Muqaddas Kitob


SULAYMON

PAYG‘AMBARNING

GO‘ZAL QO‘SHIG‘I

Kirish

Mazkur kitob sevgi haqidagi she’rlar to‘plamidir. Bu she’rlarni bir qiz bilan yigit bir– biriga sevgi izhor qilib aytgan yoki qo‘shiq qilib kuylagan. Kitobda yigit va qiz ba’zan xayolan gapiradilar. Ba’zan esa bir–birlariga yoki do‘stlariga murojaat qiladilar. Ba’zi she’rlarda ular sevgisining ilk damlarini eslayotganga o‘xshaydilar.

Ayrim tarjimalarda bu kitobning nomi ibroniychadan so‘zma–so‘z tarjima qilingan bo‘lib, “Qo‘shiqlarning qo‘shig‘i” deb atalgan, biroq bu nom “eng go‘zal qo‘shiq” degan ma’noni ifodalaydi. Bu kitobning muallifi shoh Sulaymon bo‘lgani uchun, mazkur tarjimada boshqa ba’zi tarjimalardagi singari “Sulaymon payg‘ambarning go‘zal qo‘shig‘i” deb atalgan.

Bu qo‘shiqlarni har xil tushunish mumkin. Ba’zilar, qo‘shiqlardagi yigit Sulaymonning o‘zi, deydilar. Boshqalar esa bu qo‘shiqni Sulaymonning saroyida yuz berayotgan voqea deb tushunadilar, ya’ni qiz shohning saroyiga keltirilgan, lekin o‘z qishlog‘ida sevgilisi bor. Kitobda bayon etilishicha, sevishganlar oxiri topishadilar. Ba’zilar bu qo‘shiqdagi yigit va qizni “Xudo va Uning xalqi yoki Masih va Uning jamoati* tasviri” deb tushunadilar.

Mazkur kitobda ibroniy she’riyatidagi turli go‘zal obrazlar keng qo‘llanilgan.

Mevalar, ziravorlar, sharob, bog‘, qo‘zi, echki kabi obrazlar shular jumlasidandir. Bu to‘plamdagi qo‘shiqlar qadimgi Isroilda to‘ylarda ham aytilgan bo‘lishi mumkin.


1–BOB

1 Sulaymonning eng go‘zal qo‘shig‘i.

Birinchi qo‘shiq

Qiz*:

O‘pgin meni lablaring bilan,

Sening sevging sharobdan ham shirinroqdir.

2 Atir moylaring qanchalik xushbo‘y!

Yoqimli atir kabi noming har tarafga taralar. Shuning uchun qizlar seni sevarlar.

3 Meni o‘zing bilan olib ket, tezroq boraylik. Ey shohim, meni o‘z yotog‘ingga olib kirgin.

Quddus qizlari:

Ey shohimiz, biz quvonamiz. Siz bilan sevinamiz,

Sharobdan ham ko‘proq sizning sevgingizni maqtaymiz.

Qiz:

Ey sevgilim! Qizlar seni sevib, to‘g‘ri qilishadi.


4 Ey Quddus qizlari!

Men qorachadan kelgan bo‘lsam ham go‘zalman, Kedar* chodirlariday qora bo‘lsam ham, Sulaymon pardalariday chiroylidirman.

5 Qoraligim uchun menga past nazar bilan qaramanglar. Quyosh nurlari meni qoraytirdi.

Aka–ukalarimning mendan jahli chiqib, Meni uzumzorlar qorovuli qilib qo‘yishdi, Ammo o‘z uzumzorimga* qaray olmadim! 6 Sevgilim, menga aytgin–chi,

Qayerda o‘z podangni boqasan?

Tush vaqti ularni qayerga yotqizasan?

Ayt menga, yana podachi do‘stlaring oldida

Uyatsiz* ayollarday bo‘lib yurmay, axir.

Yigit:

7 Qayerdaligimni bilmasang, Ey go‘zallarning go‘zali, Podaning izlaridan borgin.

Cho‘ponlarning chodirlari oldida O‘z echkilaringni o‘tlatgin.

8 Ey sevgilim,

Sen fir’avn aravasiga qo‘shilgan uchqur otday go‘zalsan.

9 Ziraklaring tufayli yonoqlaring go‘zaldir, Marvaridlar bo‘yningni qanday chiroyli qilar. 10 Senga atab tilladan bezaklar,

Kumushdan taqinchoqlar yasattiraman.

Qiz:

11 Shohim yonboshlab yotganda,

Atirlarim o‘z hidini taratdi.

12 Ko‘kraklarim orasida yotgan,

Xushbo‘y mirraga* to‘la xaltacha kabidir mening sevgilim.

13 U men uchun En–Gedi* bog‘laridagi

Xina gullaridaydir.

Yigit:

14 Go‘zaldirsan, ey sevgilim, Sen go‘zalsan!

Ko‘zlaring kabutar ko‘zlariday nazokatlidir.

Qiz:

15 Chiroylisan, ey sevgilim,

Juda ham xushro‘ydirsan,

Yam–yashil maysalar bizning to‘shagimizdir.

16 Sadr daraxtlari tomimiz bo‘lsa,

Archalar tomimiz sinchlaridir.


2–BOB


Qiz:

1 Men Sharon* atirguliman*, Vodiylar nilufariman.

Yigit:

2 Mening sevgilim qizlar orasida, Tikanlar orasidagi nilufar gulidaydir!

Qiz:

3 Mening sevgilim yigitlar orasida,

O‘rmon daraxtlari orasidagi olma daraxtiday ajralib turar.

Men uning soyasida o‘tirib zavq olaman,

Uning mevasi juda shirindir.

4 U meni o‘z mehmonxonasiga olib kirdi, Meni o‘z sevgisi bilan qopladi.

5 Mayizlar yedirib, menga kuch bergin,

Olmalar bilan quvvatga to‘ldirgin,

Axir, sevgilimning ishqi dardida yonmoqdaman.

6 Uning chap qo‘li boshim ostidadir, O‘ng qo‘li bilan esa meni quchoqlaydi! 7 Ey Quddus qizlari,

Kiyigu yovvoyi ohular* haqi ont iching. Vaqt–soati kelmaguncha,

Sevgini qo‘zg‘atmang, uyg‘otmang.

Ikkinchi qo‘shiq

Qiz:

8 Sevgilim ovozi eshitilyapti, Ana qaranglar, u kelyapti.

Tog‘laru qirlar osha kelyapti.

9 Sevgilim ohuday, yosh kiyikdaydir. Mana, u devor ortida turibdi.

Oynalardan mo‘ralab,

Panjaralar orasidan qarab turibdi. 10 Sevgilim menga shunday deydi: “Tura qol, sevgilim, oppog‘im,

Men bilan yurgin.

11 Mana qish o‘tdi, yomg‘irlar to‘xtadi.

12 Yer yuzi gullar bilan qoplanmoqda,

Yurt bo‘ylab kabutarlar kuyi eshitilmoqda, Qo‘shiq kuylash vaqti yetib keldi.

13 Anjir meva tugishni boshladi, Toklar ham gulga kirdi.

Ular xushbo‘y hidlarini taratmoqda. Tura qol, sevgilim, oppog‘im,

Men bilan yurgin.”

Yigit:

14 Sevgilim, sen tog‘larda yashaydigan, Qoyalarda yashirinadigan kabutardaysan. Yuzingni ko‘rsatgin, ovozingni eshitay.

Ovozing juda shirin, yuzing go‘zaldir. 15 Qarang, uzumzorimiz gullab yotibdi, Kichkina tulkilarni* ushlanglar.

Axir, ular uzumzorlarni vayron qiladi.

Qiz:

16 Sevgilim menikidir, men esa unikiman, U nilufarlar terib, o‘z bog‘idan zavq oladi. 17 Tong otmay turib, bora qol, jonim.

Baland tog‘larda sakraydigan ohu, kiyikday bo‘lib, Qorong‘ilik chekinmasdan oldin, qaytib keta qol.


3–BOB

Qiz:

1 Kechqurun o‘rnimda yotganimda,

Butun qalbim bilan sevgan oshig‘imni qo‘msadim. Juda qo‘msadim, lekin uni topolmadim.

2 Endi turib, shaharga chiqaman.

Shahar maydonlariyu ko‘chalarida yurib,

Sevgilimni izlayman.

Izladim–u, ammo uni topolmadim. 3 Qo‘riqchilar shaharni kezib yurib, Meni ko‘rib qolishdi.

Ulardan: “Sevgilimni ko‘rmadingizmi?” deb so‘radim.

4 Ularning oldidan ketishim bilanoq, Sevgilimni topdim.

Uni mahkam quchib, qo‘yib yubormadim.

Onamning uyiga olib keldim.

Uni o‘z tuqqan onamning xonasiga olib kirdim.

5 Ey Quddus qizlari,

Kiyigu yovvoyi ohular* haqi ont iching. Vaqt–soati kelmaguncha,

Sevgini qo‘zg‘atmang, uyg‘otmang.


Quddus qizlari:

Uchinchi qo‘shiq

6 Dashtda tutunday ko‘tarilib, Ko‘rinayotgan narsa nimadir?

Undan attor rastasidagi barcha xushbo‘y atirlarning hidi,

Mirra* va xushbo‘y tutatqilarning hidi kelib turibdi.

7 Qaranglar, u Sulaymonning taxtiravonidir*, Uning atrofida oltmishta pahlavoni bor.

Ular Isroil xalqi orasidagi eng bahodir jangchilardir.

8 Qilich o‘ynatishda hammasi mohir,

Jangda ham juda mahoratlidirlar.

Tunda bo‘ladigan hujumlardan saqlanish uchun

Ularning hammasi qilich bilan qurollangan.

9 Shoh Sulaymon o‘z taxtiravonini

Lubnon yog‘ochlaridan yasattirgan.

10 Bu taxtiravon dastalari kumushdan, Orqasi tilladan yasalgan,

O‘rindig‘iga esa safsar kimxob* to‘shalgan. Quddus qizlari taxtiravonning ichini Muhabbat bilan bezatganlar.

11 Chiqinglar, ey Sion qizlari! Shoh Sulaymonga qaranglar.

To‘yi kuni, yuragi shodlik bilan to‘lgan kuni

Onasi kiydirgan tojga qaranglar.


4–BOB

Yigit:

1 Qanday go‘zalsan, ey sevgilim, Qanchalik go‘zalsan!

Chachvoning ortidagi ko‘zlaring

Kabutarlarday muloyimdir.

Gilad qirlaridan yoyilib tushayotgan Qop–qora qo‘ylardaydir sening sochlaring. 2 Yuvib–taralgan, juni qirqiladigan,

Oppoq echkilardaydir sening tishlaring. Har birining egizi bor,

O‘rni hech bo‘sh qolmagan.

3 Lablaring qirmizi g‘unchalardaydir, Og‘zing ham juda go‘zal.

Chachvoning ortidagi yonoqlaring esa Anorlarday qip–qizil.

4 Bo‘yning tik qurilgan Dovud minorasiday,

Marjonlaring tizim–tizim,

Jangchilarning minglarcha qalqonlaridaydir.

5 Ko‘kraklaring egizak kiyiklardaydir. Ha, nilufarlar orasida o‘tlaydigan

Ikki kiyikdaydir ular.

6 Qorong‘ilik chekinmasdan oldin,

Tong otmay turib,

O‘sha xushbo‘y mirra* tog‘iga,

Ziravorlar qiriga chiqaman.

7 Har jihatdan go‘zaldirsan, sevgilim, Senda hech qanday nuqson yo‘q.

8 Kela qol, kelinchagim, Lubnondan menga kel. Emona va Sanir tog‘laridan,

Xermon tog‘lariyu* sherlar makonidan, Qoplonlarning maskanidan tush.


9 Ey jonim, kelinchagim, Qalbimni asir qilding.

Ko‘zlaringning nigohi bilan, Bo‘yningdagi marjoning bilan Qalbimni asir qilding.

10 Sevging qanday shirindir, Ey jonim, kelinchagim.

Sening sevging sharobdan ham yaxshiroqdir. Atir moylaring esa

Har qanday ziravordan ham xushbo‘yroqdir.

11 Kelinchagim, lablaringdan bol tomar. Asal va sut tiling ostida,

Kiyimlaring hidi Lubnon hidiga o‘xshar.


12 Jonim mening, kelinchagim.

Qulflangan bog‘, devor bilan o‘ralgan buloqdaysan, Yopib qo‘yilgan chashmadaysan sen.

13 A’lo mevalar beradigan Anor bog‘iga o‘xshaysan.

Bu bog‘da xina va sunbullar o‘sadi. 14 Ha, bu bog‘da sunbulu za’faron, Xushbo‘y qamish va dolchin,

Har xil xushbo‘y daraxtlar,

Mirra va aloe,

Eng a’lo ziravorlar o‘sadi.

15 Sevgilim, sen bog‘dagi chashmaga, Hayotbaxsh suv bulog‘iga o‘xshaysan. Lubnon tog‘larining oqar suvlaridaysan.

Qiz:

16 Ey shimol shabadasi, qo‘zg‘al,

Janub shamoli, kelgin!

Bog‘imda esgin,

Toki bog‘imning xushbo‘y hidlari

Hamma joyga taralsin. Sevgilim o‘z bog‘iga kelib, A’lo mevalaridan yesin.


5–BOB

Yigit:

1 Ey jonim, kelinchagim, bog‘imga kelib,

Mirra* va ziravorlarimni to‘playman. Asalari mumini hamda asalimni yeyman, Sut va sharobimni ichaman.

To‘yguningcha yegin, sevgilim,

Sevgidan ichib, qoniqqin.


Qiz:

To‘rtinchi qo‘shiq

2 Uxladim, lekin yuragim uyg‘oq edi. Ana, sevgilim chaqirmoqda: “Ochgin eshigingni, jonim, sevgilim, Kabutarim, komilim.

Boshim ho‘ldir shudringdan, Sochlarim esa tun shabnamidan.”

3 Kiyimlarimni yechib qo‘yganman, Qanday qilib yana kiyaman?!

Oyoqlarim yuvilgan, Ularni kir qilaymi?!

4 Sevgilim qo‘lini eshik teshigidan kirgizganda,

Butun vujudim titrab ketdi.

5 Sevgilimni kirgizay, deya turdim.

Qo‘llarimdagi mirra,

Eshikning tutqichlariga oqib tushdi.

6 Sevgilimga eshikni ochdim, Lekin u ketib qolibdi.

U ketganiga yurak–bag‘rim ezildi*. Qidirib, uni topa olmadim, Chaqirdim, lekin u javob bermadi.

7 Shaharni aylanib yurgan qo‘riqchilar Meni ko‘rib qoldilar.

Ular meni urib yaraladilar.

O‘sha shahar qo‘riqchilari Ustimdagi ro‘molimni olib qo‘ydilar.

8 Ey Quddus qizlari, va’da beringlar, Sevgilimni topsangiz, aytib qo‘yinglar, Uning ishqi dardida yonmoqdaman.

Quddus qizlari:

9 Ey ayollar go‘zali,

Sevgilingning boshqalardan nimasi ortiq?! Uning boshqalardan nimasi ortiqki,

Sen bizga, va’da beringlar, deb aytasan?!

Qiz:

10 Sevgilim ko‘hlik, chiroylidir,

O‘n mingtaning ichida ajralib turar.

11 Boshi eng a’lo tilladay go‘zal,

Jingalak sochlari qarg‘aday qop–qoradir.

12 Ko‘zlari esa buloqlar bo‘yidagi kabutarlarday, Chashmalar bo‘yidagi, sutga cho‘mdirilgan kaptarlardaydir. 13 Uning yonoqlari muattar hidli

Ziravor bog‘lari kabi juda xushbo‘ydir. Lablari esa mirra oqib turgan Nilufarlar kabi shirindir.

14 Qo‘llari tilladan yasalib,

Topaz toshlar bilan bezatilganga o‘xshaydi. Tanasi esa zangori yoqutlar o‘rnatilgan Tep–tekis fil suyagiday chiroylidir.

15 Oyoqlari tilla taglikka o‘rnatilgan

Marmar ustunlari kabi kuchlidir. Uning qiyofasi ulug‘vor Lubnonday, Qudratli, a’lo sadr daraxtlaridaydir. 16 Uning ovozi juda shirin,

O‘zi esa har jihatdan maftunkor.

Ey Quddus qizlari, mana shunday yigit

Mening sevgilim, do‘stimdir.


6–BOB

Quddus qizlari:

1 Sevgiling qayerga ketdi,

Ey go‘zallarning go‘zali?

Ayt–chi, qaysi tomonga yo‘l oldi?

Biz sen bilan uni qidiraylik.

Qiz:

2 Sevgilim o‘z bog‘iga,

Xushbo‘y ziravorlar bog‘iga ketdi.

U nilufar gullar terib,

O‘z bog‘idan zavq olgani ketdi.

3 Men sevgilimniki, sevgilim esa menikidir!

U nilufarlar terib, o‘z bog‘idan zavq oladi.

Beshinchi qo‘shiq

Yigit:

4 Sen Tirza shahriday go‘zaldirsan, sevgilim, Quddus shahriday* xushro‘ydirsan, Bayroqlari ko‘tarilgan qo‘shinday savlatlisan. 5 Ko‘zlaringni olib qoch mendan,

Ular meni maftun qilganlar.

Gilad qirlaridan yoyilib tushayotgan Qop–qora qo‘ylardaydir sening sochlaring. 6 Yuvib–taralgan oppoq

Echkilardaydir sening tishlaring. Har birining egizi bor,

O‘rni hech bo‘sh qolmagan.

7 Chachvoning ortidagi yonoqlaring esa Anorlarday qip–qizil.

8 Ana, oltmishta malika, saksonta kanizak, Son–sanoqsiz qizlar!

9 Ammo mening kabutarim, Komil sevgilim o‘zgachadir. Onasining erkasi,

Tuqqan onasining yagonasidir.

Qizlar uni ko‘rib, u baxtlidir, deyishadi, Malikayu kanizaklar uni ko‘rib, maqtashadi. 10 Mahbubamning nigohlari tongdaydir.

O‘zi esa to‘lin oyday go‘zal, quyoshday yorqin, Bayroqlari ko‘tarilgan qo‘shinday savlatlidir. 11 Men bodomzorga,

Vodiy chechaklarini ko‘rishga bordim. Toklaru anorlar gullaganmikin, deya bordim. 12 Shohona aravada o‘tirganday,

Hayajondan titrar edim.


7–BOB

Quddus qizlari:

1 Qaytgin, qaytib kelgin, ey Shulamlik* qiz! Qaytib kel, seni yana bir bor ko‘raylik.

Yigit:

Nima uchun bu Shulamlik qizga qaraysizlar?!

U ikki qator qizlar orasida raqsga tushyaptimi?!

2 Ey malikaga o‘xshagan qiz!

Kafsh kiygan oyoqlaring qanday chiroyli! Do‘mboq sonlaring javohirlarday,

Xuddi mohir ustaning qo‘li bilan ishlanganday! 3 Doimo xushbo‘y sharobga to‘la bo‘lgan, Dum–dumaloq kosadaydir sening kindiging.

Yumaloq qorning esa nilufarlar bilan o‘ralgan, Tillarang bug‘doy uyumi kabidir.

4 Ko‘kraklaring egizak kiyiklardaydir.

5 Fil suyagidan qurilgan minoraday go‘zaldir bo‘yning,

Batrabim darvozasi yonidagi

Xashbon* buloqlariday yorqindir ko‘zlaring. Burning esa Damashq shahriga qaragan Lubnon minorasiday tekisdir.

6 Boshing Karmil tog‘iday* baland turadi,

Soching kimxobday go‘zal,

Hatto shoh ham unga asirdir.


7 Qanday go‘zal va xushro‘ysan,

Huzurbaxsh sevgilim mening.

8 Palma daraxtiday savlatlisan,

Ko‘kraklaring uning mevalariday to‘liqdir.

9 Men shunday dedim: “Palma daraxtiga chiqib, Mevalaridan ushlayman.”

Ko‘kraklaring men uchun uzumday mazali,

Nafasing esa olmalarday shirin bo‘lsin.

10 O‘pichlaring eng a’lo sharobday shirindir, Bunday sharob lab va tishlar orasidan tekis o‘tadi*.

Qiz:

11 Men sevgilimnikiman,

U faqat meni qo‘msaydi.

12 Kelgin, sevgilim, dalalarga boraylik. Xina gullari orasida* yotib qolaylik.

13 Vaqtli turib, uzumzorlarga kiraylik. Ular gulga kirdimikin?!

Toklaru anorlar gullaganmikin?!

O‘sha yerda men senga o‘z sevgimni to‘la ko‘rsataman.

14 Mehrigiyolar* hid taratib turibdi. Eshigimiz tepasiga har xil mevalardan osib, Sen uchun saqlab qo‘ydim, sevgilim.


8–BOB

Qiz:

1 Qaniydi, onam emizgan akamday bo‘lsang edi. Ko‘chada ko‘rganimda, seni o‘pgan bo‘lardim, Hech kim meni bu uchun ayblamagan bo‘lardi.

2 Men seni onamning uyiga boshlab kelardim.

Menga o‘git bergan onamning yotog‘iga olib kirardim, Senga xushbo‘y sharobu anorlarim sharbatini berardim. 3 Mana, sevgilimning chap qo‘li boshim ostidadir,

O‘ng qo‘li bilan esa meni quchoqlaydi! 4 Ey Quddus qizlari, va’da beringlar, Vaqt–soati kelmaguncha,

Sevgini qo‘zg‘atmang, uyg‘otmang.

Oltinchi qo‘shiq

Quddus qizlari:

5 O‘z sevgilisi bilan quchoqlashib, Cho‘l tarafdan kelayotgan kim?

Qiz:

Olma daraxti ostida men seni uyg‘otdim. Onang shu yerda senga homilador bo‘lgan, Mana shu yerda seni dunyoga keltirgan.

6 Qo‘lingdagi muhr uzugingday,

Meni ham yuragingga muhrlab olgin.

Axir, sevgi o‘limday kuchli,

Ishq ajalday* shiddatlidir.

Sevgining uchqunlari olov uchqunlariday, Lovullagan alangadaydir.

7 Suv sevgini o‘chirolmaydi, To‘fonlar uni cho‘ktirolmaydi. Birortasi sevgi uchun

Uyidagi bor boyligini bersa ham,

Mazaxdan boshqa hech narsaga erishmaydi.

Qizning akalari:

8 Bizning bir singlimiz bor,

Uning ko‘kraklari hali bo‘rtmagan. Uni so‘rab kelishsa,

Biz nima qilamiz?

9 Agar u devor bo‘lsa,

Uning atrofida kumushdan qal’a quramiz.

Agar u eshik bo‘lsa,

Uni sadr yog‘ochlari bilan to‘sib qo‘yamiz.

Qiz:

10 Men ham devorday edim.

Endi esa ko‘kraklarim minoralardaydir.

Shuning uchun sevgilim meni

To‘liq yetilgan deb biladi.

11 Sulaymonning Baal–Xomonda uzumzori bor edi.

U uzumzorini bog‘bonlarga ishonib topshirdi. Ularning har biri uzumzor uchun

Ming kumush tanga* to‘lashi kerak edi.

Yigit:

12 Sulaymon, sen ming tanga ol,

Qorovullarga esa ikki yuz tangadan* berilsin.

Mening uzumzorim o‘zimnikidir.

13 Ey bog‘larda yashovchi qiz,

Do‘stlarim ovozingni eshitishni kutmoqda. Qani, men ham ovozingni bir eshitay.

Qiz:

14 Xuddi kiyikday, yosh ohuday bo‘lgin, Ziravorlar tog‘lariga tezroq kelgin, sevgilim.

IZOHLAR

jamoat — Iso Masihga imon keltirgan odamlar nazarda tutilgan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi JAMOAT so‘ziga qarang.

1:1 Qiz — kursiv bilan yozilgan sarlavhalar ibroniycha asl nusxada yo‘q. Bu sarlavhalar o‘quvchiga yordam sifatida kim gapirayotganini bildirish uchun mazkur tarjimaga kiritilgan. Asl nusxa matnining ba’zi joylarida kim gapirayotganini bildiradigan grammatik belgilar bor. Ammo kim gapirayotgani matnda har doim ham aniq emas.

1:4 Kedar — Arabiston sahrosidagi yerlar.

1:5 o‘z uzumzorim — ko‘chma ma’nodagi ibora bo‘lib, qiz o‘z qiyofasiga ishora qilyapti.

1:6 Uyatsiz — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi yuzi to‘silgan. Qadimgi Isroilda fohishalar o‘zlarini tanitmaslik uchun, yuzlarini yopib yurganlar (Ibtido 38:14-15 ga qarang). Qiz axloqi buzuq ayolga o‘xshab qolmasligi uchun, yigitni cho‘ponlar orasidan qidirmoqchi emas.

1:12 mirra — ma’lum bir daraxtlarning qotgan yelimidan tayyorlangan xushbo‘y

modda.

1:13 En–Gedi — O‘lik dengizning g‘arbiy qirg‘og‘idagi bir voha.

2:1 Sharon — O‘rta yer dengizi bo‘yidagi unumdor tekislik.

2:1 atirgul — yoki za’faron guli.

2:7 Kiyigu yovvoyi ohular — ko‘chma ma’nodagi ibora bo‘lib, romantik sevgiga yoki kuchli yigitlarga ishora qilayotgan bo‘lishi mumkin.

2:15 Kichkina tulkilar — ko‘chma ma’nodagi ibora bo‘lib, qiz va yigitning sevgisiga qarshilik ko‘rsatadigan yoki ular nikohdan o‘tmagunlaricha munosabatlarini davom ettirishga to‘sqinlik qiladigan muammolarga ishora qilayotgan bo‘lishi mumkin.

3:5 Kiyigu yovvoyi ohular — 2:7 izohiga qarang.

3:6 Mirra — 1:12 izohiga qarang.

3:7 taxtiravon — shoh, malika va oliy martabali kishilarni o‘tqazib, yelkada ko‘tarib olib yurish uchun uzun dastalar ustiga o‘rnatilgan hashamdor o‘rindiq.

3:10 kimxob — o‘rishi ipak, arqog‘i zardan to‘qilgan mato.

4:6 mirra — 1:12 izohiga qarang.

4:8 Emona…Sanir…Xermon tog‘lari… — Lubnon tog‘laridan sharqdagi tog‘ tizmalarida joylashgan. Sanir tog‘i Xermon tog‘ining qadimgi nomi edi (Qonunlar 3:9 ga qarang).

5:1 Mirra — 1:12 izohiga qarang.

5:6 U ketganiga yurak–bag‘rim ezildi — yoki Uning ovozini eshitishga ham zor bo‘ldim.

6:4 …Tirza shahri…Quddus shahri… — bu shaharlar o‘z chiroyi bilan mashhur edi (Zabur 49:2 ga qarang). Keyinchalik Tirza shahri Isroilning, ya’ni shimoliy shohlikning birinchi poytaxti bo‘ldi (3 Shohlar 15:33, 16:8, 15, 23 ga qarang).

7:1 Shulamlik — Shulam noma’lum bir joy yoki komil ma’nosini bildiradigan bir so‘z ham bo‘lishi mumkin.

7:5 Xashbon — Amor shohi Sixo‘n hukmronligi davrida bu shahar poytaxt bo‘lgan (Sahroda 21:26 ga qarang). Bu shahar Iordan daryosining sharq tomonida joylashgan edi. Buloqlar ko‘pligidan u yerda suv doim mo‘l–ko‘l edi.

7:6 Karmil tog‘i — Isroildagi eng baland tog‘lardan biri. Bu tog‘ unumdorligi va go‘zal

tabiati bilan mashhur edi.

7:10 …lab va tishlar orasidan tekis o‘tadi — qadimiy yunoncha, suryoniycha va lotincha tarjimalardan. Ibroniycha matnda …uxlayotganlarning lablari ustidan mayingina o‘tadi.

7:12 Xina gullari orasida… — yoki Qishloqlar orasida….

7:14 Mehrigiyolar — qadimda odamlar, bu o‘simlikning mevalari jinsiy xohishni kuchaytirib, ayolning homilador bo‘lishiga imkoniyat yaratadi, deb ishonishardi.

8:6 ajal — ibroniycha matnda Sheo‘l, o‘liklar diyori. Qadimda Isroil xalqi Sheo‘lni yer

ostidagi tubsiz chuqurlik, marhumlar boradigan qorong‘i joy deb tushunardi.

8:11 Ming kumush tanga — ibroniycha matnda Ming shaqal kumush, taxminan 11 kiloga

to‘g‘ri keladi (shu bobning 12–oyatida ham bor).

8:12 ikki yuz tanga — ibroniycha matnda ikki yuz shaqal, taxminan 2,3 kiloga to‘g‘ri

keladi.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru