Muqaddas Kitob


IBRONIYLARGA

MAKTUB

Kirish

Mazkur maktub muallifi o‘zi haqida hech qanday ma’lumot qoldirmagan. Ammo maktubning mazmunidan muallif — Tavrot qonunlarini mukammal biladigan, masihiylarning orasida obro‘–e’tibor qozongan yahudiy ekanini ko‘rishimiz mumkin. Mazkur maktub xat uslubida emas, ko‘proq nutq uslubida yozilgan bo‘lib, ko‘ngilni ko‘taruvchi dalda so‘zlarga, tanbeh va nasihatlarga boydir.

Muallif ushbu maktubini Iso Masihga imon keltirgan yahudiylarga yo‘llagan. Masihga imon keltirgan yahudiylar o‘sha davrda ko‘p qarshiliklarga duch kelib, yahudiy diniga qaytmoqchi bo‘lganlar. Muallif esa ularga dalda berib, Iso Masihga bo‘lgan imonni mahkam tutishga va oxirigacha Unga sodiq qolishga undaydi.

Maktubda Iso Masihning ulug‘vorligiga alohida urg‘u beriladi. U farishtalardan ham, qadimgi payg‘ambarlardan ham, eski ahd qonunlarini joriy qilgan Musodan ham, ruhoniylardan ham ulug‘ va har jihatdan yuksak ekanligi ko‘rsatiladi. Iso Masih Xudo tomonidan tanlangan abadiy Oliy ruhoniydir. Shu sababdan muallif kitobxonlarning butun e’tiborini Oliy ruhoniy Iso Masihga qaratadi. Zero, U insonlarni gunohdan xalos etish uchun xochda o‘ldi, so‘ng tirilib, osmonga ko‘tarildi. U insonlar uchun Xudoning huzuriga yo‘l ochib berdi, yangi ahdning vositachisi bo‘ldi. Modomiki, eski ahd davrida aytilgan barcha bashoratlar va Xudoning va’dalari bu yangi ahdda amalga oshgan ekan, Iso Masih bizni cheksiz qut–barakalardan bahramand qildi.

Masihning ezguligini tatib ko‘rgan bo‘lsa ham, imondan qaytgan va shu orqali Masihni oyoq osti qilgan odamlarni muallif qat’iy ogohlantiradi. Saboq tariqasida u o‘tmishdagi itoatsiz odamlarning qismatini misol qilib keltiradi, ular Xudodan qanday jazo olganini kitobxonga eslatib o‘tadi. Bundan tashqari, o‘tmishdagi imon qahramonlarining hayotini namuna tariqasida keltiradi. Ularni Xudoga bo‘lgan sadoqati uchun olqishlaydi. Shu orqali muallif imonlilarni Masihga sodiq qolishga va barcha sinovlarga bardosh berishga undaydi. Maktub davomida kundalik hayotga oid amaliy ko‘rsatmalar ham beriladi.


1–BOB

Xudo O‘z O‘g‘li orqali oxirgi so‘zini ayon qildi

1 Xudo qadimda ota–bobolarimizga* ko‘p marta va turli tarzda payg‘ambarlar orqali gapirgan edi. 2 Bu oxirgi kunlarda* esa U bizga O‘z O‘g‘li orqali gapirdi. Xudo koinotni O‘g‘li orqali yaratgan va Uni butun borliqning vorisi qilib tayin etgan. 3 O‘g‘il — Xudo shuhratining porlashi, Xudo borlig‘ining aniq suratidir. U O‘zining qudratli kalomi bilan koinotni asrab turibdi. U O‘z jonini fido qilib, bizni gunohlardan pokladi, so‘ng samoda Ulug‘vor Xudoning o‘ng tomonida o‘tirdi*.

Xudoning O‘g‘li — farishtalardan oliy

4 Darhaqiqat, Xudo Masihga “O‘g‘il” deb ulug‘ nom berdi. Bu nom Masih


farishtalardan nihoyatda yuksak martabaga ega ekanligini ko‘rsatib turibdi. 5 Axir, Xudo bironta farishtaga:


“Sen Mening O‘g‘limsan,

Bugun Men Senga Ota bo‘ldim”*,



8 Ammo O‘z O‘g‘liga U shunday degan:


“Sen Xudosan, Sening taxting abadiydir,

Adolat hassasi shohliging hassasidir.

9 Sen solihlikni sevasan, qabihlikdan nafratlanasan.

Shu bois Men Seni do‘stlaringdan ustun qildim,

Ha, Men, Xudoying, shodlik moyini Senga surtdim.”*

10 O‘g‘liga yana shunday degan: “Sen Rabbiysan,

Azalda zaminning poydevorini Sen qo‘ygansan, Samolarni O‘z qo‘llaring ila yaratgansan.

11 Ular yo‘q bo‘lib ketar, Sen turaverasan,

Yeru osmon kiyim kabi eskirib ketadi.

12 Keraksiz libosday ularni taxlab qo‘yasan, To‘zib ketgan kiyimday ularni almashtirasan. Sen esa hech o‘zgarmassan,

Sen to abad yashaysan.”*


13 Xudo bironta farishtaga:


“Dushmanlaringni oyoqlaring ostiga poyandoz qilmagunimcha, Sen Mening o‘ng tomonimda o‘tirgin”*,

— deb aytmagan. 14 Axir, farishtalar bor–yo‘g‘i xizmatchi ruhlardir! Xudo ularni abadiy hayotdan bahramand bo‘ladigan odamlarga xizmat qilish uchun yuborgan.


2–BOB

Buyuk najotga e’tiborsiz bo‘lmaylik

1 Shu sababdan biz butun e’tiborimizni eshitganlarimizga qaratishimiz kerak.

Shunda haqiqatdan og‘ib ketmaymiz. 2 Farishtalar orqali ota–bobolarimizga* berilgan Xudoning qonuni* majburiy edi. Agar o‘sha qonunni buzgan va unga itoat etmagan odamlar har bir qilmishiga yarasha jazolangan bo‘lsa, 3 nahotki biz buyuk najot xabariga e’tiborsiz qolsak, jazodan qochib qutula olamiz?! Axir, dastlab bu najot xabarini bizga Rabbimiz Isoning O‘zi e’lon qildi–ku. Rabbimizga quloq solgan shohidlar bu xabarning haqiqiyligini bizga tasdiqlashdi. 4 Xudo ham bu xabarni tasdiqladi: U alomatu mo‘jizalar va turli ajoyibotlar ko‘rsatdi, O‘z xohish–irodasi bo‘yicha, Muqaddas Ruhning

in’omlarini ulashib berdi.

Bizga najot berish uchun Iso inson bo‘lib keldi

5 Biz aytayotgan kelajak dunyoni Xudo farishtalarga tobe qilmadi. 6 Aksincha, Muqaddas bitiklarda Xudoga shunday deb aytilgan:


“Inson zoti nedirki, u haqda o‘ylagaysan?! Inson o‘g‘li* nedirki, Sen uni ardoqlagaysan?!

7 Sen uni qisqa vaqtgagina farishtalardan past qilding, Keyin esa izzatu sharaf tojini unga kiygizding*.

8 Bor narsani uning oyog‘i ostiga qo‘yding.”*


“Bor narsani uning oyog‘i ostiga qo‘yding” degani — Xudo butun borliqni o‘sha Insonning hokimiyatiga tobe qilganini bildiradi. Hozirgi kunda esa butun borliq Unga tobe bo‘lganini biz ko‘rayotganimiz yo‘q. 9 Ammo “qisqa vaqtgagina farishtalardan past bo‘lgan” Insonni, ya’ni Isoni biz ko‘rib turibmiz. U inson bo‘lib keldi, Xudoning inoyati tufayli butun insoniyat uchun azob chekib, o‘ldi. Shu sababdan endi “izzatu sharaf tojini kiydi.”

10 Xudo hamma narsani yaratgan va hamma narsa Uning ulug‘vorligi uchun mavjuddir. U ko‘p insonlarni O‘z ulug‘vorligidan bahramand qilish uchun najotga erishtirmoqchi bo‘ldi. Iso odamlarni najotga boshlab borsin deb, Xudo Uni azob– uqubatlar orqali barkamol Sardor qilib tayyorladi. 11 Insonlarni gunohlardan poklovchi Iso va poklangan insonlarning hammasi bir oilaga mansubdir. Shu sababdan Iso ularni birodarlarim deb atashdan or qilmay, Xudoga shunday deydi:


12 “Birodarlarimga Sen haqingda aytaman, Jamoa orasida Senga hamdu sano o‘qiyman.”*


13 Iso yana shunday deydi:


“Umidim Xudodadir”, so‘ng yana aytadi:

“Xudo bergan farzandlarim bilan birga Men shu yerdaman!”*


14 Bu farzandlar foniy bandalar bo‘lganlari uchun, Iso ham, ular singari, inson bo‘ldi. Zero, U O‘z o‘limi orqaligina o‘lim keltiruvchi iblisning qudratini yo‘q qila oldi va 15 umr bo‘yi o‘lim qo‘rquviga qul bo‘lgan odamzodni ozod qilishga muvaffaq bo‘ldi. 16 Iso farishtalarni emas, balki Ibrohimning naslini* qullikdan qutqargani aniq. 17 Shu sababdan, U har jihatdan birodarlariga o‘xshagan bo‘lishi shart edi. Shundagina U xalqni gunohlaridan poklay oladigan, Xudoning xizmatidagi rahmdil va sodiq Oliy ruhoniy bo‘la olardi. 18 Isoning O‘zi sinovdan o‘tib, azob chekdi. Shuning uchun U sinovdan o‘tayotganlarga yordam bera oladi.


3–BOB

Iso Masih — Muso payg‘ambardan yuqori

1 Ey birodarlarim, sizlar Xudoning aziz xalqisizlar. Xudo sizlarni O‘z huzuriga kirishga da’vat etgan. Kelinglar, Xudoning Elchisi va biz e’tirof etgan e’tiqodimizning Oliy ruhoniysi Iso haqida mulohaza qilaylik. 2 Xudo Isoni Oliy ruhoniy qilib tayinladi. Muso Xudoning xonadonida sodiq xizmatkor bo‘lgani kabi, Iso ham Xudoga sodiq bo‘ldi. 3 Biroq Iso Musodan ko‘ra, ko‘proq ulug‘vorlikka loyiq bo‘ldi. Axir, uyning o‘zi emas, uni qurgan odam ko‘proq e’tiborga sazovor–ku! 4 Albatta, har bir uyning quruvchisi bor, ammo aslida butun borliqning binokori — Xudo. 5 Muso sodiq qul edi*. U Xudoning butun xalqi orasida eng ishonchlisi bo‘lib, uning xizmati kelajakda oshkor bo‘ladigan ilohiy haqiqatning sharpasi edi, xolos. 6 Masih esa sodiq O‘g‘il edi. Unga Xudoning xonadonini boshqarish topshirildi. Xudoning xonadoni esa bizmiz. Biz faqat jasur bo‘lib, umidimizni mahkam tutishimiz kerak*. Axir, biz bu umidimiz bilan faxrlanamiz.

Imondan qaytmanglar!

7 Shunday ekan, Muqaddas Ruhning aytgan ushbu gaplarini yodingizda tuting:


“Qaniydi, bugun Mening ovozimga quloq solsangiz!

8 Menga qarshi isyon qilgan otalaringizday tosh yurak bo‘lmanglar, Meni sahroda sinagan o‘sha ajdodlaringizday* bo‘lmanglar.

9 Otalaringiz qirq yil qilgan ishlarimni ko‘rsa ham, U yerda Meni sinab ko‘rdilar.

10 Shu bois Men bu nasldan g‘azablanib, dedim:

«Ular doim Mendan yuz o‘girishadi, Amrlarimga bo‘ysunishdan bosh tortishadi.» 11 Shuning uchun g‘azablanib, ont ichdim:

«Ular farog‘at diyorimga kirmaydi», dedim.”*


12 Ey birodarlarim, ehtiyot bo‘linglar! Yomon niyatga qalbingizdan o‘rin bermanglar, Xudoga bo‘lgan ishonchingizni yo‘qotmanglar. Aks holda, bu illatlar sizlarni barhayot Xudodan qaytaradi. 13 Har kunni Muqaddas bitiklardagi “bugun” deb bilib, bir– biringizga nasihat qilinglar. Tag‘in birortangiz gunohga aldanib, yuragingizni tosh qilmanglar. 14 Axir, biz Masihga sherik bo‘ldik. Faqat boshida ega bo‘lgan imonimizni oxirigacha mahkam tutishimiz lozim. 15 Bir–biringizga Zaburdagi shu so‘zlarni eslatib

turinglar:


“Qaniydi, bugun Mening ovozimga quloq solsangiz!

Menga qarshi isyon qilgan otalaringizday tosh yurak bo‘lmanglar!”


16 O‘shanda Xudoning ovozini eshitib turib, isyon qilgan kim edi? Muso Misrdan olib chiqqanlarning hammasi!* 17 Qirq yil davomida Xudo kimdan g‘azablangandi? Gunoh qilgan odamlardan! Ular hammasi o‘ldi, sahro ularga qabr bo‘ldi. 18 Xudo ont ichib: “Ular farog‘at diyorimga kirmaydi”, deya kim haqida aytgan edi? Albatta itoatsiz odamlar haqida! 19 Demak, ular Xudoga ishonmaganlari uchun farog‘at diyoriga kira olmadilar.


4–BOB

Xudo O‘z xalqiga va’da qilgan farog‘at

1 Xudoning farog‘at diyoriga kirish haqidagi va’dasi hanuz kuchda qolgan. Shuning uchun ehtiyot bo‘laylik, tag‘in va’da qilingan farog‘at diyoriga kirishga nomunosib bo‘lib qolmaylik. 2 Axir, farog‘at diyori haqidagi Xushxabar Isroil xalqiga sahroda e’lon qilinganday, bizga ham e’lon qilindi. Ammo ular bu xabarni eshitsalar ham, uning qadriga yetmadilar. Ular bizga o‘xshab, bu xabarni eshitdilar, ammo unga ishonmadilar. 3 Biz ishonganimiz uchun farog‘at diyoriga kiramiz. Ishonmaganlar haqida esa Xudo shunday degandi:


“Shuning uchun g‘azablanib, ont ichdim:

«Ular farog‘at diyorimga kirmaydi.»”*


Holbuki, Xudo farog‘at diyorini dunyoni yaratgandayoq tayyorlab qo‘ygan. 4 Chunki yaratilishning yettinchi kuni haqida Muqaddas bitiklarda shunday deyilgan:


“Yettinchi kuni Xudo hamma ishlarini bitirib, dam oldi.”*


Ammo ba’zi odamlar Xudoning farog‘at diyoriga kirmadilar. 5 Yuqoridagi parchada aytilganday:


“Ular farog‘at diyorimga kirmaydi.”


6 Bundan anglashiladiki, farog‘at haqidagi Xushxabarni birinchi bo‘lib eshitganlar o‘z itoatsizligi uchun farog‘at diyoriga kirmagan edilar. Ammo ba’zi kishilarga u yerga kirish uchun imkoniyat bor. 7 Xudo o‘sha kishilarni ko‘zda tutib, “bugun” deb atalgan yana bir kunni* tayin qildi. Ko‘p yillardan keyin bu kun haqida U Dovud orqali gapirdi. Xudoning bu gapini men oldin ham aytib o‘tganman*:


“Qaniydi, bugun Mening ovozimga quloq solsangiz! Tosh yurak bo‘lmanglar!”


8 Agar Yoshua* Isroil xalqini farog‘atga erishtirganda edi, o‘shandan keyin Xudo boshqa bir kun haqida gapirmagan bo‘lardi. 9 Xullas, Xudoning xalqini Shabbat kuniga* o‘xshagan farog‘at kutmoqda. 10 Xudoning farog‘at diyoriga kirganlar, Xudo kabi o‘z

ishlaridan dam oladilar, chunki Xudo ham dunyoni yaratib bo‘lgandan keyin dam olgan edi. 11 Shunday ekan, farog‘at diyoriga kirishga jon kuydiraylik. Aks holda, biz ham Isroil xalqiday itoatsizlik qilib, farog‘atdan bebahra qolamiz.

Xudo kalomining ta’sirchanligi

12 Xudoning kalomi jonli va ta’sirli, har qanday dudama qilichdan o‘tkirroqdir. U jon bilan ruhni, bo‘g‘inlar bilan ilikni ajratgudek suqilib kiradi. Xudoning kalomi xayolu yurakning niyatlarini fosh etadi. 13 Butun borliq Xudoning ko‘zi oldida yap–yalang‘och va ochiqdir. Hech kim va hech narsa Undan pinhon emas. Biz Unga hisob beramiz!

Ulug‘ Oliy ruhoniyimiz Iso

14 Shunday ekan, o‘zimiz e’tirof etgan e’tiqodimizni mahkam tutaylik! Zotan, bizning ulug‘ Oliy ruhoniyimiz bor. Xudoning samodagi huzuriga kirib borgan bu Oliy ruhoniyimiz Xudoning O‘g‘li Isodir. 15 U ojizliklarimizga hamdard bo‘la oladi. Axir, U biz kabi har tomonlama sinalgan, lekin bizga o‘xshab gunoh qilmagan. 16 Kelinglar, inoyatli Xudoyimizning taxtiga jasorat bilan yaqinlashaylik. Shunda U bizga marhamat ko‘rsatadi, Uning inoyati zarur vaqtda bizga yordam beradi.


5–BOB

1 Har bir oliy ruhoniy insonlar orasidan tanlab olinadi. U Xudoga gunohlar uchun nazrlar va qurbonliklar keltirib, xalq vakili bo‘lib xizmat qiladi. 2 G‘aflatda gunoh qilib qo‘ygan odamlarni oliy ruhoniy tushunadi, chunki u o‘zi ham inson, kamchiliklari bor.

3 Shu sababdan u nafaqat xalqning gunohlari uchun, balki o‘zining gunohlari uchun ham qurbonliklar keltirishi zarur. 4 Hech kim o‘z xohishi bilan oliy ruhoniy bo‘la olmaydi, balki Horunga* o‘xshab Xudo tomonidan tayinlanadi.

5 Shu tariqa, Masih ham oliy ruhoniylik sharafiga intilmadi, bunday martabaga U

da’vogarlik qilmadi. Aksincha, Unga:


“Sen Mening O‘g‘limsan,

Bugun Men Senga Ota bo‘ldim”*,


— deb aytgan Xudo Uni Oliy ruhoniy qilib tayinladi.


6 Zero, boshqa bir joyda Xudo Unga shunday degan:


“Sen Maliksidiq* singari,

To abad ruhoniysan.”*


7 Masih bu dunyoda yashagan paytda ko‘z yosh to‘kib, Xudoga faryod qildi, Unga iltijo qilib yolvordi*. Chunki Xudo Uni o‘limdan qutqarishga qodir ekanligini Masih bilar edi. U Xudoni yuksak darajada e’zozlagani uchun Uning iltijosi ijobat bo‘ldi. 8 Garchi U Xudoning O‘g‘li bo‘lsa ham, azob–uqubat chekib, itoatkorlikning asl ma’nosini angladi.

9 Xudo azoblar orqali Masihni barkamol qildi. Shunday qilib, Unga itoat qilganlarning hammasi uchun Masih abadiy najot manbayi bo‘ldi. 10 Xudo Masihni “Maliksidiq singari Oliy ruhoniy” deb e’lon qildi.

Imonda ulg‘ayinglar

11 Oliy ruhoniyimiz haqida sizlarga yana ko‘p gapirgan bo‘lardim–u, ammo qanday qilib sizlarga tushuntirishni bilmayman, chunki sizning aqlingiz o‘tmas bo‘lib qolgan. 12 Sizlar o‘zlaringiz allaqachon ustozlik qilishingiz kerak edi! Ammo siz boshqalarga emas, boshqalar sizlarga Xudo kalomining ilk asoslarini o‘rgatishlari kerak. Sizlar hali

ham sutga muhtojsiz! Quyuq ovqatni hazm qila olmaysiz. 13 Sut bilan oziqlanadigan har bir kishi hali chaqaloq. U to‘g‘ri bilan noto‘g‘rining farqiga bormaydi. 14 Quyuq ovqat esa ulg‘ayganlar uchundir. Ular tajriba orttirib, yaxshini yomondan farqlay oladilar.


6–BOB

1 Shunday ekan, Masihning boshlang‘ich ta’limotida to‘xtab qolmaylik. Aksincha, imonda yetuk bo‘lishga intilaylik. Hadeb ta’limotning ilk asoslarini o‘rganavermaylik. O‘limga yetaklovchi ishlardan tavba qilish va Xudoga ishonish haqida, 2 poklanish marosimlari* va qo‘l qo‘yib duo qilish haqida, o‘liklarning tirilishi va abadiy hukm haqida qayta–qayta ta’lim olishimiz shart emas. 3 Endi Xudoning madadi bilan yetuklik sari qadam tashlaylik.

Ogohlikka va umidvorlikka chorlovchi so‘zlar

4 Nahotki Xudodan yuz o‘girgan odamni yana tavbaga olib kelib bo‘lsa?! Bunday odam Xudoning nurini ko‘rib, samoviy in’omdan lazzat olgan, Muqaddas Ruhdan bahramand bo‘lib, 5 Xudo kalomining ezguligini totib ko‘rgan va kelajak dunyoning qudratini o‘z tajribasida ko‘rgan. 6 Agar shularga qaramay, u Xudodan qaytsa, ikki dunyoda ham tavba qilmaydi! Chunki bu qilmishi bilan Xudoning O‘g‘lini go‘yo boshqatdan xochga mixlab, hammaning oldida Uni sharmanda qilayotganday bo‘ladi.

7 Xudoning yo‘lidan yurgan odamni mo‘l–ko‘l yomg‘irga to‘ygan yerga o‘xshatsa bo‘ladi. Bunday yer dehqonlar uchun yaxshi hosil yetishtirib, Xudodan baraka topadi. 8 Xudodan qaytgan odam esa yantog‘u tikan bosgan yerga o‘xshaydi. Bunday yer

foydasiz bo‘lib, la’natga duchor bo‘lish xavfi ostida qoladi. Oxir–oqibatda esa olovga yem

bo‘ladi.

9 Sevimli birodarlarim, qattiq gapirganimga qaramay, sizlardan ko‘nglim to‘q. Sizlar najotga eltuvchi to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganingizga ishonchim komil. 10 Axir, Xudo adolatlidir. U sizning ishingizni unutmaydi, Unga bo‘lgan muhabbatingiz tufayli azizlariga qilgan va qilayotgan xizmatlaringizni yodida tutadi. 11 Xizmatdagi bu shijoatingizni har biringiz oxirigacha asrashingizni chin dildan xohlaymiz. Chunki shundagina Masihga bo‘lgan umidingiz so‘nmaydi. 12 Erinchoq bo‘lmanglar. Aksincha, imoni va sabr–toqati tufayli Xudoning va’dalaridan bahramand bo‘lgan birodarlardan o‘rnak olinglar.

Xudoning o‘zgarmas va’dasi umid bag‘ishlaydi

13 Xudoning Ibrohimga bergan va’dasini eslanglar. O‘shanda Xudo O‘z nomi haqi qasam ichgandi. Zero, qasam ichish uchun O‘zidan buyukroq biron zot yo‘q edi.

14 O‘shanda Xudo qasam ichib, shunday degandi:


“Senga albatta qut–baraka beraman, Naslingni son–sanoqsiz qilaman.”*

15 Ibrohim sabr–toqat qilib, berilgan va’daga erishdi.

16 Odamlar qasam ichganlarida o‘zlaridan buyukroq bo‘lgan kimsaning ismi haqi qasam ichadilar. Qasam aytilgan gapning tasdig‘i hisoblanadi va har qanday bahsga xotima beradi. 17 Shunga o‘xshab, Xudo ham O‘z va’dasini qasam bilan tasdiqladi. Chunki xalqiga baraka berishni va’da qilgan Xudo shu orqali O‘z irodasining qat’iy ekanligini aniq ko‘rsatmoqchi edi. 18 Xudo yolg‘on gapirmaydi! Uning bergan va’dasi va ichgan qasami hech qachon o‘zgarmaydi. Xudoning tasdiqlagan va’dasidan endi biz kuchli dalda olib, U bergan umidni mahkam tutaylik. Axir, biz Xudodan panoh topganmiz. 19 Bu umid jonimiz uchun tebranmas, mustahkam langardaydir. Umidimiz bizni samoviy Chodirdagi* pardaning orqa tarafiga, Xudoning huzuriga olib kiradi. 20 Iso bizdan oldin u yerga kirib, biz uchun yo‘l ochib berdi. U Maliksidiq* singari to abad Oliy ruhoniyimiz bo‘ldi.


7–BOB

Ulug‘ ruhoniy Maliksidiq

1 Maliksidiq* — Salim* shohi va Xudoyi Taoloning ruhoniysi edi. Ibrohim to‘rtta shohni mag‘lub etib, qaytib kelayotganda, Maliksidiq uni kutib olgani chiqib, duo qilgan edi. 2 Ibrohim esa qo‘lga kiritgan hamma o‘ljasining o‘ndan birini Maliksidiqqa bergandi.

Maliksidiq ismining ma’nosi “adolat shohi” demakdir. U yana “tinchlik shohidir”, chunki Salim “tinchlik” ma’nosini beradi. 3 Uning na otasi, na onasi, na nasabnomasi bor. Hayotining boshi ham, oxiri ham yo‘q. U Xudoning O‘g‘li singari, to abad ruhoniy bo‘lib qoladi.

4 Maliksidiq qanchalik buyuk zot ekanligini bilib qo‘ying! Hatto ulug‘ bobokalonimiz Ibrohim ham o‘ljasining o‘ndan birini unga bergandi. 5 Levi naslidan bo‘lgan ruhoniylar* esa Xudoning qonuni bo‘yicha Isroil xalqidan, ya’ni o‘z birodarlaridan ushr* yig‘ishlari kerak edi. Vaholanki, Isroil xalqining hammasi Ibrohimning avlodlaridir. 6 Maliksidiq Levi naslidan bo‘lmasa–da, Ibrohimdan ushr oldi. So‘ng Ibrohimni — Xudoning va’dalarini olgan zotni duo qildi. 7 Hammamizga ma’lumki, duo qilgan odam duo olgan odamdan ulug‘roqdir. 8 Ushr yig‘adigan ruhoniylar foniy bandalar edi. Ibrohimdan ushr olgan Maliksidiq esa, Muqaddas bitiklarda yozilishicha, hanuz barhayotdir. 9 Hatto aytishimiz mumkinki, ushr oluvchi levi ruhoniylari ham Ibrohim orqali Maliksidiqqa ushr bergandilar. 10 Chunki Maliksidiq Ibrohimni kutib olganda, levi ruhoniylari hali bobokaloni Ibrohimning pushti kamarida edilar.

Maliksidiqqa o‘xshash boshqa bir Ruhoniy

11 Levi ruhoniylari bizni barkamol qila olmaydilar. Shuning uchun Xudo Horunning nasabidan* bo‘lgan ruhoniyni emas, balki Maliksidiqqa o‘xshagan boshqa bir ruhoniyni* yubordi. Isroil xalqiga berilgan qonunlar levi ruhoniylari orqali joriy qilingan edi.

12 Shunday ekan, Xudo yangi ruhoniylikni tashkil qilganda, yangi qonunlarni ham joriy qildi.

13-14 Buni biz aytib o‘tgan ruhoniy, ya’ni Rabbimiz Iso misolida aniq ko‘rishimiz mumkin. Biz bilamizki, Rabbimiz Iso Levi qabilasidan emas, balki Yahudo qabilasidan kelib chiqqan. Yahudo qabilasidan hech kim ruhoniy bo‘lib qurbongohda xizmat qilmagan.

Buning ustiga, Muso bu qabila haqida gapirganda ruhoniylikka doir biron ko‘rsatma

bermagan. 15 Yangi qonunlar joriy qilinganini yana shundan aniq ko‘rishimiz mumkin:

Rabbimiz xuddi Maliksidiq kabidir. 16 Uning ruhoniyligi bu foniy dunyoning talabiga, ya’ni nasl–nasabga doir qoidalarga* asoslanmagan, balki Maliksidiqning ruhoniyligi singari, cheksiz hayot qudratiga asoslangan. 17 Zotan, Muqaddas Bitikda U haqda shunday yozilgan:


“Sen Maliksidiq singari, To abad ruhoniysan.”*


18 Demak, avvalgi qonun–qoidalar ojiz va samarasiz bo‘lgani uchun bekor qilindi.

19 Chunki qonun biron–bir kishini kamolotga yetkaza olmagan. Endi qonun o‘rniga bizga a’loroq bir umid berildi, biz bu umid orqali Xudoga yaqinlasha olamiz.

20-21 Bundan tashqari, Xudo Isoni Oliy ruhoniy qilib tayinlaganda ont ichgandi.

Muqaddas bitiklarda bu haqda shunday deyilgan:


“Egamiz ont ichgan, qarorini o‘zgartirmas:

«Sen to abad ruhoniysan.»”


Ammo levi ruhoniylari tayinlanganda, Xudo biron marta ont ichmagan. 22 Demak, Xudo

Iso orqali bizni a’loroq bir ahdga erishtirdi, Isoning O‘zi bunga kafildir*.

23 Yana bir farq shundaki, levi ruhoniylarining soni ko‘p edi, chunki o‘lim ruhoniylarga o‘z xizmatlarini davom ettirishga monelik qilar edi. 24 Ammo Iso mangu bo‘lgani uchun to abad ruhoniy bo‘lib xizmat qiladi. 25 Shuning uchun U O‘zi orqali Xudoga yaqinlashuvchilarga abadiy najot bera oladi. Axir, Iso barhayot bo‘lib, ular uchun Xudoga iltijo qiladi.

26 Bizga aynan shunday — muqaddas, beg‘ubor va pok Oliy ruhoniy kerak edi. Iso gunohkorlardan ayrilgan, osmondan ham yuksakka ko‘tarilgan. 27 U boshqa oliy ruhoniylar kabi, har kuni oldin o‘z gunohlari uchun, keyin xalqning gunohlari uchun qurbonlik keltirishi kerak emas. Chunki U bir marta O‘zini qurbon qilib, xalqning gunohlari uchun keltiriladigan hamma qurbonliklarga chek qo‘ydi. 28 Tavrotga binoan oliy ruhoniylikka ojiz bandalar tayinlanardi. Ammo endi Xudoning ont ichib bergan va’dasiga* binoan oliy ruhoniylikka Xudoning O‘g‘li tayin etildi. U barkamollikka erishgan va to abad barkamol bo‘lib qoladi.


8–BOB

Oliy ruhoniyimiz Iso — yangi ahdning Vositachisi

1 Aytgan gaplarimizning mag‘zi quyidagicha: bizning shunday Oliy ruhoniyimiz borki, U samoda, Ulug‘vor Xudo taxtining o‘ng tomonida o‘tiribdi*. 2 U samodagi haqiqiy Chodirning* Eng muqaddas xonasida xizmat qilyapti. Bu Chodirni inson emas, balki Egamizning O‘zi qurgan.

3 Har bir oliy ruhoniy Xudoga nazrlar va qurbonliklar keltirish uchun tayin etiladi.

Shunday ekan, bizning Oliy ruhoniyimizning ham keltiradigan biror nazri bo‘lishi lozim edi. 4 Agar U yer yuzida bo‘lganda edi, umuman ruhoniy bo‘lolmas edi. Chunki Musoning qonunida buyurilgan nazrlarni keltiruvchi ruhoniylar bor. 5 Ular yer yuzidagi Muqaddas chodirda xizmat qiladilar. Bu Chodir bor–yo‘g‘i samodagi haqiqiy Chodirning nusxasi va soyasidir. Negaki, Xudo Musoga Chodir qurishni buyurganda, unga shunday degandi:

“Ehtiyot bo‘l, hamma narsani Men senga tog‘da ko‘rsatgan namunaga muvofiq yasat.”*

6 Ammo Isoga berilgan ruhoniylik xizmati boshqa ruhoniylarnikiga qaraganda buyukdir. Chunki Uning vositasida tuzilgan yangi ahd avvalgi ahddan* ulug‘roq va a’loroq va’dalarga asoslangan.

7 Darvoqe, agar avvalgi ahd kamchiliksiz bo‘lganda edi, yangi ahd kerak bo‘lmasdi.

8 Odamlar avvalgi ahd talablarini bajara olmasliklariga Xudoning ko‘zi yetib, U O‘z

xalqiga shunday degan edi:


“Shunday kunlar keladiki, Men Isroil va Yahudo xalqlari bilan yangi ahd tuzaman. 9 Bu yangi ahd Men ularning ota–bobolari bilan tuzgan ahdga o‘xshamaydigan bo‘ladi. Men ota–bobolarini qo‘lidan yetaklab, Misrdan olib chiqqanimda, ular bilan ahd tuzgan edim. Ammo ular o‘sha ahdimga rioya qilishmadi, shuning uchun Men ulardan yuz o‘girdim.

10 Men kelajakda Isroil xalqi bilan tuzadigan ahd shunday bo‘ladi: Men qonunlarimni odamlarning ongiga solib qo‘yaman, qonunlarimni ularning yuraklariga yozaman. Men ularning Xudosi, ular esa Mening xalqim bo‘ladilar. 11 Shundan keyin odamlar bir–biriga: «Egamizni tanib–biling», demaydigan bo‘lishadi. Chunki ularning hammasi — kattasidan tortib, kichigigacha Meni

biladigan bo‘ladi. 12 Men ularning ayblarini kechiraman, gunohlarini hech qachon

esga olmayman.”*


13 Xudo yangi ahdni tilga olganda, avvalgi ahdning eskirib ketganligini ko‘rsatdi. Eskirgan narsa esa tez orada yo‘q bo‘lib ketadi.


9–BOB

Avvalgi ahd davridagi diniy xizmat

1 Darvoqe, avvalgi ahd* davrida sajdaga oid qonun–qoidalar va bu dunyoga mansub

bo‘lgan bir sajdagoh bor edi. 2 Bu sajdagoh Chodir* bo‘lib, ikki xonadan iborat edi. Birinchi xona Muqaddas xona deb atalardi. U yerda chiroqpoya, xontaxta va xontaxta ustida muqaddas nonlar bor edi. 3 Chodirning ichki pardasi orqasida Eng muqaddas xona deb atalgan yana bir xona bor edi. 4 Bu xonada tutatqi tutatiladigan oltin qurbongoh va har tomoni oltin bilan qoplangan Ahd sandig‘i turardi. Ahd sandig‘i ichida manna* solingan oltin idish, Horunning gullagan hassasi va amrlar yozilgan ikkita tosh lavha bor edi*. 5 Sandiqning qopqog‘i ustiga Xudo huzurining ramzi — qanotli karublar* o‘rnatilgandi. Karublarning tepaga ko‘tarilgan qanotlari qopqoqni berkitib turardi.

Bularning hammasini hozir birma–bir aytishning mavridi emas.

6 Xullas, Chodir shu tarzda jihozlangan edi. Ruhoniylar har kuni Chodirning birinchi xonasiga kirib, o‘z xizmatlarini ado etardilar. 7 Chodirning ichki — Eng muqaddas xonasiga esa faqatgina oliy ruhoniy yilda bir martagina kirardi. U doim o‘zi bilan qurbonlik qonini olib kirardi. Bu qonni o‘zining va xalqning bilmasdan qilgan gunohlari uchun nazr qilardi. 8 O‘rnatilgan o‘sha tartibga binoan, Muqaddas Ruh shuni ko‘rsatyaptiki, Eng muqaddas xona xalq uchun yopiq. Chodirning birinchi xonasiga oid bo‘lgan qoidalar hanuz kuchda ekan, samodagi Eng muqaddas xonaga* ham hali yo‘l yopiq. 9 Bu qoidalar hozirgi zamon uchun ramzdir, ular shunday ma’noni bildiradi:

keltirilgan nazrlar va qurbonliklar Xudoga sajda qiluvchilarning vijdonini poklay olmaydi. 10 Bu nazrlaru qurbonliklar, shuningdek, yegulik, ichgulik va har xil poklanish marosimlariga oid udumlar inson tanasi bilan bog‘liq. Bular yangi tartib o‘rnatilguncha amal qilgan.

Masih — barkamol qurbonlik

11 Endi esa Masih kelgan* xayr–barakalarning Oliy ruhoniysi bo‘ldi. U inson qo‘li bilan qurilmagan, bu dunyoga mansub bo‘lmagan samodagi mukammal Chodirga* kirdi. Yerdagi Chodirdan buyukroq bo‘lgan samodagi bu Chodirdan o‘tib, 12 Eng muqaddas xonaga kirdi. Masih bu xonaga takalar va buqalarning qoni bilan emas, balki O‘z qoni evaziga kirdi. U yerga bir marta kirib, bizni to abad gunohlardan ozod qildi. 13 Ilgarilari takalaru buqalarning qoni* hamda kuydirilgan g‘unajinning kuli* harom bo‘lgan kishilarning ustiga sepilganda, ular jisman poklanardilar. Jonivorlarning qoni bilan shunday natijaga erishilgan bo‘lsa, 14 Masihning qoni bilan bundan–da buyukroq natijaga erishsa bo‘ladi! Zero, Masih mangu Ruhning qudrati orqali O‘zini benuqson qurbonlik sifatida Xudoga bag‘ishladi. Uning to‘kilgan qoni vijdonimizni o‘limga yetaklovchi ishlardan poklaydi, shunda biz barhayot Xudoga xizmat qila olamiz.

15 Ana shu sababdan Masih yangi ahdning* vositachisi bo‘ldi. Endi da’vat etilgan odamlar Xudoning va’da qilgan abadiy merosiga ega bo‘la oladilar. Ular avvalgi ahd davrida berilgan Xudoning qonunini buzib, gunoh qilgan edilar. Masih esa ularni gunohlaridan xalos qilish uchun qurbon bo‘ldi. 16 Yangi ahdni go‘yo vasiyatga o‘xshatsa bo‘ladi. Qayerda vasiyat bor bo‘lsa, vasiyat qilgan odamning o‘limi tasdiqlanishi kerak. 17 Chunki vasiyat o‘limdan keyingina kuchga kiradi*. Vasiyat qiluvchi hali tirik ekan, vasiyatning hech bir ta’siri yo‘q.

18 Shu bois avvalgi ahd ham to‘kilgan qon orqali* kuchga kirgandi. 19 Boshida Muso Tavrotdagi hamma amrlarni butun xalqqa o‘qib berdi. So‘ng bir tutam issop* va qirmizi ip yordamida buqalar va takalarning qoni bilan suvni Tavrot kitobiga va butun xalqning ustiga sepib, 20 dedi: “Shu qon Egamizning sizlar bilan qilgan ahdini tasdiqlaydi.”*

21 Shuningdek, Muso Muqaddas chodir ustiga va sajda marosimlarida ishlatiladigan barcha ashyolar ustiga qon sepdi. 22 Darhaqiqat, Musoning qonuni bo‘yicha deyarli hamma narsa qon bilan poklanadi, to‘kilgan qon orqaligina gunohlar kechiriladi.

23 Shu sababdan samoviy Chodirning aksi bo‘lgan bu Chodir va undagi hamma ashyolar hayvonlarning qoni bilan poklanishi kerak edi. Ammo samoviy narsalar bundan a’loroq qurbonliklarni talab qiladi! 24 Ana shu maqsadda Masih bizlar uchun Xudoning huzurida hozir bo‘ldi. U haqiqiy Chodirning soyasigina bo‘lgan bu dunyodagi Chodirning Eng muqaddas xonasiga emas, balki inson qo‘li bilan qurilmagan samoviy Chodirga kirdi. 25 Levi naslidan bo‘lgan oliy ruhoniylar har yili Eng muqaddas xonaga kirib, hayvonlarning qonini nazr qiladilar. Masih esa O‘zini qayta–qayta qurbonlik qilmadi. 26 Agar Masih har yili O‘zini qurbonlik qilganda edi, dunyo yaratilgandan beri U qayta–qayta azob chekkan bo‘lardi. Buning o‘rniga U mana shu oxirgi zamonda odamlarning gunohlarini yuvish uchun bir martagina olamga kelib, O‘zini qurbon qildi. 27 Inson zoti bir marta o‘ladi, so‘ng Xudo tomonidan hukm qilinadi. 28 Shu singari, Masih ham ko‘plarning gunohlarini O‘z bo‘yniga olish uchun bir marta qurbon bo‘lib, o‘ldi. Bu dunyoga U qaytib keladi. Bu safar U gunohlarni yuvish uchun emas, balki Uni intizorlik bilan kutayotgan odamlarga najot berish uchun keladi.

10–BOB

Masih — oxirgi qurbonlik

1 Qonun bo‘lg‘usi xayr–barakalarning asl surati emas, bor–yo‘g‘i soyasidir. Har yili qonun bo‘yicha Xudoga bir xil qurbonliklar keltiriladi. Demak, qonun bu qurbonliklar orqali Xudoga sajda qiluvchilarni kamolotga yetkaza olmaydi. 2 Bordi–yu, o‘sha odamlar qurbonliklari orqali gunohdan poklana olganlarida edi, ularning vijdoni qiynalmasdi va ular qurbonlik keltirishni bas qilardilar. 3 Holbuki, qurbonliklar har yili odamlarga gunohlarini eslatadi, xolos. 4 Chunki buqayu takalarning qoni hech qachon gunohlarni yuva olmaydi.

5-6 Shuning uchun Masih dunyoga kelganda Xudoga shunday degan edi:


“Sen qurbonligu nazr istamading,

Kuydiriladigan qurbonlik hamda

Gunoh qurbonligidan* mamnun bo‘lmading, Itoat qilishim uchun Menga badan hozirlading. 7 O‘shanda dedimki: «Mana, Men keldim.

Muqaddas bitiklarda Men haqimda yozilgan.

Sening xohishingni ado etish uchun keldim, ey Xudoyim.»”*


8 Dastlab Masih qonun talab qilgan qurbonliklar haqida so‘z yuritib, Xudoga: “Sen qurbonligu nazr istamading, kuydiriladigan qurbonlik hamda gunoh qurbonligidan mamnun bo‘lmading”, — deb aytgan. 9 So‘ng esa haqiqiy itoatkorlikni tilga olib, shunday degan: “Sening xohishingni ado etish uchun keldim, ey Xudoyim.” Bundan ko‘rinib turibdiki, Masih qurbonlik marosimlariga asoslangan avvalgi ahdni* bekor qildi. Uning maqsadi yurakning itoatkorligiga asoslangan yangi ahdni* o‘rnatish edi. 10 Masih Xudoning xohishini bajarib, O‘z tanasini biz uchun qurbon qildi. Bu yagona qurbonligi orqali bizni gunohdan pokladi.

11 Ruhoniylar har kuni Xudoga xizmat qiladilar. Bir xil qurbonliklarni qayta–qayta keltiradilar. Ammo bu qurbonliklar hech qachon gunohni yuva olmaydi. 12 Masih esa gunohlarni abadiy yuvib tashlaydigan yagona qurbonlikni keltirib, Xudoning o‘ng tomonida o‘tirdi*. 13 “Xudo dushmanlarimni oyoqlarim ostiga poyandoz qiladi”, — deb Masih o‘sha vaqtdan beri kutmoqda. 14 Darvoqe, Masih bittagina qurbonlik orqali gunohdan poklagan odamlarini to abad barkamol qildi.

15 Muqaddas Ruh ham bu haqda bizga shahodat berib, dedi:


16 “Egamiz shunday demoqda: «Men kelajakda Isroil xalqi bilan tuzadigan ahd shunday bo‘ladi: Men qonunlarimni odamlarning yuragiga solib qo‘yaman, qonunlarimni onglariga yozaman. 17 Men ularning gunohlariyu qabihliklarini hech qachon esga olmayman.»”*


18 Demak, Xudo gunohlarni kechirgan bo‘lsa, boshqa qurbonlik keltirishning hojati yo‘q.

Imonimizga sodiq qolaylik

19 Ey birodarlarim, Iso Masihning qoni tufayli endi biz Eng muqaddas xonaga dadillik bilan kira olamiz. 20 Chunki Iso biz uchun yangi yo‘lni ochib berdi. U Chodirdagi parda

orqali, ya’ni qurbon qilingan O‘z tanasi orqali hayot sari yetaklaydigan yo‘lni ochdi. 21 Ha, bizning ulug‘ Ruhoniyimiz bor, U Xudoning butun xonadoni ustidan mas’uldir. 22 Shunday ekan, samimiy qalb va mustahkam ishonch bilan Xudoga yaqinlashaylik. Axir, Masih O‘z qoni bilan qalblarimizni tozalab, vijdonimizni qiynagan hamma gunohlardan pokladi*. Badanimiz ham toza suv bilan yuvildi*. 23 Endi o‘zimiz e’tirof

etgan umidimizni ikkilanmay mahkam tutaylik. Chunki va’da bergan Xudo O‘z so‘ziga sodiqdir. 24 Biz bir–birimizga e’tiborli bo‘laylik, bir–birimizni mehr–muhabbatga va xayrli ishlarga chorlaylik. 25 Ba’zi odamlarga o‘xshab, yig‘ilishlarimizni qoldirmaylik. Aksincha, Rabbimiz Isoning keladigan kuni yaqinlashib qolganini bilib, bir–birimizni yanada ko‘proq ruhlantiraylik.

26 Agar biz haqiqatni bilib olgandan keyin, ataylab gunoh qilishda davom etsak, bu gunohlarimizni hech qanday qurbonlik yuva olmaydi. 27 Shunda qo‘rquv ichra Xudoning hukmini kutishdan boshqa ilojimiz qolmaydi. Oqibatda, Xudoning dushmanlari bilan birga lovullagan olovda yonish bizning qismatimiz bo‘ladi. 28 Musoning qonuniga bo‘ysunishni rad etgan odam ikki yoki uch guvohning shahodati asosida shafqatsizlarcha o‘ldirilardi. 29 Shunday ekan, Xudoning O‘g‘lini oyoq osti qilgan odamni qanday jazo kutishini bir tasavvur qilib ko‘ringlar–a! Masihning ahd qoni bilan poklanib, so‘ng uni bulg‘agan odamning holi nima kechadi?! Xudoning inoyat Ruhini haqorat qilganning holi nima kechadi?! 30 Axir, biz quyidagi so‘zlarni aytgan Xudoni yaxshi bilamiz:


“Men qasos olaman, jazosini beraman*. Men O‘z xalqimni hukm etaman*.”


31 Ha, barhayot Xudoning qo‘liga tushib qolish naqadar dahshatlidir!

32 O‘tmishingizni eslanglar. O‘shanda sizlar Xudoning nurini ko‘rib, ko‘p azob– uqubatlarga bardosh bergan edingizlar. 33 Ba’zida sizlarni hammaning oldida haqoratlab, xor qilishardi. Boshqa paytlarda bunday ahvolda qolgan birodarlaringizga yon bosardingiz. 34 Qamoqda bo‘lganlarga hamdard bo‘lardingiz, mulkingiz musodara qilinganda, buni xursandchilik bilan qabul qilardingiz, chunki sizlarda boqiy boylik borligini bilardingiz. 35 Shunday ekan, oldingiday imonda qat’iyatli bo‘linglar! Shunda buyuk mukofot olasizlar. 36 Sabr–toqatli bo‘lib, Xudoning irodasini bajaringlar. Shunda Xudoning va’dasiga erishasizlar. 37 Axir, Muqaddas bitiklarda aytilganday*, kelishi kerak bo‘lgan Zot hademay keladi. U kech qolmaydi. 38 Xudoning solihlari Unga bo‘lgan sadoqati tufayli tirik qolishadi. Bordi–yu, birortasi imondan qaytsa, Xudo undan rozi bo‘lmaydi.

39 Biz esa imondan qaytib, halok bo‘ladigan odamlardan emasmiz. Biz imonimizga

sodiq qolgan, najot topgan odamlarmiz.


11–BOB

Imon nima?

1 Imon — umid qilingan narsalarning amalga oshishiga ishonish, ko‘rinmaydigan narsalarga amin bo‘lish demakdir. 2 Imon tufayli ota–bobolarimiz Xudoning maqtoviga sazovor bo‘ldilar.

Qadimgi imon qahramonlari

3 Imon tufayli biz koinot Xudoning kalomi bilan yaratilganini anglab olamiz,

ko‘rinadigan moddalar ko‘rinmaydigan voqelikdan vujudga kelganini bilamiz.

4 Imoni tufayli Hobil* Xudoga, Qobildan ko‘ra, yaxshiroq qurbonlikni keltirdi. Xudo Hobilning qurbonligidan mamnun bo‘lib, Hobilni imoni tufayli solih kishi deb bildi.

Hobil o‘lgan bo‘lsa ham, uning imoni hanuz bizga namuna bo‘lib xizmat qilyapti.

5 Imoni tufayli Xano‘x* o‘lmadi. U tiriklayin osmonga ko‘tarilib ketdi. Xano‘x birdaniga g‘oyib bo‘lib qolgandi, chunki Xudo uni olib ketgan edi. Muqaddas bitiklarda aytilishicha, Xudo Xano‘xni olib ketmasdan oldin ham undan mamnun edi. 6 Ishonmagan odam hech qachon Xudoni mamnun qila olmaydi. Axir, Xudoga sajda qilayotgan har kim Xudoning borligiga ishonishi kerak, Xudoga yuz burganlarga Xudoning O‘zi mukofot berishiga u amin bo‘lishi kerak.

7 Imoni tufayli Nuh* oilasini qutqarish uchun kema qurgandi. U misli ko‘rilmagan kulfat haqidagi Xudoning ogohlantirishlarini eshitib, Xudodan qo‘rqib, Unga quloq solgandi. Qilgan bu ishi bilan u Xudoning butun dunyo ustidan chiqargan hukmini e’lon qildi. Xudo uni imoni tufayli solih kishi deb bildi.

8 Imoni tufayli Ibrohim* Xudoga itoat qildi. Xudo unga: “Men senga mulk qilib beradigan yerga bor”, deb buyurganda, Ibrohim qayerga ketayotganini bilmasdan yo‘lga tushdi. 9 Imoni tufayli u Xudo va’da qilgan yerda o‘rnashdi, musofir bo‘lib, chodirlarda yashadi. Uning o‘g‘illari Is’hoq va Yoqub ham u kabi kun kechirishdi, chunki Xudo ularga ham xuddi o‘sha va’dani bergandi. 10 Nega Ibrohim bunday qildi? Chunki u Xudo tomonidan loyihalashtirilgan va qurilgan, poydevori mustahkam, boqiy shaharni kutayotgan edi. 11 O‘zi qarib ketgan, xotini Sora esa bepusht bo‘lganiga qaramay, Ibrohim imoni tufayli farzand ko‘rdi*. Chunki farzandni va’da qilgan Xudo sadoqatli ekaniga u ishonardi. 12 Shuning uchun bir oyog‘i go‘rda bo‘lgan bu bitta odamdan osmondagi yulduzlarday, dengiz qirg‘og‘idagi qumday son–sanoqsiz nasl kelib chiqdi.

13 Ibrohim, Is’hoq va Yoqub olamdan o‘tdilar, ammo Xudo bergan va’dasini bajarishiga ular ishonardilar. Ular Xudo va’da qilgan yurtga erishmadilar, ammo o‘sha yurtni uzoqdan ko‘rib, xursand bo‘lgan edilar. Ular bu dunyoda kelgindi va musofir ekanliklarini ochiqchasiga tan oldilar. 14 Musofirligini tan olgan odamlar o‘zlarining haqiqiy vatanini qo‘msayotganini ko‘rsatadilar. 15 Bordi–yu, ular kelib chiqqan yurtini qo‘msagan bo‘lganlarida edi, u yerga qaytib borish uchun ilojini topgan bo‘lar edilar. 16 Aslida ular yaxshiroq yurtni, ya’ni samoviy vatanni qo‘msayotgan edilar. Shuning

uchun Xudo O‘zini ularning Xudosi deb atashdan or qilmaydi. Xudo hatto ular uchun bir shahar hozirlagan edi.

17-18 Xudo Ibrohimni sinovdan o‘tkazayotganda*, Ibrohim o‘z imoni tufayli o‘g‘li Is’hoqni qurbonlikka olib bordi. Garchi Xudo unga: “Men senga va’da qilgan nasling Is’hoq orqali kelib chiqadi”*, — deb va’da bergan bo‘lsa–da, u yagona o‘g‘lini qurbonlik qilishga tayyor edi. 19 Demak, Xudo hatto o‘liklarni ham tiriltirishga qodir ekanligiga Ibrohim ishonardi. Shuning uchun Xudo Is’hoqni Ibrohimga tiriklayin qaytarib berdi. Is’hoq o‘likdan tiriladigan hamma odamlarning ramzi bo‘lib xizmat qiladi.

20 Imoni tufayli Is’hoq* o‘z o‘g‘illari Yoqub va Esovni duo qildi. Kelajakda duolari amalga oshishiga u ishongandi. 21 Imoni tufayli Yoqub* ham Yusufning o‘g‘illarini birma–bir duo qildi. U olamdan ko‘z yumayotganda ham, o‘z hassasiga suyanganicha, Xudoga sajda qildi*. 22 Imoni tufayli Yusuf* Isroil xalqining Misrdan chiqib ketishi

to‘g‘risida bashorat qildi. U o‘sha paytda o‘lim to‘shagida yotgan bo‘lib: “Mening suyaklarimni o‘zlaringiz bilan bu yerdan olib ketinglar”, deb vasiyat qilgandi.

23 Imoni tufayli Musoning ota–onasi* yangi tug‘ilgan Musoni uch oy yashirishdi. Ular chaqaloqning chiroyli ekanligini ko‘rib, fir’avnning farmonidan qo‘rqishmadi. 24 Muso* voyaga yetganda imoni tufayli fir’avn qizining o‘g‘li deb atalishni rad etdi. 25 U gunoh qilib, vaqtinchalik huzur–halovatda yashashdan ko‘ra, Xudoning xalqi bilan birga azob– uqubat chekishni o‘ziga ravo ko‘rdi. 26 U kelajakdagi mukofotni ko‘zlagani uchun Masihni deb xo‘rlanishni Misrning xazinalaridan afzal deb bildi. 27 Imoni tufayli Muso Misrni tark etdi. U fir’avnning g‘azabidan qo‘rqmadi. Go‘yo ko‘rinmas Xudoni ko‘rgandek, tanlagan yo‘lidan qaytmadi. 28 Imoni tufayli u Isroil xalqiga Fisih* qo‘zilarini so‘yishni buyurdi. So‘ng qo‘zilarning qonini eshiklar kesakilariga* sepishni buyurdi.

Bundan maqsadi Isroil xalqining to‘ng‘ich o‘g‘illarini Azroildan asrab qolish edi.

29 Imoni tufayli Isroil xalqi Qizil dengizdan* xuddi quruqlikdan o‘tayotgandek kechib o‘tdi. Misrliklar ham o‘tmoqchi bo‘lishdi, ammo cho‘kib ketishdi.

30 Isroil xalqi yetti kun Yerixo shahri* devorlari atrofida aylanib bo‘lgandan keyin, ularning imoni tufayli shahar devorlari qulab tushdi. 31 Imoni tufayli fohisha Rahoba* halok bo‘lmadi. U ayg‘oqchilarga mehmondo‘stlik qilgani uchun Xudoga itoat qilmagan hamshaharlari bilan birga o‘lmadi.

32 Yana kimni misol qilib keltiray?! Gido‘n, Baraq, Shimsho‘n, Yiftox, Dovud, Shomuil* va boshqa payg‘ambarlar haqida hikoya qilish uchun vaqtim yetarli emas. 33 Imoni tufayli ular shohliklarni bosib oldilar, davlatni adolat bilan boshqardilar va Xudo bergan va’dalarga erishdilar. Sherlarning* jag‘larini yopdilar, 34 lovullagan olovni* o‘chirdilar va qilich tig‘idan omon qoldilar. Holdan toygan paytlarida kuchga to‘ldilar, jangda bahodirlik ko‘rsatdilar va o‘zga yurt lashkarlarini tor–mor qildilar. 35 Ayollar* marhum qarindoshlarini tirilgan holda qaytarib oldilar.

Boshqalar esa imoni tufayli qiynoqlarni boshdan kechirdilar. Ular Xudodan voz kechib, o‘limdan qutulishlari mumkin edi. Ammo ular bunday qilmadilar, chunki a’loroq narsani, ya’ni abadiy hayot uchun tirilishni umid qilgan edilar. 36 Ulardan ba’zilari haqoratu kaltaklarga chidadilar, ba’zilari zanjirband bo‘lib, zindonlarda yotdilar.

37 Ularni toshbo‘ron qildilar*, tanalarini arralab ikkiga bo‘ldilar*, qilichdan o‘tkazdilar. Ular qo‘y va echki po‘stinlarini kiyib, sarson–sargardon bo‘ldilar, muhtojlikda yashadilar, zulm ostida qoldilar, xor bo‘ldilar. 38 Ular cho‘l–sahrolarda, tog‘–toshlarda daydib yurdilar, g‘orlarda, yerning kavaklarida yashirindilar. Aslida dunyo ularning tirnog‘iga ham arzimas edi!

39 Ular imoni tufayli Xudoning maqtoviga sazovor bo‘ldilar. Shunday bo‘lsa–da, Xudoning va’dasiga erishmadilar. 40 Xudoga sodiq qolgan bu odamlarni Xudo biz bilan birga barkamol qilishni istadi. Chunki U bizni ham o‘ylagan holda a’loroq rejani tayyorlab qo‘ygandi.


12–BOB

Xudoga sodiq qolinglar!

1 Imoni bizga ibrat bo‘lib xizmat qiladigan ana shu odamlarning hammasi atrofimizni o‘rab olgan. Bu katta olomon bizni kuzatib turarkan, taqdirimizdagi musobaqada sabr– toqat bilan chopaylik. Yugurishimizga xalaqit berayotgan har qanday yukni, ayniqsa,

to‘sqinlik qilayotgan har qanday gunohni bir chetga uloqtirib tashlaylik. 2 Isoga ko‘z tikaylik. Axir, bu imon musobaqasida U biz uchun yo‘l ochib, butun masofani bizdan oldin yugurib o‘tdi. Iso kelajakdagi shodlikka erishish uchun sharmandali o‘limni* pisand qilmay, xochda azob tortib jon berdi. Hozir esa U Xudo taxtining o‘ng tomonida o‘tiribdi*. 3 Jasoratingiz so‘nmasligi va ko‘nglingiz cho‘kmasligi uchun Iso haqida fikr yuritinglar. Axir, U gunohkorlar tomonidan ko‘p xo‘rlanib, hammasiga chidagan–ku!

Xudo O‘z farzandlarini tarbiyalaydi

4 Sizlar esa qoningiz to‘kilguncha gunohga qarshi kurashmadingizlar. 5 Xudoning

sizlarga O‘z farzandlari sifatida aytgan mana bu dalda so‘zlarini unutibsizlar:


“O‘g‘lim, Egamizning tarbiyasiga e’tiborsiz bo‘lmagin, Undan tanbeh olganingda ko‘ngling cho‘kmasin.

6 Zero, Egamiz yaxshi ko‘rgan bandasini tarbiyalaydi,

Farzand qilib olgan har bir odamni jazolaydi.”*


7 Chekayotgan azoblaringizni Xudoning tarbiyasi deb bilib, sabr–toqat qilinglar. Chunki Xudo sizlarni O‘z farzandlariday ko‘rib, tarbiya qilyapti. Axir, har bir ota o‘z farzandini tarbiya qiladi–ku! 8 Agar Xudo sizlarni boshqa farzandlarini tarbiyalaganday tarbiyalamasa, demak, sizlar Xudoning farzandlari emas, haromzodasizlar. 9 Biz jismoniy otalarimizning tarbiyasini olib, ularni hurmat qilib kelyapmiz. Shunday ekan, yangi hayotga ega bo‘lish uchun osmondagi Otamizga bundan–da ko‘proq itoat qilishimiz kerak emasmi?! 10 Jismoniy otalarimiz qisqa vaqt davomida, bizni o‘z bilganiday tarbiyalagan edilar. Xudo esa bizning manfaatimizni ko‘zlaydi. Biz U kabi muqaddas bo‘lishimiz uchun Xudo bizni tarbiyalaydi. 11 Odam tarbiya olayotganda xursand bo‘lmaydi, aksincha, qayg‘uradi. Ammo bunday tarbiyani olgan odam keyinchalik tinch–totuv va solih hayot kechiradi.

Xudoning yo‘lidan yuringlar!

12 Sizlarning qo‘llaringiz toliqqan, tizzalaringiz bukilgan, ammo mahkam turing.

13 O‘zingiz uchun to‘g‘ri yo‘lni tanlab yuring*. Toki orangizdagi “ojiz” va “oqsoq” odamlar

yiqilmasin, balki shifo topsinlar.

14 Hamma bilan tinch–totuv yashashga harakat qilinglar. Halol hayot kechirishga tirishinglar, aks holda, Egamizni ko‘ra olmaysizlar. 15 Ehtiyot bo‘linglar, tag‘in, o‘zingizni Xudoning inoyatidan mahrum qilib qo‘ymanglar. Oralaringizda achchiq ildiz o‘sishiga yo‘l qo‘ymanglar, aks holda, uning zahri muammolar tug‘dirib, ko‘plaringizni harom qiladi. 16 Qaranglar, orangizda Esovga* o‘xshaganlar bo‘lmasin. Esov to‘ng‘ich o‘g‘il huquqini bir kosa ovqat uchun sotgan axloqi buzuq*, betavfiq bir odam edi. 17 O‘zingizga ma’lumki, keyin Esov va’da qilingan merosni olish uchun otasidan: “Meni duo qiling”, deb so‘radi, ammo otasi uni rad etdi. Esov ko‘z yosh to‘kib, otasiga yolvorsa–da, voz kechgan merosini qaytarib olishga aslo imkon yo‘q edi*.

Xudodan yuz o‘girmanglar!

18 Sizlar yaqinlashgan tog‘ Sinay tog‘i* emas. Sinay tog‘i jismoniy bir tog‘ bo‘lib, unga qo‘l tekkizib ko‘rsa bo‘lardi. U yerda alanga lovullab yonardi, ustini zulmat, qora bulut qoplagan, bo‘ron bosgan edi. 19 Burg‘u sadosi yangrab, Xudoning ovozi eshitilgandi. Buni eshitgan odamlar: “Yolvoramiz, Xudo bizga boshqa gapirmasin”, deb o‘tingandi.

20 Chunki: “Toqqa hatto hayvon ham tegsa, toshbo‘ron qilinsin” degan Xudoning buyrug‘iga ular dosh bera olmagan edilar. 21 Sinay tog‘idagi manzara shu qadar dahshatli ediki, Musoning o‘zi: “Qo‘rqqanimdan titrab ketyapman”, degandi*.

22 Sizlar, aksincha, samodagi Sion tog‘iga* va barhayot Xudoning shahri — samoviy Quddusga yaqinlashgansizlar. Shod–xurramlik qilgani yig‘ilgan minglab farishtalar oldiga kelgansizlar. 23 Ismlari osmonda yozilgan Xudoning merosxo‘rlariga sizlar sherik bo‘ldingizlar. Hammani hukm qiluvchi Xudoning huzuriga kirdingizlar. Xudo barkamol qilgan solihlarning ruhlari oldiga keldingizlar. 24 Sizlar yangi ahdning* vositachisi Isoning huzuriga kirdingizlar. Isoning qoniga yaqinlashdingizlar. Uning qoni Hobilning qoniga* o‘xshab qasos talab qilmaydi, aksincha, gunohlarimizni yuvish uchun to‘kilgan*.

25 Ehtiyot bo‘linglar, sizlarga gapirayotgan Xudodan yuz o‘girmanglar! Xudo yer yuzida gapirgan vaqtda, Uni rad etganlar halokatdan qutula olmagan edilar. Shunday ekan, biz osmondan gapirayotgan Xudoni rad etsak, ikki dunyoda ham jazodan qutula olmaymiz! 26 O‘sha vaqtda Uning ovozi yerni larzaga solgan edi*. Endi esa U shunday demoqda*:


“Men yana bir bor yerni larzaga solaman, ammo bu safar osmonni ham titrataman.”


27 “Yana bir bor” degani shuni bildiradiki, yaratilgan butun mavjudot yo‘q bo‘lib ketadi,

faqat tebranmas, abadiy mavjudot qoladi.

28 Bizga tebranmas shohlik berilgan. Shunday ekan, Xudodan minnatdor bo‘lib, ehtirom va qo‘rquv ila Unga manzur ravishda sajda qilaylik. 29 Axir, bizning Xudoyimiz yamlamay yutadigan olovdir*.


13–BOB

So‘nggi nasihatlar

1 Bir–biringizni birodarlarday yaxshi ko‘rishni davom ettiringlar. 2 Mehmondo‘stlikni unutmanglar. Zero, mehmondo‘st bo‘lgan ba’zi odamlar* o‘zlari bilmagan holda farishtalarni mehmon qilishgan. 3 Qamoqdagi birodarlaringizni unutmanglar, go‘yo o‘zingiz ham ular bilan birga qamoqda o‘tirgandek, ularni yodingizda tutinglar.

Xo‘rlanganlarni unutmanglar, o‘zingizni ularning o‘rniga qo‘yib ko‘ringlar.

4 Nikohni hammangiz e’zozlanglar. Er–xotinlik munosabatini beg‘ubor saqlanglar.

Fahshu zinoga berilganlarni Xudo hukm qiladi.

5 Pulga ko‘ngil bog‘lamanglar, bori bilan qanoatlaninglar. Zero, Xudo: “Sizlarni tashlab ketmayman, sizlarni tark etmayman”,

— deb aytgan*. 6 Shuning uchun biz ishonch bilan ayta olamiz:


“Egam Madadkorimdir, shu bois qo‘rqmayman. Insonlar menga nima qila oladi?!”*


7 Xudoning kalomini sizlarga o‘rgatgan ustozlaringizni xotirlanglar. Ularning bosib o‘tgan hayot yo‘li haqida fikr yuritinglar. Imonlariga taqlid qilinglar. 8 Iso Masih kecha,

bugun va to abad O‘shadir, U o‘zgarmaydi.

9 Shunday ekan, turli xil g‘alati ta’limotlarga berilib, to‘g‘ri yo‘ldan og‘ib ketmanglar. Qurbonlik marosimlariga doir yegulik–ichgulik qoidalariga rioya qilavermay, yaxshisi, Xudoning inoyati bilan yuragingizni baquvvat qilinglar. Axir, insonlar yaratgan bu qoidalar ularga rioya qiluvchilarga hech qanday foyda keltirmaydi. 10 Esingizda bo‘lsin, biz ko‘zga ko‘rinmaydigan, haqiqiy qurbongoh oldida sajda qilmoqdamiz. Yerdagi qurbongoh* oldida sajda qilayotganlar haqiqiy qurbongohda sajda qila olmaydilar.

11 Ilgarilari oliy ruhoniy xalqni gunohlaridan poklash uchun hayvonlarni qurbonlik qilardi. U qurbonliklar qonini Muqaddas xonaga olib kirgandan so‘ng, go‘shtini yemasdan, so‘yilgan hayvonlarni qarorgohdan tashqarida kuydirardi*. 12 Shu singari, Iso ham shahar* darvozasidan tashqarida azob chekib o‘ldi. U O‘z qonini to‘kib, xalqini gunohlardan pokladi. 13 Kelinglar, endi biz ham qarorgoh tashqarisiga — Isoning oldiga chiqaylik. U bilan birga xo‘rliklarga chidaylik. 14 Zero, bizning bu dunyoda doimiy maskanimiz yo‘q, biz bo‘lg‘usi shaharga ko‘z tikkanmiz. 15 Shunday ekan, Iso orqali Xudoga hamdu sano nazrlarini taqdim qilaveraylik. Isoni Rabbimiz deb e’tirof etishimiz Xudoga qurbonlikday bo‘lsin. 16 Yaxshilik qilishni va bir–birimizga yordam berishni unutmaylik, chunki bunday nazrlar Xudoga manzurdir.

17 Jamoatdagi yo‘lboshchilaringizga quloq solinglar, aytganlarini qilinglar. Axir, ular imon yo‘lida sizlarga posbonlik qiladilar, Xudoning oldida sizlar uchun hisobot beradilar. Ularga itoat qilsangiz, ular o‘z ishini xursandchilik bilan bajaradilar, bo‘lmasa, o‘lgan kunidan qiladilar. Bundan sizga nima foyda?!

18 Men uchun ibodat qilinglar. Vijdonim toza ekanligiga aminman. Hurmatga loyiq hayot kechirishga harakat qilyapman. 19 O‘tinib so‘rayman, men uchun ibodat qilinglar, toki sizlarning oldingizga tezroq qaytib boray.

So‘nggi duolar

20 Tinchlik beradigan Xudo Rabbimiz Isoni o‘likdan tiriltirdi. Iso O‘z qoni bilan abadiy ahdni muhrlagani uchun*, Xudo Uni O‘z xalqining ulug‘ Cho‘poni* qilib tayinladi. 21 Shu qadar buyuk ishlarni qilgan Xudoning xohish–irodasini bajara olishingiz uchun, U sizlarga har qanday ezgu fazilat va in’om bersin. U O‘zining manzur murod–maqsadini Iso Masih orqali sizlarda bajo keltirsin. Iso Masihga abadulabad shon–sharaflar bo‘lsin! Omin.

22 Ey birodarlarim, sizlarga qisqagina maktub yozdim. O‘tinaman, maktubimdagi

nasihatlarni sabr–toqat bilan qabul qilinglar.

23 Aytmoqchi, birodarimiz Timo‘tiy* qamoqdan chiqdi. Agar bu yerga u vaqtida yetib kelsa, sizlarni ko‘rgani borganimda, uni ham olib boraman. 24 Jamoatdagi hamma yo‘lboshchilaringizga va barcha Xudoning azizlariga salom aytinglar. Italiyalik birodarlarimiz sizlarga salom yo‘llayaptilar.

25 Xudoning inoyati hammangizga yor bo‘lsin*.

IZOHLAR

1:1 ota–bobolarimiz — Iso Masih kelishidan oldin, Eski Ahd davrida yashagan Isroil xalqi.

1:2 Bu oxirgi kunlar — ya’ni Iso Masih tirilgandan keyingi davr (9:26 ga va 1 Yuhanno 2:18 ga qarang).

1:3 …Xudoning o‘ng tomonida o‘tirdi — Zabur 109:1 ga qarang. O‘ng tomon muruvvat va baraka o‘rni deb hisoblangan.

1:5 Zabur 2:7 ga qarang.

1:5 2 Shohlar 7:14 ga qarang.

1:6 To‘ng‘ich O‘g‘li — Iso Masihning butun borliq ustidan hukmdor ekanligini bildiradigan unvon (shu bobning 2–oyatiga va Kolosaliklar 1:15-18 ga qarang). Yana Zabur 88:28 ga qarang.

1:6 bu dunyo — bu o‘rinda muallif kelajak dunyoga ishora qiladi (2:5 ga qarang).

1:6 …Xudo shunday deb aytadi… — muallif bu o‘rinda Qonunlar 32:43 va Zabur

96:7 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

1:7 Muallif bu o‘rinda Zabur 103:4 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

1:8-9 Zabur 44:7-8 ga qarang.

1:10-12 Zabur 101:26-28 ga qarang.

1:13 Zabur 109:1 ga qarang.

2:2 ota–bobolarimiz — 1:1 izohiga qarang.

2:2 Farishtalar orqali ota–bobolarimizga berilgan Xudoning qonuni… — Qonunlar 33:2- 4, Havoriylar 7:53, Galatiyaliklar 3:19 ga qarang.

2:6 Inson zoti…Inson o‘g‘li — Zabur 8:5 oyatining ibroniycha matnida bu ikkala ibora odamzodga ishora qiladi (Zabur 8:5 izohiga qarang). Ammo muallif Zaburdan olingan bu so‘zlar bilan odamzodning komil vakili bo‘lgan Iso Masihni nazarda tutgan. Iso ko‘pincha o‘ziga nisbatan Inson o‘g‘li unvonini ishlatgan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi INSON O‘G‘LI iborasiga qarang.

2:7 Yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida quyidagi so‘zlar keyingi misra sifatida qo‘shimcha qilingan: Jamiki yaratganing uzra Uni hukmron qilding.

2:6-8 Muallif bu o‘rinda Zabur 8:5-7 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

2:12 Zabur 21:23 ga qarang.

2:13 Ishayo 8:17-18 ga qarang.

2:16 Ibrohimning nasli — hamma imonlilarga ishora (Rimliklar 4:11-12, 16, Galatiyaliklar 3:7 ga qarang).

3:5 Muso sodiq qul edi — bu o‘rinda muallif Sahroda 12:6-8 ni nazarda tutgan.

3:6 …mahkam tutishimiz kerak — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida

oxirigacha mahkam tutishimiz kerak.

3:8 …isyon qilgan otalaringizday…Meni sahroda sinagan o‘sha ajdodlaringizday…

Chiqish 17:1-7 ga qarang.

3:7-11 Muallif bu o‘rinda Zabur 94:7-11 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

3:16 O‘shanda…hammasi! — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida O‘shanda Muso Misrdan olib chiqqanlarning hammasi emas, balki Xudoning ovozini eshitganlarning ba’zilari isyon qildilar.

4:3 Zabur 94:11 ga qarang.

4:4 Ibtido 2:2-3 ga qarang.

4:7 bir kun — bu o‘rindagi kun so‘zi aniq bir kunga emas, balki ma’lum bir muddatga

yoki zamonga ishora qiladi.

4:7 Xudoning bu gapini men oldin ham aytib o‘tganman… — 3:15 ga qarang.

4:8 Yoshua — Yoshua 1:1-6, 21:43-45 ga qarang.

4:9 Shabbat kuni — yahudiylar kalendari bo‘yicha haftaning yettinchi kuni (to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi SHABBAT KUNI iborasiga qarang). Shabbat kuniga rioya qilish imon bo‘yicha yashashning timsolidir.

5:4 Horun — Musoning akasi, Isroil xalqiga oliy ruhoniy bo‘lib xizmat qilgan birinchi

inson.

5:5 Zabur 2:7 ga qarang.

5:6 Maliksidiq — Ibtido 14:17-20 da aytib o‘tilgan, Horundan oldin yashagan ruhoniy. Uning ajdodlari yoki o‘limi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q (7:3 ga qarang).

5:6 Zabur 109:4 ga qarang.

5:7 Masih…iltijo qilib yolvordi — Mark 14:32-42, Yuhanno 12:27-33 ga qarang.

6:2 poklanish marosimlari — mazkur ibora nimaga ishora qilayotgani aniq emas. Bu o‘rinda ishlatilgan yunoncha so‘z Yangi Ahdda suvga cho‘mdirilish marosimiga ishora sifatida aslo ishlatilmagan. Iso Masihga ishongan ba’zi yahudiylar imonining ifodasi sifatida ba’zi Eski Ahd qoidalariga rioya qilgan bo‘lishlari mumkin.

6:14 Ibtido 22:17 ga qarang.

6:19 samoviy Chodir — bu o‘rinda Xudoning samoviy makoni Eski Ahddagi Muqaddas chodirga o‘xshatib tasvirlangan (8:5, 9:24 ga qarang). Muqaddas chodirda Eng muqaddas xonani Muqaddas xonadan bir parda ajratib turardi. Xudo O‘z xalqiga, Men Eng muqaddas xonada istiqomat qilaman, deb aytgan edi. Eng muqaddas xonaga faqatgina oliy ruhoniy bir yilda bir marta kirishi mumkin edi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi MUQADDAS CHODIR iborasiga qarang.

6:20 Maliksidiq — 5:5-6 oyatlarga va 5:6 ning birinchi izohiga qarang. 7:1 Maliksidiq — 5:5-6 oyatlarga va 5:6 ning birinchi izohiga qarang. 7:1 Salim — Quddusning qadimgi nomi.

7:5 Levi naslidan bo‘lgan ruhoniylar — Xudo Levi qabilasidan bir oilani, ya’ni Horunning avlodini Isroil xalqining ruhoniylari qilib tanladi (Chiqish 28:1, 29:1-9 ga qarang). Ular levi ruhoniylari deb ham ataladi.

7:5 ushr — har qanday daromadning o‘ndan bir qismi. Isroil xalqi ushrni Ma’badga olib kelib, ruhoniylarning kundalik ro‘zg‘orini ta’minlab turardi. Levilar 27:30-33, Sahroda 18:21, Qonunlar 14:22-29, 26:12-13 ga qarang.

7:11 …Horunning nasabidan… — shu bobning 5–oyatiga berilgan birinchi izohga qarang.

7:11 Maliksidiqqa o‘xshagan boshqa bir ruhoniy — ya’ni Iso Masih (5:5-6 ga qarang).

7:16 nasl–nasabga doir qoidalar — Tavrot qonuniga ko‘ra, ruhoniylar Levi qabilasiga mansub Horun avlodidan bo‘lishi shart edi (shu bobning 5–oyatiga berilgan birinchi izohga qarang).

7:17 Zabur 109:4 ga qarang.

7:22 …Xudo Iso orqali bizni a’loroq bir ahdga erishtirdi, Isoning O‘zi bunga kafildir

8:6 ga qarang. Muallif buni 8-10–boblarda batafsil tushuntirib beradi.

7:28 Xudoning ont ichib bergan va’dasi — Zabur 109:4 da bayon etilgan ontga ishora qilingan (shu bobning 20-21–oyatlariga qarang). Musoga Tavrotni bergandan ancha vaqt o‘tgandan keyin Xudo bu ontni ichgan.

8:1 …Xudo taxtining o‘ng tomonida o‘tiribdi — 1:3 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

8:2 samodagi haqiqiy Chodir — 6:19 izohiga qarang.

8:5 Chiqish 25:40 ga qarang.

8:6 avvalgi ahd — Musoga Sinay tog‘ida berilgan qonun–qoidalar nazarda tutilgan.

8:8-12 Yeremiyo 31:31-34 ga qarang.

9:1 avvalgi ahd — 8:6 izohiga qarang.

9:2 Chodir — lug‘atdagi MUQADDAS CHODIR iborasiga qarang.

9:4 manna — Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin to Kan’on yurtiga kirguncha, Xudo ularga yetkazib turgan maxsus yegulik. Manna, Shabbat kunidan tashqari, har kuni kechasi yerga yog‘ilardi, odamlar saharda turib, uni yig‘ib olishardi (Chiqish 16:13-35, Yoshua 5:12 ga qarang).

9:4 Ahd sandig‘i ichida…bor edi — Chiqish 16:33-34, Sahroda 17:1-11, Qonunlar 10:1-

5 ga qarang.

9:5 karublar — samoviy mavjudotlarning haykallari. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi KARUB, KARUBLAR so‘ziga qarang.

9:8 samodagi Eng muqaddas xona — 6:19 izohiga qarang.

9:11 kelgan — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida bo‘lg‘usi.

9:11 samodagi mukammal Chodir — 6:19 izohiga qarang.

9:13 takalaru buqalarning qoni — Levilar 16:1-34 ga qarang. 9:13 kuydirilgan g‘unajinning kuli — Sahroda 19:1-22 ga qarang. 9:15 yangi ahd — 8:6-13 ga qarang.

9:17 …vasiyat o‘limdan keyingina kuchga kiradi — shu singari, Muso davrida Xudoning O‘z xalqi bilan tuzgan ahdi ham qurbonlik keltirilgandan keyingina kuchga kirardi (Chiqish 24:3-8 ga qarang). Xuddi shuningdek, Iso Masih xochdagi o‘limi orqali abadiy

yangi ahdni kuchga kiritdi (13:20 ga va 1 Korinfliklar 11:25 ga qarang).

9:18 …to‘kilgan qon orqali… — ya’ni qurbonlik orqali.

9:19 issop — bu o‘simlikdan ko‘pincha poklash marosimlarida odamlarga yo narsalarga suv yoki qon sepish uchun ishlatilgan (Chiqish 12:21-23, Levilar 14:1-7 va Sahroda 19:1-19 ga qarang).

9:20 Chiqish 24:8 ga qarang.

10:5-6 Gunoh qurbonligi — birortasi bilmay qilgan gunohi uchun Xudodan kechirim so‘rab keltirgan qurbonligi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi QURBONLIK so‘zi ostida berilgan GUNOH QURBONLIGI iborasiga qarang.

10:5-7 Muallif bu o‘rinda Zabur 39:7-9 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

10:9 avvalgi ahd — 8:6 izohiga qarang.

10:9 yangi ahd — 8:6-13 ga qarang.

10:12 …Xudoning o‘ng tomonida o‘tirdi — Zabur 109:1 ga qarang. O‘ng tomon muruvvat va baraka o‘rni deb hisoblangan.

10:16-17 Yeremiyo 31:33-34 ga qarang.

10:22 …Masih O‘z qoni bilan qalblarimizni tozalab, vijdonimizni qiynagan hamma

gunohlardan pokladi — 9:13-14 oyatlarga va 9:13 ning izohlariga qarang.

10:22 Badanimiz ham toza suv bilan yuvildi — ramziy ma’noni ifodalab, suvga cho‘mdirish marosimiga ishora qiladi (1 Butrus 3:21, Rimliklar 6:4 ga qarang). Muallif Hizqiyol 36:25-26 ni ham nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.

10:30 Men qasos olaman, jazosini beraman — bu o‘rinda muallif Qonunlar 32:35 ni nazarda tutgan. Qonunlar kitobida bu so‘zlar Isroil xalqining dushmanlariga qarata aytilgan. Bu o‘rinda esa muallif mazkur so‘zlar bilan Xudoning xalqini ogohlantiryapti.

10:30 Men O‘z xalqimni hukm etaman — bu o‘rinda muallif Qonunlar 32:36 ni nazarda

tutgan. O‘sha oyatdagi ibroniycha fe’l oqlash yoki hukm qilish ma’nolarini bildiradi. Qonunlar kitobida bu so‘zlar Isroil xalqiga taskin berish uchun aytilgan, ammo bu o‘rinda muallif shu so‘zlar bilan Xudoning xalqini ogohlantiryapti.

10:37 …Muqaddas bitiklarda aytilganday… — bu o‘rinda muallif Xabaqquq 2:3-4 ni nazarda tutgan.

11:4 Hobil — Ibtido 4:3-10 ga qarang.

11:5 Xano‘x — Ibtido 5:21-24 ga qarang. Sharq yozma adabiyotida Xano‘x Idris payg‘ambar deb e’tirof etilgan.

11:7 Nuh — Ibtido 6:9-22 ga qarang.

11:8 Ibrohim — Ibtido 12:1-8 ga qarang.

11:11 O‘zi qarib ketgan…Ibrohim imoni tufayli farzand ko‘rdi — yoki Bepusht va qari

bo‘lsa ham, Sora imoni tufayli farzand ko‘rdi. Ibtido 18:10-14, 21:1-3 ga qarang. 11:17-18 Xudo Ibrohimni sinovdan o‘tkazayotganda… — Ibtido 22:1-14 ga qarang. 11:17-18 Ibtido 21:12 ga qarang.

11:20 Is’hoq — Ibtido 27:1-40 ga qarang.

11:21 Yoqub — Ibtido 48:1-20 ga qarang.

11:21 U…Xudoga sajda qildi — Ibtido 47:29-31 ga qarang.

11:22 Yusuf — Ibtido 50:24-25 ga qarang.

11:23 Musoning ota–onasi — Chiqish 2:1-2 ga qarang.

11:24 Muso — Chiqish 2:10-15 ga qarang.

11:28 Fisih — Chiqish 12:21-28 ga qarang.

11:28 kesakilari — eshik o‘rnatilgan chorcho‘plar. 11:29 Qizil dengiz — Chiqish 14:5-31 ga qarang. 11:30 Yerixo shahri — Yoshua 6:12-21 ga qarang. 11:31 Rahoba — Yoshua 2:1-21, 6:22-24 ga qarang.

11:32 Gido‘n, Baraq, Shimsho‘n, Yiftox, Dovud, Shomuil — Gido‘n (Hakamlar 6:1-8:35 ga qarang), Baraq (Hakamlar 4:1-24 ga qarang), Shimsho‘n (Hakamlar 13:1-16:31 ga qarang), Yiftox (Hakamlar 11:1-12:7 ga qarang), Dovud (1 Shohlar 16:1 dan 3 Shohlar

2:12 gacha qarang), Shomuil (1 Shohlar 1-4, 7-13, 15-16, 19–boblarga qarang).

11:33 Sherlar — Hakamlar 14:6, 1 Shohlar 17:34-35, Doniyor 6:13-23 ga qarang.

11:34 olov — Doniyor 3:13-27 ga qarang.

11:35 Ayollar — 3 Shohlar 17:17-24, 4 Shohlar 4:17-37 ga qarang.

11:37 Ularni toshbo‘ron qildilar… — 2 Solnomalar 24:20-22, Matto 23:37 ga qarang.

An’anaga ko‘ra Yeremiyo payg‘ambar Misrda toshbo‘ron qilib, o‘ldirilgan.

11:37 …tanalarini arralab ikkiga bo‘ldilar… — an’anaga ko‘ra Ishayo payg‘ambar

Yahudo shohi Manashe tomonidan ana shunday o‘lim jazosiga tortilgan.

12:2 sharmandali o‘lim — Iso Masihning yalang‘och holda xochda o‘ldirilganiga ishora. Odatda jinoyatchilar shu tarzda o‘ldirilardi (Filippiliklar 2:7-8 ga qarang). To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi XOCH so‘ziga qarang. Yahudiylar yog‘ochga osilgan odamni Xudo la’natlagan deb hisoblashardi (Qonunlar 21:23, Galatiyaliklar 3:13 ga qarang).

12:2 …Xudo taxtining o‘ng tomonida o‘tiribdi — 1:3 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

12:5-6 Muallif bu o‘rinda Hikmatlar 3:11-12 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

12:13 …to‘g‘ri yo‘lni tanlab yuring — Hikmatlar 4:26 ga qarang.

12:16 Esov — Ibtido 25:29-34, 27:30-40 ga qarang.

12:16 axloqi buzuq — Esov o‘zining to‘ng‘ichlik huquqini taom evaziga sotganiga ishora bo‘lishi mumkin. Bu qilmishi bilan Esov o‘zini bashariy hirslarini qondirish orqali obro‘sini to‘kkan fohishaboz erkakka teng qilib qo‘ygan. Axloqi buzuq iborasi Esovning ota–onasini ranjitib, ajnabiy ayollarga uylanganiga ham ishora qilayotgan bo‘lishi mumkin (Ibtido 26:34-35 ga qarang).

12:17 …voz kechgan merosini qaytarib olishga aslo imkon yo‘q edi — Esovning hayotida

bo‘lib o‘tgan voqea va uning xulq–atvori o‘quvchilar uchun kuchli bir ogohlantirish

bo‘lib xizmat qiladi. Agar o‘quvchilar ham uzoqni ko‘zlamasdan qaror chiqarsalar, Esovga o‘xshab ular ham bir umr armonu afsuslarga to‘la bo‘lishlari mumkin (4:1, 6:4-8, 10:26-31 ga qarang).

12:18 Sinay tog‘i — Chiqish 19:10-25, 20:18-21 ga qarang.

12:21 Musoning o‘zi…degandi — bu o‘rinda muallif Qonunlar 9:19 ni nazarda tutgan.

12:22 Sion tog‘i — Quddusdagi Ma’bad qurilgan tepalik Sion tog‘i deb atalgan. Eski Ahddagi she’riy parchalarda va payg‘ambarlar bitiklarida Sion so‘zi ko‘pincha Quddus shahriga yoki Xudoning xalqiga nisbatan ishlatilgan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi SION so‘ziga qarang. Bu o‘rinda Xudoning samoviy makoniga ishora qilingan.

12:24 yangi ahd — 8:6-13 ga qarang.

12:24 Hobilning qoni — Ibtido 4:8-10 ga qarang.

12:24 Uning qoni…gunohlarimizni yuvish uchun to‘kilgan — 9:11-15, 10:19-22 ga qarang.

12:26 …yerni larzaga solgan edi — Chiqish 19:18-20, Zabur 67:8-9 ga qarang. 12:26 …U shunday demoqda… — bu o‘rinda muallif Xaggey 2:6 ni nazarda tutgan. 12:29 …Xudoyimiz yamlamay yutadigan olovdir — Qonunlar 4:24 ga qarang.

13:2 ba’zi odamlar — misol uchun, Ibrohim (Ibtido 18:1-33 ga qarang), Lut (Ibtido 19:1-17 ga qarang), Gido‘n (Hakamlar 6:11-22 ga qarang), Monuvax (Hakamlar 13:2- 21 ga qarang) nazarda tutilgan.

13:5 Xudo…deb aytgan — bu o‘rinda muallif Qonunlar 31:6, Yoshua 1:5 ni nazarda tutgan.

13:6 Muallif bu o‘rinda Zabur 117:6 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

13:10 …haqiqiy qurbongoh…Yerdagi qurbongoh… — majoziy ma’noda yangi ahdga va avvalgi ahdga (ya’ni Sinay tog‘ida Musoga berilgan qonun–qoidalarga) ishora qilingan (8:6-9:15 ga qarang).

13:11 Ilgarilari oliy ruhoniy…kuydirardi — bu oyatda muallif Poklanish kunida oliy ruhoniy qiladigan ishlarni nazarda tutgan (Levilar 16:1-34 ga qarang).

13:12 shahar — ya’ni Quddus shahri.

13:20 Iso O‘z qoni bilan abadiy ahdni muhrlagani uchun… — 9:15-18 oyatlarga va 9:18 izohiga qarang.

13:20 Cho‘pon — Yuhanno 10:11-16 ga qarang.

13:23 Timo‘tiy — ilk jamoatning yetakchisi bo‘lib, havoriy Pavlusning hamkori (Havoriylar 16:1-3, Filippiliklar 2:20-22 ga qarang).

13:25 Yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida quyidagi so‘z oyatga qo‘shimcha

qilingan: omin.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru