DONIYOR PAYG‘AMBARNING HIKOYASI
ASIRLIK

Shoh Sulaymon buyuk va badavlat mamlakatda hukmronliq qilganiga uch yuz yildan ortiq vaqt o‘tdi.
Uning vafotidan keyin shohlik ikkiga bo‘lindi. Quddus hamon poytaxt shahar hisoblanardi. Bu yerda shohning saroyi va eng muhimi, Sulaymon qurdirgan
Ma’bad bor edi. Endi bu yer Yahudo deb atalardi.
Afsuski, shoh ham, xalq ham Xudoning yo‘lidan yurmay, Uning amrlariga bo‘ysunmay qo‘yishdi, hamda g‘ayriyahudiylarning xudolari va butlariga sajda qila boshlashdi. Egamiz ularning oldiga payg‘ambarlarni yubordi. Payg‘ambarlar xalqni tavba qilishga undashar, lekin ularga hech kim quloq solmasdi.
Natijada Egamiz jazo tariqasida mamlakatni bobilliklarning qo‘liga berdi.
Bobil shohi Navuxadnazar Yahudo xalqining eng xavfli dushmani edi. U Quddusga katta qo‘shin tortib kelib, shohni asirga oldi, Egamizning uyidagi oltin va kumush ashyolarning hammasini Bobilga olib ketib, butxonalariga joylashtirdi. Shuningdek, bobilliklar Sulaymon saroyidagi va Egamizning uyidagi hamma xazinalarni ham olib ketishdi. Talon-torojlik qilib bo‘lishgach, ular shoh saroyi, Ma’bad va yahudiy zodagonlarning uylarini yoqib yuborishdi.
Navuxadnazar yosh yigitlarni, shohning o‘g‘illarini, Yahu- do beklarini, yetti ming nafar mohir jangchilarni, shuningdek hunarmandlar va temirchilarni ham asirlikka olib ketdi.
Shunday qilib Yahudo va Quddus Navuxadnazarga qaram bo‘lib qoldi.
Egamiz O‘zining gunohkor va itoatsiz xalqini shu yo‘l bilan jazoladi. Asirlikda bo‘lganlarida, Isroil xalqi Egamiz – haqiqiy Xudo, butlar esa – soxta xudolar ekanini anglab yetishlari lozim edi.
SAVOLLAR
1) Isroil xalqi Xudoga sodoqatli edimi?
2) Yahudiylarning asosiy dushmani kim edi?
3) Bobilliklar Quddus bilan nima qilishdi?
Hikoyalar. Muqaddas Kitob (Oilaviy o‘qish uchun) o‘zbek tilida.
Birinchi qism. ESKI AHD Hikoyalar kitobi, Tavrot - Odam Ato, Nuh, Ibrohim, Is'hoq, Ismoil, Muso. Zabur - Dovud. YANGI AHD - Ikkinchi qism. Injil - Hikoyalari Iso Masih.
Muqaddas Kitobdan olingan hikoyalar to‘plami keng doiradagi kitobxonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, saralab olingan, yorqin manzaralar bilan bezatilgan yuzdan ziyod illyustratsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu hikoyalar kitobxonga hamda uning har bir oila a’zosiga Muqaddas Kitobning boy mazmuni bilan tanishish imkonini beradi.






































































































































































