Muqaddas Kitob


VOIZ

KITOBI

Kirish

Mazkur kitob inson hayotining maqsadi va mohiyati haqida chuqur o‘ylagan donishmand Voizning* fikrlaridan iborat. Muqaddas Kitob olimlarining fikri bo‘yicha, Voiz shoh Sulaymondir. Keksa yoshga borib qolgan Voiz o‘z boshidan kechirganlariga nazar tashlab, dunyoning ishlari haqida fikr yuritadi. Uning nazarida bu dunyo inson tushunmaydigan, boshqalarga ham tushuntirish qiyin bo‘lgan masalalarga to‘ladir.

Voizning ta’kidlashicha, o‘lim ortiga hech kim nazar tashlay olmaydi.

Voiz insonlarni va ularning qobiliyatlarini o‘rganib chiqadi. U inson donoligining, hatto taqvodor inson donoligining ham chegaralari bor, degan xulosaga keladi. Bu donolik bilan inson Xudoning buyuk maqsadlarini tushuna olmaydi, hayotning ma’nosini bila olmaydi, tagiga yeta olmaydi.

Voiz dunyoga nazar tashlar ekan, inson goh u narsaning, goh bu narsaning orqasidan quvganini ko‘radi. Inson dunyoni o‘ziga bo‘ysundirmoqchi bo‘lib, uning sirlarini bilishga intiladi. U go‘yo dunyodagi eng muhim qonun–qoidalarni o‘zgartira oladiganday, o‘z taqdirini hal qila oladiganday mehnat qilishdan horimaydi. Inson o‘z orzu–umidlarini ro‘yobga chiqarishga bekorga intilayotganini Voiz ko‘radi, lekin bu orzu–umidlar ham Voizning nazarida “behuda, shamolning orqasidan quvishday ekan.”

Voiz bizga hamma narsani boricha qabul qilishni o‘rgatadi. Barcha narsalarni Xudo O‘z maqsadiga ko‘ra tayin etgan, ularning hammasini, hatto insonning kamchiliklarini ham Xudo belgilagan. Shuning uchun inson sabr–toqatli bo‘lib, Xudo bergan hayotdan zavqlanishi kerak. Inson o‘z qobiliyatlarining chegaralanganini tan olishi, qurbi yetmaydigan narsalarga intilib, qayg‘ularini orttirmasligi kerak. Eng muhimi Voizning quyidagicha xulosasidir: “Xudodan qo‘rq, Uning amrlarini bajar, chunki bu hammaning burchidir. Har bir ishni, hatto yashirin qilingan ishlarni ham, yaxshi yoki yomon bo‘lishidan qat’iy nazar, Xudo hukm qiladi.” (12:13-14)


1–BOB

Hayot behudadir

1 Quyidagilar Dovud o‘g‘li, Quddusda hukmronlik qilgan Voizning* so‘zlaridir.


2 “Behuda!* Behuda!

— deydi Voiz. — Hammasi behudadir!”


3 Odam bu dunyoda qilgan mehnatidan Qanday foyda topar?

4 Avlod kelib, avlod ketar,

Bu dunyo esa shundayligicha qolaverar.

5 Quyosh chiqib yana botar,


Chiqqan joyiga qaytishga shoshar.

6 Shamol janubga esar, Shimol tarafga yelar, Takror–takror aylanib, O‘z yo‘lidan yuraverar.

7 Barcha daryolar dengizga oqar,

Dengiz esa hech to‘lmas, Shunda ham o‘z makoni sari Oqaverar daryolar.

8 Hamma narsa charchatar, holdan toydirar,

Ularni tasvirlashga so‘zlar ham yetmas. Ko‘zlarimiz ko‘raverar, ammo to‘ymas, Quloqlarimiz eshitaverar, ammo qoniqmas.

9 Oldin nima bo‘lgan bo‘lsa, yana sodir bo‘lgay,

Nima qilingan bo‘lsa, yana qaytarilgay,

Bu dunyoda hech qanday yangi narsa yo‘q.


10 Biror narsa bormidiki, biz bu haqda: “Qaranglar, bu yangilik–ku!” — deb ayta olsak?! U oldindan bor edi, biz tavallud topmasdan oldin ham shu yerda edi. 11 Qadimda bo‘lganlar esga olinmas, hatto bundan keyin bo‘ladiganlar ham kelajakda eslanmas.

Voizning tajribasi

12 Men, Voiz, Isroil ustidan Quddusda shohman. 13 O‘zimni donolik bilan izlanishga, mana shu dunyoda bo‘layotgan hamma ishlarni tushunishga bag‘ishladim. Xudo insonga bergan bu ish qanday qayg‘uli–a! 14 Men bu dunyoda bo‘layotgan hamma narsani ko‘rdim, qaranglar, hammasi behuda, shamolning orqasidan quvishday ekan.


15 Egri narsani to‘g‘rilab bo‘lmas, Yo‘q narsani sanab bo‘lmas.


16 O‘zimga shunday dedim: “Mana, men buyuk bo‘lib, donolikda mendan oldin Quddusda hukmronlik qilganlarning hammasidan o‘zib ketdim. Ko‘p donolik orttirdim, ilmu ma’rifatni yaxshilab o‘rgandim.” 17 Donolik va ilm–ma’rifatning foydasi telbalik va ahmoqlikdan ustunligini anglab yetishga o‘zimni bag‘ishladim, ammo bu ham shamolning orqasidan quvishday ekanligini tushundim.


18 Qayg‘u ham ortarkan, donolik qancha ko‘p bo‘lsa, Dard ko‘payar ekan gar bilim oshsa.


2–BOB

1 Men, Voiz, o‘zimga: “Qani, rohatlanib, bir maza qilay–chi”, — dedim, lekin bu ham behuda* ekan. 2 “Kulgi telbalik ekan, rohat qanday foyda keltiradi?” — dedim. 3 Donolik meni boshqarar ekan, ko‘nglimni sharob bilan chog‘ qilib ko‘ray–chi deb, ahmoqlikka o‘z bag‘rimni ochdim. Bu dunyoda odamlar o‘z qisqa hayotlari davomida qanday ish qilsalar ularga foyda kelishini bilmoqchi bo‘ldim. 4 Buyuk ishlar qildim: o‘zimga uylar qurdim, uzumzorlar barpo qildim, 5 polizlar va bog‘lar yaratdim, u yerlarga har xil mevali

daraxtlar ekdim. 6 O‘sayotgan daraxtlarni sug‘orish uchun hovuzlar qazdirdim. 7 O‘zim uchun qullar va cho‘rilar sotib oldim, uyimda qul–cho‘rilar tug‘ilib, ularning soni ortib boraverdi. Podalarim shunchalik ko‘p ediki, Quddusda mendan oldin yashagan hech kimda bunchalik ko‘p mol–qo‘y bo‘lmagan. 8 O‘zim uchun kumushu oltin, shohlarga loyiq ajoyib boyliklardan yig‘dim, juda ko‘p yerlarga ega bo‘ldim. Ayol va erkak qo‘shiqchilar menga xizmat qilishar edi, menga zavq keltiradigan haramim ham katta edi.

9 Men buyuk bo‘lib, buyuklikda Quddusda mendan oldin yashaganlarning hammasidan o‘tdim. Donoligim menga pand bermadi. 10 O‘zim xohlagan hamma narsani oldim, ko‘nglim istaganini qildim. Qilgan har bir ishimdan jonim rohatlandi, bu qilgan mehnatlarim evaziga kelgan mukofot edi. 11 Ammo qarasam, o‘z qo‘llarim bilan qilgan ishlarim, qilgan hamma mehnatim — bularning hammasi behuda ekan, shamolning orqasidan quvishday ekan. Bu dunyoda birorta foydali narsa topilmasligini bildim.

12 Shundan keyin yana donolik, telbalik va ahmoqlikni solishtirishga qaror qildim. Vorisim menikidan ham yaxshiroq xulosaga kela olarmidi?! 13 Yorug‘lik qorong‘ilikdan yaxshiroq bo‘lganiday, donolik ham ahmoqlikdan yaxshiroqligini tushundim:


14 Dononing ko‘zi bor,

Nodon esa qorong‘ilikda yuradi.


Ammo hammaning taqdiri bir* ekanligini ham tushundim. 15 O‘zimcha: “Nodonning boshiga tushgan narsa mening ham boshimga tushar ekan. Shunday ekan, dono bo‘lishning nima foydasi bor?!” deb o‘yladim. “Bu ham behuda!” — dedim. 16 Donolar ham, nodonlar unutilgani kabi, unutiladi, kelajakda hamma birday unutiladi. Nima uchun donolar nodonlarday o‘lishi kerak?! 17 Shuning uchun ham men hayotdan nafratlandim, chunki bu dunyoda qilingan har bir ish menga qayg‘u keltirdi. Hammasi behuda, shamolning orqasidan quvishdaydir.

18 Bu dunyoda mehnat qilib topgan hamma narsamdan nafratlandim, chunki hammasi baribir mendan keyin keladiganlarga qolishini bilardim. 19 Ular dono bo‘ladimi yoki ahmoqmi, kim biladi? Men bu dunyoda mehnat qilib, donolik bilan topganlarimga baribir o‘shalar egalik qilishadi. Bu ham behudadir. 20 Shunda bu dunyoda qilgan barcha mehnatim uchun yuragim achib, qayg‘ura boshladim. 21 Axir, baribir donolik, bilim va mohirlik bilan topilgan narsalar mana shu narsalar uchun ishlamaganlarga qolar ekan. Bu ham behuda, qanday falokat! 22 Bu dunyoda qilgan mehnati va tirishqoqligi uchun odam qanday foyda olarkan–a?! 23 Axir, uning kunlari dardga to‘la bo‘lsa, qayg‘udan boshi chiqmasa, hattoki kechalari ham dam ololmasa. Eh, bu ham behuda!

24 Odam uchun yeyish, ichish va qilgan mehnatidan rohatlanishdan yaxshiroq narsa yo‘q. Bu ham Xudodan ekanligini tushundim, 25 axir, Xudosiz kim ovqat yeya oladi, kim rohat topadi?! 26 Xudoga ma’qul bo‘lganlarga Xudoning O‘zi donolik, bilim va quvonch beradi. Gunohkorlarga esa boylik yig‘ish ishtiyoqini beradi–yu, ularning ishlab topganlarini olib, Xudo O‘ziga ma’qul bo‘lganlarga ato etadi. Gunohkorlarning bu ishlari ham behuda va shamolning orqasidan quvishdaydir.

3–BOB

Har narsaning vaqti bor

1 Bu dunyoda hamma narsaning o‘z tayinlangan payti bor, har bir ishning o‘z vaqti

bor*.


2 Tug‘ilishning ham, o‘lishning ham o‘z vaqti bor. Ekishning ham, ekilganni o‘rishning ham o‘z vaqti bor. 3 O‘ldirishning ham, shifo berishning ham o‘z vaqti bor. Buzishning ham, qurishning ham o‘z vaqti bor.

4 Yig‘lashning ham, kulishning ham o‘z vaqti bor.

Azaning ham, raqsning ham o‘z vaqti bor.

5 Tosh otishning ham, tosh yig‘ishning ham o‘z vaqti bor.

Bag‘riga bosishning ham, undan o‘zini tiyishning ham o‘z vaqti bor.

6 Qidirishning ham, yo‘qotishning ham o‘z vaqti bor.

Saqlab qo‘yishning ham, tashlab yuborishning ham o‘z vaqti bor.

7 Yirtishning ham, tikishning ham o‘z vaqti bor.

Sukut saqlashning ham, so‘zlashning ham o‘z vaqti bor. 8 Yaxshi ko‘rishning ham, nafratning ham o‘z vaqti bor. Urushning ham, tinchlikning ham o‘z vaqti bor.


9 Shuncha mehnat qilib inson qanday foyda topadi? 10 Insonlar qilishi uchun Xudo bergan mushkul ishni ko‘rdim. 11 Xudo aytgani bo‘yicha hamma narsa o‘z vaqtida sodir bo‘ladi. Xudo yuragiga solgani uchun inson vaqt o‘tishini sezadi, lekin Xudo boshidan oxirigacha qilgan ishlarni inson tushuna olmaydi. 12 Inson uchun baxtli hayot kechirish, o‘z hayotidan rohatlanishdan boshqa yaxshiroq narsa yo‘q ekanligini tushunib yetdim. 13 Hamma yeb, ichib, o‘z qilgan mehnatining rohatini ko‘rsin. Bu Xudoning in’omidir.

14 Xudo qilgan har bir ish to abad o‘zgarmas, bu ishga hech narsa qo‘shib bo‘lmaydi, undan hech narsani ayirib bo‘lmaydi. Xudo bu ishlarni, hamma Mendan qo‘rqsin, deb qildi. 15 Hozir nima bo‘lsa, oldin ham bo‘lgan, kelajakda bo‘ladigani hozir ham bordir. O‘z vaqtida Xudo o‘tmishni yana qaytarar.

Dunyodagi adolatsizlik

16 Men yana bu dunyoda adolat hukm surishi kerak bo‘lgan joyda — qozixonada ham, to‘g‘rilik o‘rnida ham egrilik ko‘rdim. 17 O‘zimga: “Yaxshini ham, yomonni ham Xudo hukm qiladi, chunki Xudoning O‘zi har bir narsaning, har bir ishning vaqtini belgilagan”, dedim. 18 Men yana odamzod haqida shuni tushundim: “Insonlar ham xuddi hayvonlarday ekan. Shuni ko‘rsatish uchun Xudo insonlarni sinar ekan.” 19 Axir, odamlar bilan hayvonlarning taqdiri bir xil, unisi ham bunisi ham o‘ladi. Insonlarga ham, hayvonlarga ham Xudo jon* bergan, odamlar hayvonlardan ustun emas. Hammasi behuda* ekan. 20 Hamma bitta joyga boradi, tuproqdan yaralganlar tuproqqa qaytadi.

21 Insonning ruhi tepaga chiqadimi, hayvonlarning ruhi* pastga — yerning ostiga tushadimi, kim biladi?! 22 Shunda men tushundim: inson uchun o‘z mehnatidan rohat olishdan boshqa yaxshiroq narsa yo‘q ekan, chunki bu uning taqdiri. Inson o‘tib ketgandan keyin nima bo‘lishini kim unga ko‘rsata oladi?!

4–BOB

1 Men yana bu dunyoda bo‘layotgan zulmni ko‘rdim. Mana ezilganlarning ko‘z yoshlari, lekin ularning yupatuvchisi yo‘q. Ularga zulm qilayotganlarida kuch bor, ezilganlarning esa yupatuvchisi yo‘q. 2 Shunda men: “Marhumlar tiriklardan baxtliroqdir”, dedim. 3 Ammo hali tug‘ilmaganlar marhumlardan ham baxtliroqdir, chunki ular bu dunyoda qilinayotgan qayg‘uli ishlarni ko‘rmaganlar.

4 Men yana bir narsani ko‘rdim: inson hamma ishni mohirlik bilan qiladi, lekin bu ishni birovga g‘ayirlik bilan qilsa, bu ham behuda*, shamol orqasidan quvishdaydir. Ammo:


5 Nodon qo‘llarini qovushtirib o‘tirib o‘zini o‘zi xarob qiladi.

6 Vaqtni yelga sovurib, mashaqqatli mehnat bilan ikki hovuch narsaga erishish mumkin, lekin xotirjamlik bilan bir hovuch narsaga ega bo‘lish undan afzalroqdir.


7 Bu dunyoda yana bir behudalikni ko‘rdim. 8 Mana, bir kishi — yolg‘iz, uning farzandlari ham, aka–ukalari ham yo‘q. U tinim bilmay mehnat qiladi, ko‘zi esa boylikka to‘ymaydi. U: “Kim uchun ishlayapman, nima uchun o‘zimni rohat qilishdan qisyapman?!” demaydi. Bu ham behudadir, qayg‘uli ishdir.

9 Ikki kishi bir kishidan ko‘proq ish bajara oladi, ular o‘z mehnatlari uchun yaxshi taqdirlanadilar. 10 Agar bittasi yiqilsa, ikkinchisi turg‘izadi, lekin yolg‘iz bo‘lganning ahvoli chatoqdir, u yiqilsa, turg‘izishga yonida hech kim bo‘lmaydi. 11 Ikki kishi birga yotsa, sovuq qotmaydilar, agar kishi bir o‘zi yotsa qanday qilib isinadi?! 12 Kishi bir o‘zi bo‘lsa, uni yiqitish oson, lekin ikki kishi o‘zlarini himoya qila oladi. Uchta ipdan eshilgan arqonni uzish qiyindir.

13 Qari, maslahatga quloq solmaydigan nodon shohdan kambag‘al, lekin dono bo‘lgan yigit yaxshiroqdir. 14 Shunga o‘xshash bir yigit o‘z yurtida kambag‘al bo‘lib tug‘ilib, qarzini to‘lay olmay qamoqqa tushib qolishi mumkin. Lekin qamoqdan chiqqandan keyin* kelajakda shoh bo‘lishi ham mumkin. 15 Shohning vorisi bo‘lgan o‘sha yigitni qo‘llab–quvvatlashga tayyor bo‘lgan, mana shu dunyoda yashayotganlarni ko‘rdim.

16 Unga ergashganlar son–sanoqsiz bo‘lib ketishi, uning obro‘si ortishi mumkin. Shunday bo‘lsa ham, kelajak avlod uni rad qiladi. Ha, bu ham behuda ekan, shamolning orqasidan quvishday ekan.

Shoshqaloqlik bilan va’da bermang

17 Xudoning uyiga borganda qadamingizni o‘ylab bosing. Nodonlarday harakat qilmasdan, aksincha, quloq solish uchun boringlar. Nodonlar Xudoga o‘ylamasdan qurbonlik keltiradilar*. O‘ylamasdan, beparvolik bilan qurbonlik keltirish fosiqlik ekanligini esa tan olmaydilar.


5–BOB

1 Hech qachon gapirishga shoshilma, qalbingda Xudoga va’da berishga xovliqma.

Xudo samoda, sen esa yerdasan, shuning uchun kamgap bo‘lgin.


2 Tashvish ko‘p bo‘lganda, puch niyatlar ham ko‘payadi,

Ko‘p gapirganda, og‘izdan ahmoqona so‘zlar chiqadi.


3 Xudoga nazr ataganingdan keyin uni bajarishni orqaga surmagin. U nodonlarni yoqtirmaydi. Albatta va’dangda turgin. 4 Va’da berib, uni bajarmaslikdan ko‘ra, umuman va’da bermaslik yaxshiroqdir. 5 Shunday paytda tiling seni gunohga yetaklamasin.

Ruhoniyga*: “Nazr atab, xato qildim”, deb aytmagin. Shunday deb Xudoning qahrini keltirsang, o‘z qo‘llaring bilan qilgan ishlaringni Xudo buzib tashlashi mumkin. 6 Puch niyatlaru ko‘p gapirish behuda* oqibatlarga olib boradi. Shunday qilish o‘rniga Xudodan qo‘rqqin.

Hayot behudadir

7 Agar kambag‘allarga zulm qilinayotganini, adolat va haqiqat yo‘qligini ko‘rsang, hayron bo‘lmagin, har bir amaldorning ustidan undan ham kattarog‘i bor, ularning ustidan yana ham kattarog‘i bordir. 8 Hammasi, hatto shoh ham, dalaning hosiliga ko‘z tikib, ulush talab qilib oladi.

9 Pulga ruju qo‘ygan hech qachon pulga, boylikni yaxshi ko‘rgan esa boylikka to‘ymaydi. Bu ham behudadir. 10 Buyum, narsalar ko‘payganda, ularni ishlatib yuboradiganlar ham ko‘payadi. Boylikning egasi faqat o‘z boyligiga termulib qarashdan boshqa yana qanday foyda topadi?! 11 Mehnatkashlar kam yesa ham, ko‘p yesa ham tinch uxlaydi, boylar esa boyligi ko‘pligidan xavotirlanib uxlay olmaydi.

12 Bu dunyoda shunday bir qayg‘uli fojia ko‘rdim: yig‘ilgan boylik egasiga zarar keltiradi, 13 ya’ni o‘sha boylik qandaydir omadsizlik tufayli yo‘qoladi. O‘z bolalariga qoldirish uchun esa boy odamning hech narsasi bo‘lmaydi. 14 Onadan qanday tug‘ilgan bo‘lsa, shundayligicha bu dunyodan ketadi, qilgan mehnatlarining mevalaridan birortasini qo‘llarida olib keta olmaydi. 15 Bu ham qayg‘uli fojiadir: inson qanday kelgan bo‘lsa, shundayligicha ketadi, shamol uchun mehnat qilib qanday foyda topadi? 16 Butun umrini qorong‘ilikda o‘tkazadi, qayg‘u–alam, g‘azab va xastaliklar bilan yashaydi.

17 Mana, men bir narsani tushundim: inson uchun Xudo bergan qisqa umri davomida yeyish, ichish va bu dunyoda qilgan o‘z mehnatidan zavqlanish yaxshi ekan, chunki bu insonning taqdiridir. 18 Xudo kimga boylik va mulk berib, unga mana shu narsalardan rohatlanishga imkoniyat ham bersa, insonga o‘z qilgan mehnatidan mamnun bo‘lib, undan zavqlanishiga yo‘l bersa, mana shu Xudoning in’omidir. 19 Bunday inson hayoti haqida qayg‘urmaydi ham, chunki Xudo uning qalbini zavqlanish bilan band qiladi.


6–BOB

1 Bu dunyoda shunday bir fojiani ko‘rdim, u inson zotini toshday bosib turadi: 2 Xudo ba’zilarga boylik, mulk va obro‘ beradi, bu insonlar ko‘ngli xohlagan narsaga ega bo‘ladi. Lekin Xudo ularga bu narsalardan zavq olishga yo‘l bermasa, bir begona bu narsalarning rohatini ko‘radi. Bu behuda*, qayg‘uli fojiadir. 3 Inson yuzta farzandli bo‘lishi ham mumkin, uzoq umr ko‘rishi ham mumkin, lekin u qancha ko‘p yashasa ham, mana shu hayotning rohatini ko‘rmasa yoki hurmat bilan ko‘milmasa, menimcha, o‘lik tug‘ilgan bolaning taqdiri unikidan yaxshiroqdir. 4 Bu bola behuda dunyoga kelib, olamdan o‘tadi. Hech kim uni bilib tanimaydi. 5-6 U quyosh yuzini ko‘rmagan, hayot nimaligini bilmagan. Shunday bo‘lsa ham, ikki ming yil yashab hayotning rohatini ko‘rmagan kishidan ko‘ra, ko‘proq o‘sha bola orom oladi. Baribir hamma bir joyga* boradi–ku!

7 Insonning barcha mehnatiyu intilishlari o‘z qornini to‘ydirish uchundir, shunda ham u hech qachon qoniqmaydi. 8 Donolarning nodonlardan qanday ustunligi bor? Kambag‘allar bu hayotni uddalab yashashga aqllari yetsa ham, ularga bundan nima foyda bor?! 9 Odamning ko‘zi oldida turgan narsa dilda havas qilib yurgan narsadan yaxshiroqdir. Doimo mol–mulkim ko‘paysin, deb havas qilish behudadir, shamolning orqasidan quvishdaydir.

Hamma narsani Xudo belgilaydi

10 Dunyoda nima bo‘lsa, hammasi allaqachon belgilangan, insonning taqdiri ham ma’lum, hech bir kishi hammadan kuchli bo‘lgan Xudo bilan bahslasha olmaydi.

11 Qancha ko‘p bahslashsang, shuncha behudadir, senga hech qanday foydasi yo‘q.

12 Hayot yelday o‘tib ketar*, inson uchun nima yaxshiligini kim biladi?! Xudo hayotimizni o‘tib ketadigan soyadek qilib qo‘ygan, kim ham bizga kelajakda nima bo‘lishini aytib bera olardi?!


7–BOB

Donolarning maslahati

1 Yaxshi nom qimmatbaho xushbo‘y moydan*, o‘lim kuni esa tug‘ilgan kundan

yaxshiroqdir.

2 To‘y bo‘layotgan uyga borishdan ko‘ra, azador xonadonga borish yaxshiroq, chunki hammaning taqdiri bir, hayot bo‘lganlar buni unutmasinlar.

3 Qayg‘u kulgidan yaxshiroqdir, qayg‘uli yuz yurakka yaxshi.

4 Dononing qalbi azador uydagilar bilandir, nodon esa doimo xursandchilik haqida

o‘ylaydi.

5 Dono odamning tanbehini eshitish nodonning maqtovlaridan yaxshiroq, 6 chunki nodonning maqtov kuyi qozonning ostida yonib turgan yantoqning chirsillashiga o‘xshaydi. Ammo bu ham behuda*, chunki 7 do‘q–po‘pisa dononi ham telba qiladi, pora esa yurakni egri qiladi.

8 Hamma narsaning oxiri — boshidan, sabr–toqat — mag‘rurlikdan yaxshiroqdir.

9 Jahldor bo‘lmagin, chunki jahl nodonlarning yuragida uy quradi.

10 “Nima uchun o‘tmish kunlar hozirgilardan yaxshiroq edi?” deb so‘ramagin, bu savolni so‘rash donolikdan emas.

11 Donolik xuddi meros kabi yaxshidir, bu dunyoda hayot bo‘lganlarga foydalidir.

12 Donolik ham, pul kabi, vaqtinchalik orom beradi, donolik hayotga chidashga yordam beradi, ilm–ma’rifat foyda keltiradi.

13 Xudo qilgan ishlarga qaragin, U egri qilgan narsalarni kim ham to‘g‘rilay olardi?! 14 Baxtli kunlaringda quvongin, qayg‘uli kunlaringda esa shuni esingda tut, quvonchni ham, qayg‘uni ham Xudo yaratgan. Hech kim kelajakda nima bo‘lishini aytib bera olmaydi*.

Inson donoligining me’yori

15 Mana shu behuda hayotim davomida hamma narsani ko‘rdim. Solih insonlar solih bo‘lsalar ham halok bo‘ladilar, fosiqlar esa o‘z fosiqliklari bilan uzoq umr ko‘radilar.

16 Qonunparast bo‘lma, donoligingga juda ham ishonaverma*, nima uchun o‘zingni o‘zing halok qilishing kerak?! 17 Ammo shakkok yoki ahmoq ham bo‘lmagin, nima uchun

ajaling yetmay turib vafot etishing kerak?! 18 Bu nasihatlarning birini tutib, ikkinchisini

unutma. Xudodan qo‘rqqan ikkisini ham esda tutadi.

19 Donolik insonni shahardagi o‘nta hukmdordan qudratliroq qiladi. 20 Lekin bu

dunyoda har doim solihlik qilib, umuman gunoh qilmaydigan inson yo‘qdir.

21 Xizmatkoring seni yomonlayotganini eshitib qolmasliging uchun odamlar gapirayotgan hamma narsaga ham e’tibor beravermagin. 22 O‘zing bilasan, sen o‘zing ham boshqalarni juda ko‘p yomonlagansan–ku!

23 Bularning hammasini donoligim bilan sinab ko‘rdim, o‘zimga: “Donolikka erishaman”, dedim, lekin unga yeta olmadim. 24 Hamma sodir bo‘ladigan narsalarning ma’nosi juda chuqur, yetib bo‘lmasdir. Kim ham uni topa olardi?! 25 Shunda men donolikni qidirib topishga, har bir sodir bo‘lgan narsani tushunishga o‘zimni bag‘ishladim. Fosiqlik nodonlik ekanligini, ahmoqlik telbalik ekanligini o‘z hayotimda isbotlamoqchi bo‘ldim. 26 Men mana bu narsani bildim. Ahmoqlik bir ayolga o‘xshaydi. U o‘zi tuzoq, yuragi to‘r, qo‘llari esa zanjirdaydir. U o‘limdan ham achchiqroq ekan. Xudoga ma’qul keladigan ishlarni qiladiganlar undan qocha oladilar, lekin gunohkor uning qo‘llariga tushadi.

27-28 Voiz* shunday dedi: “Bekorga har bir sodir bo‘lgan narsaning ma’nosini qidirib (bu ma’noni juda sinchkovlik bilan izlagan bo‘lsam ham), mana shu narsani tushunib yetdim: minglar orasida bitta solih kishini topdim, shularning orasidan bitta ham solih ayol topa olmadim. 29 Ammo bir narsani angladim, qarang, Xudo insonlarni to‘g‘ri qilib yaratgan, lekin ular har xil qabih rejalar tuzadi.”


8–BOB

Shohga itoat etinglar

1 Kim dono kishiga o‘xshaydi? Kim biror narsaning ma’nosini biladi?


Donolik kishining yuzini yashnatadi, Yuz qattiqligini yumshatadi.


2 Xudoga bergan qasamingni bajarganingday, shohning ham amriga itoat qil*. 3 Uning oldida qo‘rqib turavermasdan, borib aytganini qil. Yomon ishlarning tarafdori bo‘lma, chunki shoh o‘zi xohlagan ishni qiladi. 4 Shohning so‘zi e’tiborlidir, hech kim unga:

“Nima qilyapsiz?” — deb ayta olmaydi. 5 Farmonlarga itoat qilganlarga zarar yetmaydi.

Dono kishi hamma narsaning, hatto hukmning ham o‘z vaqti borliginiyu 6 insonning qilgan yovuzliklari uni toshdek bosib turishini biladi. 7 Dono kishi yana shuni biladi: hech kim kelajakda nima bo‘lishini, qachon sodir bo‘lishini bilmaydi. 8 Hech kimning shamolni* ushlashga kuchi yetmaganiday, o‘lim kunini orqaga surishga ham hech kimning kuchi yetmaydi. Jangchi o‘rniga birovni qo‘yib, urushdan qocha olmaganday, fosiqlar ham fosiqlikdan qochib qutulolmaydi.

Fosiqlar va solihlar

9 Bu dunyoda bo‘layotgan hamma narsa haqida chuqur o‘ylab, bularning hammasini ko‘rdim, bir kishi ikkinchisining ustidan zulm o‘tkazib, hukmronlik qiladigan bir zamon bu. 10 Yana shu narsani ko‘rdim, fosiq kishining jasadi muqaddas joydan olib chiqildi.

Orqasidan olomon borardi, o‘sha fosiq kishi hurmat bilan ko‘mildi. Solihlarning jasadlari

esa sochilib yotardi. Bu ham behudadir*.

11 Jinoyatga tez jazo berilmagani uchun insonlarning yuragi yovuzliklar qilishga doim tayyor. 12-13 Gunohkorlar yuz marta jinoyat qilsalar ham, uzoq umr ko‘rishlari mumkin. Ha, “Xudodan qo‘rqadiganlarga undan ham yaxshiroq bo‘ladi, chunki ular Xudodan qo‘rqadilar. Fosiqlarga esa yaxshi bo‘lmaydi, hayotlari soyaday tez o‘tib ketadi, chunki ular Xudodan qo‘rqmaydilar” degan gapni bilaman. 14 Qaranglar–a, bu dunyoda mana shunday bema’ni* narsalar ham sodir bo‘ladi, solihlar fosiqlarga loyiq bo‘lgan jazoni oladilar, fosiqlarga esa xuddi solihlarday munosabatda bo‘ladilar. Men: “Bu ham behudadir”, — dedim.

15 Shuning uchun men bu hayotdan rohat olishni maslahat beraman. Bu dunyoda odamlarga yeyish, ichish va xursand bo‘lishdan boshqa yaxshiroq narsa yo‘qdir. Xudo insonga bergan bu dunyodagi hayoti davomida qiladigan mehnatida shodlik u bilan bo‘ladi.

16-17 Donolikni bilishga, yer yuzida bo‘layotgan ishlarni o‘rganishga o‘zimni bag‘ishladim. Xudoning hamma ishlarini ko‘rdim, haqiqatan ham hech kim bu dunyoda Xudo nima qilayotganini tushunmaydi. Hatto uyqudan voz kechib ham, qancha harakat qilmaylik, bilolmaymiz, ma’nosini topa olmaymiz. Donolar: “Bilamiz”, deb aytadi, ammo ular ham haqiqatan tushunmaydilar.


9–BOB

1 Bularning hammasini yuragimga joylab, ular haqida yaxshilab o‘yladim: solihlar ham, donolar ham, ularning ishlari ham Xudoning qo‘lida ekan, hatto ularning sevgisi ham, nafrati ham Xudoning qo‘li ostida ekan. Hech kim kelajakda nima bo‘lishini bilmaydi. 2 Hammaning taqdiri bir xil, solihning ham, fosiqning ham, yaxshining ham, yomonning* ham, halolning ham, haromning ham, qurbonlik qiladiganlarning ham, qurbonlik qilmaydiganlarning ham taqdiri birdir. Gunohkorlarga nima bo‘lsa, yaxshilarga ham shunday bo‘ladi, xudojo‘ylik bilan nazr qiladiganlarning ham, chin ko‘ngildan nazr qilmaydiganlarning ham qismati bir. 3 Bu dunyoda bo‘layotgan hamma ishlarning qayg‘uliligi shundadir: hammaning taqdiri bir xil. Shuning uchun hammaning yuragi g‘azabu alamga to‘la, hayotliklarida yuragi telbalik bilan to‘la. Keyin esa ular bu olamdan o‘tadilar. 4 Lekin hayot bo‘lganning umidi bor, axir: “Tirik it o‘lik sherdan yaxshiroq”, — deyishadi–ku. 5 Hayot bo‘lganlar hech bo‘lmasa o‘lishlarini biladilar, marhumlar esa hech narsani bilmaydilar. Marhumlar uchun hech qanday mukofot yo‘q, vaqti kelib hech kim ularni yodga ham olmaydi. 6 Ular sevgan, nafratlangan va jon kuydirgan narsalarning hammasi o‘tib ketgan. Bundan keyin ular hech qachon bu dunyoda bo‘layotgan narsalarga qo‘shila olmaydilar.

7 Marhamat, noningizni shodlik bilan yeyavering, sharobingizni quvnoq yurak bilan ichavering, chunki Xudo shunday qilishingizni ma’qul ko‘rgan. 8 Kiyimlaringiz har doim oppoq bo‘lsin, boshingizdan xushbo‘y moy arimasin. 9 Bu dunyodagi sizga berilgan umr davomida o‘z sevgan xotiningiz bilan tez o‘tib ketadigan* bu hayotdan zavqlaning.

Hayotingiz va dunyoda qiladigan mehnatlaringiz davomida sizga shunday imkoniyatni Xudo bergan. 10 Nima qilsangiz ham bor kuchingiz bilan qiling, chunki siz borayotgan joy

— o‘liklar diyorida* hech qanday ish, fahm–idrok, ilm–ma’rifat yoki donolik yo‘qdir.

11 Men yana bir narsani tushundim, bu dunyoda:

Musobaqada g‘alaba doimo tez yugurganga, Jangda g‘alaba doim kuchliga nasib etmas ekan. Mol–mulk doimo donoga,

Boylik ham doim uddaburonga nasib etmas ekan. Muvaffaqiyat doimo bilimdonga kelavermas ekan.


Ha, kuni kelib, hammaning ham omadi ketadi. 12 Kulfat qachon kelishini hech kim bilmaydi. To‘rga tushib qolgan baliq va tuzoqqa ilingan qushlarday, insonlar ham boshlariga kulfat tushganda birdaniga tutilib qoladilar.

Donolik va nodonlik haqida o‘ylar

13 Bu dunyoda men donolik haqida quyidagi berilgan namunani ko‘rdim. Menimcha bu juda ham muhim edi. 14 Kichkina bir shaharcha bo‘lgan ekan, unda yashovchilarning soni ham ko‘p emas ekan. Bir qudratli shoh bostirib kelib, mana shu shaharchani qurshovga olibdi. Shaharchani qo‘lga kiritish uchun katta tayyorgarliklar ko‘rib, baland qurilmalar yasabdi. 15 Bu shaharda bir kishi yashar ekan. O‘zi kambag‘al, lekin dono ekan. U o‘zining donoligi bilan shaharni qutqarib qolishi mumkin edi, lekin bu kambag‘al kishini hech kim esga olmadi*. 16 Men o‘zimga: “Donolik qudratdan yaxshiroq bo‘lsa

ham, kambag‘al kishining donoligini hech kim qadrlamaydi, uning so‘zlariga quloq solmaydi”, dedim. 17 Shunday bo‘lsa ham,


Dono kishining xotirjamlik bilan aytgan so‘zlari nodon hukmdorning baland ovoz bilan aytgan so‘zlaridan afzalroqdir.

18 Donolik urush qurollaridan yaxshiroqdir, lekin bir befarosat ko‘p yaxshilarni

buzadi.


10–BOB

1 O‘lik pashshalar xushbo‘y moyni sasitib yuboradi, shuningdek, ozgina ahmoqlik ko‘p donolikdan og‘irroq chiqadi.

2 Dononing yuragi o‘ngga — to‘g‘ri ishlarni qilishga, nodonniki esa chapga — fosiqlikka tortadi. 3 Ahmoqlar aqli yetmay, qilgan qiliqlari bilan ham hammaga ahmoqligini ko‘rsatadi.

4 Agar hukmdorning sendan jahli chiqsa, joyingni tashlab ketmagin, chunki vazminlik tufayli xafagarchiliklar ham bosilib ketadi.

5 Mana men bu dunyoda ko‘rgan fojia, hukmdordan boshlangan katta xato:

6 ahmoqlar baland lavozimga ko‘tariladi, boylar esa pastda o‘tirishadi. 7 Men yana shuni

ko‘rdim: zodagonlar xuddi qullarday piyoda yurganda, qullar otda yurardi.

8 Chuqur qaziganning o‘zi unga tushishi, devorni buzganni esa ilon chaqishi mumkin. 9 Tosh kesgan o‘ziga zarar yetkazishi, xoda yorgan esa og‘riqqa duchor bo‘lishi mumkin. 10 Agar bolta o‘tmas bo‘lsa–yu, uni o‘tkirlamasang, uni ishlatish uchun ko‘proq kuch kerak bo‘ladi. Mana, donolikdan qanday foyda bor ekan. 11 Ammo ilon o‘ynatilmasdan oldin chaqib olsa, ilon o‘ynatuvchiga donishmandlikning nima foydasi bor?!

12 Donolarning so‘zlari ularga hurmat keltiradi, nodonlarning so‘zlari esa o‘zlarini

halok qiladi. 13 Ularning so‘zlari ahmoqlik bilan boshlanib, g‘irt telbalik bilan tugaydi,

14 shunda ham ahmoqlar gapiraveradilar. Hech kim nima bo‘lishini bilmaydi, kim bizga

kelajakni aytib bera oladi?! 15 Nodonning harakatlari uni juda charchatadi, chunki u

shunchalik ahmoqki, shaharga boradigan yo‘lni ham qayta topa olmaydi.

16 Ey shohi yosh bo‘lgan, hukmdorlari ertalabdan ziyofat qiladigan yurt, senga afsus– nadomatlar bo‘lsin. 17 Shohi asilzoda bo‘lgan, hukmdorlari mayxo‘rlik uchun emas, kuch to‘plash uchun o‘z vaqtida ziyofat qiladigan yurt baxtlidir.


18 Dangasalikdan uyning tomi cho‘kadi, Yalqovlik tufayli tomdan chakki o‘tadi.

19 Ziyofat berilganda ko‘ngil shodlikka to‘ladi,

Sharob insonni xushnud etadi. Lekin ikkalasi uchun ham pul kerak.


20 Hatto sirdosh do‘stlaring orasida ham shohni la’natlama, o‘z yotoqxonangda ham

boylarni yomonlama. Yaxshi gapning ham, yomon gapning ham qanoti bordir.

Osmondagi qush so‘zlaringni yetkazib borishi mumkin.


11–BOB

Dono kishining ishlari

1 Noningni suvga tashla, bir necha kundan keyin uni yana topasan. 2 Bu dunyoda qanday kulfat kelishini bilmaysan, shuning uchun narsalaringni yetti, hatto sakkiz kishiga bo‘lib bergin*.

3 Bulutlar to‘lganda, yerga yomg‘ir yog‘adi, daraxt shimol tomonga yoki janub tomonga yiqilsa ham, o‘sha yiqilgan joyida yotaveradi. 4 Shamolni ko‘rib qo‘rqqan hech qachon urug‘ ekmaydi, yomg‘irdan xavfsirab, bulutni kuzatgan hech qachon hosil o‘rmaydi. 5 Onaning bachadonidagi bolaga qanday qilib jon* kirishini bilmaganingdek, hamma narsani sodir qiladigan Xudoning ishlarini bilmaysan. 6 Urug‘laringni ertalab ekkin, kechqurun ham qo‘llaring bo‘sh o‘tirmasin, chunki sen qaysi biri — unisimi yoki bunisimi yaxshi o‘sishini bilmaysan, balki ikkalasi ham yaxshi o‘sar.

Yoshlarga maslahat

7 Yorug‘lik lazzatlidir, quyoshni ko‘rish ko‘zlar uchun ham yoqimlidir. 8 Uzoq yillar yashaydiganlar ham har bir yashagan kunlaridan zavq olsin, hali ko‘p qorong‘ilik kunlari bo‘lishini esda tutsin. Hamma keladigan narsalar yelday o‘tib ketadi*. 9 Ey yigit, yoshligingda rohatlan, yuraging seni zavqlantirsin. Ko‘ngling orzu qilgan, ko‘zlaring xohlagan ishni qilgin, lekin bilib qo‘y, har bir qilgan ishing uchun Xudo seni hukm qiladi. 10 Qayg‘urmagin, tanang og‘riqni bilmasin, chunki yoshlik, hayot tongi yelday tez o‘tib ketadi.


12–BOB

1 Yoshligingda, qayg‘uli kunlar kelishidan oldin Yaratganni yodda tut, shunday yillar keladiki, sen: “Bu vaqt menga hech qanday rohat keltirmaydi”, — deysan. 2 Hayotingning o‘sha yillarida:


Quyosh, yorug‘lik, oy va yulduzlar qorayar,

Yomg‘irli bulutlar o‘tib ketmas.

3 Seni himoya qilgan qo‘llaring qarilikdan qaltirar,

Kuchli oyoqlaring zaiflashar,

Tishlaring kamligidan chaynay olmassan,

Ko‘zlaring yaxshi ko‘rmaydigan bo‘lib qolar.

4 Quloqlaring ham ko‘chada bug‘doy yanchilayotganiniyu Ashulachilar ovozini eshitolmaydigan darajada kar bo‘lib qolar. Qushlarning ovozi esa seni uyg‘otib yuborar.

5 Balandliklardan qo‘rqadigan bo‘lib qolarsan,

Ehtiyotkorlik bilan qadam tashlarsan.

Sochlaring gulga kirgan bodom daraxtiday oppoq bo‘lib qolar,

Turib yurishga qiynalarsan,

Belingning quvvati ketib sudralib yurarsan.

Har bir inson dunyodan o‘tganday, sen ham vafot etarsan, Azadorlar ko‘chalarni to‘ldirarlar.

6 Kumush zanjir uzilar,

Hayotning tilla chirog‘i tushib ketib, buzilar. Buloq boshidagi suv ko‘zasi sinib ketar, Quduqning arqoni uzilib ketar.

7 Sening o‘tkinchi tanang Yerning tuprog‘iga qaytar, Xudo bergan ruhing* ham Uning O‘ziga qaytar.


8 “Behuda!* Behuda!

— deydi Voiz*. — Hammasi behudadir!”


Xulosa

9 Voiz dono odam edi. U o‘z bilganlarini odamlarga o‘rgatdi, sabr–toqat bilan hikmatlarni o‘rganib, ularni to‘g‘rilab yozdi. 10 Voiz ma’qul keladigan so‘zlar topishga harakat qilib, haqiqat so‘zlarini ochiq yozdi.

11 Donolarning hikmatlari o‘tkir tayoqqa o‘xshaydi, hikmatli so‘zlar mahkam qoqilgan mixlarga o‘xshaydi. Bularning hammasini barchamizning Cho‘ponimiz bergan. 12 Bulardan boshqa nasihatlarga ehtiyotkorlik bilan qaragin, bolam*.


Ko‘p kitob yozishning oxiri yo‘q, Ko‘p o‘qish odamni charchatadi.


13 Hamma narsa aytildi, mana endi xulosa: Xudodan qo‘rq, Uning amrlarini bajar, chunki bu hammaning burchidir. 14 Har bir ishni, hatto yashirin qilingan ishlarni ham, yaxshi yoki yomon bo‘lishidan qat’iy nazar, Xudo hukm qiladi.

IZOHLAR

Voiz — o‘zbek tilida bu so‘z bilimdon, donishmand insonni bildirib, uning hikmatlari va chuqur mazmunli naqllari ko‘pchilikka ibrat bo‘ladi. Shubhasiz, voizlar keng omma orasida katta obro‘–e’tiborga sazovordirlar. 1:1 izohiga qarang.

1:1 Voiz — ibroniycha matnda Qohelet (shu bobning 2, 11, 12–oyatlarida ham bor). Ba’zilar bu ibroniycha so‘zni atoqli ot deb aytadilar, ammo bu so‘z jamoa yetakchisi yoki notiq lavozimini bildirishi ham mumkin. Mazkur kitobda ushbu so‘z nihoyatda donishmand, donolik haqida ko‘p hikmatlar yiqqan va ularni o‘rganib chiqqan kishiga nisbatan ishlatilgan (yana “Kirish”dagi izohga qarang). Keng tarqalgan qarashlarga ko‘ra, Voiz shoh Sulaymondir.

1:2 Behuda — ibroniycha matnda hevl, so‘zma–so‘z tarjimasi nafas (shu bobning 14– oyatida ham bor). Bu taqlidiy so‘z bo‘lib, nafas chiqarganda hosil bo‘ladigan tovushga o‘xshaydi. Bu so‘z mana shu kitobda ma’nisiz tuyulgan yoki inson aqli yetmaydigan, ishonchsiz, o‘tkinchi narsalarga va hodisalarga nisbatan ishlatilgan.

2:1 behuda — ibroniycha matnda hevl, so‘zma–so‘z tarjimasi nafas (shu bobning 11, 15, 17, 19, 21, 23, 26–oyatlarida ham bor). 1:2 izohiga qarang.

2:14 …hammaning taqdiri bir… — ya’ni hamma o‘ladi (yana 3:19 ga qarang).

3:1 Bu dunyoda…o‘z tayinlangan payti bor…o‘z vaqti bor — ya’ni Xudo dunyoda sodir bo‘ladigan har bir hodisaning o‘z vaqtini belgilab qo‘ygan.

3:19 jon — bu o‘rindagi ibroniycha so‘z ruh va shamol ma’nolarini ham ifodalaydi.

3:19 behuda — ibroniycha matnda hevl, so‘zma–so‘z tarjimasi nafas. 1:2 izohiga qarang.

3:21 …ruh…ruh — bu o‘rindagi ibroniycha so‘z nafas va shamol ma’nolarini ham

ifodalaydi.

4:4 behuda — ibroniycha matnda hevl, so‘zma–so‘z tarjimasi nafas (shu bobning 7, 8, 16–oyatlarida ham bor). 1:2 izohiga qarang.

4:14 …qarzini to‘lay olmay qamoqqa tushib qolishi mumkin. Lekin qamoqdan chiqqandan keyin… — ibroniycha matnda …qamoqdan chiqqandan keyin…. Kambag‘allar o‘zlarining yo ota–onasining qarzlarini to‘lay olmagani uchun yoki siyosiy sabablarga ko‘ra, ko‘p zulm chekardilar. Ularning qamoqqa tashlanishi oddiy hol bo‘lib qolgan edi.

4:17 qurbonlik keltiradilar — Xudoga va’da berish bilan bog‘liq bo‘lgan qurbonliklar nazarda tutilgan. Xudoga va’da berish o‘ta jiddiy mas’uliyatdir. Ammo nodon kishi o‘zini ko‘rsatish uchun, o‘ylamasdan Xudoga va’da beradi, va’dasi ustidan chiqish haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi.

5:5 Ruhoniy — ibroniycha matnda elchi, bu so‘zning farishta degan ma’nosi ham bor. Bu o‘rinda esa ruhoniy nazarda tutilgan.

5:6 behuda — ibroniycha matnda hevl, so‘zma–so‘z tarjimasi nafas (shu bobning 9– oyatida ham bor). 1:2 izohiga qarang.

6:2 behuda — ibroniycha matnda hevl, so‘zma–so‘z tarjimasi nafas (shu bobning 4, 9, 11–oyatlarida ham bor). 1:2 izohiga qarang.

6:5-6 …bir joyga… — bu oyatda Sheo‘l, ya’ni o‘liklar diyori nazarda tutilgan. Qadimda Isroil xalqi Sheo‘lni yer ostidagi tubsiz chuqurlik, marhumlar boradigan qorong‘i joy deb tushunardi.

6:12 …yelday o‘tib ketar… — ibroniycha matnda hevl, so‘zma–so‘z tarjimasi nafas.

7:1 …qimmatbaho xushbo‘y moy… — qadimgi paytlarda boy odamlar badaniga va sochiga qimmatbaho xushbo‘y moylar surtishgan. Bu — xushbo‘y hid taratish bilan birga terini sog‘lom saqlagan. Xushbo‘y moy boylikning belgisi bo‘lgan va o‘z hidi bilan shodiyona kunlarni xayolga keltirgan.

7:6 behuda — ibroniycha matnda hevl, so‘zma–so‘z tarjimasi nafas (shu bobning 15– oyatida ham bor). 1:2 izohiga qarang.

7:14 Hech kim kelajakda nima bo‘lishini aytib bera olmaydi — yoki Hech kim Xudodan ayb topolmaydi.

7:16 Qonunparast bo‘lma, donoligingga juda ham ishonaverma… — ibroniycha matndan

so‘zma–so‘z tarjimasi Juda ham solih bo‘lmagin, o‘zingni o‘ta dono qilib ko‘rsatmagin….

7:27-28 Voiz — ibroniycha matnda Qohelet. 1:1 izohiga qarang.

8:2 …itoat qil — ko‘plab ibroniy qo‘lyozmalaridan, qadimiy yunoncha, suryoniycha va

lotincha tarjimalardan. Ibroniycha matnda …itoat qilaman.

8:8 shamol — bu o‘rindagi ibroniycha so‘z nafas va ruh ma’nolarini ham ifodalaydi.

8:10 behuda — ibroniycha matnda hevl, so‘zma–so‘z tarjimasi nafas (shu bobning 14– oyatida ham bor). 1:2 izohiga qarang.

8:14 bema’ni — ibroniycha matnda hevl, so‘zma–so‘z tarjimasi nafas. 1:2 izohiga qarang.

9:2 yomon — qadimiy yunoncha, suryoniycha va lotincha tarjimalardan. Ibroniycha

matnda bu so‘z yo‘q.

9:9 …tez o‘tib ketadigan… — ibroniycha matnda hevl, so‘zma–so‘z tarjimasi nafas. 1:2 izohiga qarang.

9:10 o‘liklar diyori — ibroniycha matnda Sheo‘l. 6:5-6 izohiga qarang.

9:15 …shaharni qutqarib qolishi mumkin edi, lekin bu kambag‘al kishini hech kim esga olmadi — yoki …shaharni qutqarib qoldi, lekin keyinchalik hech kim bu kambag‘al kishini eslamadi.

11:1-2 Noningni suvga tashla…2…hatto sakkiz kishiga bo‘lib bergin — mana shu ikki oyat kitob yozilgan paytda keng tarqalgan maqollar bo‘lishi mumkin. Bu maqollar insonlarni saxiylikka undayotgan bo‘lsa kerak. Axir, kelajakda nima bo‘lishini hech kim bilmaydi, ammo hammaga ayonki, ko‘pincha saxiylarning himmati ularga boshqalardan qaytadi.

Bu maqollarni yana, ishbilarmonlik bilan xorijiy savdo–sotiqqa sarmoya qo‘shgin, deb tushunsa ham bo‘ladi. Shu bobning 1-6–oyatlarida Voizning asosiy maqsadi odamlarni hayotda dadillik bilan ish qilishga, tajribasizliklari tufayli ortga chekinmaslikka undashdir. Voiz shu maqsadda o‘sha paytda mashhur bo‘lgan maqollardan foydalanadi.

11:5 jon — 3:19 ning birinchi izohiga qarang.

11:8 …yelday o‘tib ketadi — ibroniycha matnda hevl, so‘zma–so‘z tarjimasi nafas (shu bobning 10–oyatida ham bor). 1:2 izohiga qarang.

12:7 ruh — 3:21 izohiga qarang.

12:8 Behuda — ibroniycha matnda hevl, so‘zma–so‘z tarjimasi nafas. 1:2 izohiga qarang.

12:8 Voiz — ibroniycha matnda Qohelet (shu bobning 9, 10–oyatlarida ham bor). 1:1 izohiga qarang.

12:12 …bolam — odatda donishmand muallim o‘z talabasiga shunday murojaat qilardi.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru