ISROIL SHOH TALAB QILADI
1 Shohlar kitobi, 8-10-boblar
Shomuil juda qarib qolgan edi. Xudo uzoq yillar mobaynida xalqni u orqali boshqarib keldi. U hakam sifatida xalqning nizolarini hal qilishga yordam bergan bo‘lsa, payg‘ambar sifatida xalqni Xudoga itoat etishga undar edi. Boshqa xalqlarni hakamlar emas, balki shohlar boshqarar edi. Shunga o‘xshab isrilliklar ham o‘z shohlari bo‘lishini istab qolishdi. Ular Shomuilning oldiga kelib, unga shunday deyishdi:
- Bizning ustimizdan shoh tayinlab bering!
Shomuil bundan siqildi. U Xudoga ibodat qilganida, Xudo unga javob berib dedi:
- Xalqning aytganini qil...zero ular seni emas, balki Meni o‘z shohlari sifatida rad etishdi.
Shunda Shomuil isroilliklarning barchasini bir joyga to‘p-lab, ularga dedi:
- Xudo sizlar uchun bir shoh beradi, lekin sizlar o‘zingiz istagan shohga nisbatan quyidagi majburiyatlarga ega bo‘lasiz: o‘g‘illaringiz uning qo‘shinida xizmat qiladi, ularning ba’zilari shohning aravasini qo‘riqlaydigan chavandozlari bo‘ladi. Ba’zilaringiz shoh uchun qurol- yarog‘ yasashga, ba’zilaringiz uning dalasida ishlashga majbur bo‘lasiz. Qizlaringiz shoh uchun ovqat pishirib, non yopishadi. U sizning eng yaxshi uzumzorlaringiz, dalalaringiz va bog‘laringizni olib, o‘zining yaqinlariga beradi. Hosilingizning o‘ndan bir qismini sizdan tortib olib, o‘zining xizmatkorlariga beradi. Sizning cho‘ri va qullaringiz shoh uchun xizmat qiladi.
Shunda siz Xudodan shoh so‘raganingiz uchun qattiq afsuslanasiz va Undan “Bizlarni shohdan qutqar”, deb iltijo qilasiz, U esa sizlarni eshitmaydi.
Biroq xalq Shomuilning so‘zlarini rad etib, bir ovozdan:
- Ustimizdan shoh tayinlang! – deb talab qilaverdi.
Shunda Xudo Shoulni ularga shoh qilib berdi. Shoul yosh va qaddi- qomati kelishgan yigit bo‘lib, xalq orasida undan baland odam yo‘q edi. Isroilliklar uni xursandchilikda qarshilab, shunday deyishardi:
- Yashasin shoh!
Baxtga qarshi Shoul yaxshi shoh chiqmadi. U Xudoning amrlariga amal qilmas va o‘zboshimchalik bilan ish tutar edi. Shu sababli Xudo Shoulning avlodlari Isroil xalqi ustidan hukmronlik qilishini istamadi.
Shoul hali Isroilning shohi bo‘lib turgandayoq, Xudo O‘zining ko‘nglidagiday bir yigitni tanlab olgan edi. Shoulning o‘limidan so‘ng o‘sha yigit Xudoning xalqiga yo‘lboshchilik qilishi lozim edi.
SAVOLLAR
1) Shomuilni xalq kim deb bilardi? Uning vazifasi nima edi?
2) Nima uchun xalq Xudodan shoh talab qildi?
3) Xudo xalqning qaroriga qanday munosabat bildirdi va ularni nimalar haqida ogohlantirdi?
Hikoyalar. Muqaddas Kitob (Oilaviy o‘qish uchun) o‘zbek tilida.
Birinchi qism. ESKI AHD Hikoyalar kitobi, Tavrot - Odam Ato, Nuh, Ibrohim, Is'hoq, Ismoil, Muso. Zabur - Dovud. YANGI AHD - Ikkinchi qism. Injil - Hikoyalari Iso Masih.
Muqaddas Kitobdan olingan hikoyalar to‘plami keng doiradagi kitobxonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, saralab olingan, yorqin manzaralar bilan bezatilgan yuzdan ziyod illyustratsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu hikoyalar kitobxonga hamda uning har bir oila a’zosiga Muqaddas Kitobning boy mazmuni bilan tanishish imkonini beradi.