Muqaddas Kitob


PAVLUSNING

RIMLIKLARGA

MAKTUBI

Kirish

Mazkur maktub muallifi havoriy Pavlusdir. Pavlus bu maktubini Rimdagi jamoatga yozgan. Rimdagi jamoat yahudiy hamda g‘ayriyahudiy bo‘lgan masihiylardan iborat edi. Pavlus Rimga borishga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Uning maktubni yozishdan maqsadi o‘zini Rimdagi jamoatga tanishtirish, ularga Iso Masih haqidagi ta’limotni tushuntirish va ularning yordamida Ispaniyada o‘z xizmatini davom ettirish edi. Mazkur maktubda Pavlus Xushxabarni to‘liq va har tomonlama sharhlaydi. Maktubning mohiyati Pavlusning quyidagi so‘zlarida o‘z ifodasini topgan: “Bu Xushxabarda oshkor qilinganki, Xudo insonlarni imon orqali, ha, faqatgina imon orqali oqlaydi, chunki Muqaddas bitiklarda: «Solih inson imon tufayli hayotga ega bo‘ladi», deb yozilgan.” (1:17)

Maktubning dastlabki qismida (1-4–boblar) Pavlus bu ta’limotini batafsil tushuntiradi. Har bir inson, yahudiy yoki g‘ayriyahudiy bo‘lishidan qat’iy nazar, gunohkor bandadir, shu sababdan hamma Xudo bilan yarashishi kerak. Bunga esa savob ishlar, dindorlik yoki Xudoning qonuniga amal qilish orqali emas, balki Iso Masihga bo‘lgan imon orqaligina erishsa bo‘ladi.

Maktub davomida (5-8–boblar) Pavlus Musoning qonuni va Muqaddas Ruh borasida so‘z yuritadi. Nima maqsadda Xudo qonunni berganini tushuntirib, imonli kishining hayotida amal qiladigan Muqaddas Ruhning qudrati haqida yozadi. Pavlus maktubining bu qismida Masihga imon keltirgan insonning yangi hayotini tasvirlaydi. Bu yangi hayotning manbayi Xudo bilan o‘rnatilgan munosabat bo‘ladi. Yangi hayotga qadam qo‘ygan bunday inson Xudo bilan uyg‘unlikda yashaydi va u Muqaddas Ruhning yordamida gunoh kuchidan ozod bo‘ladi.

So‘ng Pavlus e’tiborini Xudoning najot rejasiga qaratadi (9-11–boblar). Bu rejada u

yahudiylar va g‘ayriyahudiylarning o‘ziga yarasha tutgan o‘rni borligini aytib o‘tadi. Ilohiy rejaga ko‘ra, butun insoniyat najot topib, Xudoning Masih orqali bergan inoyatidan bahramand bo‘lishi uchun yahudiylar Masihni rad etishlari kerak edi. Lekin muallifning ta’kidlashicha, vaqti kelib yahudiylar ham Masihni tan olishadi.

Maktubning so‘nggi qismida (12-16–boblar) Pavlus masihiylarga kundalik turmushga oid nasihatlar beradi. Ularni mehr–oqibatli bo‘lishga, Xudoga manzur hayot kechirishga chaqiradi. Shuningdek, Xudoga xizmat qilish, hukumatga bo‘ysunish, insoniyat oldidagi majburiyatlar va vijdon masalasi kabi mavzularni yoritadi. Maktub duoyi salomlar bilan yakunlanadi.


1–BOB

Salom

1 Men — Iso Masihning quli bo‘lgan Pavlusdan Rimdagi birodarlarimga salom! Men havoriylikka da’vat etilganman, Xudoning Xushxabarini yoyish uchun tanlanganman.


2 Muqaddas bitiklarda* yozilganday, Xudo bu Xushxabarni beraman deb, O‘z payg‘ambarlari orqali va’da bergan edi. 3 Bu Xushxabar Xudoning O‘g‘li haqidadir. U jisman Dovud zurriyotidan kelib chiqqan edi. 4 Xudoning O‘zi Rabbimiz Iso Masihni o‘likdan tiriltirdi. Shu orqali Muqaddas Ruhning kuchiga to‘la bo‘lgan Iso Masih Xudoning O‘g‘li ekanligi isbotlandi*. 5 Ana shu Iso Masih orqali Xudo menga* inoyat ko‘rsatib, havoriy bo‘lish vazifasini berdi. Toki barcha xalqlar Xudoga ishonib, itoat etsinlar, shunda Iso Masihning nomi ulug‘lanadi. 6 Sizlar ham, o‘sha xalqlar qatori, Iso Masihga tegishli bo‘lishga da’vat etilgansizlar.

7 Men ushbu maktubimni sizlarga — Rimdagi birodarlarimga yozyapman. Xudo sizlarning hammangizni yaxshi ko‘rib, O‘zining aziz xalqi bo‘lishga chorlagan. Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin.

Pavlusning Rimga borish istagi

8 Avvalambor, Iso Masih sharofati ila barchangiz uchun Xudoyimga shukur qilaman, chunki butun dunyo sizlarning imoningiz haqida gapiryapti. 9 Xudoning O‘g‘li haqidagi Xushxabarni yoyar ekanman, chin qalbimdan Xudoga xizmat qilaman. Xudo shohid, men doim sizlar uchun ibodat qilaman. 10 Ibodatlarimda, doim Xudodan: “Agar irodang

bo‘lsa, imkon ber, men borib, Rimdagi birodarlarimni ko‘rib kelay”, deb so‘rayman. 11 Sizlarni rosa ko‘rgim kelyapti, chunki sizlar bilan ruhiy in’omlarni baham ko‘rsam, deyman, shunda sizlar imonda yanada mustahkamroq bo‘lardingiz. 12 To‘g‘rirog‘i, ko‘rishganimizda, bir–birimizning imonimizdan dalda olsak, deyman.

13 Birodarlar, bilib qo‘yinglar, men ko‘p marta sizlarning oldingizga borishni rejalashtirgandim, ammo hech yo‘l ochilmadi. Boshqa xalqlar orasida Xushxabarni aytib, yaxshi natijalarga erishdim. Rimda ham shunday natijalarga erishishni istayman.

14 Mening burchim madaniyatliyu madaniyatsizlarga*, ziyoliyu savodsizlarga Xushxabarni aytishdan iborat. 15 Shuning uchun men sizlarga, ya’ni Rimdagilarga ham Xushxabarni aytishga intizorman.

16 Men Xushxabardan or qilmayman, chunki Xudoning kuch–qudrati bo‘lgan bu Xushxabar orqali unga ishonganlarning hammasi qutqariladi. Ishonadiganlar yahudiymi, g‘ayriyahudiymi*, farqi yo‘q! 17 Bu Xushxabarda oshkor qilinganki, Xudo insonlarni imon orqali, ha, faqatgina imon orqali oqlaydi*, chunki Muqaddas bitiklarda: “Solih inson imon tufayli hayotga ega bo‘ladi”*, deb yozilgan.

Insoniyatning gunohkorligi

18 Barcha fosiqligu adolatsizlik ustiga samodan Xudoning qahri yog‘iladi, chunki insonlar o‘z adolatsizliklari bilan haqiqatga to‘sqinlik qilyaptilar. 19 Xudo haqida nimaiki bilish mumkin bo‘lsa, ularga ravshandir, Xudoning O‘zi ularga zohir etgan. 20 Borliq yaratilgandan beri Xudoning ko‘rinmas xususiyatlari, ya’ni abadiy qudrati va ilohiyoti ochiq ko‘rinib turibdi. Xudoning ijodiga qarab, Uning xususiyatlarini tushunib olsa bo‘ladi. Shunday ekan, ular: “Xudoni bilmaymiz”, deb bahona qilolmaydilar. 21 Ular Xudoni bilsalar–da, Uni ulug‘lamadilar, Unga shukur qilmadilar. Aksincha, bema’ni o‘y– xayollarga berilib ketdilar, ularning nodon onglari zulmatga cho‘kdi. 22 Ular o‘zlarini aqlli deb hisoblaydilar, aslida esa nodondirlar. 23 Ular mangu, ulug‘vor Xudoga emas, balki o‘tkinchi inson, qush, chorva, sudraluvchi jonivorlar suratidagi butlarga sajda qildilar.

24 Shuning uchun Xudo ularni o‘z yuraklaridagi chirkin ehtiroslari og‘ushida qoldirdi.

Shu sababdan ular bir–birlari bilan behayo ishlar qiladilar. 25 Ular Xudoning haqiqatini yolg‘on bilan almashtirib, Yaratuvchiga emas, balki yaratilganga sajda qilib, xizmat qiladilar. Yaratuvchi Xudogagina to abad hamdlar bo‘lsin! Omin.

26 Haqiqatni rad qilganlari uchun Xudo ularni o‘zlarining behayo ehtiroslariga topshirdi. Hatto ayollar ham tabiiy jinsiy munosabatni notabiiy munosabatga almashtirib, bir–birlari bilan jinsiy aloqa qildilar. 27 Xuddi shuningdek, erkaklar ham ayollar bilan bo‘ladigan tabiiy jinsiy munosabatdan voz kechib, bir–birlariga nisbatan shahvoniy hirs bilan yondilar. Erkaklar bir–birlari bilan behayo ishlar qilib, qilmishlariga yarasha jazo tortyaptilar.

28 Bu odamlar Xudoni tanib–bilishni rad qilganlari uchun, Xudo ularni buzuq xayollarga topshirib qo‘ydi, oqibatda ular qilish mumkin bo‘lmagan ishlarni qiladilar. 29 Ular har turli adolatsizlik, yomonlik, ochko‘zlik va yovuzlikka to‘lib, hasadgo‘ylik, qotillik, janjalkashlik, firibgarlik va badfe’llikka mukkasidan ketgandirlar. 30 Ular g‘iybatchi bo‘lib, odamlarning orqasidan gapiradilar. Xudodan nafratlanadilar. Ular surbet, takabbur, maqtanchoqdirlar. Ular yovuz ishlar qilishning har xil yo‘llarini

topadilar, ota–onalariga itoat qilmaydilar. 31 Ular nodondirlar, ularga ishonib bo‘lmaydi, ularda mehr–shafqat yo‘q. 32 Xudoning qonunida, shunday ishlarni qiladigan odamlar o‘limga loyiq, deb aytilganini biladilar. Shunday bo‘lsa–da, ular nafaqat bu ishlarni o‘zlari qiladilar, balki o‘shanday ishlarni qiluvchilarni qo‘llab–quvvatlaydilar.


2–BOB

Xudoning odil hukmi

1 Ey boshqalarni hukm qilayotgan inson! Sen kim bo‘lishingdan qat’iy nazar, boshqalarni hukm qilishga hech haqing yo‘q. Sen boshqa odamni hukm qilib, o‘zingni ham mahkum etasan. Axir, o‘zing ham shu ishlarni qilyapsan–ku! 2 Bunday ishlar qilib yurganlarni Xudo mahkum qilishga haqli ekanini bilamiz. 3 Ayni shu ishlarni o‘zing qila turib, shunday ishlarni qiluvchilarni hukm etsang, Xudoning hukmidan qochib qutulaman, deb o‘ylaysanmi?! 4 Xudoning cheksiz mehribonligi va sabr–toqatini pisand qilmayotganingni qara. Axir, Uning muruvvati seni tavbaga yetaklashini bilmaysanmi?! 5 Ammo sen o‘jarlik qilib, gunohlaringdan tavba qilmayapsan. Xudoning adolatli hukmi ayon bo‘ladigan qahr–g‘azab kunida boshingga tushadigan jazoni yanada ko‘paytiryapsan.

6 Xudo har kimni qilgan ishiga yarasha taqdirlaydi. 7 Yaxshi ishda qunt qilib, sharaf, hurmat–ehtirom va mangulikka intilganlarga Xudo abadiy hayot ato qiladi. 8 Ammo xudbinlik qiladigan, haqiqatni rad etib, adolatsizlikka ergashadiganlar qahr–g‘azabga duchor bo‘ladi. 9 Yovuzlik qiladigan har bir inson iztirobda qoladi, uning boshiga falokat tushadi, bu inson yahudiymi, g‘ayriyahudiymi — farqi yo‘q. 10 Yaxshilik qiladiganlarga esa — yahudiylarga ham, g‘ayriyahudiylarga ham, sharaf, hurmat–ehtirom va tinchlik nasib etadi. 11 Zero, Xudo tarafkashlik qilmaydi.

12 Xudoning qonunini* bilmasdan turib gunoh qilganlar, qonunga aloqasiz ravishda, hukm qilinadilar. Qonunni bila turib gunoh qilganlar esa qonun bo‘yicha hukm qilinadilar. 13 Axir, qonunni eshitganlar emas, balki qonunga rioya qiladiganlar Xudoning oldida oqlanadilar. 14 G‘ayriyahudiylarda Xudoning qonuni yo‘q. Ammo qonunni bilmay turib, ular tabiiy ravishda qonunning buyurganlarini bajarsalar, o‘zlariga o‘zlari

qonundirlar. 15 Bu bilan ular qonunning talablari o‘z yuraklarida yozilganini ko‘rsatadilar. Ularning vijdoni ham bunga shahodat beradi, chunki ularning xayollari ularni goh qoralaydi, goh oqlaydi. 16 Xudo insonlarning yashirin o‘y–xayollarini Iso Masih orqali hukm qiladigan kunda bularning hammasi ayon bo‘ladi. Men keltirgan Xushxabarda ana shular bayon etilgan.

Yahudiylar va qonun

17 Mana, orangizdagilarning ba’zilari: “Men yahudiyman”, deydilar, qonunga* suyangan holda, “Xudoga yaqinman”, deb maqtanadilar. 18 Ey yahudiy! Sen Xudoning xohish–irodasini bilish va yaxshini yomondan farq qilishni qonundan o‘rganib olibsan. 19-20 Xudoning qonunida barcha ilm–ma’rifat va haqiqat mujassam. Senda mana shu qonun borligi uchun sen ko‘rlarga yo‘l ko‘rsatuvchi, zulmatda qolganlarga nur, g‘ofillarga murabbiy, g‘o‘r bolalarga esa muallim ekanligingga ishonching komil.

21 Shunday ekan, sen qanday qilib boshqalarga ta’lim bera turib, o‘zingga ta’lim bermaysan?! 22 “O‘g‘rilik qilma”, deb nasihat qilib turib, o‘g‘rilik qilasanmi?! “Zino qilma”, deb turib, o‘zing zino qilasanmi?! “Butlardan jirkanaman”, deb turib, kufrlik qilasanmi?!* 23 Qonunni bilaman, deb maqtanasan–u, lekin qonunni buzib, Xudoning nomiga dog‘ tushirasanmi?! 24 Axir, Muqaddas bitiklarda shunday yozilgan–ku: “Sizlarni deb, xalqlar orasida Xudoning nomi haqorat qilinmoqda.”*

25 Sunnat* masalasiga kelaylik. Agar sen qonunga rioya qiladigan bo‘lsang, sunnatning foydasi bor. Ammo qonunni buzsang, sening sunnating sunnatsizlikdan hech farq qilmaydi. 26 Xuddi shuningdek, agar sunnat qilinmaganlar qonunga amal qilsalar, ularning sunnatsizligi sunnatday qabul qilinmaydimi?! 27 Shunday ekan, sunnatsiz bo‘la turib, qonunga amal qiladigan odam seni mahkum qilmaydimi?! Axir, senda Muqaddas bitiklar bor, sen sunnat qilingansan–u, lekin baribir Xudoning qonunini buzasan.

28 Yahudiy urf–odatlari bilan yashaydiganlarning hammasi ham asl yahudiy emas. Jismoniy sunnatning o‘zi ham sunnatning asl maqsadini bajarmaydi. 29 Asl yahudiylik yurakdan kelib chiqadi. Asl sunnat, ya’ni yurakning sunnati qonunga amal qilishdan kelib chiqmaydi, balki Ruh tomonidan qilinadi. Asl yahudiy insonlarning emas, balki Xudoning maqtoviga sazovor bo‘ladi.


3–BOB

Xudoning sadoqati

1 Xo‘sh, yahudiylarning qanday ustunligi bor? Yoki sunnatning* nima foydasi bor? 2 Yahudiylar har jihatdan katta ustunlikka egadirlar. Bu ustunlik, eng avvalo, shundan iboratki, Xudoning kalomi ularga ishonib topshirilgan. 3 Ularning ba’zilari ishonmagan

bo‘lsa, nima bo‘pti? Ularning ishonmaganligi Xudoning sadoqatini bekor qiladimi? 4 Yo‘q, aslo! Axir, har bir inson yolg‘onchi bo‘lsa ham, Xudo haqdir. Muqaddas bitiklarda Xudo haqida shunday yozilgan–ku:


“Shu bois hukm qilganingda Sen barhaqsan,

Aybimni fosh etganingda doimo to‘g‘ri bo‘lib chiqasan.”*


5 Insoniy fikr yuritib aytayin: agar bizning qabihligimiz Xudoning odilligini yanada

ochiqroq ko‘rsatsa, nima ham derdik? Boshimizga qahr–g‘azab yog‘dirgani uchun Xudo

adolatsizmi? 6 Yo‘q, aslo! Xudo odildir. Xudo adolatsiz bo‘lganda edi, qanday qilib dunyoni hukm qila olardi?! 7 Mening yolg‘onchiligim Xudoning haqligiga urg‘u berib, Unga yanada ko‘proq shon–shuhrat keltirar ekan, nima uchun men gunohkor sifatida mahkum qilinishim kerak? 8 Shunday ekan, “Yaxshilik keltirsin deb, yomonlik qilaveraylikmi?” deyishimiz kerakmi?! Ba’zilar bizga tuhmat qilib, Pavlus o‘shanday ta’lim beryapti, deb aytmoqdalar. Bunday tuhmat qilganlar jazoga loyiqdir.

Hamma gunohkordir

9 Xo‘sh, biz, yahudiylar, boshqalardan ustunmizmi? Yo‘q, aslo! Yuqorida isbotlab o‘tganimday, xoh yahudiy bo‘lsin, xoh g‘ayriyahudiy bo‘lsin, har bir inson gunohning hokimiyati ostidadir. 10 Axir, Muqaddas bitiklarda quyidagiday yozilgan–ku:


“Hech bir solih kimsa yo‘qdir, Hatto bironta ham yo‘q!

11 Bironta ham idrokli zot yo‘q,

Hech kim Xudoga yuz burmaydi.

12 Hammasi yo‘ldan ozgan, birday buzilgan, Yaxshilik qiluvchi bir kimsa yo‘qdir,

Hatto bironta ham yo‘q!*

13 Ochiq qabr kabidir og‘izlari, Ular yolg‘on gapiradi.

Tillaridan ilon zahri tomadi*.

14 Ularning og‘zidan achchiq so‘zlar, la’nat chiqadi*.

15 Ularning oyoqlari qon to‘kishga shoshiladi,

16 Qadamidan halokatu vayrona keladi.

17 Ular tinchlik yo‘llarini bilmaydi*,

18 Ular Xudodan qo‘rqmaydi.”*


19 Biz bilamizki, qonun neki buyurgan bo‘lsa, qonunga qaram bo‘lganlarga buyurgan, toki har bir og‘iz yumilsin va butun dunyo Xudo oldida javobgar bo‘lsin. 20 Zotan, qonunga amal qilish orqali hech kim Xudoning oldida oqlana olmaydi, chunki qonun insonga gunohkorligini yanada aniqroq ko‘rsatadi.

Gunohkorni oqlash — Xudoning ishi

21 Mana endi qonunga aloqasiz ravishda oqlanish yo‘lini Xudoning O‘zi aniq ko‘rsatdi. Buni Tavrot va Payg‘ambarlar bitiklari* tasdiqlaydi. 22 Biz Iso Masihga bo‘lgan imonimiz orqali Xudoning oldida oqlanamiz. Odamlar orasida hech bir farq yo‘q. 23 Axir, hamma gunoh qilgan va Xudoning ulug‘vorligidan mahrumdir. 24 Lekin gunohkorlar Iso Masih orqali gunohlaridan ozod bo‘ladilar. Ular oqlanishga loyiq bo‘lmasalar–da, Xudoning inoyati bilan oqlanadilar. 25-26 Xudo Iso Masihni bu dunyoga yubordi. Masihga ishonganlarning hammasi Uning to‘kilgan qoni orqali Xudo bilan yarashdi*. Shunday qilib, Xudo O‘zining adolatini namoyon qildi. U o‘tmishda sabr–toqat qilib, ilgari qilingan gunohlarni jazosiz qoldirgan edi, endi esa Iso Masihga ishonganlarni oqlab, O‘zining haq ekanligini ko‘rsatmoqda.

27 Endi maqtanishga arzigulik narsamiz qoldimi? Yo‘q, maqtovga o‘rin yo‘q. Nima

sababga ko‘ra? Amrlarni bajo keltirishni talab qiluvchi qonunga ko‘rami? Yo‘q, insonlar

imon orqali oqlanganda maqtanishga hech o‘rin qolmaydi. 28 Axir, inson qonun talablarini bajo qilish orqali emas, balki imon orqali oqlanadi, biz bunga qanoat hosil qildik. 29 Nahotki Xudo faqat yahudiylarning Xudosi bo‘lsa?! U boshqa xalqlarning ham Xudosi emasmi? Albatta, U boshqa xalqlarning ham Xudosidir. 30 Axir, Xudo yagona–ku! Sunnatlilarni ham, sunnatsizlarni ham Xudo imon orqali oqlaydi. 31 Demak, biz bu imon bilan qonunni bekor qilyapmizmi? Yo‘q, aslo! Aksincha, qonunni tasdiqlayapmiz.


4–BOB

Ibrohimning ibratli imoni

1 Xo‘sh, biz bobokalonimiz Ibrohim haqida nima deymiz? Ibrohim qanday qilib inoyat topdi? 2 Agar Ibrohim savob ishlari tufayli oqlanganda edi, uning maqtanishga haqi bo‘lardi, ammo Xudoning oldida hech kim maqtana olmaydi. 3 Axir, Muqaddas bitiklarda nima deb yozilgan? “Ibrohim Xudoga ishondi, Xudo uni ishonchi uchun, solih deb bildi.”* 4 Mehnatkashga to‘lanadigan maosh iltifot emas, xizmat haqidir. 5 Biroq qonunni bajarishga suyanmay, balki betavfiqni oqlovchi Xudoga ishongan kishi o‘z ishonchi tufayli oqlanadi. 6 Mana, qonun talablarini bajo qilgan–qilmaganidan qat’iy nazar, Xudo tomonidan oqlangan odamni Dovud ham baxtli deb aytadi:


7 “Itoatsizligi kechirilganlar baxtlidir, Egamiz kimning gunohidan o‘tgan bo‘lsa, O‘sha inson baxtlidir.

8 Egamiz kimning aybini yozmagan bo‘lsa, O‘sha inson baxtlidir.”*


9 Bu baxtiyorlik faqat sunnat qilinganlarga* mansubmi yoki sunnatsizlarga* ham tegishlimi? Aytib o‘tganimizday, Xudo Ibrohimni ishonchi uchun solih deb bildi. 10 Xo‘sh, bu qachon sodir bo‘ldi? Ibrohim sunnat bo‘lishidan oldinmi yoki keyinmi? Sunnat bo‘lishidan oldin! 11 U sunnatni imon orqali sazovor bo‘lgan solihligining muhri sifatida qabul qildi. U sunnat qilinmasdan oldin oqlangandi. Shunday qilib, Ibrohim sunnatsiz holda imon keltirib oqlangan har bir insonning otasi bo‘ldi. 12 Ayni zamonda, Ibrohim sunnatlilarning ham otasi hisoblanadi. Ammo sharti shuki, sunnatlilarning imoni ham otamiz Ibrohim sunnat qilinmasdan oldin ega bo‘lgan imonday bo‘lishi kerak.

Xudo O‘z va’dasida turadi

13 Xudo Ibrohimga va uning nasliga, sizlar yer yuzini mulk qilib olasizlar, deb va’da bergan edi. Ibrohim qonunga itoat qilgani uchun emas, balki Xudo uni ishonchi tufayli solih deb bilgani uchun Xudo bu va’dani berdi. 14 Agar qonunga suyanadiganlar yer yuzini mulk qilib oladigan bo‘lsa edi, unda imon behuda, va’da esa quruq bo‘lib qolar

edi. 15 Axir, qonun Xudoning g‘azabini qo‘zg‘atadi, xolos. Qonun bo‘lmasa, qonunbuzarlik ham bo‘lmaydi. 16 Shu sababdan, Xudoning va’dasi Uning inoyatiga bog‘liq bo‘lib, faqat imon bilan qabul qilinadi. Ibrohimning imoniday imonga ega bo‘lganlarning hammasi qonunga amal qilib yashaydimi, yo‘qmi, uning zurriyoti hisoblanadi. Xudoning va’dasi albatta ularga ham daxldordir. Axir, Ibrohim hammamizning otamizdir. 17 Muqaddas bitiklarda quyidagicha yozilgan–ku: “Men seni ko‘plab xalqlarning otasi qilaman.”* O‘liklarni tiriltiruvchi va mavjud bo‘lmagan narsalarni vujudga keltiruvchi Xudoga

ishonib, Ibrohim hammamizning otamiz bo‘ldi.

18 Xudo Ibrohimga yana: “Sening nasling son–sanoqsiz bo‘ladi”*, degan edi. Ibrohim ko‘p xalqlarning otasi bo‘lishga hech bir umidi qolmaganiga qaramasdan, imoni tufayli umidvor edi. 19 O‘zi yuz yoshga yaqinlashib, badani ancha zaiflashib qolganiga va xotini Soraning bepushtligiga qaramay, Ibrohimning imoni zaiflashmadi. 20 Ibrohim imonsizlik qilmadi, Xudoning va’dasidan shubhalanmadi, balki imonida mahkam turib, Xudoni ulug‘ladi. 21 Xudo bergan va’dasini bajo keltirishga qodir, deb Ibrohim qat’iy ishonar edi. 22 Mana shu ishonchi uchun Xudo Ibrohimni solih deb bildi. 23 Bu so‘zlar faqatgina Ibrohimga tegishli emas, 24 balki biz uchun ham aytilgan. Agar Rabbimiz Isoni o‘likdan tiriltirgan Xudoga ishonsak, Xudo bizni ham oqlaydi. 25 Xudo bizning gunohlarimiz uchun Iso Masihni o‘limga topshirdi va oqlanishimiz uchun Uni tiriltirdi.


5–BOB

Xudo bilan yarashish

1 Biz imonimiz tufayli oqlanganimiz uchun Rabbimiz Iso Masih orqali Xudo bilan yarashib, tinchlikka erishdik. 2 Rabbimiz Iso Xudoning inoyati eshigini bizga ochib berdi. Biz imon tufayli bu inoyatga erishib, mahkam turamiz hamda Xudoning ulug‘vorligiga sherik bo‘lish umidimiz borligidan faxrlanamiz. 3 Faqatgina o‘sha umidimiz bilan emas, balki azob–uqubatlarimiz bilan ham faxrlanamiz, chunki azob–uqubatlar sabr–toqat hosil qilishini bilamiz. 4 Sabr–toqat Xudoga ma’qul fe’l–atvorni, bunday fe’l–atvor esa umidni hosil qiladi. 5 Umidimiz bizni uyatga qoldirmaydi. Chunki bizga berilgan Muqaddas Ruh orqali yuraklarimiz Xudoning mehr–muhabbati bilan to‘lib–toshadi.

6 Ha, biz chorasiz bo‘lganimizda, belgilangan vaqtda Masih biz — betavfiqlar uchun

o‘ldi. 7 Solih inson uchun ham o‘lishga rozi bo‘ladigan birorta insonni topish qiyin. Ehtimol, kimdir himmatli inson uchun o‘lishga jur’at qilar. 8 Lekin biz hali gunohga botgan chog‘imizda, Masih biz uchun o‘ldi. Shu yo‘sinda Xudo bizga bo‘lgan O‘z mehr– muhabbatini namoyon qildi. 9 Demak, biz Masihning to‘kilgan qoni tufayli oqlangan ekanmiz, albatta U bizni Xudoning qahr–g‘azabidan qutqaradi. 10 Biz hali Xudoning dushmanlari bo‘lgan paytimizda, Xudo O‘z O‘g‘lining o‘limi orqali bizlarni O‘zi bilan yarashtirdi. Biz endi Xudo bilan yarashgan ekanmiz, albatta O‘g‘lining hayoti tufayli najot topamiz. 11 Bundan tashqari, biz Rabbimiz Iso Masih tufayli Xudo bilan bo‘lgan munosabatimizdan faxrlanamiz. Axir, Iso Masih orqali biz Xudo bilan yarashganmiz–ku.

Odam Atodan — o‘lim, Masihdan — hayot

12 Bir odamning dastidan dunyoga gunoh kirib keldi. Gunohdan esa o‘lim kelib chiqdi. Natijada insonlar o‘ladigan bo‘ldi, chunki hamma gunohkordir. 13 Qonun mavjud bo‘lmasdan oldin ham dunyoda gunoh bor edi, lekin qonun yo‘qligida gunoh hisobga olinmaydi. 14 Shunga qaramay, Odam Atodan Musoga qadar yashaganlarning gunohlari aynan Odam Atoning gunohiday bo‘lmasa–da, o‘lim ularning ustidan hokimlik qildi.

Odam Ato keladigan Zotning timsoli bo‘ldi: 15 bir kishining gunohi tufayli hamma o‘ladigan bo‘ldi, shunga o‘xshab bir Odam, ya’ni Iso Masihning inoyati orqali hamma Xudoning boy ehsonidan bahramand bo‘la oladi. Biroq Xudoning ehsonini Odam Atoning gunohi bilan solishtirib bo‘lmaydi. 16 Xudoning ehsoni bilan Odam Atoning gunohi orasidagi farq quyidagidan iborat: o‘sha bir gunohning oqibati mahkum qilinishga olib bordi, ko‘p gunohlardan keyin berilgan ehson esa oqlanishni keltirib

chiqardi. 17 To‘g‘ri, bittagina odamning gunohi tufayli, o‘sha odamning dastidan o‘lim hokimlik qila boshladi. Ammo Xudoning cheksiz inoyati bilan oqlanganlarning hammasi endi bir Odam, ya’ni Iso Masih orqali abadiy hayotda hokimlik qiladilar.

18 Shunga ko‘ra, bir gunoh hammani mahkum qilganday, bir solih ish tufayli hamma oqlanib, yangi hayotdan bahramand bo‘la oladi. 19 Bir odamning itoatsizligi tufayli ko‘p odamlar gunohkor bo‘lgan bo‘lsa, endi bir Kishining itoatkorligi tufayli hamma solih bo‘la oladi. 20 Qonun berilgandan keyin gunoh ko‘payib ketdi. Lekin qayerda gunoh ko‘p bo‘lsa, Xudoning inoyati yanada ko‘proq namoyon bo‘ladi. 21 Gunoh hokimlik qilib, bizni o‘limga boshlar edi. Ammo biz oqlandik va Rabbimiz Iso Masih orqali abadiy hayotga egamiz. Bundan ko‘rinib turibdiki, endi Xudoning inoyati hukm surmoqda.


6–BOB

Masih bilan o‘lib, tirilamiz

1 Xo‘sh, nima deylik? Inoyat ko‘payaversin deb, gunoh qilishda davom etaveramizmi?

Yo‘q, aslo! 2 Biz gunoh uchun o‘lganmiz. Endi qanday qilib gunoh qilib yashayveramiz? 3 Unutmanglar, cho‘mdirilish orqali biz — Masihga tegishli bo‘lganlar Uning o‘limiga sherik bo‘ldik! 4 Biz suvga cho‘mdirilib, Masih bilan birga o‘ldik va ko‘mildik. Otamiz Xudoning ulug‘vor qudrati bilan Iso Masih o‘likdan tirilganiday, biz ham yangi hayotga ega bo‘lamiz. 5 Biz cho‘mdirilib, Iso Masihning o‘limiga sherik bo‘lgan bo‘lsak, albatta Uning o‘likdan tirilishiga ham sherik bo‘lamiz.

6 Biz bilamizki, eski o‘zligimiz Masih bilan birga xochga mixlangani uchun, gunohga berilgan bu vujudimiz yo‘q qilindi. Endi biz gunohga qul emasmiz. 7 Axir, o‘lgan odam gunohning amri ostida emas–ku! 8 Agar biz Masih bilan birga o‘lgan bo‘lsak, U bilan yashashimizga ham ishonchimiz komil.

9 Biz bilamizki, Masih o‘likdan tirilgani uchun U endi boshqa o‘lmaydi, o‘lim endi Unga hokim bo‘la olmaydi. 10 Masih o‘lgani uchun gunoh endi Unga o‘z ta’sirini ko‘rsata olmaydi, Uning yangi hayoti Xudoga shuhrat keltiradi. 11 Shuning uchun sizlar o‘zingizni gunoh oldida o‘lik deb hisoblang. Endi Iso Masih tufayli Xudoga shuhrat keltirib yashashingiz kerak.

12 Shunday qilib, endi gunoh sizlarning foniy tanalaringiz ustidan hokimlik qilmasin, xudbin istaklaringizga itoat etmanglar. 13 Tanangizning hech bir a’zosini yomonlik quroli qilib, gunohning izmiga topshirmanglar. Aksincha, o‘zingizni Xudoning izmiga topshiringlar, chunki sizlar oldin o‘lik edingizlar, endi esa yangi hayotga egasizlar.

Sizlarning tanangiz Xudoning solihlik quroli bo‘lsin. 14 Gunoh sizlarning ustingizdan

hukmron bo‘lmaydi, chunki sizlar endi qonun ostida emas, balki inoyat panohidasizlar.

Solihlikka qul bo‘lish haqida

15 Xo‘sh, buyog‘i endi nima bo‘ladi? Qonun ostida emas, inoyat panohida bo‘lganimiz uchun gunoh qilaveraylikmi? Yo‘q, aslo! 16 Bilasizlar–ku, siz o‘zingizni itoatkor qul qilib kimning izmiga topshirsangizlar, o‘shaning quli bo‘lasizlar. Sizlar kimga bo‘ysunasizlar? O‘limga olib boruvchi gunohgami yoki solihlikka yetaklovchi itoatkorlikkami? 17 Ammo Xudoga shukurki, sizlar oldin gunohga qul bo‘lsangiz ham, endi sizlarga o‘rgatilgan ta’limotga sidqidildan amal qilyapsizlar. 18 Sizlar endi gunohning changalidan ozod qilinib, solihlikning quli bo‘lib qoldingizlar.

19 Inson ongi zaif bo‘lgani uchun men kundalik hayotdan misol keltirib gapiryapman.

Sizlar bir vaqtlar a’zoyi badaningizni ifloslik va qonunsizlikka topshirib, gunohga yanada chuqurroq botib ketgan edingiz. Endi esa o‘zingizni muqaddaslikka yetaklaydigan solihlikka qul qilib topshiring. 20 Axir, gunohga qul bo‘lgan paytingizda, to‘g‘ri ishlar qilishga majbur emasdingiz. 21 O‘sha paytdagi qilmishlaringizning oqibati nima bo‘ldi?! Hozir ulardan uyalyapsiz, o‘sha qilmishlaringizning oqibati o‘lim–ku!

22 Endi gunohdan ozod qilinib, Xudoning quli bo‘lib qoldingiz. Buning natijasi muqaddaslik va abadiy hayotdir. 23 Gunohning evazi — o‘lim, Xudoning in’omi esa Rabbimiz Iso Masih orqali beriladigan abadiy hayotdir.


7–BOB

Nikoh qonunidan misol

1 Ey birodarlar, axir, sizlar bilasizlar–ku, (men qonunni biladiganlarga aytyapman), qonun faqat tirik insonning ustidan hukmronlik qiladi. 2 Masalan, erli xotinning eri tirik ekan, qonun bo‘yicha u eriga bog‘liq. Ammo eri o‘lsa, u nikohdan ozod bo‘ladi. 3 Shuning uchun hali eri tirik bo‘lgan xotin boshqa erga tegsa, u zinokor deb hisoblanadi. Ammo eri o‘lsa, xotin o‘sha qonundan ozod bo‘ladi va boshqa erga tegsa ham, zino qilgan hisoblanmaydi.

4 Shunga o‘xshab, sizlar ham, ey birodarlarim, Masihning o‘limi orqali qonun uchun o‘lgansizlar. Endi qonundan ozodsizlar, o‘zingizni Boshqasiga, ya’ni o‘likdan tirilgan Masihga bag‘ishlay olasizlar. Buning natijasida esa biz Xudoning yo‘lida samarali ishlar qila olamiz. 5 Zero, biz bashariy tabiatimiz amri bilan yashagan paytimizda, qonun bizning a’zoyi badanimizda gunohkor ehtiroslarni qo‘zg‘atardi. Ularning samarasi esa o‘limdir. 6 Endi esa bizni asir qilgan qonun uchun o‘ldik va undan ozod bo‘ldik. Shunday qilib, biz eskichasiga, ya’ni yozilgan qonun yetakchiligida emas, balki yangichasiga*, ya’ni Muqaddas Ruh yetakchiligida Xudoga xizmat qilamiz.

Qonun va gunoh

7 Xo‘sh, unda nima deymiz? Qonun gunohning manbaimi? Yo‘q, aslo! Ammo qonun bo‘lmaganda edi, men gunoh nima ekanligini bilmagan bo‘lar edim. Masalan, qonun “boshqalarning mulkiga ko‘z olaytirma”* deb buyurmaganda edi, men buning gunoh ekanligini bilmagan bo‘lardim. 8 Ammo gunoh bu amrdan foydalanib, mening yuragimda har xil nafsu hasadni qo‘zg‘atdi. Qonun bo‘lmagan joyda gunoh o‘likdir.

9 Bir vaqtlar men qonunni bilmay yashardim. Ammo amr bor ekanligini bilganimdan keyin, gunoh tirildi, 10 men esa o‘ldim. Amr hayot keltirishi kerak edi, ammo mening o‘limimga sababchi bo‘ldi. 11 Chunki gunoh amrdan foydalanib, meni aldadi va amr orqali meni o‘ldirdi. 12 Ammo qonun baribir muqaddasdir, uning har bir amri muqaddas, odil va yaxshidir.

13 Xo‘sh, yaxshi bo‘lgan qonun menga o‘lim keltirdimi? Mutlaqo! Gunoh menga o‘lim keltirish uchun yaxshi narsadan foydalandi. Gunohning gunoh ekanligi ochiq ko‘rinishi uchun shunday bo‘ldi. Shunday qilib, amr orqali gunohning naqadar yomon ekanligi oshkor bo‘ldi.

Gunohga qarshi kurash

14 Qonunni Xudo bergan. Men esa gunohga qul qilib sotilgan ojiz bandaman. 15 Axir,

o‘zim qilayotgan ishlarni o‘zim tushunmayman, chunki qilishni xohlaganlarimni

qilmayman, aksincha, nimani yomon ko‘rsam, shuni qilaman. 16 O‘zim xohlamagan ishlarni qilayotgan ekanman, bu bilan qonunning yaxshi ekanligini ma’qullayotgan bo‘laman. 17 Demak, bu ishlarni men o‘zim emas, balki yuragimdagi gunoh qilayotgan bo‘ladi.

18 Menda, ya’ni bashariy tabiatimda hech qanday yaxshi jihat yo‘qligini aniq bilaman. Yaxshilik qilish istagi dilimda bor bo‘lsa–da, uni ro‘yobga chiqarishga kuchim yetmaydi. 19 O‘zim qilishni xohlagan yaxshilikni qilmayman–da, uning o‘rniga o‘zim qilishni xohlamagan yomonlikni qilaman. 20 O‘zim xohlamagan ishni qilayotgan ekanman, demak, bu ishni men emas, balki yuragimdagi gunoh qilyapti.

21 Men bundan ushbu xulosani chiqaraman: yaxshilik qilmoqchi bo‘lganimda, qalbimda hamisha yomonlik poylab turadi. 22 Butun qalbim bilan Xudoning qonunidan zavq olaman. 23 Ammo a’zoyi badanimda boshqa bir qoida amal qilmoqda. Bu qoida ongimdagi qonunga qarshi kurash olib borib, a’zoyi badanimda amal qiluvchi gunoh qoidasiga meni asir qilyapti. 24 Oh, men sho‘rlik odam! O‘lim soyasi ostidagi bu ahvolimdan kim meni qutqarar ekan? 25 Xudoga shukur! Rabbimiz Iso Masih orqali U bizni qutqaradi!

Xullasi kalom, men ongim bilan Xudoning qonuniga qul bo‘lsam–da, bashariy tabiatim gunoh qoidasiga quldir.


8–BOB

Muqaddas Ruhning yetakchiligida yashash

1 Iso Masihga tegishli bo‘lganlar* endi hukm qilinmaydilar. 2 Hayot ato etuvchi Ruhning qonun–qoidasi Iso Masih orqali bizni* gunohdan va o‘limga yetaklaydigan qonundan ozod qildi. 3 Inson Xudoning qonunini bajara olmagani uchun qonun ta’sirsiz bo‘lib qoldi. Qonun insonni gunohdan qutqara olmagani uchun Xudoning O‘zi odamlarni qutqardi. U O‘z O‘g‘lini gunohkor insonga o‘xshatib, bu dunyoga yubordi va gunohning qudratini yo‘q qildi*. Shu yo‘sin Xudo inson orqali gunohni mahkum qildi. 4 Biz — bashariy tabiatning emas, balki Ruhning yetakchiligida yashayotganlar — qonun talab qilgan solihlikka erishishimiz uchun Xudo shunday qildi.

5 Bashariy tabiat yetakchiligida yashaydiganlar bashariy fikr qiladilar. Ruhning yetakchiligida yashaydiganlar esa Ruhni mamnun qiladigan narsalar haqida fikr qiladilar. 6 Bashariy tabiat yetakchiligida fikr qilish o‘limga yetaklaydi, Ruh yetakchiligida fikr qiladiganlar esa hayot va tinchlikka ega bo‘ladilar. 7 Bashariy tabiat yetakchiligida fikr qilish Xudoga dushmanlikdir, chunki bunday tabiat Xudoning qonuniga itoat qilmaydi, darhaqiqat, itoat qila olmaydi ham. 8 Bashariy tabiat yetakchiligida yashaydiganlar Xudoni mamnun qila olmaydi.

9 Agar Xudoning Ruhi haqiqatan ham sizlarning qalbingizda makon qilgan bo‘lsa, sizlar endi bashariy tabiat amri bilan emas, balki Ruh amri bilan yashayapsizlar. Kimki Masihning Ruhiga ega bo‘lmasa, u Masihga tegishli emas. 10 Ammo Masih sizning qalbingizda makon qilgan. To‘g‘ri, gunoh tufayli tanangiz o‘limga mahkum qilingan, lekin endi Xudoning Ruhi sizlar uchun hayot manbaidir*, chunki sizlar oqlangansiz.

11 Isoni o‘likdan tiriltirgan Xudoning Ruhi qalbingizda yashayapti. Iso Masihni o‘likdan tiriltirgan Xudo yuragingizda yashayotgan O‘z Ruhi orqali sizlarning foniy tanangizni ham o‘likdan tiriltiradi.

12 Shunday qilib, ey birodarlar, endi biz bashariy tabiatimizning amri bilan yashashga majbur emasmiz. 13 Axir, bashariy tabiat yetakchiligida yashasangiz, o‘lasizlar, ammo Ruh orqali o‘sha tabiatning qilmishlariga chek qo‘ysangiz, yashaysizlar.

14 Xudo Ruhining yetakchiligida yashaydiganlarning hammasi Xudoning farzandlaridir. 15 Xudo bizga O‘z Ruhini berdi. Buni yana qul bo‘lib, qo‘rquvda yashashimiz uchun emas, balki Uning farzandi bo‘lib, Ruh orqali Xudoni “Otajon”* deb chaqirishimiz uchun qildi. 16 Xudoning Ruhi bizning ruhimizga qo‘shilib, biz Xudo farzandlari ekanligimiz haqida guvohlik berib turadi. 17 Biz Xudoning farzandlari ekanmiz, demak, farzandlarday Uning va’da qilgan barakalariga ega bo‘lamiz, Masih bilan birga bu barakalarni baham ko‘ramiz. Biz Masihning azob–uqubatlariga sherik ekanmiz, albatta, Uning ulug‘vorligiga ham sherik bo‘lamiz.

Hozirgi azob–uqubatlar va kelajakdagi ulug‘vorlik

18 Ishonchim komilki, hozirgi azob–uqubatlarimiz bizga zohir qilinadigan ulug‘vorlik oldida hech narsa emas. 19 Axir, Xudoning farzandlari kim ekanligining ayon qilinishini butun mavjudot intizorlik bilan kutyapti. 20-21 Chunki mavjudot behudalikka mubtalo bo‘lgan*. Bu — mavjudotning ixtiyori bilan emas, balki Xudoning ixtiyori bilan bo‘ldi.

Shunday bo‘lsa–da, mavjudot chirib–bitish qulligidan ozod etilib, Xudoning farzandlari

bilan birga ulug‘vor erkinlikdan bahramand bo‘lishiga umid bor*.

22 Axir, butun mavjudot go‘yo to‘lg‘oq azobida, hozirga qadar oh–nola qilayotganini bilamiz. 23 Nafaqat mavjudot, balki biz o‘zimiz — Xudoning Ruhi bilan yashash qanday ekanligini tatib ko‘rganlar ham — ich–ichimizdan oh–nola qilyapmiz. Xudoning farzandlari qilib asrab olinganimizning to‘liq ro‘yobga chiqishini hamda o‘ladigan badanimizning chirib–bitishdan ozod bo‘lishini intizorlik bilan kutyapmiz.

24 Umidimizning ro‘yobga chiqishini kutib, najot topganmiz. Ko‘zga ko‘rinib turgan narsa umid emas. Axir, kim ko‘rib turgan narsani umid qiladi?! 25 Agarda biz ko‘rmaganimizni umid qilayotgan bo‘lsak, buni sabr bilan kutsak bo‘ladi.

26 Buning ustiga, ojizligimizda Ruh bizga madad beradi. Chunki biz qanday ibodat qilishni bilmaymiz, ammo Ruhning O‘zi ifoda qilib bo‘lmas oh–nolalar bilan biz uchun Xudo oldida shafoat qiladi. 27 Insonlarning yuragini sinovchi Xudo Ruhning fikri nimada ekanligini biladi, chunki Ruh Xudoning irodasiga ko‘ra, Uning azizlari uchun shafoat qiladi.

28 Biz bilamizki, Xudoni yaxshi ko‘rganlarga hamma narsa yaxshilikka xizmat qiladi, chunki Xudo ularni O‘zining maqsadiga ko‘ra, da’vat etgan. 29 Xudo ularni azaldan tanlab olgan edi va “Mening O‘g‘limga o‘xshagan bo‘lsinlar”, deb oldindan belgilab qo‘ygan edi, toki O‘g‘il ko‘p birodarlar orasida to‘ng‘ich bo‘lsin*. 30 Xudo oldindan belgilab qo‘yganlarni da’vat etdi, da’vat etganlarni oqladi, oqlaganlarni O‘zining ulug‘vorligidan bahramand qildi.

Xudoning mehr–muhabbati

31 Endi bunga nima deymiz? Xudo biz tomonda ekan, hech kim bizga qarshi tura olmaydi! 32 Xudo O‘z O‘g‘lini ayamay, hammamiz uchun Uni fido qilgan bo‘lsa, Unga qo‘shib, qolgan hamma narsani ham bizga ato qilmasmikan?! 33 Xudoning tanlaganlarini kim ayblay olardi?! Xudoning O‘zi ularni oqlaydi–ku! 34 Bizni kim mahkum qilar ekan?! Axir, o‘lib, tirilgan, Xudoning o‘ng tomonida* o‘tirgan Iso Masihning O‘zi biz uchun shafoat qilmoqda–ku! 35 Kim bizni Masihning* mehr–muhabbatidan ajrata oladi? Azob–

uqubatmi, iztirobmi, quvg‘inmi, ochlikmi, yalang‘ochlikmi, xavf–xatarmi yoki qilichmi?

36 Muqaddas bitiklarda yozilgan–ku:


“Sen tufayli har kuni o‘limga duch kelamiz, Bo‘g‘izlanadigan qo‘yday bo‘lib qolganmiz.”*


37 Axir, bizni yaxshi ko‘radigan Masih orqali hamma qiyinchiliklar ustidan butunlay g‘alaba qozonamiz. 38 Men aminmanki, o‘lim ham, hayot ham, farishtalaru jinlar ham, hech qanday g‘ayritabiiy kuchlar ham, hozirgiyu kelgusi hodisalar ham, 39 balandliklaru chuqurliklar ham, yaratilgan bironta mavjudot ham bizni Rabbimiz Iso Masih shaxsidagi Xudoning mehr–muhabbatidan judo qilishga qodir emas.


9–BOB

Xudo tanlagan xalq

1 Men Iso Masihga tegishli bo‘lganim uchun haqiqatni aytyapman, yolg‘on gapirmayman. Bu haqda vijdonim ham Muqaddas Ruh orqali shahodat beryapti. 2 O‘z xalqim uchun chuqur qayg‘uga botgan yuragim muttasil alam chekmoqda. 3 O‘z qondoshlarim haqi, Xudoning la’nati ostida qolib, Masihdan ajralishga ham rozi bo‘lardim. 4 Ular Isroil xalqidir. Xudo ularni O‘ziga farzand* qilib olish uchun tanladi. O‘zining ulug‘vorligini ularga namoyon qilib, ular bilan ahdlar* tuzdi. Ularga O‘z qonunini berib, ularni O‘zining xizmatiga tayinladi hamda ularga O‘z va’dalarini berdi. 5 Ular ulug‘ ota–bobolardan kelib chiqqan, Masih ham jisman Isroil xalqidan kelib

chiqqan. Butun borliq ustidan hukmdor bo‘lgan Xudoga abadiy hamdu sanolar bo‘lsin*. Omin!

6 Xudo O‘z so‘zida turmadi, demoqchi emasman. Ammo Isroil xalqining hammasi ham Xudoning xalqi emasdir. 7 Shunga o‘xshab, Ibrohimdan tug‘ilganlarning hammasi ham Ibrohimning asl zurriyoti deb hisoblanmaydi. Axir, Xudo Ibrohimga: “Sening nasling Is’hoq orqali kelib chiqadi”*, deb aytgan–ku! 8 Demak, jismoniy jihatdan Ibrohimning farzandlari bo‘lganlarning hammasi ham Xudoning farzandlari emasdirlar. Faqatgina Xudo bergan va’daning natijasida* dunyoga kelganlar asl zurriyot hisoblanadi. 9 Xudoning Ibrohimga bergan va’dasi quyidagicha edi: “Men kelgusi yili shu paytda kelganimda, xotining Sora o‘g‘illi bo‘ladi.”*

10 O‘sha o‘g‘il bobokalonimiz Is’hoq edi. Vaqti kelib, Is’hoqning xotini Rivqo egizak o‘g‘illarga homilador bo‘ldi. 11-12 Farzandlar tug‘ilmaslaridan avval, hali birorta yaxshi yoki yomon ish qilmaslaridan oldin Xudo Rivqoga: “Kattasi kichigiga xizmat qiladi”*, deb aytgandi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Xudo O‘z maqsadini bajarish uchun insonlarni tanlaydi, tanlanish insonlarning ishlariga emas, balki Xudoning da’vatiga bog‘liqdir.

13 Axir, Muqaddas bitiklarda: “Men Yoqubni yaxshi ko‘rib, Esovdan nafratlandim”*, deb yozilgan–ku!

14 Xo‘sh, bunga nima deymiz? Xudo adolatsizmi? Yo‘q, aslo! 15 Xudo Musoga: “Marhamat qiladiganimga marhamat qilaman, shafqat qiladiganimga shafqat qilaman”*, deb aytgan. 16 Shunday qilib, Xudoning mehr–shafqati inson xohishi va tashabbusiga emas, balki Xudoning irodasiga bog‘liq. 17 Muqaddas bitiklarda yozilganiday, Xudo fir’avnga: “Senga qudratimni ko‘rsatay, butun olamga shuhratimni yoyay deb, seni

hukmdor qilib tayinladim”*, deb aytgan. 18 Xullas, Xudo O‘z xohish–irodasiga ko‘ra, ish

yuritadi, bir insonga marhamat ko‘rsatadi, boshqa birovning esa yuragini tosh qiladi.

Xudoning g‘azabi va marhamati

19 Shunda kimdir mendan: “Unda nima uchun Xudo bizni ayblaydi? Axir, kim ham Uning irodasiga qarshi chiqa olardi?” deb so‘rashi mumkin. 20 Ey inson, sen kim bo‘libsanki, Xudoga gap qaytarsang?! Yaratilgan narsa yaratuvchisidan: “Nima uchun meni bunday qilib yaratding?” deb so‘raydimi?! 21 Axir, kulol ham bir loy qorishmasidan har xil idishlar yasaydi–ku! Ularning ba’zilarini qutlug‘ bayram kunlarida ishlatiladigan qilishga, boshqalarini esa har kuni ishlatiladigan idish qilib qo‘yishga haqi yo‘qmi?!

22 To‘g‘ri, Xudo O‘z g‘azabi va qudratini jazo orqali ko‘rsatishga haqlidir. Ammo jazoga mubtalo bo‘ladiganlarning halokatini orqaga surib, sabr–bardosh ko‘rsatsa, nima bo‘pti? 23 Shunday qilib, Xudoning marhamatiga sazovor bo‘lgan va Uning ulug‘vorligini baham ko‘rishga belgilangan odamlarga Xudo O‘z ulug‘vorligining naqadar boy ekanligini namoyon qiladi. 24 Nafaqat yahudiylar orasidan, balki boshqa xalqlar orasidan tanlanganlar qatorida biz ham bormiz. 25 Xo‘sheya kitobida Xudo shunday deb aytgan: “Mening xalqim bo‘lmaganlarni «O‘z xalqim» deb atayman. Oldin suyukligim bo‘lmaganni «Suyukligim» deb aytaman*. 26 Ularga: «Xalqim emas», deb aytilgan bo‘lsa, kelajakda ular «Barhayot Xudoning farzandlari» deb ataladi.”*

27 Ishayo ham Isroil xalqi haqida shunday degan edi: “Isroil xalqining soni dengiz qumiday ko‘p bo‘lsa ham, ulardan faqatgina sanoqli odamlar qutqarilib, omon qoladi, 28 chunki Egamiz dunyo ustidan chiqargan hukmini to‘la–to‘kis va tezda ijro etadi.”*

29 Bulardan oldinroq Ishayo yana shunday deb aytgan edi:


“Agarda Sarvari Olam

Qoldirmaganda edi bizga zurriyot,

Sado‘m shahrining holiga tushar edik, G‘amo‘ra shahriday* xonavayron bo‘lardik.”*

Isroil xalqi va oqlanish

30 Xo‘sh, bular nimani bildiradi? Oqlanish payida bo‘lmagan xalqlar endi imon tufayli Xudoning oldida oqlandilar. 31 Isroil xalqi esa oqlanish niyatida qonunni bajarish payida bo‘ldilar, lekin maqsadlariga erisha olmadilar. 32 Nima uchun? Chunki ular imon bilan emas, balki qonunni bajarish orqali oqlanishga urindilar. Ular Muqaddas bitiklarda tasvirlangan toshga qoqilib yiqildilar. 33 Xudo Muqaddas bitiklarda shunday deb aytgan edi: “Men Quddusda* bir tosh joylashtiryapman. Ba’zilar Unga qoqilib yiqiladilar, ammo Unga tayangan hech bir inson uyatga qolmaydi.”* Bu tosh Iso Masihdir*.


10–BOB

Najot hamma uchun

1 Birodarlarim, men o‘z xalqim Isroilning najot topishini chin dildan istayman va bu uchun Xudoga iltijo qilaman. 2 Axir, o‘zim guvohman: ular jon–jahdlari bilan Xudoga berilganlar, ammo haqiqiy tushunchaga ega emaslar. 3 Xudoning insonlarni oqlash yo‘lini tushunmasdan, o‘zlarini oqlash niyatida, ular Xudoning haq yo‘liga bo‘ysunmadilar. 4 Iso Masih esa qonunning maqsadini amalga oshirdi, shu tariqa hamma

imon orqali oqlanadi.

5 Qonun orqali oqlanish haqida Muso quyidagicha yozgan edi: “Xudoning qonun– qoidalariga rioya qilgan odam hayotdan bahramand bo‘ladi.”* 6-7 Imon orqali oqlanish haqida esa Muqaddas bitiklarda nima deb yozilgan? “Yuragingizda: «Kim osmonga chiqadi? Kim tubsiz chuqurlikka tushadi?» deya so‘ramanglar”, deb yozilgan*. Demak, Masihni yerga tushirish uchun hech kim osmonga chiqishi shart emas, Masihni tiriltirish uchun ham hech kim o‘liklar diyoriga* tushishi shart emas. 8 Axir, Muqaddas bitiklarda yana shunday yozilgan: “Bu kalom sizning yaqiningizdadir, og‘zingizda va yuragingizdadir.”* Biz va’z qilayotgan imon haqidagi kalom ana shudir. 9 Agar o‘z og‘zingiz bilan Isoni Rabbim deb e’tirof etib, Xudo Uni o‘likdan tiriltirganiga chin yurakdan ishonsangiz, najot topasiz. 10 Chunki inson qalbidan ishonib oqlanadi va og‘zi bilan e’tirof etib najot topadi. 11 Muqaddas bitiklarda yozilganday: “Unga ishongan hech bir inson uyatga qolmaydi.”* 12 Yahudiylar bilan g‘ayriyahudiylar orasida aslo farq yo‘q. Ularning Rabbiysi bir bo‘lib, Unga iltijo qilganlarning birontasidan U O‘z mehr– shafqatini ayamaydi. 13 Axir, “Rabbimizga iltijo qilgan har bir inson qutqariladi”*, deb yozilgan–ku.

14 Ammo Rabbimiz Isoga ishonmaganlar qanday qilib Unga iltijo qiladilar?! U haqda eshitmagan bo‘lsalar, qanday qilib Unga ishonadilar?! Hech kim ularga Xushxabarni e’lon qilmasa, qanday qilib eshitadilar?! 15 Ularni hech kim yubormasa, qanday qilib Xushxabarni e’lon qiladilar?! Muqaddas bitiklarda quyidagicha yozilgan–ku: “Xushxabarni e’lon qilgan xabarchining qadamlari naqadar go‘zal!”* 16 Ammo Xushxabarga hamma ham ishonmadi. Ishayo ham shunday degan–ku: “Ey Egam, bizning xabarimizga kim ishondi?”*

17 Demak, imon tinglashdan, ya’ni Masih haqidagi Xushxabarni eshitishdan kelib chiqadi. 18 Mening bir savolim bor. Xo‘sh, ular eshitmaganmidi? Albatta eshitganlar, chunki “xabarchilarning ovozlari har tomonga tarqaldi, xabarlari olamning chetigacha yetib bordi”*, deb yozilgan–ku. 19 Bundan yana bir savol kelib chiqadi. Xo‘sh, Isroil xalqi xabarni tushunmadimi? Muso orqali Xudo shunday degandi:


“Men ham xalq bo‘lmaganlar bilan ularning rashkini keltiraman, Aqlsiz bir xalq bilan g‘azabini qo‘zg‘ataman.”*

20 Ishayo ham Xudoning so‘zlarini jasorat bilan yetkazgan: “Meni izlamaganlar topdi,

Meni so‘ramaganlarga ko‘rindim.”*


21 Isroil xalqi haqida esa shunday deydi:


“Itoatsiz va o‘jar xalqni

Kun bo‘yi quchoq ochib kutdim.”*


11–BOB

Xudoning tanlangan xalqi

1 Shunday qilib, yana bir savolim bor. Nahotki Xudo O‘z xalqini rad qilgan bo‘lsa?

Yo‘q, aslo! Men o‘zim Isroil xalqidan bo‘lib, Ibrohimning avlodidanman, Benyamin

qabilasiga tegishliman–ku! 2 Xudo azaldan tanlab olgan xalqini rad qilgani yo‘q. Muqaddas bitiklarda Ilyos haqida nima yozilgani esingizda yo‘qmi?! U Isroil xalqidan shikoyat qilib, Xudoga shunday degan edi: 3 “Ey Egam, Isroil xalqi qurbongohlaringni buzdi, payg‘ambarlaringni qilichdan o‘tkazdi. Yolg‘iz men qoldim, xolos. Endi jonimni olish uchun meni ham qidirib yuribdilar.”* 4 Xudo unga nima deb javob berdi? “Men Isroil xalqidan O‘zim uchun Baal* oldida tiz cho‘kmagan yetti ming odamni qoldirdim.”* 5 Xuddi shunga o‘xshab, hozir ham Xudoga sodiq qolganlar bor, chunki ular Xudoning inoyati bo‘yicha tanlanganlar. 6 Tanlash insonlarning ishlariga emas, Xudoning inoyatiga bog‘liq. Agar shunday bo‘lmaganda edi, inoyat haqiqiy inoyat bo‘lmas edi*.

7 Xullas, bu nimani bildiradi? Isroil xalqi solihlik payida bo‘lsa ham, solihlikka erishmadi. Faqatgina tanlanganlar bu maqsadga erishdi, qolganlarning esa yuraklari tosh bo‘ldi. 8 Muqaddas bitiklarda yozilganday*:


“Xudo shu paytgacha ularni qattiq uxlatib qo‘ydi, Ularga ko‘radigan ko‘z, eshitadigan quloq bermadi.”


9 Dovud ham shunday degan:


“Dasturxonlari o‘zlariga to‘ru tuzoq bo‘lsin.

Shunda ular qoqilib, Jazolarini oladilar.

10 Ko‘z nurlari so‘nsin, ko‘rmay qolsin, Bellari to abad bukchayib qolsin.”*


11 Bundan yana bir savol kelib chiqadi. Yahudiylar qoqilganda, butunlay halok bo‘ldilarmi? Yo‘q, aslo! Aksincha, ular Masihni rad qilganlari uchun g‘ayriyahudiylar najotga ega bo‘ldilar, toki Isroil xalqining rashki qo‘zg‘alsin. 12 Yahudiylar Masihni rad etib, butun dunyoni yanada boyitdilar. O‘zlari yo‘qotgan boylik bilan g‘ayriyahudiylarga foyda keltirdilar. Agar ularning bu gunohi shunday samara keltirgan bo‘lsa, ularning najot topishi qanchalik foyda keltirishini bir tasavvur qilib ko‘ringlar–a!

Novdalarning payvand qilinish misoli

13 Endi sizlarga — g‘ayriyahudiylarga aytyapman. To‘g‘ri, men sizlarga Xushxabar keltirish uchun yuborilganman. Bu xizmatimni jon–jahdim bilan bajaraman, 14 balki bu xizmatim bilan o‘z qondoshlarim yahudiylarning rashkini qo‘zg‘atarman, ularning ba’zilarini qutqarib qolarman. 15 Yahudiylarning rad etilishi dunyoni Xudo bilan yarashtirgan bo‘lsa, ularning Xudo tomonidan qabul qilinishi o‘limdan hayotga olib bormaydimi?

16 Birinchi yopilgan non Xudoga bag‘ishlanib muqaddas bo‘lsa, xamirning qolgani ham muqaddasdir. Agar tomirlar muqaddas bo‘lsa, novdalar ham muqaddasdir. 17 Ba’zi yahudiylar daraxtning sindirib tashlangan novdalariga o‘xshaydilar. Sizlar — g‘ayriyahudiylar esa tabiiy novdalar orasiga payvand qilingan yovvoyi zaytun novdalariga o‘xshaysizlar. Endi ular bilan birga bir tomirdan oziqlanyapsizlar.

18 Shunday ekan, boshqa novdalarga qarab maqtanmanglar. Agar juda kekkayib ketsangizlar, yodga olinglar, sizlar tomirni emas, balki tomir sizlarni oziqlantiryapti.

19 Ehtimol sizlar: “Biz payvand qilinishimiz uchun novdalar sindirildi”, dersizlar.

20 To‘g‘ri, lekin esingizda bo‘lsin: ular ishonmaganlari uchun sindirib tashlandilar, ammo sizlar imoningiz orqali payvand qilingansiz. Shuning uchun kekkayib ketmanglar, balki Xudodan qo‘rqinglar. 21 Aks holda, Xudo tabiiy novdalarni ayamagani kabi, sizlarni ham ayamaydi.

22 Shunday qilib, Xudoning mehribonligi va qattiqqo‘lligi haqida o‘ylab ko‘ring: Xudoning najotini rad qilganlarga U qattiqqo‘llik qildi, sizlarga — payvand qilinganlarga esa U mehribonlik ko‘rsatdi. Agar Xudoga sodiq qolsangiz, Uning mehribonligidan bahramand bo‘laverasiz. Bo‘lmasa, Xudo sizlarni ham kesib tashlaydi. 23 Najotni rad qilganlar o‘z imonsizliklarini bas qilsalar, payvand qilinadilar. Xudo ularni qayta payvand qilib qo‘yishga qodir. 24 Axir, sizlar yovvoyi zaytun daraxtidan kesib olinib, parvarishlangan zaytun daraxtiga, tabiatga xilof ravishda, payvand qilindingiz. Shunday ekan, ular, tabiiy novdalar, o‘zlarining daraxtiga qanchalar osonlik bilan qayta payvand qilinadilar–a!

25 Birodarlarim, sizlar tag‘in o‘zbilarmon bo‘lib ketmanglar deb, bu sirni sizlarga bildirmoqchiman: belgilangan miqdordagi g‘ayriyahudiylar najot topmaguncha, Isroil xalqining ba’zilari o‘jar bo‘lib qolaveradilar. 26 Shundan keyin butun Isroil qutqariladi. Muqaddas bitiklarda Xudo shunday degan–ku*:


“Qutqaruvchi Quddusdan* keladi, Yoqub naslidan betavfiqlikni yo‘q qiladi. 27 Ular bilan qilgan ahdim mana shudir:

Men ularni gunohlaridan forig‘ qilaman.”


28 Yahudiylar Xushxabarni rad qilib, Xudoning dushmanlari bo‘lib qoldilar, bu sizlarga — g‘ayriyahudiylarga foyda keltirdi. Ammo Xudo yahudiylarni tanlagani uchun, ularning ota–bobolari haqi hali ham ularni yaxshi ko‘radi. 29 Chunki Xudo bergan in’omlarini qaytarib olmaydi va O‘zi da’vat qilgan xalqidan voz kechmaydi. 30 Siz — g‘ayriyahudiylar ham bir vaqtlar itoatsiz edingiz, ammo yahudiylarning itoatsizligi natijasida Xudo sizlarga mehr–shafqat ko‘rsatdi. 31 To‘g‘ri, hozir yahudiylar itoatsiz, ammo sizlarga ko‘rsatilgan mehr–shafqat tufayli ular ham mehr–shafqat topadilar.

32 Hammaga mehr ko‘rsatay deb, Xudo hammani itoatsizlikka tutqun qildi.

33 Xudoning donoligiyu bilimi naqadar boy va chuqurdir! Uning hukmlarini kim tushunib yetadi?! Uning yo‘llarini kim sinchiklab tekshira oladi?! 34 Kim Egamizning fikr–zikrini bila oladi?! Kim Unga maslahat bera oladi?!* 35 Kim Xudoga shunday hadya berganki, Xudo undan qarzdor bo‘lsa?!* 36 Hech kim! Chunki butun borliq Xudodan kelib chiqqan, Xudo orqali va Xudo uchun mavjuddir! Unga to abad shon–sharaflar bo‘lsin!

Omin.


12–BOB

Hayotni Xudoga bag‘ishlab yashash

1 Shunday qilib, ey birodarlarim, Xudoning marhamati haqi sizlarga yolvoraman. O‘z tanangizni tirik, muqaddas va Xudoga manzur bo‘ladigan qurbonlik sifatida bag‘ishlang. Xudoga loyiq bo‘lgan asl xizmat mana shudir. 2 Bu dunyoga moslashmanglar, fikr–

zikringizni yangilab, tubdan o‘zgaringlar. Shunda Xudoning irodasini tushuna oladigan bo‘lasiz, ya’ni nima yaxshi, Xudoga manzur va mukammal ekanligini bila oladigan bo‘lasiz.

3 Menga berilgan inoyatdan foydalanib, sizlarga aytyapman: o‘zingizga haddan tashqari yuqori baho bermanglar. Aksincha, Xudo har bir kishiga qancha imon bergan bo‘lsa, shunga ko‘ra, fikr qilib, aqli raso odamlar bo‘linglar. 4 Axir, tanamiz bir bo‘lsa–da, tanamiz a’zolari ko‘p, tanamiz a’zolarining vazifasi ham bir xil emas. 5 Shunga o‘xshab, biz — Masihga tegishli bo‘lganlar bir tanani tashkil qilamiz. Har birimiz har xil a’zolar bo‘lib, bir–birimizga bog‘liqmiz. 6 Bizga berilgan inoyat bo‘yicha har birimizning har xil in’omlarimiz bor. Agar birortasida Xudoning so‘zini boshqalarga yetkazish in’omi bo‘lsa, u e’tiqodimizga muvofiq ravishda gapirsin. 7 Agar birorta odamga xizmat qilish in’omi berilgan bo‘lsa, u xizmat qilsin, agar birortasiga muallimlik in’omi berilgan bo‘lsa, u ta’lim bersin. 8 Agar insonga dalda berish in’omi berilgan bo‘lsa, u dalda bersin, beg‘araz yordam beradigan bo‘lsa, saxiylik bilan bersin. Yetakchilik qiladigan odam qunt bilan yetakchilik qilsin, mehr–shafqat ko‘rsatadigan odam xursandchilik bilan ish tutsin.

9 Bir–biringizga bo‘lgan mehr–muhabbatingiz samimiy bo‘lsin. Yomonlikdan nafratlanib, yaxshilikni mahkam tuting. 10 Bir–biringizni birodarlarcha, chuqur muhabbat bilan yaxshi ko‘ring. Bir–biringizni hurmat qilib, o‘zingizdan yuqori ko‘ring. 11 G‘ayratingiz susaymasin, butun qalbingiz bilan Rabbimiz Isoga xizmat qiling.

12 Umidingiz borligi uchun xursand bo‘ling. Qiyinchilikda sabr–toqat qiling. Ibodat qilishdan charchamang. 13 Muhtojlikda bo‘lgan Xudoning azizlariga yordam bering, doimo mehmondo‘st bo‘ling.

14 Sizlarni quvg‘in qilayotganlarni duo qilinglar, ularni qarg‘amanglar.

15 Sevinayotganlar bilan birga sevininglar, yig‘layotganlar bilan birga yig‘langlar.

16 O‘zaro hamfikr bo‘linglar. Takabburlik qilmay, bechora hamda past tabaqali odamlar bilan do‘st bo‘linglar. O‘zbilarmonlik qilmanglar. 17 Hech kimga yomonlik evaziga yomonlik qaytarmanglar, odamlar yaxshilik deb bilganlarni qilishga intilinglar. 18 Agar iloji bo‘lsa, qo‘lingizdan kelganicha, barcha odamlar bilan tinch–totuv hayot kechiringlar. 19 Azizlarim, o‘zingiz uchun o‘zingiz qasos olmang, balki Xudoning g‘azabiga yo‘l qo‘yib bering. Axir, Muqaddas bitiklarda Egamiz shunday deb aytgan–ku: “Men O‘zim qasos va o‘ch olaman.”* 20 Muqaddas bitiklarda yozilganiday qiling:


“Dushmaning och bo‘lsa, ovqat ber,

Chanqagan bo‘lsa, suv ichir.

Shunda uning boshiga yonayotgan cho‘g‘ yiqqanday bo‘lasan.”*


21 Yomonlik sizni mag‘lub qilmasin, aksincha, siz yomonlikni yaxshilik bilan mag‘lub

eting.


13–BOB

Hokimiyatga bo‘ysunish haqida

1 Har bir inson o‘zining ustidan hukmron bo‘lgan hokimiyatga bo‘ysunsin. Chunki Xudo buyurmagan hokimiyat yo‘q, mavjud bo‘lgan har bir hokimiyatni esa Xudo tayin etgan. 2 Shuning uchun hokimiyatga qarshilik ko‘rsatgan odam Xudo o‘rnatgan tartibga

qarshi chiqqan bo‘ladi. Qarshilik qiluvchilar esa o‘zlarini o‘zlari hukmga duchor qiladilar. 3 Yaxshilik qilganlar emas, yomonlik qilganlar hukmronlardan qo‘rqishlari kerak. Hokimiyatdan qo‘rqmaslikni istaysanmi? Unda yaxshilik qilib yur, shunda boshliqning maqtoviga sazovor bo‘lasan. 4 Chunki boshliqlar odamlarning manfaati uchun Xudoning xizmatidadirlar. Yomon ish qilayotgan bo‘lsang, qo‘rqqin, chunki jazo berish qudrati boshliqlarga bekorga berilmagan. Ular Xudoning xizmatkorlari bo‘lib, yomonlik qiluvchilarga jazo beradilar, Xudoning g‘azabini amalga oshiradilar. 5 Shuning uchun faqatgina g‘azabga duchor bo‘lmaslik niyatida emas, balki vijdon haqi ham boshliqlarga bo‘ysunish kerak. 6 Mana shu sababdan soliq ham to‘lash lozim. Chunki amaldorlar o‘z vazifalarini bajarib, Xudoga xizmat qiladilar. 7 Ularga nima tegishli bo‘lsa, shuni bering: soliq yig‘uvchiga — soliq, boj oluvchiga — boj, obro‘ga loyiq bo‘lganga — obro‘, hurmatu ehtiromga loyiq bo‘lganga — hurmat–ehtirom.

Masihga ishonganlarga xos xatti–harakat

8 Hech kimdan hech narsa qarzdor bo‘lmanglar. Faqat mehr–muhabbatni ham farz, ham qarz deb bilinglar, chunki o‘zgani yaxshi ko‘rgan odam Xudoning qonunini bajargan bo‘ladi. 9 Axir, “Zino qilmang”, “Qotillik qilmang”, “O‘g‘rilik qilmang”*, “Birovlarning mulkiga ko‘z olaytirmang”* degan va qolgan hamma amrlar quyidagi bitta amrda mujassam–ku: “O‘zgani o‘zingizni sevganday seving.”* 10 Chunki o‘zgani yaxshi ko‘rgan odam unga yomonlik qilmaydi. Shunday qilib, boshqalarni yaxshi ko‘rish Xudoning qonunini to‘liq bajarish bilan barobardir.

11 Hozirgi vaqtni g‘animat deb bilinglar. Mana, uyqudan uyg‘onadigan paytingiz yetib keldi. Biz imon keltirgan paytdagidan ko‘ra, hozirgi vaqtda najotimizning to‘liq ro‘yobga chiqishi yaqinroqdir. 12 Tun o‘tib ketib, kunduz yaqinlashib qoldi. Shuning uchun qorong‘ilik ishlaridan voz kechaylik, nurga loyiq ishlarni qilishga bop bo‘lgan qurol– aslahalarni taqib olaylik. 13 Shahvatparastlik va fisq–fujurga berilmaylik, janjalkashlik va hasadgo‘ylik qilmaylik, aysh–ishrat va ichkilikbozlik bilan emas, kunduzga yarasha, odob bilan kun kechiraylik. 14 Rabbimiz Iso Masihga burkaninglar va bashariy tabiatingizning ehtiroslarini qondirishni hatto xayolingizga ham keltirmanglar.


14–BOB

Birodaringni hukm qilma

1 Imoni sust bo‘lganlarni* imonlilar qatoriga qabul qiling, ularning fikrlari yuzasidan bahslashmang. 2 Zero, ba’zilar, hamma narsani tanovul qilib bo‘ladi, deb ishonadi, ba’zi imoni sustlar esa faqat sabzavot yeydi. 3 Hamma narsani yeydigan odam, har qanday narsani yemaydigan odamdan nafratlanmasin. Shuningdek, har narsani ham yeyavermaydigan odam, hamma narsani yeydigan odamni hukm qilmasin, chunki Xudo uni imonlilar qatoriga qabul qilgan. 4 Sen kim bo‘libsanki, birovning xizmatkorini tergaysan? Xizmatkorning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ish qilganini uning xo‘jayini tasdiqlaydi– ku! Xo‘jayin xizmatkorni boshqargani uchun xizmatkor to‘g‘ri ish qiladi, bu xo‘jayin Rabbimiz Isodir*.

5 Ayrim odamlar bir kunni boshqa kundan ustunroq hisoblaydilar, yana boshqa bir odamlar esa kunlarning hammasini baravar deb hisoblaydilar. Har bir kishi o‘z fikrida mahkam tursin. 6 Biror kunni boshqasidan ustun deb bilgan odam Rabbimiz Isoni ulug‘lash uchun shunday qiladi*. Hamma narsani yeyish mumkin deb bilgan odam ham

Rabbimizni ulug‘lash uchun shunday fikrlaydi, chunki u ovqati uchun Xudoga shukur aytadi. Har narsani yemaydigan odam ham Rabbimizni ulug‘lash uchun shunday qiladi, u ham ovqati uchun Xudoga shukur aytadi! 7 Zero, hech birimiz faqat o‘zimiz uchun yashamaymiz, faqatgina o‘zimiz uchun o‘lmaymiz. 8 Axir, yashasak, hayotimiz bilan Rabbimiz Isoga shuhrat keltiramiz, o‘lsak ham, o‘z o‘limimiz bilan Rabbimizga shuhrat keltiramiz. Demak, yashasak ham, o‘lsak ham, Rabbimizga tegishlimiz. 9 Masih

o‘liklarning hamda tiriklarning Rabbiysi bo‘lish uchun o‘ldi va o‘likdan tirildi. 10 Shunday ekan, nima uchun birodaringizni hukm qilyapsiz? Nima uchun birodaringizdan nafratlanyapsiz? Axir, hammamiz Xudoning* hukm kursisi oldida turib, javob beramiz– ku! 11 Muqaddas bitiklarda shunday yozilgan:


“Egamiz shunday demoqda:

«Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi aytamanki*,

Mening oldimda har bir odam tiz cho‘kadi, Har bir til Menga hamdu sano aytadi.»”*


12 Demak, har birimiz Xudoning oldida o‘zimiz uchun javobgarmiz.

Birodarlar bilan tinch–totuv yashash haqida

13 Shuning uchun endi bir–birimizni hukm qilmaylik. Aksincha, birodarlaringizning yo‘liga g‘ov qo‘ymaslikka, uni vasvasaga solmaslikka qaror qilinglar. 14 Men Rabbim Isoga tegishli bo‘lganim uchun qat’iy aminmanki, hech bir narsa o‘zidan–o‘zi harom emas. Ammo kimdir biror narsani harom hisoblasa, o‘sha narsa u uchun haromdir.

15 Agar sizlar biror narsa yeb, birodaringizni xafa qilayotgan bo‘lsangiz, mehr–muhabbat bilan ish tutmayotgan bo‘lasiz. Masih bu odam uchun o‘lgan, yegan ovqatingiz bilan o‘sha odamni halokatga yo‘liqtirmang. 16 Siz yaxshi deb bilgan narsa haqida boshqalar

yomon gap gapirmasin. 17 Xudoning Shohligi ovqat va ichimlikdan emas, balki Muqaddas Ruh ato qiladigan solihlik, tinchlik va quvonchdan iborat. 18 Masihga shu tarzda xizmat qilgan odam Xudoni ham mamnun qiladi, insonlarning ham maqtoviga sazovor bo‘ladi.

19 Shuning uchun o‘zaro tinch–totuv yashash va bir–birimizning imonimizni mustahkamlash harakatida bo‘laylik. 20 Yegulikni deb, Xudoning ishiga putur yetkazmanglar! To‘g‘ri, hamma narsa halol, ammo biror narsani yeb, birodarini vasvasaga solgan odam noto‘g‘ri ish qilgan bo‘ladi. 21 Go‘sht yeyish, sharob ichish yoki shunga o‘xshash ishlar birorta birodarni vasvasaga solayotgan bo‘lsa, bularni qilmaslik yaxshidir.

22 Bu masaladagi fikringizni Xudoning O‘zi hukm qilsin. Tutgan yo‘lini hukm qilmagan odam baxtiyordir. 23 Biror narsani yeyish haqida ikkilanib turib, baribir yeyishga qaror qilgan odam hukmga duchor bo‘lishi muqarrar, chunki u o‘z ishonchiga

ko‘ra, ish tutmagan bo‘ladi. Ishonchga asoslanmasdan qilingan har bir ish esa gunohdir*.


15–BOB

1 Biz, imoni kuchlilar, o‘zimizni mamnun qilishni ko‘zlamasdan, imoni sust bo‘lgan birodarlarning ojizligiga sabr–bardosh qilishimiz kerak. 2 Har birimiz o‘zganing manfaatini ko‘zlab, unga dalda berish niyatida uni mamnun qilishga harakat qilaylik.

3 Hattoki Masih ham O‘zini mamnun qilishni ko‘zlamagan, zero, Muqaddas bitiklarda

yozilganiday:


“Ey Xudo, Seni haqoratlaganlar Meni haqorat qilgan bo‘lar.”*


4 Muqaddas bitiklarda nimaiki yozilgan bo‘lsa, bizning ta’lim olishimiz uchun

yozilgan. Biz bu bitiklardan sabr va tasalli topib, umidimizda mahkam turishimiz lozim.

5 Iso Masihning yo‘lida yurar ekansiz, sabr va tasalli manbayi bo‘lgan Xudoning O‘zi sizlarga hamfikr bo‘lishni ato qilsin. 6 Shunda sizlar yakdillik bilan, bir ovozdan Rabbimiz Iso Masihning Otasi — Xudoni ulug‘laysizlar.

Xushxabar barcha xalqlar uchundir

7 Masih sizlarni O‘z birodarlariday qabul qilgani kabi, sizlar ham bir–biringizni birodarlarday qabul qiling. Shunday qilish Xudoga shuhrat keltiradi. 8 Men sizlarga aytyapman: Xudoning sodiqligini ko‘rsatib, Uning ota–bobolarimizga bergan va’dalarini bajarish uchun Iso Masih yahudiylarning xizmatkori bo‘lib keldi. 9 Masihning kelishidan yana bir maqsadi shu ediki, g‘ayriyahudiylar ham Xudoning mehr–shafqati uchun Uni ulug‘lasinlar. Muqaddas bitiklarda yozilganiday:


“Xalqlar ichra Senga hamdlar aytaman!

Seni kuylab sano aytaman!”*


10 Yana boshqa joyda shunday yozilgan: “Ey ellar, Uning xalqi bilan birga shodlaning.”*

11 Yana shunday deb ham yozilgan:


“Ey barcha xalqlar, Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Ey jamiki elatlar, Uni olqishlanglar!”*


12 Ishayo kitobida ham quyidagicha yozilgan:


“Essay* tomiridan bir Zot kelib chiqar, U xalqlar ustidan hukmronlik qilar, Xalqlar esa Unga umid bog‘laydilar.”*


13 Imon yo‘lidan yurar ekansiz, umid manbayi bo‘lgan Xudo qalbingizni sevinch va tinchlikka to‘ldirsin, shunda sizlar Muqaddas Ruhning kuchi ila umidga boy bo‘lasizlar.

Pavlus g‘ayriyahudiylarga xizmat qilishga da’vat etilgan

14 Ey birodarlarim, men aminmanki, sizlar ezgulikka va ilm–ma’rifatga boysizlar, bir– biringizga pand–nasihat qilishga qodirsizlar. 15 Shuning uchun ba’zi bir narsalarni eslatay deb, sizlarga bu xatni yozishga jur’at qildim, chunki men Xudoning inoyati bilan 16 Iso Masihning xizmatkori etib tayinlanganman. Xudoning Xushxabarini aytib, ruhoniy sifatida g‘ayriyahudiylarga xizmat qilmoqdaman. Buning natijasida, g‘ayriyahudiylar Xudoga manzur bo‘ladigan, Muqaddas Ruh orqali tabarruk qilingan qurbonlikday Xudoga tortiq etilmoqdalar.

17 Shunday qilib, Iso Masih tufayli Xudoning yo‘lida qilgan ishlarim bilan maqtansam bo‘ladi. 18-19 Kuchli mo‘jizalaru alomatlar bilan, mening aytganlarim va qilganlarim orqali Masih g‘ayriyahudiylarni Xudoga itoat qilish yo‘liga boshladi. Ammo Iso Masihning men orqali qilgan ishlaridan boshqa narsalar haqida gapirishga jur’at

etmayman, chunki bularning hammasi Xudo Ruhining qudrati ila sodir bo‘ldi. Shunday qilib, men Quddusdan boshlab, to Illurikon hududiga* qadar Masihning Xushxabarini yoyib, o‘z vazifamni bajardim. 20 Shu bilan birga, men boshqalarning poydevori ustiga bino qurmayin deb, hali Masihning nomi ovoza qilinmagan yerlarda Xushxabarni yoyish uchun jon kuydiryapman. 21 Muqaddas bitiklarda yozilganiday:


“U haqda xabarsiz bo‘lganlar endi ko‘radilar,

U haqda eshitmaganlar endi anglab yetadilar.”*

Pavlusning Rimga borish niyati

22 Xushxabarni yoyish xizmatim tufayli anchadan beri sizlarning oldingizga bora olganim yo‘q. 23 Endi esa bu joylarda menga boshqa ish qolmagan. Men ko‘p yillardan beri sizlarni ko‘rishni orzu qilaman. 24 Shuning uchun Ispaniyaga borayotganimda, yo‘lda sizlarni ko‘rib o‘tmoqchiman, bir oz bo‘lsa–da, diydoringizga to‘yganimdan keyin, yo‘limda davom etishim uchun kerakli bo‘lgan zarur ehtiyojimni qondirarsizlar degan umiddaman.

25 Hozircha men Xudo azizlariga yordam bergani Quddusga ketyapman*. 26 Chunki Makedoniya va Axayadagi birodarlar mablag‘ yig‘ib, Quddusdagi kambag‘al birodarlarga yordam berishga qaror qildilar. 27 Buni ham qarz, ham farz deb bilganlari uchun xursandchilik bilan shunday qildilar. Axir, g‘ayriyahudiylar yahudiylar tufayli ruhiy ne’matlarga sazovor bo‘ldilar–da, shuning uchun ular o‘z moddiy boyliklarini yahudiylar bilan baham ko‘rishni loyiq topdilar. 28 Men bu ishni bajarib, to‘plangan mablag‘ni ularga topshirganimdan keyin, sizlarning oldingizda to‘xtab o‘taman. So‘ngra Ispaniyaga ketaman. 29 Aminmanki, men sizlarni ko‘rishga borganimda, biz birgalikda Masih Xushxabari keltiradigan qut–barakalarni to‘liq baham ko‘ramiz.

30 Ey birodarlarim, Rabbimiz Iso Masih va Muqaddas Ruh ato qiladigan mehr– muhabbat haqi sizlarga yolvoraman: men uchun birgalikda Xudoga ibodat qilaylik.

31 Yahudiyadagi imonsizlarning qo‘lidan qutulishim uchun va Quddusdagi xizmatim u yerdagi Xudoning azizlariga ma’qul bo‘lishi uchun ibodat qilinglar. 32 Xudo xohlasa, men shod–xurramlik bilan sizlarning oldingizga boraman, sizlar bilan birga bo‘lganimdan qalbim orom topadi. 33 Tinchlik manbayi bo‘lgan Xudo hammangizga yor bo‘lsin. Omin!


16–BOB

So‘nggi salomlar

1 Men Kenxreya shahridagi* jamoatda xizmat qilayotgan opamiz* Fivani sizlarga tanishtiray*. 2 Sizlar Xudoning azizlarisiz, shuning uchun Rabbimiz Iso haqi Fivani mehmondo‘stlik bilan qabul qilinglar. U nimaga muhtoj bo‘lsa, yordam beringlar. Zero, u ko‘plarga, ayniqsa, menga ko‘p yordam ko‘rsatgan.

3 Priskilla va Akilga salom aytinglar, ular men qatori Iso Masihga xizmat qilyaptilar. 4 Ular mening jonimni asrab qolish uchun o‘zlarini o‘lim xavfi ostiga qo‘ydilar. Nafaqat men, balki g‘ayriyahudiylardan iborat bo‘lgan jamoatlar ham ulardan minnatdorlar.

Ularning uyida yig‘iladigan jamoatga ham salom aytib qo‘yinglar. 5 Asiya viloyatidagilar orasida birinchi bo‘lib Masihga imon keltirgan aziz do‘stim Epanetusga salom ayting.

6 Sizlar* uchun ko‘p mehnat qilgan Maryamga salom aytinglar. 7 Birodarimiz Andronikus va opamiz Yuniyaga* salom aytinglar. Ular men bilan birga hibsda bo‘lgan

qondoshlarimdir. Bu obro‘li havoriylar* mendan oldin Masihga imon keltirgan edilar.

8 Rabbimiz Iso tufayli mening aziz do‘stim bo‘lib qolgan Ampliatusga salom ayting.

9 Masih xizmatida hamkorimiz bo‘lgan Urbanus va aziz do‘stim Staxisga salom ayting. 10 Masihga sodiqligini isbotlagan Apellisga salom ayting. Aristovulus xonadoniga ham salom aytib qo‘ying. 11 Qondoshim Hirodionga salom ayting. Narkis xonadonidagi Rabbimiz Isoga tegishli bo‘lganlarga ham salom aytib qo‘ying. 12 Rabbimizga jonu dili

bilan xizmat qilayotgan opalarimiz Trifena bilan Trifosaga salom aytinglar. Rabbimizga astoydil xizmat qilayotgan aziz opamiz Persisaga ham salom ayting. 13 Rabbimizning tanlangan xizmatkori Rufusga va menga onaday bo‘lib qolgan uning onasiga ham salom ayting. 14 Asinkritus, Flegon, Xermes, Patrovas, Xarmas va ular bilan birga bo‘lgan birodarlarga salom aytinglar. 15 Filologus bilan Yuliyaga, Nerus va uning singlisiga*, Olimpas hamda ular bilan birga bo‘lgan barcha aziz birodarlarga salom aytinglar. 16 Bir– biringiz bilan o‘pishib ko‘rishinglar. Barcha Masih jamoatlari sizlarga salom yo‘llayaptilar.

So‘nggi pand–nasihatlar va tilaklar

17 Sizlarga yolvoraman, olgan ta’limotingizdan aynitib, orangizga nizo va g‘ulg‘ula soladigan odamlardan ehtiyot bo‘linglar. Ulardan o‘zingizni olib qochinglar. 18 Axir, bunday odamlar Rabbimiz Iso Masihning emas, balki o‘z nafsining qulidirlar. Ular shirin so‘zlaru xushomadgo‘ylik bilan sofdil insonlarni yo‘ldan ozdiradilar. 19 Sizlarning Xudoga bo‘lgan itoatkorligingiz hammaga ma’lum. Men sizlardan juda xursandman, ammo yaxshilikka kelganda dono, yomonlikka kelganda esa norasida bo‘lishingizni istayman. 20 Tinchlik manbayi bo‘lgan Xudoning O‘zi tez orada shaytonni oyoqlaringiz ostida ezib tashlaydi. Rabbimiz Isoning inoyati sizlarga yor bo‘lsin.

21 Mening hamkorim Timo‘tiy hamda qondoshlarim Lukiyos, Yason va Sosipatrus sizlarga salom yo‘llayaptilar. 22 Bu maktubni qog‘ozga tushirayotgan, Rabbimizning quli men — Tertiyusdan* ham sizlarga salom. 23-24 Butun jamoatga mehmondo‘stlik ko‘rsatadigan va hozirda mening mezbonim bo‘lgan Gayus sizlarga salom aytyapti.

Shahar xazinaboni Erastus va birodarimiz Kvartus ham salom yo‘llayaptilar*.

25 Men bayon qilayotgan Xushxabarga, ya’ni Iso Masihning Xushxabariga binoan sizlarni imonda sobit qadam qilishga qodir bo‘lgan Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin! Bu Xushxabar qadimdan sir tutilgan edi, endi esa u ochildi. 26 Ha, bu sir oshkor qilindi va payg‘ambarlarning bitiklari* orqali, Xudoning amri bo‘yicha barcha xalqlarga ayon bo‘ldi, toki ular ham imon orqali Xudoga itoatkor bo‘lsinlar. 27 Donolik sohibi bo‘lgan yagona Xudoga Iso Masih orqali to abad shon–sharaflar bo‘lsin! Omin!*

IZOHLAR

1:2 Muqaddas bitiklar — odatda Eski Ahd kitoblari to‘plami shu nom bilan ataladi.

1:4 Shu orqali…isbotlandi — yoki Shu orqali Muqaddas Ruh Iso Masih Xudoning qudratli O‘g‘li ekanligini isbotladi yoxud Shu orqali Iso Masih ruhan Xudoning qudratli O‘g‘li ekanligi isbotlandi.

1:5 men — yunoncha matnda biz. Yozuvlarda bu olmosh ba’zan muallif tomonidan o‘ziga nisbatan ishlatilgan.

1:14 madaniyatliyu madaniyatsizlar — yunoncha matnda yunonlaru varvarlar. O‘sha davrda yunonlar so‘zi (shu bobning 16–oyati izohiga qarang) madaniyatli xalqlarga nisbatan ishlatilgan. Boshqa xalqlarga nisbatan esa varvarlar so‘zi ishlatilardi. Varvar so‘zi madaniyatsiz degan ma’noni bildiradi (Pavlus o‘zi yahudiy bo‘lgani uchun yunon tilini bilmagan yahudiylarni madaniyatsiz deb hisoblamasdi).

1:16 g‘ayriyahudiy — yunoncha matnda yunon. O‘sha davrda yunon so‘zi millati yunon bo‘lgan odamga nisbatan ham, yunon tilida gapirib, yunon urf–odatlariga rioya qiladigan odamga nisbatan ham ishlatilgan.

1:17 …oshkor qilinganki, Xudo insonlarni imon orqali, ha, faqatgina imon orqali oqlaydi…

— yana 3:21-22, 30 ga va Filippiliklar 3:8-9 ga qarang.

1:17 Xabaqquq 2:4 ga qarang.

2:12 Xudoning qonuni — Eski Ahdga, xususan, Tavrotga ishora.

2:17 qonun — shu bobning 12–oyati izohiga qarang.

2:22 …kufrlik qilasanmi?! — yunoncha matnda …butxonalarni talaysanmi?! Pavlus majoziy ma’noda ularning ikkiyuzlamachiligiga ishora qilayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo ba’zi olimlarning fikri bo‘yicha, Pavlus bu o‘rinda butxonalardan o‘g‘irlangan butlarni sotishdan yoki o‘g‘irlangan butlardan olingan metallarni sotishdan keladigan foydaga ishora qilyapti.

2:24 Muallif bu o‘rinda Ishayo 52:5 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

2:25 Sunnat — Xudoning O‘z xalqi bilan qilgan ahd belgisi (Ibtido 17:9-14 ga qarang). Sunnat yahudiylarning Xudoga sodiqligini va Uning tanlagan xalqiga tegishli ekanini ko‘rsatadi.

3:1 sunnat — 2:25 izohiga qarang.

3:4 Zabur 50:6 ga qarang.

3:10-12 Zabur 13:1-3, 52:2-4 ga qarang. Yana Voiz 7:20 ga qarang.

3:13 Zabur 5:10, 139:4 ga qarang.

3:14 Zabur 9:28 ga qarang.

3:15-17 Ishayo 59:7-8 ga qarang.

3:18 Zabur 35:2 ga qarang.

3:21 Tavrot va Payg‘ambarlar bitiklari — odatda yahudiylar, Eski Ahd to‘plami uch

qismdan iborat, deb aytadilar. Bu uch qism quyidagilardir: Tavrot (Musoning qonuni

degan nom bilan ham yuritiladi), Payg‘ambarlar bitiklari (uning tarkibiga ba’zi tarixiy kitoblar ham kirgan) va Bitiklar (Zabur bu qismning birinchi kitobidir). Yahudiylar ba’zan dastlabki ikki qism “Tavrot va Payg‘ambarlar bitiklari” deganda butun Eski Ahd to‘plamini nazarda tutadilar.

3:25-26 …Xudo bilan yarashdi — bu ibora yunon tilidagi hilasterion so‘zining tarjimasidir. Odatda bu so‘z Xudo bilan yarashish uchun qilinadigan savob ishni bildiradi. Hilasterion so‘zi Ahd sandig‘ining qopqog‘iga nisbatan Yangi Ahdda bir marta (Ibroniylar 9:5 ga qarang), Eski Ahdning qadimiy yunoncha tarjimasida esa bir necha marta ishlatilgan. Poklanish kunida odamlarni gunohdan poklash uchun qurbonlik qoni Ahd sandig‘ining qopqog‘iga sachratilardi (Levilar 16:15-16 ga qarang). Mana shunga asoslanib ba’zi olimlar, Pavlus bu o‘rinda gunohdan poklanadigan joy haqida so‘z yuritib, majoziy ma’noda Iso Masihga ishora qilyapti, deb taxmin qiladilar. Ammo ayni paytda Pavlus mazkur kitobda, Xudo gunohdan nafratlanadi, gunohga qarshi g‘azabini sochadi deb ta’lim beradi (1:18, 2:5 ga qarang). Shuning uchun bu o‘rinda Pavlus Iso Masih bizni Xudo bilan yarashtiradigan Najotkor ekanini nazarda tutgan, deb taxmin qilish xato bo‘lmaydi. Chunki boshimizga tushishi kerak bo‘lgan jazoni Iso Masih o‘ziga olgan va shu yo‘l bilan Xudoning gunohkorlarga qaratilgan g‘azabini bosgan (5:9-11 ga va 2 Korinfliklar 5:21 ga qarang).

4:3 Ibtido 15:6 ga qarang.

4:7-8 Zabur 31:1-2 ga qarang.

4:9 sunnat qilinganlar — ya’ni yahudiylar. 2:25 izohiga qarang.

4:9 sunnatsizlar — ya’ni g‘ayriyahudiylar.

4:17 Ibtido 17:5 ga qarang.

4:18 Ibtido 15:5 ga qarang.

7:6 …eskichasi…yangichasi… — Xudo Muso orqali bergan ahdga (Chiqish 19:1-8, 24:1- 8 ga qarang) va yangi ahdga ishora (Yeremiyo 31:31-34, 32:39-40, Hizqiyol 11:19-20,

36:26-27 ga qarang). Eski ahdga muvofiq, inson Musoning qonuniga itoat qilib yashaydi. Yangi ahdga muvofiq esa inson Muqaddas Ruhning amri bilan yashaydi. Yana 2:17-29 ga va 2 Korinfliklar 3:3-18 ga qarang.

7:7 Chiqish 20:17 ga qarang.

8:1 Iso Masihga tegishli bo‘lganlar — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida Iso Masihga tegishli bo‘lganlar, ya’ni bashariy tabiatning emas, balki Ruhning yetakchiligida yashayotganlar.

8:2 biz — ba’zi yunon qo‘lyozmalaridan. Yunoncha matnda sen. Bu o‘rinda qaysi olmosh ishlatilganidan qat’iy nazar, Pavlus Iso Masihga imon keltirgan har bir insonni nazarda tutadi.

8:3 …gunohning qudratini yo‘q qildi — yoki …gunoh uchun Uni qurbonlikka bag‘ishladi.

8:10 …Xudoning Ruhi sizlar uchun hayot manbaidir… — yoki …ruhingiz tirikdir….

8:15 “Otajon” — yunoncha matnda “Abba, Ota”. Abba so‘zi oramiychada ota deganidir. Xudo imonlilar bilan nihoyatda yaqin munosabatda bo‘lgani uchun, ular Xudoga “Ota” deb murojaat qiladilar. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi XUDONING

NOMLARI iborasi ostida berilgan OTA so‘ziga qarang.

8:20-21 …mavjudot behudalikka mubtalo bo‘lgan — bu o‘rinda Pavlus Ibtido 3:17-19 ni nazarda tutgan.

8:20-21 Shunday bo‘lsa–da…umid bor — bu o‘rinda Pavlus Ibtido 3:15 da aytib o‘tilgan va’dani nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.

8:29 …O‘g‘il ko‘p birodarlar orasida to‘ng‘ich bo‘lsin — Iso Masih o‘likdan tirilib, Xudoning ulug‘vorligidan bahramand bo‘lgan birinchi odam edi. Shunga o‘xshab, Masihga ishonganlar ham o‘likdan tiriladilar va Uning ulug‘vorligidan bahramand bo‘ladilar (shu bobning 11–oyatiga va Filippiliklar 3:21, 1 Korinfliklar 15:20, 49 ga qarang).

8:34 Xudoning o‘ng tomoni — Zabur 109:1 ga qarang. O‘ng tomon muruvvat va baraka o‘rni deb hisoblangan.

8:35 Masih — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida Xudo.

8:36 Zabur 43:23 ga qarang.

9:4 farzand — Chiqish 4:22-23, Yeremiyo 31:9, Xo‘sheya 11:1 ga qarang.

9:4 ahdlar — Xudoning Isroil xalqi va ularning ota–bobolari bilan qilgan ahdlariga ishora (Ibtido 15:18, 17:1-14, Chiqish 19:1-8, 2 Shohlar 7:8-16, Yeremiyo 31:31-34 ga qarang).

9:5 Butun borliq ustidan hukmdor bo‘lgan Xudoga abadiy hamdu sanolar bo‘lsin — yoki

Masih butun borliq ustidan Hukmdor, abadiy hamdu sanolarga sazovor bo‘lgan Xudodir.

9:7 Ibtido 21:12 ga qarang.

9:8 …jismoniy jihatdan…Xudo bergan va’daning natijasida… — Ibrohimning o‘g‘illari Ismoil va Is’hoqning qay tarzda dunyoga kelganiga ishora (Ibtido 16:1-4, 15-16, 17:15- 22, 21:1-7, Galatiyaliklar 4:22-23 ga qarang).

9:9 Ibtido 18:10 ga qarang.

9:11-12 Ibtido 25:23 ga qarang.

9:13 Malaki 1:2-3 ga qarang.

9:15 Chiqish 33:19 ga qarang.

9:17 Chiqish 9:16 ga qarang.

9:25 Xo‘sheya 2:23 ga qarang.

9:26 Xo‘sheya 1:10 ga qarang.

9:27-28 Muallif bu o‘rinda Ishayo 10:22-23 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

9:29 Sado‘m shahri…G‘amo‘ra shahri — aholisining o‘ta buzuqligi oqibatida Egamiz

vayron qilgan ikkita shahar (Ibtido 18:16-19:28 ga qarang).

9:29 Ishayo 1:9 ga qarang.

9:33 Quddus — yunoncha matnda Sion. Quddusdagi Ma’bad qurilgan tepalik Sion tog‘i deb atalgan. Eski Ahddagi she’riy parchalarda va payg‘ambarlar bitiklarida Sion so‘zi ko‘pincha Quddus shahriga yoki Xudoning xalqiga nisbatan ishlatilgan. To‘liqroq

ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi SION so‘ziga qarang.

9:33 Ishayo 8:14, 28:16 ga qarang.

9:33 Bu tosh Iso Masihdir — yana 1 Butrus 2:4-8 ga qarang.

10:5 Levilar 18:5 ga qarang.

10:6-7 …deb yozilgan — bu o‘rinda Pavlus Qonunlar 30:12-13 ni nazarda tutgan.

10:6-7 o‘liklar diyori — yahudiylar bu joyni, yer ostidagi tubsiz chuqurlik, marhumlar

boradigan qorong‘i joy, deb tushunardi.

10:8 Qonunlar 30:14 ga qarang.

10:11 Ishayo 28:16 ga qarang.

10:13 Yo‘el 2:32 ga qarang.

10:15 Ishayo 52:7 ga qarang.

10:16 Ishayo 53:1 ga qarang.

10:18 Zabur 18:5 ga qarang.

10:19 Qonunlar 32:21 ga qarang.

10:20 Ishayo 65:1 ga qarang.

10:21 Ishayo 65:2 ga qarang.

11:3 3 Shohlar 19:10 ga qarang.

11:4 Baal — Kan’ondagi xalqlar sajda qilgan hosildorlik xudosi bo‘lib, erkak qiyofasida tasavvur qilingan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi BAAL so‘ziga qarang.

11:4 3 Shohlar 19:18 ga qarang.

11:6 Yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida quyidagi so‘zlar oyatga qo‘shimcha qilingan: Ammo ular savob ishlari tufayli tanlangan bo‘lsa, Xudoning inoyatiga o‘rin qolmas edi va savob ham savob bo‘lmas edi.

11:8 …Muqaddas bitiklarda yozilganday — bu o‘rinda Pavlus Qonunlar 29:4, Ishayo

29:10 ni nazarda tutgan.

11:9-10 Muallif bu o‘rinda Zabur 68:23-24 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

11:26 Muqaddas bitiklarda Xudo shunday degan–ku… — bu o‘rinda Pavlus Ishayo 27:9,

59:20-21 ni nazarda tutgan.

11:26 Quddus — yunoncha matnda Sion. 9:33 ning birinchi izohiga qarang.

11:34 Kim…Unga maslahat bera oladi?! — muallif bu o‘rinda Ishayo 40:13 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

11:35 Kim…undan qarzdor bo‘lsa?! — bu o‘rinda Pavlus Ayub 41:3 ni nazarda tutgan.

12:19 Qonunlar 32:35 ga qarang.

12:20 Hikmatlar 25:21-22 ga qarang.

13:9 Yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida shu jumladan keyin quyidagi amr qo‘shimcha qilingan: “Yolg‘on guvohlik bermang”. Chiqish 20:16 ga qarang.

13:9 Chiqish 20:13-15,17 ga qarang.

13:9 Levilar 19:18 ga qarang.

14:1 Imoni sust bo‘lganlar — Rim jamoatidagi Iso Masihga ishongan yahudiylarga ishora bo‘lishi mumkin. Rim jamoati asosan g‘ayriyahudiylardan iborat edi. Bu jamoatdagi yahudiylar Tavrotdagi qonun–qoidalarga (oziq–ovqatga, Shabbat kuniga oid va hokazolarga) rioya qilmasalar, o‘zlarini noqulay his qilardilar. Pavlus “imoni sust” deganda ularning qonun–qoidalar yuzasidan vijdonan qaror chiqara olmasliklarini nazarda tutadi. Jamoatdagi ba’zilar esa imoni tufayli har qanday oziq–ovqatni yeyish mumkin deb bilardi va bundan ularning vijdoni qiynalmasdi. Pavlus, bu ikki toifa imonlilar ham Masihga birday bag‘ishlangan, deb tasdiqlaydi (yana shu bobning 5-6– oyatlariga qarang).

14:4 Rabbimiz Iso — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida Xudo.

14:6 Yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida shu jumladan keyin quyidagi so‘zlar qo‘shimcha qilingan: Shuningdek, kunlarga e’tibor bermaydigan ham Rabbimizni ulug‘lash niyatida shunday qiladi.

14:10 Xudo — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida Masih.

14:11 Ishayo 49:18 ga qarang.

14:11 Ishayo 45:23 ga qarang.

14:23 Yunoncha matndan. Bu matndagi 16:25-27 oyatlar ba’zi yunon qo‘lyozmalarida

mazkur bobga 24-26–oyatlar bo‘lib, qo‘shimcha qilingan.

15:3 Zabur 68:10 ga qarang.

15:9 Zabur 17:50 ga qarang.

15:10 Qonunlar 32:43 ga qarang.

15:11 Zabur 116:1 ga qarang.

15:12 Essay — shoh Dovudning otasi, Iso Masihning bobokaloni.

15:12 Muallif bu o‘rinda Ishayo 11:10 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

15:18-19 Illurikon hududi — Rimdan shimoli–sharqda, hozirgi Adriatika dengizining

sharqiy qirg‘og‘ida joylashgan.

15:21 Muallif bu o‘rinda Ishayo 52:15 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

15:25 …Xudo azizlariga yordam bergani Quddusga ketyapman — Quddusdagi muhtojlikda qolgan masihiylarga yordam berish niyatida Pavlus pul yig‘ayotgan edi (1 Korinfliklar 16:1-4, 2 Korinfliklar 8:1-9:5, Galatiyaliklar 2:10 ga qarang). Ularning

muhtojliklariga quvg‘inlar yoki qurg‘oqchilik sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin (Havoriylar

8:1, 11:28 ga qarang).

16:1 Kenxreya shahri — bandargoh shahar bo‘lib, Korinfdan qariyb 10 kilometr sharqda

joylashgan.

16:1 opamiz — ularning tug‘ishgan opasi emas, balki imonli ayollarga shunday

murojaat qilingan (shu bobning 7, 12–oyatida ham bor).

16:1 …opamiz Fivani sizlarga tanishtiray — bu maktubni Rimdagi imonlilarga Fiva olib

borgan bo‘lishi mumkin.

16:6 Sizlar — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida biz.

16:7 opamiz Yuniya — yoki birodarimiz Yuniyas, ammo ko‘p olimlarning taxmini bo‘yicha bu yunoncha ismi ayol kishiga nisbatan ishlatilgan. Yuniya Andronikusning xotini yoki opasi yo singlisi bo‘lishi mumkin.

16:7 Bu obro‘li havoriylar… — yoki Ular havoriylar orasida nom chiqarganlar va….

16:15 singlisi — yoki opasi.

16:22 Bu maktubni qog‘ozga tushirayotgan…Tertiyus… — Pavlusning maktubini shu kotib yozgan. Qadimgi paytlarda bu odatiy hol edi.

16:23-24 Yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida quyidagi so‘zlar 24–oyatni tashkil etib, qo‘shimcha qilingan: Rabbimiz Iso Masihning inoyati hammangizga yor bo‘lsin. Omin. Yana shu bobning 25-27–oyatlari izohiga qarang.

16:26 payg‘ambarlarning bitiklari — Eski Ahd to‘plami nazarda tutilgan.

16:25-27 Yunoncha matndan. Shu bobning 25-27–oyatlari ba’zi yunon qo‘lyozmalarida

14:24-26 oyatlar bo‘lib kelgan.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru