ISONING SAHRODA VASVASAGA SOLINISHI
Luqo bayon etgan Xushxabar, 4-bob, 1-13-oyatlar
Iblis hamisha Xudoning va Iso Masihning eng ashaddiy dushmani bo‘lgan va bo‘lib qoladi. Iso Masih u bilan shafqatsiz jangga kirishgan. Iso Iordan daryosida samoviy Otasidan yer yuzida xizmat qilish haqida topshiriq olgan edi. Hali bu topshiriqni olib ulgurmay, iblis unga qarshi urush ochdi. Muqaddas Ruh Isoni sahroga boshlab ketdi. U yerda, Xudoning ijozati bilan, iblis tomonidan vasvasaga solinishi lozim edi.
Iso sahroda qirq kecha-kunduz hech narsa yemadi ham, ichmadi ham. Mana odamlarni doimo gunoh qilishga undaydigan vasvasachi, ya’ni iblis Unga yaqinlashdi. Iso och qolib holdan toygan paytda, Uni yo‘ldan ozdirish mumkin, deb o‘yladi u. Shunda u o‘z maqsadiga erishishi mumkin edi – agar Najotkor gunoh qilsa, U hech qachon boshqa odamlarning gunohlarini O‘ziga ololmaydi. Odamlar esa to abad najotga erisha olmaydilar.
Iblis Isoga dedi:
– Agar Sen Xudoning O‘g‘li bo‘lsang, bu toshga buyur, nonga aylansin!
Iso unga shunday javob berdi:
– Inson faqat non bilan emas, balki Xudoning og‘zidan chiqqan har bir so‘z bilan yashaydi.
Iblis Isoga qarshi hech narsa deya olmadi, biroq yana Uni yo‘ldan ozdirishga harakat qildi. U Isoni baland bir toqqa olib chiqdi. Unga olamning barcha shohliklarini hamda ularning hashamatini ko‘rsatib, mag‘rurlik bilan dedi:
– Agar tiz cho‘kib menga sajda qilsang, bularning hammasini Senga beraman.
Iso Iordan daryosidan Muqaddas Ruhga to‘lib qaytdi.
Ruh Uni sahroga boshlab ketdi.
Shunda Iso dedi:
– Yo‘qol ko‘zimdan, shayton! Axir: “Egang Xudoga sajda qil, faqat Unga xizmat qil”, deb yozilgan–ku!
So‘ng iblis Isoni Quddusdagi Ma’badning eng yuqori joyiga chiqarib, ayyorlik bilan dedi:
– Agar Sen Xudoning O‘g‘li bo‘lsang, O‘zingni pastga tashla. Axir, yozilgan–ku:
“U Sen to‘g‘ringda farishtalariga amr beradi, oyog‘ing toshga qoqilib ketmasin deya, Farishtalar qo‘llarida Seni ko‘tarib boradi.”
Rabbimiz Iso Muqaddas Kitobni noto‘g‘ri talqin qilgan vasvasachi bilan tortishib o‘tirmadi. Unga Muqaddas Yozuvdagi oyat bilan javob berdi:
– Egang Xudoni sinama.
Shundan so‘ng iblis Isodan chekindi.
SAVOLLAR
1) Iblis nima uchun Rabbimiz Isoning ishini barbod qilishga urindi?
2) Isoni kim sahroga boshlab bordi?
3) Iblis Isoni qaysi uchta narsa bilan vasvasaga soldi? Iso bunga qanday javob berdi?
Hikoyalar. Muqaddas Kitob (Oilaviy o‘qish uchun) o‘zbek tilida.
Birinchi qism. ESKI AHD Hikoyalar kitobi, Tavrot - Odam Ato, Nuh, Ibrohim, Is'hoq, Ismoil, Muso. Zabur - Dovud. YANGI AHD - Ikkinchi qism. Injil - Hikoyalari Iso Masih.
Muqaddas Kitobdan olingan hikoyalar to‘plami keng doiradagi kitobxonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, saralab olingan, yorqin manzaralar bilan bezatilgan yuzdan ziyod illyustratsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu hikoyalar kitobxonga hamda uning har bir oila a’zosiga Muqaddas Kitobning boy mazmuni bilan tanishish imkonini beradi.