Muqaddas Kitob


PAVLUSNING

GALATIYALIKLARGA

MAKTUBI

Kirish

Mazkur maktub muallifi havoriy Pavlusdir. Galatiya Rim imperiyasining bir viloyati bo‘lib, hozirgi Turkiyaning markaziy qismida joylashgan edi. Havoriy Pavlus Galatiyaning ba’zi hududlarida Iso Masih haqidagi Xushxabarni targ‘ib etdi. Buning natijasida u yerda imonlilar jamoatining bir nechtasi vujudga keldi.

Bir qancha vaqt o‘tgandan keyin Pavlusga qarshi bo‘lgan ba’zi odamlar Galatiyaga borib, u yerdagi jamoatlarga o‘z ta’sirini o‘tkaza boshladilar. Ularning ta’limoti bo‘yicha, inson Xudoning nazarida solih bo‘lishi uchun nafaqat Iso Masihga imon keltirishi, balki yahudiy dinining qonunlarini bajarishi lozim edi. Bu odamlar Galatiyalik imonlilarni sunnat qilinishga undar edilar. Pavlus esa sunnatga emas, aksincha, imonga urg‘u beradi. U Galatiyalik masihiylarni qat’iyan ogohlantirib, qonun bo‘yinturug‘ini taqmanglar, Masihdagi ozodlikdan mahrum bo‘lmanglar, deb aytadi.

Pavlus bu maktubni jamoatdagi yolg‘on ta’limotlarni fosh qilish niyatida yozgan. U Galatiyalik masihiylarni Iso Masihga bo‘lgan haqiqiy imonni mahkam tutishga undaydi. Pavlus maktubda birinchi navbatda o‘zining Xudo tomonidan yuborilgan havoriy ekanini ta’kidlab, ta’limoti haqqoniy ekaniga urg‘u beradi.

Maktub davomida muallif, inson faqatgina Iso Masihga bo‘lgan imoni orqali Xudoning oldida oqlanadi, deb aytadi. So‘ng Ibrohim payg‘ambarning hayotidan misollar keltiradi, qonun va imonning ziddiyati hamda ikkalasining asl mohiyatini tushuntiradi.

Maktubning so‘nggi boblarida Pavlus inson faqat imon bilan yashashi kerakligini ta’kidlaydi. Muqaddas Ruhdagi ozodlikdan bahra olib, Muqaddas Ruh boshchiligida yangi hayot kechirishi kerakligiga urg‘u beradi.


1–BOB

Duoyi salom

1-2 Men — Pavlus va men bilan birga bo‘lgan hamma birodarlar Galatiya viloyatidagi imonlilar jamoatlariga salom yo‘llaymiz. Men insonlar tomonidan emas, inson orqali ham emas, balki Iso Masih va Uni tiriltirgan Otamiz Xudo tomonidan havoriy qilib tayinlanganman. 3 Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyat hamda tinchlik ato qilsin. 4 Iso Masih bizni hozirgi yovuz zamondan qutqaray deb, bizning gunohlarimiz uchun O‘zini fido qildi. U shu yo‘sin Otamiz Xudoning irodasini ado etdi. 5 Xudoga abadulabad shon–sharaflar bo‘lsin! Omin.

Yagona Xushxabar

6 Sizlar Xudodan shunchalik tez yuz o‘girib, boshqa bir xushxabarga yuz burayotganingizdan juda hayronman. Axir, Masihning inoyati orqali Xudo sizlarni O‘z Xushxabariga da’vat qilgan edi. 7 O‘sha Xushxabardan boshqa hech qanday xushxabar


yo‘q–ku! Faqat ba’zilar sizlarni chalg‘itib, Masih haqidagi Xushxabarni buzib ko‘rsatmoqchi bo‘ladilar. 8 Ammo kimda–kim, hatto biz o‘zimizmi yoki osmondan kelgan biror farishtami, sizlarga biz yetkazgan Xushxabardan boshqa bir xushxabar keltirsa, u la’nati bo‘lsin! 9 Men oldin ham aytgan edim, hozir ham aytyapman: kimki sizlar qabul qilgan Xushxabarga zid bo‘lgan xabarni targ‘ib etsa, la’nati bo‘lsin!

10 Xo‘sh, men kimning maqtoviga sazovor bo‘lmoqchiman: insonlarningmi yoki Xudoningmi?! Nahotki insonlarni mamnun qilmoqchi bo‘lsam?! Agar men hali ham insonlarni mamnun qilayotgan bo‘lsam edi, Masihning quli bo‘lolmas edim!

Xushxabarni targ‘ib etishga Pavlusni Xudo da’vat qilgan

11 Ey birodarlar, sizlarga aytib qo‘yay: men targ‘ib etayotgan Xushxabar inson ijodi emas. 12 Axir, men bu Xushxabarni insondan qabul qilmaganman yoki biror odamdan o‘rganmaganman. Uni menga Iso Masihning O‘zi vahiy orqali ayon qilgan.

13 Men yahudiy diniga e’tiqod qilib, qanday hayot kechirganim haqida eshitgansizlar.

O‘sha paytlarda Xudoning jamoatini shafqatsizlarcha quvg‘in qilardim, uni qirib tashlashga harakat qilardim. 14 Qavmimdan bo‘lgan ko‘p tengdoshlarimga qaraganda, yahudiy dinini chuqurroq tushunib, ulardan ancha ilgarilab ketgan edim. Ota– bobolarimning urf–odatlarini deb, jonkuyarlik qilardim. 15 Ammo Xudo menga muruvvat qildi, inoyati bilan meni O‘ziga da’vat etib, onam qornida bo‘lganimdayoq meni tanlagan edi. 16 Men g‘ayriyahudiylar orasida Xudo O‘g‘li haqidagi Xushxabarni targ‘ib qilishim uchun, Xudo O‘z O‘g‘lini menga zohir qildi. Shunda men hech bir inson bilan maslahatlashmadim. 17 Hatto mendan oldin havoriy bo‘lganlarni ko‘rish uchun

Quddusga bormay, darhol Arabistonga jo‘nadim. Undan keyin yana Damashqqa

qaytdim*.

18 Uch yildan keyin*, Butrus* bilan tanishay deb, Quddusga bordim*. Uning yonida o‘n besh kun bo‘ldim. 19 Ammo Quddusda Butrusdan va Rabbimiz Isoning ukasi Yoqubdan* boshqa hech bir havoriyni ko‘rmadim. 20 Men sizlarga nima yozayotgan bo‘lsam, Xudo shohid, hech biri yolg‘on emas.

21 Undan so‘ng Suriya va Kilikiya hududlariga bordim*. 22 Yahudiya o‘lkasidagi imonlilar jamoatlari meni hali shaxsan tanimas edilar. 23 O‘sha imonlilar men haqimda faqat boshqalarning: “U bir vaqtlar bizlarni quvg‘in qilib yurgan kishi edi. Endi esa ilgari ildizi bilan quritmoqchi bo‘lgan imonni o‘zi targ‘ib qilmoqda” degan gaplarini eshitardilar 24 va men tufayli Xudoni ulug‘lar edilar.


2–BOB

Quddusdagi havoriylar Pavlusning ishlarini ma’qullaydi

1 O‘n to‘rt yil o‘tgandan keyin, men Barnabo* bilan birga yana Quddusga bordim*.

Titusni* ham yonimga olgan edim. 2 Xudo menga bergan vahiyga binoan u yerga borgandim. O‘sha yerdagi jamoatning e’tiborli yetakchilari bilan alohida uchrashdim. Ularga g‘ayriyahudiylar orasida o‘zim targ‘ib qilayotgan Xushxabarning mohiyatini bayon etdim. Buni oldin qilgan va hozir qilayotgan ishlarim behuda ketmasligi uchun qilgan edim. 3 Hatto hamrohim Titus, yunon bo‘lishiga qaramay, sunnat qilinishga majbur etilmadi. 4 Ammo ba’zi soxta birodarlar bildirmaygina oramizga kirib olib, Iso Masih bizga ato etgan ozodlik haqida surishtirib ko‘rdilar. Ularning maqsadi bizni yana qullarga aylantirish edi. 5 Biz esa, Xushxabarning haqiqati doimo sizlar bilan bo‘lsin deb,

ularga zarracha ham yon bermadik.

6 E’tiborli hisoblangan yetakchilar bilan uchrashganim haqida aytib o‘tdim. Ularning qanday martabaga egaligi menga baribir, zotan, Xudo insonlar orasida tarafkashlik qilmaydi. Endi ularga kelganda shuni aytay, ular mendan boshqa hech nima talab qilmadilar. 7 Aksincha, yahudiylarga Xushxabar yetkazish Butrusga buyurilganday, g‘ayriyahudiylarga Xushxabar yetkazish menga buyurilganini ular tushunib yetdilar.

8 Axir, Butrusni yahudiylar orasida havoriylik faoliyatini ko‘rsatishga tayinlagan Xudo meni ham g‘ayriyahudiylar orasida xizmat qilishga tayinladi. 9 Shunday qilib, Xudo menga bu ish uchun alohida inoyat berganiga Yoqub*, Butrus* va Yuhanno ishonch hosil qildilar. Imonlilar jamoatining ustuni hisoblanmish bu havoriylar biz bilan qo‘l tashlashdi: men va Barnabo g‘ayriyahudiylar orasida, ular esa yahudiylar orasida xizmat qilishga rozi bo‘lishdi. 10 Ular bizdan, faqat kambag‘allarga g‘amxo‘rlik qilishni davom ettiringlar*, deb iltimos qildilar. Shaxsan men anchadan beri bu haqda jon kuydirardim.

Pavlus Antioxiyada Butrusga tanbeh beradi

11 Butrus Antioxiya shahriga kelganda*, uning noto‘g‘ri ish tutayotganligini ochiqchasiga yuziga aytdim. 12 Chunki Quddusdan — Yoqubning oldidan ba’zi odamlar kelmasdan avval Butrus g‘ayriyahudiylar bilan birga yeb–ichib yurgan edi. Ammo ular kelgandan keyin Butrus sunnat tarafdori bo‘lganlardan* xavotirlanib, o‘zini chetga oldi va g‘ayriyahudiylar bilan birga bir dasturxonda o‘tirmaydigan bo‘ldi. 13 Shunda boshqa yahudiy masihiylar ham Butrusga o‘xshab ikkiyuzlamachilik qilishdi. Hatto Barnabo ham ularning ikkiyuzlamachiligi tufayli yo‘ldan ozdi. 14 Men ularning Xushxabar haqiqati bo‘yicha ish tutmayotganini ko‘rib, hammaning oldida Butrusga shunday dedim: “Mana siz yahudiy bo‘la turib, yahudiylar kabi emas, g‘ayriyahudiylarday yashayapsiz. Shunday ekan, qanday qilib g‘ayriyahudiylarni yahudiylar kabi yashashga majbur qila olasiz?”

Inson faqatgina Masihga bo‘lgan imoni tufayli oqlanadi

15 To‘g‘ri, bizlar yahudiy naslidanmiz, gunohkor hisoblangan g‘ayriyahudiylardan emasmiz. 16 Lekin shuni bilamizki, inson qonunga* amal qilish bilan emas, balki Iso Masihga bo‘lgan imoni orqali oqlanadi. Shuning uchun ham biz qonunga amal qilish bilan emas, Masihga bo‘lgan imonimiz tufayli oqlanamiz deb, Iso Masihga ishondik. Axir, hech kim qonunga amal qilish bilan oqlanmaydi. 17 Mana, biz Masih orqali oqlanishga intilyapmiz, bu esa biz ham g‘ayriyahudiylar qatori gunohkor ekanligimizni* ko‘rsatib turibdi. Bundan kelib chiqadiki, gunohkorligimizning sababchisi Masih ekan–da? Yo‘q, aslo! 18 Ammo men o‘zim qulatgan qonun–qoidalar binosini qaytadan qurishga kirishadigan bo‘lsam, unda men yana qonunbuzar bo‘lib qolaman*. 19 Axir, qonunning o‘zi meni o‘limga mahkum qildi. Endi men Xudo uchun yashay deb, qonun uchun o‘lganman*. Men Masih bilan birga xochga mixlab qo‘yilganman. 20 Endi yashayotgan men emas, balki Masihdir. U mening hayotimni boshqaryapti. Hali tirik ekanman, Xudoning O‘g‘liga bo‘lgan imon bilan yashayman. Axir, U meni sevib, O‘zini men uchun fido qilgan. 21 Men Xudoning inoyatini inkor qilmayman. Agar qonunga amal qilish bilan oqlanish mumkin bo‘lganda edi, Masih behuda o‘lgan bo‘lardi.

3–BOB

Qonunga amal qilish va Masihga ishonish haqida

1 Ey befahm Galatiyaliklar! Kim sizlarni sehrlab qo‘ydi?* Axir, Iso Masihning xochga mixlangani ko‘z o‘ngingizda aniq tasvir etilmaganmidi?! 2 Sizlardan faqatgina bir narsani so‘rab bilmoqchiman! Xo‘sh, sizlar Ruhni qanday qilib oldingizlar: qonunga* amal qilish orqalimi yoki eshitganlaringizga ishonish orqalimi? 3 Sizlar shunchalik befahmmisizlar? Ruh qudrati bilan yangi hayot boshlagan ekansiz, endi uni o‘z insoniy kuchingiz bilan kamolga yetkazmoqchimisiz? 4 Tatib ko‘rganlaringizning hammasi behuda ketdimi?

Nahotki rostdan ham behuda ketgan bo‘lsa?! 5 Xudo sizlarga O‘z Ruhini ato etib, orangizda mo‘jizalar yaratmoqda. Nima deb o‘ylaysiz: U buni qonunga amal qilganingiz uchun qilyaptimi yoki eshitganlaringizga ishonganingiz uchunmi?!

6 Muqaddas bitiklarda Ibrohim haqida shunday yozilgan: “U Xudoga ishondi, mana shu ishonchi uchun Xudo uni solih deb bildi.”* 7 Shundan bilinglarki, kim imonli bo‘lsa, o‘sha inson Ibrohimning avlodi deb hisoblanadi. 8 Xudo dastavval Ibrohimga: “Barcha xalqlar sen orqali baraka topadilar”*, deb Xushxabar keltirgan. Muqaddas bitiklardagi bu so‘zlar shuni ko‘rsatadiki, Xudo g‘ayriyahudiylarni imon orqali oqlaydi. 9 Shuning uchun kim imonli bo‘lsa, Xudoga ishongan Ibrohim qatori Xudoning barakasidan bahramand bo‘ladi.

10 Qonunga amal qilish orqali Xudoni mamnun qilmoqchi bo‘lganlarning hammasi la’nat ostidadir. Axir, Muqaddas bitiklarda: “Qonun kitobidagi amrlarning hammasini to‘liq bajarmaganlar la’nat ostidadir!”* deb yozilgan–ku! 11 Shunday ekan, ko‘rinib turibdiki, qonunga amal qilish bilan hech kim o‘zini Xudo oldida oqlay olmaydi, zotan, solih inson imon tufayli hayotga ega bo‘ladi*. 12 Qonunni bajarish imonga asoslanmagan, qonunda faqatgina amrlarning hammasini bajarganlarga hayot va’da qilingan*.

13 Masih esa bizni qonun la’natidan xalos qildi. U xochga mixlanganda bizning o‘rnimizga la’natlandi. Axir, Muqaddas bitiklarda: “Yog‘ochga qoqilgan har bir kishi la’natidir”*, deb yozilgan–ku! 14 Shu yo‘sin g‘ayriyahudiylar ham Iso Masih orqali Xudoning Ibrohimga va’da qilgan barakalaridan bahramand bo‘ladilar, biz ham imon orqali Xudo va’da qilgan Ruhni olamiz.

Xudoning va’dasi va qonunning g‘oyasi

15 Birodarlar! Hayotdan bir misol keltiray: odamning vasiyati tasdiqlangandan keyin uni hech kim bekor qilolmaydi va unga hech narsa qo‘sholmaydi. 16 Endi esa Xudoning Ibrohimga va uning zurriyotiga bergan va’dalariga qaraylik. Muqaddas bitiklarda Ibrohimga: “Sening zurriyotlaringga*”, deb aytilmagan, aksincha, “Sening zurriyotingga”*, deb aytilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, va’dada ko‘pchilik emas, balki bir Kishi, ya’ni Masih nazarda tutilgan. 17 Shuni aytmoqchimanki, Xudo Ibrohim bilan ahd tuzgandan so‘ng 430 yil* o‘tgach, qonun berildi. Ammo tasdiqlangan ahdni qonun kuchdan qoldirmadi, demak, Xudoning va’dasini bekor qilmadi. 18 Agar Xudoning in’omi insonlarning qonunga amal qilishiga ko‘ra, beriladigan bo‘lsa, demak, va’daga ko‘ra, berilmaydi. Ibrohimga esa Xudo O‘z in’omini va’da bo‘yicha berdi.

