DALADAGI CHO‘PONLAR
Luqo bayon etgan Xushxabar, 2-bob, 8-20-oyatlar

Baytlahm yaqinidagi yaylovda cho‘ponlar suruvlarini boqishardi. Kech kirgan bo‘lsa ham, ularning uxlashlari mumkin emasdi: atrofda yovvoyi hayvonlar izg‘ib yurar va istalgan paytda suruvdagi qo‘zichoqlarga hamla qilishi mumkin edi. Har kecha, ob-havo qanday bo‘lishidan qat’i nazar cho‘ponlar sergak turishlariga to‘g‘ri kelardi.
Nimalar bo‘lyapti o‘zi? Ko‘zni qamashtiradigan bu yorug‘lik nima bo‘ldi ekan-a?
Osmondan yorqin nur taratib kimdir oldilariga tushib kelmoqda edi. Cho‘ponlar qattiq vahimaga tushdilar. Voajab, bu Egamizning farishtasi- ku! Farishta ularga nihoyatda yumshoqlik bilan so‘z ochdi:
– Qo‘rqmanglar! Men hamma insonlarni quvontiradigan xabar olib keldim!
U shu kecha Baytlahmda tug‘ilgan ilohiy go‘dak haqida xabar yetkazish uchun samodan kelganini tushuntirdi. Bu go‘dak – Najotkorimiz va Rabbimiz Iso Masihdir!
Cho‘ponlar uzoq kutilgan Najotkor kelganini bilgach, hayratga tushishdi. Mana buni yangilik desa bo‘ladi! Buning orqasidan ular yanada g‘aroyib narsalarni eshitishdi: go‘dakni hashamatli saroylarda emas, balki oxurda topishlari mumkinmish. Bundan anglashiladiki, ular birinchi navbatda molxonani topishlari kerak ekan.
Cho‘ponlar bir-biriga gap ochib ulgurmagan ham edilarki, osmondan farishtalarning hamdu-sanosi eshitildi: “Falak toqidagi Xudoga sharaflar bo‘lsin, Xudodan marhamat topgan yerdagi bandalarga tinchlik kelsin!” Bu qo‘shiq olam uzra yangragan eng go‘zal qo‘shiq bo‘lgan bo‘lsa, ajabmas.
Farishtalar osmonga ko‘tarilib, g‘oyib bo‘lishdi. Cho‘ponlar bir– biriga dedilar:
Qani, Baytlahmga boraylik! Hammasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘raylik.
Bu yangilikni Xudoning O‘zi yetkazganiga ularning ishonchi komil edi.
Cho‘ponlar suruvni Xudoning panohiga topshirib, Baytlahmga jo‘nadilar. U yerda cho‘ponlar og‘ilxonani, Maryamni, Yusufni va oxurda yo‘rgaklangan chaqaloqni topdilar va hammasi Xudo aytganidek ekaniga amin bo‘ldilar.
Cho‘ponlarning qalbi quvonchdan yayrab ketdi, axir uzoq kutilgan Masih, Xudoning O‘g‘li bo‘lgan Isoni eng birinchi bo‘lib ko‘rish baxti ularga nasib etgan edi-da!
O‘sha mamlakatda yaylovda cho‘ponlar bor edi. Ular tunda yaylovdagi suruvini qo‘riqlash uchun dalada yotib qolgan edilar. Ularning qarshisida Egamizning bir farishtasi paydo bo‘ldi. Egamizning ulug‘vorligi ularning atrofini yoritib yubordi. farishta ularga shunday dedi:
— Qo‘rqmanglar! Men sizlarga Xushxabar olib keldim. Bu xabar hammaga buyuk quvonch keltiradi. Bugun Dovud shahrida sizlar uchun Najotkor tug‘ildi. U Masihdir, bizning Rabbimizdir. Mana, sizlarga Uning belgisi: oxurda yotgan, yo‘rgaklangan Chaqaloqni topasizlar. Birdan farishtaning yonida samo lashkari bo‘lmish son–sanoqsizfarishtalar paydo bo‘ldi. Ular Xudoga hamdu sano aytishardi:
“Falak toqidagi Xudoga sharaflar bo‘lsin, Xudodan
marhamat topgan yerdagi bandalarga tinchlik kelsin!”
SAVOLLAR
1) Kechasi yaylovda kimlar bor edi? Ular yaylovda nima qilishardi?
2) Cho‘ponlarga xabar yetkazishni farishtaga kim buyurgan edi? Farishta ularga nima dedi?
3) Farishtalar kimni ulug‘lab, sano aytishdi?
4) Cho‘ponlar farishtaning so‘zlariga ishonishdimi? Ular Isoni borib ko‘rgani shoshilishdimi yoki tong otishini kutishdimi?
Hikoyalar. Muqaddas Kitob (Oilaviy o‘qish uchun) o‘zbek tilida.
Birinchi qism. ESKI AHD Hikoyalar kitobi, Tavrot - Odam Ato, Nuh, Ibrohim, Is'hoq, Ismoil, Muso. Zabur - Dovud. YANGI AHD - Ikkinchi qism. Injil - Hikoyalari Iso Masih.
Muqaddas Kitobdan olingan hikoyalar to‘plami keng doiradagi kitobxonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, saralab olingan, yorqin manzaralar bilan bezatilgan yuzdan ziyod illyustratsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu hikoyalar kitobxonga hamda uning har bir oila a’zosiga Muqaddas Kitobning boy mazmuni bilan tanishish imkonini beradi.





































































































































































