XUDOGA ATAB MA’BAD QURISH
3 Shohlar kitobi, 5-8-boblar
Egamiz Sulaymonning mamlakatga hukmronlik qilishini marhamatladi. Mamlakat farovon bo‘lib, qo‘shni xalqlar bilan tinchlik o‘rnatilgan edi. Biroq Sulaymonning oldida boshqa bir muhim vazifa – Egamizning Ma’badini qurish vazifasi turar edi.
Isroilliklarning Misrdan chiqqanlariga to‘rt yuz sakson yil bo‘lganida Ma’bad qurilishini boshladilar. Sulaymon otasi Dovudning ittifoqchisi bo‘lgan Tir va Sido‘n shohi Xiram bilan tinchlik sulhi tuzdi. O‘rtalaridagi kelishuvga binoan, Xiram Ma’bad qurilishi uchun qimmatbaho yog‘och va tosh yetkazib berishi, Isroil esa buning evaziga oziq-ovqat yetkazib berishi lozim edi. Ma’bad qurilishi yetti yil davom etdi. Ma`bad, Dovud o‘z o‘limi oldidan o‘g‘li Sulaymonga chizib bergan reja asosida qad ko‘tarib borardi. Ma’bad quriladigan joy, ya’ni Moriyox tog‘i ham Dovud tomonidan tanlangan edi. Aynan shu tog‘da, juda ko‘p yillar avval Ibrohim Xudoga o‘zining sadoqatini isbotlab bergan, Xudo esa
Ishoqning hayotini saqlab qolgan edi.
Ma’bad ikkita bo‘linmadan iborat bo‘lib, ular “Asosiy xona” va “Eng muqaddas xona”, deb atalardi. Ahd sandig‘i Eng muqaddas xonaga joylashtirilgan bo‘lib, bu xona boshqalaridan ko‘ra balandroq qilib qurilgan va qalin parda bilan ajratilgan edi.
Eng muqaddas xonada deraza yo‘q edi, u yer qop-qorong‘i bo‘lishi lozim edi. Muqaddas kitobda bu joy “Xudo bilan gaplashadigan yer”, deb atalgan, chunki u yerda Xudo ko‘rinmas tarzda hozir bo‘lgan.
Ma’badni qurib bitirishgach, uni poklab, bag‘ishlash marosimini o‘tkazishdi. Sulaymon barcha Isroil oqsoqollarini, hamma qabila yo‘lboshchilari va Isroil xalqi urug‘boshilarini, Ahd sandig‘ini Ma’badga ko‘chirib keltirish uchun yig‘di. Ruhoniylar Ahd sandig‘ini Eng muqaddas xonaga keltirishganida Egamizning uyi bulut bilan to‘lib ketdi.
Egamiz, qilingan ishlar Unga ma’qulligini hamda O‘z xalqi Isroil orasida makon qurganini shu tariqa ko‘rsatib berdi.
Endi Sulaymon, Ma’bad qurilishi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning barchasidan Egamiz mamnun bo‘lganiga ishonch hosil qildi.
SAVOLLAR
1) Shoh Xiram nima uchun Sulaymonga yordam berdi?
2) Ma’bad qurilishi qancha vaqtda tugatildi?
3) Ma’baddagi Eng muqaddas xona nima uchun kerak edi?
4) Ahd sandig‘ini ma’badga olib kirishganida nima sodir bo‘ldi?
Hikoyalar. Muqaddas Kitob (Oilaviy o‘qish uchun) o‘zbek tilida.
Birinchi qism. ESKI AHD Hikoyalar kitobi, Tavrot - Odam Ato, Nuh, Ibrohim, Is'hoq, Ismoil, Muso. Zabur - Dovud. YANGI AHD - Ikkinchi qism. Injil - Hikoyalari Iso Masih.
Muqaddas Kitobdan olingan hikoyalar to‘plami keng doiradagi kitobxonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, saralab olingan, yorqin manzaralar bilan bezatilgan yuzdan ziyod illyustratsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu hikoyalar kitobxonga hamda uning har bir oila a’zosiga Muqaddas Kitobning boy mazmuni bilan tanishish imkonini beradi.