Muqaddas Kitob


PAVLUSNING

TIMO‘TIYGA

BIRINCHI MAKTUBI

Kirish

Mazkur maktub muallifi havoriy Pavlusdir. Pavlus bu maktubini o‘z o‘g‘liday bo‘lib qolgan yaqin xizmatdoshi va yordamchisi Timo‘tiyga yozgan. Maktub yozilgan paytda Timo‘tiy Efes shahrida edi.

Timo‘tiy Listralik edi. Listra shahri hozirgi Turkiya hududida joylashgan.

Timo‘tiyning onasi Iso Masihga imon keltirgan yahudiy, otasi esa yunon edi. Timo‘tiy Pavlus bilan birga Efes va Korinf shaharlariga, shuningdek, Makedoniyaga borib, Xushxabarni targ‘ib qilish xizmatida Pavlusga yordam bergandi. Safarga chiqishlaridan oldin Pavlus yahudiylarni vasvasaga solmaslik uchun Timo‘tiyni sunnat qildirgandi (Havoriylar 16:1-3 ga qarang). Timo‘tiy havoriy hisoblanmasa–da, imonlilar jamoati uchun ko‘p xizmat qilgan sadoqatli masihiy bo‘lgan.

Pavlus ushbu maktubida Timo‘tiyga ko‘p nasihatlar beradi, Efesdagi jamoatga qanday g‘amxo‘rlik qilish kerakligini o‘rgatadi. U birinchi navbatda Timo‘tiyni soxta ta’limotlar to‘g‘risida ogohlantiradi. O‘sha davrda jamoatlarda soxta ta’limotlar keng tarqalgandi. Bu ta’limotlar yahudiylar va g‘ayriyahudiylarning e’tiqodlari chatishuvidan paydo bo‘lib, moddiy dunyo harom, najotga esa faqat sirli bilimni o‘zlashtirish orqali erishsa bo‘ladi degan g‘oyani ilgari surardi. Bunday bid’atlar ba’zi ovqatlarni iste’mol qilishni va uylanishni man etardi. Pavlus bu ta’limotlarni fosh etib, Timo‘tiyga haqiqiy xudojo‘ylik bilan hayot kechirish haqida nasihat qiladi.

Maktubning davomida Pavlus duo va ibodatlarga oid ko‘rsatmalar beradi, jamoatdagi tartib, jamoat yetakchilari va xizmatchilariga zarur bo‘lgan xislatlari haqida so‘z yuritadi, yoshu qarilar, bevalar, oqsoqollar, qul va xo‘jayinlar orasidagi munosabatlarga oid maslahatlar beradi, boy birodarlarga nasihat qiladi. Pavlus maktubini Timo‘tiyga bergan so‘nggi pand–nasihatlari bilan yakunlab, Timo‘tiyning zimmasidagi vazifalarini eslatib o‘tadi.


1–BOB

Duoyi salom

1 Najotkorimiz Xudoning va biz umid bog‘lagan Iso Masihning amriga ko‘ra, Masihning havoriysi etib tayinlangan men — Pavlusdan 2 imondagi sodiq o‘g‘lim Timo‘tiyga* salom! Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih senga inoyat, marhamat va tinchlik ato qilsin.

Soxta ta’limotlardan ehtiyot bo‘l

3 Men Makedoniyaga ketayotganimda, senga tayinlaganimday, Efes shahrida qol. U yerdagi ba’zi kishilar soxta ta’limotni o‘rgatayotgan ekanlar. Ularning bu qilmishlariga barham ber. 4 Ularga, afsonalar va shajaralar* xususidagi bema’ni bahslar bilan band bo‘lmanglar, deb buyur. Axir, bunday bahslar faqat janjallarga sabab bo‘ladi. Odamlar


Xudoning najot rejasini anglashlariga bular yordam bermaydi. Zero, inson Xudoning najotini imon orqaligina anglab oladi. 5 Men bu nasihatim bilan sizlarda mehr–muhabbat uyg‘otmoqchiman. Mehr–muhabbat sof yurakdan, toza vijdondan, xolis imondan hosil bo‘ladi. 6 Orangizdagi ba’zi odamlar esa bulardan yuz o‘girib, ahmoqona bahslarga berilib ketganlar. 7 Ular odamlarga Xudoning qonunini* o‘rgatishni orzu qiladilar, qonunga tishi o‘tmasa–da, u haqda so‘zlab, ishonch bilan gapiradilar.

8 Biz bilamizki, qonundan Xudo ko‘zlaganday foydalanilsa qonun yaxshidir!

9 Xudoning qonuni solihlar uchun emas, balki qonunsizu itoatsizlar uchun berilgani hammamizga ma’lum. Darhaqiqat, qonun betavfiqu gunohkorlar, diyonatsizu xudobezorilar, ota yoki onasini o‘ldirganlar, qotillar, 10 fahshbozlar, bachchabozlar, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilar, yolg‘onchilaru soxta guvohlik beruvchilar, xullas, sog‘lom ta’limotga zid ish qilayotganlarning hammasi uchun berilgan. 11 Xudo menga ishonib topshirgan bu haqiqat Xushxabarda bayon qilingan. Muborak Xudoning ulug‘vorligi Xushxabarda ayon etilgan.

Pavlus Xudoga shukrona aytadi

12 Ishimni bajarishda menga kuch–quvvat bergan Rabbimiz Iso Masihga shukurlar aytaman. U meni ishonchli deb bilib, O‘z xizmatiga olgani uchun g‘oyatda minnatdorman. 13 Men ilgarilari Masihga qarshi chiqar edim, Uning izdoshlarini ta’qib etib, ularga jabr–zulm qilardim. Biroq, shularga qaramay, Xudo menga rahm qildi, axir, men Masihga ishonmaganim uchun nima qilayotganimni o‘zim ham bilmasdim.

14 Rabbimiz Iso Masih menga cheksiz inoyat ko‘rsatdi. Uning O‘zi menga imon ato qilib, mehru oqibatni o‘rgatdi. 15 “Iso Masih gunohkorlarni qutqarish uchun dunyoga keldi” degan gap to‘g‘ri va asoslidir, har jihatdan qabul qilinishga loyiqdir. Men o‘zim o‘sha gunohkorlarning eng ashaddiysi edim! 16 Ammo Iso Masih menga rahm qildi. Menga o‘xshagan o‘taketgan gunohkorlarga nisbatan U nihoyatda sabrli ekanini ko‘rsatdi, toki boshqalar ham mendan ibrat olib, Unga ishonsinlar, abadiy hayotga ega bo‘lsinlar.

17 Mangu Shohga hamdu sanolar bo‘lsin! O‘lmas, ko‘rinmas, yagona Xudoga* abadulabad shon–sharaflar bo‘lsin! Omin.

18 Ey o‘g‘lim Timo‘tiy, sen haqingda ilgari aytilgan bashoratlarga* binoan senga buyuraman: o‘sha bashoratlarga tayanib, ulug‘ kurashda jang qilgin. 19 Imoningni mahkam tut, vijdonli bo‘l. Ba’zi odamlar vijdonini sotdilar, ularning imoni halokatga uchragan kemaday barbod bo‘ldi. 20 Xumanayos* va Iskandar shular jumlasidandir. Men ularni shaytonga topshirdim*. Bu ularga saboq bo‘lib, ular Xudoga va Uning azizlariga qarshi chiqishni bas qiladilar.


2–BOB

Duo va ibodatlarga oid ko‘rsatmalar

1 Avvalambor, nasihatim shuki, butun insoniyat uchun iltijo qilinglar, toat–ibodatda bo‘lib, duolar o‘qinglar, shukronalar aytinglar. 2 Taqvodor, obro‘–e’tiborli, osoyishta, sokin hayot kechirishimiz uchun, hukmdorlaru boshliqlar uchun ibodat qilinglar. 3 Bu xayrli ish bo‘lib, najotkorimiz Xudoga maqbuldir. 4 U hamma insonlarning najot topishlarini va haqiqatni bilib olishlarini istaydi. 5 Zero, hammamizga ma’lumki,


Xudo yagonadir,

Xudo bilan insonlar orasidagi Vositachi ham yagonadir.

Bu Vositachi Iso Masihdir.

U O‘zi inson edi

6 Va butun insoniyatni qutqarish uchun

O‘z jonini fido qildi.


Shu orqali Xudo O‘zi belgilagan paytda najot rejasini ayon etdi. 7 Men najot haqidagi bu xabarni e’lon qiluvchi havoriy etib tayinlandim. To‘g‘risini aytyapman*, yolg‘on gapirayotganim yo‘q! Haqiqatan ham, men turli xalqlarga imon va haqiqatni o‘rgatish uchun yuborilganman.

8 Erkaklar* hamma joyda qo‘llarini duoga ochib, chin qalbdan ibodat qilsinlar. Ular g‘azab va nizodan yiroq bo‘lsinlar. 9 Xotinlar soddagina, did bilan kiyinsinlar. Ular sochiga ortiqcha oro bermay, oltin va marvarid taqinchoqlar yoki qimmatbaho kiyimlar bilan emas, balki or–nomus bilan bezansinlar. 10 Xudojo‘y xotinlarga munosib xayrli ishlar bilan o‘zlariga zeb bersinlar. 11 Ta’lim berilayotganda, xotinlar sukut saqlasin, muallimning gapini ikki qilmasin*. 12 Xotin erkakka ta’lim berishiga* va uning ustidan o‘z hukmini o‘tkazishiga ruxsat bermayman. Xotin sokin tabiatli bo‘lsin. 13 Axir, oldin Momo Havo emas, balki Odam Ato* yaratilgan–ku. 14 Odam Ato emas, xotin shaytonga aldanib, gunoh qildi. 15 O‘shandan buyon, xotinlar tuqqanda la’nat tufayli* dardu azob chekadigan bo‘ldilar. Biroq shunga qaramay, agar ular kamtaru bama’ni bo‘lishsa, Masihga bo‘lgan imonda sobit qolib, mehr–oqibatli bo‘lib, taqvodor hayot kechirishsa, najot topadilar.


3–BOB

Jamoat yetakchisining xislatlari

1 “Imonlilar jamoatining yetakchisi bo‘lishga intilgan inson olijanob ishni orzu qilgan bo‘ladi” degan gap to‘g‘ri va asoslidir. 2 Darhaqiqat, bunday olijanob vazifaga tayinlanadigan inson yaxshi nom chiqargan bo‘lishi shart. U o‘z xotiniga vafodor*, mulohazali, vazmin, odobli, mehmondo‘st, ta’lim berishga qobiliyatli bo‘lsin. 3 U mayxo‘r, jahldor, janjalkash emas, balki muloyim, pulparastlikdan yiroq, 4 xonadonini yaxshi boshqaradigan, farzandlari unga bo‘ysunib hurmat qiladigan bo‘lsin. 5 Agar yetakchi o‘z xonadonini boshqara olmasa, Xudoning jamoatiga qanday g‘amxo‘rlik qila oladi?!

6 Endigina imonga kirgan odam yetakchi bo‘lmasin, tag‘in kerilib, iblisning halokatli changaliga tushib qolmasin*. 7 U jamoatga qarashli bo‘lmagan odamlar orasida ham hurmat–e’tiborga ega bo‘lsin. Shunda u malomatga qolmaydi, shaytonning tuzog‘iga tushmaydi.

Jamoat xizmatchisining xislatlari

8 Imonlilar jamoatining xizmatchilari ham hurmatga sazovor, samimiy insonlar bo‘lishlari lozim. Ular mayxo‘r yoki molparast bo‘lmasinlar. 9 Xudo bizga ayon etgan haqiqat bo‘yicha yashab, barcha ishni vijdonan bajarsinlar. 10 Ular avval sinovdan o‘tishi kerak. Agar kamchiliksiz bo‘lsalar, xizmatga tayinlansinlar. 11-12 Har bir xizmatchi o‘z xotiniga vafodor*, farzandlarini va xonadonini yaxshi boshqaradigan odam bo‘lishi shart. Xizmatchi ayollar* ham hurmatga sazovor bo‘lishlari lozim. Ular g‘iybat

qilmaydigan, mayxo‘rlikka berilmagan, har narsada ishonchli bo‘lsinlar. 13 Jamoatdagi o‘z xizmatini yaxshi bajarganlar el orasida taniladilar. Ular Iso Masihga bo‘lgan imonda yuksak jasoratga ega bo‘ladilar.

Xudo ayon etgan haqiqat

14-15 Men yaqin orada oldingga boraman degan umiddaman. Bordi–yu, kechiksam, Xudoning xonadonida odamlar o‘zlarini qanday tutishlari kerakligini bilishing uchun bularni senga yozdim. Zero, jamoat barhayot Xudoga tegishlidir, jamoat haqiqatning poydevori va ustunidir. 16 Darhaqiqat, Xudo bizga ayon etgan haqiqat buyukdir. Asl xudojo‘ylikning manbayi bo‘lmish bu haqiqat quyidagichadir*:


Masih* yer yuziga inson bo‘lib keldi.

Yangi, ulug‘vor hayot uchun o‘likdan tirilib, Xudoning O‘g‘li deb tasdiqlandi*.

U zohir bo‘ldi farishtalarga*.

U haqdagi Xushxabar e’lon etildi xalqlarga, Dunyo bo‘ylab odamlar Unga imon keltirdi. Ulug‘vorlikka burkanib U samoga yuksaldi.


4–BOB

Soxta ustozlarning yolg‘on ta’limoti fosh etiladi

1 Xudoning Ruhi yaqqol aytyaptiki, oxirgi zamonlarda ba’zi odamlar imondan qaytadilar. Ular yolg‘onchi ruhlarga va jinlar ta’limotiga quloq soladilar. 2 Bunday ta’limotni tarqatgan odamlar riyokor va yolg‘onchidirlar. Ularning vijdoni o‘lgan, go‘yo qizdirilgan temir bilan kuydirilib yo‘q qilingan. 3 Ular uylanishni va erga tegishni man etadilar, ma’lum ovqatlarni taqiqlaydilar. Holbuki, bu ovqatlarni Xudo bergan. Haqiqatni bilib olgan imonlilar Unga shukrona aytib, yeyishlari uchun yaratgan. 4 Chunki Xudo yaratgan har bir narsa yaxshidir. Biz hech bir taomni taqiqlamay, shukrona aytib, hammasini yeyishimiz lozim. 5 Biz ovqatimiz uchun Xudoga shukurlar aytganimizda, Xudo barcha ozuqani halol deb e’lon qilganini e’tirof etgan bo‘lamiz.

Iso Masihning sodiq xizmatkori bo‘lgin

6 Sen bu nasihatlarimni birodarlaringga o‘rgatsang, Iso Masihning layoqatli xizmatkori bo‘lasan. O‘zing rioya qilayotgan sog‘lom ta’limotni va imonimizning aqidalarini o‘zlashtirib, ruhan oziqlanib borasan. 7 Safsataboz kampirlarga xos bema’ni afsonalardan* yuz o‘gir. Xudojo‘y bo‘lishga astoydil harakat qil. 8 Axir, shunday bir maqol bor–ku: “Jismoniy mashq tana uchun foyda berar, xudojo‘ylik esa har tomonlama foyda keltirar, u dunyoyu bu dunyoda hayot baxsh etar.” 9 Bu gap to‘g‘ri va asoslidir, u har jihatdan qabul qilinishga loyiqdir. 10 Odamlar abadiy hayotga ega bo‘lishlari uchun biz jon–jahdimiz bilan xizmat qilyapmiz*. Barhayot Xudoga umid bog‘laganmiz. U barcha insonlarning, ayniqsa imonlilarning Najotkoridir*.

11 Sen birodarlarga ta’lim bergin, bu o‘gitlarga rioya qilishlarini ularga o‘rgatgin.

12 Yoshsan deb, hech kim seni kamsitmasin. Aksincha, hammaning hurmatini qozonish uchun sen so‘zda, yurish–turishda, mehr–oqibatda, imonda va axloqda imonlilarga o‘rnak bo‘lgin. 13 Men oldingga borgunimcha jamoatda Muqaddas bitiklarni ovoz

chiqarib o‘qishga*, nasihat va ta’lim berishga vaqtingni bag‘ishla. 14 O‘zingga berilgan in’omga* e’tiborli bo‘l, uni ishga sol. Axir, sen bu in’omingni aytilgan bashoratlar va oqsoqollar ustingga qo‘l qo‘yib qilgan duolari natijasida olgansan.

15 Aytganlarimning hammasini amalda qo‘lla. O‘zingni bu vazifaga sidqidildan bag‘ishla, shunda sen Xudoning yo‘lida shaxdam qadam bilan, ildamlab borayotganingni hamma ko‘radi. 16 Hayot tarzingga, nimalar o‘rgatayotganingga e’tibor qil. Bu faoliyatingni astoydil davom ettir, shunday qilsang, o‘zingni ham, tinglovchilaringni ham qutqarasan.


5–BOB

Imonlilar jamoatidagi munosabatlarga oid ko‘rsatmalar

Yoshu qariyalar

1 Yoshi katta odamga qattiq gapirma, uni otang o‘rnida ko‘rib, hurmat bilan nasihat qil. Yoshlarga ukalaringdek, 2 kampirlarga onalaringdek munosabatda bo‘l. Yosh ayollarni singillaring o‘rnida ko‘rib, ularga pokdillik bilan nasihat qil.

Bevalar

3 Suyanchig‘i yo‘q beva xotinlarga g‘amxo‘rlik qil. 4 Agar bevaning bolalari yoki nabiralari bor bo‘lsa, ular, eng avvalo, o‘z oilasi oldidagi, Xudo buyurgan farzni ado etib, farzandlik burchini bajarsinlar, chunki bu Xudoga maqbuldir. 5 Yolg‘iz qolgan, suyanchig‘i yo‘q beva xotin butun umidini Xudoga bog‘lab, kechayu kunduz toat–ibodat qiladi. 6 Ammo kayf–safoga berilib ketgan beva xotin ruhan o‘likdir. 7 Bevalarga va ularning oila a’zolariga bularni o‘rgat, toki ular malomatga qolmasinlar. 8 Zero, o‘z qarindoshlariga, xususan, oila a’zolariga g‘amxo‘rlik qilmagan kishi imonni inkor etgan bo‘ladi. U imonsizdan ham battardir.

9 Tullar ro‘yxatiga* faqatgina oltmish yoshdan oshgan, marhum eriga vafodor bo‘lgan* beva ayollarni kirit. 10 Bu ayollar qilgan ezgu ishlari bilan tanilgan, ya’ni bolalariga yaxshi tarbiya bergan, musofirlarga mehmondo‘st bo‘lgan, Xudo azizlarining oyoqlarini yuvgan*, qiynalganlarga yordam bergan, o‘zlarini turli xil xayrli ishlarga bag‘ishlagan bo‘lishlari lozim.

11-12 Beva qolgan yoshroq xotinlarni ro‘yxatga kiritma. Chunki ularning ehtirosi junbishga kelganda, erga tegishni istab qoladilar. Shunda ular erga tegmaslik haqidagi Masihga bergan va’dasini buzib, odamlar orasida yomon otli bo‘lib qoladilar. 13 Bundan tashqari, ular boshqa bir xatarga yo‘liqadilar: yalqovlikka berilib, uyma–uy yurishga o‘rganib qoladilar. Shunisi yetmaganday, g‘iybat qilishga, boshqalarning ishiga burun suqib, lozim bo‘lmagan narsalarni gapirishga odatlanadilar. 14 Shu sabablarga ko‘ra, men yosh bevalarning erga tegishini istardim. Ular bola tug‘ib, ro‘zg‘or ishlari bilan mashg‘ul bo‘lsinlar, g‘animlarimizning yomon gapirishlariga imkon yaratib bermasinlar. 15 Chunki shundoq ham ba’zi bevalarimiz to‘g‘ri yo‘ldan ozib, shayton yo‘liga kirib ketdilar.

16 Agar birorta imonli ayolning* beva qolgan qarindoshlari bo‘lsa, ularga o‘zi yordam bersin, bu vazifani imonlilar jamoatiga yuklamasin. Shunda suyanchig‘i yo‘q beva xotinlarga jamoat yaxshiroq yordam bera oladi.

Jamoat oqsoqollari

17 Imonlilar jamoatini yaxshi boshqarayotgan, xususan, astoydil va’z aytib, ta’lim

berayotgan oqsoqollar hurmatga sazovordirlar, ular qilgan mehnatlariga yarasha taqdirlansinlar. 18 Zero, Muqaddas bitiklarda: “G‘alla yanchayotgan ho‘kizning og‘zini to‘smang”* va “Mehnatkash ish haqini olishga munosibdir”*, — deyilgan. 19 Ikki yoki uch guvoh bo‘lmasa, hech bir oqsoqolga qo‘yilgan aybni qabul qilma. 20 Gunoh qilib yurgan oqsoqollarni esa hammaning oldida fosh qilib, tavbaga chaqir, toki boshqalarning ham diliga qo‘rquv kirsin. 21 Xudo, Iso Masih va tanlangan farishtalar* huzurida senga qat’iy buyuraman: hech bir ishda yuz–xotirchilik va tarafkashlik qilmay, bu ko‘rsatmalarimga rioya qil.

22 Biror odamni jamoat oqsoqoli vazifasiga tayinlashga shoshilma, tag‘in birovning gunohlariga sherik bo‘lib qolma. O‘zingni pok saqla. 23 Lekin suv ichish bilan cheklanib qolmay, ozginadan sharob ham ichib tur*. Bu oshqozoningga yaxshi ta’sir qilib, tez–tez yuz berayotgan kasalliklaringning oldini oladi. 24 Ba’zi odamlarning gunohlari hozirdan ochiq–oshkor bo‘lib, hatto qiyomat kunidan oldin fosh bo‘lmoqda. Boshqalarning gunohlari esa oxiratda ma’lum bo‘ladi. 25 Shuningdek, qilingan xayrli ishlar ham oshkordir. Ba’zilari oshkor bo‘lmasa–da, baribir pinhon qolmaydi.


6–BOB

Xo‘jayinlar va qullar

1 Qullik bo‘yinturug‘i ostida bo‘lganlar o‘z xo‘jayinlarini kamoli ehtiromga loyiq hisoblasinlar. Toki, hech kim Xudoning nomini va ta’limotini haqoratlamasin.

2 Xo‘jayinlari imonli bo‘lgan qullar, “bir–birimizga birodarmiz”, deb xo‘jayinlariga hurmatsizlik qilmasinlar. Aksincha, yanada ko‘proq tirishib, ularga xizmat etsinlar. Chunki aziz birodarlari bo‘lmish xo‘jayinlari o‘z qullarining farovonligini ko‘zlab, nonini but qilyaptilar.

Ana shu barcha ko‘rsatmalarim haqida ta’lim berib, nasihat qil.

Soxta ustozlarning asl qiyofasi

3 Agar kim begona ta’limotni yoysa va Rabbimiz Iso Masihning haqiqiy kalomiga qarshi chiqib, xudojo‘ylikka chorlovchi ta’limotimizni rad etsa, 4 u bosar–tusarini bilmay qolgan nodondir. Bunday odam biror masala borasida talashish va ikir–chikir gaplar haqida bahslashish kasaliga yo‘liqqan, uning g‘alamisona gaplari hasad, janjal, tuhmat, tuban gumonlar 5 va to‘polonlarga sabab bo‘ladi. Fikri buzuq bunday odamlar haqiqatdan mahrumdirlar. Ular soxta xudojo‘yligini foyda manbayi deb biladilar*.

6 To‘g‘ri, xudojo‘ylikdan foyda katta, qachonki biz bori bilan qanoatlansak. 7 Axir, biz bu dunyoga hech narsa olib kelmadik va undan hech narsa olib keta olmaymiz. 8 Qornimiz to‘q, ustimiz but bo‘lsa, shular bilan qanoat qilaylik. 9 Boylikka o‘ch bo‘lganlar esa vasvasa tuzog‘iga tushadilar, ular ko‘p bema’ni va zararli havaslarga berilib, halokat girdobiga g‘arq bo‘ladilar. 10 Pulparastlik har qanday yomonlikning negizidir. Mana, ba’zilar boylik ketidan quvib, imondan qaytib ketdilar va o‘zlarini ko‘pgina azoblarga duchor qildilar.

Timo‘tiyga so‘nggi buyruqlar

11 Ey Xudoning quli Timo‘tiy, sen esa o‘zingni bu illatlardan olib qoch. Solihlik, xudojo‘ylik, imon, sevgi, sabr–toqat va muloyimlikning payida bo‘l. 12 Abadiy hayotga erishish maqsadida, imon uchun bo‘ladigan ulug‘ kurashda jang qil. Axir, Xudo seni

abadiy hayotga da’vat etgan. Sen bu hayotga ega bo‘lish uchun ko‘p guvohlar oldida Iso Masihga bo‘lgan imoningni mardlarcha tan olgansan. 13 Po‘ntiy Pilat* qoshida haqiqatni mardlarcha tan olgan Iso Masih huzurida va butun borliqqa hayot bag‘ishlagan Xudo huzurida senga buyuraman: 14 zimmangdagi xizmatingni halollik bilan bajar. Rabbimiz Iso Masih keladigan kungacha o‘zingni gap tegmaydigan qilib tut. 15 Yagona muborak Hokim bo‘lgan Xudo O‘zi belgilagan paytda Iso Masihni yuboradi. Xudo shohlarning Shohi, hukmdorlarning Hukmdoridir. 16 U yagona mangu Xudodir. U yaqinlashib bo‘lmaydigan nurda yashaydi, Uni hech bir inson ko‘rmagan hamda ko‘rishi mumkin emas. Abadiy saltanat Sohibi bo‘lgan Xudoga shon–sharaflar bo‘lsin! Omin.

Boy birodarlar uchun nasihatlar

17 Bu dunyoda boylik topgan birodarlarga ayt, mag‘rurlanmasinlar, bevafo boylikka umid qilmasinlar. Aksincha, umidini Xudoga bog‘lasinlar. Xudo bizga hamma narsani xursand bo‘lishimiz uchun saxovat bilan beradi. 18 Ularga buyur, yaxshilik qilsinlar, xayrli ishlarga boy, saxiy, ochiq qo‘l bo‘lsinlar. 19 Shunda ular asl xazina to‘plab, kelgusi dunyo uchun o‘zlariga mustahkam zamin yaratgan bo‘ladilar, haqiqiy hayotga erishadilar.

Timo‘tiyga so‘nggi pand–nasihatlar

20 Ey Timo‘tiy, senga ishonib topshirilgan Xushxabarni* asragin. Xudodan uzoqlashtiradigan quruq gaplaru haqiqatga zid bo‘lgan ta’limotlardan qochgin. Ba’zi odamlar adashib, bularni “bilim” deb ataydilar. 21 Bunday “bilim”ga tayangan ba’zilar haq yo‘ldan ozdilar.

Xudoning inoyati sizlarga yor bo‘lsin*.

IZOHLAR

1:2 imondagi sodiq o‘g‘lim Timo‘tiy — Timo‘tiy Pavlusning o‘z o‘g‘li emas edi. U Pavlusning sodiq yordamchisi bo‘lgani uchun Pavlus uni, o‘g‘lim, derdi. Havoriylar 16:1- 3, Filippiliklar 2:20-22 ga qarang.

1:4 afsonalar va shajaralar — Eski Ahd qahramonlari haqida xalq ichida to‘qilgan hikoyalar va ta’limotlar nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Bu hikoyalar Eski Ahdda yo‘q, ammo ko‘pchilik ularni Xudodan kelgan, katta ahamiyatga ega, deb aytardilar va shularga asoslanib ta’lim berardilar.

1:7 Xudoning qonuni — Eski Ahdga, xususan, Tavrotga ishora.

1:17 yagona Xudo — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida yagona dono Xudo.

1:18 sen haqingda ilgari aytilgan bashoratlar — 4:14 da bayon qilingan voqeaga yoki

undan oldin sodir bo‘lgan boshqa bir yozib qoldirilmagan voqeaga ishora.

1:20 Xumanayos — 2 Timo‘tiy 2:17-18 ga qarang.

1:20 Men ularni shaytonga topshirdim — Pavlus ularni jamoatdan haydab yuborgan. Bundan maqsad shu ediki, jamoatdan tashqarida ular shaytonning va o‘z gunohlarining halokatli ta’siri ostida bo‘lib, vaqti kelganda tavba qilishlari mumkin edi. Yana

1 Korinfliklar 5:4-5, 11-13 ga qarang.

2:7 To‘g‘risini aytyapman… — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida Masih

haqi, to‘g‘risini aytyapman.

2:8 Erkaklar — yunoncha matnda aner. Bu so‘zni erlar deb tarjima qilsa ham bo‘ladi. Odatda Pavlus aner so‘zini uylangan erkaklarga nisbatan ishlatgan. Shu bobning 8-15– oyatlaridagi ko‘p yunoncha so‘zlar 1 Butrus 3:1-7 oyatlarda ham ishlatilgan va har ikkala kitobdagi bu parchalar mazmunan bir–biriga juda yaqin. Butrus o‘sha oyatlarda er–xotinlik munosabatlari haqida ta’lim bergani bois, ba’zi olimlar Pavlusning bu o‘rindagi ta’limotini er–xotinlik munosabatlari haqidagi ta’limot deb tushunadilar. Yana shu bobning 11, 12–oyatlari izohlariga qarang.

2:11 Ta’lim berilayotganda, xotinlar sukut saqlasin, muallimning gapini ikki qilmasin

yunoncha matnda Xotin sukutda va to‘la itoatkorlik bilan o‘rgansin.

2:12 Xotin erkakka ta’lim berishiga… — yoki Xotin eriga buyruq berishiga….

2:13 Momo Havo…Odam Ato — Ibtido 2:7, 18, 21-23, 3:1-13 ga qarang.

2:15 …la’nat tufayli… — Ibtido 3:16 ga qarang.

3:2 …o‘z xotiniga vafodor… — yunoncha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi …bir ayolning eri…. Pavlus yashagan davrda ko‘p xotinlik jamiyat tomonidan qabul qilinmagan, shu bois kam uchragan. Shuning uchun Pavlus ko‘p xotinlikni nazarda tutmagan bo‘lishi mumkin. Bu yunoncha iborani faqat bir marta uylangan deb ham tarjima qilsa bo‘ladi. Ammo Pavlus qayta turmush qurishni man etmagan, bevalarga qayta turmush qurishni maslahat bergan (5:14 ga va Rimliklar 7:1-3, 1 Korinfliklar 7:8-9, 39-40 ga qarang).

Mana shu sabablarga ko‘ra, Pavlus bu o‘rinda yetakchining o‘z xotiniga vafodor qolishini

nazarda tutgan bo‘lsa kerak.

3:6 …iblisning halokatli changaliga tushib qolmasin — yoki iblisga o‘xshab jazo olmasin, ammo shu bobning 7–oyatiga va 1:20 ga qarang.

3:11-12 …o‘z xotiniga vafodor… — shu bobning 2–oyati izohiga qarang.

3:11-12 Xizmatchi ayollar — yunoncha matndagi so‘z umuman ayol kishiga, aniqrog‘i, turmushga chiqqan ayolga nisbatan ishlatiladi. Shuning uchun bu o‘rindagi iborani xizmatchilarning xotinlari deb ham tarjima qilsa bo‘ladi. Bu o‘rinda Pavlus jamoatdagi xizmatchi ayollarni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin (misol uchun, Rimliklar 16:1 ga qarang).

3:16 …bu haqiqat quyidagichadir — mazkur oyatdagi she’riy parcha masihiylar sajda qilish paytida o‘z imonini tasdiqlab aytgan so‘zlari yoki Xudoni ulug‘lab aytgan ilk qo‘shiqlaridan biri bo‘lishi mumkin.

3:16 Masih — yunoncha matnda U. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida Xudo.

3:16 Yangi, ulug‘vor hayot uchun o‘likdan tirilib, Xudoning O‘g‘li deb tasdiqlandi — yunoncha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi U ruhda tasdiqlandi. Bu o‘rinda ruhda so‘zi insonning tirilgan tanadagi yangi holatiga ishora qiladi. Iso Masihning o‘likdan tirilgani Uni haqiqatan Xudoning O‘zi yuborganini va Iso Xudoning O‘g‘li ekanini tasdiqlaydi (Rimliklar 1:4 ga qarang, yana Yuhanno 2:18-22, Havoriylar 2:22-36 ga qarang).

3:16 U zohir bo‘ldi farishtalarga — Iso Masih tirilgandan keyin samoda ulug‘vorlik bilan zohir bo‘lishiga ishora (1 Butrus 3:22, Efesliklar 1:20-21, Filippiliklar 2:9-11, Ibroniylar

1:3-4, Vahiy 5:11-14 ga qarang).

4:7 bema’ni afsonalar — 1:3-7 oyatlarga va 1:4 izohiga qarang.

4:10 …xizmat qilyapmiz — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida xizmat qilyapmiz va zahmat chekyapmiz.

4:10 U barcha insonlarning, ayniqsa imonlilarning Najotkoridir — 2:3-6 ga va Yuhanno 1:12 ga qarang.

4:13 ovoz chiqarib o‘qish — imonlilar birga yig‘ilganda muqaddas bitiklar ovoz chiqarib o‘qilardi, chunki qadimda ko‘pchilik o‘qishni bilmas edi.

4:14 in’om — Muqaddas Ruh orqali berilgan maxsus qobiliyat (Rimliklar 12:6-8, 1 Korinfliklar 12:4-11 ga qarang).

5:9 Tullar ro‘yxati — Efesdagi imonlilar jamoatdan moddiy yordam oladigan beva ayollarning ro‘yxatini tuzgan. Mana shu ro‘yxatdagi bevalar o‘zlarini ibodatga va Xudoga xizmat qilishga bag‘ishlab, ont ichganlar (shu bobning 5, 10-12–oyatlariga qarang).

5:9 …marhum eriga vafodor bo‘lgan… — yunoncha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi …bir erkakning xotini bo‘lgan…. 3:2 izohiga qarang.

5:10 …Xudo azizlarining oyoqlarini yuvgan… — bu iborani ikki xil ma’noda tushunsa bo‘ladi. Birinchi ma’nosi jamoat yig‘ilishlariga kelganlarning, mehmon ustoz va va’zxonlarning oyoqlarini yuvib, ularga izzat–hurmat bildiradigan bir marosim (Yuhanno 13:1-5 ga qarang). Ikkinchi ma’nosi esa umuman jamoatdagilarga samimiyat bilan, beg‘araz xizmat qilishni bildiradigan majoziy ma’noda ishlatilgan ibora.

5:16 …birorta imonli ayolning… — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida

birorta imonlining.

5:18 Qonunlar 25:4 ga qarang.

5:18 Luqo 10:7 ga qarang.

5:21 tanlangan farishtalar — samodagi farishtalarga ishora. Ularning raqiblari shayton shohligining a’zosi bo‘lgan gunohkor farishtalardir. Tanlangan farishtalarni bu ro‘yxatga kiritishdan maqsad shuki, farishtalar ham qiyomat kunida Isoning huzurida bo‘ladilar (Matto 25:31, Vahiy 14:10 ga qarang).

5:23 Lekin suv ichish bilan cheklanib qolmay, ozginadan sharob ham ichib tur — Timo‘tiy pok bo‘lish niyatida o‘zini sharob ichishdan tiygan bo‘lishi mumkin (3:3, 8 ga qarang).

Bu o‘rinda Pavlus ozgina sharob ichish sog‘lik uchun foydali ekanini aytib o‘tadi, chunki o‘sha davrlarda ichimlik suvi toza bo‘lmagan va sog‘likka zarar edi.

6:5 Yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida quyidagi so‘zlar oyatga qo‘shimcha

qilingan: bunday odamlardan o‘zingni chetga ol.

6:13 Po‘ntiy Pilat — Rim hukumati tomonidan Yahudiya viloyatiga tayinlangan hokim. U

Isoni o‘limga mahkum qilgan edi (Matto 27:11-26, Yuhanno 18:31-19:16 ga qarang).

6:20 senga ishonib topshirilgan Xushxabar — 2 Timo‘tiy 1:12-14, 2:2 ga qarang.

6:21 …sizlarga yor bo‘lsin — yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida …senga yor bo‘lsin. Omin.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru