SHIFO TOPGAN AYOL
Luqo bayon etgan Xushxabar, 8-bob, 42-48-oyatlar
Iso qayiqqa tushib Kafarnahumga qaytib kelgan- da, bu yerda Uni katta olomon qarshi oldi. Unga ergashgan odamlarning son-sanog‘i yo‘q edi. Shaharning tor ko‘chalaridan o‘tishlariga to‘g‘ri kelganida, olomon Isoni har tomondan qisib qo‘yar, natijada Uning yurishi yanada sekinlashardi.
Bir payt Rabbimiz Iso to‘satdan yurishdan to‘xtadida, orqasiga o‘girilib:
Menga kim tegdi? – deb so‘radi. U O‘zidan bir kuch chiqqanini sezgan edi. Shogirdlari ajablanishdi:
– Ustoz, olomon Sizni o‘rab olib, siqib qo‘yganini ko‘ra turib, kim tegdi, deysiz-a!
Iso hech narsa demay atrofga qaradi, U kiyimi etagiga qo‘l tekkizgan odamni izlardi.
Isoning ortidan ergashib kelganlar orasida bir xasta ayol bor edi. U bor–budini tabiblarga sarflagan bo‘lsa ham, hech biridan shifo topa olmagandi. So‘ng u Iso qilgan mo‘’jizalar haqida eshitib, shifo topish ilinjida Uni izlab topgan edi. Iso ko‘rmasligi uchun, orqasidan kelib, Uning kiyimi etagiga qo‘l tekkizgandi. U o‘zicha: “Agar kiyimiga bir tegib olsam bas, sog‘ayib ketaman”, deb o‘ylardi. Iso uni sog‘aytirish qudratiga egaligiga bu ayol mutlaq ishonardi! Qo‘li Ustozning kiyimiga tegar-tegmas, kasallikdan forig‘ bo‘lganini his qildi.
Iso tabiiyki, kim qo‘l tekkizganini bilardi, biroq ayolning o‘zi Uning oldiga kelib, tan olishini kutdi. Ayol esa keldi va qo‘rqqanidan o‘zini Rabbimizning oyoqlari ostiga tashlab, bo‘lgan hamma narsani aytib berdi. Bunga javoban Iso unga mehr bilan shunday dedi:
– Qizim, ishonching seni sog‘aytirdi. Eson–omon bor.
SAVOLLAR
1) Rabbimiz shogirdlari bilan qaysi shaharga keldi?
2) O‘n ikki yildan beri kasallikdan azoblangan ayol nima qildi?
3) Ayolni nima sog‘aytirdi?
Hikoyalar. Muqaddas Kitob (Oilaviy o‘qish uchun) o‘zbek tilida.
Birinchi qism. ESKI AHD Hikoyalar kitobi, Tavrot - Odam Ato, Nuh, Ibrohim, Is'hoq, Ismoil, Muso. Zabur - Dovud. YANGI AHD - Ikkinchi qism. Injil - Hikoyalari Iso Masih.
Muqaddas Kitobdan olingan hikoyalar to‘plami keng doiradagi kitobxonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, saralab olingan, yorqin manzaralar bilan bezatilgan yuzdan ziyod illyustratsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu hikoyalar kitobxonga hamda uning har bir oila a’zosiga Muqaddas Kitobning boy mazmuni bilan tanishish imkonini beradi.