19 Unday holda qonun nima uchun berilgan? Qonun gunohkorligimizni ko‘rsatish uchun berilgan. Ibrohimning va’da qilingan Zurriyoti* kelmaguncha, bu qonun joriy bo‘lishi kerak edi. Qonun farishtalar tomonidan*, bir vositachi* orqali xalqqa berildi.

20 Vaholanki, odam bir o‘zi ish qilganda, vositachi kerak bo‘lmaydi. Tanho bo‘lgan Xudo esa va’da berganda hech bir vositachisiz beradi.

21 Xo‘sh, qonun Xudoning va’dalariga zidmi? Aslo! Agar abadiy hayot ato qilishga qodir bir qonun berilgan bo‘lsa edi, unda shubhasiz qonunga amal qilish bilan oqlansa bo‘lar edi. 22 Ammo Muqaddas bitiklarga ko‘ra, butun borliq gunohning tutqunidir*.

Shuning uchun va’da faqat Iso Masihga ishonish orqali ro‘yobga chiqadi va imonlilarga nasib bo‘ladi.

23 Imon yo‘li ayon bo‘lishidan avval, biz qonun nazorati ostidagi tutqunlar edik. O‘sha imon ayon bo‘lishini kutayotgan edik. 24 Boshqacha aytganda, qonun Masihga boshlovchi murabbiyimiz edi. Endi esa biz Masihga bo‘lgan imon orqali oqlanamiz.

25 Imon yo‘li ayon bo‘lgan ekan, biz endi murabbiyning tarbiyasida emasmiz.

Masihga ishonganlar Xudoning farzandlaridir

26 Endi sizlar Iso Masihga bo‘lgan imoningiz orqali Xudoning farzandisizlar. 27 Sizlar suvda cho‘mdirilib, Masih bilan birlashdingiz. Har biringiz Masihga burkanib oldingiz. 28 Endi na yahudiy, na yunon* bor, na qul, na ozod bor, na erkak, na ayol bor. Sizlar Iso Masihga tegishli bo‘lganingiz uchun hammangiz birsizlar. 29 Sizlar Masihniki ekansizlar, demak Ibrohimning ham zurriyotisizlar, berilgan va’daning barakalaridan bahramand bo‘lasizlar.


4–BOB

1 Men bunday demoqchiman: merosxo‘r hali yosh bola ekan, garchi u butun mulkning egasi bo‘lsa ham, quldan hech farq qilmaydi. 2 U otasi belgilagan fursatgacha vasiyga va uy–ro‘zg‘orni boshqaruvchi xizmatkorga bo‘ysunadi. 3 Xuddi shu singari, bizlar ham oldin bolalarday bo‘lib, xurofot kuchlariga* qul edik. 4 Muddat bitgandan keyin, Xudo O‘z O‘g‘lini yubordi. Uning O‘g‘li qonun* ostidagi hayot uchun ayoldan tug‘ildi. 5 Xudoning O‘z O‘g‘lini yuborishdan maqsadi bizni qonun ostidagi hayotdan xalos etib, O‘ziga farzand qilib olish edi. 6 Biz Xudoning farzandlari ekanligimizni ko‘rsatish uchun U yuragimizga O‘z O‘g‘lining Ruhini yubordi. Bu Ruh orqali biz Xudoni “Otajon”* deb chaqiramiz. 7 Demak, endi siz qul emas, balki farzandsiz. Farzand ekansiz, Xudoning sharofati bilan U O‘z farzandlariga atagan qut–barakalarga ega bo‘lasiz.

Pavlus Galatiyaliklar uchun qayg‘uradi

8 Oldin sizlar Xudoni bilmagan paytingizda, asli xudolar bo‘lmagan kuchlarga qul edingiz. 9 Endi esa Xudoni bilasizlar, to‘g‘rirog‘i, Xudo sizlarni biladi. Shunday ekan, qanday qilib yana o‘sha kuchsiz, qadrsiz xurofotlarga qaytyapsiz?! Qanday qilib yana o‘shalarga qul bo‘lishni xohlayapsiz?! 10 Sizlar belgilangan alohida kunlar, oylar, yillarga rioya qilib, diniy marosimlar o‘tkazyapsiz! 11 Sizlar uchun qayg‘uryapman! Nahotki sizlarni deb chekkan zahmatlarim bekor ketgan bo‘lsa?!

12 Ey birodarlar, sizlardan iltimos qilaman, menga o‘xshagan bo‘linglar, chunki men ham sizlarga o‘xshab qonun ostidagi hayotdan ozodman. Sizlar menga hech ham ozor bermagansiz. 13 O‘zingiz bilasiz, men sizlarga birinchi marta Xushxabar aytganimda, jisman ojiz edim. 14 Ojizligim tufayli sizlarga og‘irligim tushgan bo‘lsa ham, mendan nafratlanmadingiz, meni rad etmadingiz. Aksincha, meni Xudoning farishtasiday, xuddi Iso Masihning O‘zini qabul qilganday qabul qildingiz. 15 Qani endi o‘sha xayrixohligingiz?! Axir, o‘zim shohidman: agar iloji bo‘lganda, hatto ko‘zlaringizni ham

sug‘urib olib, menga bergan bo‘lardingiz! 16 Nahotki endi sizlarga haqiqatni aytganim

uchun dushmaningiz bo‘lib qolgan bo‘lsam?!

17 Ba’zi birovlar sizlarni o‘zlariga og‘dirib olishga tirishmoqdalar*. Lekin ular sizlarning foydangizni ko‘zlamayaptilar. Sizlar ularning atrofida girdikapalak bo‘lishingiz uchun ular bizni bir–birimizdan ajratib tashlamoqchi. 18 Yaxshi g‘oyaga bag‘ishlanish yaxshidir. Lekin bu faqat men sizlarning oldingizdaligimda emas, balki doim shunday bo‘lishi kerak. 19 Bolalarim, men sizlarni yangidan tug‘ayotganday, to‘lg‘oq azobidaman. Maqsadim shuki, sizlarda Masihning tabiati namoyon bo‘lsin.

20 Sizlar meni taajjubga solib qo‘ydingiz! Qani, endi sizlarning oldingizda bo‘lsam–u, boshqa ohangda gapira olsam!

Ibrohimning ikki o‘g‘li va ularning onalari misoli

21 Ey sizlar, qonun ostidagi hayotni afzal ko‘rganlar, menga aytinglar–chi, nahot sizlar Tavrotdagi qonunlarni tushunmasangizlar?! 22 Axir, unda yozilganlardan bilamizki, Ibrohimning ikki o‘g‘li bo‘lgan. O‘g‘illarining biri cho‘ridan*, ikkinchisi esa ozod ayoldan* tug‘ilgan. 23 Cho‘risiniki inson tashabbusi bilan, ozod xotininiki esa Xudoning va’dasiga binoan tug‘ilgan edi. 24 Bunda ramziy ma’no bor. Ikki ona Xudoning ikki ahdini* bildiradi: birinchisi — qullarni tug‘adigan Hojar bibi Sinay tog‘ida qilingan ahdning ramzidir. 25 Hojar Arabistondagi Sinay tog‘ini* bildirsa–da, u yahudiy dinining markazi bo‘lmish hozirgi Quddusning ramzidir. Axir, Quddus va uning bolalari qullikdalar–ku. 26 Samoviy Quddus esa ozoddir: u bizlarning onamizdir! 27 Muqaddas bitiklarda shunday yozilgan:


“Ey bola ko‘rmagan bepusht ayol! Shod bo‘lgin!

Ey to‘lg‘oq og‘rig‘ini bilmagan ayol!

Xitob qil, hayqirgin!

Axir, tashlab ketilgan ayolning bolalari

Eri bor xotinnikidan ham ko‘proq bo‘ladi!”*


28 Sizlar esa, ey birodarlar, Is’hoqqa o‘xshab va’daga binoan tug‘ilgan farzandlarsiz. 29 O‘sha zamonda tabiiy yo‘l bilan tug‘ilgan o‘g‘il* Ruhning kuchi bilan tug‘ilgan o‘g‘ilni* quvg‘in qildi. Hozir ham xuddi shunday. 30 Ammo bu haqda Muqaddas bitiklarda nima deyilgan? “Cho‘rini va uning o‘g‘lini haydab yuboring, chunki cho‘rining o‘g‘li ozod ayolning o‘g‘li bilan birga merosxo‘r bo‘lmaydi”*, — deb yozilgan–ku! 31 Shunday qilib, ey birodarlar, biz cho‘rining emas, balki ozod ayolning farzandlarimiz.


5–BOB

Masih ozodlik ato etadi

1 Bizga erkinlik berish uchun Masih bizni ozod qildi. Endi shu erkinlikni mahkam tutinglar, qaytadan qullik bo‘yinturug‘ini* taqmanglar. 2 Mana, men, Pavlus, sizlarga aytyapman: agar sizlar sunnat qilinsangiz*, Masihning sizlarga hech qanday foydasi yo‘q. 3 Sunnat qilinadigan har bir odamga yana ta’kidlab aytaman: u butun qonunni* bajarishga majburdir. 4 Sizlar, qonunni bajarish bilan o‘zimizni oqlaymiz deb, Masihdan ajraldingizlar va o‘zingizni Xudoning inoyatidan mahrum qildingizlar. 5 Bizlar esa Ruhga

tayanib, Xudo bizni imonimiz tufayli solih deb e’lon qilishini intizorlik bilan kutyapmiz. 6 Iso Masihga tegishli bo‘lganlar orasida sunnat qilingan, qilinmaganlikning hech ahamiyati yo‘q. Faqatgina mehr–muhabbat orqali ifodalangan imonimiz muhimdir.

7 Sizlar imon yo‘lida olg‘a qadam bosayotgan edingiz. Xo‘sh, haqiqatga quloq solishingizga kim xalaqit berdi? 8 Albatta Xudo emas! Uning O‘zi sizlarni da’vat qilgan– ku! 9 Esingizda bo‘lsin, ozgina xamirturush* butun xamirni achitadi! 10 Ishonamanki, sizlar bu xususda boshqacha fikr qilmaysizlar. Bu ishonchni Rabbimiz Isoning O‘zi menga berdi. Ammo sizlarning fikringizni chalg‘ituvchi kim bo‘lmasin, jazosini oladi.

11 Birodarlar, bordi–yu, men hamon sunnatni targ‘ib etayotgan bo‘lganimda edi, quvg‘inlarga duchor bo‘lmagan bo‘lardim. Bunday holda Iso Masihning xochdagi qurbonligi haqidagi targ‘ibotim hech kimning jahlini chiqarmasdi. 12 Qaniydi, sizlarni chalg‘itayotganlarning* o‘zlari birato‘la bichilsa!

13 Ey birodarlar, sizlar ozod hayot kechirishga da’vat qilingansizlar. Lekin bu o‘zingizning xudbin istaklaringizga erk berish degani emas, aksincha, bir–biringizga muhabbat bilan xizmat qilinglar deganidir. 14 Axir, qonun: “O‘zgani o‘zingizni sevganday seving”* degan gapda mujassam. 15 Ehtiyot bo‘linglar! Hadeb tishlashib, g‘ajishavermanglar, bo‘lmasa oxiri bir–biringizni yeb bitirasiz!

Ruh yetakchiligida hayot kechiring

16 Yana shuni aytayin: Ruh yetakchiligida hayot kechiring, shunda xudbin istaklaringizni qondirmaysiz*. 17 Axir, o‘shanday insoniy istaklar Ruhga qarshi, Ruhning istaklari esa insoniy xudbin istaklarga qarshidir. Bularning ikkalasi bir–biriga qarshi, shuning uchun sizlar xohlaganingizni qila olmaysizlar. 18 Ammo Ruh sizni boshqarsa, siz qonunning amri ostida emassiz.

19 Xudbin istaklarga erk berish quyidagilarni keltirib chiqarishi hammaga ayon: fahsh–zino, harom–harishlik, axloqiy buzuqlik, 20 butparastlik, folbinligu issiq–sovuq qilishlar, dushmanlik, janjalkashlik, rashk, jahldorlik, g‘alamislik, nizolaru har xil guruhlarga bo‘linish, 21 baxillik, ichkilikbozlik*, aysh–ishratga berilish va shularga o‘xshash ishlar. Sizlarni oldin ogohlantirgandim, yana ogohlantiryapman: bunday ishlarni qiluvchilar Xudoning Shohligidan bahramand bo‘lmaydi.

22 Ruhning samarasi esa quyidagilardir: muhabbat, sevinch, xotirjamlik, sabr–toqat, mehribonlik, ezgulik, ishonch, 23 muloyimlik va o‘zini tuta bilish. Bu xislatlarga qarshi biron qonun yo‘q. 24 Iso Masihga tegishli bo‘lganlar o‘zlarining xudbin istaklarini va ehtiroslarini xochga mixlab qo‘yganlar. 25 Ruh hayotimiz manbayi ekan, endi Ruhning yetakchiligi ostida hayot kechirishimiz lozim. 26 Shuhratparast bo‘lmaylik, bir–birimizni gijgijlamaylik, baxillik qilmaylik.


6–BOB

Bir–biringizni qo‘llab–quvvatlanglar

1 Ey birodarlar, deylik, orangizdan birortasi gunoh qilib qo‘yganini bilib qoldingiz. Sizlar — Ruhning yetakchiligida hayot kechirayotganlar uni muloyimlik bilan to‘g‘ri yo‘lga solinglar. O‘zingizga ehtiyot bo‘linglar, tag‘in o‘zingiz ham vasvasaga yo‘liqib qolmanglar. 2 Boshingizga g‘am–tashvish tushganda, bir–biringizni qo‘llab– quvvatlanglar. Shunday qilsangizlar, Masihning amrlarini bajargan bo‘lasizlar. 3 Axir, biror kishi, garchi o‘zi hech kim bo‘lmasa–yu, o‘zini muhim deb hisoblasa, o‘zini o‘zi

aldagan bo‘ladi. 4 Har kim o‘z ishini tekshirib ko‘rsin. Shunda u faqat o‘zidan faxrlansa bo‘ladi, o‘zini boshqalar bilan solishtirishga hojat bo‘lmaydi. 5 Zotan, har kim o‘z aravasini o‘zi tortishi lozim. 6 Kalomdan ta’lim oluvchi esa bor–yo‘g‘ini ustozi bilan baham ko‘rishi kerak.

7 O‘zlaringizni aldamanglar! Xudoni laqillatib bo‘lmaydi. Inson nima eksa, shuni o‘rib oladi. 8 Xudbin istaklarini qondirish uchun urug‘ ekkanlar o‘sha xudbin istaklari tufayli halokatni o‘rib oladilar. Ruhni mamnun qilish uchun urug‘ ekkanlar esa Ruhdan abadiy hayot o‘rib oladilar. 9 Shunday ekan, yaxshilik qilishdan charchamaylik. Agar holdan toyib qolmasak, o‘z vaqtida buning hosilini o‘rib olamiz. 10 Demak, hali fursat bor ekan, hammaga, ayniqsa, Masih xonadoniga tegishli bo‘lganlarga yaxshilik qilaveraylik.

Muhimi yangidan yaratilishdir

11 Mana qaranglar, endi sizlarga o‘z qo‘lim bilan*, qanday yirik harflar bilan yozyapman! 12 Sizlarni sunnat bo‘lishga majbur qilayotganlar sirtdan yaxshi taassurot qoldirmoqchi bo‘lyaptilar. Masihning xochi uchun quvg‘inga duchor bo‘lmaylik, deya shunday qilyaptilar. 13 Holbuki, sunnatni tatbiq qilayotganlarning o‘zlari ham qonunga* rioya etmaydilar. Ular faqatgina sizlarning sunnat qilinganingiz bilan maqtanishni istaydilar. 14 Men esa Rabbimiz Iso Masihning xochidan boshqa hech narsa bilan maqtanmayman. O‘sha xoch tufayli bu dunyo men uchun o‘lgan, men esa bu dunyo uchun o‘lganman. 15 Axir, sunnat qilingan yoki qilinmaganlikning hech ahamiyati yo‘q. Muhimi — yangidan yaratilishdir*. 16 Bu qoidaga ko‘ra, yashayotganlarning hammasiga, ya’ni Xudoning haqiqiy xalqiga tinchlik va marhamat yor bo‘lsin!

17 Endi hech kim menga aziyat keltirmasin. Axir, tanamdagi chandiqlar* Isoga

tegishli ekanligimni ko‘rsatadigan tamg‘alar–ku!

18 Ey birodarlar, Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarga yor bo‘lsin. Omin.

IZOHLAR

1:17 …darhol Arabistonga jo‘nadim. Undan keyin yana Damashqqa qaytdim — Pavlus Damashqqa ketayotgan paytda Iso unga zohir bo‘lgan (Havoriylar 9:1-19 ga qarang). Shundan keyin Pavlus Damashqdan Arabistonga borgan. U Arabistonning bir qismi bo‘lgan Nabateya shohligida (4:25 izohiga qarang) istiqomat qilgan bo‘lishi mumkin. Nabateya Damashqdan janubda joylashgan bo‘lib, poytaxti Petra shahri edi. Pavlus Arabistonda o‘tkazgan vaqt haqida Yangi Ahdda boshqa hech qanday ma’lumot yo‘q. Pavlus Arabistondan Damashqqa qaytib kelgach, u yerdagi sinagogalarda Iso Masih haqida va’z qila boshlagan (Havoriylar 9:19-22 ga qarang).

1:18 Uch yildan keyin — Iso Pavlusga zohir bo‘lgandan keyin o‘tgan uch yil vaqt nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Yoki Pavlus Arabistondan Damashqqa qaytib kelgandan keyingi uch yil vaqt nazarda tutilgan bo‘lishi ham mumkin. Shu bobning 17–oyati izohiga qarang.

1:18 Butrus — yunoncha matnda Kifas, Butrusning oramiycha ismi (Yuhanno 1:42 ga qarang).

1:18 …Quddusga bordim — Havoriylar 9:26-30 da aytib o‘tilgan safarga ishora bo‘lsa

kerak.

1:19 Yoqub — Iso tanlagan o‘n ikki havoriydan biri bo‘lgan Yoqub emas, balki Quddusdagi jamoatning yetakchisi va Isoning ukasi Yoqub nazarda tutilgan (Mark 6:3, Havoriylar 15:13, 21:18 ga qarang).

1:21 …Suriya va Kilikiya hududlariga bordim — Suriya va Kilikiya Rim imperiyasiga qarashli bitta viloyatni tashkil qilgan. Pavlus tug‘ilgan Tarsus shahri Kilikiyada joylashgan edi. Pavlus avval Tarsusga, keyin Suriyadagi Antioxiya shahriga ta’lim berish uchun borgan (Havoriylar 9:30, 11:25-26 ga qarang).

2:1 Barnabo — ilk jamoatning yetakchisi. Havoriy Pavlus faoliyatining boshida unga

hamkor bo‘lgan (Havoriylar 4:36, 9:26-27, 11:25-26, 13:1-3 ga qarang).

2:1 …yana Quddusga bordim — Havoriylar 11:27-30 da aytib o‘tilgan safarga ishora bo‘lishi mumkin.

2:1 Titus — Pavlusning hamkori va yordamchisi (2 Korinfliklar 8:23, Titus 1:4-5 ga qarang).

2:9 Yoqub — 1:19 izohiga qarang.

2:9 Butrus — yunoncha matnda Kifas, Butrusning oramiycha ismi (Yuhanno 1:42 ga qarang). Shu bobning 11, 14–oyatlarida ham bor.

2:10 …kambag‘allarga g‘amxo‘rlik qilishni davom ettiringlar… — Havoriylar 11:27-30 ga qarang.

2:11 Butrus Antioxiya shahriga kelganda… — birinchi bo‘lib ko‘p g‘ayriyahudiylar Antioxiya shahrida Iso Masihga imon keltirgan edilar (Havoriylar 11:19-26 ga qarang). Butrus Antioxiyaga Quddusdagi jamoat yo‘lboshchilari yig‘ilishidan oldin (Havoriylar 15:1-31 ga qarang), ammo Pavlus va Barnabo Xushxabar yoyish maqsadida qilgan birinchi safaridan keyin borgan bo‘lsa kerak (Havoriylar 14:26-28 ga qarang).

2:12 sunnat tarafdori bo‘lganlar — Iso Masihga ishongan yahudiylar bo‘lib, ular Muso qonunlariga, ayniqsa sunnat haqidagi amriga qat’iy amal qilishardi. Sunnat Xudoning Ibrohim va uning avlodi bilan qilgan ahd belgisi edi (Ibtido 17:9-14 ga qarang). Sunnat yahudiylarning Xudoga sodiqligini va Uning tanlagan xalqiga tegishli ekanini ko‘rsatadi.

2:16 qonun — Eski Ahdga, xususan, Tavrotga ishora.

2:17 g‘ayriyahudiylar qatori gunohkor ekanligimiz — yahudiylar hamma g‘ayriyahudiylarni gunohkor deb hisoblardilar, chunki g‘ayriyahudiylar Tavrot qonunlariga rioya qilmasdilar. Shuning uchun yahudiylarning nazarida Tavrot qonunlariga rioya qilmay qo‘ygan har qanday yahudiy ham g‘ayriyahudiylar kabi gunohkor bo‘lib qolardi.

2:18 …men yana qonunbuzar bo‘lib qolaman — bu so‘zlarning mohiyati shundaki, agar odam Tavrot qonunlariga qayta rioya qilishni boshlasa, u yana qonunbuzar bo‘lib qoladi, chunki hech kim qonunlarni to‘liq bajara olmaydi (3:10-11, 5:3 ga va Yoqub 2:10, Rimliklar 4:15 ga qarang).

2:19 Axir…qonun uchun o‘lganman — Rimliklar 7:1-6 ga qarang.

3:1 Kim sizlarni sehrlab qo‘ydi? — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida

Haqiqatga bo‘ysunmasligingiz uchun sizlarni kim sehrlab qo‘ydi?

3:2 qonun — 2:16 izohiga qarang.

3:6 Ibtido 15:6 ga qarang.

3:8 Ibtido 12:3 ga qarang.

3:10 Muallif bu o‘rinda Qonunlar 27:26 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

3:11 …solih inson imon tufayli hayotga ega bo‘ladi — Xabaqquq 2:4 ga qarang.

3:12 …qonunda…va’da qilingan — Levilar 18:5 ga qarang.

3:13 Qonunlar 21:23 ga qarang.

3:16 zurriyotlaring — yunoncha so‘zning so‘zma–so‘z tarjimasi. Yunon tilida ham, o‘zbek tilida ham, odatda bu so‘z ko‘plik shaklida ishlatilmaydi.

3:16 “Sening zurriyotingga” — Ibtido 12:7 ga qarang. Bu o‘rinda ishlatilgan yunoncha so‘z, Ibtido kitobidagi ibroniycha so‘z singari, Ibrohimning butun avlodiga yoki avlodidan kelib chiqadigan zurriyotining biriga ishora qilishi mumkin.

3:17 430 yil — Chiqish 12:40-41 ga qarang.

3:19 Ibrohimning va’da qilingan Zurriyoti — ya’ni Iso Masih.

3:19 farishtalar tomonidan — Qonunlar 33:2-4, Havoriylar 7:53, Ibroniylar 2:2 ga qarang.

3:19 vositachi — ya’ni Muso.

3:22 …butun borliq gunohning tutqunidir — Rimliklar 3:9-20 ga qarang.

3:28 yunon — ya’ni g‘ayriyahudiy. O‘sha davrda yunon so‘zi millati yunon bo‘lgan odamga nisbatan ham, yunon tilida gapirib, yunon urf–odatlariga rioya qiladigan odamga nisbatan ham ishlatilgan.

4:3 Xurofot kuchlari — yana Kolosaliklar 2:8, 20-23 ga qarang.

4:4 qonun — 2:16 izohiga qarang.

4:6 “Otajon” — yunoncha matnda “Abba, Ota”. Abba so‘zi oramiychada ota deganidir. Xudo imonlilar bilan nihoyatda yaqin munosabatda bo‘lgani uchun, ular Xudoga “Ota” deb murojaat qiladilar. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi XUDONING NOMLARI iborasi ostida berilgan OTA so‘ziga qarang.

4:17 Ba’zi birovlar sizlarni o‘zlariga og‘dirib olishga tirishmoqdalar — 1:6-9, 3:1-3 ga qarang.

4:22 cho‘ri — ya’ni Hojar, Ismoilning onasi (Ibtido 16:1-15 ga qarang).

4:22 ozod ayol — ya’ni Sora, Is’hoqning onasi (Ibtido 18:10-14, 21:1-3 ga qarang).

4:24 Xudoning ikki ahdi — Xudo Muso orqali bergan ahdga (Chiqish 19:1-8, 24:1-8 ga qarang) hamda Ibrohimga bergan ahdga ishora (Ibtido 12:1-7 ga qarang). Birinchisiga muvofiq, inson Musoning qonuniga itoat qilib yashaydi. Ikkinchisiga muvofiq esa, inson imon va Muqaddas Ruhning qudrati bilan yashaydi (3:2-3, 15-18 ga qarang).

4:25 Arabistondagi Sinay tog‘ini — o‘sha davrlarda Nabateya shohligi Arabiston deb ham atalar edi, ammo Arabistonning bir qismi edi. Bu shohlik Sinay yarim orolini o‘z ichiga olgan edi.

4:27 Ishayo 54:1 ga qarang.

4:29 tabiiy yo‘l bilan tug‘ilgan o‘g‘il — ya’ni Ismoil. 4:29 Ruhning kuchi bilan tug‘ilgan o‘g‘il — ya’ni Is’hoq. 4:30 Ibtido 21:10 ga qarang.

5:1 bo‘yinturuq — itoatkorlik va bo‘ysunish ramzi.

5:2 …agar sizlar sunnat qilinsangiz… — Pavlus bu o‘rinda Xudoga manzur bo‘lish uchun sunnat qilinish kerak, deb o‘ylagan odamlarga murojaat qilyapti. Pavlusning o‘zi sunnatga qarshi bo‘lmagan, ammo najot topish uchun sunnat qilinish kerak, degan ta’limotga qat’iyan qarshi edi (Havoriylar 15:1-2 ga qarang).

5:3 qonun — 2:16 izohiga qarang.

5:9 xamirturush — majoziy ma’noda ishlatilgan bo‘lib, odatda boshqalarga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan ta’limotlar va xulq–atvor nazarda tutilgan.

5:12 sizlarni chalg‘itayotganlar — 1:6-9, 3:1-3, 4:17 ga qarang.

5:14 Levilar 19:18 ga qarang.

5:16 …Ruh yetakchiligida hayot kechiring, shunda xudbin istaklaringizni qondirmaysiz

Rimliklar 8:5-13 ga qarang.

5:21 …baxillik, ichkilikbozlik… — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida

baxillik, qotillik, ichkilikbozlik.

6:11 …o‘z qo‘lim bilan… — 1 Korinfliklar 16:21 izohiga qarang.

6:13 qonun — 2:16 izohiga qarang.

6:15 yangidan yaratilish — 2 Korinfliklar 5:17 ga qarang.

6:17 tanamdagi chandiqlar — Pavlusning Iso Masihga bag‘ishlangan havoriy sifatida

qilgan xizmati jarayonida yaralangandan qolgan chandiqlariga ishora (misol uchun, Havoriylar 14:19 ga qarang).


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru