ISO BILAN TO‘MA
Yuhanno bayon etgan Xushxabar, 20-bob, 24-29-oyatlar
Iso shogidlariga zohir bo‘lib, yaralarini ko‘rsatgan kuni, Uning yaqin shogirdlaridan biri To‘ma o‘sha yerda yo‘q edi. Ertasi kuni do‘stlari unga bo‘lgan voqeani to‘lqinlanib aytib berishganda, To‘ma boshini chayqashdan nariga o‘tmadi.
– Men Uning qo‘llaridagi mix chandiqlarini ko‘rmagunimcha, Uning mix chandiqlariga o‘z barmog‘imni tekkizmagunimcha, qo‘limni Uning biqiniga qo‘yib ko‘rmagunimcha ishonmayman, - dedi u.
Bechora To‘ma! Biz uni “Ishonchi sust To‘ma” deb ataymiz, chunki u Isoni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, mix chandiqlariga qo‘llarini qo‘ymaguncha ishonmasligini aytgan edi-da. Uning ishonishi uchun rad etib bo‘lmaydigan dalillar kerak edi.
Oradan bir hafta o‘tdi. Shogirdlar yana birga to‘planishdi. Xuddi avvalgiga o‘xshab, Iso yana birdan oralarida paydo bo‘lib:
– Sizlarga tinchlik bo‘lsin! – dedi! Keyin To‘maga qarab, qo‘lini uzatdi-da:
– Mana Mening chandiqlarim. Qo‘lingni uzatib, biqinimga tegib ko‘r. Ikkilanishni bas qil, Xudoga ishon! – dedi.
To‘ma o‘zining ikkilanganidan va avval aytgan so‘zlaridan uyalib ketdi. Yuragi qayta tirilgan Najotkori – Isoga bo‘lgan sevgi bilan to‘lib, Uning poyiga tiz cho‘kdi va qaltiroq ovoz bilan:
– Yo Rabbim, Xudoyim! – deb xitob qildi!
SAVOLLAR
1) To‘maning ikkilanishi qanday namoyon bo‘ldi?
2) Nima uchun uni “Ishonchi sust To‘ma” deb atashadi?
3) Iso To‘maga tanbeh berdimi?
Hikoyalar. Muqaddas Kitob (Oilaviy o‘qish uchun) o‘zbek tilida.
Birinchi qism. ESKI AHD Hikoyalar kitobi, Tavrot - Odam Ato, Nuh, Ibrohim, Is'hoq, Ismoil, Muso. Zabur - Dovud. YANGI AHD - Ikkinchi qism. Injil - Hikoyalari Iso Masih.
Muqaddas Kitobdan olingan hikoyalar to‘plami keng doiradagi kitobxonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, saralab olingan, yorqin manzaralar bilan bezatilgan yuzdan ziyod illyustratsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu hikoyalar kitobxonga hamda uning har bir oila a’zosiga Muqaddas Kitobning boy mazmuni bilan tanishish imkonini beradi.