Muqaddas Kitob


XABAQQUQ

PAYG‘AMBARNING

KITOBI

Kirish

Xabaqquq payg‘ambar Yahudo yurtining qulashi arafasida faoliyat ko‘rsatgan.

Bobilliklar miloddan oldingi 605 yilda Yahudo yurtiga hujum qilishgan*.

Kitobning birinchi va ikkinchi boblarida Xabaqquq payg‘ambar bilan Xudo o‘rtasidagi suhbat bayon qilinadi. Xabaqquq payg‘ambar adolatsizlik va jinoyatlarga to‘lib–toshgan Yahudo yurti* haqida Xudoga shikoyat qiladi. Shunda Xudo Xabaqquqqa O‘z rejasini ayon qilib, Yahudo xalqini Bobilliklar orqali jazolamoqchi ekanini aytadi.

Lekin Xabaqquq bunga e’tiroz bildiradi. Yahudo xalqidan besh battar gunohkor bo‘lgan Bobilliklarni Xudo jazo vositasi sifatida ishlatishini Xabaqquq hech tushunmaydi. Bu unga adolatsizlikday tuyuladi. Biroq Xudo Xabaqquqqa javob berib, vaqti kelib Bobilliklarni ham jazolashini aytadi.

Xudodan javob olgan Xabaqquq payg‘ambar Xudoga bo‘lgan ishonchini e’lon qilib, kitobni go‘zal qo‘shiq bilan yakunlaydi. U Xudoga shukronalar aytib, Xudoning beqiyos qudrati va ulug‘vorligiga hamdu sanolar kuylaydi.


1–BOB

1 Xabaqquq payg‘ambarga vahiy orqali ayon bo‘lgan bashorat.

Xabaqquq Xudoga adolatsizlikdan shikoyat qiladi

2 Ey Egam, qachongacha Sendan yordam so‘rab yolvoraman?! Menga quloq solasanmi o‘zi?! Qachongacha: “Zo‘ravonlikdan qutqar!” deb iltijo qilaveraman?! Bizga najot berasanmi o‘zi?! 3 Nima uchun nohaqlikka qarab turishim kerak?! Bunday haqsizlikka qanday chiday olyapsan?! Atrofimga nazar solsam, zo‘ravonligu talonchilikni ko‘raman. Janjal va urush avj olmoqda. 4 Oqibatda qonun o‘z kuchini yo‘qotdi, adolat esa poymol bo‘ldi. Fosiqlar solihlardan baland kelgani uchun nohaq hukm chiqarilyapti.

Xudo Xabaqquqqa javob beradi

5 Atrofdagi xalqlarga nazar solinglar! Ularga yaxshilab qaranglar! Ko‘rganingizdan hayratda qolasizlar. Sizning davringizda Men shunday bir ish qilamanki, agar eshitsangiz qulog‘ingizga ishonmaysizlar. 6 Mana, Men Bobilliklarni* g‘oyat kuchaytirmoqdaman. Bu xalq shafqatsiz va tajovuzkordir. Ular dunyoning har tomoniga yurish qiladilar, o‘zga yurtlarni bosib oladilar. 7 Hammani qo‘rquv, vahimaga soladilar. O‘ziga xon, o‘ziga bek bo‘lgan takabburdir ular. 8 Ularning otlari qoplondan chaqqon, kechasi izg‘iydigan bo‘rilardan xavfli. Otliqlari uzoqdan otlarini yeldirib kelishadi, o‘ljasiga tashlanadigan burgut kabi uchib kelishadi.

9 Ularning to‘dalari zo‘ravonlik maqsadida kelishadi. Ular sahrodan keladigan quyun kabi bo‘lib, qum yiqqanday asirlarni yig‘ishadi. 10 Shohlarni mazaxlashadi, hukmdorlarni masxara qilishadi. Mustahkam shaharlar ustidan kulishadi. O‘sha shaharlar devorlariga


qiyalatib tuproq uyadilar*. Ularni qo‘lga kiritadilar. 11 So‘ng shamol kabi tez o‘tib ketishadi. Ular o‘z kuchini xudo deb biladilar, shuning uchun jazodan qocha olmaydilar.

Xabaqquq Xudoga yana shikoyat qiladi

12 Ey Egam Xudo, Muqaddas Xudoyim! Doimo mavjud bo‘lgan Xudo Sen emasmi?!

Shunday ekan, Bobilliklar dastidan biz yo‘q bo‘lib ketmaymiz. Ey Egam! Sen, hukmimni amalga oshirsin, deb Bobilliklarni tanlading. Ey suyangan Qoyam! Sen, xalqimni jazolasin deb, ularni tayinlading. 13 Sening ko‘zlaring shu qadar pokizaki, Sen yovuzlikka qarab turolmaysan. Haqsizlikka chiday olmaysan. Hayronman, qanday qilib bu makkor odamlarga chidab yuribsan?! Bu qabihlar o‘zlaridan solihroq xalqni yamlab yutyapti–ku, qanday qilib ularga indamay jim turibsan?!

14 Sen odamlarni dengizdagi baliqlar kabi qilding, yo‘lboshchisi bo‘lmagan dengiz maxluqlariga o‘xshatib qo‘yding. 15 Bobilliklar odamlarni o‘z qarmog‘iga ilintiradilar. To‘r tashlab baliq ovlaganday ularni ovlaydilar. Yoyma to‘rlariga* tushirib, qirg‘oqqa tortib chiqaradilar. Ovini ko‘rgach, xursand bo‘lib sevinadilar. 16 Ha, to‘rlari tufayli ular mo‘l o‘lja oladilar, sara taomlardan tanovul qiladilar. Shuning uchun to‘rlariga atab qurbonliklar keltiradilar, yoyma to‘rlariga atab tutatqilar tutatadilar*.

17 Qachongacha ular to‘rlari bilan ellarni ovlaydilar?! Qachongacha xalqlarni shafqatsiz nobud qiladilar?!


2–BOB

1 Men minoraga chiqib olaman. Shahar devoridan olislarga qarab, Egamning javobini

kutaman. Shikoyatimga javob berganda, Unga nima aytishimni o‘ylab ko‘raman*.

Xudo Xabaqquqqa javob beradi

2 Egamiz menga shunday javob berdi: “Senga ayon qilgan so‘zlarimni tosh lavhalarga aniq qilib yoz, yugurib ketayotgan odam uni bir qarashdanoq o‘qiy oladigan bo‘lsin.

3 Bashorat belgilangan vaqtda amalga oshadi. O‘sha vaqt hademay yetib keladi, bashorat ro‘yobga chiqadi. Bordi–yu, u kechikadigan bo‘lsa, sabr qilgin. U albatta bajo bo‘ladi, kech qolmaydi.

4 Menga qara! To‘g‘ri yo‘ldan yurmaganlar halok bo‘ladi*. Solihlar esa Xudoga bo‘lgan

sadoqati* tufayli tirik qoladi.”

Xabaqquq fosiqlarning jazo olishini e’lon qiladi

5 Boylik* aldamchidir. Boylar takabburdirlar, ular hech qachon tinib–tinchimaydilar.

Ular o‘liklar diyori kabi ochko‘z, o‘lim kabi to‘ymaydilar. Ular xalqlarni o‘zlariga tobe qilishadi, ellarni qo‘l ostiga olishadi. 6 Asirlikka tushganlar ularni nafratomuz mazax etadilar, masxara qilib, shunday aytadilar:


“Ey birovning boyligini talab, uyum qilganlar, sizning holingizga voy! Sizlar birovning narsasini qaytarmay, qarzlaringizni* orttirib yuribsizlar. Bunday hol uzoqqa cho‘zilarmidi?! 7 Qarzlaringizni qistaydiganlar to‘satdan paydo bo‘ladi. Ular kelib, sizlarni dahshatga solishadi. Shunda sizlar ular uchun o‘lja bo‘lasizlar. 8 Sizlar ko‘p xalqlarni taladingiz. Odamlarning qonini to‘kdingiz, yurtlaru shaharlarni vayron qilib, u yerdagilarni nobud qildingiz. Shuning uchun omon qolgan xalqlar endi sizlarni talon–taroj qiladilar.

9 Ey harom yo‘l bilan boylik topib, uyiga tashiganlar, sizning holingizga voy! Sizlar uylaringizni balandlikda qurib, o‘zingizni kulfat changalidan asramoqchi bo‘ldingiz. 10 Ammo hiylalaringiz xonadoningizni sharmanda qildi. Sizlar ko‘p xalqlarni nobud qilganingiz uchun o‘z boshingizga yetdingiz. 11 Hatto uyingiz devoridagi toshlar zo‘ravonligingizdan dod soladi. To‘sinlarning nolasi aks sado bo‘lib chiqadi.

12 Ey qotillik ila shaharlar qurganlar, holingizga voy! Ey zo‘ravonlik ila qo‘rg‘onlarga asos solganlar, holingizga voy! 13 Ellar behuda tinkasini quritadi. Xalqlarning ter to‘kib erishganlari olovga yem bo‘ladi. Bu Sarvari Olamning ishi emasmi?!


14 Ha, suvlar to‘ldirganday dengizni,

Yer yuzi to‘liq bilib oladi Egamizning ulug‘vorligini.


15 Ey qo‘shni xalqlarga sharobni zo‘rlab ichirganlar, holingizga voy!

Yalang‘och badanlarini tomosha qilaylik deb, ularga g‘azabingiz sharobidan* ichirdingiz. Ularni mast qildingiz. 16 Biroq sizlar obro‘ topmay o‘zingiz sharmandalikdan mast bo‘lasizlar. Qani, iching! Yalang‘och tanangizni ko‘rsating! Ana, Egamizning o‘ng qo‘lidagi jazo kosasi sizlarga yetib keldi! Obro‘yingiz to‘kilib, sharmandangiz chiqadi. 17 Ha, Lubnonda qilgan zo‘ravonligingiz* o‘z boshingizga yetadi. U yerda yovvoyi hayvonlarni qirdingiz, endi hayvonlar sizlarni dahshatga soladi. Chunki sizlar yurtlaru shaharlarni vayron qildingiz.

Odamlarning qonini to‘kib, ularni nobud qildingiz.


18 Inson yasagan butdan ne foyda?! Sanamning foydasi bormi yolg‘ondan boshqa?! Nega odam o‘zi yasagan narsasiga umidini bog‘laydi?! Nega tili yo‘q bir butni yasaydi?! 19 Holingizga voy, ey bir parcha yog‘ochga «Uyg‘on!» deganlar!

Holingizga voy, ey tilsiz toshga «Tur!» deb yolvorganlar! But sizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatarmidi?! Oltinu kumush bilan qoplangan butning joni bormidi?!


20 Egamiz esa O‘zining muqaddas Ma’badidadir. Uning oldida butun dunyo sukut saqlasin!”


3–BOB

Xabaqquq ibodat qiladi, vahiyda Xudoni ilohiy jangchi timsolida ko‘radi

1 Xabaqquq payg‘ambarning kuyga solingan ibodati quyidagicha:


2 “Ey Egam, men Sening shuhrating haqida eshitdim. Qilgan buyuk ishlaringdan hayratda qoldim. Ey Egam, bizning davrimizda ham shunday ishlaringni qilgin. Odamlar Sening nimalarga qodir ekanligingni bilib qo‘yishsin. G‘azablanganingda mehr–shafqatni esdan chiqarmagin.


3 Xudo keladi Edom yurtidan*,

Muqaddas Xudo keladi Poron qirlaridan*.

Uning ulug‘vorligi ko‘kni porlatar,

Hamdu sanolariga butun dunyo to‘lar. 4 Ulug‘vorligi chaqmoqday chaqnar, Nur sochilar Uning qo‘lidan —

Kuch yashiringan bilagidan.

5 Uning oldida yuradi o‘lat, Uning ketidan ergashadi ofat. 6 To‘xtaganda yer silkinadi,

Nazar solganda xalqlarni titroq bosadi. U yurgan ko‘hna yo‘llar bo‘yidagi Mangu tog‘lar o‘pirilib tushadi,

Abadiy qirlar cho‘kib past bo‘ladi.

7 Ko‘shon xalqining qo‘rqqanini men ko‘ryapman,

Midiyon* xalqining dag‘–dag‘ qaltiraganini ko‘ryapman.


8 Ey Egam, nahotki g‘azablansang daryolardan?!

Nahot Sening jahling chiqsa irmoqlardan?! Yoki Sening qasding bormidi dengizdan?!* Shuning uchun otlaringni choptirasanmi, Zafarli jang aravalaringga minib olasanmi?! 9 Sen g‘ilofdan chiqarasan kamoningni, O‘qlarga to‘ldirasan o‘qdoningni.

Daryolar bilan yorasan yer yuzini.

10 Buni ko‘rganda tog‘larni dard tutar, Shiddatli oqim ko‘pirib oqar.

Dengiz tubidan nido yangrar,

Dengiz to‘lqinlari ko‘kka intilar.

11 Sening o‘qlaring uchib chaqnaydi,

Nayzalaring yalt etib yonadi.

Bundan quyoshu oy o‘z joyida qotib turadi*. 12 Sen jahl ustida bosib o‘tarsan yer yuzini, G‘azabga minib oyoq osti qilarsan xalqlarni. 13 Qutqarish uchun kelasan O‘z xalqingni,

O‘z tanlaganing orqali ozod qilish uchun ularni*. Fosiq xalqning yo‘lboshchisini urasan, Boshdan–oyoq uni shilib tashlaysan.

14 Ana, g‘animlarimiz quyun kabi kelyaptilar,

Bizni har yoqqa tarqatib yubormoqchi bo‘lyaptilar. O‘z uyasida o‘ljasini g‘ajigan yirtqich hayvonday, Oson ovidan o‘zida yo‘q sevinyaptilar.

Sen esa ularning yo‘lboshchisini o‘z o‘qlari bilan halok qilasan.

15 Otlaring tuyoqlari dengizni* bosib ezadi,

Bahaybat suvlarni bir joyga yig‘ib qo‘yadi.”

Xabaqquq Xudoga bo‘lgan ishonchini e’lon qiladi

16 Men bularni* eshitdim.

Shunda uvushdi mening yuragim,

Titray boshladi lablarim,

Madorim qolmay, qaltiradi tizzalarim. Ammo men sabr–toqat qilaman,

Bosqinchilarimiz boshiga tushadigan kulfat kunini kutaman*.

17 Bordi–yu, anjir daraxti gullamay qolsa, Uzum toklari meva tugmasa,

Zaytun daraxtlari hosil bermasa, Daladagi ekinlar unmay qolsa, Qo‘ralarda qo‘ylar qolmasa, Og‘ilxonalar bo‘m–bo‘sh bo‘lsa,

18 Shunda ham Egamdan shod bo‘larman,

Najotkorim Xudodan quvonarman. 19 Egam Rabbiy mening qudratimdir. U oyoqlarimni kiyik oyog‘iday qiladi,

Cho‘qqilar uzra meni bexatar yurgizadi.


Ijrochilar rahbariga. Torli asboblar jo‘rligida.

IZOHLAR

Bobilliklar…Yahudo yurtiga hujum qilishgan — 4 Shohlar 24:1-4, Doniyor 1:1-7 ga qarang.

Yahudo yurti — janubiy shohlik nazarda tutilgan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi YAHUDO so‘ziga qarang.

1:6 Bobilliklar — ibroniycha matnda Xaldeylar, o‘sha vaqtda Bobilliklar shu nom bilan ham atalardi.

1:10 O‘sha shaharlar devorlariga qiyalatib tuproq uyadilar — qadimgi davrlarda dushmanlar devor bilan o‘ralgan shaharga hujum qilayotganlarida, ko‘pincha devorga qiyalatib tuproq uyganlar. Shu yo‘l bilan ular shaharni himoya qilayotgan xalqqa hujum qilish uchun devorni buzishga yoki oshib o‘tishga qulay imkoniyat yaratganlar.

1:15 To‘r…Yoyma to‘rlari… — Xabaqquq baliq ovlashda ishlatiladigan ikki xil to‘r haqida so‘z yuritib, Bobil lashkarining qudratini tasvirlaydi. Bu bilan u Bobil lashkaridan qochib–qutulishning iloji yo‘qligini ko‘rsatmoqchi. Matnda ishlatilgan to‘rlarning birinchisi dumaloq shaklda bo‘lib, atrofiga toshlar bog‘lanar edi. Bunday to‘rdan bitta baliqchi foydalansa ham bo‘lardi. Ikkinchi to‘rning shakli esa uzun to‘rtburchak edi. Bu to‘rning pastki tomoniga toshlar bog‘lanar edi. Bunday to‘rni bir nechta baliqchilar suvga otib, uni ikki tarafidan qirg‘oq tomon tortib baliq ovlashardi.

1:16 …to‘rlariga atab qurbonliklar keltiradilar, yoyma to‘rlariga atab tutatqilar tutatadilar — bu jumla majoziy ma’noni ifodalab, Bobilliklar o‘z lashkarining kuch– qudratiga va harbiy salohiyatiga xudoga sig‘inganday sig‘inganlarini ko‘rsatadi (shu bobning 11–oyatiga qarang).

2:1 Shikoyatimga javob berganda, Unga nima aytishimni o‘ylab ko‘raman — ibroniycha matndan. Qadimiy suryoniycha tarjimada Qani ko‘ray–chi, U mening shikoyatimga qanday javob berarkan.

2:4 Menga qara! To‘g‘ri yo‘ldan yurmaganlar halok bo‘ladi — yoki Takabburlarga bir

qara! Ular egri yo‘llardan yurmoqda.

2:4 Xudoga bo‘lgan sadoqati — yoki imoni.

2:5 Boylik — Qumron qo‘lyozmalaridan. Ibroniycha matnda Sharob.

2:6 qarzlaringiz — majoziy ma’noda ishlatilgan bu so‘z boshqalardan zo‘ravonlik bilan tortib olingan narsalarga ishora qiladi. Zo‘ravonlar xuddi boshqalardan qarz olaverib, o‘zining boshiga kulfat keltiradigan odamlarga o‘xshaydi. Mana shu zo‘ravonlar, bir kun kelib, qilmishlari uchun jazo oladilar.

2:15 g‘azabingiz sharobi — bu o‘rinda sharob Xudo g‘azabining ramzi bo‘lib, sharobdan mast bo‘lish Xudoning hukmiga duchor bo‘lishni bildiradi. Sharob ichaverib mast bo‘lib qolgan inson ba’zan Xudoning g‘azabi ostida qolgan insonning timsoli edi (Ishayo 51:17- 23, Yeremiyo 25:15-29 ga qarang). Mazkur oyatda Xabaqquq bu timsolni Bobilning boshqa xalqlarga bo‘lgan g‘azabini — ularni xo‘rlaganini va yurtlarini vayron qilganini ifodalash uchun ishlatgan. Ammo shu bobning 16–oyatida Xabaqquq bu timsol orqali Bobilni ogohlantirib, Xudo ularni jazolaydigan vaqt kelishini aytadi.

2:17 Lubnonda qilgan zo‘ravonligingiz — Lubnon tog‘lari o‘zining katta sadr daraxtlari va go‘zal tabiati bilan mashhur edi (Qonunlar 3:25, Zabur 103:16-17 ga qarang).

Bobilliklar o‘sha daraxtlarning ko‘pini kesib tashlagan edilar (Ishayo 14:3-8 ga qarang).

3:3 Edom yurti — ibroniycha matnda Temon, Edom yurtining shimoliy qismidagi muhim

shahar. Bu o‘rinda Temon Edomning she’riy nomi sifatida ishlatilgan (Hakamlar 5:4- 5 ga qarang).

3:3 Poron qirlari — Sinay yarim orolining sharq tomonidagi, Qizil dengizning Aqaba qo‘ltig‘i bo‘yidagi yerlar. Oyatdagi Edom va Poron nomlari Yahudo xalqiga o‘z tarixini eslatadi (Qonunlar 33:2 ga qarang). Xudo ularning ota–bobolarini Misrdan Sinay tog‘iga olib borib, o‘sha yerda — Poron qirlari yaqinida ularga o‘nta amrni bergan edi. Shundan keyin Xudo ularni Edom yurti orqali shimol tomonga, Kan’on yurtiga boshlab bordi va ularga o‘sha yurtni bosib olishlariga yordam berdi. Bu yurtni Xudo Ibrohimga va uning nasliga va’da qilgan edi. Muallif shu bobning 3-15–oyatlarida bayon qilgan vahiy orqali Yahudo xalqiga, Xudo sizlarning ota–bobolaringizga o‘tmishda qanday madad bergan bo‘lsa, sizlarga ham shunday qiladi, deya dalda beradi.

3:7 Ko‘shon…Midiyon… — Sinay yarim orolida yashagan ikki xalqqa ishora qilingan bo‘lishi mumkin. Muso davrida Isroil xalqi Misrdan chiqqan paytda atrofdagi xalqlar qo‘rquvga tushgan edilar (Chiqish 15:13-16, Yoshua 2:8-11 ga qarang). Ko‘shon va Midiyon nomlari hakamlar davrida yashagan ikkita xalqni ham bildirishi mumkin. Xudo ular orqali Isroil xalqini gunohlari uchun jazolagan, keyinchalik esa ularning o‘zlarini ham jazolagan edi (Hakamlar 3:8-11, 6:1-6, 7:9-25 ga qarang). Xudo Bobil xalqiga nisbatan ham xuddi shu yo‘lni tutgandi. Xudo ular orqali Yahudo xalqini jazolagan, keyinchalik esa Bobilliklarning o‘zlarini ham jazolagan edi.

3:8 …daryolar…dengiz… — Nil daryosi, Qizil dengiz va Iordan daryosi nazarda tutilgan

bo‘lsa kerak (misol uchun, Chiqish 7:20-24, 14:1-31, Yoshua 3:1-17 ga qarang).

3:11 …quyoshu oy o‘z joyida qotib turadi — Yoshua 10:12-14 ga qarang.

3:13 …O‘z tanlaganing orqali ozod qilish uchun ularni — yoki …O‘z tanlaganingni ozod qilish uchun. Bu o‘rinda O‘z tanlaganing deb tarjima qilingan ibroniycha so‘z Eski Ahdda ko‘pincha Xudo tomonidan tanlangan shoh va qutqaruvchiga ishora qiladi. Bobilni bosib olgan Fors shohi Kurushga nisbatan ham shu ibroniycha so‘z ishlatilgan (Ishayo 45:1 ga qarang, yana Ishayo 41:2 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang).

3:15 dengiz — Chiqish 14:1-31 ga qarang.

3:16 bular — shu bobning 3-15–oyatlarida bayon etilgan vahiyga yoki 1:5-11 dagi xabarga ishora.

3:16 Ammo men…kutaman — yoki Chunki men jimgina kulfat kutishim kerak, Yurtimizni bosib oladigan xalqning hujumini kutishim kerak.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru