Muqaddas Kitob


BUTRUSNING

BIRINCHI MAKTUBI

Kirish

Mazkur maktub muallifi Iso Masihning shogirdi havoriy Butrusdir. Butrus ushbu maktubini Rim imperiyasiga qarashli to‘rtta viloyatda* yashagan, jamiyat tomonidan ayovsiz ta’qib qilingan masihiylarga yozgan. Birinchi asrda masihiy bo‘lish degani, albatta, quvg‘inlarga duchor bo‘lib, har xil azoblarga bardosh berib yashash degani edi.

Muallif o‘z maktubida o‘sha imonlilarga dalda va tasalli beradi. Quvg‘inlarga qaramay, ularni imonda sobit turishga undaydi. U Xudoning mehribonligi haqida so‘z yuritadi. Iso Masihning o‘limi va tirilishi tufayli masihiylar bebaho umidga sazovor bo‘lganlari haqida bayon qiladi. So‘ng ular jamiyatda o‘zlarini qanday tutishlari kerakligini aytadi, Rabbimiz haqi davlat rahbariga va boshliqlarga bo‘ysunish kerakligini ularga uqtiradi. Muallif imonlilarning butun e’tiborini Masihga qaratadi, Uning boshdan kechirgan azoblari haqida so‘z yuritar ekan, imonlilarni Masihdan ibrat olishga, yomonlikka yomonlik qaytarmay, hammani duo qilishga chaqiradi.


1–BOB

Duoyi salom

1 Iso Masihning havoriysi men — Butrusdan Xudoning tanlangan xalqiga salom! Ey Xudoning aziz xalqi, sizlar bu dunyoda musofir bo‘lib yashayapsizlar, Pontus, Galatiya, Kappadokiya, Asiya va Bitiniya viloyatlariga* tarqalib ketgansizlar, 2 ammo Otamiz Xudo azalda qaror qilib, sizlarni tanlagan edi. Sizlar Iso Masihga itoat etishingiz va Uning to‘kilgan qoni* orqali poklanishingiz uchun Xudo qudratli Ruhi bilan sizlarni O‘ziga ajratib oldi.

Xudoning cheksiz inoyati va tinchligi sizlarga yor bo‘lsin.

Masihdagi umidimiz

3 Rabbimiz Iso Masihning Otasi Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin! U bizga behad rahm– shafqat ko‘rsatib, yangi hayot berdi. Iso Masih o‘likdan tirilib, barhayot bo‘lgani uchun endi bizning umidimiz bor. 4 Shu bois Xudo O‘z xalqiga atagan qut–barakaga biz ko‘z tikkanmiz. Ha, samoda saqlanayotgan bu abadiy, so‘lmas, beg‘ubor baraka sizlarni kutmoqda. 5 Oxirzamonda oshkora bo‘ladigan najotdan bahramand bo‘lishingiz uchun Xudo O‘z qudrati bilan sizlarni omon saqlaydi. Imoningiz tufayli U sizlarni qo‘riqlaydi.

6 Shuning uchun xursand bo‘linglar! Sizlar turli sinovlar tufayli vaqtincha qiynalyapsizlar, shunday bo‘lsa ham quvoninglar. 7 Chunki sinovlar imoningizning samimiy ekanligini isbotlash uchun kerakdir. Hatto yo‘q bo‘lib ketadigan oltin ham olovda toblanib, sinaladi. Sizning imoningiz esa oltindan ming barobar qadrliroqdir. Iso Masih oxiratda kelganda sinovdan o‘tgan imoningiz sizlarga maqtov va shon–sharaf keltiradi. 8 Sizlar Masihni ko‘rmagan bo‘lsangiz ham, Uni yaxshi ko‘rasizlar. Hozir ham Masihni ko‘rmay turib, Unga ishonyapsizlar, qalbingiz so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan ajoyib bir quvonchga to‘la. 9 Axir, imoningiz tufayli jonlaringiz najot topadi.


10 Payg‘ambarlar izlanib, bu najotni chuqur o‘rganganlar. Sizlarga beriladigan Xudoning inoyati haqida karomat qilganlar. 11 Ularning qalblarida Masihning Ruhi bor edi. Bu Ruh ularga Masihning chekadigan azob–uqubatlari va azoblar ketidan keladigan ulug‘vorligi haqida oldindan ma’lum qilgan edi. Bu voqealar qachon va qay tarzda yuz berishini payg‘ambarlar bilmoqchi bo‘lar edilar. 12 Aslida ularning bu izlanishlari o‘z manfaati uchun emas, balki sizlarning manfaatingiz uchun qilinganini Xudo ularga ayon etdi. Payg‘ambarlar e’lon qilgan najot haqidagi Xushxabar sizning davringizda amalga oshdi. Bu Xushxabarni sizlarga osmondan yuborilgan Muqaddas Ruhning qudratiga to‘lgan odamlar bayon etishdi. Hatto farishtalar ham bu najotning qay tarzda amalga oshishini intizorlik bilan kutayotgan edilar.

Xudoga manzur hayot kechiringlar

13 Xullas, es–hushingizni yig‘ib olinglar, hushyor bo‘linglar. Butun umidingizni Xudoning inoyatiga bog‘langlar. Axir, Iso Masih oxiratda kelganda Xudo sizlarga inoyat ko‘rsatib, najot beradi. 14 Xudoga itoatkor farzandlar bo‘linglar, oldingi g‘aflat paytida sizlarni qamragan ehtiroslarga qul bo‘lib qolmanglar. 15 Aksincha, butun yurish– turishingizda muqaddas bo‘linglar, zero, sizlarni da’vat etgan Xudo muqaddasdir. 16 Axir, Xudoning O‘zi: “Muqaddas bo‘linglar, chunki Men muqaddasman”*, deb aytgan.

17 Sizlar Xudoga iltijo qilib, Uni Ota deb ataysizlar. Ammo esingizda tutinglar, Xudo yuz–xotirchilik qilmaydi, U har bir kishini qilgan ishiga yarasha taqdirlaydi yoki jazolaydi. Shunday ekan, bu dunyodagi musofirchilik davringizda Xudodan qo‘rqib yashanglar. 18-19 Zotan, sizlar ota–bobolaringizdan o‘rgangan bema’ni turmush tarzingizdan kumush yoki oltinga o‘xshash o‘tkinchi narsalar evaziga emas, balki Masihning qimmatbaho qoni evaziga qutulgansizlar. Axir, Masih Xudoning benuqson qurbonlik Qo‘zisidir. 20 Xudo Masihni dunyo yaratilishidan oldin bu xizmat uchun tayinladi. Endi shu oxirgi kunlarda esa Uni sizlar uchun zohir qildi. 21 Sizlar Masih orqali Xudoga ishonasizlar. Xudo Masihni tiriltirib, ulug‘vorlikka erishtirgani uchun ham sizlar imoningizda sobit turibsiz, chin qalbdan Xudoga umid bog‘lagansiz.

22 Sizlar haqiqatga bo‘ysunib*, gunohdan poklanganingiz uchun birodarlarga samimiy mehr qo‘ya olasizlar. Shunday ekan, bir–biringizni chin yurakdan, ixlos bilan yaxshi ko‘ringlar. 23 Axir, sizlar yangidan tug‘ilgansizlar. Bu yangi hayotni sizga foniy bandalar emas, balki abadiy va hayotbaxsh Xudoning kalomi ato etgan. 24 Muqaddas bitiklarda shunday yozilgan:


“Inson zotining hammasi maysaday, Ularning shuhrati dala guli kabidir. O‘tlar quriydi, gullar so‘lib qoladi.

25 Egamizning kalomi esa abadiy turadi.”* Ana shu kalom sizlarga e’lon qilingan Xushxabardir.

2–BOB

Xudoning kalomiga intilinglar

1 Endi har qanday yomon niyat, hiyla–nayrang, ikkiyuzlamachilik, rashk–hasad va

g‘iybatni o‘zingizdan soqit qilinglar. 2 Yangi tug‘ilgan chaqaloq sof ona sutini tusaganday,

sizlar ham Xudo kalomiga tashna bo‘linglar. Kalom bilan oziqlanib, ulg‘ayib, najotga

erishinglar. 3 Axir, sizlar Rabbimiz Isoning muruvvatidan bahramand bo‘ldingizlar.

Xudoning ma’badi uchun tirik toshlar

4 Insonlar rad etgan, lekin Xudo qimmatbaho deb tanlagan tirik toshga — Rabbimiz Isoga yaqinlashinglar. 5 Shunda o‘zlaringiz ham tirik toshlarday bo‘lasizlar. Xudo sizlardan ruhiy ma’bad barpo etadi. Sizlar muqaddas ruhoniylar bo‘lib xizmat qilasizlar va Iso Masih orqali Xudoga maqbul ruhiy qurbonliklar keltirasizlar. 6 Zero, Muqaddas bitiklarda Xudo shunday degan:


“Mana, Men joylashtiryapman Quddusda* Tanlangan, qimmatbaho tamal toshini*.

Unga tayangan hech bir inson uyatga qolmaydi.”*


7 Sizlar — Masihga ishonganlar uchun bu tosh qimmatbahodir. Ammo

ishonmaganlarga Muqaddas bitiklardagi shu so‘zlar* to‘g‘ri keladi:


“Binokorlar rad etgan tosh Binoning tamal toshi bo‘ldi. Ba’zilar bu toshga qoqinadi, Uning dastidan yiqiladi.”


8 Imonsizlar Xushxabarni rad etib, itoatsizlik qilganlari uchun qoqinadilar. Ular ana shu

qismatga mahkum bo‘lganlar.

9 Ammo sizlar — tanlangan bir nasl, ruhoniylar shohligi, muqaddas qavm*, Xudoning aziz xalqisiz. Xudo sizlarni zulmatdan O‘zining ajoyib nuriga da’vat etgan, Uning buyuk ishlarini e’lon qilishingiz uchun sizlarni tanlagan. 10 Sizlar bir vaqtlar Xudoga begona edingizlar, endi esa Uning xalqisizlar. Bir vaqtlar Xudoning marhamatidan bebahra edingizlar, endi esa Undan marhamat topdingizlar*.

Jamiyatda Xudoga munosib hayot kechiringlar

11 Ey azizlarim, sizlardan o‘tinib so‘rayman, jonga qarshi kurashadigan nafs ehtiroslaridan saqlaninglar. Axir, sizlar bu dunyoda g‘aribu musofirsizlar. 12 Imonsizlar orasida Xudoga munosib hayot kechiringlar. Ular sizlarni yomonlikda ayblasalar–da, ezgu ishlaringizni ko‘rib, kim bilsin, balki tavba qilishar va qiyomat kuni Xudoni ulug‘lashar.

13 Insonlar tomonidan o‘rnatilgan har qanday hokimiyatga, Egamiz haqi–hurmati, bo‘ysuninglar. Oliy hokim bo‘lgan shohga* ham, 14 u tayinlagan hokimlarga ham itoat qilinglar. Zero, hokimlar yomonlik qilganlarni jazolash uchun, yaxshilik qilganlarni esa taqdirlash uchun tayinlangan. 15 Siz haqiqatni bilmagan nodon odamlarning og‘izlarini qilgan yaxshiligingiz bilan yopinglar, chunki bu Xudoning xohishidir. 16 Ozod odamlardek yashanglar, ammo ozodlik niqobi ostida yomonlik qilmanglar. Xudoning qullariday hayot kechiringlar. 17 Hamma odamlarni hurmat qilinglar. Imonli birodarlaringizni yaxshi ko‘ringlar. Xudodan qo‘rqinglar, davlat rahbariga izzat–ehtirom ko‘rsatinglar.

18 Ey qullar, Xudodan qo‘rqqaningiz uchun* xo‘jayinlarga itoat qilinglar. Nafaqat mehribon va muloyimlarga, balki qattiqqo‘l xo‘jayinlarga ham bo‘ysuninglar. 19 Agar

sizlar Xudoni mamnun qilmoqchi bo‘lib, to‘g‘ri ish qilsangiz–u, nohaq azoblarga chidasangiz, Xudoni rozi qilgan bo‘lasiz. 20 Bordi–yu, qilgan gunohingiz uchun tayoq yeb chidasangiz, bu sizga sharaf keltirarmidi?! Ammo yaxshilik qilib turib, nohaq azoblarga chidasangiz, Xudoning maqtoviga sazovor bo‘lasiz.

Masihdan ibrat olinglar

21 Hatto azob chekkaningizda ham Xudo sizlarni yaxshilik qilishga da’vat etgan. Masih sizlar uchun azob chekib, namuna bo‘ldi. Unga taqlid qilinglar. 22 Axir, U hech qanday gunoh qilmagan, og‘zidan biron yolg‘on so‘z chiqmagan*. 23 U haqorat qilinganda hech kimga haqorat bilan javob qaytarmadi, azob chekkanda hech kimga tahdid qilmadi. Faqat odilona hukm qiladigan Xudoga O‘zini topshirdi. 24 U gunohlarimizni O‘ziga oldi, a’zoi badani yog‘ochda* azob chekdi. Shu tufayli biz gunoh uchun o‘lganmiz va solih hayot kechira olamiz. Uning yaralaridan biz shifo topdik. 25 Ilgari sizlar adashib yurgan cho‘ponsiz qo‘ylarga o‘xshar edingizlar, endi esa jonlaringizning posboni bo‘lgan Cho‘ponga* qaytib keldingizlar.


3–BOB

Er–xotinlik munosabatlari

1-2 Egamiz haqi–hurmati, siz, xotinlar, o‘z erlaringizga bo‘ysuninglar. Erlaringiz Xushxabarni rad etishsa ham, ularga itoat etinglar. Sizning ibratli xulq–atvoringiz har qanday so‘zdan ko‘ra, ta’sirliroq bo‘ladi. Erlaringiz pokiza hayotingizni va Xudodan qo‘rqib yashayotganingizni ko‘rib, imonga kelishadi. 3 Sizning jozibangiz o‘rilgan sochlar, oltin taqinchoqlar, chiroyli kiyimlar kabi tashqi zeb–ziynatdan iborat bo‘lmasin. 4 Ammo qalbingizdagi yuvosh va sokin ruh sizlarning so‘lmaydigan ichki go‘zalligingiz bo‘lsin. Xudoning nazarida bunday go‘zallikning qadri yuksakdir. 5 O‘tmishda Xudoga umid bog‘lagan muqaddas xotinlar ham o‘zlari shu yo‘sinda bezanib, erlariga bo‘ysunar edilar. 6 Masalan, Sora* ham Ibrohimga itoat etib, uni xo‘jayin deb atar edi. Agar sizlar yaxshilik qilib, har qanday qo‘rquvdan sarosimaga tushmasangiz, Soraning qizlari hisoblanasizlar.

7 Ey erlar, sizlar ham, Egamiz haqi–hurmati, xotinlaringizga e’tiborli bo‘linglar, ular zaif jinsdan ekanligini hisobga olinglar. Ular ham abadiy hayot inoyatidan bahramand bo‘lganlari uchun ularni hurmat qilinglar. Aks holda, ibodatlaringiz ijobat bo‘lmaydi.

Haqiqat yo‘lida azob chekish haqida

8 Xullas, o‘zaro hamfikr, hamdard bo‘linglar, bir–biringizni birodarlarcha yaxshi ko‘ringlar, mehr–shafqatli va kamtar bo‘linglar. 9 Yomonlikka yomonlik, haqoratga haqorat bilan javob qaytarmanglar, aksincha, hammani duo qilinglar. Zero, Xudo sizlarni shunga da’vat etgan. Bularga rioya qilsangiz, baraka topasizlar. 10 Axir, Muqaddas bitiklarda shunday yozilgan:


“Kimki hayotdan zavqlanishni, Baxtli umr ko‘rishni istasa,

U tilini yomon so‘zdan tiysin,

Og‘zini yolg‘on gapdan asrasin.

11 Yomonlikdan qaytib, yaxshilik qilsin.

Tinchlik istab, tinchlik payida bo‘lsin.

12 Chunki Egamiz solihlarni kuzatib turadi, Ularning iltijosini Egamiz eshitadi.

Badkirdorlardan esa yuz o‘giradi*.”*


13 Agar yaxshilik qilishga bel bog‘lasangiz, kim ham sizlarga ozor bera olardi?!

14 Hatto to‘g‘ri ish uchun azob chekayotgan bo‘lsangiz ham, baxtiyorsizlar! Do‘q–po‘pisa qiluvchilardan qo‘rqmanglar, hayajonga tushmanglar. 15 Qo‘rquvga tobe bo‘lmanglar, balki butun qalbingiz bilan Rabbimiz Iso Masihning* hokimiyatiga bo‘ysuninglar.

Masihga bo‘lgan umidingiz haqida sizdan so‘ragan har bir kishiga javob berishga doimo tayyor turinglar. Lekin buni muloyimlik va hurmat bilan bajo qilinglar. 16 Vijdoningiz toza bo‘lsin, toki Masih yo‘lidagi ibratli hayotingizni yomonlaganlar o‘z gaplaridan uyalib qolsinlar.

17 Agar yaxshilik qilib azob chekishingizni Xudo lozim ko‘rsa, har holda yomonlik

qilib azob chekishdan bu afzalroqdir.

Masih yovuzlik ustidan g‘alaba qozondi

18 Masih bizni gunohlarimizdan to abad forig‘ qilish uchun azob chekkanini yodingizda tutinglar. U solih bo‘la turib, biz, gunohkorlarni Xudoga yaqinlashtirish uchun jonini fido qildi. Uni jisman o‘ldirishdi, ammo U yangi, ulug‘vor hayot uchun tirildi*. 19 So‘ng zindonga qamalgan yovuz ruhlar* oldiga borib, ular ustidan g‘alaba qilganini e’lon etdi. 20 Qadim zamonda bu ruhlar Xudoga itoatsizlik qilib, insoniyatni yo‘ldan ozdirgandi. Ammo Xudo sabr qildi. Nuh* o‘z kemasini qurib bo‘lguncha Xudo insoniyatni hukm qilmay, kutib turdi. O‘sha kemaga faqat sakkiztagina odam kirib, to‘fon suvlaridan omon qolgandi. 21 Nuh va uning oilasi bilan ro‘y bergan bu hodisa biz uchun timsol hisoblanadi. Bu timsol bizning imonga kelishimizni va suvga cho‘mdirilishimizni bildiradi. Cho‘mdirilish marosimi badanni kirdan tozalash emas, balki Xudoga: “Senga sodiq qolaman”, deb chin yurakdan va’da berish demakdir.

Darhaqiqat, sizlar suvga cho‘mdirilganingizda, Iso Masihning tirilishi tufayli najot topdingizlar. 22 Masih osmonga ko‘tarilib, Xudoning o‘ng tomonida o‘tiribdi*. Koinotdagi har bir farishta, har qanday kuchlaru hukmronlar Masihga tobedir.


4–BOB

Xudo yo‘lida yashash

1 Masih bu dunyoda azob chekkani kabi, sizlar ham azob chekishga tayyor turinglar. Zotan, azob chekishga rozi bo‘lgan kishi gunohdan yuz o‘girgan bo‘ladi. 2 Bunday odam qolgan umrini nafsini qondirishga emas, Xudoning irodasini bajarishga bag‘ishlaydi.

3 Sizlar o‘tmishda xudosizlarday yashaganingiz yetar. O‘sha vaqtlarda axloqsizlik, shahvatparastlik, mayxo‘rlik, aysh–ishrat, kayf–safo, razil butparastlik bilan kun kechirardingizlar. 4 Endi esa atrofdagilar sizlarni ko‘rib, hayron bo‘lyaptilar. Ularning yaramas qilmishlariga qo‘shilmaganingiz uchun sizlarni haqorat qilyaptilar. 5 Ammo ular o‘z qilmishlari uchun Xudo oldida javob beradilar. Xudo tirigu o‘liklarni hukm etishga tayyor turibdi. 6 Xushxabar nima sababdan e’lon qilinganini esingizda tutinglar. To‘g‘ri, Xushxabarni eshitgan ko‘p odamlar olamdan ko‘z yumdi, chunki o‘lim bu dunyoga gunoh natijasida kirib keldi. Ular ham, boshqa insonlar kabi, jisman o‘limga

mubtalo bo‘lishdi. Biroq bir kun kelib, Xudo ularga ulug‘vor, yangi hayot ato qiladi*.

7 Oxirzamon yaqinlashib qoldi. Aqlingizni yig‘ib, doim hushyorlik bilan ibodat qilinglar. 8 Avvalambor, bir–biringizni chin yurakdan yaxshi ko‘ringlar. Chunki sevgi ko‘p gunohlarni yuvadi. 9 Nolimay, ochiq chehra bilan bir–biringizni mehmon qilinglar. 10 Xudo sizlarga bergan in’omlar bilan bir–biringizga xizmat qilinglar. Xudoning bu boy ehsonlaridan oqilona foydalaninglar. 11 Va’zxonmisiz? Shunday va’z qilingki, go‘yo siz orqali Xudoning O‘zi gapirganday bo‘lsin. Xizmatchimisiz? Xudoning bergan kuchiga muvofiq xizmat qiling. Toki Iso Masih orqali Xudo har bir ishingizda va har bir so‘zingizda ulug‘lansin. Qudratli Xudoga abadulabad shon–sharaflar bo‘lsin. Omin.

Masih uchun azob chekish

12 Ey azizlarim, xuddi g‘ayritabiiy hodisa yuz berganday, boshingizga tushgan og‘ir sinovlardan hayron bo‘lmanglar. 13 Aksincha, Masihning azoblariga sherik bo‘lganingizdan xursand bo‘linglar! Shunday qilsangiz, U oxiratda ulug‘vorlikka burkanib kelganda, qalbingiz yanada ko‘proq quvonchga to‘ladi. 14 Agar sizlarni Masihga tegishli bo‘lganingiz uchun haqorat qilishsa, baxtlisizlar! Axir, Xudoning Ruhi sizlarga madad beradi. U sizlarni Xudoning ulug‘vorligidan bahramand qiladi*. 15 Orangizda hech kim qotil, o‘g‘ri, badkirdor yoki janjalkash odam sifatida azob chekmasin. 16 Ammo masihiy bo‘lganingiz uchun azob cheksangiz, bundan uyalmang, aksincha, sizlarni bunday nomga sazovor qilgan Xudoni ulug‘lang.

17 Xudo dunyoni hukm qiladigan vaqt keldi. U hukmini O‘z xonadonidan boshlaydi.

Agar biz birinchi navbatda hukm qilinadigan bo‘lsak, unda Xushxabarni rad etib, Xudoga itoat qilmaganlarning oxirati nima bo‘ladi? 18 Agar solih odam zo‘rg‘a qutulsa, betavfiqu gunohkorning holi ne kechadi?*

19 Shunday ekan, Xudoning irodasiga ko‘ra, azob chekayotgan bo‘lsangiz, yaxshilik

qilishda davom etinglar, o‘zingizni sodiq Yaratuvchiga topshiringlar.


5–BOB

Oqsoqollarga va yoshlarga nasihat

1 Ey jamoat oqsoqollari, endi sizlarga bir nasihatim bor. Men ham sizlarga o‘xshagan oqsoqolman. Masih chekkan azoblari haqida shahodat beruvchi va Uning zohir bo‘ladigan ulug‘vorligining ishtirokchisi sifatida men sizlardan o‘tinaman:

2 Nazoratingizdagi Xudoning suruvini yaxshi boqinglar. Bu xizmatni majburiyat yuzasidan emas, balki chin ko‘ngildan, Xudoga manzur tarzda bajaringlar. Shunchaki pulparastlik maqsadida emas, samimiyat bilan ijro etinglar. 3 Qo‘lingiz ostidagi suruvga o‘z hukmingizni o‘tkazmay, ularga o‘rnak bo‘linglar. 4 Ana shunda, Bosh Cho‘ponimiz — Masih zohir bo‘lganda, sizlarga so‘lmas, ulug‘vorlik toji beriladi.

5 Ey yoshlar, oqsoqollarga itoat etinglar. Hammangiz — yoshmisiz, qarimisiz, o‘zingizni kamtar tutib, bir–biringizga xizmat qilinglar. Zero, “Xudo mag‘rurlarga qarshi chiqadi, kamtarlarga esa inoyat ko‘rsatadi.”* 6 Shunday ekan, Xudoning qudratli qo‘li ostida o‘zingizni past tutinglar. U O‘z vaqtida sizlarni yuksaltiradi. 7 Barcha tashvishingizni Xudoga topshiringlar, chunki U hamisha sizlarga g‘amxo‘rlik qiladi.

8 Hushyor va bedor bo‘linglar! Dushmaningiz bo‘lgan iblis sherday bo‘kirib, birovni yutib yuborish uchun izg‘ib yuribdi. 9 Iblisga mustahkam imon bilan qarshi turinglar. Shuni bilinglarki, butun dunyodagi imonli birodarlaringiz sizlar kabi, azoblarga duchor

bo‘lmoqdalar. 10 Garchi sizlar bu qisqa hayotda azob chekib yashasangizlar ham, Xudoning O‘zi sizlarga madad berib, barchangizni barkamol, sabotli, kuch–qudratli va mustahkam qiladi. Axir, inoyatga boy Xudo Iso Masih orqali sizlarni O‘zining abadiy ulug‘vorligiga sherik qilish uchun da’vat etgan. 11 Qudratli Xudoga abadulabad hamdlar bo‘lsin. Omin.

So‘nggi salomlar

12 Men bu qisqa maktubimni Silasning* yordami bilan yozdim. Uni ishonchli birodar deb bilaman. Maktubimda sizlarga nasihat qilib, Xudoning haqiqiy inoyati haqida yozdim. Imonda sobit qolishingiz uchun Uning bu inoyatiga tayaninglar.

13 Sizlar kabi Bobildagi* tanlangan imonlilar jamoati va menga o‘g‘ilday bo‘lib qolgan

Mark* sizlarga salom yo‘llamoqdalar.

14 Bir–biringizga mehr–muhabbat ko‘rsatib, o‘pishib ko‘rishinglar. Masihga tegishli bo‘lgan hammalaringiz tinch–omon bo‘linglar*.

IZOHLAR

Rim imperiyasiga qarashli to‘rtta viloyat — 1:1 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

1:1 Pontus…Bitiniya viloyatlari — Rim imperiyasiga qarashli bo‘lgan to‘rtta viloyat, Pontus va Bitiniya bir viloyatni tashkil qilgan. Bu viloyatlar hozirgi Turkiya hududida edi. Hosil bayramida Quddusga o‘sha viloyatlardan bir nechta odamlar kelgan (Havoriylar 2:5-11 ga qarang). Pavlus mana shu viloyatlarning ba’zilarida Xushxabarni e’lon qilgan (Havoriylar 16:6, 18:23, 19:10, 26 ga qarang).

1:2 Uning to‘kilgan qoni — yunoncha matnda Uning sepilgan qoni. Ibroniylar 9:11-21, 10:19-22 ga qarang.

1:16 Levilar 11:44-45, 19:2 ga qarang.

1:22 Sizlar haqiqatga bo‘ysunib… — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida

Muqaddas Ruh orqali sizlar haqiqatga bo‘ysunib.

1:24-25 Muallif bu o‘rinda Ishayo 40:6-8 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

2:6 Quddus — yunoncha matnda Sion. Quddusdagi Ma’bad qurilgan tepalik Sion tog‘i deb atalgan. Eski Ahddagi she’riy parchalarda va payg‘ambarlar bitiklarida Sion so‘zi ko‘pincha Quddus shahriga yoki Xudoning xalqiga nisbatan ishlatilgan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi SION so‘ziga qarang.

2:6 tamal toshi — qadimgi paytlarda qurilishda poydevor uchun qo‘yilgan birinchi va eng muhim tosh hisoblanardi. Bu tosh poydevorning bir burchagini hosil qilib, binoning qolgan qismi o‘sha toshning joylashuvi bo‘yicha qurilardi.

2:6 Muallif bu o‘rinda Ishayo 28:16 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

2:7 Muqaddas bitiklardagi shu so‘zlar — bu o‘rinda Butrus Zabur 117:22, Ishayo 8:14 ni nazarda tutgan.

2:9 ruhoniylar shohligi, muqaddas qavm — Chiqish 19:6 ga qarang. Yana Ishayo 61:6, Vahiy 1:6, 5:9-10, 20:5-6 ga qarang.

2:10 Sizlar…Undan marhamat topdingizlar — bu o‘rinda Butrus Xo‘sheya 1:6, 9-10, 2:23 ni nazarda tutgan.

2:13 Oliy hokim bo‘lgan shoh — o‘sha paytdagi Rim imperatori.

2:18 …Xudodan qo‘rqqaningiz uchun… — yoki …kamoli ehtirom bilan….

2:22 …U hech qanday gunoh qilmagan, og‘zidan biron yolg‘on so‘z chiqmagan… — shu bobning 22-25–oyatlarida Butrus Ishayo 53:5-7, 9, 12 ni nazarda tutgan.

2:24 yog‘och — Butrus xochga ishora qilib, Qonunlar 21:23 dagi yog‘ochga qoqilgan odam Xudo tomonidan la’natlangandir degan gapni tinglovchilariga eslatmoqchi bo‘lgan.

2:25 Cho‘pon — ya’ni Iso Masih (Yuhanno 10:11-16, Ibroniylar 13:20 ga qarang).

3:6 Sora — Ibtido 18:12 ga qarang.

3:12 Yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida quyidagi so‘zlar oxirgi misra sifatida qo‘shimcha qilingan: Ularning xotirasini yer yuzidan o‘chiradi.

3:10-12 Zabur 33:13-17 ga qarang.

3:15 Iso Masih — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida Xudo.

3:18 …U yangi, ulug‘vor hayot uchun tirildi — yunoncha matnda …U ruhda tirilgan. Bu

o‘rinda ruhda so‘zi insonning tirilgan tanadagi yangi holatiga ishora qiladi.

3:19 zindonga qamalgan yovuz ruhlar — qilmishlari uchun jazolangan ilohiy zotlarga ishora bo‘lishi mumkin, bu zotlar haqida Ibtido 6:1-4 da yozilgan (shu bobning 20– oyatiga qarang). Yana 2 Butrus 2:4, Yahudo 6-7–oyatlarga qarang.

3:20 Nuh — Ibtido 6:5-7:23 ga qarang.

3:22 …Xudoning o‘ng tomonida o‘tiribdi — Zabur 109:1 ga qarang. O‘ng tomon muruvvat va baraka o‘rni deb hisoblangan.

4:6 …Xudo ularga ulug‘vor, yangi hayot ato qiladi — yunoncha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi …ular ruhda Xudoga munosib ravishda hayot kechiradilar. Bu o‘rinda ruhda so‘zi Xudo bilan munosabat qilib kechiriladigan yangi hayot tarziga ishora qiladi.

4:14 Yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida quyidagi so‘zlar oyatga qo‘shimcha qilingan: Ularga qolsa, Ruhni haqorat qiladilar, sizlarda esa Ruh sharaflanadi.

4:18 Agar solih odam zo‘rg‘a qutulsa, betavfiqu gunohkorning holi ne kechadi? — muallif

bu o‘rinda Hikmatlar 11:31 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

5:5 Muallif bu o‘rinda Hikmatlar 3:34 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.

5:12 Silas — yunoncha matnda bu ismning boshqa varianti Silvanus. Silas ilk jamoatning yetakchisi bo‘lib, havoriy Pavlusning Xushxabar yoyish maqsadida qilgan ikkinchi safarida unga hamroh edi (Havoriylar 15:22, 32, 36-41 ga qarang).

5:13 Bobil — Eski Ahd davrida Bobil shahri qudratli imperiyaning poytaxti edi. Xudoning xalqi u yerga surgun qilingan. Ushbu kitob yozilgan paytda imonlilar Bobil nomini ba’zan Rimga nisbatan ishlatar edilar. Rim o‘sha davrda hukmron bo‘lgan imperiyaning poytaxti edi. Butrus bu nomni ramziy ma’noda ishlatayotgan bo‘lishi mumkin. An’anaga ko‘ra, Butrus umrining so‘nggi yillarini Rimda o‘tkazgan va o‘sha yerda imoni uchun qatl qilingan.

5:13 Mark — Mark bayon etgan muqaddas Xushxabarning muallifi. Mark havoriy Butrusning hamkori bo‘lgan va uning ta’limoti va va’zlariga asoslangan holda Xushxabarni bayon qilgan. U Quddus shahridan edi (Havoriylar 12:12, 25, 13:5, 15:37-

39, 2 Timo‘tiy 4:11 ga qarang).

5:14 Yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida quyidagi so‘z oyatga qo‘shimcha

qilingan: omin.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru