Muqaddas Kitob


XO‘SHEYA

PAYG‘AMBARNING

KITOBI

Kirish

Mazkur kitob Xo‘sheya payg‘ambarning nomi bilan atalgan. Xo‘sheya payg‘ambar Amos payg‘ambardan keyin va’z qilgan. U asosan Isroilda*, ya’ni shimoliy shohlikda, shohlik qulashidan oldin faoliyat ko‘rsatgan. Isroil shohligi miloddan oldingi 722 yilda qulagan.

Kitobning dastlabki uch bobida Xo‘sheyaning oilaviy hayoti tasvirlanadi.

Xo‘sheyaning oilasi u Isroil yurtida va’z qilgan xabarning jonli surati bo‘lib xizmat qiladi. Xudo O‘z xalqi Isroilning bevafoligini ko‘rsatmoqchi bo‘lib, Xo‘sheyaga: “Fohisha ayolga uylan”, deb amr qiladi. Fohisha ayol Xo‘sheyaga uch farzand tug‘ib beradi. Xo‘sheyaning farzandlariga Xudo Isroil xalqining jazolanishini eslatib turadigan ismlarni qo‘yadi. Xudo Xo‘sheyaga: “Bevafo xotiningni sevgin”, deb amr qiladi, chunki bu sevgi Xudoning bevafo Isroil xalqiga bo‘lgan abadiy sevgisining timsoli bo‘ladi.

Kitobning qolgan qismida Xudoning Isroil xalqi bilan tuzgan ahdiga alohida e’tibor beriladi. Bu ahdga ko‘ra, Xudo va Isroil xalqi bir–biriga sadoqatli, vafodor bo‘lishlari kerak bo‘ladi. Xudo doimo ahd shartlarini bajarib keladi, Isroil xalqi esa har safar ahd shartlarini buzadi. Ular Xudoning yordamiga ishonmay, lashkarining kuchi va boshqa yurtlarning yordami bilan o‘zlarini himoya qilmoqchi bo‘ladilar. Bundan tashqari, butlarga sig‘inib, yaxshi hosil yig‘ib olamiz, mol–qo‘ylarimiz ko‘payadi, deb umidini butlarga bog‘laydilar.

Isroil va Yahudo xalqlari Xudodan yuz o‘girishadi, Xudo ular bilan bu borada da’volashadi, ularni ahdni buzganlikda ayblaydi. Ular qilgan gunohlari uchun jazosini tortishadi.

Ularning gunohlariga qaramay, Xudo O‘z xalqini sevadi. Nihoyat, Xudoning beqiyos

sevgisi ularning qalblarini zabt etadi, Xudo va xalq orasidagi munosabat tiklanadi. Xullas, Xo‘sheya kitobi Xudoning mehribonligi va sodiq sevgisi haqidagi kitob, deb aytsak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, Xudo bu cheksiz sevgisi tufayli O‘zining bevafo xalqidan yuz o‘gira olmaydi.


1–BOB

1 Yahudo yurtida* shohlar Uzziyo, Yo‘tom, Oxoz va Hizqiyo hukmronlik qilgan davrlarda* Isroil taxtida Yoho‘sh* o‘g‘li Yorubom* o‘tirgan edi. O‘sha vaqt mobaynida Beri o‘g‘li Xo‘sheyaga Egamiz O‘z so‘zlarini ayon qildi.

Xo‘sheyaning xotini va farzandlari

2 Egamiz dastlab Xo‘sheya orqali Isroil xalqiga gapirishni boshlaganda, unga shunday degan edi: “Borib fohisha ayolga uylan, u senga begona erkaklardan orttirgan farzandlar tug‘ib beradi. Zotan, Mening xalqim ham fohishaga o‘xshaydi*. Ular Men, Egangizga bevafolik qilib, begona xudolarga sajda qilishmoqda.” 3 Xo‘sheya Diblayim qizi Go‘meraga uylandi. Go‘mera homilador bo‘lib, Xo‘sheyaga o‘g‘il tug‘ib berdi.


4 Egamiz Xo‘sheyaga dedi: “O‘g‘lingning ismini Yizril qo‘y. Chunki Yohu qanday qilib Yizrilda qon to‘kkan bo‘lsa*, tez orada Yohuning xonadonini ham o‘sha ahvolga solib, yo‘q qilaman. Isroil shohligi barham topadi. 5 O‘sha davrda Men Yizril vodiysida Isroilning kamonu o‘qlarini sindiraman*.”

6 Go‘mera yana homilador bo‘lib, qiz tug‘di. Egamiz Xo‘sheyaga dedi: “Qizingning ismini Lo‘ruhamo, ya’ni «Rahmdan bebahra» deb qo‘y. Chunki bundan buyon Men Isroil xalqiga rahm qilmayman, ularni kechirmayman. 7 Yahudo xalqiga esa rahm qilaman, ularga najot beraman. Qilichu kamon, jang–jadal, otlaru chavandozlar bilan emas, O‘z qudratim bilan ularni qutqaraman. Zotan, Men ularning Egasi Xudoman!”

8 Go‘mera qizini ko‘krakdan chiqargach, yana homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘di. 9 Egamiz Xo‘sheyaga dedi: “O‘g‘lingning ismini Lo‘yomi, ya’ni «Xalqim emas» deb qo‘y. Chunki Isroil xalqi endi Mening xalqim emas, Men esa ularning Xudosi emasman. 10 Ammo shunday vaqtlar keladiki, Isroil xalqi dengizdagi qum kabi bo‘ladi, ularni na sanab, na o‘lchab bo‘ladi. Ularga: «Xalqim emas», deb aytilgan bo‘lsa, kelajakda ular: «Barhayot Xudoning farzandlari» deb ataladi. 11 Yahudo va Isroil xalqlari qayta birlashadilar. Ular o‘zlariga bir yo‘lboshchi tanlaydilar. O‘z yurtida tup qo‘yib, palak otadilar. Ha, Yizrilning* — «Xudo ekkan» xalqning kuni ulug‘ bir kun bo‘ladi.”


2–BOB

1 Egamiz shunday deydi: “Aka–ukalaringizni — Yomi, ya’ni «Mening xalqim», opa–

singillaringizni — Ruhamo*, ya’ni «Rahmdan bahramand» deb chaqiringlar.

Isroil xalqi bevafo Go‘mera timsolida

2 Ey farzandlarim,

Onangiz bilan da’volashing*, Aybini yuziga soling.

U endi xotin emas Menga,

Men ham er emasdirman unga.

Ayting, yuzidagi upa–eligini artib tashlasin, Egnidagi uyatsiz kiyimini yechib tashlasin. Bo‘ldi, fohishaligini bas qilsin.

3 Aks holda, uning kiyimini O‘zim yechib tashlayman, Onasining qornidan tushganday qip–yalang‘och qilaman. Yerini bepusht sahroga aylantiraman,

Uning yurtini qaqragan cho‘l qilaman.

Tashnalikdan uni o‘ldiraman.

4 Bolalariga ham rahm qilmayman, O‘ynashlaridan orttirgan haromi ular. 5 Ha, ularning onasi fohishalik qilgan,

Ularni tuqqan ayol sharmu hayoni yo‘qotgan. U dedi: «O‘ynashlarim* oldiga ketdim.

Nonu suvimni, junu zig‘ir matolarimni,

Zaytun moyiyu sharobimni,

Menga o‘shalar bergan.»

6 Shuning uchun yo‘lini tikanaklar bilan to‘saman,

O‘tolmaydigan qilib devor quraman.

7 U o‘ynashlarining ketidan quvib yetolmaydi,

Ularni izlab, topolmaydi. Keyin esa aytadi:

«Birinchi erimning oldiga qaytib boray,

Axir, o‘shandagi holim hozirgidan tuzukroq edi.»

8 Bug‘doyni, sharobu zaytun moyini,

Unga Men berganimni u bilmaydi. Baalga* nazr qilgan kumushu oltinni Unga Men sovg‘a qilganimni anglamaydi.

9 Shuning uchun hosil paytida bug‘doyimni tortib olaman,

Yig‘im–terim mavsumida sharobimni olib qo‘yaman.

Badanini yopib turgan junu zig‘ir matolarimni qaytarib olaman.

10 Mana endi uni yalang‘och qilaman, O‘ynashlarining oldiga chiqarib qo‘yaman, Qo‘limdan uni hech kim xalos qila olmaydi. 11 Men uning bazmlariga chek qo‘yaman.

Bayramlariyu yangi oy shodiyonalariga,

Shabbatlari va barcha tayinlangan bayramlariga barham beraman*.

12 «O‘ynashlarimning bergan to‘lovi»*, deb o‘ylagan Uzumzoru anjir bog‘larini buzib tashlayman, Hammasini to‘qayzor qilaman.

Yovvoyi hayvonlar bog‘larini yo‘q qiladi.

13 U bayramlarda Baalga atab tutatqilar tutatgani uchun, Uzugu taqinchoqlar bilan bezanib,

O‘ynashlarining ketidan yurgani uchun,

Meni esa tamom esidan chiqarib yuborgani uchun,

Men uni jazolayman!”

Egamizning kalomi shudir.


14 Egamiz shunday deydi:

“Ko‘p o‘tmay Men uning ko‘nglini ovlayman, Uni sahroga olib borib, shirin so‘zlar aytaman.

15 O‘sha yerda uzumzorlarini qaytarib beraman,

Oxor* soyligini umid eshigi qilaman.

O‘sha yerda u Menga ergashadi,

Yoshligida*, Misrdan chiqqan chog‘ida ergashganday ortimdan yuradi.”

Egamizning O‘z xalqiga bo‘lgan sevgisi

16 Egamiz shunday demoqda: “Ey Isroil xalqi, o‘sha kuni sen Meni «Erim» deb chaqirasan, hech qachon «Xo‘jayinim» demaysan*. 17 Baalning nomini qayta tilingga olmaydigan qilaman. 18 O‘sha kuni yovvoyi hayvonlar, osmondagi qushlar va yerda sudraluvchi maxluqlar bilan ahd tuzaman, ular senga zarar yetkazmaydi. Yurtdagi barcha kamonu qilichlarni, hamma jang qurollarini yo‘q qilaman. Sen tinch, bexatar yashaysan. 19 Men seni O‘zimga abadiy nikohlab olaman. Senga nisbatan adolatli va odil bo‘laman. Seni doim sevaman, mehr–shafqat ko‘rsataman. 20 Senga vafo qilaman, sen

Meni Egang deb bilasan.”


21 Egamiz demoqda:

“O‘sha kuni Men xalqimning iltijolariga javob beraman,

Men osmonga amr qilaman,

Osmon yerga yomg‘ir yog‘diradi.

22 Yer bug‘doy, uzum, zaytun yetishtiradi, Ular esa hayot bag‘ishlaydi Yizrilga* —

«Xudo ekkan» deb atalgan Mening xalqimga.

23 Ha, Men Yizrilni O‘zim uchun bu yurtga o‘tqazaman. Lo‘ruhamoga, ya’ni «Rahmdan bebahra» deganga rahm qilaman,

Lo‘yomini, ya’ni «Xalqim emas» deganni «O‘z xalqim» deb atayman*. U esa «Xudoyim» deb chaqirar Meni.”


3–BOB

Xo‘sheya bevafo xotinini qutqarib, uyiga olib keladi

1 Egamiz menga dedi: “Qani bor, Xo‘sheya! O‘ynashi bor o‘sha suyuqoyoq xotiningga* boshqatdan ko‘ngil qo‘y. Men, Egangiz, Isroil xalqini qanday sevsam, sen ham xotiningni shunday sevgin. Zotan, xalqimning ham ko‘ngli boshqa xudolarga chopadi, hovuch– hovuch mayizni* ularga nazr qilishni xalqim yaxshi ko‘radi.” 2 Shunday qilib, men o‘n besh bo‘lak kumush* va o‘n besh tog‘ora arpaga* o‘z xotinimni sotib oldim*. 3 Unga dedim: “Sen uzoq vaqt davomida menikida yashaysan. Fohishalik qilmaysan. O‘sha vaqt mobaynida birorta erkakka yaqinlashmaysan, men ham senga yaqinlashmayman.” 4 Shu singari, Isroil xalqi ham uzoq vaqt davomida* shohu shahzodasiz, qurbonliklaru butsimon toshlarsiz, efod* va butlarsiz yashaydi. 5 Bundan keyin ular qaytadan Egasi Xudoga va Dovud naslidan bo‘lgan shohga* yuz burishadi. Kelajakda Egamizga qo‘rquv bilan bo‘yin egishadi. Xudoning barakasidan bahramand bo‘lishadi.


4–BOB

Isroil xalqini Egamiz ayblaydi

1 Egamizning da’vosi bor bu yurt aholisiga, Ey Isroil xalqi, quloq tut Egamizning so‘ziga: “Bu yurt vafoyu sadoqatni bilmaydi,

Ular Men, Xudoni tan olmaydi.

2 Qachon qaramang la’nat aytishadi, Aldashadi, odam o‘ldirishadi,

O‘g‘rilik qilib, fahsh ishlarga berilishadi. Hamma yoqda zo‘ravonlik, qotilliklar qilishadi. 3 Mana shuning uchun yurt xazon bo‘ladi,

U yerda yashovchi xalq halok bo‘ladi.

Nobud bo‘ladi yovvoyi hayvonlar,

Ko‘kdagi qushlaru hatto dengizdagi baliqlar.

Egamiz ruhoniylarni ayblaydi

4 Birontangiz xalqni ayblamang!

Ularga ta’na qilmang!

Mening da’voim sizlarga qarshidir,

Ey ruhoniylar!*

5 Sizlar kechayu kunduz qoqilasizlar,

Hatto payg‘ambarlar ham sizlar bilan birga qoqiladi. Sizlarni deb Men xalqingizni nobud qilaman!

6 Ana, xalqim Meni bilmagani uchun nobud bo‘lmoqda.

Bu sizning aybingiz, ey ruhoniylar!

Axir, sizlar voz kechdinglar Meni bilishdan, Endi Men ham voz kechaman sizdan.

Mening ruhoniylarim bo‘lmaysizlar!

Sizlar Xudoyingizning qonunlarini unutdingizlar, Shuning uchun Men ham farzandlaringizni unutaman. 7 Ey ruhoniylar, ko‘paygani sari sizning soningiz, Menga qarshi ko‘proq gunoh qildingiz.

Endi ulug‘vorligingizni sharmandalikka almashtiraman. 8 Axir, sizlar xalqimning gunoh qurbonliklari* bilan Qorningizni to‘yg‘izdingiz,

Xalqimning qabihliklariga tashnadirsiz.

9 Mana, Men xalqimni ham, Sizni ham birday jazolayman. Tutgan yo‘llaringiz,

Qilgan qilmishlaringizga yarasha qaytaraman. 10 Sizlar yeysizlar, ammo qorningiz to‘ymaydi, Zino qilasizlar, ammo soningiz ko‘paymaydi. Sizlar Men, Egangizga bo‘ysunmay qo‘ygansiz.

Egamiz butparastlikni hukm qiladi

11 Fahsh, sharobning eski va yangisi Xalqimni es–hushidan ayirdi.

12 Ular yog‘och butdan vahiy so‘rashadi.

Tayoqdan pand–nasihat olishadi*. Shahvoniy hirs ularni yo‘ldan urdi, Ular Men, Xudosiga bevafo bo‘ldilar.

13 Qurbonliklar qilishayotir tog‘ cho‘qqilarida,

Tutatqilar tutatishayotir qirlarda,

Eman, chinor va qayrag‘ochlarning orombaxsh soyalarida.


Ey xalqim, natijada qizlaring fohisha bo‘ldi,

Kelinlaring zinoga botdi.

14 Ammo Men fohisha qizlaringni jazolamayman, Zinokor kelinlaringning adabini bermayman.

Axir, erkaklarning o‘zi g‘arlar oldiga bormoqda,

Sajdagoh fohishalari* bilan ular qurbonliklar keltirmoqda.

Aytilgan–ku, es–hushidan ayrilgan xalq nobud bo‘ladi, deya.


15 Isroil xalqi Menga bevafolik qilsa ham, Bu jinoyatga Yahudo xalqi qo‘l urmasin. Ular sajda qilgani Gilgalga* bormasin, Bayt–Obunga* ham oyoq bosmasin.

«Xudo shohid», deya qasam ichishmasin.

16 Ha, eshakday o‘jardir Isroil xalqi,

Ko‘p o‘tmay Men, Egangiz, ularni keng dalaga haydab yuboraman, Ular yaylovdagi yolg‘iz qo‘ziga o‘xshab qolishadi*.

17 Efrayim* xalqi ko‘ngil bog‘ladi butlarga, Bilganlarini qilishsin, qo‘ying ularni o‘z holiga! 18 Aysh–ishratdan keyin ular fahshga berilishar.

Ularning yo‘lboshchilari behayolikni yaxshi ko‘rar.

19 Quyun ularni supurib ketadi.

Butlarga qilgan qurbonliklari tufayli sharmanda bo‘lishadi.”


5–BOB

1 Egamiz shunday deydi:

“Ey ruhoniylar, eshiting buni!

Diqqat qilgin, Isroil xalqi! Quloq solgin, shoh xonadoni!

Sizning ustingizdan hukm ketyapti.

Sizlar Mispaxda odamlar uchun tuzoq bo‘ldingiz, Tovur tog‘ida* yoyilgan to‘r bo‘ldingiz.

2 Qabih ishlarga botib ketdingiz!

Men hammangizning adabingizni beraman.

3 Ey Efrayim*, juda yaxshi bilaman seni,

Isroil, Mendan yashira olmassan o‘z qilmishingni. Sen, Efrayim, Xudoga bevafo bo‘lding,

Ey Isroil, o‘zingni harom qilding.

4 Men Xudoyingman,

Ammo qilmishlaring Menga qaytib kelishingga yo‘l qo‘ymas. Men, o‘z Egangni sen bilmaysan,

Chunki qalbing shahvatga to‘lgan*.”


5 Isroilning mag‘rurligi o‘ziga qarshi guvohlik beryapti,

U* jinoyatlari tufayli qulaydi. Yahudo ham u bilan birga yiqiladi. 6 Isroil Egamizning iltifotini izlaydi, Qo‘y–mollarini qurbonlik qiladi, Ammo Egamizni topa olmaydi, Chunki Egamiz uni tark etgan.

7 U Egamizga xiyonat qildi*,

Begonalardan nikohsiz bolalar tug‘di.

Ko‘p o‘tmay u mulki bilan birga xarob bo‘ladi.

Isroil bilan Yahudo orasidagi urush

8 Egamiz shunday deydi: “Burg‘u chaling Givoda! Karnay chaling Ramada!* Bayt–Obunda* bong uring!

Ey Benyamin, ortingdan dushman kelyapti!

9 Jazo kuni Efrayim xarob bo‘ladi.

Isroil qabilalariga e’lon qilgan bu so‘zlarim Albatta ro‘yobga chiqadi.

10 Yahudo shahzodalari chegarani buzgan* firibgarlarga o‘xshaydi, Men ularning ustiga O‘z qahrimni jaladay yog‘diraman.

11 Axir, Efrayim butlarga ergashishni afzal ko‘rdi,

Endi u ezilib, hukmga bardosh bera olmaydi. 12 Men Efrayimni kuyaday yemiraman, Yahudo xalqini qurtday kemiraman.

13 Efrayim o‘z betobligini tushungach, Yahudo o‘z yaralarini ko‘rgach, Efrayim Ossuriyaga* bordi,

Buyuk shohni* yordamga chaqirdi. Ammo shoh ularni davolay olmaydi, Yaralariga shifo bera olmaydi.

14 Men Efrayimga sherday hujum qilaman, Yahudo xalqiga yosh arslonday tashlanaman. Ularni O‘zim tilka–pora qilaman,

Sudrab, O‘zim bilan olib ketaman.

Ularni hech kim xalos eta olmas.

15 Ular o‘z aybini bo‘yniga olguncha,

Chin dildan Menga intilguncha,

Men O‘z makonimga qaytib ketaman.

Balki qayg‘uli damlarida ular Menga qaytishar.”


6–BOB

Odamlarning soxta tavbasi

1 Bu xalq shunday deydi: “Kelinglar, Egamizga qaytaylik! U bizni tilka–pora qildi,

Shifoni ham O‘zi beradi. Bizni yarador qildi, Yaralarimizni O‘zi bog‘laydi.

2 Uning huzurida yashay olishimiz uchun, Ikki kunda bizni hayotga qaytaradi, Uchinchi kuni oyog‘imizga turg‘izadi.

3 Kelinglar, Egamizni bilishga intilaylik.

Tong otishi muqarrar bo‘lganday, U albatta bizga zohir bo‘ladi,

Kuz va bahorda yomg‘ir yog‘ishi tabiiy bo‘lganday,

U albatta oldimizga keladi.”

Isroilning soxta sadoqati va oladigan jazosi

4 Egamiz shunday deydi:

“Seni nima qilay, ey Efrayim?!* Seni nima qilay, ey Yahudo?!

Sening sevging tongdagi tumanday tez g‘oyib bo‘lar, Sahardagi shudring kabi bug‘lanib ketar.

5 Shuning uchun so‘zlarim bilan seni o‘lguday savaladim, Payg‘ambarlarim orqali seni chopib tashladim.

Chiqargan hukmim chaqmoq kabi seni uradi. 6 Zero, Men qurbonlikni emas, Rahm–shafqatni istayman,

Kuydirilgan qurbonliklarni emas, Meni tanib–bilishingni afzal ko‘raman.


7 Xalqim Odam Atoday* ahdni buzdi, Evoh, Menga bevafolik qildi.

8 Gilad — yovuzlarning shahridir,

Ko‘chalari qon dog‘lariga to‘ladir.

9 Ruhoniylar qaroqchilarga o‘xshaydi,

Ular pistirmada yotib, qurbonini poylashadi. Shakam shahri* yo‘lida qotilliklar qilishadi, Ha, ular mudhish jinoyatlarga qo‘l urdi.

10 Men Isroilda dahshatli hodisani ko‘rdim:

Efrayim bevafolik qildi!

Isroil o‘zini bulg‘adi!


11 Ey Yahudo, sen uchun ham o‘rim payti belgilandi.


Men xalqimni yana farovonlikka erishtirmoqchi bo‘lganimda,


7–BOB

1 Isroilni shifolamoqchi bo‘lib turganimda, Uning* buzuqligi oshkor bo‘ldi, Samariyaning jinoyatlari ochildi.

Ular makkorona ish tutishadi, O‘g‘rilar xonadonlarni o‘marishadi, Qaroqchilar yo‘lto‘sarlik qilishadi.

2 Qilgan barcha qabihliklari yodimda, Biroq ular buni xayoliga keltirmaydi. Mana, ular gunohlarga botishdi,

Ko‘z o‘ngimda bu gunohlar gavdalanadi.

Saroydagi fitnalar

3 Odamlar shohni yovuzliklari bilan xushnud qilar, Ular beklarni hiylalari bilan shod etar.

4 Ularning hammasi sadoqatsiz va makkor,

Lovullagan tandirga o‘xshaydi. Novvoy xamirini qorib bo‘lguncha, Xamir oshib tayyor bo‘lguncha,

Hatto olov kovlashga ham ehtiyoj yo‘q.

5 Shoh ziyofat bergan kuni

Beklar shohga maydan ichirishdi,

Shoh mazaxchilar bilan hamtovoq bo‘ldi. 6 Ularning yuraklari tandirga o‘xshaydi, Shohga qarshi ular fitna uyushtiradi,

Kechasi bilan g‘azabi cho‘g‘day tutab yotadi,

Saharga kelib, olovday lovullab yonadi.

7 Tandirday qizishgan bu hamma odamlar, Hukmdorlarini yamlamay yutyaptilar.

Natijada shohlari birin–ketin nobud bo‘lyapti*, Ammo birontasi ham Menga iltijo qilmayapti.”

Isroil va o‘zga xalqlar

8 Efrayim boshqa xalqlarga qorishgan. U xom pishgan nonga o‘xshab qolgan. 9 O‘zga xalqlar uning kuchini kesdi,

U esa buni anglamaydi.

Sochlari oqarib bo‘ldi,

U esa buni payqamaydi.

10 Isroilning mag‘rurligi

O‘ziga qarshi guvohlik beradi. Boshiga tushgan kulfatlarga qaramay Isroil o‘z Egasi Xudoga qaytmaydi, Yuzini Unga burmaydi.


11 Egamiz shunday deydi: “Efrayim kabutarga o‘xshar, Ham befarosat, ham ovsar. U Misrdan yordam so‘raydi, Pir etib Ossuriyaga uchadi.

12 Uchganda, Men unga to‘r tashlayman,

Ovlangan qushday yerga tushiraman. To‘dalashganini eshitsam, jazosini beraman. 13 Xalqimning holiga voy!

Axir, ular Mendan uzoqlashdi!

Endi nobud bo‘lishadi!

Axir, Menga qarshi bosh ko‘tarishdi!

Ularni xalos qilardim–u,

Ammo Menga yolg‘on gapirishdi.


14 Ular Menga chin dildan iltijo qilmaydi, Ammo to‘shaklarida yotib, faryod chekishadi. Butparastlarday badanlarini tilib,

Bug‘doy va sharob talab qilishadi*. Menga qarshi bosh ko‘tarishadi.

15 Men O‘zim ularni boqdim, kuchaytirdim,

Ular esa Menga qarshi fitna qiladi.

16 Hamma yoqdan madad izlaydi,

Men, Xudoyi Taologa esa yuz burmaydi. Ular yaroqsiz bir kamonga o‘xshaydi, Ularga aslo ishonib bo‘lmaydi.

Beklari haqoratli so‘zlar aytganlari uchun

Qilichdan halok bo‘ladi. Bu qilmishlari uchun Misrda kulgi bo‘lishadi.”


8–BOB

Butparast Isroil xalqi hukm qilinadi

1 Egamiz shunday deydi:

“Qani bo‘ling, bong uring!

Dushman* burgutday xonadonimga hujum qilmoqda. Axir, xalqim ahdimni barbod qildi,

Ular qonunimni buzdi.

2 Isroil xalqi Menga faryod qiladi:

«Ey Xudoyim, Seni tan olamiz», deb aytadi. 3 O‘zlari esa ezgulikni rad etishdi, Dushmanlar ularni ta’qib qiladi.


4 Ular roziligimni so‘ramay shohlar tanlashdi,

Ijozatimni olmay, mulozimlar tayinlashdi. Oltinu kumushlaridan butlar yasashdi, Shu orqali boshlariga halokat keltirishdi.

5 Samariyaliklarning oltin buzog‘ini* Men rad etdim!

Ularga qarshi alanga olgandir Mening g‘azabim. Qachon ular o‘zlarini poklab olishadi?

6 Butni Isroillik hunarmand yasagan–ku, But Xudo emas!

Samariya shahrining buzog‘i parchalanib tashlanadi.


7 Shamolni ekkan odam bo‘ronni o‘rib olar. Bug‘doy boshoqsiz bo‘lsa, xalq nonga zor bo‘lar. Bug‘doyingiz boshoq tukkan taqdirda ham,

Uni begonalar yeb ado qilar.

8 Boshqa xalqlar orasida Isroil ado bo‘ldi, Qadrsiz sopol idishga u o‘xshab qoldi.

9 Yolg‘iz daydigan qulonday u, Ossuriyaga yordam so‘rab bordi. Efrayim* o‘zini o‘ynashlariga sotdi.

10 U boshqa xalqlarga sotilgan bo‘lsa ham, Men uni yig‘ib olaman.

Ossuriya shohining* zulmi ostida

U tezda xazon bo‘ladi.


11 Efrayim gunohlarini yuvmoqchi bo‘ldi,

Qurbongohlar qurib tashladi.

Qurbongohlar esa gunoh makoni bo‘lib qoldi. 12 Men bu xalqqa ko‘plab qonunlar yozdim, Biroq qonunlarimni ular yot deb biladi.

13 Ular Men, Egasiga a’lo qurbonliklar keltirishsa ham, Qurbonlik go‘shtidan tanovul qilishsa ham,

Men ulardan mamnun bo‘lmayman. Men jinoyatlarini esga olaman, Gunohlari uchun jazosini beraman. Ular Misrga qaytib ketadi*.

14 Isroil o‘z Yaratuvchisini unutib, saroylar qurdi.

Yahudo ko‘plab shaharlarni mustahkam qildi. Men esa shaharlariga o‘t qo‘yaman,

Qal’alarini olovga yem qilaman.”


9–BOB

Isroil xalqi jazolanadi

1 Ey Isroil, bas qil shodligingni!

Boshqa xalqlarday nishonlading sen bayramingni! Sen Xudoga bevafolik qilding.

Baalga fohishaday* sajda etding,

Olgan hosilingni Baaldan to‘lov deb bilding.

2 Endi xirmonu sharob meshlaring senga yetarlicha ozuqa bermas,

Yangi sharobing chanqog‘ingni bosmas.


3 Sen Egamizning yurtida qolmaysan, Misrga qaytib ketasan*.

Ha, Ossuriyada harom ovqat yeysan.

4 Egamizga sharob nazr qila olmaysan,

Keltirgan qurbonliklaring Unga ma’qul bo‘lmaydi. Bunday qurbonliklar azadorning noniga o‘xshaydi*, Undan yeganlarning hammasi bulg‘anadi.

Zero, keltirgan qurbonliklaring qorin uchun, xolos,

Bunday qurbonliklar Egamizning uyiga kiritilmaydi, Egamizga ular nazr qilinmaydi.

5 Ey Isroil, endi sen tayinlangan bayramlarni o‘tkaza olmaysan! Egamizning muqaddas yig‘inlarini nishonlay olmaysan!

6 Sen ofatdan qochib qutulsang ham, Misr* senga changalini soladi, Poytaxti Nuf* senga qabr bo‘ladi.

Kumush xazinalaring yantoqqa nasib bo‘ladi, Xaroba uylaringni tikanak o‘t bosadi.

7 Ey Isroil, bilib qo‘ygin: Hisob–kitob vaqti keldi! Jazo olish payti yetdi!

Ko‘plab gunohlaring sababli,

Cheksiz adovating tufayli,

Sen payg‘ambarlarni ahmoq hisoblaysan,

Ruhdan ilhomlangan odamlarni telba deb bilasan.

8 Ey Efrayim*,

Xudoyim payg‘ambarlarni senga posbon qildi. Ammo sen ularni tuzoqqa tushirding, Xudosining yurtida ularga adovat qilding.

9 Givoda razillik qilgan ajdodlaringga* o‘xshab qolding,

Ularday yaramas ishlarga berilib ketding. Ammo Xudo jinoyatingni esga oladi, Gunohingga yarasha jazoingni beradi.

Isroilning gunohi va uning oqibati

10 Egamiz shunday deydi:

“Men Isroilni ilk bor topganimda,

Sahroda uzum solgan tokni topganday bo‘ldim. Ha, ota–bobolarini birinchi ko‘rganimda, Anjirning chillaki mevalarini ko‘rganday bo‘ldim. Ammo ular Piyor tog‘iga kelganda*,

O‘zlarini sharmanda Baalga bag‘ishladilar.

Ko‘ngil qo‘ygan o‘sha butday jirkanch bo‘lib qoldilar.

11 Efrayimning shuhrati qushday uchib ketadi.

Ularda na farzand tug‘iladi, Na ayollari homilador bo‘ladi,

Na pushti kamaridan bola bino bo‘ladi!

12 Farzand o‘stirish nasib qilgan taqdirda ham, Birontasini qoldirmay yo‘q qilaman.

Holiga voy, ularni tark etaman! 13 Men Efrayimni ko‘rganimda, U Tir shahriga o‘xshardi,

Go‘zal yerda joylashgandi.

Ammo endi Efrayim o‘z bolalarini

Qotil oldiga olib chiqadi.”


14 Ey Egam, bu xalqingga Sendan nima tilay?! Ayollarini bepusht qilgin,

Emiza olmaydigan qilgin.


15 Egamiz shunday deydi:

“Ularning har bir qabihligi Gilgaldan* boshlangan,

O‘sha yerda nafratlana boshladim ulardan.

Qabih qilmishlari uchun

Ularni yurtimdan haydab chiqaraman.

Endi ularga mehr qo‘ymayman.

Ularning hamma beklari Menga qarshi bosh ko‘targan.

16 Efrayim quladi, Uning ildizlari quridi,

Meva berishga u ojiz bo‘ldi. Farzand ko‘rgan taqdirda ham, Avaylagan zurriyotini o‘ldiraman.”


17 Isroil xalqini Xudoyim rad etadi, Ular Xudoga itoat qilmadi.

Xalqlar orasida darbadar bo‘lishadi.


10–BOB

Isroil gunohkorligi uchun surgun qilinadi

1 Isroil gurkiragan, Hosildor tok kabidir.

Ammo hosili ko‘paygani sari, U ko‘plab qurbongohlar qurdi. Yurti ravnaq topgani sari,

Butsimon toshlariga zeb berdi.

2 Sadoqatsiz bu xalq endi ta’zirini yeydi. Egamiz qurbongohlarini vayron qiladi, Butsimon toshlarini sindirib tashlaydi.


3 Ko‘p o‘tmay ular aytishadi: “Biz Egamizdan qo‘rqmadik,

Shuning uchun shohimizdan ayrilib qoldik. Ammo shohning qo‘lidan nima ham kelardi?!” 4 Ular bema’ni gaplar gapirmoqda,

Soxta qasamlar ichib, ahdlar tuzishmoqda. Natijada egatlardagi zaharli o‘tday, Da’volar unib chiqmoqda.

5 Samariya ahli* Bayt–Obundagi*

Oltin buzog‘idan* xavotir oladi,

Uning uchun ular aza tutishadi.

Butidan xursand bo‘lgan ruhoniylar ham But surgun bo‘lganidan yig‘lashadi.

6 Butning o‘zi Ossuriyaga olib ketiladi,

Buyuk shohga* taqdim qilinadi. Efrayim* sharmanda bo‘ladi, Umidini butga bog‘lagani uchun* Isroil uyatga qoladi.


7 Samariya shohi suvga g‘arq bo‘lgan payrahaday Halok bo‘ladi.

8 Isroilning gunohiga sabab bo‘lgan Obundagi* sajdagohlar yo‘q qilinadi. Qurbongohlarini yantog‘u tikan bosadi.

Odamlar tog‘larga: “Bizni bosib qolinglar!” deya baqirishadi. Qirlarga: “Ustimizga qulanglar!” deb yolvorishadi.

Isroil ustidan Egamiz O‘z hukmini e’lon qiladi

9 Egamiz shunday demoqda:

“Ey Isroil, sen Givoda gunoh qila boshlading*,

O‘sha yerda gunohdan chiqmay qoldi sening boshing.

Givodagi jinoyatchilar jazosini olganday, Sen ham jazodan qochib qutula olmaysan.

10 Men xohlagan paytimda jazoingni beraman. Senga qarshi xalqlarni birlashtiraman.

Ikki barobar ko‘paygan jinoyatlaring uchun

Dushmanlar senga kishan soladi.


11 Efrayim o‘rgatilgan buzoqqa o‘xshardi, Yanchishni u xo‘p yaxshi ko‘rardi*.

Mana endi uning go‘zal bo‘yniga, Men bo‘yinturuq taqaman.

Endi unga omoch torttiraman*. Qani, Yahudo shudgor qilsin!* Efrayim* o‘zi uchun mola bossin!

12 Ey Isroil, o‘zingiz uchun solihlik urug‘ini eking, Cheksiz sevgini o‘rib oling.

Haydalmagan yeringizga ishlov bering, Vaqt keldi! Men, Egangizga intiling!

Shunda Men oldingizga boraman,

Yomg‘ir yog‘dirganday, sizga najot beraman.


13 Sen yovuzlikni ekding, Adolatsizlikni o‘rib olding, Yolg‘onning mevasidan yeding.

Sen o‘z kuchingga tayanganing uchun,

Son–sanoqsiz sipohlaringga ishonganing uchun,

14 Jangu jadallar seni chetlab o‘tmaydi.

Shoh Shalman Bayt–Arbelni jangda vayron qilganday*, Xotinlarni bola–chaqalari bilan toshga urib o‘ldirganday, Hamma shaharlaring vayron bo‘ladi.

15 Ey Baytil*, sen qabihliklar qilganing uchun, Bu kunlar boshingga tushadi.

Tong otgach, ey Isroil, shohing o‘ldiriladi.”


11–BOB

Xudoning isyonkor xalqiga bo‘lgan muhabbati

1 Egamiz shunday deydi:

“Men Isroilni bolaligida yaxshi ko‘rar edim, O‘z o‘g‘lonimni Misrdan chaqirib olgan edim*. 2 Uni qancha ko‘p chaqirsam,

Mendan* shuncha ko‘p uzoqlashardi. Baalga qurbonliklar keltirardi, Butlarga tutatqilar nazr qilardi.


3 Efrayimga* yurishni Men o‘rgatgan edim, Uni qo‘llarimda ko‘tarib yurgan edim.

Ammo qilgan g‘amxo‘rligimni u bilmadi.

4 Men esa uni mehr ila yetaklagandim, Muhabbat rishtalari ila olib yurgan edim. Bo‘ynidan bo‘yinturuqni* olib tashlagandim, Muloyimlik bilan uni boqqandim.


5 Xalqim tavba qilishdan bosh tortdi. Shuning uchun Men ularni endi Misrga jo‘natib jazolayman*,

Ha, zolim Ossuriyaga tobe qilaman.

6 Shaharlarida qilich hukm suradi,

Darvozalarining tambalarini yo‘q qiladi.

Yovuz rejalari tufayli xalqim qilichdan halok bo‘ladi.

7 Qachon qaramang, ular Mendan yuzini o‘girishadi. Payg‘ambarlarim xalqni Menga qaytishga da’vat qilsa–da, Xalq Mendan — Xudoyi Taolodan madad tilamaydi*.


8 Ey Efrayim, qanday qilib sendan voz kechay?! Ey Isroil, qanday qilib seni tashlab ketay?!

Admani yo‘q qilganimday, seni yo‘q qila olarmikanman?! Zavo‘yimga* qilganimni senga qila olarmikanman?!

Bunday qilishga yuragim betlamas aslo!

Senga bo‘lgan mehrim uyg‘ondi.

9 Yo‘q, sochmayman senga qahr–g‘azabimni,

Ey Efrayim, qayta barbod qilmayman seni, Zero, Men Xudoman, inson emas, Orangizdagi Muqaddas Xudoman, Oldingizga jahl bilan bormayman.


10 Men, Egangiz, sherday o‘kiraman, O‘shanda xalqim ortimdan ergashadi,

Ovozimni eshitgach, farzandlarim g‘arbdan shoshib kelishadi.

11 Ular qushlarday uchib keladi Misrdan, Kaptarlarday yetib keladi Ossuriya yurtidan*. Men ularni uylariga eltib qo‘yaman.

— Egamizning kalomi shudir. —

Isroil va Yahudoni Xudo ayblaydi

12 Efrayim atrofimni yolg‘on bilan o‘rab tashladi, Isroil xonadoni Meni hiylaga ko‘mib tashladi.

Yahudo xalqi Menga qarshi bosh ko‘tardi,

Men, Muqaddas Xudoga ular itoat qilmayapti*.”


12–BOB

1 Efrayim* garmsel* boqib yurar,

Kun bo‘yi sharqdan esgan shamol ketidan quvar.

Yolg‘onu zo‘ravonlikni u orttirar.

Ossuriya bilan sulh tuzib,

Zaytun moyini Misrga jo‘natar.

2 Yahudoga Egamiz da’vo qiladi. Yoqub naslining* ta’zirini U beradi, Tutgan yo‘liga yarasha uni jazolaydi.


3 Onasining qornidayoq Yoqub akasi bilan talashgan*,

Ulg‘aygach esa Xudo bilan olishgan*.

4 Ha, farishta* bilan olishib, uni yenggan edi,

Keyin yig‘lab, iltifot qilishini so‘ragandi.

Baytilda* Yoqub Xudoni topgandi,

O‘sha yerda Xudo bilan suhbat qurgandi*. 5 Parvardigori Olam — Egamiz O‘shadir, Egamizdir Uning nomi!


6 Ey Yoqub nasli, Xudoyingizga qayting. Sevgi va adolatga intiling,

Sabr–toqat ila Xudodan umid qiling.


7 Egamiz shunday deydi:

“Xalqim tarozidan urgan savdogarga o‘xshaydi, Firibgarlik qilishni ular xo‘p yaxshi ko‘radi.

8 «O, men boyman,

— deb maqtanasan, ey Efrayim. — Men o‘zimga davlat orttirdim, Borimni peshana terim bilan topdim.

Hech kim meni gunohda ayblay olmas.»

9 Ammo Egangiz Xudo — Menman, Seni Misrdan olib chiqqanman.

Men senga sahroda zohir bo‘lar edim,

O‘sha davrdagiday seni yana chodirlarda yashattiraman*.


10 Men payg‘ambarlarga gapirgandim, O‘zim ularga ko‘p vahiylar bergandim,

Ular orqali seni, ey xalqim, ogohlantirgan edim. 11 Ammo Giladdagi* yovuzlik to‘xtamadi, Gilgalda* buqalar butlarga atalib

Hamon qurbonlik qilinmoqda.

Shuning uchun Gilad ahli albatta barham topadi, Gilgaldagi qurbongohlar buzib tashlanadi,

Ular shudgor qilinadigan dalalardan

Uloqtirib tashlangan toshlarday bo‘lib qoladi.”


12 Yoqub Oram* yurtiga qochib bordi*, Xotin olish uchun u* qulday ishladi, Qalin evaziga qo‘ylar boqdi*.

13 Egamiz vaqti kelib payg‘ambar* yubordi, Yoqub naslini* Misrdagi qullikdan olib chiqdi, O‘sha payg‘ambari orqali ularni boqdi.

14 Ammo Efrayim Egamizni qattiq ranjitdi. To‘kkan qon uchun Efrayimni Rabbiy jazolaydi, Uni haqoratlagani uchun adabini beradi.


13–BOB

Isroil ustidan chiqarilgan so‘nggi hukm

1 Egamiz shunday deydi:

“Ilgari Efrayim* gapirganda hammani titroq bosardi,

Isroilda uning martabasi ulug‘ edi.

Ammo Efrayim Baalga sajda qilib, gunoh orttirdi,

Shunday qilib, o‘zini o‘limga mahkum etdi.

2 Hozir ham xalqim gunoh ustiga gunoh qilishar.

O‘zlariga butlar yasashar,

Kumushdan mahorat bilan sanamlar ishlashar*, Bularning barchasi bor–yo‘g‘i hunarmandning ishi–ku! Mening xalqimga shunday deb aytishyapti*:

«Butlarga qurbonliklar keltiringlar!

Oltin buzoqlarni o‘pinglar!*»

3 Shuning uchun ular tonggi tumanday bo‘ladi, Birpasda g‘oyib bo‘ladigan shudringga o‘xshab qoladi.

Shamol xirmondan uchirgan to‘ponday ular g‘oyib bo‘ladi, Mo‘ridan chiqadigan tutunga o‘xshab qoladi.


4 Ammo Egangiz Xudo — Menman.

Ey Isroil, seni Misrdan olib chiqqanman. Mendan boshqa Xudoni sen bilmaysan, Mendan boshqa yo‘qdir najotkoring.

5 Men sahroda* senga g‘amxo‘rlik qildim, Suvsiz qaqragan cho‘lda seni boqdim.

6 Serhosil o‘lkada qorningni to‘yg‘izdim*,

Ammo qorning to‘ygach, manman bo‘lib ketding,

Shu sababdan sen Meni unutding.

7 Endi Men yo‘lingni qoplonday poylayman,

Senga bir sherday hujum qilaman.

8 Bolalaridan ayrilgan ona ayiq kabi tashlanaman, Seni tilka–pora qilaman.

O‘sha joydayoq seni sherday g‘ajiyman, Yirtqichga o‘xshab seni qonga belayman.


9 Ey Isroil, o‘z boshingga o‘zing balo orttirding,

Axir, Menga — O‘z Madadkoringga qarshi chiqding.

10 Shaharlaringni qutqaradigan shohing qani?!

«Bizga shohu hokimlar ber», deb so‘ragan boshliqlaring qani?!

11 Men jahl ustida senga shohlarni berdim,

G‘azabga minganimda ularni olib tashladim.


12 Efrayimning jinoyati yozib qo‘yilgan,

Ha, uning gunohi kitobga bitilgan.

13 Isroilning yashashga imkoniyati bor edi, Ammo u nodon bolaga o‘xshadi,

Onani to‘lg‘oq tutganda,

U qorindan chiqishni xohlamadi.


14 Men bu xalqni o‘liklar diyoridan qutqararmikanman?! Ularni o‘limdan xalos qilarmikanman?!*

Ey o‘lim, qirg‘in olib kelgin!

Ey o‘liklar diyori*, halokatli kuchingni ko‘rsatgin!* Endi Men rahm–shafqat qilmayman.”


15 Isroil qarindoshlari orasida

Serpusht va farovon bo‘lsa–da,

Egamiz uning ustiga sharq shamolini yuboradi, Sahrodan esgan garmselni* jo‘natadi.

Isroilning bulog‘ini quritadi,

Uning chashmasini qovjiratadi.

Xazinasidagi qimmatbaho ziynatlarini tortib oladi.


14–BOB

1 Samariya aholisi* o‘z Xudosiga qarshi bosh ko‘tardi,

Endi ular gunohining jazosini tortadi.

Ular qilichdan halok bo‘ladi,

Go‘daklarini dushmanlar yerga urib o‘ldiradi,

Homilador ayollarning qorinlarini yoradi.

Xo‘sheya Isroil xalqiga xitob qiladi

2 Ey Isroil, Egang Xudoga qaytgin! Axir, gunoh tufayli sen qulading.

3 Gapingni tayyorlab, Egamizga qayt. Sen Unga shunday deb ayt: “Gunohlarimizdan kechib yuborgin, Ibodatimizni qabul qilgin.

Qurbongohingda buqalarni qurbonlik qilganday, Biz Senga madhiyamizni nazr qilamiz.

4 Ossuriya bizga najot bermaydi, Biz jangovar otlarga minmaymiz. Qo‘l bilan yasalgan butlarni

Endi biz «xudolarimiz» deb atamaymiz. Ey Egamiz, biz — yetimlarga

Faqat Sen rahm–shafqat qilasan.”

Isroilga Egamiz yangi hayot va’da qiladi

5 Egamiz shunday deydi:

“Men xalqimga shifo berib, Ularni bevafolikdan qaytaraman, Ularga qayta ko‘ngil qo‘yaman, Men jahldan tushdim.

6 Men Isroil uchun shudringday bo‘laman,

Shunda Isroil nilufarday ochiladi,

Lubnon o‘rmoniday tomir otadi.

7 Ularning novdalari o‘sib chiqadi, Zaytun daraxtidek ko‘rkam bo‘ladi, Lubnon sadriday muattar hid taratadi. 8 Ularning soyasida xalqlar yashaydi. Isroil mo‘l bug‘doy yetishtiradi,

Ular uzumzorday ko‘p hosil berishadi,

Lubnon sharobiday mashhur bo‘lishadi.


9 Ey Efrayim*, Men butlaringga aslo o‘xshamayman!* Sening ibodatlaringga javob beraman,

Senga g‘amxo‘rlik qilaman.

Men doim yashil sarv daraxti kabidirman*,

Olgan mo‘l hosilingning manbaidirman.”

Xotima

10 Kim dono bo‘lsa,

Bu yerda yozilgan so‘zlarni tushunadi,

Kim fahm–farosatli bo‘lsa, Bularning hammasini anglab oladi. Egamizning yo‘llari to‘g‘ridir.

Solihlar Uning yo‘llaridan yuradi, Isyonchilar esa qoqilib tushadi.

IZOHLAR

Isroil — mazkur kitobda shimoliy shohlik Isroil degan nom bilan, janubiy shohlik esa Yahudo degan nom bilan yuritilgan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi ISROIL va YAHUDO so‘zlariga qarang.

1:1 Yahudo yurti — mazkur kitobda janubiy shohlik Yahudo degan nom bilan, shimoliy shohlik esa Isroil degan nom bilan yuritilgan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi YAHUDO va ISROIL so‘zlariga qarang.

1:1 …Uzziyo, Yo‘tom, Oxoz va Hizqiyo hukmronlik qilgan davrlar… — miloddan oldingi 781-687 yillar.

1:1 Yoho‘sh — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Yo‘sh.

1:1 Yorubom — miloddan oldingi 783-743 yillarda hukmronlik qilgan.

1:2 …Mening xalqim ham fohishaga o‘xshaydi — Eski Ahdda zino yoki fahsh so‘zlari ko‘pincha majoziy ma’noda ishlatilgan bo‘lib, Egamizga xiyonat qilishni va boshqa xudolarga sig‘inishni bildiradi. Xo‘sheya bilan xotinining orasidagi munosabat Egamiz bilan Isroil xalqi orasidagi munosabatning timsoli bo‘lib xizmat qiladi.

1:4 …Yohu qanday qilib Yizrilda qon to‘kkan bo‘lsa… — lashkarboshi Yohu Isroilning yangi shohi qilib tayinlangandan keyin, Egamizning amriga ko‘ra, Isroil shohi Yoramni o‘ldirdi. So‘ng u Yoramning qabih otasi Axab xonadonini qirib tashladi (4 Shohlar 9:1- 10:31 ga qarang). Bu voqealar Yizril shahrida yuz bergan edi. Keyinchalik Yohu ham, uning zurriyotidan bo‘lgan shohlar ham Xudoga butun qalbi bilan itoat etmay, butlarga sajda qildilar. Shuning uchun, mazkur oyatda bayon qilinishicha, Xudo ularni Axab xonadonining ahvoliga solmoqchi. Haqiqatan ham, Yorubomning o‘g‘li Zakariyo o‘ldirilgandan keyin, Yohuning sulolasi barham topdi (4 Shohlar 15:8-12 ga qarang).

1:4-5 Isroil shohligi barham topadi. 5…Isroilning kamonu o‘qlarini sindiraman — miloddan oldingi 722 yilda Ossuriya shohi Shalmanasar Isroilga, ya’ni shimoliy shohlikka hujum qilib, poytaxti Samariyani zabt etdi. So‘ng Isroil xalqining aksariyat qismini Ossuriyaga surgun qildi (4 Shohlar 17:1-6 ga qarang). Shunday qilib, shimoliy shohlik tag–tomiri bilan yo‘q bo‘lib ketdi.

1:11 Yizril — Isroil so‘ziga ohangdosh bo‘lgan bu nom “Xudo ekadi” degan ma’noni bildiradi. Shu bobning 4–oyatida bu ism hukm haqidagi xabarni ifodalasa (o‘sha oyatning izohiga qarang), ushbu oyatda umid haqidagi xabarni bildiradi.

2:1 Yomi…Ruhamo — Xudo Isroil xalqini qayta tiklashini, ularga yana baraka berishini bildiradigan ismlar. Ibroniycha matnda shu kitobning 1:6, 9–oyatlarida bu ismlarga inkor ma’nosini ifodalovchi lo‘ old qo‘shimchasi qo‘shilgan. Lo‘ruhamo va Lo‘yomi ismlari Xudo Isroil xalqining boshiga keltiradigan jazoni bildiradi.

2:2 Ey farzandlarim, Onangiz bilan da’volashing… — Xo‘sheya o‘z farzandlarini xotini Go‘merani qilgan bevafoliklari uchun ayblashga chaqiradi. Bu o‘rinda Go‘mera — Isroil xalqining, Xo‘sheya esa Egamizning timsolidir. Isroil xalqi Egamizga qilgan bevafoliklari uchun Egamiz ulardan yuz o‘girgan edi (yana 1:2 izohiga qarang).

2:5 O‘ynashlarim — Kan’on xalqlarining xudolari nazarda tutilgan. Isroil xalqi bu

xudolarga topingan va ulardan yomg‘ir, serhosil dalalar va nasldor mol–qo‘ylar so‘ragan.

2:8 Baal — Kan’ondagi xalqlar sajda qilgan hosildorlik xudosi bo‘lib, erkak qiyofasida tasavvur qilingan. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi BAAL so‘ziga qarang.

2:11 Men uning bazmlariga…barham beraman — xalq asirlikka olib ketilgandan keyin o‘zlarining yurtida nishonlangan bayramlar va bazmlardan ularda faqatgina xotiralar qoladi.

2:12 «O‘ynashlarimning bergan to‘lovi» — Isroil xalqi, bizga mo‘l hosilni Kan’on xalqlarining xudolari bergan, deb noto‘g‘ri o‘ylaganlar.

2:15 Oxor — ibroniychadagi ma’nosi kulfat. Yoshua 7:24-26 ga qarang.

2:15 Yoshligida — Egamiz Isroil xalqini Misrdagi qullikdan olib chiqqan davrga ishora. Isroil xalqi Egamizga ergashib, Sinay sahrosiga borgan va Egamiz Sinay tog‘ida ular bilan ahd tuzgan (Chiqish 19:1-8 ga qarang).

2:16 …hech qachon «Xo‘jayinim» demaysan — ibroniycha matnda …hech qachon “baal”im demaysan. “Baal” Kan’on xudosining nomi bo‘lib, “xo‘jayin” degan ma’noni

ifodalaydi. Ibroniylarda ayol kishi eriga “erim” yoki “xo‘jayinim” deb murojaat qilgan. Bu so‘zlar keng qo‘llanilgan. Kelajakda Isroil xalqi vafodor ayolday, o‘zini butunlay Xudoga bag‘ishlaydi. Ular Baaldan yordam so‘ramaydilar, hatto uning nomini tilga ham olmaydilar.

2:22 Yizril — 1:11 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

2:23 …«Rahmdan bebahra» deganga rahm qilaman…«Xalqim emas» deganni «O‘z

xalqim» deb atayman — shu bobning 1–oyatiga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

3:1 o‘sha suyuqoyoq xotining — 1:2-3 ga qarang.

3:1 hovuch–hovuch mayiz — qadimgi paytlarda odamlar uzumlarni quritgandan keyin, qoqilarni hovuchlarida qattiq siqib, dumaloq shakl berganlar. Shu tariqa qoqilar uzoq vaqt saqlangan va kundalik iste’mol qilinadigan yegulik bo‘lgan. Bularni odamlar Kan’on xalqlarining xudolariga nazr qilardilar. Chunki xalq, o‘sha xudolarga topinsak, ular bizga mo‘l hosil beradi, deb ishonardi.

3:2 o‘n besh bo‘lak kumush — taxminan 170 grammga to‘g‘ri keladi.

3:2 o‘n besh tog‘ora arpa — ibroniycha matnda bir ho‘mr va bir letek, ya’ni bir yarim

ho‘mr. Bu taxminan 330 litrga to‘g‘ri keladi.

3:2 …o‘z xotinimni sotib oldim — chamasi, Go‘mera cho‘ri bo‘lib qolgan, Xo‘sheya esa uni qaytib sotib olgan. O‘sha paytda qulu cho‘rining narxi 30 bo‘lak kumush edi (Chiqish 21:32 ga qarang). Xo‘sheya narxning yarmini kumush bilan to‘lagan. Bunga qo‘shib bergan 15 tog‘ora arpaning qiymati ham 15 kumush bo‘lakka to‘g‘ri kelgan bo‘lishi mumkin (4 Shohlar 7:1, 16 ga qarang).

3:4 …Isroil xalqi ham uzoq vaqt davomida… — Isroil xalqining kelajakda surgun qilinishiga ishora. Isroil xalqi bir paytning o‘zida ham Kan’on xalqlarining xudolariga, ham Egamizga sajda qilgani uchun, ularning shohligi va diniy urf–odatlari barham topadi.

3:4 efod — odatda bu so‘z oliy ruhoniy kiyadigan maxsus kiyimga nisbatan ishlatilgan (Chiqish 28:3-14 ga qarang). Efodga ko‘krakpech mahkamlanardi, ko‘krakpech xaltasida Urim va Tummim degan muqaddas narsalar saqlanardi. Ayrim hollarda ruhoniylar Xudoning irodasini bilish uchun Urim va Tummimdan foydalanishardi (1 Shohlar 23:9- 12 oyatlarga va Chiqish 28:15 ning ikkinchi izohiga qarang). Ammo efod so‘zi odamlar sajda qilishda yoki fol ochishda ishlatgan buyumni bildirishi ham mumkin (Hakamlar 8:27 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang). Chamasi, bu o‘rinda Xo‘sheya efod so‘zining ikkinchi ma’nosini ishlatgan.

3:5 Dovud naslidan bo‘lgan shoh — bir kun kelib, shoh Dovudning zurriyoti Xudoning jamiki xalqi ustidan hukmronlik qiladi (Yeremiyo 30:9, Hizqiyol 34:24 ga qarang).

Dovudning o‘g‘li Sulaymonning o‘limidan so‘ng Isroilning o‘nta qabilasi Dovud sulolasini rad etib, o‘z shohligini barpo qilgan edi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi ISROIL va YAHUDO so‘zlariga qarang.

4:4 Mening da’voim sizlarga qarshidir, Ey ruhoniylar! — yoki Sizning xalqingiz

ruhoniylarni ayblovchilarga o‘xshaydi.

4:8 gunoh qurbonliklari — birortasi bilmay qilgan gunohi uchun Xudodan kechirim so‘rab keltirgan qurbonligi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi QURBONLIK so‘zi ostida berilgan GUNOH QURBONLIGI iborasiga qarang.

4:12 Tayoqdan pand–nasihat olishadi — ba’zan tayoqlar fol ochish uchun ishlatilgan

(misol uchun, Hizqiyol 21:21 ga qarang).

4:14 Sajdagoh fohishalari — o‘sha paytlarda Kan’ondagi butparast xalqlar o‘z sajdagohlarida diniy vazifalardan birini fahsh orqali bajarardilar. Butparast xalqlarning udumlariga ko‘ra, odamlar fohishalar va fohishlar bilan jinsiy aloqa qilish orqali o‘z xudolariga topinardilar, xudolaridan farovonlik ato qilishni so‘rardilar. Lekin Egamiz Isroil xalqiga bu yo‘l bilan sajda qilishni qat’iyan man etgan (Qonunlar 23:17-18 ga qarang).

4:15 Gilgal — Isroil xalqi Gilgalda butlarga topinish uchun sajdagoh qurgan edi (9:15, 12:11 ga qarang).

4:15 Bayt–Obun — ibroniychadagi ma’nosi qabihlik uyi. Bu o‘rinda Xo‘sheya kinoya bilan Baytilga ishora qilgan. Baytil so‘zining ma’nosi Xudoning uyi demakdir (Ibtido 28:10-19 ga qarang). Ammo Isroil xalqi Baytilni butparastlik o‘chog‘iga aylantirgani uchun, muallif bu shaharni qabihlik uyi deb atamoqda (3 Shohlar 12:28-33, 4 Shohlar 10:29, Amos 7:13 ga qarang). Yana 10:5-8 ga qarang.

4:16 …ularni keng dalaga haydab yuboraman, Ular yaylovdagi yolg‘iz qo‘ziga o‘xshab qolishadi — Isroil, ya’ni shimoliy shohlik aholisining Ossuriyaga asirlikka olib ketilishiga ishora bo‘lsa kerak (1:4-5 ning izohiga qarang). Yana 9:3, 11:5 ga qarang.

4:17 Efrayim — Efrayim qabilasi Isroilning shimoliy qismidagi eng katta va nufuzli qabila bo‘lgani bois, Eski Ahdning ba’zi o‘rinlarida Efrayim degan nom Isroilga, ya’ni shimoliy shohlikka nisbatan ishlatilgan. Bu shohlikning poytaxti Samariya edi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi EFRAYIM so‘ziga qarang.

5:1 …Mispax…Tovur tog‘i… — bu o‘rinda Mispax so‘zi Iordan daryosining sharq tomonida bo‘lgan tog‘li Gilad o‘lkasidagi shaharga ishora qiladi (Hakamlar 11:29 ga

qarang). Tovur tog‘i Iordan daryosining g‘arb tomonida bo‘lib, Jalila ko‘lidan qariyb 20 kilometr janubi–g‘arbda joylashgan. Ikkala joy ham Isroil, ya’ni shimoliy shohlik hududidagi o‘rmonli yerlar bo‘lib, bu yerlarda ovchilar to‘rlar bilan qushlarni ovlagan bo‘lishlari mumkin. Xalqni butlarga sajda qilishga yetaklagan yo‘lboshchilar qush ovlagan ovchilarga o‘xshatilgan.

5:3 Efrayim — 4:17 izohiga qarang.

5:4 …qalbing shahvatga to‘lgan — Eski Ahdda zino yoki fahsh so‘zlari ko‘pincha majoziy ma’noda ishlatilgan bo‘lib, Egamizga xiyonat qilishni va boshqa xudolarga sig‘inishni bildiradi. O‘sha paytlarda Kan’ondagi butparast xalqlar o‘z sajdagohlarida diniy vazifalardan birini fahsh orqali bajarardilar. Butparast xalqlarning udumlariga ko‘ra, odamlar fohishalar va fohishlar bilan jinsiy aloqa qilish orqali o‘z xudolariga topinardilar, xudolaridan farovonlik ato qilishni so‘rardilar.

5:5 U — ibroniycha matnda Isroil va Efrayim, 4:17 izohiga qarang.

5:7 U Egamizga xiyonat qildi… — 1:2, 2:2-5 ga qarang.

5:8 Burg‘u chaling Givoda…Ramada! — dushman hujum qilayotganda, xalqni ogohlantirish uchun burg‘u chalinardi. Givo va Rama shaharlari Benyamin qabilasi hududida joylashgan edi.

5:8 Bayt–Obun — 4:15 ning ikkinchi izohiga qarang.

5:10 …chegarani buzgan… — qadimgi Isroilda birortasi o‘z yerini ajratib olish uchun toshlardan chegara qilib qo‘yardi. Agar kimdir bu toshlarni joyidan siljitsa, qo‘shnisining ota–bobosidan qolgan yerni u o‘g‘irlayotgan hisoblanardi va bu og‘ir jinoyat edi (Qonunlar 19:14, 27:17 ga qarang). Bu o‘rinda mazkur ibora majoziy ma’noda

ishlatilgan bo‘lib, Yahudoning yo‘lboshchilari ham Isroilning yo‘lboshchilariga o‘xshab o‘z xalqini butlarga sajda qilishga yetaklaganiga ishora qiladi. Yo‘lboshchilarning bu qilmishi oqibatida, Yahudo xalqi ham Isroil singari Xudodan yuz o‘girdi. Shu bobning 4- 5–oyatlariga va 4:15, 6:4 ga qarang.

5:13 Ossuriya — qadimgi qudratli shohlik. Uning poytaxti Naynavo shahri hozirgi Iroqning shimolida joylashgan edi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi OSSURIYA so‘ziga qarang.

5:13 Buyuk shoh — Ossuriya shohi Tig‘latpilasar nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin (4 Shohlar 15:19 ga qarang). Tig‘latpilasar miloddan oldingi 745-727 yillarda hukmronlik qilgan.

6:4 Efrayim — 4:17 izohiga qarang.

6:7 …Odam Atoday… — yoki …Adam shahrida…, ammo bu shahar Muqaddas Kitobda faqatgina bir marta aytib o‘tilgan (Yoshua 3:16 ga qarang). Odam Ato Adan bog‘ida Xudoga itoatsizlik qilgan edi (Ibtido 2:15-17, 3:1-7 ga qarang).

6:9 Shakam shahri — Isroilda, ya’ni shimoliy shohlikda, Ebal va Garizim tog‘lari orasida joylashgan edi. Yoshua yashagan davrda Shakam shahri Isroil xalqining o‘n ikki qabilasi uchun muhim diniy va siyosiy markaz bo‘lgan edi. Isroil xalqi Kan’on yurtini bosib olgandan keyin Shakamda yig‘ilib, Egamizga sodiq bo‘lishga va Uning Muso orqali bergan qonunlariga amal qilishga va’da bergan edi (Qonunlar 27:1-10, Yoshua 8:30-35, 24:1, 24-25 ga qarang). Xo‘sheya yashagan davrda ham Shakam shahri Egamizga sodiq

qolgan odamlar uchun muhim diniy markaz bo‘lgani ehtimoldan holi emas.

7:1 U — ibroniycha matnda Efrayim, 4:17 izohiga qarang.

7:7 …shohlari birin–ketin nobud bo‘lyapti — 4 Shohlar 15:8-10, 13-14, 23-25, 30 ga qarang.

7:14 Butparastlarday badanlarini tilib, Bug‘doy va sharob talab qilishadi — ba’zi ibroniy qo‘lyozmalaridan va qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda Ular don va sharob uchun yig‘iladilar. Ba’zan odamlar Baaldan baraka so‘rash va unga sodiqligini ko‘rsatish uchun badanlarini tilardilar (3 Shohlar 18:28 ga qarang).

8:1 Dushman — Ossuriya lashkari nazarda tutilgan.

8:5 Samariyaliklarning oltin buzog‘i — Isroil, ya’ni shimoliy shohlik aholisi shoh Yeribom davridan beri buzoq shaklidagi butlarga topinar edi. Bu butni Yeribomning o‘zi yasattirgan edi (3 Shohlar 12:26-33 ga qarang). Samariya Isroilning poytaxti edi.

8:9 Efrayim — 4:17 izohiga qarang.

8:10 Ossuriya shohi — ibroniycha matnda Buyuk shoh. Miloddan oldingi 722 yilda Ossuriya shohi Shalmanasar Isroilga, ya’ni shimoliy shohlikka hujum qilib, poytaxti Samariyani zabt etdi. So‘ng Isroil xalqining aksariyat qismini Ossuriyaga surgun qildi (4 Shohlar 17:1-6 ga qarang). Shunday qilib, shimoliy shohlik tag–tomiri bilan yo‘q bo‘lib ketdi.

8:13 Ular Misrga qaytib ketadi — bu o‘rinda Misrga qaytish majoziy ma’noda ishlatilgan bo‘lib, Isroil xalqining Ossuriyaga surgun qilinishi nazarda tutilgan. Xudo O‘z xalqini Misrdagi qullikdan qutqargan edi (2:15 ga qarang), endi esa Isroil xalqi Ossuriyaliklarning qo‘liga tushib, yana zulm ostida qoladi. Yana 9:3, 11:5 ga qarang.

9:1 …fohishaday… — Eski Ahdda zino yoki fahsh so‘zlari ko‘pincha majoziy ma’noda ishlatilgan bo‘lib, Egamizga xiyonat qilishni va boshqa xudolarga sig‘inishni bildiradi. Baalga xizmat qilish evaziga mo‘l hosil olishga ishongan odamlar ko‘rsatgan xizmati uchun haq oladigan fohishaga qiyos qilinganlar.

9:3 …Misrga qaytib ketasan — 8:13 izohiga qarang.

9:4 …azadorning noniga o‘xshaydi… — murdaga tekkan odam ushlagan non ham, o‘lik chiqqan uydagi non ham harom hisoblanardi (Sahroda 19:11-16, Qonunlar 26:14 ga qarang).

9:6 Misr — 8:13 izohiga qarang.

9:6 Nuf — Memfis nomi bilan ham ma’lum. Memfis shahri Misr shimoliy hududining markazi bo‘lib, Misr tarixida birmuncha vaqt poytaxt ham bo‘lgan edi.

9:8 Efrayim — 4:17 izohiga qarang.

9:9 Givoda razillik qilgan ajdodlaring — bu ibora Hakamlar 19:11-20:48 da bayon qilingan voqeaga, ya’ni bir ayolning zo‘rlanishi va o‘ldirilishi hamda shundan keyin bo‘lib o‘tgan ayanchli voqealarga ishora qiladi.

9:10 …ular Piyor tog‘iga kelganda… — Sahroda 25:1-9 ga qarang.

9:15 Gilgal — Isroil xalqi Gilgalda butlarga topinish uchun sajdagoh qurgan edilar (4:15, 12:11 ga qarang).

10:5 Samariya ahli — 8:5 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

10:5 Bayt–Obun — ibroniychadagi ma’nosi qabihlik uyi. Bu o‘rinda Xo‘sheya kinoya bilan Baytilga ishora qilgan. Baytil so‘zining ma’nosi Xudoning uyi demakdir (Ibtido 28:10-19 ga qarang). Ammo Isroil xalqi Baytilni butparastlik o‘chog‘iga aylantirgani uchun, muallif bu shaharni qabihlik uyi deb atamoqda (3 Shohlar 12:28-33, 4 Shohlar 10:29, Amos 7:13 ga qarang).

10:5 Oltin buzog‘i — 8:5 izohiga qarang. 10:6 Buyuk shoh — 8:10 izohiga qarang. 10:6 Efrayim — 4:17 izohiga qarang.

10:6 …Umidini butga bog‘lagani uchun… — yoki …O‘zlari quloq solgan maslahat tufayli….

10:8 Obun — ibroniychadagi ma’nosi qabihlik bo‘lib, Bayt–Obun nazarda tutilgan. Shu bobning 5–oyatiga va o‘sha oyatning ikkinchi izohiga qarang

10:9 …sen Givoda gunoh qila boshlading… — 9:9 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

10:11 …Yanchishni u xo‘p yaxshi ko‘rardi — donni boshoqdan ajratish jarayoni yanchish deyiladi. Qadimgi Yaqin Sharqda bu ish don boshoqlarini tayoq bilan urish, ustidan tepkilash yoki xo‘ptir yurgizish orqali bajarilgan (xo‘ptir — ostiga uchli tosh yoki temir mahkamlangan og‘ir taxta). Xo‘ptir tortayotgan hayvonlar yanchilayotgan dondan yeyishlari uchun to‘sqinlik qilinmagan (Qonunlar 25:4 ga qarang). Xo‘sheya bu obraz orqali Isroil, ya’ni shimoliy shohlik aholisining loqaydligini, ular Xudoning

barakalaridan semirib ketganini, o‘zlarining hayoti Xudoga bog‘liq ekanini unutib, Unga sajda qilmay qo‘yganini tasvirlaydi (13:6 ga qarang). Yana Qonunlar 32:15-18 ga qarang.

10:11 Endi unga omoch torttiraman — omoch tortish g‘alla yanchishdan ko‘ra ancha og‘ir ish edi. Bu o‘rinda mazkur obraz Isroil xalqi Xudoning barakalaridan mahrum bo‘lishini va Ossuriyaga surgun qilinishini ifodalaydi.

10:11 …Yahudo shudgor qilsin — Yahudo, ya’ni janubiy shohlik ham Xudo tomonidan hukm qilinishiga ishora. Miloddan oldingi 586 yilda Bobil shohi Navuxadnazar Quddusni vayron qilib, aholining asosiy qismini Bobilga surgun qilgan edi (4 Shohlar 25:1-21 ga qarang). Xo‘sheya asosan Isroilga, ya’ni shimoliy shohlikka qarshi bashorat qilgan, ayni paytda Yahudo, ya’ni janubiy shohlik aholisiga ham qarshi bashorat qilgan (4:15, 5:5, 10, 14, 6:11, 8:14 ga qarang).

10:11 Efrayim — ibroniycha matnda Yoqub. Efrayimga, ya’ni shimoliy shohlikka ishora qilishning yana bir yo‘li (4:17 izohiga qarang).

10:14 Shoh Shalman Bayt–Arbelni jangda vayron qilganday… — bu voqea haqida boshqa hech qanday ma’lumot yo‘q. Shalman Shalmanasar ismining qisqa shakli bo‘lib, Ossuriya shohlarining bir nechtasi Shalmanasar ismi bilan tanilgan.

10:15 Baytil — ibroniychadagi ma’nosi Xudoning uyi. Isroil xalqi Baytilni butparastlik o‘chog‘iga aylantirgani uchun, muallif kesatib, Isroil xalqini Baytil deb atagan (shu bobning 5–oyatiga berilgan ikkinchi izohga qarang).

11:1 …O‘z o‘g‘lonimni Misrdan chaqirib olgan edim — Chiqish 4:22-23 ga qarang.

11:2 …chaqirsam, Mendan… — ibroniycha matndan so‘zma–so‘z tarjimasi …chaqirsalar,

ulardan…. Ibroniycha matnda ishlatilgan uchinchi shaxs shakli Xudoning payg‘ambarlarini bildiradi (misol uchun, 4 Shohlar 17:13-14, Yeremiyo 7:25-28 ga qarang). Mazkur tarjima ravon o‘qilishi uchun birinchi shaxs tilidan bayon qilingan.

11:3 Efrayim — 4:17 izohiga qarang.

11:4 bo‘yinturuq — Isroil xalqining Misrdagi qulligiga ishora. Bu o‘rinda bo‘yinturuqni olib tashlash Xudo O‘z xalqini zulmdan xalos qilishini bildiradi. 10:11 da bo‘yinturuq taqish Xudo O‘z xalqini jazolashini, dushmanlar ularga zulm o‘tkazishini anglatadi.

11:5 …Misrga jo‘natib jazolayman… — 8:13 izohiga qarang.

11:7 Payg‘ambarlarim xalqni Menga qaytishga da’vat qilsa–da…madad tilamaydi — yoki

Ular boshqa xudoga iltijo qiladilar, ammo o‘sha xudo ularga yordam bermaydi.

11:8 Adma…Zavo‘yim… — Sado‘m va G‘amo‘ra shaharlari bilan birga yakson qilingan

shaharlar (Ibtido 19:24-25, Qonunlar 29:23 ga qarang).

11:10-11 …g‘arbdan…11…Misrdan…Ossuriya yurtidan — Ishayo 11:10-12 ga qarang.

11:12 Yahudo xalqi Menga qarshi bosh ko‘tardi…ular itoat qilmayapti — yoki Yahudo xalqi Menga ergashmoqda…ular sodiq qolmoqda. Bu oyatda ishlatilgan ibroniycha fe’l Yahudo haqidagi yaxshi yoki yomon xabarni bildirishi mumkin. Bu o‘rinda yomon xabar ekanligining ehtimoli ko‘proq. Xo‘sheya asosan Isroilga, ya’ni shimoliy shohlikka qarshi bashorat qilgan, ba’zi o‘rinlarda esa Yahudo, ya’ni janubiy shohlik aholisiga ham qarshi bashorat qilgan (4:15, 5:5, 10, 14, 6:11, 8:14, 10:11, 12:2 ga qarang).

12:1 Efrayim — 4:17 izohiga qarang.

12:1 garmsel — issiq shamol.

12:2 Yoqub nasli — Xudo Yoqubning ismini Isroil deb o‘zgartirgan (Ibtido 32:27-28 ga qarang), shuning uchun ko‘pincha Yoqub nasli deganda Isroil, ya’ni shimoliy shohlik aholisi nazarda tutiladi. Biroq bu o‘rinda mazkur ism ham Isroil, ham Yahudo xalqlariga nisbatan ishlatilgan. Yoqub bu ikkala xalqning bobokaloni bo‘lgan.

12:3 …Yoqub akasi bilan talashgan… — yoki …Yoqub o‘z akasining tovonini ushlab olgan…. Ibtido 25:26 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang. Yana Ibtido 25:29-34, 27:1- 45 ga qarang.

12:3 …Xudo bilan olishgan — Ibtido 32:22-30 ga qarang.

12:4 farishta — Egamizning farishtasi nazarda tutilgan, ba’zan bu ibora Xudoning O‘zi zohir bo‘lganiga ishora qilinadi. To‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun lug‘atdagi EGAMIZNING FARISHTASI iborasiga qarang.

12:4 Baytilda… — Ibtido 28:10-22, 35:1-15 ga qarang.

12:4 …Xudo bilan suhbat qurgandi — qadimiy yunoncha va suryoniycha tarjimalardan. Ibroniycha matnda …biz Xudo bilan suhbat qurgandik. Yoqub Isroil xalqining bobokaloni edi. Shuning uchun uning Xudo bilan suhbat qurgani Isroil xalqiga xuddi ularning o‘zi Xudo bilan suhbat qurganday bo‘lib tuyulsa kerak.

12:9 O‘sha davrdagiday seni yana chodirlarda yashattiraman — Egamiz O‘z xalqini Misrdagi qullikdan qutqargandan keyin, ular qirq yil sahroda ko‘chmanchilarday yashagan edilar. O‘sha davrda ularning har qanday muhtojligini faqatgina Xudo qondirardi. Isroil xalqi Kan’on yurtiga kirishidan oldin Muso ularni, takabburlashib

ketmanglar, Xudoni unutmanglar, deb ogohlantirgan edi (13:5-6 ga va Qonunlar 8:1- 19 ga qarang). Xullas, Xudoning xalqi yana faqatgina Xudoga tayanib yashashni o‘rganishi kerak edi.

12:11 Gilad — 6:8 ga qarang.

12:11 Gilgal — Isroil xalqi Gilgalda butlarga topinish uchun sajdagoh qurgan edi (4:15, 9:15 ga qarang). Gilad va Gilgal nomlari o‘zaro ohangdosh. Bu ikki nom butun Isroilni, ya’ni shimoliy shohlikni bildiradi. Gilad shohlikning Iordan daryosidan sharqiy qismini, Gilgal g‘arbiy qismini bildirgan.

12:12 Oram Paddon–Oramning qisqa shakli. Paddon–Oram Furot daryosi bo‘yida, hozirgi Suriya mamlakatining shimolida va hozirgi Turkiyaning janubi–sharqida joylashgan hudud edi. Yoqubning bobosi bo‘lgan Ibrohimning ba’zi qarindoshlari shu hududda yashagan.

12:12 Yoqub Oram yurtiga qochib bordi… — Ibtido 28:1-5 ga qarang.

12:12 u — ibroniycha matnda Isroil, Yoqubning yana bir ismi. 12:12 …Qalin evaziga qo‘ylar boqdi — Ibtido 29:1-20 ga qarang. 12:13 payg‘ambar — Muso nazarda tutilgan.

12:13 Yoqub nasli — ibroniycha matnda Isroil, Yoqub naslining yana bir nomi.

13:1 Efrayim — 4:17 izohiga qarang.

13:2 …Kumushdan…sanamlar ishlashar… — ehtimol, kumushdan yasalgan bu sanamlar xonaki sanamlar bo‘lib, Baytildagi oltin buzoq shaklida bo‘lgan (8:5 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang).

13:2 Mening xalqimga shunday deb aytishyapti… — 3 Shohlar 12:26-33 ga qarang.

13:2 Oltin buzoqlarni o‘pinglar! — mazkur butlarga itoatkorlik va sadoqat belgisi. 3 Shohlar 19:18 ga qarang.

13:5 …sahroda… — Xudo O‘z xalqini Misrdagi qullikdan qutqargandan keyin, ular qirq yil sahroda ko‘chmanchilarday yashaganlar.

13:6 Serhosil o‘lkada qorningni to‘yg‘izdim… — Qonunlar 8:7-11 ga qarang.

13:14 Men bu xalqni…qutqararmikanman?! Ularni…xalos qilarmikanman?! — bu iborani darak gap shaklida Men bu xalqni…qutqaraman. Ularni…xalos qilaman deb tarjima qilsa ham bo‘ladi. Ammo darak gap bu o‘rinda to‘g‘ri kelmaydi, chunki qolgan oyatlarda muallif Isroil xalqini Xudoning hukmi haqida ogohlantiryapti.

13:14 o‘liklar diyori — ibroniycha matnda Sheo‘l. Qadimda Isroil xalqi Sheo‘lni yer ostidagi tubsiz chuqurlik, marhumlar boradigan qorong‘i joy deb tushunardi.

13:14 Ey o‘lim, qirg‘in olib kelgin! Ey o‘liklar diyori, halokatli kuchingni ko‘rsatgin! — ibroniycha matnda Ey o‘lim, sen keltiradigan qirg‘in qani?! Ey o‘liklar diyori, halokatli kuching qani?! Bu o‘rindagi savollar majoziy ma’noda ishlatilgan bo‘lib, Xudo albatta Isroil xalqini jazolashiga ishora qiladi.

13:15 garmsel — hosilga katta ziyon keltiradigan issiq shamol. Bu o‘rinda majoziy ma’noda ishlatilib, Xudoning hukmini bildiradi.

14:1 Samariya aholisi — 8:5 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.

14:9 Efrayim — 4:17 izohiga qarang.

14:9 …Men butlaringga aslo o‘xshamayman! — yoki …Endi butlaringni tashla!

14:9 Men doim yashil sarv daraxti kabidirman… — Eski Ahdda Xudo faqat shu joyda daraxtga qiyoslangan. Kan’ondagi xalqlarning udumiga ko‘ra, sajdagohlar serbarg daraxtlar ostida yoki tepaliklarda joylashgan edi. O‘sha joylarda odamlar Baal va shunga o‘xshash mahalliy xudolarga qurbonlik keltirib, ulardan yomg‘ir yog‘dirishni, o‘zlarining mollariyu dalalariga baraka berishni so‘rardilar. Bu o‘rinda Xudo O‘z xalqiga faqatgina Uning O‘zi doim baraka va unumdorlik manbayi ekanligini eslatadi.


Muqaddas Kitob. Tavrot, Zabur, Injil
Tavrot | Zabur | Injil (+audio)
Muqaddas Kitob  Muqaddas Kitob APP
Yuklab olish - Muqaddas Kitob O'zbek tilida Injil (latin 27mb .pdf)
Скачать - Муқаддас Китоб (Инжил) (кирилл 26mb .PDF)


Muqaddas Kitob

01_Ibtido_MK  |  02_Chiqish_MK  |  03_Levilar_MK  |  04_Sahroda_MK  |  05_Qonunlar_MK  |  06_Yoshua_MK  |  07_Hakamlar_MK  |  08_Rut_MK  |  09_1-Shohlar_MK  |  10_2-Shohlar_MK  |  11_3-Shohlar_MK  |  12_4-Shohlar_MK  |  13_1-Solnomalar_MK  |  14_2-Solnomalar_MK  |  15_Ezra_MK  |  16_Naximiyo_MK  |  17_Ester_MK  |  18_Ayub_MK  |  19_Zabur_MK  |  20_Hikmatlar_MK  |  21_Voiz_MK  |  22_Gozal-Qoshiqi_MK  |  23_Ishayo_MK  |  24_Eremiyo_MK  |  25_Marsiyasi_MK  |  26_Hizqiyol_MK  |  27_Doniyor_MK  |  28_Xosheya_MK  |  29_Yoel_MK  |  30_Amos_MK  |  31_Obodiyo_MK  |  32_Yunus_MK  |  33_Mixo_MK  |  33_Noxum_MK  |  34_Xabaqquq_MK  |  36_Zafaniyo_MK  |  37_Xaggey_MK  |  38_Zakariyo_MK  |  39_Malaki_MK  | 

Muqaddas Kitob Injil: 40_Matto_MK  |  41_Mark_MK  |  42_Luqo_MK  |  43_Yuhanno_MK  |  44_Havoriylar_MK  |  45_Yoqubning_MK  |  46_1-Butrus_MK  |  47_2-Butrus_MK  |  48_1-Yuhannoning_MK  |  49_2-Yuhannoning_MK  |  50_3-Yuhannoning_MK  |  51_Yahudoning_MK  |  52_Rimliklarga_MK  |  53_1-Korinfliklarga_MK  |  54_2-Korinfliklarga_MK  |  55_Galatiyaliklarga_MK  |  56_Efesliklarga_MK  |  57_Filippiliklarga_MK  |  58_Kolosaliklarga_MK  |  59_1-Salonikaliklarga_MK  |  60_2-Salonikaliklarga_MK  |  61_1-Timotiyga_MK  |  62_2-Timotiyga_MK  |  63_Titusga_MK  |  64_Filimonga_MK  |  65_Ibroniylarga_MK  |  66_Vahiy_MK  | 

67-Sozboshi_MK  |  68-Muqaddas-Kitobga-kirish_MK  |  69-Izohlarning-tuzilishi_MK  |  70-Lugat_MK  |  71-Rasmlar-va-loyihalar_MK  |  72-Jadvallar_MK  |  73-Qolyozmalarning-fotonusxalari_MK  |  74-Xaritalar_MK

KITOBOOK  |  AudioKitoblar  |  Simfoniya  |  Guvohliklar  |  Musiqa mp3  |  VIDEO  |  UzLatin
  |  Telegram kanal @kitoblar_elektron_uz



Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musiqasi


(skachat Hamdu-Sano-Xudoga.pdf 2 mb)
Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika
(skachat Hamdu-Sanolar_Imon-yuli.pdf 1 mb)
Online Yangi o'zbek MP3. Ayni damda musiqa javonida 3gb. guruh. Ҳамду санолар
++ KANAL MP3 https://t.me/uzbekmusika ++


Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

Китоблар Ўзбек тилидаги: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак
Uzbek tilida Muqaddas Kitob Injil skachat - Audio mp3, Download (.zip 624mb)



Yaxshi audio kitoblarni O`zbek tilidagi

Audio Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd

O'zbek tilidagi Kinolar

Uzbek tilidagi Kinolar

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016 www.ibt.org.ru