Muqaddas Kitob


QONUNLAR

(TAVROTNING BESHINCHI KITOBI)

Kirish

Qonunlar kitobi Tavrotning beshinchi kitobidir. Mazkur kitob Musoning Mo‘ab yurtida Isroil xalqiga so‘zlagan nutqlaridan tashkil topgan. Muso bu nutqlarini Isroil xalqining sahrodagi uzoq sayohatidan keyin so‘zlagan edi. O‘sha paytda Isroil xalqi Xudo va’da qilgan Kan’on yurtiga kirish arafasida edi.

Kitob tarkibidagi nutqlarning eng muhim mavzulari quyidagichadir:


Muso Isroil xalqiga qirq yil davomida bo‘lib o‘tgan eng muhim hodisalarni eslatadi. Shu bilan birga, xalqni Xudoga sodiq va itoatkor bo‘lishga undaydi. Muso ularga shunday deb uqtiradi: “Egangiz Xudo sizlarga sahroda g‘amxo‘rlik qilganini yodingizda tutinglar.”

Muso o‘nta amr haqida gapirar ekan, birinchi amrga alohida urg‘u berib, xalq faqat Xudoga sajda qilishi kerakligini ta’kidlaydi. Butlarga sajda qilishni esa qat’iyan man etadi. So‘ng Isroil xalqining hayotiga oid turli xil qonunlarga to‘xtalib o‘tadi.

Muso xalqqa Xudo bilan tuzilgan ahdning ma’nosini eslatadi. Xalqni ahd majburiyatlariga sodiq bo‘lishga chaqiradi. Xudoga itoatkorlik baraka keltirishini, itoatsizlik esa la’natga duchor qilishini uqtiradi.

Muso Xudo xalqining navbatdagi yo‘lboshchisi qilib Yoshuani tayinlaydi. So‘ng Xudoning sodiqligiga bag‘ishlangan bir kuyni ijro etadi, Isroil qabilalarini birma– bir duo qiladi. Muso Iordan daryosining sharq tomonidagi Mo‘ab yurtida olamdan o‘tadi.


Kitobning mohiyati shundan iboratki, Xudo O‘zi tanlagan sevimli xalqini qutqardi, ularga baraka berdi. Isroil xalqi buni yodda tutishi, Xudoni sevib, Unga itoat etishi lozim edi. Shundagina ular omon qoladilar va farovon hayotga ega bo‘ladilar.

Mazkur kitobning 6:4-5–oyatlari muhim hisoblanadi. Iso Masih bu oyatlardagi quyidagi so‘zlarni amrlarning eng buyugi deb aytadi: “Ey Isroil, quloq sol! Egamiz Xudo tanho Egadir. Egangiz Xudoni butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan, butun vujudingiz bilan sevinglar.”


1–BOB

Sinay tog‘idagi voqealarning qayd qilinishi

1 Mazkur kitobda Musoning Isroil xalqiga aytgan nutqi bayon qilingan. Ushbu nutqini u Iordan daryosining sharq tomonidagi cho‘lda* aytgan edi. Bu cho‘l Suf degan joyning qarshisida joylashgan bo‘lib, uning bir tomonida Poron shahri, qarama–qarshi tomonida Tofal, Lobon, Xazero‘t va Dizaxab* shaharlari bor edi. 2 (Sinay tog‘idan* Kadesh– Barnagacha Seir tog‘lari bo‘ylab* o‘n bir kunlik yo‘ldir*.) 3 Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin, qirqinchi yilning o‘n birinchi oyi* birinchi kunida Muso ularga


Egamizning amr etgan so‘zlarini aytdi. 4 Bundan oldin u Xashbonda hukmronlik qilgan Amor xalqining shohi Sixo‘nni hamda Ashtaro‘t va Edrey shaharlarida hukmronlik qilgan Bashan shohi O‘gni mag‘lub qilgan edi. 5 Iordanning sharq tomonida, Mo‘ab yurtida Muso bu qonunlarni Isroil xalqiga quyidagicha tushuntira boshladi:


6 Egamiz Xudo Sinay tog‘ida bizga shunday dedi: “Bu tog‘da ancha vaqt turib qoldingizlar. 7 Endi yo‘lga tushinglar, Amor xalqining qirlariga va ularga qo‘shni bo‘lgan Kan’on xalqining yurtiga boringlar. Bu o‘lkaga Iordan vodiysi*, qirlar, g‘arbdagi qir etaklari, Nagav cho‘li*, O‘rta yer dengizining qirg‘og‘i, Lubnon va buyuk Furot daryosigacha bo‘lgan yerlar kiradi. 8 Mana shu yerlarni sizlarga beryapman. Boringlar, o‘sha yurtni mulk qilib olinglar. Men, Egangiz, bu yerlarni ota–bobolaringiz Ibrohim, Is’hoq va Yoqubga hamda ularning avlodlariga beraman, deb ont ichganman.”

Muso hakamlarni tayinlaydi

9 Biz Sinay tog‘ida turgan paytimizda men sizlarga shunday degan edim: “Bir o‘zim og‘irligingizni ko‘tara olmayman. 10 Egangiz Xudo sizlarni ko‘paytirdi. Mana, bugun sizlar osmondagi yulduzlarday son–sanoqsiz bo‘ldingiz. 11 Ota–bobolaringizning Xudosi

— Egangiz O‘z va’dasiga muvofiq sizlarni yana ming karra ko‘paytirsin, sizlarga baraka bersin. 12 Bir o‘zim sizning og‘irligingizni, muammolaru janjallaringizni ko‘tara olarmidim?! 13 Endi har bir qabilangizdan dono, aql–idrokli va obro‘li kishilarni tanlab olinglar. Men o‘sha odamlarni sizlarga yo‘lboshchilar qilaman.”

14 Sizlar menga: “Rejangiz yaxshi”, deb javob berdingizlar.

15 Shunda men dono va obro‘li qabila yo‘lboshchilaringizni ustingizdan nazoratchi qilib tayinladim. Ularga mingboshi, yuzboshi, ellikboshi, o‘nboshi va turli nazoratchilar vazifalarini bo‘lib berdim. 16 O‘sha vaqtda hakamlaringizga shunday deb buyurgan edim: “Birodarlaringiz orasidagi muammolarga yaxshilab quloq soling. Hukmingiz to‘g‘ri bo‘lsin, Isroil xalqi orasidagi muammolarni hamda qondoshingiz bilan musofir orasidagi muammolarni to‘g‘ri hukm qiling. 17 Hukmda tarafkashlik qilmang. Kattaga ham, kichikka ham birday quloq soling. Odamlardan qo‘rqmang, chunki hukm Xudonikidir.

O‘zingiz yecha olmagan masalalarni menga olib keling, ularni o‘zim yechaman.”

18 Qilishingiz lozim bo‘lgan hammasini o‘shanda sizlarga aytdim.

Isroil xalqi Kan’on yurtiga ayg‘oqchilarni yuboradi

19 Keyin Egamiz Xudo buyurganiday biz Sinay tog‘idan ketdik. O‘zlaringiz ko‘rgan keng va vahimali sahro orqali Amor xalqining qirlariga boradigan yo‘ldan yurib, Kadesh–Barnaga bordik. 20 Shundan keyin men sizlarga aytdim: “Mana, Egamiz Xudo bizga berayotgan Amor xalqining qirlariga yetib keldik. 21 Qaranglar, mana shu yerlarning hammasini Egangiz Xudo sizlarga berdi. Qani, endi boringlar, ota– bobolaringizning Xudosi — Egangizning va’dasiga muvofiq o‘sha yerni qo‘lga kiritinglar. Qo‘rqmanglar, vahimaga tushmanglar.”

22 Sizlar hammangiz oldimga kelib aytdingizlar: “Bormasimizdan oldin odamlar yuboraylik. Ular o‘sha yurtni tekshirsin. Biz boradigan yo‘l va bosib oladigan shaharlar haqida xabar olib kelishsin.”

23 Rejangiz menga ma’qul bo‘ldi. Orangizdan o‘n ikki kishini, har bir qabiladan bittadan odamni tanlab oldim. 24 Ular qirlarga chiqdilar, Eshko‘l* vodiysigacha yetib borib, o‘sha yurtni tekshirdilar. 25 U yurtning mevalaridan bizga olib keldilar. “Egamiz

Xudo bizga bergan yurt yaxshi ekan”, deb aytdilar.

26 Lekin sizlar bu yurtga borishdan bosh tortdingizlar, Egangiz Xudoning amriga qarshi chiqdingizlar. 27 Chodirlaringizda ming‘irlab shunday dedingiz: “Egamiz bizni yomon ko‘radi. U bizni Amor xalqining qo‘liga berib, o‘ldirish uchun Misrdan olib chiqdi. 28 Qayerga ketyapmiz o‘zi?! Birodarlarimiz yuragimizni yorib bo‘ldi–ku! U yerdagi odamlar bizdan kuchliroq, bo‘ylari ham balandroq ekanini aytishdi. Ularning ulkan shaharlari osmono‘par devorlar bilan o‘ralgan ekan! U yerda hatto Onoq avlodini* ham ko‘rishgan ekan.”

29 Shunda men sizlarga dedim: “Vahimaga tushmanglar, ulardan qo‘rqmanglar.

30 Egangiz Xudoning O‘zi oldingizda yuradi. Ko‘zingiz oldida Misrda jang qilganday, sizlar uchun jang qiladi. 31 Egangiz Xudo sizlarga sahroda g‘amxo‘rlik qilganini o‘zingiz ko‘rdingiz. U sizlarni shu yergacha, xuddi ota o‘g‘lini opichlaganday, butun yo‘l bo‘yi ko‘tarib keldi. 32 Shunda ham sizlar Egangiz Xudoga ishonmayapsiz. 33 U esa qarorgoh qurishingiz uchun joy qidirib, oldingizda yurardi. Yuradigan yo‘lingizni ko‘rsatib, kechasi ustun shaklidagi alanga ichida, kunduzi esa ustun shaklidagi bulut ichida borardi*.”

Egamiz Isroil xalqini jazolaydi

34 Egamiz noliganingizni eshitib, g‘azablandi. U ont ichib dedi: 35 “Men ota– bobolaringizga va’da qilgan hosildor yurtga bu qabih naslning birontasi ham kirmaydi. 36 O‘sha yurtni faqat Yafunax o‘g‘li Xolib ko‘radi. U Menga sodiq qoldi. Shuning uchun qadami yetgan yerni unga va uning avlodiga beraman.” 37 Sizlarni deb Egamiz mendan g‘azablanib* aytdi: “Sen ham u yerga kirmaysan. 38 U yurtga yordamching Nun o‘g‘li Yoshua kiradi. Unga dalda ber. Yurtni xalqqa mulk qilib, olib beradigan o‘shadir.

39 O‘shanda sizlar, bolalarimiz dushmanlarga o‘lja bo‘ladi, deb aytgan edingizlar. Bolalaringiz hanuz yaxshi bilan yomonning farqiga bormaydi, ammo yurtga kiradigan o‘shalardir. Men u yurtni bolalaringizga beraman. Ha, ular o‘sha yurtni egallab oladilar. 40 Sizlar esa sahroga qaytinglar! Qizil dengizga* boradigan yo‘ldan ketinglar.”

41 Egamizning bu gaplaridan keyin, sizlar menga shunday dedingizlar: “Egamizga qarshi gunoh qildik. Endi borib, Egamiz Xudo bizga amr qilganidek, jang qilamiz.” Sizlar, o‘sha qirlarni qo‘lga kiritish oson bo‘ladi, deb o‘ylab, jang qurollaringizni oldingiz.

42 Lekin Egamiz menga shunday dedi: “Ularga ayt, borishmasin. Jang qilib yurishmasin. Axir, Men ular bilan bo‘lmayman. Aks holda, dushmanlari ularni mag‘lub qiladi.” 43 Sizlarga shunday desam ham, menga quloq solmadingizlar. Egamizning amriga qarshi chiqib, o‘zboshimchalik bilan qirlarga chiqdingizlar. 44 O‘sha qirlarda yashaydigan Amor xalqi qarshilik ko‘rsatib, sizlarni arilar kabi, quvdilar. Sizlarni Seirda* tor–mor qildilar. Xo‘rmaxgacha ta’qib qilib, qirib tashladilar. 45 Omon qolganingiz qaytib kelib, Egamizga faryod qildingizlar. Lekin Egamiz na nolangizga quloq soldi, na sizlarga e’tibor berdi.

46 Shunday qilib, Kadesh–Barnada ancha turdingiz, birmuncha vaqt u yerda qolib ketdingiz.


2–BOB

Sahroda o‘tgan yillar

1 Egamiz menga aytganiday, biz Qizil dengiz* tomondagi sahroga qaytdik. Seir

tog‘lari* atrofida ko‘p vaqt yurdik.

2 Egamiz menga shunday dedi: 3 “Bu qirlar atrofida shuncha aylanib yurganingiz

yetadi. Endi shimol tomonga boringlar. 4 Bu xalqqa Mendan shunday buyruq bergin:

«Seir yurtida yashaydigan birodarlaringiz* — Esov avlodining yerlaridan o‘tasizlar. Ular sizdan qo‘rqishadi. Ammo ehtiyot bo‘linglar, 5 ular bilan jang qilmanglar. Men sizlarga u yerning bir qarichini ham bermayman, chunki Men Seir tog‘larini Esov avlodiga mulk qilib berganman. 6 Ulardan ovqatni kumushga sotib olib yenglar, suvni ham kumushga sotib olib ichinglar. 7 Men, Egangiz Xudo, har bir ishingizda sizlarga baraka berdim. Shu bepoyon sahroda yurganingizda sizlarni himoya qildim. Qirq yildan beri Men sizlar bilan birgaman, sizlar hech qanday kamchilik ko‘rmadingizlar.»”

8 Shunday qilib, biz Seirda yashovchi birodarlarimiz — Esov avlodining yeridan o‘tib ketdik. Elet va Ezyo‘n–Geberdan* Iordan vodiysiga* ketgan yo‘ldan yurdik. So‘ngra Mo‘ab cho‘li tomon burilib ketdik. 9 Shunda Egamiz menga dedi: “Mo‘abliklar bilan janjallashib, urush boshlamanglar. Men sizlarga ularning yeridan mulk bermayman, chunki Or* hududini Men Lut avlodiga* mulk qilib berganman.”

10 (Oldin u yerda Eyim xalqi yashagan edi. Ular ko‘pchilik bo‘lib, kuchli, Onoq avlodi singari baland bo‘yli xalq edi. 11 Eyim xalqi va Onoq avlodlari, odatda, Rafa xalqi* deb atalardi. Ammo Mo‘abliklar ularni Eyim xalqi deb atashardi. 12 Seirda ancha oldin Xorim xalqi yashagan. Ammo Esov avlodi* o‘sha yerlarni ulardan tortib olgandi. Isroil xalqi Egamiz mulk qilib bergan yurtda xalqlarni yo‘q qilganday, Esov avlodi ham Xorim xalqini yo‘q qilib, ularning yerlariga joylashib olgan edi.)

13 Egamiz: “Qani, endi otlaninglar, Zarad soyligidan* o‘tinglar”, — deb amr berdi. Biz Zarad soyligidan o‘tdik. 14 Kadesh–Barnadan chiqishimizga va Zarad soyligidan o‘tishimizga 38 yil ketdi. Egamiz ont ichib aytganiday, bu vaqt oralig‘ida o‘sha naslning urushga yaroqli bo‘lgan odamlari olamdan o‘tib ketdi. 15 Darhaqiqat, Egamiz ularga qarshi O‘z qo‘lini ko‘tarib, qarorgohdagi hamma urushga yaroqlilarni qirib tashladi.

16 Urushga yaroqli bo‘lganlarning hammasi o‘lib, xalq orasidan yo‘q bo‘lgandan

keyin, 17 Egamiz menga shunday dedi: 18 “Bugun Or shahridan o‘tasizlar, Mo‘ab yurtining shimoliy chegarasini kesib, 19 Ommon xalqining yeriga yaqinlashasizlar. Lekin ular bilan janjallashib, urush boshlamanglar. Sizlarga ularning yeridan bir parcha ham bermayman. Bu yerni Men Lut avlodiga* mulk qilib berganman.”

20 (Ilgarilari bu yer Rafa xalqining yurti edi. Bu yerda Rafa xalqi yashagan edi.

Ommon xalqi esa ularni Zamzum xalqi deb atashardi. 21 Bu xalq kuchli, ko‘p bo‘lib, Onoq avlodi singari baland bo‘yli edi. Ammo Egamiz ularni yo‘q qildi. Ommon xalqi ularning yerini qo‘lga kiritib, o‘sha yerga joylashib olgandi. 22 Seirda yashayotgan Esov avlodi uchun ham Egamiz xuddi shunday qilgan edi. Xorim xalqini Egamiz yo‘q qildi. Esov avlodi Xorim xalqining yerini qo‘lga kiritib, ularning o‘rniga o‘zlari joylashib olishdi. Ular hozirgacha o‘sha yerda yashaydi. 23 Avim xalqi esa janubdagi G‘azogacha bo‘lgan qishloqlarda yashardi. Ammo Xafto‘rdan kelgan Xafto‘r xalqi* ularni yo‘q qilib, o‘rinlariga o‘zlari joylashib olishgandi.)

Isroil xalqi shoh Sixo‘nni yengadi

24 Biz Mo‘ab yurtidan o‘tganimizdan keyin, Egamiz shunday dedi: “Endi otlanib, yo‘lga tushinglar, Arnon soyligidan* o‘tinglar. Men Amor xalqining Xashbonda yashaydigan shohi Sixo‘nni va uning yerini sizlarning qo‘lingizga beraman. Unga hujum

qilib, jang boshlang, uning yurtini egallab oling. 25 Men shunday qilamanki, bugundan boshlab butun yer yuzidagi xalqlar sizlardan qo‘rqib, vahimaga tushadigan bo‘lishadi. Nomingizni eshitganlar sizlardan qo‘rqqanidan qaltiraydigan bo‘ladi.”

26 Shundan keyin men Kadamo‘t cho‘lidan Xashbon shohi Sixo‘nga choparlar orqali quyidagicha do‘stona gaplarni yetkazdim: 27 “Bizga yurtingiz orqali o‘tib ketishga ijozat bersangiz. O‘ngga ham, chapga ham qayrilmay, to‘g‘ri yo‘ldan ketamiz. 28 Ovqatni biz sizdan kumushga sotib olib, yeymiz, suvni ham sizdan sotib olib ichamiz, faqat piyoda yurib o‘tishimizga ruxsat bersangiz bo‘ldi. 29 Seirda yashayotgan Esov avlodi ham, Or shahrida yashayotgan Mo‘abliklar ham ijozat bergan edi. Ularning yerlaridan o‘tib keldik. Ular singari, siz ham ijozat bering, yeringizdan o‘tib ketaylik. Iordandan o‘tib, Egamiz Xudo bizga beradigan yurtga yetib olaylik.”

30 Biroq Xashbon shohi Sixo‘n yeridan o‘tib ketishimizga ruxsat bermadi. Sizlar bugun yashab yurgan yerni qo‘lga kiritishingiz uchun Egangiz Xudo Sixo‘nning yuragini tosh qilib, o‘jar qilib qo‘ygandi.

31 Egamiz menga shunday dedi: “Men Sixo‘nni va uning yurtini sening qo‘lingga beryapman. Uning yurtini zabt eta boshla.” 32 Sixo‘n jamiki lashkarini boshlab, biz bilan jang qilgani Yaxaz shahriga chiqdi. 33 Ammo Egamiz Xudo uni bizning qo‘limizga berdi. Sixo‘nni, uning jamiki lashkarini, farzandlarini yo‘q qilib tashladik. 34 Sixo‘nning hamma shaharlarini bosib olib, birontasini ham qoldirmay vayron qildik. Erkaklari, ayollari va bolalaridan birontasini ham tirik qoldirmadik. 35 Mag‘lub qilgan shaharlarimizdan faqat chorva va boyliklarni o‘zimizga o‘lja qilib oldik. 36 Arnon soyligining chetida joylashgan Aror shahridan hamda soylikdagi* shahardan tortib, to Giladgacha bo‘lgan birorta shahar bizning kuch–qudratimizga dosh berolmadi. Chunki Egamiz Xudo hammasini bizning qo‘limizga bergan edi. 37 Ammo biz Yavoq daryosi* bo‘yidagi Ommon xalqining yerlariga va qirlardagi ularning shaharlariga hujum qilmadik. Chunki Egamiz Xudo bizga u yerlarni bosib olishni man qilgandi.


3–BOB

Isroil xalqi shoh O‘gni mag‘lub qiladi

1 Keyin biz Bashan o‘lkasiga yo‘l oldik. Bashan shohi O‘g o‘zining jamiki lashkarini boshlab, Edrey shahri yaqinida biz bilan jang qilgani chiqdi. 2 Shunda Egamiz menga dedi: “O‘gdan qo‘rqma. Men uning o‘zini, lashkarini va butun yurtini sening qo‘lingga berganman. Sen O‘gning boshiga Xashbonda hukmronlik qilgan Amor xalqining shohi Sixo‘nning kunini solasan.”

3 Egamiz Xudo Bashan shohi O‘gni va uning butun lashkarini bizning qo‘limizga berdi. Biz ularning hammasini bitta qoldirmay qirib tashladik. 4 Uning hamma shaharlarini — oltmishta shahrini oldik. Bashandagi O‘gning shohligiga kirgan butun Argob hududini qo‘lga kiritdik, biz olmagan birorta ham shahar qolmadi. 5 Bu mustahkam shaharlarning hammasi baland devorlar bilan o‘ralgan, darvozalari tambalangan edi. Bulardan tashqari, devor bilan o‘ralmagan ko‘p qishloqlar ham bor edi. 6 Biz Xashbon shohi Sixo‘nning shaharlarini qanday vayron qilgan bo‘lsak, O‘gning

shaharlarini ham shunday vayron qildik. Bu shaharlarni erkagu ayollari va bolalari bilan

birga yo‘q qildik. 7 Hamma chorva va shaharlardagi o‘ljani o‘zimizga oldik.

8 Shunday qilib, o‘shanda biz Iordan daryosining sharq tomonida hukmronlik qilgan

ikkala Amor shohini mag‘lub qildik. Janubdagi Arnon soyligidan* to shimoldagi Xermon tog‘igacha* cho‘zilgan yerlarini qo‘lga kiritdik. 9 (Xermon tog‘ini Sidonliklar — “Siriyon”, Amor xalqi — “Sanir” deb atashadi.) 10 Biz Bashanda hukmronlik qilgan shoh O‘gning butun shohligini, yassi tepalikdagi hamma shaharlarini, sharqdagi Salko va Edreygacha bo‘lgan butun Gilad va Bashan o‘lkalarini qo‘lga kiritdik.

11 (Rafa xalqidan* birgina Bashan shohi O‘g tirik qolgan edi. Uning yotadigan o‘rni* temirdan* yasalgan bo‘lib, odatdagi o‘lcham bo‘yicha uzunligi to‘qqiz tirsak, kengligi esa to‘rt tirsak* edi. Uning o‘rni hozir ham* Ommon yurtining Rabba shahridadir.)

Iordan daryosidan sharqqa o‘rnashgan qabilalar

12 Biz o‘sha yerlarni qo‘lga kiritdik. Shunda men Ruben va Gad qabilalariga Arnon soyligi bo‘yidagi Aror shahrining shimolidagi hududni, Gilad qirlarining yarmisini va atrofdagi qishloqlarni berdim. 13 Manashe qabilasining yarmiga* esa Giladning qolgan qismini va O‘gning shohligi bo‘lgan butun Bashanni berdim. (Bashan o‘lkasidagi Argob hududi Rafa xalqining yurti hisoblanardi. 14 Manashe qabilasidan bo‘lgan Yovir butun Argob hududini qo‘lga kiritdi. Bu hudud Gashur va Maxo yurtlarigacha cho‘zilgan edi. Yovir bu joyga o‘zining nomini berdi. O‘sha joylar bugungacha* Yovir qishloqlari* deb ataladi.)

15 Manashe qabilasining Moxir urug‘iga Giladni berdim. 16 Ruben va Gad qabilalariga Giladdan to Arnon soyligigacha cho‘zilgan yerlarni berdim. Arnon soyligining o‘rtasi ikkala qabilaning chegarasi edi. Ularning yeri Ommon yurtining chegarasini tashkil qilgan Yavoq daryosigacha* cho‘zilgan edi. 17 Ularning g‘arbdagi yerlari esa Iordan daryosi bo‘ylab, shimoldagi Jalila ko‘lidan* to janubdagi O‘lik dengizgacha* va sharqdagi Fisgax tog‘ tizmasining yon bag‘irlarigacha cho‘zilgan edi.

18 O‘shanda sizlarga shunday buyurdim: “Egangiz Xudo bu yerni sizlarga mulk qilib berdi. Hamma sipohlaringiz qurollanib, daryodan kechib o‘tsin. Ular birodarlaringiz bo‘lgan Isroil xalqini boshlab borsin. 19 Faqat xotinlaringiz va farzandlaringiz men sizlarga bergan shaharlarda qolsin. Bilaman, mollaringiz juda ko‘p, ular ham shaharlaringizda qolaversin. 20 Egamiz sizlarga tinchlik ato qilganday, birodarlaringizga ham tinchlik ato qilgandan keyin, ular Iordanning narigi tomonidagi, Egangiz Xudo berayotgan yerni egallab olgandan keyin, hammangiz men sizlarga bergan mana shu yerga qaytib kelsangiz bo‘ladi.”

21 O‘shanda Yoshuaga aytdim: “Egang Xudo o‘sha ikkala shohni nima qilganini o‘z ko‘zing bilan ko‘rding. Sen bosib o‘tadigan barcha shohliklarni ham Egamiz xuddi shunday ahvolga soladi. 22 Ulardan qo‘rqma. Sizlar uchun jang qiladigan Egang Xudodir.”

Musoga Xudo Kan’on yurtiga kirish uchun ijozat bermaydi

23 Shundan keyin men Egamga yolvordim: 24 “Yo Egam Rabbiy! Men, qulingga O‘z buyukliging va qudratingni endigina ko‘rsata boshlading. Samoda ham, yerda ham Sening ajoyibotlaringni, buyuk ishlaringni qila oladigan boshqa xudo yo‘q! 25 Ijozat ber, men Iordan daryosidan o‘tay. Daryoning narigi tomonidagi hosildor yurtni, o‘sha chiroyli qirlarni va Lubnonni ko‘ray.”

26 Lekin Egamiz sizlar tufayli mendan g‘azablangani uchun* iltijolarimga quloq solmadi. U menga shunday dedi: “Bo‘ldi qil! Menga bu haqda boshqa gapirma. 27 Fisgax tog‘ tizmasining cho‘qqisiga* chiq, g‘arbga, shimolga, janubga va sharqqa qara. Yaxshilab qarab ol, chunki sen mana shu Iordan daryosidan kechib o‘tmaysan. 28 Yoshuani

xizmatga tayinla. Unga dalda berib, ruhlantir. Bu xalqni daryoning narigi tomoniga Yoshua boshlab boradi. Uning boshchiligida bu xalq sen ko‘radigan o‘sha yerni egallaydi.”

29 Shunday qilib, biz Bayt–Piyor qarshisidagi vodiyda to‘xtadik.


4–BOB

Muso Isroil xalqini Xudoga itoat qilishga undaydi

1 Endi, ey Isroil, men sizlarga farmonlar va qonun–qoidalarni o‘rgataman. Ularga rioya qilinglar. Shunda yashaysizlar, ota–bobolaringizning Xudosi — Egangiz sizlarga berayotgan yerni mulk qilib olasizlar. 2 Men sizlarga aytayotgan amrlarga hech narsa qo‘shmanglar, hech narsa olib ham tashlamanglar. Men sizlarga berayotgan Egangiz Xudoning amrlariga rioya qilinglar. 3 Egamiz Piyor tog‘ida nimalar qilganini* o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘rdingizlar. Piyordagi Baalga sajda qilgan hammani Egangiz Xudo yo‘q qilgan edi. 4 Egangiz Xudoga sodiq bo‘lganlar esa bugun ham tirikdir.

5 Egam Xudo amr qilganday, sizlarga farmonlarni va qonun–qoidalarni o‘rgatdim.

Mulk qilib olayotgan o‘sha yurtda bularga rioya qilinglar. 6 Mana shu farmonlar va qonun–qoidalarni bitta qoldirmay bajaringlar, toki sizlarning aql–idrokingizni boshqa xalqlar ko‘rsin. Ular bu qonunlar haqida eshitib: “Ha, haqiqatan bu buyuk xalq dono, aql–idroklidir”, deb aytsin.

7 Egamiz Xudoga har safar iltijo qilganimizda U bizga yaqindir. Qaysi buyuk xalqning shunday xudosi bor?! 8 Bugun men sizlarga farmonlar va qonun–qoidalar beryapman.

Qaysi buyuk xalqning shunday adolatli qonun–qoidalari bor?! 9 Faqat hushyor bo‘linglar. Ko‘zlaringiz bilan ko‘rganlaringizni unutmay, bir umr yuragingizda saqlanglar. Bularni o‘g‘illaringizga, nevara–chevaralaringizga ham aytib beringlar. 10 Sizlar Sinay tog‘ida*, Egangiz Xudo oldida turgan kuningizni eslanglar. O‘sha kuni Egamiz menga aytgandi: “Mening huzurimga xalqni yig‘. Ular so‘zlarimni eshitib, yer yuzida butun umrlari davomida Mendan qo‘rqishni o‘rgansinlar, bolalariga ham o‘rgatsinlar.”

11 Sizlar yaqin kelib, tog‘ning etagida turdingizlar. Tog‘ esa osmongacha ko‘tarilgan olovga burkanib, qop–qora bulutlar bilan qoplangan edi. 12 Egamiz olov ichidan sizlarga gapirdi. Sizlar Uning so‘zlarini eshitdingizlar, qiyofasini esa ko‘rmadingizlar. Faqat Egamizning ovozi eshitilar edi, xolos. 13 U O‘z ahdini sizlarga ayon qilib, bu ahdni — o‘nta amrni bajaringlar, deb farmon berdi. Egamiz ularni ikki tosh lavhaga yozdi.

14 Iordanni kechib, mulk qilib oladigan yurtda bajarishingiz kerak bo‘lgan farmonlar va

qonun–qoidalarni men sizlarga o‘rgatishimni Egamiz buyurdi.

Butparastlik haqida ogohlantirish

15 Sinay tog‘ida Egamiz olov ichidan sizlarga gapirganda, sizlar biron qiyofa ko‘rmadingizlar. Shuning uchun ehtiyot bo‘linglar. 16 Yana yo‘ldan ozib, o‘zingizga erkak yo ayol qiyofasidagi butni, 17 yerda yashaydigan jonivor yo osmonda uchib yuruvchi qush qiyofasidagi butni, 18 yerda sudralib yuruvchi jonivor yoki suvdagi baliq qiyofasidagi hech qanday butni yasamanglar. 19 Shuningdek, osmonga qarab, quyosh, oy va yulduzlarni, jamiki samoviy jismlarni ko‘rib vasvasaga tushmanglar, ularga sig‘inmanglar, xizmat qilmanglar. Axir, Egamiz Xudo bularni dunyoda yashovchi barcha xalqlar uchun berdi. 20 Sizlarni esa Egamiz O‘zi uchun tanlab oldi. Bugungiday Uning xalqi bo‘lishingiz uchun sizlarni Misrdan — temir o‘choq ichidan olib chiqdi. 21 Egamiz

sizlarning dastingizdan mendan g‘azablandi*: “Men Isroil xalqiga mulk qilib beradigan Iordanning narigi tomonidagi o‘sha hosildor yurtga sen kirmaysan”, — deb qasam ichdi. 22 Men Iordanning narigi tomoniga o‘tolmayman, mana shu yerda vafot etaman. Sizlar esa Iordandan o‘tib, o‘sha hosildor yurtni mulk qilib olasizlar. 23 Shunday ekan, ehtiyot bo‘linglar, Egangiz Xudo sizlar bilan qilgan ahdni esdan chiqarmanglar. U taqiqlagan qiyofadagi birorta butni o‘zlaringizga yasamanglar. 24 Axir, Egangiz Xudo yamlamay yutadigan olovdir, U rashkchi Xudodir*.

25 O‘sha yurtda ko‘p yashaysizlar, bolalaringiz, nabiralaringiz tug‘iladi. Agar o‘shanda yo‘ldan ozsangiz, Egangiz Xudoning oldida qabihlik qilib, o‘zingizga turli qiyofadagi butlarni yasasangiz, U g‘azablanadi. 26 Bugun sizlarga qarshi yeru osmonni guvoh qilaman: agar menga itoatsizlik qilsangiz, yurtdan tez orada butunlay qirilib ketasizlar. Iordanni kechib, mulk qilib oladigan yurtda uzoq yashamaysizlar. Bittangiz qolmay halok bo‘lasizlar. 27 Egamiz sizlarni boshqa xalqlarning orasiga tarqatib yuboradi. O‘sha xalqlar orasida ayrimlaringiz omon qolasizlar. 28 U yerda inson qo‘li bilan yasalgan yog‘och va tosh xudolarga xizmat qilasizlar. U xudolar ko‘rolmaydi, eshitolmaydi, ovqat yeya olmaydi, hid bilmaydi. 29 Ammo u yerda Egangiz Xudoga yuz bursangiz, butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan Uni izlasangiz, topasizlar. 30 Kulfatda qolganingizda, boshingizga ko‘rgiliklar tushganda, oxiri Egangiz Xudoga qaytasizlar, Uning so‘ziga quloq solasizlar. 31 O‘shanda U sizlarni tark etmaydi, yo‘q qilmaydi, ota–bobolaringiz bilan qasam ichib qilgan ahdini unutmaydi. Egangiz Xudo rahmdil Xudodir.

32 Endi sizlar dunyoga kelmasdan oldingi uzoq o‘tmishni, Xudo yer yuzida odamni yaratgan davrdan shu kungacha bo‘lgan davrni surishtirib ko‘ringlar. Dunyoning bu chetidan u chetigacha so‘ranglar–chi, shu qadar muhim voqea bo‘lganmi yoki shunga o‘xshash narsa haqida birortasi eshitganmi?! 33 Sizlarga o‘xshab olov ichidan gapirgan Xudoning ovozini eshitib, tirik qolgan birorta xalq bormi?! 34 Egangiz Xudo sizlar uchun Misrda nimalar qilganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz. Qaysi xudo sinovlar, alomatu mo‘jizalar orqali, urush, qudratiyu ajoyibotlari va dahshatli voqealar orqali bir xalqni O‘zi uchun boshqa xalq orasidan olib chiqqan?! 35 “Egamiz Xudodir, Undan boshqa Xudo yo‘q”, deb anglashingiz uchun bu voqealar sizlarga ayon qilingan. 36 U sizlarga yo‘l– yo‘riq ko‘rsatish uchun samodan ovoz berdi. Yer yuzida olov ustuni orqali sizlarga zohir bo‘ldi. Sizlar o‘sha buyuk olov ichidan Uning ovozini eshitdingizlar. 37 Egamiz Xudo ota– bobolaringizni sevar edi. Shuning uchun o‘zlaridan keyin ularning avlodlarini tanladi.

Egamiz zohir bo‘lib, O‘zining buyuk qudrati bilan sizlarni Misrdan olib chiqdi. 38 Egamiz sizlardan kattaroq va kuchliroq xalqlarni oldingizdan haydab, ularning yurtiga sizlarni kiritmoqchi edi, xuddi bugungiday, mulk qilib oladigan yerlaringizni sizlarga bermoqchi edi.

39 Egamiz yeru samodagi Xudodir, Undan boshqa Xudo yo‘qdir. Shuni bugun tan olib,

doimo yuragingizda saqlang.

40 Bugun men sizlarga Egamizning farmonlari va amrlarini aytyapman, shularga rioya qilinglar. Shunda o‘zlaringiz ham, naslingiz ham farovon hayot kechirasizlar. Egangiz Xudo abadiy qilib berayotgan o‘sha yurtda uzoq yashaysizlar.

Iordanning sharqidagi panoh shaharlar

41 Shundan keyin Muso Iordan daryosining sharq tomonida uchta shaharni ajratdi.

42 Agar kimdir bironta odamni bexosdan, adovat qilmay o‘ldirgan bo‘lsa, o‘sha

shaharlardan biriga qochib borib, jonini qutqarishi mumkin*. 43 Bu shaharlar quyidagilar edi: Ruben qabilasi uchun yassi tepalikdagi Bazer shahri, Gad qabilasi uchun Giladdagi Ramo‘t shahri, Manashe qabilasi uchun Bashandagi Go‘lon shahri.

Muso Isroil xalqiga qonunlarni bayon qila boshlaydi

44 Muso Isroil xalqiga quyidagi qonunlarni berdi. 45 Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin, Muso shu shartlar, farmonlar va qonun–qoidalarni aytdi. 46 Muso bularni Iordan daryosining sharqiy qirg‘og‘ida, Bayt–Piyor ro‘parasidagi vodiyda bayon qildi. Bu yer ilgari Xashbonda hukmronlik qilgan Amor xalqining shohi Sixo‘nga qarashli edi. Muso bilan Isroil xalqi Misrdan chiqqanlarida, Sixo‘nni mag‘lub qilgan edilar. 47 Isroil xalqi Iordan daryosining sharqida yashagan ikkala Amor shohining yurtlarini, ya’ni shoh Sixo‘nning va Bashan shohi O‘gning yurtini bosib olgan edi. 48 Bu joylar Arnon soyligi etagidagi Aror shahridan Siriyon* tog‘igacha, ya’ni Xermon tog‘igacha cho‘zilgan edi.

49 Shuningdek, Fisgax tog‘ tizmasining etagidagi O‘lik dengizgacha cho‘zilib, Iordan

daryosining sharq tomonidagi butun Iordan vodiysini* ham o‘z ichiga olgan edi.


5–BOB

O‘nta amr

1 Muso jamiki Isroil xalqini bir joyga yig‘ib, ularga aytgan nutqini davom ettirdi.


Ey Isroil xalqi, eshitinglar! Bugun men sizlarga aytayotgan farmonlar va qonun– qoidalarga quloq solinglar. Bularni yod olib, bitta qoldirmay bajaringlar. 2 Egamiz Xudo biz bilan Sinay tog‘ida* ahd qildi. 3 U nafaqat ota–bobolarimiz bilan, balki shu yerda turgan har bir odam bilan ahd qildi. 4 Egamiz o‘sha tog‘da olov ichidan sizlar bilan yuzma–yuz gaplashdi. 5 Men o‘shanda Egamiz bilan sizlarning orangizda turib, Uning gapini sizlarga aytib turdim. Chunki sizlar olovdan qo‘rqib, toqqa chiqmadingizlar.

Egamiz shunday deb aytdi:


6 “Men sizlarni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Egangiz Xudoman.


7 Mendan boshqa xudolarga sajda qilmang.


8 O‘zlaringizga hech qanday butni yasamang. Osmonda yo yerda yo yer ostidagi suvda mavjud bo‘lgan biror narsaning shaklini yasamang. 9 O‘sha xudolar yoki butlarga* sajda qilmang, xizmat qilmang. Men, Egangiz Xudo, sizlarning sevgingizni boshqa xudolar bilan baham ko‘rmaydigan Xudoman. Mendan nafratlanadiganlarni jazolayman, ularning gunohlari oqibatidan farzandlari, nabiralari va chevaralari ham qochib qutulmaydi. 10 Lekin Meni

sevib, amrlarimga rioya qiladiganlarning ming–ming avlodlariga* sodiq sevgimni

ko‘rsataman.


11 Men, Egangiz Xudoning ismini suiiste’mol qilmang*. Kim Mening ismimni

suiiste’mol qilsa, o‘shani jazosiz qoldirmayman.


12 Men, Egangiz Xudoning amriga ko‘ra, Shabbat kunini muqaddas deb biling,

bu kunga rioya qilib yuring. 13 Hamma ishlaringizni bajarishingiz uchun olti kun

bor. 14 Yettinchi kun esa Men, Egangiz Xudoga atalgan Shabbat kunidir. O‘sha kuni hech qanday ish qilmanglar. O‘g‘illaringiz, qizlaringiz, qullaringiz, cho‘rilaringiz, molingiz, eshagingiz, birorta hayvoningiz, shahringizdagi musofirlar ham hech qanday ish qilishmasin. Qulu cho‘rilaringiz sizday dam olsin. 15 Yodingizda tuting: sizlar Misrda qul edingiz, Men, Egangiz Xudo, qudratim va ajoyibotlarim bilan sizlarni u yerdan olib chiqdim. Shuning uchun, Shabbat kuniga rioya qilinglar, deb amr etdim.


16 Men, Egangiz Xudo, amr etganimdek, ota–onangizni hurmat qiling. O‘shanda Men sizlarga berayotgan yurtda umringiz uzoq bo‘lib, baxtiyor yashaysiz.


17 Qotillik qilmang.


18 Zino qilmang.


19 O‘g‘rilik qilmang.


20 Qo‘shningizga qarshi yolg‘on guvohlik bermang.


21 Qo‘shningizning xotiniga ko‘z olaytirmang. Qo‘shningizning uyi, dalasi, quli

yoki cho‘risi, moli yoxud eshagi, unga qarashli biror narsasiga ko‘z olaytirmang.”


22 Egangiz bu amrlarni hammangizga o‘sha tog‘da olov, bulut va qorong‘ilik ichidan baland ovoz bilan aytdi, boshqa biron so‘z qo‘shmadi. So‘ngra U bu amrlarni ikkita tosh lavhaga yozib, menga berdi.

Xalq Xudodan qo‘rqadi

23 Tog‘ olov bo‘lib yonayotganda, qorong‘ilik ichidan ovoz eshitdingiz. Shunda qabilalaringiz boshliqlari va oqsoqollari mening oldimga kelib, 24 shunday deyishdi: “Mana, Egamiz Xudo ulug‘vorligini, buyukligini bizga ko‘rsatdi. Uning ovozini biz olov ichidan eshitdik. Bugun biz Xudoning inson zotiga gapirganini, ammo inson tirik qolganini ko‘rdik. 25 Nima qilamiz endi jonimizni xavf ostiga qo‘yib?! Mana bu buyuk olov bizni yondirib tashlaydi–ku. Agar biz Egamiz Xudoning ovozini yana eshitsak, aniq o‘lamiz. 26 Axir, olov ichidan gapiradigan barhayot Xudoning ovozini biz kabi, eshitib, tirik qolgan inson bormi?! 27 Endi sen bor, Egamiz Xudoning hamma so‘zlarini eshit.

Keyin Uning har bir so‘zini bizga ayt. Biz quloq solib, bajaramiz.”

28 Sizlar menga gapirganlaringizda, Egamiz so‘zlaringizni eshitib, shunday dedi: “Men bu xalqning senga aytgan so‘zlarini eshitdim, hamma aytganlari to‘g‘ri. 29 Qaniydi, ularning yuraklari har doim shunday bo‘lsa, Mendan qo‘rqib, amrlarimni bajarishsa!

Shunda o‘zlari ham, farzandlari ham to abad baxtli bo‘lishardi. 30 Endi ularning oldiga borib: «Chodirlaringizga qaytinglar», deb ayt. 31 Sen esa shu yerda Mening yonimda qolasan. Men senga amrlar, farmonlar va qonun–qoidalar beraman. Sen bularni xalqqa o‘rgatasan. Men ularga mulk qilib beradigan yurtda hammasiga rioya qilishsin.”

32 Endi o‘ngga ham, chapga ham og‘may, Egangiz Xudo sizlarga buyurgan amrlarga bitta qoldirmay rioya qilinglar. 33 Egangiz Xudo amr etgan yo‘ldan yuringlar. Shunda yashaysizlar, baxtli bo‘lasizlar, mulk qilib oladigan yurtda uzoq umr ko‘rasizlar.

6–BOB

Eng buyuk amr

1 Egangiz Xudo, xalqqa o‘rgatgin, deb menga bergan amrlar, farmonlar va qonun– qoidalar shulardan iboratdir. Iordanni kechib o‘tib, mulk qilib oladigan yurtda bularga rioya qilinglar. 2 Men sizlarga beradigan farmon va amrlarga o‘zlaringiz, farzandlaringiz va nabiralaringiz, hammangiz rioya qilinglar. Bir umr Egangiz Xudodan qo‘rqinglar, shunda umringiz uzoq bo‘ladi. 3 Ey Isroil xalqi, quloq soling, bularni bitta qoldirmay bajaring. Shunda ota–bobolaringizning Xudosi — Egangiz bergan va’daga ko‘ra, sut va asal oqib yotgan yurtda* ko‘payasizlar, baxtiyor bo‘lasizlar.

4 Ey Isroil, quloq sol! Egamiz Xudo tanho Egadir*. 5 Egangiz Xudoni butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan, butun vujudingiz bilan sevinglar. 6 Bugun men sizlarga bergan bu amrlarni yuragingizda saqlanglar. 7 Bularni bolalaringizga ham o‘rgatinglar. Uyda o‘tirganda ham, yo‘lda yurganda ham, yotganingizda ham, turganingizda ham shular haqida gapiringlar. 8 Bularni qo‘lingizga belgi qilib bog‘langlar, peshanangizga nishona qilib taqib olinglar. 9 Eshigingiz kesakisiga*, darvozalaringizga yozib qo‘yinglar.

Itoatsizlikka qarshi ogohlantirish

10 Egangiz Xudo ota–bobolaringiz Ibrohim, Is’hoq, Yoqubga qasam ichib, va’da qilgan yerga sizlarni olib kiradi. U sizlarga o‘zingiz qurmagan katta va chiroyli shaharlarni beradi. 11 O‘zingiz to‘ldirmagan, boyliklarga to‘la uylarni, o‘zingiz qazimagan sardobalarni, siz ekmagan toklar va zaytunzorlarni beradi. O‘shanda yeb to‘yganlaringizdan keyin 12 ehtiyot bo‘linglar! Sizlarni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Egamizni unutmanglar. 13 Egangiz Xudodan qo‘rqinglar. Faqat Unga xizmat qilinglar.

Yolg‘iz Uning nomi bilan qasam ichinglar. 14 Begona xudolarga, atrofingizdagi xalqlarning xudolariga ergashmanglar. 15 Axir, orangizdagi Egangiz Xudo sizning sevgingizni boshqa xudolar bilan baham ko‘rmaydigan Xudodir. U g‘azablanib, sizlarni yer yuzidan yo‘qotib yuboradi.

16 Massaxda qilganingizdek*, Egangiz Xudoni sinamanglar. 17 Uning amrlarini, farmon va shartlarini bitta qoldirmay bajaringlar. 18 Egamiz to‘g‘ri va yaxshi deb bilgan ishlarni qilinglar. Shunda Egamiz ota–bobolaringizga qasam ichib, va’da qilgan hosildor yurtni sizlar mulk qilib olasizlar, baxtiyor bo‘lasizlar. 19 Egamiz, O‘zi aytganidek, yurtingizda yashagan barcha dushmanlaringizni haydab chiqaradi.

20 Kelajakda farzandlaringiz sizlardan: “Egamiz Xudo sizlarga bergan qonun– qoidalar, farmon va shartlarning ma’nosi nima?” deb so‘raydi. 21 Ularga shunday deb javob beringlar: “Biz Misrda fir’avnning qullari edik. Egamiz O‘z qudrati bilan bizni Misrdan olib chiqdi. 22 U bizning ko‘zimiz oldida Misrga, fir’avn va uning butun xonadoniga buyuk, qo‘rqinchli alomatu mo‘jizalarni ko‘rsatdi. 23 Ota–bobolarimizga ont ichib va’da qilgan yurtga bizni olib kirish uchun, o‘sha yurtni bizga berish uchun bizni Misrdan olib chiqdi. 24 Egamiz Xudo: «Mana shu farmonlarning hammasiga rioya qilinglar, Mendan qo‘rqinglar, shunda bugungiday tirik bo‘lasiz, baxtli hayot kechirasiz», dedi. 25 Egamiz Xudoning oldida mana shu amrlarni bitta qoldirmay bajarsak, solih bo‘lamiz.”

7–BOB

Xudoning xalqi

1 Egangiz Xudo sizlarni egalik qiladigan yurtingizga olib kiradi. O‘shanda U oldingizdan Xet, Girgosh, Amor, Kan’on, Pariz, Xiv, Yobus kabi yettita xalqni haydaydi. Ular sizlardan ko‘ra, ko‘proq va qudratliroqdir. 2 Egangiz Xudo bu xalqlarni sizlarning qo‘lingizga topshirganda, sizlar ularni mag‘lub etasizlar. Shunda ularning hammasini tamomila qirib bitiringlar. Ular bilan ittifoq tuzmanglar, ularga rahm–shafqat qilmanglar. 3 Ular bilan quda–andachilik qilmanglar, ularga qiz uzatmanglar, o‘g‘illaringizga ularning qizlaridan olib bermanglar. 4 Aks holda, ular farzandlaringizni Egamizdan qaytaradi. Farzandlaringiz boshqa xudolarga xizmat qiladigan bo‘ladi.

O‘shanda Egamiz g‘azablanib, sizlarni bir lahzada halok qiladi. 5 Aksincha, o‘sha xalqlarni sizlar shunday qilinglar: ularning qurbongohlarini buzinglar, butsimon toshlarini parchalab tashlanglar, Asheraga* atalgan ustunlarni kesinglar, butlarini

yondiringlar. 6 Sizlar Egangiz Xudoning muqaddas xalqisiz. U sizlarni yer yuzidagi jamiki

xalqlar orasidan O‘z xalqi, O‘z xazinasi qilib tanlab oldi.

7 Egamiz sizlarni boshqa xalqlardan ko‘p bo‘lganingiz uchun sevib tanlamadi. Sizlar boshqa hamma xalqlardan oz edingiz. 8 Egamiz sizlarni sevgani uchun va ota– bobolaringizga bergan va’dasini ado etish uchun sizlarni tanladi. Shu bois U sizlarni Misr fir’avni hukmronligidan, Misrdagi qullikdan O‘z qudrati bilan olib chiqib, ozod qildi. 9 Shunday qilib, Egangiz Xudo haqiqiy Xudo ekanini bilib qo‘yinglar. U sodiq Xudodir! Uni sevadigan, Uning amrlarini bajaradiganlarning minginchi avlodigacha ahdini sodiq saqlaydi. 10 Xudodan nafratlanganlarning esa qilmishlariga yarasha boshlariga kulfat yog‘diradi. Ha, Egamiz Undan nafratlanganlarga javob berishda kechikmaydi. 11 Shuning uchun bugun men sizlarga berayotgan amrlarni, farmonlar va qonun–qoidalarni bitta qoldirmay bajaringlar.

Itoatgo‘ylikdan kelgan baraka

12 Agar mana shu qonun–qoidalarga itoat etib, ularni bitta qoldirmay bajarsangiz, Egangiz Xudo ham ota–bobolaringizga ont ichib, va’da qilgan ahdini sizlar bilan sodiq saqlaydi. 13 U sizlarga mehr qo‘yadi, ota–bobolaringizga beraman, deb ont ichgan yurtda sizlarga baraka berib, ko‘paytiradi. Uvali–juvali bo‘lasizlar, yeringiz hosildor, doningiz, sharobingiz va moyingiz serob bo‘ladi, mol–qo‘yingiz barakali bo‘ladi, sigirlaringiz bolalaydi, qo‘ylaringiz qo‘zilaydi. 14 Sizlar barcha xalqlar orasida barakaga eng boy xalq bo‘lasizlar, orangizda farzandsiz erkak ham, ayol ham bo‘lmaydi, mollaringiz orasida qisiri bo‘lmaydi. 15 Egamiz sizlarni har qanday kasallikdan saqlaydi. Misrda o‘zlaringiz ko‘rgan har xil qo‘rqinchli xastaliklar sizlarning boshingizga kelmaydi. O‘sha xastaliklarni Egamiz sizlarning g‘animlaringizga yuqtiradi. 16 Egangiz Xudo sizlarning qo‘lingizga topshiradigan barcha xalqlarni qirib yuboringlar, ularga rahm qilmanglar, ularning xudolariga sig‘inmanglar. Aks holda, ularning xudolari sizlarga tuzoq bo‘ladi.

17 Xayolingizda: “Bu xalqlar bizdan juda kuchli–ku, qanday qilib ularni haydaymiz?” deb o‘ylashingiz mumkin, 18 ammo ulardan qo‘rqmanglar. Egangiz Xudo fir’avnni, butun Misrni nima qilganini esingizda tutinglar. 19 Egangiz Xudo O‘z qudrati va ajoyibotlari bilan sizlarni u yerdan olib chiqdi, buyuk sinovlar, alomatu mo‘jizalar ko‘rsatdi. Bularni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz. Siz qo‘rqayotgan hamma xalqlarni Egangiz Xudo xuddi

o‘sha ahvolga soladi. 20 Hatto sizlardan yashirinib tirik qolganlarni U vahimaga solib, quvib yuboradi*. 21 Ulardan qo‘rqmanglar. Orangizdagi Egangiz Xudo buyuk va haybatli Xudodir. 22 U o‘sha xalqlarni sizlarning oldingizdan oz–ozdan haydaydi. Sizlar ularni birdaniga halok qilolmaysizlar. Bo‘lmasa atrofingizda yovvoyi hayvonlar ko‘payib ketadi. 23 Egangiz Xudo o‘sha xalqlarni sizlarning qo‘lingizga beradi, ularning hammasini qattiq sarosimaga solib, halok qiladi. 24 Shohlarini ham sizlarning qo‘lingizga beradi.

Sizlar ularning nomlarini yer yuzidan o‘chirasizlar. Hech kim sizlarga bas kelolmaydi, ularning hammasini halok qilasizlar. 25 Xudolarining tasvirlarini olovda yondiringlar, ularni qoplagan oltinu kumushlarga ko‘z olaytirmanglar, o‘sha narsalarni olmanglar, toki ular sizlarga tuzoq bo‘lmasin. Bu butlar Egangiz Xudoga jirkanchdir. 26 Bu jirkanchli narsalarni uyingizga olib kirmang, aks holda, o‘shalar singari yo‘q qilinasiz. O‘sha narsalardan nafratlaninglar, jirkaninglar, chunki ular la’natlangandir.


8–BOB

Yaxshi yurt haqida

1 Bugun men sizlarga berayotgan amrlarni bitta qoldirmay bajaringlar, shunda yashaysizlar, ko‘payasizlar. Egamiz ota–bobolaringizga qasam ichib, beraman, deb va’da qilgan yurtga kirasizlar. O‘sha yurtni mulk qilib olasizlar. 2 Egangiz Xudo qirq yil davomida sizni sahrodan olib yurdi, o‘sha uzoq safarni yodingizda tutinglar. Egamiz yuragingizda nima borligini, Uning amrlarini bajarishingizni yoki bajarmasligingizni bilishi uchun sizlarni qiyinchiliklarga duchor qilib, sinadi. 3 U sizlarni och qoldirdi, so‘ng o‘zlaringiz ko‘rmagan, ota–bobolaringiz ham ko‘rmagan manna* bilan qorningizni to‘ydirdi. U sizlarga inson faqat non bilan emas, balki Egamizning og‘zidan chiqqan har bir so‘z bilan hayot ekanini o‘rgatish uchun shunday qildi. 4 Mana shu qirq yil davomida kiyimlaringiz eskirib ketmadi, oyog‘ingiz ham shishmadi. 5 Endi shuni bilinglarki, inson farzandini qanday tarbiyalasa, Egangiz Xudo ham sizlarni shunday tarbiyalaydi.

6 Egangiz Xudoning amrlariga rioya qilinglar. U ko‘rsatgan yo‘ldan yuringlar. Undan qo‘rqinglar. 7 U sizlarni hosildor yurtga olib boradi, u yerda irmoqlar, buloqlar, vodiy va qirlarda yer ostidan chiqadigan suvlar bor. 8 Bug‘doy, arpa, uzum, anjir, anor, zaytun moyi va asal o‘sha yurtda mo‘ldir. 9 U yerda to‘yib non yeysizlar, hech narsaga muhtoj bo‘lmaysizlar. U yer shunday bir yurtki, qoyalardan temir, qirlaridan mis chiqarasizlar. 10 O‘sha yerda yeb to‘yganingizda, sizlarga bergan hosildor yurt uchun Egangiz Xudoni olqishlanglar.

Egamizni unutmaslik haqida ogohlantirish

11 Hushyor bo‘linglar, men bugun sizlarga aytayotgan Egamizning amrlarini, farmonlar va qonun–qoidalarini bajarmay qo‘ymanglar. Egangiz Xudoni esingizdan chiqarmanglar. 12 Yeb, to‘yganingizda, chiroyli uylar qurib, joylashganingizda, 13 mol, qo‘ylaringiz, oltin–kumushingiz va barcha mulkingiz ko‘payganda, 14 gerdayib ketmanglar. Sizlarni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Egangiz Xudoni esingizdan chiqarmanglar. 15 U sizlarni zaharli ilonlar, chayonlarga to‘la o‘sha bahaybat va qo‘rqinchli sahrodan, suvsiz, taqir joylardan olib o‘tdi. U yerda sizlar uchun qoyadan suv chiqardi*. 16 Ota–bobolaringiz bilmagan manna bilan sahroda qorningizni to‘yg‘izdi.

Oqibatda sizlarga yaxshilik keltirish uchun sizlarni qiyinchiliklarga duchor qilib, sinadi.

17 Xayolingizda: “O‘z kuch–qudratim bilan mana shu boylikni topdim”, demanglar.

18 Ammo Egangiz Xudoni doimo yodingizda tutinglar. Zero, boylikni topishga kuch bergan Egangizdir. Shunday qilib, U ota–bobolaringiz bilan qasam ichib, qilgan ahdini bugun bajarmoqda. 19 Bugun men sizlarni jiddiy ogohlantiryapman. Agar Egangiz Xudoni unutib boshqa xudolarga ergashsangizlar, ularga xizmat qilib, sig‘insangizlar, sizlar albatta yo‘q bo‘lasizlar. 20 Egangiz Xudo boshqa xalqlarni oldingizdan yo‘q qilgani kabi, Uning amrlariga quloq solmaganingiz uchun sizlarni ham yo‘q qiladi.


9–BOB

Xalqning itoatsizligi

1 Quloq sol, ey Isroil! Bugun Iordan daryosining narigi tomoniga* o‘tasizlar.

O‘zlaringizdan ko‘proq va kuchliroq bo‘lgan xalqlarning yerlarini mulk qilib olasizlar. Ularning ulkan shaharlari osmono‘par devorlar bilan o‘ralgan. 2 O‘sha kuchli, bo‘yi baland xalq Onoq avlodidandir*. Ularni o‘zlaringiz bilasizlar, “Onoq avlodiga kim ham bas kela olardi?!” degan gaplarni eshitgansizlar. 3 Bugun shuni bilib qo‘yinglarki, Egangiz Xudo yamlamay yutadigan olovday sizlarning oldingizda boradi. Xudo Onoq avlodini mag‘lub qilib, sizlarga itoat ettiradi. Shunda Egamiz bergan va’daga ko‘ra, ularni bir lahzada quvib, yo‘q qilasizlar.

4 Egangiz Xudo ularni sizlarning oldingizdan haydaganda, o‘zingizcha: “Egam solihligim uchun bu yerni menga berdi”, deb aytmanglar. Bu xalqlar fosiq bo‘lgani uchun Egamiz ularni sizlarning oldingizdan haydayapti. 5 Sizlar solihligingiz uchun, yuragingiz to‘g‘ri bo‘lgani uchun ularning yeriga borib egalik qilmayapsizlar. Yo‘q! Bu xalqlarning fosiqligi tufayli Egangiz Xudo ularni oldingizdan haydayapti. Shu yo‘l bilan otalaringiz Ibrohim, Is’hoq va Yoqubga Egangiz ont ichib bergan va’dasini bajaradi. 6 Shuni bilib qo‘yinglarki, Egangiz Xudo bu hosildor yurtni sizlarga solih bo‘lganingiz uchun bermayapti. Sizlar solih emas, o‘jar xalqsiz.

7 Egangiz Xudoni sahroda qanchalar g‘azablantirganingizni yodingizda tutinglar, aslo unutmanglar. Misrdan chiqqan kundan boshlab, mana shu yerga yetib kelguningizcha Egamizga qarshilik qilib keldingizlar. 8 Sinay tog‘ida* ham Egamizning g‘azabini keltirganingizda, U shunday g‘azablandiki, sizlarni yo‘q qilib yuboray dedi. 9 Men tosh lavhalarni, ya’ni Egamiz sizlar bilan qilgan ahd* lavhalarini olgani toqqa chiqdim. Qirq kechayu qirq kunduz tog‘da bo‘ldim, u yerda na non yedim, na suv ichdim. 10 Egamiz menga O‘z qo‘li bilan yozgan ikkita tosh lavhani berdi. Tog‘da yig‘ilgan kuningiz Egamiz sizlarga olov ichidan aytgan amrlarning hammasi tosh lavhalarga yozilgan edi. 11 Qirq kechayu qirq kunduzdan keyin Egamiz menga ahd so‘zlari yozilgan ikkita tosh lavhani berdi.

12 Keyin Egamiz menga: “Qani bo‘l, bu yerdan tez pastga tush! O‘zing Misrdan boshlab olib chiqqan xalq yo‘ldan ozdi. Men sizlarga amr qilgan yo‘ldan darrov toyib, o‘zlariga but yasadi”, — dedi.

13 Egamiz menga yana shunday dedi: “Bu xalq haqiqatan ham o‘jar ekanligini ko‘rib turibman. 14 Endi Meni to‘xtatma. Hammasini halok qilaman, ularning nomini yer yuzidan o‘chiraman. Ulardan ham ko‘proq, kuchliroq xalqni sendan yarataman.”

15 Men tog‘dan qaytib tushdim. Tog‘ olov bo‘lib yonar, ahdning ikkita tosh lavhasini qo‘llarimga ko‘tarib olgan edim. 16 Qarasam, sizlar Egangiz Xudoga qarshi gunoh qilibsizlar, o‘zlaringizga buzoq shaklidagi butni yasab olibsizlar. Birpasda Egamiz

sizlarga amr qilgan yo‘ldan toyibsizlar. 17 Shunda qo‘llarimdagi ikkala tosh lavhani otib yubordim. Ularni ko‘z oldingizda sindirdim. 18 Egamiz oldida yuz tuban muk tushib, oldingiday* qirq kechayu qirq kunduz non yemay, suv ichmay iltijo qildim, chunki sizlar gunoh qilgan edingizlar. Egamiz oldida qabih ish qilib, Uni g‘azablantirgan edingizlar.

19 Egamiz g‘azablanib, sizlarni yo‘q qilmoqchi bo‘ldi. Men Uning g‘azabidan qo‘rqdim. Lekin Egamiz bu safar ham mening iltijolarimga quloq soldi. 20 Egamiz Horundan ham g‘azablanib, uni halok qilmoqchi bo‘ldi, lekin men o‘shanda Horun uchun ham Egamizga yolvordim. 21 Sizlar butni yasab gunoh qildingiz, shuning uchun men butni olovda yondirdim. Tuproqday maydalab ezib, kukunini tog‘dan oqib tushayotgan irmoqqa tashlab yubordim. 22 Sizlar Taverada* ham, Massax* va Xivrut–Xattavoda* turganingizda ham Egamizni g‘azablantirgan edingiz. 23 Egamiz sizlarni Kadesh–Barnadan jo‘natganda ham, sizlarga: “Boringlar, Men sizlarga beradigan yerni mulk qilib olinglar”, deb amr qilganda, sizlar Egangiz Xudoning amriga qarshilik qildingizlar*. Unga ishonmadingizlar, quloq solmadingizlar. 24 Men sizlarni taniganimdan buyon, sizlar Egamizga qarshi bosh ko‘tarasizlar.

25 Egamiz sizlarni halok qilmoqchi bo‘lgani uchun Men Egamiz oldida o‘sha qirq kechayu qirq kunduz muk tushib ibodat qilganimda 26 shunday deb yolvorgan edim: “Ey Egamiz Rabbiy! Xalqingni halok qilma. Axir, ular Sening mulking–ku! Sen ularni buyuk kuching bilan qutqarib, qudrating bilan Misrdan olib chiqqansan. 27 Qullaring Ibrohim, Is’hoq va Yoqubni yodingda tut, bu xalqning o‘jarligi, fosiqligi va gunohiga e’tibor berma. 28 Aks holda, Misrliklar shunday deydi: «Anavi xalqning Egasi va’da qilgan yeriga ularni olib kirolmabdi. U O‘zining xalqini yomon ko‘rar ekan, shuning uchun ularni sahroda nobud qilish maqsadida Misrdan olib chiqqan ekan!» 29 Axir, ularni buyuk kuching va ajoyibotlaring bilan Misrdan O‘zing olib chiqqansan, ular Sening xalqingdir.”


10–BOB

Yangi tosh lavhalar

1 Shundan keyin Egamiz menga dedi: “Ikkita tosh lavhani kesib ol. Ular oldingilariga o‘xshagan bo‘lsin. Keyin toqqa Mening oldimga chiq. Yana yog‘ochdan bir Sandiq yasa.

2 Men o‘sha tosh lavhalarga sen sindirgan lavhalardagi amrlarni yozaman. Sen lavhalarni

Sandiqqa solib qo‘yasan.”

3 Shunday qilib, men akas yog‘ochidan* Sandiq yasadim, oldingisiga o‘xshagan ikkita tosh lavhani kesib oldim. Keyin ikkala toshni ko‘tarib, toqqa chiqdim. 4 Egamiz tosh lavhalarga oldingiday o‘nta amrni yozdi. Sizlar tog‘da yig‘ilganingizda o‘sha amrlar Egamiz olov ichidan sizga aytgan so‘zlarning o‘zginasi edi. Egamiz o‘sha lavhalarni menga berdi. 5 Men tog‘dan qaytib tushdim. Egamizning amriga ko‘ra, lavhalarni Sandiqqa soldim. Lavhalar hali ham o‘sha Sandiqda turibdi.

6 (Isroil xalqi Yaqon urug‘iga qarashli quduqlardan* Mosaraxga yo‘l oldi. Horun o‘sha yerda vafot etib*, dafn qilindi. O‘rniga o‘g‘li Elazar ruhoniy bo‘ldi. 7 Isroil xalqi u yerdan Gudgodaxga, Gudgodaxdan oqar suvlar o‘lkasi Yotbotoga borishdi. 8 Egamiz: “Mening Ahd sandig‘imni ko‘tarib yursin, Mening huzurimda xizmat qilsin, Mening ismim bilan odamlarni duo qilsin”, deb o‘shanda Levi qabilasini tanlab olgan edi. Ular bugungacha* ham shu xizmatni ado etib kelmoqdalar. 9 Shuning uchun Levi qabilasiga birodarlari orasidan ulush ham, mulk ham berilmagan. Zotan, Levi qabilasining ulushi Egamizning

O‘zidir. Bu gapni Egangiz Xudoning O‘zi aytdi.)

10 Men yana oldingiday tog‘da qirq kechayu qirq kunduz qoldim. Egamiz bu safar ham mening iltijoimni eshitib, sizlarni halok qilmaydigan bo‘ldi. 11 U menga shunday dedi: “Qani, xalqni boshla. Ularni Men ota–bobolariga qasam ichib va’da bergan yurtga olib bor. Ular o‘sha yurtga borib, uni qo‘lga kiritishsin.”

Xudoning talablari

12 Ey Isroil xalqi! Egangiz Xudo sizlardan bitta narsani talab qiladi: Egangiz Xudodan qo‘rqing, Uning yo‘lidan yuring, Egangiz Xudoni seving, butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan Unga xizmat qiling. 13 Men bugun sizlarga berayotgan Egamizning amru farmonlariga rioya qiling, shunda baxtiyor bo‘lasiz. 14 Osmon va falak toqi, yer yuzi va undagi hamma narsa Egangiz Xudonikidir. 15 Ammo Egamiz faqatgina ota– bobolaringizga qattiq muhabbat qo‘ydi. Mana bugun ko‘rib turganingizday, ularning avlodini, sizlarni barcha xalqlar orasidan tanlab oldi. 16 Yuraklaringizni sunnat qilinglar*, bundan keyin o‘jar bo‘lmanglar. 17 Egangiz Xudo xudolarning Xudosidir, egalarning Egasidir*, buyuk qudratli, qo‘rqinchli Xudodir. U tarafkashlik qilmaydi, pora olmaydi. 18 Yetim va bevalarga adolat qiladi, musofirga mehribonlik qiladi, ularga non va kiyim beradi. 19 Sizlar ham musofirlarga mehribon bo‘linglar, o‘zlaringiz ham Misrda musofir edingizlar. 20 Egangiz Xudodan qo‘rqinglar. Yolg‘iz Unga sajda qilinglar, Unga sodiq bo‘lib, Uning nomi bilan qasam ichinglar. 21 Faqat Unga hamdlar aytinglar, chunki U sizlarning Xudoyingizdir. Sizlar o‘z ko‘zingiz bilan Uning buyuk va qo‘rqinchli alomatlarini ko‘rdingiz. 22 Misrga borgan ota–bobolaringiz yetmish kishi* edi, xolos.

Endi esa Egangiz Xudo sizlarni osmondagi yulduzlar kabi son–sanoqsiz qildi.


11–BOB

Egamizning buyukligi

1 Egangiz Xudoni sevinglar. Har doim Uning amrlariga, qonun–qoidalariga va farmonlariga rioya qilinglar, talablarini bajaringlar. 2 Shuni unutmanglarki, bolalaringiz emas, sizlar Egangiz Xudoning tarbiyasini olgansizlar. Farzandlaringiz Egamizning buyukligini, qudrati va ajoyibotlarini ko‘rmagan. 3 Egamiz Misr fir’avniga va uning butun yurtiga qilgan mo‘jizalaru ishlarini ular bilmaydi. 4 Orqangizdan quvayotgan Misr lashkarini, ot–aravalarini Egamiz Qizil dengizga* cho‘ktirib, tamomila yo‘q qilganini bolalaringiz ko‘rmagan. 5 Shu yerga yetib kelguningizcha sahroda Egamiz sizlar uchun nimalar qilganini ular bilmaydilar. 6 Ruben qabilasidan Eliyobning o‘g‘illari Datan va Aburamni Egamiz nimalar qilganini* bilmaydilar. Butun Isroil xalqining ko‘z o‘ngida yer yorilib ularni, oilalarini, chodirlarini, ularga qarashli barcha jonivorlarni yutib yuborganini bolalaringiz ko‘rmagan. 7 Egamizning qilgan barcha buyuk ishlarini bolalaringiz emas, sizlar o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz.

Va’da qilingan yurtning barakalari

8 Shunday ekan, Men bugun sizlarga berayotgan amrlarning hammasiga rioya qilinglar. Shunda kuchli bo‘lasizlar. Iordan daryosidan kechib, mulk qilib oladigan yurtni qo‘lga kiritasizlar. 9 Egamiz ota–bobolaringizga va ularning avlodiga qasam ichib, va’da bergan sut va asal oqib yotgan yurtda* uzoq yashaysizlar. 10 Sizlar kirib mulk qilib olayotgan bu yer o‘zlaringiz chiqqan Misr yurtiday emas. Misrda sabzavot urug‘ini

o‘zlaringiz ekib, o‘zlaringiz sug‘orar edingizlar*. 11 Sizlar Iordanni kechib o‘tib, mulk qilib oladigan yurtdagi qirlaru vodiylarni esa osmon yomg‘iri sug‘oradi. 12 Egangiz Xudoning O‘zi uni parvarish qiladi. Yil boshidan oxirigacha Egangiz Xudoning ko‘zi doim o‘sha yurtdadir.

13 Bugun men sizlarga berayotgan amrlarga quloq solinglar, Egangiz Xudoni sevinglar, Unga butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan xizmat qilinglar. 14 Shunda U yeringizga kuz va bahor yomg‘irini o‘z vaqtida yog‘diradi. Doningizni, sharobingizni va zaytun moyingizni yig‘ib olasiz*. 15 Egamiz dalalaringizda chorvangiz uchun o‘t o‘stiradi, sizlarning rizqingiz ham but bo‘ladi. 16 Ammo ehtiyot bo‘linglar! Yana vasvasaga tushib, yo‘ldan ozmanglar. Boshqa xudolarga xizmat qilib, sig‘inmanglar. 17 Aks holda, Egamiz sizlardan g‘azablanib, osmonni yopib qo‘yadi, yomg‘ir yog‘maydi, yer hosil bermaydi.

Natijada Egamiz sizlarga mulk qilib berayotgan yaxshi yurtdan tez qirilib ketasizlar.

18 Mening bu so‘zlarimni yuragingiz va qalbingizda saqlanglar. Bularni qo‘lingizga belgi qilib bog‘langlar, peshanangizga nishona qilib taqib olinglar. 19 Bularni bolalaringizga o‘rgatinglar. Uyda o‘tirganda ham, yo‘lda yurganda ham, yotganingizda, turganingizda ham shular haqida gapiringlar. 20 Eshigingiz kesakisiga, darvozalaringizga yozib qo‘yinglar, 21 toki Egamiz ota–bobolaringizga qasam ichib, mulk qilib beraman, deb va’da qilgan yurtda o‘zlaringiz ham, farzandlaringiz ham uzoq umr ko‘ringlar.

Osmon yer ustida qancha tursa, o‘sha yurtda shuncha yashanglar.

22 Men bugun sizlarga aytayotgan amrlarni bitta qoldirmay bajarsangiz, Egangiz Xudoni sevsangiz, Uning yo‘lidan yursangiz, Unga sodiq bo‘lsangiz, 23 Egamiz bu yurtdagi xalqlarning hammasini sizlarning oldingizdan haydaydi. Sizlar o‘zingizdan ko‘proq va qudratliroq xalqlarning yurtlarini egallab olasiz. 24 Oyog‘ingiz tekkan har qanday yer sizniki bo‘ladi. Chegarangiz janubdagi sahrodan to shimoldagi Lubnongacha, sharqdagi Furot daryosidan to g‘arbdagi O‘rta yer dengizigacha cho‘ziladi. 25 Sizlarga hech kim bas kela olmaydi. Egangiz Xudo sizlarga va’da berganday, qadamingiz yetib borgan yerdagi hammani sizlardan qo‘rqadigan, vahimaga tushadigan qilib qo‘yadi.

26 Mana bugun men sizlarga barakani yoki la’natni tanlang, deyapman. 27 Men bugun sizlarga aytayotgan Egangiz Xudoning amrlarini bajarsangiz, baraka topasiz. 28 Bordi– yu, Uning amrlariga quloq solmasangiz, bugun sizlarga buyurayotgan yo‘ldan ozsangiz, oldin bilmagan xudolarga ergashsangiz, la’nati bo‘lasiz.

29 Egangiz Xudo o‘zlaringizga mulk qilib berayotgan yerga sizlarni olib kirganda, Garizim tog‘idan barakalarni aytinglar, Ebal tog‘idan* la’natlarni aytinglar. 30 Bu ikkala tog‘ Iordanning kunbotar tomonida joylashgan. Ular Iordan vodiysida* yashaydigan Kan’onliklar yurtida, Gilgal yaqinida, Mo‘redagi emanzor yonidadir. 31 Iordandan kechib o‘tib, Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib beradigan yurtni olasizlar. U yerni qo‘lga kiritib joylashib olganingizda, 32 men bugun sizlarga aytayotgan Uning hamma farmonlari va qonun–qoidalarini bitta qoldirmay bajaringlar.


12–BOB

Kan’on yurtida rioya qilinadigan qonun–qoidalar

1 Ota–bobolaringizning Xudosi — Egangiz sizlarga mulk qilib berayotgan yurtda bajarishingiz lozim bo‘lgan farmonlar va qonun–qoidalar quyidagilardan iboratdir. Bularni bitta qoldirmay bajaringlar. 2 Sizlar boradigan yurtdagi xalqlar boshqa

xudolarga sig‘inadi. Ularning yurtini qo‘lga kiritganingizdan keyin tog‘ cho‘qqilaridagi, qirlardagi va har bir yashil daraxt ostidagi sajdagohlarini buzib, yo‘q qilinglar.

3 Qurbongohlarini buzinglar, butsimon toshlarini parchalab tashlanglar, Asheraga* atalgan ustunlarni yondiringlar, butlarini chopib tashlab, xudolarining nomini u yerdan yo‘q qilinglar.

Sajda qilish uchun yagona joy

4 Sizlarning Egangiz Xudoga sajda qilishingiz o‘sha xalqlarning sajdasiga

o‘xshamasin. 5 Egangiz Xudo ulug‘lanishi uchun barcha qabilalaringiz orasidan O‘ziga bir joy tanlaydi. Sizlar o‘sha joyda Unga sajda qilinglar. 6 U yerga kuydiriladigan va boshqa qurbonliklarni, ushrlaringizni*, ehsonlaringizni, bergan va’dangizga muvofiq qilinadigan nazrlaringizni, ko‘ngildan chiqarib beradigan qurbonliklaringizni, mol–qo‘ylaringizning birinchi tug‘ilgan bolalarini* olib boringlar. 7 U yerda, Egangiz Xudoning huzurida oilalaringiz bilan yeb, Egangiz Xudo hamma ishingizga bergan barakadan sevininglar.

8 U yerda biz hozir qilayotgan ishlarni qila ko‘rmanglar. Bu yerda hamma ko‘ngliga ma’qul kelganini qilyapti. 9 Chunki Egangiz Xudo sizga mulk qilib beradigan yerga hali kirmadingiz, osoyishta hayotga erishmadingiz. 10 Ammo ko‘p o‘tmay sizlar Iordan daryosidan o‘tasizlar, Egangiz Xudo mulk qilib beradigan yurtda joylashasizlar. U dushmanlaringizni yengib, sizlarga har tarafdan osoyishtalik ato qiladi, sizlar xavf– xatarsiz yashaysizlar. 11 Shunda Egangiz Xudo O‘zi ulug‘lanishi uchun tanlaydigan joyga men amr qilgan nazru qurbonliklaringizni olib boringlar. Kuydiriladigan va boshqa qurbonliklaringizni, ushrlaringizni, ehsonlaringizni, bergan va’dangizga muvofiq qilinadigan a’lo nazrlaringizni Egamizga atab, o‘sha yerga olib boringlar. 12 Egangiz Xudo huzurida o‘zlaringiz, o‘g‘illaringiz, qizlaringiz, qullaringiz, cho‘rilaringiz, shahringizdagi Levi qabilasidan bo‘lganlar bilan xursandchilik qilinglar. Chunki levilarning siznikiga o‘xshagan ulushi ham, mulki ham yo‘qdir. 13 Ehtiyot bo‘linglar, kuydiriladigan qurbonligingizni duch kelgan joyda qilavermanglar. 14 Ularni faqat Egamiz qabilalaringiz orasidan tanlagan joyda qilinglar. Men sizlarga amr qilganning hammasini o‘sha yerda ado etinglar.

15 Bordi–yu, go‘sht yemoqchi bo‘lsangiz, hayvonni istagan paytingizda, Egangiz Xudo bergan barakaga yarasha, xohlagan shahringizda so‘yib, yeyishingiz mumkin. Odam pok bo‘lsa ham, harom bo‘lsa ham, kiyik va ohu go‘shtini yeganday, bu go‘shtdan yeyaversin. 16 Faqat qonni iste’mol qilmanglar, uni suvday yerga to‘kib tashlanglar. 17 Nazru qurbonliklaringizni shaharlaringizda yemanglar. Doningiz, sharobingiz va zaytun moyingizning o‘ndan bir qismini, mol, qo‘yingizning birinchi tug‘ilgan bolasini, bergan va’dangizga muvofiq qilinadigan nazrlaringizni, ko‘ngildan chiqarib beradigan qurbonliklaringizni, ehsonlaringizni 18 faqat Egangiz Xudo tanlagan joyda yenglar.

Bularni Uning huzurida o‘g‘lingiz, qizingiz, qullaringiz, cho‘rilaringiz, shahringizdagi

levilar bilan birga yeb, Egangiz Xudo ishingizga bergan barakadan sevininglar.

19 Yurtingizda yashar ekansiz, ehtiyot bo‘linglar, levilarni unutib qo‘ymanglar.

20 Egangiz Xudo sizlarga bergan va’daga ko‘ra, yerlaringizni kengaytiradi. Shunda ko‘nglingiz go‘shtni tusab: “Go‘sht yegim kelyapti”, deb aytsangiz, xohlaganingizcha go‘sht yeysiz. 21 Egangiz Xudo O‘zi ulug‘lanishi uchun tanlaydigan joy sizlar turgan joydan uzoqda bo‘lsa, men buyurganimday, U sizlarga bergan mol yoki qo‘ylardan so‘yib, shahringizda xohlaganingizcha go‘sht yesangiz bo‘ladi. 22 Pok yoki harom odam

bu go‘shtni ohu yoki kiyik go‘shtini yeganday tanovul qilaversin*. 23 Qonni esa aslo iste’mol qilmanglar, chunki qon jondir, jonni go‘sht bilan birga yemanglar. 24 Qonni iste’mol qilmay, suv singari, yerga to‘kib tashlanglar. 25 Sizlar ham, farzandlaringiz ham, qonni iste’mol qilmanglar, shunda baxtiyor bo‘lasizlar. Egamizning oldida ma’qul ish qilgan bo‘lasizlar. 26 Egamizga atagan ehsonlaringizni va va’da qilgan nazrlaringizni U tanlagan joyga olib boringlar. 27 Kuydiriladigan qurbonliklaringizni, ularning qonini, go‘shtini Egangiz Xudoning qurbongohida keltiringlar. Boshqa qurbonliklaringizning qonini ham Egangiz Xudoning qurbongohi yoniga to‘kinglar, go‘shtini esa yesangiz bo‘ladi. 28 Men berayotgan bu amrlarni bitta qoldirmay bajaringlar. Shunda o‘zlaringiz ham, sizlardan keyingi farzandlaringiz ham to abad baxtli bo‘lasizlar. Negaki, Egangiz Xudoning oldida to‘g‘ri, yaxshi ishlarni qilgan bo‘lasizlar.

Butparastlikka qarshi ogohlantirish

29 Sizlar yurtga kirib, u yerning xalqlariga hujum qilganingizda, Egangiz Xudo ularni yo‘q qiladi. Sizlar ularning yerlariga joylashasizlar. 30 Shunda ehtiyot bo‘linglar, ularning udumlarini qilib, tuzoqqa tushib qolmanglar. “Bu xalqlar xudolariga qanday xizmat qilgan ekan–a?! Men ham ularday qilaman”, deb ularning xudolari haqida surishtirmanglar. 31 Ularga xos usul bilan Egangiz Xudoga sig‘inmanglar. Axir, ular o‘z xudolariga sig‘inganlarida jirkanch ishlar qiladilar, Egamiz esa bunday ishlardan nafratlanadi. Ular hatto o‘g‘il–qizlarini xudolariga qurbonlik qilib, olovda yondiradilar.

32 Men sizlarga bergan amrlarni bitta qoldirmay bajaringlar. Bu amrlarga hech narsa

qo‘shmanglar ham, olib tashlamanglar ham.


13–BOB

1 Agar orangizda biror payg‘ambar yoki tush ta’birlovchi paydo bo‘lib: “Alomat yoki mo‘jiza ko‘rsataman”, deb aytsa, 2 uning aytganlari bajo bo‘lsa, keyin u: “Yur, sen bilmagan boshqa xudolarga ergashaylik, ularga xizmat qilaylik”, desa, 3 o‘sha payg‘ambar yoki tush ta’birlovchining so‘zlariga quloq solmanglar. Egangiz Xudo: “Qani bilay–chi, ular butun qalbi bilan, jonu dili bilan Meni sevadimi yoki yo‘qmi”, deb sizlarni sinayotgan bo‘ladi. 4 Sizlar faqatgina Egangiz Xudoga ergashinglar. Undan qo‘rqinglar, Uning amrlariga itoat etinglar. Egangizga quloq solinglar, Unga xizmat qilinglar, Unga sodiq bo‘linglar. 5 Egangiz Xudo sizni Misr yurtidan olib chiqqan, Misrdagi qullikdan ozod qilgan. O‘sha payg‘ambar yoki tush ta’birlovchi esa sizni Xudoyingizdan yuz o‘girtirishga harakat qildi. Egangiz Xudo amr qilgan yo‘ldan sizni ozdirmoqchi bo‘ldi.

Shuning uchun uni o‘ldiringlar. Orangizdan yomonlikni yo‘q qilinglar.

6 Hatto aka–ukangiz yoki o‘g‘lingiz, qizingiz, sevikli xotiningiz yo jonajon do‘stingiz sizni yashirincha o‘zingiz bilmagan, ota–bobolaringiz ham bilmagan begona xudolarga sajda qilishga undashi mumkin. 7 Atrofingizda yashayotgan uzoq–yaqindagi, yerning bu chetidan narigi chetigacha o‘rnashgan xalqlarning xudolariga sig‘inishga undashi mumkin. 8 Ammo sizlar rozi bo‘lmanglar. Bunday odamga quloq solmanglar, unga rahm–shafqat qilmanglar, uning yonini olmanglar. 9 Uni o‘ldiringlar. Birinchi bo‘lib sen, keyin butun xalq unga tosh otinglar. 10 Uni toshbo‘ron qilib o‘ldiringlar. Chunki u sizlarni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Egangiz Xudodan yuz o‘girishga undadi. 11 Bu voqeani Isroil xalqi eshitib qo‘rqadi, bundan keyin orangizda bunday qabihlik qilinmaydi.

12 Egangiz Xudo sizlarga yashash uchun berayotgan shaharlarning birortasida

13 manfur odamlar chiqib, ular shahar ahlini: “Yuringlar, o‘zlaringiz bilmagan boshqa xudolarga xizmat qilaylik”, deb yo‘ldan urganini eshitsangiz, 14 so‘rab–surishtiringlar, yaxshilab tekshiringlar. Bu jirkanch voqea haqiqatan yuz bergan bo‘lib, eshitganlaringiz rost bo‘lib chiqsa, 15 o‘sha shaharning butun aholisini, hayvonlarigacha qilichdan o‘tkazinglar. Shaharni va undagi hamma narsani butunlay vayron qilinglar. 16 O‘ljalarni maydon o‘rtasiga yig‘inglar. Shaharni va u yerdagi hamma o‘ljani Egangiz Xudoga bag‘ishlab, yondirib tashlanglar. U joy abadiy vayronaga aylansin, hech qachon qayta tiklanmasin. 17 Yondiriladigan narsalardan hech birini o‘zingizga olmanglar. Shunda Egamiz g‘azabidan tushadi, sizlarga mehr–shafqat ko‘rsatadi, rahm qiladi, ota– bobolaringizga qasam ichib va’da berganiday sizlarni ko‘paytiradi. 18 Shuning uchun sizlar Egangiz Xudoga quloq solishingiz kerak. Men bugun sizlarga berayotgan Uning amrlariga itoat etib, Uning oldida to‘g‘ri ishlar qilishingiz kerak.


14–BOB

Azadorlarga man etilgan odatlar

1 Sizlar Egangiz Xudoning farzandlarisiz. Marhumga aza tutganingizda badaningizni tilmang, sochingizning oldini qirmang*. 2 Sizlar Egangiz Xudoning muqaddas xalqisiz. Egamiz yer yuzidagi barcha xalqlar orasidan sizlarni O‘z xalqi, O‘z xazinasi qilib tanlab oldi.

Halol va harom hayvonlar

3 Jirkanch hayvonlarning go‘shtini yemang. 4 Mana bu hayvonlarni* yesangiz bo‘ladi: mol, qo‘y, echki, 5 ohu, kiyik, bug‘u, yovvoyi echki, zubr, jayron, arxar. 6 Ayri tuyoq va kavsh qaytaradigan har qanday hayvonni tanovul qilishingiz mumkin. 7 Lekin kavsh qaytaradigan yoki ayri tuyoq hayvonlardan tuya, quyon va sug‘urni yemanglar, ular kavsh qaytarsa ham, tuyog‘i ayrilmagan. Bu hayvonlar sizlar uchun haromdir.

8 Cho‘chqani ham yemanglar, uning tuyog‘i ayrilgan, lekin kavsh qaytarmaydi. U sizlar uchun haromdir. Bu hayvonlarning go‘shtini yemanglar, murdasiga ham tegmanglar.

9 Suvda yashaydigan suzgichi va tangachalari bor har qanday jonivorni yesangiz

bo‘ladi. 10 Suzgichi va tangasi bo‘lmaganlarini yemang, ular sizga haromdir.

11 Halol qushlardan xohlaganingizning go‘shtini yesangiz bo‘ladi. 12 Quyidagi qushlarning go‘shtini yeyish mumkin emas: qumoy, boltayutar, tasqara, 13 qirg‘iy, qizil kalxat va uning zoti, 14 qarg‘a zoti, 15 tuyaqush, lochin, quloqli ukki, qarchig‘ay va uning zoti, 16 yapaloq qush, boyo‘g‘li, oq boyo‘g‘li, 17 birqozon, jo‘rchi, baliqchi ukki, 18 laylak, oq qarqara va uning zoti, sassiqpopishak, ko‘rshapalak. 19 Qanotli hasharotlar sizlarga haromdir, ularni yemanglar. 20 Ammo ba’zi turdagi qanotli hasharotlarni yeyishingiz mumkin*.

21 O‘limtikni yemang, uni shahringizda yashagan musofirga bering, u yeyaversin, yoki o‘limtikni begonaga soting, sizlar Egangiz Xudoning muqaddas xalqisiz.

Uloqchani o‘z onasining sutida qaynatmang*.

Ushr berish haqida qonun

22 Har yili dalangizda o‘sadigan hamma narsadan, ekiningizning hosilidan o‘ndan birini ajratinglar. 23 Bu ushrlaringizni* Egangiz Xudo O‘zi ulug‘lanishi uchun tanlaydigan joyga olib boringlar. Doningiz, sharobingiz va zaytun moyingizning ushrlarini, mol va

qo‘ylaringizning birinchi tug‘ilgan bolalarini Uning huzurida yenglar. Shunday qilib, Egangiz Xudodan har doim qo‘rqishni o‘rganasizlar. 24 Agar Egangiz Xudo tanlaydigan bu joy sizdan uzoq bo‘lsa, shu sababdan Egangiz bergan barakaning ushrini u yerga olib bora olmasangiz, 25 o‘sha narsalaringizni kumushga almashtiring. Kumushni olib, Egangiz Xudo tanlaydigan joyga boring. 26 Mana shu kumushga ko‘nglingiz tusagan narsani: mol, qo‘y, sharob, o‘tkir ichimlik va ko‘nglingiz xohlagan hamma narsani sotib olib, u yerda Egangiz Xudo huzurida yeb, oilalaringiz bilan xursandchilik qilinglar.

27 Shahringizda yashagan levilarni unutib qo‘ymanglar, ularning siznikiga o‘xshagan ulushi ham, mulki ham yo‘qdir. 28 Har uchinchi yil oxirida o‘sha yili olgan hosilingizning o‘ndan bir qismini to‘liq olib, shahringizdagi omborlarda saqlab qo‘yinglar. 29 Ulushi ham, mulki ham bo‘lmagan shahringizdagi levilar, shuningdek, musofir, yetim va bevalar kelib, yeb to‘yadi. Shunda qilgan har bir ishingizga Egangiz Xudo baraka beradi.


15–BOB

Yettinchi yil

1 Har yettinchi yilning oxirida qarzlaringizdan kechinglar. 2 Qarzdan kechish shundan iboratki, yaqiniga qarz bergan odam qarzidan kechsin. Isroil xalqidan bo‘lgan birodaridan o‘sha qarzini so‘ramasin, chunki Egamiz qarzdan kechishni e’lon qildi.

3 Begonadan qarzingizni so‘rasangiz bo‘ladi. Isroil xalqidan bo‘lgan birodaringizdan esa qarzingizni so‘ramang.

4 Sizlarning orangizda kambag‘al bo‘lmaydi. Egangiz Xudo mulk qilib berayotgan yurtda sizlarga baraka beradi. 5 Faqat Egangiz Xudoga itoat etib, Men bugun sizlarga berayotgan mana shu amrlarni bitta qoldirmay bajarishingiz kerak. 6 Egangiz Xudo O‘zi va’da qilganday, sizlarga baraka berganda, ko‘p xalqlarga qarz berasiz, o‘zingiz esa ulardan qarz olmaysiz. Ko‘p xalqlar ustidan hukmronlik qilasiz, ular esa sizlarning ustingizdan hukmronlik qilmaydi.

7 Egangiz Xudo sizga beradigan yurtdagi shaharlaringizning birida Isroil xalqidan birortasi kambag‘al bo‘lsa, unga nisbatan bag‘ritoshlik qilmang, ziqna bo‘lmang. 8 Ochiq qo‘l bo‘ling, unga kerakli narsani yetarlicha qarzga bering. 9 Ehtiyot bo‘ling, ko‘nglingizda yomon niyat qilmang, yettinchi yil, qarzdan kechish yili kelyapti, deb kambag‘al birodaringizga nafrat bilan qaramang, unga yo‘q demang. Aks holda, birodaringiz Egamizga sizdan noliydi, natijada siz gunoh orttirib olasiz. 10 Unga saxiylik bilan qarz bering, buning uchun achinmang. Shunda Egangiz Xudo har bir ishingizga baraka beradi. 11 Yer yuzida har doim kambag‘allar bo‘ladi. Shuning uchun sizlarga amrim shuki, yurtingizdagi kambag‘al, muhtoj birodaringizga ochiq qo‘l bo‘ling.

Qullarga bo‘lgan munosabat

12 Birodaringizdan ibroniy erkak yoki ayol sizga o‘zini sotsa*, olti yil xizmat qilsin, yettinchi yili uni ozod qilishingiz kerak. 13 Uni ozod qilganingizda, quruq jo‘natmang. 14 Unga saxiylik bilan mol–qo‘yingizdan, don, sharobingizdan bering, Egangiz Xudo sizlarga ato etgan barakadan bering. 15 Yodingizda tuting: sizlar ham Misr yurtida qul

bo‘lgansiz, Egangiz Xudo sizlarni ozod qilgan. Shuning uchun men bugun sizlarga o‘sha

amrni berdim.

16 Agar qulingiz, sizni, oilangizni yaxshi ko‘raman, sizning xonadoningizda o‘zimga to‘qman, siznikidan ketmayman, deb aytsa, 17 uni uyingiz eshigi yoniga olib boring.

Qulog‘ini eshikka qo‘yib, bigiz bilan teshing. Shunda u bir umr sizning qulingiz bo‘ladi, cho‘ringizni ham shunday qiling.

18 Qulingizni ozod qilayotganingizda afsuslanmang, chunki u olti yil ichida mardikorning haqiga arziydigan mehnatni qildi. Uni ozod qilsangiz, Egangiz Xudo qilgan har bir ishingizga baraka beradi.

Hayvonlarning birinchi tug‘ilgan bolalari

19 Mol–qo‘ylaringizning birinchi tug‘ilgan erkagini Egangiz Xudoga bag‘ishlang. Birinchi tug‘ilgan buqangizni ishlatmang, birinchi tug‘ilgan qo‘yingizning yungini olmang. 20 Bularning go‘shtini Egamiz tanlaydigan joyda, o‘zingiz oilalaringiz bilan birga har yili Uning huzurida yenglar. 21 Agar o‘sha hayvon cho‘loq yoki ko‘r bo‘lsa yo uning boshqa bir nuqsoni bo‘lsa, uni Egangiz Xudoga qurbonlik qilmang. 22 Uni shaharlaringizda yeyaveringlar. Pok odam ham, harom odam ham, ohu va kiyikni yeganday, uning go‘shtini yesa bo‘ladi. 23 Faqat qonini iste’mol qilmang. Qonni suv singari, yerga to‘kib tashlang.


16–BOB

Fisih ziyofati va Xamirturushsiz non bayrami

1 Abib oyida* Egangiz Xudoning Fisih ziyofatini nishonlanglar. Egangiz Xudo sizlarni Misrdan Abib oyida tunda olib chiqqan. 2 Egamiz O‘zi ulug‘lanishi uchun tanlaydigan joyga boringlar, mol va qo‘ylaringizdan Egangiz Xudoga Fisih qurbonligini keltiringlar.

3 Qurbonlik go‘shtiga xamirturushli non qo‘shib yemanglar. Sizlar Misrdan shoshilinch chiqib ketganingizda xamirturushsiz non yegan edingizlar, shuning uchun yetti kun davomida xamirturushsiz non yenglar*. Bu nonni mashaqqatli kunlarda yeyiladigan non deb atashadi. O‘sha nonni yenglar, shunda Misrdan chiqqan kuningizni bir umr yodingizda tutasizlar. 4 Yetti kun davomida yurtingizning biror joyida xamirturush bo‘lmasin. Bayramning birinchi kuni kechqurun keltirgan qurbonligingiz go‘shtidan ertalabgacha hech nima qolmasin.

5 Egangiz Xudo sizlarga berayotgan shaharlarning birontasida Fisih qurbonligini keltirish mumkin emas. 6 Fisih qurbonligini faqatgina Egangiz O‘zi ulug‘lanishi uchun tanlaydigan joyda keltiringlar. Buni quyosh botadigan paytda, sizlar Misrdan chiqqan soatlarda qilinglar. 7 Egangiz Xudo tanlaydigan joyda qurbonligingizni pishirib yeb, ertalab chodirlaringizga qaytib ketaveringlar. 8 Keyingi olti kun davomida xamirturushsiz non yenglar. Yettinchi kun Egangiz Xudoga bag‘ishlangan muqaddas yig‘in bo‘ladi. Shu kuni hech qanday ish qilmanglar.

Hosil bayrami

9 Hosilga* o‘roq solingan kundan boshlab yetti haftani sananglar. 10 Keyin Egangiz Xudo bergan barakaga yarasha ko‘ngildan chiqarib nazr qilinglar. Egangiz Xudo uchun Hosil bayramini* nishonlanglar. 11 O‘zlaringiz, o‘g‘illaringiz, qizlaringiz, qullaringiz, cho‘rilaringiz, shahringizdagi levilar, orangizdagi musofirlar, yetim va bevalar bilan birga Egangiz Xudo oldida xursandchilik qilinglar. Bularni Egangizning O‘zi ulug‘lanishi uchun tanlaydigan joyda o‘tkazinglar. 12 Misrda qul bo‘lganingizni esingizdan chiqarmasdan, mana shu qonun–qoidalarni bitta qoldirmay bajaringlar.

Chayla bayrami

13 Doningizni yanchib, sharobingizni tayyorlab olganingizdan keyin* yetti kun davomida Chayla bayramini nishonlanglar. 14 Bayramda o‘g‘illaringiz, qizlaringiz, qul va cho‘rilaringiz, shahringizda istiqomat qilayotgan levilar, musofirlar, yetim va bevalar bilan birga xursandchilik qilinglar. 15 Egangiz Xudo tanlagan joyda yetti kun davomida Unga atab bayram qilinglar. Egangiz Xudo hosilingizga va qilgan har bir ishingizga baraka beradi. Shu tariqa, albatta xursandchilik qilinglar.

16 Xamirturushsiz non bayramini, Hosil bayramini va Chayla bayramini nishonlash uchun barcha erkaklaringiz yilda uch marta Egangiz Xudo tanlagan joyga, Uning huzuriga kelsin. Hech kim Egamizning oldiga quruq kelmasin. 17 Har biringiz Egangiz Xudo bergan barakaga yarasha in’om keltiringlar.

Odil hukm

18 Egangiz Xudo sizlarga beradigan har bir shaharga hakamlar va nazoratchilar tayinlanglar. Ular xalqni adolat bilan hukm qilsin. 19 Hukm qilayotganda adolatsizlik qilmasin, tarafkashlik qilmasin, pora olmasin. Pora donolarning ko‘zini ko‘r qiladi, haqlarni nohaqqa chiqaradi. 20 Adolatga, faqat adolatga ergashing. Shunda yashaysizlar, Egangiz Xudo beradigan yurtga egalik qilasizlar.

21 Egangiz Xudo uchun quradigan qurbongoh yoniga Asheraga* atalgan ustunlarni yoki 22 butsimon toshlarni o‘rnatmanglar. Egangiz Xudo bulardan nafratlanadi.


17–BOB

1 Nuqsoni yoki kamchiligi bor mol–qo‘ylarni Egangiz Xudoga qurbonlik qilmanglar.

Bu Egangiz Xudoga jirkanchdir.

2 Egangiz Xudo sizga berayotgan shaharlarning birida orangizdan birorta erkak yoki ayol Egangiz oldida qabihlik qilib, Uning ahdini buzsa, 3 begona xudolarga xizmat qilsa, o‘sha xudolarga yoki quyoshga, oyga va samoviy jismlarga topinsa, taqiqlangan bu ishlarni qilsa, 4 bu voqeadan sizlar xabardor bo‘lsangiz, eshitganlaringizni yaxshilab tekshiringlar. Isroil xalqi orasida haqiqatan ham bunday jirkanch ish qilingan bo‘lsa,

5 o‘sha gunohkor erkak yoki ayolni shahar darvozasidan tashqariga olib chiqib, toshbo‘ron qilib o‘ldiringlar. 6 Odam faqat ikkita yoki uchta guvohning so‘zi bilan o‘limga hukm qilinishi mumkin, bitta guvohning so‘zi bilan o‘ldirilmasin. 7 Gunohkorga birinchi bo‘lib guvohlar tosh otsin, keyin butun xalq uni toshbo‘ron qilsin. Shunday qilib, orangizdan yomonlikni yo‘q qilinglar.

8 Agar shahringizda qon to‘kish, haq–huquq talashish va zo‘ravonlik kabi mojarolarni hukm qilish qiyin bo‘lsa, Egangiz Xudo tanlaydigan joyga boringlar. 9 Levi ruhoniylarining va o‘sha vaqtda xizmatda bo‘lgan hakamning oldiga borib, ulardan so‘ranglar. Ular hukm chiqaradi. 10 Ular chiqargan hukm bo‘yicha ish tutinglar, o‘rgatganlarini bitta qoldirmay bajaringlar. 11 Tushuntirgan qonunni va qonunga asosan chiqargan hukmni to‘liq bajaringlar. Ularning aytganlaridan chapga ham, o‘ngga ham og‘manglar. 12 Egangiz Xudoning xizmatida turgan ruhoniy va hakamning gapiga quloq solmay, o‘zboshimcha ish tutgan odam o‘lishi kerak. Shunday qilsangiz, Isroil xalqi orasidan yomonlikni yo‘q qilgan bo‘lasizlar. 13 Butun xalq bu voqeani eshitib qo‘rqadi, bundan keyin o‘zboshimcha ish qilmaydigan bo‘ladi.

Shoh haqida ko‘rsatmalar

14 Egangiz Xudo sizlarga beradigan yurtga borib, u yerga joylashib, egalik qilasizlar. Shundan keyin, “Atrofimizdagi xalqlarga o‘xshab biz ham ustimizdan shoh qo‘yaylik”, deysiz. 15 Ko‘taradigan shohingiz albatta Egangiz Xudo tomonidan tanlangan bo‘lsin.

Shoh o‘z xalqingizdan bo‘lsin. Begona bo‘lgan musofirni ustingizdan shoh qilishingiz mumkin emas. 16 Shoh o‘zi uchun ot ko‘paytirmasin, ot sotib olish uchun odamlarni Misrga jo‘natmasin. Chunki Egamiz sizlarga: “U yerga qaytib bormanglar”, degan.

17 Tayinlangan shoh xotinlarni ko‘paytirmasin, aks holda, Egamizdan yuragi soviydi*. O‘zi uchun ko‘p miqdorda oltin va kumushni yig‘masin. 18 U shohlik taxtiga o‘tirganda, levi ruhoniylari saqlagan qonunlardan o‘zi uchun bir nusxa ko‘chirtirib olsin.

19 Qonunlarning o‘sha nusxasi doimo shohning yonida bo‘lsin. Shoh uni har kuni, umri davomida o‘qisin, toki o‘zining Egasi Xudodan qo‘rqishni o‘rgansin, qonun va farmonlarning so‘zlarini bitta qoldirmay bajarsin. 20 O‘zini birodarlaridan ustun qo‘ymasin, amrlardan chapga ham, o‘ngga ham og‘masin. Shunda o‘zi ham, o‘g‘illari ham Isroil ustidan uzoq yillar hukmronlik qiladilar.


18–BOB

Ruhoniylarning ulushi

1 Levi ruhoniylari, butun Levi qabilasi qatorida, Isroilda ulush ham, mulk ham olmaydilar. Ular Egamizga keltirilgan nazr va qurbonliklardan yeydilar. 2 Birodarlari orasida ularning ulushi bo‘lmaydi. Egamiz Levi qabilasiga: “Men O‘zim sizlarning ulushingiz bo‘laman”*, deb va’da bergan edi.

3 Qurbonlik qilingan mol yoki qo‘yning yelka, jag‘ va ichak–chovoqlari ruhoniylarga berilsin. 4 G‘allangizning ilk hosilini, eng birinchi tayyorlagan sharobingizni va zaytun moyingizni, qo‘ylaringizning birinchi qirqilgan yungini ruhoniylarga beringlar. 5 Chunki Egangiz Xudo, Levi qabilasi va ularning avlodlari har doim Menga xizmat qilishsin, deb ularni qabilalaringiz orasidan tanlab oldi.

6 Agar biror levi Isroildagi o‘zi yashab turgan shahardan Egamiz tanlagan joyga o‘z xohishi bilan borsa, 7 u yerda Egamizga xizmat qilgan levi birodarlari singari, Egasi Xudo nomidan xizmat qila oladi. 8 Oilasining mulkini sotishdan kelgan daromadi bo‘lsa ham, boshqa levilar qatori bir xil ulush yesin.

Butparast xalqlarning qabih odatlari haqida ogohlantirish

9 Egangiz Xudo beradigan yurtga kirganingizda, u yer xalqlarining jirkanch odatlarini o‘rganmanglar. 10 O‘g‘li yoki qizini olovda qurbon qiladigan*, folbin, bashoratgo‘y, romchi, sehrgar, 11 issiq–sovuq qiladigan, arvoh chaqiruvchi, o‘liklardan maslahat so‘raydiganlar orangizda bo‘lmasin. 12 Egamiz bundaylardan jirkanadi. Mana shu jirkanch odatlari uchun Egangiz Xudo o‘sha xalqlarni sizning oldingizdan haydab chiqaryapti. 13 Egangiz Xudoga butunlay sodiq qoling.

Payg‘ambar yuborish haqida va’da

14 Sizlar yurtini olayotgan o‘sha xalqlar bashoratgo‘ylar va folbinlarning gapiga quloq soladilar. Sizlarning bunday qilishingizga esa Egangiz Xudo ruxsat bermaydi. 15 Egangiz Xudo sizlar uchun o‘z xalqingiz orasidan menga o‘xshagan bir payg‘ambar chiqaradi.

Unga quloq solinglar. 16 Siz Sinay tog‘ida* yig‘ilgan kuningizda Egangiz Xudodan o‘zingiz

uni tilab olgandingiz, zotan, siz shunday degan edingiz: “Egamiz Xudoning ovozini endi

eshitmaylik, mana shu buyuk olovni ham boshqa ko‘rmaylik, aks holda, o‘lamiz.”

17 O‘shanda Egamiz menga shunday dedi: “Ularning aytganlari to‘g‘ri. 18 Ular uchun o‘z xalqi orasidan senga o‘xshagan bir payg‘ambar chiqaraman, Men unga nima aytishni o‘rgataman. O‘sha payg‘ambar bergan amrlarimning hammasini ularga aytadi. 19 U Mening nomimdan gapiradi, unga quloq solmagan odamni Men O‘zim jazolayman.

20 Ammo biror payg‘ambar Men buyurmagan so‘zni Mening nomimdan gapirishga jur’at

qilsa yoki boshqa xudolar nomidan gapirsa, u payg‘ambar o‘lishi kerak.”

21 Ko‘nglingizda: “Bu so‘zlar Egamizdanmi yoki yo‘qmi, biz qanday qilib bilamiz?” deb o‘ylashingiz mumkin. 22 Agar biror payg‘ambar Egamizning nomidan gapirsa–yu, o‘sha voqea yuz bermasa, demak, bu so‘zni Egamiz aytmagan bo‘ladi. Payg‘ambar o‘zicha gapirgan, undan qo‘rqmanglar.


19–BOB

Panoh shaharlar

1 Egangiz Xudo sizlarga beradigan yurtning xalqlarini yo‘q qilganda, sizlar o‘sha yurtni mulk qilasizlar, shaharlariga, uylariga joylashasizlar. 2-3 O‘shanda yurtni* uch qismga bo‘linglar. Har bir qismida bittadan panoh shahar ajratinglar. O‘sha shaharlarga boradigan yo‘llar quringlar, toki birovni o‘ldirib qo‘ygan odam o‘sha shaharlarning biriga qochib bora olsin. 4 Agar u birovni adovat qilmay, bexosdan o‘ldirib qo‘ygan bo‘lsa, o‘sha shaharlarning biriga qochib, tirik qoladi. 5 Masalan, bir odam boshqasi bilan daraxt kesgani o‘rmonga bordi, deylik. U daraxt kesmoqchi bo‘lib boltani ko‘targanda, bolta sopidan chiqib ketib, sherigiga borib tegsa–yu, sherigi o‘lib qolsa, qotil o‘sha shaharlarning biriga qochib borib tirik qoladi. 6 Aks holda, qasoskor qotilning orqasidan quvishi mumkin, yo‘l uzoq bo‘lganidan unga yetib olib, o‘ldirishi mumkin. Lekin u o‘limga loyiq emas, chunki marhumga oldindan uning adovati yo‘q edi. 7 Uchta shahar ajratinglar, deb sizlarga buyurganimning sababi shudir.

8-9 Egangiz Xudoni seving, har doim Uning yo‘lidan yuring, deb sizlarga bugun amr qildim. Agar sizlar bu amrlarni bitta qoldirmay bajarsangiz, Egangiz Xudo ota– bobolaringizga qasam ichib, bergan va’dasiga ko‘ra, yerlaringizni kengaytiradi, va’da qilgan butun yurtni sizga beradi. Shunda sizlar ajratgan uchta shahringizga yana uchta panoh shahar qo‘shinglar, 10 toki Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib berayotgan yurtda aybsizning qoni to‘kilmasin. Sizlar qon uchun javobgar bo‘lib qolmanglar.

11 Lekin birorta odam boshqasini adovat bilan poylab turib, hujum qilib o‘ldirsa, so‘ng o‘sha shaharlarning birortasiga qochib borsa, 12 qotilning ona shahridagi oqsoqollar qotil orqasidan odam yuborib, uni oldirib kelsin. Qotilni qasoskorning qo‘liga topshirsin. Qotil o‘ldirilishi kerak. 13 Unga rahm qilmanglar, Isroilni aybsizning qonidan tozalanglar. Shunda baxtiyor bo‘lasiz.

Qadimiy chegaralar

14 Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib berayotgan yerda, ota–bobolaringiz ilgaridan

belgilagan qo‘shningizning chegarasini surmanglar.

Guvohlar haqida

15 Birovni gunoh yoki jinoyat qilishda ayblash uchun bitta guvoh yetarli emas. Ish

ikkita yoki uchta guvohning so‘zlari asosida ko‘rib chiqiladi. 16 Agar soxta guvoh yomon niyat bilan birortasini ayblasa, 17 janjallashayotgan ikkala odam Egamizning huzuriga borsinlar. O‘sha kunlarda xizmatini o‘tayotgan ruhoniylarga va hakamlarga uchrashsinlar. 18 Hakamlar ishni yaxshilab ko‘rib chiqishsin. Agar guvoh birodariga qarshi yolg‘on guvohlik berayotgan bo‘lsa, 19 birodariga qarshi o‘ylagan niyatini o‘ziga qaytaringlar. Shu tariqa orangizdan yomonlikni yo‘q qilinglar. 20 Boshqalar bo‘lib o‘tgan voqealarni eshitib, qo‘rqadilar, orangizda bunday jinoyatni boshqa qilmaydilar.

21 Bundaylarga rahm qilmanglar: jon evaziga jon, ko‘z evaziga ko‘z, tish evaziga tish, qo‘l evaziga qo‘l, oyoq evaziga oyoq.


20–BOB

Jang haqida

1 Dushmanlaringizga qarshi urushga borganingizda, otlarni, aravalarni, o‘zingiznikidan ko‘proq bo‘lgan lashkarni ko‘rsalaringiz, ulardan qo‘rqmanglar. Chunki sizlarni Misrdan olib chiqqan Egangiz Xudo sizlar bilandir. 2 Jangga kirishingizdan oldin, ruhoniy lashkarning oldiga chiqsin, 3 ularga shunday desin: “Quloq sol, ey Isroil xalqi!

Bugun sizlar dushmanlaringizga qarshi jangga chiqyapsizlar. Dadil bo‘linglar, qo‘rqmanglar, dushman oldida vahimaga tushmanglar. 4 Egamiz Xudoning O‘zi sizlar bilan urushga boradi! Sizlar uchun dushmanlaringizga qarshi jang qiladi, sizlarga g‘alaba beradi!”

5 Nazoratchilar lashkarga shunday deb aytsin: “Orangizda yangi uy qurib, o‘sha uyini hali Xudoga bag‘ishlab ulgurmagan birorta odam bormi? Bor bo‘lsa, uyiga qaytsin. Agar u jangda halok bo‘lsa, boshqa odam uning uyini bag‘ishlaydi. 6 Uzumzor ekib, hali mevasidan yemagan odam bormi? Agar bor bo‘lsa, uyiga qaytib ketsin. U jangda halok bo‘lsa, boshqa odam uning uzumzori mevasidan birinchi bo‘lib tatiydi. 7 Biror qizga unashtirilib, hali uylanmagan yigit bormi? Agar bor bo‘lsa, uyiga qaytib ketsin. U jangda halok bo‘lsa, boshqa odam o‘sha qizga uylanadi.”

8 Nazoratchilar yana shunday deyishsin: “Orangizda qo‘rquvdan yuragini oldirib qo‘ygan odam bormi? Bor bo‘lsa, uyiga qaytib ketsin. Bo‘lmasa birodarlari ham unga o‘xshab cho‘chib qoladi.” 9 Nazoratchilar lashkarga shu gaplarni aytib bo‘lgandan keyin, lashkarboshilar bosh bo‘lsin.

10 Biror shaharni olish uchun yaqinlashganingizda, shahar ahliga sulh taklif qiling. 11 Ular sulhga rozi bo‘lib, darvozalarini ochib bersa, shaharning butun aholisi sizlarga qarol bo‘lib xizmat qiladi. 12 Agar shahar ahli sulhga rozi bo‘lmay, sizlar bilan jang qilsa,

shaharni qamal qilinglar. 13 Egangiz Xudo u shaharni sizning qo‘lingizga berganda, butun erkak zotini qilichdan o‘tkazinglar. 14 Faqat ayollarni, bolalarni, mollarni va shaharda qolgan hamma narsani o‘lja qilib olsangiz bo‘ladi. Egangiz Xudo sizlarning qo‘lingizga bergan, dushmanlardan olgan o‘ljalarni ishlatishingiz mumkin. 15 Sizlar egalik qiladigan yurtingizdan uzoqda joylashgan shaharlarni shunday qilinglar.

16 Lekin Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib berayotgan yurtdagi shaharlarni qo‘lga olganingizda bironta jonni tirik qoldirmanglar. 17 Egangiz Xudo sizlarga amr etganiday, Xet, Amor, Kan’on, Pariz, Xiv, Yobus xalqlarini tamomila qirib bitiringlar. 18 Toki ular o‘zlarining xudolariga qilgan jirkanch odatlarini sizlarga o‘rgatmasin. Aks holda, sizlar Egangiz Xudoga qarshi gunoh qilgan bo‘lasizlar.

19 Agar biror shaharni qo‘lga kiritish uchun uzoq vaqt qamal qilib tursalaringiz, u yerdagi mevali daraxtlarni kesmanglar. O‘sha daraxtlarning mevasini yeyishingiz mumkin, daraxtlarning o‘zini esa kesib tashlamanglar. Axir, daladagi daraxtlar odam emas–ku, qurshovdan qochib chiqsa! 20 Meva bermaydigan daraxtlarni esa kesishingiz mumkin. Shahar qulamaguncha qamal inshootlarini* qurishda o‘sha daraxtlardan foydalansangiz bo‘ladi.


21–BOB

Qotil topilmaganda ko‘riladigan choralar

1 Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib berayotgan yurtning biror dalasida odam jasadi topilsa va uni kim o‘ldirgani noma’lum bo‘lsa, 2 oqsoqollar va hakamlar murda bilan atrofdagi shaharlar oralig‘idagi masofani o‘lchashsin. 3 Murdaga eng yaqin shaharning oqsoqollari hali qo‘shga qo‘shilmagan, bo‘yinturuq solinmagan g‘unajinni olishsin.

4 Shahar oqsoqollari yerga ishlov berilmagan, urug‘ ekilmagan, suv oqib turadigan soylikka bu g‘unajinni olib borishsin. O‘sha soylikda g‘unajinning bo‘ynini sindirishsin. 5 Levi ruhoniylari bu yerga kelishsin. Egangiz Xudo “Levi nasli Menga xizmat qilsin, Mening nomim bilan xalqni duo qilsin”, deb ularni tanlagan. Barcha janjalli ishlar va zo‘ravonlik masalalari ularning so‘zi bilan hal qilinadi. 6 Murdaga eng yaqin bo‘lgan shaharning oqsoqollari soylikda bo‘yni sindirilgan g‘unajinning tepasida qo‘llarini

yuvishsin. 7 Keyin ular shunday desin: “Bu odamning qonini bizning qo‘llarimiz to‘kkani yo‘q. Kim qilganini ko‘zlarimiz ko‘rgani yo‘q. 8 Ey Egamiz! O‘zing Misrdan ozod qilgan xalqing Isroilni kechirgin, xalqing Isroilni to‘kilgan aybsiz qonga javobgar qilmagin.” Shundan so‘ng ular to‘kilgan qonga javobgarlikdan xoli bo‘ladilar. 9 Shunday qilsangizlar, Egamizning oldida to‘g‘ri ish qilgan bo‘lasizlar, aybsizning qonidan o‘zingizni tozalaysizlar.

Asiralar haqida

10 Egangiz Xudo jangda dushmanlaringizni sizlarga mag‘lub etganda, ularni asirga olganingizda, 11 asirlar orasida chiroyli bir ayolni ko‘rib, uni sevib qolganingizdan unga uylanmoqchi bo‘lsangiz, 12 uni uyingizga olib keling. O‘sha ayol sochini qirib tashlasin, tirnoqlarini olsin. 13 Asirlikda kiygan kiyimlarini almashtirsin. Bir oy davomida ota– onasi uchun aza tutib, uyingizda yashasin. Shundan keyin siz u ayolning oldiga kira olasiz, siz uning eri, u esa sizning xotiningiz bo‘ladi. 14 Agar o‘sha ayol sizga yoqmay qolsa, uni ozod qiling. Uni sotmang, unga qulday munosabatda bo‘lmang, chunki uni xotiningiz bo‘lishga majbur qilgansiz.

To‘ng‘ich o‘g‘ilning merosi

15 Agar birortasining ikkita xotini bo‘lsa–yu, birini yaxshi ko‘rib, ikkinchisini yaxshi ko‘rmasa, ikkalasi ham unga o‘g‘il tug‘ib bersa, to‘ng‘ichi yaxshi ko‘rmagan xotinining o‘g‘li bo‘lsa, 16 o‘g‘illariga meros bo‘lib berayotganda, yaxshi ko‘rgan xotinning o‘g‘lini ustun qo‘ymasin, unga to‘ng‘ich o‘g‘il huquqini bermasin. 17 Yaxshi ko‘rmagan xotinning o‘g‘lini to‘ng‘ich deb tan olsin, unga mol–dunyosidan ikki hissa meros bersin. Chunki o‘sha o‘g‘il otasi qudratining ilk hosilidir. To‘ng‘ichlik huquqi o‘sha o‘g‘ilga tegishlidir.

Itoatsiz o‘g‘il

18 Agar birortasining o‘g‘li ota–onasining gapiga quloq solmaydigan, o‘jar va itoatsiz

bo‘lsa, uni jazolaganlarida ham gaplariga kirmasa, 19 ota–onasi u o‘g‘ilni shahar darvozasida xizmat qiladigan shahar oqsoqollari oldiga olib kelsin. 20 Ota–onasi oqsoqollarga: “Bu o‘g‘limiz o‘jar va itoatsizdir. U bizning gapimizga quloq solmaydi. U ochko‘z va mayxo‘rdir”, desin. 21 Shundan keyin shahar erkaklari o‘sha yigitni toshbo‘ron qilib o‘ldirsin. Shunday qilib, orangizdan yomonlikni yo‘q qilinglar. Butun Isroil xalqi bu voqeani eshitib, qo‘rqadi.

Jinoyatchining jasadi

22 Agar birortasi o‘lim hukmiga loyiq gunoh qilsa, sizlar uni o‘ldirib, jasadini tik o‘rnatilgan xodaning uchiga qoqsangiz, 23 o‘sha jasad kechasi bilan xodada osig‘liq qolmasin. Uni o‘sha kuniyoq dafn qilinglar, chunki yog‘ochga qoqilgan odam Xudo tomonidan la’natlangandir. Egangiz Xudo sizga mulk qilib berayotgan yurtni harom qilmanglar.


22–BOB

Har xil qonunlar

1 Birodaringizning adashib qolgan molini yoki qo‘yini ko‘rib qolganingizda, o‘zingizni ko‘rmaganga olmang, uni albatta egasiga qaytarib olib boring. 2 Agar hayvonning egasi sizdan uzoqda yashasa yoki siz egasini tanimasangiz, uyingizga olib boring. Egasi kelib olib ketmaguncha unga qarab turing, keyin qaytarib bering. 3 Birodaringizning eshagiga ham, kiyimiga ham, siz topib olgan har qanday narsasiga shunday munosabatda bo‘ling. O‘zingizni ko‘rmaganga olmang.

4 Birodaringizning eshagi yoki ho‘kizi yo‘lda yotib qolganini ko‘rsangiz, o‘zingizni ko‘rmaganga olmang, ularni turg‘izishga yordam bering.

5 Ayol erkakning kiyimini kiymasin, erkak esa ayolning libosini kiymasin. Bunday ish qiladiganlarning hammasidan Egangiz Xudo jirkanadi.

6 Yo‘lda ketayotganingizda daraxtdagi yoki yerdagi qush iniga duch kelsangiz, qush tuxum bosgan yoki polaponlari bilan o‘tirgan bo‘lsa, onasini bolalari bilan olmang.

7 O‘zingizga faqat polaponlarini olishingiz mumkin, onasini esa qo‘yib yuboring. Shunda baxtiyor bo‘lib, umringiz uzoq bo‘ladi.

8 Yangi uy qursangiz, tomingiz atrofida to‘siq quring. Shunda birortasi tomingizdan yiqilib o‘lsa*, oilangiz javobgar bo‘lmaydi.

9 Uzumzoringiz egatlariga boshqa turdagi urug‘ ekmang. Aks holda, uzumzoringizdan va ekkan urug‘ingizdan olgan jamiki hosilni Egamizga bag‘ishlashingizga to‘g‘ri keladi.

10 Ho‘kiz bilan eshakni birga qo‘shga qo‘shmang.

11 Ustingizga jun va zig‘irpoyadan aralashtirib to‘qilgan kiyimni kiymang.

12 To‘ningizning etagiga popuk qilib osib yuring.

Jinsiy aloqaga oid qonunlar

13 Birortasi uylanib, qiz bilan yotgandan so‘ng uni yoqtirmay qolsa, 14 qizni yomon otliq qilib, men bu qizga uylandim, u esa qiz chiqmadi, deb bahona qilsa, 15 qizning ota– onasi qizlik belgilarini oqsoqollarga ko‘rsatish uchun shahar darvozasiga olib borsin.

16 Qizning otasi oqsoqollarga shunday aytsin: “Qizimni mana bu kishiga uzatgan edim.

Endi u qizimni yoqtirmay qolibdi. 17 Qizingiz qiz chiqmadi, deb bahona qilyapti. Mana

qizimning qizlik belgilari”, deb shahar oqsoqollari oldiga o‘sha matoni yoysin. 18 Shahar oqsoqollari o‘sha kishini olib kelib, jazolasin. 19 Oqsoqollar unga yuz bo‘lak kumush* jarima solsinlar. U Isroil xalqining bokira qizini yomon otliqqa chiqargani uchun kumushni qizning otasiga bersinlar. Qiz u odamning xotini bo‘lib qolaversin, u odam qizdan umri bo‘yi ajralishi mumkin emas.

20 Lekin u odamning aytganlari to‘g‘ri bo‘lib, qiz bokira bo‘lmasa, 21 qizni otasining eshigi oldiga olib kelishsin. Shahar erkaklari u qizni toshbo‘ron qilib o‘ldirsin. U otasining uyida yashagan paytda fohishalik qilib, Isroil xalqi orasida sharmandalarcha ish qildi. Shu tariqa orangizdan yomonlikni yo‘q qiling.

22 Agar biror erkak oilali xotin bilan yotsa va bu ma’lum bo‘lib qolsa, ikkovi — xotin ham, xotin bilan yotgan erkak ham o‘ldirilsin. Shu tariqa Isroildan yomonlikni yo‘q qiling.

23 Agar biron qiz unashtirilgan bo‘lsa–yu, shaharda birortasi o‘sha qizni uchratib qolib, u bilan yotsa, 24 ikkovini ham o‘sha shaharning darvozasi oldiga olib kelishsin. Qiz shaharda bo‘la turib, baqirmagani uchun jazolansin. Erkak esa birovning xotinini* sharmanda qilgani uchun jazolansin. Ikkovini ham toshbo‘ron qilib o‘ldiring. Shu tariqa orangizdan yomonlikni yo‘q qiling.

25 Agar birorta erkak unashtirilgan qizni dalada uchratib qolib, uni ushlab zo‘rlasa, o‘sha qiz bilan yotgan erkaknigina o‘ldirish kerak. 26 Qizga hech narsa qilmanglar. U qizning o‘limga loyiq aybi yo‘q, bu xuddi birorta odam boshqasiga hujum qilib o‘ldirgani kabidir. 27 Chunki o‘sha erkak qizni dalada ushlab olgan, qiz yordam so‘rab baqirgan bo‘lishi mumkin. Ammo uni qutqaradigan hech kim bo‘lmagan.

28 Agar birortasi unashtirilmagan qizni uchratib qolsa, qizni ushlab, u bilan yotsa, ammo ikkovini ushlab olishsa, 29 o‘sha qiz bilan yotgan kishi qizning otasiga ellik bo‘lak kumush* berishi kerak. Qiz esa uning xotini bo‘lsin. O‘sha odam qizni sharmanda qilgani uchun umri bo‘yi u qizdan ajralishi mumkin emas.

30 Hech kim otasining xotiniga uylanmasin, bunday qilib otasini sharmanda qilmasin.


23–BOB

Egamizning jamoasiga kira olmaydigan odamlar

1 Jinsiy a’zosi kesib tashlangan yoki moyagi ezilgan odamga Egamiz jamoasi yig‘inida ishtirok qilish man etiladi. 2 Noqonuniy tug‘ilgan bola Egamiz jamoasiga kirolmaydi, uning o‘ninchi avlodigacha birorta avlodi ham Egamiz jamoasiga kirolmaydi.

3 Ommonliklar va Mo‘abliklar Egamiz jamoasiga kirolmaydi, ularning o‘ninchi avlodigacha birorta avlodi Egamiz jamoasiga aslo kirolmaydi. 4 Chunki Misrdan chiqib kelayotganingizda ular yo‘lda sizlarni non va suv bilan kutib olmadilar. Ular Oram– Naxrayimdagi* Pato‘r shahridan Bavo‘r o‘g‘li Balomni sizlarni la’natlash uchun yolladi*. 5 Lekin Egangiz Xudo Balomga quloq solishni xohlamadi. Egangiz Xudo sizlarni sevgani uchun Balomning la’natini barakaga aylantirdi. 6 Tirik ekansiz, ularning tinchligini, farovonligini hech qachon ko‘zlamanglar. 7 Edomliklardan esa hazar qilmanglar, chunki ular sizlarning qarindoshlaringizdir*. Misrliklardan ham hazar qilmanglar, chunki sizlar ularning yurtida musofir bo‘lgan edingizlar. 8 Ulardan tug‘ilgan uchinchi avlod bolalari Egamiz jamoasiga kirsa bo‘ladi.

Qarorgohni halol saqlash

9 Dushmanlaringiz bilan jang qilishga borganingizda, har qanday haromlikdan saqlaning. 10 Agar orangizdan birortasi, kechasi maniy oqqani tufayli harom bo‘lib qolsa, u qarorgohdan chiqib ketsin. U qarorgohda qolishi mumkin emas. 11 Kech kirayotganda yuvinib, quyosh botgandan keyin qarorgohga kirishi mumkin.

12 Qarorgohning tashqarisida hojat chiqarishingiz uchun joy bo‘lsin. 13 Qurol– aslahangiz orasida kurakchangiz ham bo‘lsin, ehtiyojingizni qondirish uchun chuqurcha kovlab, keyin uni ko‘mib qo‘ying. 14 Qarorgohingizni pok saqlang, chunki Egangiz Xudo sizlarga najot berish va dushmanlaringiz ustidan g‘alaba qozonishingiz uchun sizlar bilan qarorgohdadir. Agar U orangizda uyatli ishlarni ko‘rsa, sizlardan yuz o‘giradi.

Har xil qonunlar

15 O‘z egasidan qochib, Isroildan panoh so‘rab kelgan qulni yana qaytarib egasiga berib yubormanglar. 16 U sizlarning orangizda, o‘zi yoqtirgan joyda, tanlagan shaharlaringizning birida yashayversin. Unga zulm qilmanglar.

17 Isroil ayollari orasida sajdagoh fohishalari bo‘lmasin. Isroil erkaklari orasida sajdagoh fohishlari* bo‘lmasin. 18 Egangiz Xudo buzuq ayolu erkaklardan jirkanadi. Ularning ish haqini Egangiz Xudoning uyiga olib kirmanglar. O‘shani atalgan nazr sifatida keltirmanglar.

19 Isroil xalqidan bo‘lgan birodaringizga kumushni, nonni yoki har qanday boshqa narsani qarzga berganingizda, foiz talab qilmanglar. 20 Boshqa xalqdan bo‘lgandan foiz talab qilsangiz bo‘ladi, lekin birodaringizdan foiz talab qilmanglar. Shunda Egangiz Xudo sizga mulk qilib beradigan yurtda har bir ishingizga baraka beradi.

21 Egangiz Xudoga nazr atagan bo‘lsangiz, uni kechiktirmasdan keltiring. Egangiz Xudo va’dangizni bajarishni sizdan talab qiladi. Keltirmasangiz, o‘zingizga gunoh orttirib olasiz. 22 Nazr atamasangiz gunoh bo‘lmaydi. 23 Ammo o‘z xohishingiz bilan Egangiz Xudoga ont ichib nazr atasangiz, og‘zingizdan chiqqan va’dangizni albatta bajaring.

24 Birovning uzumzoriga kirganingizda, to‘yguningizcha uzumdan yesangiz bo‘ladi, lekin idishingizga terib olmang. 25 Birovning dalasiga kirganingizda qo‘lingiz bilan boshoq uzsangiz bo‘ladi, lekin ekiniga o‘roq solmang.


24–BOB

Ajralish va qaytadan turmush qurish

1 Agar biror kishi uylansa–yu, keyinchalik xotinidan birorta uyatli qiliq topib, uni yoqtirmay qolsa, uning qo‘liga taloq xati yozib berib, uyidan chiqarib yuborishi mumkin. 2 Ayol erining uyidan ketib, boshqa erga tegsa–yu, 3 bu eri ham uni yoqtirmay qolsa, ayolning qo‘liga taloq xati yozib berib, uyidan chiqarib yuborsa yoki ayolning keyingi eri o‘lib qolsa, 4 birinchi eri ayolga qaytadan uylanishi mumkin emas. Chunki u ayol harom bo‘ldi. Bunday qilmishdan Egamiz jirkanadi. Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib berayotgan yurtni bulg‘amang.

Har xil qonunlar

5 Yangi uylangan odam urushga bormasin, shunga o‘xshash majburiyat unga yuklanmasin. U bir yil davomida erkin bo‘lib, xotinini uyda baxtli qilsin.

6 Hech kim tegirmonni yoki tegirmon toshini garovga olmasin. Shunday qilsa, u

hayotni garovga olganday bo‘ladi.

7 Agar birortasi Isroil xalqidan bo‘lgan birodarini o‘g‘irlab, uni qul qilib olgani yoki sotgani ma’lum bo‘lsa, bunday o‘g‘ri o‘ldirilsin. Shu tariqa orangizdan yomonlikni yo‘q qilinglar.

8 Teri kasalligidan* ehtiyot bo‘linglar. Men levi ruhoniylariga bergan amrlarimni bitta qoldirmay bajaringlar. 9 Misrdan chiqqanlaringizdan keyin, Egangiz Xudo yo‘lda Maryamni nima qilganini* esingizda tutinglar.

10 Birovga biror narsani qarzga berganingizda, garov olgani uning uyiga kirmang. 11 Tashqarida kutib turing. Siz qarz berayotgan odamning o‘zi sizga garovni ko‘chaga olib chiqib bersin. 12 Agar u kambag‘al bo‘lsa, uning kiyimini garovga olib, uxlagani yotmang. 13 Quyosh botayotganda undan olgan garovni qaytarib bering. U o‘zining

kiyimini kiyib uxlasin, sizni duo qilsin. Bu bilan siz Egangiz Xudoning nazarida to‘g‘ri ish

qilgan bo‘lasiz.

14 Kambag‘al, muhtoj mardikorning ish haqini ushlab qolmang. U Isroil xalqidan bo‘ladimi yoki shahringizga kelgan musofir bo‘ladimi, bunday qilmang. 15 U kambag‘aldir, tirikchiligi mana shu ish haqiga bog‘liq. Shuning uchun har kuni, quyosh botmasdan oldin unga haqini bering. Aks holda, birodaringiz Egamizga sizdan noliydi, natijada siz gunoh orttirib olasiz.

16 Otalar farzandlarining gunohi uchun o‘ldirilmasin. Farzandlar otalarining gunohi uchun o‘ldirilmasin. Har kim o‘z gunohi uchun o‘zi o‘lim jazosini olsin.

17 Musofir va yetimga nohaqlik qilmang, bevaning kiyimini garovga olmang.

18 O‘zlaringiz ham Misrda qul bo‘lganingizni, Egangiz Xudo sizlarni ozod qilib, u yerdan olib chiqqanini yodingizda tuting. Shuning uchun ham men sizlarga shunday qilinglar, deb buyuryapman.

19 Dalangiz hosilini o‘rganingizda, biron bog‘lam esingizdan chiqib qolsa, shu bog‘lamni olib kelgani qaytib bormang. O‘sha bog‘lam musofirlarga, yetim va bevalarga qolsin. Shunda Egangiz Xudo qiladigan har bir ishingizga baraka beradi. 20 Zaytun daraxtingiz mevasini qoqib olganingizdan keyin, qolgan–qutganiga tegmang. Ularni musofirlarga, yetim va bevalarga qoldiring. 21 Uzumzoringiz hosilini yiqqaningizda, toklarda qolib ketgan uzum boshlarini yig‘ib olmang. Ularni musofir, yetim va bevalarga qoldiring. 22 Misrda qul bo‘lganingizni esingizdan chiqarmang. Shuning uchun ham men sizlarga shunday qilinglar, deb buyuryapman.


25–BOB

1 Ikki kishi janjallashganda, ular hakamlar oldiga kelsin. Hakamlar da’voga qarab, ulardan birini haq, ikkinchisini nohaq deb e’lon qilsin. 2 Agar nohaq deb topilgan kishi kaltaklanishga loyiq bo‘lsa, hakam aybdorni yotqizsin. O‘z oldida aybiga ko‘ra, unga darra urdirsin. 3 Aybdorga qirq darradan ortig‘i urilmasin. Aks holda, birodaringiz ko‘zingiz oldida xo‘rlanadi.

4 G‘alla yanchayotgan* ho‘kizning og‘zini to‘smang.

Marhum aka yoki uka oldidagi burch

5 Agar birga yashayotgan aka–ukalarning bittasi o‘lsa–yu, uning o‘g‘li bo‘lmasa, marhumning xotini begonaga turmushga chiqmasin. Marhumning akasi yoki ukasi bevani o‘ziga xotin qilib olsin. Uning oldida qaynag‘alik vazifasini bajarsin. 6 O‘sha ayol

tuqqan to‘ng‘ich o‘g‘il marhum aka yoki ukaning nomini olib yuradi. Shunda marhumning nomi Isroildan o‘chib ketmaydi. 7 Agar o‘sha odam marhum akasi yoki ukasining bevasiga uylanishni xohlamasa, beva ayol shahar darvozasiga borib, oqsoqollarga aytsin: “Qaynag‘am tug‘ishganining nomini Isroil xalqi orasida tiklashni rad qilyapti, men uchun qaynag‘alik vazifasini bajarishni istamayapti.” 8 Shunda shahar oqsoqollari o‘sha odamni chaqirib, u bilan suhbatlashsin. Agar o‘sha odam: “Men bu ayolga uylanishni xohlamayman”, deb turib olsa, 9 beva ayol qaynag‘asining yoniga borsin. Shahar oqsoqollari oldida uning chorig‘ini yechsin, so‘ng uning yuziga tupurib, aytsin: “Birodarining naslini tiklashni xohlamagan odamga shunday qilinadi.” 10 Isroil xalqi orasida u odamning xonadoni “chorig‘i yechilgan” deb nom oladi.

Boshqa qonunlar

11 Ikki kishi bir–biri bilan urishayotganda, ulardan birining xotini kelib, erini qutqarish maqsadida narigi erkakning nozik joyidan ushlasa, 12 o‘sha ayolning qo‘li kesib tashlansin. Unga rahm qilmanglar.

13 Qadoq toshlaringiz to‘g‘ri bo‘lsin, biri og‘ir, biri yengil bo‘lmasin. 14 Uyingizdagi o‘lchov kosalarning hajmi to‘g‘ri bo‘lsin, biri katta, biri kichik bo‘lmasin. 15 Toshlaringiz halol va to‘g‘ri bo‘lsin, o‘lchovlaringiz ham halol va to‘g‘ri bo‘lsin. Shunda Egangiz Xudo sizlarga beradigan yurtda umringiz uzoq bo‘ladi. 16 G‘irromlik qiladiganlarning hammasidan Egangiz Xudo jirkanadi.

Omolek xalqini o‘ldirish haqida buyruq

17 Misrdan chiqayotganingizda yo‘lda Omolek xalqi sizlarga nima qilganini* esingizdan chiqarmang. 18 Sizlar charchab, holsizlanib qolganingizda, ular Xudodan qo‘rqmay sizlarga hujum qilgan edilar. Orqangizda kelayotgan hamma holdan toyganlarni o‘ldirgan edilar. 19 Egangiz Xudo sizlarga yurtni mulk qilib berganda, dushmanlaringizni yengib, har tarafdan osoyishtalik ato qilganda, Omolek xalqini halok qilib, ularning nomini yer yuzidan o‘chiringlar. Bunday qilishni unutmanglar!


26–BOB

Hosildan beriladigan nazrlar

1 Egangiz Xudo sizlarga mulk qilib berayotgan yurtga kirib, u yerni egallab joylashganingizda, 2 hamma ekinlaringizning ilk hosilidan olib, savatga solinglar. So‘ng o‘shani Egangiz Xudo O‘zi ulug‘lanishi uchun tanlaydigan joyga olib boringlar.

3 Xizmatda bo‘lgan ruhoniyning oldiga borib, shunday deb aytinglar: “Egamiz ota– bobolarimizga qasam ichib beraman degan yurtga men kirdim. Bugun men shuni Egang Xudo oldida e’tirof qilyapman.” 4 Ruhoniy savatni qo‘lingizdan olib, Egangiz Xudoning qurbongohi oldiga qo‘ysin. 5 Sizlar Egangiz Xudoning huzurida shu gapni aytinglar: “Bobokalonimiz Yoqub ko‘chmanchi bir Oramlik edi*. Sanoqli odam bilan Misrga borib, u yerda musofir bo‘lib yashadi. Undan buyuk, kuchli, ko‘p sonli xalq kelib chiqdi.

6 Misrliklar bizni og‘ir ishlarga solib, ezib qiynadilar. 7 Shunda biz ota–bobolarimizning Xudosi — Egamizga yolvorgan edik, Egamiz iltijoimizni eshitdi. Biz chekayotgan azoblarni, qilayotgan og‘ir mehnatimizni, Misrliklar bizga qilayotgan zulmni ko‘rdi.

8 Shundan keyin Egamiz qudratiyu ajoyibotlari bilan, buyuk, vahimali alomatu

mo‘jizalari bilan bizni Misrdan olib chiqdi. 9 Bizni mana shu joyga olib keldi, sut va asal

oqib yotgan shu yurtni* bizga berdi. 10 Endi, ey Egamiz, bizga bergan yerning ilk hosilini

Senga olib keldik.”

Shundan keyin savatni Egangiz Xudo oldiga qo‘yib, Unga ta’zim qiling.

11 Egamiz Xudo sizga va oilangizga bergan mo‘l–ko‘llik tufayli shodlanib, bayram

qilinglar. Levilar va orangizda yashagan musofirlar ham sizlar bilan bayram qilsin.

12 Sizlar uchinchi yilda, ushr* berish yilida, barcha hosilingizning o‘ndan bir qismini ajrating. Keyin o‘sha ushrni levilarga, musofirlarga, yetim va bevalarga bering, toki ular ham shaharlaringizda yeb to‘ysin. 13 So‘ngra Egangiz Xudoga ayting: “Men uyimdan muqaddas ulushni ajratib oldim. Sening amringga ko‘ra, bu ulushni levilarga, musofirlarga, yetimlarga, bevalarga berdim. Sening amrlaringdan chiqmadim, hech qaysi amringni unutmadim. 14 Aza tutgan paytimda muqaddas ushrdan yemadim.

Harom bo‘lganimda unga tegmadim, biron qismini ham o‘liklar uchun atamadim. Ey Egam Xudo, Senga quloq soldim, menga bergan hamma amrlaringga rioya etdim. 15 Endi samodagi muqaddas makoningdan bizga boq! Ota–bobolarimizga ichgan qasamingga binoan, bizga, Isroil xalqingga, baraka ber. O‘zing bizga bergan sut va asal oqib yotgan yurtga baraka ber.”

Egamizning O‘z xalqi

16 Egangiz Xudo bugun sizlarga: “Mana shu farmonlar va qonun–qoidalarga rioya qilinglar”, deb buyuryapti. Bularni bitta qoldirmay, butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan bajaringlar. 17 Bugun sizlar shunday deb aytdingiz: “Egamiz bizning Xudoyimiz, Uning yo‘lidan yuramiz, Uning farmonlariga, amrlariga, qonun–qoidalariga rioya qilamiz, Unga quloq solamiz.” 18 Egamiz sizlarga bergan va’dasiga ko‘ra, bugun sizlarni O‘z xalqi, O‘z xazinasi deb atadi. Uning barcha amrlariga rioya qilsangiz, 19 U sizlarni O‘zi yaratgan barcha xalqlardan ustun qiladi. Sizlar maqtovlarga, shuhratu hurmatga erishasiz. Uning va’dasiga ko‘ra, Egangiz Xudoning muqaddas xalqi bo‘lasiz.


27–BOB

Xudoning toshda bitilgan qonunlari

1 Muso va Isroil oqsoqollari xalqqa shunday buyruq berishdi:

Itoatsizlikdan keladigan la’natlar

11 O‘sha kuni Muso xalqqa quyidagi buyruqni berdi:


12 Iordandan o‘tganlaringizdan keyin, xalqni duo qilish uchun quyidagi qabilalar Garizim tog‘ida tursinlar: Shimo‘n, Levi, Yahudo, Issaxor, Yusuf, Benyamin. 13 La’natlar o‘qish uchun esa quyidagi qabilalar Ebal tog‘ida* tursin: Ruben, Gad, Osher, Zabulun, Dan, Naftali. 14 Levilar jamiki Isroil xalqiga baland ovoz bilan shunday desin:


15 “O‘yma yoki quyma but yasagan, uni yashirincha o‘rnatgan har qanday odam la’nati bo‘lsin. Hunarmandlar qilgan bu butlardan Egamiz jirkanadi.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin.

16 “Otasini yoki onasini hurmat qilmagan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”,

deb aytsin.

17 “O‘z qo‘shnisining chegarasini surgan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”,

deb aytsin.

18 “Ko‘r odamni yo‘ldan adashtirgan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”, deb

aytsin.

19 “Musofir, yetim va bevalarga nohaqlik qilgan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin.

20 “Otasini sharmanda qilib, uning xotini bilan yotgan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin.

21 “Birorta hayvon bilan jinsiy aloqa qilgan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”,

deb aytsin.

22 “Otasining yoki onasining qizi bilan yotgan, o‘z opasi yoki singlisi bilan yotgan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin.

23 “Qaynanasi bilan yotgan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin.

24 “Odamni yashirincha o‘ldirgan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”, deb

aytsin.

25 “Begunohni o‘ldirmoq uchun pora olgan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”,

deb aytsin.

26 “Mana shu qonunga rioya qilmagan va uni bajarmagan la’nati bo‘lsin.” Butun xalq: “Omin”, deb aytsin.


28–BOB

Itoatgo‘ylikdan keladigan barakalar

1 Agar Egangiz Xudoga itoat etib, men bugun aytayotgan Uning barcha amrlarini bitta qoldirmay bajarsangiz, U sizlarni yer yuzidagi hamma xalqlardan ustun qiladi. 2 Egangiz Xudoga itoat etsangiz, U sizlarga baraka beradi, baraka sizdan arimaydi.


3 Egangiz sizga shaharda ham, dalada ham baraka beradi.

4 Uvali–juvali bo‘lasizlar, yeringiz hosildor, mol–qo‘yingiz barakali bo‘ladi, sigirlaringiz bolalaydi, qo‘ylaringiz qo‘zilaydi.

5 Suprangiz va bug‘doy solingan savatlaringiz barakali bo‘ladi.

6 Uyda bo‘lganingizda ham, yo‘lga chiqqaningizda ham Egamiz sizga baraka

beradi.

7 Sizlarga hujum qilgan dushmanlaringizni Egamiz mag‘lub qiladi. Ular sizlarga bir

tomondan hujum qilib keladi, ammo yetti tomonga tumtaraqay qochadi.

8 Qilgan har bir ishingizni Egangiz Xudo serbaraka qiladi, omborlaringizni to‘ldiradi.

U sizlarga berayotgan yurtda baraka beradi.

9 Egangiz Xudoning amrlariga itoat etsangiz, Uning yo‘lidan yursangiz, Egamiz sizlarga qasam ichib va’da berganiday, sizlarni O‘zining muqaddas xalqi qiladi.

10 Egamizga tegishli ekaningizni ko‘rib, yer yuzidagi barcha xalqlar sizlardan qo‘rqadigan bo‘ladi. 11 Egamiz ota–bobolaringizga qasam ichib, sizlarga beraman, deb va’da qilgan yurtda farovonlik ato qiladi. Uvali–juvali bo‘lasizlar, molingiz ko‘payadi, dalangizning hosili barakali bo‘ladi. 12 Egamiz O‘zining osmondagi boy xazinasini ochib, vaqtida yeringizga yomg‘ir yog‘diradi, qiladigan har bir ishingizga baraka beradi. Ko‘p xalqlarga qarz berasiz–u, o‘zingiz qarz olmaysiz. 13 Bugun Egangiz Xudoning men sizlarga aytayotgan amrlarini bitta qoldirmay bajarsangiz, Egamiz sizlarni dum emas, bosh qiladi. Sizlar pastda emas, balandda bo‘lasiz. 14 Bugun men sizlarga aytayotgan amrlardan o‘ngga yoki chapga chiqmang, boshqa xudolarga ergashmang, ularga xizmat qilmang.

Itoatsizlikning oqibati

15 Agar Egangiz Xudoga quloq solmasangiz, bugun men sizlarga aytayotgan Egamizning hamma amri va farmonlariga rioya qilmasangiz, quyidagi la’natlar boshingizga keladi:


16 Shaharda ham, dalada ham la’nati bo‘lasiz.

17 Suprangiz va bug‘doy solingan savatlaringiz la’natlanadi.

18 Farzandga zor bo‘lasiz, yeringiz hosil bermaydi, mol–qo‘yingiz ko‘paymaydi.

19 Uyda bo‘lganingizda ham, yo‘lga chiqqaningizda ham la’nati bo‘lasiz.


20 Egamizni tark etib, qabihliklar qilganingiz uchun qilgan har bir ishingizda U sizlarni la’natga, balo–qazoga duchor qiladi. Ishingiz o‘ngidan kelmaydi. Oxiri, Egamiz ustingizga kulfat yog‘dirib, bir lahzada yo‘q qiladi.

21 Mulk qilib oladigan yurtingizga Egamiz o‘lat yuborib, sizlarni yo‘q qiladi. 22 U sizlarni isitma va yallig‘lanish bilan kechadigan tuzalmas kasallikka duchor qiladi. Jazirama issiq va qurg‘oqchilik yuborib, hosilingizni qovjiratadi, mog‘orlatadi.

O‘lguningizcha bu kulfatlar orqangizdan quvadi. 23 Tepangizdagi osmon bronza kabi qattiq, ostingizdagi yer temir kabi zarang bo‘ladi. 24 Yo‘q bo‘lib ketguningizcha, Egamiz ustingizga yomg‘ir o‘rniga chang–to‘zon yog‘diradi.

25 Egamiz sizlarni dushmanlaringiz oldida tiz cho‘ktiradi. Ularga bir tomondan hujum qilasizlar, ammo yetti tomonga tumtaraqay qochasizlar. Yer yuzidagi barcha shohliklar ahvolingizni ko‘rib, dahshatga tushadi. 26 Murdalaringiz osmondagi qushlarga, yerdagi yirtqich hayvonlarga yem bo‘ladi, ularni haydaydigan kimsa bo‘lmaydi. 27 Egamiz sizlarni Misrliklarga toshtirgan chipqonga, yiring bog‘laydigan yaralarga, qo‘tir va qichimalarga mubtalo qiladi. Bu xastaliklarga davo topolmaysiz. 28 Egamiz sizlarni aqldan ozdirib, ko‘r va ovsar qilib qo‘yadi. 29 Ko‘r odam qorong‘ida paypaslanib yurganday, sizlar kuppa–kunduzi paypaslanib yurasizlar. Ishlaringiz

yurishmaydi, xor bo‘lasizlar, sizlarni talon–taroj qiladilar, hech kim sizlarni qutqarmaydi.

30 Bir qiz bilan unashtirilasiz, ammo u bilan boshqasi yotadi. Uy qurasiz–u, uyingizda yashamaysiz, uzumzor ekasiz–u, mevasidan yemaysiz. 31 Molingizni ko‘z oldingizda so‘yishadi, lekin go‘shtini yemaysiz. Eshagingizni ko‘z oldingizdan o‘g‘irlab ketishadi, qaytib berishmaydi. Qo‘ylaringiz dushmanlaringizga beriladi. Sizlarga hech kim yordam bermaydi. 32 O‘g‘illaringiz, qizlaringiz ko‘z oldingizda boshqa xalqlarga beriladi. Ular tomon talpinasiz–u, biror narsa qilishga ojiz bo‘lasiz. 33 Yeringiz hosilidan, mehnatingiz samarasidan begona xalqlar bahramand bo‘ladi. Sizni esa har kuni ezishadi, xor qilishadi. 34 Ko‘zlaringiz bilan ko‘rgan voqealardan jinni bo‘lib qolasiz. 35 Egamiz oyoqlaringizga tuzalmas yaralar toshtiradi. Butun badaningizga boshdan–oyoq chipqon chiqadi.

36 Egamiz sizlarni va ustingizdan qo‘ygan shohni o‘zlaringiz ham, ota–bobolaringiz ham bilmagan xalq oldiga haydab boradi. U yerda yog‘och va toshdan yasalgan boshqa xudolarga xizmat qilasiz. 37 Egamiz sizlarni o‘sha begona xalqlarga olib borganda, ular ahvolingizdan dahshatga tushadi. Sizlar ularga masxara, kulgi bo‘lasiz.

38 Dalaga ko‘p urug‘ ekasiz, lekin kam hosil olasiz. Hosilingizni chigirtkalar* yeb bitiradi. 39 Uzumzorlar barpo qilasiz, parvarishlaysiz, lekin sharobidan ichmaysiz, uzumini termaysiz. Ularga qurt tushadi. 40 Yerlaringizda zaytun daraxtlari o‘sadi, lekin ustingizga zaytun moyi surtmaysiz. Zaytun mevalari to‘kilib ketadi. 41 O‘g‘il–qizlar ko‘rasiz, lekin ular o‘zingizga buyurmaydi, ularni asir qilib olib ketishadi. 42 Hamma daraxtlaringizdagi mevalarni va yeringiz hosilini chigirtkalar yeb, nobud qiladi.

43 Orangizdagi musofirlar yanada ko‘tariladi, sizlar esa yanada pasayasiz. 44 Ular sizlarga qarz beradi, sizlar esa ularga qarz berolmaysiz. Ular bosh bo‘ladi, sizlar esa dum bo‘lasiz.

45 Egangiz Xudoga itoat etmaganingiz uchun, U sizlarga aytgan amrlarni va farmonlarni bajarmaganingiz uchun, mana shu la’natlar boshingizga keladi, orqangizdan quvib, sizlarga yetib olib halok qiladi. 46 Bu la’natlar to abad sizlar va avlodlaringiz

uchun Xudo bergan jazoning isboti bo‘ladi. 47 Hamma narsa mo‘l–ko‘l bo‘lganda, sizlar Egangiz Xudoga xursandchiligu quvonch bilan xizmat qilmadingiz. 48 Shuning uchun Egamiz yuborgan dushmanlarga xizmat qilasiz, och, tashna, yalang‘och, muhtoj bo‘lib qolasiz. Dushmanlaringiz sizlarga temir bo‘yinturuq soladi, hammangizni nobud qiladi. 49 Egamiz boshingizga uzoqdan, yer yuzining u chetidan burgutday bir xalqni yuboradi. Sizlar bu xalqning tilini tushunmaysiz. 50 Bu xalq qo‘rqinchli, kattalarni hurmat qilmaydi, kichiklarga rahm–shafqat ko‘rsatmaydi. 51 Sizlarni xonavayron qilmaguncha, mollaringizni, yeringizning hosilini yeyishadi. Sizlarga na donni, na sharobni, na zaytun moyini, na podangizdagi buzoqlarni, na suruvingizdagi qo‘zilarni qoldirishadi. Shunda sizlar yo‘q bo‘lib ketasizlar. 52 Egangiz Xudo sizlarga berayotgan yurtdagi hamma shaharlarni ular qamal qilishadi. Siz suyangan baland va mustahkam devorlarni vayron qilishadi.

53 Qamal paytida dushmanlaringiz boshingizga solgan kulfat tufayli o‘z farzandlaringizni, Egangiz Xudo sizlarga bergan o‘g‘il–qizlaringizning etini yeysizlar. 54 Oralaringizdagi eng muloyim, eng diyonatli erkak ham tug‘ishgan akasidan, suyukli

xotinidan, sog‘ qolgan bolalaridan etni qizg‘anadi. 55 O‘zi yeyayotgan bolalarining etidan hech kimga bermaydi, bundan boshqa chorasi ham bo‘lmaydi. Chunki dushmanning

qurshovi hamma shaharlaringizda sizni shu qadar tang ahvolga solib qo‘yadi.

56 Oralaringizdagi eng muloyim, eng nozik ayol, nozikligidan oyog‘ini yerga qo‘yishni ham istamaydigan ayol, sevikli eridan, o‘g‘li va qizidan etni qizg‘anadi. 57 Ochlikdan u, hatto, oyoqlari orasidan chiqqan yo‘ldoshni va o‘zi tuqqan bolalarni yashirincha yeydi. Dushmanning qurshovi hamma shaharlaringizda sizni shu qadar tang ahvolga solib qo‘yadi.

58 Egangiz Xudoning buyuk va haybatli nomidan qo‘rqmasangiz, shu kitobda yozilgan qonunning hamma so‘zlarini bajarmasangiz, 59 Egamiz o‘zlaringizni va avlodlaringizni og‘ir va doimiy kulfatlarga, yomon, tuzalmaydigan xastaliklarga giriftor qiladi. 60 Sizlarni vahimaga tushiradigan barcha Misr xastaliklarini boshingizga soladi, ulardan hech qachon shifo topmaysiz. 61 Sizlar yo‘q bo‘lguningizcha, Egamiz mana shu qonun kitobida yozilmagan boshqa xastaligu ofatlarni ham boshingizga keltiraveradi. 62 Sizlar osmondagi yulduzlar kabi ko‘p edingizlar, ammo Egangiz Xudoga quloq solmaganingiz uchun sanoqli bo‘lib qolasizlar. 63 Egamiz sizlarga yaxshilik qilib, sizlarni ko‘paytirgandan qanchalik mamnun bo‘lgan bo‘lsa, sizlarni halok qilib yo‘q qilgandan ham shunchalik mamnun bo‘ladi. Mulk qilib oladigan yurtingizdan sizlarni sug‘urib, uloqtirib tashlaydi.

64 Egamiz sizlarni dunyoning u chetidan bu chetigacha hamma xalqlar orasiga tarqatib yuboradi. U yerda o‘zlaringiz ham, ota–bobolaringiz ham bilmagan, tosh va yog‘ochdan yasalgan boshqa xudolarga xizmat qilasizlar. 65 Lekin bu xalqlar orasida orom topolmaysizlar, oyoq uzatib dam olishingiz uchun joy bo‘lmaydi. Egamiz sizlarga titroq yurak, xira ko‘z, umidsiz ruh beradi. 66 Hayotingiz qil ustida turgandek bo‘ladi, kechasiyu kunduzi o‘limdan qo‘rqib yashaysiz. 67 Yuragingizdagi qo‘rquv va ko‘zlaringiz ko‘rayotgan voqealar tufayli ertalab: “Qaniydi, kechqurun bo‘lsa”, kechqurun esa: “Qaniydi, ertalab bo‘lsa”, deysizlar. 68 Egamiz sizlarga, Misrga qaytib bormaysizlar, deb aytgan bo‘lsa–da, U sizlarni kemalarda Misrga qaytarib jo‘natib yuboradi. O‘sha yerda, dushmanlarimizga qul va cho‘ri bo‘lib sotilsaydik, deb harakat qilasizlar, lekin sizlarni sotib oladigan xaridorlar bo‘lmaydi.


29–BOB

Mo‘ab yurtida tuzilgan ahdning shartlari

1-2 Egamiz Isroil xalqi bilan Sinay tog‘ida* qilgan ahdidan tashqari, Musoga Mo‘abda Isroil xalqi bilan ahd qilishni amr etgan edi. Muso butun Isroil xalqini yig‘ib, o‘sha ahd shartlarini ularga quyidagicha tushuntirdi:


Egamiz Misrda fir’avnni, uning a’yonlarini, butun yurtini ko‘z oldingizda nimalar qilganini ko‘rdingizlar. 3 Og‘ir sinovlarning, dahshatli alomatu mo‘jizalarning guvohi bo‘ldingizlar. 4 Lekin shu paytgacha Egamiz sizlarga anglaydigan ong, ko‘radigan ko‘z, eshitadigan quloq bermadi. 5 U sizlarni qirq yil sahroda olib yurdi. Shu davrda kiyimingiz eskirmadi, oyog‘ingizdagi chorig‘ingiz to‘zimadi. 6 Non yemadingiz, sharob, o‘tkir ichimlik ichmadingiz. Bularning hammasini U Egangiz Xudo ekanligini bilishingiz uchun qildi. 7 Mana shu yerga kelganimizda Xashbon shohi Sixo‘n bilan Bashan shohi O‘g bizga hujum qilishdi. Biz jang qilib ularni yengdik. 8 Ularning yerini tortib olib, Ruben va Gad qabilasiga hamda Manashe qabilasining yarmiga* mulk qilib berdik. 9 Shunday

ekan, qiladigan ishlaringiz o‘ngidan kelishi uchun mana shu ahd shartlarini bitta

qoldirmay bajaringlar.

10-11 Bugun hammangiz — qabila boshliqlari, oqsoqollar, nazoratchilar, barcha Isroil erkaklari, bolalar, xotinlar, orangizdagi musofirlar, o‘tin yoruvchidan tortib, suv tortuvchilargacha Egangiz Xudo oldida turibsizlar. 12 Bugun Egangiz Xudo bilan ahd qilasizlar. Bu ahdni Egangiz Xudo O‘z qasami bilan muhrlaydi, 13 toki bugundan boshlab sizlar Uning xalqi, U esa sizning Xudoyingiz bo‘lsin. U bunday qilishini sizlarga va ota– bobolaringiz Ibrohim, Is’hoq va Yoqubga qasam ichib va’da qilgan edi. 14-15 Mana, bugun sizlar biz bilan birga Egamiz Xudoning huzurida turibsizlar. Bu ahd va qasamyodni Xudo nafaqat biz bilan, balki hali dunyoga kelmagan avlodlarimiz bilan qilyapti.

16 Misrda qanday turmush kechirganimizni, boshqa xalqlarning hududidan qanday qilib o‘tib kelganimizni sizlar bilasizlar. 17 Ularning toshdan, yog‘ochdan, kumushdan va oltindan yasalgan jirkanch butlarini ko‘rdingizlar. 18 Ehtiyot bo‘ling, oralaringizda Egamiz Xudodan yuragi sovigan, o‘sha xalqlarning xudolariga xizmat qiladigan erkak, ayol, nasl yoki qabila bo‘lmasin. Oralaringizda zaharli, achchiq ildiz o‘smasin. 19 Bordi– yu, orangizdagi biror odam bu ahd shartlarini eshitib, ko‘nglida: “O‘zim xohlagan ishni qilsam ham, menga hech narsa qilmaydi”, deb o‘ylasa, u hammaning boshiga birday kulfat keltiradi*. 20 Egamiz bunday odamdan qattiq g‘azablanadi, uni kechirmaydi. Mana shu kitobda yozilgan ahdning la’natlari uning boshiga keladi, Egamiz uning nomini yer yuzidan o‘chiradi. 21 Egamiz uni Isroil qabilalari orasidan ajratib oladi–da, mana shu kitobda yozilgan ahdning barcha la’natlarini uning ustiga yog‘diradi. 22 Sizlardan keyingi avlod, sizlarning farzandlaringiz, uzoq yurtdan kelgan musofirlar Egamiz shu yurtga keltirgan ofatlar va xastaliklarni ko‘radi. 23 Butun yurtni oltingugurt va tuz kuydirib tashlagan bo‘ladi. U yerga hech nima ekib bo‘lmaydi, hech narsa unmaydi, hech qanday o‘t o‘smaydi. Yurtingiz Egamiz g‘azab ustida yo‘q qilgan Sado‘m, G‘amo‘ra, Adma va Zavo‘yim shaharlariga* o‘xshab qoladi. 24 Barcha xalqlar shunday deydi: “Nima uchun bu xalqning Egasi bu yurtni shunday ahvolga soldi ekan–a? Bunday g‘azab sochishning sababi nima ekan–a?” 25 Keyin ular shunday aytishadi: “Eh–ha, bu xalq ota–bobolarining Xudosi bilan qilgan ahdidan kechdi. Egasi ularni Misrdan olib chiqqanda ular bilan bu ahdni tuzgan edi. 26 Ular O‘z Egasidan yuz o‘girib, begona xudolarga xizmat qilishdi.

Bunday qilishni Egasi ularga qat’iyan man etsa–da, ular hech foydasi tegmaydigan bu soxta xudolarga sajda etishdi. 27 Shu sababdan Egasi g‘azabini sochdi. Mana shu kitobda yozilgan la’natlarning hammasini bu yurtga yog‘dirdi. 28 U qattiq jahl bilan, kuchli qahr– g‘azab bilan xalqini o‘z yurtidan sug‘urib olib, boshqa yurtga uloqtirib yubordi. Ular bugungacha o‘sha yurtlardadir.”

29 Sirlar Egamiz Xudoga tegishlidir. Ammo U qonunni bizga ayon qildi, toki biz farzandlarimiz bilan bu qonun shartlariga to abad amal qilaylik.


30–BOB

Marhamat va la’nat sabablari

1 Men sizlarga aytgan mana shu barakalar yoki la’natlar boshingizga kelganda,

Egangiz Xudo sizlarni tarqatib yuborgan xalqlar orasida bularni esga olinglar.

2 O‘zlaringiz va farzandlaringiz Egangiz Xudoga qaytinglar. Men bugun sizlarga amr

qilayotganday, butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan Unga quloq solinglar. 3 Shunda

Egangiz Xudo sizlarni yana farovonlikka erishtiradi. Sizlarga rahm–shafqat qilib, O‘zi tarqatib yuborgan barcha xalqlar orasidan qaytarib yig‘ib keladi. 4 Yer yuzining to‘rt tarafiga tarqalib ketgan bo‘lsangiz ham, Egangiz Xudo sizlarni o‘sha yerlardan yig‘ib oladi, o‘sha yurtlardan qaytarib olib keladi. 5 Egangiz Xudo sizlarni ota–bobolaringiz egalik qilgan yurtga olib keladi. O‘sha yurtga egalik qilganlaringizda, Egamiz sizlarni baxtiyor qiladi. Sizlarni ota–bobolaringizdan ham ko‘proq qilib ko‘paytiradi. 6 Egangiz Xudo sizlarning yuragingizni, avlodlaringizning yuragini sunnat qiladi*. Shunda siz Egangiz Xudoni butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan sevasiz, hayotga ega bo‘lasiz. 7 Egangiz Xudo barcha la’natlarni sizdan nafratlangan, sizni quvgan dushmanlaringiz boshiga yog‘diradi. 8 Sizlar yana Egamizga quloq solasizlar. Men bugun sizlarga

berayotgan Uning amrlariga rioya qilasizlar. 9 Qiladigan har bir ishingizni Egangiz Xudo muvaffaqiyatli qiladi. Uvali–juvali bo‘lasizlar, molingiz ko‘payadi, yeringiz hosili barakali bo‘ladi. Egangiz ota–bobolaringizga bergan farovonlikdan qanchalik mamnun bo‘lgan bo‘lsa, sizlarga beradigan farovonlikdan ham shunchalik mamnun bo‘ladi. 10 Shuning uchun Egangiz Xudoga itoat eting. Butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan mana shu kitobda yozilgan amr va farmonlarga rioya qilib, Egangizga qayting.

11 Men bugun buyurayotgan amr sizlar uchun unchalik qiyin emas, yoki sizlar yetib bora olmaydigan darajada uzoqda emas. 12 U osmonda emaski, sizlar: “Kim biz uchun osmonga chiqib, amrni olib beradi, toki biz eshitib, bajarsak?” desangizlar. 13 U dengizning narigi tomonida emaski, sizlar: “Kim biz uchun dengizning narigi tomoniga borib, u amrni olib keladi, toki biz eshitib, bajarsak?” — desangizlar. 14 Aksincha! Bu amr sizning yaqiningizdadir, og‘zingizda, yuragingizdadir, shuning uchun uni bajara

olasizlar.

15 Bugun men sizlarga hayot bilan farovonlikni yoki o‘lim bilan kulfatni tanlash imkoniyatini beryapman. 16 Men bugun sizlarga: “Egangiz Xudoni seving, Uning yo‘lidan yuring, Uning amrlariga, farmonlariga, qonun–qoidalariga rioya qiling”, deb buyuryapman. Shunda sizlar yashaysizlar, ko‘payasizlar, mulk qilib oladigan yurtingizda Egangiz Xudo sizlarga baraka beradi. 17 Lekin sizlarga shuni aytib qo‘yayki, agar yuragingizni Xudodan o‘girsangiz, quloq solmasangiz, yo‘ldan ozib, boshqa xudolarga sig‘insangiz, ularga xizmat qilsangiz, 18 sizlar albatta yo‘q bo‘lasizlar. Iordanni kechib, mulk qilib oladigan yurtda ko‘p yashamaysizlar. 19 Bugun men sizlarga hayotni yoki o‘limni, barakalarni yoki la’natlarni tanlash imkoniyatini berdim. Bunga yeru osmonni guvoh qilib chaqirdim. Hayotni tanlang, shunda o‘zlaringiz ham, avlodlaringiz ham yashaysizlar. 20 Egangiz Xudoni seving, Unga quloq soling. Unga sodiq bo‘ling, chunki U sizning hayotingizdir. Egamiz ota–bobolaringiz Ibrohim, Is’hoq, Yoqubga qasam ichib beraman degan yurtda sizning umringizni uzoq qiladi.


31–BOB

Yoshua — Musoning davomchisi

1 Muso butun Isroil xalqiga yuqoridagi so‘zlarni aytib bo‘lgandan keyin, 2 shunday dedi*:

Men sen bilan birga bo‘laman.

24 Muso qonunlarning hamma so‘zlarini oxirigacha yozib bo‘lgach, 25 Egamizning Ahd

sandig‘ini olib yuradigan levilarga shunday buyruq berdi:

26 — Bu qonunlarni Egangiz Xudoning Ahd sandig‘i yoniga qo‘yinglar, o‘sha yerda sizlarga qarshi guvoh bo‘lib tursin. 27 Men sizlarning itoatsizligingizni, o‘jarligingizni yaxshi bilaman. Borligimda Egamizga bo‘ysunmaysizlar–u, men o‘lganimdan keyin battar bo‘lasizlar! 28 Qani, barcha qabila oqsoqollaringizni va nazoratchilaringizni oldimga yig‘ib kelinglar. Men ularga shu so‘zlarni aytayin. Yer va osmon ularga qarshi guvoh bo‘lsin. 29 O‘limimdan keyin sizlar buzilib ketishingizni, men ko‘rsatgan yo‘ldan chiqib ketishingizni bilaman. Boshingizga kulfatlar tushadi, chunki Egamizning oldida qabihliklar qilasizlar. Qilgan ishlaringiz bilan Uni g‘azablantirasizlar.

Musoning qo‘shig‘i

30 Muso jamiki Isroil jamoasi oldida quyidagi qo‘shiqni boshdan oxirgacha aytdi:


32–BOB

1 Ey samo, quloq sol, men gapiraman.

Ey zamin, og‘zimdan chiqqan so‘zlarni eshit.

2 Ta’limotim yomg‘ir kabi yog‘sin, So‘zlarim shudring kabi tushsin,

Maysalarni siypalaydigan yomg‘ir tomchilariday, O‘tlar ustiga yog‘adigan mo‘l yomg‘irday bo‘lsin. 3 Egamizning nomini ulug‘layman!

Xudoyimizning buyukligiga hamdlar o‘qing! 4 U suyangan Qoyam, Uning ishlari komil, Hamma yo‘llari adolatlidir.

Xudo sadoqatlidir, Unda yolg‘on yo‘q,

U haq va odildir.


5 Ammo sizlar Unga sodiq qolmadingiz! Ey buzuq va egri nasl,

Endi sizlar Uning farzandlari deb atalmaysiz, Bu sizlarning isnodingizdir.

6 Egamizga shunday qaytarasizmi, Ey ahmoq, nodon xalq?!

U sizlarni yaratgan Otangiz–ku!

Sizga shakl bergan Yaratuvchingiz–ku!

7 Qadimgi kunlarni eslang, Uzoq o‘tmishni o‘ylang.

Otangizdan so‘rang, u sizlarga aytib beradi, Oqsoqollardan so‘rang, sizlarga gapirib berishadi. 8 Xudoyi Taolo xalqlarga yerni bo‘lib berganda, Odamzodni yer yuziga tarqatganda,

Xalqlarning chegaralarini,

Ilohiy zotlar* soniga ko‘ra, belgilagandi.

9 Yoqub naslini esa Egamiz O‘ziga ulush qilib oldi, Isroilni O‘z nasibasi qildi.


10 Egamiz Isroilni sahrodan, Uvullaydigan dashtdan topib oldi. Uni O‘z bag‘riga oldi,

Unga g‘amxo‘rlik qilib, Ko‘z qorachig‘iday saqladi.

11 Go‘yo burgut inidagilarni uyg‘otib, O‘z polaponlari uzra aylanganday,

Qanotlarini yoyib, polaponlarini ko‘targanday,

Qanotlari ustida ularni olib yurganday,

12 Egamizning yolg‘iz O‘zi Isroilni olib yurdi, Yonida boshqa xudo yo‘q edi.

13 Yerning cho‘qqilariga Isroilni hukmdor qildi,

Dalaning hosili bilan uni to‘ydirdi.

Toshdan chiqqan asal bilan,

Toshloq yerda o‘sgan zaytunlarning moyi bilan boqdi.

14 Sigir qatig‘iyu echki suti bilan, Qo‘zichoq va qo‘y dumbasi bilan, Bashan qo‘chqoriyu buzoqlari go‘shti, A’lo bug‘doy bilan boqdi.

Uzumdan qilingan a’lo sharobdan ichirdi.

15 Azizim Isroil* semirib, o‘jar bo‘ldi.

U semirib, shishib ketdi, oxiri bo‘kib qoldi. O‘zini yaratgan Xudodan yuz o‘girib,

O‘z najot Qoyasini xor qildi.

16 Boshqa xudolarga sajda qilib, Uning rashkini keltirdi.

Jirkanchli butlar bilan Uning g‘azabini qo‘zg‘atdi.

17 Xudoga emas, jinlarga qurbonlik keltirdi.

Bu xudolarni o‘zlari bilmas edi,

Bu xudolar yaqinda paydo bo‘lgan,

Ota–bobolari ulardan qo‘rqmagan edi.

18 Evoh, ey Isroil, seni tuqqan Xudoni eslamading, Seni dunyoga keltirgan Qoyani unutding.


19 Egamiz bularni ko‘rib, ularni rad etdi,

O‘z o‘g‘il–qizlari Uning g‘azabini keltirgandi.

20 U shunday dedi: “Bu xalqdan yuzimni o‘giraman,

Ularning ahvoli nima bo‘lishini ko‘raman.

Axir, ular egri nasl, sadoqatsiz farzandlardir.

21 Ular Xudo bo‘lmagan butlar bilan rashkimni keltirdilar, Betayin xudolari bilan g‘azabimni qo‘zg‘atdilar.

Men ham xalq bo‘lmaganlar bilan ularning rashkini keltiraman, Aqlsiz bir xalq bilan g‘azabini qo‘zg‘ataman.

22 Mening g‘azabimdan olov chiqadi,

O‘liklar diyorining* eng chuqur joyigacha yondiradi, Yerni, hosilini kuydiradi,

Tog‘ poydevorini kul qiladi.

23 Ularga kulfat ketidan kulfat keltiraman, O‘qlarimni bitta qo‘ymay ularga otaman: 24 Ochlik ularning sillasini quritadi, Isitma yondirib kuydiradi,

Ofat jonlarini oladi.

Yovvoyi hayvonlar ularni tilka–pora qiladi, Yerda sudraladigan ilonlar zahrini sochadi.

25 Ko‘chalarda yigitu qizlarni qilich halok qiladi,

Uylarda esa chaqalog‘u oq sochli keksalarni vahima o‘ldiradi.

26 Ha, Men ularni sochib tashlagan bo‘lardim,

Odamlar orasidan ularning xotirasini o‘chirib yuborgan bo‘lardim,

27 Ammo dushmanning mazaxidan hayiqdim,

G‘animlar noto‘g‘ri tushunmasin, dedim.

«Isroilni Egasi emas, biz mag‘lub qildik», deb O‘ylamasin dedim.”


28 Isroil aqlini yo‘qotgan, idroksiz xalqdir. 29 Agar ularda aql bo‘lsa edi, tushunardi, Oqibati nima bo‘lishini bilardi.

30 Ana, Egasi Isroilni tark etdi,

Suyangan Qoyasi ularni dushmanga berib qo‘ydi.

Aks holda, bir kishi Isroilning mingtasini ta’qib qila olarmidi?!

Ikki kishi Isroilning o‘n mingtasini hayday olarmidi?!

31 Hatto dushmanlari tan oladi, Isroil xalqining Xudosi Qudratli Qoya ekanligini.


32 Isroilning dushmanlari uzum tokiga o‘xshar, Sado‘m va G‘amo‘ra* dalalarida o‘sar, Uzumzorlarining mevasi zaharli,

Uzumlari og‘u singari achchiqdir. 33 Ularning sharobi ajdarho zahri, Ilonlarning qo‘rqinchli og‘usidir. 34 Egamiz shunday deydi:

“Men Isroil dushmanlarini

Nimalar qilishni dilimda tutaman, O‘shalarni xazinamda saqlayman. 35 Ularning oyoqlari chalishganda Men O‘zim qasos va o‘ch olaman. Ularning halokat kuni yaqindir, Ularning qismati hal bo‘ladi.”


36 Egamizning xalqi kuchdan qolganda, Erkinu erksizlar nobud bo‘lganda, Egamiz O‘z xalqini oqlaydi,

O‘z qullariga rahm–shafqat qiladi.

37 Shunda Egamiz O‘z xalqidan so‘raydi: “Ishongan xudolaringiz qani?!

Siz panoh olgan qoyangiz qani?!

38 Sizlar o‘shalarga qurbonlik yog‘idan yedirdingiz,

Nazr sharobidan ichirdingiz.

Endi ular kelib, sizlarga yordam bersin!

O‘shalar sizga qalqon bo‘lib ko‘rsin!


39 Bilib qo‘ying, Men yagonaman! Mendan boshqa Xudo yo‘qdir.

O‘ldiradigan Menman,

Hayot beradigan ham Menman, Jarohat yetkazadigan Menman, Shifo beradigan ham Menman.

Mening qo‘limdan hech kim qutula olmaydi.

40 Men barhayot Xudo bo‘lganim haqi,

Qo‘limni osmonga ko‘tarib, ont ichib aytamanki,

41 Men yaltiroq qilichimni charxlayman,

Adolat o‘rnata boshlayman. Dushmanlarimdan qasos olaman, Mendan nafratlanganlarga qaytaraman.

42 Halok bo‘lganlar va asirlarning qoni bilan O‘qlarimni mast qilaman,

Yov lashkarboshilarining kallalari bilan

Qilichimni etga to‘ydiraman.”


43 Ey ellar, Uning xalqi bilan birga shodlaning,

U qullarining o‘limi uchun o‘ch oladi.

Dushmanlaridan qasos olib,

Yurti va xalqini gunohdan poklaydi.


44 Muso Nun o‘g‘li Yoshua* bilan birga bu qo‘shiqning barcha so‘zlarini ovoz chiqarib,

xalqqa aytib berdi.

Musoning oxirgi ko‘rsatmalari

45 Muso mana shu so‘zlarning hammasini butun Isroil xalqiga aytib bergandan keyin,

46 ularga shunday dedi:

— Bugun men sizlarni ogohlantirib, aytgan so‘zlarning hammasini yuragingizda saqlang. Bolalaringizga ham buyuring, mana shu qonunning so‘zlarini bitta qoldirmay bajarishsin. 47 Bu shunchaki quruq so‘zlar emas, balki sizlarning hayotingizdir. Mana shu so‘zlar tufayli sizlar mulk qilib oladigan Iordanning narigi tomonidagi yurtda uzoq yashaysizlar.

48 Egamiz o‘sha kuni Musoga shunday dedi:

49 — Aborim tizmasidagi Navo tog‘iga chiq. Bu tog‘ Yerixo shahri ro‘parasidagi Mo‘ab yurtida joylashgan. U yerdan Men Isroil xalqiga mulk qilib berayotgan Kan’on yurtiga qara. 50 Akang Horun Xo‘r tog‘ida olamdan o‘tganday, sen ham o‘zing chiqadigan tog‘da olamdan o‘tasan. 51 Ikkovingiz Isroil xalqining oldida Menga sadoqatsizlik qilgan edingiz. Sizlar Zin cho‘lida, Mariva suvlari bo‘yidagi Kadesh yonida Isroil xalqiga muqaddasligimni namoyon qilmagan edingiz*. 52 Shuning uchun sen o‘sha yurtni uzoqdan ko‘rasan. Men Isroil xalqiga berayotgan o‘sha yerga sen kirmaysan.


33–BOB

Muso Isroil qabilalarini duo qiladi

1 Xudoning odami Muso o‘limidan oldin Isroil xalqini quyidagi so‘zlar bilan duo qildi:


2 “Egamiz Sinay tog‘idan O‘z xalqiga keldi, Seir yurti uzra quyoshday porladi, Poron* qirlaridan nur sochdi.

O‘n minglarcha farishta U bilan keldi*, O‘ng qo‘lida otashin olov* bor edi.

3 Darhaqiqat, Egamiz O‘z xalqini* sevadi, Unga bag‘ishlangan odamlarni himoya qiladi. Ular Egamizga ta’zim qiladilar,

Undan ko‘rsatmalar oladilar.

4 Muso Isroil xalqiga bergan ushbu qonun Yoqub naslining bebaho mulkidir.

5 Isroil qabilalari yig‘ilganda,

Xalq yo‘lboshchilari to‘planganda,

Egamiz aziz Isroilga* shoh bo‘ldi.”


6 Muso Ruben qabilasi haqida shunday dedi:


“Ruben qabilasi yashasin, o‘lmasin, Soni kam bo‘lsa–da, omon bo‘lsin*.”


7 Yahudo qabilasi haqida shunday dedi:


“Ey Egam, Yahudoning ovozini eshitgin,

Uni boshqa qabilalar bilan birlashtirgin.

U o‘z qo‘llari bilan o‘zini himoya qilmoqda, Dushmanlariga qarshi unga madad bergin.”


8 Levi qabilasi haqida shunday dedi:


“Ey Egam, Sen Urim bilan Tummimni* Taqvodor Leviga berding.

Uni Massaxda sinab ko‘rding,

U bilan Mariva suvlari bo‘yida* bellashding. 9 U ota–onasidan, aka–ukasidan, Bola–chaqasidan Seni ustun ko‘rdi*.

Sening amrlaringni bajardi, Ahdingga sodiq qoldi.

10 Yoqub nasliga qoidalaringni, Isroil xalqiga qonuningni o‘rgatadi, Huzuringda tutatqilar tutatib,

Qurbongohingda qurbonliklar kuydiradi. 11 Ey Egam, uning davlatiga baraka bergin, Qilgan ishlaridan mamnun bo‘lgin.

Yovlarining belini sindirgin,

Undan nafratlanganlar qaytib turolmasin.”


12 Benyamin qabilasi haqida u shunday dedi:


“Egamizning suyukligi bexatar yashaydi,

Xudoyi Taolo doim uni asraydi*,

U Xudoning quchog‘ida orom oladi.”


13 Yusuf qabilasi haqida shunday dedi:


“Egamiz uning yeriga baraka bersin.

Osmon yomg‘iri, yer osti suvi bilan barakalasin.

14 Quyoshga to‘ygan a’lo hosillar bersin, O‘z mavsumida mo‘l mevalar yetishtirsin. 15 Qadimiy tog‘larning asil unumini,

Ko‘hna adirlarning serob barakasini bersin. 16 Yerning a’lo in’omlari Yusufga nasib etsin, Yongan buta orasida zohir bo‘lgan

Xudo* uni O‘z muruvvatiga muyassar qilsin,

Aka–ukalari orasidan tanlangan Yusufga bular buyursin.

17 Birinchi tug‘ilgan buqaday qudratlidir u!

Uning shoxlari yovvoyi buqaning shoxlaridaydir. Bir shoxi Efrayimning tuman lashkaridir,

Boshqa shoxi Manashening minglab jangchilaridir. Bu shoxlari bilan Yusuf xalqlarni quvadi,

Yer yuzining chetigacha ularni haydab boradi.”

18 Zabulun va Issaxor qabilasi haqida shunday dedi:


“Zabulun safarga chiqqanda xursand bo‘lsin,

Issaxor esa chodirlarida shodlansin. 19 Ular butun xalqni toqqa chaqiradi, U yerda ma’qul qurbonliklar keltiradi, Dengizning boyligi bilan,

Qumdagi xazina bilan oziqlanadi.”


20 Gad qabilasi haqida shunday dedi:


“Gadning yerini kengaytirgan Xudoni olqishlang!

Gad bir arslon kabi yashaydi, Qurbonining qo‘lu boshini uzib tashlaydi. 21 U o‘zi uchun yerning a’losini oldi, Yo‘lboshchining ulushi unga berildi.

Xalqning yo‘lboshchilari yig‘ilganda

Gad Egamizning odil irodasini bajardi,

Egamizning Isroil uchun chiqargan qarorini ado etdi*.”


22 Dan qabilasi haqida shunday dedi:


“Dan yosh sherga o‘xshar,

U Bashandan sakrab chiqar.”


23 Naftali qabilasi haqida shunday dedi:


“Egamizning muruvvati Naftaliga yor! Barakasi uni to‘ldirdi bisyor!

G‘arbu janubga u egalik qilar.”


24 Osher qabilasi haqida shunday dedi:


“O‘g‘illar orasida Osher eng ko‘p baraka topdi,

Aka–ukalari uni afzal ko‘rsin, Oyog‘i zaytun moyida bo‘lsin.

25 Tambalari temiru bronzadan bo‘lsin,

Umri qancha uzoq bo‘lsa, kuchi shuncha ko‘p bo‘lsin.”


Muso Isroil xalqiga shunday dedi:


26 “Ey azizim Isroil, Xudoyingga o‘xshagani yo‘q,

U salobat bilan bulutlarni egarlaydi,

Senga yordam bergani osmondan uchib keladi,

27 Qadimdan bor bo‘lgan Xudo sening panohingdir, Uning abadiy qo‘llari seni tutib turadi.

U dushmanlaringni oldingdan haydaydi,

Senga: «Ularni qirib tashla!» deb aytadi. 28 Ey Isroil, xavf–xatarsiz yashaysan, Yoqub nasli, osoyishta bo‘lasan.

Sening yering don va sharobga boydir, Yurtingga osmondan shudring tushadi. 29 Ey Isroil, sen baxtlisan!

Kim senga o‘xshar?!

Sen Egamiz qutqargan xalqsan. Seni asraydigan qalqoning, Shonli qiliching Egamizdir.

Oldingda dushmanlaring titrab tiz cho‘kadi, Sen esa ularning belini ezasan.”


34–BOB

Musoning o‘limi

1 Muso Mo‘ab tekisligidan Navo tog‘ining cho‘qqisiga chiqdi*. Navo tog‘i Yerixo shahrining sharqida joylashgan Fisgax tog‘ tizmasining* eng baland joyi edi. U yerdan Musoga Egamiz butun o‘lkani ko‘rsatdi: shimoldagi Dan shahrigacha cho‘zilgan butun Gilad o‘lkasini*, 2 hamma Naftali yerlarini, Efrayim va Manashe yerlarini, O‘rta yer dengizigacha cho‘zilgan butun Yahudo yerlarini, 3 Nagav cho‘li* va tekislikni. Bu tekislik Zo‘var shahridan* to palmalar shahri bo‘lmish Yerixogacha cho‘zilgan edi. 4 Egamiz Musoga dedi:

— Men Ibrohim, Is’hoq, Yoqubga, sening avlodingga beraman, deb qasam ichib aytgan yurt mana shudir. Mana, bu yurtni o‘z ko‘zing bilan ko‘rding, lekin u yurtga kirmaysan.

5 Egamiz aytganiday, Uning quli Muso o‘sha yerda, Mo‘ab yurtida vafot etdi. 6 Egamiz uni Mo‘abda, Bayt–Piyor shahrining yaqinidagi bir vodiyda dafn qildi. Muso dafn qilingan joyni hozirgacha hech kim bilmaydi. 7 Muso vafot etganda 120 yoshda edi.

Lekin ko‘zlarining nuri hali so‘nmagan edi, g‘ayrati yo‘qolmagan edi. 8 Isroil xalqi Mo‘ab tekisligida Muso uchun o‘ttiz kun aza tutdi. Muso uchun aza kunlari tamom bo‘ldi.

9 Muso o‘limidan oldin Yoshuaga qo‘l qo‘yib, uni yo‘lboshchi qilib tayinlagan edi. Nun o‘g‘li Yoshuani Xudo donolik ruhi bilan to‘ldirdi. Isroil xalqi Yoshuaga bo‘ysundi, Egamiz Musoga buyurganlarning hammasini ular qildi.

10 Isroilda Musoga o‘xshagan payg‘ambar boshqa chiqmadi. Egamiz Muso bilan yuzma–yuz gaplashar edi. 11 Egamiz uni Misr yurtida fir’avnga, uning a’yonlari va butun xalqiga alomatu mo‘jizalar ko‘rsatish uchun yuborgan edi. 12 Muso butun Isroil xalqi oldida buyuk qudratu haybatli ishlarni namoyon qilgandi.

IZOHLAR

1:1 Iordan daryosining sharq tomonidagi cho‘lda — ibroniycha matnda Iordan daryosining sharq tomonidagi cho‘lda, ya’ni Arabada. Araba umumiy geografik nom bo‘lib, bu oyatda Iordan vodiysining bir qismiga, aynan O‘lik dengizning shimolidagi yerlarga nisbatan ishlatilgan.

1:1 …Suf…Poron…Tofal, Lobon, Xazero‘t va Dizaxab… — bu joylarning qayerda

joylashgani aniq ma’lum emas.

1:2 Sinay tog‘i — ibroniycha matnda Xorev tog‘i, Sinay tog‘ining yana bir nomi (shu

bobning 6, 19–oyatlarida ham bor).

1:2 …Seir tog‘lari bo‘ylab… — Edom yurtining g‘arb tomonidan o‘tgan yo‘lga ishora.

1:2 …o‘n bir kunlik yo‘ldir — Isroil xalqi Xudoga qarshi bosh ko‘targani uchun, Kadesh– Barnadan Kan’on yurtiga o‘n bir kunda emas, balki qirq yildan keyin kirdi (shu bobning 3-40–oyatlariga qarang).

1:3 o‘n birinchi oy — ibroniy kalendarining Shebat oyi nazarda tutilgan. Hozirgi

kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan yanvarning o‘rtasidan boshlanadi.

1:7 Iordan vodiysi — ibroniycha matnda Araba. Araba umumiy geografik nom bo‘lib, bu

oyatda Iordan vodiysiga nisbatan ishlatilgan.

1:7 Nagav cho‘li — hozirgi Isroilning janubida, O‘lik dengizning janubi–g‘arbida

joylashgan yerlar.

1:24 Eshko‘l — ibroniychadagi ma’nosi bir bosh uzum.

1:28 Onoq avlodi — Isroil xalqidan avval Kan’onda yashagan, gavdasi ulkan, kuchli jangchilari bilan mashhur bo‘lgan xalq (2:10-11, 20-21, 9:1-2 va Sahroda 13:33-34 ga qarang)

1:33 …kechasi ustun shaklidagi alanga ichida, kunduzi esa ustun shaklidagi bulut ichida

borardi — Chiqish 40:34-38, Sahroda 9:15-23 ga qarang.

1:37 Sizlarni deb Egamiz mendan g‘azablanib… — Sahroda 20:2-13, 27:12-14 ga qarang.

1:40 Qizil dengiz — ibroniycha matnda Yom–Suf, ma’nosi Qamish dengizi. Bu oyatdagi mana shu nom hozirgi Aqaba qo‘ltig‘iga (ya’ni Qizil dengizning shimoli–sharqidagi qo‘ltig‘iga) ishora qiladi.

1:44 Seir — Edom yurtiga qarashli bo‘lgan tog‘li yerlar.

2:1 Qizil dengiz — ibroniycha matnda Yom–Suf, ma’nosi Qamish dengizi. 1:40 izohiga qarang.

2:1 Seir tog‘lari — 1:44 izohiga qarang.

2:4 Seir yurtida yashaydigan birodarlaringiz — Edom yurtining yana bir nomi Seir edi. Isroil xalqi Yoqubdan, Edom xalqi esa Yoqubning akasi Esovdan kelib chiqqan edi.

2:8 Elet va Ezyo‘n–Geber — Sinay yarim orolining sharqida, Qizil dengizning shimoliy qirg‘og‘idagi bandargoh shaharlar. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi BANDARGOH so‘ziga qarang.

2:8 Iordan vodiysi — ibroniycha matnda Araba. Araba umumiy geografik nom bo‘lib, bu

oyatda Iordan vodiysiga nisbatan ishlatilgan.

2:9 Or — Mo‘ab yurtining asosiy shaharlaridan biri bo‘lib, bu o‘rinda Mo‘abning hamma

yerlariga nisbatan ishlatilgan (Sahroda 21:28 ga qarang).

2:9 Lut avlodi — ya’ni Mo‘ab xalqi. Ularning ota–bobosi Mo‘ab Lutning o‘g‘illaridan biri

edi (Ibtido 19:36-38 ga qarang). Lut Ibrohimning jiyani edi.

2:11 Eyim xalqi va Onoq avlodlari…Rafa xalqi… — Isroil xalqidan avval Kan’onda yashagan, gavdasi ulkan, kuchli jangchilari bilan mashhur bo‘lgan xalqlar (1:28, 2:20-21, 3:11, 9:1-2, Sahroda 13:33-34 ga qarang).

2:12 Esov avlodi — ya’ni Edom xalqi (2:4 izohiga qarang).

2:13 Zarad soyligi — bu soylik O‘lik dengizga janubi–sharq tomondan quyilib, Edom

yurtining shimoliy chegarasini va Mo‘ab yurtining janubiy chegarasini belgilar edi.

2:19 Lut avlodi — ya’ni Ommon xalqi. Ularning ota–bobosi Banommi Lutning

o‘g‘illaridan biri edi (Ibtido 19:36-38 ga qarang). Lut Ibrohimning jiyani edi.

2:23 Xafto‘rdan kelgan Xafto‘r xalqi — Krit orolidan kelib chiqqan Filist xalqining

ajdodlariga ishora bo‘lishi mumkin (Eski Ahdda Krit oroli Xafto‘r deb atalgan).

2:24 Arnon soyligi — Mo‘ab yurtining shimoliy chegarasi va shoh Sixo‘nga tegishli

yerlarning janubiy chegarasi. Arnondagi soy g‘arb tomonga oqib, O‘lik dengizga quyiladi.

2:36 soylik — ikki adir oralig‘idagi pastlik. Ba’zi soyliklar vodiy kabi keng bo‘lardi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi SOYLIK so‘ziga qarang.

2:37 Yavoq daryosi — Ommon yurtining g‘arbiy chegarasini tashkil qilgan daryoning bosh qismiga ishora. Yavoq daryosi janubdan shimolga qarab oqardi, so‘ng g‘arb tomonga burilib, Iordan daryosiga quyilardi.

3:8 Arnon soyligi — 2:24 izohiga qarang.

3:8 Xermon tog‘i — Jalila ko‘lidan qariyb 60 kilometr shimoli–sharqda joylashgan.

3:11 Rafa xalqi — 2:11 izohiga qarang.

3:11 Uning yotadigan o‘rni — yoki Uning tobuti.

3:11 temir — yoki tosh.

3:11 …uzunligi to‘qqiz tirsak, kengligi esa to‘rt tirsak… — uzunligi taxminan 4,1 metrga,

kengligi taxminan 1,8 metrga to‘g‘ri keladi.

3:11 Uning o‘rni hozir ham… — ya’ni shu kitob yozilgan vaqtda.

3:13 Manashe qabilasining yarmi — Iordan daryosining sharq tomonida o‘rnashgan qabilaning yarmi nazarda tutilgan (Yoshua 13:8, 29-31 ga qarang). Qabilaning ikkinchi yarmi Iordan daryosining g‘arb tomonidagi Kan’on yurtida o‘rnashgan edi (Yoshua 22:7 ga qarang).

3:14 bugungacha — shu kitob yozilgan vaqtga ishora.

3:14 Yovir qishloqlari — ibroniycha matnda Xavot–Yovir, ma’nosi Yovir shaharlari.

3:16 Yavoq daryosi — Ommon yurtining g‘arbiy chegarasini tashkil qilgan daryoning bosh qismiga ishora. Yavoq daryosi janubdan shimolga qarab oqardi, so‘ng g‘arb tomonga burilib, Iordan daryosiga quyilardi.

3:17 Jalila ko‘li — ibroniycha matnda Keneret, o‘sha vaqtda Jalila ko‘li va uning

atrofidagi yerlar shu nom bilan ham atalardi.

3:17 O‘lik dengiz — ibroniycha matnda Tuz dengizi.

3:26 …Egamiz sizlar tufayli mendan g‘azablangani uchun… — Sahroda 20:2-13, 27:12- 14 ga qarang.

3:27 Fisgax tog‘ tizmasining cho‘qqisi — O‘lik dengizning shimoliy qirg‘og‘idan qariyb 15 kilometr sharqda joylashgan. Fisgax deb, Mo‘ab tekisligidan to g‘arbdagi Aborim tog‘larigacha cho‘zilgan tog‘ tizmasiga nisbatan aytilgan bo‘lishi mumkin. Bu tizmaning eng baland nuqtasi Navo tog‘ining cho‘qqisi edi (34:1 ga qarang).

4:3 Egamiz Piyor tog‘ida nimalar qilganini… — Sahroda 25:1-9 ga qarang.

4:10 Sinay tog‘i — ibroniycha matnda Xorev tog‘i, Sinay tog‘ining yana bir nomi (shu

bobning 15–oyatida ham bor).

4:21 Egamiz sizlarning dastingizdan mendan g‘azablandi… — Sahroda 20:2-13, 27:12- 14 ga qarang.

4:24 …U rashkchi Xudodir — Chiqish 34:13-14 ga qarang.

4:42 …o‘sha shaharlardan biriga qochib borib, jonini qutqarishi mumkin — 19:1-13 ga qarang.

4:48 Siriyon — ibroniycha matnda bu nomning boshqa varianti Siyon. Uning Siriyon degan shakli 3:9 dan olingan.

4:49 …O‘lik dengiz…Iordan vodiysi… — ibroniycha matnda …Araba dengizi…Araba…. Araba umumiy geografik nom bo‘lib, bu oyatda O‘lik dengiz joylashgan cho‘lni hamda O‘lik dengizning shimolidagi Iordan vodiysini bildiradi.

5:2 Sinay tog‘i — ibroniycha matnda Xorev tog‘i, Sinay tog‘ining yana bir nomi.

5:9 O‘sha xudolar yoki butlarga… — ibroniycha matnda Ularga…, shu bobning 7, 8– oyatlarida aytib o‘tilgan xudolar va butlarga ishora.

5:10 …ming–ming avlodlariga… — yoki …minginchi avlodiga… yoxud …minglariga….

5:11 …ismini suiiste’mol qilmang — bunga Xudoning nomi bilan biror ishni qilaman, haqiqatni aytaman, deb qasam ichgandan keyin, o‘sha va’dani buzish, ontdan qaytish yoxud Xudoning nomi bilan la’natlash yoki Xudo aytganimni qilsin, deb qilingan har xil ishlar kiradi (misol uchun, Xudoning nomi bilan fol ochish yoki sehr–jodu qilish).

6:3 sut va asal oqib yotgan yurt — nihoyatda hosildor yerni bildiruvchi ibora. Mo‘l–ko‘l sut — mol uchun ko‘m–ko‘k yaylovlarning ko‘pligini bildiradi. Asal — xurmodan olinadigan quyuq, shirin murabboga ishora bo‘lishi mumkin. Murabboning mo‘lligi yaxshi hosil beradigan yerni bildiradi.

6:4 Egamiz Xudo tanho Egadir — yoki Egamiz Xudoyimizdir, Egamiz tanhodir yoxud

Egamiz Xudo, Egamiz bittadir.

6:9 kesaki — eshik o‘rnatilgan chorcho‘p.

6:16 Massaxda qilganingizdek… — Chiqish 17:1-7 va Sahroda 20:1-13 ga qarang.

7:5 Ashera — Kan’ondagi xalqlar sajda qilgan hosildorlik xudosi bo‘lib, ayol qiyofasida

tasavvur qilingan. Uning erkak jufti Baal edi. Asheraning tasvirlari baland ustun

shaklida bo‘lib, yog‘ochdan yasalgan edi.

7:20 …tirik qolganlarni U vahimaga solib, quvib yuboradi — yoki …tirik qolganlarni

quvish uchun U qovoq arilarni yuboradi.

8:3 manna — Xudo Isroil xalqiga qirq yil davomida sahroda yetkazib turgan maxsus yegulik. Manna, Shabbat kunidan tashqari, har kuni kechasi yerga yog‘ilardi, odamlar saharda turib, uni yig‘ib olishardi. So‘ng uni yanchib, non yopishardi yoki qaynatib ovqat tayyorlashardi (Chiqish 16:13-35, Sahroda 11:7-9 ga qarang).

8:15 …qoyadan suv chiqardi — Chiqish 17:1-7 va Sahroda 20:2-11 ga qarang.

9:1 …Iordan daryosining narigi tomoniga… — ya’ni Iordan daryosining g‘arb tomoniga.

9:2 Onoq avlodi — 1:28 izohiga qarang.

9:8 Sinay tog‘i — ibroniycha matnda Xorev tog‘i, Sinay tog‘ining yana bir nomi.

9:9 Egamiz sizlar bilan qilgan ahd — ya’ni o‘nta amr.

9:18 oldingiday — shu bobning 9–oyatiga qarang.

9:22 Tavera — Sahroda 11:1-3 ga qarang.

9:22 Massax — Chiqish 17:1-7 va Sahroda 20:1-13 ga qarang.

9:22 Xivrut–Xattavo — Sahroda 11:33-34 ga qarang.

9:23 Kadesh–Barnadan jo‘natganda ham…sizlar Egangiz Xudoning amriga qarshilik

qildingizlar — Sahroda 13-14–boblarga qarang.

10:3 akas yog‘ochi — quruq joylarda o‘sadigan akas daraxtining yog‘ochi qattiq,

chidamli va yengil bo‘ladi.

10:6 Yaqon urug‘iga qarashli quduqlar — ibroniycha matnda Baro‘t–Baniy–Yaqon,

ma’nosi Yaqon urug‘iga qarashli quduqlar.

10:6 Horun o‘sha yerda vafot etib… — Sahroda 20:22-28 ga qarang.

10:8 bugungacha — shu kitob yozilgan vaqtga ishora.

10:16 Yuraklaringizni sunnat qilinglar… — sunnat Xudoning Ibrohim va uning avlodi bilan qilgan ahd belgisi edi (Ibtido 17:9-14 ga qarang). Isroil xalqi Xudoga bo‘lgan sadoqatini va Uning amrlariga itoat qilish istagini ko‘rsatish uchun sunnat qilinardilar. Bu oyatdagi “yuraklaringizni sunnat qilinglar” iborasi ko‘chma ma’noda ishlatilib, tuzilgan ahdning tashqi belgisi bo‘lgan jismoniy sunnat yetarli emasligini ko‘rsatadi.

Mazkur iborada Xudoga chin yurakdan sodiq va itoatkor bo‘lishga urg‘u beriladi (yana 30:6 ga qarang).

10:17 xudolarning Xudosi…egalarning Egasi — bu ibora Xudo zaminiy va samoviy kuchlarni boshqarishini bildiradi. Egamiz Xudo xalqlar sig‘inadigan barcha xudolardan ustun (misol uchun, Chiqish 12:12, 18:9-11 ga qarang). Muqaddas Kitobda bu “xudolar” behuda butlar deb ham ataladi (Chiqish 20:3-5, Zabur 95:4-5, Ishayo 42:17, 44:6-20), ba’zi bir oyatlarda esa jinlar deb tasvirlanadi (Qonunlar 32:16-17, Zabur 105:36-38,

1 Korinfliklar 10:19-20 ga qarang).

10:22 yetmish kishi — Ibtido 46:8-27 oyatlarga va Ibtido 46:27 izohiga qarang.

11:4 Qizil dengiz — ibroniycha matnda Yom–Suf, ma’nosi Qamish dengizi. Bu oyatdagi

mana shu nom ostida hozirgi Suets qo‘ltig‘i (ya’ni Qizil dengizning shimoli–g‘arbidagi

qo‘ltiq) yoki Suets qo‘ltig‘i va O‘rta yer dengizi oralig‘ida joylashgan ko‘llardan biri nazarda tutilgan. Chiqish 14:10-31 dagi hodisalarning tafsilotiga ko‘ra, bu dengiz kattaligidan Isroil xalqiga to‘siq bo‘lgan, chuqurligidan Misr lashkari cho‘kib ketgan.

11:6 …Datan va Aburamni Egamiz nimalar qilganini… — Sahroda 16:1-34 ga qarang.

11:9 sut va asal oqib yotgan yurt — 6:3 izohiga qarang.

11:10 Misrda sabzavot urug‘ini…o‘zlaringiz sug‘orar edingizlar — Misrdagi yer tekis bo‘lib, yomg‘ir kam yog‘ardi. Ekinlarni sug‘orish uchun suvni Nil daryosidan tashib kelish kerak edi.

11:14 Doningizni, sharobingizni va zaytun moyingizni yig‘ib olasiz — Kan’onda ekin– tikin ishlari kuzgi yomg‘irlardan oldin boshlanardi, hosil esa bahor yomg‘irlaridan oldin yig‘ib olinardi.

11:29 …Garizim tog‘idan…Ebal tog‘idan… — Yoshua 8:30-35 ga qarang.

11:30 Iordan vodiysi — ibroniycha matnda Araba. Araba umumiy geografik nom bo‘lib, bu oyatda Iordan vodiysining bir qismiga, aynan O‘lik dengizning shimolidagi yerlarga nisbatan ishlatilgan.

12:3 Ashera — 7:5 izohiga qarang.

12:6 ushr — har qanday daromadning o‘ndan bir qismi. 14:22-29, 26:12-13 ga va Levilar 27:30-33 ga qarang.

12:6 mol–qo‘ylaringizning birinchi tug‘ilgan bolalari — 15:19-22 ga qarang.

12:22 Pok yoki harom odam bu go‘shtni…tanovul qilaversin — odatda go‘sht muqaddas taom sifatida tanovul qilinardi va faqat sajda uchun poklangan odamlargina bunday go‘shtdan yeyishlari mumkin edi. Muqaddas taom tarkibiga kirmagan go‘shtni esa har qanday odam poklanmasdan turib yeyishi mumkin edi.

14:1 …badaningizni tilmang, sochingizning oldini qirmang — bu odatlar butparast xalqlarga xos edi (misol uchun, 3 Shohlar 18:28 ga qarang).

14:4 hayvonlar — ibroniycha matndagi shu bobning 4-18–oyatlarida aytib o‘tilgan ba’zi

hayvonlar va qushlarning qaysi turlariga mansubligi bahsli.

14:20 …ba’zi turdagi qanotli hasharotlarni yeyishingiz mumkin — Levilar 11:20-23 ga qarang.

14:21 Uloqchani o‘z onasining sutida qaynatmang — Chiqish 23:19 izohiga qarang.

14:23 ushr — 12:6 ning birinchi izohiga qarang.

15:12 …ibroniy erkak yoki ayol sizga o‘zini sotsa… — qadimgi Isroilda odamlar qarzini to‘lash uchun ba’zan o‘zlarini qullikka sotishgan yoki oila a’zolari tomonidan qul qilib sotilganlar.

16:1 Abib oyi — ibroniy kalendarining birinchi oyi (Abib oyi Nison oyi deb ham ataladi).

Hozirgi kalendarga ko‘ra, bu oy taxminan martning o‘rtasidan boshlanadi.

16:3 …yetti kun davomida xamirturushsiz non yenglar — Fisih ziyofatida va undan keyin bir hafta davomida Isroil xalqi faqat xamirturushsiz nonlarni iste’mol qilishlari kerak edi. O‘sha hafta Xamirturushsiz non bayrami deb atalgan (shu bobning 16–oyatiga va Chiqish 12:14-20, 13:3-10 ga qarang).

16:9 Hosil — bahorda Xamirturushsiz non bayrami paytida yetiladigan arpa hosiliga ishora (shu bobning 3–oyati izohiga qarang).

16:10 Hosil bayrami — ibroniycha matnda Haftalar bayrami, Hosil bayramining yana bir nomi (shu bobning 16–oyatida ham bor).

16:13 Doningizni yanchib, sharobingizni tayyorlab olganingizdan keyin… — sentabrning oxiri yoki oktabrning boshiga to‘g‘ri keladi (Levilar 23:34 oyatga va Levilar 16:29 izohiga qarang).

16:21 Ashera — 7:5 izohiga qarang.

17:17 …aks holda, Egamizdan yuragi soviydi — shohlar ajnabiy hukmdorlar bilan sulh tuzish maqsadida ularning qizlariga uylanar edilar. Bu ajnabiy xotinlar o‘z xudolariga topinib, shohni ham o‘sha butlarga topinishga undardilar.

18:2 “Men O‘zim sizlarning ulushingiz bo‘laman” — Xudo Levi qabilasining muhtojliklarini qondirishini va’da qilgan edi. Ular Isroil xalqining Egamizga keltirilgan qurbonligu nazrlaridan yeyish huquqiga ega edilar (shu bobning 1-2–oyatlariga qarang). Bundan tashqari, Xudoning amriga ko‘ra, xalqdan yig‘ilgan ushr Levi qabilasiga tegishli bo‘ldi (14:28-29 ga qarang), ayrim shaharlar va shahar atrofidagi yaylovlar ham ularga berilgan edi (Yoshua 21:1-3 ga qarang).

18:10 O‘g‘li yoki qizini olovda qurbon qiladigan… — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi O‘g‘li yoki qizini olovdan o‘tkazadigan…. Butparast xalqlarga xos bo‘lgan bu jirkanch odat Xudoning nazarida o‘taketgan qabihlik edi.

18:16 Sinay tog‘i — ibroniycha matnda Xorev tog‘i, Sinay tog‘ining yana bir nomi.

19:2-3 yurt — Iordan daryosining g‘arb tomonidagi Kan’on yurti nazarda tutilgan. Iordan daryosining sharq tomonidagi hududda uchta panoh shahar belgilab bo‘lingandi (4:41-43 ga qarang).

20:20 qamal inshootlari — qadimgi davrlarda dushmanlar devor bilan o‘ralgan shaharga hujum qilayotganlarida, ko‘pincha devor yoniga baland qurilmalar yasaganlar. Shu yo‘l bilan ular shaharni himoya qilayotgan xalqqa hujum qilish uchun devorni buzishga yoki oshib o‘tishga qulay imkoniyat yaratganlar.

22:8 …birortasi tomingizdan yiqilib o‘lsa… — u zamonlarda uylarning tomi tekis bo‘lib,

odamlar tomga chiqib dam olishardi.

22:19 yuz bo‘lak kumush — ibroniycha matnda yuz shaqal kumush, taxminan 1 kiloga

to‘g‘ri keladi.

22:24 xotin — unashtirilgan qiz ota–onasining uyida yashab yurgan paytda, to‘yidan

oldin ham nikohdagi xotin deb hisoblanardi.

22:29 ellik bo‘lak kumush — ibroniycha matnda ellik shaqal kumush, taxminan 550

grammga to‘g‘ri keladi.

23:4 Oram–Naxrayim — ibroniychadagi ma’nosi Ikki daryoning Orami demakdir. Bu yer Furot daryosi bo‘yida joylashgan bo‘lib, hozirgi Suriya mamlakatining shimoliy qismini va hozirgi Turkiyaning janubi–sharqiy qismini qamrab olardi

23:4 Ular…Balomni sizlarni la’natlash uchun yolladi — Sahroda 22:1-24:25 ga qarang.

23:7 ular sizlarning qarindoshlaringizdir — Edomliklar Yoqubning akasi Esovdan

tarqalgan nasl edi. Yoqub Isroil xalqining bobokaloni edi.

23:17 sajdagoh fohishalari…sajdagoh fohishlari — o‘sha paytlarda Kan’ondagi butparast xalqlar o‘z sajdagohlarida diniy vazifalardan birini fahsh orqali bajarardilar. Butparast xalqlarning udumlariga ko‘ra, odamlar fohishalar va fohishlar bilan jinsiy aloqa qilish orqali o‘z xudolariga topinardilar, xudolaridan farovonlik ato qilishni so‘rardilar.

24:8 Teri kasalligi — bu ibora ibroniychada har xil teri kasalliklariga nisbatan ishlatilgan so‘zning tarjimasidir. Odatda bu ibora moxov kasalligiga ishora deb tushuniladi. Teri kasalliklaridan birortasiga yo‘liqqan kishi harom hisoblanar edi. Xasta odam kasalligini boshqalarga yuqtirmasligi va ularni harom qilmasligi uchun, boshqalardan ajratib qo‘yilar edi (Levilar 13:45-46 ga qarang).

24:9 …Egangiz Xudo yo‘lda Maryamni nima qilganini… — Sahroda 12:1-15 ga qarang.

25:4 G‘alla yanchayotgan… — donni boshoqdan ajratish jarayoni yanchish deyiladi. Qadimgi Yaqin Sharqda bu ish don boshoqlarini tayoq bilan urish, ustidan tepkilash yoki xo‘ptir yurgizish orqali bajarilgan (xo‘ptir — ostiga uchli tosh yoki temir mahkamlangan og‘ir taxta).

25:17 Misrdan chiqayotganingizda yo‘lda Omolek xalqi sizlarga nima qilganini…

Chiqish 17:8-14 ga qarang.

26:5 Bobokalonimiz Yoqub ko‘chmanchi bir Oramlik edi — Ibtido 28:1-5, 18-21 ga qarang.

26:9 sut va asal oqib yotgan shu yurt — 6:3 izohiga qarang.

26:12 ushr — 12:6 ning birinchi izohiga qarang.

27:2-4 Sut va asal oqib yotgan bu yurt — 6:3 izohiga qarang.

27:2-4 Ebal tog‘i — Quddusdan qariyb 44 kilometr shimolda, Shakam shahri yaqinida joylashgan.

27:9 Bugun sizlar Egangiz Xudoning xalqi bo‘ldingiz — 26:16-19 ga qarang.

27:12-13 …Garizim tog‘i…13…Ebal tog‘i… — Garizim tog‘i Ebal tog‘idan janubda joylashgan. Bu ikki tog‘ orasidan Shakam vodiysi o‘tgan. Yana shu bobning 2-4– oyatlariga berilgan ikkinchi izohga qarang.

28:38 chigirtkalar — ba’zan to‘da–to‘da bo‘lib kelib, dalalardagi hosilga katta zarar yetkazadigan hasharot.

29:1-2 Sinay tog‘i — ibroniycha matnda Xorev tog‘i, Sinay tog‘ining yana bir nomi.

29:8 Manashe qabilasining yarmi — 3:13 izohiga qarang.

29:19 …u hammaning boshiga birday kulfat keltiradi — ibroniycha matndan so‘zma– so‘z tarjimasi …u sug‘orilgan yerni ham, suvsiz yerni ham birday yo‘q qiladi. Ibroniycha matndagi gapning ma’nosi bahsli.

29:23 Egamiz g‘azab ustida yo‘q qilgan…shaharlari — Ibtido 19:24-29 ga qarang. 30:6 …yuragingizni, avlodlaringizning yuragini sunnat qiladi — 10:16 izohiga qarang. 31:1-2 Muso…2…shunday dedi… — Qumron qo‘lyozmalaridan va qadimiy yunoncha

tarjimadan. Ibroniycha matnda Muso borib, butun Isroil xalqiga quyidagi so‘zlarni aytdi. 2

U shunday dedi….

31:7 Sen orqali ular o‘sha yurtni mulk qilib olishadi — yoki Sen o‘sha yurtni ularga mulk qilib bo‘lib berasan.

31:10 …Chayla bayramini nishonlaganingizda… — 16:13 ga va o‘sha oyatning izohiga

qarang.

31:20 sut va asal oqib yotgan yurt — 6:3 izohiga qarang.

31:22 Muso…qo‘shiqni yozib, Isroil xalqiga o‘rgatdi — shu bobning 30–oyatiga va 32:1- 43 ga qarang.

32:8 Ilohiy zotlar — Qumron qo‘lyozmalaridan va qadimiy yunoncha tarjimadan.

Ibroniycha matnda Isroil o‘g‘illari. Doniyor 10:13 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

32:15 Azizim Isroil — ibroniycha matnda Yoshurun, Isroilni erkalab aytilgan nom.

32:22 O‘liklar diyori — ibroniycha matnda Sheo‘l. Qadimda Isroil xalqi Sheo‘lni yer

ostidagi tubsiz chuqurlik, marhumlar boradigan qorong‘i joy deb tushunardi.

32:32 Sado‘m va G‘amo‘ra — aholisining o‘ta buzuqligi oqibatida Egamiz vayron qilgan

ikkita shahar (Ibtido 18:16-19:28 ga qarang).

32:44 Yoshua — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Xo‘sheya.

32:51 Ikkovingiz…Isroil xalqiga muqaddasligimni namoyon qilmagan edingiz — Sahroda 20:1-13 ga qarang.

33:2 Sinay…Seir…Poron — bu joylar she’riy asarlarda Isroil xalqiga Egamiz qonunlar

berganini eslatadi.

33:2 O‘n minglarcha farishta U bilan keldi… — yoki U o‘n minglarcha farishta orasidan keldi….

33:2 olov — yoki qonun.

33:3 O‘z xalqi — qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda xalqlar.

33:5 aziz Isroil — ibroniycha matnda Yoshurun, Isroilni erkalab aytilgan nom (shu bobning 26–oyatida ham bor).

33:6 …Soni kam bo‘lsa–da, omon bo‘lsin — yoki …Soni kam bo‘lmasin.

33:8 Urim bilan Tummim — ayrim hollarda ruhoniylar Xudoning xohishini bilish uchun foydalanadigan ikkita muqaddas narsa. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun Chiqish 28:15 ning ikkinchi izohiga qarang. Hamma ruhoniylar Levi qabilasidan edi.

33:8 …Massaxda…Mariva suvlari bo‘yida… — Chiqish 17:1-7 va Sahroda 20:1-13 ga qarang.

33:9 U ota–onasidan…Seni ustun ko‘rdi — Chiqish 32:25-29 ga qarang.

33:12 …bexatar yashaydi, Xudoyi Taolo doim uni asraydi… — yoki …U bilan bexatar yashaydi, Egamiz doim uni asraydi….

33:16 Yongan buta orasida zohir bo‘lgan Xudo — Chiqish 3:1-6 ga qarang.

33:21 U o‘zi uchun yerning a’losini oldi…Egamizning Isroil uchun chiqargan qarorini ado

etdi — Sahroda 32:16-31, Yoshua 4:12-13 ga qarang.

34:1 Muso…Navo tog‘ining cho‘qqisiga chiqdi — 32:48-49 ga qarang.

34:1 Fisgax tog‘ tizmasi — O‘lik dengizning shimoliy qirg‘og‘idan qariyb 15 kilometr

sharqda joylashgan. Fisgax deb, Mo‘ab tekisligidan to g‘arbdagi Aborim tog‘larigacha cho‘zilgan tog‘ tizmasiga nisbatan aytilgan bo‘lishi mumkin.

34:1 Gilad o‘lkasi — Iordan daryosining sharq tomonida joylashgan.

34:3 Nagav cho‘li — hozirgi Isroilning janubida, O‘lik dengizning janubi–g‘arbida

joylashgan yerlar.

34:3 Zo‘var shahri — O‘lik dengizning janubi–sharq tomonida joylashgan.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru