan, nonko‘r, diyonatsiz, 3 tosh yurak, ginachi, tuhmatchi, nafsini tiya olmaydigan, vahshiy, yaxshilikdan hazar qiladigan, 4 xoin, bebosh, bosar–tusarini bilmaydigan bo‘ladilar. Ular Xudoni emas, aysh–ishratni yaxshi ko‘radilar. 5 O‘zlarini xudojo‘y qilib ko‘rsatadilar–u, ammo haqiqiy imondan yuz o‘giradilar. Sen bunday odamlardan uzoqlash.

6 Ular atrofdagilarning ishonchini suiiste’mol qilib, uylariga kirib oladilar. Turli hirsu havaslarga berilgan, gunohlaridan vijdoni qiynalib yurgan nodon ayollarning dilini ovlaydilar. 7 Qachon qarama, bunday ayollar yangi ta’limotlar payida bo‘ladilar, haqiqatni esa tan olmaydilar. 8 Yannis va Yambris* Musoga qanday qarshi turgan bo‘lsalar, bu odamlar ham haqiqatga xuddi shunday qarshi turadilar. Ammo fikri buzuq, imoni soxta bu odamlar 9 uzoqqa bormaydilar. Ular Yannis bilan Yambrisning holiga tushadilar, ularning aqlsizligi hammaga ma’lum bo‘ladi.

Imonda sodiq qolishga da’vat

10 Sen esa, Timo‘tiy, ta’limotimga rioya qilding, turmush tarzim, murod–maqsadim, imonim, sabr–toqatim, mehr–muhabbatim va sabotimdan namuna olding. 11 Xushxabar tufayli chekkan azob–uqubatlarimni o‘zing bilasan. Antioxiya, Ikoniya va Listra shaharlarida quvg‘in bo‘lganim haqida eshitgansan*. Ha, men qattiq quvg‘inlarni boshdan kechirdim! Ammo Rabbim Iso bularning hammasiga qaramay, jonimni omon saqladi. 12 Darhaqiqat, Iso Masih yo‘lida taqvodor hayot kechirgan har bir odam quvg‘inga uchraydi. 13 Ammo fosiq va makkor odamlar tobora razillashib boraveradi.

Ular boshqalarni aldaydilar, o‘zlari ham aldanadilar.

14 Sen esa, o‘zing olgan va qattiq ishongan ta’limotingga sodiq qol. Chunki bu ta’limotni senga o‘rgatgan ustozlarning ibratomuz hayotini o‘zing ko‘rgansan.

15 Bolaligingdanoq Muqaddas bitiklarni o‘rgangansan. Bu bitiklar insonga donolik ato qiladi, Iso Masihga bo‘lgan ishonch orqali uni najotga erishtiradi. 16 Muqaddas bitiklarning hammasi ilohiy ilhom bilan yozilgan bo‘lib, ta’lim va tanbeh berish, xatolarni tuzatish va solihlik yo‘lida tarbiya berish uchun foydalidir. 17 Bitiklardagi o‘gitlar bo‘yicha yashagan Xudoning quli har qanday yaxshi ish qilishga qobil bo‘lib, tayyor turadi.


4–BOB

Timo‘tiyga qat’iy buyruq

1 Xudo huzurida hamda tirigu o‘liklarni hukm qiladigan Iso Masih huzurida, Uning kelishi va hukmronligi haqi, senga qat’iy buyuraman: 2 Xudoning kalomini targ‘ib qil. “Hozir buning vaqtimi, vaqti emasmi?” demay, uni astoydil e’lon qil. Odamlarga ta’lim berib, ularni to‘g‘ri yo‘lga sol, tanbeh ber, nasihat qil. Hammasini sabr–toqat bilan bajar. 3 Chunki shunday vaqt keladiki, odamlar sog‘lom ta’limotga toqat qilmaydigan bo‘ladilar, ular atrofiga o‘zlariga mos, quloqlariga yoqimli so‘zlar aytadigan muallimlar to‘playdilar. 4 Ular haqiqatdan yuz o‘girib, afsonalarga berilib ketadilar. 5 Ammo sen har qanday sharoitda aql bilan ish tut, azoblarga chida, Xushxabarni targ‘ib qil, o‘z xizmatingni to‘liq bajargin.

6 Men hademay bu dunyodan o‘tib ketaman*, jonim Xudoga qurbon*. 7 Men ulug‘ kurashda jang qildim, zimmamdagi vazifani oxiriga yetkazdim, Xushxabarga sodiq qoldim. 8 Meni solihlik toji kutmoqda. Odil Hakam — Rabbimiz Iso kelgan kunda o‘sha tojni menga O‘zi beradi. Bunday toj faqat menga emas, balki Uning kelishini intizorlik bilan kutayotganlarning hammasiga nasib bo‘ladi.

Pavlusning Timo‘tiyga so‘nggi ko‘rsatmalari

9 Mening oldimga tezroq kelishga harakat qil. 10 Chunki Dimas bu dunyoga ko‘ngil bog‘lab, meni tark etdi. U Salonika shahriga ketdi. Kriskes Galatiya viloyatiga, Titus* Dalmatiya viloyatiga* ketdi. Yonimda faqat Luqo* bor. 11 Markni* o‘zing bilan birga olib kel, u xizmatimda menga yordam beradi. 12 Men Tixikusni Efes shahriga yubordim.

13 Kelayotganingda o‘zing bilan to‘nimni olib kel, men uni Troas shahridagi Karpusnikida qoldirganman. Qo‘lyozmalarni* ham, ayniqsa, charmga yozilganlarini olib kel.

14 Temirchi Iskandar menga ko‘p yomonlik qildi. Rabbimiz Iso uni qilmishiga

yarasha jazolaydi. 15 Sen Iskandardan ehtiyot bo‘l, chunki u bizning ta’limotimizga qattiq

qarshilik ko‘rsatdi.

16 Meni birinchi marta mahkamaga olib borishganda, hech kim meni yoqlamadi. Hamma meni tashlab ketdi. Xudo bu aybni ularning bo‘yniga qo‘ymasin! 17 Ammo Rabbim Iso yonimda turdi, Xushxabarni to‘lig‘icha barcha xalqlarga yetkazishim uchun Uning O‘zi menga kuch berdi. U meni o‘lim changalidan* qutqardi. 18 Rabbim meni bundan keyin ham har qanday yomonlikdan xalos qiladi va O‘zining samoviy Shohligiga sog‘–salomat yetkazadi. Unga abadulabad shon–sharaflar bo‘lsin! Omin.

So‘nggi salomlar

19 Priskilla bilan Akilga* va Onisiforusning xonadoniga salom aytib qo‘y. 20 Erastus Korinf shahrida qoldi. Trofimus esa kasal bo‘lgani uchun, uni Mileytus shahrida qoldirdim. 21 Qish boshlanmasdan oldin* kelishga harakat qil. Ebulus, Pudes, Linus, Klavdiya va bu yerdagi hamma imonlilar senga salom yo‘llayaptilar.

22 Rabbimiz Iso senga hamroh bo‘lsin. Uning inoyati hammangizga yor bo‘lsin*.

IZOHLAR

zindonda — Rim shahrida. 1:16-17 oyatlarga va 1:16 izohiga qarang.

1:1-2 sevimli o‘g‘lim Timo‘tiy — 1 Timo‘tiy 1:2 izohiga qarang.

1:6 …men ustingga qo‘llarimni qo‘yib duo qilganimda… — bu harakat jamoat oqsoqollari

bilan birga amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin (1 Timo‘tiy 4:14 ga qarang).

1:6 in’om — 1 Timo‘tiy 4:14 izohiga qarang.

1:12 …Xudo menga topshirgan Xushxabarni…saqlashga qodir — Pavlusning umri oxirlab qolgan edi (4:6-8 ga qarang). Endi u o‘zining ta’lim berish va voizlik xizmatini Timo‘tiyga topshirayotgan edi. Shu jarayonda Pavlus Timo‘tiyga dalda beradi. Timo‘tiy

Xushxabar haqiqatini buzmay, va’z qilishi uchun Xudoning O‘zi unga yordam beradi. Shu bobning 13-14–oyatlariga, 2:1-2, 8 ga va 1 Timo‘tiy 6:20-21 ga qarang.

1:16 Zanjirbandligim — mana shu paytda Pavlus Rimda qamoqda bo‘lgan. Bu vaziyat

Havoriylar 28:16, 30 da aytib o‘tilgan qamalishdan qiyinroq kechganga o‘xshaydi. Pavlus umri oxirlab qolganini sezgan edi (shu bobning 17–oyatiga va 2:9, 4:6-17 ga qarang). Ko‘p olimlarning taxmini bo‘yicha, Pavlus birinchi marta Rimda qamalib, keyin ozod qilingan. Birmuncha vaqt safarda bo‘lgandan keyin esa yana Rimda qamoqqa tushgan. An’anaga ko‘ra, imperator Neron hukmronligi davrida Pavlus Rimda qatl qilingan.

2:9 jinoyatchiday zanjirband qilindim — 1:16 izohiga qarang.

2:17 Xumanayos — 1 Timo‘tiy 1:19-20 ga qarang.

2:18 Biz allaqachon o‘likdan tirildik… — inson Iso Masihga imon keltirganda ruhan qayta tiriladi (Rimliklar 6:1-11, Efesliklar 2:6, Kolosaliklar 2:13, 3:1-4 ga qarang). Ba’zilar o‘likdan tirilish faqatgina ruhiy tirilishdan iborat, deb ta’lim berayotgan ekan. Yunonlar tanani yovuzlik manbayi deb bilganlar, shuning uchun mana shu odamlar, bir kun kelib jismoniy tana ham tiriladi, degan ta’limotni rad etgan bo‘lishlari mumkin (Havoriylar 17:32 ga qarang). Bu ta’limot Xushxabardagi najot haqidagi ta’limotga tamomila ziddir (1 Korinfliklar 15:12-25 ga qarang).

3:8 Yannis va Yambris — yahudiylar Musoga qarshi turgan fir’avn sehrgarlarini shu

ismlar bilan atashar edi (Chiqish 7:10-12, 20-22, 8:16-19, 9:10-11 ga qarang).

3:11 Antioxiya, Ikoniya va Listra shaharlarida quvg‘in bo‘lganim haqida eshitgansan

misol uchun, Havoriylar 14:1-7, 19-20 ga qarang. Timo‘tiy Listradan edi.

4:6 Men hademay bu dunyodan o‘tib ketaman… — 1:16 izohiga qarang.

4:6 …jonim Xudoga qurbon — yunoncha matnda …sharob nazriday to‘kilmoqdaman. Filippiliklar 2:17 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang

4:10 Titus — Pavlusning hamkori va yordamchisi (2 Korinfliklar 8:23, Titus 1:4-5 ga qarang).

4:10 Dalmatiya viloyati — Rimdan shimoli–sharqda, hozirgi Adriatika dengizining

sharqiy qirg‘og‘ida joylashgan.

4:10 Luqo — Kolosaliklar 4:14 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

4:11 Mark — Kolosaliklar 4:10 ga va o‘sha oyatning oxirgi izohiga qarang.

4:13 Qo‘lyozma — papirus yoki oshlangan teridan qilingan uzun o‘rama qog‘oz. Qadimgi paytlarda kitoblar odatda o‘rama qog‘oz shaklida bo‘lgan.

4:17 …o‘lim changalidan… — yunoncha matnda …arslon og‘zidan…, majoziy usulda o‘limga ishora. O‘sha davrda o‘lim jazosiga mahkum qilingan jinoyatchilarni tiriklayin yirtqich hayvonlarning oldiga tashlashardi. Lekin Pavlus Rim fuqarosi bo‘lgani uchun, uni bu yo‘l bilan qatl qilib bo‘lmas edi.

4:19 Priskilla bilan Akil — Havoriylar 18:2-3, 18-21, 24-26 ga qarang.

4:21 Qish boshlanmasdan oldin… — Efesdan Rimga dengiz orqali borilardi. Odatda noyabr oyining o‘rtalaridan boshlab to mart oyining o‘rtalarigacha dengiz orqali safar qilishning iloji yo‘q edi. Timo‘tiy bu paytda Efesda bo‘lgani uchun Pavlus unga, qishdan oldin yo‘lga tushgin, deb aytgan.

4:22 Yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida quyidagi so‘z oyatga qo‘shimcha

qilingan: omin.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru