SHOULNING IMONGA KELISHI
Havoriylar kitobi, 9-bob, 1-30-oyatlar
Stefanni toshbo‘ron qi- lishayotganida bir odam ayniqsa o‘zida yo‘q xursand bo‘lgan edi. Uning ismi Shoul bo‘lib, u masihiylarni ko‘p quvg‘in qilgan yosh tafsirchi edi. U masihiylar jamoatida muhim rol o‘ynagan Stefanning qatl etilishidan mamnun ekanini yashirmasdi. Stefanning o‘limidan keyin imonlilarga qarshi quvg‘in keskinlashdi. Shoul bu quvg‘inda faol ishtirok etar, bu bilan u Xudoga xizmat qilyapman deb o‘ylar edi.
Bir kuni Shoul masihiylarning aksari qismi yashayotgan Damashq shahriga yo‘l oldi. U masihiylarni hisbga olib, Quddusga keltirish va ularni jinoyatchilar kabi zindonband qilish istagida edi. Buning uchun avvaldan tayyorgarlik ko‘rib, oliy ruhoniydan ruxsatnoma ham olgan edi.
Damashqqa yaqinlashganida bir hodisa yuz berib, uning hayoti tubdan o‘zgarib ketdi. To‘satdan osmondan tushgan nur uning atrofini yoritib yubordi. U yerga yiqilgan zahoti, shunday bir ovozni eshitdi:
– Shoul, Shoul! Nega Meni quvg‘in qilyapsan?
– Yo Rabbiy, Sen kimsan? – deb so‘radi Shoul qo‘rqib.
– Men sen quvg‘in qilayotgan Isoman, – dedi ovoz.
Shoul bunga qadar Isoni soxta payg‘ambar va yolg‘onchi deb hisoblab kelardi. Endi bo‘lsa Uning oldida qo‘rquvdan dir-dir titrayotgan edi. Masih Jamoatini dahshatga solib kelgan Shoul o‘zining qanchalar nohaq ekanini anglab yetgan edi. Endi esa, samodan turib unga gapirgan Iso – Xudoning O‘g‘li va payg‘ambarlar bashorat qilib aytgan Masih ekanligiga o‘zi amin bo‘lib turgan edi.
Iso yana dedi:
– Qani, o‘rningdan turib shaharga kir. Nima qilishing kerakligi senga o‘sha yerda aytiladi.
Shoul o‘rnidan turdi, biroq ko‘zlarini ochganda, ko‘zlari hech narsani ko‘rmayotgan edi. Hamrohlari uning qo‘lidan tutib, Damashq shahriga keltirdilar. Damashqda Shoul uch kungacha ko‘zlari ko‘r bo‘lib turdi. Bu kunlarda u ovqat ham yemadi, suv ham ichmadi. O‘sha uch kun mobaynida u faqat Xudoga iltijo qilib, tavba qilib chiqdi. Shundan so‘ng, Egamiz Xanoniyo degan odamni Shoulning oldiga yubordi. Xanoniyo qo‘llarini uning boshiga qo‘yib Xudoga ibodat qilganda, Shoulning ko‘zlari ochildi. Shundan so‘ng Shoul suvga cho‘mib, masihiylar Jamoatiga qo‘shildi.
SAVOLLAR
1) Shoul Damashqqa qanday maqsad bilan otlandi?
2) Uning rejasini kim ma’qulladi?
3) Damashq yaqinida Shoulni nima to‘xtatib qoldi?
4) Ko‘zi ko‘r bo‘lib qolgan Shoul nimani anglab yetdi?
Hikoyalar. Muqaddas Kitob (Oilaviy o‘qish uchun) o‘zbek tilida.
Birinchi qism. ESKI AHD Hikoyalar kitobi, Tavrot - Odam Ato, Nuh, Ibrohim, Is'hoq, Ismoil, Muso. Zabur - Dovud. YANGI AHD - Ikkinchi qism. Injil - Hikoyalari Iso Masih.
Muqaddas Kitobdan olingan hikoyalar to‘plami keng doiradagi kitobxonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, saralab olingan, yorqin manzaralar bilan bezatilgan yuzdan ziyod illyustratsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu hikoyalar kitobxonga hamda uning har bir oila a’zosiga Muqaddas Kitobning boy mazmuni bilan tanishish imkonini beradi.