Muqaddas Kitob


BUTRUSNING

IKKINCHI MAKTUBI

Kirish

Mazkur maktub muallifi Iso Masihning shogirdi havoriy Butrusdir. Butrus birinchi maktubida jamoat boshiga tushgan quvg‘inlar haqida yozib, imonlilarni bardoshli bo‘lishga chaqiradi. Ikkinchi maktubida u soxta ustozlar dastidan jamoatda yuzaga kelgan ichki nizolar va axloqsizlik haqida so‘z yuritadi.

Butrus masihiylarni Xudoga munosib hayot kechirishga, imonni fazlu kamolot va ilmu ma’rifat bilan boyitishga chorlaydi. Masihiylarning fazilatlari va xislatlariga alohida urg‘u beradi.

Mazkur maktub yozilgan davrda imonlilar jamoati orasiga soxta ustozlar kirib olib, masihiylarni yo‘ldan ozdirayotgan edi. Butrus o‘quvchilarni o‘shanday ustozlardan uzoqroq yurish haqida ogohlantiradi va o‘sha yolg‘onchilar albatta jazo olishlarini ta’kidlab o‘tadi.

Soxta ustozlar oxiratda o‘z jazosini olishga ishonmaganlari va Masihning kelishini rad etganlari bois, Butrus Rabbimizning keladigan kuni haqidagi mavzuni batafsil yoritadi. Shu bilan bir qatorda u Rabbimizning kelishiga ko‘z tutgan odamlarga dalda beradi. Ularni beg‘ubor va benuqson hayot kechirishga, Xudoga sodiq qolishga va imonda kamol topishga chaqiradi.


1–BOB

Duoyi salom

1 Iso Masihning quli va havoriysi men — Shimo‘n Butrusdan* biz kabi qadrli bir imonga ega bo‘lgan birodarlarga salom! Xudoyimiz va najotkorimiz Iso Masih odil bo‘lgani uchun hammamizga birday baraka bergan. 2 Sizlar Xudoni va Rabbimiz Isoni tanib–bilar ekansiz, Xudoning cheksiz inoyati va tinchligi doim sizlarga yor bo‘lsin.

Masihning da’vatiga munosib bo‘linglar

3 Rabbimiz Iso O‘z ulug‘vorligi va ezguligi ila bizni da’vat etib, O‘zini bizga tanitdi. Endi biz Xudoga munosib hayot kechira olamiz, chunki Rabbimiz ilohiy qudrati bilan bizga zarur bo‘lgan barcha fazilatlarni ato etdi. 4 Masihning sharofati bilan biz Xudo va’da qilgan barakalarni oldik. Endi sizlar buzg‘unchi ehtiroslar dastidan avj olgan bu dunyoning axloqsizligidan qochib, Xudoning ilohiy tabiatidan bahramand bo‘la olasizlar.

5 Bularni yodingizda tutib, Xudoga munosib hayot kechirish uchun jon kuydiringlar.

Imoningizni fazlu kamolot, ilmu ma’rifat, 6 vazminlik, sabr–toqat, diyonat,

7 birodarlaringizga bo‘lgan mehr–oqibat va tugal muhabbat bilan boyitinglar. 8 Agar bu xislatlarga ega bo‘lib, ularni kamol toptirayotgan bo‘lsangiz, demak, Rabbimiz Iso Masihni haqiqatan tanib–bilgan bo‘lasiz. Kunlaringiz behuda o‘tmagan bo‘ladi, Masihni bilganingiz hayotingizda o‘z samarasini beradi. 9 Bu xislatlarga ega bo‘lmaganlar esa kaltabin va ko‘rdirlar, ular avvalgi gunohlaridan poklanganini unutganlar.

10 Shunday ekan, ey birodarlarim, Masih sizlarni tanlaganini va da’vat etganini


tasdiqlashga astoydil harakat qilinglar. Aytilgan xislatlarga ega bo‘lsangiz, imondan qaytmaysizlar. 11 Shunda Rabbimiz va najotkorimiz Iso Masih sizlarga O‘zining abadiy Shohligi eshiklarini keng ochib beradi.

12 Sizlar aytganlarimning hammasini bilasizlar, o‘zlaringiz Masih haqida o‘rgangan haqiqatda sobit turibsizlar. Shunga qaramay, bularni sizlarga doimo eslatib turishni xohlayman. 13 Tirik ekanman, bularni yodingizga solib turishni kanda qilmayman. Bu men uchun farz, 14 chunki hademay bu olamdan ko‘z yumishimni bilaman. Rabbimiz Iso Masihning O‘zi buni menga ma’lum qilgan. 15 Bu dunyodan o‘tib ketganimdan keyin ham, sizlar aytganlarimni esda saqlanglar, deb men bu mavzuni qo‘limdan kelgancha batafsil yoritib berishga harakat qildim.

Masihning kelishi afsona emas

16 Rabbimiz Iso Masihning kuch–qudrat bilan kelishi afsona emas. Biz sizlarga o‘rgatgan bu ta’limotni o‘zimiz to‘qib chiqarmadik. Axir, Masihning ulug‘vorligini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgan edik. 17-18 Otamiz Xudo muqaddas tog‘da* Masihni shon–sharaf ila yuksaltirganda, biz o‘sha yerda edik. Mahobatli va ulug‘vor Xudoning samodan: “Bu Mening sevikli O‘g‘limdir*, Undan mamnunman*”, — degan ovozini eshitgan edik.

19 Bundan tashqari, biz payg‘ambarlarning bashoratlariga to‘liq ishonamiz. Sizlar ham ularning so‘zlariga diqqat etsangizlar, yaxshi qilgan bo‘lasizlar. Zero, bu so‘zlar Masih keladigan kungacha sizlar uchun go‘yo zulmatda nur sochib turgan chiroqday bo‘ladi. So‘ng Masihning O‘zi keladi. Uning kelishi tong yulduzi kabi bo‘lib, yangi zamonning boshlanishidan darak beradi, Masihning nuri qalblaringizni yoritadi. 20 Eng avvalo, shuni bilinglarki, Muqaddas bitiklardagi bashoratlarning hech biri payg‘ambarlarning shaxsiy talqini emas. 21 Hech bir haqiqiy payg‘ambar o‘zining insoniy xohishi bilan bashorat qilgan emas. Bu payg‘ambarlar Muqaddas Ruh tomonidan boshqarilib, Xudoning so‘zlarini gapirganlar.


2–BOB

Soxta ustozlarning gunohi va jazosi

1 Isroil xalqi orasida soxta payg‘ambarlar bo‘lgani kabi, sizlarning orangizda ham soxta ustozlar bo‘ladi. Ular nayrang ishlatib, orangizda halokatli bid’atlar tarqatadilar. Hatto ularning jonlarini sotib olgan Xo‘jayinini ham rad etib, bu bilan o‘zlarini muqarrar kulfatga yo‘liqtiradilar. 2 Ko‘p odamlar ularga taqlid qilib, axloqsiz hayot kechiradilar.

Ularning dastidan imonsizlar haqiqat yo‘lini yomonlaydilar. 3 Bu tamagir ustozlar to‘qib chiqargan gaplari bilan sizlarni yo‘ldan ozdiradilar, so‘ng pulingizni shilib oladilar.

Ammo Xudo bunday odamlarni ancha oldin o‘limga mahkum qilib qo‘ygan. U

mudramaydi, ularning halokatini kechiktirmaydi.

4 Xudo hatto gunoh qilgan farishtalarni* ham ayamagan. Qiyomat kunigacha ularni tubsiz chuqurlikdagi zulmatga zanjirband qilib qo‘ygan. 5 Xudo qadimgi dunyoni ham ayamay, betavfiqlar ustiga to‘fon keltirdi. U faqat solihlik jarchisi bo‘lgan Nuhni* va boshqa yetti kishini omon saqladi. 6 Xudo Sado‘m va G‘amo‘ra shaharlarini* halokatga mahkum etdi. Xudosizlarga saboq bo‘lsin deb, bu shaharlarni kuydirib kul qildi. 7 Bebosh odamlarning o‘taketgan axloqsizliklaridan azob chekkan solih Lutni* esa qutqardi.

8 O‘sha xalq orasida yashagan bu solih odam har kuni ularning qabih ishlarini ko‘rib

eshitgani uchun ichidan ezilib qiynalar edi. 9 Bu misollar quyidagilarni anglatadi: Egamiz

taqvodorlarni kulfatlardan qutqara oladi, betavfiqlarni esa qiyomat kunidagi azoblar uchun saqlaydi. 10 Ayniqsa, shahvoniy hirsga berilib, o‘z tanasini bulg‘atuvchi, ilohiy hokimiyatni esa rad qiluvchi odamlarni U jazolaydi.

Darvoqe, orangizdagi soxta ustozlar ham ilohiy hokimiyatni rad qilyaptilar, ular surbet va takabburdirlar. Ular samoviy mavjudotlardan* qo‘rqmaydilar, ularni nazarga ham ilmaydilar. 11 Farishtalar o‘sha yovuz mavjudotlardan kuchliroq va qudratliroq bo‘lishlariga qaramay, Egamizning huzurida mavjudotlarni haqoratlamaydilar, hukm ham qilmaydilar. 12 Ammo bu soxta ustozlar yovvoyi hayvonlarga o‘xshaydilar, ular faqat tug‘ma his–tuyg‘ulariga berilib yashaydilar. O‘zlari anglab yetmaydigan yovuz mavjudotlarni mensimay yuribdilar. Biroq ular o‘sha mavjudotlar bilan birga halok bo‘ladilar, hayvonlar singari ovlanib, yo‘q qilinadilar.

13 Soxta ustozlarning qilgan nohaqliklari o‘zlarining boshiga yetadi. Axir, ular kuppa–

kunduzi aysh–ishrat qilishni xush ko‘radilar, jamoatingiz sha’niga dog‘ tushiradilar. Sizlar taom yeyish uchun birga yig‘ilganingizda, Rabbimiz Isoni xotirlash uchun non sindirganingizda, ular orangizda o‘tirib, kayfu safo qiladilar. Buzuqligi bilan boshqalarni yo‘ldan uradilar. 14 Ko‘zlari doimo shahvat bilan yonadi, gunoh qilib to‘ymaydilar. Ular imonda sust kishilarni ovlab, yo‘ldan ozdiradilar. Bu soxta ustozlar istagan narsasini undirib olishga ustasi farangdirlar. Eh, la’natga uchragurlar! 15 Ular to‘g‘ri yo‘lni tark etdilar, Bavo‘r o‘g‘li Balom* yo‘lidan borib, gumroh bo‘ldilar. Balom harom yo‘l bilan pul topishni xush ko‘rgandi. 16 Lekin bu gunohi uchun ta’zirini yedi. Tilsiz eshak tilga kirib, inson ovozi bilan payg‘ambarning ahmoqligiga chek qo‘ydi.

17 Bu soxta ustozlar bamisoli suvsiz quduqdirlar, shamolda tez g‘oyib bo‘ladigan tuman kabidirlar. Ular uchun tim qorong‘i zulmat tayyorlab qo‘yilgan. 18 Chunki ular noto‘g‘ri yo‘ldan zo‘rg‘a qochib qutulgan imonlilarni yana axloqsizlik domiga tortadilar. Dabdabali, ammo tentaksimon gaplari bilan ularni avrab, nafslarini qo‘zg‘atadilar.

19 Ularga: “Erkin bo‘lasizlar”, deya va’da beradilar, holbuki, o‘zlari gunoh qulidirlar. Axir,

odam nimadan yengilsa, o‘shaning quli bo‘lar, deb bejiz aytilmagan.

20 Rabbimizu najotkorimiz bo‘lgan Iso Masihni tanib, dunyoning qabohatlaridan qochib qutulgan odamlar yana eski qiliqlariga qaytib, qabihlikka mag‘lub bo‘lishsa, ularning so‘nggi ahvoli oldingidan ham battar bo‘ladi. 21 Solihlik yo‘lini bilgandan keyin, ularga topshirilgan muqaddas amrlardan yuz o‘girgandan ko‘ra, bu yo‘lni hech bilmagani o‘zlari uchun yaxshiroq bo‘lar edi. 22 Bunday odamlarga mana shu maqol aynan to‘g‘ri keladi:


“It o‘z qusug‘iga qaytar*, Yuvilgan cho‘chqa esa balchiqqa.”


3–BOB

Isoning olamga kelishi muqarrardir

1 Ey azizlarim, bu mening sizlarga yozayotgan ikkinchi maktubimdir. Ikkala maktubimda ham sizlarda pok fikr uyg‘otishga harakat qilib, o‘rganganlaringizni yodingizga solmoqchi bo‘ldim. 2 Xususan, Muqaddas payg‘ambarlarning o‘tmishda aytgan so‘zlarini, shuningdek, Rabbimiz va najotkorimiz Isoning amrlarini eslashingizni istadim. Rabbimiz Iso bu amrlarni oldingizga borgan havoriylar orqali bergan.

3 Avvalo, shuni bilinglar: oxirgi kunlarda shunday mazaxchilar bo‘ladiki, ular chirkin ehtiroslariga berilib yashaydilar. Sizlarni mazax qilib, 4 shunday deydilar: “Rabbimiz Iso kelaman deb, so‘z bergan edi. Qani U?! Mana, ota–bobolarimiz dunyodan o‘tib ketganlaridan beri, hech narsa o‘zgarmadi. Dunyo bino bo‘lganidan beri, hamma narsa shundayligicha turibdi.”

5 Ular haqiqatni rad etganlari uchun shunday gapiradilar, azalda Xudo yeru osmonni O‘z kalomi orqali yaratganini ular inobatga olmaydilar. O‘shanda Xudo yeru osmonni suvlar orasidan paydo qilgandi. 6 So‘ng esa O‘z kalomi orqali qadimgi dunyoni o‘sha suvlar girdobiga cho‘ktirgandi. 7 Hozirgi yeru osmonni esa Xudo O‘z kalomi bilan qiyomat kunigacha asrab turibdi. Qiyomat kuni U hozirgi dunyoni olovga yem qilib, barcha betavfiqlarni halok etadi.

8 Ey azizlarim, Rabbimiz Isoning nazarida bir kun ming yil va ming yil bir kun kabidir, buni doim inobatga olinglar. 9 Ba’zilar Rabbimiz kelmayapti, bergan va’dasini bajarishga U kechikyapti, deb o‘ylamoqda. Aslida unday emas, U sabr–toqat qilyapti, chunki hech kimning halok bo‘lishini istamay, hammaning tavba qilishini xohlayapti.

10 Aslida, Rabbimiz Iso, o‘g‘ri kelganday, nogahon kelib qoladi. O‘sha kuni osmon guvullab yonib, g‘oyib bo‘ladi, samoviy jismlar olov taftidan kuyib ketadi, shunda yer va unda qilingan har bir ish ochiqdan–ochiq oshkor bo‘lib, hukm etiladi*. 11 Qiyomat kuni butun borliq yonib, yo‘q bo‘lib ketar ekan, sizlar Xudoni mamnun qilishga jon kuydiringlar! Muqaddas hayot kechirishga jon–jahdingiz bilan harakat qilinglar.

12 Xudoning kunini intizorlik bilan kutinglar, uning kelishini tezlashtiringlar! O‘sha kuni osmon yonib, yo‘q bo‘ladi, samoviy jismlar olov taftidan erib ketadi. 13 Shundan so‘ng Xudoning va’dasi amalga oshib, hamma narsa yangilanadi*. Ha, biz yangi yeru osmonga, adolat hukm suradigan dunyoga ko‘z tikkanmiz.

Dalda va ogohlantirish

14 Ey azizlarim, sizlar yangi dunyoni kutar ekansiz, Xudo nazarida benuqson va beg‘ubor bo‘lishga, U bilan totuv yashashga jon kuydiringlar. 15 Rabbimiz Isoning sabr– toqatini najot uchun imkoniyat deb bilinglar. Aziz birodarimiz Pavlus ham Xudoning bergan donoligi bilan sizlarga muqaddas hayot va Rabbimizning kelishi haqida yozgan. 16 Pavlus barcha maktublarida bular haqida fikr yuritgan. Uning maktublaridagi tushunish qiyin bo‘lgan ba’zi parchalarni uquvsiz va imoni sust kishilar buzib talqin qiladilar. Muqaddas bitiklarning boshqa joylarini ham buzib o‘rgatadigan bu kishilar o‘z boshini o‘zi yeydilar.

17 Ey azizlarim, sizlar bularning hammasini oldindan bilasizlar. Ehtiyot bo‘linglar, bu bebosh odamlarning soxta ta’limotiga ishonib yo‘ldan ozmanglar, qaroringizda sobit bo‘linglar. 18 O‘z hayotingiz bilan Xudoni mamnun etinglar, Rabbimiz va najotkorimiz Iso Masihni yanada yaqinroq tanib–bilinglar. Hozirdan to abad Unga shon–sharaflar bo‘lsin! Omin.

IZOHLAR

1:1 Shimo‘n Butrus — Iso Masih Shimo‘nga Butrus ismini bergan edi (Mark 3:16, Luqo

6:14 ga qarang). Ba’zan ikkala ism, Shimo‘n Butrus, birgalikda ishlatilgan.

1:17-18 …muqaddas tog‘da… — Matto 17:1-8 ga qarang. 1:17-18 Bu Mening sevikli O‘g‘limdir — Zabur 2:7 ga qarang. 1:17-18 Undan mamnunman — Ishayo 42:1 ga qarang.

2:4 gunoh qilgan farishtalar — qilmishlari uchun jazolangan ilohiy zotlarga ishora bo‘lishi mumkin, bu zotlar haqida Ibtido 6:1-4 da yozilgan. Yana 1 Butrus 3:19-20, Yahudo 6-7–oyatlarga qarang.

2:5 Nuh — Ibtido 6:5-7:24 ga qarang.

2:6 Sado‘m va G‘amo‘ra shaharlari — aholisining o‘ta buzuqligi oqibatida Egamiz vayron

qilgan ikkita shahar (Ibtido 18:16-19:28 ga qarang).

2:7 Lut — Ibtido 19:1-29 ga qarang.

2:10 samoviy mavjudotlar — yovuzlik va qabihlikka yuz tutgan farishtalarga ishora. Ba’zan bu farishtalar yovuz ruhlar yoki jinlar deb ham ataladi. Yana Yahudo 8-10– oyatlarga qarang.

2:15 Balom — Mo‘ab va Midiyon xalqlari bilan qilgan hamkorligi uchun Isroil xalqining dushmani hisoblangan edi (Sahroda 22:4-35, 25:1-5, 16-18, 31:16, Yoshua 13:22, 24:9-

10, Vahiy 2:14 ga qarang).

2:22 It o‘z qusug‘iga qaytar… — Hikmatlar 26:11 ga qarang.

3:10 …ochiqdan–ochiq oshkor bo‘lib, hukm etiladi — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida kuyib bitadi.

3:13 …Xudoning va’dasi amalga oshib, hamma narsa yangilanadi — Ishayo 65:17 ga qarang. Yana Rimliklar 8:19-21, Vahiy 21:1-5 ga qarang.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru