Muqaddas Kitob


PAVLUSNING

KORINFLIKLARGA

BIRINCHI MAKTUBI

Kirish

Mazkur maktub muallifi havoriy Pavlusdir. Bu maktub Korinfdagi jamoatga yozilgan va odatda “Korinfliklarga birinchi maktub” deb ataladi. Korinf qadimiy Yunonistonda muhim bandargoh shahar edi. Birinchi asr davomida Korinf shahri Rim imperiyasiga qaram edi. O‘sha davrda Korinf aholisi turli millat vakillaridan tashkil topgan bo‘lib, u yerda ko‘p yahudiylar istiqomat qilar edi. Bu shahar rivojlangan savdo–sotig‘i, o‘ziga xos madaniyati, avj olgan axloqsizligi va turli diniy oqimlar bilan nom chiqargan edi. Pavlus Korinfdagi yahudiylarga ham, g‘ayriyahudiylarga ham Xushxabar aytib, u yerdagi jamoatga asos solgan edi.

Korinf jamoatida ko‘plab muammolar bor edi, masalan, masihiylar har xil guruhlarga bo‘linib, o‘zaro ko‘p bahslashar edilar, jamoatning ba’zi a’zolari zino qilar edi. Shu bois, Pavlus jamoatga mazkur maktubini yo‘llab, ularga tanbeh beradi va to‘g‘ri yo‘lga soladi. Shu bilan birga imonlilarning ba’zi savollariga javob bergan holda, nikoh, butlarga keltirilgan qurbonlik go‘shtini yeyish yoki yemaslik, ibodat paytida ayollarning ro‘mol o‘rashi, Rabbimizni xotirlab non sindirish, ruhiy in’omlar kabi mavzularni yoritib beradi. Pavlus Xushxabarning asl mohiyatini Iso Masihning o‘likdan tirilishiga bevosita bog‘laydi. Shu sababdan bu mavzuni batafsil yoritadi. Masih qaytib kelganda, Xudoga tegishli bo‘lganlar tirilishini, o‘lim barham topishini, foniy tana mangu tanaga o‘zgarishini turli misollar orqali tushuntiradi.

Bu maktubning 13–bobi Muqaddas Kitobdagi eng muhim boblardan biri hisoblanadi. Bu bobda Pavlus sevgining asl ma’nosini ochib beradi, bunday sevgini amalda qo‘llagan jamoat barcha muammolardan xoli bo‘lishini uqtiradi.


1–BOB

Duoyi salom

1 Xudoning irodasi bilan Iso Masihning havoriysi bo‘lish uchun da’vat qilingan men

— Pavlusdan va birodarimiz Sostenisdan* 2 Xudoning Korinf shahridagi jamoatiga salom! Xudo sizlarni O‘zining aziz xalqi bo‘lishga da’vat qilib, Iso Masih orqali O‘zi uchun ajratib olgan. Shunday qilib, har yerda Rabbimiz Iso Masihga sajda qilayotganlarning qatoriga qo‘shildingiz. Iso Masih ularning ham, bizning ham Rabbimizdir.

3 Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyatu tinchlik ato etsin.

Xudoning ko‘rsatgan iltifoti

4 Xudoyim sizlarga Iso Masih orqali O‘z inoyatini berdi. Shu bois doimo Xudoyimga sizlar uchun shukur aytaman. 5 Iso Masih orqali Xudo sizlarni har qanday kalomda mohir, ilmu ma’rifatda boy qildi. 6 Shu tariqa men sizlarga aytgan Masih haqidagi xabar haqiqat ekanligi isbotlandi. 7 Mana endi Rabbimiz Iso Masihning kelishini intizorlik bilan kutar ekansiz, Muqaddas Ruh beradigan in’omlardan benasib emassizlar. 8 Rabbimiz Iso


Masih kelgan kunda sizlar aybsiz bo‘lishingiz uchun Xudo sizlarni oxirigacha qo‘llab– quvvatlaydi. 9 Sizlarni O‘z O‘g‘li Rabbimiz Iso Masih bilan muloqot qilishga chorlagan Xudo sadoqatlidir.

Imonlilar jamoatidagi nizolar

10 Ey birodarlarim, Rabbimiz Iso Masih nomi bilan sizlarga iltijo qilaman: hammangiz o‘zaro ahil yashanglar. Orangizda nizolarga yo‘l qo‘ymay, fikr–xayolda tamomila yakdil bo‘linglar. 11 Zero, ey birodarlarim, sizlarning orangizda janjallar borligi haqida opamiz* Xloisning xonadonidagilar menga xabar berishdi. 12 Men quyidagilarni nazarda tutyapman: orangizda ba’zilar: “Men Pavlusning shogirdiman”, yana ba’zilar esa: “Men Apollosning* shogirdiman”, yana boshqalar: “Men Butrusning* shogirdiman”, yana bir xil odamlar: “Men Masihning shogirdiman”, deb aytayotgan emish. 13 Nima, Masih bo‘linganmi? Yoki sizlar uchun Pavlus xochga mixlanganmi? Nahotki Pavlusning nomi bilan suvga cho‘mdirilgan bo‘lsangiz?! 14 Xudoga shukurki, men sizlarning orangizdan Krispus va Gayusdan boshqa hech kimni suvga cho‘mdirmadim. 15 Hech kim: “Men Pavlusning nomi bilan cho‘mdirilganman”, deya olmaydi. 16 To‘g‘ri, men Stefanasning uy ahlini ham suvga cho‘mdirgan edim, ammo bulardan boshqa hech bir odamni suvga cho‘mdirganim esimda yo‘q. 17 Zotan, Masih meni, odamlarni suvga cho‘mdirsin deb emas, balki Xushxabarni yoysin deb yubordi. Menga bu Xushxabarni insonlarga oid bo‘lgan donolik bilan yoyish buyurilmadi. Bo‘lmasa, Masihning xochdagi o‘limi haqidagi xabarning kuchi yo‘qolgan bo‘lardi.

Masih — Xudoning hikmati va qudrati

18 Xoch haqidagi bu xabar halok bo‘layotganlarga telbalikday tuyuladi. Ammo biz — najot topayotganlar uchun esa u Xudoning qudratidir. 19 Axir, Muqaddas bitiklarda yozilgan–ku:


“Men donolarni donoligidan mahrum qilaman, Idroklilarni idrokidan ayiraman.”*


20 Donolar qani? Tafsirchilar va bu dunyoning faylasuflari qayerda? Xudo bu dunyoning hikmatini aqlsizlikka aylantirdi–ku, axir! 21 Modomiki, Xudoning hikmati bo‘yicha bu dunyo o‘z aql–zakovati bilan Xudoni tanib–bilmagan ekan, tentaklikday tuyulgan xabarga ishonganlarni Xudo qutqarishni lozim ko‘rdi. 22 Mana, yahudiylar mo‘jizalar talab qiladilar, yunonlar esa donolik payida yuradilar. 23 Biz esa faqat xochga mixlangan Masih* haqidagi xabarni yoymoqdamiz. Bu xabar yahudiylar uchun haqorat bo‘lsa, g‘ayriyahudiylar* uchun telbalikdir. 24 Biroq Xudo da’vat qilgan yahudiy va g‘ayriyahudiylar* uchun Masih xochi Xudoning qudrati va hikmatidir. 25 Zero, Xudoning “aqlsizligi” inson donoligidan ustundir, Xudoning “zaifligi” inson qudratidan kuchliroqdir.

26 Ey birodarlarim, Xudo sizlarni da’vat qilganda qanday odam edingizlar, bir esga oling–chi! Insoniy nuqtayi nazardan qaraganda, orangizda dono, qudratli yoki olijanoblar ko‘p emasdi. 27 Lekin Xudo donolarni sharmanda qilish uchun dunyodagi aqlsiz deb hisoblanganlarni tanladi. U qudratlilarni sharmanda qilish uchun dunyodagi zaif hisoblanganlarni tanladi. 28 Dunyodagi e’tiborli hisoblanganlar arzimas bo‘lib qolsin deb, Xudo bu dunyodagi e’tiborsiz va kamsitilgan, ya’ni ahamiyatsiz deb

hisoblanganlarni tanladi. 29 Shunday qilib, hech bir inson Xudoning oldida maqtana olmaydi. 30 Iso Masih orqali Xudo bizga yangi hayot ato etib, U orqali donolikka ega bo‘lganimizni namoyon qildi. Biz Masihning sharofati bilan oqlanib, gunohdan xalos bo‘ldik, Xudoning aziz xalqi bo‘ldik. 31 Shunday qilib, Muqaddas bitiklarda o‘rgatilganday, kim maqtanmoqchi bo‘lsa, Egamizni bilaman, deb maqtansin*.


2–BOB

Pavlus bayon etgan xabarning asosi

1 Ey birodarlar, men sizlarga Xudoning sirli rejasini* e’lon qilishga borganimda, so‘zamollik va insoniy donolik bilan gapirmadim. 2 Orangizda bo‘lganimda, Iso Masih va Uning xochga mixlanganidan boshqa hech narsa haqida gapirmaslikka qaror qildim.

3 Oldingizga zaifligu qo‘rquv hissi bilan titrab bordim. 4 Men sizlarga Xushxabar aytib, va’z qilganimda, donolik qilib ishontirishga urinmadim, balki Xudoning Ruhi va qudratiga asoslandim, 5 toki sizlarning imoningiz inson donoligiga emas, balki Xudoning qudratiga asoslansin.

Xudoning donoligi

6 Biz yetkazgan xabarni ruhan yetuk insonlar hikmatu donolik deb tan oladilar.

Ammo bizning donoligimiz bu dunyoga yoki bu dunyoning o‘tib ketadigan hukmronlariga munosib bo‘lgan donolik emas. 7 Biz Xudoning pinhon tutilgan sirli donoligi haqida gapiramiz. Bu donoligi bilan Xudo dunyo bino bo‘lishidan avvalroq biz uchun najot rejasini tayyorlab qo‘ygan edi. Uning maqsadi bizni O‘z ulug‘vorligidan bahramand qilish edi. 8 Bu dunyoning hukmronlari Xudoning donoligini tushunmadilar. Tushunganlarida edi, ulug‘vor Rabbimiz Isoni xochga mixlamagan bo‘lardilar. 9 Biz Muqaddas bitiklarda yozilgan sirli reja haqida gapiryapmiz:


“Hech bir ko‘z ko‘rmagan, hech bir quloq eshitmagan,

Inson aqli bovar qilmagan ajoyibotlarni

Xudo O‘zini sevganlar uchun tayyorlab qo‘ygan.”*


10 Bizlarga esa Xudo bularni O‘zining Ruhi orqali oshkor qildi. Chunki Muqaddas Ruh hamma narsadan, hatto Xudoning chuqur o‘y–fikrlaridan ham ogohdir. 11 Insonning o‘y– fikrlarini uning ichidagi o‘z ruhidan boshqa yana kim biladi?! Xuddi shu singari, Xudoning o‘y–fikrlarini Xudoning Ruhidan boshqa hech kim bilmaydi. 12 Biz Xudoning Ruhini qabul qildik, endi dunyoviy odamlar kabi o‘y–fikr qilmaymiz. Shuning uchun Xudo bizga nima ato qilganini aniq tushuna olamiz. 13 Biz bular haqida gapirganimizda insoniy donolik bilan gapirmaymiz, balki Muqaddas Ruh o‘rgatayotgan so‘zlar bilan ruhiy haqiqatni talqin qilamiz*.

14 Qalbida Xudoning Ruhi bo‘lmagan insonlar Xudoning Ruhi o‘rgatgan haqiqatni rad qiladilar. Ular uchun bu haqiqat tentaklikday tuyuladi, bu haqiqatni ular tushuna olmaydilar. Zero, bu haqiqatni faqatgina Xudoning Ruhi yordami bilan tushunsa bo‘ladi. 15 Qalbida Xudoning Ruhi bo‘lgan inson hamma narsaga baho bera oladi, ammo boshqalar u odamga baho berishga ojiz. 16 “Axir, kim Rabbimizning fikr–zikrini anglab yetibdiki, Unga yo‘l–yo‘riq ko‘rsatsa?!”* Biz esa Masihday fikrlay olamiz.

3–BOB

Hamon go‘dakday bo‘lgan imonlilar

1 Ey birodarlar, sizlarga ruhan yetuk insonlarga gapirganday emas, balki bu dunyoga tegishli odamlarga gapirganday gapirdim. Yana sizlarga endigina Masihga ishongan, imonda go‘dakday bo‘lgan insonlarga so‘zlaganday so‘zladim. 2 Sizlarga bergan ta’limotim milkka botadigan yegulikday emas, balki chaqaloqlarga kerak bo‘lgan sutday edi, chunki sizlar kuchliroq ta’limotga tayyor emas edingiz. Hozir ham tayyor emassiz,

3 chunki bu dunyo hali ham sizlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatyapti. Orangizda hasadgo‘ylik va janjalkashlik bor ekan, bu sizlarning hali ham bashariy tabiatingiz ta’sirida ekaningizni, insoniy fikrlab yashayotganingizni ko‘rsatmaydimi?! 4 Axir, ba’zilaringiz: “Men Pavlusning shogirdiman”, boshqalaringiz esa: “Men Apollosning* shogirdiman”, desangiz, sizlar insoniy fikrlab yashayotgan bo‘lmaysizmi?

Xudoning xizmatidagi hamkorlar

5 Axir, Pavlus kim? Apollos kim? Ular Xudoning xizmatkorlaridir, ular orqali sizlar imonga kelgansizlar. Har birimiz Egamiz bergan vazifani bajaramiz. 6 Men urug‘ ekdim, Apollos sug‘ordi, lekin Xudo parvarishlab, o‘stirdi. 7 Kim ekkani yoki sug‘organi muhim emas, eng muhimi o‘stiradigan Xudodir. 8 Ekuvchining ham, sug‘oruvchining ham maqsadi bir va ularning har biri o‘z mehnatiga yarasha mukofot oladi. 9 Biz Xudoning xizmatidagi hamkorlarmiz, sizlar esa Xudoning dalasisizlar. Ayni paytda sizlar Xudoning imorati hamsizlar. 10 Xudoning marhamati bilan men mohir bir me’morday imoratning poydevorini qo‘ydim. Endi esa boshqalar uning ustida qurilish qilyaptilar. Har kim qanday qilib qurayotganiga diqqat qilsin. 11 Zero, hech kim mavjud bo‘lgan poydevordan boshqa poydevor qo‘ya olmaydi. Bu poydevor Iso Masihdir. 12 Bu poydevor ustiga kimdir oltindan, kimdir kumush yoki qimmatbaho toshlardan, yana kimdir esa yog‘ochu xashak yoki poxoldan imorat qurmoqda. 13 Har kimning ishi qanday ekanligi qiyomat kunida ayon bo‘ladi. O‘sha kuni hammaning ishi olovda sinaladi. 14 Kimning qilgan ishi olovga bardosh bersa, o‘sha kishi mukofot oladi. 15 Kimning ishi yonib ketsa, u mukofotdan mahrum bo‘ladi. Holbuki, u Iso Masihga tegishli bo‘lgani uchun najot

topadi, lekin u olovdan qutulib chiqqan odamga o‘xshaydi.

16 Nahotki bilmasangiz?! Sizlar Xudoning ma’badisizlar, Xudoning Ruhi orangizda maskan qilgan. 17 Kimki Xudoning ma’badini buzsa, Xudo uni halok qiladi. Zero, Xudoning ma’badi muqaddasdir, bu ma’bad esa sizlarsiz.

18 Hech kim o‘zini o‘zi aldamasin. Orangizda kimdir o‘zini bu dunyoda dono deb bilsa, o‘zining aqlsiz ekanligini tan olsin, shundagina u haqiqatan ham dono bo‘ladi.

19 Chunki bu dunyoning donoligi Xudoning nazarida aqlsizlikdir. Muqaddas bitiklarda quyidagicha yozilgan–ku:


“U donolarni o‘zlarining ayyorliklari orqali tutib oladi.”*


20 Yana shunday yozilgan:


“Egamiz donolarning niyatini anglaydi, Niyatlarining behudaligini U biladi.”*

21 Shuning uchun orangizda hech kim boshqa bir insonning ta’limotiga rioya qilayotgani bilan maqtanmasin. Axir, hammasi sizlarga tegishli–ku: 22 Pavlus, Apollos va Butrus*, dunyo ham, hayot va o‘lim ham, hozir va kelajak ham — bularning hammasi sizniki. 23 Sizlar esa Masihniki, Masih esa Xudonikidir.


4–BOB

Havoriylarning martabasi va vazifasi

1 Odamlar bizni Masihning xizmatkorlari hamda Xudoning sir–asrorlarini bayon etishga mas’ul insonlar deb bilishlari kerak. 2 Bizdan talab qilingan narsa ishonchli bo‘lishdir. 3 Meni sizlar hukm qilasizlarmi yoki mahkamada hukm qilishadimi, menga farqi yo‘q. Men o‘zimni o‘zim ham hukm qilmayman. 4 Zotan, o‘zimda hech bir ayb ko‘rmasam ham, bu bilan o‘zimni oqlamayman. Chunki meni hukm qiluvchi Rabbimiz Iso bo‘ladi. 5 Shu bois sizlar ham vaqtidan oldin, Rabbimiz kelmaguncha, aslo hukm qilmanglar. U kelib zulmatda yashirilgan narsalarni ravshan qiladi, inson yuraklarining maqsadlarini oshkor etadi. O‘shanda har kim o‘z ishiga yarasha Xudoning tahsiniga sazovor bo‘ladi.

6 Ey birodarlar, men o‘zimni va Apollosni* misol qilib keltirdim, toki sizlar Muqaddas bitiklarda yozilganlarga binoan yashashni bizdan o‘rganinglar. Bir ustozni boshqasidan ustun qo‘ymang. 7 Kim sizlarga shunday huquq berib qo‘ygan?! Xudodan olmagan biror narsangiz bormi?! Bor narsangizni sizga Xudo bergan–ku, nima uchun xuddi o‘z kuchingiz bilan erishganday maqtanib yuribsiz? 8 Xohlagan hamma narsangizga erishib oldingizmi?! Boy bo‘lib ketdingizmi?! Bizsiz hukmronlik qilyapsizmi?! Qani, endi haqiqatan ham hukmronlik qilayotgan bo‘lsangiz edi, biz ham sizlar bilan birga hukmronlik qilsak. 9 Lekin men o‘ylaymanki, Xudo biz — havoriylarni sharmandali ahvolga solib, maydonda namoyish qilinadigan, o‘limga mahkum etilgan asirlarday qilib qo‘ydi. Biz farishtalaru insonlar oldida, butun koinot oldida tomosha bo‘lib qoldik. 10 Biz Masih haqi aqlsiz bo‘libmiz, sizlar esa Masih soyasida aqlli bo‘lib qolibsizlar. Biz zaif, sizlar esa kuchli ekansiz! Sizlar obro‘–e’tiborli, biz esa sharmanda ekanmiz–da!

11 Hozirgacha och–yalang‘ochmiz, tashnalik va kaltaklarga bardosh beryapmiz, sarson– sargardon bo‘lib yuribmiz. 12 O‘z mehnatimiz bilan kun ko‘ryapmiz. Bizni haqorat qilsalar, duo qilamiz, quvg‘in qilsalar, chidaymiz. 13 Bizni g‘iybat qilsalar, yaxshilik bilan javob beramiz. Hozirgacha biz dunyoning supurindisi, hammaning axlatiday bo‘lib yuribmiz.

Pavlusning pand–nasihatlari

14 Men bularni sizlarni xijolatda qoldirmoq uchun emas, balki sevimli bolalarimga nasihat qilganday, sizlarga nasihat qilib yozyapman. 15 Masihning yo‘lida minglab odamlar sizlarga ustozlik qilsa ham, sizlarning faqatgina bir ruhiy otangiz bor. Men sizlarga Xushxabarni yetkazib, Iso Masih orqali sizlarning ruhiy otangiz bo‘ldim.

16 Shuning uchun sizlarga yolvoraman, mendan o‘rnak olinglar*. 17 Ana shu maqsadda men Rabbimiz Isoga sodiq bo‘lgan sevimli o‘g‘lim Timo‘tiyni* sizlarning oldingizga yuboryapman. Har yerda va har bir imonlilar jamoatida ta’lim berar ekanman, Iso Masihga tegishli bo‘lib, qanday hayot kechirayotganimni u sizlarga aytib beradi.

18 Orangizda ba’zilar: “Pavlus kelmas ekan”, deb kekkayib, bilganini qilayotgan ekan.

19 Ammo Rabbimiz Iso xohlasa, men yaqin orada oldingizga boraman. Shunda nafaqat bu

takabbur odamlar qanday gaplar gapirayotganlarini, balki ularda qanday kuch borligini sinab ko‘raman. 20 Chunki Xudoning Shohligi quruq so‘zlar bilan emas, balki kuch– qudrat bilan namoyish etiladi. 21 Xo‘p, nima xohlaysizlar? Oldingizga kaltak bilan boraymi yoki mehr–muhabbat va muloyimlik ruhi bilan boraymi?


5–BOB

Jamoatdagi axloqsizlikni yo‘q qilish haqida

1 Orangizda jinsiy axloqsizlik bor ekanligi haqida gaplar yuribdi. Bunday axloqsizlik hatto butparastlar orasida ham sodir bo‘lmagan ekan. Orangizdagi bir kishi o‘z otasining xotinini xotin qilib yashayotgan ekan. 2 Sizlar esa kekkayib yuribsizlar. Aksincha, motam tutib, bunday ish qilgan odamni orangizdan haydab chiqarishingiz kerak–ku! 3-4 To‘g‘ri, hozir jismonan sizlar bilan emasman, ammo ruhan sizlar bilan birgaman. Men go‘yo sizlarning yoningizda bo‘lgandek, bu ishni qilgan odam haqida allaqachon Rabbimiz Iso Masih nomi bilan hukm chiqardim. Sizlar birga yig‘ilganingizda, Iso Masihning qudrati va mening ruhim sizlar bilan birga bo‘ladi. 5 Shunda o‘sha odamni shaytonga topshiringlar, toki uning tanasi halokatga uchrasin*, ruhi esa Rabbimiz Iso kelgan kunda xalos bo‘lsin.

6 Maqtanishingiz o‘rinli emas. Nahotki ozgina xamirturush butun xamirni achitishini bilmasangizlar? 7 Orangizdan eski xamirturushni* chiqarib tashlanglar, shu tariqa yangi xamirday bo‘linglar. Sizlar aslida xamirturushsiz xamirdaysizlar–ku! Chunki Masih O‘z jonini fido qilib, bizning Fisih qurbonligimiz bo‘ldi! 8 Shuning uchun Fisih bayramini* nishonlaganday, yangi hayotimizni nishonlab yashaylik! Yomonlik va buzuqlik timsoli bo‘lgan xamirturushga hayotimizdan o‘rin bermay, soflik va haqiqat bilan kun kechiraylik.

9 Men oldingi maktubimda* sizlarga jinsiy tomondan axloqsiz bo‘lgan odamlar bilan munosabatda bo‘lmaslik haqida yozgan edim. 10 Shubhasizki, bu dunyoning zinokorlarini, tamagirlarini, tovlamachilarini, butparastlarini nazarda tutmagan edim, aks holda, sizlar bu dunyo bilan butunlay aloqani uzishingizga to‘g‘ri kelar edi. 11 Men sizlarga, o‘zini birodar deb atab turib, zinokor, tamagir, butparast, g‘iybatchi, mayxo‘r yoki tovlamachi odam bilan aloqa qilmanglar, u bilan birga hatto ovqat ham yemanglar, deb aytgan edim. 12-13 Qolaversa, imonlilar jamoatidan tashqaridagilarni hukm etishga bizning nima haqimiz bor? Ularni Xudo hukm qiladi. Sizlar jamoatdagilarni hukm qilsangiz, bas. Fosiq odamni o‘z orangizdan haydab chiqaringlar.


6–BOB

Imonlilar orasidagi da’volarni hal qilish haqida

1 Orangizda bittasining boshqa birovga da’vosi bor ekan. Bu da’voni hal qilib bersin deb, u kishi Xudoning azizlari oldiga emas, balki imonsizlar oldiga borishga qanday jur’at qilyapti? 2 Xudoning azizlari hatto dunyoni hukm qilishini nahotki sizlar bilmasangiz?! Modomiki, sizlar dunyoni hukm qilar ekansiz, nahotki ahamiyatsiz ikir– chikir ishlarni hukm qila olmasangiz? 3 Biz hatto farishtalarni ham hukm qilamiz–ku! Shuni bilmaysizlarmi?! Shunday ekan, turmush ikir–chikirlari nima bo‘libdi?! 4 Nima uchun endi bir–biringizga da’voingiz bo‘lsa, jamoatga daxli bo‘lmagan hakamlarning

oldiga boryapsiz?! 5 Nahotki orangizda o‘z birodarlarining da’vosini ajrim qila oladigan birorta dono odam topilmasa?! Uyalmaysizlarmi, axir?! 6 Imonli birodar yana boshqa bir imonli birodari bilan da’volashmoqda, qolaversa buni imonsiz hakamlarning oldida qilyapti–ya!

7 Undan ko‘ra, haqsizlikka chidab turganingiz sizlar uchun yaxshiroq bo‘lmasmidi?

Hatto hiyla–nayranglardan zarar ko‘rish sizlar uchun afzalroq bo‘lmasmidi? Bir–biringiz bilan da’volashishning o‘zi sizlar uchun tamoman mag‘lubiyat–ku! 8 Shunisi yetmaganday, sizlar hiyla–nayranglar bilan o‘z birodaringizga nohaqlik qilyapsizlar.

9 Nahotki bilmasangizlar?! Nohaqlik qiluvchilar Xudoning Shohligidan bahramand bo‘lmaydilar–ku! Adashmanglar, jinsiy tomondan axloqsiz bo‘lganlar, butparastlar, zinokorlar, bachchabozlaru bachchalar, 10 o‘g‘rilar, tamagirlar, mayxo‘rlar, g‘iybatchilar va tovlamachilar Xudoning Shohligidan bahramand bo‘lmaydilar. 11 Ba’zilaringiz oldin shunday edingiz. Endi esa sizlar Rabbimiz Iso Masihning nomi bilan va Xudoning Ruhi orqali poklandingiz, Xudoga bag‘ishlandingiz, oqlandingiz.

A’zoyi badaningiz bilan Xudoni ulug‘lang

12 Ba’zilaringiz: “Xohlaganimni qilishga haqim bor”, deb aytyapsizlar. To‘g‘ri, lekin hamma narsa ham foydali emas. Xohlaganimizni qilishga haqimiz bor, lekin hech bir narsa bizning ustimizdan hokimlik qilmasligi kerak. 13 Ba’zilaringiz yana: “Ovqat qorin uchun, qorin esa ovqat uchun, Xudo ikkalasini ham yo‘q qiladi–ku”*, deb aytyapsizlar. To‘g‘ri, ammo badanimiz zino uchun xizmat qilmasligi kerak, aksincha, badanimiz bilan Rabbimiz Isoga xizmat qilishimiz kerak. Rabbimiz badanimiz ustidan hokimlik qilishi kerak. 14 Rabbimizni tiriltirgan Xudo O‘z qudrati bilan bizlarni ham tiriltiradi.

15 Bilmaysizlarmi, axir?! A’zoyi badaningiz Masih tanasining a’zosi–ku! Shunday ekan, men Masih tanasining a’zolarini olib, fohisha tanasining a’zolari qilib qo‘yarmikanman? Yo‘q, aslo! 16 Fohisha bilan qovushgan u bilan bir tan bo‘lishini bilmaysizlarmi?! Muqaddas bitiklarda: “Ikkalasi bir tan bo‘ladilar”*, deb yozilgan–ku! 17 Rabbimiz Iso bilan birga bo‘lgan esa U bilan bir ruhda bo‘ladi.

18 Jinsiy axloqsizlikdan o‘zingizni olib qochinglar! Jinsiy axloqsizlik bilan gunoh qilgan o‘z tanasiga qarshi gunoh qilgan bo‘ladi, qolgan hamma gunohlar esa tanaga bevosita bog‘lanmagan holda qilinadi. 19 Nahot bilmasangiz?! Qalbingizda maskan qilgan Muqaddas Ruhni Xudo sizlarga bergan. Tanangiz Muqaddas Ruhning ma’badidir. Sizlar o‘zlaringizga tegishli emassizlar. 20 Sizlar qimmat bahoga sotib olingansizlar. Shuning uchun o‘z tanangiz bilan Xudoni ulug‘langlar*.


7–BOB

Nikoh masalasi

1 Endi sizlar menga yozganlaringizga kelaylik. Orangizda ba’zilar: “Er xotini bilan qovushmasin”, deb aytayotgan ekan. 2 Lekin jinsiy axloqsizlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun har bir kishi o‘z xotini bilan, har bir ayol esa o‘z eri bilan qovushishi kerak. 3 Er o‘z xotiniga nisbatan va xotin o‘z eriga nisbatan er–xotinlik vazifasini bajarsin. 4 Xotinning badani ustidan xotin emas, balki eri hokimlik qiladi. Xuddi shu singari, erning badani ustidan er emas, balki xotini hokimlik qiladi. 5 Bir–biringizdan bosh tortmanglar.

Faqatgina o‘zaro kelishgan holda, o‘zingizni ibodatga bag‘ishlash* uchungina jinsiy

aloqadan o‘zingizni tutib turing. Bundan so‘ng yana qovushinglar, toki o‘zingizni tiya

olmasligingizdan foydalanib, shayton sizlarni vasvasaga solmasin. 6 Men buni buyruq tariqasida emas, nasihat tariqasida aytyapman. 7 Qaniydi, hamma menga o‘xshab so‘qqabosh bo‘lsa! Ammo har bir odamda Xudodan berilgan in’om bor, biriniki bu bo‘lsa, boshqasiniki udir.

8 Beva ayollar va xotini o‘lgan erkaklarga shunday deyman: men kabi bo‘lsalar, o‘zlari uchun yaxshidir. 9 Ammo ular o‘zlarini tiya olmasalar, uylansinlar, erga tegsinlar. Chunki shahvoniy ishq bilan yonishdan ko‘ra, uylanish, erga tegish yaxshiroqdir.

10 Quyidagi amr esa uylangan va erga tekkanlarga berilgan. U mendan emas, Rabbimiz Isodandir: xotin eri bilan ajrashmasin*. 11 Ajrashgan bo‘lsa, boshqa erga tegmasin yoki o‘z eri bilan yarashsin. Er ham o‘z xotini bilan ajrashmasin.

12 Eri yoki xotini imonli bo‘lmaganlarga esa shunday deb aytaman. Bular Rabbimizning emas, mening so‘zlarimdir: birorta imonli erkakning xotini imonsiz bo‘lsa–yu, ammo eri bilan yashashga rozi bo‘lsa, er xotini bilan ajrashmasin.

13 Shuningdek, imonli ayolning eri imonsiz bo‘lsa va u xotini bilan yashashga rozi bo‘lsa, o‘sha ayol eridan ajrashmasin. 14 Axir, imonsiz er imonli xotini tufayli poklanadi*.

Shuningdek, imonsiz ayol imonli eri tufayli poklanadi. Natijada ularning farzandlari harom emas, pok bo‘ladi. 15-16 Xudo bizni tinchlikka chorlagan. Qayerdan bilasan ey xotin, balki sen orqali ering najot topar?! Ey er, qayerdan bilasan, balki sen orqali xotining najot topar?! Ammo imonsiz inson o‘zining imonli turmush o‘rtog‘idan ajrashmoqchi bo‘lsa, ajrashaversin. Shundan keyin o‘sha ajrashgan imonli odamning boshi bog‘liq emas.

Xudoning da’vatiga qarab yashanglar

17 Har bir insonni Xudo qanday da’vat qilgan bo‘lsa, Rabbimiz Iso uni qanday sharoitga solgan bo‘lsa, u shunday yashashda davom etaversin. Barcha jamoatlarda mana shunday ta’lim berib kelyapman. 18 Birov sunnatli* bo‘lganda da’vat etildimi, jarrohlik yordamida qayta sunnat qilinmaganday sunnatini o‘zgartirmasin. Boshqa birov sunnatsiz* bo‘lganda da’vat etildimi, sunnat qilinmasin. 19 Axir, sunnat qilingan yoki qilinmaganlikning hech ahamiyati yo‘q. Eng muhimi, Xudoning amrlariga amal qilishdir. 20 Har kim qanday holatda da’vat etilgan bo‘lsa, o‘sha holatini o‘zgartirishga urinmasin. 21 Agar qul bo‘lganingda da’vat etilgan bo‘lsang, tashvishlanma. Ammo ozod bo‘lishga imkon bor bo‘lsa, fursatni g‘animat bil.

22 Sizlar Rabbimiz Isoga tegishli bo‘lishga da’vat etilgansiz. Kim qul bo‘lgan paytida da’vat etilgan bo‘lsa, endi Rabbimizning nazarida u ozod insondir. Shuningdek, kim ozod bo‘lgan paytida da’vat etilgan bo‘lsa, endi u Masihning qulidir. 23 Sizlar qimmat bahoga sotib olindingiz, shuning uchun o‘zingizni insoniy g‘oyalarga qul qilmanglar.

24 Birodarlar, Xudo kimni qanday vaziyatda da’vat qilgan bo‘lsa, o‘sha vaziyatda qolib

yashayversin.

25 Hali oila qurmagan erkagu ayollar masalasiga kelsak, Rabbimiz Iso bu haqda amr bermagan. Ammo men Egamizning mehr–shafqati bilan ishonchli bo‘lgan kishi sifatida maslahat bera olaman. 26 Hozirgi tang vaziyat sababli kishi qay holda bo‘lsa, shunday qolgani yaxshidir. 27 Uylanganmisan? Xotining bilan ajrashma. Bo‘ydoqmisan? Xotin olmagin. 28 Bordi–yu, uylansang, bu gunoh emas. Shuningdek, qiz erga tegsa ham, gunoh bo‘lmaydi. Ammo uylanganlarning tashvish va iztiroblari ko‘p bo‘ladi, men sizlarni shulardan asramoqchiman.

29 Ey birodarlar, sizlarga yana shuni aytmoqchimanki, vaqt endi qisqa. Vaqti kelib, uylanganlaru uylanmaganlarning farqi bo‘lmaydi. 30 Yig‘layotganlaru sevinayotganlar, buyum xarid qilganlar o‘zlarining qayg‘u–alamlari, xursandchiligi va mol–dunyosi bilan ovora bo‘lib qolmasin. 31 Bu dunyoning ishlari bilan ovora bo‘lganlar endi buni bas qilsinlar. Axir, bu dunyo o‘tkinchi–ku!

32 Men sizlarning tashvishsiz bo‘lishingizni istayman. Bo‘ydoqning asosiy tashvishi Rabbimiz Isoni mamnun qilish, Uning ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishdir. 33 Uylangan kishi esa xotinini mamnun qilish niyatida dunyoviy ishlar haqida qayg‘uradi. 34 Uning fikri ikkiga bo‘lingan. Hozir ersiz bo‘lgan ayollar va erga tegmagan qizlarning ham tashvishi* Rabbimizning ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishdir, ularning maqsadi ham jismonan, ham ruhan Rabbimizga bag‘ishlanishdir. Erga tekkan ayol esa erini mamnun qilish niyatida dunyoviy ishlar haqida qayg‘uradi.

35 Men sizlarni chegaralash niyatida emas, balki sizlarning manfaatingizni ko‘zlab bularni aytyapman. Toki sizlar fikringizni chalg‘itmasdan, sidqidildan Rabbimiz Isoga berilib, odobli hayot kechiringlar. 36 Agar unashtirilgan kishi o‘z qaylig‘iga uylanmay, unga nisbatan noto‘g‘ri muomala qilyapman, deb o‘ylasa hamda unga uylanishni qattiq xohlasa, o‘zining bergan so‘zida turib, uylansin. Bu gunoh emas*. 37 Ammo u uylanishni ehtiyoj deb bilmay, o‘z qaylig‘iga uylanmaslikka qattiq qaror qilib, bu borada irodasini ko‘rsata olsa, bu ham yaxshi. 38 Shunday qilib, o‘z qaylig‘iga uylangan kishi yaxshi ish qilgan bo‘ladi, uylanmagan esa undan ham yaxshiroq ish qilgan bo‘ladi.

39 Xotin kishining eri tirik ekan, uning boshi bog‘liqdir. Agar eri o‘lsa, u istagan kishiga turmushga chiqishi mumkin, faqat u erkak Rabbimiz Isoga tegishli bo‘lishi kerak. 40 Ammo menimcha, o‘sha ayol tulligicha qolsa, u yana ham baxtli bo‘ladi. Ishonamanki, menda ham Xudoning Ruhi bor.


8–BOB

Butga keltirilgan qurbonlik go‘shti masalasi

1 Butga keltirilgan qurbonlik go‘shti* masalasiga kelsak. O‘zingiz aytganingizdek, hammamiz bu haqdagi haqiqatni bilamiz. Ammo bilim odamni shishintiradi, mehr– muhabbatli inson esa o‘zgalarning manfaatini ko‘zda tutadi. 2 Agar bir kishi bilimliman deb o‘ylasa, u hali zarur bo‘lgan bilimga erishmagan. 3 Kim Xudoni yaxshi ko‘rsa, Xudo uni tanib–biladi.

4 Endi butga keltirilgan qurbonlik go‘shtini yeyish masalasiga kelsak, biz shuni bilamizki, dunyoda but hech narsa emas, birgina Xudodan boshqa Xudo yo‘q. 5 Garchi yeru ko‘kda xudo deb atalgan narsalar ko‘p bo‘lsa–da (haqiqatan, bunaqa “xudolar” va “rabbiylar” juda ko‘p), 6 biz uchun birgina Otamiz Xudo bor. U butun mavjudotning Yaratuvchisidir va biz U uchun yashaymiz. Shuningdek, birgina Rabbimiz Iso Masih bor. Butun mavjudot Masih orqali vujudga kelgan va biz U orqali yashaymiz. 7 Ammo hamma ham bularni bilmaydi. Orangizda ba’zilar “butlar bor” degan fikrga shunchalik o‘rganib qolganki, butlarga keltirilgan qurbonlik go‘shtini yeganda ularning vijdoni qiynaladi, chunki ular bunday go‘sht yeyishni hali ham butlarga sajda qilish deb biladi. 8 Oziq– ovqat bizni Xudoga yaqinlashtira olmaydi. Axir, yemasak ham biror narsa yo‘qotmaymiz, yesak ham biror foyda ko‘rmaymiz.

9 Faqat ehtiyot bo‘ling, sizlarning bu erkinligingiz zaiflarning vasvasaga tushishiga

sabab bo‘lmasin. 10 Masalan, sen bilimli odam, butxonada taom yeb o‘tiribsan, deylik. Bu masalada ikkilanib turgan birodaring seni ko‘rib qoladi. Bundan keyin u butga keltirilgan qurbonlik go‘shtidan yeyishga moyil bo‘lmaydimi?! 11 O‘sha zaif birodaring uchun Masih o‘lgan, sen esa uni o‘z biliming tufayli halokatga yo‘liqtirasan. 12 Shunday qilib, ikkilanib turgan birodaringni vasvasaga solib, unga qarshi gunoh qilsang, Masihga qarshi gunoh qilgan bo‘lasan. 13 Agar biror ovqatni yeyishim birodarimning gunoh qilishiga sabab bo‘lsa, uni vasvasaga solmaslik uchun endi men umrbod o‘sha ovqatni yemayman.


9–BOB

Havoriyning haq–huquqlari

1 Men ozod emasmanmi?! Men havoriy emasmanmi?! Rabbimiz Isoni ko‘rmaganmanmi?! Rabbimiz yo‘lida qilgan mehnatimning mahsuli sizlar emasmi?! 2 Agar boshqalar uchun havoriy bo‘lmasam ham, hech bo‘lmasa sizlar uchun havoriydirman. Axir, sizlar Rabbimizga tegishli bo‘lganingiz uchun havoriyligimning muhrisizlar.

3 Meni tanqid qilayotganlar oldida quyidagilar bilan o‘zimni oqlayman. 4 Nahotki

Rabbimiz yo‘lida qilgan xizmatimiz uchun tekin yeb–ichishga huquqimiz bo‘lmasa?!

5 Nima, boshqa havoriylar kabi, Rabbimiz Isoning ukalari* va Butrusga* o‘xshab, imonli bir ayolga uylanib, uni yonimizda olib yurishga haqimiz yo‘qmi?! 6 Yoki faqatgina men bilan Barnabo kun kechirish uchun o‘z qo‘limiz bilan mehnat qilishimiz kerakmi?!

7 Kim o‘z hisobidan askarlik qiladi?! Kim tok o‘tqazib, uning mevasini yemaydi?! Kim poda boqib, podaning sutini ichmaydi?! 8 Bularni faqatgina insoniy nuqtayi nazardan aytayotganim yo‘q! Musoning qonuni ham xuddi shunday buyuradi–ku! 9 Unda: “G‘alla yanchayotgan ho‘kizning og‘zini to‘smang”*, deb yozilgan–ku. Nima, Xudo ho‘kizlar haqida qayg‘uryaptimi?! 10 Yo‘q, Xudo buni bizning manfaatimiz uchun aytgan. Ha, bular biz uchun yozilgan. Shudgor qiluvchi ham, g‘alla yanchuvchi ham o‘z haqini olish umidi bilan ishlaydi–ku. 11 Biz ruhiy jihatdan sizlarga xizmat ko‘rsatsak–da, moddiy yordamingizni bizga ko‘p ko‘rasizmi? 12 Boshqalar sizlarning yordamingizdan bahramand bo‘layotgan ekan, bizning haqimiz ularnikidan ham ko‘proq emasmi?! Lekin biz bu huquqimizdan foydalanmadik. Aksincha, Masihning Xushxabariga to‘siq bo‘lmaylik deb, har narsaga chidab yuribmiz.

13 Bilmaysizlarmi, Ma’badda xizmat qiluvchi ruhoniylar* Ma’baddan ovqat olib yeydilar. Qurbongohda xizmat qiluvchilar keltiriladigan qurbonliklardan ulush oladilar. 14 Shuningdek, Rabbimiz Isoning O‘zi buyurgani bo‘yicha*, Xushxabar yoyish vazifasini bo‘yniga olganlar bu ishi orqali kun kechira olishlari kerak. 15 Ammo men bu huquqlarimdan foydalanmadim va bundan faxrlanaman. Bu xatni o‘sha huquqimdan foydalanay, deb ham yozayotganim yo‘q. Menga faxrlanish huquqini berayotgan sababni yo‘qotishdan ko‘ra, o‘lganim yaxshiroqdir. 16 Men Xushxabarni aytar ekanman, bu bilan maqtanishga haqim yo‘q, chunki bu zimmamdagi vazifamdir. Ammo Xushxabarni yoymasam, mening holimga voy! 17 Men buni o‘z tashabbusim bilan qilayotgan bo‘lsam, mukofotga loyiq bo‘lardim. Lekin mukofotga loyiq emasman, chunki bor–yo‘g‘i zimmamdagi vazifani bajaryapman, bu ishni qilishdan boshqa ilojim yo‘q. 18 U holda mening mukofotim nima? Mukofotim shundaki, men Xushxabarni yoyganimda, hech

kimdan biron narsa so‘ramayman. Shuning uchun Xushxabarni yoyish menga ba’zi bir

huquqlarni bersa–da, ulardan foydalanmayman.

Pavlusning maqsadi

19 Men qul emas, erkin inson bo‘lsam–da, hammaga qulday xizmat qildim. Yanada ko‘proq odam Isoning shogirdi bo‘lsin deb, shunday qildim. 20 O‘sha maqsadimni ko‘zda tutib, yahudiylar uchun yahudiyday bo‘ldim, Musoning qonuniga tobe bo‘lmasam–da, bu qonunga tobe bo‘lganlar orasida xuddi ularday yashadim. 21 Musoning qonunini bilmaganlar orasida bo‘lganimda, ular ham Isoning shogirdlari bo‘lsin deb, xuddi shularday yashadim. To‘g‘ri, men Xudoning qonunidan ozod emasman, Masihning amrlariga tobeman. 22 Zaif insonlar ham Isoni tanisinlar deb, ularning orasida bo‘lganimda zaif insonday bo‘ldim. Hech bo‘lmasa ba’zilarni qay yo‘l bilan bo‘lsa–da, qutqaray deb, hammaga hamma narsa bo‘ldim. 23 Men bularning hammasini Xushxabarni yoyish niyatida qilyapman, toki Xushxabar keltiradigan qut–barakalardan bahramand bo‘lay.

24 Bilasizlar–ku, musobaqada ko‘pgina yuguruvchilar qatnashadi, ammo faqat bir kishi g‘olib kelib, mukofot oladi. Sizlar ham shunday yuguringki, mukofotni qo‘lga kiritinglar. 25 Axir, musobaqada qatnashadigan odam o‘z nafsini tiyib, tartib–intizom bilan mashq qiladi–ku! Ular so‘lib qoladigan gul toj olish uchun, biz esa boqiy toj olish uchun harakat qilamiz. 26 Shuning uchun men maqsadsiz yugurmayman, kurashganimda zarbalarim aniq bo‘ladi. 27 Tanamni chiniqtirib, uni o‘z ixtiyorimga bo‘ysundiraman, toki boshqalarga Xushxabarni va’z qilib turib, o‘zim mukofotga noloyiq bo‘lib qolmayin.


10–BOB

Isroil xalqining tarixidan ibratlar

1 Birodarlar, ota–bobolarimizning tarixini yodingizga solmoqchiman. Ularning hammasi bulut ostida cho‘lni kezib, Qizil dengizdan o‘tdilar*. 2 Ular bulut ostida kezib, Qizil dengizdan o‘tganda, go‘yo suvga cho‘mdirilganday bo‘lib, Musoning izdoshlari bo‘ldilar. 3 Mo‘jiza orqali ularning hammasiga bir xil ovqat berildi*. 4 Mo‘jiza orqali hammasiga ichish uchun suv berildi. Mo‘jiza orqali ular qoyadan suv olib ichdilar*. O‘sha qoya Masihning timsoli edi. Yurgan yo‘llarida Masih ular bilan birga edi. 5 Garchi shunday bo‘lsa ham, ularning deyarli hammasi Xudoni norozi qildi, shuning uchun itoatsizlarni Xudo sahroda halok qildi.

6 Itoatsizlarning boshiga tushgan ko‘rgiliklar bizga ibrat bo‘ldi, toki biz ham ularga o‘xshab yovuzlik payida bo‘lmaylik. 7 Ularning ba’zilariga o‘xshab, butparast bo‘lmaylik. Ular haqida shunday yozilgan–ku: “Xalq o‘tirib yeb–ichgandan keyin ko‘ngilxushlik qildi.”* 8 Ularning ba’zilariga o‘xshab jinsiy axloqsizlikka berilmaylik. Ular axloqsizlik qilganlari uchun bir kunda yigirma uch mingtasi nobud bo‘ldi*. 9 Masihni sinamaylik, chunki ulardan ba’zilari shunday qilib, ilonlarning zahridan halok bo‘ldilar*. 10 Hech nolimaylik. Ulardan ba’zilari ming‘irlab nolidilar, shuning uchun Azroil ularni urib, nobud qildi*.

11 Ular boshidan kechirgan bu hodisalar bizlarga ibrat bo‘ldi. Zamon oxirlashib qolgan paytda yashayotganlarga, ya’ni bizlarga saboq bo‘lishi uchun bu hodisalar Muqaddas bitiklarda yozib qoldirilgan. 12 Shuning uchun mahkam turibman, deb o‘ylagan odam ehtiyot bo‘lsin, tag‘in qoqilib yiqilmasin. 13 Sizlar tushgan vasvasaga

boshqalar ham duchor bo‘lgan. Ammo Xudo sodiqdir, U kuchingizdan ortiq vasvasaga tushishingizga yo‘l qo‘ymaydi. Vasvasaga bardosh bera olishingiz uchun kerakli paytda vasvasadan qutulish yo‘lini ham beradi.

Jinlar bilan aloqada bo‘lmaslik haqida

14 Ey azizlarim, butparastlikdan o‘zingizni olib qoching! 15 Men sizlarni aqli raso odamlar deb bilib gapiryapman. Aytayotganlarimga o‘zingiz baho beringlar. 16 Biz dasturxon atrofida jam bo‘lib o‘tirganimizda*, Xudoga shukur aytib qutlug‘ kosadan ichganimizda Masihning to‘kilgan qoniga sherik bo‘lamiz, nonni bo‘lishib yeganimizda esa Uning qurbon qilingan tanasiga sherik bo‘lamiz–ku! 17 Bitta nonni bo‘lib yeganimizday, biz hammamiz, ko‘pchilik bo‘lsak–da, bir tanani hosil qilamiz.

18 Isroil xalqiga qaranglar! Qurbongohdagi qurbonliklardan tanovul qilish ular uchun Xudoga sajda qilish degani–ku! 19 Men bu bilan nima demoqchiman o‘zi? Butga bag‘ishlangan qurbonlikning ham biror ahamiyati bormi? Butning o‘zi ham biror ahamiyatga egami? 20 Yo‘q! Butparastlar qurbonlik keltirganlarida, aslida qurbonlikni xudo deb atalgan butlarga emas, balki jinlarga bag‘ishlagan bo‘ladilar. Jinlarga sherik bo‘lishingizni men xohlamayman. 21 Sizlar ham Rabbimiz Isoning kosasidan, ham jinlarning kosasidan icha olmaysizlar. Ham Rabbimiz dasturxonidan, ham jinlarning dasturxonidan bahramand bo‘la olmaysizlar. 22 Nahotki Rabbimiz Isoning rashkini qo‘zg‘atmoqchi bo‘lsangiz? Nahotki sizlar Undan ham qudratliroq bo‘lsangiz?!

Boshqalarning manfaatini ko‘zlash

23 Ba’zilaringiz: “Inson xohlaganini qilishga haqli”, deb aytyapsiz. To‘g‘ri, lekin hamma narsa ham foydali emas. Inson xohlaganini qilishga haqi bor, lekin hamma narsa ham manfaat keltirmaydi. 24 Hamma birinchi o‘rinda o‘zining emas, boshqalarning manfaatini ko‘zda tutsin. 25 Bozordagi go‘sht qayerdan kelgani haqida so‘rab– surishtirmay, pok vijdon bilan yeyaveringlar. 26 Axir, Muqaddas bitiklarda shunday yozilgan–ku:


“Egamiznikidir zamin, undagi butun borliq.”*


27 Agar Masihni bilmagan birorta odam sizlarni uyiga chaqirsa va siz u yerga boradigan bo‘lsangiz, oldingizga qo‘yilgan hamma narsani qayerdan kelganini so‘rab– surishtirmay, pok vijdon bilan yeyaveringlar. 28-29 Lekin bir birodar sizga: “Bu qurbonlik go‘shti”, deb aytsa, unda o‘sha aytgan odam haqi va uni vasvasaga solmaslik uchun o‘sha go‘shtni yemanglar*. Go‘sht yeyish siz uchun gunoh bo‘lmasa ham, o‘sha odam uchun gunoh, u go‘shtni yesa, vijdoni qiynaladi. Ammo men bu go‘shtni yemasam ham erkinligim cheklanib qolmaydi. 30 Agar men Xudoga shukrona aytib ovqatni tanovul qilsam, o‘sha ovqatni yeganim uchun malomatga qolmayman.

31 Shunday qilib, yeysizlarmi, ichasizlarmi, nimaiki qilsangiz ham, hammasini Xudoni ulug‘lash uchun qilinglar. 32 Yahudiylaru g‘ayriyahudiylarni, Xudoni biladiganu bilmaydiganlarni o‘ylab ish tuting. 33 Men ham o‘z manfaatimni emas, boshqalarning manfaatini ko‘zlayapman, ular najot topsin deb, turli yo‘llar bilan hammaning ko‘nglini topishga harakat qilyapman.

11–BOB

1 Men Masihdan o‘rnak olganim kabi, sizlar ham mendan o‘rnak olinglar.

Bosh yopinchiqlari haqida

2 Doim meni eslab turganlaringiz va men sizlarga o‘rgatgan urf–odatlarga amal qilayotganlaringiz uchun sizlarni maqtasam arziydi. 3 Lekin bilinglarki, ayol erkakdan yaratilgan, har bir erkakning hayot manbayi Masihdir, Masihning hayot manbayi esa Xudodir. 4 Boshini yopib ibodat qilgan yoki shu holda boshqalarga Xudoning so‘zini yetkazgan har bir erkak Masihni sharmanda qilgan bo‘ladi–ku! 5 Ayol kishi boshiga hech narsa o‘ramay ibodat qilsa yoki Xudoning so‘zini gapirsa, erkaklarga isnod keltiradi, axir, boshini yopmaslik sochini qirib tashlash bilan barobar–ku! 6 Agar ayol kishi boshiga biror narsa o‘rashni xohlamasa, mayli, sochini kesib tashlayversin. Agar kalta soch va qirilgan bosh ayol kishining sharmanda ekanligini ko‘rsatsa, ayollar boshlariga ro‘mol o‘rasinlar.

7 Erkak kishi boshini yopmasligi kerak, chunki u Xudoning suratida yaratilgan va Uning ulug‘vorligini aks ettiradi. Ayol kishi esa erkak kishining ulug‘vorligini aks ettiradi. 8 Axir, erkak ayoldan emas, balki ayol erkakdan yaratilgan. 9 Erkak ayol kishi uchun emas, balki ayol erkak uchun yaratilgan.

10 Sizlarga shuni aytmoqchiman: ayol kishi boshiga biror narsa o‘raydimi yoki yo‘qmi, bu haqda o‘zi qaror qilishga haqi bor. Axir, erkaklar qatori, ular ham farishtalarni hukm qiladilar–ku!* 11 Holbuki, Rabbimiz Isoga tegishli bo‘lganlar orasida ayol kishi erkakdan mustaqil emas, erkak kishi esa ayoldan mustaqil emas. 12 Ayol kishi erkakdan yaratilgani to‘g‘ri, lekin o‘sha paytdan beri har bir erkak ayol kishidan tug‘ilgan. Aslida esa butun borliqning manbayi Xudodir. 13 O‘zingiz o‘ylab ko‘ring–chi, ayol kishi boshini yopmay Xudoga ibodat qilishi to‘g‘rimi? 14 Erkak kishining sochlari uzun bo‘lsa, bu erkak uchun sharmandalik ekanligini tabiatning o‘zi o‘rgatadi–ku!

15 Xuddi shunga o‘xshab, ayol kishining sochi uzun bo‘lsa, bu ayol kishi uchun sharaf emasmi?! Axir, uzun soch boshiga ro‘mol o‘rash kerakligini ko‘rsatadi. 16 Agar birortasi bu masaladagi yo‘l–yo‘riqlarim haqida bahslashmoqchi bo‘lsa, bilsinki, Xudoning jamoatlarida biz aytib o‘tganlardan boshqa urf–odatlar yo‘q.

Rabbimiz Isoni xotirlash haqidagi yo‘l–yo‘riqlar

17 Quyidagi masalalarga kelganda esa sizlarni maqtay olmayman. Yig‘ilishlaringiz* foydadan ko‘ra, ko‘proq zarar keltirayotgan ekan. 18 Avvalo, siz — imonlilar birga yig‘ilganingizda har xil guruhlarga bo‘linar ekansiz, bunga qisman bo‘lsa ham ishonaman. 19 To‘g‘ri, kelishmovchiliklarning oldini olib bo‘lmaydi. Axir, kelishmovchilik bo‘lgandagina orangizda kim to‘g‘ri fikr qilayotgani bilinadi.

20 Sizlar birga yig‘ilganingizda hech ham Rabbimiz Isoni xotirlayotganga o‘xshamaysiz. 21 Chunki hamma o‘zi olib kelgan ovqatini o‘zi tanovul qilayotgan ekan. Shunday qilib, ba’zilar och qolayotgan ekan, ba’zilar esa mast bo‘lib qolayotgan ekan.

22 Nahotki yeyish va ichish uchun uylaringiz bo‘lmasa?! Yoki Xudoning jamoatini pisand qilmay, yo‘qsillarni xijolatda qoldirmoqchimisizlar? Sizlarga yana nima aytayin? Sizlarni maqtaymi? Yo‘q, sizlarni bu xususda maqtamayman.

23 Men sizlarga bergan yo‘l–yo‘riqlarni Rabbimiz Isodan o‘rganganman. Rabbimiz Iso

xoinlarcha tutib berilgan kechada qo‘liga non oldi–da, 24 shukrona duosini aytib, sindirdi

va shunday dedi*: “Bu non Mening tanamni bildiradi. Tanam sizlar uchun fido bo‘ladi. Birgalikda non sindirib yeganingizda Meni xotirlanglar.” 25 Ovqatlanib bo‘lganlaridan keyin, Iso yana shukrona aytib, sharob quyilgan kosani oldi–da, shunday dedi: “Bu kosa Xudoning yangi ahdini bildiradi. Bu ahd sizlar uchun to‘kiladigan qonim evaziga kuchga kiradi. Birgalikda kosadan sharob ichganingizda Meni xotirlanglar.” 26 Har safar birgalikda shu tarzda non yeb, sharob ichar ekansiz, Rabbimiz kelguniga qadar Uning o‘limini e’lon qilayotgan bo‘lasizlar.

27 Shunday qilib, kimda–kim Rabbimizning yo‘lida yurganlarga nomunosib ravishda bu nondan yesa yoki Rabbimizning kosasidan ichsa, Rabbimizning tanasi va qoniga qarshi gunoh qilgan bo‘ladi. 28 Shuning uchun har bir kishi o‘zini o‘zi tekshirib ko‘rsin, shundan so‘nggina nondan yesin va sharobdan ichsin. 29 Rabbimizning tanasini pisand qilmasdan* yeb–ichgan odam o‘zini o‘zi mahkum qilgan bo‘ladi. 30 Mana shu sababdan ko‘plaringiz zaif va xastasizlar, hatto ba’zilar o‘lib ketgan. 31 Agar o‘zimizni o‘zimiz yaxshilab tekshirganimizda edi, mahkum bo‘lmas edik. 32 Dunyo bilan birga mahkum bo‘lmasligimiz uchun Rabbimiz Iso bizni hukm qilib, adabimizni beryapti. 33 Shuning uchun, birodarlarim, Rabbimizni xotirlash niyatida birgalikda yeb–ichish uchun yig‘ilganingizda, bir–biringizni kutib turinglar. 34 Agar biror kishi och bo‘lsa, o‘z uyida ovqat yeb kelsin. Shunda yig‘ilishingizdagi xulq–atvoringiz sizlarni mahkum qilmaydi. Qolgan masalalar haqida oldingizga borganimdan keyin yo‘l–yo‘riq ko‘rsataman.


12–BOB

Muqaddas Ruh beradigan in’omlar haqida

1 Ey birodarlarim, endi Muqaddas Ruh beradigan in’omlar masalasiga kelsak, bu haqda to‘liq tushunchaga ega bo‘lishingizni xohlayman. 2 Esingizdami, sizlar Xudosiz bo‘lgan paytlaringizda yo‘ldan ozib, soqov butlarga sajda qilar edingiz. 3 Shuning uchun quyidagilarni bilishingizni xohlayman. Xudoning Ruhidan ilhom olayotgan hech kim Isoni la’natlamaydi, shuningdek, hech kim Muqaddas Ruhning ilhomisiz Isoni Rabbim deb ayta olmaydi.

4 Ruh beradigan in’omlar har xildir, ammo Ruh birdir. 5 Xizmat qilish yo‘llari har xildir, Rabbimiz Iso esa birdir. 6 To‘g‘ri, xizmatlar har xildir, lekin har bir insonga bu xizmatlarni bajarish qobiliyatini berayotgan Xudo birdir.

7 Umumiy manfaat uchun Muqaddas Ruh har kimda o‘ziga xos ravishda namoyon bo‘ladi. 8 Bir odamga Ruh orqali donolik bilan gapirish qobiliyati beriladi, boshqa birovga esa xuddi shu Ruh orqali ilm–ma’rifatga to‘la so‘zlarni gapirish qobiliyati beriladi. 9 O‘sha Ruh orqali kimgadir kuchli bir imon beriladi, boshqa birovga esa shifo berish in’omi beriladi. 10 Ba’zilarga mo‘jizalar ko‘rsatish qobiliyati, boshqalarga Xudoning so‘zini yetkazish in’omi berilgan. Yana boshqalarga esa ruhlarning farqiga borish in’omi berilgan. Kimgadir noma’lum tillarda gapirish in’omi berilgan bo‘lsa, boshqalarga bu tillarni ta’bir qilish in’omi berilgan. 11 Bularning hammasini Muqaddas Ruh bajo qiladi. Har bir insonga Ruhning O‘zi loyiq ko‘rgan in’omni ato qiladi.

Tana bir, tana a’zolari esa ko‘p

12 Tana bir bo‘lsa–da, uning a’zolari ko‘p. Xuddi shuningdek, tana a’zolari ko‘p bo‘lsa– da, ularning hammasi bir tanani tashkil qiladi. Masihning tanasi, ya’ni jamoat ham shundaydir. 13 Axir, biz hammamiz — yahudiylaru yunonlar*, qullaru ozod bo‘lganlar,

bir tana bo‘lishimiz uchun bir Muqaddas Ruhga cho‘mdirildik. Hammamiz o‘sha bir Ruhga to‘lib–toshganmiz. 14 Zotan, badan bir a’zodan emas, balki ko‘p a’zolardan iborat. 15 Oyoq: “Men qo‘l emasman, shuning uchun tanaga tegishli emasman” degani bilan tanaga tegishli bo‘lmay qolmaydi–ku! 16 Quloq ham: “Men ko‘z emasman, shuning uchun tanaga tegishli emasman” degani bilan tanaga tegishli bo‘lmay qolmaydi–ku! 17 Axir, butun tana ko‘z bo‘lsa, qanday qilib eshitadi? Agar butun tana quloq bo‘lsa, qanday qilib hidlay oladi? 18 Axir, Xudo tana a’zolarining har birini O‘zi xohlagan joyiga qo‘ygan.

19 Agar ularning hammasi birgina a’zo bo‘lganda, tana bo‘larmidi?!

20 Shunday qilib, tana a’zolari ko‘p, lekin tana birdir. 21 Ko‘z qo‘lga: “Sen menga kerak emassan”, deb ayta olmaydi, bosh ham oyoqlarga: “Sizlar menga kerak emassizlar”, deya olmaydi–ku! 22 Aksincha, ojiz tuyulgan tana a’zolari eng kerakli a’zolardir. 23 Biz tanamizning uyatli hisoblangan a’zolariga e’tibor berib, ularni yopib yuramiz. Ko‘rimsiz tuyulgan tana a’zolarimizga diqqat–e’tibor qilamiz. 24 Uyatli bo‘lmagan tana a’zolarimizga bunday e’tibor berishimizning hojati yo‘q. Xudo tanamizni shunday yaratganki, hurmat–e’tiborsiz a’zolarga ko‘proq izzat–e’tibor beriladi. 25 Shunday qilib, tana a’zolari orasida kelishmovchilik bo‘lmaydi, balki barcha a’zolar bir–biriga g‘amxo‘rlik qiladi. 26 Agar bir a’zo azob cheksa, qolgan barcha tana a’zolari u bilan birga azob chekadi. Agar bir a’zo yuksalsa, qolgan barcha a’zolar u bilan birga sevinadi.

27 Endi sizlar Masihning tanasisizlar, har biringiz tananing alohida bir a’zosisiz.

28 Shu tariqa, Xudo imonlilar jamoatiga, birinchidan, havoriylarni, ikkinchidan, payg‘ambarlarni, uchinchidan, muallimlarni tayinlab berdi. Keyin ba’zilarga mo‘jiza ko‘rsatish qobiliyatini, boshqalarga esa shifo berish in’omini, yana boshqalarga yordam berish, boshqarish, noma’lum tillarda gapirish qobiliyatlarini ato qildi. 29 Hamma havoriymi?! Hamma ham Xudoning so‘zlarini yetkaza oladimi?! Hamma ham muallimmi?! Hamma mo‘jiza ko‘rsatadimi?! 30 Hammada shifo berish in’omi bormi?!

Hamma ham noma’lum tillarda gapirish qobiliyatiga egami?! Hamma ham noma’lum

tillarda aytilganlarni talqin qila oladimi?!

31 Sizlar ulug‘roq in’omlarga ega bo‘lishga intilinglar. Endi sizlarga eng oliy yo‘lni ko‘rsataman.


13–BOB

Sevgi — eng oliy xislat

1 Agar men insonlarning va farishtalarning tillarida gapirsam–u, lekin sevgim bo‘lmasa, jaranglaydigan mis cholg‘u, yangraydigan zil bo‘lib qolaman. 2 Agar menda Xudoning so‘zini yetkazish in’omi bo‘lsa, butun sirlardan voqif bo‘lib, har qanday bilimga ega bo‘lsam, agar tog‘larni ko‘chiradigan imonga ega bo‘lsam–u, lekin sevgim bo‘lmasa, men hech narsaga arzimas inson bo‘lib qolaman. 3 Bor mulkimni muhtojlarga taqsimlab bersam, menga sharaf keltirsin deb, hatto qiynoqlarga rozi bo‘lsam–da*, lekin sevgim bo‘lmasa, bularning menga foydasi yo‘q.

4 Sevgi sabr–toqatli va mehribondir. Sevgi hasad qilmaydi, maqtanmaydi, kekkaymaydi. 5 Sevgi odobsizlik qilmaydi, xudbinlik qilmaydi, achchiqlanmaydi, kek saqlamaydi. 6 Sevgi nohaqlikdan sevinmaydi, aksincha, haqiqat qaror topganda shodlanadi. 7 Sevgi har narsani ko‘taradi, hech qachon ishonchini yo‘qotmaydi, har qanday sharoitda umid saqlaydi, har narsaga toqat qiladi.

8 Xudoning so‘zini yetkazish in’omi ham, noma’lum tillarda gapirish in’omi ham yo‘q bo‘ladi, bilim ham bartaraf bo‘ladi. Sevgi esa aslo ado bo‘lmaydi. 9 Mana, hozir bilimimiz to‘liq emas, Xudoning so‘zini yetkazish qobiliyatimiz ham cheklangan. 10 Kamolot zohir bo‘lganda esa to‘liqsiz narsalar bartaraf bo‘ladi. 11 Bolalik paytlarimda men bola kabi gapirardim, bola kabi fikr qilardim, bola kabi mulohaza qilar edim. Voyaga yetgach, bolalikni tashladim. 12 Shu singari, biz hozir xira oyna orqali ko‘rganday bo‘lyapmiz, ammo vaqti kelganda aniq ko‘ramiz. Hozirgi bilganlarim to‘liq emas. O‘sha paytda esa Xudo meni to‘liq bilgani kabi men ham hamma narsani to‘liq tushunaman.

13 Mana bu uch narsa bor: ishonch, umid va sevgi. Sevgi esa eng a’losidir.


14–BOB

Muqaddas Ruh ato qiladigan in’omlardan foydalanish

1 Sevgining payida bo‘linglar, shuningdek, Muqaddas Ruh beradigan in’omlarni olishga, ayniqsa insonlarga Xudoning so‘zini yetkazishga intilinglar. 2 Kim noma’lum tilda gapirsa, insonlarga emas, Xudoga gapiradi, chunki uni hech kim tushunmaydi. U Ruhdan ilhomlanib, sirlarni gapiradi. 3 Xudoning so‘zini yetkazadiganlar esa odamlarni imonda mahkam turishga undaydilar, ularga dalda beradilar, yupatadilar. 4 Odam noma’lum tilda gapirganda, faqatgina o‘zining imonini mustahkamlaydi. Xudoning so‘zini odamlarga yetkazadigan inson esa butun jamoatning imonini mustahkamlaydi. 5 Hammangiz ham noma’lum tillarda gapirishingizni istayman, lekin boshqalarga Xudoning so‘zini yetkazadigan inson bo‘lishingizni undan ham ko‘proq xohlayman.

Chunki Xudoning so‘zini aytish odamlarga ko‘proq foyda keltiradi, lekin noma’lum tilda gapirganning so‘zlari talqin qilinsa, bu ham jamoatning imonini mustahkamlaydi.

6 Xo‘sh, birodarlarim, men sizlarning oldingizga kelib, noma’lum tilda gapirsam–da, lekin aytganlarim sizlarga hech qanday tushuncha, bilim bermasa, Xudoning so‘zini yetkazmasa va yo‘l–yo‘riq ko‘rsatmasa, men sizlarga qanday foyda keltirgan bo‘laman? 7 Hatto jonsiz cholg‘u asboblari ham, masalan, nay yoki chang, farqli bir sado chiqarmasa, nay yoki changda qanday musiqa chalinayotganini odam qayerdan biladi? 8 Agar burg‘u noaniq bir sado bersa, kim jangga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaydi?

9 Shunga o‘xshab, agar sizlarning gapingiz tushunarsiz bo‘lsa, tinglovchilaringiz nima gapirganingizni qanday bilib oladilar? Sizlar havoga gapirganday bo‘lasizlar.

10 Dunyoda tillar ko‘p va xilma–xildir, ulardan birortasi ham ma’nosiz emas. 11 Agar men biror tilni tushunmasam, u tilda gapirayotgan odam uchun men ajnabiyman, u ham men uchun ajnabiydir. 12 Modomiki, sizlar Ruh beradigan in’omlarga ega bo‘lishga intilayotgan ekansizlar, butun jamoatning imonini mustahkamlaydigan in’omga boy bo‘lish payida bo‘linglar. 13 Shuning uchun noma’lum tilda gapirgan odam o‘zining aytganlarini talqin qilish qobiliyatini olish uchun ham ibodat qilsin. 14 Agar men noma’lum tilda ibodat qilsam, ruhim ibodat qiladi, ongim esa bunda ishtirok etmaydi.

15 Xo‘p, bundan qanday xulosa chiqaraman? Ruhim bilan ibodat qilaman, ongim bilan ham ibodat qilaman. Ruhim bilan hamdu sano aytaman, ongim bilan ham hamdu sano aytaman. 16 Aks holda, agar sen ruhing bilan noma’lum tilda hamdu sano aytsang, atrofdagilar qanday qilib sening shukrona ibodatingga qo‘shilib “omin” deb ayta oladi? Ular sening aytayotganlaringni tushunmaydi–ku! 17 Shu tarzda shukrona aytganing yaxshi, lekin bu atrofdagilarning imonini mustahkamlamaydi–ku! 18 Xudoga shukurki,

noma’lum tillarda men hammangizdan ham ko‘proq gapiraman. 19 Imonlilar jamoatida esa noma’lum tilda minglab so‘zlarni gapirgandan ko‘ra, boshqalarga nasihat qilish uchun tushunarli beshtagina so‘z aytishni afzal bilaman.

20 Ey birodarlarim, yosh bolalarday fikr qilmanglar. Aksincha, yomonlikka kelganda chaqaloqdek bo‘lib, aql–idrokka kelganda esa yetuk insonlar bo‘linglar. 21 Muqaddas bitiklarda* quyidagiday yozilgan:


“Egamiz shunday demoqda:

«Men bu xalqqa o‘zga tillarda,

Begona xalqlarning og‘zi orqali gapiraman,

Ammo shunda ham ular Menga quloq solmaydilar.»”*


22 Demak, noma’lum tillar imonlilar uchun emas, balki imonsizlar uchun alomatdir.

Xudoning so‘zini yetkazish in’omi esa imonsizlar uchun emas, imonlilar uchun alomatdir. 23 Agar imonlilar jamoati bir joyda yig‘ilib, hammasi noma’lum tillarda gapirayotgan bo‘lishsa, u yerda bundan bexabar bo‘lganlar, ya’ni imonsizlar bo‘lsa, ular: “Bular jinni bo‘lib qolibdi”, deb aytmaydimi?! 24 Ammo hamma Xudoning so‘zini tushunarli ravishda boshqalarga yetkazib berayotgan bo‘lsa, u yerdagi imonsiz odam ularning aytganlarini eshitadi. Shundan keyin yuragini tekshirib ko‘radi–da, gunohkor ekanligiga amin bo‘ladi. 25 Uning yuragidagi sirlari fosh bo‘ladi. Shunda u muk tushib: “Chindan ham Xudo sizlar bilan ekan”, deydi–da, Xudoga sajda qiladi.

Jamoat yig‘ilishlaridagi tartib–qoida

26 Endi, birodarlar, bundan qanday xulosa chiqaramiz? Birga yig‘ilganingizda, ba’zilar sano aytadi, ba’zilar ta’lim beradi, ba’zilar Xudoning so‘zini boshqalarga yetkazadi, ba’zilar noma’lum tillarda gapiradi, yana ba’zilar esa ularning aytganlarini talqin qiladi. Bularning hammasini imonlilar jamoatining imonini mustahkamlash niyatida qilsinlar. 27 Agar ba’zilar noma’lum tillarda gapirmoqchi bo‘lsa, ikki kishi, eng ko‘pi bilan uch kishi navbat bilan gapirsin, ularning aytganlari talqin qilinsin. 28 Agar ta’bir qiluvchi bo‘lmasa, noma’lum tilda gapirayotgan odam jamoatda sukut saqlab, o‘ziga va Xudoga gapirsin.

29 Shuningdek, ikki yoki uchta odam boshqalarga Xudoning so‘zini yetkazsin, qolganlar esa aytilganlarga baho bersinlar. 30 O‘tirganlardan biriga Xudoning so‘zi kelsa, o‘sha paytda gapirayotgan odam jim bo‘lsin. 31 Shunda hamma birin–ketin Xudoning so‘zini boshqalarga yetkaza oladi, toki hamma ta’lim va dalda olsin. 32 Xudoning xabarini yetkazayotganda inson o‘z ruhini boshqara oladi. 33 Axir, Xudo tartibsizlik Xudosi emas, balki tinchlik Xudosidir. Barcha jamoatlarda, Xudoning aziz xalqi orasida bu namoyon bo‘lib turibdi.

34 Jamoatda ayollar sukut saqlasin. Axir, ularga gapirish uchun ijozat berilmagan, Muqaddas bitiklarda yozilganiday, ular itoatkor bo‘lishlari kerak. 35 Agar ular biror narsani bilmoqchi bo‘lsalar, uyda o‘z erlaridan so‘rasinlar. Imonlilar jamoatida ayol kishining gapirishi adabsizlikdir.

36 Ey Korinflik birodarlar, Xudoning so‘zi sizdan kelib chiqqanmi?! Nahotki u faqatgina sizlarga yetib borgan bo‘lsa?! 37 Agar biror kishi: “Menda Xudoning so‘zini yetkazish in’omi bor” yoki “Ruhdan maxsus bir in’om olganman”, deb o‘ylasa, mening yozganlarim Rabbimiz Isoning amri ekanligini e’tirof etsin. 38 Ammo ular buni tan

olmasalar, ularga e’tibor bermanglar.

39 Shunday ekan, birodarlarim, boshqalarga Xudoning so‘zini yetkazishga intilinglar, boshqalarning noma’lum tillarda gapirishiga to‘sqinlik qilmanglar. 40 Faqat hammasi odob va tartib bilan qilinsin.


15–BOB

Iso Masih o‘likdan tirilgani haqida

1 Birodarlarim, men o‘zim sizlarga yetkazgan Xushxabarning mohiyatini yana bir bor eslatib o‘tmoqchiman. Sizlar bu Xushxabarni qabul qildingiz, u imoningizning asosidir.

2 O‘sha Xushxabar orqali najot topasiz, ammo sizlar men aytgan o‘sha Xushxabar orqali yetishgan imoningizda mahkam turishingiz kerak, aks holda, imoningiz bekor bo‘ladi.

3 Menga berilgan eng muhim ta’limotni sizlarga yetkazdim. Bu ta’limot

quyidagichadir: Muqaddas bitiklarga muvofiq*, Masih gunohlarimiz uchun o‘lgan.

4 Keyin U dafn qilindi, uchinchi kuni esa tirildi. Bularning hammasi Muqaddas bitiklarga muvofiq sodir bo‘ldi. 5 Avval U Butrusga*, so‘ngra o‘n ikki shogirdiga ko‘rindi. 6 Undan keyin bir vaqtning o‘zida besh yuzdan ko‘proq birodarlarga ko‘rindi. Ularning aksariyati hozirga qadar tirik, ba’zilari esa dunyodan ko‘z yumib ketganlar. 7 Undan so‘ng Masih Yoqubga* va qolgan barcha havoriylarga ko‘rindi. 8 Men rivojlanmay qolgan bir homiladay bo‘lsam–da, nihoyat menga ham ko‘rindi*.

9 Axir, men havoriylarning eng arzimasiman, havoriy deb atalishga ham loyiq emasman, chunki men Xudoning jamoatini quvg‘in qilardim. 10 Ammo Xudoning inoyati tufayli endi havoriyman. Uning menga ko‘rsatgan inoyati zoye ketmadi, zero, men havoriylarning hammasidan ham ko‘proq mehnat qildim. Lekin aslida mehnat qilgan men emas, balki Xudoning inoyatidir. 11 Sizlar Xushxabarni mendan eshitdingizmi yoki boshqalardanmi, farqi yo‘q, chunki biz bir Xushxabarni va’z qilamiz, sizlar esa o‘sha Xushxabarga ishongansiz.

O‘likdan tirilish haqida

12 Masih o‘likdan tirilgan, deb va’z qilinayotgan ekan, qanday qilib ba’zilaringiz, o‘likdan tirilish degan narsa yo‘q, deb aytyapsizlar?! 13 Axir, o‘likdan tirilish bo‘lmasa, Masih ham tirilmagan ekan–da! 14 Masih tirilmagan bo‘lsa, Xushxabarni va’z qilishimiz bekor, sizlarning imoningiz ham bekor. 15 Agar rostdan ham o‘liklar tirilmasa va Masihni Xudo tiriltirmagan bo‘lsa, bunday holda, biz Xudo haqida yolg‘on shohidlik bergan bo‘lamiz, chunki biz: “Xudo Masihni tiriltirdi”, deb shahodat berib yuribmiz. 16 O‘liklar tirilmas ekan, Masih ham tirilmagan bo‘ladi. 17 Agar Masih tirilmagan bo‘lsa, sizlarning imoningiz behuda, sizlar hali ham gunohga botganingizcha yuribsizlar. 18 Shunday bo‘lsa, Masihga ishongan holda hayotdan ko‘z yumganlar butunlay halok bo‘lib ketibdilar–da! 19 Agar biz yolg‘iz bu hayot uchun Masihga umid bog‘lagan bo‘lsak, eng baxtsiz insonlar ekanmiz.

20 Vaholanki, Masih haqiqatan ham tirildi! U birinchi bo‘lib tirildi, shu tariqa o‘likdan tiriladiganlarning orasida hosilning ilk samarasiday bo‘ldi. 21 O‘lim bir inson orqali dunyoga kirdi. Shunga o‘xshab, o‘liklarning tirilishi ham bir Inson orqali sodir bo‘ladi.

22 Axir, bu dunyoga o‘lim Odam Ato tufayli kirib keldi, endi Iso Masih orqali hamma tiriladi. 23 Hamma narsa o‘z navbati bilan sodir bo‘ladi: mana, Masih birinchi bo‘lib tirildi, Masih kelganda esa Unga tegishli bo‘lganlar tiriladi. 24 Shundan so‘ng Masih har

qanday hokimiyatni, hukmronlik va qudratni barbod qilib, saltanatni samoviy Ota — Xudoga topshirganda oxirat bo‘ladi.

25 Masihning hamma dushmanlari Uning oyoqlari ostiga poyandoz qilinmaguncha, U hukmronlik qilishi kerak. 26 Shunda oxirgi dushman — o‘lim ham barham topadi. 27 Axir, Muqaddas bitiklarga ko‘ra, Xudo hamma narsani Masihga tobe qilib, Uning oyoqlari ostiga tashlagan*. Garchi shunday bo‘lsa–da, borliqni Unga tobe qilgan Xudo bundan istisnodir. 28 Xudo hamma narsani Masihga tobe qilgandan keyin, O‘g‘il ham Xudoga tobe bo‘ladi, toki Xudo borliq ustidan butunlay hukmron bo‘lsin.

29 Ba’zilaringiz o‘lganlar uchun suvga cho‘mdirilayotgan ekansiz*. O‘liklar tirilmas ekan, ularning o‘rniga cho‘mdirilishning qanday foydasi bor? 30 Xo‘sh, nima uchun bizlar har daqiqa o‘z hayotimizni xavf–xatar ostiga qo‘yyapmiz? 31 Har kuni o‘limga ro‘baro‘ bo‘layotganim rost! Birodarlarim, Rabbimiz Iso Masih sizlarning hayotingizda qilayotgan ishlaridan faxrlanayotganim chin bo‘lganiday, aytayotgan gaplarimda ham biror yolg‘on yo‘q. 32 Agar faqatgina bu dunyoga umid bog‘lagan bo‘lsam, nima uchun Efes shahrida hayotimni xavf ostiga qo‘ydim?!* Agar o‘liklar tirilmas ekan, unda “kelinglar, yeb–ichib qolaylik, erta–indin o‘lib ketamiz–ku”* deyish o‘rinli bo‘lmaydimi?! 33 Lekin adashmanglar, axir, “yomon ulfatlar yaxshi axloqni buzadi”, deyishadi–ku!

34 Ko‘zlaringizni ochib, o‘zingizga kelinglar! Bas endi, gunoh qilavermanglar. Ko‘rinib turibdiki, ba’zilaringiz Xudoni bilmaysizlar. Sizlarni uyaltiray deb, bularni aytyapman.

Tirilgan tananing xususiyatlari

35 Ehtimol, biror kishi: “O‘liklar qanday qilib tirilarkan? Ularning tanalari qanaqa bo‘larkan?” deb so‘rar. 36 Qanday ahmoqona savol–a bu! Axir, ekilgan urug‘ o‘lmasa, o‘simlik o‘sib chiqmaydi–ku! 37 Bug‘doy bo‘ladimi yoki boshqa biror narsami, ekin ekkaningda, o‘sib chiqadigan o‘simlikni emas, uning urug‘ini ekasan–ku! 38 Xudo uruqqa O‘zi istagan bir jismni bag‘ishlaydi, har bir urug‘dan alohida bir jismni hosil qiladi.

39 Ko‘rib turibmizki, jonzotlarning ham tanalari har xil, insonlarniki boshqacha, hayvonlarniki boshqacha, qushlarniki boshqacha, baliqlarniki boshqacha. 40 Samoviy va dunyoviy jismlar ham bor. Lekin samoviy jismlarning ko‘rki boshqa, dunyoviylarniki boshqa. 41 Quyoshning ko‘rki boshqa, oyning ko‘rki boshqa hamda yulduzlarning ko‘rki boshqa. Axir, yulduzlar ham o‘z ko‘rkiga yarasha bir–biridan farq qiladi.

42 O‘liklarning tirilish jarayoni ham quyidagiga o‘xshaydi: ekilgan urug‘dan o‘simlik o‘sib chiqqanday, o‘ladigan tanamiz o‘lmaydigan bo‘lib tiriladi. 43 Hozirgi ojiz va xor bo‘lgan tanamiz, qudratu ulug‘vorlikka to‘la ravishda tiriladi. 44 Hozirgi tanamiz moddiy bir jism bo‘lsa, tiriladigan tanamiz ruhiy bir tana bo‘ladi. Axir, moddiy tana bor ekan, ruhiy tana ham bor–da! 45 Muqaddas bitiklarda yozilgani bo‘yicha: “Birinchi odam — Odam Ato tirik jon bo‘ldi.”* Oxirgi Odam Ato, ya’ni Iso Masih esa hayotbaxsh ruh bo‘ldi.

46 Mana shundan ko‘rinib turibdiki, ruhiy tana emas, moddiy tana birinchi kelgan. Moddiy tana o‘tib ketgandan keyingina, ruhiy tana keladi. 47 Birinchi odamning tanasi moddiy jismdir, u tuproqdan yaratilgan, ikkinchi Odam, ya’ni Masih esa samoviydir. 48 Tuproqdan yaratilgan ilk odam qanday bo‘lsa, qolgan hamma odamlar ham shundaydir. Samoviy Odam, ya’ni Masih qanday bo‘lsa, samodagilar ham xuddi Unga o‘xshaydilar. 49 Biz tuproqdan yaratilgan odamga o‘xshar ekanmiz, bir kun kelib, samoviy Odamga ham o‘xshagan bo‘lamiz.

50 Ey birodarlar! Sizlarga quyidagilarni aytmoqchiman: qon va etdan iborat bo‘lgan

tanalarimiz Xudoning Shohligidan bahramand bo‘la olmaydi. Bu foniy tana mangu hayotga ega bo‘la olmaydi. 51 Men sizlarga bir sirni bildirmoqchiman: biz hammamiz ham o‘lmaymiz, ammo hammamiz o‘zgaramiz. 52 To‘satdan, ko‘z ochib yumguncha, oxirzamon karnayi chalinganda o‘zgaramiz. Ha, karnay chalinadi va shu onda marhumlar hech o‘lmaydigan bo‘lib tiriladilar. Shunda biz ham o‘zgaramiz. 53 Chunki bizning o‘ladigan tanamiz o‘lmaydigan tanaga, foniy tanamiz mangu tanaga aylanishi kerak. 54 O‘ladigan tanamiz o‘lmaydigan tanaga, bu foniy tanamiz mangu tanaga aylanganda, Muqaddas bitiklarda yozilgan quyidagi so‘zlar amalga oshadi:


“O‘lim yengilib, yo‘q bo‘ldi.

55 Ey o‘lim, sening zafaring qayerda?! Ey o‘lim, sening nishing qayerda?!”*


56 O‘limning nishi gunohdir. Gunohning quvvati esa qonundan kelib chiqdi. 57 Xudoga

shukurlar bo‘lsin! U Rabbimiz Iso Masih orqali bizga g‘alaba ato qilgan.

58 Shuning uchun, ey aziz birodarlarim, hech ikkilanmay, imoningizda mahkam turinglar. Hamisha Rabbimiz Isoga xizmat qilishga bag‘ishlanib, yanada g‘ayratli bo‘linglar. Axir, Rabbimiz yo‘lida qilgan mehnatingiz samarasiz qolmasligini bilasizlar– ku!


16–BOB

Quddusdagi jamoat uchun mablag‘ yig‘ish haqida

1 Endi Xudoyimizning Quddusdagi azizlariga moddiy mablag‘ to‘plash* masalasiga kelsak, sizlar ham Galatiya hududidagi jamoatlarga bergan yo‘l–yo‘riqlarimga amal qilinglar. 2 Har yakshanba kuni har bir odam qo‘lidan kelganicha bir miqdor pulni olib qo‘ysin, toki oldingizga borganimda pul yig‘ishga hojat bo‘lmasin. 3 Borganimdan keyin, ehsonlaringizni imonlilarga topshirsin deb, o‘zingiz munosib ko‘rgan kishilarni Quddusga jo‘nataman. Ularning har birini tanishtirib, maktub yozib beraman. 4 Agar borishga imkon bo‘lsa, o‘zim ham ular bilan birga boraman.

Pavlusning rejalari va yo‘l–yo‘riqlari

5 Makedoniyadan o‘tish niyatim bor. Shundan keyin sizlarning oldingizga boraman.

6 Sizlar bilan birmuncha vaqt bo‘laman, deb o‘ylayman, balki hatto qishni ham sizlar bilan o‘tkazarman. Undan keyin qayerga bormoqchi bo‘lsam ham, sizlarning yordamingiz bilan safarimni yana davom ettiraman. 7 Axir, sizlarni faqatgina yo‘l– yo‘lakay ko‘rishni istamayman, Rabbimiz Iso xohlasa, sizlar bilan ko‘proq vaqt o‘tkazaman, deb umid qilaman. 8 Lekin Hosil bayramiga* qadar Efes shahrida qolaman. 9 Chunki bu yerda menga qarshi chiqqanlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, ta’sirchan faoliyat ko‘rsatishim uchun yo‘l ochildi.

10 Timo‘tiy* oldingizga borganda unga g‘amxo‘rlik qilinglar, u orangizda xotirjam yursin, chunki u ham menga o‘xshab Rabbimiz Iso xizmati bilan mashg‘ul. 11 Hech kim unga past nazar bilan qaramasin. Timo‘tiy mening oldimga qaytib kelayotganda, uni eson–omon kuzatib yuboringlar. Uning birodarlar bilan birga kelishini kutib turibman.

12 Birodarimiz Apollosga* kelsak, uni birodarlarga qo‘shilib sizlarning oldingizga borishga ko‘p undadim, lekin uning hozir hech borgisi yo‘q. Imkoni bo‘lsa keyinroq

borar ekan.

13 Hushyor bo‘linglar, imonda mahkam turib, jasoratli va kuchli bo‘linglar. 14 Hamma narsani mehr–muhabbat bilan qilinglar. 15 Birodarlar, Stefanasning xonadonini bilasizlar. Ular Axaya viloyatida* birinchi bo‘lib Masihga imon keltirgan va o‘zlarini Xudoning aziz xalqiga xizmat qilishga bag‘ishlaganlar. Sizlardan bir iltimosim bor:

16 bunday insonlarni va ular bilan birga berilib xizmat qilayotganlarni hurmat qilib, ularning aytganlarini qilinglar. 17 Stefanas, Fortunatus va Axaykusning kelganidan xursand bo‘ldim, ular sizlarning yo‘qligingizni bildirmadi. 18 Ular sizlarning ruhingizni ko‘targandek, mening ham ruhimni ko‘tardilar. Bunday insonlarni qadrlanglar.

So‘nggi salomlar

19 Asiya viloyatidagi jamoatlar sizlarga salom yo‘llayaptilar. Akil bilan Priskilla* va ularning uyida yig‘iladigan jamoat ham sizlarga — Rabbimiz Isoning yo‘lidagi hamkorlariga otashin salom aytyapti. 20 Hamma birodarlarimiz salom aytyaptilar. Bir– biringiz bilan o‘pishib ko‘rishinglar.

21 Men, Pavlus, mana shu maktubning yakunini o‘z qo‘lim bilan yozyapman*. 22 Kimki Rabbimiz Isoni yaxshi ko‘rmasa, u la’nati bo‘lsin! Ey Rabbimiz, kelgin!* 23 Rabbimiz Isoning inoyati sizlarga yor bo‘lsin. 24 Sizlarni yaxshi ko‘raman, chunki hammamiz Iso Masihga tegishlimiz*.

IZOHLAR

1:1 Sostenis — Havoriylar 18:17 da aytib o‘tilgan kishi bo‘lishi mumkin.

1:11 opamiz — ularning tug‘ishgan opasi emas, imonli ayollarga shunday murojaat

qilingan.

1:12 Apollos — Havoriylar 18:24-19:1 ga qarang.

1:12 Butrus — yunoncha matnda Kifas, Butrusning oramiycha ismi (Yuhanno 1:42 ga qarang).

1:19 Muallif bu o‘rinda Ishayo 29:14 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

1:23 xochga mixlangan Masih — Masih unvonini yahudiylar kelajakda ularni dushmanlaridan qutqaradigan va butun yer yuzidagi xalqlar ustidan hukmronlik qiladigan insonga nisbatan ishlatganlar (to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi MASIH so‘ziga qarang). Xochdagi o‘lim eng sharmandali o‘lim edi (to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi XOCH so‘ziga qarang). Yahudiylar yog‘ochga osilgan odamni Xudo la’natlagan deb hisoblashardi (Qonunlar 21:23, Galatiyaliklar

3:13 ga qarang). Mana shu sabablarga ko‘ra, ko‘p yahudiylar (ilgari Pavlusning o‘zi ham) “Isoga va’da qilingan Qutqaruvchi” degan haqiqatni Xudoga shak keltirish deb bilganlar.

G‘ayriyahudiylar uchun esa odamzodning Qutqaruvchisi O‘z dushmanlarining qo‘lida jon bergani, ayniqsa, mana shunday sharmandali holatda o‘lgani umuman aqlga sig‘maydigan hodisa edi.

1:23 g‘ayriyahudiylar — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida yunonlar (shu bobning 24–oyati izohiga qarang).

1:24 g‘ayriyahudiylar — yunoncha matnda yunonlar. O‘sha davrda yunonlar so‘zi nafaqat millati yunon bo‘lgan, balki yunon tilida so‘zlashuvchi, yunon urf–odatlariga rioya qiluvchi odamlarga nisbatan ham ishlatilgan.

1:31 …kim maqtanmoqchi bo‘lsa, Egamizni bilaman, deb maqtansin — Yeremiyo 9:23- 24 ga qarang.

2:1 Xudoning sirli rejasi — yunoncha matndan (yana shu bobning 7-10–oyatlariga qarang). Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida Xudoning shohidligi yoki Xudo to‘g‘risidagi shohidlik.

2:9 Ishayo 64:4 ga qarang.

2:13 …Muqaddas Ruh o‘rgatayotgan so‘zlar bilan ruhiy haqiqatni talqin qilamiz — yoki

…Muqaddas Ruh o‘rgatayotgan so‘zlar bilan gapirib, Muqaddas Ruhga tobe bo‘lganlarga

ruhiy haqiqatni talqin qilamiz.

2:16 Ishayo 40:13 ga qarang.

3:4 Apollos — Havoriylar 18:24-19:1 ga qarang.

3:19 Ayub 5:13 ga qarang.

3:20 Zabur 93:11 ga qarang.

3:22 Butrus — yunoncha matnda Kifas, Butrusning oramiycha ismi (Yuhanno 1:42 ga qarang).

4:6 Apollos — Havoriylar 18:24-19:1 ga qarang.

4:16 …mendan o‘rnak olinglar — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida men

Masihdan o‘rnak olganimdek mendan o‘rnak olinglar.

4:17 sevimli o‘g‘lim Timo‘tiy — Timo‘tiy Pavlusning o‘z o‘g‘li emas edi. U Pavlusning sodiq yordamchisi bo‘lgani uchun Pavlus uni, o‘g‘lim, derdi. Havoriylar 16:1-3, Filippiliklar 2:20-22 ga qarang.

5:5 …uning tanasi halokatga uchrasin… — yoki …uning gunohkorona xulq–atvori yo‘q qilinsin…. Bu o‘rinda ishlatilgan yunoncha so‘z odamning tanasiga yoki uning xudbin istaklariga ishora qilishi mumkin.

5:7 xamirturush — majoziy ma’noda ishlatilgan bo‘lib, odatda boshqalarga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan ta’limotlar va xulq–atvor nazarda tutilgan. Yana Chiqish 12:15, 13:3-10 ga qarang.

5:8 Fisih bayrami — Fisih ziyofatiga va undan keyin yetti kun davomida nishonlanadigan Xamirturushsiz non bayramiga ishora. Bu bayramlar Isroil xalqining Misrdagi qullikdan ozod bo‘lishi munosabati bilan nishonlanar edi (Chiqish 12:1-42, 13:3-10 ga qarang). Pavlus bayramni nishonlash haqida majoziy ma’noda gapiryapti. Bu o‘rinda bayram masihiylarning gunoh qulligidan ozod bo‘lganini va ular Egamizga manzur, pok hayot kechirishlari kerakligini bildiruvchi ramzdir.

5:9 oldingi maktubim — Pavlus oldin ham Korinfliklarga maktub yozgan edi, ammo bu maktub saqlanib qolmagan. Chamasi, Korinfliklar Pavlusning o‘sha maktubdagi jinsiy axloqsiz bo‘lganlar bilan qanday munosabatda bo‘lish haqidagi gaplarini noto‘g‘ri tushunganlar (shu bobning 10–oyatiga qarang).

6:13 “Ovqat qorin uchun, qorin esa ovqat uchun, Xudo ikkalasini ham yo‘q qiladi–ku” — bu jumla Korinfliklar orasida maqol bo‘lib, odamlar oziq–ovqatlar borasida erkin ekanligiga urg‘u bergan. Ular, oziq–ovqatga oid qoidalarga rioya qilmasa ham bo‘ladi, deb hisoblardilar. Pavlus bunga qo‘shilardi. Lekin ba’zi Korinfliklar bu kabi erkinlikni jinsiy hayotiga tatbiq etib, zino qilish mumkin, deb o‘ylashardi. Pavlus esa ularning bu qarashiga mutlaqo qarshi edi.

6:16 Ibtido 2:24 ga qarang.

6:20 …o‘z tanangiz bilan Xudoni ulug‘langlar — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida Xudoga tegishli bo‘lgan tanangiz va ruhingiz bilan Xudoni ulug‘langlar.

7:5 …ibodatga bag‘ishlash… — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida

ibodatga va ro‘za tutishga bag‘ishlash.

7:10 U…Rabbimiz Isodandir: xotin eri bilan ajrashmasin — bu Isoning ajralish haqidagi

ta’limotining xulosasidir (Matto 5:32, 19:3-9, Mark 10:2-12 ga qarang).

7:14 …imonsiz er imonli xotini tufayli poklanadi — Korinfdagi ba’zi imonlilarning tushunchasi bo‘yicha, imonga kelgan odam imonsiz turmush o‘rtog‘i bilan ajrashishi kerak emish, chunki imonsiz turmush o‘rtoq tufayli butun oila Xudoning nazarida nopok hisoblanarmish. Pavlus bunday tushunchani noto‘g‘ri, deb aytadi va masihiylarni o‘zlarining imonsiz eri yoki xotini bilan ajrashmaslikka undaydi. Shu bobdagi 12-14– oyatlarning mohiyati shundaki, Iso Masihga imon keltirgan inson o‘zining imonsiz turmush o‘rtog‘i bilan ajrashmasligi kerak, chunki Xudo bunday nikohni nopok yoki

harom deb hisoblamaydi.

7:18 sunnatli — ya’ni yahudiylar. Sunnat Xudoning Ibrohim va uning avlodi bilan qilgan ahd belgisi edi (Ibtido 17:9-14 ga qarang). Sunnat yahudiylarning Xudoga sodiqligini va Uning tanlagan xalqiga tegishli ekanini ko‘rsatadi.

7:18 sunnatsiz — ya’ni g‘ayriyahudiylar.

7:33-34 …qayg‘uradi. 34…Hozir ersiz bo‘lgan ayollar va erga tegmagan qizlarning ham tashvishi… — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida …qayg‘uradi. Erli xotinlar bilan erga tegmagan qizlar orasida ham farq bor. 34 Ersiz bo‘lgan ayollarning tashvishi….

7:36 Bu gunoh emas — chamasi, Korinf imonlilarining ba’zilari nikohga, umuman erkak va ayol orasidagi jinsiy aloqalarga salbiy qarar edilar (shu bobning 1–oyatiga qarang). Pavlusning fikri bo‘yicha, erkak kishi uylanishni xohlasa, uylanishi kerak. Boshqalarning tazyiqi ostida uylanishdan voz kechmasligi lozim. Yoki shu holatning aksi ham bo‘lishi mumkin. Agar erkak kishi bir umr bo‘ydoq o‘tishni xohlasa, o‘z xohishiga qarab ish tutsin. Ba’zi olimlarning fikri bo‘yicha, shu bobning 36-37–oyatlarida o‘z qaylig‘iga bo‘lgan ehtirosini tiya olmaydigan erkakka ishora qilingan. Bunday erkak tezroq uylanishi kerak. Ammo ehtirosini tiya oladigan erkak bir umr bo‘ydoq o‘tsa ham bo‘ladi.

8:1 Butga keltirilgan qurbonlik go‘shti — o‘sha paytlarda bozorlarda asosan butlarga qurbonlik qilingan hayvonlarning go‘shti sotilardi. Shuningdek, butlarga qurbonlik keltirgan odamlar do‘stlarini mehmonga chaqirib, qurbonlik go‘shtidan tayyorlangan taomni birga baham ko‘rardilar (shu bobning 10–oyatiga qarang). Ba’zi masihiylar bunday go‘shtdan yeyishni gunoh, butparastlik deb bilardilar. Boshqa bir masihiylar esa bunday go‘shtdan yeyishni gunoh, deb hisoblamasdilar. Yana 10:23-32 ga qarang.

9:5 Rabbimiz Isoning ukalari — Mark 6:3 ga qarang.

9:5 Butrus — yunoncha matnda Kifas, Butrusning oramiycha ismi (Yuhanno 1:42 ga qarang).

9:9 Qonunlar 25:4 ga qarang.

9:13 ruhoniy — Quddusdagi Ma’badda xizmat qiladigan e’tiborli din rahnamosi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi RUHONIY so‘ziga qarang.

9:14 Rabbimiz Isoning O‘zi buyurgani bo‘yicha… — Matto 10:10, Luqo 10:7 ga qarang.

10:1 Ularning hammasi bulut ostida cho‘lni kezib, Qizil dengizdan o‘tdilar — Chiqish 13:21-22, 14:19-29 ga qarang.

10:3 Mo‘jiza orqali ularning hammasiga bir xil ovqat berildi — Chiqish 16:4-31, 35 ga qarang.

10:4 Mo‘jiza orqali…ular qoyadan suv olib ichdilar — Chiqish 17:1-7, Sahroda 20:2-11 ga qarang.

10:7 Chiqish 32:6 ga qarang.

10:8 Ular…nobud bo‘ldi — Sahroda 25:1-9 ga qarang.

10:9 …ulardan ba’zilari shunday qilib, ilonlarning zahridan halok bo‘ldilar — Sahroda 21:4-6 ga qarang.

10:10 Ulardan ba’zilari…nobud qildi — Sahroda 16:41-49 ga qarang.

10:16 Biz dasturxon atrofida jam bo‘lib o‘tirganimizda… — Isoning o‘limini xotirlash maqsadida birga yig‘ilib, taom tanovul qilishga ishora qilingan (11:23-26, Mark 14:22- 25 ga qarang).

10:26 Zabur 23:1 ga qarang.

10:28-29 Yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida shu jumladan keyin quyidagi so‘zlar qo‘shimcha qilingan: Zero “Egamiznikidir zamin, undagi butun borliq.”

11:10 …erkaklar qatori ular ham farishtalarni hukm qiladilar–ku! — 6:3 ga qarang.

11:17 Yig‘ilishlaringiz — Isoning o‘limini xotirlash maqsadida birga yig‘ilib, taom

tanovul qilishga ishora qilingan (Mark 14:22-25 ga qarang).

11:23-24 Rabbimiz Iso…24…shunday dedi… — Luqo 22:19-20 oyatlarga va Luqo 22:20 izohiga qarang.

11:29 Rabbimizning tanasini pisand qilmasdan… — yunoncha matnda Tanani pisand qilmasdan…. Bu o‘rinda Pavlus tana deganda nafaqat Isoning jismoniy azoblariga, balki “Masihning tanasi” deb atalganlarga, ya’ni Iso Masihga ishongan odamlarga ham ishora qiladi (12:12-27 ga qarang). Korinf jamoatidagi masihiylar Rabbimizning o‘limini xotirlash maqsadida yig‘ilganlarida ularning ba’zilari noma’qul ravishda taom iste’mol qilib, jamoatdagi ahillikka raxna solayotgan edi (shu bobning 17-22–oyatlariga qarang).

12:13 yunonlar — ya’ni g‘ayriyahudiylar. 1:24 izohiga qarang.

13:3 …menga sharaf keltirsin deb, hatto qiynoqlarga rozi bo‘lsam–da… — yunoncha

matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida badanimni yondirishga topshirsam–u.

14:21 Muqaddas bitiklarda… — yunoncha matnda Qonunda… (shu bobning 34–oyatida

ham bor). Ba’zan Eski Ahd kitoblari to‘plamiga nisbatan qonun so‘zi ishlatilgan.

14:21 Ishayo 28:11-12 ga qarang.

15:3 Muqaddas bitiklarga muvofiq — Luqo 24:25-27, 32, 44-48 ga qarang. Odatda Eski Ahd kitoblari to‘plamiga nisbatan Muqaddas bitiklar iborasi ishlatilgan.

15:5 Butrus — yunoncha matnda Kifas, Butrusning oramiycha ismi (Yuhanno 1:42 ga qarang).

15:7 Yoqub — Isoning shogirdi Yoqub emas, balki Quddusdagi jamoatning yetakchisi va Isoning ukasi Yoqub nazarda tutilgan (Mark 6:3, Havoriylar 15:13, 21:18, Galatiyaliklar 1:18-19 ga qarang).

15:8 Men rivojlanmay qolgan bir homiladay bo‘lsam–da, nihoyat menga ham ko‘rindi — Iso Masih yer yuzida faoliyat olib borganda, uning o‘n ikkita tanlab olgan shogirdi bor edi. Ular havoriy deb nom olgan. Ammo Pavlus o‘sha dastlabki havoriylardan biri emas edi. U favqulodda havoriylar qatoriga qo‘shilgan. U jamoatni quvg‘in qilib yurgan paytlarda, kutilmaganda va g‘aroyib tarzda imonga kelgan. Havoriylar 9:1-19 ga qarang.

15:27 …Xudo…Uning oyoqlari ostiga tashlagan — Zabur 8:7 ga qarang.

15:29 Ba’zilaringiz o‘lganlar uchun suvga cho‘mdirilayotgan ekansiz — bu udum haqida

hech qanday ma’lumot saqlanib qolmagan, Yangi Ahdda ham hech narsa yozilmagan. Korinfdagi ba’zi imonlilar suvga cho‘mdirilishdan oldin olamdan o‘tgan bo‘lishlari mumkin (11:30 ga qarang). Balki jamoatdagilar, o‘sha marhum imonlilarning o‘likdan tirilishiga kafolat beraylik deb, o‘lganlarning o‘rniga suvga cho‘mdirilgandir. Sabab nima

bo‘lishidan qat’iy nazar, Pavlus bu udumni ma’qullamasa ham, bu haqda gapirib o‘tgan, chunki uning maqsadi masihiylarning o‘likdan tirilishiga urg‘u berish edi.

15:32 …nima uchun Efes shahrida hayotimni xavf ostiga qo‘ydim?! — bu gap Havoriylar 19:23-40 da tasvirlangan voqealarga yoki Pavlus maktubni yozgan vaqtga yaqinroq bo‘lgan paytda, Efesda bo‘lgan voqealarga ishora qilishi mumkin (16:8-9 ga qarang).

15:32 Ishayo 22:13 ga qarang.

15:45 Ibtido 2:7 ga qarang.

15:54-55 Ishayo 25:8, Xo‘sheya 13:14 ga qarang.

16:1 Xudoyimizning Quddusdagi azizlariga moddiy mablag‘ to‘plash — Quddusdagi muhtojlikda qolgan masihiylarga yordam berish niyatida Pavlus pul yig‘ayotgan edi (Rimliklar 15:25-28, 2 Korinfliklar 8:1-9:5, Galatiyaliklar 2:10 ga qarang). Ularning muhtojliklariga quvg‘inlar yoki qurg‘oqchilik sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin (Havoriylar 8:1, 11:28 ga qarang).

16:8 Hosil bayrami — Fisih ziyofatidan keyin, 50 kun o‘tgach nishonlanadi (Levilar 23:15-16 ga qarang). Ibroniy kalendari bo‘yicha bu kun uchinchi oy — Shavon oyining oltinchi kuniga to‘g‘ri keladi. Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy mayning o‘rtasidan boshlanadi.

16:10 Timo‘tiy — 4:17 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

16:12 Apollos — Havoriylar 18:24-19:1 ga qarang.

16:15 Axaya viloyati — Rim imperiyasiga qarashli viloyat bo‘lib, poytaxti Korinf shahri

edi.

16:19 Akil bilan Priskilla — Havoriylar 18:2-3, 18-21, 24-26 ga qarang.

16:21 …shu maktubning yakunini o‘z qo‘lim bilan yozyapman — Pavlus bu maktubini kotibga aytib yozdirgan. Maktubning asliyati Pavlusga tegishli ekanini ko‘rsatish uchun, Pavlus maktubning oxirgi qismini o‘z qo‘li bilan yozgan. Qadimgi paytlarda bu odatiy hol edi. 1 Butrus 5:12, Rimliklar 16:22, Galatiyaliklar 6:11, Kolosaliklar 4:18,

2 Salonikaliklar 3:17, Filimo‘n 19–oyatga qarang.

16:22 Ey Rabbimiz, kelgin! — yunoncha matnda Marana fa!, oramiy tilidan olingan ibora.

16:24 Yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida quyidagi so‘z oyatga qo‘shimcha

qilingan: omin.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru